Электронная библиотека » Odil Yoqubov » » онлайн чтение - страница 8

Текст книги "Ko‘hna dunyo"


  • Текст добавлен: 16 мая 2023, 13:43


Автор книги: Odil Yoqubov


Жанр: Современная зарубежная литература, Современная проза


сообщить о неприемлемом содержимом

Текущая страница: 8 (всего у книги 25 страниц) [доступный отрывок для чтения: 8 страниц]

Шрифт:
- 100% +

Chashmaday tiniq, dilrabo kuy tobora avjiga chiqmoqda, Bobo Setoriy boshliq xonandalar boshlarini egib, go‘yo o‘z kuylaridan o‘zlari erib ketayotganday ko‘zlarini yumib, tebranib chalishar, keksa bukri naychining esa ko‘m-ko‘k mas’um ko‘zlaridan tirqirab yosh oqardi.

Ana, nihoyat, kuy ham tugadi, tugashi bilan sulton qorni ochganini sezib, qaddini rostlab o‘tirdi.

Dasturxonda birida may, birida sharbat to‘la ikki xum, xumlarning yonida ustiga yovvoyi piyoz to‘g‘ralgan bir tovoq suzma, bir dasta arpa non va bir lagan yalpiz somsadan boshqa yegulik narsa yo‘q edi. Lekin yalpiz solingan tandir somsa asaldan ham shirin, suzma og‘izda erib ketar, hatto arpa nonni ham yegan sayin yegisi kelardi kishi.

Mashshoqlar bir piyoladan sharbat ichishib, yana asboblarini qo‘llariga olishdi, biroq sharbat o‘rniga bir kosa may ichgan sulton to‘satdan dilida suhbatga moyillik sezib, Malikul sharobga yuzlandi.

– Agar taqsirim ijozat etsalar, mutriblarga tashakkur aytib, bir on dam bersak!

Malikul sharob baroq qoshlarini silab, tavoze bilan bosh egdi.

– Olampanoh bu kun bizga aziz mehmondurlar. Amri mehmon vojibdur biz uchun!

Bu gapdan keyin mashshoqlar asboblarini chinorga suyab, o‘rinlaridan turishdi.

Sulton haqiqatan ham yuragida jo‘sh urgan tuyg‘ulariga erk berish istagida edi. Bukun uning ko‘ngli nechundir ezgu tilaklar bilan to‘lib-toshgan, shu topda u vaqat yaxshi gaplar aytib, ezgu ishlar qilgisi kelar, hatto qilgan gunohlari uchun avf so‘rashga ham tayyor edi.

To‘satdan, o‘smirlik paytlarida hindlar bazmxonasida bo‘lgan mash’um janjal sultonning yodiga tushdi, tushdi-yu, nechundir yuragi «shig‘» etdi. Kim bilsin, ehtimol hind malagi sabab, o‘sha mash’um janjal bo‘lmaganda, hozir ro‘parasida xayolga tolib o‘tirgan bu darvesh bukun uning quli yoxud eng salohiyatli lashkarboshisi bo‘larmidi?

– Birodarim Qutlug‘qadam! – dedi sulton, nogahon ovozi samimiy qaltirab. – Sababli yoshlik, kamina senga o‘rinsiz ozor berganim yodimdan chiqmaydi…

Malikul sharobning serajin, sersoqol yuzida hayratga o‘xshash bir ifoda zohir bo‘ldi. U sultonning allaqanday dardga mubtalo bo‘lib, g‘alati odatlar chiqarganini eshitgan edi. Biroq… bu so‘zi, bu qilig‘i! Eng yaqin nadimlarini haydab yuborib, u bilan may ichib o‘tirishi! Bu telba-teskari gaplari!..

– Mayli, davlatpanoh, o‘tgan ishga salavot! Eski yarani tirnamoqda foyda yo‘q…

– Foyda bormi, yo‘qmi, o‘shal ish uchun uzr so‘raymen sendan. Benuqson parvardigor, deydilar. Afv et, birodar!

Malikul sharobdan sado chiqmadi. Sulton chindan ham uning yuragidagi bitmas yarani qayta tirnadi. Ko‘ngli keng odam, u yuragida kek saqlamas edi, biroq bu yara, hanuz jizillab turgan bu eski yara!..

– Ajab hol, – dedi Malikul sharob, miyig‘ida kulimsirab, – kamina bir narsaga sira farostim yetmaydi, amirim!

– Ya’ni?

– Ya’ni… ollo taolo o‘z bandasiga shunday aql-zakovat ato qilibdi. Bandasi esa… nechun hamisha aqlga zid ishlar qiladi? Nechun faqat boshiga musibat tushgan chog‘laridagina yaxshilik va ezgulikni o‘ylaydi? Nechun o‘zi choh yoqasiga borib qolgandagina qilgan gunohlarini, boshqalarga o‘tkazgan jabr-sitamlarini eslaydi? Nechun?

Sultonning sharob tapti urib bo‘g‘riqqan yuzidan qoni qochib, yalpoq burnining keng parraklari asabiy pirpiradi.

– Meni choh yoqasiga bordi deb kim aytdi senga?

– Hech kim! Telba shoir, xayolimga kelgan telba gapni aytdim, xolos. Bir qoshiq qonimdan kechgaysiz, poshshoyi olam!

