Текст книги "Кинода режиссура ва драматургия"
Автор книги: А. Митта
Жанр: Учебная литература, Детские книги
сообщить о неприемлемом содержимом
Текущая страница: 9 (всего у книги 33 страниц) [доступный отрывок для чтения: 11 страниц]
DRAMATIK HOLATNING KONFLIKTDAGI RIVOJI
Dramatik holat boshlanishda taranglikni vujudga keltiradi. Qahramon ilojsiz holatda. U bundan qanday chiqadi?
Amerikaliklar qoidasida: dramatik konfliktdagi yovuzlik ijtimoiy yoki ekologik voqeada ifodalanishi mumkin emas, deyiladi. U falsafiy kategoriya sifatida yuzaga chiqa olmaydi. Yovuzlik albatta konkret antagonist qiyofasida jamlangan bо‘lib, u qahramon bilan shu yerning о‘zida va shu tobda kurashadi. Bunday yovuzlik tomoshabinni emotsional hamdardlikka hamma narsadan kо‘ra kuchliroq jalb qiladi, u rivojlanishi davomida kutilmagan voqealarga boy bо‘ladi.
Yovuzlik tashuvchi personaj har qanday falsafiy g‘oyani ifodalashi mumkin, ammo buni sо‘z bilan emas, balki konfliktdagi xatti-harakati bilan qiladi. Agar u irqchi bо‘lsa, u nutq irod qilib о‘tirmaydi, balki negrlarni yoki yahudiylarni о‘ldiradi. Yovuzlik konfliktda о‘z xarakteri va shaxsiy manfaatlariga ega bо‘lgan aniq odam – antagonist kо‘rinishiga ega bо‘lishi kerak. О‘z xatti-harakatlari bilan raqib qahramonga savollar qо‘yadi. Qahramon xatti-harakatlari bilan unga javob beradi. Dramatik holatdan konflikt mana shu tarzda rivojlanadi. Savol – javob – savol – javob. Har bir voqea shunday bayon qilinadi, uni ikki kishi: qahramon va uning raqibi – antagonisti hikoya qiladi.
Konfliktda hamisha ikki tomon: ikki shaxs, ikki guruh, ikki armiya yoki bir kishi hamma bilan tо‘qnashadi, ammo bu «hamma» konflikt uchun bir shaxs – antagonistdir. Har qanday holatda ham ikki shaxs bо‘ladi. Hatto sahnada birgina odam harakat qilsada, u konfliktning qatnashchisidir. Uning irodasi mavjud bо‘lmagan raqib bilan tо‘qnashishi mumkin. Hech bо‘lmaganda, u ichki konfliktni rivojlantirishi mumkin – qahramonning ruhidagi shayton uning qalb farishtasi bilan kurashadi. «Men istayman» kabi irodaviy xatti-harakat mavjud bо‘lgan hamma yerda u faqat konfliktdagi tо‘siq bilan tо‘qnashgandan sо‘nggina kо‘rinuvchan va tushunarli bо‘lib qoladi.
Hamma sahnada ham konflikt tashqariga chiqavermaydi, ammo u hamisha mavjud bо‘ladi va rivojlanib boradi. Ba’zi sahnalar konfliktni tayyorlaydi, boshqalari uni anglashga harakat qiladi. Ammo ular hamisha konflikt bilan bog‘liqdir. Nimaiki konflikt bilan aloqador bо‘lmasa, u drama uchun ortiqchadir.
Filmlarda iblis va farishtaning xatti-harakatlari osongina bilib olinadi. Ammo hayotda iblisni dastlabki paytda bilib bо‘lmaydi va farishta ham xarakterlarning himoyalovchi niqobi ostiga yashiringan bо‘ladi. Iblis va farishta – barcha konfliktlari yetarlicha aniq bо‘lgan melodramaning personajlaridir. Dramada har bir personaj qalbida iblis va farishta kurash olib boradi. Ular ichki konfliktni yaratadilar. Ularni tushunib yetish hamisha ham oson emas.
Protogonist va antagonist dramada kо‘p hollarda biri yomon, boshqasi esa yaxshi bо‘lgani uchun kurashmaydi. Yо‘q. Faqat ularning ikkisi ham dramatik holatga ularning taqdirlari tо‘qnash kelgan va kelishish mumkin bо‘lmagan umumiy muammo tufayli jalb etilgandir.
