Электронная библиотека » А. Митта » » онлайн чтение - страница 1


  • Текст добавлен: 30 апреля 2024, 03:20


Автор книги: А. Митта


Жанр: Учебная литература, Детские книги


сообщить о неприемлемом содержимом

Текущая страница: 1 (всего у книги 33 страниц) [доступный отрывок для чтения: 11 страниц]

Шрифт:
- 100% +

Kinoda rejissura va dramaturgiya (Aleksandr Mittaning «Jannat va jahannam orasidagi kino» kitobi tarjimasi)

BIRINCHI QISM. ZО‘R KINO QILGIN

– Tasavvurimizni dramatik sehrli larzaga soluvchi uch rishtaning mohiyati kulgi, rahm-shafqat, dahshatdir.

A.S.Pushkin

Kino – kuldirish, qо‘rqitish va larzaga solishni hammadan yaxshiroq eplaydi.

StivenSpilberg
SHEKSPIRDAN TOLSTOYGACHA

Talantli kishilar turlicha iqtidorga ega bо‘ladilar. Agar siz о‘z qobiliyatingizga odamlar sizni tushunadigan va baholay oladigan bir tarzda yо‘l ochmoqchi bо‘lsangiz, bu kitob sizga yordam beradi.

Ushbu kitob ssenariy yozishni, film olishni va unda bosh qahramon bо‘lishni istagan odamga atalgandir.

Hozircha, siz bu narsalar bilan qachon shug‘ullanish haqida о‘ylab turgan bir paytda, bu kitob filmlardan katta zavq olish imkonini beradi. Agar shaxmat о‘yinining qoidasini bilsangiz, savodsiz odam singari kim yutishini kutib turmaysiz, balki о‘yin paytida zavq-shavqqa tо‘lasiz, shunday emasmi? Kino – shaxmatdan kо‘ra shiddatliroq о‘yin. Uning tomoshabinlari – bizning sheriklarimiz, har qanday filmning yutug‘i uni biz siz bilan birgalikda qanchalik yaxshi о‘ynaganligimizga bog‘liq bо‘ladi. О‘yin qoidasini о‘rganing va undan zavq oling.

Bu о‘yin har doim bir necha bosqichli bо‘ladi. Albatta birinchi bosqich, hali tomoshabin yuzada yurgan payt, eng sodda bosqichdir.

Birinchi bosqichdagi tomoshabin «Gamlet»dan:

– Ana senga kino – biratо‘la oltita murda-ya! – degan sо‘zlar bilan chiqqanini eshitganman.

Nima ham derding? Marhumlar aslida bundanda kо‘proq. Bunday tomoshabin filmga yuzaki baho berib, uning zohirinigina tuyib, о‘chmas ruhiy dunyosini ilg‘amasligi mumkin.

Ertalabdan kechgacha TVning kо‘plab kanallaridan birvarakay kinolar oqimi о‘tib turadi. Ular xotirada saqlanib qolmaydi: biri ikkinchisini siqib chiqaradi, ayni shu paytda uchinchisi ikkinchisini siqib chiqaradi. Yaxshi mahsulot bekorga, befoyda saqichga aylanib qoladi.

Agar siz ikkinchi bosqichga о‘tsangiz, kо‘pgina filmlar sizga о‘z xazinalari eshigini ochadi. Men sizlarga bermoqchi bо‘lgan kalit – bu tabarruk eshiklarni ocha oladigan kalitdir.

Unchayam odatiy bо‘lmagan kalit: san’atkor studiyasiga kiradigan eshikning kaliti. Faraz qilingki, siz yashirincha Mikelandjeloning ustaxonasiga kirib qoldingiz, Moiseyni va yarmigacha toshga yashiringan «Tun»ni kо‘rasiz. Hayajonlantiruvchi sarguzashtmi? Sizga yoqdimi? Unda oq yо‘l!

Drama – g‘oyalar olamidir. Har bir ssenariyda о‘nlab g‘oyalar olg‘a suriladi. Har bir filmning asosiga yuzlab g‘oyalar qо‘yilgan. Ammo har qanday ishda uning poydevorida yotuvchi uncha kо‘p bо‘lmagan asosiy g‘oyalar mavjud. Bu narsa dramaga ham, uning bir qismi bо‘lmish kinematografiyaga ham tegishlidir.

