Текст книги "Suv ostida sakson ming kilometr"
Автор книги: Жюль Верн
Жанр: Современная зарубежная литература, Современная проза
сообщить о неприемлемом содержимом
Текущая страница: 4 (всего у книги 31 страниц) [доступный отрывок для чтения: 10 страниц]
Yettinchi bob
G‘ALATI KIT
To‘satdan yiqilib ketganimga qaramay, nima bo‘lgani aniq esimda. Oldin suvga cho‘ka boshladim.
Suzishni yaxshi bilganim uchun bu tasodifiy cho‘kishdan esankirab qolmadim.
Okean sathiga suzib chiqib, birinchi navbatda kemani qidira boshladim. Men yo‘q bo‘lib qolganimni sezishdimikin? Kapitan Faragut meni qidirish uchun qayiq tushirdimikin? Omon qolishga umid qilsam bo‘larmikin?
Qorong‘i bo‘lganiga qaramay, men sharq tomonda qandaydir qora bir narsani ko‘rdim. Turli belgilarni ifodalovchi chiroqlariga ko‘ra uzoqlashayotgan edi. Bu kema edi. Tamom bo‘lganimni tushundim.
– Bu yoqqa, bu yoqqa! – deb qichqirdim men kemani quvib yetishga harakat qilib.
Ust-boshimni siqa boshladim. Ho‘l kiyim badanimga yopishib, harakat qilishga yo‘l bermas edi. Nafasim tiqilib, cho‘ka boshladim…
– Yordam bering!
Bu mening so‘nggi bor qichqirishim edi. Cho‘kayotganimni sezib, jonholatda suvni shaloplata boshladim.
To‘satdan kuchli bir qo‘l yoqamdan ushladi-yu, bir siltab meni suv yuziga tortib chiqardi. Qulog‘im ostida aytilgan mana bu so‘zlarni eshitdim:
– Agar xo‘jam yelkamga tayanishni lozim topsalar, ancha yengil suza oladilar. Men sadoqatli Kon-selning qo‘lidan ushladim.
– Bu senmisan?! – xitob qildim men. – Senmisan?!
– Ha, bu men, – deb javob berdi Konsel. – Xo‘jamning xizmatlariga hamisha tayyorman.
– Demak, o‘sha silkinishda sen ham menga o‘xshab dengizga uchib ketgan ekansan-da?
– Yo‘q. Ammo janob professorning xizmatlarida bo‘lganim uchun, izlaridan borishni burchim deb bildim.
Bu ajoyib odam qilgan oliyjanobligini tabiiy bir hol deb tushunar edi!
– Kema-chi?
– Kema? – qayta so‘radi Konsel yelkasiga ag‘darilib. – Menimcha, xo‘jam uning yordamiga umidvor bog‘lamaganlari ma’qul.
– Nega?
– Shuning uchunki, men o‘zimni suvga tashlayotganimda qorovulda turgan matros: «Vint bilan rul sindi!» deb qichqirdi.
– Sindi?
– Ha, narvalning tishi sindirdi. «Avraam Linkoln»ga yetgan shikast shuning o‘zi shekilli. Ammo baxtimizga qarshi, u o‘zini boshqarolmay qoldi.
– Demak, halok bo‘libmiz-da?
– Bo‘lishi mumkin, – bamaylixotir javob berdi Konsel. – Ammo bizning ixtiyorimizda bir necha soat bor, shu bir necha soat ichida esa ko‘p ish qilsa bo‘ladi.
Konselning vazminligi va sovuqqonligi meni ruhlantirib yubordi. Men jonliroq suza boshladim. Biroq kiyimlarim harakat qilishga hamon xalaqit berib, pastga tortar edi.
Konsel buni sezdi.
– Xo‘jam ruxsat bersalar, ust-boshlarini kesib yechardim.
Men uning suv sathida turishiga ko‘maklasha yotganimda pichoq bilan ust-boshimni yuqoridan pastga kesib, yechib tashladi. O‘z navbatimda men ham Konselning ust-boshini xuddi shu yo‘l bilan yechib tashladim. Shundan so‘ng biz yana yonma-yon suza boshladik.
Ammo shuning o‘zi bilan mushkulimiz oson bo‘la qolgani yo‘q. Bizning yo‘qolganimizni hech kim sezmay qolishi mumkin, bordi-yu, sezishganlarida ham baribir vint va rulsiz kema shamolga qarshi biz tomon kelolmaydi. Binobarin, faqat kapitan Faragut qayiq yuborishidan umidvor bo‘lishimiz mumkin edi.
Biz shu qarorga kelgach, suv sathida mumkin qadar uzoqroq turishga qaror qildik. Har ikkalamiz baravar holdan toymaslik uchun birimiz chalqancha yotgancha qo‘lni qovushtirib, dam olayotganda, ikkinchimiz itarib borishga qaror qildik. Har o‘n minutda almashib turishimiz kerak edi. Shunday qilganimizda bir necha soat davomida quyosh chiqquncha suv sathida turishimiz mumkin edi.
Qutulishimizga umid kam! Ammo juda nochor holda qolgan paytlarda ham umid qilish insonga xos fazilat-ku, axir.
