Текст книги "Mehrobdan chayon"
Автор книги: Abdulla Qodiriy
Жанр: Современная зарубежная литература, Современная проза
сообщить о неприемлемом содержимом
Текущая страница: 6 (всего у книги 20 страниц) [доступный отрывок для чтения: 7 страниц]
20. HUSHYORLIQ
Hozir Abdurahmon o‘zining yaqin moziysida usti shirniga belangan ot tezakdan boshqa bir narsa ko‘rmaganidek, istiqbolida ham epaqaliq bir hol tasavvur qilolmas edi. Bir necha oylar nihoyatda ruhsiz, kayfsiz va darsiga ham havsalasiz davom etib yurdi. Go‘yo bu kunlarda benihoyat ichkulukdan so‘ng bosh og‘rig‘i davrini kechirar edi. Shu yo‘sun ko‘b vaqt ruhiy xastaliq kechirib, kutilmaganda jonlanib ketdi. Ya’ni “Aqoid”ning sharhiga yaxshi tushunish uchun besh barmog‘ini og‘ziga tiqqandek yeng shimardi.
Yuqoridag‘i ruh tushish davrida ul moziysidag‘i kabi erkalik, amr-u farmon va shuhrat uchun qayg‘irg‘an, ko‘b bosh og‘ritib endigi shuhratni mo‘ychinak iste’moli bilan emas, balki aqoid, sharh va havoshiy115115
Havoshiy – hoshiyalar, biron kitobning sharhiga berilgan sharh.
[Закрыть] vositasida topmoqchi bo‘lg‘an, ya’ni fardi g‘oyasig‘a diniy olimliq libosini kiydirish fikriga kelgan edi116116
Fardg‘oyasi – Ollohning birligini anglash g‘oyasidir. Yuqoridagi jumlada mana shu g‘oyani, ya’ni Ollohning yakkayu yagonaligi g‘oyasini diniy ilmlar bilan isbotlash nazarda tutiladi.
[Закрыть]. Besh yil “g‘oya” uchun qattig‘ berilib, rutubatlik hujrada zaxlab, salomatligi uchun umr bo‘yi arimaydirg‘an orig‘liq, rangsizlik ortdirib, yigirma sakkiz yoshida “xatmi kutub”117117
Xatmi kutub – kitoblarni o‘qib tugatish.
[Закрыть] qilishg‘a muvaffaq bo‘ldi. Besh yilliq o‘zgarishdan so‘ng domla mudarris Abdurahmonning eski gunohlarini kechirgan edi. O‘z yonidan birmuncha sarf etib, Abdurahmon uchun xatm to‘yi qilib berdi.
Mulla Abdurahmon Qo‘qon safariga hozirlanar edi. Ko‘ngli Qo‘qonda o‘zini kutib turg‘an ulamoliq shuhratiga; muftilik, qozi va a’lamlik mansabiga oshiqinar edi. Uning fikricha, Qo‘qondag‘i qarindosh-urug‘lar ham yosh olimning istiqbolig‘a hozirlik ko‘rgandek edilar.
Shu yo‘sun oshiqlar yor vasliga oshiqqandek mulla Abdurahmon ham o‘z shahriga yelib-yugurib yetdi. Ul o‘ylag‘ancha istiqbolg‘a butun Qo‘qon ko‘chib chiqmasa ham, qarindosh-urug‘dan uch-to‘rt kishi, mahalla keksalaridan ikkita savobtalab chol darboza yonida kutib oldilar. Bu soddacha istiqbol qilinish Abdurahmonning Buxoroda turib qilg‘an shirin xayolig‘a birinchi zarba edi. Uyiga borib tushti. Bir necha kungacha fotihaxonliq, hordiq chiqarish marosimlari davom etdi. Lekin bundan ham qanoatlana olmadi, bil’aks, jini otlandi. Chunki ziyorat qilg‘uchilarning aksarisi mertuq-sertuk qavm-u qarindoshlar, uzoq-yaqin ko‘z tanish madrasa talabalari va bir necha mahalla imomlari bo‘lib, ul kutkan asosiy moyalar118118
Moya – aslzoda, asl odamlar.
[Закрыть], ya’ni mudarris, peshvolar, mufti-ulamolar va bek-bekzodalar, boobro‘ ashrof va boyonlar ziyoratchilar orasida aqalli ko‘z og‘rig‘i uchun ham ko‘rinmadilar. Bu ikkinchi zarba edi.
Ziyorat qilishg‘a “qo‘li tegmagan” ba’zilar uzr maqomida o‘z uylariga “maxsus ziyofat” bilan chaqirarlar, deb kutdi. Baxtka qarshi, bu umid ham bo‘sh chiqdi. Bir necha qarindoshlarning titrab-qaxshab qilg‘an ziyofatlari bilan “uydan uyga o‘tib ne’matlar ichida suzib yurish” xayoli ham “bir xayol” bo‘lib qoldi. Bu uchunchi zarba edi.
