Текст книги "Ko‘hna dunyo"
Автор книги: Odil Yoqubov
Жанр: Современная зарубежная литература, Современная проза
сообщить о неприемлемом содержимом
Текущая страница: 4 (всего у книги 25 страниц) [доступный отрывок для чтения: 8 страниц]
Sulton, to‘satdan ko‘z oldi qorong‘ilashib, qo‘lidagi arg‘uvoniy asoni qulochkashlab osmonga otdi. Fil suyagidan jilo berilgan og‘ir aso oltin taxt tepasidan uchib o‘tib, to‘rdagi qurol-aslahalar ustiga borib tushdi. Joyidan ko‘chgan sovut va qalqonlar bir-biriga tegib, o‘rdaday keng mashvaratxonani daranglatib yubordi. Qo‘ng‘iroqday tiniq bu musaffo ovoz mashvaratxonaning qubbasimon lojuvard shiftida aks sado berib, uzoq yangradi-yu, asta tindi. Tingan zahoti yo‘lakning ikki yonidagi behisob eshiklar sharaq-shuruq qilib ochildi, yo‘lakda vahimali shivir-shivirlaru, tap-tap oyoq tovushlari eshitildi. So‘ng, rangi quv o‘chgan, qizil banoras to‘ni ostidan oppoq lozimlari ko‘rinib turgan, xushqad, xushsurat vazir Abul Hasanak ko‘rindi, uning ketidan bosh vazir Ali G‘aribning qip-qizil yumaloq yuzi bir zum ko‘zga chalindi-da, yana g‘oyib bo‘ldi.
Abul Hasanak poygakka tiz cho‘kib, yer o‘pdi.
– Oftobi olam!..
– Ofobi olam!.. – dedi sulton, lablari asabiy titrab. – Ajalimdan besh kun burun menga kafan bichib, ig‘vo yo‘liga o‘tdingmi, battol?
– Valine’mat!
– O‘tmagan bo‘lsang… qayga gumdon bo‘lding? Ul meshqorin Ali G‘arib qayda? Nechun inongan mushriflarimdan hanuz darak yo‘q? Qachon keladi ul betavfiq Ibn Sino?
– Keladur, pushti panoh!.. Yaqin kunlarda yetib kelmog‘i darkor!
– Shu hafta yetib kelmasa… dorga tortamen! Barchangni dorga tortamen. Tuzimni ichib, tuzlig‘imga tupurgan nobakorlar! Uqdingmi, murtad? Shu hafta!..
– Uqdim, poshshoyi olam!
– Uqsang, chaqir allomalarni! Mashvaratga chaqir darhol!
To‘rtinchi bob
Beruniy ustiga yangi ko‘k baxmal to‘n kiyib, boshiga uchli olacha taqiya ustidan simobiy sallasini o‘rab, shogirdi yordamida otga minganida oftob endi chiqqan edi. Kechasi shivalab o‘tgan yomg‘irdan keyin havo musaffo, ariq bo‘ylaridagi giyohlar, paxsa devor va hatto uylarning tomlarini qoplagan maysalar yuvib qo‘yilganday yam-yashil, tiniq.
Tundagi isitma pasaygan bo‘lsa ham, Beruniy o‘zini hamon noxush sezardi. U ko‘kragini to‘ldirib-to‘ldirib nafas oldi-da, otini asta yo‘rtirib, shaharni ikkiga bo‘lgan Afshona soy sohiliga chiqib oldi. Soyning o‘ng yuzidagi keng sayhonlikni beqiyos, behudud Bog‘i Firuz egallagan. Tungi yomg‘irdan so‘ng bog‘ ham allaqanday yashnab ketgan, har joy-har joyda to‘p-to‘p bo‘lib gullagan bodom va shaftolilar endigina kurtak chiqara boshlagan o‘rik, olma, nok va behilar orasida xuddi oq, qizil, nimpushti liboslar yopingan go‘zal malaklarni eslatadi. Hududsiz bog‘ning mashriq tomonida oppoq marmar qasr osmonga bo‘y cho‘zgan. Nimasi bilandir ulkan oq qushga o‘xshab ketadigan bu ko‘rkam qasrning nomi o‘ziga monand – Osmon malikasi! Osmon malikasining Quyirog‘ida Ko‘shki davlat saroyining tillakori gumbazlari yarqiraydi, undan nariroqda esa lashkar devoni va boshqa ma’muriy binolar saf tortgan, lekin ular Bog‘i Firuzdan quyida, soyning u yuzida.
