Электронная библиотека » Odil Yoqubov » » онлайн чтение - страница 7

Текст книги "Ko‘hna dunyo"


  • Текст добавлен: 16 мая 2023, 13:43


Автор книги: Odil Yoqubov


Жанр: Современная зарубежная литература, Современная проза


сообщить о неприемлемом содержимом

Текущая страница: 7 (всего у книги 25 страниц) [доступный отрывок для чтения: 8 страниц]

Шрифт:
- 100% +

Bundan uch-to‘rt yil muqaddam, Hindistondan endi qaytgan mahallarida, bir kun sulton uni Ko‘shki davlat saroyiga chaqirtirdi. U paytlarda Abu Rayhon o‘zi qurgan rasadxonadan chiqmas, kechalari sayyoralar harakatini kuzatar, kunduz kunlari Hindistondan olib kelgan kitoblari va yozgan asarlarini tartibga solish bilan band bo‘lardi.

Ko‘shki davlatga chaqirishdan bir necha kun avval Buxoro yurishiga hozirlanayotgan sulton unga zoyicha tuzib, safar uchun saodatli onlarni aytib berishni topshirgan, Beruniy esa, munajjimlik ilmiga ishonmasligini bahona qilib, bu ishdan bosh tortgan, shu sababdan saroyga otlanarkan, ko‘ngli g‘ash edi.

Beruniy borganda, sulton shoir Unsuriy kabi madhiya-bozlar davrasida o‘tirar edi. Beruniyni juda sovuq qarshi oldi, hatto o‘tirishni taklif qilmay, darhol «maqsadga» o‘tdi.

– Mavlono Abu Rayhon! – dedi sulton qovog‘ini uyib. – Yor-birodarlaring seni vohidi zamon alloma deb, hamd-u sano o‘qiydilar. Sen bo‘lsang… osiy banda neki topshiriq bersa, o‘zingni nodonlikka olib, iltimosimni rad etasen!..

Beruniy qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib ta’zim qildi:

– Bir qoshiq qonimdan kechgaysiz, davlatpanoh. Aqli ojizim yetguncha valine’matimga xizmat qilmoqqa bel bog‘laganmen. Ammo aqlim yetmasa.

Sulton o‘tirgan joyida betoqat tebranib:

– Biz ham sening aqli zakovatingni sinamoq azmida chaqirdik!– dedi zaharxandalik bilan.– Boshingni ko‘tarib atrofingga nazar sol, mavlono. Bu mashvaratxonada qancha eshik bor?

– To‘rt eshik, olampanoh!

– Borakallo! – dedi sulton. – Hozir men o‘rnimdan turib, shu eshiklarning biridan tashqariga chiqamen. Sen esa… qaysi eshikdan chiqishimni qog‘ozga bitib, yostig‘im ostiga qo‘yasen. Topsang, to‘n kiyasen, topmasang… egningdagi to‘ningni yechib berasen! – Sulton shunday deb, Unsuriyga yuzlandi:

– Qog‘oz-qalam ber mavlonoga!

Shoir Unsuriy apil-tapil o‘rnidan turib, hamon o‘rtada qaqqayib turgan Beruniyga qog‘oz-qalam tutdi.

Beruniy bir qovog‘idan qor yoqqan sultonga, bir negadir kinoyali kulimsirab o‘tirgan davra ahliga sinovchan tikildi-yu, to‘satdan hamma narsani angladi: sulton uni mot qilish maqsadida chaqirtirgan! Qanday bo‘lmasin – mot qilish maqsadida! Bas, shunday ekan…

Beruniy, go‘yo miyasida allaqanday pinhoniy murvatlar ishga tushganday, ko‘zlari yonib, xonaning to‘rt eshik va to‘rt devorini ko‘zdan o‘tkazarkan, xayoliga kutilmagan bir fikr keldi-yu, shoirning qo‘lidagi qalam-qog‘ozni yulib oldi. U bir zum ham ikkilanib turmasdan javobni tez yozdi-da, qog‘ozni to‘rt buklab, sultonga uzatdi. Sulton qog‘ozni olib yostig‘i tagiga yashirdi, biroq o‘rnidan turib tashqariga chiqish o‘rniga:

– Ustalar qayda? Chaqiring! – deb farmon berdi.

Darhol bo‘sag‘ada oybolta va cho‘kich ko‘targan besh-olti odam paydo bo‘ldi.

– Anov qibla tomondan tuynuk ochinglar! Darhol!

Ustalar devorni taraq-turuq chopib, bir zumda odam sig‘adigan tuynuk ochishdi. Sulton miyig‘ida kulimsiraganicha o‘rnidan turib tuynukdan tashqariga chiqdi-da, shu zahotiyoq qaytib kirdi:

– Javobni o‘qi! – dedi u Unsuriyga qarab.

Unsuriy ham kinoyali kulimsiraganicha yostiq tagidan qog‘ozni olib ochdi, ochdi-yu, rangi o‘chib, serrayib qoldi.

– O‘qi!

– Ja… javob to‘g‘ridur, olampanoh!

– Ya’ni?

– Ya’ni siz valine’mat tayyor eshiklardan chiqmay, devordan tuynuk ochtirar emishsiz va shu tuynukdan tashqariga chiqar emishsiz, davlatpanoh!

– Yo qudratingdan! – deb yubordi davradagilardan biri.

– To‘n va sharob! – Sulton shunday deb amr qildi-da, yuzini teskari burib: – Istasang… Hamma baloga aqling yetadi, mavlono! – dedi g‘ijinib. – Istamasang… Zoyicha tuzib, saodatli onlarni aytib berishni ham xohlamaysen!

– Olampanoh!

– Senga ijozat, mavlono!

