Текст книги "Ko‘hna dunyo"
Автор книги: Odil Yoqubov
Жанр: Современная зарубежная литература, Современная проза
сообщить о неприемлемом содержимом
Текущая страница: 6 (всего у книги 25 страниц) [доступный отрывок для чтения: 8 страниц]
Ne chora? Boshga tushganni ko‘z ko‘rar ekan. Tirikchilik – tirriqchilik ekan! Abu Shilqim yig‘lab-siqtab, yor-birodarlaridan egniga bitta to‘n, boshiga bitta dastor, tagiga qirchang‘i bir eshak so‘rab oldi, otasidan qolgan-qutgan giyohlarni, suyuqliklar solingan shishachalarni xurjunga joylab, tabib Abu Halim ibn Faysal nomi bilan sahronishinlar ovullarini kezib ketdi… Shu-shu, birda och bo‘lsa, birda to‘q, birda shohu birda gado, yillar o‘tdi. Yuziga ajin, soch-soqoliga oq oraladi. U taqdirga tan berib, boriga shukur qiladigan bo‘ldi. Faqat bir narsa ba’zi-ba’zida tinchini buzib, yuragini tuz sepganday achitar, u ham bo‘lsa, yana o‘sha eski raqibi Abu Ali edi!
Abu Shilqim goho-goho biror sabab bilan dongdor hakimlar yoxud xorijiy sayyohlar majlisiga kirib qolgudek bo‘lsa, aksar hollarda yana o‘sha, bir mahallar kitobdorlar va giyohvandlar do‘konlarida ivirsib yurguvchi yosh tabibning nomi tilga olinar, cheksiz hurmat va iftixor bilan tilga olinardi! Emish, go‘yo bu xayolparast tabib tibbiyot bobida tengsiz alloma bo‘lgan emish, ajaldan boshqa neki kasal bo‘lsa, hammasiga davo topar emish! Go‘yo «Qonun» degan bir kitob bitgan emishkim, bu kitobni oltinga ham topib bo‘lmas emish!..
O, bu Ibn Sino! Yoshlik chog‘laridayoq yuragida hasad o‘tini yoqib, halovatini buzgan, tinch, beg‘ubor hayotini raqobat og‘usi bilan zaharlagan Ibn Sino!
… Abu Shilqim ibn Shahvoniy peshonasini devorga gurs-gurs urib, yana yer tirnashga kirishdi. Shu payt to‘satdan G‘aznaga kelib, bu zindonga tushishga sabab bo‘lgan g‘aroyib bir voqea esiga tushdi, tushdi-yu, o‘zi ham sezmagan holda yana xayol daryosiga sho‘ng‘idi.
… Bu g‘aroyib voqeaning sodir bo‘lganiga mana o‘n yildan oshdi. Xuddi hozirgiday ilk bahor edi. Abu Shilqim, tagida xachir, egnida ko‘k movut to‘n, boshida yangi simobiy salla – bu mahalda u Buxoro tevaragidagi qishloqlarda ancha-muncha ixlosmandlar orttirib, qorni to‘ygan, qirchang‘i eshagini xachirga, eski choponini ko‘k movut to‘nga almashtirgan edi! Hurmiton bozori qaydasen, deb yo‘lda yo‘rtib borardi.
Hurmiton – Buxoro asilzodalari, arkoni davlat va arkoni harb, vazir-u vuzaro, a’yon-u boyonlarining yozgi qarorgohi. Ayniqsa qafasday tor shahar hovlilariga o‘rganolmagan turkiy beklar Hurmiton tevaragidagi bepoyon dashtlarni xush ko‘rishar, ko‘klam chiqishi bilan mol-mulklarini tuyalarga ortib, turnaqator bo‘lib qir va adirlarga ko‘chib chiqishar edi. Bu payt Hurmiton bozorlari ham gullab ketar, Xuroson-u Shosh, Tolos va Oloy tomonlardan boy karvonlar azim daryoday oqib kelardi!
O‘sha kuni, turkiy beklar ovulida tabiblik qilib, xurjunining ikki ko‘zini in’omlarga to‘ldirib olgan Abu Shilqim xushnud kayfiyatda Hurmiton anhori bo‘yidagi bir karvonsaroyga kelib tushdi. Anhor sohili gavjum, oshxonalarda kabobpazlar kabob pishirar, somsapazlar somsa, novvoylar non yopishar, qovurilgan piyoz va go‘sht, issiq non va qalampir hidi dimoqqa gup-gup urardi. Anhor bo‘yidagi gilam to‘shalgan so‘rilarda zarbof va kimxob to‘nli asilzodalar, kalondimog‘ tijorat ahli yonboshlab yotar, yo‘qsillar, darveshlar, juldur chopon gadolar esa quyiroqdagi ko‘m-ko‘k o‘tloqlarda to‘p-to‘p bo‘lib o‘tirishar, har kim topganini o‘rtaga to‘kkan edi… Abu Shilqim xachirini bir chetga tushovlab, zodagonlardan pastroq, gadolardan yuqoriroq bir so‘ridan joy oldi-da, bir kosa qimiz bilan ikki six kabob so‘radi.
U sopol kosadagi qimizni bir ko‘tarishda bo‘shatib, kabobga kirisharkan, quyiroqda o‘tirgan, chap ko‘zi ko‘r bir darvesh yolg‘iz ko‘zini unga o‘qdek qadab, tikilib-tikilib qarayotganini payqab qoldi. U nechundir yuragi «shuv» etib, ko‘zini ko‘r darveshdan olib qochdi. Biroq ko‘r darvesh darhol o‘rnidan turdi-da, ro‘parasiga kelib, ta’zim bajo keltirdi:
– Assalomu alaykum, hakimi davron… Abu Ali ibn Sino hazratlari!
