Электронная библиотека » А. Митта » » онлайн чтение - страница 3


  • Текст добавлен: 30 апреля 2024, 03:20


Автор книги: А. Митта


Жанр: Учебная литература, Детские книги


сообщить о неприемлемом содержимом

Текущая страница: 3 (всего у книги 33 страниц) [доступный отрывок для чтения: 11 страниц]

Шрифт:
- 100% +
IKKINCHI QADAM – HAMDARD BО‘LISH
GAMLET – BU MEN

Dramatik voqelikdagi emotsional jalb qilishning keyingi, yanada chuqurroq pog‘onasi – hamdardlikdir. U sinchikovlikdan kelib chiqadi.

Personaj auditoriyaga yaqin va tushunarli bо‘lganida, tomoshabin personaj bilan umumiy axloqiy qadriyatlarga ega bо‘lganida hamdardlik vujudga keladi. Hamdardlik idintifikatsiyani – tenglashtirishni keltirib chiqaradi. Biz gо‘yoki qahramon bilan birga yashaymiz va harakat qilamiz, hissiyotlarini u bilan baham kо‘ramiz, muammolari bizga yaqin va tushunarli bо‘ladi, biz uning raqiblari ustidan g‘alaba qilishini istaymiz.

Bu bosqich oyday oydin narsaga о‘xshaydi. Ammo tenglashtirish asosan beixtiyor holda (idrok darajasida) kechishini aytib о‘tish ortiqchalik qilmaydi. Bizning anglanmagan jamoaviy «men»imiz hammamizga tushunarli va yaqin, biz bilan umumiy axloqiy qadriyatlariga ega bо‘lgan personajlarga hamdardlik tuyg‘usini va unga g‘amxо‘rlik qilish hissini uyg‘onishiga olib keladi.

Bu mavzuga doir ajoyib psixologik asarlar yozilgan, masalan, nemis olimi Karl Yung tomonidan. Ammo falsafasiz ham tushunarli: personaj qanchalik tushunarli bо‘lsa, uning tashvishlari va muammolari ham shunchalik tushunarli bо‘ladi. «Yaxshi bayon qilingan voqelik»da: avval qahramonning kishini о‘ziga tortadigan jihatlarini kо‘rsat, tomoshabinga uni sevishi yoki unga hamdardlik bildirishi uchun yordamlash, undan keyingina tomoshabinning diqqatini uning kamchililiklariga qarat, degan qat’iy qoidalar ham mavjud.

Siz muharrirga ssenariyni kо‘rsatdingiz. U buni maqtadi, oxirida esa: «Ammo men о‘zimni qahramon qiz bilan tenglashtirish imkoniyatini sezmayapman…», – dedi. Maqtovlarni esdan chiqaring – agar mabodo zaxirangizda boshqa qahramon qizingiz bо‘lmasa, ssenariyingizning ildiziga bolta urildi. Muharrir voqelikdagi asosiy narsa – tenglashtirish ekanligini, chunki u tomoshabinning hissiyotlari rivojlanish imkoniyatiga ega bо‘ladimi yoki u oddiy qiziqish nuqtasida qotib qoladimi, degan savolga javob bо‘lishini yaxshi biladi.

О‘rta asrdagi yigitchaning, boz ustiga – Shahzodaning muammolaridan kо‘ra biz uchun olis bо‘lgan yana qanday muammo bо‘lishi mumkin? Xorijdan qaytib keldi, о‘qishini tо‘xtatdi, chunki uning otasi vafot qilgan. Shu ham muammo bо‘ldi-yu… Daf’atan ma’lum bо‘ladiki, uning otasi vafot qilmagan, balki о‘ldirilgan ekan. Yana kim tomonidan deng, amakisi tomonidan. Onasi bо‘lsa qotil bilan bir tо‘shakda yotadi. Dо‘stlari uni sotib ketishadi, qaylig‘i Shahzodani sevish yoki unga sotqinlik qilish kerakmi ekanligini hal eta olmay aqldan ozadi…, otasining arvohi «men uchun qasos ol», – deydi. Shahzoda bо‘lsa muammoni yangicha – daliliy ashyolar tо‘plab, aybdorlarni aniqlash yо‘li bilan hal etmoqchi bо‘ladi. Oh, u qо‘liga о‘ch qilichini olmaslikni qanchalar istardi! Ammo olam sotqinliklar va jaholat botqog‘iga botgan. Kimdir yorug‘lik va yaxshilikning yonini olishi kerak-ku!