Er va xotin ajrashishdi, bolani bо‘lib ololmayaptilar. Ularning ikkalasi ham yaxshi odamlar, ikkalasi ham bolani yaxshi kо‘rishadi. Bola ham ularni yaxshi kо‘radi. «Kramer Kramerga qarshi» filmini esga oling. U yerda kuchli, rivojlangan konflikt, odamlarning esa hammasi yaxshi. Ammo ularning kurashayotgan maqsadlari bir-biriga mos emas.
Konfliktning markazida eng muhim hayotiy manfaatlarga chuqur ta’sir etadigan qandaydir aniq narsa bо‘lishi lozim. Biz avval boshdanoq personajlarning manfaatlari qanday aniq narsa ustida tо‘qnashishini aniq bilishimiz lozim.
«Olchali bog‘»da – yer-mulkni sotish.
«Gamlet»da – qirolning о‘ldirilishi.
«Romeo va Julyetta»da – ikki oilaning dushmanligi.
Aniq muammolar odatda his-tuyg‘u uyg‘otuvchi detallar bilan о‘ralgan bо‘ladi. Ular konfliktning energetik yadrosini kо‘rinuvchan va hajmli qiladi, bu esa raqib personajlar dunyosiga emotsional tarzda kirib borishga yordam beradi.
Abstraksiya esa bunday tuyg‘ular tug‘dira olmaydi. Ular biz orqali xuddi radiotо‘lqinlar devor orqali о‘tib ketganday о‘tib ketadi. Tushunchalar detallar va faol shaxslarning xususiyatlari bilan qoplangandagina ularning ongimizda yopishib qolish imkoniyati kо‘proq bо‘ladi.
1. Er ovqat yemoqchi, xotinning esa uyqusi kelgan. Hali ular о‘zlarining oddiy xohishlarini tо‘qnashtirmagan bir paytda konflikt yо‘q edi. Er ishdan keldi va oshxonadagi bо‘sh muzlatgich oldida ovqat yegisi kelib turibdi. Xotin esa charchagan va televizor oldidagi divanda uxlashni xohlayapti. Konflikt yetilayapti. Mana biz personajlarni tо‘qnashtiramiz. Er keladi va:
– Ey, men charchaganman, ovqat yeyishni xohlayapman, – deydi. Xotin esa:
– Men ham charchaganman va uxlashni xohlayapman, – deb javob beradi.
Bitta «men xohlayapman» ikkinchi «men xohlayapman» bilan yuzma-yuz tо‘qnashdi. Agar bu «men xohlayapman»lar turli maqsadga ega bо‘lsa, konflikt rivojlanadi.
Bizning vazifamiz – personajlarni yarashtirib qо‘yish emas, balki konfliktni halokat darajasigacha rivojlanishi uchun turtki berishdir.
2. Er: «Men hо‘kizday ishlayman, charchayman, uyda bо‘lsa menga hech qanday e’tibor yо‘q! Xotinim meni hurmat qilmaydi. Uni meni hurmat qilishga majbur qilaman», – deb о‘ylaydi.
Xotin: «U qо‘pol, u men bilan hisoblashmaydi. Balki u meni yaxshi ham kо‘rmas. Mana, nima uchun u «men xohlayman»ga tushdi, mening uyqum kelayotganini kо‘rib turibdiku. U meni yaxshi kо‘rmaydi – bu menga ayon», – deb о‘ylaydi.
Bu fikrlar personajlar xatti-harakatini motivlaydi.
Er stolga musht tushiradi, xotin yig‘laydi – bu halokat. Konfliktda halokat rо‘y berganida, xatti-harakatlar kutilmagan tomonga qarab rivojlanadi.
3. Er kurtkasini oladi va kо‘chaga yugurib chiqadi. Er yolg‘iz о‘zi qoladi, xotin ham yolg‘iz qoladi. Konflikt tugadimi? Hech unday emas. Endi ularning har ikkisi ham dramatik holatda. Konflikt rivojlanayapti. Endi «er» ichki konflikt maydoniga aylandi. Shayton uning bir qulog‘iga: «U sen haqingda g‘amxо‘rlik qilmaydi, tashlab ket uni. Atrofingda undan gо‘zalroq va g‘amxо‘rroq qizlar mingta, bor о‘shalarga. Ular senga yeyishga biror nima berar», – deb pichirlaydi. Ikkinchi qulog‘iga farishta: «Qayt! Sen uni sevasanku. Uni quchoqla. Hazillashdim deb ayt», – deb shivirlaydi.
