Текст книги "Ko‘hna dunyo"
Автор книги: Odil Yoqubov
Жанр: Современная зарубежная литература, Современная проза
сообщить о неприемлемом содержимом
Текущая страница: 3 (всего у книги 25 страниц) [доступный отрывок для чтения: 8 страниц]
Beruniy suyukli asarining har bir bobini tugatganida shogirdi Sabhuga ko‘chirishga beradi. Abu Rayhon uni topib olganida Sabhu yetti-sakkiz yashar bir norasida edi. Mana endi nihoyatda ziyrak bir mullavachcha bo‘lib yetishdi. Qarigan chog‘ida unga ham do‘st, ham shogird, ham yordamchi bo‘ldi… Bundan bir hafta muqaddam Beruniy unga «Hindiston»ning so‘nggi bobini ko‘chirishga bergan, o‘zi esa, ko‘p yillardan buyon yozishga jazm qilib yurgan «Al-Xazniy» degan ma’danlar to‘g‘risidagi kitobini bitishga tutingan edi. Lekin birdan xuruj qilib qolgan xastalik o‘ylagan ishining beliga tepdi. Boz ustiga, bir-biridan sovuq bu mishmishlar, telba sultonning telba-teskari farmonlari!.. Kim bilsin, vasvas dardiga duchor bo‘lgan bu qahri qattiq hokim erta mashvaratda ne deydi? Uni ne savdolar kutadi?
O‘lim haq! Beruniy sultonning qahridan qo‘rqmaydi. U faqat bir narsadan – niyat qilgan ishlarining chala qolishidan, yoza boshlagan asarlarining nihoyasiga yetmay qolishidan qo‘rqadi, xolos!..
Beruniy, xontaxtadagi sopol ko‘zachadan bir ho‘plam sharbat quyib ichdi-da, yostig‘i tagidan shaqildog‘ini olib shaqillatdi. Darhol eshik ochilib, Sabhu kirdi. Uning katta-katta qop-qora ko‘zlari bolalarcha bir samimiyat bilan porlab turardi.
– Kel, o‘g‘lim, o‘tir!
Sabhu kavushini poygakka yechdi, yerga to‘shalgan qalin jun namatni tovushsizgina odimlab, ustozining ro‘parasiga kelib cho‘kkaladi. Shundagina Beruniy shogirdining allaqanday ichki bir hayajon ichida to‘lg‘anayotganini sezib qoldi.
– Senga ne bo‘ldi, Sabhu! Kim seni ranjitdi, bolam?
– Ranjitdi? Nechun? – Sabhu ko‘z yoshi aralash jilmaydi, jilmayganda oppoq tishlari «yarq» etib, ozg‘in qoracha yuzi nur tushganday yorishib ketdi. – Men hozir… ustozimning kitobini ko‘chirib bo‘ldim, – dedi u va «qult» etib yutindi. – Buyuk kitob! Mening yurtimni butun olamga mashhur qilg‘usidir bu kitob! Uni tezroq ko‘chirmoq lozim, husnixat xattotlarga berib, ko‘p nusxada ko‘chirmoq darkor, ustod!
Beruniy indamay boshini xam qildi. U umrida juda ko‘p do‘st-u birodar, juda ko‘p shogird orttirdi, ularning yaxshilarini ham, yomonlarini ham, omad kulib boqqanda atrofida girgitton bo‘lib, omad ketganida xoinlarcha yuz o‘girganlarini ham – har xilini ko‘rdi. Lekin Lohur ko‘chasidan topib olgan bu yetimchaday sadoqatli shogirdni ko‘rmadi… Bo‘y-basti kelishgan, mo‘ylovi endigina sabza ura boshlagan, tol chiviqday nozik bu yigitchada o‘z elining hamma fazilatlari – muloyimligi, mehnatsevarligi, kamtarligi yuz foiz mujassam. Beruniy u bilan bir lahza suhbat qursa go‘yo Hindistonga qaytib borganday, bosib o‘tgan yo‘llari-yu kezgan shaharlarida qayta kezib yurganday bo‘ladi, shunda yuragining bir burdasi o‘sha ulug‘ makonda qolganini, bu makonning zahmatkash, mo‘min-muloyim xalqi esa xuddi o‘z eldoshlariday qadrdon bo‘lib qolganini his etadi. Ajabo! Nechun goho bir el ikkinchi el bilan oshno bo‘lmasdan turib yotsiraydi, faqat o‘z tilim, o‘z kuylarim va o‘z qo‘shiqlarim yaxshi deb o‘ylaydi! O‘ylaydi-yu, qatli om qilib bo‘lsa ham o‘z urf-odatlarini boshqa yurtlarga yoymoqchi bo‘ladi!.. Shohlar-ku mayli! Uning o‘zi ham, oq-u qorani tanigan Abu Rayhon Beruniyning o‘zi ham bir mahallar shunday deb o‘ylagan emasmidi? O‘zi tug‘ilib o‘sgan Jayhun zaminidan yaxshi zamin, turkiy urf-odatlardan yaxshi urf-odatlar, turkiy qo‘shiq va turkiy kuylardan yaxshi kuy va qo‘shiq yo‘q, deb o‘ylamaganmidi?.. Xayriyatkim, birda Jurjon, birda Hindistonday buyuk va g‘aroyib yurtlarni ko‘rib ko‘zi ochildi, har bir mamlakat, har bir el noyob va go‘zal bir olam ekanini bildi, bilib «Hindiston»ni yozdi! Faqat… ming afsuski, bu asarini, o‘n yil umri ketgan bu suyukli kitobini hozircha pinhona tutishga majbur.