Amiralmo‘minin chuqur tin olib, bolishga holsizgina yonboshladi, yonboshlarkan, yana artilgan shishaday tiniq osmonga ko‘zi tushib, ko‘ngli yorishib ketdi.

– Sen ham kechir. Qutlug‘qadam. Bukun faqir g‘aroyib bir hodisaning shohidi bo‘ldim… gardiz qal’asi tomon ovga chiqqan edim… Nogahon yo‘limni bolali bir ohu kesib o‘tdi. Kamina ona-bola ohuga ot soldim. Onasi shamolday uchib, tutqich bermadi. Uni quvib otib olsam bo‘lur edi, rahmim keldi. Bolasi esa… qocholmadi, uni tutib olib ortimga qaytdim. Bir mahal orqamga burilib qarasam…– sulton to‘satdan tomog‘i g‘ip bo‘g‘ilib, dag‘al kafti bilan quyilib kelgan ko‘z yoshlarini artdi. – burilib qarasam, ona kiyik faryod chekib, orqamdan ergashib kelur! Ko‘nglim vayron bo‘lib, uloqchani qo‘yib yubordimu o‘z yo‘limga ravona bo‘ldim…

Malikul sharob nima deyishini bilmay talmovsirab qoldi. Ajabo: ne-ne shaharlarni zer-zabar qilib kelgan bu fotihi muzaffar bitta ohuning zorli nidosiga ko‘ngli vayron bo‘lib, yum-yum yig‘laydi!

Sulton mungli ko‘zlarini yumdi, go‘yo oldida sobiq quli Qutlug‘qadam emas, qo‘l berib yukingan piri murshidi o‘tirganday, sirli ovozda davom etdi:

– Yo‘q, bu ona-bola ohuning faqirga duch kelishi bejiz emas! Parvardigori olamning inoyatidan alomat bu! Zerokim, padari buzrukvorim ham boshiga mushkul tushgan kunlarda shunday bir ohuga duch kelib, uni qo‘yib yuborgan ekan. Shu sabab, omad yor bo‘lib, saodat oftobi kulib boqqan ekan!

«E voh! Nechun bu mustabid shoh bunchalar adli insofga kelib qoldi, desam, bo‘rk ostida takya bor ekan-da!»

Malikul sharobning xiyol yumshagan ko‘ngli qayta muzlab, boshini pastroq egdi.

– Nasib qilsa, erta-biriskun «Mozori kalon» qabristonida is chiqaramen. Qirq ho‘kiz, qirq tuya, qirq biya, qirq qo‘chqor so‘yib, qirq botmon guruch damlab, yurtga osh beramen. Barcha beva-bechoralar, yetim-esirlar, gadolar va yo‘qsillarga oqcha ulashib, valilar ruhini shod qilamen. Begunoh parvardigor, Qutlug‘qadam! Agar, osiy banda yoshlikda birovlarning ko‘ngliga ozor bergan bo‘lsam, endilikda, inshoolloh, savob ishlar ila, ollo yo‘liga xayr-ehson ila gunohlarimni yuvmoq niyatidamen!

Malikul sharob to‘satdan qo‘llari qaltiray boshlaganini sezib, ichida o‘zidan bir kulib qo‘ydi:

«Ha, nechun ilonga ro‘baro‘ bo‘lgan baqaday qaltiray-sen, Malikul sharob? Qariganda joning shirin bo‘ldimi? Qo‘rqma, birodar! Qirq yil ko‘nglingni kemirib yotgan alamlarni to‘kmoq mavridi keldi. To‘k bu alamlarni! Yo boshing ketar, yo ustingdagi uvada to‘ning!»

Malikul sharob kosa to‘la sharobni olib, bir ko‘tarishda bo‘shatdi-da, shirakayf ko‘zlarini suzib sultonga qiyg‘ir qarash qildi. Uning ilhomi kelib jazavasi tuta boshlagan edi.

– Kamina bir narsadan qo‘rqamen, amir! Amirim qirq tuya, qirq biya emas, qirq ming tuya, qirq ming biya so‘ysalar ham yetmas, poshshoyi olam!

– Qirq ming tuya, qirq ming biya? – sulton lom-mim demay qo‘lidagi kosani to‘ldirib may qo‘ydi-da, go‘yo Malikul sharobga taqlid qilganday, uni bir sipqarishda bo‘shatib, dasturxonga otib yubordi.

– Lozim bo‘lsa, qirq ming emas, yuz ming tuya va yuz ming biya so‘yamen, Qutlug‘qadam!

– Yo‘q, oftobi olam! Yuz ming biya, yuz ming tuya so‘ymoq tugul, bor davlatlari, Osmon malikasi yanglig‘ saroylari, Bog‘i Firuz yanglig‘ bo‘stonlari, xazinalari to‘la ganjlari, haramlari to‘la kanizlari va hattoki butun saltanatni sovursalar ham kamlik qilur amirim!

Malikul sharob jahl ustida bu gaplarni aytishga aytdiyu, birdan hushyor tortib, sultonga o‘g‘rincha nazar tashladi. Amiralmo‘minin esa, ajabo, darg‘azab bo‘lish o‘rniga jimgina bosh egib o‘tirar, go‘yo sobiq qulining so‘zlari uning dilida isyon emas, yo‘q, chuqur afsus-nadomat uyg‘otgan edi.