Darhaqiqat, o‘shanda ham Beruniy qilmagan ishni shoir Unsuriy qildi. Zoyicha tuzib, g‘alaba keltirguvchi saodatli onlarni aytib berdi. So‘ng, Buxoroga birga borib, hisobsiz in’omlar, tillik va tilsiz boyliklar orttirib qaytdi. Beruniy esa… anov madhiyaboz to‘qigan cho‘pchakni haqiqat deb, og‘zi to‘la oltin oshash o‘rniga uni inkor etib yuripti! Undan ko‘ra ul «ne’mati ilohiy» Hindiston yo Chin-mochin tomonlarda o‘sadi, deb Unsuriy kabi ulug‘ martabalarga erishsa bo‘lmasmidi? Bo‘lar edi! Chunki… ul «ne’mati ilohiy»ni topib kelguncha yo sulton o‘lardi, yo elchining o‘zi!.. Beruniy bo‘lsa… Mayli, hamma in’om, hamma boyliklar o‘shal madhiyabozlarga buyursin! U esa… uning uchun bitta-yu bitta tasalli qoldi. U ham bo‘lsa ilm, bitgan va bitmoqchi bo‘lgan asarlarini nihoyasiga yetkazmoq. Shundan boshqa orzusi yo‘q uning! Yozishni niyat qilgan bu kitoblari orasida ustod Abdusamad Avvalga bag‘ishlangan risola ham bor. Ammo… nahot uning bu ezgu orzulari ro‘yobga chiqmasa? Nahot taqdiri azal unga shunchalar beshafqat bo‘lsa? Nahot e’tiqod va haqiqat deb bu sovuq qafasda toabad qolib ketsa?

To‘qqizinchi bob

1

Vazir Abul Hasanak kiyik oviga Gardiz qal’asi yaqinidagi tog‘ oralig‘ini tanladi. Bu yerda, atrofi qorli cho‘qqilar bilan o‘ralgan daralarda qoplonlar, chiyabo‘rilar, yo‘lbarslar makon qurgan, yuqorida, tog‘-u toshlar ustida yovvoyi echkilar, mugizlari quloch-quloch arxarlar gala-gala bo‘lib izg‘ib yurar, tog‘ etagidagi qir va sayhonliklarda esa, yosh kanizlarday hurkak, go‘zal ohular uchrardi. Eng muhimi, sultonning padari buzrukvori amir Sabuqteginga omad va saodat keltirgan ilohiy kiyik xuddi shu vohada, Gardiz qal’asi oldidagi sayhonlikda uchragan.

Amirning aytishicha, o‘shanda ham xuddi hozirgiday bahor fasli ekan. Qaysi bir jangda mag‘lubiyatga uchragan amir Sabuqtegin, – ollo ruhini shod etgay! – ko‘ngli vayron, yuragi g‘ash, otda G‘aznaga yolg‘iz qaytayotgan ekan.

Amir Gardiz qal’asidan chiqib, keng sayhonlikdan o‘tayotganida uning yo‘lini uloqchasini ergashtirib olgan bir ona kiyik kesib o‘tibdi. Amir darhol qo‘liga kamonini olib, otishga chog‘lanibdi, biroq jajji uloqchaga rahmi kelib, bolalik kiyikni tiriklay ushlashga ahd qilibdi-da, otining boshini qo‘yibdi. Lekin ona kiyik tutqich bermabdi, toshdan toshga sakrab, bir zumda ko‘zdan g‘oyb bo‘libdi, mitti uloqcha esa, qocholmapti, ingichka oyoqchalari mayishib, ora yo‘lda to‘xtab qolibdi. Shunda amir otdan tushib, dir-dir titragan uloqchani egarga o‘ngarib olibdi-da, o‘z yo‘liga ravona bo‘libdi. Biroq sal o‘tmay, orqada xuddi ona yig‘isiday zorli bir nido qulog‘iga chalinibdi. O‘girilib qarasa, boyagi ona kiyik toshlar orasidan chiqib, amirning orqasidan ma’rab kelayotgan emish. Amir uni tutib olish azmida yana ot solibdi. Lekin ona kiyik yana toshdan toshga sakrab, qirlarga chiqib ketibdi. Bu hol necha bor takrorlanibdi. Shunda amir Sabuqtegin ona kiyikka rahmi kelib, ko‘ziga yosh olibdi-yu, uloqchani qo‘yib yuboribdi. Ona kiyik bolasini ergashtirib chopqillaganicha tog‘larga chiqib ketibdi…

Shu-shu, amirning boshida aylanib yurgan qora bulutlar to‘zg‘ib, unga omad va saodat yor bo‘libdi…

Kecha oqshom sulton bu hikoyani gapirib berarkan, qilt-qilt yutinib, ko‘ziga yosh oldi.

Ular sultonning suyukli shabistonida yolg‘iz suhbat qurishar, shift va tokchalardagi shamlarning aksariyati o‘chirilgan, darichalariga shoyi pardalar tutilgan g‘ira-shira xonada allaqanday sirli bir ruh hokim edi.

Sulton, qoqsuyak oyoqlarini Abul Hasanakka uqalatib, to‘rt qavat shoyi ko‘rpachada yonboshlab yotardi. Uning chuqur botgan mungli ko‘zlari burchakdagi qoramtir soyalarga tikilgan, go‘yo bu soyalar orasida padari buzrukvorining arvohi bor, go‘yo sulton otasining ruhi bilan suhbatlashar edi…

Abul Hasanak sultonning allaqanday sirli hikoyasiga quloq solib o‘tirarkan, a’zoyi badani go‘yo chumoli o‘rmalaganday jimirlab ketdi. Keyin negadir yaqinda bosh vazirning bog‘ida ko‘rgan bolali kiyik yodiga tushdi-yu, birdan ko‘ngli ravshan tortib:

– Oftobi olam! – deb xitob qildi. – Hozir ayni ov chog‘i! Siz valine’mat ham ko‘pdan beri ko‘ksingizga shamol tegmay, diqqinafas bo‘lib yotibsiz…

Sulton, mungli ko‘zlarini burchakdagi sirli soyalardan uzib, sodiq nadimiga qaradi:

– Hm… ovga chiqsak… omadimiz kelurmi?

