Текст книги "Ko‘hna dunyo"
Автор книги: Odil Yoqubov
Жанр: Современная зарубежная литература, Современная проза
сообщить о неприемлемом содержимом
Текущая страница: 5 (всего у книги 25 страниц) [доступный отрывок для чтения: 8 страниц]
Beshinchi bob
«Bukun, to‘rt yuz yigirma birinchi yil hijriy, rabbiul avval oyining uchinchi kuni1818
1030-yil fevral oyining oxiriga to‘g‘ri keladi.
[Закрыть] namozshom oldida shayxning ulkan chorxari xonasiga qirq nafar husnixat xattot yig‘ildi.
Shayx1919
Ibn Sinoni shayx ur-rais, ya’ni allomalar raisi, deb ataganlar.
[Закрыть] xattotlarni «Ash-Shifo» kitobining nabotot faslini ko‘chirish maqsadida lutfan taklif qilgan edi, biroq namozi asrda banogoh Hamadon hokimi Alouddavla hazratlaridan qo‘sh chopar kelib, shayxni saroyga olib ketdilar.
Shayx otga mina turib, saroydan qaytguncha majlis ahlini mehmon qilib turishni kaminaga topshirdi. Kamina dasturxon yozib, ularni mehmon qildim, so‘ngra qog‘oz-qalamlarni shaylab, shayxni kutdik.
Shayx, odatda, to‘rda o‘tirib, o‘ylagan asarini o‘zi yoddan aytib turar, husnixat xattotlar esa so‘zma-so‘z yozib borar, shu yo‘sin, bir kechada o‘ttiz-qirq nusxa matn tayyor bo‘lardi.
Shayx «Al-Qonun»ni yozib tugatgandan keyin ham shunday qilgan, Isfahonda husnixat xattot borki, hammasini yig‘ib, o‘zi aytib turgan, xattotlar esa so‘zma-so‘z yozib borgan edi. So‘ngra har bir xattot o‘z yoniga yana yigirma-o‘ttiz nafar tolibi ilmlardan yig‘ib shayxdan yozib olgan matnni o‘qib berar, tolibi ilmlar esa buni yozib olar va shu yo‘sin bir yo‘la bir necha yuz nusxa kitob tayyor bo‘lardi. «Al-Qonun»ning el orasida tez-tez tarqab, shuhrat topganining boisi ham shundadur.
Shayx saroydan xuftondan keyin qaytdi. Ustod qattiq hayajonda edi. Xattotlar yig‘ilgan xonaga kirib, majlis ahlidan uzr so‘radi-da, xattotlarga ijozat berdi. Biz yolg‘iz qoldik. Shayx darhol kiyim-kechak va uch-to‘rt kunlik oziq-ovqat g‘amlashimni iltimos qildi. Ma’lum bo‘lishicha, G‘azna hokimi sulton Mahmud G‘aznaviydan Hamadonga elchi kelibdi. Elchi shayxni yerning tagidan bo‘lsa ham topib, darhol G‘aznada hozir-u nozir qilish to‘g‘risida sultondan farmon keltiribdi. Bu amr-u farmonni o‘qib, kapalagi uchgan Alouddavla a’lo hazratlari shayx bilan pinhona uchrashib, uning o‘ziga maslahat solibdi. Shayx G‘aznaga borishdan qat’iy bosh tortibdi. Ittifoqo, elchi ketguncha shayxning biror joyga yashirinib turishini ma’qul topibdurlar.
Biz ustimizga eski chakmon, boshimizga eski kuloh kiyib, xurjunlarni ko‘tarib, tun yarmida uydan chiqdik.
Shayx qattiq iztirobda edi. Bundan besh-olti oy muqaddam, amir Mas’ud Isfahoni zabt etganda shayx undan qochib, Hamadonga kelgan edi. Bundan bir oy muqaddam esa shayxning Isfahondagi hovlisiga o‘t tushgani to‘g‘risida ko‘ngilsiz xabar kelgandi. Aytishlaricha, yong‘in chog‘ida shayxning nodir kutubxonasi yonib ketgan. Inisi Abu Mahmud esa, tirikmi, yo‘qmi, bu yog‘i ham hanuz qorong‘i. Shayx butun topgan dunyosini shu kutubxonaga sarf qilgan, unda ustodning ko‘p qo‘lyozmalari, «Al-Qonun», «Ash-Shifo» kabi kitoblarining eng xushxat xattotlarga ko‘chirtirilgan noyob nusxalari saqlanur edi. Ishqilib, ular ham boshqa kitoblar bilan birga yonib ketmagan bo‘lsin!
So‘nggi yillarda shayx Isfahonda insof va adolat haqida, odil va noodil shohlar to‘g‘risida «Kitob al-Insof» degan bir asar yozishga kirishgan edi. Isfahondan sovuq xabar kelganda shayx bir inisini o‘ylab kuyunsa, bir kutubxonasi va shu kitobini o‘ylab ezildi, sababi – bu asarning qo‘lyomasi chala qolgan edi. Endi esa Isfahondan qochgan odam, Hamadonda ham hammadan yashirinib, pinhona kun kechirishdan boshqa chora qolmadi. Yo tavba! Keksaygan chog‘ida bu ne ko‘rgulik! Ustodning mutolaa va mushohadadan boshqa niyati yo‘q. Sho‘rlik shayx qachon bu niyatga yetadi? Qachon osoyishta kun kechiradi?»
(Abu Ubayd al-Juzjoniy xotiralaridan.)2020
Ustoz Ibn Sinoning sodiq shogirdi, ajoyib inson Abu Ubayd al-Juzjoniy xotiralari biz uchun bebaho bir merosdir. Lekin afsuski, bu bebaho xotiralar hanuzgacha to‘laligacha topilgani yo‘q. Qishlog‘imizda madrasa tahsilini ko‘rgan, yangichadan ham yaxshigina xabardor bir domla bo‘lardilar. Elliginchi yillarning boshlarida, universitetning birinchi kursini tamomlab, yozgi ta’tilga borganimda, shu domla bir kun meni uylariga taklif qildilar.
