Электронная библиотека » А. Митта » » онлайн чтение - страница 7


  • Текст добавлен: 30 апреля 2024, 03:20


Автор книги: А. Митта


Жанр: Учебная литература, Детские книги


сообщить о неприемлемом содержимом

Текущая страница: 7 (всего у книги 33 страниц) [доступный отрывок для чтения: 11 страниц]

Шрифт:
- 100% +
PERIPETIYALAR VA HARAKATLAR XILMA-XILLIGI

Peripetiyalar nafaqat personajlar hissiyotini turli-tuman qiladi – ular hissiy keskinliklarni ham vujudga keltiradi. Ular xarakterlarni quvonchdan g‘am-g‘ussaga, umidvorlikdan noumidlikka uloqtiradi. Bular xarakterning yashirin imkoniyatlarini yuzaga chiqaradi. Biz yorqin his-tuyg‘ularga bо‘yalgan turli xulq-atvorlarga ega bо‘lamiz.

Peripetiyalar dramaga uning jannat va jahannam о‘rtasidagi kurashning sо‘nggi chegaralari tomon intilish imkoniyatlarini ifodalashga yordam beradi.

Bu peripetiyalar Shekspir pyesalarida bundan sо‘ng qanday ishlashini kо‘rib chiqamiz. Bu narsa bizni dramada peripetiyalar uzluksiz tuzilma tashkil qilishiga ishonch hosil qilish maqsadida qiziqtiradi.

Ertasi kuni ertalab qalbi muhabbatga tо‘la Romeo va bu haqida hech narsa bilmaydigan uning dо‘stlari shahar maydonida Julyettaning akasi Tibald bilan uchrashib qolishadi. Romeo Julyettaga aloqasi bо‘lgan barchani sevishga tayyor. Tibald, tabiiyki, о‘zini Montekki oilasining dushmaniday tutadi. U Romeoning dо‘sti Merkutsio bilan janjallashadi. Romeo ularni yarashtirib qо‘ymoqchi bо‘ladi, ammo buning foydasi bо‘lmaydi – Tibald Merkutsioga qilich tiqib oladi. Merkutsio Romeoning qо‘llarida jon beradi. Romeo shu onning о‘zida bunga javob qaytaradi: dо‘stining о‘limiga qasos olish uchun qilich sug‘uradi. E’tibor bering – haligina Romeo baxt bilan tо‘liq edi, bexosdan (yana «bexosdan») uni g‘azab egallaydi. U qasos oladi va Tibaldni о‘ldiradi. Romeo ruhiy tushkunlikda – u buni xohlamagan edi, ammo kech bо‘ldi – g‘isht qolipdan kо‘chgan edi, uni shahardan surgun qiladilar. Endi u Julyettani kо‘rolmaydi. U baxtsiz.

Ammo olamda yaxshi odamlar ham bor. Monax Lorenso yashirincha Romeo va Julyettani nikohlab qо‘yadi. Ular yosh kelinkuyovlar birinchi visol kechasida qanchalik baxtiyor bо‘la olishsalar, shunchalik baxtiyorlar. Bu achchiq baxt edi – ularni ayriliq kutardi. Ammo endi er-xotinni hech narsa ajrata olmasdi. Ularni Xudo bir-biriga bog‘lagan edi.

Shu payt bexosdan (yana «bexosdan») Julyettaning otasi unga unashtirish va graf Paris bilan bо‘ladigan uning tо‘yi haqida aytadi. Bu nikoh bо‘lishi shart va ayni shu paytda uning bо‘lishi mumkin ham emas. Julyetta tamoman umidsizlikka tushadi.

Qarang, qanchalik turli-tuman voqealar: dushman qarorgohidagi ziyofatda bir lahzada sevgi alangalanadi. Shahar maydonida ikkita о‘lim bilan tugovchi mushtlashish. Qahramonlar yashirincha nikohdan о‘tishadi. Harakatlar sxemasi esa hamisha bir xil: baxt tomon harakat bexosdan uziladi va baxtsizlik tomon harakat boshlanadi.

