Электронная библиотека » Abdulla Qodiriy » » онлайн чтение - страница 5

Текст книги "Mehrobdan chayon"


  • Текст добавлен: 16 мая 2023, 13:42


Автор книги: Abdulla Qodiriy


Жанр: Современная зарубежная литература, Современная проза


сообщить о неприемлемом содержимом

Текущая страница: 5 (всего у книги 20 страниц) [доступный отрывок для чтения: 6 страниц]

Шрифт:
- 100% +

16. XONNING ILTIFOTI

Devonda rasmiy mirzo bo‘lishining uchunchi yilida Anvar juda katta e’tibor qozong‘an edi. Ayniqsa, turkiy tahrirda mirzolarning har birisidan ustun: chiroylik uslubi, oson tarkib9696
  Tarkib – jumla tuzish.


[Закрыть]
va ifodasi bor edi. Buni mirzolardan boshlab saroy shoirlari, saroy muftilari, bosh munshiy Muhammad Rajabbek, hatto xonning o‘zi ham e’tirof qilar edilar.

Xudoyor muhr bosish asnosi yozilg‘an yorlig‘ va nomalarni o‘qutib eshitar, munshiylarning eshitilmagan arab va fors so‘zlari orqaliq to‘qug‘an yarim turkiy jumlalariga aksar vaqt tushunmas: “Enalaring‘ arapqa tekkanma?” deb mirzo, muftilarni koyir edi9797
  Xudoyor qipchoqlar ichida o‘skani uchun tili o‘zbekchadir. Enalaring so‘zidagi “ng” harfini “ng‘“ ravishida qalin so‘zlaydir. Bu kungi farg‘ona o‘zbeklarida ham (ayniqsa qishloqlarda) yumshoq “ng” o‘rnida qalin “ng‘“ ishlatish ko‘b eshitiladir. Hozirg‘i isloh qiling‘an harfimizda bu qalin “ng” ning maxsus shakli yo‘qdir. Yozg‘anda (n-g‘) harflaridan bir tovush yasalsa ham, biroq o‘qug‘anda har kim buni o‘z maxrajidan chiqarolmas, yanglish o‘qur. Bu qalin “ng” o‘zbekcha bir necha so‘zdagina ishlatilmay ko‘b ellilab so‘zda iste’mol qiling‘ani uchun manimcha alohida bir shakl qabul qilish ehtiyoji his etiladir. Masalan mashhurlari: zang‘, pang‘, lang‘, darang‘, qalang‘i-qasang‘i, dang‘, to‘ng‘uz, shang‘i, to‘nig‘illamoq, to‘ng‘, to‘ng‘uch va ang‘iz, ting‘ boshqalar… Eski “ning” “ng” ravishida isloh qiling‘an. Bu yo‘g‘on “ng‘“ ham “g‘“ harfining ustiga uch nuqta qo‘yulib yozilsamikin… (mual.).


[Закрыть]
. Ammo, Anvarning yozg‘an har bir jumlasini musiqiy kabi rohatlanib, tushunib tinglar va “shu bala barilaring‘dan ham o‘qug‘anraq chiqar!” deb, boshqa mirzolarning yuragiga o‘t yoqar edi.

Muhammad Rajab munshiy keyingi kunlarda muhim tazkiralar tahririni Anvarga topshiradirg‘an bo‘ldi. O‘zi birar joyg‘a ketadirgan bo‘lsa, devon idorasini Anvar qaramog‘ig‘a qoldirar, har bir to‘g‘rida ham boshqalardan ko‘ra Anvarga ishonar edi. Zero, Anvar har bir ishni to‘g‘ri va xolis ado qilar, vazifasidan tashqari ishlarga kirishmas, oladirg‘an maoshidan ortiqcha tama’ga tushmas edi. Bu o‘rinda Anvarning bir xususiyatini ataynoq yozib o‘tishka burchlimiz: o‘rus istibdod idorasi yonidag‘i musulmon qozixonalari va ulardagi mirzolarni ham kim xotirlaydir. O‘sha mirzolarning unar-unmaska “qalam uchi” so‘rashlari, kichkina ishni ulg‘aytib mazana9898
  Mazana – shirinkoma.


[Закрыть]
chiqarish harakatlari ham bizga ma’lumdir.

Shu qozixona mirzolari, baayni hikoyamizning mav-zu’i bo‘lg‘an Xudoyor saroyi munshiylarining kichkina nusxalari edilar. Xong‘a yoziladirg‘an arzidodlar saroy mirzolaridan tashqarida tahrir qiling‘an bo‘lsa, aksar vaqt ishka oshmas edi. Ya’ni chetda yozilg‘an ariza qabul qilinsa ham, ariza egasi qalam uchini begona qilg‘ani uchun arizani xong‘a va sarmunshiyga ko‘rsatmay, yirtib tashlar edilar. Ariza egasi natija so‘rasa, “arizangizni savodsiz kishi yozg‘an ekan; janob iltifotsiz qoldirdilar”, – deb savodliq kishidan boshqa ariza yozdirib berishka maslahat ko‘rsatar edilar. Ariza berguchi ikkinchi martaba xarajatlanib, saroy mirzolarining o‘zlaridan yozdirishg‘a majbur bo‘lar edi. Mundan boshqa, bir-birlari ustidan xong‘a shikoyat qilish, o‘z aro bitmas adovat ham davom etib, aksar bir-birlarining tegiga suv ham quyib turar edilar. Yana aksariyat mirzolar xonning xufiyalik xizmatini ham ado qilib, shaxsiy adovat yoki xong‘a yaxshi ko‘runish uchun fuqarodan nechalarning gunohsiz qonig‘a cho‘milib, mudhish foji’alarg‘a ham sababchi bo‘lar edilar. Shuning uchun xalq ayniqsa, kambag‘allar saroy mirzolarig‘a nafrat bilan qarar, ular yonig‘a yaqinlashishdan qo‘rqar, ilojsizlikdan ikki bukulib salom berar edi.