– Osiy banda, – dedi sulton, xiyol ovozi titrab. – Men seni tengqurim deb, yoshlik chog‘larimning shohidi bo‘lgan aziz birodarim deb, yaxshi niyatlarimni izhori ixlos qilsam, sen… tag‘in dilozorlik qilding, tag‘in gustohligingga borib, dilimni og‘ritding, Qutlug‘qadam!

Malikul sharob bir zum aytgan so‘zlaridan pushaymon qilib, dovdirab qoldi.

– Oftobi olam! Kamina… siz valine’mat amirimning xazinayi davlati behuda isrof bo‘lmasin, deb qayg‘urdim, xolos.

Sulton, ko‘zlari o‘t chaqnab, Qutlug‘qadamga tikildi:

– Zaharxanda qilma, betavfiq! Jahongirlik qilgan bo‘lsam… Obod qildim! Ha, bani odamda insof yo‘q ekan, insof! Hamma mening qattiqqo‘llig‘idan so‘zlaydi. Va lekin… bu dorussaltanatni dorussaltanat qilgan kim? Osmon malikasi yanglig‘ saroylar, Ko‘shki davlat va Ko‘shki ma’mur kabi qasrlar qurgan, Bog‘i Firuz yanglig‘ jannatmonand bog‘lar yaratgan kim? Bu ko‘shk, bu bog‘-u bo‘stonlarni kim uchun qurdim men?

– Kim uchun? Fuqaro uchun, g‘arib-u g‘urabo uchun qurganlar valine’mat! – Malikul sharob qo‘lini bigiz qilib, tepadagi gujumni ko‘rsatdi. – Anov gujum ostida turgan olacha to‘nli gadoga bir qarasinlar, amirim!

Sulton kutilmagan bir itoatkorlik bilan Malikul sharob ko‘rsatgan tomonga qaradi. U yerda, bir tup rayhonday bejirim gujum tagida bir nechta mashshoqlar davra qurib o‘tirishar, davraning o‘rtasida olacha to‘nli keksa bir darvesh qiyshanglab raqs tushardi.

– Bobo Xurmo Savdoyi deydilar bu gadoni!

– Bobo Xurmo?

– Ha, Bobo Xurma Savdoyi! Poshshoyi olamning Bog‘i Firuz o‘rnida bu gadoning xurmozori bo‘lg‘usi edi. Amirim uni tortib olib, o‘rniga o‘shal jannatmonand bog‘larini qurdilar! Makonsiz qolgan bu sho‘rlik esa, mana, yigirma yildirki, bemakon tentirab yuribdi! Amirim esa… bu bog‘-u rog‘larni kim uchun yaratdim, deb gerdayadilar!

Sulton boshini xam qilganicha yana bir daqiqa jim qoldi. So‘ng, go‘yo kimgadir arz qilganday:

– Tiling zahar sening, zahar! – deb ingradi-da, besaranjom bo‘lib:

– Qaydasen, Abul Hasanak? Sarbozlar! – deb qichqirdi.

Soyabon arava yonida qaqqayib turgan ikki navkar qilichlarini yalang‘ochlaganlaricha qo‘sh chinor tomon intilishdi.

Malikul sharob, soqol bosgan serajin yuzi lov-lov yonib, sultonga qaradi-yu, to‘satdan «san»sirab:

– Yodingdami, sulton? – deb xitob qildi. – Yoshlikda, o‘zing bilgan Afshon shol dahasidagi hindlar bazmxonasida aysh qilib yurgan chog‘larimiz xotiringda bormi, amiralmo‘minin! Sening kosangni emas, mening kosamni qo‘liga olgani uchun hasad o‘tida qovurilib, o‘n to‘rt yashar ma’sumaga qilich ko‘targaning esingdami? Esingda bo‘lsa, bilib qo‘y, sulton: o‘shal raqqosa… Nargizabonu ham tirik!

– Nargizabonu… hind raqqosasi Nargizabonu?

– Ha, sen qilich ko‘targan o‘shal zaifa hanuz hayot! Qo‘llari mayib, bir umr seni qarg‘ab o‘tgusidir, amiralmo‘minin!…

Sulton nogahon «hmm» deb, o‘ng biqinini changalladi-da, xuddi bo‘ron sindirgan keksa tolday ikki bukilib qoldi.

Malikul sharob buni ko‘rdi-yu, yuragidagi g‘azab xuddi suv sepilgan gulxanday so‘nib, dilida pushaymonga o‘xshash bir narsa uyg‘ondi. Hoy, attang! Yaxshi bo‘lsin, yomon bo‘lsin, har qalay, yoshlik yillari birga o‘tgan, endi esa… usiz ham olloning qahriga yo‘liqqan bir bandayi ojizga bu so‘zlarni aytmoq darkormidi?

Malikul sharob, to‘satdan yuragi qattiq achishib, hanuz ikki bukilib turgan sulton tomon intildi, biroq shu payt qayoqdandir tasir-tusur ot surib kelgan Abul Hasanak bilan shoir Unsuriy navkarlarni u yoq-bu yoqqa surib, sultonning qo‘ltig‘idan olishdi. Sulton sekin ingrab ularning qo‘llarida osilib qoldi.

