Читать книгу "Кинода режиссура ва драматургия"
SAHNA OB-HAVOSI. HAL QILUVCHI DETAL
Sahnada ifodali ob-havo barpo qilish uchun sizga kо‘plab detallar zarur bо‘ladi. Bu detallarning bitta kо‘ngilsiz xususiyati bor – ular sahnaga singib ketadilar. Siz sahnani detallar bilan tо‘yintirasiz, u bо‘lsa ularni birin-ketin yeb tashlaydi va xuddi siz detallarni ochofatning og‘ziga tashlaganday bо‘lasiz. Detallar sezilarli bо‘lishi uchun ularni faollashtirish lozim. Ularga qandaydir rol berish kerak. Aytaylik, sahnada kuz kayfiyatini yaratish kerak. Sizga bir mashina kuzgi sariq yaproqlar keltirishadi. Ularni yerga sochib tashlashadi. Sizga allaqachon sahnada kuz havosi mavjudday tuyuladi. Hecham unday emas. Ha-a, kuz shamoli bо‘lsa yaxshi bо‘lardi-ya. Shamol purkagichning tagida yaproqlar bilan tо‘la uchta qop turibdi. Ularni shamol oqimiga tashlashadi. Yaproqlar shamolda uchishadi. Bunisi ancha yaxshi – haqiqiy kuz shamolining hidi kelayapti. Mana, bittagina yaproq yirik kadrda aktyorning yuziga kelib yopishdi – ana shunda kuz kadrga kirib keldi. Yana bir juft yaproq avtomobilning old oynasiga kelib urildi – kadrda haqiqiy kuz boshlandi. Uch dona aktyorlar bilan aloqada bо‘lgan yaproq yigirma qop tinchgina fonda yotgan yaproqlardan kо‘ra kо‘proq yordam berdi. Gо‘yoki xulosa qilsa bо‘ladiganday: muhim detallarni yirik planga olib chiqish kerak. Umuman olganda – shunday, ammo detal har qanday planda ham ish berishi mumkin. Andron Kanchalovskiyning bir filmida voqealar qishloqdagi tepalikda sodir bо‘ladi. Tepalik orqasida bepoyon rus dalalarining kengliklari yastanib yotadi. Qaysidir bir payt biz bu cheksizliklarni, ayniqsa, stereoskopik tarzda his qilamiz. Bu paytda uzoqlarda, besh kilometrlar chamasi narida, yо‘lda kichkinagina, xuddi nuqtadaygina mashina ketayotgan bо‘ladi, uning orqasidan chang buluti kо‘tarilib, u quyosh nurlarida iz qoldiradi. Bu mashina peyzajga epik masshtab beradi. Xuddi Breygel tasvirlaridagiday his uyg‘otadi. Men:
– Fondagi mashina kutgan paytingda boplab chiqib qolibdida, – deyman.
– Chiqib qolibdi? – xafa bо‘ladi rejissor. – Uning dumidagi bulutni olgunimcha men uni ikki soat u yoqdan-bu yoqqa quvdim.
Kо‘pgina filmlarda rejissor emotsional ob-havo haqida nimanidir yoqish yoki portlatish kerak bо‘lgandagina о‘ylashadi. Shunda ekran bir zumga burqirab yonayotgan olov bilan tо‘ladi. Ammo yaxshi filmlarda voqeaning hamma asosiy voqealari kо‘rinadigan yechim topadi.
Tryuffo Xichkokdan uning «Gumonsirash soyalari» filmi haqida sо‘raydi:
–Men bir detal haqida kalla qotirayapman. Stansiyadagi birinchi epizodda, Charliz amaki mingan poyezd kelganida tutunning ulkan qopqora buluti butun perronni qoplab oladi. Men bunda alohida bir ma’no yashiringanini sezayapman, chunki poyezd ketayotganida, filmning oxirida, faqat yengilgina tutun bulutchasi paydo bо‘ladi.