– Hozir Toshkentda buyuk hakim Abu Ali ibn Sino asarlariga qiziqish katta emish, – dedilar u kishi. – Asarlari arabchadan o‘zbekchaga tarjima qilinayotgan emish. Bu savob ishdan xabaring bormi, bolam?
Yosh student, men bu ishlardan bexabar edim, biroq keksa domlaning oldida «nodon»ligimni oshkor qilmaslik uchun:
– Xabarim bor, domla, – dedim, – juda katta ishlar bo‘lyapti.
– Balli, – dedilar domla quvonib, – buyuk hakimning Abu Ubayd al-Juzjoniy degan ko‘p zukko bir shogirdi bo‘lgan. Menda o‘sha odamning hazrat Ibn Sino to‘g‘risida yozilgan xotira daftari bor. Istasang o‘qib beraman.
Domla shunday deb, tokcha to‘la eski kitoblar orasidan qora jildli bir kitobni oldi. Domla arabcha kitobni o‘qib, so‘zma-so‘z tarjima qilar, men eshitar edim. G‘aroyib qo‘lyozma haqidagi bu suhbat bir necha kun davom etdi. Men boshda uncha qiziqmasam ham, keyin juda qiziqib ketdimu, oxir-pirovardida domladan kitobni so‘radim, agar domla istasa, uni toshkentlik sharqshunos olimlarga eltib berishni va’da qildim. Domla mening bu taklifimni qat’iy rad etdilar. «Yoshim va sog‘lig‘im imkon bersa, o‘zim tarjima qilib, o‘zim eltib beraman», deb javob berdilar. Ming afsuski, sal o‘tmay domla olamdan o‘tdilar. Men navbatdagi ta’tillardan birida, domlaning xonadoniga borib, bu nodir kitobni surishtirdim. Biroq kitob qayoqqadir yo‘qolgan edi. Ko‘p afsus chekdim. Ushbu asarga kirishganimdan keyin o‘ylab qarasam, ancha narsa xotiramda qolgan ekan. Xotira nozik narsa, unga ko‘p ishonib bo‘lmaydi, albatta, hechdan ko‘ra kech bo‘lsa ham degandek, Abu Ubayd al-Juzjoniy esdaliklarini yodimda qolgancha tiklashga urinib ko‘rdim (muallif).
[Закрыть]
Oltinchi bob
Bosh vazir Ali G‘arib saroydan ko‘ngli g‘ash bo‘lib qaytdi. Tunov kungi mash’um mashvaratdan keyin sultonning ahvoli yana ham og‘irlashdi, injiqlashdi; na og‘zidan tuzuk bir gap chiqadi, na unga gap uqtirib bo‘ladi. O‘shandan beri sulton faqat bir narsa bilan qiziqadi, u ham bo‘lsa hakimi davron Ibn Sino! Hazrat Ibn Sinodan darak bormi yo‘qmi – bir kunda o‘n marotaba so‘rab-surishtiradi, bosh vazir bilan Abul Hasanak esa ming xil yolg‘on-yashig‘ gaplar bilan kunni kech qilishadi, biroq ertangi kunni o‘ylasalar, yurak o‘ynog‘i tutib, tong otguncha to‘lg‘anib chiqishadi. Shu boisdan Ali G‘arib go‘zallikda benazir, lekin shu kunlarda uning ko‘ziga jahannam bo‘lib ko‘ringan Osmon malikasi saroyidan qaytgach, «besh kundlik dunyo», deb bor vujudi bilan aysh-ishratga sho‘ng‘iydi.
Vaziri a’zamning bog‘i Firuz bog‘i bilan, saroyi Osmon malikasi saroyi bilan raqobat qila olmasa ham, o‘ziga yarasha fayzi bor. Shu kunlarda bog‘da shaftoli va chillaki o‘riklar qiyg‘os gullagan, mayin qizil qum sepilgan xiyobonlar chetidagi xushqad sarvlar nafis mitti yaproqchalar bilan burkangan, ariq bo‘ylaridagi majnuntollar esa nozik sochpopuklar yozib, go‘yo suv bo‘yida soch tarab o‘tirgan sanamlarday ochilib ketgan, ayniqsa shomdan keyin, gulzor va xiyobonlardagi kumush favvoralar ishga tushib, tosh fonuslar yoqilganda bog‘ yana ham yashnab ketadi, chiroyiga chiroy, fayziga fayz qo‘shiladi.
Bosh vazir, odatda, kechqurunlari saroydan qaytgach, egnidagi zarbof to‘nini yechib, yengil libosga o‘ranadi, boshidagi oltin nishon qadalgan surmarang sallasi o‘rniga shaftoli gulli duxoba takya, oyog‘iga yengil kavush kiyib hududsiz bog‘da yolg‘iz sayr qilishni yaxshi ko‘radi. Har biri o‘z latofati, o‘z ko‘rki, betakror go‘zalligi bilan ajralib turgan bodomzor va shaftolizorlar, xurmozor va anorzorlarni asta kezib, davlat ishlari haqida tanho o‘ylashni, hovuz bo‘ylariga qurilgan shinam shiyponlar, to‘rt tarafi ochiq, gumbazli bolaxonalarda o‘tirib, eng murakkab muammolar, serjumboq yumushlarni hal qilishni, yechilmas tugunlarni yechishni ma’qul ko‘radi. Serg‘alva ishlar, xatarli yumushlar, yechilmas tugunlar esa kundan-kunga ko‘payib bormoqda. Bu jumboqlarning eng chigali tabiiy, toj-u taxtning vorisi kim bo‘ladi, sultonning o‘ziday jangari, qaytmas, bir so‘zli amir Mas’udmi yoxud mo‘min-qobilgina shahzoda Muhammadmi, degan jumboqdir. Chunki boshqa hamma chigalliklar, arkoni harb va arkoni davlat, vazir-u vuzaro, a’yon-u boyonlar orasidagi tarafkashliklar, nizo-yu nifoqlar, fisq-u fujurlar – hammasi shu chigal muammoga borib taqaladi. Chigal muammolar esa hushyorlik va ehtiyotkorlikni taqozo etadi, chunki vaziri a’zam biladi: davlat ishlari – bu jang maydoni emas, bu ishda bor kuch bilan kamondan o‘q uzib bo‘lmaydi!