Bu yerdan, sohil bo‘yidan pastdagi shahar kaftday ko‘rinadi. Soy bo‘yini bora-borguncha yam-yashil tutash bog‘lar egallagan. Bu bog‘lar ichida oq, qizg‘ish nafis havorang marmardan qurilgan ko‘rkam binolar, ko‘shklar, kichik-kichik saroylar ko‘zga chalinadi. Bu yerda amirlar, lashkarboshilar, devon beklari, boy tijorat ahli istiqomat qiladi. Undan yiroqroqda karvonsaroylar, bozorlar, timli rastalar, hammom gumbazlari ko‘rinadi, ulardan avloroqda esa, bir-biriga tutashib ketgan kulba va kulbachalar ko‘zga chalinardi. Qandaydir betartib qurilgan bu kulbayi vayronalar, do‘kon va do‘konchalar Beruniy kelayotgan daryo sohilidan, xuddi «gardkam» deb sochib yuborilgan oshiqlarga o‘xshaydi.
Uzoq-uzoqlarga cho‘zilib ketgan bu beqiyos shaharning hamma daha, hamma burchaklarida behisob machitlar qad ko‘targan, ularning rang-barang koshinlar bilan bezatilgan yuksak gumbazlari, tillakori peshtoqlari oftobda ajib tovlanib, tog‘lar bilan qurshalgan G‘aznai munavvaraga o‘zgacha bir zeb berib turibdi.
Oldinda ikki qirg‘oqni tutashtirgan ulkan ko‘prik ko‘rindi. Ko‘prik ro‘parasida uzundan-uzoq otxona binosi bo‘lib, bino oldida hammasi birday qizil chakmon va qizil etik kiygan yosh g‘ulomlar saf tortgan, ular har tomondan oqib kelayotgan amirlar, a’yon va boyonlarni otdan tushirib, tavoze bilan xizmat qilishmoqda.
Beruniy ko‘prikka yaqinlashib qolganida, o‘ng qo‘ldagi bog‘ ko‘chadan xachir qo‘shilgan ikki g‘ildirakli bir arava chiqdi. Aravada eski kulohini boshiga bostirib kiygan bir kimsa sekin xirgoyi qilib kelardi. Ajabo: bu kulohli darvesh u yoqda tursin, uncha-muncha asilzodalar ham, yurolmaydigan bu joylarda pachaq arava nechuk adashib yuripti?
– E, e! – Beruniy arava egasini tanib, otining jilovini tortdi. – E-ha, G‘azna faqirlarining sultoni Malikul sharob hazratlari! Qaysi shamol uchirdi janoblarini?
Malikul sharob aravasini to‘xtatdi, rangini bilib bo‘lmaydigan patak soqolini silab, g‘alati ishshaydi:
– O‘zlaridan so‘rasak, azizim? Faqir kulbamizga nechun qadam ranjida qilmay qo‘ydilar desak, eski qadrdonni tark etib, yangisini topibdilar-da, mavlonayi zamon! – U ko‘zini qisib, saroy tomonga ishora qildi. – Yangi do‘st– sulton Mahmud muborak bo‘lsin, mavlono!
Beruniy beixtiyor kulib yubordi.
– Malikul sharob atalmish sizday g‘ariblar sultonini unutib bo‘lurmu? Gulgun sharbatxonangizga tashrif buyurmagan bo‘lsak, sababi xastalik, azizim!
– Xasta bo‘lsalar… davosi bir qultum may!