– Rahmat, azizim, – dedi Beruniy chuqur xo‘rsinib.–Hozir bu kitobni xattotlarga topshirib, allomalarga tarqatib bo‘lmas, o‘g‘lim.
– Sabab, ustod?
– Sababi… kamina uni, avvalambor, sulton Mahmud G‘aznaviyga tortiq qilmog‘i lozim!
– Tortiq qiling! Ko‘p in’omlar olasiz, ustod!
Beruniy shogirdining hayrat bilan porlagan ko‘zlariga tikilib, miyig‘ida bir kulib qo‘ydi: «Yo‘q, ilmda zukko bu yigit bu dunyo yumushlari bobida hanuz go‘dak, ona suti og‘zidan ketmagan ma’sum go‘dak!»
– O, bolam! Ko‘p in’omlar olmoq uchun bu kitobda ul amiralmo‘mininga hamd-u sanolar o‘qimog‘im, sening yurtingda qilgan qatl-u qirg‘inlarni madhlamog‘im darkor emasmu, o‘g‘lim?
Sabhu gunoh ish ustida tutilgan yosh boladay qizarib:
– Buni o‘ylamabmen, afv eting, ustod! – dedi boshini egib.
Beruniy ko‘zachadagi sharbatdan yana bir qultum ichdi-da, ko‘zini yumdi. Nazarida, miyasi cho‘g‘dek qizib, xayoli chuvalashib ketayotgandek edi, lekin shunday bo‘lsa ham ko‘nglining bir chetida yengib bo‘lmas bir istak – qalbining eng tupkarisida yotgan dardlarini aytmoq istagi tobora avj olib borardi. Kim bilsin, bu telba shohning telba mashvaratidan sog‘-salomat qaytadimi, yo‘qmi? Vasvas dardiga yo‘liqqan hokimdan har narsani kutmoq mumkin!
– Bolam, Sabhu, – dedi Beruniy, boshini yostiqdan ko‘tarib. – Kamina ertangi mashvarat ne maqsadda chaqirilgan – buni aytolmaymen. Shu sababdan bir narsani senga izhor etmoqni lozim ko‘ramen… Yodingda bo‘lsin! Faqir bu kitobni… sen mehr bilan oqqa ko‘chirgan bu asarimni yozishdan murodim – sening yurting… Hindiston oldidagi gunohlarimni yuvmoq edi!..
Sabhu butun vujudi bilan oldinga talpinib:
– Siz? Gunohkor? – deb so‘radi. – So‘zingizni anglamadim. Hindistonni toptagan siz emas, ustod, siz emas!..
– Ha, kamina hech bir kimsaning burnini qonatganim yo‘q! – dedi Beruniy. Uning isitmadan bo‘g‘ilgan ovozi to‘satdan allaqanday ochilib, torgina chor burchak hujrani yangratib yubordi. – Qon to‘ksa… amirlar mo‘minin lashkarlari to‘kdi! Shaharlarni talab, ibodatxonalarga o‘t qo‘y-di! Hammasi to‘g‘ri! Va lekin… bari bir, sening yurtingda mening elim to‘g‘risida yomon taassurot qoldi, bolam. Yo‘q, ul qatl-u qirg‘inlar uchun mening elim gunohkor emas! Aslo! Ammo sulton Mahmud yanglig‘ jahongirlar, lashkarboshilar, mustabid shohlarning aybi ham shunda-durki, ular faqat o‘z nomlari emas, balki o‘z eli nomiga ham dog‘ tushirishga qodirdurlar! Biz kabi ma’rifatli zotlar esa loaqal ezgu niyat va yaxshi xizmatlarimiz bilan bo‘lsa ham ma’lum ellar yuragidagi bu yomon asoratni yo‘qotmog‘imiz darkor. Faqir sening yurting haqida, Hindiston haqidagi kitobimni shu niyatda yozganmen! Bilib qo‘y, bolam!
Beruniy buning hammasini allaqanday yonib, ilhom va hayajon bilan gapirdi-yu, birdan holsizlanib boshini yostiqqa tashladi, tashlarkan, dehqonning kaftiday katta, qoramtir kaftlarida shogirdining titroq lablarini his qildi.
Beruniy ko‘ngli «shig‘» etib, shogirdining yelkasini asta siladi, xayolidan esa negadir: «Ko‘zim tirigida bu sho‘rlikni uylantirib qo‘ymog‘im lozim», degan fikr o‘tdi. Ha, Sadafbibi ikkisini qovushtirib qo‘ysa uzukning ko‘ziga solingan yoqutday yarashmaydimi? Yarashadi! Bir farzandi ikki bo‘ladi, u esa tinchib, bus-butun mutolaa va mushohada daryosiga sho‘ng‘iydi!
Beruniy ko‘ngliga kelgan bu gapni shogirdiga aytmoqchi bo‘ldi-yu, biroq bir zum o‘ylanib qoldi. Qiziq: u endi, bu ikki yoshni qovushtirish fikri ko‘ngliga kelgandagina sezdi: Sadafbibi, yurish-turishlaridan, so‘zlari, hatto olgan nafasidan ham Jayhun nafasi ufurib turgan bu yoqimtoy qiz unga juda aziz bo‘lib qolgan edi! Yo‘q, yigitlik davridan o‘tib, keksalik manziliga qadam qo‘yganida ko‘ngliga erk bermoq gunohi kabidur! Beruniy o‘z tuyg‘ularini jilovlay oladi. Yuragiga erk berish vaqtidan o‘tgan! Albatta jilovlay oladi! Faqat… bu gapni qo‘z-g‘ashdan oldin Sadafbibidan so‘z olmoq, uning ko‘nglini bilmoq lozim emasmu?