Er ikkilanadi, oxir oqibat farishtaning gapiga kiradi va shaytonni uloqtiradi. Ichki komflikt yechildi. U uyga qaytib keladi. Xotin esa u yerda yо‘q.
Konflikt ahvolni shiddatli ravishda yomonlashtiradi yoki kutilmagan oqibatlarga olib keladi.
4. «Xotinim qani? Qayerga ketdi? Kechqurun u nima qiladi? Usiz men nima qilaman?» – er xavotirga tushgan.
Konflikt qutqu soluvchi savollar tug‘diradi: personajlarning kelajagi nima bо‘ladi?
5. Er yana kо‘chaga otiladi. Ayni shu paytda qizil mashina uy oldidan jо‘nab ketadi. Xotin uning ichida o‘tirganga о‘xshaydi. Va u yolg‘iz emas! Er mashina orqasidan chopadi. Unga yetib bо‘larmidi? Er xotinni yо‘qotdi.
Konflikt tashqaridan alternativ faktor xatar solganda rivojlanadi.
Konflikt – bu jonli improvizatsiya yо‘li bо‘lib, voqealar u bо‘yicha rivojlanadi.
6. Konflikt – bu ikki muallif improvizatsiya qilayotgan ssenariyga о‘xshaydi. Er о‘z ssenariysini yozadi. Xotin о‘zinikini yozadi. Xotin qattiq ranjigan va о‘z hayotida qandaydir halokatli narsani qilishga tayyor.
Er о‘zini mashinasiga otadi va hayotini xavf ostiga qо‘yib, qizil mashina ortidan uchadi.
Konfliktni shu yerning о‘zida va ayni shu paytda hal etish lozim. Vaqtning bosim о‘tkazishi yaxshi ishlaydi.
7. Er shaharning yarmini aylanib chiqadi. Qizil mashina hech qayerda yо‘q. U uyga qaytadi. Uning holati keskin yomonlashadi. Konflikt boshida u faqat ovqat yemoqchi edi, endi u yolg‘iz qoldi. U tо‘la baxtsiz. Bexosdan u uyda yorug‘lik kо‘radi, xonada bо‘lsa – xotini. Xotini qaytdi. Uning qalbida farishta shaytondan g‘olib keldi. Sevishganlar bir-birlarining bag‘rlariga otiladilar, bir-birlarini о‘padilar va baxtiyorlikdan kо‘z yoshi qiladilar.
Konflikt bо‘lmaganida na personajlar, na tomoshabin er-xotin birbirlarini bunchalik kuchli sevishlarini bilmas edi.
Konflikt bizga qahramonlar hissiyotini xuddi о‘z emotsional tajribamiz singari kechirishimizga yordam beradi.
Bu masalalar konfliktda allaqanday bir ketma-ketlikda paydo bо‘lmaydi. Bu narsa bir masalani hal qilib, keyin boshqasiga yо‘l ochishimizga о‘xshamaydi.
Yо‘q. Bu masalalar gо‘yoki konflikt tanasida bir vaqtning о‘zida tebranib turadi. Ular doimo hammasi bir paytda va har biri alohida-alohida paydo bо‘ladi. Bu masalalarning javobi bizga konflikt tо‘g‘ri rivojlanayaptimi, о‘z hikoyamizda konfliktning imkoniyatidan tо‘liq foydalana olamizmi yoki yо‘q ekanligini tushunishga yordam beradi.
Konflikt – hissiyotlar haqidagi hikoya hamdir. Hissiyotlarni tashqarida harakatdan boshqa holda ifodalash konfliktda umuman shart emas. Hissiyotlarga ega bо‘lish kerak. Agar siz ularni zohiran savodli bayon qilsangiz, ularni konfliktlar kо‘rsatadi.
«Chо‘qintirgan ota» filmidan nima tushsa shuni olib bir nechta sahna kо‘ring. Siz, Maykl Korleone barcha holatlarda о‘z hissiyotlarini shunday yashirganini kо‘rasizki, ular haqida hech kim hech narsa fahmlamaydi.