Bir safar taniqli fransuz essechisi Pol Valeri Albert Eynshteyndan: «Aytingchi, siz о‘z g‘oyalaringizni qanday yozib borasiz? Yon daftarchangiz bormi yoki miyangizga kelgan yorqin fikrlarni kuylagingizning ohorlangan yengiga qayd qilasizmi?» – deb sо‘radi. – «G‘oyalar, bilsangiz, kamdan-kam keladi. Men ularning hammasini eslab qolaman», – deb javob beribdi Eynshteyn. Essechi Pol Valeri uchun bir-biridan ayri bо‘lgan ikki voqea о‘rtasidagi g‘ayritabiiy bog‘lanishlar – g‘oya. Eynshteyn uchun g‘oya – bu olamni harakatga keltiruvchi tamoyillarni asosli tushuntirib beruvchi qandaydir narsa.

San’atimizning asosiy g‘oyalari uni yuksak san’at va tuban kо‘ngilxushliklarga ajratmaydi. Ommaviy kо‘ngilxushliklar sanoati g‘oyalari kinomagnatlarning kabinetlarida tug‘ilgan emas. Ular Stanislavskiy, Eyzenshteyn, Chexov, ulardan ancha oldin Shekspir, Aristotel va shu kabi buyuk daholar tomonidan vujudga keltirilgan. Bu g‘oyalar uncha kо‘p ham emas.

Kо‘ngilxushliklar sanoati dramaning asosiy g‘oyalaridan foydalanadi va ularni muvaffaqiyatli rivojlantiradi, xalos.

Drama tadqiqotchilaridan biri aytganidek: «Foyda olish uchun qilinadigan dramalar ma’lum bir retsept bо‘yicha qilinganligidan, yaxshi dramalar qandaydir boshqa retsept asosida yaratilishi kelib chiqmaydi». Inglizchasiga ehtiyot bо‘lib aytilgan fikr. Ammo qо‘polroq qilib: «Shekspir va teleseriallar barcha dramatik konstruksiyaning poydevorida yotuvchi bir xil asosiy qoidalar bо‘yicha amal qiladilar», – deyish ham mumkin.

BU KITOB QANDAY TUG‘ILDI

Men о‘ttiz yil kinoda sokin ishchi hayoti bilan yashab keldim va birdaniga mening boshimda muvaffaqiyat yashinday chaqnab qoldi. Juda orzu qiladigan – amerikacha muvaffaqiyat. Men Rossiyada ingliz prodyusseri uchun film qildim va atay qilinganday, Nyu Yorkda mehmonda bо‘lib, qaytib kelish uchun uchishga tayyorlanayotgan bir paytda amerikalik rejissorlar gildiyasi «Sibirda yо‘qolgan» («Затерянней в Сибиры») filmini maxsus namoyish qilish uchun tanlaganlarini eshitdim – bu narsa amerikaliklarning dunyoning boshqa – Yevropadan Avstraliyagacha bо‘lgan joylaridan kelgan filmlar uchun kо‘rsatadigan eng katta e’tiboridir.

Men ikki kunga Gollivudga uchib bordim. Drama qoidalariga kо‘ra bu «Bir oddiy kо‘rinish» deb ataladi – har qanday savodli tayyorlangan syujet shundan boshlanadi. Uchib keldimu – hammasi boshlandi! Bildimki, har kun kechqurun «Paramaunt», «Universal», «Tri star», «Disney»… kabi qaysidir bir yirik kompaniya film kо‘rishar ekan. «Filmning yopiq namoyish etilishi – bu muvaffaqiyatning dastabki belgisi bo‘lib, u haqda hamma gapiradi». Menga: «Bu sening imkoniyatinig – uni qо‘ldan boy berma!» – deb tushuntirishdi.

Ayni shu paytda filmning Amerikada «Oskar»dan keyingi ikkinchi mukofot – «Golden Glob» nominatsiyasiga qо‘yilgani haqida xabar paydo bо‘ldi. Gollivudda nominatsiya, ya’ni mukofotdan oldingi oxirgi tanlov ham umrbod hurmat-e’tiborga sazavor bо‘lish demakdir. Prodyuser shodligidan sal bо‘lmasa aqldan ozay dedi. Undan keyin yanada kattaroq muvaffaqiyatlar bо‘ldi: Angliya filmni noingliz tildagi eng yaxshi film sifatida «Oskar»ga tavsiya qildi. Har kuni yo «Gollivud reporter», yo «Verayeti» film haqida nimalardir yozardi. Shuni ham e’tiborga olingki, bundan oldingi yillar gо‘yo men bu olamda umuman yо‘q edim.