Har safar mana shu «bexosdan» sodir bо‘lganida personaj uni anglab yetishi va baholashi lozim. Shu sababli sxema quyidagi kо‘rinishda bо‘ladi:

Agar biz pyesadagi butun voqealarga qaraydigan bо‘lsak, kо‘ramizki, boshidan oxirigacha peripetiyalarning hamma vaqt bir xil sodda sxemasi ishlaydi. Balki bu Shekspirning shaxsiy uslubidir? Ammo bilamizki, о‘z davrida bu sxemani qadimiy yunonlar ochishgan va «dramatik peripetiya» deb atagan edilar. О‘sha olis zamonlardan shu kunlargacha bu oddiygina sxema dramada millionlab marta va har safar muvaffaqiyat bilan xizmat qildi. U – dramatik harakatning oddiygina hujayrasi. Siz hayajonli hikoya olishni istaganingizda ushbu sxema boshqa hamma narsadan yaxshi ishlaydi. Biz esa aynan shuni istaymiz.

Yaxshi dramada voqealar qahramonlarni uzluksiz ravishda goh tо‘la baxtsizlikka tashlaydi, gohida esa batamom baxt-saodat sari yuksaltiradi. Dramatik holatlar bir-birining о‘rniga kelishadi. Alternativ omil kuchayadi va о‘zgaradi. Ammo his-tuyg‘ularning rivoji voqeada hamma vaqt bir xil sxema bо‘yicha boradi: baxt sari harakat qilayapman – bexosdan – baxtsizlikka yо‘liqdim. Peripetiya – bu his-tuyg‘ular katalizatoridir.

Albatta, shuni unutmaymizki, bu yerda gap sxema haqida, motiv haqida borayapti, u dramaning jonli tanasining ichida bо‘ladi.

Dramaning oddiy qо‘pol shaklida bu peripetiyalar aniq konfliktlar hosil qiladi: yaxshi yigitlar faoliyatni baxt sari olib borishadi, yomonlari, tabiiyki, baxtsizlik sari.

Muammo shundaki, dramaning yuksak shakli – uning quyi shaklining alternativasi, qarama-qarshisi emas. Drama qonunlari universaldir. Dramatik peripetiya har qanday dramatik strukturada harakat qiladi va hamisha bitta vazifani bajaradi: bizni dramaning hissiyot olamiga jalb qiladi. Tashqaridan qaraganda hissiyotlar о‘ta jilovlangan bо‘lishi mumkin: harakatsiz bashara niqobi ostida biz peripetiyalar olovini payqaymiz.

PERIPETIYA VA MOTIVATSIYA

Dramatik peripetiya dramaning vazifasi – tomoshabin bilan yuqori darajadagi hayajon holatida bog‘lanib turish vazifasini hammadan kо‘ra yaxshiroq bajaradi.

Dramatik peripetiya – har daqiqada taktik ta’sir etish qurolidir. Bu muhim, chunki sizni bir yarim soat ushlab turish kerak. Agar siz barcha asosiy hayajonli zarbani final oldidan beradigan bо‘lsangiz – unda ishlaringiz chippakka chiqadi. Tomoshabin buni kutib turmasligi mumkin.

Zudlik bilan auditoriyaning javobini olishi zarur bо‘lgan professional hikoya qiluvchilar dramatik peripetiyaning kuchini yaxshi bilishadi. Mana, yakshanba kunida bо‘ladigan televezion da’vatning tipik sxemasi:

«Men notavonlikda yashar edim. Qalbimni tuban niyatlar kemirardi, kunlarim gunoh bilan о‘tardi. Men yashamasdim, balki sudralib yurardim. Ruhim iymonsizlik zimistonida azob chekardi. Bexosdan! Ko‘nglimga bir tovush kirib keldi! U meni о‘ziga chorladi, men esa unga javob qildim! Ruhim yuksaklarga parvoz qildi. Men gunoh niyatlarni uloqtirdim va huzur-halovat tomon parvoz qildim. Men bulutlar va quyosh tomon yanada yuksakliklarga parvoz qilmoqdaman. Qalbimda farishtalar kuylashadi! Xudoga hamdu sanolar bо‘lsin!».