– Ofarin! Jannatiy sharobingdan jon-jon deb bir piyola sipqarar edim, ammo ne chora, hozir saroyda mashvarat boshlanur!
Malikul sharob, boshidagi eski kulohini bir tomonga qiyshaytirib, kallasini ma’yus likillatdi. – O, mavlono-mavlono! Nahotki shu aql-u zakovating bilan shohlar va sherlardan yiroq yurmoq lozimligini bilmasang?
– Ne chora?
– Ofarin! Bor, yo‘lingdan qolma, azizim, shoyad shoir Unsuriy kabi ulug‘ martabalarga musharraf bo‘lsang!
Malikul sharob xachiriga qamchi urdi-yu, negadir yana to‘xtadi.
– Xah, esim qursin, senga aytadurg‘on bir yangilik bor, mavlono!.. Kecha oqshom kulbayi vayronamga ajib bir musofir alloma tashrif buyurdilarki, ko‘rsang boshing osmonga yetadi!
– Ajabo! Kim ekan ul alloma?
– Bu yog‘i shunday sir-asrorkim, uni o‘zimga aytishdan ham qo‘rqamen! – Malikul sharob shunday dedi-da, xachirini qamchilab uzoqlashib ketdi.
«Sirli alloma? Uni aytishdan qo‘rqamen? Yopiray. Bu darvesh ne deydi? Bu so‘zi rostmi yo uning ko‘ngliga g‘uluv solish uchun aytdimi?»
Odamlar hamon ko‘prik tomon daryoday oqib borardi. Beruniy ko‘prik oldida egardan tushib, otining jilovini hozir-u nozir turgan yosh g‘ulomga tutqazdi. Ko‘prikdan to Bog‘i Firuzning darvozasigacha, hatto bog‘ ichidagi Osmon malikasi qasrining marmar zinalarigacha qirmizrang ipak gilamlar to‘shalgan edi.
Beruniy xiyobonning ikki yonida qilich yalang‘ochlab g‘oz turgan navkarlar orasidan o‘tib, saroyga kirib borganida anjuman hali boshlanmagan, biroq urdaday keng, sutday oppoq mashvaratxonada odam tirband edi.
Turda, naqshli suyanchiqlariga dur va javohirlar qadalgan oltin taxtning o‘ng tomonida vaziri a’zam Ali G‘arib boshliq saroy a’yonlari va devon beklari, chap tomonda amirlar va sarkardalar saf tortgan, devon beklarining oppoq simobiy sallalariga tig‘simon tilla nishonlar qistirilgan, kimxob va movut to‘nli amirlarning qunduz telpak va suvsar bo‘rklariga uch qirrali oltin jig‘alar qadalgan, bellaridagi serbar kamarlariga kumush g‘ilofli egri qilichlar taqilgan. Ularning kumush tepki taqilgan ko‘k va qizil charm etiklari yurganda jarang-jurung ovoz chiqaradi. Taxt yonidagi vazir-u vuzaro va devon beklaridan quyiroqda Unsuriy boshliq bir guruh shoirlar ko‘rinar, ulardan nariroqda esa boshiga chambarak qora qalpoqcha kiygan, iyagida to‘rttagina tuk o‘sgan Chin hakimi o‘z tilmochiga allanimalarni bidir-bidir qilar, uning yonida sariq ipak ko‘ylak va keng sariq shalvar kiygan hind tabibi kamtarona qo‘l qovushtirib turardi. Chap qo‘ldagi kalondimog‘ amir va sarkardalar bilan bir qatorda boshlariga surmarang salla o‘ragan bir guruh din peshvolari saf tortgan, ulardan quyiroqda esa uch-to‘rttagina tanish allomalar ko‘rinar, ularning ichida keksa munajjim mavlono Farruxiy bilan yosh tarixchi Abulfazil Bayhakiy ham bor edi. Hammaning ko‘zi to‘rda, oltin taxtning ortidagi fil suyagidan jilo berilib, nozik tilla tasmalar qoqilgan ikki tavaqali o‘ymakor eshikda… Yig‘ilgan raiyat pichirlab gaplashar, hammaning chehrasida qandaydir tahlika va taraddud muhrlangan, go‘yo hozir yomon, mudhish voqea sodir bo‘lg‘usi edi.