Drama qoidalariga kо‘ra, men dramatik peripetiya bо‘ylab «baxt sari» parvoz qila boshladim. О‘zidan umidbaxshlik ufirib turuvchi agentim paydo bо‘ldi. Meni kechki ovqat va uchrashuvlarga taklif qiishardi. Bir safar men kechki ovqat paytida yangi film haqidagi g‘oyamni aytdim va bunga Gollivudning katta rejissori qoyil bо‘lib: «Bu Gollivud uchun zarur bо‘lgan narsaning xuddi о‘zi! Siz darhol о‘tirib, о‘z hikoyangizni yozishingiz zarur! Siz albatta «Golden Glob» va «Oskar» olasiz! Sizga ayni damda siz uchun ochilayotgan barcha eshiklarga kirib bora oladigan ssenariy kerak!»– dedi.

Unda hali men amerikaliklardan barcha tekin narsalar xuddi feyerverk singari nurlanib, otilib turishlarini bilmas edim. Ulardan tekin xayrixohlik oqimi, favvorasi quyiladi. Bu juda yaxshi. Ammo bu hududda: «Mening pullarimga tegma», – degan qat’i qoida amal qiladi.

Men filmning zavqu-shavqqa tо‘lgan muxlislari tomonidan osmonlarga otilib, u yerda uchib yurardim. Birdaniga ularning hammalari burilib, ketib qolishdi. Men esa yerga yiqilib tushdim. Biz «Golden Glob»ni yutolmadik. «Oskar» ham ololmadik. Bir onning о‘zida meni unutishdi. Gollivudda aynan shunday bо‘ladi. Kompaniyalar kechalari bо‘ladigan namoyishlarda Yangi Zelandiyalik, Ugandalik va Braziliyalik talantlarni axtarishardi. Men yakka о‘zim tushlik qilardim, kechki ovqatni «Makdonalds»da qilardim. Bu holat drama qoidalariga kо‘ra «baxtdan baxtsizlik tomon kutilmagan dramatik voqea» deb ataladi.

Ammo hikoyada «burilish nuqtasi» b о‘lishi lozim. Shunday bо‘ldiki, men yangilarga beriladigan bosh sovrinni yutib oldim – meni ishga taklif qildilar! Kichikroq bir kompaniya muvaffaqiyatlarimni diqqat bilan kuzatib borar ekan, u о‘z filmlari uchun rejissor sifatida meni tanladi.

Men о‘z-о‘zimga: «Ushbu sanoat о‘ziga asos qilib olgan barcha tamoyillarni о‘rgan va ularni ishingda qо‘lla», – dedim. Bu protagonistning ishi edi. Dramani о‘z maqsadiga erishishi uchun qarshisida turgan tо‘siqlarni yengib о‘tuvchi personaj qiziqtiradi.

Men bu tamoyillarni о‘rgana boshladim va hayron qoldim. Men ularni oldin ham bilar ekanman. Mendan ancha oldin Chexov va Stanislavskiy ham bilgan ekan. Mening drama haqidagi tasavvurlarimni ostin-ustun qilib yuboradigan bironta ham g‘oya topilmadi. Faqat klassiklar о‘z ijod mahsullarini xuddi afsungarlar olov ustida sehirlaganlari singari yaratgan ekanlar. Sanoat esa sehirgarlikni Mak Donalds retseptlari darajasigacha soddalashtirgan edi. Bu narsa yordam berardi. Ilgarigi eski bilimlarimni yangilari bilan birlashtirish uchun menga maydon kerak edi.

Mana shunda ikkinchi burilish nuqtasi paydo bо‘ldi. Moskvadagi «Oliy rejissorlar kursi»ning takomillashgan nusxasi kabi Gamburgda yangi kinomaktab paydo bо‘ldi.

