Электронная библиотека » Abdulla Qodiriy » » онлайн чтение - страница 7

Текст книги "Mehrobdan chayon"


  • Текст добавлен: 16 мая 2023, 13:42


Автор книги: Abdulla Qodiriy


Жанр: Современная зарубежная литература, Современная проза


сообщить о неприемлемом содержимом

Текущая страница: 7 (всего у книги 20 страниц) [доступный отрывок для чтения: 7 страниц]

Шрифт:
- 100% +

23. KITOB SO‘ZI

Asrdan biroz ilgariroq edi. Maxdum darboza yonida muborakbodchi mudarrislardan birini ikki buklanib ta’zim qilg‘an holda uzatar edi. Hazrati mudarris xayrlashqan joyida yana to‘xtab tomoq qirib oldi.

– Hay, mulla Solih, yana bir gapni sahv qilibman, – dedi hazrati mudarris. Solih maxdum yugurib hazratning yonig‘a keldi. – Mirzoga aytishni ep ko‘rmadim; masalan, rivoyat va hokazo masalalarga hojat tushsa, bizdan begona qilmasin… Janobingiz shuni ham ta’yinlab qo‘yasiz.

– Xo‘b, taqsir, xo‘b.

– Faromush qilmassiz, albatta?

– Xotirjam’ taqsir.

Maxdum ulamo, amaldor va g‘ayrilardan shuning kabi siporishlarni to‘rt-besh soatdan beri qabul qila-qila juda miyasi suyulg‘an edi. Hozirg‘i iltimosni ham o‘shalar qatorida bo‘ynig‘a olib, hazrat mudarrisni jo‘natdi.

Nari-beri bo‘z sallasini boshig‘a chulg‘ab, sarpoychan kafshini shap-shub bosib, darbozadan ichkariga kirib bormoqda bo‘lg‘an Safar bo‘zchini maxdum to‘xtatdi:

– Xo‘sh, xo‘sh, uka, – dedi Safar bo‘zchig‘a. – Yo‘l bo‘lsin sizga?

Chunki maxdum muborakbodchi kambag‘allar u yoqda tursin, hatto ulamo va boylardan ham hozir zerikkan edi. Bu zerikishka ikkinchi martaba non oldirishning ham aloqasi bor edi. Safar bo‘zchi ostona yonidan maxdumga qiyshayib qaradi:

– Labbay, taqsir? – dedi.

– Yo‘l bo‘lsin sizga?

– Mirzo Anvar inimga xudo martaba ato qilg‘an emish deb eshitdim, – dedi Safar bo‘zchi, – pirimni ziyorat qilay, deb kelyappan.

– Kelganingiz ma’qul, illo o‘zi hozir juda charchab qolg‘anda, chetdan duo qilib tursangiz ham kifoya, uka.

Safar bo‘zchi boshini qashib, yana maxdumning aftiga qarab qo‘ydi:

– Ziyorat qilib chiqa beraman, taqsir. Boshqa gap yo‘q, taqsir.

Maxdum Safar bo‘zchining ilgarisiga o‘tti:

– Mayliku, uka, ranjitasiz-da.

– Sadag‘asi ketay Mirzoning, – dedi Safar bo‘zchi maxdumning qatorig‘a borib, – baraka topqurning o‘zi ranjiydirgan yigit emas, xoksor-da, taqsir, ko‘rsangiz bilarsiz-ku, men minan juda qadrdon-da, taqsir.

Maxdum asabiylashibroq Safar bo‘zchining betiga qaradi. Safar bo‘zchi ham maxdumga biroz tikilib turg‘ach, iljaydi.

– Ko‘rsangiz bilarsiz, men minan juda qadrdonda, taqsir, – dedi yana va maxdumga iltifot qilmay, ichkariga yuruy berdi. Bir necha martaba kelib Anvarning mehmonxonasig‘a o‘rganib qolg‘an, shunga binoan bu to‘g‘rida maxdumning yordamig‘a muhtoj ham emas edi.

Anvar mehmonxonada Shahidbek va yana bir sarkardanamo bilan so‘zlashib o‘lturar edi. Safar bo‘zchini dahlizda ko‘rib o‘rnidan turdi. Ikkisi necha yillik qadrdonlar kabi samimiy ko‘rishdilar. Safar bo‘zchi ko‘zida yoshi bilan Anvarni tabrik qildi. Anvar unga o‘z yonidan joy ko‘rsatib o‘lturishdilar. Safar bo‘zchining fotihasiga anovi ikki bek arang qo‘l ko‘tarib qo‘ydilar.

– Zakotchidan tinchmisiz? – deb Anvar kuldi.

– Xudoyg‘a shukur, davlatingizda, mirzam.

– Bozorlar yaxshimi?

– Bir nav’i… harchi tiriklik tebranib turadi, uka.

Safar bo‘zchining boyag‘i harakatidan achchig‘lanib tashqarida qolg‘an maxdumning kimni ham bo‘lsa ichkariga taklif qilg‘an tovshi eshitildi. Safar bilan Anvarning so‘zlari bo‘linishka majbur bo‘ldi.

Mulla Abdurahmon Anvar bilan yonma-yon o‘lturg‘uchi «do‘sti» Safar bo‘zchini mehmonxonaning dahliziga kirishidayoq ko‘rib qoldi va sariq tusi bo‘zarib ketkan holda ichkariga qadam uzdi. Safar bo‘zchining hurmati uchun loaqal qimir etmagan beklar ham mulla Abdurahmonning istiqbolig‘a qo‘zg‘alishdilar. Maxdum mulla Abduraxmon bilan Anvarni bir-birlariga tanish-dirdi.

– Balki xotirlarsiz, Mirzo Anvar, – dedi maxdum, – siz manim qo‘limg‘a kelgan yillaringizda mulla Abdurahmon akangiz ham bizning maktabda o‘qur edilar.

