Электронная библиотека » Abdulla Qodiriy » » онлайн чтение - страница 4

Текст книги "Mehrobdan chayon"


  • Текст добавлен: 16 мая 2023, 13:42


Автор книги: Abdulla Qodiriy


Жанр: Современная зарубежная литература, Современная проза


сообщить о неприемлемом содержимом

Текущая страница: 4 (всего у книги 20 страниц) [доступный отрывок для чтения: 7 страниц]

Шрифт:
- 100% +

13. TANIYSANMI, SHU JAJJI QIZNI?

Falakmi kajraftor, turmushmi bemaza, harholda Anvarlarning tole’i yana pastlik qildi. Bir kun Anorbibi biravnikida yumush qila turib to‘sindan og‘rib qoldi, bir soatning ichida tilidan ham ayrildi. Zanbilga solib o‘z uyiga keltirib tashladilar. Bolalarning fig‘oni falakka chiqdi. Kuyavi tabibga yugurdi. Natijada yurak falajiga yo‘liqqani ma’lum bo‘lib, shu kun kechasi hatto uch qo‘dagi to‘g‘risida bir og‘iz vasiyat qilolmay vafot etdi. Mozorg‘a eltdilar. Tobut oldida ikki og‘asi bilan olti yoshliq Anvar ham yig‘lab bordi.

O‘n bir yoshliq Temir, to‘qqiz yoshliq Qobil va Anvarlarni tarbiya qilish og‘irlig‘i Nodiraning ustiga tushdi. Marhuma onasining yodgorlari bo‘lg‘an bu uch bolani begonalar qo‘lida xor qilib qo‘yishni Nodira istamasa ham, erining faqirlig‘i bunga mone’ edi. Ta’ziya kunlari o‘tkandan keyin o‘g‘ulliqqa deb so‘rag‘anlarg‘a ikki bolani berib yubordi va Anvarni o‘zi bilan olib, onasining qaqir-ququrlarini bir aravaga ortib erining uyiga keldi.

Nodira onasi o‘rniga Anvarning boshini siladi, yuvib-taradi va Anvarning istiqboli uchun qayg‘urdi. Otasi va o‘z erining kasblariga yaxshi baho bermagani uchun Anvarni boshqa kishi qilmoq fikriga tushti. Uni o‘qutmoqchi, hatto madrasalarga yubormoqchi va shu yo‘sun mullaliq darajasiga yetkuzib, otasining uyiga charog‘chi qilmoqchi edi. Anvarni o‘zlari turg‘an mahalladan bir guzar nari bo‘lg‘an Solih maxdumning maktabiga berdi. Anvar «taxta»dan o‘qush boshladi, zehnining tiniqlig‘idan bo‘lsa kerak, o‘n bir yoshida savodi chiqayozdi. Biroq o‘qishda qancha baxtli bo‘lsa, peshanada o‘shancha baxtsiz edi. Shundog‘ki, Nodira ikki bolaliq bo‘lg‘an edi. Eri: «Ukangga yedirib-kiydiraymi yoki o‘z bolalaringnimi? Ukangni kishiga shogird berib yubor», deb Nodirani qistashg‘a turdi. Bechora Nodira og‘ir holda Anvarni kishiga shogird berib, o‘qushini zoye’ qilishg‘a ko‘zi qiymaydir, eriga muqobala uchun hech bir mantiq topolmaydir. Chunki erining holi o‘ziga ma’lum. Shu yo‘sun yana bir yil o‘tib, Anvar to‘g‘risida eri bilan achchig‘-tiziq bo‘lg‘an bir kun paranjisini yopinib ko‘chaga chiqdi va to‘g‘ri Solih maxdumning uyiga bordi. Shu vaqtlarda Solih maxdumning onasi Marg‘ilong‘a ketmagan edi.

Nodira Mohlar oyimg‘a yig‘lab hasrat qildi. Hamma sarguzashtlarini birma-bir so‘zladi. Shu bola uchun eridan chekkan izolarini chizib:

– Ulug‘ dargohlaringizga shu yatim bolaning umri zoye’ bo‘lmasmikin, o‘qushi juvanmarg qilinmasmikin, deb keldim. Bir parcha nonlaringizni ayamay, yatim boshini silasalaringiz, deb keldim, – dedi.

« Qush tilini qush biladir», deganlaridek, Nodiraning samimiy arzi bandachiligi Mohlar oyim bilan Nigor kelinning yuraklarini ezdi va shu onda Mohlar oyim maktabxonadagi bolalar ichidan Anvarni chaqirtirib oldi. Anvar kelishkan, do‘ndiq bola edi.