Durust, sultonning o‘zi allaqachon kenja o‘g‘li shahzoda Muhammadni valiahd deb fatvo bergan. Lekin avvalambor, bu fatvo hali xutbaga qo‘shib o‘qigan emas, tor doirada, vazir-u vuzaro davrasidagina ma’lum, qolaversa, amiralmo‘mininning bu qaroridan ko‘plar norozi. Ular orasida zaifa bo‘lsa ham davlat yumushlariga bosh suqib, saroy ahlini yot deb yotqizib, tur deb turg‘azib o‘rgangan, sultonning suyukli singlisi Xatlibegimdan tortib, bo‘yi mushtdekkina bo‘lsa ham, kallasi xumdek, devon sohibi Abu Nasr Mishkan janoblarigacha bor. Bosh vazir biladi – ularning hammasi amir Mas’ud bilan pinhona aloqada, har on, har daqiqa saroydagi ishlardan ko‘z-quloq bo‘lib, «tiq» etgan tovushga qo‘loq solib turishibdi. Agar amir Mas’ud bu xatarli kunlarda Isfahonday ovloq joylarda jang-u jadal qilib yurmaganida saroydagi fisq-u fasodlar bundan beshbattar avj olardi.
Bosh vazir, xiyobon va gulzorlarni asta aylanib, yechilmas jumboqlarni tanho yecharkan, yurishdan charchagan chog‘larida hovuz bo‘ylariga qurilgan shiyponlarda o‘tirib orom oladi. Shiyponlarda esa hamma narsa – bejirim billur idishlarda nafis tovlangan shafaqrang mayu sharbatlardan tortib, jizillab turgan bedana kaboblargacha, tandirlardan hozirgina uzilgan issiq patirlardan tortib, pista-bodomlargacha – hamma narsa muhayyo bo‘ladi. Ali G‘aribning istagiga ko‘ra, bir joyda hali mo‘ylovi sabza urmagan yosh g‘ulomlar xizmat qilsa, bir joyda harir ipak ko‘ylaklari ichidan oppoq siynalari ko‘rinib turgan, hali onalari o‘pmagan go‘zal kanizlar nazokat bilan bosh egib turishadi, bu pakanagina, yum-yumaloq odamning har bir so‘zi, har bir ishorasini mahliyo bo‘lib kutishadi…
Lekin bugun vaziri a’zam saroydan yuragi g‘ash bo‘lib qaytdi-yu, sayr qilish ham ko‘ngliga sig‘may, darvozadan to‘g‘ri ikki oshyonali ko‘shkka o‘tdi.
So‘nggi paytlarda, ayniqsa amiralmo‘mininning ahvoli og‘irlashib, dardiga duchor bo‘lganidan buyon, bosh vazir o‘z ko‘shkidagi barcha qimmatbaho buyumlarni, Hindistondan keltirilgan oltin ma’budalar, billur idishlar, ipak gilamlar, noyob zeb-ziynatlar, quyma tillalar, xum-xum oltin qum va behisob dinorlar, fil suyagidan yasalgan nodir qutichalar, g‘aroyib hayvonlar va qushlarning mo‘jaz haykalchalari – hamma-hammasini xufiya joylarga yashirgan, koshona xonalarida eng oddiy jihozlargina qolgan.
Bugun bosh vazir ko‘shkning huvullab qolgan xonalaridan biriga kirib, ko‘rpachaga yonboshladi. U bir on ko‘z ilintirib, og‘ir tashvishlardan g‘ovlab ketgan miyasiga jindakkina orom bermoqchi, so‘ng ta’zimga kelgan tijorat ahlini, tungi suhbatga chaqirilgan xufiyalar, mushriflar, amir-u umaroni qabul qilmoqchi edi. Vaziri a’zam uyquga ketishdan avval etiklarini yechib, oyoqlarini uqalatishni yaxshi ko‘rar, to‘g‘rirog‘i, busiz ko‘ziga uyqu kelmas edi. Biroq bugun to‘shakka cho‘zilib, endi oyoqlarini uzatganida, ko‘shik og‘asi kirib, Afshon shol dahasidan bir xufiya kelganini, xufiya bosh vazir janoblariga darhol izhori ixlos bildirmoq azmida betoqat bo‘layotganini arz qildi. Bosh vazir, odatda birinchi galda tijorat ahlini qabul qilar, chunki ular hech qachon quruq kelmas, ayniqsa, xorijiy yurtlardan tashrif buyurgan savdogarlar katta in’omlar, qimmatbaho sovg‘a-salomlar bilan kelishardi. Biroq Afshon sholdan xufiya kelganini eshitgach, tijorat ahlini ham ikkinchi galga qo‘ydi.
Afshon shol – shaharnnig eng kambag‘al, eng serg‘alva dahasi. Undagi xufiyalarning xabarlari alohida ahamiyatga molik.
Ali G‘arib oyog‘ini uqalash uchun kirgan erka g‘ulomiga ruxsat berdi-da, ayg‘oqchini chaqirtirdi. Sal o‘tmay bo‘sag‘ada ustiga eski qora chakmon, boshiga qora ag‘darma telpak kiygan bir kimsa paydo bo‘ldi, paydo bo‘ldi-yu, ulkan qora qurtday qimirlab kelib, gilamga tizza bukdi.
Vaziri a’zam, negadir, ehtimol o‘ziga o‘xshab pildirab yurgani uchundir, bir qarashda ulkan qora qurtni eslatuvchi bu eski xufiyani ko‘p xushlamas edi. Biroq Piri Bukriy degan bu keksa ayg‘oqchi doim muhim xabarlar keltirar, Malikul sharob atalmish anov shakok shoir mayxonasida bo‘ladigan nojo‘ya yumushlar, saltanatga qarshi qaratilgan ig‘vo gaplarni oqizmay-tomizmay yetkazib turishda bebaho edi!