– Xotirimda. Xo‘b salomatmilar, taqsir?

– Alhamdulilloh, – dedi Abdurahmon va yer ostidan Safar bo‘zchig‘a qarab qo‘ydi, – martabalari muborak bo‘lsin.

– Qutlug‘, taqsir, qani, marhamat qilsinlar.

O‘lturishdilar, fotihadan so‘ng yana bir daraja ahvol so‘rashildi. Hozirgi tasoduf juda qiziq tushkan edi. Mulla Abdurahmon bu uchrashishdan nihoyatda o‘ngg‘aysizlang‘an. Anvarni tabrik etish uchun og‘iz ochishg‘a qodir emas va har zamon qarshisidag‘i «bema’ni»ga qarab qo‘yar edi. Shu holda bir necha fursat so‘zsiz o‘lturishkandan keyin, Anvar ko‘bchilikni dasturxong‘a taklif qildi va Shahidbek mulla Abdurahmonni so‘zga tortdi.

– Nima lavozimotdalar, taqsirim?

– Imomatda, – dedi Abdurahmon va yer tegidan Anvarga ko‘z yuborib oldi, – Buxorodan kelganimizdan beri imomatdamiz…

Madrasada ham birmuncha mukarrirligimiz bor…

– Ko‘p yaxshi ekan; imomatlari qaysi mahallada?

– Bizning mahallada, – dedi so‘zga aralashib Safar bo‘zchi, – taqsirimning ilmlari juda daryo, o‘zlari Buxoroda xatim kitob qilg‘anlar.

Shahidbek go‘yo ko‘ngil uchun yana:

– Ko‘b yaxshi ekan, – dedi.

– Mulla Abdurahmonning ilmi darhaqiqat yaxshi bo‘lg‘an deb eshitaman, – dedi maxdum.

Safar bo‘zchi mulla Abdurahmonning tilagiga qarshi yana so‘zlab ketdi:

– Yaxshiliqqa kelganda – yaxshi, biroq taqsirimning tole’lari biroz pastlik qilib turadi. Bo‘lmasa mudarrislik, muftilik, mirzolik – bularning barisiga ham taqsirim yetuk… Faqat tole’ past-da, bek bobo. Mana endi mirzam otaliq qilib o‘rdadan birar ish topib bersalar, taqsirimg‘a ham oftob tegsa ajab emas. O‘zlari ham bir haftadan beri mirzamning haqlarig‘a duoda edilar… a, taqsir, shunday emasmi?

Mulla Abdurahmon Safar bo‘zchining qarshisida hozir har bir razolatka ham bo‘yin egar edi. Manglayidag‘i terini artib, besaranjom ahli majliska qarab chiqdi va g‘uldirag‘ansumon: – Shunday, – deb yubordi.

Maxdum Safar bo‘zchini mulla Abdurahmon tarafidan vositachilik uchun jo‘rttaga kelgan, deb o‘yladi.

– Mulla Abdurahmon o‘zimizniki, – dedi maxdum, – albatta Mirzo Anvar qo‘lidan kelgan yordamini ayamas.

– Albatta, munshiy tariqasida o‘rdaga olinsa ham bo‘ladi – dedi utta150150
  Utta – narigi, anovi.


[Закрыть]
bek.

Anvar va’da berib qo‘yishni ep bilmaganlikdan, so‘z– siz o‘lturar edi. Mulla Abdurahmon har zamon manglay terini artib olar edi. Safar bo‘zchi tunovi kungi adabsizlikni taqsirimning ko‘nglidan chiqardim, deb mulla Abdurahmonning ko‘zini uchratishka va ozg‘ina bo‘lsa ham taqsirimdan minnatdorchilik olishg‘a tirishar edi.

Birmuncha vaqt shu ko‘yi so‘zsiz o‘ltirishkandan keyin beklar fotiha o‘qub qo‘zg‘almoqchi bo‘ldilar. Safar bo‘z-chining yana og‘zini ochib yuborishdan qo‘rqib, hatto qimir etmay o‘lturgan imom ham beklarning fotihasiga qo‘shulishib o‘rnidan turdi. Safar bo‘zchi ham mirzoning haqiga duo qilib imomga ergashti. Chunki imom bilan bir-galashib ketish orzusi, shu bahonada tunovi kungi past-baland gaplarni mulla Abdurahmonning ko‘nglidan chi-qarish niyati bor edi.

Anvar bilan xayrlashib, to‘rt kishi barobar ko‘chaga chiqdilar. O‘ttuz qadam chamasi birga borib, Shahidbek o‘z havlisiga buruldi. Yana biroz borg‘andan so‘ng ikkinchi bek ham boshqa ko‘chaga kirib ketdi. Mulla Abdurahmon ham Safarboy «do‘sti» bilan birga yurishni xohlamadi shekillik tez-tez adim tashlab hamrohlik aloqasini uzmoq-chi bo‘ldi. Bunga qarshi Safar aka uch hatlab bir bosib, Abdurahmonning yonidan chiqdi. Bu holdan yana imomning fe’li aynab, yo‘l ustida birdan to‘xtadi va Safarning aftiga bir turli mushuk qarashi qildi:

– Nega to‘xtadingiz, boravuring.

Safar bo‘zchi Abdurahmonning to‘xtag‘anidan xabarsiz ikki-uch adim nariga o‘tkan edi:

– Birgalashib boramiz-da, taqsir.

– Men siz bilan yurishni xohlamayman, jo‘nang, jo‘nang!

Safar bo‘zchi tushunolmay biroz qarab qoldi:

– Nega, taqsir?

– Nega deydi-ya, ahmaq odam…

– O‘zlaringizni aytishlaringizga qarag‘anda, musulmon kishi uchun kina saqlash bir ro‘ymolni yuvib qurutqancha ekan, – dedi Safar bo‘zchi, – bizlar bo‘lsaq to‘rt kundan beri shaytonni apichlab yuruymiz… Shunisi ham kifoya-da, taqsir.

