Электронная библиотека » Жюль Верн » » онлайн чтение - страница 2

Текст книги "Suv ostida sakson ming kilometr"


  • Текст добавлен: 19 мая 2023, 23:30


Автор книги: Жюль Верн


Жанр: Современная зарубежная литература, Современная проза


сообщить о неприемлемом содержимом

Текущая страница: 2 (всего у книги 31 страниц) [доступный отрывок для чтения: 9 страниц]

Шрифт:
- 100% +
Uchinchi bob
«XO‘JAM ShUNI ISTASALAR»

Dengiz ministrining xatini olishimdan uch sekund oldin men Shimoli-g‘arbiy muzliklar1313
  Atlantik okeandan Tinch okeanga Amerika qit’asining shimoliy qirg‘oqlari yonidan o‘tadigan yo‘l.


[Закрыть]
orqali o‘tish to‘g‘risida qanchalik o‘ylagan bo‘lsam, narvalni qidirib borish haqida ham shunchalik bosh qotirayotgan edim. Xatni olganimdan keyin oradan uch sekund o‘tgach, mening chinakam vazifam, hayotimning yagona maqsadi ana shu xavfli bahaybat maxluqni qidirib borish va insoniyatni undan xalos etish ekanligini tushunib yetdim.

Ayni vaqtda men endigina og‘ir safardan qaytib, juda charchagan, dam olishim zarur edi. Vatanimga, yor-do‘stlarim huzuriga, Botanika bog‘i yonidagi kichkina uyimga, o‘zimning qimmatli va bebaho kolleksiyalarimga qaytish orzusida edim. Biroq meni hech nima to‘xtata olmadi. men hamma narsani – charchoqni, yor-do‘stlarimni ham, kolleksiyalarimni ham unutdim va hech ikkilanmay Amerika hukumatining taklifini qabul etdim.

«Buning ustiga, – deb o‘yladim men, – hamma yo‘llar Yevropaga olib boradi, binobarin, narval ham meni Fransiya sohillariga yetaklasa ajab emas. Bu katta o‘lja Yevropa dengizlarida qo‘lga tushib qolsa bormi?! O‘shanda uning qoziq tishidan loaqal yarim metrini Parijdagi tabiiyot tarixi muzeyiga olib borardim!»

Ammo hozircha narvalni Tinch okeanning shimoliy qismida qidirishga to‘g‘ri keldi. Bu Fransiyaga qaytish uchun butun dunyoni aylanib chiqishim kerak, degan gap.

– Konsel! – deya qichqirdim men sabrsizlik bilan.

Konsel mening xizmatkorim. U safar vaqtida hamisha menga hamroh. Bu flamandiyalikka ixlosim juda baland. O‘z navbatida u ham menga shunchalik ixlosmand. U tabiatan sovuqqon, beg‘amroq, xushfe’l, og‘ir-vazmin, mo‘min-ma’qul va tirishqoq; turmushda bo‘lib turadigan mayda-chuyda tasodiflarga ortiqcha e’tibor berib o‘zini diqqat qilavermaydigan, hamma ish qo‘lidan keladigan, hamisha ishga tashna odam. Ismi jismiga monand emas1414
  So‘z o‘yini. «Konsel» (consiel) – fransuzcha maslahat degani.


[Закрыть]
. Iltimos qilishganda ham hech kimga maslahat bermaydi.

Konsel mening kichkina uyimga kelib turadigan olimlar davrasida muttasil bo‘lganidan, talaygina narsalarni o‘rgandi, tabiiyot fani tasnifi sohasida mutaxassisga aylandi. Butun bo‘limlar, guruhlar, sinflar, sinfchalar, turkumlar, oilalar, nasllar, turlar va turchalar narvoniga akrobatlarcha chaqqonlik bilan chiqib tusha olardi. Biroq uning butun bilimi ana shuning o‘zidangina iborat edi. Turlarga bo‘lish nazariyasini yaxshi bilardi-yu, amaliy bilimdan juda uzoq edi. Nazarimda u tashqi ko‘rinishdan kitni kashalotdan ajrata olmasdi.

Shunga qaramay u ajoyib odam!

O‘n yil davomida Konsel butun ilmiy ekspeditsiyalarda men bilan birga bo‘ldi. Men biron marta uning safar cho‘zilib ketdi yoki charchadim deb noliganini eshitmasdim. Konsel istagan daqiqada, qaysi mamlakat bo‘lmasin – Xitoymi yoki Kongomi surishtirmay, hech narsadan cho‘chimay ketaverardi.