Rejissorlik kursini olib borish uchun meni taklif qilishdi. Menda vaqt bor edi va menga yangilangan ma’lumotlarimni kimdadir sinab kо‘rish istagi tinchlik bermasdi. Vujudimda men uchun о‘lib borayotgan muhitimning barcha kasalliklari mavjud edi. Ulardan xalos bо‘lish – о‘zingdagi kо‘richakni kesib tashlash bilan barobar edi. Boshqalardagi shishlarda jarrohlik qilish – bu boshqa gap, u orqali bir narsa о‘rganish mumkin. Gamburg mening xaloskorim bо‘ldi. Biz bir jamoa bо‘lib ishlar edik va ikki yil ichida 40 ta film ijod qilib, tasvirga tushirdik hamda son-sanoqsiz mashqlar qildik. Keyingi ikki yilda yana elliktacha filmlar asosan 10, 20, 30 daqiqalik novellalar bо‘lib, unda qoidalar yanada qat’iy amal qilar edi. Biz birgalikda qoidalar qanday ishlashini, ular nimalarda yordam berishini, nima sababdan ular bilan ishlash ularsiz ishlashdan yaxshi ekanligini tekshirib kо‘rdik. Ular tasavvurni qanchalar rag‘batlantiradi-ya. Shu tariqa men filmning har bir elementini ongli ravishda baholay olishni, uni rivojlanishda kо‘rishni tushunib yetdim, uning yordamida boshi, о‘rtasi va oxiri mavjud bо‘lgan biror hikoyani aytib berishni angladim.

Ehtimol «Kasal ssenariylarni davolayman» nomli kompaniya ochsa yaxshi bо‘larmidi. Ammo men о‘z-о‘zini davolash bо‘yicha kitob yozishni ma’qul kо‘rdim.

Umid qilamanki, bu kitobning quvnoq ruhi sizni aldab qо‘ymaydi. Gap shundaki, men hech qachon dramaturgiya bо‘yicha biron bir darslikni oxirigacha о‘qiy olmaganman. Bu nazariy kitob emas, balki qaysidir darajada: «mana bolg‘a, mana mix, uni taxtaga qoq» tarzidagi amaliy qо‘llanmadir.

NIMA UCHUN LEV TOLSTOY SHEKSPIRNI TOQAT QILOLMASDI

Lev Tolstoyning Shekspirni kо‘ngli xushlamasligini bilasizmi? Chexov, kulib turib, shunday degandi:

– U mening pyesalarimni yaxshi kо‘rmaydi. U: «Bilasizmi, men Shekspirga toqat qila olmayman. Ammo sizning pyesalaringiz undan ham battar», deb aytgan edi.

Chexovni Tolstoy nafaqat yaxshi kо‘rishini, balki unga muhabbati baland ekanligini tasavvur qilamiz. «Azizam» («Dushechka») hikoyasini u uyidagilarga bir safar bir oqshomning о‘zida ikki marta ovoz chiqarib о‘qib bergan (men uni qanchalar yaxshi tushunaman!). Ammo Shekspirga nisbatan daho juda qattiqqо‘l edi.

«… «Makbet»ni juda katta diqqat bilan о‘qib chiqdim – hech narsaga yaramaydigan pyesalar. Qaroqchi Churkinning takomillashgan kо‘rinishi».

«Yuliy Sezarni о‘qib chiqdim – hayron qolarli darajada rasvo».

«…Qanchalik qо‘pol, axloqsiz, iflos va ma’nosiz asar bu «Gamlet».

«Odamlar Shekspir haqidagi yolg‘ondakam maqtovlaridan qanchalik tez qutilsalar, shunchalik yaxshi bо‘ladi».

Bunday sovuq munosabatni tushuntirib bо‘lmaydiganga о‘xshaydi. Adabiyotshunoslar yelka qisishadi: «Ta’bi shunaqa», – deyishadi. Daho haqida-ya? U adabiyotdagi barcha narsalarni bizdan о‘tkirroq kо‘ra olganligiga qanday shubha qilish mumkin?

Shuyam muammo bо‘ldi-yu, – deyishingiz mumkin. Ammo bu «mayda-chuydalar» orqasida qandaydir kattaroq narsa yashiringan. Xuddi Sherlok Xolms kabi axtara boshlaymiz: avval chekib tashlangan segara qoldig‘ini topamiz, keyin esa shkafdagi murdani.

Tumanni tarqatish uchun biz avvalo proza dramadan nimasi bilan farq qilishini tushunib olishimiz lozim. Bir qaraganda unisi ham, bunisi ham adabiyot. Aslida esa ular orasida jarlik mavjud. Yuzlab prozaiklar orasidan bitta yaxshi dramaturg topiladigan bо‘lsa – bu yaxshi ish.