Kema narval bilan kechqurun soat o‘n birlarga yaqin to‘qnashdi. Modomiki shunday ekan, biz kun chiqqunga qadar qariyb sakkiz soat suv sathida turishimiz kerak. Bu uncha qiyin ish emas.
Dengiz sokin, to‘lqinlanmas edi. Har zamonda zulmat ichida biron narsa ko‘rinarmikan deb alanglardim, biroq atrof bo‘m-bo‘sh, faqat bizning harakatimizdan chayqalgan suvgina yaltirar edi.
Ammo kechasi soat birga yaqin juda qattiq charchadim. Qo‘l va oyoqlarimning tomirlari qattiq tortisha boshladi.
Ikkimizni qutqarish tashvishi Konselninggi-na zimmasiga tushib qoldi. Ko‘p o‘tmay u bechora hansirab, nafas olishi og‘irlasha boshladi. Bu ahvolda uzoqqa borolmas edi.
– Meni o‘z holimga qo‘y! O‘z holimga qo‘y! – dedim unga.
– Xo‘jamni tashlab-a? Hech qachon! – javob berdi mening sadoqatli xizmatkorim. – Bundan ko‘ra o‘zim tezroq cho‘kkanim afzal.
Xuddi shu paytda sharqqa esayotgan shamol qora bulutning bir chekkasini ochdi, oy mo‘raladi. Okeanning sathi uning nurlari bilan birdan yorishib ketdi. Bu sharofatli nur menga qayta kuch bag‘ishladi. Men boshimni ko‘tarib, ufqni ko‘zdan kechirdim.
Kemamizni ko‘rdim – u bizdan besh milya narida edi. Bu masofadan u kichik nuqtaday bo‘lib ko‘rinar edi. Bitta ham qayiq ko‘zga chalinmas edi.
Men yordamga chaqirib qichqirmoqchi edim, ammo shishib ketgan lablarimdan ovoz chiqmas edi.
Konsel qichqirdi:
– Yordam beringlar! Yordam beringlar!
Biroz vaqt quloq solib turdik. Bu nima, boshga qon quyilib kelayotganidan quloqda paydo bo‘lgan shovqinmi yoki chindan ham bizga kimdir javob berdimi?
– Sen eshitdingmi? – shivirlab so‘radim men.
– Ha, ha! Konsel bo‘shliqqa qarab umid bilan qichqirdi. Endi hech qanday shubha qolmadi. Kon-selning qichqirig‘iga kimdir javob qaytardi.
Bu ham bepoyon okeanda yo‘qolgan bizga o‘xshagan allaqaysi baxtiqaroning, kemaga urilgan zarbning yana bir qurbonining ovozimikin? Yoki qorong‘ida ko‘rinayotgan qayiqdan bizni chaqirishdimikin?
Konsel zo‘r berib tayangani holda beligacha suvdan ko‘tarildi: biroq shu zahoti darmonsizlanib chalqanchasiga suvga yiqildi.
– Nimani ko‘rding?
– Men… men… – deya shivirladi u, – … keling, yaxshisi gapirmay, kuchimizni saqlaylik…
U nimani ko‘rdiykin? Negadir shu daqiqada xayolimga bahaybat maxluq haqidagi fikr kelib qoldi…
Shu yerda Konsel meni ilgariga itarib borardi. Har zamonda u boshini ko‘tarib, kimnidir chaqirar edi. Unga o‘sha zahoti allakimning ovozi javob qaytarar edi.
Ammo men uncha yaxshi eshitolmay qoldim. Tamoman holsizlandim; panjalarim beixtiyor changak bo‘lib siqildi, kaftlarim endi menga tayanch bo‘lolmay qoldi; zo‘rg‘a og‘zimni ochdim, u sho‘r suvga to‘ldi; sovuq suyak-suyagimdan o‘tib ketgandi. Men hayot bilan vidolashmoq uchun boshimni so‘nggi bor ko‘tardim…
Shu paytda men allaqanday qattiq narsaga kelib urildim. Unga yopishib oldim. So‘ng meni kimdir suvdan tortayotganini, erkin nafas olayotganimni sezdim va… o‘zimdan ketdim.
Aftidan, tez-tez ishqalashlari tufayli ko‘p o‘tmay o‘zimga keldim.
Ko‘zimni yarim ochdim.
– Konsel! – deya shivirladim.
– Xo‘jam meni chaqirdilarmi? – o‘sha zahoti javob berdi sadoqatli xizmatkorim.
Shu paytda ufqqa yonboshlayotgan oyning so‘nggi nurlarida men boshqa bir tanish qiyofani ko‘rdim.
– Ned Lend! – xitob qildim men.
– Xuddi o‘zi, janob professor. Ko‘rib turganingizday mukofot ketidan quvib yuribman, – javob berdi kanadalik.
– Sizni ham o‘sha zarb dengizga itg‘itdimi?
– Ha, janob professor, faqat mening omadim keldi. Men deyarli o‘sha zahoti suzar orolchaga chiqib oldim.
– Orolchaga?
– Ha. Yoki aniqroq qilib aytganda, o‘sha ulkan narvalingizning ustiga.
