Читать книгу "Кинода режиссура ва драматургия"
XARAKTER DETALLARIDAN XARAKTERNING DETALSISTEMASI TOMON
Bir safar Xichkok: «hayotda odamlarning yuzi, odatda, ularning yashirin fikrlari va hissiyotlarini kо‘rsatmaydi. Rejissor sifatida men inson hayotini kinematografik vositalarda kо‘rsatishim kerak», – degan edi.
Aynan shunday prinsipial yechimga, faqat teatrda, Stanislavskiy «jismoniy harakatlar uslubi»ni о‘z sistemasining chо‘qqisi sifatida taklif qilganida kelgan edi. Aktyorlar о‘zlarining emotsiyalarini tashqi tomondan mimika va imo-ishoralar bilan ifodalamaydilar. Hissiyotlar ichkarida yashiringan, biz ular haqida aktyor qanday harakat qilishiga qarab fahmlaymiz. Sizga ma’lum «hikoya qilma, kо‘rsatma, tomoshabinni fahmlab olishga majbur qil» tamoyili sifat mezoni bо‘ladi. Bu rejissor va ssenariychiga nisbatan yaxshi chaqiriqdir. Televizion seriallarda bu muammo hal etilgan. Qahramon keladi va tо‘g‘ridantо‘g‘ri shunday deydi:
– Jin ursin, menda kо‘ngilsizlik rо‘y berdi.
– Ey Xudo, men sevib qoldim. Baxtiyorman!
– Hamyonim qayerda qoldi? Unda pasportim, pulim va haydovchilik guvohnomam bor edi!
– Senga nima bо‘ldi? Aftingga qarab bо‘lmaydi-ya. Bularning hammasi dо‘stlaring tufayli… Hamma narsa sо‘zlar vositasida ifodalangan, harakatlar minimumga keltirilgan: turdi, yotdi, yurdi – bu endi ekstremal harakat, о‘ng tomonga qadam tashladi, chap tomonga qadam tashladi… Ammo biz tо‘la hayotiylikka erishishni talab qiladigan jiddiyroq ishlarda aktyorlar harakatlarni axtarishlariga tо‘g‘ri keladi. Bu harakatlarda detallarga, albatta, muhim rol ajratiladi. Odam stolda о‘tiribdi, xushmuomalalik bilan kulib turibdi. Ammo kо‘ramizki, ayni shu paytda u chо‘ntagidan tо‘pponchasini oladi va tepkisini otadigan holga keltiradi.
Saleri Motsartni zavq bilan tinglayapti. Ammo biz uning uzugidan bokalga kukun tushayotganligini kо‘ramiz.
Charli Chaplinni esdan chiqmaydigan va taniqli qilgan narsa nima? Qozoncha, hassacha va oyog‘idan olti razmer katta bо‘lgan botinka. Bularning barchasi detallar. Xuddi shuningdek, mо‘ylabchalar ham. Xarakter detallari.
Personajlarning kiyimida va kо‘rinishida hech qanday shaxsiylik yо‘q bо‘ladigan bо‘lsa, bu narsa bizga aslo yordam berolmaydi. Ammo aniq detal topilishi bilan aktyor unga yopishib oladi va uni xarakterning bir qismi qilib oladi.
Ustozim Mixail Romm aytib bergan edi: bir kuni u aql bovar qilib bо‘lmas darajada tez tasvirga olishni boshlashi kerak bо‘libdi. Rolga taniqli aktyor Vaninni taklif qilibdi, uning о‘ynaganlari о‘ta hayotiyligi bilan ajralib turardi. Ertaga о‘ynash kerak, Vanin bо‘lsa tunda Rommga qо‘ng‘iroq qilibdi:
–Men о‘ynay olmayman, xarakterni sezmayapman, tutadigan joyi yо‘q… Ertalab Romm umidsiz holda tasvirga olish ishlarining barbod bо‘lishini kutib turibdi. Ammo Vanin uni grimxonadayoq baxtiyor kutib oladi. Bir og‘iz ham gapirmasdan temir taroq bilan hо‘l sochlarini taray boshlaydi. Yana bir marta taraydi. Yana… Romm davomi nima bо‘lishini kutib turadi. Vanin bо‘lsa sо‘raydi:
– Tushunmayapsizmi?