– Astag‘firullo, – dedi imom, – siz o‘sha kuni manim ustimga uch kunlik gap qildingizmi?

– Shaytonning ishida, taqsir, – dedi Safar, – axir, yana manim aytkanim bo‘ldi-ku, men bunga bir narsa deyapmanmi? Nedir kinani qo‘yayliq deyapman-da.

Mulla Abdurahmon istig‘for aytib, yo‘lg‘a tushti. Safar bo‘zchi ham muloyimg‘ina uning yonida qo‘l qovushtirib jo‘nadi.

– Xo‘sh, kinani tashlag‘an bo‘lsangiz, – dedi yo‘lakay imom, – nega boya ularning oldida og‘zingizg‘a kelganini o‘tladingiz?

– Yaxshiliqdan boshqa hech gap aytmadim. Faqat ilmingizni maqtadim.

– Boshqa gap aytmadingizmi?

– Nima dedim, axir? Shunchalik ilmlari bo‘lsa ham, tole’lari ozg‘ina pastlik qilib turardir, dedim. Bu to‘g‘ri gap emasmi, taqsir?

– Men sizga mirzodan xizmat so‘rab bering, deb vakolat bergan emas edim-ku.

– Vakolat-ku, yo‘q… Axir, tokay ilmingizni xor qilib masjidda yotasiz… Axir, biravni uka, biravni aka deb siz ham tuzukroq ishka qatishing-da, taqsir.

– Astag‘firullo… Balki menga podshohliqdan ham shu imomat yaxshidir.

– Be-ye-ye, go‘rnimi, taqsir – dedi Safar bo‘zchi, – u gapni qo‘ying, nafsilamr gap yaxshi. Shahardagi birarta mudarris domlani o‘shandaqa mirzoboshi ko‘tarsalar yo‘q dermi?.. Voy-boyov, taqsir, sizga ham o‘rdadagi bir mirzolikni bersa, deb, «sizning haqqingizga taqsirim duoda bo‘ldilar», dedim-da. Manim xolisligimni shundan ham payqasangiz bo‘lar edi, uka.

– Astag‘firullo, – dedi yana imom, – darahaqiqat, men uni shunday, deb duo qilg‘anmidim… Yolg‘onning nima keragi bor?

– Taqsirim bo‘lsangiz ham hali yoshsiz-da, – deb kuldi Safar. – Basharti rostini so‘zlab «sizning mirzoboshi bo‘lishingizni taqsirim ko‘ralmagan edilar» desam, xursand bo‘larmidingiz, vax-xax-xax, xex-xex-xex… Yo‘q, taqsir, o‘zingiz ham Buxoroda o‘qug‘an bo‘lsangiz kerak: kitoblar ikki joyda yolg‘on aytishni ma’qul degan ekanlar; bittasi – eru xotinning orasida, ikkinchisi – ikki mo‘minni bitirish uchun. Buni xudo rahmati domlam o‘qub berar edilar. Shu gap qulog‘imda qolg‘an ekan, men durug‘151151
  Durug‘ – yolg‘on.


[Закрыть]
aytkan bo‘lsam kitob so‘ziga amal qildim-da, ikki mo‘minni bitishtirish uchun so‘zladim-da.

Mulla Abdurahmon yana og‘iz ocholmadi. Chunki Safar bo‘zchi «kitob so‘zi» bilan uni yengib qo‘ydi. Mahallaga kelib yetdilar. Safar bo‘zchi kinani tamoman ko‘nglidan yuvib tashlag‘an edi. Shomni mulla Abdurahmon orqasida o‘qush uchun masjidga kirdi. Jilovxonadagi namoz kutib o‘lturgan qavmlar ichidan Samad bo‘qoq, Shukur so‘filar ham ko‘rinar edilar. Safarning imom bilan birga masjidga kirishidan taajjublangan Samad bo‘qoq uni turtib so‘radi:

– Yarashdinglarmi?

– Kina degan ro‘ymolni yuvib quritquncha, – dedi Safar bo‘zchi, – yangi mirzoboshining uyidan domla bilan birga fotiha o‘qub kelamiz. Hali eshitdingmi, o‘sha manim mirzam yorlig‘ opti-ya.

Samad bo‘qoq indamay chetka burulib ketdi. Shukur so‘fi shom namozi uchun takbir tushura boshladi.

24. SHOIRNING SIRRI

O‘n besh kunning ichida maxdumning mehmonxonasi rasmiy bir mahkamaga aylanayozdi. O‘rdag‘a ariza bilan murojaat qiladirg‘an har kim, hatto rasmiy kishilar ham avval maslahat so‘rash uchun Anvarning yonig‘a kelar edilar. Kunduzlari o‘rda devonini boshqarish, ertalab va kechqurun o‘z uyida xususiy kishilarni qabul qilish, albatta. Anvar uchun og‘ir edi. Ammo bu og‘irliq burundan sarmunshiy bo‘lg‘an kishining ustidagi qonuniy vazifasi hisoblanib kelganlikdan kishilarni uyda qabul qilishg‘a, Anvar majbur edi. Bu xususda kambag‘allarning beradirgan zahmatlari Anvarga uncha og‘ir tushmasa ham, beklar, ulamo va boylarniki aksar chuchmal va mashaqqatli bo‘lar edi. Chunki kambag‘alning kengash so‘rab kelishi juda muhim ishlar ustida, masalan: bir bekning qilg‘an zulmi ustidan shikoyat, juda kambag‘al bo‘lg‘ani uchun soliqlardan darxonliq so‘rash va hokazo… Keyingilar esa, masalan: bir mudarris ikkinchi mudarris ustidan shikoyat qilib, bu to‘g‘rida domla Niyoz Muhammad shog‘ovulboshining qulog‘ig‘a andakkina ting‘illatib qo‘yishni so‘rar; bir zakotchi ikkinchi bir zakotchining xiyonatidan «xolisona» shikoyat qilar, bir savdogar o‘zining juda faqirlig‘idan hasratlanib, zakotdan ozod qilinishini so‘rar; agar zakotdan qutqazib yuborsa, Anvarning «ko‘nglini to‘latish»ka hozirligini ham bildirar edi. Anvar bu keyingi iltimoschilardan goh achchig‘lanib, goh kular, harholda bir necha daqiqaliq va’dalar bilan ularni jo‘natquncha esi ketar edi.