«Gunohkor bandangni o‘zing kechirgaysen, parvardigori olam! Nechun u boya vafodor vazirining so‘ziga kirmadi? Nechun Malikul sharob atalmish bu shakkokning gapiga kirib, uning kufr sharobini ichdi?..»

Navkarlar yordamida aravaga chiqqan sulton birdan holsizlanib boshini yostiqqa qo‘ydi, qo‘yarkan, ko‘zi yana osmonga tushdi. Lekin boyagi artilgan shishaday tiniq, niliy osmon o‘rniga tubsiz chohday zimiston bo‘shliqni ko‘rdi.

O‘ninchi bob

Beruniy bir necha kun harorat ichida alahlab yotdi. U xuddi uzluksiz yomon tush ko‘rayotgan odamga o‘xshar, bu tushdan qutulish uchun bir «silkinib» uyg‘onib ketishga urinar, biroq uyg‘ona olmas, uyg‘ongan paytlarida esa, ko‘zini ochishga majoli yo‘q, xayol oqimida jimgina suzardi.

Xayol esa, negadir, ehtimol yoshlik davridan o‘tib, keksalik manziliga qadam qo‘ygani uchundir, ko‘proq allaqanday beg‘ubor bolalik chog‘lariga talpinadi, o‘z yurti tomon, loyqa Jayhun sohilida qad ko‘targan Qiyot tomon parvoz qiladi. Ko‘zini bir zum yumsa Qiyot chekkasidagi hammollar va o‘tinchilar mahallasi, mahalladagi paxsadan yasalgan g‘arib kulbalar nigohi oldida ko‘ndalang bo‘ladi. Kichkina Abu Rayhon esini tanibdiki, kunduz kunlari guzar do‘kondorlarining xizmatini qiladi. Ularga quduqdan suv tashiydi, do‘konlarini supuradi, hal-vofurushlarning o‘chog‘iga o‘t yoqadi, somsapazlarning somsalarini sotib beradi, kulollarning dastgohlarini aylantiradi, temirchilarning bosqonini bosadi. Qo‘l-oyog‘i chaqqon bu ozg‘in, qoramtir bolakayni hamma yaxshi ko‘radi, chunki u arablar rastasida yurib arab tilini, hindlar rastasida hind tilini, hatto bidir-bidir so‘zlarini hech kim uqolmaydigan chin savdogarlarning tilini ham tez bilib oladi va bepul, beg‘alva tilmochlik qiladi. Kechqurunlari, kun botib, qosh qoraygan mahalda esa, Jayhun sohiliga chiqib, sahro tomon tikilib o‘tiradi. Bir mahal ufqda chumoliday tizilgan odamlar ko‘rinadi, ko‘rinishi bilan yalang oyoq, yalang bosh Abu Rayhon ular tomon qushday uchadi. U na oyog‘iga qadalgan tikan, na chag‘irtoshlarni sezadi, shamolday uchib boradi-yu, bir quchoq sazoq3131
  Sazoq – saksovul.


[Закрыть]
tagida egilib, uzun asosini do‘qillatib kelayotgan qoqsuyak ayol bag‘riga o‘zini otadi.

– Momojon! Sazoqingizni menga bering, men orqalaymen, momojon!

Ayol yurishdan to‘xtab, ozg‘in qoramtir yuzidan oqqan marjon-marjon terni artadi, so‘ng, sazoqday dag‘al, qop-qora qo‘llarini o‘g‘lining boshiga qo‘yadi.

– Momojon, degan tillaringdan momong aylansin, toychog‘im! Shu bir og‘iz so‘zing bilan yelkamdagi yukimni yengil qilding, shuning o‘zi kifoya, toychog‘im!

– Yo‘q, yo‘q, – deydi Abu Rayhon, momosining qoq-suyak, dag‘al kaftlarini o‘pib. – Endi siz uyda o‘ltirasiz, momojon, men o‘zim o‘tinkashlik qilamen! Sazoq tashib, sizni boqamen, momojon!

Ayolning horg‘in ko‘zlari to‘satdan jiqqa yoshga to‘ladi.

– Yo‘q, toychog‘im, sen hech qachon o‘tinkash bo‘lmaysen. Kecha halvofurushning do‘konida bir alloma meni chaqirib aytdi: ollo o‘g‘lingga tengsiz zakovat va mislsiz salohiyat ato qilgan, dedi. O‘g‘lingni menga ber, o‘zimga shogird qilib olamen, saboq o‘rgatamen, dedi. Sen o‘qib alloma bo‘lasen, do‘konlarga mirza bo‘lasen. Shunda momong ham sahrodan sazoq tashishdan qutuladi. Sen ul allomaning etagidan qattiq ushla, toychog‘im!

– Siz Abu Sahl Masihiyni aytasiz! Ulug‘ alloma ul, momojon!

– Momojon degan tilingdan momong aylansin, toychog‘im! Nasroniy dinidan bo‘lsa ham, yaxshi odam ekan ul Abu Sahl Masihiy, etagidan mahkam ushla uning, toychog‘im!

Abu Sahl Masihiy!

Ajab hol: ustod Masihiyni eslashi bilan Beruniyning miyasida go‘yo zaif shamday miltirab turgan narsa «lip» etib o‘chdi-yu, «yarq» etib boshqa bir chiroq yondi.