– Domlasi maqtaydirg‘an o‘zimning zehnlik bolam-ku,– dedi Mohlar oyim Anvarni ko‘rishi bilan va Nodira– ga taskin berdi.

– Xo‘b, qizim, xo‘b, pochchasi boqmasa boqmasin, men o‘zim boqaman, o‘qutib katta mulla qilaman.

Anvar pochchasining keyingi kunlardagi dag‘al muomalalari sababini o‘ylab, xafalanib yurar edi. Mohlar oyimning haligi so‘zi bilan masalaga tushundi va yatimona boshini quyi soldi. Bu holdan opasi ta’sirlanib, ko‘ziga yosh oldi.

– Yig‘lamang, juvon, – dedi Mohlar oyim, – yo‘qliq qursin – yo‘qliq. Pochchasi kambag‘al bo‘lsa, unda ham gunoh yo‘q, hamma gap taqdiri azaldan. Yaxshi: bu kundanoq bola siznikiga bormaydir, o‘z yonimda o‘g‘lim bo‘lib yotadir. Oting nima, katta yigit?

– Anvar…

– Oh, oting ham o‘zingga o‘xshash chiroylik ekan… Manovi do‘ndiq qizni taniyasanmi?

Shu o‘rtada o‘ynab yurg‘an olti yoshlar chamaliq Ra’no yugurib kelib, Mohlar oyimning bag‘rig‘a kirdi. Anvar o‘zidan ham do‘ndiqroq Ra’noga qarab kuldi:

– Ra’noxon, – dedi.

Mohlar oyim Ra’noni bag‘ridan chiqarib buyurdi:

– Bor, Anvar akangga salom qil!

Ra’no kelinlarcha Anvarga salom qildi va jazb qiling‘andek Anvarning yaqinig‘a borib to‘xtadi.

– Ko‘rish, Anvar! – dedi oyim.

Anvar Ra’noni bag‘rig‘a olib quchoqladi. Shu holda Mohlar oyim kulimsidi.

– Agar o‘lmasam, shu do‘niq qizimni berib, Anvarni o‘zimga kuyav qilaman.

Anvar uyalib bag‘ridag‘ini bo‘shatib yubordi. Xotinlar kulishdilar. Shu yo‘sun Nodira Mohlar oyimdan juda xursand bo‘lg‘ani holda uyiga qaytib ketdi.

O‘z uyida bir nonxo‘r ortishi maxdumga, albatta, yoqmas edi. Biroq, onasining ra’yini qaytarishdan ham ojiz edi. Shundog‘ ham bo‘lsa, “tomog‘i-ku, yengil, kiyimi og‘irroq. Kiyimini opasining ustiga qo‘ymabsiz-da” – dedi. Mohlar oyim “Kiyimi bir gap bo‘lar. Kishilar masjid, madrasa solg‘anda, biz bir yatim boqsaq, arzimaydimi? Senga og‘irliq qilsa, o‘z bisotimdan kiyintirarman, bolam”, – dedi.

Anvar o‘n ikki yoshida uchunchi oilani ko‘rdi. Lekin bu oxirg‘isi Anvar uchun har jihatdan ham qulay bo‘ldi: o‘qushini davom etdirar, qorni panjshandalik nonlar bilan to‘q, ust-boshi yamoq bo‘lsa ham, yalang‘och emas edi. Bu uchunchi oilaga ko‘chishda Anvarni eng xursand qilg‘an narsa maktabdagi bolalarning ozor berishlaridan qutilishi va domlaning asrandi o‘g‘li maqomini olishi bo‘ldi. Bolalar uni ehtirom qilmasalar ham unga burung‘icha yomon muomala qilishdan hayiqib qoldilar. Anvarga bu uyda ortiqcha yumish ham yo‘q, chunki har qancha uy xizmatlari maktab bolalaridan ortmas, o‘qushdan bo‘shag‘an vaqtini Ra’noni o‘ynatib kechirar edi.

O‘n uch yoshida maktab pro‘g‘rammasini bitirib, yosh bo‘lsa ham xalfalik, ya’ni domlag‘a ko‘makchilik qila boshladi. Va har kun bolalar ozod bo‘lg‘andan keyin maxdum unga kofiyadan8787
  Kofiya – arab tili grammatikasi.


[Закрыть]
dars berar va “Gulistoni” Sa’diydan bir necha band o‘qutib, ma’nosi bilan yodlatar edi.