– Tushuntiribroq gapirsangiz-chi, Ned!
– Ana shundagina men, – deya so‘zini davom ettirdi kanadalik,– garpunim nega uning terisiga kirmay, ustidan sirg‘alib ketganining sababini tushundim.
– Nega ekan, Ned, nega?
– Shuning uchunki, janob professor, bu maxluqning ustiga po‘lat zirh qoplangan! Kanadalikning so‘zlari mening fikrlarimni ostin-ustun qilib tashladi.
Men apil-tapil o‘rnimdan turib, suvga yarim botib turgan – biz panoh topgan mavjudot yoki narsaning yelkasida qaddimni rostladim.
Tepib ko‘rgach, uning yelkasi yirik sutemizuvchilarning tanasiday qayishqoq emas, balki o‘zidan suv o‘tkazmaydigan, ham qattiq ekanligiga ishonch hosil qildim.
Almisoqdan qolgan hayvonnikiga o‘xshagan bosh suyakda turmaganmikinmiz, degan xayolga ham bordim. Unda bahaybat maxluqni toshbaqa yoki timsohlar singari sudraluvchilar turkumiga qo‘shishim kerak edi.
Ammo bunday qarorga kelish ham qiyin. Negaki men ustida turganim qora yelka tanga bilan qoplangan bo‘lmay, juda silliq va pardozlangan edi. Urganda u temirdan chiqadiganday sado berar va po‘lat taxtalardan parchinlanganday edi.
Hech shubha yo‘qki, siri butun fan olamini hayajonlantirgan va har ikkala yarim shar dengizchilarini hayratga solgan hayvon, bahaybat maxluq hech uchramagan afsonaviy tirik mavjudot bo‘lmay, tasodifni qarangki, kutilganidan ham hayratliroq narsa, inson iste’dodining mahsuli bo‘lib chiqdi.
Bordi-yu, men aqlga sig‘maydigan bir hayvon borligini aniqlaganimda ham bu qadar hayratga tushmagan va hayajonlanmagan bo‘lur edim. Tabiat mo‘jizalar yaratishiga taajjublanmasa ham bo‘ladi. Ammo inson qo‘li bilan yaratilgan mo‘jizaga o‘xshagan va g‘ayritabiiy narsani ko‘rganda aqldan ozib qolish hech gap emas.
Buning ustiga shubhaga hech o‘rin yo‘q edi. Bilishimcha, po‘lat baliq shaklidagi g‘alati suvosti kemasining ustida edik. Ned Lendning bu haqdagi fikri to‘g‘riligi qat’iy aniqlandi. Konsel bilan men uning fikriga qo‘shilishdan bo‘lak choramiz qolmagan edi.
– Ammo bu kema bo‘lsa, – dedim men, – unda uning dvigateli va boshqa har xil mexanizmlari, shuningdek, bularni boshqaradigan odamlari ham bo‘lishi kerak-ku?
– Albatta bo‘lishi kerak, – deb javob berdi garpunchi, – garchi men bu suzar orolda uch soat mobaynida turib hech qanday hayot belgisini sezmagan bo‘lsam ham.
– O‘rnidan qo‘zg‘algani yo‘qmi?
– Yo‘q, professor. U to‘lqinda chayqalib turdi, lekin o‘rnidan jilgani yo‘q.
– Ammo biz uning juda katta tezlikda suza olishini yaxshi bilamiz-ku. Shunday tezlikda suza olish uchun esa uning ishini boshqaradigan mashina va odamlar kerak-ku, binobarin, men o‘zimizni qutqarilgan deb hisoblayman…
– Hmm! – deya g‘o‘dirladi ishonchsizlik bilan Ned Lend.
Shu payt mening so‘zlarimni tasdiqlaganday, g‘alati kemaning quyruq tomonidan shovullagan tovush eshitildi-yu, u o‘rnidan qo‘zg‘aldi. Aftidan, u yassi parraklarining aylanishi bilan harakatlanadiganga o‘xshaydi. Biz tumshuqdagi uncha katta bo‘lmagan do‘ngakni zo‘rg‘a ushlab ulgurdik. Baxtimizga kema sekin suzar edi.
– Hozircha u suv sathida suzyapti, – deb to‘ng‘illadi Ned Lend, – bir narsa deyishga o‘rin yo‘q. Ammo suvostiga sho‘ng‘ishni o‘ylab qolsa bormi, unda meni birov ikki dollarga olsa ham qimmat derdim.
Kanadalik o‘zini undan ham kamroq baholashi mumkin edi. Aftidan, bu suzar apparatning ichidagi odamlar bilan, kimligidan qat’i nazar, zudlik bilan aloqa bog‘lashimiz zarurga o‘xshardi.
Men uning ustida biror tuynuk yoki teshik bormikin, deb qidira boshladim. Ammo po‘lat qoplamaning jipslangan chetlaridagi parchinlari hamma yerda bir xil edi.
Oy botdi va biz mutlaqo qorong‘ida qoldik. Bu suvosti kemasiga kirish chorasini izlash uchun tong otguncha sabr qilish kerak edi.