Prozaik olam manzaralarini xuddi rassom bо‘yoqlar vositasida tasvirlagani kabi yaratadi. Prozaning matni turli-tuman nutqiy iboralarga boy, uslub aytib bо‘lmas darajadagi nozikliklarni bera oladi. Prozaik о‘zgarib turuvchi beqaror kayfiyatni bayon qiladi, chuqur va mantiqqa sig‘maydigan fikrlarni shakllantiradi. Buninning, Nabokovning prozasi shunaqa. Eng asosiysi – uslub, uning vositasida о‘tkir iboralar yaratiladi.

Dramaning (shu jumladan ssenariyning) matni kun tundan farq qilganiday prozadan farq qiladi. Ifodalar qiyofasiz va bir qolipga solingan. Dialoglar ma’lum vazifaga bо‘ysundirilgan. Asosiysi – bu qiziqarli holat bо‘lib, unda xarakterlar qiyin ahvolga tushib qoladilar. Drama aktyorlari teatr yoki kinoda, spektakl yoki filmda о‘ynashlaridan qat’i nazar, poeziya ularining harakatlarida yashiringan bо‘ladi.

Bu tafovut, ayniqsa Alloh ham prozaiklik, ham dramaturglik saxovati bilan siylagan ikki dahoning proza va dramasini solishtirganda kо‘zga tashlanadi. Chexovda hikoyalar matni aytib bо‘lmas darajada nazokatli, pyesalarida bо‘lsa, faqat qisqa dialoglar va oddiy remarkalar. Poeziya ana shularning ichida. (Biz u qayerda yashiringani va uni о‘sha yerdan qanday qilib olib chiqish kerakligini tushunishga intilamiz).

Voqealarni bayon qilib berish qobiliyatiga uncha kо‘p bо‘lmagan kishilar ega bо‘ladilar. Tolstoy va Shekspirlarning har biri bunday qobiliyatga ega edilar. Ammo Tolstoy uchun voqeani yozish birinchi qadamni qо‘yish edi. Tolstoyning romanlari – bu bir odam tomonidan yaratilgan kinofilmlar bо‘lib, unda har bir kadr о‘ta nozik bir tarzda bayon etilgan. Siz о‘qiyverasiz va sizning miyangizda gо‘yoki lop etib stereoovozli ulkan ekran paydo bо‘ladi.

Tolstoy buyuk xarakterlarnigina yaratgan emas, u о‘z romanlarining rejissori ham edi. Uning filmlarida hammani lol qoldiradigan kо‘rinishlar tomoshabinni о‘zining yangiligi bilan hayajonga soladi.

Anna Karenina о‘zini poyezd tagiga tashladi. Buning nimasi ajablanarli? Ajablanarlisi shundaki, u paytlar Rossiyada kо‘pchilik о‘quvchilar biron marta ham temir yо‘lni kо‘rmagan edi. Butun Rossiya bо‘yicha yaqindagina Peterburgdan Moskvagacha qurilgan yagona temir yо‘l bor edi. О‘zini poyezd tagiga tashlash – bugungi kunda kosmik raketa dvigatilidan chiqayotgan olovda yonish bilan barobar edi. Olov purkab turuvchi temir iblis qahramonning nozikkina gavdasini о‘z domiga tortdi – «miyasida kinoteatri bо‘lgan» tomoshabin uchun Tolstoy romanlari mana nima edi.

«Anna Karenina»dagi mashhur ot poygasi sahnasi-chi! Ekranda birinchi marta Peterburgning oliy nasabdagi kishilarining hammasi paydo bо‘ladi! Xuddi superfilmdagiday kо‘rinib turadi.

«Tug‘ilish»dagi aqlni lol qoldiruvchi qamoq va katorgadagi mahbuslarning kо‘chish sahnalari-chi. Birinchi marta Rossiyadagi erksizliklar ekrandan ochiqchasiga va shiddatli ravishda dod solib turibdi.

О‘n minglab kishilar bevosita kо‘z oldingizda tо‘p о‘qlari ostida qonlariga bо‘yalib, bir uyum etga aylanadigan «Urush va tinchlik»dagi Borodino jangi haqida gapirmasayam bо‘ladi. Bularning barchasi mayda-chuydalarigacha, favqulodda bir fantaziya va aniqlik bilan portretlarda kо‘rsatilgan. Haqiqiy kinoda haligacha Tolstoy «yо‘rig‘idagi kinoteatr»dagi sahnalar bilan tenglashadigan bironta ham sahna olingani yо‘q.