Abu Shilqim og‘zi ochilganicha darveshning cho‘g‘day yongan yolg‘iz ko‘ziga hayrat bilan tikildi.
– Hakimi davron… Ibn Sino? Sen faqirni boshqa birovga o‘xshatding, darvesh!
– Muborak nomingizni yashirmoqdan ne foyda, taqsirim?– dedi ko‘r darvesh, negadir ovozini pasaytirib.–Bundan bir yil muqaddam kamina sizni Isfahonda, amir Alouddavla davrasida ko‘rganmen. Isfahon ahli sizga sajda qilib, tabarruk jubbangiz etaklarini o‘pganini o‘z ko‘zim bilan ko‘rganmen!… Nechun o‘z eldoshlaringizni bu saodatdan benasib qilasiz, taqsirim?
«Yopiray! Bu telba darvesh ne deydi? Murodi ne buning?»
– Hozir ahli mo‘minni ogoh qilamen, toki ahli imon yaxshi dor-u darmonlaringizdan bahra olsin, xastalar davo topsin!
Yuragi orqasiga tortib ketgan Abu Shilqim, «hoy-hoy», deguncha bo‘lmadi. Ko‘r darvesh kaftlarini og‘ziga karnay qilib:
– Hoy ahli imon, yaxshilar! – deb xitob qildi. – Eshitmadim demanglar, g‘aflat uyqusida qolmanglar! Allomalar mukammali va hakimlar afzali hazrat Ibn Sino tavallud topgan o‘z yurtiga qadam ranjida qilmish! Kimki bu hakimi hoziqning yuksak kamoli va nurli jamolidan bahra olib, davosiz dardiga davo topmoq istasa – marhamat qilsin!
– Anhor sohilini to‘ldirgan «ahli imon» birdan «gurr» etib ko‘tarildi-yu, Abu Shilqim bilan ko‘r darvesh tomon yopirildi. Rost, chinor soyasida so‘rilarda yonboshlab yotgan serviqor asilzodalar orasida masxaraomuz kulib qo‘y-ganlar ham bo‘ldi, biroq ularning kulgusi birdan «gurr» etib ko‘tarilgan olomonning shov-shuvi ostida ko‘milib ketdi. Nogahon yopirilib kelgan «ahli imon» bir-birining gapiga quloq solmas, hamma to‘satdan «hazrat Ibn Sino»ga aylangan Abu Shilqimni ko‘rishga intilar, birov juldur kiyimini shartta yechib, irigan-chirigan oyog‘ini namoyish etar, birov yarasini, birov chaqasini degandek, birov nogiron bolasini ko‘rsatar, birov onasini! Xullas kalom, bir zumda bo‘ldi to‘polon, bo‘ldi to‘polon!
Ko‘r darvesh zudlik bilan chopib borib, xachir ustidagi xurjunni sudrab keldi. Shundan keyin Abu Shilqim ham lom-mim demay xastalarni «davolash»ga, ya’niki, xurjunidagi giyohlarni ulashishga tutindi. U og‘ziga kelgan gapni aytib giyoh ulashar, ko‘r darvesh esa, yomg‘irday yog‘a boshlagan oqchani yig‘ar edi! Xurjunning ikki ko‘zini to‘ldirgan giyohlar – tuyatovon, otquloq, yovvoyi yo‘ng‘ichqa, cho‘girtikonlar talqoni, rayhon va kiyik o‘ti, bodom va tog‘ yalpizi, turfa gullar aralashmasi, yantoq va shuvoq ildizlari, nasha, ko‘knori poyalarining qaynatmalari va ularning urug‘lari, qo‘yingki, Abu Shilqim keksa tabiblardan nimaniki eshitib, tog‘-u toshlardan nimaniki yig‘ib olgan bo‘lsa, hammasi ko‘z ochib-yumguncha kumush va hatto oltin tangalarga aylandi… Shundan keyin ko‘r darvesh «hakimi davron» charchaganini ro‘kach qilib, kimki chorasi topilmas dard va qutulib bo‘lmas ajal balosidan qutulmoqni istasa, ertaga Hurmiton bozoriga marhamat qilishlarini tayinladi-da, yig‘ilgan «ahli imon»-ni tarqatdi… Lekin ertasiga ular Hurmiton bozori emas, sayqali ro‘yi zamin Samarqand qaydasen deb, Samarqand tomon ravona bo‘lishdi.
Shu-shu, falakning gardishi bilan hazrat «Ibn Sino»ga aylangan Abu Shilqim ibn Shahvoniy firib bobida ustasi farang ko‘r darvesh bilan birga butun Movarounnahrni kezib chiqdi. Ular Samarqand va Shosh, O‘tror va Yassi, Gurganj va Sig‘noq – qo‘ying-chi, bormagan shahri, ko‘rmagan yurti qolmadi. Asta-sekin oddiy choponlar kimxob va banoras to‘nlarga, otlar soyabon aravalarga almashtirildi, mayda chaqa va kumush tangalar oltin dinorlarga aylandi. Ko‘r darvesh kamlik qilib, qo‘l-oyoqlari chaqqon, dasti beminnat yosh g‘ulomlar xizmatga olindi. Ular endi yo‘lga chiqsa eng badavlat tijorat ahli bilan, katta karvonlar bilan birga chiqishar, shaharlarga borganda eng boy karvonsaroylarni tanlashar, eng ko‘rkam, eng ziynatli xonalarga tushishardi. Ertasi-ga, egniga g‘aroyib janda, boshiga g‘aroyib telpak kiyib, kashkuliga isiriq solib olgan ko‘r darvesh, ikki yonida ikki g‘ulom, bozorga chiqardi:
Hoy, ahli mo‘min, yaxshilar,
Eshitmadik demanglar!