Lekin Anvar tama’ni, shaytanatni, adovatni ayniqsa, xufiyalikni bilmas, devonda o‘ziga topshirilg‘an vazifanigina ado qilar, alalxusus mazlumlar dodnomasini xong‘a eshitdirishka va yaxshi natijalantirishka tirishar edi. Ul o‘zining shu to‘g‘rilig‘i soyasida hamisha anovi mirzolarning ishiga biloqasd9999
  Biloqasd – qasdsiz, niyat qilmay.


[Закрыть]
xalal berib, chirishni100100
  Chirish – bitayotgan ishni buzish.


[Закрыть]
buzub turar, ham shu va boshqacha sabablardan ularning adovatiga yaxshig‘ina hadaf101101
  Hadaf – nishon.


[Закрыть]
ham bo‘lg‘an edi. Biroq, Anvarning homiysi – Muhammad Rajabbek katta e’tibor va nufuzga molik, ham xong‘a inobatlik, shuning uchun mirzolar Anvarga qarshi hech narsa qilolmas edilar. Mirzolar orasida Anvarga tish-tirnog‘i bilan qarshi bo‘lg‘an Shahodat mufti kabi keksa mirzolar yashag‘anlaridek, uning iste’dod va zakosiga xolis maftun bo‘lg‘an Sultonali kabi mirzolar ham bor edilar.

Shu yo‘sun tajriba yilidan tashqari besh sana saroyda ishlab kelar edikim, mundan o‘n besh kunlar muqaddam sarmunshiy Muhammad Rajab poygachi bir haftagina og‘rib, vafot etdi. Anvar o‘ziga samimiy mehribon bo‘lg‘an bir kishidan ayrildi. Necha yillardan beri Muhammad Rajabbekning o‘lumini yoki boshqacha bir falokatini kutib, undan so‘ng bosh munshiylikka o‘zini chog‘lab yurg‘an Shahodat mufti xizmat bilan qishloqqa chiqib ketkanligi uchun, muvaqqat ravishda bosh munshiylik vazifasini Anvar ado qila boshladi. Va shu bir necha kun ichida Anvarning bosh munshiy bo‘lish shoyi’asi yurib qoldikim, hozirga bu to‘g‘rida bir mulohaza aytish qiyindir. Chunki bu mansabga intilguchi kazo va kazolar, shoir a fuzalolar ko‘bdir.

17. ANVARNING ANDISHASI

Anvar Shahidbek bilan maxdumning so‘zlariga qarshi majhul bir vaziyatda bosh qimirlatib sufaga qaytdi. Ularning chiqib ketishlarini kutib turg‘andek ichki eshikdan Ra’no ko‘rindi. Har zamon titrab, uchib ketishka hozir turg‘an boshidag‘i sarig‘ atlas parchasini (ro‘ymolni) bir qo‘li bilan bosib ushlagan edi. Anvar Ra’noni shu holda ko‘rib, sufa yonidag‘i ochilg‘an gullar ustida to‘xtadi. Ra’no kelar ekan, o‘pkalik ko‘z bilan Anvarga kulimsib qarar edi. Kelib sufa labida turg‘an bo‘sh laganlarga taqildi.

– Bu kungi mehmondorchilig‘imizdan rozi bo‘lg‘an o‘xshaysiz, Anvar aka, – dedi qayrilib Ra’no.

– Juda rozi bo‘ldim, – dedi Anvar va Ra’noning yonig‘a keldi, – ayniqsa, sening qo‘ling bilan tugilgan mantilardan juda mamnun bo‘ldim, Ra’no.

Ra’no laganlardan qo‘lini olib, tirsagi bilan sufaga suyandi:

– Manim qo‘lim bilan tugilgan mantilarni qayoqdan bildingiz?

– Qayoqdan bildingiz? – deb Anvar kuldi, qo‘lida bir dona qashqar guli bor edi, – ayniqsa, sening qo‘ling nimaga tekkan bo‘lsa, men o‘shani darrav sezaman.

– Men tukkan mantilar qanday ekan?

– Tanimaydi deysanmi?

– Tanimaysiz.

– Choklari diqqat bilan chimtilgan, to‘rt burchagi ikkiga qovishtirilg‘an, do‘ndiq… tanimaydi, deb o‘ylaysanmi? Men nuqul sen tukkan mantilarni tanlab yedim…

– Mazaliq ekanmi?

– Mazaliq nima degan so‘z, – dedi Anvar, – mana shu qashqarning qizil guli yodingdami, biz bu gulni keltirib o‘tquzg‘an yilimiz pushti ranglik bo‘lib ochilg‘an edi. Ikki yil o‘tmay qizil tuska kirdi. Bilasanmi bu nimadan?

Ra’no Anvarning jiddiy qilib bergan bu savoliga tushunmadi:

– Oftob qizartirg‘andir.

– Yanglishasan, Ra’no, – dedi Anvar, – men bu gulning qizarish sirini ham bilaman, buning qizarishig‘a ham sen sabab, sening qip-qizil labing…

– Hazilni qo‘ying, – dedi shu guldek qizarg‘an Ra’no– Shahid semiz nima uchun kelgan ekan, sizni mirzoboshi qilmoqchilar shekillik?

– Bu gapni qo‘y, Ra’no, ishonmasang oynag‘a qara, sening labing bilan shu qizil gul rangi orasida farq bormi, mana, qara?..