Beruniy horg‘in odimlab allomalar yoniga o‘tdi, ular bilan ko‘risharkan, bosh devon sohibi Abu Nasr Mishkon janoblarini ko‘rib qoldi. Soch-soqoli oppoq, mittigina, lekin zuvalasi pishiq Abu Nasr Mishkon janoblari ham uni ko‘rib, yaqinroq keldi.
– Tag‘in bezgak xuruj qildimi? Bay-bay-bay!
Beruniy bosh devon sohibi bilan ko‘risharkan, nariroqda, bir guruh nazm ahli qurshovida turgan shoir Unsuriyning unga qarab qandaydir sirli jilmayib qo‘yganini payqab qoldi. Unsuriy yon-veriga allanechuk viqor bilan boqar, boshqalarning yuzida tahlika va hadik alomati muhrlangan bo‘lsa, uning naqsh olmaday qip-qizil yuzida vaziyatiga nomunosib bir mamnunlik barq urardi. Shoir eng katta mashvaratlarda kiyadigan zarbof to‘nini kiyib, surmarang sallasiga amiralmo‘mininning bo‘lakcha lutf-u ehsonini bildiruvchi tilla nishonni qadab olgan, qo‘lida esa, zar qog‘ozga o‘ralgan yostiqday kitob.
«Bu tilyog‘lamachi nechun xushnud? Nechun og‘zi qulog‘ida?» – dedi Beruniy ichida, biroq shu payt, to‘rdagi ikki tavaqali og‘ir o‘ymakor eshik asta g‘ichirlab ochil-di-yu, hamma boshlar bab-baravar o‘sha tomonga o‘girildi. Bo‘sag‘ada… egnidagi ko‘k movut to‘n ustidan qo‘sh tasma osib, sallasiga nayzasimon oltin nishon qadalgan saroybon ko‘rindi. U eshikda qilich yalang‘ochlab turgan ikki sarboz yonidan o‘tib, taxt oldiga keldi-da, qo‘lidagi oltin shaqildog‘ini shaqillatdi:
– Barcha ahli mo‘minning piri buzrukvori, saltanatimizning shon shuhrati, toj-u taxtimizning baxti saodati, fotihi muzaffar, amiralmuslimin sulton Mahmud ibn Sabuqtegin G‘aznaviy hazrat oliylari!..
Oq marmar mashvaratxonaning qubbasimon shiftlari aks sado berib, g‘alati yangrab ketdi: «Sulton… G‘aznaviy hazrat oliylari…»
Mashvaratxonani to‘ldirgan oq, ko‘k, surmarang sallalar, qunduz va suvsar telpaklar egilib yerga tegdi. Shu payt… bir yonida qop-qora soqol-mo‘ylovi o‘ziga yarashgan, xushqad, xushsurat Abul Hasanak, bir yonida piri murshid, Qozi imom Sayid hazratlari, sulton Mahmud G‘aznaviy paydo bo‘ldi.
Hamma bilan barobar egilib ta’zim qilgan Beruniy eshik tomon o‘g‘rincha ko‘z tashladi, tashladi-yu, beixtiyor seskanib ketdi. Imom Sayid bilan Abul Hasanak o‘rtasidagi sulton… Hamon kuch-g‘ayratga to‘la ko‘rinardi. Azaldan juda bo‘ydor, qora, qotmadan kelgan sulton, go‘yo burungidan ham cho‘zilgan, go‘yo yana sal cho‘zilsa, tojdor boshi shiftga tegardi, faqat ko‘zlari… mung to‘la qisiq ko‘zlari allaqanday charaqlab turardi. Biroq, ajabo: yig‘ilgan izdihomni ko‘rishi bilan sulton nechundir bir g‘ijindi-yu, shitob bilan yurib taxt oldiga o‘tdi, u yerda bir zum to‘xtab, egilgan boshlarga, behisob qabrlarday do‘ppayib turgan a’yon-u boyonlarning do‘ng yelkalarigaqadalib qaradi, so‘ng og‘ir odimlab, taxtga chiqdi.