Luqmon hakim duogo‘y,
Pirlaridan boobro‘y,
Ibn Sino nomi bor,
Yetti iqlim dong‘i bor!
Dard yo‘qdir ul bilmagan,
Chorasini qilmagan!
Baloni daf etadi,
Qazoni daf qiladi.
Ahli imon, yaxshilar,
Eshitmadik demanglar!..
Bu orada ko‘r darveshdan saboq olgan yosh g‘ulomlar o‘zlarini olomon orasiga urishar, bir to‘pdan ikkinchi to‘pga o‘tib, hazrat Ibn Sino to‘g‘risida har xil hikoyat va rivoyatlar aytishardi:
– Xudovandi karim bu zoti muborakka shunday salohiyat ato qilgankim, tibbiyot bobida bilmagan ilmi yo‘qdir. Birgina tomir urish holatiga qarab, sakkiz yuz sakson sakkiz dardni topadi. Yaqinda hazrat Ibn Sino huzuriga Nishopurdan bir navjuvon yigitni olib keldilar. Olib kelguncha esa, yetti iqlim hakimlariga ko‘rsatganlar, ammo hech bir tabib, na Chin, na Hind va na Rum hakimlari sho‘rlikning joniga ora kirganlar, dardiga davo topganlar! Shunda hazratim bu foniy dunyodan ul boqiy olamga rixlat qilishga chog‘langan bu majruhning tomirini ushlab, tug‘ilgan shahrini so‘radilar. Aytdilar. So‘ngra hazratim yigit tavallud topgan shaharning barcha dahalarini nomma-nom sanab chiqishlarini so‘radilar. Sanab chiqdilar. So‘ngra hakimi davron nomi zikr qilingan dahadagi har bir ko‘chani bir-bir aytib o‘tishlarini so‘radilar. Aytdilar. Shunda hakimi hoziq bu ko‘chada istiqomat qilg‘uvchi barcha xonadonlarni nomma-nom atab chiqishlarini so‘radilar. Atab chiqdilar. Shunda taqsiri olam bu xonadonning hamma a’zolarini bir-bir sanab o‘tishlarini so‘radilar. Sanab o‘tdilar. Bas! Sanash chog‘ida bir sohibjamol ismi tilga olingan edi, sho‘rlik yigitning yuziga qizillik yugurib, yumuq ko‘zlari «yarq» etib ochilib ketdi. Shunda xastaning tomir urishiga quloq solib o‘ltirgan hakimi davron uning qo‘lini qo‘yib yuborib kuldilarkim:
– Yigitning dardi oshiqlikdur! Darhol tug‘ilgan shahringizga qayting! Xasta farzandingizga o‘shal sohibjamolni olib berib, to‘y-tomosha bilan ularni qovushtiring, illo, yigit dardining davosi visoldur!
Ikkinchi g‘ulom sershovqin bozorning boshqa bir joyida atrofiga bir guruh bekorchilarni yig‘ib, ollo onasining qornidayoq tengsiz salohiyat va cheksiz zakovat ato qilgan allomayi zamonning zakiyligi to‘g‘risida va’z aytardi:
Shundaykim, hazrat Ibn Sino hali tili chiqmagan chog‘ida ularning xonadonida bir yosh cho‘ri xizmat qilgan. Cho‘ri go‘dakni, go‘dak uni yaxshi ko‘rgan. Bir kun cho‘ri uy bekasining yoqut ko‘zli nodir uzugini olib, go‘dakka ko‘z-ko‘z qilib o‘ynab o‘tirgan ekan, uzuk bir qop tariq ichiga tushib ketgan, cho‘ri esa, buni bilmay qolgan. Chunki shu payt uni uy bekasi chaqirib qolgan.
Bir mahal uy bekasi cho‘risidan uzugini so‘raydurkim, uzuk yo‘q. U uzukni qayga qo‘yganini bilmaydi. Bas, cho‘rini o‘g‘rilikda ayblab, uydan haydab yuboradilar. Cho‘ri yig‘lay-yig‘lay xonadondan chiqib ketadi. Buni ko‘rgan go‘dak ham chirqirab yig‘laydi. U ikki kun tinimsiz yig‘laydi, nechundir bir qop tariqqa talpinib yig‘laydi. Buni ko‘rgan go‘dakning otasi bu qopda bir sir-asror bo‘lsa kerak deb, qopdagi tariqni yerga to‘kib, uni titib ko‘radi. Qaraydiki, tilla uzuk tariq ichida! Ota-ona go‘dakning zakiyligiga lol qolib, cho‘rini topib keladilar va undan afv so‘raydilar!