– Inshoollo, kelur! – dedi Abul Hasanak. – Ayni bahor, bir o‘q bilan ikki qo‘shni uradurg‘on merganlar bor…

– Bas! Qushchilarga farmon ber: suyukli qora lochinim bilan takaturkman qorabayirimni shaylasinlar!

Abul Hasanak o‘sha kechasiyoq vaziri a’zamning ko‘shkiga odam yuborib, uning bolali kiyigini so‘rab oldirdi. Rost, so‘nggi paytlarda Gardiz qal’asi atrofidagi tog‘larda imom Ismoil G‘oziy degan bir betavfiq makon qurgan, degan mishmishlar tarqalgandi. Qandaydir paydo bo‘lgan bu imonsiz imom Ismoil go‘yo dordan qochgan qulli qalang‘i-qasang‘ilarni yoniga yig‘ib, sultonga qarshi g‘azavot e’lon qilgan emish!

Ammo birlamchi, qamchisini qadab ketsa ne-ne hokimlar qirq yil sajda qiladigan sultoni salotinga qarshi bir to‘p juldurvoqi gadolarning bosh ko‘tarib chiqishiga inonmoq qiyin, ikkilamchi, ehtiyot choralarini ko‘rib qo‘ymoq mumkin. Abul Hasanak shunday qildi ham. Ovga chiqishdan bir kun avval Gardiz qal’asi tevaragiga pinhona ikki yuz nafar suvori yubordi. Sulton bilan ovga chiqadiganlar sonini esa o‘n kishidan oshirmadi, ular orasida sultonning eng yaqin nadimlaridan faqat bir odam, shoir Unsuriy bor edi, xolos.

Ular shahardan chiqib Gardiz qal’asi etagidagi ko‘mko‘k yassi qirlarga yetguncha sulton soyabon aravada bordi.

Bu qirlar tik qoyalarga, qoyalar ko‘z ilg‘amas baland tog‘larga tutashib ketardi. Niliy osmon kabi ko‘m-ko‘k bu tog‘lar tepasida, burgutlar makon qurgan yuksakliklarda Gardiz qal’asi elas-elas ko‘zga chalinardi.

Kun iliq, terak bo‘yi ko‘tarilgan oftob pastdagi zaminga allaqanday iliq bir mehr bilan nur sochar, go‘yo o‘zi hayot bergan olam go‘zalligidan zavqlanib, unga muloyim kulib boqardi. Olam esa chindan ham go‘zal, ovloq tog‘largacha cho‘zilgan qir va adirlar yam-yashil, gurki-rab o‘sgan yovshan, shuvoq, kiyik o‘ti va yovvoyi bedalar orasida mitti-mitti chitigullar, nafarmon rang no‘xataklar, binafsha va chuchmomalar yal-yal yonar, o‘tlar orasida ko‘zga ko‘rinmas qushlar sayrar, havoni yalpiz, kakra, shuvoq va yana allaqanday giyohlarning sal taxir, xushbo‘y hidi tutgan edi.

Sulton ipak pardalar bilan o‘ralgan tepasi ochiq aravada chalqancha yotar, g‘ir-g‘ir shabada uning ochiq ko‘ksini, oq oralagan siyrak soqol-mo‘ylovlarini silab-siypar, biroq sulton buni sezmas edi. Uning g‘amgin nigohi artilgan shishaday tiniq osmon qa’rida ko‘z ilg‘amas yuksakliklarda sokin so‘zib yurgan qora burgutlarda edi. Go‘yo bu mayin oftob, bu tiniq niliy osmon, qorli tog‘lar uzra asta suzib yurgan bu burgutlar uning qalbidagi allaqanday hasratli torlarni chertib, xayolini qayoqqadir olib qochgan, sultonning hazin nigohida unga yot bo‘lgan tizginsiz bir g‘am muhrlangan edi.

Sultonning qarshisida o‘tirgan Abul Hasanak uning holiga yuragi zirqirab, Unsuriyga qaradi: «bir yo‘lini topib, ko‘nglini ko‘tar davlatpanohning!» degan ma’noda imo qildi.

Shoir Unsuriy qiziq hangomalar, kulguli voqealar, askiyalar, ko‘ngil ochguvchi nozik rivoyatlar bobida ustasi farang, shu boisdan amiralmo‘mininning hamma safarlarida hamroh, hamma bazmi jamshidlarida hozir-u nozir. Lekin hozir, olampanoh unga yot bo‘lgan g‘ayritabiiy bir ma’yuslikka cho‘mib yotganda…

Shoir Unsuriy vazir janoblarining chertsa qon sachragudek qip-qizil, chiroyli yuziga hadiksirab qaradi-da, haram kanizlarining qo‘llaridek nozik, oppoq qo‘llarini ko‘ksiga qo‘ydi:

– Oftobi olam afv etsinlar! Kaminaning yodiga g‘aroyib bir rivoyat tushdi…

Sulton so‘nik nigohini niliy osmondan uzib, Unsuriyga qaradi. Uning chuqur botgan ko‘zlari yaralangan qushning ko‘zlariday unsiz bir alam bilan javdirab turardi.

– To‘xta, shoir… Deydilarkim, nazm ahli xudovandi karimga yaqin emish. Shu boisdan nazm ahlini payg‘ambar alayhissalom siylagan emish…

– Shunday, olampanoh!..

– Shunday bo‘lsa… ayt-chi, nazm bog‘ining bog‘boni! Ollo taolo bu osmon, bu olam, bu parrandayu darrandani nechun yaratmish? Kim uchun, ne maqsadda yaratmish bu go‘zallikni?