Bu so‘ngg‘ilarning tashriflari Anvarga qancha behuzurlik bersa, maxdumga o‘shancha mag‘ruriyat va lazzat bag‘ishlar, hatto Anvar o‘rdada bo‘lg‘an kezlarda ham ularni mehmonxonaga qabul qilib, Anvar kelguncha unga qan-cha siforishlar va aksar siforishchilarning o‘zlarini to‘plab turar edi. Yuqorida Safar bo‘zchi bilan voqi’ bo‘lg‘anidek, maxdum ariza va kengashka kelguchi kosib va to‘ni eskilar ila chiqisha olmas, o‘lguncha ularni yomon ko‘rib, «mirzo bu kun kelmaydi, siz bilan gaplashishka fursati yo‘q, bema’ni bo‘lmang» kabi gaplar bilan kambag‘allarni eshikdan qaytarishg‘a tirishar edi. Anvarning birarta kambag‘al bilan «ezilishib» o‘lturganini ko‘rsa, ichidan achchig‘lanib «kullushay’in yarji’u ilo aslihi…» past hamisha pastligini qiladir… Sut bilan kirgan – jon bilan chiqar, maqoli ko‘b to‘g‘ri so‘z, deb o‘ylar va ensasi qotib, chetka ketar edi.

Maxdum shu kungacha Anvar bilan Ra’nolarning to‘ylarini qilishg‘a shoshilmasdan kelar edi. Ammo bunda bir qancha sabablar bo‘lib, jumladan – Anvarning Ra’noga qattig‘ bog‘lang‘anini yaxshi sezganligi va shunning orqasida Anvardan «xotirjam»ligi edi. Shoshilmasliqning ikkinchi, ham kuchlik sababi mumkin qadar to‘yni uzoqqa cho‘zib, shu vositada Anvarni sog‘ish… chunki to‘y qilinib, Ra’no Anvarga berilsa, bu daromadning qat’iyan kesilish ehtimoli bor edi.

Anvar bosh munshiylik darajasini olg‘andan keyin maxdum ilgarigi «siyosat»ni yana davom etdirish va etdirmaslik to‘g‘risida ikkilanib qoldi. Zero, Anvar hozir butun shaharga dong‘ tortqan, shaharning ulamosi, ashrofi, bek va bekvachchasi Anvarni taniydir; Anvarga mazkur oliy tabaqalarning har qaysisi ham o‘z qizini berib, kuyav qilishg‘a tayyor. Bas, shu holda yana maxdum eski tadbir bilan amal qilsa mumkinmi?

…Maxdum noiloj sarmunshiy bo‘lishni yigirmanchi kunlarida Nigor oyim bilan kengashib, Mirzo Sultonaliga murojaat qilish majburiyatida qoldi. Toki Mirzo Sultonali Anvarning rizolig‘ini olib bersin.

Anvar kechqurun o‘rdadan qaytishg‘a hozirlanar edi. Xon a’yonlarg‘a ruxsat berib haramga kirgan, o‘rdaning kunduzlik xodimlari tarqalishib, faqat kecha beklari, xon soqchilari, doimiy xodimlar qolg‘an edilar. Eng keyinga qolib Anvar bilan Sultonali mirzo ham o‘rdadan chiqdilar. Ularning orqasidan o‘rda darbozasi yopildi.

Sultonali Mirzo Anvarning tashqi ahvoli bilan yaxshi tanish bo‘lsa ham, uning ichki sirriga voqif emas, chunki Anvar xususiy hayoti, ayniqsa, Ra’noga aloqasidan hech kimga og‘iz ochmas edi. Anvarning maxdum havlisida turi-shini joysizliqdan va yoshliqdan, shunda o‘sib o‘rgangandan, deb yurg‘an Sultonali mirzo bu kun ertalab o‘z uyiga kelgan maxdumning so‘zidan keyin biroz haqiqatka tushungandek bo‘ldi. Ayniqsa maxdumning hech bir muqaddimasiz «Ojizamiz bilan Mirzo Anvarning to‘ylarini qilmoq niyatimiz bor edi. Shu to‘g‘rida janobingiz Mirzo Anvardan to‘yg‘a urunishimiz uchun bir kalima javob olib bersangiz» deb, to‘g‘ridan to‘g‘ri faqat to‘y vaqtini belgilashni so‘rashi Sultonali mirzoga yana boshqa sirlarni onglatqan edi.

Ikkisi yo‘l bo‘ylab so‘zlashib borar edilar:

– Manim so‘zimga kirsangiz albatta bir ot olingiz, – dedi Sultonali mirzo, – ayniqsa, sizga endi piyoda yurish kelishmaydir.

Anvar boyag‘icha yana kuldi.

– Ot minishning nima hojati bor, modomiki, tayyor oyog‘ otimiz bo‘lg‘anda…

– Ma’qul-ku, mundan so‘ng yaxshi emas-da.

– Hozir yaxshi emas ekan, – dedi Anvar, – men bu xizmatdan tushkandan so‘ng piyoda yurish yaxshi bo‘ladimi?

– Nega tushar ekansiz… Ko‘b yillar shu vazifada qolasiz.