Shahar bozorlarining eng gavjum joylarida, rasta va guzarlarda ko‘r darvesh boshliq g‘ulomlar hazrat Ibn Sino to‘g‘risidagi bunday rivoyatlarni to‘qishda davom etar, Abu Shilqim esa, egnida qimmatbaho movut to‘n, boshida hakimlar kiyadigan ko‘k movut qalpoq, qo‘lida oltin barobariga sotib olingan «Al-Qonun», serhasham xonaning to‘rida savlat to‘kib o‘tirar va eshikda turnaqator tizilgan xastalarni bitta-bitta qabul qilardi. U, ko‘zlari yumuq, xushsurat, cho‘zinchoq yuzida viqorli tabassum, goh xastalarning tomir urishlariga, goh qorin va ko‘krak qafaslariga quloq tutar, so‘ng, giyoh to‘la sandiq oldida qo‘l qovushtirib o‘tirgan ziyrak g‘ulomiga murojaat qilardi. Forsiy kirsa giyohlar nomini turkiy, turkiy kirsa forscha aytar, bu narsa nechundir xastalarni lol qoldirar, ularning qalbida «hakimi davron»ga nisbatan cheksiz mehr va ixlos uyg‘otardi. Eng qizig‘i, Abu Shilqim buyurgan dorular aksar hollarda bo‘lmasa ham, bot-bot xastalarga shifo keltirar, shunda basavlat va badavlat a’yonlar ta’zimga kelar, ta’zim bilan birga lutfi ehson deganingiz yomg‘irday yog‘ilib kelaverardi. Biroq, e voh! Po‘lat sandiqlarni to‘ldirib yuborgan bu oltinlar oxir-pirovardida faqat yaxshilik emas, baloyi nafs atalmish dardi bedavoni ham yetaklab keldi-yu, bir kuni Abu Shilqim bilan ko‘r darvesh orasida yomon o‘t chiqdi!
– To‘g‘ri, tushgan oqchalarda sening ham ulushing bor, shaytoni basir! – dedi Abu Shilqim. – Ulushingni olib turibsen, shukur qil! Bu ehsonlar senga keldimi yo hakimi davron… ya’niki, kaminagami?
Ko‘r darvesh, yolg‘iz ko‘zi sovuq chaqnab, zaharxanda qildi:
– Hakimi davron emish! Hali sen chin Ibn Sino ekaningga inonib ham qolgandursen? Yomon eshak o‘z egasini ustiga mindirmaydi. Seni «hakimi davron» qilgan kim ekani yodingdan chiqibdi, ho‘kiz!
Lekin ho‘kizdan «hakimi davron» yaratgan ko‘r darvesh nechog‘liq yanglishganini bilmas, Hurmiton bozoridan topgan bu «ho‘kiz» allaqachon qashqirga aylanganidan bexabar edi. Bu qashqir o‘zi yollagan katta karvon bilan ovloq Gurganjdan Buxoroga qaytarkan, bir kun kechasi joniga tekkan «shaytoni basir»ni sodiq g‘ulomlariga ushlatib, qo‘l-oyog‘ini bog‘latdi-da, hadsiz qumliklar orasiga tashlab ketdi. Qashqir qashqirligini qildi. Uning ko‘nglini na ko‘r darveshning achchiq faryodi erita oldi, na yolg‘iz ko‘zidan tirqirab oqqan obidiydasi!
Kim bilsin, ehtimol, Abu Shilqim ibn Shahvoniy bu ayovsiz ishni qilmaganida bugun boshiga bu savdolar tushmas edi. Zotan, kimsan Ibn Sino nomi bilan shuncha boylik orttirganidan keyin bu qaltis ishni qo‘yib, tinchgina kun kechirsa bo‘lmasmidi? Shunday qilganida hozir, ehtimol, bu sovuq qabrda yer tishlab yotmas edi!
Ha, Abu Shilqim o‘shanda ona yurti Buxoroga behisob davlat bilan qaytdi. Ota mulkini sovurib, gado kiyimida chiqib ketgan Abu Shilqim o‘n-o‘n besh yildan keyin bir karvon mol-dunyo, o‘nlab g‘ulomlar, bir nechta go‘zal kanizlar va xurjun-xurjun ganj bilan qaytdi. U nafaqat Juyi Mo‘liyon dahasidagi bog‘-u rog‘larini qaytarib oldi, balki saroy tabiblari davrasiga kirishga ham muyassar bo‘ldi. Rost, Buxoroi sharifda chin Ibn Sinoni ko‘rganlar va bilganlar bo‘lgani uchun o‘zini hazrat Ibn Sino deb atashga jur’at etmadi. Lekin bunga ehtiyoj ham yo‘q edi. Busiz ham sal o‘tmasdanoq Buxoro hokimi amir Aliteginning eng yaqin habibi va tabibiga aylandi. Padari buzrukvori Abu Faysal so‘nggi somoniylar davrida qanday izzat-e’tiborga ega bo‘lgan bo‘lsa, Abu Shilqim somoniylar davlatini zer-zabun qilgan ilk xonlar saroyida shunday izzat-ikromga erishdi. Ammo… baxtga qarshi, bundan uch-to‘rt yil muqaddam mana shu mustabid sulton Mahmud G‘aznaviy o‘n ming jangovar fil va hisobsiz lashkar bilan Buxoro sarhadiga bostirib kirdi-yu, Abu Shilqimning inongan tog‘i amir Alitegin Buxoroni tashlab qochdi. O‘n ming tuyalik mol-dunyosi, sandiq-sandiq oltin-u kumushlari, mashhur harami, haramidagi kenja xotini bilan suyukli qizini tashlab qochdi. Aliteginning bu behisob ko‘chi orasida Abu Shilqimning ham o‘ttiz-qirq tuyalik mol-mulki, bir necha sandiq ganji va bir necha go‘zal kanizlari qolib ketdi.
Mayli, bosh omon bo‘lsa telpak topilar, degan gaplar rost ekan. Abu Shilqim sal o‘tmay sulton Mahmud suvorilari qo‘lida ketgan qirq tuya dunyosini qayta tiklab oldi. Alitegin ham o‘n ming tuya dunyosini yuz ming tuya qilib qaytarib oldi. Sultondan emas, yo‘q, jafokash fuqarodan qaytarib oldi. Ammo sultonning qo‘lida ketgan haramini, to‘g‘rirog‘i, haramidagi suyukli kenja xotini bilan suyukli qizini qaytarib ololmadi.