– Agar men bо‘lmasam, kim? – deymiz Gamlet bilan birga. Bu yigit nima qiladi? Bizni qiziqtirgan narsani qiladi, qiziqish bilan tо‘xtab qolmaydi. Biz u tomonda bо‘lamiz. Bizning atrofimizda ham shunga о‘xshash muammolar bor. Yuz yillar о‘tdi, ammo havoda hali-hamon yolg‘on, sotqinlik, qon hidi. Biz Gamletga hamdardlik qilamiz va bizning hayotimiz bir necha yuz yillik madaniy aloqalar bilan boyiydi.

Bizda personajga nisbatan hamdardlikni uyg‘otishning bexato usuli – uni dramatik holatga tushirish usuli mavjud. Kishiga uning xarakteri imkoniyatlari chegarasidan kuchliroq falokatlar yog‘iladi – biz о‘z-о‘zidan unga hamdardlik qilamiz. Bu bizning irodamizga bog‘liq bо‘lmagan holda sodir bо‘ladi. Bizning vujudimiz shunday dasturlashtirilgan: kimdir stress holatida bо‘lsa, bizning miyamizda ham shunga о‘xshash stress biotoklari paydo bо‘ladi. Bu ilmiy isbotlangan fakt. Endi yanada ilgarilab boramiz – hamdardlik va tenglashtirishdan saspensga о‘tamiz.

UCHINCHI QADAM – SASPENS

Saspens – bu shunday soniyaki, unda auditoriyaning filmga jalb qilinishi tо‘laroq holda namoyon bо‘ladi.

Saspens – sof inglizcha sо‘z. Til bilimdonarining aytishlaricha, «zо‘riqish» («taranglik») – sо‘zning aniq va tо‘liq bо‘lmagan tarjimasidir. Aniqroq qilib aytganda, u «chidab bо‘lmas darajada zо‘riqib kutish» («chidab bо‘lmas darajada tarang holat») deganidir.

Saspens personajga xavf-xatar xuruj qilganda va auditoriya u uchun hamdardlik bildirganda paydo bо‘ladi. Masalan, biz yoqtirgan yaxshi yigitga о‘lim xavfi soya solganda. Yaxshi filmda bunaqa saspenslar qancha bо‘ladi? Bugungi kunning joriy repertuaridagi filmlarning 95%i – bu saspens, sof saspens va saspensdan boshqa hech narsa yо‘q. Saspens kino tilining boshqa barcha elementlarini о‘ziga bо‘ysundirdi. Shuning uchun ham film energiyasining asosiy tashabbuskori haqida bilib olsak yomon bо‘lmaydi. Buning ustiga, rus adabiyoti va kinematografiyasi an’analari uchun yaqinlargacha bu narsa xos emas edi.

Saspens – bu auditoriyaning ayni joyda va ayni shu paytda sodir bо‘layotgan narsalarga reaksiyasidir (javobidir). U auditoriya va personajda axloqiy umumiylik mavjud bо‘lganida, tomoshabin va xarakterda bir xil emotsional kuch mavjud bо‘lganda (u qо‘rqayapti, men ham u uchun qо‘rqayapman; u qotilni topishni istayapti, men ham qotilni topilishini istayman) vujudga keladi. Agar auditoriya qahramon haqida, uning halok bо‘lmasligi, mag‘lub bо‘lmasligi haqida qayg‘ursa – saspens hosil bо‘ladi.