O‘n besh yoshida maktabni yolg‘iz o‘zi idora qilish darajasiga yetkanidek, yaxshig‘ina forsiyxon va bir daraja arab tiliga oshno bo‘ldi. Maxdum mundan bir necha vaqt ilgarilar Anvarni madrasaga uzatish to‘g‘risida so‘zlanib yursa ham, hozir bu gapni og‘zig‘a olmay qo‘ydi. Chunki maktab ishida yalqovlanib Anvarga suyanib qoldi va madrasa masalasini unutdirish maqsadida, arab, fors nahv sarfidan8888
  Nahv – sintaksis, sarf – morfologiya.


[Закрыть]
o‘zi dars berishka kirishdi.

Maxdum Anvarga shu jihat bilan inoq edi. Ammo Mohlar oyimning Anvar bilan muomalasi xolis va samimiy bo‘lib, ul Anvarga o‘z bolasidek mehribon va har vaqt: “Ko‘nglingni buzma, Anvar yigit; ko‘rasanmi shu jajji qizni? Albatta senga berdiraman!” der edi. Lekin Mohlar oyim va’dasiga yetalmadi. Maxdumdan arazlab Marg‘ilon ketishka majbur bo‘ldi. Biroq, ketar chog‘ida ham Anvarni unutmadi. Nigor kelinni o‘z yonig‘a chaqirib: “Kuyavlik uchun Anvardan yaxshiroq yigitni topolmassiz, Ra’noga xudoyim umr berib, bo‘yi yetsa, albatta Anvarga berdirgin” – dedi.

14. CHIN O‘RTOQ

Anvar yoshlig‘ida bo‘shangg‘ina bir bola edi. O‘z tenggi bolalar bilan oz aloqa qilar, ularga kam aralashar va ortiqcha o‘ynab-kulmas, hamisha uning ko‘zida bir mung yotar edi. Bu holat balki oila baxtsizligidan, ota-ona bag‘rida yayramag‘anliqdan tug‘ilg‘andir, desak, uning ikki og‘asi munday emas edilar. Bir onadan necha xil bola tug‘iladir, deganlaridek, Anvarning yaratilishi og‘alarig‘a nusbatan boshqacha edi. Maxdumning uyida tura boshlag‘ach, Anvarda biroz o‘zgarish ko‘rildi. Shunda ham bolalar bilan aloqasini eskicha yurutib, faqat Ra’no yonidag‘ina o‘yin-kulki bolasig‘a alishinar, Ra’noni yetaklab boqchag‘a, ko‘cha-dagi katta suv bo‘ylarig‘a chiqib hamrohini boqchadag‘i gullarning ismi, uchib yurg‘an qushlarning nav’i, katta oqar suvlar va ayniqsa Ra’no kabi yosh qizchalar uchun bu suvlarga yig‘ilish xavfi va shuningdek, boshqa masalalar bilan uni tanishdirar, ko‘chada o‘lik ko‘targanlarni ko‘rsa, birarta bolaning otasi yoki onasi o‘lganligini so‘zlab, buning orqasidan: “Menim ham onam o‘lganda o‘shanboq qilib ko‘targan edilar… Men ham shu boladek mozorg‘a yig‘lab borg‘an edim”, deb qo‘yar edi. Ra’no ham Anvarning so‘ziga diqqat bilan quloq solar va ko‘pincha hisobsiz savollar ila uni ko‘mib tashlar, lekin Anvar zerikmas, har bir so‘roqqa javob berib, Ra’noni qanoatlandirishg‘a tirishar edi.

Anvar yosh bo‘lsa ham jiddiy va kichkina miyasi muhokamaga qobil, boshqa kishilar ustiga tushkan baxtsizlikdan ham mutaassur bo‘lg‘uchi edi.

Bola chog‘idanoq eng yaxshi ko‘rgan narsasi gulzor va undagi gullar edi. Maxdumning oilasiga kelib tura boshlag‘andan so‘ng boqchaning gulzor qismini o‘z idorasi ostig‘a oldi. Gullarni sug‘orish, o‘tlarni yulib, tozalash vazifalarini o‘zi bajardi. Gullardan hech kimga uzdirmas, bir bolaning uzib olg‘anini ko‘rsa, o‘zi xafa bo‘lg‘anidek, bolani ham xafa qilar edi. Bolalarning daragi bilan har kimning uyida bo‘lg‘an yangi gullardan ko‘chat va urug‘ olib, yildan yilga gulzorni boyitdi. Yoz kunlari kelsa, bolalarni kapalak va oltin qo‘ng‘uz tutib kelishka buyurar; qiynamay, ozor bermay zahasiz kapalak tutib kelganlarga sabog‘ini o‘qutib qo‘yish bilan mukofot berar, kapalak va oltin qo‘ng‘uzlarni gulzorda uchurib yuborar, agar ular gullarga qo‘nib qolsalar, o‘zida yo‘q so‘yunar edi. Shuning uchun aksar yoz kunlari maxdumning boqchasi oq, nimrang, ola, zangor, malla, lojuvard va boshqa tus kapalaklarning yal-yult uchishlari bilan alohida bir ko‘rinishka kirar, Anvarning o‘qushdan bo‘shag‘an kezlari gullar ichida va shu kapalaklar orasida kechar edi.