Bir oy o‘tmay qavm-u qarindoshlarning-da ziyofatlari nihoyatiga yetib, beva onasining tuppasiga qanoat etishka majbur bo‘lib qoldi. Buxoroda o‘ylag‘ancha birar madrasaning mudarrisligi yoki bu topilmag‘anda mukarrirligigina emas, hatto narigi mahallaning imomatini olish ham qiyin keldi. O‘zidan ikki mahalla narida bo‘lg‘an hozirg‘i masjid imomatiga ta’yin qilmoqchi bo‘lg‘an edilar, bunga ham moni’ chiqdi; mulla Abduraxmon alhol sunnatni bajo keltirmagan, ya’ni, uylanmay, tarki sunnat qilg‘an kishining imomatida nuqs bor, deyishib, mahalladagi ba’zi taqvodorlar e’tiroz qildilar. Shundan keyin bir necha yor-do‘stlar, to‘y chiqimini o‘zaro ustlariga olishib, uni uylandirish fikriga tushtilar. Buxorodag‘i “xayollar” zer-u zabar119119
Zeru zabar – ostin-ustin, vayron
[Закрыть] bo‘lg‘an holda, mulla Abdurahmon uylanish sharti bilan haligi mahalla imomatiga o‘tdi. Hozir shunchalik past ishka ham bo‘yin egish zarurati bor edi…
Mulla Abdurahmonning sovchilari ibtadaan120120
Ibtadaan – boshlab, dastlab.
[Закрыть] Solih maxdumning qizi – Ra’no uchun bordilar. Chunki Ra’noning husni bu dahada mashhur, undan keyin Abdurahmonning o‘zi Solih maxdumda savod o‘qub yurg‘an fursatda yosh Ra’noni ko‘rgan, uchunchidan – yosh olim keksa domlaning qizig‘a uylansa, yana bir hush bo‘lar edi. Ayniqsa, mulla Abdurahmon hanuz Ra’noning erga berilmaganligi xabarini eshitkach, bu tasodifni istiqbolining xayrlik follari sirasiga kiritdi. Ra’no bu o‘n yil ichida yana yetilgan bo‘lsa kerak, deb to‘yni kutmayoq uning xayoliy siymosini quchoqlay boshladi. Maktabdor domlalarg‘a qarag‘anda o‘z ilm va martabasini allaqancha yuqori qo‘yg‘anliqdan, Solih maxdumning quloq qoqmay domod qilishig‘a ishonar va bu kunmi, ertami, Ra’noni chindan dar og‘ush etish uchun oshiqar edi. Lekin taqdir bunda ham uni aldadi. Sovchilar Nigor oyimdan bo‘lmag‘an uzrni olib keldilar: “Qizlari hali yosh emish, endi o‘n ikki yoshqa kirgan emish…”
Mulla Abdurahmon xotinlar so‘ziga ishonmay Solih maxdumning o‘z oldig‘a mahalladan bir-ikkita keksani sovchi qilib yubordi. Bu sovchilar ham yana achchig‘roq javob bilan keldilar. “Solih maxdum qizini o‘rdada mirzolik qiladirg‘an Anvar ismlik bir yigitka fotiha o‘qub qo‘yg‘an ekan. Fotiha qilmag‘anda, albatta sizga berar ekan, ko‘b afsus chekti”.
Bu javobdan keyin Abdurahmonning dami ichiga tu-shib, o‘z taqdirig‘a la’nat o‘qudi. Ammo ko‘nglida Ra’noni oladirg‘an Anvar ismlik yigitka qarshi bir kek tug‘ildi. Bu javob chindan to‘g‘rimi, nayrangi yo‘qmi, deb o‘rdada xiz-mat qiladirg‘an Anvar otliq mirzoni so‘rashtirdi. To‘g‘rili-g‘ini bilish ustiga hatto bu Anvarni kimligini ham xotirladi: o‘zi Buxorog‘a ketar oldida Solih maxumning makta-bida o‘qub yurg‘an o‘sha yatim bola emish. Uch-to‘rt yillardan beri o‘rdada mirzoliq qilib, necha tillo mohona olar emish… Bu so‘rashtirib bilishdan keyin Abdurahmonning ichi yana yonib ketdi; Buxoroda xatmi kutub qilib kelgan bir “olim”, aqalli bir mahalla imomatiga xarxashasiz o‘talmasin-da, uning harom tukiga arzimagan bir besavod yatim va badnajot isqirt o‘rdadan falon tillo vazifador bo‘lsin va shu tufaylda Ra’no kabi bir qizni ham o‘ziniki qilsin: bu ayniqsa, kishi chidarlik gap emas edi…
Mulla Abdurahmon butun kamolatini ishka qo‘yib, imomat va xatiblikka shuru’121121
Shuru’ – boshlash, ishga kirishish.
[Закрыть] qildi. Har kun qavmlarig‘a amri ma’ruf, nahyi anilmunkar122122
Nahyi anilmunkar – yomonlikdan qaytarish.