Anvar kulib qo‘ydi:

– Lekin, manimcha, bir yil ham qololmasman… Agar og‘am bo‘lsangiz, xudodan so‘rangki, bo‘ynimg‘a birar bo‘hton ortilmay, azl qilinayin.

– Bo‘lmag‘an vasvasalarga tushasiz, Anvar.

– Shahodat muftingizning aftiga sira qaraysizmi, shoi-ringizning pichinglarini payqaysizmi? Agar shu jonvorlar mendan sarmunshiylikni tinchlik bilan olsalar, o‘zimni juda ham baxtlik kishilardan sanar edim… Shunchalik zo‘r xaridorlari turg‘an bir zamonda bu vazifani menga kelib to‘xtag‘anig‘a hanuz aqlim bovar qilmaydir… Bu voqi’a yo meni o‘ta baxtiyorliqqa yoki foji’ bir falokatka olib borar. Siz aytkancha vasvasamga yoxud boshqa bir badbinligimga binoan keyingi ehtimol…

– Na Shahodat mufti va na shoirning qo‘lidan bir pul-lik ish kelsa, mendan domangir bo‘la beringiz, – dedi Sultonali, – sizning sarmunshiy bo‘lishingiz har holda bir haqiqat edi. Negaki, ko‘b yillardan beri xiyonat, ig‘vo bilan kun kechirib, yetti yoshliq go‘dakning ham nazarida ikki pullik obro‘si qolmag‘an muftining sirrini yolg‘iz mengina emas, butun shahar, hatto xonning o‘zi ham biladir. Bas, bu jihatdan uning yorlig‘ ololmaslig‘i aniq edi. Domla Burhon maxdumning bo‘lsa, shog‘ovul domla bilan oralari buzuq; agar xon yorlig‘ni uning ismiga buyurg‘anda ham shog‘o-vul domla yozmas edi. Mundan boshqa domla Burxon– ning loqaydlig‘i, devonxonani ost-ust qilishi bo‘ladirg‘an savdo… Shoir «Madhiy»ning bo‘lsa yana ahvoli ma’lum: xonni maxtash, o‘ziga yoqmag‘anni hajv qilish, xotinbozliq, bachchabozliq bilan ovora bir beta’yin. Mundan tash-qari, «Madhiy»ning yorlig‘ ololmaslig‘ig‘a yana bir sabab bor edikim, bu sirni o‘rdadan faqat biz bir necha kishilargina bilar edik…

– Xo‘sh?

– Buni so‘ramang-da, kulmang.

– Xo‘sh, xo‘sh?

Sultonali mirzo kuldi va tovshini sekinlatib dedi:

– Shoir haramdagi kanizlarning biri bilan aloqa bog‘lag‘an ekan…

– Xo‘sh, undan so‘ng?

– Bu holni sezgan ikkinchi bir kaniz xonni bu aloqadan xabardor qiladir. Xon kanizni haramdan haydaganidek, shoirni ham huzuriga chorlab, o‘bdan og‘iz-bo‘g‘zig‘a, hatto enasining o‘sma-surmasigacha qoldirmaydir… Shoir arang tavba qilib qutiladir.

Anvar kuldi:

– Shuning uchun unga yorlig‘ berilmadi, deysiz?

– Albatta. Shoirning esi bo‘lsa bo‘yini boshoqqa uzatmay, saroydan haydalmaganiga ham shukur qilsa bo‘lar edi. Binobarin, sizning xayollaringiz tamoman o‘runsiz. Yaxshi, hozir ko‘nmasangiz ham piyoda yurib zerikkaningizdan keyin ot minishga majbur bo‘larsiz. Shuning uchun buni qo‘yib turayliq-da, otdan ham zarurroq masalaga o‘taylik, masalan, boshingizni ikki qilish uchun, albatta vaqt yetkandir, deb o‘ylayman?

– Qayoqdag‘i gaplarni topasiz, Sultonali aka.

– Hazili yo‘q. Uylanish sizga ham farz, ham qarz. Bunga qolg‘anda, albatta bir uzr ko‘rsatalmassiz.

Anvar kulimsib qo‘ydi:

– Uylanishni ham bekor bo‘lishg‘acha to‘xtatib tursaq, deyman.

– Ana gap, – dedi Sultonali, – balki umr bo‘yi shu vazifada qolib ketarsiz. Shu holda butun umr xotinsiz yurish, xax-xax…

– Kim bir vazifada umr bo‘yi qolg‘an bo‘lsin.

– Qolg‘anlar ko‘b. Masalan, Muhammad Rajabbek marhum; Muhammadalixon zamonidan beri devon bilan olishib kelar edi. Men sizga jiddiy aytaman: shahardan kimning qizini yoqtirsangiz ham biz olib berishka harakat qilamiz.

– Rahmat…

– Chindan so‘zlayman, Anvar.

Anvar yarim jiddiy Sultonaliga qaradi va uning o‘zidan javob kutkanini sezib:

– Xo‘b, men bu to‘g‘rida domla bilan kengashib, sizga javob berayin, – dedi.

– Bu kun ertalab domla biznikiga kelgan edi, – dedi Sultonali jiddiy turda, – domlaning so‘z daromadiga qa-rag‘anda, sizni o‘ziga kuyav qilish fikri borg‘a o‘xshaydi. Sizning rizolig‘ingiz bilanmi, yo‘qmi, bunisini bilalmadim…

Anvar qizarindi. Javob berish o‘rnig‘a «natija?» degandek qilib unga savol nazari bilan qaradi.

– Domlaning gapiga qarag‘anda, boshqa taraflar bitkan ko‘rindi – dedi Sultonali davom etib, – faqat ul manim vositamda to‘yni boshlash uchun sizdan izn olg‘ali kelgan ekan. Man bu to‘g‘rig‘a sizdan javob olib bermakchi bo‘ldim.