Anvar tomonidan labiga tegizilgan guldan Ra’no o‘zini olib qochdi:

– Hazil o‘lsin… Sizni mirzoboshi qilmoqchilarmi?

– Meni har balo qilmoqchilar… Lekin bo‘lmag‘an so‘z.

– Nega bo‘lmag‘an so‘z, shaharga ovoza bo‘lg‘an emish-ku?

Anvar orqasi bilan sakrab sufa labiga oyoq solintirib o‘lturdi. Ra’no boyag‘icha uning yonida sufaga suyandi.

– Ovoza haqiqat emasdir.

– Shamol bo‘lmasa, terakning boshi qimirlamas emish. Balki sizni mirzoboshi ta’yin qilurlar.

– Meni mirzoboshi, ta’yin qilsalar yaxshimi, Ra’no?

– Yaxshimi, yomonmi, men qaydan bilay?

– Yomon, Ra’no.

– Nega yomon?

– Iflos ish. Agar boshqa kasb topsam, o‘rdani butunlay tashlab ketar edim.

– Iflos ish?.. Sizning bek pochchangiz ham shu xizmatni qilar edi-ku?

– Men bek pochcha bo‘lolmayman, Ra’no, o‘rdadag‘i to‘kulib turg‘an gunohsiz qonlar, doim tevarakdan eshitilib turg‘an oh-u zorlar manim yuragimni ezadir, tinchlig‘imni oladir. Yana men mirzoboshi bo‘lib qolsam, bu oh-u zorlarning, to‘kilgan ma’sum qonlarning ichida bilfe’l102102
  Bilfe’l – amalda.


[Закрыть]
suzarman. Bu vaqt manim azobim bevosita bo‘lur. Balki bunda ishtirok ham qilarman. Chunki xong‘a yaxshi ko‘runish uchun ko‘b ishlarni uning istagicha ko‘rsatish, zulm pichog‘ini qayrab berish, shu mansabda uzoq yashamog‘imning asos shartidir. Lekin men bunday vijdonsizlik uchun yaratilmag‘an o‘xshayman. Madh-u sano, olqish va duo zamiriga yashiring‘an zulmdan faryod, haqsizlikdan dod ma’nolarig‘a malham bo‘lish, albatta manim qo‘limdan kelmas. Chunki “soyaboni marhamat” vijdon kengashiga quloq solg‘uchi “ahmoq”lardan emasdir. Dadangning fe’li senga ma’lum, Ra’no. Dunyoda “manfaat”dan boshqani ko‘rmaydir. Manim nima uchun bu mansabdan qochqanlig‘imning farqig‘a bormay, “kufroni ne’mat qilasan, oyig‘a falon tillo”, deb daf’atan qo‘rqoqlig‘img‘a hukm chiqaradir. Dadangga boyag‘i uzrlarni ko‘rsatish toshning qulog‘ig‘a azon aytish bilan bir bo‘lg‘ani uchun sukut qildim. Agar orada bir kishi bo‘lmasa edi, garchi, bosh mirzoliq hozir bir xayol ersada, o‘shanda ham shu ovozag‘a bo‘yin sunmas edim, Ra’no.

Ra’no Anvarning ko‘ziga to‘g‘ri tikilib, so‘zni tingladi. Uning tusida Anvarga achinish vaziyati bor edi:

– Yaxshi niyat bilan mirzoliqni qabul qilsangiz, – dedi, – aholidan yordam qo‘lingizni yig‘masangiz, shu holda barcha gunoh sizning bo‘yningizdan soqit bo‘ladir, Anvar aka.

– To‘g‘ri, – dedi Anvar, – lekin gap bunda emas, Ra’no, men shunday bo‘lishini tilar edim. Boshqalar men tilagancha qilmaydilar, binoan alayhi, mas’uliyat manim bo‘ynimdan soqit bo‘ldi, deb tinchlanish mumkin emasdir. Sen tamoman boshqacha tushungan bir masala, sening harakating va istaging aksicha natijalanib tursa, ruhan ezilasan, vijdonan azoblanasan. Mana asli mushkilot shu nuqtadadir. Yo‘qsa gardandan soqit qilib qo‘yish har narsadan ham qulay vazifa, ammo ma’naviy mag‘lubiyat og‘ir masala, Ra’no.

Ra’no Anvarning maqsadig‘a tushundi shekillik, bir necha vaqt jim qoldi va qarshisidag‘i yigitning o‘ychan yuziga bir-ikki qarab oldi.

– Demak, mirzoboshiliqni qabul qilmaysiz?

– Agar topshirsalar, qabul qilaman.

– Shunchalik mushkilot ichida?

– Chunki otang buni mendan talab qiladir.

– Otamning qanday biyligi bor?

Ma’sum bu savoldan so‘ng Anvar entikib qo‘ydi va Ra’noni bir fursat ko‘zdan kechirib turdi:

– Juda katta biyligi bor, – deb yana entikdi.

Ra’no qaytib so‘ramadi. Go‘yo ul ham bundagi biylikka tushungan edi. Sekingina laganlarga qo‘lini yuborib, Anvarga bo‘shtobroq qaradi:

– Choy ichasizmi?

– Keyinroq ichaman.

Ra’no laganlarni ko‘tarib jo‘nadi. Atlas ko‘ylak ichida to‘lqinlanib ko‘ringan uning latif gavdasi alhol Anvarning ko‘z hadafi edi.

– Men xuftanga chiqmayman, Ra’no!

Ra’no yarim yo‘lda to‘xtab, kulimsiragan holda Anvarga qaradi:

– Chiqarman! – dedi.