Uning salomatligi juda yaxshi. Bundaylar hech qanaqa kasallikdan qo‘rqmaydilar. U mushaklari baquvvat, asablari metin bir odam edi.

Konsel o‘ttiz yoshda edi. Uning yoshi xo‘jayinning yoshiga o‘n beshning yigirmaga nisbatiday gap. Qirq yoshimni shu qadar murakkab majoziy yo‘l bilan bildirganim uchun uzr.

Konselning bir kamchiligi bor edi. U ashaddiy rasmiyatchi, men bilan doim uchinchi shaxsda gaplashardi. Shunday kezlarda ko‘pincha yuragim toshib ketardi.

– Konsel! – yana chaqirdim va ayni vaqtda shosha-pisha safar hozirligini ko‘ra boshladim.

Konselning menga haddan tashqari sodiqligiga imonim komil edi. Odatda men safarga chiqish oldidan hech qachon uning roziligini so‘rab o‘tirmas edim, ammo bu gal ekspeditsiyaning qancha cho‘zilishi ham ma’lum emas, buning ustiga bu ish xavfli edi. Kemani pista po‘chog‘iday to‘ntarib tashlashga qurbi yetadigan maxluqning izidan borish hazilakam gap emas! Dunyodagi eng og‘ir-vazmin odam ham bir o‘ylab ko‘rardi. Ammo Konsel nima derkin?

– Konsel! – uchinchi marta chaqirdim men.

Konsel kirib keldi.

– Xo‘jam meni chaqirdilarmi? – so‘radi u kirgan zahoti.

– Ha, azizim. Safar jabdug‘ini hozirla. Ikki soatdan keyin jo‘naymiz.

– Xo‘jam shuni istasalar, tayyorman, – deb bamaylixotir javob berdi Konsel.

– Har bir daqiqa g‘animat. Butun kerakli narsalarni – ust-bosh, ko‘ylak, paypoqlarni chamadonga sol. Siqqanicha joyla, ammo mumkin qadar tezroq bo‘l!

– Xo‘jamning kolleksiyalari-chi? – luqma tashladi Konsel.

– Ularni keyinga qoldiramiz. Mehmonxonada turib tursin.

– Bug‘u-to‘ng‘izni-chi?

– O‘zlari boqishaveradi. Aytganday, butun hayvonotxonamizni Fransiyaga jo‘natishlarini aytishim kerak.

– Demak, biz Parijga bormayotgan ekanmizda? – deb so‘radi Konsel.

– Nima desam bo‘ladi, – deya mujmal javob qaytardim men, – biroz aylanma yo‘l bilan borishga to‘g‘ri kelyapti shekilli…

– Xo‘jam shuni istasalar, har qanday aylanma yo‘l bosh ustiga.

– Albatta bu hech gap emas! Faqat yo‘l biroz olisroq bo‘ladi… Biz «Avraam Linkoln»da jo‘naymiz.

– Xo‘jam shuni istasalar, – deya vazminlik bilan tasdiqladi Konsel.

– Bilasanmi, og‘ayni, gap bahaybat maxluq… o‘sha, mashhur narval ustida boryapti… Biz okeanlarni undan xoli etishimiz kerak!.. «Okean tubining sirlari» ikki tomligining avtori kapitan Faragut bilan bo‘ladigan safardan bosh torta olmaydi… Bu sharafli vazifa, ammo shu bilan birga xatarli ham! Narval bizni orqasidan qayoqqa ergashtirib borishi noma’lum… Bu maxluq juda injiq bo‘lishi ham mumkin. Ammo nima bo‘lsa ham biz boramiz! Kapitanimiz – zo‘r odam.

– Xo‘jam qayoqqa borsalar, men ham o‘sha yoqqa boraveraman-da, – dedi Konsel.

– Yaxshilab o‘ylab ol! Sendan hech narsani yashirmoqchi emasman. Bu – borsa qaytish qiyin bo‘lgan safarlardan.