Beruniy shu qarorga keldi-da, Sabhudan Sadafbibini chaqirib berishni iltimos qildi.
Zum o‘tmay, eshik tovushsizgina ochilib, Sadafbibi kirib keldi. Ma’yus quralay ko‘zlarida allaqanday hadik, qiz harir ipak durrasi bilan yuzining bir tomonini xayol yashirganicha Beruniyning yoniga kelib o‘tirdi… Beruniy yuragidagi hayajonni bosish uchun yana sharbat to‘la ko‘zaga qo‘l cho‘zdi.
– Bibim, kamina bir narsani niyat qilgan edim, shu niyatimni aytgani chaqirtirdim seni!
Sadafbibidan sado chiqmadi. U go‘yo sovuq xabar eshitishdan qo‘rqqanday rangi o‘chib, o‘tirgan joyida haykalday qotib qoldi.
– Bibim! – Sen qizim bo‘lsang, Sabhu mening o‘g‘lim. Mana o‘y yildirki, Sabhu faqirga xizmat qiladi. Ko‘p oliyjanob, yaxshi yigit ul…
Beruniyning so‘zi bo‘g‘zida qoldi. Sadafbibi to‘satdan yuzini kaftlari bilan yashirib, piq-piq yig‘lab yubordi.
– Senga ne bo‘ldi? Nechun yig‘laysen, bibim?
– Ustod! – dedi Sadafbibi yig‘i aralash. – Men… men sho‘rlikka rahm qiling! Diydoringizni ko‘rmoq baxtidan judo qilmang meni, judo qilmang!
Sadafbibi shunday deb, boshini egdi-yu, yuzini Beruniyning kaftlariga yashirdi.
Beruniy qizning boshini silamoqchi bo‘lib, qo‘lini ko‘tardi, biroq bunga kuchi yetmaganday qo‘li «shilq» etib tushdi-yu, birdan holsizlanib o‘zini yostiqqa tashladi.
Uchinchi bob
Amiralmo‘minin sulton Mahmud ibn Sabuqtegin G‘aznaviy ko‘kragi tilla tasmalar bilan ziynatlangan jangovar fil yelkasida, tepasiga ipak soyabon tutilgan oltin taxtda o‘tiribdi. Fil atrofini arg‘umoq o‘ynatgan lashkarboshilar, amirlar, vazir-u vuzaro qurshab olgan.
Qalin chakalakzor bilan qoplangan qir etagidan keng o‘zan o‘tar, o‘zanning u yuzidagi tepalikda atrofi baland devor bilan qurshalgan muazzam qal’a ko‘rinardi. Qal’a ichida esa, yuksak peshtoqlari falakka qadalgan, uchlik qubbalari sof tilla bilan naqshlangan g‘aroyib bir ibodatxona yal-yal yonib, ko‘zni olar, yo‘q bu ibodatxona emas, arshi a’loga bo‘y cho‘zgan bir mo‘jiza edi!
Sulton turgan qir ham, pastdagi soy ham, soyning u yuzidagi tepalik ham – hamma yoq hisobsiz lashkarga to‘lgan, u yoqdan bu yoqqa ot surgan suvorilar hayqirig‘i, qurol-yarog‘larining sharaq-shurug‘i, otlar dupuri, jangovar fillar na’rasi yer-u ko‘kni larzaga solgan. Lekin sultonning qonini jo‘shtirgan bu yoqimli suronni hazin qo‘shiqqa o‘xshash bir ovoz buzib turar, bu – qal’adagi muhtasham ibodatxonaga berkinib, ibodat qilayotgan mahbuslar ovozi edi. Yurakni zir titratguvchi bu hazin qo‘shiq tobora avjga chiqib, sultonning yuragiga g‘uluv solmoqda edi…
Yo tavba! O‘zanning bu yuzidagi ulkan shahar kecha bir hamla bilanoq taslim bo‘lgan. Ana, qarorgoh tevaragidagi qalin chakalakzorlarda qo‘llariga kishan urilgan hind sarbozlari to‘p-to‘p bo‘lib yotibdi. Ularning qurol-yarog‘lari tog‘-tog‘ bo‘lib uyulgan, jangovar fillari esa sulton qo‘shinlariga xizmat qilmoqda, lekin bu muazzam qal’a hamon taslimdan bosh tortmoqda. Bu yurish chog‘ida o‘nlarcha shaharlarini bir hamla bilan zabt etgan sultonning muzaffar qo‘shinlari esa bu qal’a ro‘parasida ojizlik qilmoqda, ne-ne qal’a devorlariga yetgan narvonlar bu qal’aning osmono‘par devorlariga yetmayapti, boshqa qal’alarni qog‘ozday teshgan arrodalar bu qal’aning metin devorlariga «tishi» o‘tmay turipti. Ulardan otilgan toshlar qal’a devorlariga tegib, bamisoli koptokday qopchiydi… Bu ne hol? Nahot ne-ne shaharlarni bir hamla bilan tiz cho‘ktirgan sultoni muntasirning1313
Sultoni muntasir – yengilmas sulton.
[Закрыть] muzaffar qo‘shini bu qal’a uchun tag‘in bir necha kun jang qilsa?
Sulton Mahmud erka vaziri Abul Hasanak tutgan tilla qadahni bir ko‘tarishda sipqarib, yelkasi osha osmonga otdi. Oltin qadah havoda mo‘jaz qushchaday yarqirab, yerga tushdi-yu, musaffo jaranglab, o‘siq maysalar orasiga yumalab ketdi. Sulton novcha bo‘y-bastini rostlab, hammasi bir xil qora arg‘umoqlarini o‘ynatib turgan lashkarboshilarga yuzlandi, qahrli qisiq ko‘zlari o‘tday chaqnab:
– Amir Nushtegin! – deb na’ra tortdi.