Anvar har kim uchun ham so‘yimlik va xushmuomalasi barchaga barobar edi. Ammo ayniqsa xush ko‘rgan kishilaridan birinchisi Ra’no va ikkinchisi maktabdagi shogirdlardan saboqdosh sherigi Nasim ismlik bola edi. Nasim bilan Anvar juda yaqin do‘st, bir-birini onglag‘uchi sirdosh o‘rtoq edilar. Garchi Nasimning otasi Qo‘qonningg‘ina emas, butun xonliqning tanilg‘an kishilaridan va bu ikki bolaning sinfiy ayirmaliqlari yer bilan ko‘kcha, lekin yosh do‘stlar buning farqig‘a yetmaslar, Nasim “xonning mirzaboshisining o‘g‘liman”, deb havolanmag‘anidek, Anvar ham “Salim bo‘yoqchining yatimi, Solih maxdumning asrandisiman”, deb andisha qilmas edi. Bu ikki bola bir joyda suhbatka kirishsalar, chetdagi bir kishi Anvarni yirtiq bo‘z kiyimlar ichida va Nasimni shohi-adraslar bilan g‘arq holda ko‘rib, albatta “bu gadoybachcha bilan bekbachchaning o‘zaro nima munosabatlari bor?” deb taajjublanar, lekin do‘stlar hali buning ayirmasini idrok qilmaslar edi.

Aksar jum’a kunlari maxdumdan izn olib, Anvar shu o‘rtog‘ining uyiga borar, kechkacha Nasim bilan “suhbatlashib” qaytib kelar edi. Anvar shu munosabat bilan Nasimning otasi Muhammad Rajab poygachining iltifotiga noil ham bo‘ldi. Nasim o‘rtog‘i Anvarning yatimlig‘ini otasig‘a bildirib, majbur qilg‘an bo‘lsa kerak, bir necha hayit mavsumlarida Muhammad Rajabbek Anvarga kiyimlar ham berdi. Bu iltifot ikki do‘stning aloqalarini bir-birlariga yana qattig‘roq bog‘ladi, ayniqsa, maxdumning dimog‘ini chog‘ qildi. Zero, Anvarning, Muhammad Rajab kabi bir kishining o‘g‘li bilan do‘stlashishi bir kamolat bo‘lg‘anidek, do‘stliqning hatto sarpolar kiyishkacha borib yetishi maxdumning nazarida yana ayni fazilat edi… Shu sarpo kiyish voqi’asidan so‘ng maxdum Anvarga boshqacha qarab qoldi va ichidan “sen odam bo‘ladirg‘an ko‘rinasan”, deb qo‘ydi.

Baxtka qarshi, bu do‘stliq aloqasi izoq davom etalmadi. Bir kun oradag‘i do‘stliq rishtasini o‘lim yag‘mogari kelib uzdi. Nasim o‘n besh yoshlar chamasida chechak kasali bilan og‘ridi va o‘sha kezlarda davosiz hisoblang‘an bu kasaldan o‘nglalmay vafot qildi. Muhammad Rajabbek va oilasi uchun bu musibat, albatta, og‘ir edi. Biroq, ulardan ham Anvar uchun og‘ir bir hasrat bo‘ldi. Hatto, ko‘z yoshini marhumning ota-onasidan ham ko‘broq Anvar to‘kdi desak, mubolag‘a qilmag‘an bo‘lurmiz. Uch kun maktab va maxdumni unutib, Muhammad Rajabbek havlisida turib qoldi. Har oqshom Nasimning qabri ustida bir soatlab yig‘lab o‘lturdi. Bu yoshning samimiy chin do‘stlig‘i va o‘rtog‘ig‘a sadoqati har kimni taajjubka qo‘ydi.

Anvarning birinchi martaba marhum do‘stiga atab yozg‘an marsiyasi motamlik ota-onani yana bo‘zlatqan edikim, biz marsiyadan bir necha misra’ini quyida ko‘rsatamiz:

 
Ochilmay so‘lsa har gul g‘unchasi pir-u juvon8989
  Pir-u juvon – keksa-yu yosh.


[Закрыть]
yig‘lar,
Emas pir-u, juvon, balki hamma ahli jahon yig‘lar.
 