Avji bahor. Jayhun sohiliga tutashib ketgan ulkan bog‘ ayni gulga kirgan. Bog‘ o‘rtasidagi ikki qavatli ko‘shk xiyobonlarida kamalak rangli tovuslar tovlanadi, daraxtlar orasida yovvoyi kiyiklar ko‘zga chalinadi, chetlari nozik chiniy koshinlar bilan bezatilgan hovuzlarda bulutday oppoq oqqushlar suzadi.

Yosh Abu Rayhon ustod Abu Sahl Masihiy bilan oq ayiqlarning momiq terilari to‘shalgan zinalardan yurib, ko‘shkning ikkinchi qavatiga chiqadi.

Ustod, tokchalarida kuppa-kunduz behisob shamlar yongan uzun yo‘lakning oxiriga borib, turnaqator eshiklardan birini ochadi…

Devorlariga bug‘u mugizlari, olmaxon va suvsar mo‘ynalari osilgan, tagiga oq va qora ayiqlarning yumshoq terilari tashlangan keng xonaning o‘rtasida malla-rang soqolli ko‘ksiga tushgan, ko‘zlari ko‘m-ko‘k bir chol parq-u yostiqlarga suyanib yonboshlab yotibdi. Uning yonida ko‘zlari xuddi cholning ko‘zlariday moviy, uzunchoq yuzi bozordagi Hazor joriyalarining yuzlariday oppoq bir sohibjamol hisobcho‘t qoqib, daftariga bir nimalarni yozib o‘tiribdi. Mehmonlarni ko‘rgan sohibjamol daftar-qalamini ko‘ksiga bosganicha, nazokat bilan yurib chiqib ketadi. Chol esa mehmonlarni dasturxonga taklif qilib, ustod Masihiy bilan o‘z tillarida uzoq suhbatlashadi, so‘ng, Abu Rayhonni oldiga chaqirib hisob ilmidan sinov qiladi. Sinovdan keyin ustod ketadi, Abu Rayhon esa savdogarning uyida qoladi. U hisob-kitob ishlaridan qutulgach, tun yarmigacha o‘z hujrasida mutolaa bilan shug‘ullanib o‘tiradi. Nihoyat, mutolaadan charchab, endi to‘shakka cho‘zilganida kimdir eshigini gurs-gurs uradi, ketma-ket ayol kishining «Mirzam!» degan zorli nidosi eshitiladi. Abu Rayhon o‘rnidan sakrab turib, eshikni ochadi. Ostonada… oppoq qo‘llarida dir-dir titragan sham, Rayhona degan boyagi moviy ko‘zli sohibjamol turardi! Sohibjamol Abu Rayhonni ko‘rib:

– Otam! Mehribon otam! – deydi-yu, yerga tiz cho‘kib, yuzini kaftlari orasiga yashiradi. Abu Rayhon marmar zinalardan kiyikday sakrab tepaga chiqadi. Chol o‘sha, darichalari Jayhunga qaragan serhasham xonada qavat-qavat shoyi ko‘rpachalar ustida chalqancha yotar, uning ochiq qolgan ko‘m-ko‘k ko‘zlarida hayot so‘ngan, dahani osilib qolgan.

… Boshqa oqshom. Dafn marosimidan keyin savdogarning serhasham ko‘shki motam sukutiga cho‘mgan. O‘z hujrasida yana kitob mutolaa qilib o‘tirgan Abu Rayhon qandaydir taraq-turuq ovozlardan cho‘chib boshini ko‘taradi. Bu tovushlar ikkinchi qavatdan, Abu Rayhonning hujrasi tepasidagi Rayhonabonu xonasidan eshitiladi.

Tepada, Rayhonaning xonasi oldida… savdogar hayot vaqtida uning eng yaqin mahrami bo‘lgan bosh mirza bilan… yumaloqdan kelgan, ko‘m-ko‘k ko‘zlari go‘dakning ko‘zlariday ma’sum bir bukri turardi. Egniga suvsar po‘stin, boshiga suvsar telpak kiyib, belini oltin kamar bilan bog‘lab olgan bu bukri – yo rab! – ko‘p yillardan keyin G‘aznada paydo bo‘lgan, o‘zining nayi va attorlik do‘konchasi bilan dong chiqargan Piri Bukriy edi!..

Yosh Abu Rayhon uni taniydi. U mahalda bukri Qiyot shahrining eng mashhur savdogarlaridan biri hisoblanardi!..

Bukri, qo‘lida qandaydir qalin daftar, zulfini uzilib tushgan eshikni zo‘r berib o‘ziga tortar, Rayhona esa, dag‘-dag‘ titrab uning ko‘kragidan itarardi.

Yoshlik ekan, qaynoq o‘spirinlik chog‘lari ekan, Abu Rayhon nima bo‘layotganini so‘rab-surishtirib ham turmaydi. Rayhonaning yosh bilan yuvilgan yuzini ko‘radi-yu, avval bosh mirzani, keyin nimalardir deb baqirayotgan bukrini giribonidan olib, marmar zinalar tomon otadi. Bosh mirza oyoq ostidagi sip-silliq ayiq terisiga sirg‘anib yiqiladi, chorpahildan kelgan bukri esa marmar zinadan xuddi to‘nkaday gumburlab yumalab ketadi.