Alitegin necha marta G‘aznaga elchi yubordi, xotini bilan qizi o‘rniga ulardan ming chandon suluvroq kanizlar va’da qildi, lekin sulton Mahmud nechundur bu ikki asirani qaytarishni istamadi.
Har safar G‘aznaga yuboriladigan elchilar quruq qaytib kelganda amir Alitegin qafasga tushgan yo‘lbarsday o‘kirib, sulton Mahmudga qarshi lashkar tortishga chog‘lanardi. Biroq g‘azabidan tushib, sal hushiga kelgach, barobar qadam tashlaganda Buxoro tuprog‘ini larzon-larzon qilgan o‘n ming jangovar fil ko‘z oldiga kelar, xartumlarning barobar ko‘tarib, barobar o‘kirganda osmoni falakni zir titratgan na’ralari quloqlari ostida qayta yangraganday bo‘lardi-yu, dami ichiga tushib ketardi…
Bundan besh-olti oy muqaddam kutilmagan bir voqea sodir bo‘ldi-yu, Abu Shilqimga bir umr tinchlik bermagan hazrat Ibn Sino yana uning halovatini buzdi.
Vaqt tun yarmidan oshgan edi. Kechasi bilan aysh qilib charchagan Abu Shilqim mast uyquda edi. Banogoh saroydan chopar kelib uni uyg‘otdi.
Abu Shilqim saroyga yetib borganida amir Aliteginning mashvaratxonasiga Buxoroi sharifdagi barcha ulamoyi zabardastlar, mashhur allomalar, saroy tabiblari va shoirlari yig‘ilgan edi. Amirning o‘zi, odatdagiday, qovog‘i soliq, bir mahallar Nuh ibn Mansur o‘tirgan oltin taxtda bir tutam siyrak soqolini silab, xayolga cho‘mib o‘tirar, uning o‘ng tomonidagi kursini notanish, qiyg‘ir burun bir kimsa egallagan edi. Ma’lum bo‘lishicha, surmarang sallasiga elchilik nishoni qadalgan bu kimsa amiralmuslimin sulton Mahmud G‘aznaviyning maxsus va muxtor elchisi bo‘lib, hazrat Ibn Sinoni qidirib yurgan ekan. Elchining qo‘lida shohkosaning yuzidekkina yumaloq surat bo‘lib, bu Ibn Sino hazratlarining suratlari edi. Amir Alitegin elchining qo‘lidan bu suratni olib, mashvarat ahliga namoyish qilar ekan, puchuq burnini jiyirib kuldi:
– Ehtimolkim, oralaringda yashirinib yurgandur bu hakimi davron? Ana, Abu Halim ibn Faysalga qaranglar! Suratdagi hazrat Ibn Sinoning baayni o‘zi? Vo ajabo! Nechun yashirinib yuribsiz, taqsiri olam? Yashirinmang! Toki, amiralmo‘minin Ibn Sino hazratlariga bo‘yi barobar oltin in’om etmoq azmida emish!
Amir Alitegin shunday deb qah-qah otib kuldi. Lekin Abu Shilqimga yalt etib qaragan mashvarat ahli orasida:
«Yo tavba, xuddi o‘zi-ya! Xuddi…» – deb shivir-shivir qilganlar ham bo‘ldi… Sultonning elchisi ham mushukning ko‘zlariday sarg‘ish ko‘zlarini chaqchaytirib, Abu Shilqimga qadalib qolgan edi. Biroq Abu Shilqimni har kuni ming marotaba ko‘rib, u bilan ming marotaba so‘zlashib yurgan odamlarning uni hazrat Ibn Sino deb tan olishlari jezni oltin deyish bilan barobar edi!
Darhaqiqat, mashvarat ahlining «Yo tavba! Xuddi o‘zi-ya! Xuddi!» degan shivir-shivirlari avval kulguga, kulgu piching va kesatiqlarga aylandi-yu, Abu Shilqimning usiz ham hasad va raqobat o‘tida kuygan yuragi battar kuydi. U shunday yonib ketdiki, ertasiga bor mulkini, kanizlari va g‘ulomlarini Buxoro bozoriga chiqarib pulladi, uy-joyini ishonchli odamlar qo‘liga topshirdi, so‘ng saroy musavviriga elchi suratidan bir nusxa ko‘chirtirib xurjuniga joyladi-da, Balx tomon otlangan katta karvon bilan birga subhi sodiq Buxoro darvozasidan chiqdi. Ikki haftadan keyin, ko‘r darvesh bilan birga qilgan ishini Balxda takrorladi. Jarchi yollab jar soldirdi. Buxorolik yosh shogirdi esa hazrat Ibn Sino to‘g‘risidagi hikoyalardan so‘zladi. Sinov Abu Shilqim ibn Shahvoniy kutgandan ming chandon yaxshi o‘tdi. Xasta borki, unga asalga yopishgan pashshaday yopishdi. Pul deganingiz yomg‘irday yog‘ildi. Shundan keyin ular Teginobodga, Teginoboddan G‘aznaga yo‘l olishdi…
Xo‘p, u yog‘i-ku shunday bo‘ldi, endi bu yog‘i ne bo‘ladi? Taqdiri ne kechadi? O, qarib quyulmagan nodon! Bir oyog‘ing yerda bo‘lsa, bir oyog‘ing go‘rda turganida hazrat Ibn Sino bo‘lishni orzu qilgan miyasiz eshshak!