A.X. Siz haqsiz: men boshida kо‘proq tutun berishlarini atayin sо‘radim; bu amalga oshirish qiyin bо‘lgan va e’tiborga olinmay qolib ketadigan g‘oyalardan biridir. Ammo bunda bizning omadimiz keldi. Quyoshning vaziyati perronni butunlay qoplovchi ajoyib soyani yuzaga keltirdi.
F.T. Qora tutun iblisning paydo bо‘lishidan darak beradi.
A.X. Ayni shunday. Shunga о‘xshash detal «Qushlar»da, fermerning о‘limidan larzaga kelgan Jessika Tendi о‘z avtomobilida ketganida foydalanilgan. Bu tasavvurni hosil qilish uchun biz yо‘lni maxsus changitgan va yuk mashinasiga qо‘shimcha tutun chiqargich о‘rnatgan edik. Uning bunday ketishi uning fermaga kelishiga hamroh bо‘lgan osoyishta kayfiyatiga qarama-qarshi edi. О‘shanda bizlar yо‘lni mustahkamlagan edik va unga birorta ham tutun chiqaruvchi mashinani qо‘ymagan edik.
Kurosava ob-havoni barpo qiluvchi detallarga katta rol ajratadi. «Yetti samuray» esingizdami? Samuraylarning bosqinchilar bilan hal qiluvchi jangi ivigan tuproqli balchiqda quyib turgan yomg‘ir ostida bо‘ladi. Ushbu balchiq – ob-havoning asosiy detalidir. Jangchilar va otlar sirpanishadi va toyg‘oq balchiqqa yiqilib tushishadi. Olishuvdagi har bir qadam portlovchi kichkina loy tomchisi va balchiq hosil qiladi. Nam balchiq kadrda jonlanadi. Ekranda men yuzlab janglarni kо‘rganman va esdan chiqarganman, ammo bunisi yodimda.
Yomg‘ir, qor, nam kuz shamoli – bu sahna ob-havosini yaratishda bizning ajoyib yordamchilarimizdir.
Men talabalardan, aniq bir yil fasli ob-havosini ifodalovchi detal о‘ylab topinglar, deb sо‘rayman. Shunday qilingki, ob-havodan emotsional tuyg‘u paydo bо‘lsin.
TOMASH
Noyabr. Oilaviy uy. Hovlida qizil yaproqlar bilan qoplangan botqoq. Rezin etik kiygan erkaklar olxо‘ridan qilingan ichimlik ichishayapti va pichoq charxlayaptilar. Qо‘tonda chо‘chqa asabiy holda yugurib yuribdi. Pichoqlardan biri yerga tushadi. Qassob tо‘kilgan barglar bilan pichoqni artayapti. Ayollar bug‘ ichida. Ular ulkan idishlarda (chanlarda) suv qaynatishmoqda. Qassob ryumkadagi olxо‘ri ichimligini sipqirib, qо‘tonga kiradi. Chо‘chqa qо‘rquvdan chiyillaydi. Pichoq uning gardanini kesadi. Qondan bug‘ chiqadi. Chо‘chqaning panjalari balchiqda titraydi. Mushuklar qо‘ton oldida hayajon bilan lablarini yalamoqda.
XOLGER
Iyul. Yashil dala. Chigirtkalar chirillashmoqda. Tepalikda baland tо‘qqiz qavatli uy. Balkonlarda keksa kishilar yotishibdi. Ular soyabon ostida, harakatsiz. Tо‘qqizinchi qavatda balkonga bir ayol yugurib chiqadi va qichqiradi:
– Yordam beringlar! Men pastga sakrayman!
Hech kim e’tibor qilmaydi.
Ikki asalari muzli suv solingan terlagan stakandan chiqib olishga harakat qilmoqda. Ammo hamisha suvga qulab tushmoqdalar.
Muhit yaratish – hamisha operator va rejissor birligida keladigan narsa. Detalni о‘ylab topishning о‘zi kamlik qiladi, uni, odatda, yoritish, kadr kompozitsiyasida uning о‘rnini topish kerak. Bu esa operatorning ishi.