Beruniy keyin surishtirib bilsa Rayhonaning otasi bukridan qarzdor ekan, biroq bukrini bu qarz emas, hatto choldan behisob davlat ham emas, balki uning yolg‘iz qizi, go‘zal Rayhona qiziqtirar ekan!..

O‘sha kecha Rayhona Abu Rayhonning quchog‘ida yig‘lay-yig‘lay uxlab qoladi, erta tong esa Rayhonaning issiq bo‘salaridan mast bo‘lib endi uyquga ketgan Abu Rayhon vahimali qiyqiriqlardan uyg‘onib ketadi.

Yo‘q, bu – bosh mirza bilan ayyor bukri ko‘targan to‘polon emas, Qiyotga nogahon bostirib kelgan Xorazmshoh qo‘shinlarining qiyqirig‘i edi!..

O‘sha tong Qiyot hokimi qal’asida boshlangan yong‘in bir zumda butun shaharga taraladi, chunki sahroda ko‘tarilgan dovul yong‘in uchqunlarini osmoni falakka olib chiqib, yon-yoqqa sochadi, ulardan ko‘tarilgan olov esa ajdaho kabi dahadan dahaga, uydan uyga, do‘kondan do‘konga sakrab, butun-butun rastalar, saroylar, qasrlarni yamlab yutadi.

Abu Rayhon qo‘lida behush Rayhonabonu, boqqa qochib chiqadi. Jayhun sohilida turib, Qiyot boshiga tushgan mislsiz ofatni, go‘yo bir bog‘ shuvoqday lovullab yongan do‘konlar, tutash rastalar, uylar, karvonsaroylar, qasrlarni o‘z ko‘zi bilan ko‘radi, jahannam ichida qolgan odamlarning faryodini, dumlari va yollari yongan otlarning kishnashi, qo‘y va echkilar, mushuk va itlarning odam bolasi yanglig‘ zorli yig‘isini eshitadi, ko‘zida yosh, yuragi qon bo‘lib eshitadi.

Qiziq dunyo ekan bu dunyo! Keyin bilsa… o‘sha kecha nasroniy savdogarning ko‘shki bilan birga Rayhonabonu ishqida yongan bukrining ko‘shklari ham barobar kuyib, barobar kul bo‘lgan ekan!

Beruniyning miyasida bazo‘r miltiragan xira chiroq «lip» etib o‘chadi-yu, boshqa bir chiroq yonadi.

Bepoyon sahro. Tun. Hamma yoq gulxan, to‘g‘rirog‘i, so‘nayotgan gulxanlarning zaif shu’lasi, go‘yo osmon to‘la yulduzlar o‘sha oqshom yerga yomg‘irday yog‘ilganu hududsiz sahroga tariqday sochilib ketgan. Sahroda, yulduzday milt-mult etgan bu gulxanlar atrofida uvada-juvada odamlar. Bular mag‘lub Qiyotdan muzaffar Gurganjga haydab ketilayotgan behisob mahbuslar. Ular, Xorazmshoh sarbozlari qurshovida kunduz yo‘l yurib, kechalari sahroda tunashadi, gulxan yoqib isinishadi, suv qaynatishib, sarbozlar ulashgan zog‘ora nonlarni tanovul qilishadi. Rayhona tushgacha bir amallab o‘zi yuradi, tushdan keyin chag‘irtikon va toshlar tilka-tilka qilgan oyoqlarini bosolmay, yig‘ilib qoladi, shunda Abu Rayhon uni opichlab oladi.

… Ko‘kda ham, yerda ham behisob yulduzlar miltiraydi. G‘ir-g‘ir esgan sovuq shabadada so‘nayotgan gulxanning zaif cho‘g‘lari nogirongina jimirlaydi. Abu Rayhon, ustidagi uvada chakmonini yechib, behol dildirab yotgan Rayhonaning ustiga tashlaydi. Shu payt qorong‘ida bo‘g‘iq xirilloq yo‘tal eshitiladi.

– Ollo yo‘liga bir tishlam non!..

Zimiston qorong‘ilikda… egniga juldur chopon, boshida eski quloh kiygan pakanagina bir kimsa paydo bo‘ladi. Kimsaning soqol-mo‘ylovi, qosh-kipriklari kuyib, yuzi sovuq bir niqobga o‘xshab qolgan.

Gulxan yonida isinib o‘tirgan Rayhona gadoni ko‘rib, o‘zini Abu Rayhonning quchog‘iga otadi! Yo tavba! Soch-soqoli kuyib, qosh-kipriklari to‘kilib, arvohga o‘xshab qolgan bu kimsa… o‘sha, Qiyot shahrining eng badavlat kishisi bo‘lgan bukri savdogar edi.

Ha, taqdirning o‘yini qiziq ekan!..

Ko‘p o‘tmay, Abu Rayhonning ko‘z ochib ko‘rgan sevgilisi Rayhonabonu olamdan o‘tadi. Abu Rayhon Qiyot qirg‘inidan so‘ng Gurganjni tark etib, Jurjonga, Jurjondan Rayga, Raydan Hamadonga o‘tib, musofir yurtlarda darbadar kezib yurganida olamdan o‘tadi. Ilonning yog‘ini yalagan bu bukri esa hanuz tirik, hanuz oyoq ostida ivirsib yuribdi! Ivirsib emish! Daf’atan ko‘rgan kishi rahm qiladigan bu ayyor tunov kuni kimsan Horun ar-Rashid g‘aznasidan yo‘qolgan mashhur javohirni ko‘zko‘z qilib, undan Sadafbibini so‘radi. Kim bilsin, Abu Rayhon bu sovuq go‘rda tiriklay ko‘milib yotganida, u battol bukri yerto‘lasiga yashiringan hisobsiz dunyosini sochib, Sadafbibini olib ketgandir ham!..