18. JILOVXONADA BIR JANJAL

Asr namozi uchun masjid jilovxonasig‘a endi uch kishi yig‘ilg‘an edi. Jilovxonaning to‘rida o‘lturgan qora to‘nlik, o‘ttuz yoshlar chamasida rangsiz va yoshlig‘iga qaramasdan quyuq soqolini bahaybat o‘sturib, bir burdagina yuziga ot to‘rba osqan kabi bir kishi edi. Uning yonida bo‘z yaxtak bog‘ichini osiltirib, xandalakdek bo‘qog‘i bilan o‘ng tomog‘ini ziynatlagan o‘rta yashar yana bir “husni Yusuf” ko‘rinar edi. Uning qatorida oshlovdek cho‘zuq yuzlik, oq bo‘z ko‘ylagi yerdan to‘rt enlik ko‘tarilib, bo‘z sallasi gardani aralash o‘ralg‘an uchunchi nozanin o‘lturar edi.

Bulardan birinchi muhtaram shu masjidning yosh imom va xatibi Abdurahmon domla janoblari bo‘lib, ikkinchisi mahallaning shirin so‘z g‘iybatchilaridan Sa-mad bo‘qoq, uchunchisi masjidning muazzini Shukur so‘fi edi. Samad bo‘qoq bilan Shukur so‘fi imom afandining muloyimona, ham bitta-bitta ayni maqomig‘a chertib va qator terib borg‘an so‘ziga somi’ edilar.

– O‘rda ichida shunchalik oqil va donolar to‘lib yotqan bir fursatda, tahsil ko‘rmagan, nodon bir go‘dakka bunday ulug‘ bir vazifa, vallohi a’lam topshirilmas deb o‘ylayman. Bu vazifani uhda qilmoq uchun ko‘p gap kerak. Avvalo aqli solim, soniyan, tahsili tom lozim, vaholanki, siz aytkan yigit o‘tkan sanalar Solih maxdumda savod o‘qub, bizdan hijja103103
  Hijja – soboq.


[Закрыть]
o‘rganib yurar edi. Baharhol bu xabarga aql bovar qilmaydir…

– Ha-a, taqsir, – dedi Samad bo‘qoq va Shukur so‘fini tirsagi bilan turtti, – bu bala kimu, o‘rdag‘a mirzaboshiliq kim. Zamonaning zayli minan, boyag‘idek Mamarajab mirzaboshining yardamida o‘rdag‘a kirishib qog‘an-da… bayag‘idek oppoqina bo‘lsa Mamarajab o‘z yonig‘a og‘an-da…

Imom bo‘qoqning so‘zini tinglagan holda, ikki ko‘zini yerga qaratqan edi.

– Yurtning so‘ziga qarab aytayappan-da, – dedi Shukur so‘fi, yengilgan ohangda, – garchi bir necha kundan beri katta-kichchikning og‘zida shu gap.

– Ko‘bchilikning og‘zini tikib bo‘lardimi, so‘fi.

Samad bo‘qoqning bu so‘ngg‘i g‘iyqillashida to-mog‘i ostidag‘i yo‘g‘on tomirlari turtib chiqdi. Imom hamon ikki ko‘zi yerda bo‘lg‘ani holda kichkina boshini qimirlatdi:

– O‘rdadan birar kishi masxara uchun xabar tarqatqandir.

– Ha-a, taqsir.

Shu holda jilovxonag‘a to‘rtinchi kishi kirib keldi. Bunisi jikkak, qirq bilan ellikning orasi, yelkasi turtib chiqg‘an Safar bo‘zchi ismlik edi. Imomga salom berib, so‘fining yonig‘a o‘lturdi va so‘zga biroz quloq solg‘ach, tushunar-tushunmas bahska aralashib qoldi.

– Inshoollo, shu yigit mirzaboshi bo‘lar, – dedi Safar bo‘zchi suhbatning ruhini bilmagan holda, – o‘zi ajab zukko yigit, fuqaroparvar bola: bo‘g‘ani ma’qul, a, labbay, taqsir?

Imom yerga qarag‘an holda boshini qimirlatib qo‘ydi. Samad bo‘qoq xo‘mrayib Safar bo‘zchig‘a qaradi:

– E, akillay berasanda, Safar, – dedi bo‘qoq, – biz nima deyapbiz-ku, sen nima deyapsan.

– Xo‘sh, nima deyapsanlar?

– Ovoza gap deyapmiza, mirzaboshiliqqa katta milla kerak deyapmiz-a.

– U milla emas ekanmi?

– Milla bo‘lsa ham, xashaki millalardan-da.

– Ashunga qog‘anda chalg‘ibsan, Samad, – dedi Safar bo‘zchi, – xat bitishka kelganda qo‘yavur, kambag‘alga qayishqanini ko‘rsang, ha, bo‘ldi deysan.

– Zantalag‘ing kimga qayisha qopti?

– Hammaga, hammaga, – dedi Safar, – meni o‘zimga ham yordam qildi-da, yashag‘uring.

– Ha-a, xo‘sh?