Bu safar ham shunday bo‘ldi. Piri Bukriy qarmoqqa o‘xshash qiyshiq qo‘llarini ko‘ksiga qo‘yganicha, boshini bukri yelkasiga suqib, g‘alati bir gapni aytib berdi. Go‘yoki, o‘sha betavfiq shoir Malikul sharob musofirxonasida ikki sirli sayyoh paydo bo‘lgan emish. Biri yosh, ikkinchisi esa chehrasi bag‘oyat nuroniy, gap-so‘zlari bag‘oyat ma’noli bir alloma emish. Yosh sayyohning mast-alastlikda aytgan so‘ziga qaraganda, yuzidan aql-zakovat yog‘ilib turgan bu alloma… hakimi davron Ibn Sino hazratlari emish!..
Vaziri a’zam ikki bukilib o‘tirgan Piri Bukriyning allaqanday ma’sum ko‘zlariga tikilib, miyig‘ida kuldi:
– Shu so‘zga inondingmi, Piri Bukriy? Ofarin senga! Bundan chiqdi, sen… o‘zlarini hazrat Ibn Sino deb avomni aldab, pulini to‘nab yurgan mug‘ambirlarni eshitmabsen! Chin Ibn Sino bo‘lsa nechun ul betavfiq mayxo‘rning iprindi mayxonasida ivirsib yuradur!
Piri Bukriy ko‘zini yumib, boshini sarak-sarak qildi:
– Bilmam, taqsiri olam, boshda kamina ham inonmadim va lekin suratini ko‘rdim?
– Ne surat?
– Anov… suratkash Abu Nasr Arroq2121
Abu nasr Arroq – Ibn Sinoning zamondoshi, rassom va tarixchi.
[Закрыть] chizgan va qirq nusxa ko‘chirtirilib, qirq yurtga yuborilgan hazrat Ibn Sino surati? Pinhona kelgan bu sayyoh o‘shal suratdagi hazrat Ibn Sinoning baayni o‘zi, taqsiri olam!
– Baayni o‘zi? – Ali G‘arib yum-yumaloq bo‘y-bastiga zid bir chaqqonlik bilan qaddini rostlab o‘tirdi. U bir nima demoqchi bo‘lib og‘iz juftladi, biroq shu payt yana ko‘shak og‘osi kirib ta’zim qildi:
– Taqsiri olam ma’zur tutsinlar. Teginoboddan2222
Teginobod – Sabuqtegin asos solgan shahar.
[Закрыть] mushrif keldi!
– Teginoboddan?
– Shunday, taqsiri olam. Teginoboddan, ariz Abulvafo Sariqdan kelmish!
Vaziri a’zam bir zum ikkilanib turgach, Piri Bukriyga tashqariga chiqib kutib turishni buyurdi.
– Chaqir mushrifni!
Yo tavba! G‘alati hangoma! Hangoma ustioa hangoma!
Bir hafta egardan tushmay ot surib kelgan mushrif poygakka tiz cho‘kdi-da, belidagi nosqovog‘i ichidan vaziri a’zamga nos hidi ufurib turgan bir maktub olib berdi. Maktubdagi gaplar… vo darig‘! Piri Bukriy topib kelgan xabardan ham g‘alatiroq edi…
Bosh vazir bilar: bundan uch oy muqaddam Ibn Sino hazratlarini yerning tagidan bo‘lsa ham topib kelish sharti bilan uzoq Hamadonga yuborilgan ariz Abulvafo Sariq tarvuzi qo‘ltig‘idan tushib, G‘aznaga quruq qaytmoqda edi, bosh vazir bu xabarni bundan bir hafta muqaddam o‘z xufiyalari orqali bilgan edi. Ma’lum bo‘lishicha, Abulvafo Sariqning elchi bo‘lib borayotganidan xabar topgan hazrat Ibn Sino Hamadonni tark etib, qayoqqadir bosh olib qochgan, uni hatto Hamadon hokimi Alouddavla ham topib berolmagan. Isfahonni zabt etib, Hamadon yaqinida lashkar tortib turgan amir Mas’ud esa bu ishda Abulvafoga yordam qilish u yoqda tursin, aksincha, qarshilik ko‘rsatgan. Xullas, Hamadondan ikki qo‘lini burniga suqib qaytgan Abulvafo Sariq, amiralmo‘mininga ko‘rinishga yuragi dov bermay, Teginobodda turib qolgan!
G‘alati dunyo ekan bu dunyo! Bundan uch-to‘rt yil muqaddam Ali G‘arib bilan bosh vazirlikni talashgan bu to‘pori Abulvafo Sariq, mana endi boshi devorga borib «taq» etib urilgandan keyin, yana Ali G‘aribga murojaat qilgan, bir parchagina maktubda uning nomiga ming marotaba hamd-u sanolar o‘qib, yo‘l-yo‘riq so‘ragan edi.
Battar bo‘lsin! Agar bu naynov arizning aqli bo‘lsa, bundan uch oy muqaddam, amiralmo‘mininning sharafli topshirig‘ini oldim, deb hovliqmasdan, yo‘lga chiqishdan oldin bosh vazirga bir og‘iz maslahat solsa bo‘lmasmidi?
O‘shanda, sulton in’om etgan arg‘umoqlar, eng dovyurak navkarlar, oliy yorliqlar, xurjun-xurjun oltinlardan mast bo‘lib, bosh vazirdan bir og‘iz yo‘l-yo‘riq so‘rama-gan bu befahm ariz endi nechun uyalmasdan undan maslahat so‘raydi? Nos hidi ufurgan xatini ko‘z yoshi bilan yuvib, nechun izhori ixlos qiladi?
Abulvafoning o‘zidan ham beso‘naqay dastxat bilan yozilgan bu maktubning birinchi qismidagi gaplar, shu o‘ylar sabab, vaziri a’zamning yuragidagi eski muzni erita olmadi. Lekin xatning ikkinchi qismi!.. Ikkinchi qismidagi gaplar… bukri topib kelgan boyagi gaplardan ham g‘alatiroq edi!..
Go‘yokim, Abulvafo Sariq, umidlari chil-chil sinib, uzoq Hamadondan Teginobodga quruq qaytib kelgan kunlari shahar bozorida o‘zini hazrat Ibn Sino deb, fuqaroni davolab yurgan bir alloma paydo bo‘lgan emish. Tabobat bobida yagona bo‘lmish bu hakimi davronni o‘z ko‘zlari bilan ko‘rganlar, uning dori-darmonlaridan davo topgan bedavo xastalar son mingta emish!..