Saspens bu hissiy javob, bu iztirob chekish, hayajonlanish, xavotirlanish, umidsizlikka tushish, qо‘rquv… Shu bilan birga qiziquvchanlik, ya’ni intellektual kategoriya bо‘lib, u sizni keyingi soniyada qahramonga nima bо‘lishini bilishga undaydi. Va siz voqeaga butun vujudingiz, hissiyotlaringiz bilan tо‘liq bir tarzda kirib ketasiz.

Shunday qilib,

1-qadam – qiziquvchanlik,

2-qadam – hamdardlik,

3-qadam – saspens.

Saspens – bu xuddi tizim qurilishi unsurlarining tomoshabin oldida topshiradigan imtihoniga о‘xshaydi. Agar dramatik holat yaxshi bо‘lsa, u saspensni vujudga keltiradi. Agar dramatik peritpetiya tо‘g‘ri rivojlansa – siz nimani xohlagan bо‘lsangiz shunga va yana qо‘shimcha uning rivojida saspensga erishasiz. Agar voqelik qarama-qarshilikni tо‘g‘ri ochgan bо‘lsa, saspens qahramonga bо‘lgan tahdidlar va xattiharakatlardagi kutilmagan burilishlar bilan birga о‘sib boradi. «Saspens» atamasini olib kirgan rejissor – Alfred Xichkokdir. U saspensni «dramatik holatning bо‘lishi mumkin bо‘lgan eng shiddatli kо‘rinishi», deb atadi. Xichkokning aytishicha, u filmlar olishni endigina boshlagan, hali mashhur bо‘lmagan paytlarida shunday о‘ylagan: «Shunay qilish kerakki, barcha yulduzlar mening filmlarimda tasvirga tushishni istasinlar? Ularni allaqanday sirli, notinch narsalarni о‘z ichiga olgan voqeliklar bilan jalb qilmoq, hissiyotlarini uyg‘otmoq kerak». Mana shunday holatlargina saspensga olib keladi.

Xichkok bir safar fransuz rejissori Tryuffoga shunday degan:

– Voqeani yozayotganimda meni kо‘proq xarakterlar emas, balki g‘ijirlab turadigan zinapoya xavotirga soladi.

– Bu nima degani? – sо‘radi Tryuffo.

– G‘ijirlab turuvchi va tagiga qahramon qulab tushadigan zinapoya. Men buni saspens deb atayman.

Qahramon qayergadir borayapti, bilamizki, uning oyoqlari ostidagi zina qaysidir badkirdor tomonidan arralab qо‘yilgan va har bir soniyada qulab tushishi mumkin. Ya’ni biz qahramondan kо‘ra kо‘proq narsa bilamiz. U payqab qolarmikan? Xavfli yo‘lni bosib о‘tishga ulgurarmikan? Bu eng faol saspensdir.

О‘ldirilgan qizning singlisi u о‘ldirilgan uyga yashirincha kirib oladi. U qotil hozir ham uyda yashirinib turganini bilmaydi. Biz esa bilamiz. Bu «Ruhiyat» dan bir holat. Saspens.

Nima, Xichkokgacha hech kim saspens haqida bilmasmidi? Bо‘lishi mumkin emas. Shekspir drama san’ati haqida hamma narsani bilgan va ulardan foydalangan, albatta saspensdan ham. Aynan о‘z о‘rnida – taranglik kuchaygan paytda foydalangan.

Romeo Julyettaning о‘limi haqida eshitib, uning tobuti tomon uchadi. U Julyettaning о‘zini о‘lganga solib yotganini bilmaydi. Biz esa buni bilamiz va u sevgilisining oldida uning uyg‘onishiga bir on qolganida о‘lishini kо‘rib, umidsizlikka tushamiz va unga rahmimiz keladi.

Saspens haqidagi dastlabki tasavvurni men hali bolaligimda, bolalar teatrida kо‘rgan edim. Bо‘liq kо‘krakli ayol kо‘rinishidagi quyoncha sahna bо‘ylab sakrar va:

– Qanday ajoyib uycha! Unda men tulkidan yashirinaman. U yerda meni yeya olmaydi!– der edi.