[Закрыть] aytib, xususan, har hafta jum’a kuni amri ma’rufni kengroq doirada yuritib, ko‘blarning ko‘nglini eritishka muvaffaq ham bo‘ldi. Izhori fazl niyatida qiling‘an bu ko‘z bo‘yash ko‘blarning diqqatini o‘ziga jalb etib, hatto uning amri ma’rufini tinglash uchun jum’a kunlari chet mahallalardan og‘ib, kishilar kela boshladilar. Bu muvaffaqiyatdan chatnayozg‘an mulla Abdurahmon kuchangandan kuchanar, ayniqsa, orada xong‘a tegishlik hukumatdor beklardan ko‘rinib qolsa, jannat va jahannam ustidagi masalani darhol xong‘a itoat, beklarga hurmat bilan ayriboshlab olar edi. Hammabop bo‘lishg‘a qarag‘anda, ayniqsa, xonbob bo‘lishg‘a tirishar edi. Uning bu jonbozlig‘i boshqa to‘g‘rilarda birar amaliy natijaga erishmasa ham, faqat bir vajida nihoyatda yaxshi samara berdi. Uning “daryoi fazli”ga maftun bo‘lg‘an savdogarlardan biri qiz qarindoshini berib, o‘ziga kuyav qildi. Yaxshi oilaga kuyav bo‘lg‘anidek, shahardagi boshqa davlatmandlar bilan ham aloqa bog‘ladi va ularning ziyofatlari vositasida ba’zi madrasalarning mudarrislari, mukarrirlari bilan ham tanishdi, qisqasi, biroz burni ko‘tarilayozdi. Faqat endi o‘rdag‘a yaqinlasha olsa… Ammo hanuz bu muyassar emas-da.
Imomning ko‘ngli Anvar qarshisig‘a ozg‘ina kirlik ekanini o‘qug‘uvchi yuqoridan ongladi. Uning ko‘nglidagi shu ozg‘ina kir Anvarning ko‘tarilishidan tinchsiz edi.
– Nodon Anvar o‘rdadan quvlanish yerida sarmunshiylik masnadiga minmakchi.
Xolis muhokama ko‘pincha muhokama bo‘lib qoladir. Ammo g‘arazlik fikr aksar so‘zlaguchini sharmanda qiladir. Shunga o‘xshash, mulla Abdurahmon ham muhokamasiga ozg‘ina g‘araz aralashtirib, Safar bo‘zchining achchig‘ haqoratig‘a hadaf bo‘ldi.
Shunday, ul Anvarga kekli edi. Shuning bilan birga Anvarga qarshi amalda bir ish qilish kuchidan ham mahrum edi. Balki siz “endi Imom afandi uylanib olibdir, Ra’noga ehtiyoji qolmabdir, bas, shu holda kek sag‘lashg‘a qanday mantiq bor?” dersiz. Bu juda sodda muhokama. Aslida bu kek Ra’no bilan boshlang‘an bo‘lsa ham, hozirda doirani boshqacha ushlagan. Masalan, deysizmi? Masalan, Safar bo‘zchi juda bilib so‘zladi: “Siz shuncha yil Buxoroda o‘qub kelib, nihoyati mahallaga bir imom bo‘ldingiz, ul bo‘lsa…”
Bitishka mahkum bo‘lg‘an kekni mana shu “necha yil Buxoroda o‘qub kelganlik yoki Buxorog‘a bormasa ham kimsan faloniy bo‘lg‘anliq” saqlab turar edi. Agar siz sodda bo‘lsangiz, masalaga Safar bo‘zchi kabi qarab “xudoy bersa shunday” dersiz, yana gapga tushunmassiz, Abdurahmon kabi kishilarning tabi’atiga tushunish albatta, qiyin va tu-shunmagan ma’qul.
21. YORLIG‘ BERISH MAROSIMI
Yorlig‘ning kimning ismiga yozilg‘anlig‘ini ertalabdanoq o‘rdada har kim sezib qoldi. Devonda eski odaticha o‘z ishini qilib o‘lturg‘uchi Anvarning yonig‘a dam-badam mirzo va g‘ayri saroy xodimlari kelib, ohistag‘ina uni tabrik etib ketar edilar. Anvar tabriklarga iltifotsiz, oddiy vaziyatda, xong‘a eshitdirilishi zarur, atrof hokimlaridan bu kun kelgan noma va arizalarning muhimini ahamiyatsizidan ajratib, xudaychiga topshirish uchun tayyorlar, ba’zilarini birinchi xonada oldig‘a davot-qalam qo‘yib daftar ustida o‘lturgan mirzo, muftilarga havola qilar edi.
Sarmunshiy xonasida Anvardan boshqa yana ikki nomanavis bor edi. Bu ikkisi qog‘ozg‘a mixlangandek gapso‘zsiz savag‘ich qalamni qirr-qirr qog‘oz ustidan yuritib turar edilar. Bu qovoq-tumshug‘i osilib ketkanlarning bittasi Shahodat mufti bo‘lib, nomzodi xong‘a manzur qiling‘anlardan edi. Ikkinchisi shoir “Madhiy”ning sarmunshiy bo‘lishini orzu qilg‘an Kalonshoh otlig‘ yana bir peshqadam mirzo edi.
Birinchi xonadagi o‘n beshka yaqin mirzolar ham turlisi turli vaziyatda: Sultonali mirzog‘a o‘xshag‘anlar yer ostidan yonidag‘isig‘a kulib muomala qilar va ba’zilari Shahodat mufti kabi to‘nini teskari kiyib olg‘an ko‘rinar edi. Anvar yonidag‘ilarning bu o‘zgarishlaridan siqilg‘ansumon har bir arizani ko‘rib chiqish orasi ularga qarab olar edi. Qarshisidag‘i ikkisi g‘o‘yo mum tishlag‘an kabi so‘zsiz edilar.