 
Ajal yag‘mogari bog‘i zako9090
  Bog‘i zako – aql bog‘i.


[Закрыть]
ichra uzib zanjir,
Rahmsiz ezsa ma’sum lolalarni, chun xazon yig‘lar.
 
 
Nasimim ketdi olamdin meni g‘ayg‘u aro tashlab,
Ko‘zimdin oqsa xun hech bir ajab yo‘q, chunki qon yig‘lar.
 
 
Jahonda erdi tanho men yatimga hamnishin, dildor,
G‘ariblikning diyorida adashkan notavon yig‘lar…
 

Mulla Muhammad Rajabbek poygachi o‘g‘lining sodiq do‘stiga shu kundan e’tiboran boshqacha qarab qoldi. Bir jihatdan ma’sumiyat, ikkinchidan ko‘rinib turg‘an iste’dod Muhammad Rajabbekni Anvarga iltifot etishka majbur qildi. Garchi Anvarning yuqoridag‘i marsiyasi bolalik xarxashasidan iborat edi ersada, yana uning istiqbolidan xabar olish uchun yaxshi mezonliq vazifasini ham o‘tar edi.

Mulla Muhammad Rajabbek avvalo o‘z iltifotini An-varning marsiyasidan bir baytini Nasimning qabr toshig‘a olish bilan boshladi. So‘ngra Anvarning “dunyoda men yatim o‘rtog‘ingg‘a tanho sirdon va dildor (ko‘ngil ko‘tar-guchi) eding. Bu kun men sendek do‘stdan ayrilib, yana g‘urbat diyorida notavon yig‘layman!” deb afsus va nadomat qilishig‘a qarshi, ya’ni Anvarning yatimlik va g‘aribligiga yo‘l qoldirmasliq uchun mulla Muhammad Rajabbek o‘g‘li-ning sodiq do‘stiga o‘z otalig‘ini ko‘rsatmakchi bo‘ldi.

Anvar uch haftagacha xatmi qur’on kechlari Muhammad Rajabbek uyiga kelib turar edi. Oxirg‘i xatmi qur’on kechi Muhammad Rajabbek Anvardan ahvol so‘radi:

– Domlangiz salomatmi?

– Shukur.

– O‘qushingiz yaxshimi?

– Birmuncha.

– Domlaning uyida turasiz?

– Taqsir.

– Siqilmaysizmi?

– Yo‘q.

– Ilmi hisob o‘qug‘aningiz bormi?

– Yo‘q, taqsir.

– Domlangiz ilmi hisobni bilurmikin?

– Bilmaslar deb o‘ylayman.

– Agar men bir domla ta’yin qilsam, hisob o‘quysizmi?

– Ustozim ruxsat bersalar, albatta o‘quyman.

– Xo‘b… bo‘lmasa erta kechka domlangiz shu yerga kelib, menga uchrashsin.

– Xo‘b, taqsir.

Ertasi kuni maxdum keldi, Muhammad Rajabbek maxdum bilan so‘zlashib, Anvarni o‘rda xizmatiga olish fikrida bo‘lg‘anlig‘ini, buning uchun arabcha, forsiychadan yana ham chuqurroq ma’lumot olishi lozimlig‘ini va hisob o‘rganishi kerakligini aytdi. Maxdum Muhammad Rajabbekning Anvarga munchalik marhamati uchun bir– oz shoshib qolsa ham, lekin bu mehribonchilik sababiga yaxshi tushunganligi jihatdan avvalo bekning yatimparvarligini, so‘ngra Anvarning zako va iste’dodini maxtadi. Anvarni odam qilish yo‘lida chekkan o‘z mashaqqatlarini ham shikoyat yo‘sunida so‘zlab chiqg‘ach, bu kunlarda ehtimomi tom9191
  Ehtimomi tom – butun diqqat bilan.


[Закрыть]
birlan Anvarga fors va arabiydan dars berib turg‘anini va alhol ham Anvar forsiycha tazkira va tahrirlar yoza olishini bayon qilib, necha xil uzrlar ichida o‘zining ilmi hisobdan bahrasizligini bildirdi, ya’ni Anvarning ilmi hisob o‘rganishi uchun boshqa muallim kerak bo‘lur, dedi. Muhammad Rajabbek bu to‘g‘rig‘a o‘zi domla topmoqchi bo‘lib maxdumga ruxsat berdi.