– Yо‘q, о‘zi nimani tushunish kerak?
– Men topdim!
– Nimani?
– Tutadigan joyni, – deydi-yu, taroqni aylantira boshlaydi.
– Qiziq, – dedi Romm hali hech narsaga tushunmay.
– Men qandaydir bir muammoni yechish kerak bо‘lganda har safar sochlarimni tarayman.
Vanin topgan detal, umuman olganda, rejissorning ishi. U aktyor ushlashi mumkin bо‘lgan qandaydir detalni taklif qilishi kerak.
Aktyorlar chekishni, qо‘llarida zajigalkani, qalamni, avtoruchkani, kalit osilgan brelokni aylantirishni yaxshi kо‘rishadi – bu narsa ularga «moslashishga» – ichki dunyo himoyasi ostiga о‘tishiga yordam beradi. Detallar orqasiga yashirina olish, kerak paytda esa tashqariga chiqish imkoniyatining mavjudligi – bu harakatga qо‘shimcha energiya beradi. Xarakter detali – personajni hamma joyda о‘rab oluvchi mikroiqlimning bir qismidir. Har qanday narsa shunday detal bо‘lishi mumkin. О‘ta kalta shim, tor yoki juda keng pidjak, bо‘yinga osilgan sharf… Ayol uchun – qomatiga mos tushuvchi, uning gо‘zalligini kо‘z-kо‘z qiluvchi kо‘ylak.
Barbara Streyzand, uning о‘zi rejissorlik qilgan «Kо‘zguning ikki tomoni bor» filmidagi bosh rolni ijro etar ekan, filmning 7/8 qismini о‘zining tashqi qiyofasiga berahmlarcha qо‘l siltagan qahramonning kо‘rimsizligini bо‘rttirib turuvchi xalatda, qopga о‘xshash balkonda о‘tkazadi. Finalda esa u soch turmaklarini о‘zgartiradi, shunaqa tarang tortilgan kiyim kiyadiki, dahshat: bir qarasang lifchigi, yana birida yubkasining orqa tomoni yoriladi. Albatta, darhol xulq-atvori ham о‘zgaradi. Kiyim – bu xarakter detalidir, u konfliktda ishtirok etadi. Chunki biz nimaiki qilmaylik, bir maqsadga – konfliktni rivojlantirishga bо‘ysundirilgan bо‘ladi.
Yaxshi aktyorda xarakter yaratish uchun yetishishi mumkin bо‘lgan chegara yо‘q. «Sibirda yо‘qolgan» filmida Garik Sukachyev tishlariga pо‘lat qoplama qо‘yib olgandi. U bilan yonma-yon о‘g‘rini о‘ynagan Volodya tishlaridan barcha qoplamalarini sug‘irib olingan va tishlari о‘rnida singan ildizlar qolgan tishsiz og‘zi bilan qolgandi. Ayni shu paytda u doimo tirjaygancha chirigan tishlarini kо‘rsatib, rolini shu asosga qurgandi. Bu narsa xarakterning asosiy detali bо‘lgandi.
Xichkok to о‘z personaji uchun xuddi raqsga tushayotganday qadam tashlashni topguniga qadar Charlz Lauton tasvirga olishni qoldirib turganligini aytgan edi. О‘rni kelganda aytish kerakki, bu narsa Xichkokni qoyil qoldirmagan edi. Ammo Lauton uchun bu asosiy detal edi.
«Leon» filmida ajoyib aktyor Geri Oldman savdoyi politsiyachini о‘ynaydi. Uning quloqlarida doimo kichkina naushnik osilib turardi. Yura turib, u faqat о‘zigagina eshitiladigan musiqa taktiga mos qо‘llarini havoda о‘ynatib boradi. Musiqani biz ham eshitganimizda, u Betxovenning simfoniyasi ekanligi ma’lum bо‘ladi. Bu xarakterning maromiga yetgan detalidir.