Anvar kuldi. Ammo bu kulish uning boyag‘i kulgularidan tamoman boshqa, ya’ni baxtiyorliq kulgusi edi.

– Yaxshi, – dedi Anvar va o‘n qadam chamasi so‘zsiz bordi. – Yaxshi, men ertagacha o‘ylashib, sizga javobini beraman.

– Ma’qul, agar bu kun domlag‘a uchrashsam, javobni ertaga olaman deyaymi?

– Albatta.

– Xayr, xudoning panohiga, Anvar.

– Xo‘sh, Sultonali aka.

Ikkisi ajralishdilar.

25. HAYOT SHAM’I

Necha yillar Anvarning ko‘nglini mashg‘ul etkan bir muammo nihoyat orzug‘a muvofiq hal qiling‘andek, ya’ni shubha ichida qizarg‘an muhabbat g‘unchasi visol xabari bilan ochilayozg‘andek va quruq tomosha bilan kechkan uning oy, yillari bu kun Ra’no gulini iskash bashoratiga noil bo‘lg‘andek edi. Darhaqiqat, buncha yillardan beri maxdumning eshigida qolishi, opasi Nodiraning «Men seni onamning uyiga charog‘chi bo‘larsan, deb so‘yingan edim. O‘z istiqboling uchun qayg‘irmay, bir kishini semirtirib yurishing aqlli yigitlarning ishi emas, Anvar» kabi ta’nalariga bo‘yin egishi va hatto shu uydan siljimaslik fikrida o‘zi tilamagan vazifalarga ham urinishi yana shu bashoratni olish uchun emasmidi?

Istiqbol so‘zini har kim har turlik tushunadir. Anvar o‘z istiqbolini yolg‘iz muhabbat orqaliq ko‘rar edi. Ota-onaning charog‘ini yoqish uchun avvalo o‘ziga bir sham’i hayot topmoqchi va o‘zi sham’siz turib, ota-onag‘a charog‘ yoqishni aslo tasavvur qilolmas, ya’ni istiqbol Anvarning fardi hayotida152152
  Fardi hayot – shaxsiy hayot.


[Закрыть]
yolg‘iz muhabbat edi.

Yigitlar o‘z istiqbollari qayg‘usida yangi bino, yangi ro‘zg‘or tuziydirlar va hatto dunyoda xayoliy ham bo‘lmag‘an rafiqalari uchun kiyim tikdiradirlar… Anvar ersa avvalo Ra’no kabi bir rafiqag‘a ega bo‘lmoqchi va shu vositada boshqa masalalarga qaramoqchi edi.

Anvar Sultonali mirzoga boyag‘i va’dani berib, bu xabar bilan yuragi shopiring‘an holda uyga keldi. Mehmonxonada o‘zini kutib o‘lturganlar bilan nari-beri ishni bitirib, ichkari kirdi. Uning bu kirishi har kundagidek kishi bilmas, tasodifiy emas, Ra’noni ko‘rishdan boshqa yana ma’lum bir ma’noni Ra’nodan o‘qush uchun edi.

Ra’no ayvonning ustuniga suyanib kitob o‘qur, Nigor oyim o‘choq boshida ovqat pishirish bilan mashg‘ul edi. Ra’no o‘ziga qarab kelguchi Anvarga yer ostidan kulimsib olg‘ach, biroz ko‘rinib turg‘an oyoq uchlarini sarig‘ atlas ko‘ylagi bilan yashirdi, atlas ko‘ylakni yaxshig‘ina turtib turg‘an sirlik ko‘kragi ustiga yon o‘rim sochlarini olib tashladi. Anvar yaqinlashg‘ach, sekingina kitobdan ko‘zini olib, «hormang» dedi, yana kitobka yuz o‘girdi. Anvar keldi va uning qo‘lidag‘i kitobka qaradi.

– Umar Xayyom, – dedi va Ra’noning qarshisig‘a, havliga oyog‘ solintirib o‘lturdi. – Qani, o‘qu-chi eshitaylik.

Ra’no kitobni sekingina yopib, Anvarga uzatdi:

– Siz o‘qung, men eshitay.

– O‘zing o‘qi, baxilsan-da.

– Men to‘g‘ri o‘quy olmasam, tunovi kungidek kulasiz…

– Jo‘rttaga xato o‘qub o‘zing kuldirding… O‘qi, Ra’no.

Ra’no kitobni yerga qo‘ydi:

– Men o‘qub zerikdim…

– Manim uchun o‘qub ber, deyapman.

Ra’no yo‘lakka ishorat qildi:

– Dadam kelib qoladi.

– Qayoqdan bu qadar uyatchan bo‘lib qolding?

Ra’no tabassum bilan javob berdi va unda biroz qizarinish belgisi bor edi. Anvar bu holdan bir narsa sezgandek, so‘zni boshqag‘a burdi:

– Kun issiqmi, terlabsan, Ra’no?

Ra’no burni ustidagi bilinar-bilinmas marvarid rezalarini ro‘ymoli bilan artdi.

– Terlashim issiqdan emas, – dedi kulimsirab Ra’no, – boshqa narsadan…

– Nimadan, qani?

Ra’no biroz eski kulavich va munaqqidlik holatiga kirdi:

– Siz beklashkaningizdan beri… sizni ko‘rsam uyaladirg‘an bo‘lib qolibman. Terlashim ham sizdan uyalg‘animg‘a…

– Kesatuq hunaring esingdan chiqdimi, deb turg‘an edim. Har nachuk yodingda ekan. Tag‘in xo‘sh?

– Xon janobning munshiylar munshiysi bo‘lg‘an bir yigitning salobati borlig‘ini kim inkor etsin. Albatta, bu to‘g‘rida kanizingizga haq berarsiz deb o‘ylayman.