15. MAXDUMNING BAXTI

Shu kundan boshlab Anvarning hayotida yangi sahifa ochiladir. Ya’ni maxdum Anvarga ilgarigicha – istiqboli qorong‘u bir yatim, deb qaramay, balki Anvar kabi o‘z o‘g‘li bo‘lmag‘anig‘a o‘kuna boshlaydir. Darhaqiqat, uning o‘kunishiga arziydirgan chigil masalalar ham tug‘uladirkim, masalan: Anvar o‘rda xizmatiga kirib qolsa, oyig‘a besh tillo, o‘n tillo naqdina daromad qilib tursa, bu mablag‘lar…

Shunday istiqboldag‘i bu “mablag‘lar” masalasi maxdumning ichini ari bo‘lib talaydir. “O‘n yoshdan beri o‘qutib, yedirib, kiydirib kelaman: albatta, daromad manim haqqim bo‘lur”, deb o‘ylasa ham, bu hukmidan o‘zi uncha rozi bo‘linqiramaydir. Harholda masala chigil…

Mohlar oyimning Ra’noni Anvarga berish to‘g‘risidagi “ahamiyatsiz” so‘zlari o‘sha vaqtlarda maxdumning ensasini qotirg‘an bo‘lsa, hozir shu haqda chinlab o‘yladig‘ina emas balki “haligidek Anvarning baxti ochilib ketsa, nima malomati bor. Yatimlik ayb emas, inson uchun fazl-u kamol lozim, kulib turg‘an baxt hojat, nasl-u nasabning hech ahamiyati yo‘q. Ra’noning husniga har kim ham tahsin qilur: Anvar albatta yo‘q demas… Bu borada mol va jonni bir qilishdan boshqa maslahat yo‘q”, degan qarorg‘a daf’atan kelib qoldi. Mundan birar oylar ilgari Nigor oyimg‘a: “Anvar balog‘atg‘a yetayozdi. Sen bilan Ra’noga shar’an nomahram, undan qochishlaring lozim”, degan bo‘lsa ham, bu buyruq hozirg‘acha amalga oshmag‘an edi va bundan keyin ham amalga oshmaydirg‘an bo‘ldi. Zero, maxdumning fikricha Anvarga og‘ir tuyulish ehtimoli bor edi…

Anvar Muhammad Rajab poygachi tarafidan belgilangan bir muftida hisob, insho (tahrir) qoidalarini o‘rgana boshladi. Maxdum ham jon otib arab va forsiydan ta’limni kuchaytirdi. Anvar bir yil ichida hisobni o‘rgandi. Va boshqa darslarida ham yaxshi muvaffaqiyat qozondi, ham shu ko‘klamdan e’tiboran har kun o‘rdag‘a borib, Muhammad Rajab munshiy qo‘l ostidag‘i mirzolar yonida daftardorliq, nomanavislik usullarini tajriba qila boshladi. Bir yil chamasi maoshsiz tajriba ko‘rdi. Shunda ham hafta sayin Muhammad Rajabbek o‘z kissasidan uch-to‘rt tanga choy puli berib turar edi. Anvar shu arzimagan uch-to‘rt tangani ham maxdumning qo‘lig‘a keltirib berar va hafta sayin o‘ziga ustozining umidini kattaroq bog‘latib borar edi.

Anvar bir yillik tajribada o‘rdadag‘i daftardorliq, forsiycha va turkcha nomanavislik9292
  Daftar va nomalar har ikki tilda yuritilar edi (mual.).


[Закрыть]
hunarlarini tamoman deyarlik o‘r-ganib tajribalik mirzolar qatorig‘a kirdi. Sarmunshiyning og‘zidan chiqqan ma’noni tartibka solib noma, yorlig‘ yoki boshqacha bir tazkirani tahrir qila olar, mirzolar jumlani g‘alat ifoda qilib, sarmunshiydan aksar tanbeh eshitkanlarida, Anvar bunday tanbehka juda siyrak uchrar edi.

Ikkinchi yildan boshlab yetti tillo mohona9393
  Mohona – oylik.


[Закрыть]
bilan maoshliq mirzolar qatorig‘a o‘tdi. Mahonadan tashqari soliqlardan ham darxonliq9494
  Darxon – ozod etish.