E’tibor bering, faqat motivatsiyagina о‘zgardi. Dastlab «men» gunoh va umidsizlik tomon borayotgandim, «bexosdan» sodir bо‘ldi, «men» umid va baxt sari parvoz qilmoqdaman.

Dramatik peripetiyaning qat’i sxemasi sizni ruhning ajib bir о‘zgarishi haqidagi hikoyaga jalb qiladi.

Mana, bunisi esa yana bir muvaffaqiyatli hikoyachi. U ishda qanday qilib muvaffaqiyatga erishish, boyib ketish va baxtdan nurafshon bо‘lish haqidagi о‘zining pragmatik maslahatlari bilan millionlab soddadil odamlarni ortidan ergashtiradi.

Bu о‘zining muvaffaqiyatlar retsepti bilan mashhur bо‘lgan Deyl Kornegidir. Uning barcha qiziqarli hikoyalari bir xil shablon orqasiga yashiringan. Bu yaxshi shablon, u hech qachon jonga tegmaydi. Uning nomi – dramatik peripetiya deb ataladi. Hikoyalar taxminan quyidagicha bо‘ladi:

«Yoshligimda men juda baxtsiz yigitcha edim. О‘z ishimni sevmasdim. U meni kamsitardi. Men nafratlanarli darajada omadsiz edim. Bundan tashqari, aftimni husnbuzar, sepkil va yara-chaqa bosgan edi. Men chordoqidan joy olgan nochor mehmonxonaning ilmateshik kо‘rpa-tо‘shak solingan krovatlari ostida kalamushlar chiyillashardi. Tepadan kana yog‘ilardi, devorlarda suvaraklar chopishardi. Men isqirt va badbо‘y edim, sochlarimdan qazg‘oq tо‘kilardi, og‘zimdan yoqimsiz hid kelardi. Tabiiyki, men yolg‘iz edim. Kunlarim xо‘rliklardan va tunlarim alg‘ov-dalg‘ov tushlardan iborat edi. Men о‘zimni о‘ldirishga tayyor edim. Bexosdan men о‘zimga: «Tо‘xta! Sening sevimli mashg‘uloting bor! U bilan shug‘ullan! U seni yutuqlarga eltadi!» – dedim.

Jonimga tekkan yuk mashinalari kommiyavojerligini tashladim va kechki maktabga о‘qituvchilik qilishga bordim. Men bir qarorga keldim, u mening butun hayotimni о‘zgartirib yubordi. Men barvasta va chiroyli yigitga aylandim. Sochlarim jingalak tus oldi. Qoyil qolgan bolalar gala-gala bо‘lib menga osilishardi. Qizlar xushmuomalalik bilan tabassum qilishardi, raqslarda bir-birlaridan meni qizg‘anishardi».

Biz bu hikoyani eshitamiz. Kо‘zlarimiz о‘z-о‘zidan yoshlanadi, hech kim: «Ey, ahmoq, ilgari qayerda eding? Shunday yaxshi kasbing bor ekan, nega kalamush va suvaraklar orasida yashading? Nega faqat pichoq suyagingga taqalgandan keyingina о‘zgarding?» – degan oddiygina savolni bermaydi.

Nega shunday? Chunki drama qonunlari qarama-qarshi holatlarning konfliktini talab qiladi. Agar ular tо‘qnashsalar mo‘jizalar sodir bо‘ladi – biz hikoya ortidan ergashib ketamiz – birovlarning muammosi bizning muammomizga aylanadi. Agar oddiygina qilib amalda о‘qituvchi qanday qilib muvaffaqiyatga erishganligi haqida hikoya qilib berilsa, pashshalar zerikishdan о‘lib qolishar, tomoshabin esa uxlab qolardi.