– Xo‘jam shuni istasalar…

Oradan chorak soat o‘tganda chamadonlar taxt qilib qo‘yilgan edi. Konsel hech narsani unutmadi. Bu ajoyib odam ko‘ylak va ust kiyimlarni ham qush va sut emizuvchilarni turlarga ajratgani kabi ko‘ngildagiday joylaydi. Yo‘lak mulozimi yukimizni mehmonxonaning chiqaverishiga olib borib qo‘ydi. Men pastki qavatdagi hamisha odamlar bilan liq to‘la idoraga tushdim va jonivorlar hamda quritilgan o‘simliklar joylashtirilgan toylarni Parijga jo‘natish lozimligini aytdim. Bug‘u-to‘ng‘izga yetadigan miqdorda kredit ochdim va qarzlarimni to‘lab, nihoyat aravaga sakrab chiqdim. Bu yerda Konsel o‘tirar edi.

Ekipaj Brodvey bo‘yidan Yunion xiyoboniga borib, so‘ngra To‘rtinchi avenyuga qayrildi va undan Katrinstritga yetib, nihoyat O‘ttiz to‘rtinchi qirg‘oqda to‘xtadi. U yerdan parom hammamizni – odamlarni, otlar va ekipajni Bruklin-ga, Gudzon daryosining chap qirg‘og‘ida joylashgan Nyu-York shahar chekkasiga olib o‘tdi. Bir necha minutdan so‘ng arava to‘g‘ri ikkita mo‘risidan halqa-halqa qalin tutun chiqarayotgan «Avraam Linkoln»ining ko‘chma ko‘prikchasi oldiga kelib to‘xtadi.

Yukimiz bir zumda kemaga ortildi. Men trapdan yugurib bora turib, kapitan Faragutni qayerdan topsa bo‘ladi, deb so‘radim. Matroslardan biri meni ko‘prikkacha boshlab borib, ochiq chehrali novcha dengizchini ko‘rsatdi. U menga qo‘lini uzatdi.

– Janob Pyer Aronaksmi? – so‘radi u.

– Xuddi shunday, – javob berdim men. – Kapitan Faragutmisiz?

– Shaxsan o‘zlari. Xush kelibsiz, janob professor! Kayuta sizga muntazir.

Men ta’zim qildim va ketish oldidagi dolzarb daqiqalarda kapitanga xalaqit bermaslik uchun matrosdan ajratilgan kayutani ko‘rsatishini so‘radim.

«Avraam Linkoln» nazarda tutilgan ekspeditsiya uchun juda mos edi.

U tezlikni soatiga o‘n sakkiz-u o‘ndan uch milyagacha yetkaza oladigan, eng takomillashgan mashinalar bilan jihozlangan tezyurar kema edi. Sirasini aytganda, shu katta tezlik ham gigant narvalni quvishga yetarli emasdi.

Kemaning ichki jihozlari ham uning dengizda suzish sifatlaridan qolishmas edi. Menga ajratilgan kayuta kemaning quyruq tomonidagi ofitserlar bo‘lmasida joylashgan bo‘lib, u menga juda ma’qul edi.

– Bu yerda yaxshilab joylashib olishimiz mumkin, – dedim men Konselga.

– Xo‘jamning ruxsatlari bilan aytmoqchimanki, bu yer makonidan ajralgan qisqichbaqa shilliqqurtning chig‘anog‘iga joylashib olganday gap bo‘lar ekan-da, – dedi mening olim xizmatkorim.

Men Konselni chamadondagi narsalarni chiqarib olish uchun kayutada qoldirib, o‘zim jo‘nashga tayyorgarlikni ko‘rish maqsadida kema sahniga chiqdim.

Xuddi shu daqiqada Faragut «Avraam Lin-koln»ni Bruklin qirg‘og‘ida saqlab turgan arqonni yechishga buyruq berdi. Chorak soat kechikkanimda «Avraam Linkoln» mensiz suzib ketib, favqulodda qiziq ekspeditsiyaga ishtirok etolmas edim. Sirasini aytganda, har bir narsaga ishonchsizlik bilan qaraydigan odamlar bu ekspeditsiyaning eng haqqoniy tafsilotiga ham ishonmasalar ajab emas.

Kapitan Faragut narvalga qarshi yurishni bir kun emas, hatto bir soat, loaqal bir daqiqaga ham kechiktirgisi yo‘q edi.

U kema injenerini chaqirdi.

– Bug‘ bosimi yetarlimi? – so‘radi u.

– Xuddi shunday, kapitan.

– Sekin yurilsin! – buyruq berdi kapitan.

Siqilgan havo harakatga keltirayotgan telegraf orqali bu buyruqni olgan mexanik kemani ishga tushiradigan richagni aylantirdi.