Shunday qilib, hammamizning hayotimiz kema rulini boshqarayotgan noma’lum kishilar harakatiga bog‘liq bo‘lib qoldi. Bordi-yu, ular suvostiga tushmoqchi bo‘lib qolishsa bormi, unda biz tamom. Agar shu hol ro‘y bermasa suvosti kemasining ekipaji bilan aloqa bog‘lay olishimizga imonim komil edi. Darhaqiqat, bordi-yu, ular kislorodni o‘zlari ishlab chiqarmayotgan bo‘lishsa, unda havo zaxirasini to‘latish uchun vaqti-vaqti bilan okean sathiga chiqib turishlari kerak. Modomiki shunday ekan, kema ichiga havo kirishi uchun qandaydir biror teshik bo‘lishi kerak.
Kema o‘rtacha tezlik bilan g‘arb tomonga suzardi. Uning tezligi soatiga o‘n ikki milyadan oshmas edi. Vint parraklari suvda aylanib, har zamonda oppoq tomchilarni favvora qilib havoga otardi.
Tongotarda soat to‘rtga yaqin kema tezligini oshirdi. Bizning kema ustida turishimiz qiyinlashib qoldi. Baxtimizga Ned paypaslab, qoplamaga mahkamlangan kattagina halqani topib oldi. Hammamiz shuni ushlab oldik.
Nihoyat bu uzundan uzoq tun o‘tdi. Men chekkan azoblarimning hammasini hozir eslay olmayman, ammo bir narsa xotiramda mustahkam o‘rnashib qolgan: ahyon-ahyonda shamol shovqini va to‘lqinning shovullagani tingan paytlarda nazarimda allaqanday muzika ovozi, uzuq-yuluq akkordlar, kuy sadolari qulog‘imga chalinganday tuyulardi.
Bu suvosti kemasining qanday siri bor ekan?
Unda qanday mavjudotlar yasharkin? Qanaqa dvigatel uning bu qadar tezlik bilan suzishini ta’minlayotgan ekan?..
Tong yorishdi… Bizni ertalabki tuman qurshab oldi. Ammo u ko‘p o‘tmay tarqalib ketdi.
Suvosti kemasining suvdan chiqib turgan qismini endigina sinchiklab ko‘zdan kechirmoqchi bo‘lib turganimda u to‘satdan sekin suvga cho‘ka boshladi.
– Ho‘, iblislar! – qichqirdi Ned Lend jarangdor temirni kuchining boricha oyoqlari bilan do‘pirlatib. – Bizni ichkariga kiritsanglar-chi!..
Ammo uning tovushi vintning quloqni kar qiladigan ovoziga qo‘shilib, yo‘q bo‘lib ketdi. Baxtimizga kema cho‘kishdan to‘xtadi.
Birdan kema ichidan surib qo‘yilayotgan tambaning ovozi eshitildi. Lyuk qopqog‘i ochilib, undan birov qaradi. U bir nima deb qichqirdi-yu, o‘sha zahoti g‘oyib bo‘ldi. Bir necha minutdan so‘ng lyukdan sakkizta baquvvat azamat kishi chiqdi. Ular indamay bizni sirli kema ichiga sudrab kirishdi.
Sakkizinchi bob
«HARAKATCHAN HARAKATCHANLIKDA»
Bu ish shu qadar tez bajarildiki, men ham, o‘rtoqlarim ham hatto og‘iz ochishgayam ulgurolmay qoldik. Suzar qamoqxonaga sudrab kirayotganlarida ularning holini bilmayman-u, ammo men bir seskanib ketdim.
Biz kimga duch keldik? Shubhasiz, eng yangi tuzumning allaqanday qaroqchilariga duch kelganga o‘xshaymiz.
Lyukning ensizgina qopqog‘i ketimizdan yopilishi bilan biz zim-ziyo qorong‘ilikda qoldik. Kunning yorqin nuriga ko‘nikib qolgan ko‘zlarim atrofdagi biror narsani ham ajratolmas edi.
Ned Lend bilan Konsel ham qorovullar qurshovida orqamdan kelishardi.
Trap poygagidagi eshik biz kirishimiz bilan taraqlab yopildi.
Biz yolg‘iz qoldik. Qayerdamiz? Bunisini bilolmadim, hatto tasavvur ham etolmadim.
Atrof qorong‘i, shu qadar qorong‘iki, hatto zulmatda uzoq turganimizdan keyin ham jindak bo‘lsada, yiltillagan yorug‘likni ilg‘ab ololmadim.
Shu orada bunday qo‘pol muomaladan jahli chiqqan Ned Lend g‘azabini yashirolmadi.
– Ming la’nat! – qichqirdi u. – Bu odamlar kaledonning eng ashaddiy yovvoyilaridan ham battar ekan! Odamxo‘rliklari qoldi, xolos! Shunday bo‘lganda ham sira ajablanmas edim… Ammo oldindan aytib qo‘yay, o‘z ixtiyorim bilan meni yeyishlariga yo‘l qo‘yib bo‘pman!