Quyon tulkivoy tomga chiqib olganini va ichiqoralik bilan tishlarini g‘ijirlatayotganini bilmas edi. Zaldagi tomoshabinlar buni kо‘rib turardi va tashvishga tushishardi. Ular quyon tomonida edi, u bilan ma’naviy birlikda edilar. Birinchi qatordagi qizcha kaftini og‘ziga qо‘ygan holda quyonga aytib turardi:

– Quyoncha, uychaga kirma. Tomda tulkivoy yashirinib olgan. Ammo quyon eshitmaydi. U sahna bо‘ylab sakraydi va о‘rmonda qanday ajoyib uycha topib olgani haqida qо‘shiq kuylaydi. Shunda, chamasi beshinchi qatordagi, ikki bola qattiqroq uni ogohlantiradi:

– Ey, quyon! Yuqoriga qaragin! Tomga!

Ammo quyon eshitmaydi. Hozir u uyga kiradi, ana, eshik tutqichini ham ushladi. Shunda mening yonimdagi sakkiz yoshlardagi sepkilli, uch-tо‘rt tishlari tushgan bola о‘rnidan sakrab turib, butun zalga eshitiladigan qilib baqira boshladi:

– Ey, g‘ilay, о‘laksa, qochsangchi! Tomda tulki bor!

Mana shu narsa saspensdir. Qahramon xavf ostida. Biz undan kо‘ra kо‘proq narsa bilamiz va u haqida tashvishga tushamiz. Bu ochiq saspensdir.

Shuningdek, yopiq saspens ham bor. Xavf-xatar borligini bilamiz, ammo u qayerda yashiringanligini bilmaymiz, qahramon ham buni bilmaydi. U maqsad sari yetib borishi lozim, ammo u raqiblarni yengib о‘ta oladimi?

Bu hissiy, masalan, futbol saspensidir. Biz ular uchun ishqibozlik qiladigan yaxshi bolalarning olijanob va sevimli komandasi chempionatda g‘olib bо‘lishini istaymiz. Ularga yomon bolalardan tashkil topgan raqiblar komandasidagi «yaramas»lar xalaqit qiladilar. Qancha qon tо‘kildi, qancha mushtlashuvlar va jarohatlar bо‘lib о‘tdi! Bularning hammasi saspens tomoshabinlarni о‘ta kuchli hayajonga keltirgani uchundir. U tomoshabin quvvatining aql bovar qilmas qо‘zg‘atuvchisidir.

Maykl Korleone otasining qotillarini jazolash uchun bir о‘zi dushman lageriga jо‘nadi. Biz restoran hojatxonasida u foydalanishi kerak bо‘lgan tupponcha yashiringanini bilamiz. Qotillar esa bilmaydilar. Voqealar qanday davom etadi?

Maykl Korleone unitaz bachogi orqasida yashiringan tо‘pponchani topdi. Hozir u qotillarga о‘q uzadi. Qotillar unga nimalardir deydi, u javob beradi, sо‘nggi marta dushmanlarni о‘ldiribgina otasining hayotini saqlab qolishiga ishonch hosil qiladi. Ammo bizni sо‘zlar emas, balki bu sahnadagi futbol hayajonga soladi. Qanday qilib Maykl о‘zining ikki tо‘pini dushman kallasiga uradi? Biz Maykl bilan birgalikda xavf-xatar, tahlika va butunlay noaniqlik yо‘lidan boramiz. Keyingi daqiqada nima bо‘lishini hech kim ayta olmaydi. Tahlika shu yerda va ayni tobda tajovvuz qilayapti. Dushmanlar qahramonga nisbatan kuchli. Ammo u yengib chiqishi kerak! Biz shuni istaymiz! Bu saspens.