Shoir Unsuriy «yalt» etib Abul Hasanakka qaradi. Ammo vazirning qip-qizil ko‘hlik yuzida sarosimadan boshqa ifoda yo‘q edi.

– Davlatpanoh! – dedi Unsuriy hayajondan duduqlanib. – Ollo taolo bu osmon, bu qushlar, bu go‘zallikni bani bashar uchun, ya’niki o‘z bandalarining ko‘zini quvontirib, dilini shod etmoq azmida yaratgandir!

– Bandasining ko‘zini quvontirmoq, dilini shod etmoq azmida yaratgan bo‘lsa… nechun unga o‘limni ravo ko‘radi?

Sultonning mumday sarg‘ish yuziga qizillik yugurib, mungli ko‘zlari allaqanday ichki bir isyondan charaqlab ketdi.

– Hukmi ollo shu erur, bandayi ojiz uning hukmiga itoat etmoqdan boshqa choramiz yo‘qdir, olampanoh!..

– Hukmi ollo! – dedi sulton alam bilan. – O‘zing afv etgaysen, parvardigori olam! Va lekin… Yo‘q, shoir! Men sendan boshqa bir javob kutgan edim, sen esang… qozi imom Sayid so‘zini so‘zlading!

Unsuriy madad tilab Abul Hasanakka qaradi, biroq vazir hamon sarosimada edi. Umri ayshi ishrat va kayfi safo bilan o‘tgan Abul Hasanak bunday chigal, serjumboq gaplarni birinchi eshitishi. Shu yaqin kunlargacha unga sultoni salotinning hamma gaplari, bosgan har bir qadami, hatto o‘ylagan o‘ylarigacha – hammasi ravshan edi. Ammo bu davosiz dardga chalinibdiki, sultonning gap-so‘zlari uni faqat cho‘chitadi, yuragiga allaqanday noaniq, sovuq g‘uluv soladi, xolos!

Boz ustiga bu ov, o‘zi o‘ylab topgan bu qaltis ov! Kim bilsin, bu ovchilar hamma ishni Abul Hasanak aytgan tarzda qoyilmaqom qilib bajo keltira oladilarmi yoxud «ov» chog‘ida kutilmagan bir ishkal chiqib qoladimi? Shaytonga ustozlik qilguvchi bosh vazirning qo‘lbola ohusi-chi? Pistirmaga qo‘yilgan ovchilar ohuni mo‘ljallagan paytda pistirmadan haydab chiqara oladilarmi yoki haydab chiqaramiz deb, o‘zlarini bildirib qo‘yadilarmi? Boringki, bildirib qo‘yishmagan taqdirda ham bu qo‘lbola ohu otliq sultonni ko‘rib qochadimi yoxud odamga o‘rgangan, befahm maxluq qochmay, turib oladimi?

Gardiz qal’asiga yaqinlashgan sayin bu o‘ylar Abul Hasanakning miyasida g‘ujg‘on o‘ynab, ko‘nglidagi tahlikaga tahlika qo‘shmoqda edi…

Merganlar qurshovidagi soyabon arava goh keng sayhonliklar, goh ko‘m-ko‘k qirlar osha qalin archazor tog‘lar bag‘riga kirib bordi.

Haligina dimoqqa gup-gup urgan yalpiz, kiyik o‘ti va yovvoyi yo‘ng‘ichqa atir endi bitta-yu bitta shu xushbo‘y hid, archa hidi bilan almashdi.

Ana, soyabon aravaga qo‘shilgan yo‘rg‘a otlar, asta yo‘rtib, tepasida bir tup sada o‘sgan baland qirga chiqdi. Qir ortida yana bir ko‘z ilg‘amas keng sayhonlik ko‘rindi.

Mashriq tomoni qorli tog‘larga borib tutashgan bu behudud sayhonlikning har joy-har joyida to‘p-to‘p gujumlar o‘sar, ovloqda kumush tasmalardek yarqiragan jilg‘alar ko‘zga chalinar, kecha pinhona jo‘natilgan suvorilar ko‘rinmas, ular, aftidan, tog‘-u toshlar orasida pisib yotishardi.

To‘satdan sultonning.

– To‘xta! – degan bo‘g‘iq ovozi eshitildi. – Qorabayirim qani? – sulton arava soyaboniga tirmashib, o‘rnidan dast turdi. Tuya junidan to‘qilgan oq chakmon ichida uning qurigan terakday baland bo‘y-basti yana ham balandroq ko‘rinar, birdan charaqlab ketgan qisiq ko‘zlarida, butun vajohatida ilgarigi kuch, ilgari iqtidor barq urar edi!

Yelkasiga qora lochin qo‘ndirib olgan bosh qushchi siynasi qaldirg‘och qanotiday yaltillagan qorabayirni yetaklab keldi.

Peshonasiga ipak popuklar taqilgan, o‘mrovi tilda, tasmalar bilan ziynatlangan qorabayir oltin suvlig‘ini chaynaganicha, betoqat yer depsinib o‘ynoqlab turardi.

Sulton uzun, qoqsuyak qo‘llarini quyma tilladan yasalib, ustiga ipak gilamcha tashlangan egarga qo‘ydi, ko‘zlarini yumib, uzoq pichirlab turdi, so‘ng qo‘ltig‘idan olmoqchi bo‘lgan Abul Hasanakning qo‘lini siltab tashlab, shaxt bilan o‘zini egarga oldi.

– Iloyo omin! – shoir Unsuriy ko‘ziga yosh olib, oppoq nozik qo‘llarini duoga ochdi. – Xudovandi karim sizday dini islom homiysidan o‘z inoyatini darig‘ tut-mag‘ay! Niyatingiz mustajob bo‘lib, ovingiz o‘ngidan kelgay, bu ishda padari buzrukvoringiz ruhi siz olampanohga madadkor bo‘lg‘ay, omin!