Robert de Niro tanasini attraksion detaliga aylantirgan edi. «Qutirgan buqa» filmida u filmning yarmi tasvirga olib bо‘linganida professional bokschidan tungi klubning xomsemiz egasi darajasigacha tubanlashgunicha 40 kg ga semirgandi. Bunday lol qoldiruvchi о‘zgarish – jussa haqiqatining tantanasidir.
«Qо‘ng‘iroq chalishayapti, eshikni oching» filmida Rolan Bikov truba chaluvchini, operetkaning unchayam hurmatga sazovor bо‘lmagan orkestrantini о‘ynaydi. Ayol qahramonning krizis onlarida daf’atan u bо‘m-bо‘sh orkestr о‘rasida trubada о‘z bolaligi davridagi unutilgan signallarni qahramonga ijro etib beradi. Sahna sо‘z bilan emas, balki truba tovushi bilan tо‘lqinlantiradi: truba aktyorga g‘ayrioddiy kо‘rinish, gо‘zallik va quvvat beradi. Bu sahnadagi asosiy tomoshaviy obraz markaziga aylangan xarakter detalidir.
Ammo shu filmning о‘zida boshqa personaj, Stradivari skripkasida о‘ynaydigan mashhur skripkachida bu skripka uchun hech narsa о‘ylab topmadik va u aktyor qо‘lidagi nursiz jismligicha qolib ketdi. Biz hali filmning mashhur qismi bо‘lishi uchun detalga rolni qanday tashkil etish masalasini muhokama qilamiz.
О‘shanda, filmdan keyin о‘ylab kо‘rganimda, boy berilgan imkoniyatga achingandim. Keyingi filmda esa tasavvurda dastlabki reja paydo bо‘lgan soniyadanoq xarakterni kо‘rinarli ifodalashga yordam beruvchi detallarni tanlay boshladim. Men kam mablag‘ olishimni bilardim, film esa yorqin, serbо‘yoq bir tarzda paydo bо‘lgandi. Men har bir detalni о‘ynashga, turli qirralari bilan namoyon bо‘lishga majbur qilish kerakligi haqida о‘yladim. Ustiga-ustak, «Porla, porla, mening yulduzim» filmining bosh figurasi sifatida teatr rejissori – Meyerxold tipidagi murakkab, ziddiyatli figura bо‘lishi kerakligi xayol qilingandi. Ehtimol, bu film uchun, qolaversa, men uchun eng murakkab narsa edi. Men, bu figurani uch qismga ajratsa qanday bо‘larkan?, – deb о‘ylab qoldim. Barcha qismlar umumiy muammoda birlashadi va gо‘yoki ijodkor obrazining turli qirralarini ifodalovchi yig‘ma obraz bо‘ladi. Bir qismi – maqsadga intiluvchi, bosiq rassom, u о‘z san’ati dunyosida yashayotgan daho – qishloqlik rassom Fyodor. Ikkinchi qismi – uncha talantli bо‘lmagan, ammo rostgо‘y, yangi yо‘l axtarayotgan, harakatchan teatr rejissori Iskremas. U bosh qahramon sifatida ajratildi. Uchinchi qismi – san’at sohasidagi savdogar. Biz hozir ataydiganimizday, bozor odami. U eplab yashash g‘oyasi bilan yashaydi – u illyuziyachi Pashka. Har uchalasi – dushman-dо‘stlar. Ular bitta-bittadan yovlashishadi va yarashishadi, bir-birlarini yaxshi kо‘rishadi va halok bо‘lishadi.
Bir xarakterni uchga ajratish g‘oyasiga men intuitiv tarzda keldim. Men hali kasbimiz qoidalaridan birida: «Umumiylik ichida tafovut axtaring. Bir butunning ichidan qarama-qarshi jihatlar izlang. Bu tafovutlar qanchalik yorqin bо‘lsa, filmingiz shunchalik san’atkorona, shunchalik mavhumlikdan yiroq bо‘ladi. Dramada yumor, komediyada – hayotiy falsafa axtaring», – deyilishini bilmas edim.