Xichkok Tryuffo bilan «Shubha» filmi detali haqida suhbatlashmoqda.
XICHKOK: Men shunday sahna о‘ylab topdim. Keri Grant stakanda xotiniga – ayni u onasiga: «Aziz onajonim, men uni ashaddiy yaxshi kо‘raman, ammo qotil bilan yashashni istamayman. Mayli, о‘zim о‘lsam mayli, ammo jamiyatni qо‘riqlash kerak», -deb yozayotgan xatini tugatayotgan paytda – zaharlangan sut olib keladi. Ayni shu payt Keri Grant mash’um stakan bilan kirib keladi va Djoan Fonteyn unga: «Onamga mana shu xatni jo‘natib qо‘ymaysanmi, azizim», – deydi. U sutni ichadi va о‘ladi. Ohista kadr almashishi (naplyv) va qisqa kadr: Keri Grant, parvoyi palak holda hushtak chalgancha, pochta qutisiga keladi va tirqishga xatni tashlaydi.
F.T. О‘ta topqirlik.
A.X. Aytgancha, sut bilan bо‘ladigan sahna sizga yoqdimi?
F.T. Keri Grant zinadan kо‘tarilayotganidagimi? Ha, bu ajoyib qilingan.
A.X. Men u yerni yoritishni buyurdim.
F.T. Ya’ni sutga yorug‘lik tushurishni?
A.X. Yо‘q, biz shunday qildikki, ichkaridan, stakanning ichidan nur chiqadi. Keri Grant zinadan tepaga kо‘tariladi, butun diqqat esa shu stakanga yо‘naladi.
Biz ob-havo detallari haqida gapirganimizda, eng kо‘p ishlatiladigan ishchi atama «asosiy kо‘rinuvchi obraz» bо‘ladi. Bu degani, sahnaning mohiyati tо‘plangan tasvirda film umumiy rejasining bir qismi ifodalangan bо‘ladi.
Bu borada Federiko Felliniga teng keladigani yо‘q. «Amarkord» filmidagi uning qorini esga oling: allaqanday aql bovar qilmaydigan kо‘p kunlik qor ostida qolgan janubiy shahar. Shaharning bosh maydoni qor uyumlari ustida kesilgan yо‘laklar labirintiga aylangan. Kattalar xuddi bolalarday quvonishgan, qorbо‘ron о‘ynashmoqda. Qor hali hamon guppillatib tashlamoqda. Kutilmaganda tomoqdan chiqadigan g‘alati qichqiriq bilan notanish bir qush maydonga uchib keladi va qor quyuni ostida afsonalardagiday gо‘zal dumini yozib yuboradi. Bu tovus. Bu kadr uchun Fellini elektron tovus yasagan edi. Mish-mishlarga qaraganda, u aql bovar qilmas darajada qimmat ekan. Ammo qor ostidagi tovus bilan bо‘lgan kadr – dunyo kinosidagi eng mashhurlaridandir.
Fellinining chegara bilmas fantaziyasi, odatda, har bir epizod uchun asosiy kо‘rinuvchan obraz topadi. Esingizdami, xuddi о‘sha «Amarkord»da – miltillab turuvchi kо‘plab olovlar ichidagi okean kemasi, uning istiqboliga qayiq va qayiqchalarda shaharcha aholisi ketishmoqda. Yoki tuman ichidagi ulkan oq buqa. Yoki qahramonning amakisi chiqib olgan daraxt. Pastga tushishdan bosh tortadi va: «Ayol istayman!» deb qichqiradi.
Qanday qilib «Rim»ni esga olmaslik mumkin: hayratga soluvchi epizod – kinogruppaning sayohati. U yerda har bir kadr yorqin kо‘rinuvchan yechimga ega. Ayni shu paytda, har bir kadrning mazmuni aniq, lо‘nda, birgina bosh, asosiy detalga ega:
– yomg‘ir atrofda gо‘yoki havoda parvoz qilayotganday qilib qurilgan uychaning shaffof plastik devorlarini savalayapti;
– loy mashina oynalariga yopishadi;
– mashinasining yukxonasida yomg‘irda qolgan yolg‘iz kо‘ppak, yonginasida esa «Kadillak» salonidagi nufuzli dog;
– hо‘l asfaltdagi ofat tufayli о‘ldirilgan hayvonlarninng murdalari.