[Закрыть]
qog‘ozi oldi. Soliqlardan darhonliq maxdumning ro‘zg‘orig‘a katta yengillik edi. Chunki so‘ngg‘i yillarda xonliq tomonidan xalq ustiga tushkan va tushib turg‘an soliqlar behad va to‘lab bo‘lmasliq edikim, bu haqda kelasi boblarimizda so‘z bo‘lur. Shu xursandlik barobarida birinchi oyning yetti tillosi yaxlit holda maxdumning qo‘lig‘a tegishi go‘yo to‘y ustiga to‘y edi. Domlaning yetti tilloni olg‘andag‘i holini tasvir qilish, albatta qiyindir; ko‘zlari g‘ilaylashqan, aftida qiziq o‘zgarish ko‘rilib, o‘g‘zining tanopi uzoq sayohatni ixtiyor qilg‘an – “habba… hosiling durust, Anvar bolam, lekin pulga ehtiyot bo‘l, bo‘tam!” – degan edi. Yetti tilloning qo‘ldan chiqish xabari Nigor oyimning qulog‘ig‘a yetishkach, Anvardan ranjidi: “Hamma, pulingni domlangg‘a chakki beribsan, Anvar, ustboshingni, ko‘rpa-yostig‘ingni, ortib qolsa Ra’no ukangning ustini tuzatishing kerak edi. Domlang tuflab tugishdan boshqani koshqi bilsa!” – dedi.

Maxdum yetti tillo “naqdina”ni olib qancha shodlang‘an bo‘lsa, o‘shanchalik tashvishka ham tushdi. Uning fikricha, zamona yomon, buzuqilar benihoyat; mumkinki, Anvarni o‘zidan aynatib og‘zi oshqa yetkanda, boshini toshqa tegdirsalar… Ra’noni Anvarga nikohlab boshini bog‘lab qo‘yaymi, deb o‘yladi. Biroq, Ra’no hali o‘n bir yoshda edi. Ikkinchi kun Anvar ishdan qaytib kelgach, maxdum uni boqchag‘a olib kirdi. Boqchadan kungay ham ko‘krak bir o‘runni ko‘rsatdi:

– Ana shu yerga senga atab bir uy, bir ayvon, oshxona va axtaxonasi bilan imorat solsam deyman… Habba, Anvar? – deb so‘radi. Anvar kuldi:

– Imoratka elli tillodan kam pul yetmaydir. Manim bo‘lsa bir pulim yo‘q. Bo‘ladirg‘ani ham fotiha berguningizcha albatta sizniki va oyimlarniki, – dedi.

– Habba… himmatingga! – deb yubordi maxdum, – albatta-ku, shunday va lekin o‘sha niyatlaringdan keyin boyag‘idek alohida pul yig‘sang deyman-da… Albatta, bu gap uch-to‘rt yilsiz emas-da.

Shu vaqt Ra’no narida bola ko‘tarib turar edi. Maxdum Ra’noni o‘z yonig‘a chaqirib, unga ham haligi o‘runni ko‘rsatti:

– Habba… mana shu yerga Anar akangga uy solib beramiz. Ra’no. Bu senga qalay o‘xshaydir, qizim?

Ra’no otasining so‘ziga tushunmadi:

– Anvar akamning yotadirg‘an mehmonxonasi borku, – dedi.

– Xe-xe-xe, bolasan, qizim bolasan, – deb kuldi maxdum. – Anvar akang tokay mehmonxonada yotadi deysan. Axir bir kun uylanadi, bamisoli sen bo‘lsang erga tegasan… Axir uy kerakda, qizim.

Bu so‘zdan Anvar qizarib ketdi. Ra’no Anvarga qarab oldi va dadasiga achchig‘ qilg‘an kabi burulib ichkariga jo‘nadi. Maxdum Anvarga ustaliq bilan bir ma’noni onglatib, ta’minot berganidek, buzuqilarning vasvasasiga qarshi dam ham solg‘an edi… Bu dam solish Anvarga ham ta’sirsiz qolmadi. Shu kungacha Ra’noning yosh, ma’sum husniga umidsiz qaraydirg‘an bo‘lsa, bundan keyin unga umid va istiqbolning shirin xayollari bilan termuladirg‘an bo‘ldi.

Maxdum o‘zining chekkan tashvishida haqli bo‘lib chiqdi. Anvarning tevaragida “xolis” maslahatgo‘lar ham ko‘rinishib qoldilar. Ayniqsa bu “xolis”lardan biri pochchasi edi. Pochchasi yetti tillo daragini eshitib entikdi. Erining tazyiqi ostida Nodira ham kengashka turdi.

– Pochchang, bizning havlig‘a kelib tursin, o‘zim uylantirib qo‘yaman, deydi.

Anvar boshqalarning kengashiga quloq solmag‘anidek, opasining so‘ziga ham iltifot qilmadi. Maxdum javob bermaguncha bu uydan ketmasligini bildirib, faqat pochchasig‘a yordam berib turish va’dasi bilan opasini tinchitdi.