Surmarang sallasiga amirlik nishoni qadalgan yo‘g‘on, chorpahil lashkarboshi ostida yer depsingan qora arg‘umog‘ini niqtadi. O‘rgatilgan arg‘umoq qasir-qusur bostirib kelib, fil ro‘parasida cho‘kkaladi. Amir Nushtegin esa, egardan tushmay, qo‘lini ko‘ksiga qo‘ydi:
– Oftobi olamning xizmatiga muntazirmen!
– Muntazirsen! – dedi sulton achchiq kinoya bilan. – Ikki kundirki, kichik bir qal’ani zabt etolmay ovorasen! Shahar taslim bo‘lmasa ne qilmoq darkor, amir Nushtegin?
– O‘t qo‘ymoq, oftobi olam!
– O‘t qo‘ymoq bo‘lsa nechun qo‘ymaysen? Nechun?
«O‘t» so‘zini eshitganda yaqindagi chakalakzorda g‘uj bo‘lib yotgan, hammasi bir xil sariq ko‘ylak, bir xil sariq ipak shalvar kiygan qora tanli hind zodagonlari orasida g‘ala-g‘ovur ko‘tarildi. So‘ng chehrasidan allaqanday shuur yog‘ilib turgan allomanamo bir kimsa davradan otilib chiqdi-da, oppoq boshini egib, bir nimalar deb iltijo qildi. Sulton atrofiga olazarak boqib:
– Bu majusiy ne deydi? Abu Rayhon qayda? – deb so‘radi. Chakalakzor orasidagi havorang chodirdan ko‘k banoras to‘n kiyib, boshiga oq salla o‘ragan, kaltagina uchburchak soqoli uzunchoq qoramtir yuziga yarashib tushgan novcha bir alloma chiqib, sipolik bilan bosh egdi.
– Yaqinroq kel, Abu Rayhon! Bu g‘ayridinning so‘zini eshit! Arzi ne – senga so‘zlasin, sen bizga so‘zla!
Beruniy ot tuyoqlari ostida ezilgan qalin maysalarni ship-ship bosib nuroniy cholning yoniga keldi, boshini osiltirganicha mo‘ysafidning hayajonli, palapartish so‘zlarini eshitdi.
– Bu bandayi ojiz sizday amiralmo‘minindan mehri shafqat tilaydi! Deydikim, bu qasrda ellik ming g‘arib-u g‘urabo yig‘ilgan!
– G‘arib-u g‘urabo! – dedi sulton ovozi momaqaldiroqday qaldirab. – G‘arib-u g‘urabo bo‘lsa… nechun lashkari muzaffarga qarshilik qiladi? Nechun taslim bo‘lmaydi?
– Oftobi olam! Qal’a ahlining aksari ojizalar emish, begunoh norasidalar emish, chollar emish, davlatpanoh!
Beruniy so‘zini tugatmagan ham ediki, boyagi nuroniy chol yuztuban yiqilib, qo‘llari bilan yer tirnashga kirishdi. Beruniy «yalt» etib yuqoriga, fil yelkasida oyoq kerib turgan sultonga qaradi, beixtiyor oldinga talpinib:
– Olampanoh! – deb xitob qildi. – Shafqat qiling, olampanoh!
Uning so‘zlarini amiralmo‘mininning:
– Amir Nushtegin! – betoqat hayqirig‘i bosib ketdi. – Taslimdan bosh tortgan qasrga o‘t qo‘ygil, o‘t!
Chakalakzorda bir-biriga suyanib, guj bo‘lib o‘tgan hind mahbuslari qoramtir qo‘llarini ko‘kka cho‘zib, uvvos tortib yig‘lashdi, lekin pastga qarab ot surgan Nushtegin navkarlarining g‘olibona qiyqirg‘i mahbuslar nolasini ko‘mib yubordi. Zum o‘tmay, to‘rt tomondan ko‘tarilgan alanganing qizg‘ish tillari muazzam ibodatxonani ajdaho yanglig‘ yalab, oftobday charaqlagan oltin qubbalarini yamlab yutdi…
Alanganing mudhish tillari shunday shafqatsiz, olov ichida qolgan muazzam ibodatxonaning yarqirashi shunday… go‘zal ediki, qir yonbag‘ridagi behisob lashkar, go‘yo bu manzaradan sehrlanganday qotib qoldi. Bu sovuq va ulug‘vor go‘zallikka faqat bir narsa xalaqit berar, u ham bo‘lsa qal’a ichidan, yong‘inda qolgan ibodatxona tuynuklaridan eshitilayotgan boyagi hazin kuy, yuraklarni timdalovchi boyagi mungli qo‘shiq edi! Uzoqdan kelayotgan bu hazin qo‘shiqqa endi qandaydir yomon, ko‘ngilni ozdiruvchi qo‘lansa hid ham qo‘shilgan edi. Ajabo: qo‘lansa hid kuchaygan sayin ko‘ngilni vayron qiluvchi bu qo‘shiq ham avjga chiqmoqda, go‘yo yer qa’ridan kelayotgan o‘liklar faryodiday tizginsiz mung bilan yangramoqda edi.
– Ey, Yaratgan egam! – dedi sulton yuragi uvishib. – Nahot bu majusiylar tiriklayin o‘tda kuyib ketadiki, ammo tiz cho‘kmaydi? Qo‘shiq aytib tiriklayin yong‘uvchi elni birinchi ko‘rishim!
Sultonning xayolini Beruniyning g‘amgin ovozi bo‘ldi.