Dramatik peripetiya orqali hikoya qilingan har qanday voqea juda ishonarlilik kasb etadi.

Nega shunday? Chunki biz о‘zimizda ham hamda kimga hamdardlik qilayotgan bо‘lsak, ularning hammasida ham shunday bо‘lishini istaymiz. Dramatik peripetiya – hamdardlik qurolidir.

Hayotdan olingan voqealar ishonarliroq bо‘ladi, degan fikr bor: agar hamma narsa hayotdagiday bо‘lsa, hikoya yaxshi chiqadi, – deb о‘ylashadi. Bu zararli va ahmoqona adashish. Unda nega har bir kishi о‘nlab ajoyib ssenariylar yozib tashlamayotganligini tushunib bо‘lmaydi. Axir har bir kishining hayotida yuzlab qiziqarli va haqiqiy voqealar о‘tganku.

Kabobchilar gо‘shtdan qanday foydalansalar, professional hikoyachilar hayotdan shunday foydalanadilar. Ular hayot bо‘laklarini sixga о‘tkazadilar va sixlardan egri-bugri lavhalar tuzadilar. Agar tuzilish sxemasi tо‘g‘ri bо‘lsa, «haqqoniy voqea» ishlab ketadi.

Bir safar men о‘zining surbetligi bilan buyuk bir «hayotdan olingan» hikoyani о‘qidim. Amerikalik ruslarning katorgadagi qamoqxonasida bо‘lganiga ishontirmoqchi bо‘ladi. U о‘zining qiyinchiliklari, oyoqosti qilingani, qiynoqlarga duch kelganini yozadi. Va chorasiz ahvolga tushirilgan u kishi tunlari kamerasidan lahim kavlay boshlaydi.

Nihoyat u lahimni kavlab bо‘ladi. Bu yer osti yо‘li qayerga olib bordi deb о‘ylaysiz?

Tо‘ppa-tо‘g‘ri Iosif Stalin ishxonasining qoq о‘rtasiga.

Mana shu yerda men g‘azabdan bug‘ila boshladim, bu tengi yо‘q alahlashni hikoya qiluvchi soddadil hikoyanavis esa: «bu haqiqiy hayotiy voqea», – deb yozadi.

О‘ylayman: nega bu yolg‘onchi о‘zining jazolanmasligiga bunchalik ishonadi? Chunki u yolg‘onni о‘z kasbining ustasi sifatida gapiradi. U biladi: voqelik dramatik peripetiyalar almashinib turadigan doirada ushlab turilar ekan, u diqqat qilishga va ishonchga sazavor. Faqat peripetiyalar hayajonli, ta’sirchan va yorqin zohiriy obrazlarga ega bо‘lsa bas.

Drama intellektual san’at emas. Bu tomoshabinda his-hayajon tug‘diradigan va ularni rivojlantiradigan san’atdir.

Tomoshabin sizga diydiragan itning tumshug‘idek sovuq va adolat xanjari kabi loqayd bir ahvolda keladi. Ular qorong‘u xonada yonmayon о‘tiradilar. Bir yarim soat ichida siz ularning hammasini hayajonlantirish va baxtiyorlikdan kо‘zlari yoshlanish darajasiga olib borishingiz lozim. Hech bо‘lmaganda ular siz kо‘rsatayotgan narsadan boshqa barcha narsalarni unutishlari kerak.

Siz nega ular hayajonlanishadi, kulishadi va yig‘lashadi deb о‘ylaysiz? Chunki siz ularga katta «S» harfi bilan yoziladigan san’at ila muloqot qilish mо‘jizasini tufha qildingiz. Xom xayollarga bormang. Siz yuksak niyatlar va iqtidor bilan bir qatorda tomoshabinning idrok qilish tushunchalaridan ustalik bilan foydalanganligingiz tufayli g‘alaba qildingiz. Va siz ongli ravishda maqsad sari bordingiz. Bunday malakalardan biri – dramatik peripetiyalar zanjiri – hayajonli hikoyaning asosiy tizilmasidir. U biror jihati bilan ijodkorning nozik niyatlariga qarshi turmaydi.