– Tinchlaning, Ned, tinchlaning, – dedi sovuqqonlik bilan Konsel. – Hali hech gap bo‘lmay, qizishishning nima keragi bor. Hozirchalik tovaga tushganimizcha yo‘q-ku.
– To‘g‘ri aytyapsiz, hozircha tovaga tushganimizcha yo‘q, – javob berdi kanadalik, – ammo o‘choqda yotganimiz aniq! Qorong‘ini qarang. Baxtimga pichog‘im yonimda, uni ishlatish uchun esa ortiqcha yorug‘likning ham hojati yo‘q. Bu kallakesarlardan qay biri birinchi bo‘lib menga tegsa…
– Ned, shovqin solmang, – dedim men garpunchiga, – ahvolimizni ham og‘irlashtirmang… Kim biladi, balki bizni poylashayotgandir. Yaxshisi, qayerga kelib qolganimizni aniqlashga harakat qilaylik.
Men sekin bir necha qadam tashlagan edim, tunuka qoplangan devorga borib tiralib qoldim. Devor tagidan yurib, atrofida bir necha taburetka turgan yog‘och stolga qoqilib ketdim. Turmamizning poliga qalin bo‘yra to‘shalgan bo‘lib, yurganda qadam tovushini chiqarmas edi. Yalang‘och devorlarda men na deraza va na eshik topdim. Devor tagidan qarama-qarshi tomonga ketgan Konsel men bilan to‘qnashdi va ikkalamiz uzunligi yigirma fut, eni o‘n futli kayutaning o‘rtasiga keldik. Xona balandligini aniqlay olmadik, chunki hatto Ned Lend ham bo‘ychanligiga qaramay, shiftga yetolmadi.
Salkam yarim soat o‘tdi, ahvolimiz esa o‘shao‘sha. Biroq to‘satdan bizning turmamiz yorishib ketdi. Ravshanligi va oqligiga qarab suvosti kemasi atrofida yarqirab turadigan gardish o‘sha elektr nurligini bilib oldim.
Avval beixtiyor ko‘zimni yumdim. Qaytib ochganimda yorug‘lik shiftga mahkamlangan sutrang yarim aylanadan taralayotganini ko‘rdim.
– Xayriyat-e, hamma narsa ko‘rindi! – xitob qildi Ned.
U himoyaga shaylanganday qo‘lidagi pichoqni mahkam ushlab turardi.
– Ha, – deya hazilomuz javob qaytardim men,faqat taqdirimiz ko‘rinmayapti.
– Xo‘jamga sabr qilishni maslahat berardim,dedi Konsel.
Chiroq yorug‘ida turmamizni yaxshilab ko‘zdan kechirib oldik. Stol va beshta taburetka uning yakka-yu yagona mebeli edi. Yashirin eshik zich yopilgan – men uning o‘rnini ham topolmadim. Quloqlarimizga tiq etgan tovush eshitilmas edi. Go‘yo kemada hamma qirilib bitganday edi. Lekin bir joyda turibmizmi, suzyapmizmi, suv ostidamizmi yoki oldingiday suv sathida suzib boryapmizmi – hech narsani aniqlay olmadim…
Ammo elektr chiroq ma’lum bir maqsadni ko‘zlab yoqilgani aniq edi. Komanda sostavidan biror kishining yaqin fursat ichida kirib kelishi aniq edi – bo‘lmasa bu zulmatni bekordan bekorga yoritishmasdi.
Adashmagan ekanman. Ko‘p o‘tmay surilayotgan tambaning ovozi eshitilib, eshik ochildi va kayutaga ikki kishi kirdi.
Ulardan biri past bo‘yli, muskuldor, keng yag‘rinli, boshi katta, qalin qora sochlari hurpaygan, shop mo‘ylov, nigohi o‘tkir kishi edi. Uning qiyofasida janubliklarga xos harakatchanlik va tetiklik sezilib turardi. Fransiyada bunday fazilatlar provansallarga xos edi.
Ikkinchi noma’lum kishi uzun bo‘yli bo‘lib, batafsilroq ta’riflasa arzigudek edi. Buyuk fizionomlarning shogirdlari Grasiole yoki Engelya uning yuziga qarab xarakterini kitobdan o‘qiganday aytib berishi mumkin edi. Men ikkilanmay uning eng muhim xususiyatlarini aniqladim: boshini mag‘rur tutib turishi va qora ko‘zlarining sovuq qat’iyat bilan boqishiga qaraganda u o‘ziga ishongan odam; xotirjamligi va rangpar yuzi sovuqqonligini; qoshi ustidagi muskulchalarning tez-tez qisqarib turishi g‘ayratliligini; nihoyat chuqur nafas olishi, shuningdek, tabiatan juda baquvvatligi dadilligini ifodalar edi. Yana shuni qo‘shib qo‘yishim kerakki, bu odam juda mag‘rur, uning osoyishta va qat’iy boqishi oliyjanob fikrlashidan darak berar va umuman tashqi qiyofasi g‘oyat samimiy ekan degan taassurot qoldirar edi.
U kirishi bilan men taqdirimiz haqida tashvishlanmasak ham bo‘lishini, bu uchrashuv biz uchun ko‘ngildagiday tugashini his etdim.