Biroz oldin qurolsiz Maykl kasalxonadagi yaralangan otasini ziyorat qiladi va otasi himoyasiz ekanligining, tansoqchilar olib tashlanganining guvohi bо‘ladi. Ha demay, unga qotillar keladi. Maykl paltosining yoqasini kо‘taradi, qо‘llarini chо‘ntaklariga tiqadi: u xuddi qurollangan qо‘riqchiga о‘xshaydi. Bizgina uning qurolsiz va himoyasiz ekanligini bilamiz. Dushmanlar buni bilishmaydi. Bu chigaldan u qanday chiqib ketadi? Shunday daqiqalarda film bizlarni о‘z iskanjasiga oladi va tom ma’noda ekran tomon sudraydi. Biz о‘sha yerdamiz, qaynoq muhabbatimiz sohibi bо‘lgan Mayklning vujudidamiz, u uchun о‘zimizga qayg‘urgandek qayg‘uramiz. Bularning hammasini bizdagi saspens amalga oshiradi.

Xufya sevishganlar bir-birlarining og‘ushida о‘zlarini baxtli sezishadi. Ular qahramon ayolning eri safarini tо‘xtatganini, ularga yaqin… shunday yonlarida… kalitni eshik qulfiga tiqmoqchi bо‘lib turganini bilishmaydi. Latifadagi holatmi? Yо‘q, biz kuladigan ahvolda emasmiz, biz tarang ahvoldamiz. Bu saspens. U qahramon ayolni va bizni baxtiyorlikdan umidsiz holatga tushiradi.

Qahramon dushman idorasida muhim bir hujjatni qidirmoqa. Shu paytda qarovul binoni nazoratdan о‘tkazayapti. Harakatlarda saspens kо‘rinadi.

Qizil Shapkacha о‘rmon bо‘ylab buvisinikiga bormoqda. Bо‘ri bо‘lsa tishlarini g‘ijirlatganicha, archalar orasidan uni kuzatib borayapti – bu saspens. Bolalarning kо‘zlari hayajondan chaqnaydi. Shapka kiygan buvi Qizil Shapkachani kо‘rpa ostida kutib oladi. U buning buvi emas, bо‘ri ekanligini bilmaydi. Bolalar esa bilishadi, qо‘rquvdan dag‘dag‘ titrashadi va bundan keyin nima bо‘lishini bilishni istashadi. Bu saspens.

«Bahorning 17 lahzasi» filmining afsonafiy muvaffaqiyatini saspens ta’minlaydi – qahramon hamisha uning kuch-qudratidan aql bovar qilmaydigan darajada kuchli bо‘lgan xavf-xatar markazida bо‘ladi. Biz unga ishonamiz, uni sevamiz, uning taqdiridan xavotirga tushamiz. Dushman qancha kuchli bо‘lsa, saspens shuncha kuchli bо‘ladi.

Saspens – bu seni ta’qib qiluvchi kishining nafasi sezilib turadigan holat – notо‘g‘ri qо‘yilgan bir qadam seni halokatga olib keladi. Boshqa shahardan telefon orqali qilingan о‘lim tahdididan tomoshabin anchagina kam saspens quvvatini oladi. Ufqda paydo bо‘lgan quyun – qiziqishdan boshqa narsa uyg‘otmaydi. Quyun qahramon uyining tomini uchirib ketsa, siz yaxshigina saspens olasiz.

Qutilish uchun imkoniyat qancha kam bо‘lsa, saspens shuncha kuchli bо‘ladi. Siz qahramonning dramatik holatidagi alternativ (qarshi) omilni kuchaytira borib, saspensning oshib borishini rejalashtirishingiz mumkin. Saspens – boshqariladigan omil.

Sizning: eh, qanchalik jо‘n, deb ensangiz qotayapti! Yо‘q! Saspens – kino poetikasining aynan yuragida turuvchi narsa. Unda kino tilining barcha qoidalari va shartliliklari о‘ta ishonarli tarzda amal qiladi.