– Xo‘b, haq berdik, – dedi kulib Anvar va o‘rnidan turdi. – Basharti, kanizimiz uyalmasalar, bizning ham bir amrimiz bor: amr qilsaq uyalmasmikinlar?

– Amringizga mahjubi inqiyod153153
  Mahjubi inqiyod – yashirincha bo‘ysunish.


[Закрыть]
etishka kanizingiz hozir.

– Kanizlarning o‘z xo‘jalari bilan o‘lturib muomala qilishlari mumkinmi? Amrga inqiyod etishdan ilgari shu to‘g‘rida javob bersangiz…

Ra’no irg‘ib o‘rnidan turdi, go‘yo kanizlardek, ikki qo‘li yonida va boshi ko‘ksida afu so‘radi:

– Inson mushtaq az nisyonast…154154
  Inson mushtaq az nisyonast… – faromushxotirlik ayrim paytlarda inson uchun xos xususiyatdir.


[Закрыть]
Kanizi betamiz hamisha afv-u atog‘a loyiqdir, chunki zarxarid155155
  Zarxarid – qul.


[Закрыть]
xo‘jasig‘a sodiqdir.

Anvar, ochiq va o‘yun-kulgini bir daqiqa ham qo‘yib turolmag‘an parining san’atkor shu vaziyatiga kulimsiragan ko‘yi ancha qarab turdi, ham o‘zining xo‘jaliq ro‘lini buzmay:

– Men sufada bo‘laman, fursat topib yonimg‘a chiq, senga aytadirg‘an maxfiy bir so‘zim bor, – dedi.

Ra’no kanizlar kabi bosh bukib «hozirman» ishorasini berdi va tabassumga moyil jodu ko‘zlari bilan Anvarga ohista bosh ko‘tarib qaradi… Anvar o‘zini zavq ham kulgidan to‘xtatolmag‘an holda tashqarig‘a burulib jo‘nadi. O‘choq boshida mashg‘ul Nigor oyim ham qizining keyingi harakatidan kulib, Anvarga qaradi. Lekin, Ra’no bilan Anvarning doimiy shuningdek o‘yunlarig‘a tushunib qolg‘ani uchun bu to‘g‘rida gap aylantirmadi:

– Oshim pishib qoldi, Anvar, – dedi o‘choq boshidan kulimsib, – sufada bo‘lasizmi?

– Bo‘laman.

– Otangiz asr namozidan chiqib, bir joyg‘a borib kelaman, degan edilar. Sizning oshingizni suzib chiqara beraymi?

– Mayli.

– Tashqarida bolalar ko‘rinsa aytib yuboringizchi.

– Xo‘b.

Anvar maxdumning qayoqqa borib kelishini o‘ylag‘an holda tashqarig‘a chiqdi.

Shomdan bir oz ertaroq edi. Yengilcha bir shamol sufa atrofidagi gullarni erinibkina qimirlatar va bu qimirlatishdan rayhonlarining o‘tkur isi o‘qtin-o‘qtin dimog‘qa kelib urinardi. O‘n ikki-o‘n uch kunlik oy ko‘kning sharqi janubi qismidan tussizgina bo‘lib ko‘tarilib kelmakda, quyosh botqan sayin uning chehrasi har zamon ochilib bormoqda edi. Shahar podasi qaytib, tevarakdan sigir va buzoqlarning ma-a-a-mu-u-u-lari, qo‘zichoq va qo‘ylarning ba-a-a-bu-u-u-lari eshitilib turar edi.

Anvar sufada o‘rda yumishlaridan ba’zisini tahrir qilish bilan mashg‘ul ekan, ichkaridan Ra’no chiqib keldi. Go‘yo Anvar Ra’noning kelishidan xabarsizcha o‘z ishiga qattig‘ berilgan edi. Ra’no ohistag‘ina Anvarning yonig‘a kelib, sufaga suyandi, ikki qo‘li bilan iyagini ko‘tarib, oraliqdan Anvarning tahririga qaradi. Anvar ham muloyimg‘ina kulimsib Ra’noga ko‘z qirini tashlab olg‘ach, go‘yo iltifotsiz yana qalamini qoralab, qog‘oz ustiga bir-ikki kalima yozdi. Ammo uchunchi kalimaga o‘tkanda qalami qo‘lida o‘ylanib qoldi va boyag‘idek yonidag‘ig‘a kulimsib qaradi. Ra’noning ham ko‘zi unga to‘qnashib biroz bir-birlariga kulimsiragan holda tikilishdilar…

– Nega to‘xtadingiz, yoza bering.

– Sening qilg‘an ishing doim shunday, Ra’no.

– Masalan?

– Masalan… Hamisha ish chog‘ida kelib, fikrni bo‘lasan.

– Men orag‘a so‘z aralashtirdimmi?.. Yoza bering, men shunday qarab turaman.

Anvar Ra’noga o‘nglanib o‘lturdi:

– Foydasi yo‘q endi, fikrni o‘g‘irlading.

– Men fikr o‘g‘risi emasman… Qani yozing.

Anvar qo‘lidag‘i yozilg‘an qog‘ozni qo‘yib, ikkinchi oq qog‘oz oldi:

– Endi boshqa narsa yozaman?

– Mayli yozing.

– Sen ham javob yozsang, xo‘bmi?

– Xo‘b.

– Tunovi kundagidek javob topolmasang nima qilay?

Ra’no sufaga oyog‘ solintirib o‘lturib oldi.

– Yuzimga bir shapaloq uring, lekin saj’ qofiyasi oson bo‘lish sharti bilan.

– Ma’qul, – deb kuldi Anvar va Ra’noga qarag‘an holda o‘ylandi. Bu o‘ylanishdan Ra’no qoshlarini chimirib e’tiroz etdi:

– Ko‘b o‘ylamang.