Tolstoy kino-roman taklif qiladi, Shekspir esa voqeaning yuragini ifodalaydi. Siz bu yurakni qо‘lga olasiz – u esa uch yuz yildan keyin ham tirik. Shekspir pyesani yozadi va keyin artistlarni tо‘plab shunday deydi:

– Bolalar, mana sizga voqea, kelinglar, uni birgalikda spektaklga aylantiraylik. Maydalashib о‘tirmaymiz: sahnaga tayoq tiqib qо‘yamiz, bitta taxtaga «о‘rmon» deb, boshqasiga «qasr» deb yozib qо‘yamiz. Tomoshabinning о‘zi kamini tо‘ldirib tо‘qisin, о‘zi tasavvur qilsin.

Bu narsa Tolstoyga umuman xush kelmaydi. Ammo minglab rejissorlar Shekspirning g‘oyalarini rivovojlantirib, о‘z g‘oyalariga aylantirganlarida о‘lguday baxtiyor bо‘ladilar. Shekspirning energetik mohiyatiga barcha talantli kishilar yopishadilar. Har biri о‘zicha rivojlantiradi. Shuning uchun ham dramaturg ishlaydi: u о‘quvchi uchun emas, balki artist uchun yozadi. Ishning natijasi – spektakl, kinofilm, serial bо‘ladi.

Bundan chiqadiki, hamma narsani yozuvchining о‘zi qiladigan nasrga nisbatan drama – yarim tayyor mahsulot ekanda? Unday emas, dо‘stlarim, drama shunday janrki, u inson xarakteriga juda chuqur kirib borish imkoniyatiga ega (bu haqida biz yana gaplashamiz). Tolstoy buni juda yaxshi bilgan, bunga imoningiz komil bо‘lsin. Daho narsalar mohiyatiga bizdan kо‘ra teranroq kirib boradi. Balki bizga tushunarsiz bо‘lgan nomuvofiqlikning siri aynan shu teranlikdadir?

Shekspir va Tolstoyni yaxshi tushunadigan kishi miyeg‘ida kulib qо‘yadi. U tushunadi: Tolstoy – realist, unda hamma narsa xuddi hayotdagiday. Shekspirda esa hammasi poetik kuchaytirilgan. U va Tolstoy orasida san’atga turlicha nigoh jarligi mavjud. Iloj qancha!

Har bir dramatik voqeaning о‘z o‘qi bor. Tolstoydagi voqealardan birortasining voqea o‘qiga yaqinlashamiz.

Tolstoyning eng haqqoniy va ijtimoiy jihatdan talab etiladigan romani – «Tug‘ilish». Bu aristrokratlar saroyidan tortib to bordellar va badbо‘y qamoqxonalargacha bо‘lgan Rossiya hayotining xunrezliklar upirib turgan kesimidir. Kishilar aqliga kamdan-kam romanlar bunchalik kuchli ta’sir kо‘rsatgan. Uning asosida qanaqa voqea yotadi? Romanning voqea o‘qida nima bor?

Kelishgan yosh bir graf iffatlikkina qizni tuzog‘iga ilintiradi va tashlab ketadi. U qiz hayot tubanliklariga qulab tushadi. Qizni adolatsiz tarzda qotillikda ayblaydilar. Shunda sud maslahatchisi bо‘lgan graf sudda qotilning о‘zi yо‘ldan urgan qiz ekanligini biladi. U dahshatga tushadi, u qizni qutqarmoqchi, unga uylanmoqchi – bir sо‘z bilan aytganda – gunohini yuvmoqchi bо‘ladi. Graf oqsuyaklarga xos ma’nosiz hayotni tashlab, Sibirga katorgaga yuborilayotgan Katya Maslovaning orqasidan ketadi.

Ammo men bunday graflar haqidagi hayotiy voqealarni eshitmaganman. Gо‘yoki graf Sheremetyev krepostnoy aktrisaga uylangan emish. Bu uzoq va vafoli sevgi boshqa bir tarix. Ammo shunday borib, bordeldagi qizni qutqazib, о‘zining butun hayoti, tabaqasi, martabasi ustiga chiziq tortish… Bunday graflar poda-poda bо‘lib о‘tlab yuradigan bitta joy bor. Siz uni bilasiz. Bu bulvar adabiyoti degan daxlsiz bir о‘lka.