Bug‘ vishillab silindrlarga o‘tdi va porshenlar eshkakni aylantiradigan vallarni harakatga keltirdi. Vintning yassi parraklari borgan sari tezroq aylana boshladi va «Avraam Linkoln»ni kuzatuvchilar bilan liq to‘la yuzlab kema va shatakchi paroxodchalar hamrohligida salobat bilan suzib ketdi.

Bruklin qirg‘oqlari tomoshaga kelganlar bilan to‘lib ketgan edi. Minglab tomoqlarni qirib chiqqan uch marta «ura» sadosi momaqaldiroqning gumburlashiday yangradi. «Avraam Linkoln» Nyu-York joylashgan yarim orol chetidan Gudzon daryosi suviga kirib olguncha minglab dastro‘mollar olomon boshi uzra havoda hilpirab, kemani tabriklab turdi.

«Avraam Linkoln» Gudzon daryosi oqimiga qarab pastga suzib, hashamatli uylar zanjirday tizilishgan Nyu-Jersey yoqalab borib, qo‘rg‘onlar yonidan o‘tayotganida, ularning to‘pdan o‘q uzib berayotgan salutlariga javoban quyruq tomondagi o‘ttiz to‘qqizta yulduz bilan bezatilgan bayrog‘ini uch marta ko‘tarib tushirdi. Shundan so‘ng kema yurishini sekinlatib, dengiz kanalining kemalar yuradigan va bakenlar1515
  Baken – kemalar yuragidan suvlarda xavfli joylarni ko‘rsatish uchun langarga bog‘lab qo‘yilgan suzgich.


[Закрыть]
bilan belgilab qo‘yilgan loyqa farvateriga kirib, yana minglab tomoshabinlar tabriklayotgan qumloq Sendi-Gukni ortda qoldirib, ochiq dengizga chiqib oldi.

Turnaqator bo‘lib kelayotgan kemachi va shatakchilar «Avraam Linkoln»ni chiroqlari Nyu-York portiga kiraverishni yog‘du bilan ko‘rsatib turgan suzgich mayaklargacha kuzatib kelishdi.

Kunduz soat uch edi. Lotsman narvonchani tashladi, eshkakli qayiq uni tezda kemaga yetkazdi va «Avraam Linkoln» tezligini oshirib, Long-Aylend sohillari bo‘ylab suzib ketdi.

Kechqurun soat sakkizlarda Fayr-Aylend chiroqlari ko‘rinmay qoldi va kema shitob bilan Atlantik okeanning qoramtir suvi bo‘ylab ilgarilab ketdi.

To‘rtinchi bob
NED LEND

Kapitan Faragut yaxshi dengizchi, o‘zi komandirlik qilayotgan ajoyib kemaga munosib kishi edi. Kema bilan u go‘yo bir butun yaxlit tana-yu, kapitan miya vazifasini bajarardi. U narvalning mavjudligiga sira shubhalanmas, binobarin, o‘zi bor joyda bu boradagi bahsga mutlaqo yo‘l qo‘ymas edi. Bahaybat maxluq mavjud va kapitan dengizni undan xoli etadi. U shunga qasam ichgan edi.

Yo kapitan Faragut narvalni o‘ldiradi yoki nar-val kapitan Faragutni o‘ldiradi – boshqacha bo‘lishi mumkin emas!

Kema ofitserlari o‘z kapitanlarining ishonchiga qo‘shilar edilar. Ofitserlarning yaqin orada bahaybat maxluq bilan uchrashish va uning yurish tezligi haqidagi bahslarini eshitib huzur qilardi kishi. Hatto odatda qorovullikda turishni majburiyat ostidagi zerikarli bir narsa, deb hisoblaydigan ofitserlar ham bu galgi reysda ortiqcha navbatchilik qilishga hamisha tayyor edilar.

Hali quyosh osmon gumbazida kunduzgi yo‘lini davom ettirar, kemada to‘da-to‘da bo‘lib turgan matroslar bahaybat maxluqni topish niyatida dengizni kuzatmoqda edilar. «Avraam Linkoln» esa hali Tinch okeandan uzoqda edi!

Kema ekipaji narvalni uchratish, uni garpunga1616
  Garpun – uzun arqonga bog‘lab dengiz hayvonlariga otiladigan nayza.