– Ilohi omin! – sulton yuziga fotiha tortib, to‘satdan tirqirab oqa boshlagan ko‘z yoshlarini sidirib tashladi-da, qorabayiriga qamchi bosdi. Usiz ham betoqat pishqirib turgan qorabayir, osmonga sapchidi-yu, qushday uchib ketdi.

Bir necha navkar sultonning ketidan chopmoqchi bo‘lib, otlarini niqtashdi, biroq Abul Hasanakning «To‘xta!» degan hayqirig‘i bilan otlarining jilovini tortishdi.

Sulton tez uzoqlashib borardi. Egnida tuya junidan to‘qilgan oq chakmon, boshida qora hoshiyali oq qalpoq, sulton, xuddi qorabayir ustiga qo‘nib olgan katta oq qarg‘aga o‘xshar, uzoqlashgan sayin bu o‘xshashlik ortib borardi… Ana, qorabayir yo‘l yoqasidagi bir to‘p gujumdan o‘tib, ikkinchi g‘ujumga yaqinlasha boshladi. Ana, g‘ujumga yetib ham bordi. Shu payt… Yo rab! Qorabayirga qo‘nib olgan oq qarg‘aning oldida ikki qora nuqta, biri kattaroq, biri kichikroq ikki qora nuqta paydo bo‘ldi-yu, tez uzoqlasha boshladi.

– Ohu! – dedi Abul Hasanak, quvonchdan entikib. – Olloga shukur! Amiralmo‘mininning pok niyati mustajob bo‘ldi! Bolali ohu!..

Shoir Unsuriy tiz cho‘kib, qiblaga qarab yer o‘pdi.

– Fayzi ilohiyning alomati bu! Xudoga shukr! Sultoni salotinning nidosi dargohi ilohiyga yetib bormish!

Ana, qushday uchib borayotgan qorabayir oldinda lip-lip etgan qora nuqtalarning birini quvib yetdi. Otga qo‘nib «oq qarg‘a» pastga egilib, uni ko‘tarib oldi, lekin sal o‘tmay uni yana qo‘yib yubordi-da, asta orqaga burildi.

Abul Hasanak aravadan irg‘ib yerga tushdi, shatakda turgan arg‘umoqlardan biriga sakrab mindi-da, uzoqdagi gujumlar tomon ot surdi.

«E, yaratgan egam! Nahot uning rejalari ro‘yobga chiqqan bo‘lsa? U o‘ylaganidan ham ziyodroq, bekami ko‘st, bexatar tarzda ro‘yobga chiqqan bo‘lsa! Nahot sultoni salotin bu ishlardan keyin ham Abul Hasanakni ul betavfiq Ali G‘aribdan past ko‘rsa? Nahot bundan keyin ham vaziri a’zamlik lavozimini ul xomsemiz battoldan unga olib bermasa?»

Sulton, otini asta yo‘rttirib, yaqinlashib kelardi. Uning ko‘zlaridan tirqirab yosh oqar, bir-birini quvib oqqan yosh tomchilari keng yuzini selday yuvib, oq oralagan siyrak soqoliga, soqolidan bo‘yniga tomchilardi. Lekin sulton buni sezmas, sezsa ham yashirmas edi. Sultonning ko‘z yoshlari Abul Hasanakning dilida jo‘sh urgan quvonchga quvonch, hayratga hayrat qo‘shdi, shoir Unsuriy esa, bil’aks, amiralmo‘mininni ko‘rib ho‘ngrab yubordi.

– Olloga shukur! Istiqbolning xayrli foli bu, oftobi olam! Xayrli foli!

Sulton qo‘lini ko‘tarib uni to‘xtatdi-da, tomog‘ini bo‘g‘gan yig‘ini «qult» etib yutdi.

– Sadoqati zohir vazirim! Darhol Ali G‘aribga chopar yo‘llang! Inshoollo, bukungi fayzi ilohiy sabab yaqin kunlarda «Mozori kalon»da g‘arib-u g‘urabo va yetim-yesirlarga osh berilgay! Qirq ho‘kiz, qirq tuya, qirq biya, qirq qo‘chqor so‘yib, qirq botmon guruch damlagay!.. Hozir esa… hozir barcha mulozimlarga! – sulton yaqinlashishga jur’at etmay, uzoqroqda to‘xtagan qushchilar va merganlarga imo qildi. – Barcha mulozimlarga chopon kiydiring, qo‘y so‘yib ziyofat bering!

«Sadoqati zohir vazirim! Sadoqati zohir!» – Abul Hasanak hamma bilan barobar «ilohi omin!» deb xitob qilarkan, to‘satdan tomog‘i g‘ip bo‘g‘ilganini sezib, boshini pastroq egdi.

2

Peshinda boshlangan ziyofat namozi asrga yaqin tugadi. Qo‘y so‘yilib, hammaga chopon, shoir Unsuriyga kimxob to‘n, Abul Hasanakka esa zarbof to‘n yopildi.

Sulton gujum tagiga o‘rnatilgan taxtiravonda yonboshlab yotib, bu shodiyonani jimgina kuzatar, uning bilinar-bilinmas qizillik yugurgan yalpoq yuzida allaqanday sirli, ilohiy bir shu’la aks etardi. U goho-goho mizg‘iganday bo‘lib, ko‘zlarini yumar, shunda nigohi oldiga darhol gujum ortidan yugurib chiqqan ona-bola ohular kelardi. Sultonning ko‘nglini ravshan qilgan ichki shu’la ham o‘sha daqiqada lop etib yongan edi… Boshda, sulton qorabayirini qamchilab, bostirib borganida ona kiyik go‘yo undan qo‘rqmaganday uloqchasi atrofida gir aylanib qoldi. Oyoqchalari mitti-mitti, ko‘zlari katta-katta kulrang uloqcha esa, ot dupurini eshitgandayoq pildirab qochdi-yu, onasidan o‘zib ketdi. Ona kiyik avval uning ketidan asta chopqillab bordi, biroq ot dupuri kuchaygach, shamolday uchib, uzoq-lashib ketdi-da, uloqcha orqada qoldi…