Nahotki biz Tolstoyning Shekspirga nisbatan sirli kamsitishi orqasidan ovga chiqib, tasodifiy holda Tolstoyning bulvar melodramasiga yashirin ishtiyoqini ochib qо‘ydik?

Yо‘q. Biz mutlaqo boshqa narsani ochdik. Ishonchingiz komil bо‘lsin, agar Tolstoyga bundan kо‘ra о‘tkirroq voqealarni о‘ylab topish kerak bо‘lganida edi, u bir pastda о‘nlab shunaqa voqealarni tuzib tashlar edi. Ammo bundan kо‘ra yaxshirog‘ini о‘ylab bо‘lmaydi. Bu – aynan kerakligi. Kuchli dramatik mavzuda hamisha bir-birga zid ikki holat: hayot va о‘lim, olijanoblik va sotqinlik, boylik va kambag‘allik, umidsizlik va ishonch tо‘qnash keladi. Jannatdagi farishtalar kulbasiga jahannamning badbо‘y nafasi qanchalik yaqin bо‘lsa, ular syujetga qanchalik jipslashib ketsa, drama shunchalik tomoshabin qalbiga kirib boradi. Dramaning poetik qudrati qarama-qarshi tomonlarning konfliktida yashiringandir. Bunday voqealar о‘z domiga tortib, sizni g‘arq bо‘lishga majbur qiladi. Muallifning barcha g‘oyalari sizning qalbingizga muhirlanib qoladi. Aynan shunday voqea «Tug‘ilish»ning asosida yotadi. Bundan chiqdi, Tolstoyning о‘zi drama shoiri ekanda? Bо‘lmasamchi! Shuning uchun ham u dahoda.

Shunday ekan, u Shekspir bilan nimani talashadi? Buni esdan chiqaring. U narsa hech qanday rol о‘ynamaydi. Biz ochgan narsa undan kо‘ra ancha muhim: dramada, shu jumladan daholar, hatto Tolstoy va Shekspir kabi bir-birlaridan farq qiluvchi daholar uchun ham umumiy bо‘lgan qonunlar amal qiladi. (Qatnashuvchilar haqida gapirmaymiz!)

Masalani tо‘g‘ri hal qilish uchun savolni yanada qattiqroq siquvga olamiz: u yerda Tolstoy va Shekspir о‘rtasida nima sodir bо‘lgan edi? Mening fikrim shunday: tomoshabinni yoqasidan mahkam oluvchi voqeani о‘ylab topib, Tolstoy birinchi qadamni qо‘ygan. Agar shunday voqeani hech bir о‘zgartirishsiz oddiygina qilib, о‘sha davrdagi Badiiy teatrda о‘ynalsa edi, Stanislavskiy, buyuk rejissor va haqiqat dahosi, о‘rnidan sakrab turib, butun teatrga eshitiladigan tarzda: «Ishonmayman!» – deb baqirgan bо‘lar edi. Balki yurak xurijidan yiqilib tushgan bо‘larmidi.

Sxema haqiqatan ham qо‘pol. Shunday bо‘lishi kerakki, nafaqat soddadillar, balki eng nozikta’b tomoshabinlar ham unga ishonsin, unda haqiqat yog‘dusini kо‘rsin va tiz chо‘kkan holda: «Gunohkorman! Kechir, Xudoyim!» – desin.

Drama tili bilan aytganda, tomoshabin katarsis – begonalar qayg‘u-hasratiga hamdardlik qilish bilan poklanish – hissini tuysin. Buning uchun melodramatik topilmani hayajonlantiruvchi hayotga aylantirish lozim.

Bu masalaning yechimi uzoq oylar qilinadigan uzluksiz mehnatni talab qiladi, u minglab kichik-kichik g‘oyalar va kashfiyotlarni о‘ziga singdiradi.

Havaskor kishi hujjatli-hayotiy faktlar asosida emotsional kechinmalar qо‘lga kiritiladi, deb о‘ylaydi. Agar shunday bо‘lsa edi, gazeta о‘qib ham kо‘z yoshi tо‘kish kerak edi. U yerda juda jiddiy faktlar bor. Ammo negadir, hech kim yig‘lamaydi. Chunki drama uchun faktlar hech narsa emas. Asosiysi – biz bu faktlar bilan qanday ishlashimizdadir. Endi biz aynan shu xususda tо‘xtalamiz.