– Yo‘q, bu qo‘shiq emas, amiralmo‘minin! Ellik ming begunoh bandalarning nolasi bu! Ular toat-ibodat ila parvardigori olamga nola qilmish! Gunohimiz ne, deb yig‘la-mish ular!
– Bas, Abu Rayhon! Takabburlik sabab, tag‘in mubohasaga jazm etdingmi? Men seni ul mutakabbir hakim… Ibn Sinoni topib kel, deb yo‘llagan edim. Sen bo‘lsa uni topib kelmoq o‘rniga… g‘animlarim yonini olib, menday amaralmo‘mininga so‘z qaytarasen! – Sulton shunday deb, qilichini shartta qinidan sug‘urdi-da, boshi uzra ko‘tardi, biroq nogahon biqiniga qadalgan sanchiqdan ingrab yubordi-yu… uyg‘onib ketdi.
Shiftdagi oltin qandillarga terilgan shamlarning ko‘pchiligi so‘nib qolgan, devorlariga sarg‘ish ipak pardalar tutilgan katta tanobiy xona g‘ira-shira, hamma yoq suv quygandek jimjit edi.
Sulton go‘yo o‘z xobxonasida emas, sovuq go‘rda yotganday bo‘lib, jismidan sovuq ter chiqib ketdi. Yuragi qoqsuyak ko‘kragini yorib chiqqudek gurs-gurs urar, ko‘z oldida hanuz alanga olgan muazzam ibodatxona turar, quloqlari ostida o‘t ichida qolgan ellik ming mahbusning mungli qo‘shig‘i yangrardi…
Yo tavba! Unga ne bo‘ldi? Ne sababdan bunday ko‘p yillar muqaddam o‘tgan bu jang-u jadal tushiga kirdi? Allaqachon yodidan ko‘tarilgan bu voqealar nechun qayta yodiga tushdi? Nahot amiralmo‘mininday fotihi muzaffar lashkariga bo‘ysunishdan bosh tortganlarning ta’zirini bermoq gunoh bo‘lsa?..
Sulton bezillab og‘rigan biqinini silaganicha, uzoq xayolga toldi. Mana, bu dardibedavoga giriftor bo‘lganiga bir necha oy bo‘ldi, shundan beri ko‘ngli notinch, joni behalovat, kechalari yomon tushlar ko‘rib, vahima bosadi. Nechundir ezgu ishlari, qurgan qasrlari, yaratgan bog‘lari, barpo qilgan machit va maqbaralari emas, janglar suroni-yu otlar dupuri, kesilgan boshlar, dorda chayqalgan murdalar, yong‘inda qolgan shaharlar yodiga tushadi. Miyasida ilgari hech qachon o‘ylamagan yomon o‘ylar charx uradi…
Yo rab! Ul kimsan sulton Mahmud hindlar yurtiga o‘n yetti marotaba yurish qilib, bunday vahshiylikka yo‘l qo‘ymagan edi. Rost, o‘rmonga o‘t ketsa ho‘li-quruq barobar yonadur, deganlaridek, yurishlar talofatsiz bo‘l-mag‘on, lekin bunday qatl-u qirg‘inlar… Yo‘q, bunday qirg‘inlarga yo‘l qo‘ymag‘on erdi sulton Mahmud. Bas! Shundoq erkan, qarigan chog‘ida qaydan keldi bul mudhish tushlar? Qaysi gunohlarim uchun bul vahima, bul qorong‘u tushlar?
Uning yurishlarida yo‘ldosh bo‘lg‘on Abu Rayhon Beruniy qayda? Bugun ham, tongla mahsharda ham ul aytsin bor haqiqatni!
Ha, buning hammasiga mana shu dard, uch-to‘rt oydan beri yopishib olgan mana shu davosiz dard sabab. Rost, so‘nggi kunlarda Chin1414
Chin – Xitoy.
[Закрыть] va Hind mamlakatlaridan keltirilgan ikki hakimning qilgan muolajasi yoqib, biqinidagi og‘riq xiyol bosilgan, har oqshom yuragini chulg‘ab olguvchi sovuq tavahhum sal ko‘tarilgan edi. Kecha hatto sodiq vaziri Abul Hasanakka aytib, saroy mutriblarini chaqirtirgan va ozgina ko‘ngilxushlik ham qilgan edi. Bazmdan keyin esa erkatoy vaziri Abul Hasanak yoshlik paytlarini eslab, sultonning yuragini qitiqlovchi bir gapni qo‘zg‘ab qoldi.
Go‘yo Buxoro hokimi Aliteginning suyukli kenja xotini sultonning visolini ko‘rish ishqida yonib, tun-u kun motamda emish!
Sulton Aliteginning bu kenja xotinini bundan uch-to‘rt yil muqaddam, Buxoroga yurish qilganida asir tushirib olib ketgan, biroq o‘zini ko‘rmagan, ko‘rishga hushi ham yo‘q, uni tutqunda saqlashdan maqsad esa – betavfiq Aliteginni cho‘g‘day qovurish edi, xolos. Lekin kechasi Abul Hasanak sultonning ishqida yongan bu xotinni shunday ta’rif-u tavsif qildiki, sulton ham nogahon qitig‘i qo‘zib, avval may buyurdi, so‘ng, ishq o‘tida yongan malakni ko‘rish istagini bildirdi.
Osmon malikasi qasrining eng xilvat burchagida sultonning maxfiy go‘shasi bo‘lar, go‘sha devorlari «Alfiyashalfiya»1515
«Alfiya shalfiya» – Sharqning mashhur erotik dostoni.