DRAMATIK PERIPETIYA SHAKL YARATADI

Hamma hikoyalar ham sizning hamadardligingizni qо‘zg‘atavermaydi. Bunday mushkilotga sazavor bо‘lishga hammadan kо‘ra personajlari dramatik holatda bо‘lgan hikoyalarning imkoniyatlari kо‘proq ekanligini aytib о‘tgan edik. Dramatik holat boshlanishda bizning hamdardligimizga turtki beradi. Undan keyin esa biz dramatik peripetiya bо‘yicha harakat qilamiz.

Bechora Zolushka ahmoq va injiq opalariga xizmat qiladi. Uning ahvoli kun sayin yomonlashadi. Opalari quvnoq ziyofatga ketganlarida u yolg‘iz qoladi. Shunda bexosdan…

Kichkina Masha («Masha va ayiq» ertagida) qorong‘u о‘rmonda adashib qoladi. О‘rmon borgan sari qalinlashib bormoqda. Masha endi hech qachon uyi tomon yо‘l topa olmaydi. Ammo bexosdan…

Isqirt о‘rdakcha g‘azabnok va kuchli qushlardan kaltak yer edi. Ammo bexosdan…

Dramatik peripetiya bizning hayajonlarimizni qо‘zg‘atadi. Aynan mana shu «bexosdan» sodir bо‘lganida biz hikoya uchun ruhan ochilamiz. Bu narsa peripetiya baxt sari yuz tutganida vujudga keladi.

Zolushka shahzodani uchratadi va barcha mehmonlarning g‘oyat zavqli nigohlari ostida nurafshon zalda raqs tushadi.

Qо‘rqqan va yig‘lagan kichkina Masha о‘rmonda kichkinagina uycha topib oladi, uy ichida esa bir qozon bо‘tqa va yotoq joy bor edi.

Isqirt о‘rdakcha navbatdagi zarbadan hurpayib oladi va bexosdan yelkalarida qorday oppoq qanotlar borligini his etadi, ularni yozadi va quyosh tomon parvoz qiladi.

Yaxshi bayon qilinadigan hikoya uzluksiz almashinib turadigan dramatik peripetiyalardan tashkil topgan bо‘ladi. Bu zanjir dramatik hikoyaning ichki tuzilmalaridan biridir. U personajlarni ham, biz – tomoshabinlarni ham о‘ziga jalb qiladi. Aynan u aktyorlarga harakat uchun boy material beradi.

Oddiy ertakda bu tuzilmaning uzluksiz ta’sirini qarab chiqamiz.

Zolushka onasi tirikligida baxtli hayot kechirardi. Bexosdan…

Onasi о‘ladi. Baxtsizlik tomon peripetiya. Otasi ahmoq qizlari bо‘lgan g‘azabnok о‘gay onaga uylanadi. Baxtsizlk ortib boradi. Zolushka opalariga chо‘riday xizmat qiladi. Opalari va ota-onasi ziyofatga ketganida u yolg‘iz qoladi. U baxtsiz.

Bexosdan sehirgar ayol paydo bо‘ladi va baxt tomon parvoz boshlanadi.

Kalamushlar, sichqonlar va qovoq bir zumda foytun va xizmatkorlarga aylanadi. Zolushka chiroyli kiyimlar va xrustal tuflicha oladi. U ziyofatga boradi. Baxt sari shiddatli parvoz davom etadi.

Ziyofatdagi mehmonlar beqiyos gо‘zal qizga maftun bо‘lishadi. Shahzoda unga oshiq bо‘lib qoladi. Zolushka baxtiyor. Ammo bexosdan…

Hamma narsa barbod bо‘ladi va baxtsizlik tomon dumalab ketadi. Yarim kechada hamma narsasini bir onda yо‘qotgan Zolushka yugurib bormoqda. U yana baxtsiz.