О‘zingizga, siz shunchalik ziyrak tamoshabinsizki, gо‘yo bularni о‘zingiz fahmlab olgandek bо‘lib tuyulasiz. Ammo siz о‘z-о‘zingizni maqtayapsiz. Savodli qilingan hikoya va konfliktning rivoji sizni xuddi yosh bola singari voqeaning qorong‘u о‘rmonzori uzra yetaklab boradi. Voqeani kartinalarda bayon qilishning uddasidan chiqish – yoshi katta kishilarni hamma narsaga ishonadigan bolaga aylantirishning uddasidan chiqishdan boshqa narsa emas. Tuzilma tomoshabin hissiyotlarini о‘ynatadi. Kinoda shunday bо‘ladi. Taniqli ssenarist va rejissor Devid Mammet о‘zining talaba-rejissorlarga birinchi maruzasida shunday degan: «Aktyor о‘z tuyg‘ulari bilan hikoyaning rivojini belgilab berishi kerak emas. Bunday qilish xuddi relsda harakatlanayotgan poyezdga vagon derazasi orqali qо‘lingizni silkitish bilan yordam berishingizga о‘xshaydi».
Xulosa qilamiz. Konfliktni rivojlanishiga yordam beruvchi qoidalar:
1. Sahnaning boshida personajlarning maqsadlari bir-birlariga mos kelmaydi va ularga erishib bо‘lmaydi.
2. Tashqaridan alternativ omil xavf soladi.
3. Vaqt bosimi mavjud. Muammoni shu yerning о‘zida va ayni shu paytda hal qilish lozim.
4. Biz personajlarni halokatga itarishimiz lozim.
5. Biz, tomoshabin о‘zidan: personaj nima qiladi? deb sо‘rashini kuzatib boramiz.
6. Konflikt xuddi biz personajlar bilan birga his qila oladigan ularning emotsional tajribasi singari rivojlanadi.
Bu emotsional tajribani ochish uchun konfliktni aktyorlar dramatik ijrosida rivojlantirish kerak.
KONFLIKTNI IJRODA RIVOJLANTIRISH
Konflikt hamisha xuddi xatti-harakatlar muloqoti singari rivojlanadi. Bu xatti-harakatlar tashqi – ma’lum bir ishni bajarish tarzida, ichki – unda ular ichki harakatlar orqali ifodalangan bо‘lishi mumkin. Ammo qilinadigan ishlardagi xatti-harakatlar hamisha ikki hammuallifning topilmasi singari bо‘lishi lozim. Ularning birinchisi hech qachon ikkinchisi nima qilmoqchi ekanini bilmaydi. Uning maqsadi – sherigini boshi berk kо‘chaga kiritib qо‘yish, uning «men xohlayman»ini о‘zgartirishdir. Raqibining vazifasi esa – boshi berk kо‘chadan chiqib ketish va о‘zi sherigini boshi berk kо‘chaga tiqish.
Konflikt rivojlanishining zaruriy sifati – uning oldindan aytib bо‘lmasligidir. Agar tomoshabin personajning keyingi qadami haqida payqab qoladigan bо‘lsa, qilgan barcha urinishlaringizning qimmati tushib ketadi.
Oldindan bilib bо‘lmaslik – personajlar xatti-harakati bilan ishlash jarayonida biz hal qiladigan masalalardan biridir. Ssenariyda konflikt qanchalik yaxshi rivojlantirilgan bо‘lmasin, oldindan aytib bо‘lmaslikni har bir sahnada aktyorlarning ongli va hisoblab chiqilgan xattiharakatlari evaziga qо‘lga kiritish kerak.
Men bir taniqli aktyordan: partnyor bilan sahnada ishlashning senda qandaydir bir yagona tamoyili bormi? – deb sо‘radim.
– Albatta bor, – javob qildi aktyor. – Har bir sahnada men о‘z oldimga: partnyorni qanday qilib о‘zgartirishim kerak? – degan vazifani qо‘yaman. Qanday qilib uni zarur bо‘lmagan ishni qilishga majburlash kerak? Uning ham oldida menga nisbatan shunday masala tursa kerak. Biz bu narsalarni topsak, sahna tafsilotlar bilan gullab-yashnaydi. Bu narsa topilmas ekan, hech nimani о‘ynab bо‘lmaydi.
Yolg‘iz personajni hamisha yaxshilik va yomonlik kurashadigan maydon, konfliktdagi harakat maydoni deb tasavvur qilish mumkin. Agar bu narsa bо‘lmasa, harakatlarga yuzakilik xavf soladi.