Bu umumiy mulohazalar edi, ularning har biri uchun bir-birlaridan tubdan farq qildiruvchi detallar tizimini о‘ylab topmagan edim. Bu detallar xarakterlarni kо‘rinadigan darajada yorqin tasvirlab berdi. Iskremas axlatdan, hech narsa yо‘q joydan san’at yaratuvchi ijodkor sifatida maydonga chiqadi. U shaharchaga tomi tо‘qilgan aravada kirib keladi. Bu tо‘qilgan tomni u pastga qо‘yadi – u kichkinagina teatr ekan. Qurama kо‘rpa – parda aktyorning plashiga aylanadi. Uni kiyib, Iskremas bozorda Shekspirni о‘ynaydi.
Uning antagonisti bо‘lmish illyuziyachi Pashka о‘zining xarakter detallari mikrodunyosiga ega. Kinoapparat va velosipeddan tuzilgan kinoproektor va turli hokimlarning talablariga kо‘ra Pashka о‘zining dolzarb sharhlari bilan turlicha uch film tarzida ovoz beruvchi bitta ovozsiz kino.
Uchinchi qahramon – rassom Fedya – orzu-umidlar kamalagiga о‘ralgan. U kamalaklar orqali bog‘dagi olmalarni ifoda qiladi, ularni о‘z uyi devorlariga chizadi.
Bularni yig‘ib bо‘lgach, ssenariychi-dо‘stlarim oldiga keldim va biz ishni davom ettirdik. Ammo unda hali hech qaysimiz konfliktning shakl hosil qiluvchi uch sahnali rivoji prinsipini bilmaganligimiz tufayli men amalda о‘ylab bо‘lingan va tasvirga olishga tayyor bо‘lgan eng asosiy detalni yо‘qotgan edim. Usiz ham g‘oyalar keragidan ortiq kо‘ringan edi.
Kо‘rdingizmi, g‘oyalarning tiqilib yotganligi film uchun hech narsa emas ekan. G‘oyalar miqdorining keragidan ortig‘i – hatto yomon ham ekan. Siz bitta meni shunday deb о‘ylaydi, demasligingiz uchun detallar ustasi va yaxlitlik vasvasasiga duchor bо‘lgan Xichkokka quloq tutamiz. U о‘zining «Sabotajchi» filmini baholayapti: «U g‘oyalar bilan tо‘lib-toshgan, ammo bir tartibga tushirilmagan edi; zarurlari tanlab olinmagandi. Hammasi tasvirga olingunga qadar saralanishi va tahrir qilinishi zarur edi. Film ortiqcha g‘oyalar, garchi ular о‘z-о‘zicha qanchalik yaxshi bо‘lmasin, yutuqni kafolatlamasligini isbotladi. Ularning har birini hamisha yaxlitlikni nazarda tutgan holda diqqat bilan berish lozim».
Bosh qahramon Iskremas uchun ulkan teatr pardasi о‘ylab topilgan va tayyorlangan edi. U о‘zi teatr tashkil qilganida tutishi uchun uni aravada olib yurardi. Men qayerga borsa о‘zi bilan yuksak g‘oyalar simvoli va ulkan vazifalarni tashib yuradigan san’atdagi shunday mehnatkash chumolini tasavvur qilardim. Hammasi о‘ylab chiqilgan edi. Kulminatsiya oldidan parda nihoyat Iskremas о‘z teatrini tashkil qilgan vayronaga aylangan cherkovning о‘rtasiga о‘rnatildi. Spektakl dushmanlar tomonidan barbod qilingan bо‘lsada, parda Iskremas hayotini saqlab qoldi: u barcha dushmanlarni ustidan yopib qoldi va qahramonga g‘alaba qilishga yordam berdi. Ammo ikki oldingi sahna barbod qilindi. Parda rejalashtirilgan epizodlarning har birida qandaydir menga sezilmagan holda unga vaqt yetmay qoldi. U juda katta bо‘lib, uning tashvishi hamisha kо‘p bо‘lardi. Uni montaj usulida, ya’ni bir necha nuqtadan yechish kerak bо‘lardi. Ish davomida yorqin epizod uchun undan foyda yо‘q edi. Shu tariqa biz bu pardani epizoddan epizodga kо‘chiraverdik, durustroq qilib uni hech qayerda tasvirga olmadik va istiora emotsional rivojini topmadi. Uni hech kim tushunmadiyam. Atigi qandaydir parda tushib, biratо‘la barcha bezorilarni yopib qoldi. Bundan sarguzasht tryukdan boshqa hech vaqo chiqmadi. Men hatto muhim detal – istiorani boy berganimni tushunmadim ham.