Taxtning o‘ng tomonidagi tillakori kursiga imom Sayid hazratlari o‘tirdi, chap tomondagi xuddi shunday kursiga sobiq suyukli nadim, endilikda erkatoy vazir Abul Hasanak o‘tirishi lozim edi. Abul Hasanak o‘tirmadi. Ellikdan oshgan bo‘lsa ham, hanuz yosh ko‘ringan xushqad, xushsurat Abul Hasanak, go‘yo raqs tushayotganday, qilpillaganicha oldinga o‘tib, yig‘ilgan raiyatga qarata va’z aytdi. Uning ovozi xuddi sayroqi qushning ovoziday yoqimli, suvday tiniq, baxmalday mayin edi. U parvardigori olamdan amiralmo‘mininga sihat-salomatlik, saltanatga shon-u shavkat, toj-u taxtga baxt-u saodat tilab, va’zini davom etirmoqchi edi, to‘satdan taxtda qovog‘ini uyib o‘tirgan sulton vazirning so‘zini kesib:
– Ul malikul kalom Unsuriy qayda? – deb so‘radi. Uning ovozi bug‘iq, horg‘in, biroq allaqanday pinhoniy tahdidga to‘la edi.
– Faqir oftobi olamning xizmatlariga muntazirmen!shoir Unsuriy, yer supurgan zarbof to‘nining etagiga o‘ralashib borib taxt oldida tizza bukdi.
Sultonning siyrak mo‘ylovli yupqa lablariga bilinar-bilinmas kulgu yugurdi, tahdidli ovozi xiyol yumshadi.
– Biz saltanatimiz shon-shuhratini madh etguvchi o‘z shuaromizdan minnatdormiz! Mashvarat ahliga ayon bo‘lsin! Mana, nodir salohiyat sohibi, nazm bo‘stonining bog‘boni, janob Unsuriy bizga izhori ixlos etmoq istagida tun-u kun kitob ko‘rib, shunday bir jannatiy ne’matdan darak topmishkim, ul ne’mati ilohiyni tanovul qilgan osiy banda hamma dardlarga davo topg‘usidir! Bu so‘z haqiqatmi, malikul kalom?
– Filhaqiqat, davlatpanoh!
– Oltin! Og‘ziga siqquncha oltin oshatilsin!
Darhol to‘rdagi eshik ochilib, oltin dinor to‘la barkash ko‘targan tanish saroybon ko‘rindi. Unsuriy hayajondan ko‘zlari chaqnab yon-veriga qaradi.
– Ol, nazm bo‘stonining bog‘boni, to‘yguningcha osha! Sening xizmating haloldur!..
Unsuriy, go‘yo oldida tilla emas, eng lazzatli taom turganday tamshanib, og‘zini katta ochdi-da, barkashdagi oltin dinorlarni oshashga kirishdi. Mashvaratxonani to‘ldirgan izdihom «gurr» etib bir tebranib oldi.
Beruniy bunday marosimlarni, sultonning lutf-u karamiga sazovor bo‘lgan kishilarga oltin oshatish marosimlarini avval ham ko‘rgan, hatto oltinga tiqilib, o‘lar holatga tushganlarning ayanchli ahvollariga shohid ham bo‘lgan. Ammo hozirgi manzara… Yo tavba! Shoir Unsuriy, o‘ymoqdekkina og‘zini katta ochib, anjirday-anjirday yum-yumaloq tilla dinorlarni xuddi eng lazzatli taomni oshayotgan och gadoday oshardi. Uning yuzlari bug‘riqib, lunjlari pufakday shishib ketdi, barkashga tikilgan ko‘zlaridan tirqirab yosh oqa boshladi, biroq og‘zi oltinga to‘lsa ham, hamon oshashdan to‘xtamas edi. Mashvaratxonaga yig‘ilgan izdihom ham negadir Unsuriyga qo‘shilib tamshanar, lablarini yalar, hamma ko‘zlarda hasad uchquni chaqnar edi…
Ana, barkashdagi oltin yarimlab qoldi. Lekin shu payt nazm bo‘stonining bog‘boniga nimadir bo‘ldi. U lablari bilan yana bir oltinni himarib, og‘ziga olmoqchi bo‘ldi-yu, ko‘zlari kosasidan chiqquday olayib… qattiq o‘qchidi. O‘qchiganda bir nechta dinor og‘zidan otilib chiqdi-da, darang-durung qilib yumalab ketdi.