[Закрыть] dostonidan ko‘chirilgan hayosiz suratlar, yalang‘och ayol va erkak sevgisini tasvirlovchi rangdor rasmlar va hind poshsholari qasrlaridan olib chiqilgan yalang‘och sanamlarning oltin haykalchalari bilan bezatilgan edi. Odatda, haram bekalari in’omga kelgan yosh ma’sumalarni hammomga solishib, pardoz-andozlarini joyiga qo‘ygach, shu go‘shaga olib kirishar, bu hayosiz suratlar yosh go‘zallarda shahvoniy hirs uyg‘otib, ularni sultonning zinosiga «shay qilib» qo‘yardi. Rost, so‘nggi yillarda, payg‘ambar yoshidan o‘tib, taqvodorlikni ixtiyor etgan sulton maxfiy go‘shani taqa-taq berkitgan edi. Biroq kecha uning kutilmagan istagidan quvonib ketgan haram bekalari maxfiy go‘shani o‘zlaricha ochtirib, Buxoro malagini shu yerga olib kelishibdi.
Qisqasi, sulton yelkasida yengil banoras to‘n, beliga oltin kamar, beholgina odimlab, maxfiy go‘shaga kirganida… Buxoro sanami, oppoq durkkun tanasini hayosizlarcha ochib, qat-qat ipak to‘shak ustida chalqancha tushib yotardi. Uning ko‘zlari yumuq, harir guldor ro‘moli orasidan toshib chiqqan mayin qo‘ng‘ir sochlari yerdagi qirmizi gilamda betartib sochilgan, o‘zi esa, xuddi otash ichida qovurilayotganday to‘lg‘anar edi.
Sulton ostonani hatlab o‘tishi bilan sanam sapchib turdi, gilamga tiz cho‘kib, uning oyoqlarini quchdi-da, tizzalarini, sonlarini silashga tutindi. Sulton ham suyulgan qoni birdan ko‘pirib, sanam tomon egildi. Biroq xuddi shu payt, Buxoro malagining cho‘g‘day issiq tanasiga qo‘li tekkan payt, so‘nggi kunlarda tinchib qolgan qornidagi «tipratikon» go‘yo to‘satdan «uyg‘onib» ketdi-yu, og‘riqning zo‘ridan bo‘kirib yubordi.
Sultonning na’rasini eshitib, avval Abul Hasanak, uning ketidan ranglari quv o‘chgan haram bekalari yugurib kirishdi…
Mana, shundan beri to‘lg‘anib yotibdi, yolg‘iz og‘riqdan emas, notinch o‘ylardan, ko‘rgan tushlaridan, yuragini chulg‘ab olgan sovuq vahima va adolatsizlik tuyg‘usidan to‘lg‘anib yotibdi.
Yo parvardigori olam! Osiy bandangni o‘zing kechirgaysen! Va lekin… bu neko‘rgilik ekankim, ojiz bandang sulton Mahmud, haq va hidoyat yo‘lida qirq yil suron solib, mashriqdan mag‘ribgacha neki majusiylar bor, barchasini qatli om qilsa, poyqadami yetgan el borki, hamma yerda osoyishtalik o‘rtansa, bu yo‘lda unga qirq yil zafar ustiga zafar keltirsangu endi, rohat-farog‘atda kun kechirmoq mavridi kelganda, uni bu bedavo dardga mutbalo qilsang? Hayhot! Agar bu dard chindan ham bedavo bo‘lsa, unda amiralmuslimin atalmish gunohkor bandangning qirq yillik toat-u ibodatidan ne foyda? Nahot bu butkul ro‘yi zaminni zabt etib, behisob boyliklar orttirganida, o‘z dorussaltanati G‘aznai munavvarani jahonda eng ko‘rkam shaharga aylantirib, unda o‘nlab machitlar go‘zallikda benazir jannatmonand bog‘lar yaratganida, Osmon malikasi kabi qasrlar qurib, ularni hech bir shoh ko‘rmagan zeb-u ziynatlar bilan bezatganida… nahot oxir-pirovardida topgani bu bedavo dard bo‘lsa? U o‘z haramiga Chin va Misr, Hindiston va Rumdan husnda yagona huriliqolarni yig‘dirsa, raqsda tovusdek tovlanguvchi go‘zal raqqosalar, bulbul yanglig‘ xushovoz xonanda va sozandalar, nomi olamga ketgan malikul kalom va vohidi zamon allomalarni to‘plasa!.. Bu ne’matlarning hammasini o‘zing in’om etsangu tag‘in o‘zing hammasidan benasib qilsang?
Yo‘q, noumid shayton! Kecha nazm ahlining sultoni saroy shoiri Unsuriy yaxshi xabar topib keldi. Bu xabarni u majusiylar tilida bilgan eski bir risolada o‘qigan emish. Mashriq mamlakatlaridan birida, hududsiz ummonlar orasidagi mo‘jaz bir oralda, «ne’mati ilohiy» atalmish mo‘jiza bir daraxt o‘sar emish. Kimki bu daraxtning mevasini iste’mol qilsa, hamma dardlardan forig‘ bo‘lib, chol bo‘lsa navjuvon yigitga, kampir bo‘lsa bokira qizga aylanar emish…
Risoladagi so‘z chinmi, yolg‘onmi? Bu yolg‘iz olloga ayon. Ammo… chin bo‘lmog‘i darkor! Zerokim… nahot butkul ro‘yi zaminni zir titratgan sulton Mahmud yanglig‘ fotihi muntasir… nogahon yopishgan bir dard sabab, Afshon shol dahasidagi g‘arib-u g‘urabolar yanglig‘ o‘lib keta bersa? Yo‘q, bunga inonib bo‘lmas! Amiralmo‘mininday shohlarni yaratib, ularni «as salotin zullallohu fil arz», ya’niki, «shohlar mening yerdagi soyamdur», degan ul sarvari koinot, ular uchun Unsuriy aytgan ne’mati ilohiy kabi mo‘jiza ne’matlar ham yaratmog‘i darkor! Faqat bu ne’mat o‘sgan makon qayda? Shuni bilmoq va topmoq darkor, xolos!