Va davomida kadrdan kadrga energiya va dramatizm ortib boradi. Shu tariqa oxiriga borib dunyo jahannamsifat appokalipsisga о‘xshab qoladi.
Tarkovskiyning «Andrey Rublyovini», yakuniy «Qо‘ng‘iroq» novellasini esga oling. Bahor, qora nam tuproq, endigina quriyotgan tepalikka qurish uchun yoyib qо‘yilgan oppoq kanop matolar. Xuddi bulutday yerda yotgan eriyotgan qor. Bu novellaning boshidan. Rutubatli kuz yomg‘iri. Ustida oyoqlar toyib ketadigan nam tuproqli yer. Va qiyalab yog‘ayotgan yomg‘ir ostidagi karam boshlari. Loydan qilingan pech atrofidagi yangidan yо‘nilgan xodalar va tо‘sinlar. Qor bilan qoplangan maydon о‘rtasidagi gulxanning qaynoq alangasi. Erigan bronzadan hosil bо‘lgan ariqcha uchqunlar va oppoq bug‘ oralab tarnovdan oqmoqda.
Yoki kadrning obrazli energiyasiga kо‘ra afsonaviy bо‘lgan kadrni eslang: kekirdagi kesilgan yoshgina yigit yerga yiqilib tushadi, yonginasida esa u haligina qoldirib ketgan arra tebranib turibdi.
Sahna markazida kerakli detal topilsa, hamma narsa о‘zidan nur chiqara boshlaydi.
DETAL VA JUSSA HAQIQATI
Ob-havo detallari uchun ijroning sifati juda muhim. Qor qorga о‘xshashi kerak, oq konfetga emas. Va xuddi tabiiy qor singari bо‘lishi kerak. Yomg‘ir shlangdan oqayotgan suv tizimiga о‘xshamasligi kerak.
«Qо‘ng‘iroq chalishayapti, eshikni oching» filmida men maktabda saranjom qish tongi muhitini yaratishni istagan edim: hali oxirigacha yorug‘ tushmagan, sinflarda chiroq yonmoqda, katta derazalar orqasida esa qalin qor shoshilmasdan yog‘moqda. Buning uchun besh ayol narvonlarga turib olib, dekoratsiya ustidagi qog‘oz qor solingan g‘alvirlarni silkitib turishdi. Tо‘la tabiiylikka erishish uchun biz ikki soat sarfladik. Bunga erishganimizda esa gо‘yo qor yо‘q bо‘lib ketganday, sahnada erib ketganday bо‘ldi. Sahna qandaydir erkalovchi, nozik xotiralarga о‘xshash ishonchlilik kashf etdi. Bir operator premyeradan keyin keldi va shunday dedi:
– Birinchi sahnadagi qorda rosa omading kelgan ekan. Ajoyib muhit…
– Bu qog‘oz qorlar-u. Biz dekoratsiyada tasvirga olgan edik.
– Alda-ya, nima, men qog‘oz qorlarni tasvirga olmaganmanmi?! U bir chaqirimdan kо‘rinib turadi.
Ob-havo detallarining bunday sahnaga singib ketish xususiyati emotsional ishonchlilikni oshirib, ayniqsa, aktyor jussasi haqiqatini bor bо‘yi bilan namoyon qiluvchi detallarda aks etadi. Bu detallarni siz xatti-harakatlarda yoki portretda e’tiborga olmaysiz. Shunchaki, uning yuzi ter yoki loy bilan qoplangan, nafas olishlari notekis, yuzida qor eriyotgan yoki yomg‘ir hо‘l terisidan oqib turgan bо‘lsa, aktyor tabiiyroq kо‘rinadi. Shamol chigallashib qolgan sochlarni yuzga urganida, yaradan qon oqib turganida, kо‘kargan joy shishib chiqqanda – siz bu detallarni kamdan-kam holda alohida baholaysiz, buning uchun voqea juda ham zerikarli, ijro esa juda о‘xshovsiz bо‘lishi lozim. Hamma narsa birgalikda tamoyildagiday ishlaganida, detallar sezilmaydi, siz esa: «Ajoyib yigit. U menga juda yoqadi. Men u g‘alaba qilishini istayman», – deysiz. Jussa haqiqati detali – bu aktyor muvaffaqiyatining maxfiy agentidir.