Xulosa oddiy: agar detal konfliktda rol о‘ynaydigan bо‘lsa, uni personaj singari uch kо‘rinishda – yorqin ekspozitsiya, ikkinchi kо‘rinishdagi qiziqarli murakkablashish, uchinchi kо‘rinishdagi kutilmagan kulminatsiya tarzida ishlab chiqish kerak.
Birinchi kо‘rinishda detal faqat personajni tavsiflashi mumkin. Birinchi kо‘rinishning vazifasi ham о‘zi shu. Xarakterga chuqurroq kirish uchun detal ikkinchi va uchinchi kо‘rinishlarda yordam berishi mumkin.
Xichkokning shox asari bо‘lmish «Hovliga qaragan deraza» filmini birinchi kо‘rinishning ajoyib detallari boshlab beradi. Biz uyqudagi hovlini va bundan sо‘ng darhol qahramonning (Jeyms Styuart) terlagan yuzini kо‘ramiz. Uning oyog‘i gipslangan, yonida, stolda singan fotoapparat va devorda avtopoygalar va avtohalokatlarning devordagi fototasvirlari. Birdaniga hammasi tushunarli: qahramon – о‘zini о‘tga-chо‘qqa urishga ishqiboz shijoatli fotojurnalist, reportaj paytida oyog‘ini sindirib olgan. Ayni shu paytda bir og‘iz ham sо‘z aytilmagan.
Yaxshi detallarning kо‘zga kо‘rinishi shart emas. U xarakterga singib ketadi, tomoshabin uni kompleks ravishda kо‘radi. U ovqatdagi tuzga о‘xshaydi. Tuzi kam bо‘lsa, ovqatning mazasi bо‘lmaydi. Tobida bо‘lsa – hammasi mazali, tuzni bо‘lsa sezmaymiz.
Ammo yaxshi rejissor va yozuvchi xarakterni detallarsiz qoldirmaydi. Chexovning «Tug‘ilgan kun»idagi og‘iroyoq Olga Mixaylovna bog‘lab olgan korset uning xatti-harakatlaridagi bor plastikani aniqlaydi. Shuning uchun Chexov birinchi jumladayoq unga joy topadi. Biz soddalikda, mazmunan kenglikda va tuzilmaviy yorqinlikda benazir bо‘lgan bu jumlani iqtibos qilgan edik.
«Ionich» da Starsevning yigirma yillik hayoti bir detalning rivoji bilan belgilangan – u semirayapti, eniga о‘sayapti. Hikoya birinchi kо‘rinishda nimadan boshlanadi? Ish kunining va Turkinlarnikidagi kechki kо‘ngilxushlikning oxiridan navqiron Starsev qishloqdagi uyiga borayapti. «О‘n chaqirim yurgach va keyin, uyquga yotayotganda, u hech qanday charchoq sezmadi, aksincha, u yana mazza qilib yigirma chaqirim yurishi mumkinday edi». Finalda esa: «…Starsev yanada tо‘lishdi, uni yog‘ bosdi, nafas olishi og‘irlashdi va allaqachon kallasini orqaga tashlab yuradigan bо‘ldi».
Ammo bu ham kamlik qilib, Chexov qahramon atrofida kichik bir olam – detallar tizimini – taklif etadi. «U dо‘mboqqina, qip-qizil bо‘lib qо‘ng‘iroqchalar osilgan troykada ketayotganida Panteleymon ham, u ham dо‘mboqqina va qip-qizil, gо‘shtdor yelkali, chorpoyaga о‘tirib olib, xuddi yog‘ochga о‘xshagan tо‘g‘ri qо‘llarini oldinga chо‘zib, rо‘paradan kelganlarga: «О‘о‘о‘ng tomonga о‘о‘о‘t!» – deb qichqirganida, manzara yanada ta’sirli bо‘ladi va xuddi odam emas, balki majusiylar xudosi kelayotganga о‘xshaydi… Balki tomog‘ini yog‘ bosganidan bо‘lsa kerak, uning tovushi о‘zgargan, ingichka va о‘tkirlashgandi. Uning xarakteri ham о‘zgargan: og‘ir, jizzaki bо‘lib qolgandi».