Ariz Abulvafo Sariq bu xabarni eshitib, ul hakimi hoziqqa darhol chopar yuborgan emish. Ammo chopardan xabar topgan tabib darhol bor bisotini yig‘ishtirib, bir kechada qaygadir gumdon bo‘lgan emish!..
Burni tagidan shunday quyonni qochirib yuborgan aqli ko‘toh ariz bu bema’ni xabarni yetkazar ekan, ko‘z yoshi to‘kib, bosh vazirdan maslahat so‘ragan, maslahat orasida esa… Teginoboddan qochgan bu hakimi davron mabodo G‘azna tomon yo‘l olganmikin, degan mujmal bir gapni ham qistirib ketgan edi.
Vaziri a’zam befahm arizning bema’ni maktubini o‘qib nihoyasiga yetmagan ham ediki, to‘satdan, uning miyasida nimadir yulduzday «yarq» etib yondi-yu, o‘rnidan turib ketdi.
Bosh vazirning miyasida «yarq» etib yongan bu fikr… xatarli va g‘aroyib edi! Shunday g‘aroyib va shunday xatarli ediki, Ali G‘arib, ko‘shk bo‘sag‘asida kutib turgan mushriflar, muzofatlardan kelgan divsuvorlar2323
Divsuvorlar – choparlar.
[Закрыть], izhori ixlos ma’nosida tashrif buyurgan savdogarlar u yoqda tursin, hatto machit va madrasa kavaklaridan o‘rmalab chiqqan shaxsiy ayg‘oqchilarini ham qabul qilmadi. Ko‘shk og‘asiga sharob keltirishni buyurib, ust-ustiga bir necha kosa may sipqardi.
Yigirma yillik qo‘lbola sharob o‘z ishini qildi. Zum o‘tmay hozirgina g‘aroyib tuyulgan g‘aroyib fikr juda tabiiy, xatarli reja esa juda dadil va mardonavor rejaga aylandi. Vaziri a’zam, zebi ziynatlardan soqit bo‘lgan xufiya go‘shani asta aylanib, ko‘ngliga kelgan bu fikr va rejalarni obdan pishirish niyatida edi, biroq shu payt eshik beruxsat ochilib, shaxsiy qushchisi ta’zim qilib kirib keldi.
– Afv etgaysiz, valine’mat!.. Xeshingiz Abul Hasanak janoblaridan elchi keldi. Kecha bolalagan ona kiyikni berar emishsiz!
– Ona kiyik?
– Ha, ona kiyikni bolasi bilan birga so‘rab keldi!
– Vo ajabo, tun yarmida ona kiyikni ne qiladi u?
– Bilmam, taqsiri olam, elchining aytishicha, oftobi olam… ovga otlanmish!
– Oftobi olam ovga otlanmish? Bir necha oydan beri vasvas bosib, oyog‘ini bazo‘r sudrab yurgan davlatpanoh ovga chiqarmish! Ajab jumboq!
Amiralmo‘minin so‘nggi yillarda yomon bir odat chiqargan, vaziri a’zam bir chetda qolib, eng maxfiy yumushlarini shu hezalak vaziri Abul Hasanak bilan maslahatlashadigan bo‘lgan. Aftidan, ov ham shunday maxfiy yumushlardan biri edi. Ali G‘arib shuni o‘ylab, tirnoqlarigacha zirqirab ketdi-yu, lekin Piri Bukriyning gapi yodiga tushib, ko‘ngli xiyol taskin topdi.
Mayli, ular ovda yurganida Ali G‘arib bu ishni o‘ylab oladi, obdan o‘ylab, obdan pishitib oladi. Shu qarorga kelgan bosh vazir Piri Bukriyni chaqirtirdi.
Yettinchi bob
1
Kechasi bir guruh navkarlar nogahon bostirib kirishganda o‘zini hazrat Ibn Sino deb atagan keksa sayyoh mast uyquda edi. U dod solishga ham ulgurmadi, navkarlar uning sallasini og‘ziga tiqib, qo‘l-oyoqlarini bog‘lashdi-da, egarga o‘ngarib, qasir-qusur ot surib ketishdi.
Keksa sayyoh egarda qimiz solingan meshday chayqalib borarkan, ich-ichidan kuyinib:
«Bu kuningdan beshbattar bo‘l, miyasiz tentak! – dedi o‘z-o‘ziga. – Kim senga o‘zingni hazrat Ibn Sino deb, dovruq sol, dedi, nodon? Ajalingdan besh kun burun o‘lishni tilagan bo‘lsang tilagingga yetding, mana!»
Ko‘kda, tariqday sochilgan yetti qaroqchi tagida yangi hilol yangi zarb qilingan oltin dinor parchasiday yarqirab turar, u negadir yangi tug‘ilgan chaqaloqni eslatar, chaqaloqday ojiz, chaqaloqday nogiron edi. Kechagina bahor giyohlarining o‘tkir va xushbo‘y atrini sochib esgan iliq shabada bugun tanani junjiktiruvchi sovuq shamolga aylangan, bu shamol ostida yo‘l bo‘yidagi daraxtlar – azim chinorlar, quloch yetmas oq teraklar, sadalar, arg‘uvonlar asov daryoday shovullar, go‘yo ko‘kka talpingan ulkan qora qushlarday talpinar, yulqinar edi!..
Shahar mast uyquda, ko‘chalar, rastalar, guzarlar suv quyganday jim-jit, hatto qorovullarning shaqildog‘i ham eshitilmas, guzarlardagi toshfonuslar ham o‘chgan, shahar zimiston edi!..
Qo‘l-oyoqlari chandib bog‘langan keksa sayyoh ot ustida ming azob bilan tebranib borarkan, negadir Buxoro hokimi Aliteginning mudhish zindonlari ko‘z oldiga kelib, vujudi qora terga tushdi.