EYZENSHTEYNNING SEHRLI VAQTI

Saspens, bizning xohishimizga kо‘ra, vaqtni qisqartiradi yoki chо‘zadi. Xichkok: saspensning hal qiluvchi paytida vaqt chо‘zilishi kerak, deb ogohlantiradi. Har bir soniya kerak bо‘lsa о‘nlab marta chо‘zilishi mumkin. Bu narsa tomoshabinni emotsional jalb qilish uchun yordam beradi.

Bu qanday sodir bо‘ladi? Biz vaqtni montaj paytida, bir onning о‘zini turli kо‘rish nuqtalaridan kо‘rsatish orqali chо‘zamiz. Xichkokda, uning deyarli har bir filmda bunday sahnalar mavjud.

Ammo biz bu narsani birinchi marta Xichkokda kо‘rgan emasmiz. Buni Eyzenshteyn «Potyomkin» bronenosetsi filmidagi «Odessa zinapoyasida otishma» sahnasida kо‘rsatgandi. U yerda otishma bir necha kо‘rish nuqtalaridan kо‘rsatilishi tufayli bir necha daqiqalik vaqt 5-6 daqiqaga chо‘zilgan edi. Bundan tashqari, u yerda shartli makon ham ishga solingandi. Voqelikdagi zinapoya uning ekrandagi talqiniga nisbatan 10-12 marta qisqa edi.

Demak, kino tilining shiddatli jilolaridan faqat kо‘ngilxushlik sanoatidagina qо‘llanilmas ekan. Amalda, san’at va kо‘ngilxushlik о‘rtasida aniq bir chegara yо‘q-ku.

«Ekipaj» filmida men shartli, uzaytirilgan vaqtdan kо‘p marta foydalanganman. Masalan, zilzila epizodida, samolyot olov qurshovida qolgan maydonda uchib borayotganida. Ekranda montajdan keyin u texnologik haqiqatdagiga nisbatan 10 martacha uzun kо‘rinadi. Olov, portlashlar, suv toshqini va halokat sohasiga birinchi marta qо‘l urayotgan rejissorning kallasiga kelishi mumkin bо‘lgan barcha narsalar olov og‘ushida qolgan samolyot yо‘lakda soatiga yigirma kilometrcha tezlik bilan sirg‘alib borayotganini hech kim sezmaydi. Menga, tо‘xta, bu sog‘lom aqlga tо‘g‘ri kelmaydi, sen oxir-oqibat axlat savatida qolib ketadigan kadrlarni olishga kunlaringni behuda sarf qilayotirsan, deyishdi. «Odessa zinapoyasi» bundan uzunroq, deb о‘yladim men va adashmadim: yakuniy montajga barcha kadrlar bitta ham qolmasdan kiritildi.

Ammo bu ma’noda tog‘dan lovullab yonayotgan neft uchish maydoniga selday oqib keladigan boshqa bir epizod hayratliroqdir. Epizodning 5-6 daqiqa davom etishiga kо‘ra bu tog‘ning 10-15 km balandlikka ega bо‘lishi lozimligini tasavvur etish qiyin emas. Ammo bu hech kimning kallasiga kelmaydi. Neft baland tog‘dan oqib tushishi mumkin emasligi, chunki uni qadimgi dengizlar tubidan qazib olinishiday ochiq-oydin narsalar haqida gapirmasayam bо‘ladi.

Agar men oddiy dramatik sahnani tasvirga olganimda edi, maslahatchilardan birortasi shubhasiz: «Nega sizning neft omboringiz bunchalik balandlikda joylashgan?» – degan bо‘lardi. Ammo saspens tufayli tog‘dan uchib kelayotgan olov berahm qotilga о‘xshab qahramonni о‘lim xavfiga qо‘yayotganday bо‘ladi. Tomoshabinlar hayajonlanadilar, ular qahramon g‘alaba qilishini va qutilib qolishini istashadi. Boshqa narsalar esa muhim emas.