Yo‘q, nafsilamrini aytganda Abu Shilqim ibn Shahvoniy hazrat Ibn Sino bo‘lish uchun qilmadi bu ishni. U faqat… omadi kelib, sultonning qalbiga yo‘l topa olsa, amir Aliteginning kenja xotini bilan suyukli qizini qutqazib olish niyatida jazm qilgan edi bu yumushga! Ularni qutqazib, Aliteginga in’om qilish va bu bilan Buxoro hokimining cheksiz muhabbatiga erishish niyatida bel bog‘lagan edi bu ishga! Mana, niyatiga ham yetdi! Yetdiyu, yiqildi! Endi bu sovuq go‘rdan chiqishi amrimahol uning! O‘ligi chiqadi bu go‘rdan! Yo‘q, o‘ligi ham chiqolmaydi, kalamushlarga yem bo‘ladi o‘ligi, yem!..
Abu Shilqim ibn Shahvoniy yana peshonasini yerga gurs-gurs urib, yer tirnashga kirishdi.
Sakkizinchi bob
Beruniy go‘yo yomon tush ko‘rib bosinqiragan odamday, yuragi gurs-gurs urib uyg‘onib ketdi. U anchagacha qayerga kelib qolganini anglay olmay yotdi, so‘ng ko‘zi shiftdagi do‘ppidekkina tuynukka, g‘adur-budur devor tokchasida miltirab turgan moychiroqqa tushdi, tushdi-yu, yuragi orqasiga tortib ketdi.
Subhonollo! U tanish hibsxonada, bundan o‘n uch yil muqaddam G‘aznaga kelgan, to‘g‘rirog‘i, majburan olib kelingan yili tushgan zindonda yotardi! Faqat unda bir o‘zi emas, yonida keksa ustod Abdusamad Avval2626
Mashhur olim, Beruniyning ustozlaridan biri.
[Закрыть] ham bor edi.
Kecha Osmon malikasi qasrida bo‘lgan mashvaratdan keyin Beruniyning harorati oshib, ahvoli shunday og‘irlashdiki, bu sovuqtosh qafasga qanday kelganini bir eslasa, bir eslay olmaydi.
U hamon o‘z ko‘zlariga ishonmas, nazarida, hamon tush ko‘rayotganday edi. Yo‘q, bu tush emas, u chindan ham o‘n uch yil muqaddam tushgan zindonda yotardi. O‘n uch yil ichida zindonda hech narsa, hatto yerga to‘shalgan eski bo‘yralar ham o‘zgarmabdi! Faqat ustod Abdusamad Avval yo‘q, ustod yotgan joyda hozir qora qurum bosgan katta cho‘yan qumg‘on turardi, xolos.
Ustod Abdusamad Avval!..
Beruniy a’zoyi badani zirqirab, asta ko‘zini yumdi, yumgan zahoti nigohi oldiga Ko‘shki davlat maydoniga yig‘ilgan behisob olomon keldi… Olomonning qoq o‘rtasidagi ochiq joyga baland so‘ri qurilib, unga to‘rtta dor tikilgan, dorlar tagida soqollari ko‘ksiga tushgan to‘rtta mo‘ysafid turar, ular orasida… ustod Abdusamad Avval ham bor edi.
Qo‘llarida og‘ir kishan, egnida kafan yanglig‘ uzun bo‘z yaktak, yalang bosh, yalang oyoq, osmonga tikilgan ko‘zlarida qo‘rquv emas, yo‘q, cheksiz bir qahr, soqol bosgan shiddatli yuzida mag‘rur sokinlik!
Yodida bor, bu mudhish voqeadan bir hafta oldin ularni, ya’ni Gurganjdan haydab kelingan bir guruh allomalarini Ko‘shki davlat saroyiga taklif qilishgan edi. Xuddi kechagiday noyob zebi ziynatlar, ipak gilamlar, billur qandillar, g‘aroyib oltin ma’budalar bilan bezatilgan mashvaratxonada ularni sulton o‘zi qabul qilgan edi.
U mahalda sulton hali yigitday navqiron edi, egnida zarbof to‘n, boshida injular qadalgan toj, serbar tilla kamarida tilla shamshir, oyog‘ida kumush nag‘al qoqilgan g‘arch-g‘urch etik, sulton Mahmud o‘shanda Xorazmdan keltirilgan allomalarga, ayniqsa Abu Rayhon bilan ustod Abdusamad Avvalga katta izzat-ehtirom ko‘rsatgan, ularni ulug‘lab, oltin kosalarda sharob sipqargan, ziyofatdan keyin esa, egnilariga kimxob to‘nlar yopgan, qimmatbaho sovg‘a-salomlar in’om etgan edi. Abu Rayhon ziyofat vaqtidayoq g‘aznalik shoirlar, xususan, ulamoyi zabar-dastlarning qovoq-tumshuqlari osilib qolganini payqab, ko‘ngli g‘ash bo‘lgan edi. Darhaqiqat, uch-to‘rt kun o‘tmasdanoq, tun yarmidan oshganda uning hujrasiga bir guruh navkarlar bostirib kirib, uni «Qal’ai qahr» deb dong chiqargan mana shu tosh qafasga olib kelib tiqishgan edi. Eng yomoni – uni olib kelishganda hozir qora qumg‘on turgan joydagi eski bo‘yrada… ustod Abdusamad Avval yotgandi!
Keyin bilsa… mashvarat vaqtida qovoqlaridan qor yoqqan G‘azna ulamolari ularni sotqinlikda ayblashgan, bunga esa Beruniyning qarmatiylar2727
O‘rta asrlarda diniy g‘oyalar vositasida feodal zulmiga qarshi qaratilgan kurashchilar oqimi.