Anvar javob berish o‘rnig‘a qalamini qoralab yozdi:

 
Agar Farhodning Shirin, bo‘lsa Majnunlarning Laylosi,
Nasib o‘lmish menga gulshan aro gullarning «Ra’no»si.
 

Anvarning qalamidan qog‘ozga tushib borg‘an so‘zlarni ta’qib etkan Ra’no, qog‘ozdan ko‘zini olib qizardi va bosh chayqab teskariga qaradi.

– Qani, javob, Ra’no?

Ra’no shu ko‘yi bir oz Anvarga qaramay turdi va qayrilib uning qo‘lidan qalam-qog‘ozni oldi-da:

– Uyat qilmaysizmi? – deb so‘radi.

– Manim yozg‘animni sen uyat qilmasang, men ham sening yozg‘aningni uyat qilmayman. Lekin shart shuki, manim ikki yo‘limg‘a ayni javob bo‘lsin.

Ra’no yana biroz o‘ylanib, Anvardan yashirinchi yozdi:

 
Agar or etsa Layli haqlidir Qaysning jununidin,
Ne baxt, Ra’no, xaridoring talab ahlining «Mirzo»si.
 

Ra’no yozuvni Anvarning oldig‘a tashlab, qizarg‘an va kulimsiragan holatda chopib gullar yonig‘a ketdi. Anvar javobni o‘qub zavqlandi:

– Ofarin, Ra’no, lekin biravning ustida ortiqcharoq mubolag‘a qilibsan.

Ra’no gullar yonidan Anvarga jiddiy qaradi:

– Siz ham mubolag‘a qilg‘an edingiz.

– Maniki mubolag‘a emas, – dedi Anvar, – masalan, sen hozir gullar yonidasan, ham chindan-da, gullarning ra’nosisan… Mana, men yana yoza boshladim; javobg‘a hozirlan, Ra’no.

Ra’no yugurib Anvarning yonig‘a keldi va uning qalamidan tomg‘an so‘zlarni o‘qub bordi:

 
Hamisha xavfda ko‘nglim bu muhabbat intixosidin,
Meni ham etmasa majnun debon Ra’noning savdosi.
 

Ra’no keyingi misra’ni oqub o‘ylanib qoldi. Anvar hozirgi Ra’noning o‘ychan ko‘ziga anchagina tikilib turg‘ach, kulimsidi:

– Javobi qiyin keldimi, Ra’no?

– Qalamni bering, – dedi Ra’no o‘pkalagan qiyofatda qo‘l uzatib, – o‘ylag‘ali ham fursat bermaysiz.

Yozdi:

 
Muhabbat jomidin no‘sh aylagan156156
  No‘sh aylamoq – ichmoq.


[Закрыть]
ahli zako bo‘lmish,
Fununi tibda majnundir kishining kuysa safrosi.
 

– Yengding, Ra’no, yengding, – dedi Anvar, – lekin keyingi misra’da bir xato qilding…

– Masalan?

– Tibning aytishicha, safro emas, qon kuysa, kishi jinni bo‘ladir…

– Qonning buzulishig‘a avvalo safroning kuyishi kerak, safro kuymay turib qon buzulmaydir… Xo‘sh, yana yozasizmi yoki yengildingizmi?

– Yengildim…

– Yengilgan bo‘lsangiz, yutug‘imni bering.

Anvar yuzini tutib berdi. Ra’no bo‘shqina uning yuziga urib qo‘ydi.

– Agar shu gal ham yengsam, – dedi Anvar achinib, – men seni urib o‘lturmas edim…

– Nima qilar edingiz?

– Endi foydasi yo‘q.

– Ayting-da, agar menga ham ma’qul bo‘lsa, urg‘anim hisob emas, bo‘shqina urdim-ku.

– Lekin sen uni qilolmaysan…

– Nega qilolmayman, qani ayting-chi.

– Qilolmaysan… – deb kuldi va biroz aytishka kuchlanib turdi. – Men… men sening yuzingga qo‘lim bilan emas, og‘zim bilan urar edim…

Ra’no qizarib yerga qaradi. Yuzga og‘iz bilan urishni ul o‘z umrida birinchi martaba eshitkanligi uchun qizarishqa va yerga qarashg‘a haqli ham edi. O‘zining yozg‘an muhabbatka oid she’rlari va Anvarga bergan haligidek javoblari bilan chin bir mahbuba va ma’shuqa bo‘lib ko‘rinsa ham, lekin keyingi gaplarga hanuz oshna emas va yuzga og‘iz bilan urishlardan tamom begona edi. Bu gap Anvarning ham birinchi jasorati bo‘lib, ikkisi-da shu «yangilik»ning o‘ngg‘aysizlig‘ida qoldilar.

Gumbazi niligun qandilida sham’i kofuriylar yoqila boshlag‘an edi. Oy ham biroz nurlanib, turmushka yangi qadam bosqan bu ikki yoshning hozirgi hollaridan kulimsigandek ko‘rinar edi. Boyag‘idan birmuncha ku-chayatushkan shamol gulni gulga qovishtirib, go‘yo bu ikki yoshg‘a: «Siz ham mana shu gullar kabi qovishing» degandek bo‘lar edi. O‘ng‘aysizliqda qolg‘an Ra’no xijolat aralash Anvarga kulimsib bosh ko‘tardi.

Внимание! Это не конец книги.

Если начало книги вам понравилось, то полную версию можно приобрести у нашего партнёра - распространителя легального контента. Поддержите автора!

Страницы книги >> Предыдущая | 1 2 3 4 5 6 7
  • 0 Оценок: 0

Правообладателям!

Данное произведение размещено по согласованию с ООО "ЛитРес" (20% исходного текста). Если размещение книги нарушает чьи-либо права, то сообщите об этом.

Читателям!

Оплатили, но не знаете что делать дальше?


Популярные книги за неделю


Рекомендации