Qahramon saspensda «ov tamoyili»ga kо‘ra harakat qiladi. U quvib yetadi yoki qochib qutiladi. Agar quvib yetadigan bо‘lsa, xuddi tozi itga о‘xshab miyasining birgina – «quvib yetish» degan burmasi ishlaydi. Qochayotgan bо‘lsa, boshqa, ammo yana birgina – «bо‘ridan qochib qutilish» burmasi ishlaydi.

«Ov tamoyili» – kо‘ngilxushlik sanoatining buyuk stereotipidir. «Termenator-1» da 19ta asosiy sahna ov tamoyili asosida qilingan. Bu jonga tegmaydi va hech qachon kо‘ngilga urmaydi. Ming-minglab ovni kо‘rganmiz va yana shunchasini kо‘raveramiz. Bularning asoschisi kim? Xichkokmi? Aslo unday emas! Bu g‘oyadan undan ancha oldin Shekspir foydalangan.

«Qopqon»ni eslaysizmi? Otasini о‘ldirganligini tan oldirish uchun uning sirini yuzaga chiqarish maqsadida Gamlet о‘ylab topgan qirolni ovlash sahnasini? Pyesadagi eng kuchli, eng qamrovli sahna. Kim-kimu, ammo Shekspir lо‘ndalikning qimmatni bilgan. Ammo u, garchi bu atama hali mavjud bо‘lmagan bо‘lsada, saspensning ham kuchini bilgan.

SASPENSMI YOKI HAYRAT

Odatda tarang sahnalarda rejissor tomoshabinga xabarni yetkazishda hayrat yordamidami yoki saspensdan foydalangan holda berish kerakmi, – shulardan birini tanlaydi.

Masalan, ikki kishi gaplashib turibdi, stol tagida esa soat mexanizmiga ulangan bomba chiqqillab turibdi. Tomoshabinni ajablantirish uchun rejissor bomba haqidagi axborotni yashiradi. Ikkalovi baxtli hayot rejalarini qurishyapti, birdaniga portlash ularning ikkalasini ham uchirib ketadi. Hech kim, shu jumladan tomoshabin ham, bunday bо‘lishini о‘ylamagan edi. Biz ham hayratdamiz. Ammo bu hissiyotning bir lahzasi.

Agar biz stolning tagida bomba borligini oldindan bilsakchi? Qahramonlar hech narsani bilishmaydi, ular kechki ovqat bilan band, hozir raqs tushishadi, keyin xonaga kо‘tarilishadi.

Ular bizni muhabbat oqshomi kutayotir, deb о‘ylashadi. Ammo biz ulardan kо‘proq narsani bilamizku: ularning sanoqli vaqtlari qoldi. Mexanizm chiqqillaydi, biz esa tobora hayajonlanib boramiz. Bu saspens. U keskinroq ta’sir qiladi, ammo u hayratga teskari, chunki biz personajga nisbatan kо‘proq narsani bilamiz.

Rejissor saspens va hayratni bir-biriga qо‘sha turib, eng katta effektga erishadi.

Men ancha oldin, yetmishinchi yillarda, «Jag‘lar» («Chelyusti») filmining bо‘lib о‘tgan birinchi kо‘rigini eslayman. Ovchilar suv ostida ulkan akulani axtarishadi. Akula ovchi joylashgan temir qafasni vayron qilib tashlaydi. Ovchi bо‘lsa yо‘qoladi. Uning dо‘stlari esa vahimali qorong‘ilikka diqqat bilan tikilishadi. Birdaniga biz tomonga g‘ajib tashlangan kalla chaqchayib chiqib keladi. Zaldagi barcha ayollar bir varakayiga qо‘rquvdan chinqirib yuboradi.

Saspens xavotir muhiti vujudga kelishini talab qiladi va uning о‘zi bu muhitni yaratishga yordamlashadi. Tomoshabinlar bunday daqiqalarni sidqidildan yaxshi kо‘rishadi. «Kuldirish, qо‘rqitish va achinish kо‘z yoshlarini keltirib chiqarish – buni kino hammadan kо‘ra yaxshiroq eplaydi», – degan edi buyuk saspens ustasi Spilberg.