– Bultur ana shu kezda, – dedi Safar engashinqi– rab, – bozorg‘a sakkizta bo‘z olib tushkan edim. Birarta mushkit ig‘vo qildimi zakotchining tomog‘i taqilladimi, harchi falakat, qo‘ltug‘imdag‘i bo‘zni yoppo oldi, qo‘ydi; “otang yaxshi, onang yaxshi, kosibman, savdogar bo‘lsam uyim kuysin”… Asti qo‘ysa-chi… Bir yillik zakoting deb ko‘tardi, ketti. Qo‘lingdan nima keladi, Samad. Xafaligim oshib, uyga quruq qaytdim. Mayda-chuyda kutib o‘lturgan bola-chaqaning quti uchti. Mol ketti – jon ketti, ishka ham qo‘lim bormaydi. Endi bo‘lar ish bo‘lg‘an desang yurak achiydi, dastmoya ham g‘altakka chiqadig‘an. Arza-parza bittirsammi deyman. Ko‘chada unga-bunga kengash solsam, arzang ma’qul deyishdi. Shu yaqinda, o‘zi o‘rdada turadig‘an bir arzachi bor emish. Ketkan ustiga ketkan deb do‘kon tegi yarimta bo‘z bor ekan, qo‘ltug‘img‘a tiqib oldim. Ana shu toblarda so‘rog‘lab arzachi mirzonikiga borsam, hozir o‘rdadan kelib, endi to‘nini yeshib turg‘an ekan. Yosh, navqiron yigit, “salom, alik”, “horma”, “bor bo‘l”. “Shunday, shunday gap; bir parcha arza bittirsam, deb kelgan edim”. O‘rdaliqqa gap uqdirish qiyomatdan qiyin, taqsir. Lekin bu yigitda gavrlik104104
  Gavr, gabr – otashparast, islomni tanimaslik.


[Закрыть]
siyoqi yo‘q. Shukur so‘fi. Gapka qonib olib, quloq qoqmay “xo‘b”. Arzaning bir yeriga zakotchining oti tushar ekan, necha qayta so‘rasa ham bilmadim, undan keyin afti basharasini uqdirib edim, tusmollab bittasining otini yozdi, chog‘i. “Endi keta bering, arzani o‘zim topshiraman”, – deydi. Javobini ham ikki kundan keyin o‘zidan olar emishman…

– Manavi osonliqni qarang, taqsir. Duo qilib qalam uchisiga bo‘zni berdim, olmaydi. “Yopiray, ozsindiyov, qurg‘ur” deb qo‘rqdim. “Arza o‘runlasa, yana xizmat qilarmiz, mirzaboshi”. Yana yo‘q, “toza falakat bosti” – deb tursam, “arzaga haq olmayman; bo‘zingni olib ketavur” – degani ekan. Baraka topqurni qarang, taqsir. A, shundaqqa odam ham bo‘ladimi, Samad og‘a. “Oltin olmasang, duo ol”– deb qo‘limni ochtim. Ha, endi buni qo‘yavuring. Ertasi kechqurun gula to‘g‘rilab o‘ltursam, eshikni birav taqillatadi. “Ha, kelavuring”. Do‘konxonaga bo‘z qo‘ltuqlag‘an bir kishi kirdi.

– Safarboy sizmi?

– Ha, biz.

– Arza berganmidingiz?

– Bergan edim.

– Otangizning oti nima?

– Mamatboy.

Qo‘ltug‘idag‘i bo‘zni oldimg‘a tashladi. Xuddi kechagi bo‘zlarim: tappa-taq sakkizta.

– Bo‘zlaringizni oldingiz-a?

– Ha, oldim.

– Xayr.

– Xo‘sh.

Bu yaxshiliq arzadan ham burun mirzaboshidan bo‘ldi, deb o‘yladim. Balalarning kengashi bilan ikki bo‘zni ko‘tarib shom paytida mirzaning uyiga bordim. Chaqirdim, chiqdi. Minnatdorchilik bilan ikki bo‘zni uzatdim; asti olsa-chi. “Yaxtakka bo‘zim bor, ketavuring”, deydi. “Sotib, pulini beraymi”, desam “pulim ham ko‘b” deydi. Aqalli bittasini ham olmadi. Yana duo qilib bo‘z bilan qaytdim. Farishta ham shunchalik bo‘lar, deb o‘ylab qoldim, Shukur so‘fi! A, shunday yigit mirzaboshi bo‘lmay kim bo‘lsin, Samadboy! Ko‘bni duosi ko‘l deganlar; ishonmasanglar, ana taqsirimdan so‘ranglar!

Hikoyani eshitish asnosi imomda bir g‘ijinish vaziyati bor edi. Hikoya bitkach, zaharxanda bilan Samad bo‘qoqqa qaradi, dami kesilayozg‘an bo‘qoq bundan ruhlandi.

– Yolg‘onni ham yamlamay yutadig‘an bo‘libsanda, Safar, – dedi bo‘qoq.

Safar bo‘zchi to‘sundan o‘zgarib ketdi. Rangi o‘chinqiradi:

– Azbaroyi xudo, qasammi?

– Ikkita bo‘zni ikki qo‘llab oborsang, – dedi Samad bo‘qoq, – qaysi ahmoq olmay qaytarar ekan? Yolg‘onni sal kishi ishonadig‘an qilib gapirish kerak, Safar!

– Azbaroyi xudo, olmadi! – dedi Safar va asabiylanib o‘rnidan turib ketdi, – shu ka’batulloning ichida o‘lturib yolg‘on gapirgan odam musurmon emas, kishining qasamig‘a ishonmag‘an ham yetti mahzabda mo‘min emas!

Safar akaning aztaxidil achchig‘lang‘anini sezgan imom orag‘a tushti:

– Bunday yaxshiliqni har kim ham qila oladir, Safar aka, – dedi, – shuning uchun mirzaboshining sizga qilg‘an yaxshilig‘ig‘a men ishondim. Ammo bizning bahsimiz uning beva-bechoraga qilg‘an yaxshilig‘i to‘g‘risida bo‘l-may, bu odam o‘rdadag‘i mirzolarg‘a boshliq bo‘la oladirmi, ya’ni o‘shandog‘ katta ishning uddasidan chiqadirmi, ustidadir.