Shayton va farishta – qarama-qarshi tomonlarning istiorasidir. Hayotda biz hamisha ham qarama-qarshiliklarning oxirgi chegarasigacha boravermaymiz. Juda kо‘p hollarda ichki konfliktlar xatti-harakatlarda tashqariga chiqish yо‘lini topmasdan, bizning qalbimizni elas-elas uyg‘otadi. Bizning niyatlarimiz, odatda, kо‘p va ularning hammasi har xil. Ammo hali biz ular uchun konflikt xattiharakatlarida shakl topmas ekanmiz, ular haqida hech kim hech narsa fahmlamaydi.
Shon-shuhratga erishish, boyib ketish, olamni zabt etish istagi qalbni pora-pora qiladi. Bu natijasiz orzular – sizning siringiz.
Bu sirlarni kо‘rinadigan qilish uchun ularni konfliktdagi niyatlar kurashi sifatida taqdim qilish kerak. Bu holda konflikt rivojining barcha qoidalari ishlaydi – siz ularni bilasiz: konfliktda ikki personaj ishtirok etadi, ularning xatti-harakatlarini qarama-qarshiliklarning eng chо‘qqisigacha olib borish kerak… Kim ular, sizning bu shaxsiy sirlaringizning vakillari, sizning shaxsiy shaytoningiz, sizning о‘z farishtangiz?
POTENSIALLAR AYIRMASI
Konflikt rivoji uchun bizga raqiblarning har biri nima bilan zararlanganini tushunish kerak. Potensiallar ayirmasi qancha katta bо‘lsa, konfliktdan chiqadigan alanga shuncha yorqin bо‘ladi. Potensiallar ayirmasi munosabatlardagi juda nozik tirqish bо‘lishi mumkin. Biz unga tahlil pichog‘ini kiritamiz va ehtiyot bо‘lib bu tirqishni konflikt bilan ikki tomonga suramiz. Professional hikoyachi va rejissor unda konflikt rivojlantira olmaydigan holat yо‘q. Potensiallar ayirmasi qancha katta bо‘lsa, konflikt alangasi shuncha yorqin bо‘ladi.
Biri qochadi, ikkinchisi uni quvlaydi – bu yerda hammasi tushunarli. U qotillik yuqtirib olgan, men qutilishni yuqtirganman.
Bir kishi ayblaydi, ikkinchisi sudda о‘zini himoya qiladi – bu yerda qarama-qarshi manfaatlar ochiq-oydin kо‘rinib turadi. Ammo mana, ikki kishi suhbatlashishayapti:
– Sen meni sevasanmi?
– Men seni sevaman.
Bu yerda konflikt bormi? Javob berish uchun har bir personaj nimani yuqtirib olganini aniqlashimiz kerak bо‘ladi.
Qiz sevgi kasaliga chalingan. Yigitning esa bundan muhimroq ishlari bor. Yigit kallasini kо‘tarmagan holda javob beradi. Yigit pul sanayapti. Ayni shu topda, u (qiz) bolasi tug‘ilishi haqida xabarni qо‘shmoqchi bо‘lgan paytda!..
Voqeadagi konfliktni rivojlantiring, siz kо‘z yoshlari va о‘zini har yon urib jazavaga tushishgacha borib yetasiz. Ammo hammasi beozorgina о‘pichdan boshlangan edi.
– Sen meni sevasanmi?
– Men seni sevaman. U qо‘rquv bilan yо‘g‘rilgan. U yolg‘iz, vahima ichida.
Yigit ishonch bilan zararlangan. «Tinchlan. Men seni qutqaraman», – deydi unga yо‘g‘rilgan narsasi. Konflikt tashqaridan xavf solmoqda.
– Sen meni sevasanmi?
– Men seni sevaman.
Qiz-ku sevadiya. Yigit bо‘lsa ablah va qо‘shmachi. Faqat qiz bu haqida fahmlagani yо‘q. Soch tolasiday nozik bо‘lgan potensiallar (imkoniyatlar) ayirmasi tirqishini surib ochamiz. U voqealar jarligiga aylanishi mumkin.
Konfliktda sо‘zlar emas, balki niyatlar muhim. Personajlar uzoq muddatga nimani yuqtirib olgani muhim. Konfliktda xatti-harakatda nima hukmron ekanligini aniqlashi muhim.