Bu odamning yoshini o‘ttiz beshdan ellikkacha deb taxmin qilish mumkin – ochig‘ini aytsam, men buni aniq belgilay ololmadim. U peshanasi keng, qirra burun, lablari xushbichim, tishlari juda chiroyli, ingichka qo‘llari kelishgan kishi edi. Xullas, u men uchratgan eng chiroyli erkaklarning mukammal namunasi edi.
Yuzidagi ajralib turadigan o‘ziga xos xususiyatlaridan yana birini aytmoqchiman: ko‘zlari bir qarashda ufqning to‘rtdan bir qismini qamray oladigan katta-katta edi. Keyinchalik bilsam, bu xususiyat ko‘zining o‘tkirligidan, hatto Ned Lendning ko‘zidan ham o‘tkirroqligidan ekan.
Bu notanish kishi birovga tikilib qarasa, qoshlari chimirilardi, qovoqlari yaqinlashib ko‘zi toraygach, nigohi yanada o‘tkirlashib ketardi. Qanday qarash-a! U narsalarni yaqinlashtirardi, o‘ylaringizning eng yashirin joylarigacha kirib bora olardi, juda qalin suv qatlamlariga ham oynadan qarayotganday nigoh tashlab, dengiz chuqurliklaridagi hayotni kitobda yozib qo‘yilgan kabi o‘qir edi.
Har ikkalasining boshida suvsar terisidan qilingan qalpoqcha, oyoqlarida tulen terisidan qo‘nji uzun dengiz etigi va ustlarida men bilmaydigan allaqanday matodan qulay, gavdaning harakat qilishiga xalaqit bermaydigan hamda chiroyli qilib tikilgan kostum.
Novcha kishi – boshliq bo‘lsa kerak – bizga diqqat bilan razm soldi. Shundan so‘ng hamrohi tomonga o‘girilib, menga noma’lum tilda gaplashdi. Bu juda jarangdor, ixcham, musiqiy, unli tovushlar ko‘p ishlatiladigan, tez-tez urg‘u beriladigan til edi.
Unisi bosh irg‘ab javob berdi va o‘z navbatida ikki-uch og‘iz tushunib bo‘lmaydigan so‘z aytdi.
Shundan so‘ng boshliq bir nima so‘ramoqchi bo‘lganday menga qaradi.
Men sof fransuz tilida uning nima demoqchi bo‘layotganini tushunmaganimni aytdim. Ammo aftidan, u ham meni tushunmaganga o‘xshardi. Og‘ir ahvolga tushib qoldik.
– Xo‘jamga boshimizdan o‘tganlarni gapirib berishni maslahat berardim; zora undan loaqal biron narsa tushunishsa, – dedi Konsel.
Men bu maslahatga amal qildim va so‘zlarni donalab, biror voqeani ham tushirib qoldirmay, boshimizdan kechirganlarimizni aytib berdim. Men otlarimiz va kasb-korimizni birma-bir sanab o‘tdim, nihoyat pirovardida odob saqlab, noma’lum kishilarga professor Aronaks, uning xizmatkori Konsel va mashhur garpunchi Ned Lendni tanitdim.
O‘ychan va yuvosh ko‘zli kishi so‘zlarimni hurmat yuzasidan diqqat bilan tingladi. Ammo chehrasidan biror o‘zgarish sezmadim; mening so‘zlarimdan loaqal birontasini tushunganini ifodalaydigan hech qanday belgi ko‘rinmadi.
Endi ularga fikrimizni inglizcha so‘zlab tushuntirish imkoniyati qolgan edi. Men inglizchani ham nemischa singari lug‘atsiz o‘qib, yaxshigina tushunar edim, biroq fikrimni ifodalay oladigan darajada emas. Ammo bu yerda mumkin qadar yaxshiroq gapirishga harakat qilish kerak edi.
– Endi navbat sizga, – dedim men garpunchiga. – Boshlang, Ned! Ingliz tilining xotirangizda o‘rnashib qolgan eng nazokatli so‘zlarini topib, mendan ko‘ra durustroq natijaga erishishga harakat qiling.
Ned yalintirib o‘tirmadi, mening hikoyamni ingliz tilida qaytardi. Aniqrog‘i, men aytgan so‘zlarning mag‘zini tushuntirdi, ammo shaklini tamoman o‘zgartirib yubordi.
Kanadalik zo‘r ehtiros bilan gapirdi. U bizga nisbatan qilinayotgan zo‘ravonlikka qarshi qat’iy norozilik bildirdi va bu insoniy huquqlarga zidligini aytdi; bizni bu kameraga qaysi qonunga asoslanib qamab qo‘yganlarini so‘radi; bizni ozodlikdan mahrum etganlarga sud ta’qibini aytib, po‘pisa qildi; qo‘llarini paxsa qilib qichqirdi va nihoyat pirovardida imo-ishora bilan ochlikdan o‘layozganimizni tushuntirmoqchi bo‘ldi.
Aytayotgan gapi juda to‘g‘ri edi, ammo biz buni deyarli unutgan edik.