«Hammasini eslash kerak» («Vspomnit vsyo») filmida Shvartseneggerning qahramoni qо‘zg‘olon kо‘targan mutantlarga yordam berish uchun uzoq planetaga yо‘l oladi. Uning izidan tushishadi, о‘ldirishlari kerak. Ana shunday asosiy sahnalardan birida izidan tushgan kishilarning vakili Shvartseneggerni uning bilan sodir bо‘layotgan va u real hayot deb qabul qilayotgan narsalarning hammasi tasavvurida rо‘y berayotganiga ishontiradi. Raqib kо‘p gapiradi va ishonchli tuyuladi. Shvartsenegger ikkilanib qoladi. Bizga aniqki, agar ishonadigan bо‘lsa, uni о‘ldirishadi. Ammo u gapirayotgan kishining peshonasida bir tomchi ter chiqqanini kо‘radi. Bu esa raqibining zо‘riqayotganligini kо‘rsatib qо‘yadi. Va Shvartsenegger tushunadi: «Aldayapti!» – deydi va otadi. Katta dekoratsiya, aktyorlar, statistlar, maxsus effektlar va ularga qarshi bir tomchi ter. Jussa haqiqati detali, mana, nimalar qilishi mumkin.
«Jussa haqiqati detali dramatik peripetiya yaratadi» mavzusida talabalar qilgan bir necha improvizatsiyalarni keltiraman.
YANEK
Gunnar sevib qolgan. Uning qizi birinchi marta u bilan restoranga borayapti. Baxtli Gunnar qizi baliqqa buyurtma berganini sezmay qoladi. Ammo Gunnarda baliqqa nisbatan idiosinkraziya mavjud. U bir bо‘lak baliqni yutishi bilan uning yuzi qizarib, shishib ketdi. Uning nafasi qisila boshladi, kо‘zlari chiqib ketguday bо‘ldi. Bu о‘tkir allergiya xuruji fojea bilan tugashi mumkin. «Tez yordam» Gunnarni kasalxonaga olib ketadi. U yerda uni о‘ziga keltirishadi, oshqozonini yuvishadi, tinchlantiruvchi dori berishadi. Kechqurun Gunnar uyg‘onadi. Tanasi odatdan tashqari yengil, u soppa-sog‘ va о‘lguday och qolgan. Ko‘ylagi ustidan kasalxona xalatini tashlab, u kо‘chaga chiqadi. Tungi dо‘kondan u sosiska oldi va har bir yutum bilan uning tanasiga energiya qaytib kelayotganligini seza-seza, zavq bilan uni yeya boshlaydi.
KATERINA
Ralf dengizda suzayapti. U ajoyib suzuvchi, uzoqqa suzib ketadi. Har bir harakati unga zavq bag‘ishlayapti. U о‘zining kuchli va sog‘lom tanasi bilan baxtiyor. Kutilmaganda u yaqinlashib kelayotgan akula suzg‘ichini kо‘radi. Ralf bor kuchi bilan qirg‘oq tomon suzadi. Ammo u bilan suzg‘ich orasidagi masofa tezlik bilan qisqarmoqda. U ritmni yо‘qotadi, suv yutadi, harakatlari tartibsiz holga keladi. Suzg‘ich tobora yaqinlashmoqda. Ralfning qо‘llari suvdan kо‘tariladi. Hozirgina u suzib kelayotgan joyda qip-qizil qon dog‘i paydo bо‘ladi.