Sulton, dilida ajib bir nur, qoqsuyak vujudida favqulodda bir kuch, hamon tasir-tusur ot surib borar, u bilan uloqcha o‘rtasi tobora qisqarmoqda edi. Nihoyat, uloqchani quvib yetdi-da, lochinday chang solib, ko‘tarib oldi. Shu zahotiyoq yiroqlashib qolgan ona kiyik shartta to‘xtadi, bir zum joyida dir-dir titrab turdi-da, asta-sekin orqaga qayta boshladi…

Yo rab! Xuddi padari buzrukvori amir Sabuqtegin aytgan ish bo‘ldi! Darhaqiqat, istiqbolning xayrli foli bu! Xayrli foli!

Sulton hayajon ichida asta egilib, dir-dir titragan uloqchani yerga qo‘yib yubordi, qo‘yib yuborishi bilan dilida ajib bir chirog‘ «lop» etib yondi-da, vujudida o‘zgacha bir holat, qandaydir sirli, ilohiy bir holat sodir bo‘ldi. Hatto o‘ng biqinidagi og‘riq ham tappa to‘xtab, ko‘ziga qorong‘i ko‘ringan olam birdan yorishib ketdi. Shundan beri o‘zini onadan qayta tug‘ilgan go‘dakday his etmoqda. Tog‘lar bilan o‘ralgan bu keng sayhonlik boyagidan ham keng, boyagidan ham tiniq, archalar hidi boyagidan ham xushbo‘y, qorli cho‘qqilar boyagidan ham yuksak, odamlar esa bir-biridan yaxshi, bir-biridan mehribon ko‘rinib ketdi sultonning ko‘ziga. Hatto peshindan keyin sevalab yog‘a boshlagan yomg‘ir ham uning ko‘nglini xira qila olmadi, bil’aks, bu iliq, mayin yomg‘ir ham boyagi bolali ohu kabi istiqbolning yaxshi alomati bo‘lib tuyuldi. Ha, padari buzrukvori Muzaffar amir Sabuqteginning chehrasida valilik muhri bor edi! Shoshlik2929
  Shosh – Toshkentning qadimgi nomi.


[Закрыть]
lashkarboshining o‘g‘li Sabuqtegin Sayhun3030
  Sayhun – Sirdaryo.


[Закрыть]
bo‘ylarida bo‘lgan bir jangda somoniylar qo‘shiniga asir tushib, Buxoro bozorida sotilgan. Uni sotib olgan quljallob Buxorodan Balxga yayov haydagan. Savdogar shunday berahm-beshafqat ekanki, otasining oti yo‘l azobiga dosh berolmay yiqilib qolganida, o‘lgan otining egar-jabduqlarini ham qulining yelkasiga yuklagan… Shunda, bu azobi uqubatlardan holdan ketib yiqilib qolgan padari buzrukvori tush ko‘rgan, tushida Xizr alayhissalom ayon bo‘lib, bu uqubatlarga dosh berishini, toki, oxir-pirovardida unga saodat yor bo‘lishini aytib, oq fotiha bergan. Xizr alayhissalomning bu fotihasi mustajob bo‘lib, Balx bozorida padari buzrukvorini amir Alptegin sotib olgan. Alptegin, – ollo unga o‘z dargohidan joy ato qilg‘ay! – yosh g‘ulomi Sabuqteginga mehri tushib, uni o‘ziga mahram qilib olgan. Shu-shu padari buzrukvorining qora kunlari orqada qolib, taqdir unga kulib boqqan. Yosh nadimining mardligi va salohiyatiga amin bo‘lgan amir Alptegin bu bevafo dunyoni yetim qoldirib, u boqiy dunyoni munavvar qilmoq kuni kelganda, uni, ya’ni suyukli lashkarboshisi Sabuqteginni o‘z taxtiga voris qilib qoldirgan.

Agar amir Sabuqtegin o‘z xo‘jasi amir Alpteginning bergan tuzini oqlagan bo‘lsa, sulton Mahmud o‘z padari buzrukvorining tuzini oqladi. Amir Sabuqtegin tuzgan davlat sarhadini o‘n barobar kengaytirdi, mustahkamladi, unga meros qolgan G‘aznai munavvarani butun ro‘yi zaminda go‘zallikda tengsiz bir shahri muazzamga aylantirdi!.. Bas, padari buzrukvorining ruhini shod etgani uchun, mana, boshiga og‘ir kunlar tushganida, uning arvohi sultonni qo‘lladi, ohu timsolida otasiga ayon bo‘lgan fayzi ilohiy unga ham ayon bo‘ldi. Shoyad padari buzrukvorining tushida namoyon bo‘lgan Xizr payg‘ambar uning ham tushiga kirsa, unga ham oq fotiha bersa!..

Sulton, g‘oyat xushvaqt bir kayfiyatda ko‘zi ilingan edi, vujudiga orom berib, ko‘nglini munavvar qilgan bu ezgu o‘ylar tushida ham davom etdi. Har qalay, allaqanday tiniq kuylar, xushovoz xonandalarning dilrabo qo‘shiqlari qulog‘iga quyilib, ko‘ngli yana ham ravshan tortdi. Sulton bu kuy, bu dilrabo qo‘shiqlarni toabad eshitishga tayyor edi, biroq to‘satdan ularga allaqanday dag‘al ovozlar qo‘shildi, o‘tirgan taxtiravon qattiq silkinganday bo‘ldi-yu, afsus bilan ko‘zini ochdi.