– Bu kundan meni mazox qilib boshladilar, – dedi nihoyat Anvar, – go‘yo men sarmunshiy bo‘lar emishman…
Shahodat mufti savag‘ich qalamini davotka bir-ikki tiqib olg‘ach, ko‘zi qog‘ozda ekan, javob berdi:
– Bo‘lsangiz ajab emas…
– Yo‘q, – dedi Anvar ariza buklab, – siz qishloqda bo‘lg‘aningiz sababdan kelguningizcha ishlar to‘xtab qolmasin, deb vazifamdan tashqari ishlarga urindim. Ertadan bu vazifani o‘zingiz olingiz, taqsir, men bu mazoxlarga chiday olmayman.
Shahodat mufti qariyb butun ko‘kragini yopqan bahaybat moshguruch soqolini qalam bilan taradi:
– Mazox bo‘lmasa kerak, – dedi bilintirmaygina enti– kib, – alhol yoshsiz, muhofazangiz butun, zerikish sizning uchun ayb bo‘ladi… Biz endi bu ishni ko‘p qilib zerikkanmiz…
– Albatta, – dedi muftining yonidag‘i Kalonshoh mirzo ko‘zini qog‘ozdan olmag‘an holda, – mazoxlarga quloq solish kerak emas.
Anvar tabriklarni bir qadar haqiqatka yaqin ko‘rar edi. Ammo ularga “mazox” deb ta’bir qilishi, o‘zini ma’lum o‘ngg‘aysizliqdan qutqarish va ularga ham yengillik berish uchun edi. Biroq Kalonshoh mirzoning keyingi so‘zi yana uni ezib, ochiqdan ochiq bo‘lg‘an bu adovatka qarshi qanday muqobala qilishdan ojiz keldi. Shu holda birinchi xonaning dahlizidan xudaychi ko‘rindi va turg‘an joyidan Anvarni chaqirdi:
– Mirzo Anvar!
Anvar, xudaychi uchun ajratqan arizalarni qo‘lig‘a olib o‘rnidan turdi:
– Arizalar tayyor… Huzuringizga chiqarmoqchi bo‘lib turg‘an edim123123
Ariza va boshqa gaplar xong‘a faqat xudaychi tomonidan taqdim qilinadir (mual.).
[Закрыть].
Xudaychi boshini chayqadi:
– Arizalarni hozircha qo‘yib turingiz, – deb yerga ishorat qildi, – o‘zingiz men bilan birga kelingiz.
– Qayoqqa, taqsir?
– Huzuri muborakka.
Mirzolar bir-birlariga qarashib oldilar. Shahodat mufti bo‘zrayib hamrohiga qaradi. Anvar esa qo‘lida arizalari bilan hayrat ichida edi. Dahlizda uni kutib turg‘an xudaychi yana tanbeh qildi:
– Men sizga aytaman, Anvar.
Anvar, qo‘lidag‘ini o‘z joyig‘a qo‘yib, xudaychi orqasidan chiqdi.
Xon taxtda edi. O‘ng taraf kursida Abdurahmon ofto-bachi124124
Mashhur oftobachi – Musulmonqulning o‘g‘li (mual.).
[Закрыть] va so‘lda shoir mulla Niyoz domla qo‘l bog‘lab o‘lturar edilar. Birinchi xonadan Xudoyor huzuriga kiradirgan eshikning ikki yonida oybolta ko‘targan ikki jallod surat kabi qotqonlar, ular qatorida xon ulug‘lari – a’yon va saroy beklari chizilishib o‘lturg‘anlar edi.
Xudaychi “huzuri muborakka” kirib ta’zim qildi…
– Chaqirding‘ma? – dedi xon.
– Taqsir.
– Izn beramiz.
Xudaychi qulliq qilg‘an ko‘yi orqasi bilan yurib, birin-chi xonaning dahliziga keldi va dahlizda kutib turg‘an Anvarni “huzuri muborak” sari yo‘lg‘a soldi.
Anvar “huzuri muborak”ning eshigida to‘xtab, ta’zim ado qildi va uning yonidag‘ilarg‘a ham yarim ta’zim ishorasini berdi.
– Ishlaring yaqshima, mirza? – deb so‘radi xon.
– Duolari barakasida, qiblagoh, – dedi Anvar.
Xon mulla Niyoz domlag‘a qaradi:
– Bu jigit bizning mirzalar orasida o‘bdan ko‘rinadi, – dedi.
Domla Niyoz o‘rnidan qo‘zg‘alib oldi.
– Fayzi shahanshohiy.
– Men bu jigitni mirzabashi qilmaqchi bo‘ldim, – dedi xon va tizzasi tegidan bir qog‘oz olib, domla Niyozg‘a uzatti, – o‘qung‘, domla.
Domla Niyoz o‘rnidan turib, qog‘ozni olib o‘pdi, Abdurahmon oftobachi va unga ergashib birinchi xonadagi a’yonlar barobar o‘runlaridan turishdilar.
Domla Niyoz turg‘an ko‘yi yorlig‘ni o‘qudi:
“Ba ismi subhonahu. Amrullohi farizatun va amruno vobij125125
Ollohning amri farzdir, bizning amrimiz vojibdir.