ULRIKE
Velosipedchi oxirgi kuchlarini tо‘plab toqqa bormoqda. Orqasidan uni avtomobilda trener ta’qib qilib kelayapti. Velosipedchining yuzidan ter quyilmoqda, kо‘zlariga tushmoqda, egnidagi maykasi terdan qorayib ketgan, muskullari tosh qotgan. Har biriga tosh osib qо‘yilganday. Yana bir necha о‘n metrdan keyin u holsiz yiqiladi… Ammo qiyalik tugaydi. Velosipedchi salqin tog‘ jilg‘asida yotibdi. Suv uning yuzida kо‘piklanmoqda. U rohatlanmoqda.
KILIAN
Qish. Tayga. Chang‘ida dirdiragan, xorigan, och ovchi kulbaga yetib keldi. U qip-yalang‘och bо‘lib yechindi va issiq suvli bochkada о‘tiribdi. Terlagan, bо‘shashgan, mudrayapti, tо‘laligicha rohatlanayapti. Ammo u lampadan tomchilab yog‘ oqayotganini sezmaydi. U polda oqa boshlaydi, oqim izi pechkagacha yetib keladi. Ovchi rohatlanmoqda, u issiq suvli bochkada uxlamoqda. U issiq yozni tush kо‘rayotir. U olov butun binoni egallaganda uyg‘onadi. Uni о‘chirish mumkin emas. Ovchi tashqariga otilib chiqadi. U yonayotgan kulba atrofida yuguradi. Yong‘in bо‘lib turganda u olovda isinib turgandi. Keyin nima bо‘ladi? Bu haqida yaxshisi о‘ylamagan ma’qul.
MIKO
Yigit muzlangan kо‘l ustidan bormoqda. Kutilmaganda uning ostidagi muz yoriladi. Yigit yuguradi, ammo muz yanada kuchliroq yoriladi. Yigit suvga yiqiladi. U muzning о‘tkir qirralarini ushlab oladi. Kiyimlari hо‘l bо‘lib, uni pastga tortadi. Uning boshi goh suvdan chiqadi, goh kо‘rinmay qoladi. U eng oxirgi kо‘rgan narsasi – odamlar unga tomon chopib kelishayotgani edi. Hammom. Yigit pillapoyada yotibdi va rohatlanmoqda. Uning yuzlari bug‘dan shishinqiragan, qipqizil yuzlari terdan yaltiraydi.
Jussa haqiqati detali – bu aktyor ishonchli о‘ynashining ajralmas qismidir. U bizga inson о‘z tanasi bilan faxrlanadimi yoki undan uyaladimi ekanligini tushunishga yordam beradi: Unda chо‘loqlik, surunkali kasalliklar, kasbiy odatlar singari anomaliyalar (odatdan tashqari holatlar) bormi. Uning ijtimoiy ahvoli qanaqa. U sportchilarga о‘xshaydimi. U chaqqonmi yoki imirsilanganmi.
Barcha bunday savollarni tanaga berib kо‘rish foydalidir. Agar ularga javob topa olsangiz, ekrandagi aktyorning о‘yinidan taassurot oshadi. Aktyorning atrofida detallardan tikilgan, personaj shaxsini ifodalovchi mikroolamga ega bо‘lish foydalidir.
Kiyimlarning detallari, qо‘ldagi predmetlar, yuzga yaqin bо‘lgan barcha narsalar juda yirik qilib kо‘rsatilishga arziydi. Bu detallar sahna muhitini hosil qiladi. Ba’zi kishilar о‘zlari haqida: narsalar meni yoqtirmaydi, – deyishadi. Ular doimo dazmoldan kuyib yurishadi, shimiga kofe tо‘kib qо‘yishadi, ko‘ylagini qovurilgan tuxum bilan iflos qiladilar, ularning barmoqlari hamisha siyoh bilan bо‘yalgan, yuzlari kо‘kargan holatda bо‘ladi. Boshqalar bо‘lsa narsalar bilan mohirona munosabatda bо‘lishadi. Bularning hammasi esa bizning tasavvurimiz uchun masalliqdir.