U taxtiravonda emas, aravada yotar, arava haligi bir tup gujum tagida emas, baland bir qir yonbag‘ridagi qo‘shaloq chinor yonida to‘xtab turardi. Yomg‘ir tingan, yuksak qorli tog‘lar ustiga yonboshlagan oftob chinor yaproqlaridagi billur tomchilar bilan o‘pishib o‘ynar, olam iliq nur seliga cho‘milgan edi!..

Sulton hayrat bilan yon-veriga qaradi. U soyabon aravada yolg‘iz yotar, yonida Abul Hasanak ham, shoir Unsuriy ham yo‘q edi. Chinor tagidan eshitilayotgan kuy va qo‘shiq asta tindi, faqat tanbur ovozi yana bir-ikki marta diring-diring qildi-da, u ham o‘chdi:

– Ul zoti oliy Malikul davlat bo‘lsa, kaminayi kamtarin Malikul sharob bo‘lamen!

– Malikul sharob emish! Yo‘ldan daf bo‘l, tentak! Bo‘lmasa hozir navkarlarga farmon beramen – oyoq-qo‘lingni bog‘lab, chinor shoxiga osadilar!

– Ofarin! Shu aqli farosat bilan sulton Mahmudga vazir bo‘ldilarmi janoblari? Malikul sharobni dorga osadurg‘on bo‘lsa, yolg‘iz Malikul davlat osadi.

«Qutlug‘qadam!»

Nogahon sultonning yodiga bolalik va o‘smirlik chog‘lari tushdi. Suyukli nadimi Qutlug‘qadam bilan Afshon soy sohilida kurash tushib, merganlik va chavandozlik bobida olishib yurgan onlari «lop» etib ko‘z oldiga keldi-yu, oftob nuriday iliq bir narsa yuragini yoqimli silab o‘tdi. U beixtiyor boshini yostiqdan uzib, ipak pardaning chetini ko‘tardi.

Arava oldida boshiga eski qalpoq, egniga eski qora chakmon kiygan, soch-soqoli o‘sib, patak bo‘lib ketgan devonasifat bir kimsa Abul Hasanak bilan shoir Unsuriyning yo‘lini to‘sib turardi. Yo‘ldan nariroqda, bir-biriga chirmashib o‘sgan qo‘sh chinor tagida esa bir guruh mashshoqlar o‘tirishardi. O‘rtaga yozilgan dasturxonda ikkita xum ko‘zga chalinardi. Mashshoqlar, birining qo‘lida g‘ijjak, birining qo‘lida setor, birining qo‘lida nay, juldur to‘nli darvesh bilan Abul Hasanak o‘rtasidagi «jang-u jadal»ni jimgina kuzatishar, bu dahanaki jang ularga katta zavq berayotgan bo‘lsa kerak, hammasi tirjaygan, hammasining og‘zi qulog‘ida.

Bu manzara sultonning dilida ham favqulodda bir zavq uyg‘otdi. U soyabon aravaning ipak pardasini shartta yulib oldi-da, asta o‘rnidan turdi:

– Hoy, sultoni salotinga yo‘lto‘sarlik qilishga jur’at etgan kim? Qutlug‘qadam? Yo tavba! Men seni allaqachon arshi a’loda aysh qilib yuribdi desam, hanuz bu bevafo dunyoda ivirsib yuribsenmu?

Hamma arava tomon burilib qaradi. Malikul sharob besh panjasi bilan soqol bosgan yuzini ishqab mug‘ambirona ishshaydi.

– Ne chora, amiralmo‘minin! Bog‘i Eram ham bizday g‘arib-u g‘uraboga emas, sizday sultoni salotinlarga atalgan emish! Inchunin, u dunyoga shoshib ne qilamiz? Undan ko‘ra faqirlar dunyosi bo‘lmish bu dunyoda ivirsib yurganimiz ma’qul emasmi, amiri kalon? Bu kun navro‘zi olam! Qani, g‘arib dasturxonimizga marhamat qilg‘aysiz, sultoni salotin!

Chinor tagidan «Navro‘zi olam! Navro‘zi olam!» degan xushnud xitoblar eshitildi.

«Navro‘zi olam? Yo rab! Bundan chiqdi hozir unga ayon bo‘lgan ilohiy alomat bejiz emas ekan!» – Sultonning mumday sarg‘ish chehrasi birdan yorishdi.

– Malikul sharob! Qani, o‘shal dong‘i olamga ketgan sharobingdan bir kosa keltir!

Malikul sharob darhol chinor tagiga yuzlanib:

– Hey, Bobo Setoriy! – deb chaqirdi-da, ko‘zini qisib, xushnud kuldi:

 
Qo‘lga olib setoring, jon qirg‘izgaysen,
Mayi nobdin bu jomingni to‘lg‘izgaysen!
Gulob kabi pokdur gadolarning dili,
Sungil sultonimga, bitsin, mushkuli!
 

Chinor tagidan kimdir hayrat bilan:

– Tasanno, Malikul sharob! Tasanno! – deb xitob qildi, ketma-ket nay, setor va g‘ijjaklar barobar yangrab, allaqanday sho‘x, o‘ynoqi kuy boshlandi.

Malikul sharob davradagilar qo‘lidan may to‘la kosani olib, hanuz miyig‘ida kulimsiraganicha aravadan tushgan sulton tomon yurdi.

 
Gado shoddir har kuni,
Jomdan uzmas ilkini,
O‘tar-ketar bu dunyo,
Ketsin badar u dunyo!
Fursat, umr g‘animat,
Ertang qilgung azimat!
Besh kun davron surib qol,
Bukun o‘ynab-kulib qol!
 

Shoir Unsuriy to‘satdan oyoq ostidagi ho‘l maysaga tiz cho‘kib, sultonning etagini yuziga surtdi.

– Oftobi olam! Farishtalar omin degan shunday munavvar kunda bu shakkokning so‘ziga kirmang!