– Ofarin, malikul kalom! Oltin qusgan shoirning qusug‘i ham o‘ziga doru! Terib ol oltinlarni!
Sulton gilam ustida emaklab yurgan Unsuriydan yuz o‘girib o‘rnidan dast turdi. Turishi bilan Beruniyning esiga ichi kavak bahaybat terak tushdi. Biroq bu terakning vajohatidan qo‘rqqulik, unda kishini zir titratguvchi pinhoniy bir kuch bor edi!
– Biz saltanatimiz shavkatiga shavkat, dovrug‘iga dovrug‘ qo‘shgan, muzaffar yurishlarimiz madhini olamga taratgan o‘z shoirimizdan mamnun va minnatdormiz… Malikul kalom Unsuriy!
– Labbay, valine’mat.
– Agar yanglishmasam, siz aytgan ne’mati ilohiy mashriq mamlakatlarining biridadur?
– Shunday, davlatpanoh! Ehtimolkim, Chin yoxud Hind mamlakatining mashriq tomonida, ummonlar qa’ridagi orollardan biridadur. Bu risolai muborakda shunday deyilgan! Ne chorakim, biz nazm ahli ilmi hikmatdan yiroqdurmiz. Shoyad, mashvaratga yig‘ilmish allomalar-u ulamoi zabardastlar aniq joyini aytib bersalar, davlatpanoh!
Taxtning chap tomonida qo‘l qovushtirib turgan yum-yumaloq vaziri a’zam Ali G‘arib pildirab oldinga chiqdi:
– Chin hakimidan so‘ramoq darkor, pushti panoh! – dedi u, tavoze bilan bosh egib. – Yana bir marotaba so‘ramoq darkor!
Sulton bu so‘zdan afti burishsa ham:
– Chinmochin! – deb chaqirdi. – Tilmochlar qayda?
Chin hakimi qora chambarak qalpoqcha qo‘ndirilgan mushtdekkina boshini likillatib avval sultonga, keyin barcha mashvarat ahliga ta’zim qildi-da, shirin iljayib, bir nimalar dedi. Tilomoch darhol tarjima qildi. U yana ilgarigi gapini ta’kidladi, ya’niki, shoir Unsuriy aytgan jannatiy daraxtni Chin hakimlari ham eshitgan, ammo nadomatlar bo‘lg‘aykim, bu savolga aniq bir so‘z aytishga ojizlik qiladilar.
Chin hakimidan keyin navbat yana hind tabibiga keldi. Biroq u ham eski javobini takrorlab, qandaydir rivoylardan so‘z ochgan edi, sulton to‘satdan betoqat qo‘l siltab:
– Bas! – deb xitob qildi. – Tag‘in mujmal javob! Tag‘in safsata! Anig‘ini aytadurg‘on kim bor?
Beqiyos mashvaratxonaning yuksak qubbasimon shifti yana aks sado berib yangradi: «Anig‘ini aytadurg‘on kim bor? Anig‘ini!»
Beruniyning nazarida, mashvaratxonani yangratib yuborgan bu aks sado sultonga qandaydir kuch va ilhom bag‘ishladi. Mung to‘la qiyg‘och qahr bilan charaqlab:
– Hazar, alhazar!– deb xitob qildi. – Bu ne shuaro, ne allomayi davron, ne ilmi urfonkim, qirq yil tuzimni ichib, jo‘n bir jumboqni yechib berolmasa. Nahot menim saltanatimda bu sir-asrorni yechadurg‘on bir donishmand bo‘lmasa?.. Abu Rayhon Beruniy qayda? – to‘satdan so‘radi u. Lojuvard gumbaz uchinchi bor tantanali va tahdidli aks sado berdi: «Abu Rayhon Beruniy qayda?»