Yo alhazar! Bu ne? Tushimi, o‘ngimi? Ana, eshik tovushsizgina ochilib, Sadafbibi kirib keldi. Ma’yus quralay ko‘zlarida allaqanday hadik, yumaloq kulcha yuzi hayajondan oqargan. U harrir ipak durrasi bilan yuzining bir tomonini xiyol yashirganicha Beruniyning yoniga o‘tirdi.

Yo‘q, hozir emas, o‘sha kuni, mashvaratdan bir kun avval, Xatlibegim kelib ketgan kuni bo‘lib o‘tdi bu voqea, lekin go‘yo hozir bo‘layotganday ko‘z oldida turibdi. O‘z so‘zlari ham, Sadafbibining javoblari ham – hamma-hammasi quloqlari ostida qayta yangrayotganday bo‘lyapti unga.

– Bibim. Sen qizim bo‘lsang, Sabhu mening o‘g‘lim.

– Ustod! Meni… men sho‘rlikni quvmang! Diydoringizni ko‘rmoq baxtidan judo qilmang meni, judo qilmang!

Mana, o‘shandan beri necha kun o‘tdi! Biroq Beruniy hamon kaftida qizning issiq lablarini his etadi, hamon uning hazin, dardli ovozini eshitadi. Yo tavba! Unga ne bo‘ldi? Bu ne o‘y, ne orzu? Bilagidan kuchi, belidan quvvati ketib, bu sovuq go‘rga tiriklayin tiqilganda o‘ylaydigan o‘ymi bu?

Beruniy yuragi yonib ketayotganday bo‘lib, qora qumg‘ondan bir qultum suv ichdi… Yo‘q, hozir alamli o‘ylar payti emas, bunday o‘ylar bilan usiz ham o‘rtanib turgan yurakni battar o‘rtaydigan payt emas!

Beruniy, butun irodasini to‘plab, xayolini boshqa tomonga burishga urindi. Haqiqatan, sal o‘tmay, miyasidagi ko‘ngilni g‘ash qiluvchi xira chiroq o‘chib, shu’lasi tiniqroq boshqa bir chiroq yondi.

… Yana bepoyon sahro. Yana seryulduz, zimiston kecha. Yana gulxan lovullab yonadi. Biroq gulxan yonida Rayhona emas, Ibn Sino. Ikkisi ham chuqur sukutda.

Qiyot qirg‘inidan keyin ko‘p yillar o‘tgan, ko‘p suvlar oqib ketgan. Jurjon va Rayda, Qobus va Vushmagir kabi manman, kalondimog‘ hokimlar saroyida kechgan musofirlik yillari orqada qolgan, u o‘z eliga qaytgan. Lekin o‘z eliga qaytgach topgan izzat-ikromlari, Gurganj hokimi Ma’mun ibn Ma’mun saroyidagi «Majlisi ulamo»da kechgan mas’ud damlar, shirin suhbatlar, qizg‘in munozara va mushoiralar ham – hammasi o‘z intihosiga yetgan. Chunki G‘azna hokimi sulton Mahmuddan farmoni oliy kelgan. Ma’mun ibn Ma’mun saroyidagi barcha allomalar G‘aznaga, sulton saroyiga jo‘natilmog‘i lozim. Sulton istagan allomalar orasida Abu Ali ibn Sino bilan ustod Masihiy ham bor. Lekin ular sulton tilagini rad etib, Jurjon tomon bosh olib ketishga ahd qilishgan.

Zim-ziyo kecha. Osmon allaqanday musaffo, oppoq yulduzlarga to‘la… Jayhun sohilidan esgan g‘ir-g‘ir shabada o‘rtadagi gulxanni goh u yonga, goh bu yonga yelpib o‘ynaydi.

Beruniy bir Jurjon tomonlarda o‘tgan musofirlik yillarini eslab, xomushlanadi, bir bo‘lg‘usi judolikni o‘ylab, uf tortadi. Abu Ali esa, qandaydir yaxshi umidlar qanotida parvoz qiladi, u Beruniyni ham birga ketishga undaydi. Boshga tushganni birga ko‘raylik, deb yolvoradi.

– Birga bo‘lishni men ham istaymen! – deydi Beruniy xo‘rsinib. – Dil-dilimdan istaymen. Ammo tag‘in Jurjonga bormoq, tag‘in Qobus ibn Vushmagir yanglig‘ hokimlar xizmatida bo‘lmoq!.. Yo‘q, kamina ularni ko‘rib to‘yganmen, azizim.

– Sulton Mahmud-chi? – deydi Abu Ali. – Qobus ibn Vushmagirdan nesi afzal uning? Yo Hindiston-u Xurosonda qilgan qilmishlari yodingizdan chiqdimi, ustod?