[Закрыть]
ilintirib, kemaga tortib chiqarish va burdalab tashlash ishtiyoqida yonar edi. Komandaning bir qismi butun ishdan bo‘sh vaqtini dengiz sathiga diqqat bilan tikilib turish bilan o‘tkazar edi. Shuni ham aytish kerakki, kapitan Faragutning o‘zi buni ma’qullab, ikki ming dollar mukofot va’da qildi. Bu mukofot narvalni birinchi bo‘lib ko‘rish baxtiga muyassar bo‘lgan yunga, matros, botsman yoki ofitserni kutar edi. Shunday bo‘lgach, kema ekipaji qanchalik berilib dengizga tikilib turishini tasavvur qilish qiyin emas!

Menga kelganda, shuni aytishim kerakki, kema bortlarida kun bo‘yi astoydil turishda boshqalardan sira qolishmasdim. Yolg‘iz Konsel hammani qiziqtirayotgan masalaga befarq qarab, umum ishiga qo‘shilmas edi.

Kapitan Faragut o‘z kemasini juda ulkan kitlarni ovlash uchun zarur bo‘lgan barcha asbob-uskunalar bilan jihozlagan edi. Bironta kit ovlovchi kema dengizga bunchalik jihozlanib chiqmagan bo‘lsa kerak.

Bizda qo‘l garpunidan tortib, maxsus to‘pdan otiladigan arra tishli o‘qqacha – hozirgi zamonning kit ovlaydigan barcha uskunalari bor edi. Kema tumshug‘ida o‘zining to‘rt kilogrammli snaryadlarini o‘n olti kilometr masofaga ota oladigan takomillashgan tezotar qurol turar edi.

Xullas, «Avraam Linkoln» komandasining o‘lim keltiruvchi qurollari yetarli emas, deb nolishiga o‘rin yo‘q edi. Bular kamlik qilganday, kemada garpunchilar qiroli Ned Lendning o‘zi ham bor edi!

Ned Lend asli kanadalik bo‘lib, dunyodagi o‘ta epchil kit ovlovchi, bu xatarli hunarda unga teng keladigani yo‘q edi. U o‘taketgan darajada sovuqqon, chaqqon, shijoatli va farosatli odam edi. Uning dahshatli garpunidan qutulib ketish uchun juda makkor kit, g‘oyat mug‘ambir kashalot bo‘lishi kerak.

Ned Lendning yoshi qariyb qirqqa borib qolgan. Bo‘yi salkam olti fut keladigan novcha, baquvvat, badjahl odam. U odamovi, tajang va sal narsaga tezda tutaqib ketardi.

Uning tashqi qiyofasi kishi diqqatini beixtiyor o‘ziga jalb qilar, ayniqsa uzoqni aniq ko‘ra oladigan ko‘zlari yuziga allaqanday o‘ziga xoslik baxsh etar edi.

Menimcha, kapitan Faragut mashhur kit ovlovchini ekspeditsiyada qatnashishga jalb etib, juda to‘g‘ri ish qilgan. Baquvvat qo‘l va o‘tkir ko‘z kerak bo‘lib qolsa, uning yolg‘iz o‘zi butun ekspeditsiyadan ko‘ra ko‘proq ish qiladi.

Ned Lendni kuchli teleskop, shu bilan birga hamisha shay turgan o‘qlog‘liq to‘p bilan tenglashtirish mumkin.

Kanadalik, ayni vaqtda, fransuz Ned qanchalik odamovi bo‘lmasin, ammo shuni aytishim kerakki, u men bilan tez orada tanishib oldi. Ehtimol, u fransuz tilida gaplashish imkoniyati tug‘ilganidan quvongandir. Kanadaning ayrim viloyatlarida Rable1717
  Rable Fransua (taxminan 1495–1553-yillar) – Uyg‘onish davridagi eng yirik fransuz yozuvchisi.


[Закрыть]
vaqtlaridan saqlanib qolgan qadimiy fransuz shevasini men ham huzur qilib tinglar edim.

Ned Lend hali bu shahar Fransiyaga tobe bo‘lgan qadim zamonlarda juda ko‘p shijoatli dengizchilarni yetkazib bergan eski kvebeklar xonadoniga mansub edi.

Bizning Ned bilan bo‘lgan suhbatlarimiz borgan sari jonlana boshladi. Men uning qutb dengizlaridagi sarguzashtlarini miriqib tinglar edim. uning ov va olishuvlar to‘g‘risidagi hikoyalari shu qadar sodda va shoirona ediki, ba’zan qutb mamlakatlari «iliada»sini ashula qilib aytayotgan allaqanday kanadalik Gomerni tinglayotganday tuyulardi menga.