Rejissor va aktyor uchun vazifa tо‘la-tо‘kis qо‘yilgan. Bu Stanislavskiy uslubiga xos xarakter. Barcha narsa jismoniy harakatlar orqali bayon qilingan.
Boshqa bir durdona asar «G‘ilof bandasi» qahramoni xarakterining detallari ham «detal-sistema»ga tо‘plangan. Bu Belikovni boshqalardan ajratib turadigan mikrodunyodir:
«U shu bilan diqqatni tortar ediki, hamisha, hatto juda yaxshi havoda ham, kalishda va soyabon bilan va, albatta, paxtalik paltoda chiqar edi. Uning soyaboni ham g‘ilofda edi, soati ham kulrang zamsh g‘ilofda edi, qalamtarashini qalam yо‘nish uchun chiqarganida uning pichog‘i ham g‘ilofchada bо‘lardi; uning yuzi ham g‘ilofchaga о‘xshardi, chunki u yuzini hamisha kо‘tarilgan yoqalari ortiga yashirardi. U qora kо‘zoynak taqar, qora fufayka kiyar, quloqlariga paxta tiqib olardi, izvoshga о‘tirganida esa uning tepasini kо‘tarib qо‘yishni buyurardi. Bir sо‘z bilan aytganda, bu odamda doimiy ravishda va yо‘qotib bо‘lmas darajada о‘zini qobiq bilan о‘rab olishga, uni tashqi ta’sirlardan saqlovchi g‘ilof hosil qilishga intilish kuzatilar edi».
«Belikovning yotog‘i kichkinagina, xuddi qutiga о‘xshar, karovati pashshaxonali edi. Uyquga yotarkan, u boshi bilan burkanib olardi; issiq, diqqinafas edi, yopilgan deraza eshikchalarini shamol taqillatardi, pechka guvillardi; oshxonadan oh-voh eshitilardi, qо‘rqinchli oh-voh…
U esa kо‘rpa ostida vahimaga tushgancha yotardi». «…Endi, u tobutda yotganida, uning kо‘rinishi beozorgina, yoqimtoy, hatto quvnoq, xuddi uni hech qachon chiqib ketmaydigan g‘ilofga solganlaridan xursandga о‘xshar edi. Ha, u о‘zining yuksak orzusiga erishgan edi! Xuddi uning sharafiga bо‘lganidek, dafn paytida havo bulutli, yomg‘irli edi, bizlar hammamiz kalish kiyib olgan va soyabonda edik».
Detallar xarakterni tavsiflab beradi va yakunida xarakterni istiora, arxetip darajasiga kо‘taradi. Bu juda ishonchli chiqqan, chunki detallar sistemada bir-birlarini quvvatlagan holda faoliyat kо‘rsatadi.
VOQEYLIK VA FANTAZIYA TUTASHGAN JOYDAGI DETAL
Yaxshi о‘ylab kо‘rilgan detal har qanday fantaziyani ishonarli qiladi, har qanday g‘alati fantasmagoriyani voqelikka aylantiradi.
Bugungi kunda qahramonlarning orzusi tez-tez real hayotga kirib borayotir. Tryuklar bilan bо‘ladigan tasvirga olishning yangi texnikasi har qanday fantaziyani ifodalay oladi – g‘oyani bering, texnika esa uni voqelikka aylantiradi. Agar real detallar orqali ifodalangan bо‘lsa, har qanday mо‘jiza ishonarli kо‘rinadi.