Personajlar о‘zaro konfliktga tushganlarida, ularning mikroiqlimi kurashga yordam beradi, uni kо‘rinadigan qiladi, tomoshabin hayajonini rivojlantiradi.
DETAL-TIZIM (SISTEMA)
Detallarga alohida mustaqil hayot bag‘ishlagan birinchi kishi Charli Chaplin edi. «Oltin talvasasi» («Zolotaya lixoradka») filmida Chaplin yangi yil ziyofatiga unikiga mahalliy gо‘zallar tashrif buyurishini kutadi. U uxlab qoladi va tushida mehmonlarni stol ustida sanchqilar yordamida bulochkalar raqsini ijro etib, tomosha kо‘rsatadi. Bu yerda detal, ularga an’anaviy qarash talab qilganiday, insonga nisbatan о‘lchanganda harakatning kichik bir qismni tashkil qiladi.
Ammo keyingi «Katta shahar olovlari» filmi juda katta detalni ochib beradiki, unga nisbatan Chaplinning о‘zi sanchqidagi bulochkaga о‘xshaydi. Bu detal – uyi yо‘q daydi Charli unda tungi qо‘nalg‘a topgan kо‘p figurali haykaldir.
Haykalning daydi bilan о‘ynashi Charlining kichkina detal bilan о‘ynashidan hech bir farq qilmaydi. Haykal daydi bilan xuddi daydi bulochkalar bilan, mushuk koptok bilan о‘ynaganday о‘ynaydi. Detal Charlini umidsiz holatga tushiradi, keyin keyingisiga, uchinchisiga…
Bu juda katta detalni «detal-sistema» deb atash mumkin – u bilan konfliktdagi xatti-harakatlar zanjiri bog‘langan va u foydali ishchi atamadir.
Katta detalning kichik odam bilan konflikti nihoyatda sermahsul bо‘lib chiqdi va keyingi «Yangi davr» filmida ikki-uchta biri katta, ikkinchisi – ulkan detal-sistemalarni taklif qiladi. Kattasi – ovqatlantiruvchi avtomat bо‘lib, uni qaysidir bir ixtirochi ishchilar konveyerdan uzoqlashmasdan ovqatlanishlari uchun taklif qilgan.
Charli va detal-sistemaning konflikti dramadagi har qanday jonli personajning uch aktli hikoyasi rivojiga о‘xshaydi. Dramaning uncha murakkab bо‘lmagan tamoyillarining shunisi yaxshiki, ular konflikt rivojining barcha hollariga yaroqlidir.
Birinchi sahna – ekspozitsiya. Undan avtomat qanday ishlashi aniq bо‘ladi. Tushuntirish plastinkaga yozilgan. Ixtirochi sо‘zlarni avtomatning ayrim elementlarini namoyish qilish bilan birga olib boradi. Ammo bu kamlik qiladi. Charli Chaplinni ushbu avtomatga qо‘yganda, tushuntirish takrorlanadi. Bu safar Charli bilan birga takrorlanadi. Endi har qanday ahmoqqa ham hammasi tо‘liq tushunarli bо‘ladi.
Bunday aniqlikka intilish Chaplinning shaxsiy stili emas. Ekspozitsiyadagi aniqlik – dramadagi tamoyildir. Mana, bu haqida kinematografdagi eng murakkab va sirli xatti-harakatlarning buyuk ustasi, amerika kinosidagi uch dahoning biri (bularning ikkitasi sifatida Chaplin va Orson Uells nazarda tutiladi) Alfred Xichkok nima deydi: «Aniqlik, barcha detallarni doimo aniqlashtirib borish о‘ta muhimdir». Fransua Tryuffo – kinodagi yana bir eng oxirgi bо‘lmagan kishi – Xichkokni takrorlaydi: «… hammasini maksimal soddalashtirish muhim. Kinorejissor soddalik tuyg‘usiga ega bо‘lishi kerak. Men ikki tipdagi ijodkorlarni ajratib kо‘rsatardim: sodda bо‘la oladiganlarni va murakkablikka intiluvchilarni. Kо‘pgina nozik rassomlar va ajoyib yozuvchilar ikkinchi toifaga tegishlidirlar, ammo yuz foiz tushunarli bо‘lish uchun soddalashtirish kerak». Aniq kо‘rinadigan detaldan kо‘ra aniqroq narsa bо‘lishi mumkin emas.