Shahzoda ham baxtsiz. U hamma joydan Zolushkani axtaradi. Va nihoyat uni topadi. Endi ularning ikkalalari ham baxtli.

Mana shu oddiy hikoyada dramatik peripetiya tuzilmasi ishlamaydigan biror soniya yо‘q. Ammo: bu – oddiy bolalar ertagiku, deyishingiz mumkin. Bu tuzilma murakkab zamonaviy dramatik asarda qanday ishlaydi?

Masalan, Tarkovskiyning «Stalker»ida. Sizni urintirib о‘tirmayman. Birdaniga ayta qolaman – xuddi Zolushkada bо‘lganiday ishlaydi. Bu shunchalik aniqki, har biringiz film tushirilgan videokasetani olib, kichkina bir tadqiqot о‘tkazishingiz mumkin.

Boshqa bir buyuk asarni ham keltirsa bо‘lardi. «Stalker»ni shuning uchun oldimki, aka-uka Strugatskiylarning film ssenariysi qanday yaratilganligi haqidagi og‘zaki hikoyalari shundoqqina yodimda turibdi. Gap shundaki, Tarkovskiy filmni ola boshlagan va ssenariydan о‘ta kо‘ngli tо‘lmaganligi tufayli uni tо‘xtatgan. Strugatskiylar ssenariyning yangi variantini yozish haqidagi taklifni olishgan. Ular yozishgan. Tarkovskiy yangi variantni ham qabul qilmagan. Yana bir marta yozishgan. Yana muvaffaqiyatsizlik, ayni shu paytda Tarkovskiy nimani xohlayotganligini tushuntirmasdi ham. Butunlay umidsizlikka tushgan yozuvchilar о‘z hikoyalarini personajlarning hissiyotlari va harakatlari baxtsizlikdan baxtga tomon eng katta kо‘lamda maqsad sari rivojlanuvchi va yana baxtsizlikka tomon boruvchi melodrama kо‘rinishida taqdim qildilar. Strugatskiylar odatiy va vazmin holatida hech qachon bunday qо‘pol sxemani taklif qilmagan bо‘lishlarini ta’kidlashdi. Har holda uni taqdim qila turib, g‘alabaga umid qilmagan edilar. Ular prozaiklar edi. Bizning dramatik muammolar ular uchun yangilik edi.

Ammo Tarkovskiy aynan mana shu «qо‘pol» variantdan qattiq quvondi. U hali hech qachon bunday ajoyib ssenariyga ega bо‘lmaganini bildiradi. Keyinchalik ssenariy bо‘yicha durdona asar yaratadi.

Filmning falsafasi ziyon kо‘rmadi. Garchi omma idrokiga moslashtirilgan bо‘lsada, mazmunning chuqurligiga putur yetmadi. Film о‘zi uchun nima kerak bо‘lsa shunga – shakl sifatida dramatik peripetiyalar tuzilmasiga ega bо‘ldi. Chunki dramatik peripetiyalar film yaratish imkoniyatiga ega bо‘ladi. Uning yordamida bayon qilingan voqealar tugallangan shakl sifatida namoyon bо‘ladi. Xudo drama mayli bilan siylagan dramaturglar bu shaklni intuitiv –ichki tuyg‘u bilan his qiladilar.

DRAMATIK PERIPETIYA VOQEAGA BО‘LGAN QIZIQISHNI ORTTIRADI

Bir safar men bunday «bexosdan»larning universal ta’siri haqidagi fikrim bilan og‘aynim, taniqli fantast Kir Bulichyev bilan о‘rtoqlashdim. U shunday dedi:

– O, men hamisha shunday ishlayman. Faqat menda boshqa formula, «bexosdan» emas, balki «bu onang emas».