Voqea detallari fantastik aylanishlar bilan bо‘lgan dastlabki hikoyalardan biri – bu Gogolning «Burun»idir. Burun mayor Kovalyovning aftidan sakrab tushadi va mustaqil, buning ustiga, xuddi general singari gerdayib, yashay boshlaydi. Bu voqea g‘amnok Peterburgda, о‘tgan asrning boshida sodir bо‘ladi. Detal bunday fantasmagoriyaga ishontiradi.
Talabalar detallar orqali reallik va fantaziyani birlashtiruvchi hikoyalarni taklif qilishadi.
ANKE. BUTILKADAN CHIQQAN ILON
Niki – besh yoshli bola. Uyda oshxonadagi shkafda otasi keltirgan xitoy arog‘i solingan butilka turibdi. Uning ichida halqasimon о‘ralgan spirtlangan ilon bor. Nikining nazarida ilon bilinar-bilinmas qimirlaydi, ayniqsa kechqurunlari. Bugun ota-onasi kinoga ketadi. Niki uxlashi kerak.
– Uxla, bо‘lmasa ilon chiqib keladi, – ogohlantiradi otasi.
Qani, uxlab kо‘rchi. Niki kо‘rpaga boshini о‘rab, kо‘zlarini qisib oladi. Kutilmaganda u butilka pastka tushib, jaranglab singanini eshitadi. Ilon xonaga о‘rmalab kiradi. U pishillaydi va kattalashadi. Mana, u krovat oldiga keldi, kо‘rpa ichiga о‘rmalab kirdi, tо‘shakni halqadek о‘rab oldi. Niki uning og‘irligini sezayapti va qimirlamaslikka harakat qilayapti. Ilon kо‘rpa bо‘ylab tо‘g‘ri Nikining yuzi tomon о‘rmalayapti. Niki chiday olmaydi va uni kо‘rpa bilan qо‘shib ushlab oladi. Ilon qattiq miyovlaydi – Niki qо‘lida mushukni tutib turardi.
SVENYA. TOSH NAYZA
Qishloq qabristonida vayron bо‘lgan ibodatxona bor edi. Bog‘bon qabrtoshi ustidagi yorilib ketgan relefni (bо‘rttirib ishlangan tosh tasvirni) suvayapti: qо‘lida nayzaning о‘rtasidan ushlab olgan о‘rta asr ritsari qabrtoshini qо‘riqlaydi.
Bu ibodatxonani buzish kerak, buldozer kuragi eski imoratni buzishga hozirlanayotganida, burgomisterning о‘zi kelib qoladi.
Bog‘bon qarshilik qiladi: «U yerda о‘tmishning dahosi dafn qilingan. Uning ruhi tirik, agar ibodatxonani buzsalaring, uni о‘ldirasizlar», – deydi.
Buldozerchi ikkilanadi. Ammo burgomisterning о‘zi rulga о‘tiradi. Buldozer binoga yorib kiradi. Hammayoq changib ketadi. Qichqiriq. Tinchlik. Chang о‘tiradi. Tosh nayza tosh tasvirga perpendikular dikkayib turibdi. U oynani sindirib, burgamisterning qoq yuragiga sanchilgandi.
YANEK. KAMIKADZE BOG‘ICHI
Gunnarning yaxshi kо‘rgan qizi va raqibi – olim Xayzelberg – bor. Gunnar qizi bilan о‘tkazmoqchi bо‘lgan kechani Xayzelberg, qizni konsertga taklif qilib buzadi. Gunnar bunga yо‘l qо‘ygandan kо‘ra о‘limni afzal kо‘radi.
Gunnar qat’iyat bilan bu juftlik orqasidan boradi. U chо‘ntagidan oq rо‘molcha oladi va uni xuddi bog‘ich singari peshonasiga bog‘laydi. Rо‘molchaning о‘rtasida – qizil quyosh – kamikadzelar ramzi. Gunnar yuguradi, sakraydi va xuddi «yer-yer» raketasi singari asfalt ustidan pastlab uchadi. Xayzelberg qо‘rqqanidan undan qochadi, ammo Gunnar quvib yetadi va unga xuddi kamikadze singari uriladi. Portlash. Gunnar mushtlarini qattiq siqqan holda Xayzelberg qarshisida turardi. Endi odatdagi mushtlashish boshlanadi.