Sulton risolani eshitib, darhol Chin va Hind tabiblarini chaqirtirdi. Lekin ulardan ko‘ngil to‘ladigan bir javob ololmadi. Bu yanglig‘ rivoyatlarni ular ham eshitganlarini, demakkim, bunday mo‘jiza daraxt borligiga imonlari komil ekanini bayon qilishdi, ammo ul ne’mati ilohiy o‘sgan makon qayda? Bu jumboqqa javob berishga ojizlik qilishdi. Sulton, avval darg‘azab bo‘ldi, keyin, xiyol o‘ylab ko‘rib, barcha allomalarni ertalabki mashvaratga chaqirtirdi. Chaqirilgan allomalar orasida hozirgina tushiga kirgan Abu Rayhon Beruniy ham bor. Kim bilsin, Unsuriy aytgan ne’mati ilohiy qayda o‘sadi, balki u bilar. Axir u ko‘p yillar hindlar yurtida turgan, shaharma-shahar kezgan, ularning hamma ilmlarini o‘rgangan, hatto tillarini o‘rganib, qadimiy kitoblarigacha mutolaa qilgan… Shoyad ul ne’mati ilohiy to‘g‘risida shu eski kitoblarda aniq bir narsa zikr qilingan bo‘lsa! Har qalay, hech kim bilmasa ham, hakimi davron atalmish anov takabbur hakim… hazrat Ibn Sino bilmog‘i darkor! Ne chora? Mana, uch oydirki, sultonning ikki ko‘zi Xuroson yo‘lida, ammo yuborgan eng sodiq mushriflardan1616
Mushrif – elchi, maxsus davlat nazoratchisi.
[Закрыть] hanuz darak yo‘q. Birov, ul hakimi davron yo‘lga chiqqan desa birov, G‘aznaga kelishni istamay boshini olib qochgan, deydi…
Attang, bundan uch oy avval, sulton ul butavfiq hakimga eng ishonchli nadimi, ariz1717
Ariz – harbiy devon sohibi, vazir.
[Закрыть] Abulvafo Sariqni yuborarkan, bu ishni hammadan, hatto Xurosonga yurish qilib, shu kunlarda Isfahonda lashkar tortib turgan o‘g‘li amir Mas’uddan ham sir saqlashni qilgan edi. Kim bilsin, ehtimol, elchilarni Hamadon hokimi Alouddavlaga emas, hozir Isfahonda turgan shahzoda Mas’udga yo‘llaganida… Yo‘q… sulton unga, o‘z pushtikamaridan bo‘lgan zurriyotiga inonmaydi. Chunki, biladi: shahzoda Mas’ud, o‘zi Isfahonda bo‘lsa ham, ikki qulog‘i G‘aznada, padari buzrukvorining o‘limi to‘g‘risidagi xabarni kutib yotibdi! Bu bemehr zurriyoti hazrat Ibn Sinoni bu yo‘ldan qaytarsa qaytaradiki, xasta padariga yubormaydi, yo‘q, zinhor yubormaydi!
O‘g‘lini eslashi bilan sultonning ko‘kragida alam aralash isyonkor bir tuyg‘u «lov» yondi-yu, qoqsuyak qo‘llarini gilamga tirab, asta o‘rnidan turdi.
– Astag‘firullo, astag‘firullo!.. – Sulton, qornidagi «tipratikon»ni uyg‘otib yuborishdan qo‘rqib, ko‘zlarini yumganicha bir nafas qimir etmay yotdi, so‘ng, tokchadagi shamlardan birini olib, yo‘lakka chiqdi.
Shiftdagi billur qandillarda milt-milt yongan bitta-yarimta sham shu’lasida hududsiz yo‘lak bo‘m-bo‘sh va allaqanday sirli tuyuldi. Yo‘lakning oxiri ko‘rinmas, ikki tomondagi tilla tasmalar bilan qoplanib, dur va zabarjad qadalgan behisob eshiklarning hammasi berk, tiq etgan tovush eshitilmas edi. Vo darig‘! Saroy ahli qayda? Uning eng inongan nadimlari, vazir-u vuzarosi, sadoqati zohir lashkarboshlari qayga gumdon bo‘ldi? Bosh vaziri Ali G‘arib, suyukli nadimi Abul Hasanak nechun ko‘rinmaydi? U, kimsan amiralmo‘minin, bedavo bir dardga mubtalo bo‘lib, o‘z o‘tida o‘zi qovurilib yotsa-yu, uning saxovati ila yuksak martabalarga erishgan bu vazir-u vuzaro, uning inongan tog‘lari bo‘lmish bu amir-u umaro osoyishta uyquda yotsa, yoxud yosh kanizlari bilan o‘z haramlarida o‘ynashib, kayf-u safo qurib o‘tirishsa? Yo‘q! Kayf-u safo qurib o‘tirishibdimi ul iblislar yoxud biror xilvatga yashirinib olib, uni toj-u taxtdan mosuvo qilmoq rejalarini tuzib yotishibdimi? Tirikligida unga kafan bichib, biror go‘shada sultonga choh qazmoqdami bu betavfiqlar?