Qayta ko‘tarila boshlagan haroratdan karaxt bo‘lib turgan Beruniy bir sapchib tushdi-yu, tavoze bilan bosh egdi.
– Xizmatingizga hozirmen, davlatpanoh!
– Hozir bo‘lsang, nechun sukut saqlaysen? Kim seni o‘n yil Hindiston yurtida umri o‘tgan allomayi vohid deydi? Hujrangda kalamushday yashirinib, yostiqday-yostiqday kitob bitasen. Va lekin bizga lozim bo‘lgan sir-asrorni yechmoqqa aqling yetmaydi?
Beruniy yuragining gurs-gurs urishiga quloq solib:
– Oftobi olam!.. – dedi sekin. – Faqir… shoir Unsuriyga bir savolim bor…
– Shoir emas, malikul kalom!
– Malikul kalom janoblari ul ne’mati ilohiy to‘g‘risidagi so‘zni qaysi kitobda o‘qiganlar?
Unsuriy, qandaydir besaranjom pitirlab, yon-veriga qaradi.
– Barcha parranda-yu darranda tilini bilgan… ul Sulaymon payg‘ambar alayhissalom, – ollo uning pokiza ruhini shod etgay! – Ul tabarruk zot haqida bitilgan ushbu muborak kitobda zikr etilgandur bu daraxt! – dedi shoir va og‘ir hansirab qo‘ynidagi kitobini boshi uzra ko‘tardi.
– Ijozat etsalar, bu tabarruk kitobni kamina ham o‘qib ko‘rsam!
Unsuriy, lo‘ppi yuzida zo‘r hayajon, bir yonidagi sheriklariga, bir qovog‘ini uyib turgan sultonga qaradi.
– Ber, o‘qib ko‘rsin!
Beruniy, mashvaratxonaga cho‘kkan chuqur sukut ichida, qo‘lma-qo‘l o‘tib kelgan charm jildli og‘ir kitobni olib ochdi. Butun raiyat, mashvaratxonaga yig‘ilgan barcha a’yon-u boyonlar, amir-u umaro, devon beklari, ulamoyi kiromlar-u ilm ahli, hatto allaqanday munqayib qolgan sultonning o‘zi ham unga qadalib qolgan edi. Mashvaratxona jim, faqat qo‘l qovushtirib turgan odamlarning hansirab nafas olishlari eshitiladi, xolos.
«Nechun bir mahallar yarim jahonni zir titratgan bul bandayi ojizning dilidagi so‘nggi umidlarini so‘ndirdim! – dedi u xayolan afsus chekib. – Qarigan chog‘ida bedavo dardga giriftor bo‘lgan bul sho‘rlik menga ne yomonlik qildi? O‘zi bilan Hindistonga olib ketdi. Faqir ul yurtda hind tilini o‘rganib, ul g‘aroyib xalqning urf-odatlari ila tanishdim. Olamga mashhur kitob bitdim. Bul zoti sharif faqirga rasadxona qurishiga imkon berdi. Men ersam…»
… Yo‘q, Beruniy yanglishmagan, bu o‘sha, kecha Xatlibegim kelganidayoq esiga tushgan ko‘hna rivoyatning o‘zginasi! O‘z poshshosiga yaxshilik qilish niyatida unga mo‘jiza nihol in’om etib, boshidan judo bo‘lgan to‘tiqush to‘g‘risidagi ibratli cho‘pchakning o‘zginasi!