– Barakalla, taqsir, – dedi Safar bo‘zchi turg‘an yeridan,– menga qolsa, inshoollo, uddasidan chiqadi!

Imom Safar bo‘zchig‘a tushuna olmay, biroz tikilib turg‘andan keyin so‘radi:

– Uning udda qilishini siz qayoqdan bilasiz?

– Xudoy bildirsa, bilaman-da, taqsir?

– Xo‘sh?

– Axir, ko‘bchilikning duosi ko‘l-da, taqsir!

– Ko‘bchilikning duosi ko‘l bo‘lsa yaxshi, – dedi imom,– ammo bu xizmatka uning ilmi kofiymi?

– Kovfiy, taqsir, kovfiy!

– Axir, siz kofiyligini qayoqdan bilasiz?

– Axir… kovfiy emasligini siz ham qayoqdan bilasiz, taqsir?

– Kofiy emasligini men shundan bilamanki, – dedi imom achchig‘ini ichiga yutqan holda, – bunday mansabga minadirgan kishi Buxoroyi sharifda tahsil ko‘rmaganda ham, loaqal Xo‘qand madrasalarida o‘qug‘an bo‘lishi kerak, ammo sizning mirzoboshingiz savodxonliqdan boshqani bilmaydir.

– Bilmaganini siz qayoqdan bilasiz taqsir?

– Chunki men uni o‘z qo‘limda o‘qutqanman… bir yatim bola edi.

– Xudoning berishi, taqsir, – dedi Safar, o‘ylab-netib turmay, – janobingiz Buxoroyi sharifda necha yil o‘qub nihoyati mahallaga imom bo‘ldingiz… Xudoy bermasa shunday, taqsir. Ul bo‘lsa madrasa ko‘rmasdan mirzalarning mirzasi bo‘lmoqchi; xudoy bersa shunday, taqsir.

Safar bo‘zchining bu so‘zidan imomning qonsiz rangi yana qonsizlang‘an, olaminchoq ko‘zi allanuchuk holatka kirgan edi.

– Ablah odam ekansan! – dedi.

– Siz ham ahmoq mulla ekansiz! – dedi Safar bo‘zchi.

Imom g‘azabi bilan o‘rnidan turib Safar bo‘zchig‘a xezlang‘an edi, uni Samad bo‘qoq ushlab qoldi.

– Padar la’nat, adabsiz! – dedi Samad, – domlag‘a shunday so‘zni aytasanmi-ya?

Safar bo‘zchi turg‘an o‘rnidan siljimadi:

– Cho‘zma kekirtagingni, bo‘qoq, – dedi, – qani qo‘yib berchi taqsiringni, yoqalashsin-chi men minan! Andishaning otini qo‘rqoq qo‘ydingmi?!

Shukur so‘fi o‘rnida baqa bo‘lib qolg‘an, imom bo‘lsa qo‘yo hujum qilmoqchidek Samad bo‘qoqni itarar edi. Samad bo‘qoq g‘iybatdan boshqa ishka yaramag‘ani uchun, imomning yordamig‘a yetish chamasi yo‘q edi.

– Shu adabsizlig‘ing bilan, – dedi Samad nasihatomuz, – yana domlaning orqasida namoz o‘quysanmi, Safar, a!

– O‘qumasam qutilamanmi senlardan!

– O‘qumasang bor, jo‘na!!!

– Hye… – deb so‘kindi Safar bo‘zchi va jilovxonadan chiqib jo‘nadi. Uning orqasicha “padar la’nat johil” dedi imom va ilgarigi o‘rnig‘a bordi. Bir necha vaqt uchavlari ham so‘zsiz o‘lturdilar.

– Bir it-da, taqsir, xafa bo‘lmang.

Imom javob bermadi. Yana bir necha kishi kelib qo‘shilg‘ach, Shukur so‘fi mezanaga chiqib azon aytdi. Asrni o‘qush uchun masjidga kirdilar.

19. IFLOS BIR MOZIY

Imomning tab’i juda sustlandi. Shom va xuftan asnolarida ham hech kim bilan so‘zlashmadi. Safar bo‘zchining “Buxoroyi sharifda necha yil o‘qub kelib, nihoyati mahallaga imom bo‘ldingiz. Xudoy bermasa shunday bo‘ladi, taqsir” – degan so‘zi zaharli xanjar kabi uning yuragida yangidan yangi jarohat ochar edi.

Darhaqiqat, Safarning bu so‘zi imomning eski jarohatini mudhish tuzlab tashladi. Bu jarohat shu kungacha ichdangina fasodlanib yurg‘an bo‘lsa, bu kun Safar bo‘zchi kabi bir “bema’ni” bu yarani rahmsiz suratda yorib yubordi. Samad bo‘qoq va Shukur so‘fi kabi bemazalar oldida imomning obro‘sini to‘kdi. Bu bir yoqdan. Ikkinchi tarafdan, Safarning “ul bo‘lsa, madrasa ko‘rmasdan mirzolarning mirzosi bo‘lmoqchi…” jumlasi yana dard ustiga chipqon. Ya’ni imomning hasad o‘ti to‘rt tomondan puflandi, go‘yo ul ikki olov o‘rtasida qolg‘andek bo‘ldi.

Anvarning bosh munshiylikka yaramaydirg‘anlig‘ini, ilmsiz, fazlsizligini nega buncha isbot qilishg‘a tirishdi? Safar bo‘zchi kabi bir “ablah” bilan bahslashib, o‘ziga nega buncha xafalik ortdirdi? Garchi, Anvarga xolis qiymat bermakchi bo‘lg‘anida ham buni Safar kabi ilmsiz, nodon bir kishiga tushundirmoq uchun qanday hojat bor edi? Buning sababini so‘zlashdan ilgari imom afandining o‘tkan tarixig‘a biroz ko‘z tashlab olishg‘a majburmiz. Chunki busiz o‘quvchimizni ta’min qilish mumkin emasdir.