«O, nodon shogird! Tentak shogird! Agar u o‘sha kuni kechasi Malikul sharobning bir piyola mayidan mast bo‘lib, noehtiyotlik bilan valdirab qo‘ymaganida, ehtimol, bu mudhish voqea ro‘y bermas edi! Shogirdning mastalast so‘zlari sabab, mana endi uning hamma o‘ylari, bir necha oydan beri tuzib kelgan barcha rejalari barbod bo‘l-di! Barbod!»
G‘aznai munavvaraning kimsasiz ko‘chalari, guzar va rastalaridan dukur-dukur ot choptirib o‘tgan navkarlar shahar o‘rtasidagi qandaydir baland qo‘rg‘on oldida egardan tushishdi. Navkarlarni qarshi olgan keksa darvozabon qo‘lidagi toshfonusni ko‘tarib, egar ustida bir kundaday ko‘ndalang yotgan keksa sayyohga ko‘z qirini tashladi-da, qo‘rg‘onga kirishga ijozat berdi.
Qo‘rg‘on ichi hududsiz bog‘ bo‘lib, uning o‘rtasida ikki qavatli marmar qasr oppoq oqarib turardi. Qasrning darichalarida «milt» etgan chiroq ko‘rinmas, hamma yoq zim-ziyo, faqat ikkinchi oshyonaning eng chekkasidagi bittayu-bitta darichasi osmondagi yana hilolday nogirongina miltirardi.
Hovliga kirgach, navkarlar keksa sayyohni egardan yerga tushirib oyoq-qo‘llarini yechishdi-da, bo‘shagan belbog‘ bilan ko‘zlarini mahkam bog‘lab, qayoqqadir sudrab ketishdi.
Keksa sayyoh xuddi boshiga gurzi tushgan odamday, karaxt bo‘lib qoldi. U na qayoqqa ketayotganini o‘ylar, na qancha yurganini bilardi. Bir mahal sharaq-shuruq ochilgan qulflar ovozidan hushiga keldi. Dimog‘iga «gup» etib kalamush hidi urdi. Uni qandaydir zax, sovuq bir yerto‘laga sudrab kirishdi. Ketma-ket eshik taraqlab yopildi-da, yana ilinayotgan qulflarning sharaq-shurug‘i eshitildi.
Keksa sayyoh ko‘ziga bog‘langan qalin belbog‘ini yulib oldi, biroq kalamush hidi ufurgan yerto‘la shunday zim-ziyo ediki, hech narsani ko‘rolmadi. U oyoqlari qaltirab, turgan joyiga tiz cho‘kdi-yu, alam va og‘riqdan yer timdalashga tutindi.
2
Uning asli ismi Abu Halim edi, biroq yoshlik – beboshlik deganlaridek, yoshlikdagi sho‘xliklari sabab, yor-birodarlari unga Abu Shilqim ibn Shahvoniy degan laqab qo‘yishgan edi.
Abu Halim Buxoroi sharifda, o‘sha, hazrat Ibn Sino istiqomat qilgan Juyi Mo‘liyon2424
Juyi Mo‘liyon – Buxoroda Ibn Sino yashagan mahalla.
[Закрыть] dahasida, Buxoro hokimi Nuh ibn Mansurning suyukli tabibi Abu Faysal xonadonida tavallud topdi.
O, bu Abu Ali ibn Sino! Ibn Sino!
Abu Shilqim esini tanib, yoshlik tulporiga minibdiki, ko‘ksini tizginsiz bir hasad bamisoli ochko‘z kalamushday kemiradi. Bu hasad, bu raqobat qachon boshlandi – buni Abu Shilqimning o‘zi ham bilmaydi. Boshda, Ibn Sinolar xonadoni Buxoroi sharifga ko‘chib kelganida, hech kim ularni nazarga ilmagan edi. Garchi, Abu Alining otasi Abu Abdulloh amir devonida mirzalik qilsa ham, Juyi Mo‘liyon dahasining kazo-kazolari ularni «kelgindi», deb kalaka qilishardi. U mahalda Abu Shilqimning otasi Abu Faysal Buxoro hokimining bosh tabibi hisoblanar, dahada ularning qo‘yo‘sh oshyonali ko‘rkam qo‘rg‘oni va hududsiz bog‘lari bo‘lar, bu bog‘lar Juyi Mo‘liyon dahasining ko‘rkiga ko‘rk, savlatiga savlat qo‘shib turardi. Ularning bog‘lari va muazzam qasrlari oldida Abu Alilar hovlisi shohona to‘n yonidagi darvesh jandasiday g‘arib ko‘rinardi.
U mahalda o‘n bir-o‘n ikki yoshlardagi Abu Shilqim arab zodagonlari dahasidagi madrasai kalonda tahsil olar, zarbof liboslarda yuradigan yosh mullavachcha «kelgindi» hamsoyalarining «kelgindi» o‘g‘lini nazariga ham ilmas edi. Hatto bu ozg‘in, qiyg‘ir burun «kelgindi» bola to‘g‘risida, uning aql bovar qilmas zakovati to‘g‘risida har xil mishmishlar tarqalganda ham yosh Abu Shilqim pinagini buzmadi. U paytlarda Abu Shilqim, boshida o‘smirlikning humo qushi, yoshlik gashtini surar, Juyi Mo‘liyon kazo-kazolarining erkatoy boyvachchalari bilan ulfatchilik qilar, gulgun bazmi jamshidlardan boshi chiqmas, bog‘larda yashirinib, marmar hovuzlarda cho‘milguvchi yalang‘och sanamlarni pinhona kuzatish, yorug‘, oydin kechalari esa, xilvat xiyobonlarda ularning yo‘llarini to‘sishdan qo‘li tegmas edi. Abu Ali esa… Abu Alini u gohi-gohida bozorlarda, attorchilik va baqqolchilik rastalarida, faqir kitobfurushlarning g‘arib do‘konlarida ko‘rib qolardi. Qalang‘i-qasang‘i attorlar rastasida allaqanday giyohlarni hidlab, eski kitoblarni titib yurguvchi bu xayolparast o‘spirin u paytlarda Abu Shilqimning kulgusini qistatardi, vassalom.