Albatta, sahnadagi xatti-harakatni faqat barcha rollardan kelib chiqqan holda tushunish mumkin. Har bir voqea – butun filmdagi bir butun konfliktning bir qismidir. Ammo ixtiyoriy bir sahnada biz bu tirqishni topishimiz, rivojlantirishimiz va voqeaga aylantirishimiz mumkin.
Rivojlangan munosabatlarda potensiallar (imkoniyatlar) ayirmasi boshlanishdanoq katta bо‘ladi.
– Sen meni sevasanmi?
– Men! Seni! Sevaman! – deb baqiradi yigit qizning yuziga qarab. Aslida esa u qizdan nafratlanadi. Ammo u qopqonga tushgan va qiz uni qо‘yib yubormaydi.
Munosabatlar bо‘lsa potensiallar ayirmasidan bо‘rtib ketmoqda.
– Sen meni sevasanmi?
– Men?.. Seni?.. Sevaman… – xo‘rsinadi yigit. Sevadiganga о‘xshaydi. Balki uncha kuchli sevmas… Yigit yelkalarini qisadi. Qiz yig‘laydi. Yigit tinchlantiradi… Konflikt о‘tib ketdi.
Potensiallar ayirmasidagi tirqish elas-elas kо‘zga tashlanishi mumkin, ammo konfliktning ildizlari, odatda, oldingi sahnalardan о‘sib chiqadi.
– Otello senga yoqadimi?
– Menga juda yoqadi Otello.
– Sen unga achinmaysanmi?
– Men unga judayam achinaman.
– Dezdemonagachi, achinasanmi?
– Albatta achinaman.
Ikki kishi hozirgina kо‘rishgan filmini tinchgina muhokama qilishmoqda. Ularning ikkalasiga ham ayni sahnalar, ayni artistlar yoqadi, ayni bir xil holatlar ularni maftun qilgan. Ammo ulardan biri madaniyatliroq va uni ikkinchisiga namoyish qilgisi keladi. Bu narsa endi konflikt uchun sababdir. Yoki biri ikkinchisiga yoqmoqchi, unga qalbdan yaqin ekanligiga ishontirmoqchi bо‘layapti.
Ikki sevishgan о‘pishmoqdalar. Yashil tо‘tiqushlar bir umr shu tarzda tumshuqlari bilan о‘pishadilar va daraxt shoxlarida baxtiyor bо‘ladilar.
Ammo yigitcha dugonasi unga taklif qiladiganidan kо‘proq narsani istaydi. U bu narsaga erishishga intiladi, qiz unga qarshilik qiladi. Qiz yigitni yо‘qotishdan qо‘rqadi. Yigitcha bо‘lsa, xuddi tank singari uning ustiga bostirib keladi. Mushkul holat rо‘y beradi. Bundan sо‘ng xarakterlar niqobsiz yuzaga chiqadi.
Kishilar mashinada ketishmoqda. Ular bir-birlari bilan dо‘st va bir maqsad sari ketmoqdalar. Rulda о‘pkasini qо‘ltiqlagan haydovchi – konflikt. Haydovchi о‘ta ehtiyotkor va imirsilagan – konflikt.
Ikki kishi bir ishni amalga oshirmoqda. Ammo biri uchun u hayotining mazmuni, boshqasi esa bu ish uchun undan kо‘ra muhimroq narsadan voz kecha olmaydi – konflikt.
Agar sahnada partnyorlarni yuzma-yuz tо‘qnashtirish imkoniyati mavjud bо‘lsa, biz ularning munosabatlarini konflikt sifatida rivojlantira olamiz. Va bu dramada hamma narsadan kо‘ra biz qila oladigan eng yaxshi narsadir.
Konflikt rivojining eng asosiy vazifasi – tomoshabinni aktyor bilan birgalikda personajlarning emotsional tajribasini boshidan kechirishga majbur qilishdir. Bu – aynan hamdard bо‘lishning о‘zginasidir. Tomoshabinni hamdard bо‘lishga jalb qilish oson ish emas. Konflikt bunga erishishga juda yaxshi yordam qiladi. Chunki konfliktda hissiyotlar aniq kurashda bizning kо‘z о‘ngimizda tug‘iladi. Bizning hissiyotlarimiz rivojlanish uchun yо‘l kо‘rsatiladi – biz uning orqasidan ergashamiz va hissiyotlar ortib boradi. Hamdardlik amalga oshgan mahali sahna о‘z maqsadiga erishadi.