[Закрыть]. Bizkim Farg‘ona mamlakatining xoqoni sulton ibni sulton, a’ni Sayid Xudoyorxon so‘zimiz: Julusi so-lisamizning126126
Julusi solisa – uchunchi marta o‘lturish (taxtga).
[Закрыть] uchunchi sanasi mutobiqi127127
Mutobiq – muvofiq, uyg‘un.
[Закрыть] 1287-nchi hijriya128128
Melodiy hisob bilan 1872-yil.
[Закрыть] mohi safarning 25-nchisi129129
Mohi safar – safar oyi, qamariya yil hisobida ikkinchi oy nomi.
[Закрыть], ushbu yorlig‘imizni berdik xo‘qandlik mulla Mirzo Anvarg‘akim, mazkur mulla Mirzo Anvar binni Salimboy sha’ri sharif uzra ustiuor turub, amrimizga inqiyod130130
Inqiyod – buysunish.
[Закрыть] etib devonbegi unvon digar sadri munshiylik umuri131131
Umur – ishlar.
[Закрыть] vazoyifalarimizni kama yanbag‘i132132
Kama yanbag‘i – talab darajasida, ko‘ngildagidek.
[Закрыть] ado qilg‘ay deb. Adoyi hadama133133
Adoyi xadama – xizmatlarni bajarish.
[Закрыть] asnosi biz amiri vazifa mutlaqal’inon134134
Mutlaqal’inon – o‘z-o‘ziga mustaqil.
[Закрыть] dorus-saltananing135135
Dorus-saltana – mamlakat.
[Закрыть] haqqi shar’iysig‘a xiyonat qilishdan ijtinob136136
Ijtinob – chetlanish.
[Закрыть], adolatimiz oyinasini danoat137137
Danoat – paskashlik, tubanlik.
[Закрыть] g‘uboroti birlan xalaldor aylashdin parhyez, arzi dodi fuqaromiz sur’ati istimo‘ida138138
Istimo’ – eshitish, quloq solish, tinglash.
[Закрыть] ihmol139139
Ihmol – e’tiborsizlik.
[Закрыть] va sustlik ko‘rsatmay intishori140140
Intishor – yoyilish, tarqalish.
[Закрыть] adolatimiz ko‘shishida subhi shom mashg‘ul va mabzul141141
Mabzul – bag‘ishlamoq.
[Закрыть], diqqat va e’tibori tom qilg‘ay deb va yana mazkur ismiga yorlig‘ maktab bo‘lmish itoatiga afrodil142142
Afrod – odamlar, kishilar.
[Закрыть] devonxonamiz ma’murlar143143
Ma’mur – amr qilingan.
[Закрыть] deb, muhri shohonamiz birlan ushbu yorlig‘ni ta’kid va taqrir144144
Taqrir – qaror.
[Закрыть] etdik”.
Domla Niyoz yorlig‘ni tugatib, qog‘ozni manglayig‘a ko‘tardi va ikki qo‘llab Xudoyorg‘a uzatdi.
Xudoyor yorlig‘ni olib qarshida bosh bukib turg‘an Anvarga ishorat qildi. Anvar yugurib kelib, yorlig‘ni olib o‘pti va uni sallasiga sanchib, orqasi bilan yurib, ilgarigi o‘rnig‘a borib to‘xtadi.
Domla Niyoz Anvar tarafidan duog‘a qo‘l ochti:
– Davlati shahanshohi ro‘z-baro‘z afzun, dushmanoni amir-almo‘minini sarnigun boshad. Ollohi taolo soyai zillallahiro, az sari raiyaton kam nakunad…145145
Shahanshohning davlati kun sayin ko‘payib, amiralmo‘mininning dushmanlari yo‘q bo‘lsin. Olloh taolo xudo soyasini fuqaro boshidan kam qilmasin.
[Закрыть]
Duo asnosi, ayniqsa, birinchi xonadagi ayyonning yig‘i va riqqat ohanglik «omin, omin» sadolari «huzuri muborak»ni titratti. Duodan keyin xudaychi ikki to‘n keltirib, kimxobni domla Niyozga va qora baxmaldan tikilgan mirzoboshiliq xil’atini Anvarga kiydirdi. Kimxobni kiyib olg‘ach, mulla Niyoz «saxovatda Hotamitoydan, adolatda No‘shiravoni odildan» ortig‘roq ul janobning haqqig‘a yana yangi duo va sanolar to‘qudi, go‘yo «amiralmo‘minin»ni ko‘mdi va o‘zi ham qaynadi. Bundan so‘ng marosim itmomiga147147
Itmom – tamomlash, tugallash.
[Закрыть] yetib, Anvar sekin-sekin orqasi bilan yurib birinchi xonaga va undagi a’yonning tabriklariga ko‘milib, dahlizga chiqdi.
Anvar devonxona sahniga yetkanda ichkaridagi kattadan kichik mirzo, munshiylar yangi boshliqlarini muborakbod qilg‘ali o‘runlaridan qo‘zg‘aldilar. Hozir ba’zilarining ustida boyag‘i «onglashilmovchiliqlar» go‘yo bo‘lmag‘andek, hatto mulla Shahodat mufti ham hech narsani ko‘rmagandek, o‘z umrida birinchi martaba Anvarning hurmatiga o‘rnidan turdi.