Ming afsuski, garpunchi uning so‘zlarini ham menikiday tushunmaganlariga imoni komil bo‘ldi. Huzurimizga kelganlar mijja qoqmay turardilar. Aftidan ular Faradey2525
Faradey – ingliz fizigi
[Закрыть] tilini Arago2626
Arago – fransuz fizigi va astronomi.
[Закрыть] tilidan ortiq bilmas edilar.
Tilshunoslik bobidagi butun imkoniyatlarni ishga solgandan keyin ham muvaffaqiyatsizlikka uchraganimdan ajablanib, nima qilishimni bilmay turganimda, Konsel menga murojaat qilib qoldi:
– Agar xo‘jam ijozat bersalar, men xuddi shuning o‘zini nemischa so‘zlab berardim.
– Nima, sen nemischa bilasanmi? – deya hayajondan qichqirib yuboribman.
– Barcha flamandiyaliklar singari. Agar xo‘jam bunga qarshi bo‘lmasalar, albatta…
– Marhamat, Konsel! Gapir tezroq!
Nihoyat Konsel juda osoyishta bir ohangda butun boshimizdan kechirganlarimizni uchinchi marta hikoya qilib berdi. Biroq so‘zlovchining juda chiroyli jumla tuzishlari va notiqona uslubiga qaramay, nemis tili ham qo‘l kelolmadi.
Oxiri devorga suyanib turib maktabdagi uzuq-yuluq xotiralarni eslab, xuddi o‘sha hikoyani lotin tilida so‘zlay boshladim. Sitseron2727
Sitseron – qadimgi Rim notig‘i va yozuvchisi (bizning eramizgacha 106–43-yillar).
[Закрыть] eshitganida, quloqlariga paxta tiqib olib, meni oshxonaga quvib chiqargan bo‘lardimi, ammo men nima bo‘lsa ham so‘zimni oxiriga yetkazdim.
Natijasi oldingiday yana qoniqarsiz bo‘ldi.
Bu so‘nggi urinishimiz ham muvaffaqiyatsizlikka uchragach, notanish kishilar loaqal bizni tinchlantirish uchun barcha mamlakatlar va xalqlar orasida bir xil bo‘lgan imo-ishora ham qilmay, o‘zlarining tushunib bo‘lmaydigan tillarida o‘zaro bir necha so‘z aytishdi-da, chiqib ketishdi.
Ular chiqib ketishlari bilan eshik bekildi.
– Bu qabihlik! – deya qichqirdi Ned Lend shu bilan yigirmanchi marta g‘azab o‘tida yonib.
– Nima qilish kerak. Bu galvarslar bilan fransuzcha, inglizcha, nemischa, lotincha gapirilsa-da, birontasi churq etib javob bermasa-ya!
– Tinchlaning, Ned, – dedim men hayajonlangan garpunchiga, – g‘azab bilan bir ish qilib bo‘lmaydi.
– To‘g‘ri-yu, professor, – deya javob berdi kanadalik zarda bilan, – ammo biz bu temir katak ichida ochlikdan o‘lamiz, bilasizmi!
– O‘h-ho‘, – faylasuflarga xos osoyishtalik bilan e’tiroz bildirdi Konsel, – hali bunga erta.
– Og‘aynilar, – dedim men, – noumid bo‘lmanglar. Bundan og‘ir sinovlarga ham bardosh berdik. Kema kapitani va uning ekipajini qoralashga shoshilmanglar. Ular haqida biror fikrga kelish vaqti ham yetar.
– Mening fikrim hozirning o‘zidayoq uzil-kesil tayyor! – dedi Ned Lend. – Bular razil odamlar!
– Juda soz, ammo ular qayerda tug‘ilgan? – bamaylixotir so‘radi Konsel.
– Razillar mamlakatida!
– Azizim Ned, bu mamlakat geografik kartada aniq ko‘rsatilmagan, binobarin, e’tirof etamanki, men bu odamlarning qaysi millatdanligini aniq ayta olmayman. Ammo ishonch bilan shuni aytishim mumkinki, ular ingliz ham, fransuzlar ham, nemislar ham emas. Menda boshliq va uning hamrohi kenglikning harorati past yerlarida joylashgan mamlakatda tug‘ilgan degan taassurot qoldi, chunki ular ko‘rinishdan janubliklarga o‘xshashadi. Ammo irqiy belgilari yuzlarida yorqin ifodalanmagani uchun qaysi millatga mansubliklarini, ispanmi, turkmi, arab yoki hindumi – qat’iy aytish qiyin.
– Qarang, barcha tillarni bilmaslik qanchalik yomon, – luqma tashladi Konsel, – agar yagona xalqaro bir til bo‘lganida, qanday yaxshi bo‘lardi-ya!
– Bundan biron naf chiqmas edi, – deya e’tiroz bildirdi Ned Lend. – Nima, zindonbonlarimizning o‘ziga xos tillari halol odamlarning jig‘iga tegish uchun o‘ylab topilganini ko‘rmayapsizmi? Dunyodagi barcha mamlakatlarda og‘iz ochish, tishlarni shiqirlatish, chakakni qimirlatish qanday mazmun ifoda etishini yaxshi bilishadi. Kvebekda, Parijda, Paumotuda, antipodlarda2828
Antipodlar – yer yuzining bir-biriga tamoman teskari ikki tomonida yashaydiganlar.