U mahalda Abu Shilqim va uning do‘stlari saxiy Buxoro bozorlariga faqat bir maqsadda borishar, u ham bo‘lsa, dong‘i olamga ketgan zeb-ziynatlar rastasiga qatnaydigan malaklarning chehrayi shamslarini ko‘rib, orqalaridan gap otish edi, xolos.
Shahriston ichida joylashgan bu hashamatli do‘konlarda nodir zeb-ziynatlar, nafis tilla sirg‘a va bilaguzuklar, sof qizil oltindan yasalgan nozik baldoqlar, shoda-shoda marjonlar, bebaho sadaflar, kimxob yostiqchalarga qadalib, oftobda ajib tovlanib turguvchi yoqut va injular, la’l va durlar, qo‘yingki, yetti iqlimning hamma ganjlari topilar edi. Bu ziynatlarni ko‘rgani Buxoro zodagonlarining erkatoy sanamlari kelishardi. Nozik oyoqchalaridagi nozik kavushchalaridan tortib, peshonalaridagi tillaqoshlarigacha dur va injular bilan bezalgan bu ofatijon sanamlar mashhur zargarlik rastasiga odatda soyabon aravalarda kelishardi. Ular ko‘k, qizil, pushtirang parda bilan to‘sil-gan aravachalaridan go‘yo rang-barang kapalaklarday lip-lip uchib chiqishar va yuzlarini harir durralari bilan to‘sishib, do‘kon tomon shoshilishar, go‘yo nodir zeb-ziynatlardan boshqa hech narsa qiziqtirmas edi ularni. Lekin Abu Shilqim va uning takasaltang birodarlari buning hammasi mug‘ambirona bir o‘yin ekanini yaxshi bilishardi. Chunki soyabon aravalardan mitti qushchalarday «par-par» uchib chiqqan bu malaklar ularning yonidan chopqillab o‘tisharkan, birlari harir durralarini to‘g‘rilagan bo‘lib, chehrayi mohlarini bir ko‘rsatib olishsa, boshqa birlari ko‘z urishtirib o‘tishar, bu ko‘z urishtirish va imo-ishoralar goho-goho Juyi Mo‘liyon bog‘larining eng xilvat burchaklarida pinhona uchrashuvlar bilan tugardi!..
Kunlari mana shunday pinhoniy uchrashuvlar va totli bo‘salar bilan o‘tgan Abu Shilqim va uning do‘stlariga «xayolparast kelgindi»ning kitobfurushlar rastasida kitob titib, ivirsib yurishlari chindan ham kulgili tuyular, goho-goho ular Abu Alining yo‘lini to‘sib, gap qotishardi:
– Hey, birodar! Bu iprindi ishlaringni qo‘yib, biz bilan yur! Ark yonidagi balxlik savdogarning kenja xotini alacha choponingga ko‘zi tushib, oshiq-u beqaror bo‘lib qolibdi! Istasang, kechasi guzarga chiq. Sekin olib borib qo‘yniga solib qo‘yamiz!..
Ular shunday deb, qah-qah otib kulishar, Abu Ali esa, rangi «quv» o‘chganicha, lom-mim demay yonlaridan o‘tib ketardi.
Bir kun tong chog‘i qaysi bir bazmdan qaytib, dong qotib uxlayotgan Abu Shilqimni kimdir tepib uyg‘otdi. Ko‘zini ochsa, tepasida padari buzrukvori, – ollo uning tuprog‘ini yumshoq qilg‘ay, – qaqqayib turibdi. Boshidagi hakimlar kiyadigan oq taqyasi bir tomonga og‘ib ketgan, ko‘zlari chaqchaygan, ko‘ksiga tushgan oppoq soqoli jonli maxluqday dir-dir titraydi!
– Befarosat ho‘kiz! Ana, kelgindi mirzoning sen tengi farzandi davlatpanohni davolab, behisob in’omlarga sazovor bo‘ldi. Sen ho‘kiz bo‘lsang… yotibsen harom-xarish ishlardan boshing chiqmay!
Abu Shilqim keyin bilsa, eskifurushlar rastasida kitob titib yurguvchi bu xayolparast mullavachcha tabobat ilmini shunday o‘rganibdiki, Buxoro hokimi No‘h ibn Mansurning og‘ir dardiga davo topib, uning katta ehsonlariga sazovor bo‘libdi!..
Kim bilsin, Abu Shilqimning yuragini kalamushdek kemirgan hasad va raqobat tuyg‘usi o‘shanda, g‘azabdan soqoli dir-dir titragan padari buzrukvorining ilk tepkisini yegan kechasi tug‘ilgandir? Har qalay, xayolparast mullavachchaning tabobat bobidagi shuhrati ortgan sayin, padari buzrukvorigina emas, Abu Shilqimning ham ichi tuz ichganday achishadigan bo‘ldi.
Sal o‘tmay, keksa Nuh ibn Mansur olamdan o‘tdi, uning kaltabin zurriyotlari bir-birlari bilan toj-u taxt talashib, ko‘hna somoniylar davlatini batamom barbod qilishdi. Faqat Buxoro va Samarqand emas, butun Movarounnahr sahronishin qoraxoniylar hukmiga bosh egdi. Kechagina sahroyilarni mazax qilib, ustlaridan kulib yurgan Buxoro zodagonlari endi serviqor turkiy beklar bilan qiz berib, qiz olishishni o‘zlari uchun ulug‘ baxt va katta sharaf, deb biladigan bo‘lishdi.
Kunlardan bir kuni padari buzrukvori Abu Faysal Abu Shilqimni otga mindirib, sahroga olib chiqib ketdi. Ular Hurmiton2525
Hurmiton – hozirgi Romiton.
[Закрыть] bog‘laridan o‘tib, Afshona tomonga ravona bo‘lishdi. Ilk bahor edi. Afshona ortidagi bepoyon dasht uyur-uyur yilqiga, suruv-suruv qo‘y-qo‘zilarga to‘lib ketgan, hamma yoqda oq, qizil, jigarrang o‘tovlar do‘ppayib turar, ularning atrofida ot o‘ynatgan bo‘z bolalar, boshlariga ukki patlari qadalgan qizil qalpoqcha kiyib, sochlariga kumush ziynatlar taqib olgan qiz-kelinchaklar chopqillab yurishardi.