– Muborak, muborak! Borakallo, Mirzo Anvar! – dedi.
Ba’zi munshiylardagi yarim soatliq bu o‘zgarishdan taajjub qilinmasinkim, buning sababi oddiy va ochiqdir. Sarmunshiy – demak, agarchi soqoli ko‘ksini tutqan Shahodat mufti kabilarning bo‘lsa ham xo‘jasidir. shu soatdan boshlab ularning taqdiri shu bir kishining qo‘lidadir.
Anvar samimiy va riyo aralash tabriklardan ancha ungg‘aysizlang‘an edi. Boshidag‘i yorlig‘ni qo‘lig‘a olib, o‘z-o‘zidan taajjublangannamo atrofidagi mirzolarg‘a qa-radi:
– Janobning amirlari bilan, – dedi Anvar ularga xitoban, – eng og‘ir va javobgarlik bir xizmatni o‘z ustimga olishqa majbur bo‘ldim. Bu majburiyatim o‘zimga e’timod qilg‘animdan emas, balki sizningdek otalarim, og‘alarimga takyagoh deb ishong‘animdandir. O‘ylaymankim, bunday majburiyatda qolg‘an bir uka-ngizni albatta yerga qaratmassizlar va undan marhamatlaringni ayamassizlar… Men sizlarning soyalaringizda tarbiyalandim, menga o‘z shogirdlaringizdek muomalada bo‘lib keldingizlar. Bu kun men rasman sizlarga boshliq bo‘lish majburiyatida qolg‘an ekanman, yana hech ahamiyati yo‘qdir. Maqsad: mundan keyin ham menga kechagi Anvar kabi takallufsiz muomalada bo‘lishlaringiz va ko‘rmatlar bilan meni ranjitmasliklaringizdir. Chunki sodda muomala yaqinliq va mehribonliq belgisidir.
– Bu kungacha biz sizni marhum mulla Muhammad Rajabbekning shogirdi bo‘lg‘anlig‘ingiz uchun ehtirom qilmadik, – dedi javoban Sultonali mirzo, – balki sizning iste’dodingizni hurmat qildik. Mundan so‘ng ham bosh mirzolig‘ingizni emas, Mirzo Anvarlig‘ingizni ehtirom qilarmiz.
Mulla Shahodat mufti yer ostidan Sultonaliga xo‘mrayib qaradi va nos otib o‘z joyig‘a borib o‘lturdi.
– Siz hamisha meni mubolag‘angiz bilan uyaltirasiz, mulla Sultonali aka, – dedi Anvar. – Agar menga hurmat lozim bo‘lsa, mubolag‘a bilan emas, yana takror aytaman, bir qarindoshingiz qatorida takallufsiz muomala qilish bilan bo‘lsin.
Fotihadan so‘ng har kim o‘z ishiga o‘lturdi. Anvar ham baxmal to‘nni yesha boshlag‘an edi, yonig‘a Sultonali mirzo keldi:
– Anvar, siz uyga borsangiz yaxshi edi.
– Nima uchun?
– Yorlig‘ olg‘aningizni xabar qilish uchun shaharga hozir jarchi chiqar. Uyingizga sizni muborakbod qilg‘ali kishilar kelsa…
– Avvalo menim uyim yo‘q. Undan keyin meni muborakbod qiladirg‘an tanishlarim ham yo‘q, – dedi Anvar qo‘l siltab, – bundan xotirjam’ bo‘lingiz.
– Yoshliq qilasiz, Anvar.
Anvar javob berish o‘rnig‘a kulimsirab qo‘ydi va joyig‘a o‘lturib, arizalar ko‘ra boshladi.
22. ADRAS TO‘N VA ISSIG‘ NON «FOJIASI»
Yorlig‘ olishning ikkinchi soatlarida butun shaharga bu xabar tarqalib ketdi. O‘rda jarchisi bozor va urunish joylarda to‘xtab:
– Ayyuhannos! Bilmagan bilsin – eshitmagan eshitsin:
Vaqtiki, ajal paymonasi to‘ldi,
Munshiy mulla Muhammad Rajabbek o‘ldi!
Fazl bog‘ida ochilg‘an bir gul,
Ya’ni gul shoxig‘a qo‘ng‘an bulbul.
Ba nomi mulla Mirzo Anvar,
Kamoliga musallamdir148148
Musallam – tan bermoq, qoyil bo‘lmoq.
[Закрыть] aksar.
Huzuri muborakdan olib yorlig‘,
Maydoni qalamkashlikda qilur suxandonlig‘.
Har kimsaningkim baxti kulsa,
Shohiga jon-u dil ila xizmat qilsa.
Lutfu shohonaga sazovor bo‘lg‘ay.
Atrofi zar-u zevar ila to‘lg‘ay!..
manzumasi bilan jar solib yurar edi.