Men bu jasur kishini hozir bilganimcha ta’riflayapman. Biz eski qadrdon do‘stlarmiz va dahshatli sinov kunlarida tug‘ilgan do‘stligimiz mustahkam va buzilmasdir.

Bahaybat dengiz maxluqi borasida Ned Lendning fikri qanday edi? E’tirof etishim kerakki, u narvalning mavjudligiga ishonmas edi va kemada ko‘pchilikning shu haqdagi farazlariga qo‘shilmaydigan yagona kishi edi. Bir gal men shu mavzuda gap ochib, uning fikrini bilmoqchi edim, indamay qo‘ya qoldi.

Yo‘lga chiqqanimizga uch hafta bo‘lganda, 30– iyulda, kemamiz Patagoniyadan o‘ttiz milya masofada Baya-Blank yaqinida borardi. Kozerog tropigidan o‘tdik va endi Magellan bo‘g‘ozi bizdan yetti yuz milyaga yetar-yetmas janubda edi. Yana sakkiz kundan keyin «Avraam Linkoln» Tinch okean suvlarida suza boshlaydi!

Men Ned Lend bilan yutda1818
  Yut – kemada yuqori palubaning quyruq qismi.


[Закрыть]
o‘tirar edim. Biz tubiga inson ko‘zi yetmagan sirli dengizga qarab, turli mavzularda gaplashib o‘tirar edik. Ittifoqo, sodir bo‘lgan qulay bir fursatdan foydalanib, men ulkan narval haqida gapirib qaysi sharoitlarda ekspeditsiyamizning muvaffaqiyat qozonishi yoki muvaffaqiyatsizlikka uchrashi yuzasidan mulohazalarimni aytdim. Ammo Ned Lend churq etmay o‘tirganini ko‘rib, uning oldiga masalani ko‘ndalang qo‘ydim:

– Biz qidirib borayotgan bahaybat narvalning mavjudligiga qanday shubha qilishingiz mumkin? Ishonmasligingizga biror asos bormi?

Garpunchi bir lahza menga indamay qarab turdi. Savolimga javob berishdan oldin odaticha, fikrini bir joyga to‘playotganday peshanasiga urib, ko‘zini yumib olgandan keyingina bunday dedi:

– Balki bordir, janob Aronaks.

– Menga qarang, Ned, sizning kasbingiz garpunchilik. O‘z davringizda yuzlab katta dengiz sutemizuvchilarini ko‘rgansiz, binobarin, kitsimon katta bir mavjudotning bo‘lishi mumkinligiga boshqalardan ko‘ra siz ko‘proq ishonishingiz kerak-ku, axir!

– Xuddi shu masalada xato qilasiz, janob professor, – deb javob berdi Ned. – Hech narsadan xabarsiz odamga yer sharining ichki pardasida bahaybat hayvonlar bor deyilsa, ishonishi turgan gap. Ammo bu safsataga geolog sira ishonmaydi. Kit ovlovchi ham xuddi shunday. Men ozmuncha kit va nar-vallarning ketidan quvib o‘ldirmadim. Ammo ular qanchalik katta va baquvvat bo‘lmasin, na dumlari, na shoxlari bilan po‘lat qoplangan paroxodni urib teshishga kuchlari yetmaydi.

– Ammo, Ned, narval tishi bilan paroxod bortini teshgan paytlari bo‘lgan.

– Yog‘ochdan yasalganlarni, professor, yog‘och paroxodlarni! – e’tiroz bildirdi Ned. – Ha, yana shuni e’tirof etishim kerakki, men bunga unchalik ishonmayman. Shaxsan men bunaqasini ko‘rmaganman. Binobarin, o‘z ko‘zim bilan ko‘rmagunimcha kashalotlar, kitlar yoki narvallar halokat keltirishiga, «Shotlandiya» korpusidagiday teshik ochishiga ishonmayman.

– Menga qarang, Ned…

– Yo‘q, professor, yo‘q. Nima desangiz deng-u, ammo bu haqda gapirmang. Ehtimol, juda katta sakkizoyoq…

– Aslo mumkin emas, Ned! Sakkizoyoq chig‘anoq bilan qoplangan, yumshoq tanli juda katta umurtqasiz jonivor. Uning bo‘yi besh yuz fut bo‘lganda ham sakkizoyoq umurtqasizligicha qoladi va binobarin, u «Shotlandiya» yoki «Avraam Linkoln» singari kemalar uchun mutlaqo xavf-sizdir. Sakkizoyoqlar kemalar uchun xavfli degan mishmishlarga chek qo‘yish payti keldi.