Tolstoy dastlabki о‘ylab topilgan g‘oyani bir marta va asrlar osha kо‘riladigan buyuk kinoroman darajasigacha kо‘taradi. О‘z kinofilmida u hamma narsani bir о‘zi amalga oshiradi. U ssenarist va rejissor, operator va rassom. Bosh qahramonlardan tortib, ufqda bir kо‘rinib о‘tuvchi ikkinchi darajali barcha qahramonlar ham faqat uning talanti bilan bunyod etilgan va jonlantirilgan.

Shekspir bо‘lsa, о‘ylab topilgan g‘oyani shunday poetik tarzda rivojlantirish kerakki, voqea yuragida hayot barq urib tursin va ijodkorlarni birgalikda ijod qilishga ruhlantirsin, deb о‘ylaydi. Uning pyesalari – energiya yig‘indisi, film yoki spektaklning yuragidir.

Anna Karenina bittagina bо‘lishi mumkin. Siz bu rolni о‘ynagan yulduzga qarab turib: «Yо‘q, о‘xshamapti!» – deysiz. Chunki Tolstoy uni romanda xuddi tirikday, о‘ta aniq tarzda yaratgan.

Gamletlar esa minglab va turli-tuman bо‘lishlari mumkin. Gamletni hatto ayollar – masalan, Sara Bernar, – ham о‘ynagan. Personajning genial yuragi, rolning genial energiyaviy zaryadi Gamletdir. Shekspirda va Tolstoyda – voqealar yaratish haqida birbiriga qarama-qarshi bо‘lgan ikki xulosa mavjud. Ammo ularning har ikkalasi ham dramaning о‘z paytida Aristotel tomonidan kashf etilgan universal qonunlaridan kelib chiqishgan (biz hali ular haqida ham gapiramiz).

«Voqea yuragi» – bu obrazli ifoda. U – drama tizilmasining (strukturasining) emotsional markazi. Har bir drama qat’iy qurilgan skelet-tizilmaga ega. Bunday omil poetik xayolotning erkin parvozini xush kо‘ruvchilar uchun katta umidsizlikdir.

Tizilma – qadimiy yunonlardan to bizning kunlarimizgacha kelgan har qanday dramaning asosidir. U tomoshabin tuyg‘ularini, ruhiy dunyosini mumkin qadar yuqori darajagacha о‘sishini nazorat qilib turadi. Yaxshi kinofilm yoki spektakldan boshqa hech qanday san’at asari sizni bir yarim soat davomida о‘ziga maftun eta olmasligi va hayajonga sola olmasligini о‘z tajribangizdan bilasiz. Eng markazda dramaturg va rejissor tomonidan vujudga keltirilgan voqea yuragi tepib turadi.

Shunday ekan, birinchi maslahat: Shekspirday boshlang va Tolstoyday tugating. Kardiogrammasi umid va umidsizlik о‘rtasida turgan voqelikdan boshlang. Filmni esa mayda-chuyda detallarni ham о‘ta sinchkovlik bilan qarab chiqqan holda tugallang.

Zо‘r maslahat. Faqat qanday qilib, Shekspir bо‘la olish mumkin? Tо‘g‘risini aytaman. Shekspirday bо‘la olmaysiz. Tolstoyday ham bо‘lmaysiz. Ammo hayotning betartib energiyasini dramaning mukammal binosiga aylanish qonunlarini tushunib olasiz.

Dramada kо‘p joyni ijodiy intuitsiya egallaydi. Ammo ta’kidlaymiz, hammasini emas, kо‘p joyni. Shunday qoidalar borki, ular tasavvurni siqib qо‘ymaydi, balki uni ozod qiladi. Drama qoidalari sizning intuitsiyangizni ijod osmonlariga kо‘taradi, sizga qanot beradi va maqsad sari yо‘l kо‘rsatadi.


Страницы книги >> 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 | Следующая
  • 5 Оценок: 1

Правообладателям!

Данное произведение размещено по согласованию с ООО "ЛитРес" (20% исходного текста). Если размещение книги нарушает чьи-либо права, то сообщите об этом.

Читателям!

Оплатили, но не знаете что делать дальше?


Популярные книги за неделю


Рекомендации