Kechagi xabarlarga kulgi va mazox tariqasida qarag‘an shahar ulamo va ashroflari bu kungi haqiqat oldida har zamon yoqa ushlab: «Tavba, bu qanday bemazalik? Bir benomu nishonga buncha iltifot!» der edilar. Shaharning aksariyat qismi bo‘lg‘an kambag‘al-kosiblar bu masala ustida bir xildaroq fikr qilib «kim bo‘lsa ham o‘zi insoflik bo‘lsin, nima deding-a, Mamarayim?» kabi sodda jumla bilan o‘z orzularining nimada ekanini gavdalantirar, ammo Anvarga ishi tushib, uning shafqatini ko‘rgan Safar bo‘zchi kabilar bu xabardan juda ham xursand: «Qilmishidan topti bu yigit, bo‘g‘ani juda ma’qul» deb, yangi mirzoboshining ta’rifini qilar edilar.
Maxdum bu xabarni ilgaridan kutib turg‘an bo‘lsa ham, yana shoshib qoldi. So‘yinchiga kelgan yigitni to‘xtatib qo‘yib, darhol ikki bolani mehmonxonani supurib joy solishqa buyurdi va boshqa bolalarni yoppa ozod qo‘yib yubordi. Alpang‘-talpang‘ ichkariga kirib, o‘qug‘chi qizlar ichidagi Nigor oyimni o‘z yonig‘a chaqirdi:
– Hay, – dedi, – Anvaringdan kishi keldi, sandig‘ingni och-chi!
Nigor oyim maxdumning shoshib aytkan bu so‘ziga tushunmadi.
– Anvardan nima uchun kishi keladi, sandiqni nega ochay?
– Xay ahmaqsan, – dedi maxdum entikib, – Anvar yorlig‘ olg‘an, so‘yinchiga yigit keldi; sandiqni ochib, shunga bir narsa berib yuborayliq, deyman, tez bo‘l!
Nigor oyim ham shoshilinqiradi, uyga kirib, sandiqning kalidini topolmay to‘rt tomonni izlar, maxdum dahlizdan turib uni koyir edi. Kalid topila bermagach, maxdumning toqati tugadi, chiqib qizlar ichidan Ra’noni chaqirdi.
– Topdim, topdim! – dedi Nigor oyim.
Maxdum uyga qaytib kirdi. Nigor oyim sandiqni ochib so‘radi:
– Qanday to‘ndan olay?
– Bo‘zdan ol, bo‘zdan.
Shu vaqt Ra’no ham uyga kirdi. Maxdum qizig‘a qarab kuldi:
– Baxting-da, qizim, – dedi, – Anvar akang sarmunshiy bo‘libdir.
Ra’no kulimsirab chetka qaradi:
– Meni nega chaqirg‘an edingiz?
– Sandiqning kalidini bilasanmi, deb chaqirg‘an edim, kalid topildi.
Nigor oyim bir bo‘z to‘nni olib, eriga ko‘rsatti:
– Shunisi bo‘ladimi?
– Ha, bo‘ladi, tashla.
– O‘rdadan kelgan kishiga shu to‘nni berib bo‘-larmikin?
Ra’no ham bo‘z to‘nga e’tiroz qildi:
– Berib bo‘lmaydi, uyat.
Maxdum o‘ylab qoldi:
– Bo‘lmasa, – dedi ikkilanib, – jo‘nroq adrasdan ol-chi, – Nigor oyim bir adras to‘n olib maxdumning qo‘lig‘a berdi. Maxdum to‘nni yoruqqa solib ko‘rdi:
– Yo‘q, adras hayf, Ra’no, – dedi to‘nni taxig‘a solib, – haligi bo‘zni beravur.
– Bo‘z to‘n bergandan, bermagan yaxshi, – dedi achchig‘lanib Ra’no, – arzimagan narsa uchun Anvar akamni uyaltirasizmi?
Ra’noning yonig‘a Nigor oyim ham qo‘shuldi:
– Kishi uyalg‘uliq bo‘lmasin, Ra’no.
– Hayf-da, hayf, – dedi maxdum, adras to‘nni salmog‘lab ko‘rib. Boyag‘i shoshilish holati hozir yo‘q, ammo yuzida achinish vaziyati bor edi. – Uvolda, uvol, qizim, ipagi juda quyuq ekan.
Ipagi quyuq bo‘lsa, hech narsa qilmas, – dedi asabiylanib Ra’no. – Kishining izzati nafsi undan ham quyuq.
– Xayr, xayr, – dedi maxdum, adras to‘n bilan vido‘lashqandek. – Sen qizlaringni ozod qo‘y, Nigor, dasturxon tayyorlab, choy qaynat. Fotihaga odamlar kelsa kerak. Sen Ra’no, sochlaringni yuvib, sal odamshavanda bo‘lib yursang bo‘lmaydimi, qizim?
Maxdum shu so‘zni aytib chiqdi. Ra’no maxdumning orqasidan nima uchundir kulib yubordi. Nigor oyim yugurib erining orqasidan chiqdi:
– Hay, Ra’no! – dedi havlida ketib borg‘an maxdumga, – nonlarimizning suvi qochqan, xamir qilishg‘a vaqt oz, bozordan issig‘ non oldirasizmi?
Bu gap maxdumga adras to‘nning alami ustidan tuz sepkan ta’sirini berdi.
Havli o‘rtasida bosh qashinib qoldi va ko‘zini qisib, xotinig‘a qaradi:
– Juda qattig‘mi? – deb so‘radi.