Anvar ikkinchi oy maoshidan uch tilloni o‘zida qoldirib, uyga kiyim-kechak olish uchun izn so‘rag‘an edi, maxdum “shu ish chakkida, bolam. Xayr, bundan so‘ng shu noma’qulchiliq bo‘lmasin!” – deb arang ko‘ndi. Anvar Nigor oyim, Ra’no va o‘ziga kiyimliklar sotib oldi. Nigor oyim sholpar, Ra’no atlas kiydilar.

Nigor oyim Anvarning pinjiga kirib olib, o‘z yo‘lig‘a sola boshladi. Maoshining hammasini maxdumga bermaslikka, shunga o‘xshash kam-ko‘stlarga ham yaratib turishg‘a undar edi. Anvarning andishasini rad qilib: “Har qancha bersang ham dadasi ola beradir. Lekin berganingni sen bilan bizga misi ham yuqmas. Shunday bo‘lg‘andan keyin, ishni o‘ylab qilish kerak”, der edi. Chunki Nigor oyim erining Anvarga qattig‘ botina olmaslig‘ini sezar edi. Shunday bo‘lsa ham Anvar yetti-sakkiz oyg‘acha topqanini maxdumga berib, duosini olib turdi. Lekin maxdum shunchalik daromad bilan ham eski tabi’atini bir zarra o‘zgartmas, hamon eski tos, eski hammom: har kun suyuq osh, xudo yorlaqag‘an kun ozodliqning palovi, shunda ham Anvar kech kelib sovig‘an oshni yer, uyda issig‘ non yopilmas, hamisha panjshanba kun yig‘ilg‘an non suvi qochib, taraqlab kelasi panjshanbagacha kafolatni o‘z ustiga olar edi. Bora-bora Anvar ham bu holdan siqilib, Nigor oyimning kengashicha ish qilmoqqa majbur bo‘ldi. Oltin berib quruq duo va minnatdorchilik olishdan, duosiz yeb-ichishni a’lo ko‘rdi. Uyga go‘sht va boshqa masallig‘ olib berib, xohlag‘an taomini buyurib turdi; o‘zi yaxshi kiyinganidek, Nigor oyim, Ra’nolarni ham yaxshi kiyintirdi. Nodira opasig‘a, jiyanlariga kiyimlar olib berdi; ikki tilloni Marg‘ilonda og‘rib yotqan Mohlar oyimg‘a sovg‘a-salom qilib yubordi.

Bu o‘zgarish maxdumni dovdiratib qo‘ydi va qo‘rqa-pisa “bu oy xarojatlabsizmi, bolam?” – deb so‘rag‘an edi, “kam-ko‘stlarni tuzatib oldiq” – degan javobni berdi. Ikkinchi oyda, ko‘rpa-yostiqlarni tuzatib, maxdumning ko‘zi to‘rt bo‘la bergach, ikki tilloliq “xolis” duo ham olib qo‘ydi. Lekin maxdum bu holdan ancha shoshqan edi. Birar shayton yo‘ldan ozdirdimi, deb astag‘firulloh o‘qur edi. Anvarning eskicha ochiq yuz bilan muomala qilib faqat “naqdina” vajhidangina dam bo‘lib qolishi, topqanini “bemaza” ovqatlarg‘a, kiyim-kechak va boshqa “behuda moloya’ni”larga9595
  Moloya’ni – qiymatsiz narsa.


[Закрыть]
sarf qilishi maxdumni ko‘b tanglikka solg‘an edi.

– Bo‘tam Anvar, – dedi bir kun maxdum, – dunyo degan ko‘b noyob narsa; kishining bir kuni bo‘lsa yig‘lab-sixtab o‘tib keta beradir, illo, zar qadriga yetish kerak… menda bo‘lsa o‘zingda turg‘andek gap, bolam.

Bunday “muassir” nasihatlar ham Anvarga kor qilmadi. Chunki Nigor oyim va Ra’nolar bilan bu to‘g‘rida qat’iy bitishib qo‘yg‘an edi. Shu bilan birga maxdumning oyliq vazifasini ikki tillodan ham kamaytirmadi. Inson har narsaga qobil… bora-bora maxdum shunga ham qanoat qiladirg‘an bo‘lib, hisob-kitobni esidan chiqardi. Biroq, oy sayin ikki tilloni olg‘anda “qolg‘ani” to‘g‘risida biroz yuragi achishib qo‘yar edi.


Страницы книги >> Предыдущая | 1 2 3 4 5 6 7 | Следующая
  • 0 Оценок: 0

Правообладателям!

Данное произведение размещено по согласованию с ООО "ЛитРес" (20% исходного текста). Если размещение книги нарушает чьи-либо права, то сообщите об этом.

Читателям!

Оплатили, но не знаете что делать дальше?


Популярные книги за неделю


Рекомендации