Hozirg‘i imomimiz – mulla Abdurahmon mundan yigirma yillar muqaddam, qisqag‘ina, ahamiyatsizgina “Rahmon” ismi bilan atalar edi. Abdurahmonning otasi ulamo naslidan, ammo bu sharaf nima sabab bilandir, uning otasig‘a nasib bo‘lmog‘an, biroq Abdurahmonning amaklari ota kasbini ushlab, tahsil ko‘rgan joylari Buxoroda katta mudarrislardan sanalar edilar. Abdurahmon yosh bola ekan, otasi o‘lib, onasi va ota tomonlari tarbiyasida qoldi. O‘n besh yoshlarg‘acha Solih maxdum maktabida savod o‘qug‘ach, mudarris amaklaridan Buxoroyi sharifka kelib tahsil qilishg‘a da’vat xati oldi. Xatda Abdurahmonning bobo kasblari ulamoliq ekanini, shuning uchun boshqa kasblarga urunib umr zoe’ qilish abasligi105105
  Abas – befoyda, behuda.


[Закрыть]
, o‘z tarbiyalarida tahsil ko‘rish luzumi so‘zlanar edi. Bu da’vat Abdurahmonning onasig‘a va boshqa yaqinlarig‘a juda ma’qul tushib, uni Buxorog‘a jo‘natish qarorig‘a keldilar. Abdurahmon ham istiqboldag‘i mudarris, muftilik shirin xayollari ichida Buxorog‘a safar qildi.

Katta amak Buxoroning “Xo‘ja Porso” madrasasining mudarrisi bo‘lib, Abdurahmon shu kishining tarbiyasiga kelgan edi. Abdurahmon silliqqina bola, madrasa mullabachchalari albatta shunday silliq bolag‘a o‘ch.... Shunga binoan domla mudarris garchi madrasadan hujra berish mumkin bo‘lsa ham, mazkur ishonchsizliq majburiyatida Abdurahmonni o‘z mehmonxonasig‘a joylashtirdi. Shu holda Abdurahmon tahsil boshladi.

Domla mudarris “zamona buzuqlig‘ini” nazarga olg‘ani uchun Abdurahmonni haligi to‘g‘risidan juda qattig‘ nazorat qilar edi. Biroq, domlalarning bunday buzuqliqqa qarshi bora olishlari mumkinmi edi? Ularning o‘zlari shu “mahram” balosig‘a giriftor, ya’ni buzuqliqqa manba” bo‘la turib ham yana “zamona buzuqlig‘i”dan shikoyat qilishlari o‘sha vaqtlardag‘i “madrasa mantiqi”g‘a hech bir bahssiz sig‘a olur edikim, bu to‘g‘rida menga osila ko‘rmangiz. Kishining bolasini buzish har bir sallasi muazzam, ilmi “favqalodda”, o‘zi “varasatul-anbiyo”106106
  Varasatul-anbiyo – payg‘ambarlar avlodi.


[Закрыть]
sanalg‘an zotlar nazarida va vijdonida ma’fu, ammo o‘z o‘g‘lig‘a boshqalar o‘shandog‘ hayvonlikni qiladirg‘an bo‘lsa: “Zamona buzuq, ehtiyot shart!”

Shu yo‘sun domla mudarris burodarzodasini yaxshi ehtiyot bilan, hatto shomdan keyin darbozaga qulf solib tarbiya qilar, madrasadagi oti yomong‘a yirtilgan xoh yosh, xoh keksa umuman, talabalar majlisiga yaqinlashdirmas edi.

Kishi avvalo moxxov yoki pes bo‘lmasin: bo‘ldimi, betdan bo‘lmasa – yelkadan, qo‘ldan suv ochmasa – oyoqdan, harholda oqaberadir. Shunga o‘xshash jamiyat ham bir kasal bilan og‘ridimi, uning har bir tabaqa yoki sinfiga, yana to‘g‘risi, fardiga107107
  Fard – shaxs, kimsa, kishi.


[Закрыть]
shu kasal siroyat108108
  Siroyat – ta’sir.


[Закрыть]
qilmay qolmaydir. Domla mudarris birodarzodasini madrasa mullabachchalaridan har qancha ehtiyot qilsa ham, yana amniyat109109
  Amniyat – tinchlik, xotirjamlik.


[Закрыть]
ostida emas edi. Madrasadan tashqarida ham Abdurahmonni ko‘z ostig‘a olg‘uchi “mullabachchalar” yo‘q emas edilar, ma-sala chetlarning ko‘z olaytirishig‘a yetkanda, tabi’iy, domla mudarrisning qo‘lidan hech ish kelmay qoldi.

Domla nazoratni eskicha davom etdirib, xotirjam’ yur-g‘anda bir necha juvonboz savdogarlar Abdurahmon bilan aloqa qilib qo‘yg‘an edilar. Domla mudarris erta-kech Abdurahmonni ko‘z o‘ngidan yubormas, xuftandan keyin darbozaga qulf solar, Abdurahmonni mehmonxonada yotquzib, so‘ngra o‘zi ichkariga uxlag‘ali kirar; ziyofatka boriladirg‘an bo‘lsa, o‘zi bilan birga olib yurar edi. Yana shu holda Abdurahmonni qanday qilib buza olsinlar? Taassuf, buzg‘an edilar. Bachchabozliqqa maxsus hunar va nayranglar ijod qilg‘an omilkor savdogarlardan bir nechasi “Abdurahmoncha”ni yo‘ldan ozdirg‘an edilar.