– Juda qattig‘, hatto ushatishqa ham qo‘lning kuchi yetmas.
Javob yana falokatliroq edi. «Xo‘b, non oldiraman» deyishka ham maxdumning majoli qolmag‘an holda boshini quyi solib, javobsiz tashqarig‘a jo‘nadi. Mehmonxona sahnida kutib o‘lturgan yigitka o‘z qo‘li bilan adras to‘nni kiyairdi. Yigit darbozadan chiqquncha ham maxdumning ko‘zi «xayf ketkan» adras to‘nda, hatto undan Anvar-ning kelayotqan xabarini so‘rashni ham unutkan edi. Havli supurg‘uchi bola suv sepmay changitib yuborg‘ani uchun uni «ablah, kuchuk!» deb koyidi. Mehmonxonada ko‘rpa-cha yozib turg‘an bolaning yonig‘a kirib, ko‘maklashdi va bolaning uquvsizlig‘idan ranjib, buni ham birmuncha achitib oldi.
– Sen chopib guzarga chiq, – dedi bolag‘a, joy solinib bo‘lg‘andan keyin. – Katta tolning tegida Sovur novvoyning do‘koni bor. «Maxdum domlag‘a yigirma dona non kerak ekan. Narxi qanchadan?» deb darrav so‘rab kel. «Maxdum domlag‘a» degin, «arzon qilib aytar emishsiz, puli naqd emish» degin… «Yangi mirzoboshining o‘rdadan mehmonlari kelar ekan» degin… Yugur!
Bolani narx bilishka jo‘natib, havliga chiqdi. Havlidagi bola suvni ko‘b sepib, yerni loy qilib yuborg‘an edi, yana koyidi va darboza oldi – ko‘chaga ham suv septirib, ichkari kirdi.
– Qizlarni ozod qo‘yibsan, yaxshi, – dedi maxdum Nigor oyimg‘a. – Biz-ku, shu xabarni kutib turg‘an edik. Shunday bo‘lg‘andan keyin, non-poningni to‘g‘rilab turmaysanmi; un bo‘lsa-ku bor, ablah qani menga uch-to‘rtta noningdan olib ko‘rsatchi.
Ra’no onasining so‘zi bilan qutidan besh-olti dona non olib, dadasining qo‘lig‘a berdi. Darhaqiqat, bir-biriga o‘xshamag‘an nonlar tarashadek qotib qolg‘an edilar. Maxdum urunib ko‘rib, bittasini ham sindirishg‘a kuchi yetmadi. Ra’no yuzini chetka o‘gurib, kulib turar edi. Maxdum urina-urina nihoyat o‘zi ham kuldi.
– Zor qolg‘uring juda ham qotipti-da, kun ham issiq-da, Ra’no?
Bu so‘zdan Ra’no battarroq kulib yubordi. Nigor oyim ham kulimsidi:
– Axir, o‘zingiz kechagina men xamir qilay desam koyidingiz, – dedi Nigor oyim. – Biz-ku mayli, kuni bo‘yi ishlab kelgan Anvarga jabr. Shunchalik ro‘zg‘or qilib, loaqal yumshog‘roq non yedirmasak… Kishi juda ham uyaladi.
– Men issiq nonga bola yubordim, – dedi maxdum qattig‘ nonlarni Ra’noga berib. – Anvarga jabr bo‘ladir, deb o‘ylasang mundan keyin o‘ziga loyiq, oz-oz non yopib tur. Sen bilan men bo‘lsaq qattig‘ nonni ham yeya beramiz: jazasi choyg‘a bo‘ktirishda.
Maxdum aytmasa ham Nigor oyim Anvar bilan Ra’noga yashirinchi yumshoq non yopib berar, faqat bu kun o‘sha nondan bir-ikkita qolg‘an edi. Maxdum endi non sotib olishni bo‘ynig‘a olib, tashqarig‘a chiqdi. Narx bilib kelgan bolag‘a yigirma pul berib, orqasi kuymaganini olish sharti bilan nong‘a yubordi.
Anvarning «tanishsizliq va uysizliq» fikrining aksicha fotihaxonlar ham ko‘rinib qoldilar, ikkinchi, uchunchi durukum fotihaxonlar kelgandan so‘ng, maxdum Anvar oldig‘a kishi yoborib, uni chaqirtirib kelishka majbur bo‘ldi.
Shu kun kechkacha shaharning hamma tabaqalaridan ham fotihaxonlar kelib turdilar. Hatto Anvarning nodonlig‘idan kulib yoqa ushlagan ulamolar, boy va ashroflar muborakbodchilarning aksariyatini tashkil etar edilar. Chunki bu keyingi tabaqa zamonasozliq, muvoso149149
Muvoso – murosa qilish, kelishish.
[Закрыть] va tadbir orqasida yashag‘uchidirlar. Anvar o‘zini tabrik qilg‘uchi ulamo va ashroflar yuzidan ochiq ravishda riyo, shaytanat va tama’ o‘qur, kambag‘allardan sodda samimiyat ko‘rar edi.
Правообладателям!
Данное произведение размещено по согласованию с ООО "ЛитРес" (20% исходного текста). Если размещение книги нарушает чьи-либо права, то сообщите об этом.Читателям!
Оплатили, но не знаете что делать дальше?