– Xullas, janob tabiatshunos, – dedi Ned kinoya bilan, – ulkan narvalning mavjudligiga imoningiz komil, shundaymi?

– Ha, Ned, bunga imonim komil va bu sira rad etib bo‘lmaydigan bir necha faktlarga asoslangan. Mening ulkan kitsimon hayvonlar borligiga, ular kitlar, kashalotlar va delfinlar singari umurtqalilar turkumiga kirishiga hamda juda baquvvat tishlari, shoxlari yoki qoziq tishlari mavjudligiga shubham yo‘q.

– Hmm! – deya g‘o‘ldiradi garpunchi ishonqiramay boshini qimirlatib.

– Shuni ham bilib qo‘ying, azizim, – deya davom etdim men, – agar shunday maxluq okean qa’rida – suv sathidan bir necha milya pastda yashasa uning organizmi juda baquvvat bo‘lishi kerak.

– Nega endi? – so‘radi Ned.

– Chunki bunday chuqurlikda g‘oyat katta suv bosimiga bardosh berib turish uchun benihoya baquvvat bo‘lishi kerak.

– Rostdanmi? – dedi Ned ishonchsizlik bilan ko‘zini qisib.

– Ha, xuddi shunday. Buning isboti uchun sizga ba’zi bir raqamlar keltiraman.

– O, bu raqamlar! – dedi cho‘zib Ned. – Raqamlar bilan istagan narsani isbotlasa bo‘ladi…

– Hamisha va istagan narsani emas, Ned. Mana quloq soling. Bir atmosfera bosimining balandligi o‘ttiz ikki futli bir suv ustuni bosimiga teng deb faraz qilaylik. Haqiqatda esa suv ustunining balandligi ancha past bo‘lishi ham mumkin, chunki dengiz suvi chuchuk suvga nisbatan zichroqdir. Shunday qilib, Ned, suvga sho‘ng‘iganingizda tanangiz dengiz sathidan necha o‘ttiz ikki futli suv ustuniga pastda bo‘lsa, har bir kvadrat santimetriga shuncha atmosfera bosim, ya’ni shuncha kilogramm og‘irlik tushadi. Demak, uch yuz yigirma fut chuqurlikda bu bosim o‘n atmosferaga, uch ming ikki yuz fut chuqurlikda yuz atmosferaga va o‘ttiz ikki ming futda, ya’ni taxminan ikki yarim milya chuqurlikda ming atmosferaga teng bo‘ladi. Boshqacha qilib aytganda, agar siz shu chuqurlikda bo‘lsangiz, tanangizning har bir kvadrat santimetrini ming kilogramm yoki bir tonna bosim bosib turadi. Ha, aytganday, azizim, tanangiz necha kvadrat santimetrligini bilasizmi?

– Bundan mutlaqo bexabarman.

– Salkam o‘n yetti ming.

– Shunchalik ko‘pmi?

– Aslida esa atmosfera bosimi har bir kvadrat santimetrga bir kilogrammdan ortiqroq kuch bilan ta’sir etadi. U holda tanangizdagi o‘n yetti ming kvadrat santimetrli umumiy sathga o‘n yetti ming besh yuz oltmish sakkiz kilogramm kuch bilan ta’sir etadi.

– Shuncha og‘irlik tushganini sezmaymanmi?

– Ha, siz buni sezmaysiz. Bu katta og‘irlik sizni ezib qo‘ymasligining sababi shuki, ichingizdagi havo bu bosim bilan muvozanatlashadi. Shuning uchun siz hech narsani sezmaysiz. Ammo suvga tushguday bo‘lsangiz bu muvozanat yo‘qoladi…

– Tushunyapman, – izohim qiziqtirayotganday so‘zimni bo‘ldi u. – Atrofimni suv o‘rab oladi, ammo tanamning ichiga kirmaydi!