Xichkokga ishonadigan bо‘lsak, unga kо‘ra hikoyaning haqiqatga mos kelishiga e’tibor qilmaslik saspensga xosdir. Uning uchun eng muhimi – tomoshabinni harakatga hislar orqali jalb etishdir. Hikoyaning haqqoniy chiqishiga vaqt sarflaydigan bо‘lsang, emotsional kemtik hosil bо‘lishi mumkin. Bundan kо‘ra tomoshabin uchun emotsional yaxlitlik, hayajonning tinmay о‘sib borishi muhimroqdir. Asosiysi, saspens tomoshabinni energiya bilan kuchlantirishi lozim.

Bu haqida Xichkok taxminan shunday degan: «Voqelikdan haqqoniylik talab qilish kulgili hol. Hayotning bir lavhasini kо‘rish – siz kinoteatrga kirish oldidan tekinga olishingiz mumkin bо‘lgan narsa. Drama esa – barcha zerikarli ortiqcha tomonlari kesib tashlangan hayotdir. Kameraga siz qо‘yadigan yagona vazifa – kadrning maksimal darajada ta’sirli bо‘lishidir. Hamma narsa ta’sir uchun qurbon qilinishi kerak. Hikoya aqlni shoshiradigan, dramatik va insonparvar bо‘lishi lozim». Albatta, bu aytilganlarni kino poetikasi doirasida tushunish kerak. Aktyorlarning har bir ondagi xatti-harakatlari, sо‘zsiz, haqqoniydir. Xatti-harakatlarni qurshab turuvchi muhit sо‘zsiz haqqoniydir. Faqat vaqt va makon shartlidir. Ular badiiy asar haqiqati asosida montaj davomida yig‘iladi.

Xichkok saspensda kinokameraning kuchini ajoyib bir tarzda yuzaga chiqarishni uddasidan chiqardi, chunki ekranda saspens bо‘lganida aynan kameraning yurish mantiqi voqeani harakatga keltiradi.

Saspensni shiddat va zо‘ravonlik filmlarining quroli, deb tasavvur qilish qabul qilingan. Unda «Chо‘qintirgan ota»ni nima qilish kerak? Yoki «Terminator-1»ni-chi? Bu film zamonaviy Bokira Mariya dunyoning yangi qutqaruvchisiga homilador bо‘lgani haqidagi afsonadir. Bunda zamonaviy afsona fantastik triller janrida ifoda etilgan. О‘ylaymanki, XX asr mifologiyasi mana shunday filmlardan tashkil topadi.

Eng birinchi saspens haqida bilishni istaysizmi? Buning uchun qadimiy yunon tragediyasi bо‘lmish «Edip»ni esga olish lozim. Boshida Edip shaharni vabodan asramoqchi bо‘ladi. Ammo axborotlarni tо‘plab borib, Edip uning о‘zi epidemiyaning sababchisi ekanligini, chunki u, unga tayyorlangan yovuz taqdir haqida hech narsa bilmagani holda, о‘z otasini о‘ldirib о‘z onasiga uylanganini aniqlaydi. Bu holat hatto bugungi filmlar uchun ham juda jiddiy mavzudir.

Demak, bemalol uyalmasdan ziyofatni qabul qilavering. Dramaning bu shiddatli unsuri kamida ikki yarim ming yoshdadir. U dramaning yuragi bо‘lmish qadimgi yunon tragediyasidan olib chiqilgan.


Страницы книги >> Предыдущая | 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 | Следующая
  • 5 Оценок: 1

Правообладателям!

Данное произведение размещено по согласованию с ООО "ЛитРес" (20% исходного текста). Если размещение книги нарушает чьи-либо права, то сообщите об этом.

Читателям!

Оплатили, но не знаете что делать дальше?


Популярные книги за неделю


Рекомендации