[Закрыть] – hamma joyda bu bir mazmun anglatadi: ochman, menga ovqat bering!
– Eh-he, – vazminlik bilan javob berdi Konsel, – shunday gap uqmas odamlar borki…
Xuddi shu payt eshik ochilib xonaga styuard2929
Styuard – kema xizmatkori.
[Закрыть] kirdi. U bizga ust-bosh – menga noma’lum bo‘lgan allaqanday matodan tikilgan kalta kamzul bilan shim olib keldi.
Men kiyimlarni tez kiyib oldim. Sheriklarim ham xuddi shunday qilishdi.
Shu orada styuard gung, ehtimol, garang bo‘lsa ham ajab emas – stol ustiga uch kishiga mo‘ljallab qoshiq-vilka qo‘ydi.
– Mana bu boshqa gap! – dedi Konsel. – Boshlanishi chakki emas.
– Ko‘ramiz,– deya g‘o‘ldiradi ginaxon garpunchi. Bu yerda nima bilan boqishlarini tasavvur qilsa bo‘ladi! Treskaning jigari, suyagi olib tashlangan olabug‘a balig‘i-yu, dengiz itining bir parcha qovurilgan go‘shtimi?
– Birpas sabr qilsak, bilib olamiz, – deb javob berdi Konsel. Kumush qalpoqlar bilan yopilgan idishlar dasturxonga bir tekisda qo‘yildi.
Biz stol atrofiga o‘tirib oldik. Biz madaniyatli kishilar orasida ekanligimizga shubha yo‘q edi, agar elektr chiroq bo‘lmaganda, Liverpuldagi Adelfi yoki Parijdagi Grand otel-mehmonxonasining oshxonasida o‘tiribmiz, deb o‘ylash mumkin edi.
Ha, aytganday, shuni ta’kidlash kerakki, non ham, vino ham, umuman yo‘q edi.
Suv juda toza, tiniq edi. Ammo bu quruq suv bo‘lgani uchun Ned biroz ranjidi.
Bizga berilgan ovqatlar orasida baliqdan a’lo darajada tayyorlangan taomlar ham bor edi. Biroq boshqa taomlar xususida hatto ular tabiatning qaysi dunyosi – o‘simliklar dunyosigami yoki hayvonot dunyosiga taalluqli ekanini ham ajratolmas edim.
Ovqat servizi nafis va chiroyli edi. Har bir qoshiq, vilka, taqsimcha, sochiq va hokazolarda quyidagi shior yozilgan edi:
«Harakatchan N harakatchanlikda»
Harakatchan harakatchan muhitda! Bu shior suvosti kemasiga tamomila mos edi. «N» – sirli suvosti kapitani ismining bosh harfi bo‘lsa kerak.
Ned Lend bilan Konsel har xil o‘ylar bilan o‘zlarini qiynamas, ochko‘zlik bilan ovqat yeyishardi, men ham shu zahoti ularga ergashdim.
Endi men taqdirimizdan xotirjam edim. Xo‘jayinlar ochlikdan tinkamizni quritmasligiga imonim komil edi.
Ammo bu dunyoda hamma narsa, hatto o‘n besh soat davomida tamaddi qilmagan kishilarning ochligi ham o‘tib ketadi. Qornimiz to‘ygach, qattiq uyqu bosayotganini seza boshladik. Bu tunda o‘lim bilan uzoq olishuvdan so‘nggi tabiiy hol edi.
– Rostini aytsam, men jon deb uxlab olardim, – dedi Konsel.
– Men hozirning o‘zidayoq uxlayapman, – deb javob berdi Ned Lend.
Shunday deb har ikkala hamrohim kayuta poliga solingan bo‘yraga cho‘zilishdi va shu zahotiyoq qattiq uyquga ketishdi.
Men ular singari osongina uxlay olmas edim. Miyam juda ko‘p fikrlar bilan to‘lib-toshgan, hal qilinmagan juda ko‘p muammolar meni tashvishlantirar, talay kishilar ko‘z oldimdan nari ketmas edi. Binobarin, ko‘zlarim anchagacha yumilmadi.
Qayerdamiz? Bizni qanday ajib kuch tortib ketyapti?
Kema tubsiz chuqurlikka cho‘kayotganini his etdim – aniqrog‘i, menga shunday tuyuldi.
Turli dahshatlar menga tinchlik bermas edi. Bu sirli chuqurliklardagi nimasi bilandir shu suvosti kemasiga o‘xshab ketadigan, xuddi shunday katta, xuddi shunday harakatchan, o‘zi singari kuchli noma’lum hayvonlar to‘dasi ko‘z oldimdan nari ketmas edi.
Ammo ko‘p o‘tmay ular xiralashib, miya mudroq pardasiga o‘raldi va men uxlab qoldim.
Правообладателям!
Данное произведение размещено по согласованию с ООО "ЛитРес" (20% исходного текста). Если размещение книги нарушает чьи-либо права, то сообщите об этом.Читателям!
Оплатили, но не знаете что делать дальше?