Shoirning tavallosiga Abul Hasanakning nidosi qo‘shildi:

– Haq so‘z bu, olampanoh!.. Bu tog‘larda anov imonsiz imom Ismoil G‘oziy makon qurg‘an, olampanoh!

– Qaysi imom G‘oziy? Ne deb valdiraysen? – Sulton qo‘lini bir siltadi-da, nogahon yuragini chulg‘ab olgan allaqanday yorug‘ tuyg‘uga bo‘ysunib, kosa to‘la sharobni bir ko‘tarishda bo‘shatdi.

– Ollo o‘zi afv etgay! Olti oy bo‘ldi, ko‘nglim qorong‘i tunday zimiston edi, shu bukun bir chirog‘ yondi!.. Abul Hasanak! – dedi u, to‘satdan qiyg‘och ko‘zlari hayrat bilan charaqlab. – Hammangga ijozat! Ot-arava bilan ikki navkar qolsa bas! Faqir bukun shu darvesh bilan suhbat quramen!

– Darvesh emas, Malikul sharob! – dedi Qutlug‘qadam. – A’lo hazratlari Malikul davlat bo‘lsalar, kamina Malikul sharob bo‘lamen!

Shoir Unsuriy «endi jazosini tortadi bu shakkok» degandek, umid bilan sultonga qaradi. Biroq sulton g‘alati kulimsirab tavoze bilan bosh egdi:

– Bir qoshiq qonimdan kechgaysiz, valine’mat» Ijozat etsalar, faqir siz hazratimning bir oniy suhbatlarida bo‘lsam!..

– Marhamat! Malikul sharob davrasida shoh-u gado barobar!

Hanuz tizza bukib turgan Unsuriy ko‘zlari mo‘ltirab Abul Hasanakka qaradi, biroq sultonning odatini yaxshi bilgan Abul Hasanak lom-mim demay olisroqda turgan navkarlar tomon yo‘naldi.

Keksa mashshoqlar surilib, sultonga joy berishdi. Sulton, dilida hamon ajib bir shu’la, eski namatning chetiga asta yonboshladi.

Yo tavba! Osmon boyagidan ham tiniq, havo boyagidan ham musaffo, giyohlar hidi – qoqilar, chuchmomalar, buloq bo‘yidagi yalpizlar, yovvoyi rayhon va archalar, qirlar sathini qoplagan yovshan va shuvoqlarning aralash-quralash atri boyagidan ham o‘tkir, boyagidan ham xushbo‘y!

Biri oq tuyaga, biri bo‘taloqqa o‘xshash ikki oq bulut ostida oq yelkanlarni eslatuvchi ulkan oqqushlar juft-juft bo‘lib suzib yurar, ulardan ham yuqoriroqda, niliy osmon tagida, ulkan qora burgutlar ko‘zga chalinardi… Mashshoqlarning kechki oftobday tiniq va hazin musiqasi sultonning tashna diliga suvday yoqar, eshitgan sayin eshitgisi kelardi, Vo darig‘! Nechun u shu bukungacha bu mislsiz go‘zallikdan bebahra ekan? Ajabo, salkam qirq yil saltanat tebratib, bunday go‘zallikni ko‘rgan emas, bunday musiqani eshitgan emas, bunday saodatli damlarni boshidan kechirgan emas!.. Hatto unga eng katta zavq bergan onlar, Hindiston va Xuroson, Xorazm va Buxoro tojdorlarini bir hamla bilan zabun qilib, oldiga tiz cho‘ktirgan chog‘larida ham bunday zavqlangan emas u! Ha, u hindlar yurtidagi muazzam qal’alarni bir zarb bilan zabt etganida, tog‘-tog‘ oltin va javohirlarni o‘ljaga olgan damlarida yoxud Jayhun bo‘ylariga saroparda qurdirib, karnay va surnaylar sadosi ostida yuz minglagan suvorilarni bitta-bitta sanab o‘tkazgan onlarida mislsiz iftixor tuyg‘usi uni o‘z qanotlariga o‘tqazib, go‘yo osmoni falakka olib chiqib ketardi! O‘sha damlarda unga dunyoda eng yoqimli sado – jangovar fillar na’rasi-yu, otlar dupuri bo‘lib tuyular, g‘olib qo‘shinning «urha, ur, surha, sur!» degan suronli qiyqirig‘i bilan nog‘oralar gumburidan yoqimli sado yo‘q deb o‘ylar, olamda eng go‘zal narsa esa qilich-qalqonlaru muzaffar lashkarning g‘olib tug‘lari bo‘lib ko‘rinardi! Endi bilsa… u bilgan go‘zallikdan a’lo go‘zallik, u o‘ylagan baxtdan o‘n chandon ulug‘ baxt, g‘arib bo‘lsa ham, qandaydir beg‘alva, betashvish bir hayot bor ekan. Bunday tiniq osmon, biri tuya, biri jajji bo‘taloqqa o‘xshash oq bulutlar, bunday giyohlar, kishi qarab to‘ymaydigan yuksak niliy tog‘lar bor ekan!.. Ana, ro‘parasida bolalik va o‘spirinlik yillarining shohidi bo‘lgan bir shoir o‘tiribdi. Boshida eski telpak, egnida eski to‘n… Biroq ikkisining qaysi biri baxtliroq? Butun ro‘yi zaminni tiz cho‘ktirgan sulton Mahmud G‘aznaviymi yoxud o‘zi yanglig‘ faqir-u haqirlar davrasida dilxo‘shlik bilan umr o‘tkazgan bu darveshmi?


Страницы книги >> Предыдущая | 1 2 3 4 5 6 7 8 | Следующая
  • 0 Оценок: 0

Правообладателям!

Данное произведение размещено по согласованию с ООО "ЛитРес" (20% исходного текста). Если размещение книги нарушает чьи-либо права, то сообщите об этом.

Читателям!

Оплатили, но не знаете что делать дальше?


Популярные книги за неделю


Рекомендации