[Закрыть] rahnamosi imom Ismoil kechmishlari haqidagi bir risolasi sabab bo‘lgan ekan?..
Xorazmda, Ma’mun ibn Ma’mun saroyida xizmat qilib yurgan chog‘larida pinhona yozilgan bu risolani dunyoda faqat bir odam, u ham bo‘lsa ustod Abdusamad Avval bilar, to‘g‘rirog‘i, risola o‘zi ustodning iltimosiga binoan yozilgan edi. Yoshlik chog‘larida badavlat padarining badavlat xonadonini tark etib, tabiblik bilan kun kechirgan ustod Abdusamad avval yolg‘iz imom Ismoilni tan olar, haq yo‘lida esa tariqatdan boshqa hamma narsani inkor etardi! U namozni birda o‘qisa, birda o‘qimas, ro‘zani ham birda tutsa, birda tutmas, ammo bir burda non topsa yo‘qsillar va yetim-yesirlar bilan baham ko‘rardi. U faqir hujrasida zohidlik qilib, yo‘qlab kelgan bitta-yarimta kasallarni davolar ekan, hech kimdan tap tortmay:
– Qur’oni karim nedur? – deb xitob qilar va o‘zi javob berardi: – Adlu haqiqatdur! Gunohi kabir nedur? Zebi ziynat va ayshi ishratdur! Savobi azim nedur? Mehri shafqat-dur! O‘zing yanglig‘ bandalarni suymoqdur! Baloyi nafsni tiymoqdur!..
Ustod Gurganjda, o‘z kulbayi vayronasida o‘tirib, kelgan-ketganlarga o‘z e’tiqodini bayon etarkan, birovlar uning va’ziga quloq solsa, birov quloq solmas: ko‘plar uni tarkidunyo qilgan bir devona deb hisoblar edi. Lekin bir qarashda g‘arib ko‘ringan bu chol faqat tabobat emas, boshqa ilmlar bobida ham tengsiz edi!
Tarki odat amrimahol, deganlaridek, ustod G‘aznaga kelgandan keyin ham o‘z odatini qo‘ymadi, hech kimdan tap tortmay o‘z so‘zini so‘zlayverdi. U hatto o‘sha kuni, Ko‘shki davlatda bo‘lgan sulton G‘aznaviy mashvaratida ishtirok etgan kuni ham, ketayotganlarida, egniga yopilgan kimxob to‘nini yechib tashlab ketgan va uning zindon qilinishiga bu mislsiz «takabburligi» ham sabab bo‘lgan edi!
O‘shanda, mana shu zil-zalvar eshik ochilib, Beruniyni bu tor qafasga itarib yuborishganlarida, ustod bo‘yraga tiz cho‘kib, namoz o‘qib o‘tirardi. Toat-ibodatga birda rioya qilib, birda rioya qilmaydigan ustod eshikda Abu Rayhonni ko‘rib «yalt» etib qaradi. Osoyishta sersoqol yuzida kishini rom qiluvchi bir shiddat, o‘siq qoshlari tagiga yashiringan sinchkov nigohida o‘zgacha bir qat’iyat.
– Yodingda bo‘lsin, Abu Rayhon! Imom Ismoil… – tangri uning qabrini munavvar etgay! – Imom Ismoil tariqati to‘g‘risidagi risolani kamina bitganmen! Sen emas, kamina bitganmen! So‘zimni angladingmu, Abu Rayhon!
Beruniy beixtiyor boshini xam qilib:
– Bu so‘zga kim inonadi, ustod? – deb so‘radi. – Risolaga kaminaning nomi bitilgan.
– Yo‘q, faqir sening nomingni o‘chirganmen. Ne chora? Gurganjdan kelgan munofiq bir hamyurtimiz, sababi baxillik, ig‘vo qilmish! Yodingda bo‘lsin – sen yoshsen, kamina esam, yoshimni yashab, oshimni oshab bo‘lganmen.
– Ustod!
– Bas! – chol, to‘satdan oldidagi qora qumg‘onni olib, yerga gursillatib urdi. – Agar bu tilagimni bajo keltirmasang bergan ilmimga rozi bo‘lmasmen!
Beruniy arang boshini ko‘tarib, qora qumg‘ondan bir qultum suv ichdi, hamon ko‘z oldida turgan to‘rtta dorni haydamoqchi bo‘lib yana ko‘zini yumdi, lekin bu voqea go‘yo o‘n uch yil avval emas, xuddi kuni kecha bo‘lib o‘tganday, sira nigohi oldidan ketmas edi.
Ustod, egnida oq kafan kabi uzun bo‘z yaktak, yalang bosh, yalang oyoq baland dor tagida turipti, taqir qirilgan ulkan boshini baland ko‘tarib, ko‘krak kerib turipti, osoyishta chehrasida, ko‘kka tikilgan o‘tkir ko‘zlarida na qo‘rquv bor, na iztirob!
Ana, osmoni falakni zir titratgan nog‘oralar gumburiyu karnay sadolari ostida darvoza ochilib, saroydan… bir yonida vazir-u vuzaro, bir yonida qozi Sayid, sulton Mahmud ko‘rindi. Qilich yalang‘ochlab, ot o‘ynatgan yuzlarcha sarbozlar qurshovida sulton dor ro‘parasidagi ulkan marmar supaga chiqdi, chiqishi bilan Ko‘shki davlat maydonini zir titratgan nog‘oralar gumburi, osmoni falakni larzaga keltirgan karnay sadolari tinib, dengizday guvullagan olomon birdan suv quyganday jim bo‘ldi.