– Ha, balli, Ned. Shunday qilib, o‘ttiz ikki fut chuqurlikda o‘n yetti ming besh yuz oltmish sakkiz kilogramm bosim ostida bo‘lasiz; uch yuz yigirma futda bosim o‘n baravar oshadi, ya’ni bir yuz yetmish besh ming olti yuz sakson kilogrammga teng bo‘ladi. Uch ming ikki yuz futda u yuz baravar oshadi va bir million yetti yuz ellik olti ming sakkiz yuz kilogrammga yetadi va nihoyat o‘ttiz ikki ming futda ming baravar ko‘payadi va siz o‘n yetti million besh yuz oltmish sakkiz ming kilogrammlik bosim orasida bo‘lasiz. Boshqacha qilib aytganda, birpasda pachog‘ingiz chiqib, ulkan gidravlik bolg‘a ostidan chiqqanday, yupqa yaproqqa aylanasiz.

– Yo tavba! – deya xitob qildi Ned.

– Shunday qilib, azizim, agar bunday chuqurlikda uzunligi bir necha yuz metrli umurtqali hayvon yashay olsa, uning millionlab kvadrat santimetr tanasi juda ko‘p milliard kilogramm bosimga bardosh bera olishi kerak. Ana endi bu hayvonlarning shunchalik katta bosimda yashashlari uchun mushaklari qanchalik baquvvat va organizmlari qanchalik chidamli bo‘lishi kerakligini bir o‘ylab ko‘ring-a!

– Bundan chiqdi ularning tanasi zirhli kema singari sakkiz duymli qalin temir bilan qoplangan ekan-a, – dedi kanadalik.

– Juda to‘g‘ri, Ned. Ana endi suvda eng tez yurar poyezdlarimiz kabi tez harakat qila oladigan shunday hayvon kema bilan to‘qnashganda qanchalik zarar yetkazishi mumkinligini tasavvur qilib ko‘ring.

– Ha… rost-a… – deya bu hisoblardan dovdirab g‘o‘ldiradi kanadalik hanuz taslim bo‘lgisi kelmay.

– Xo‘sh, sizni ishontira oldimmi?

– Siz meni, janob professor, bir narsaga – agar shunday hayvonlar haqiqatan ham okean qa’rida yashasa, ular juda kuchli bo‘lishlari kerakligiga ishontirdingiz.

– Oh, qanday qaysar odamsiz-a! Agar ular okean qa’rida bo‘lmasa, «Shotlandiya» bilan bo‘lgan voqeaga nima deysiz?

– Ehtimol,.. – dedi ishonqiramay Ned.

– Ha, gapira qoling!

– Ehtimol… bunday voqea bo‘lmagandir! – to‘ng‘illadi kanadalik.

Biroq bu javob garpunchining qaysarligidan dalolat berardi, xolos. O‘sha kuni men uni ishontirishga boshqa harakat qilmadim. «Shotlandiya» bilan shunday voqea bo‘lgani aniq edi. Kema chinakamiga teshilgan edi. Hatto tuzatib olishga to‘g‘ri keldi. O‘ylaymanki, shunday maxluqning mavjudligiga bundan ortiq dalil axtarishning hojati bo‘lmasa kerak. Bu teshik o‘z-o‘zidan paydo bo‘lmagani ham aniq. Ikkinchi tomondan esa kemaning suv ostidagi tosh yoki qoyaga borib urilgani to‘g‘risida so‘z bo‘lishi ham mumkin emas. Modomiki, shunday ekan, dengiz hayvonining dahshatli tishi borligini tan olishdan bo‘lak chora qolmaydi.

Shaxsan men yuqorida bayon etilgan fikrlarga asoslanib, bu hayvonni umurtqalilar turkumiga, sutemizuvchilar sinfi va kitsimonlar guruhiga mansub, deb bilaman. Oilasi masalasiga kelganda uni kitlar, kashalotlar va delfinlar oilasiga qo‘shish lozim. Nihoyat, qaysi turdanligiga faqat kelajak javob berishi mumkin.

Bu masalani hal etmoq uchun noma’lum maxluqni yorib ko‘rish kerak; yorish uchun esa avval uni tutish zarur; tutish uchun uni garpunlash lozim – bu Ned Lendga tegishli; garpunlash uchun uni ko‘rish kerak – bu butun ekipajning ishi; ko‘rish uchun uni uchratish kerak – mana bunisi endi tasodifga bog‘liq.


Страницы книги >> Предыдущая | 1 2 3 4 5 6 7 8 9 | Следующая
  • 0 Оценок: 0

Правообладателям!

Данное произведение размещено по согласованию с ООО "ЛитРес" (20% исходного текста). Если размещение книги нарушает чьи-либо права, то сообщите об этом.

Читателям!

Оплатили, но не знаете что делать дальше?


Популярные книги за неделю


Рекомендации