– Bola uyga keladi, eshikni taqillatib, qichqiradi:

– Oyi, oching – bu men!

– Eshik sekin ochiladi, ammo bu onasi emasdi.

– Unda kim edi?

– Halitdan qiziqa boshladingmi?

Bir kutilmagan narsadan boshqasiga tomon boruvchi dramatik peripetiyalar zanjiri – qiziqarli hikoya borishi mumkin bо‘lgan eng maqbul yо‘ldir.

Barcha sarguzashtlar nimalardan iborat? Dramatik peripetiyalardan.

Qahramonlar bilan turli hodisalar bо‘lishi mumkin. Muallif bо‘lishi mumkin bо‘lmagan xavf-xatarlarni о‘ylab topadi. Tuzilma bо‘lsa dramaning birdan-bir hujayrasi: xavf-xatar – baholash – qutulishni, ya’ni: baxtsizlik – baholash – baxt formulasini takrorlaydi.

«Yо‘qolgan kema qidiruvchilari»ning boshini, Indian Jonsning Janubiy Amerikadagi sarguzashtlarini esga oling. Bir daqiqa ichida u о‘n marta muqarrar о‘lim xavfi ostida bо‘lishga va xavf-xatarni bir zumda baholab, yana ajalga rо‘baru bо‘lish uchun undan qochib qolishga hamda darhol keyingisiga duch kelishga ulguradi. Siz: bu «sanam»ning yо‘lida, deyishingiz mumkin.

«Chо‘qintirgan ota»ning mijozi va og‘aynisi, kinoaktyor, xonanda va sо‘nib borayotgan kinoyulduz umidsizlik girdobida. Yangi filmdagi bosh rol uni yana yulduzga aylantirishi mumkin. Ammo u bu rolni ololmaydi.

Don Korleone bu ishni tо‘g‘rilash uchun Gollivudga о‘z advokatini yuboradi. Biz allaqachon Korleone oilasi – ta’siri kuchli qavm ekanligini bilamiz va bu ishdan muvaffaqiyat kutamiz. Ammo bexosdan advokatni pavilondan qо‘pol tarzda haydab solishadi. Muvaffaqiyatga intilgan edi, ammo kutilmaganda – omadsizlik.

Buning orqasidan taniqli Gollivud rejissori bu surbet advokatning kim ekanligini aniqlashni sо‘raydi. Bexosdan advokatni juda katta e’tibor bilan qabul qilishadi. Omadsizlik bо‘lgandi, bexosdan – muvaffaqiyat. Rejissor hurmatli mehmonga uyni, bog‘ni, bebaho sevimli toychog‘i saqlanadigan otxonani shaxsan о‘zi kо‘rsatadi.

Ammo tushlik paytida advokatni muvaffaqiyatsizlik kutayotganligi aniq bо‘ladi. Aktyor hech qachon rol ololmaydi. Rejissor uni pastga urgan, sharmanda qilgan va bor budidan ayirgan bu yaramas aktyor haqida gapirganda g‘azab otiga minadi. Advokat xafa bо‘ladi, u mag‘lubiyatga rozi bо‘lganday edi.

Ammo tunda rejissor bexosdan о‘z yotog‘ida qonga belangan holda uyg‘onadi. Uning oyoqlari ostida toychoqning, uning sevimli bebahosining kesilgan boshi yotardi. Larzaga tushgan rejissor dahshatdan qichqirib yuboradi. Karleone g‘alaba qiladi – aktyor rol oladi. Muvaffaqiyat – muvaffaqiyatsizlik – muvaffaqiyat – muvaffaqiyatsizlik. Bu mohiyatan baxt – baxtsizlikning о‘zidir.