Domla mudarris xotirjam’ ichkariga uxlag‘ali kirgandan keyin mehmonxonaning ko‘cha tomon darichasiga kichkina bir kesak tiq etib tegar, go‘yo yeshinib yotqan Abdurahmoncha bu ishoradan so‘ng turib kiyinar va sekingina darichani ochar, eshik ochilg‘an ko‘chadan bir o‘rim arqon to‘p etib mehmonxonag‘a tashlanar edi. Abdurahmoncha arqonning bir uchini mehmonxonaning darchasiga bog‘lab, ikkinchi uchiga o‘zi osilib ko‘chaga tushar, arqonni bo‘y yetarlik qilib yashirg‘ach, narida kutib o‘lturgan “odam o‘g‘risi” bilan birga bazm o‘rnig‘a jo‘nar edi. U yerda bo‘lsa besh-o‘n “oshiqlar” Abdurahmonchani kelishi on bilittifoq “Buxoro amrligi”ga ko‘tarib, amru farmonig‘a itoat qilurlar:

“Mulla Abdurahmonjon, janobi oliy, garam, az sarashon gardam, balongni olay!”110110
  Garam, az sarashon gardam, balongni olay – aylanay, boshingga jonim fido, dardingni olay.


[Закрыть]
kabi madhu sanolarga ko‘milgan “Abdurahmoncha” har bir ishni o‘z tilagicha yuritar: may uchun soqiy bo‘lar, zaifona ko‘ylak, lozim va boshig‘a kokil kiyib o‘n olti yoshar qiz suratiga kirar; choyg‘a labini tegizib “tabarruk” qilar; dutor, tanburga yo‘rg‘alab o‘yunchi bo‘lar; boshidag‘i kokil bilan “oshiqlar”ni rahmsiz qam-chilab sitamgar va zolimga aylanar, eng oxirda… Qisqasi bu bobdagi bor choramiz uchun ham yararliq holg‘a kelgan yoki keltirilgan edi.

Uch yilgacha shu yo‘sun “oshiqlar” ko‘nglini ovlab kelib, bir kun sir ochilib qoldi. Domla mudarris bu nomuska chidalmay Abdurahmonni o‘z uyidan quvladi. Abdurahmon tavba qilib, domla mudarrisdan loaqal madrasada turishni so‘radi. Vosita-vasoit bilan izn hosil qilib, madrasada istiqomat qila boshladi. Endi ishrat navbati madrasa jigar so‘xtalariga…111111
  Jigar so‘xta – oshiqi beqaror.


[Закрыть]
Ikki yil chamasi madrasa afrodi112112
  Afrod – shaxslar, kishilar, kimsalar.


[Закрыть]
orasida chandir kabi sakkiz tarafdan tishlanib yurg‘andan keyin soqolmurti chiqib, husn sarmoyasi zavolga yuz tutdi va kundan kun “bozor kasodlanib” xaridor ozaydi. Abdurahmon uch yil bo‘yi savdogarlar orasida “axloq tuzatkan” bo‘lsa, yana ikki yil madrasada turib shu tuzalgan axloqni “kamolatka” erishdirdi. Shuning uchun anvo‘i erkalikka, necha xil mukayifotka, rang-barang “izzat, hurmatka” o‘rgangan ko‘ngli bu xaridorsizlik balosig‘a tuz sepkan yaradek achir edi. Ko‘bni ko‘rgan bu kichik bosh ba’zi uyat nayranglarga ham urinib ko‘rar, masalan “vaqtsiz chiqqan” soqol-murtlarini mo‘ychinak bilan terib, har kun o‘n qayta oynaga qarar, yangi xaridor topish maqsadida kun sayin bozor-rasta, ko‘y-guzarlar sayriga chiqar edi…

Ma’lumdirkim, do‘ndiqchalar avvalo oqchasi ko‘b, bel og‘rig‘i ko‘rmagan boylarg‘a nasib bo‘lurlar. Ular zerikib tashlag‘ach, o‘rta hol “tashna”lar domig‘a tusharlar. Soqol-murt chiqib davangilikdan113113
  Davangilik – o‘smirlik davri.


[Закрыть]
xabar kelgach, uchun-chi tabaqa, ya’ni bo‘yni yo‘g‘on, g‘o‘laburlar istifodasiga kecharlar. Shunga o‘xshash bizning Abdurahmon ham mo‘ychinak ushlagan davrida shu uchunchi taba– qa – choyxonanishin, tavkargir114114
  Tavkargir – qimorda yutuqdan cho‘tal oluvchi.


[Закрыть]
va boboyi bangilar orasidan o‘ziga zamin topdi. Uning bu uchunchi davridagi ahvolini yozishg‘a qalam ma’zurdir. Shu yo‘sun bu ke-yingi tabaqa orasida ham uch yil chamasi ish ko‘rgach, ajoyib bir dunyodiyda, misli oz-shaloq, hamma sharoitlari bilan madrasalik bir bezori va chapan holda bachchalik davri bilan vido‘lashdi. Chunki, bashara nong‘a chumoli yopishqandek soqol murt bilan to‘lib, mo‘ychinakka so‘z berarlik bo‘lmadi.


Страницы книги >> Предыдущая | 1 2 3 4 5 6 | Следующая
  • 0 Оценок: 0

Правообладателям!

Данное произведение размещено по согласованию с ООО "ЛитРес" (20% исходного текста). Если размещение книги нарушает чьи-либо права, то сообщите об этом.

Читателям!

Оплатили, но не знаете что делать дальше?


Популярные книги за неделю


Рекомендации