O‘shanda hibsdan chiqib, yana allomalar davrasiga qo‘shilgan Beruniy ikki ko‘zi ustodda, karaxt bo‘lib turar, u butun vujudi bilan ustod tomon talpinar, u bilan so‘ngbor quchoqlashib vidolashgisi kelar, ayni zamonda, qandaydir bir mo‘jiza ro‘y berib, dor tagida turgan ustodning afv etilishini ko‘kdan iltijo qilardi.
Yo‘q, Beruniy kutgan mo‘jiza ro‘y bermadi. Karnay sadolari va nog‘oralar gumburi to‘xtab, yig‘ilgan olomon sukutga cho‘mishi bilan qozi Sayid o‘rnidan turib, va’z aytdi. U adolat qilichini qo‘lida mahkam ushlab, barcha g‘animlarni qatl-u om qilishga ahd-u jahd etgan, kulli mo‘minlar mukammali va bani odamlar afzali amiralmus-limin, sulton Mahmud ibn Sabuqtegin a’lo hazratlariga hamd-u sanolar o‘qidi. Egnida tiriklar libosi bo‘lmish qora libos, boshida oftobda ajib tovlangan surmarang salla, qoziul quzzot2828
Qoziul quzzot – bosh qozi.
[Закрыть] Sayid hazratlarining ovozi tobora tiniqlashib borar, yig‘ilgan olomonni sehrlovchi ajib ohanglar kasb etib, maydon uzra bir tekis oqardi. Lekin banogoh, imom hazratlari endi ilhomga kirib, ovozi endi yuqori pardalarga ko‘tarilganida dor tagida turgan ustod qo‘lini betoqat silkitdi-yu:
– Xudo nedur, ey betavfiq? – deb xitob qildi. – Xudo– bu adl-u haqiqatdur!
Kutilmaganda momaqaldiroqday qaldiragan bu ovoz Ko‘shki davlat qasrining yuksak tillakori peshtoqlariga urilib, o‘n barobar kuchli aks sado berdi: – Adl-u haqiqatdur?… Savobi azim nedur? – Yetim-yesirlar boshini silamoqdur! Gunohi kabir nedur? – Sen betavfiq yanglig‘ aysh-u ishrat va zebi ziynat ishqida insofu diyonatni unutmoqdur!
Ustod har safar ovozi momaqaldiroqday qaldirab xitob qilganida saroy peshtoqlari yuz barobar kuchli aks sado berar, butun maydon – nainki maydon, hatto soyning u yuzidagi shahar, behisob ko‘chalar, ko‘chalardagi rastalar, karvonsaroylar, guzarlar – butun dorussaltana bu xitob, bu aks sado sehriga mahliyo bo‘lib qolgan edi. Go‘yo bu so‘zlar tiriklayin oq kafanga o‘ralgan yalang oyoq, yalang bosh bir allomaning va’zi emas, g‘oyibdan kelayotgan ilohiy nido edi!
Bu nido sehridan birinchi bo‘lib hoziul quzzot hazratlari hushiga keldi.
– Sipohsolor qayda? Bu shakkok so‘zlarni eshitmoq – gunohi kabir emasmu? O‘chir ovozini bu betavfiqning! O‘chir!
«O‘chir! – sado berdi tillakori peshtoqlar. – O‘chir!».
Dor tagida qandaydir kurash boshlandi. Ustodning boshiga sirtmoq tashlandi, ammo shu payt hamon dengizday guvullagan olomon uzra yana o‘sha ilohiy ovoz yangradi:
– Hoy, aysh-u ishrat azmida imon-u e’tiqodini yodidan chiqargan bandayi ojiz! So‘nggi kalomimni eshitgaysen!.. Xudovandi karim gunohlaringni kechirmaydi sening!.. Qilichidan qon tomgan senday mustabidni…
– Chop!
Qoziul quzzotning hayqirig‘idan hushlariga kelgan suvorilar olomon tomon ot surdi-yu, hamma yoq ag‘dar-to‘ntar bo‘lib ketdi…
…Mana, o‘n uch yildirki bu manzara, bu alamli tuyg‘u Abu Rayhonning xayolidan ketmaydi, bil’aks, har eslaganida ko‘ksiga nina sanchilganday bo‘ladi…
O, ustod, ustod!
Mana Beruniyning o‘zi ham esini tanibdiki, haqiqat izlaydi. Haqiqat yo‘lida kirmagan ko‘chasi, yurmagan yo‘li qolmadi. Birda uni ko‘kdan kutsa, birda ilm va aql-u idrokdan qidirdi, yana birda Qobus ibn Vushmagir, Ma’mur ibn Ma’mun va sulton Mahmud kabi hokimlarni yo‘lga solib, haqiqatni qaror toptiraman, deb o‘yladi, biroq e voh, ustoz aytgan adl-u haqiqat hamon undan qochmoqda, shamol kabi, yovvoyi ohu kabi tutqich bermay qochmoqda. U bo‘lsa umri bino bo‘ptiki, «haqiqat» deb atalmish bu «ohu»ni quvib yuribdi. Bil’aks, tunov kuni Unsuriy aytgan «ne’mati ilohiy»ni inkor etmay, uni «bor» deb qutulib ketsa bo‘lmasmidi? Unsuriy kabi og‘zi to‘lguncha oltin oshasa bo‘lmasmidi? U esa… hayhot, haqiqatni aytaman deb, mana, sovuq go‘rda yotibdi!
Правообладателям!
Данное произведение размещено по согласованию с ООО "ЛитРес" (20% исходного текста). Если размещение книги нарушает чьи-либо права, то сообщите об этом.Читателям!
Оплатили, но не знаете что делать дальше?