«Chо‘qintirgan ota» – «boy berilgan qalblar» faoliyat kо‘rsatadigan film. «Tanishlarimiz» haqidagi filmlarda dramatik peripetiyalar qanday zohir bо‘ladi? O, aynan mana shu joyda ularning tо‘liq tantanasi namoyon bо‘ladi. Biz bu qahramonlarni juda yaxshi tushunamiz. Ularning barcha quvonch va alamlari hech bir qiyinchiliksiz dramatik peripetiya zanjiriga о‘rilib ketadi. Yuzlab seriyali «sovun kо‘piklari» nima bilan ushlab turiladi? Dramatik peripetiyalar (mojarolar) shodasi bilan. Har daqiqada yangi «bexosdan» yuz beradi. Har safar, tomoshabin personajning yо‘ldagi kutilmagan yangi tо‘siqdan kо‘ngli chо‘kkanida va tо‘siq topqirlik bilan yengib о‘tilganida, u qahramon bilan ruhiy yaqinlashadi.

Bu filmlarda dramatik peripetiyalar uchun maksimum yoki ortiqcha miqdor mavjud emas. Minimum mavjudmi? Minimum bor.

Dramatik holatning uch pardali rivojlanishida har bir parda keyingisiga burilish nuqtasi orqali о‘tadi. Mana shu nuqta aynan о‘tkir, yorqin ifodalangan dramatik peripetiyadir.

«Ayol hidi» – zamirida ikkita ajoyib bayon qilingan kuchli peripetiya yotuvchi filmdir.

Kо‘zi ojiz polkovnik (bu rol uchun Al Pachino «Oskar» bilan mukofotlangan) yosh kotib-yetaklovchi hamrohligida katta shaharga boradi. Bu xayirli safarga о‘xshab kо‘rinadi. Ammo bexosdan polkovnik о‘z-о‘zini о‘ldirmoqchi ekanligi ma’lum bо‘ladi. Unga yashashning keragi yо‘q. Yosh kotibi u bilan kurashadi va gо‘yo vaqtincha natijaga erishadi. Ammo yigitchaning о‘ziga kollejda adolatsiz sud xavf soladi. U tomonidan qutqarib qolingan polkovnik sudda sо‘zga chiqib, yigitni himoya qiladi. «Baxt sari» peripetiyai polkovnikni hayotdagi tо‘la mag‘lubiyatdan tо‘laqonli baxtiyorlikka kо‘taradi. U bir necha ming yigitchalarning guldiros qarsaklariga sazavor bо‘ladi. Uning prinsiplari yosh avlod uchun muhim va foydali bо‘lib chiqadi. Bundan tashqari, bu prinsiplar kelajakda uning umr yо‘ldoshi bо‘lishi mumkin bо‘lgan ayolni ham qoyil qoldiradi.

Biz dramatik peripetiyalar yо‘nalishlari bо‘yicha harakat qilar ekanmiz, orqamizdan tomoshabinni goh umidsizlik girdobiga, goh tо‘liq baxtiyorlik chо‘qqilariga ergashtirib boramiz. Filmda asos bо‘lib xizmat qiluvchi ikkita peripetiya bor edi, ammo bundan tashqari film davomida kо‘plab mayda peripetiyalar ham sodir bо‘ladi. Ba’zan umidvorlikdan umidsizlikka, baxtiyorlikdan baxtsizlikka tomon g‘ira-shira zohir bо‘luvchi burilishlar ham personajlarning bо‘ronli dengizdagi kemasini chayqatib tashlaydi. Gо‘yoki ularning hech biri hech qachon ortiqchalik qilmaydi. Biz qanchalik kо‘p hayajon qо‘zg‘atishni istasak, bizga shunchalik kо‘p peripetiyalar zarur bо‘ladi. Mumtozlar buni yaxshi tushunar edilar.


Страницы книги >> Предыдущая | 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 | Следующая
  • 5 Оценок: 1

Правообладателям!

Данное произведение размещено по согласованию с ООО "ЛитРес" (20% исходного текста). Если размещение книги нарушает чьи-либо права, то сообщите об этом.

Читателям!

Оплатили, но не знаете что делать дальше?


Популярные книги за неделю


Рекомендации