KONFLIKT UCHUN
Konflikt rivojlanayotgan paytda biz ssenariy matni bilan eng kо‘p muomalada bо‘lamiz. Matn sahnaning emotsional tajribasini tо‘lig‘icha ifodalay olmaydi. U bu narsani qilishi ham kerak emas. Matnda rivojlanish va konflikt uchun tо‘g‘ri mо‘ljal berilishining о‘zi kifoya. Qanday mо‘ljallar hal qiluvchi bо‘ladi? Aktyorlarga nima yordam beradi?
1. Personajlar qanchalik kо‘p ziddiyatli bо‘lsa, konflikt shuncha yorqin kо‘rinadi.
Erkak kishi ayolga qarshi, bola katta yoshlikka qarshi, keksalik yoshlikka qarshi, kambag‘allik boylikka qarshi, ahmoqlik ayyorlikka qarshi.
2. Personajlarda ikki turdagi izzat-nafs (ambitsiya) bо‘lishi kerak.
Konfliktga personaj aytgan narsa emas, balki u xohlagan narsa kirishadi. Aniq bir kichik konfliktlarda katta hayotiy manfaatlar yuzaga chiqadi. Konfliktgacha esa ular xarakterlar ichida yashiringan bо‘ladi.
3. Ikki xil motivatsiya konfliktda personajlarni tо‘qnashtiradi.
Konfliktda «men nimani xohlayman» – hamisha aniq. «Men nega buni xohlayman» – bu ham aniq bо‘lishi kerak va antagonistning «nima uchun»i bilan birlasha olmasligi lozim.
4. Konfliktda ikkita bir-biriga dushman maqsadlar tо‘qnashishi lozim.
«Men о‘ldirishni xohlayman», u bо‘lsa «yashashni istaydi» – bu yerda hammasi aniq. U yashab qolishi uchun men о‘ldirilishim kerak. Ammo hayotda kichik maqsadlar bir-birlariga dushman bо‘ladilar, ular uncha ham aniq bо‘lmaydi.
Ba’zan bu maqsadlar sahnadan tashqarida bо‘ladi. Ularni aniqlash va tushunarli qilish kerak, shunda konflikt mustahkam bо‘ladi.
5. Qahramon va antagonist turli xil niqobda harakat qilishadi.
Niqob – hamisha ham yolg‘onchilik ifodasi bо‘lavermaydi. Kо‘pincha u – muhitning zо‘ravonligidan himoyadir. Kuchsiz kishi zо‘ravon niqobida chiqadi. Yolg‘onchi – olijanob yaxshi odam niqobida bо‘ladi. Yumshoq ko‘ngilli yasama qahriqattiq niqobida bо‘ladi. Niqob kishining haqiqiy qiyofasiga о‘xshab ketishi mumkin. Amerikaliklar tabassum qiladilar. Bu ularning niqobi. Ular о‘zlarining va sizning muammolaringizni shu tarzda qarshi oladilar. Konflikt ularning bu niqoblarini yulib olganida ular himoyasiz qoladilar. Niqob – shaxsning bir bо‘lagidir.
6. Bir-birini tushunmaslik – konflikt rivojining muhim elementidir.
Anglashilmovchilik tushunmovchilikning kichik qismidir, ammo uni aniqlashtirish oson ish emas. Mentalitetlar orasidagi farq personajlarni kutilmagan sabablarga kо‘ra konfliktga olib kelishi mumkin. Hayotda biz kelishuvlar haqida shartlashamiz. Dramada kelishuv oxirgi yechim sifatida ishlamaydi. Uning о‘rniga konflikt ishlaydi.
7. Konflikt bizni emotsional jalb etishi uchun personajlar universal hissiyotlar bilan tо‘liq bо‘lishlari kerak.
Bunday hissiyotlar unchalik ham kо‘p emas. Ular har bir kishiga tushunarlidir. Masalan:
– qо‘rquv;
– vahima;
– huzur qilish;
– umidsizlik;
– noilojlik;
– ayb;
– kuchli xohish;
– quvonch…
Konflikt – bu personajlarning harakat qilish usulidir. Bu harakatlari bilan ular bizda hissiyotlarni qо‘zg‘atadilar va rivojlantiradilar.
Правообладателям!
Данное произведение размещено по согласованию с ООО "ЛитРес" (20% исходного текста). Если размещение книги нарушает чьи-либо права, то сообщите об этом.Читателям!
Оплатили, но не знаете что делать дальше?