Abu Faysal eng baland qirdagi eng ko‘rkam oq o‘tov oldida otdan tushdi. Ota-bolani boshiga oq qalpoq, egniga uzun oq chakmon kiyib, belini kumush kamar bilan bog‘lab olgan, uzun bo‘yli, keksa bek kutib oldi. U Abu Faysalni oq o‘tovga boshladi, Abu Shilqim esa o‘tov yonida xizmat qilib yurgan qiz-kelinchaklarni tomosha qilib, tashqarida qoldi.
Qiz-kelinchaklarning aksari qizil guldor ko‘ylak kiygan, oyoqlarida qizil, ko‘k-sariq saxtiyon etikcha, boshlarida esa o‘sha, uchiga ukki pati qadalgan qizil chambarak qalpoqchalarni qo‘ndirib olishgan. Ularning yum-yumaloq, kulcha yuzlari ochiq, quralay ko‘zlari sho‘x chaqnab turar, yurganda sochlaridagi kumush ziynatlari ajib ovoz chiqarib jaranglar, bunga muloyim kulgulari qo‘shilib, Abu Shilqimning yuragiga jaz-jaz tegardi.
O‘sha kuni kechqurun Buxoroga qaytib ketayotganlarida otasi unga bir gap aytdi. Go‘yo bu turkiy bekning davlati Buxoro hokimining davlatidan kam emas emish… Bekning o‘n olti yashar bir qizi bo‘lib, u betob emish. Biroq, inshoollo, tuzalib ketar, dedi otasi. Otasining bu gaplarini eshitarkan, Abu Shilqimning ko‘z oldiga hozirgina ko‘rgan qiz-kelinchaklar, kulcha yuzlarini yashirmay, muloyim kulib turgan sho‘x sahronishin malaklar kelib, yuragi battar jazillab ketdi…
Bir necha hafta o‘tdi. Bir kun kechasi, Abu Shilqim o‘z bog‘larida yor-do‘stlari bilan chaqchaqlashib o‘tirgan edi, ko‘chadan otasi kirib keldi. Uning vajohatidan odam qo‘rqqulik, rangi devorday oqargan, oppoq qoshlari tagidagi ko‘kimtir ko‘zlari qon talashgan. U sarmast odamday chayqala-chayqala shiyponga chiqdi-da, do‘stlar davrasida may ichib o‘tirgan erka zurriyotining orqasiga bir tepdi. Tepkiga bir-ikki musht ham qo‘shmoqchi edi, biroq osmonga ko‘targan serhasham asosi to‘satdan qo‘lidan tushib ketdi-yu, bir qop go‘shtday lorsillagan odam, bor vujudi bilan yerga gursillab yiqildi…
Abu Shilqim keyin bilsa, otasining yo‘lini tag‘in o‘sha kelgindi yosh tabib kesib o‘tgan ekan. U bek qizining davosiz dardiga davo topib, katta in’omlar olgan, bek qizi esa yosh tabibga oshiq bo‘lib qolgan ekan. Rost, bek bu ishdan xabar topib, mash’um ishga to‘g‘anoq solibdi, qizini olib, bir kechada Afshonadan ko‘chib ketibdi…
Kim bilsin, Abu Shilqimning yuragini och kalamushday kemirgan raqobat tuyg‘usi o‘shanda uyg‘ongandir!
Yosh tabibning shon-shuhratiga dosh berolmay, hasad o‘tida kuyib ketgan padari buzrukvori erka zurriyotiga ikki tepki in’om etib, o‘sha yerning o‘zida jon taslim qildi. Shundan keyin nima bo‘ldi – buni Abu Shilqimning o‘zi ham bilmaydi. Chunki, «Sulaymon o‘ldi, devlar qutuldi» qabilida ish tutib, padarining jismini tuproqqa berib kelgan kuniyoq ko‘zini chirt yumib ayshga sho‘ng‘igan Abu Shilqim otasi yiqqan davlatni batamom sovurib bitirgandagina ko‘zini bir ochdi. So‘nggi somoniylar hukmdorining bosh tabibi Abu Faysal janoblarining dunyosi esa behisob edi. Oldin chuqur yerto‘lalardagi po‘lat sandiqlar ochildi, ulardagi ganjlar, nodir oltin buyumlar ketdi, keyin zeb-ziynatlar, noyob uy jihozlari, ipak gilamlar, billur idishlar, tilla va kumush qandillar, shamdonlar, ot-aravalar bozorga chiqdi, keyin ikki oshyonali niliy qasr, qasrdan keyin xiyobonlariga kumush favvoralar o‘rnatilgan behudud bog‘, bog‘dan keyin qasr oldidagi otxonalar, otxonalardan keyin molxonalar!.. Qo‘ldan ketgan bu behisob boylik bilan birga Abu Shilqim ham yuqoridan pastga qarab yumalab tushaverdi: ikki oshyonali niliy qasrdan xizmatkorlar uyiga ko‘chib o‘tdi, undan bog‘dagi shiyponga, shiypondan otxonaga, otxonadan molxonaga… Axiyri bir kun ko‘zini ochib qarasa… bog‘ etagidagi xaroba bir kulbada yotibdi? Na ichishga may qolgan, na yeyishga bir burda non! Egnida gadolar ham jirkanadigan eski chopon, tagida uvada namat, qolgan bitta-yarimta sandiq va qo‘tichalarda hech vaqo yo‘q, mog‘orlab ketgan qandaydir giyohlar, mayda-chuyda shishachalarga solingan allaqanday sassiq suyuqliklar! Yonida na onaizori bor, na hamtovoq yor-birodarlari va na aka-ukalari. Bari uni tark etgan, to‘g‘rirog‘i, Abu Shilqim o‘zi hammasini kafangado qilib tariqday sochib yuborgan edi!
Правообладателям!
Данное произведение размещено по согласованию с ООО "ЛитРес" (20% исходного текста). Если размещение книги нарушает чьи-либо права, то сообщите об этом.Читателям!
Оплатили, но не знаете что делать дальше?