Amiralmo‘mininning azaldan bir odati bor – yiroqdan bo‘lsa ham xatar shabadasini sezganda g‘azabi sherday jo‘shib, vujudida sher kuchi uyg‘onadi. Bu safar ham shunday bo‘ldi-yu, bir qo‘lida fil tishidan zeb berilgan arg‘uvoniy aso, bir qo‘lida dir-dir titragan sham, nimqorong‘i yo‘lak bo‘ylab yurib ketdi. U bir necha qadam bosgach, asosi bilan o‘ng tomonidagi eshikni turtib ochdi. Xona zim-ziyo edi. Undan qandaydir sovuq bir nafas kelganday, go‘shaning eng tupkarisida, zulmat ichida allaqanday bir narsa g‘imirlaganday tuyuldi-yu, sulton, yuragi «shuv» etib, orqaga tisarildi. Shu-shu, boshqa eshiklarni ochishga yuragi dov bermay, besh-o‘n qadam bosdi. Lekin o‘ng qo‘ldagi dur va sadaf terilgan ikki tavaqali zalvarli eshikni ko‘rganida beixtiyor to‘xtadi va bir zum ikkilanib turgach, uni asosi bilan asta turtdi. Bu – mashvaratxona edi!
Devorlari oq marmar bilan qoplangan o‘rdaday keng mashvaratxonaning shiftidagi billur qandilda bir necha sham yonar, bu shamlar shu’lasida to‘rdagi suyanchiqlariga inju qadalgan oltin taxt ajib jilo sochib yarqirab turardi… Qubbasimon lojuvard shifti sof qizil tilla bilan ziynatlangan bu xonada eng muhim mashvaratlar o‘tar, davlat ahamiyatiga molik masalalar hal qilinardi. Ertaga bo‘ladigan allomalar anjumani ham shu yerda o‘tmog‘i lozim.
Sulton yuragi allanechuk bo‘lib, ichkariga kirdi. Jimjit. Tiq etgan tovush yo‘q. Ana, to‘rt tomondagi mehrobsimon joylarda zabt etilgan yurtlarning ko‘k, sariq, oq tug‘lari turipti! Mag‘lub tug‘lar! Mag‘lub lashkarboshilarning oltin va kumush dubulg‘alari, tillodan jilo berilgan sovut va qalqonlari osib qo‘yilgan. Ularning yonida bandlariga la’l va zabarjad qadalgan egri qilichlar, o‘q terilgan charm sadoqlar, suyak sopli xanjarlar, uzun-qisqa tig‘lar… bu qurollar, bu sovg‘alarning har biri bir doston! Uning, sulton Mahmud G‘aznaviyning behisob yurishlari, suronli safarlaridan hikoya qiluvchi bebaho dostonlar… Sulton bu o‘ljalarning qaysi birini qo‘liga olsa lop etib o‘sha muzaffar jang ko‘z oldiga keladi, zabun bo‘lgan ne-ne lashkarboshilar, man-man degan amirlar, kalondimog‘ hokimlar, hatto shahanshohlar esiga tushadi. Butkul ro‘yi zamindan, hatto Chin va Rumdan kelgan elchilar bu bebaho o‘lja, rang-barang tovlangan bu mag‘lub tug‘larni ko‘rganda damlari ichiga tushib ketadi. Mana, sof tilladan yasalib, hoshiyalariga yoqut, la’l va javohir qadalgan ulkan qalqon. Uning yonida nozik oltin halqalardan yasalgan katta sovut… Kashmir poshshosidan olingan sovg‘a!.. Esida bor: haramida mingdan ortiq kanizi bo‘lgan bu alp qomat, kalondimog‘ shoh maydonga quturgan jangovar fil minib chiqqan edi. U esa quturgan fildan tap tortmay, qora qashqa arg‘umog‘ini o‘ynatib, maydonga mardonavor kirib borgandi. Na quturgan filning mudhish na’rasi qulog‘iga kirgan, na vahimali vajohati ko‘ziga ko‘ringan edi o‘shanda! Sulton, qo‘rquvdan osmonga sapchigan qora arg‘umog‘ini achchiq qamchilaganicha, jangovar fil ustiga bostirib borgan, borganu oyoqlarini o‘zangiga tirab, bir zarb bilan kalondimog‘ shohni fil yelkasidan tushurib yuborgandi o‘shanda!
Ha, sulton Mahmud shunday mard, shunday tanti edi! U hech qachon pistirmada turib jang qilmagan, eng shafqatsiz qirg‘inlarda ham o‘zini lashkar panasiga olmagan! U mashriqdan mag‘ribga cho‘zilgan bu hududsiz saltanatini o‘z salohiyati, kuch-qudrati va sher yuragi bilan orttirgan… Hayhot! Bu cheksiz davlat, bu shon-shuhrat, bu hisobsiz xazina, «amiralmo‘minin» degan bu ulug‘ martabalardan ne foydaki, agar qarigan chog‘ida bu ayanchli ahvolga tushib qolsa? Dardiga davo topolmay, kechalari to‘lg‘anib chiqsa? Uning amiralmusliminning harom tukiga arzimaydigan Ibn Sino atalmish bir tabibni yo‘qlasa-yu, uch oydan beri ikki ko‘zi to‘rt, uning yo‘liga tikilib yotsa? Uning saxovati va tuznamagi bilan odam bo‘lgan muqarriblari esa boshiga mushkul tushgan bu og‘ir onlarda ahvoling ne deb so‘ramasa? Bil’aks, pana-panada ig‘vo va fisq-u fasod bilan band bo‘lsa!..
Правообладателям!
Данное произведение размещено по согласованию с ООО "ЛитРес" (20% исходного текста). Если размещение книги нарушает чьи-либо права, то сообщите об этом.Читателям!
Оплатили, но не знаете что делать дальше?