– Yo‘q, azizim, yodimdan chiqqani yo‘q. Kamina G‘azna hokimini Jurjon hokimidan afzal ko‘rmaymen. Oq qarg‘a, qora qarg‘a – bari bir qarg‘a. Va lekin…

– Yo‘q, ustod! – deydi Abu Ali qizishib. – Hamma hokim bir xil emas, somoniylarni eslang!

– Vo ajabo! Somoniylar Buxoro va Xurosonni qonga belamaganmi? Ahli mardumning boshiga kulfat solmaganmi?

– Solgan? Ammo bilasiz, bu foniy dunyoda hamma narsa nisbiydur. Somoniylar…

– Yoshlik qilasen, Abu Ali!..

Har qalay bul osiy banda faqat yomonlik emas, ko‘p yaxshiliklar ham qilg‘on. G‘aznani obod etdi, ilm va nazm ahlining boshini siladi.

Gunoh ne kerak? Sulton Mahmud bir makonni vayron qilsa, ikkinchi makonni obod qildi. Boz ustiga sen ila mening har bir qadamimizni poylab yurganlar bor!

– Qochamiz. Pinhona qochamiz, ustod… Kamina kichik bir karvon bilan ahdlashib qo‘yganmen. Mavlono Masihiy ham ketmoqqa bel bog‘lagandur, ustod.

– Sizlarga oq yo‘l, azizim! – deydi Beruniy. – Yo‘llaringiz bexatar bo‘lsin. Men esam… yo‘q, bir borgan joyimga ikkinchi marotaba borishga na ko‘nglim chopadi, Abu Ali, na toqatim yetadi! Charxi falak hali necha bor aylanib kelur. Nasib etsa tag‘in diydor ko‘rishgaymiz. Ko‘rishmasak… rozi bo‘l, azizim. Oramizdan yaxshi-yomon so‘z o‘tgan bo‘lsa, kechirgaysen, inim!

– Siz ham kechirgaysiz, ustod! – deydi Abu Ali Qorong‘ida uning «qult» etib yutingani eshitiladi. – Gunohkor banda, gustohlik qilib ko‘nglingizni og‘ritgan bo‘lsam… kechirgaysiz, ustod!

Yillar o‘tadi. G‘aznaga kelgan Beruniy shahar chekkasida rasadxona quradi. Sultonning farmoni bilan qurilishga Isfahon va Hamadondan bir guruh me’morlar taklif qilinadi. Ular Beruniyga Ibn Sinodan ilk maktub keltirishadi, maktub bilan birga sovuq bir xabar keladi: Abu Ali bilan Gurganjdan chiqib, Jurjon tomon pinhona yo‘l olgan ustod Abu Sahl Masihiy yo‘l azobiga dosh berolmay, sahro qo‘ynida jon taslim qilgan emish!..

Mana, bu mash’um xabar kelganiga o‘n besh yildan oshibdi. Biroq Beruniyni hanuz tizginsiz bir o‘y ezadi:

nechun o‘shanda Abu Alining nasihatini olmadim, nasihatini olganimda, ehtimol, cho‘l bag‘rida keksa ustodga madad berarmidim, degan betaskin bir o‘y ko‘nglini xufton, dilini vayron qiladi.

Ibn Sino esa… mana, salkam yigirma yildirki, Beruniy uni bir ko‘rsam, deb orzu qiladi. Ayniqsa, Hindistondan qaytib, uning «Al-Qonun»ini o‘qigandan beri bu orzu unga tinchlik bermaydi, goho uni tushlarida ko‘rib chiqadi…

Kim bilsin, tunov kuni Xatlibegim aytganidek, Ibn Sinoga maxsus elchilar yuborilgan bo‘lsa, ehtimol, kelib ham qolar… Yo‘q, bo‘yi barobar oltin va’da qilganda ham sultonga xizmat qilishga ko‘nmagan Ibn Sino endi ham ko‘nmas. Bordi-yu, ko‘nganda ham u yetib kelguncha uning o‘zi tirik bo‘ladimi yo bu go‘r azobiga dosh berolmay jon taslim qiladimi? Uni ko‘rmay, uning o‘z qo‘lidan «Al-Qonun»ini olib, «Hindiston»ini unga in’om etish baxtiga muyassar bo‘lolmay olamdan o‘tadimi?

Yo tavba! Bu g‘am, tuzday taxir bu ko‘z yoshi qaydan keldi? Boshingga bundan yuz barobar katta musibatlar tushganda ham bu qadar ezilmagan eding, bu qadar bukilmagan eding! Senga ne bo‘ldi, Abu Rayhon?

Beruniy miyasidagi xira shamni o‘chirib, tiniqroq shamlarni yoqishga uzoq urindi, biroq qaysi sham yonmasin, oxir-pirovardida bora-bora xiralashib qolar, ko‘nglidagi yorug‘ esdaliklar og‘ir, notinch o‘ylar bilan almashardi.

Внимание! Это не конец книги.

Если начало книги вам понравилось, то полную версию можно приобрести у нашего партнёра - распространителя легального контента. Поддержите автора!

Страницы книги >> Предыдущая | 1 2 3 4 5 6 7 8
  • 0 Оценок: 0

Правообладателям!

Данное произведение размещено по согласованию с ООО "ЛитРес" (20% исходного текста). Если размещение книги нарушает чьи-либо права, то сообщите об этом.

Читателям!

Оплатили, но не знаете что делать дальше?


Популярные книги за неделю


Рекомендации