Yo tavba! Sulton-ku cho‘kayotgan cho‘pga tarmashar degandek, sababi bedavo dard, bu qadim ertakka inonsa inongandur! Ammo… nazm ahlining sultoni atalmish bu shoir, bu vazir-u vuzaro, bu amirul umaro!.. nahot bular ham bu cho‘pchakka inonsalar? Yo bular aqldan ozgan, yo… sababi bezgak, uning o‘zi aqli hushidan ayrilgan!
Harqalay bu holni ko‘rib turib, bul bandayi ojizga ne deydi? Birda qahr otiga minib, uni tahqir qilsa, birda boshini silab, himmat ko‘rsatgan bul sohibi toj umrining so‘nggi daqiqalarini ko‘rib turib qattiq so‘zlashga qanday tili boradi uning?
– Nechun og‘zingga talqon solding? So‘zla, Abu Rayhon!.. «So‘zla, Abu Rayhon!»
Beruniy yuksak shiftda yangragan aks sadodan seskanib ketdi-yu:
– Hayhot! – deb yuborganini o‘zi ham bilmay qoldi. – Yo‘q, bu allomalar bitgan kitob emas, davlatpanoh cho‘pchak bu! Cho‘pchak!
…Mashvaratxonani to‘ldirgan olomon birdan harakatga kelib, «gurr» etdi-yu, darhol jim bo‘ldi. Bu mudhish jimlikdan sultonning allaqanday tahdidli titroq ovozi eshitildi:
– Cho‘pchak?
Beruniy birdan bo‘shashib, devorga suyandi.
– Bir qoshiq qonimdan kechgaysiz, oftobi olam! Va lekin, taassuflar bo‘lsinkim, chindan ham eski cho‘pchak bu!..
U so‘zini tugatmasdanoq shoir Unsuriy, zarbof to‘nining etaklariga o‘ralashib, qoqilib-surilganicha taxt ro‘parasiga borib yuztuban yiqildi.
– Oftobi olam! Bu nobakor Abu Rayhon… payg‘ambar alayhissalom… Sulaymon payg‘ambar so‘zini cho‘pchak deb yolg‘onga chiqardi! Inchunin, shakkoklik qildi bu gumroh!
– Gumroh! – dedi sulton, allaqanday cheksiz bir alam bilan. – Hammang gumroh, hammang nobakor! Qirq yil tuzimni ichib, tuzlig‘imga tupurgan nonko‘rlar! Boshimga musibat tushganida najot topa olmagan aqli ko‘toh allomalar! O, o‘lmagan holim mening!.. Vaziri a’zam!..
Taxt oldida haykalday qotib turgan Ali G‘arib, xuddi birov oyoqlariga bolta urganday, mukkasidan tushib, yer o‘pdi.
– Anov betavfiq… hazrat Ibn Sino qayda?
– Davlatpanoh! Inshoollo, xudovanda karim o‘z inoyatini darig‘ tutmas! Ul najot farishtasi Ibn Sino yo‘lga chiqmish!
– Yo‘lga chiqmish! – Sulton bir yulqinishda belidagi oltin bandli egri qilichini qinidan sug‘urib oldi. – Qayda yurmish ul hakimi mutakabbir? Qayda? Yo darhol topa-sen uni, yo hammangni chopamen! Hammangni!
U yog‘i nima bo‘ldi – Beruniy yaxshi anglamay qoldi. Mashvaratxonani to‘ldirgan izdihom birdan harakatga keldi-yu, bir-birini bosib, yanchib, ko‘chaga qarab yopirildi… Bir zumda hamma yoq ostin-ustin bo‘lib ketdi, kimdir yiqilgan edi, bir necha odam unga qoqilib o‘mbaloq oshdi… Zum o‘tmay mashvaratxonada faqat ikki odam qoldi – biri qilich yalang‘ochlaganicha hamon taxtda tebranib turgan sulton, biri ko‘z odi qorong‘ilashib, devorga suyanib qolgan Beruniy edi!..
Правообладателям!
Данное произведение размещено по согласованию с ООО "ЛитРес" (20% исходного текста). Если размещение книги нарушает чьи-либо права, то сообщите об этом.Читателям!
Оплатили, но не знаете что делать дальше?