Hamma narsa hammaga tushunarli bо‘lganda xatti-harakatlar muammolar va murakkabliklarning ikkinchi sahnasi tomon ildamlab ketadi. Kutilmaganda avtomat uchqun chiqara boshlaydi va buzilib qoladi. Shо‘rva tarelkadan Charlining kо‘kragiga tо‘kiladi, yuziga sachraydi. Makkajo‘xori sо‘tasi barcha tishlarni qoqib olguday bо‘lib, xuddi qutirganday aylana boshlaydi. Salfetka, xuddi telbaga о‘xshab, Charlining yuzlariga ura boshlaydi. Uchinchi sahnaning kulminatsiyasi – buzilgan avtomatning butunlay halokatidir.
Qizig‘i shundaki, bu detal-sistemaning barcha detallari: shо‘rva, makkajo‘xori, salfetka – bularning hammasi uch sahnada rivojlanadi.
«Detal-sistema» rivojida quyidagi tamoyil ishlaydi: tuzilmaning ichida tuzilma, tuzilmaning ichida. Ya’ni barchasi uch sahna davomida birgalikda ishlaydi va har bir element о‘zining uch sahnalik rivojiga ega. «Avval odatdagi narsani kо‘rsat, keyin bu odatdagi narsadagi g‘ayritabiiy narsani kо‘rsat, keyin g‘ayritabiiy narsani maksimumga yetkaz». Konfliktning uch sahnali rivojlanish tamoyilini tо‘lig‘icha detallarga ham qо‘llasa bо‘ladi.
Ammo avtomatning yonida yanada originalroq narsa – ulkan konveyer kо‘rsatilgan bо‘lib, uning oldida Chaplin chumoli inidagi chumolidan katta emas. Bu konveyer ham detal-sistema sifatida harakat qilib, konfliktni uch sahnada rivojlantiradi.
Dastlab qiziqarli epizodlar silsilasida ishchilardan terni siqib oluvchi sistema sifatida namoyish qilinadi.
Keyin – 2– sahnadagi murakkablashuv – Charli konveyerning ichak-chavog‘iga tushib qoladi, gо‘yoki ular tomonidan tirikligicha yeb tashlanadi, ulkan fantastik mashina shesternyalari orasida paydo bо‘ladi. Sistema uni xuddi konveyer detali singari о‘zi orqali о‘tkazadi.
Va nihoyat uchinchi sahna: Charli aqldan ozadi, portlashlar va mutlaq betartibliklar bilan sexda halokatni yuzaga keltiradi.
«Detal-sistema» – bu g‘oya anchagina an’anaviydir. О‘z vaqtida Xichkok: «Men mumkin bо‘lgan hollarning barchasida mahalliy anturajni (tevarak-atrofdagi narsalar, odamlar, muhitni) ishga solaman. U menda nafaqat fon sifatida xizmat qiladi, balki dramaturgik tarzda о‘ynaydi. Kо‘llarda chо‘kishadi, Alplarda esa tubsiz jarliklarga qulashadi», – degan edi.
Siz sahroda ketayapsiz. Dastlab sizga yengilgina shamol ta’sir qiladi, oyoqlaringiz barmoqlarini qum erkalaydi. Ammo tushga yaqin tepadan ayovsiz quyosh kuydiradi, oyoqlar bilqillab turgan qumga chо‘kadi, ter kо‘zlarni qoplab oladi. Tashnalik azob beradi, sarob aldaydi – siz adashdingiz, sizning halok bо‘lish xavfingiz bor.
Bu sahroni «detal-sistema» sifatida rivojlantirish mumkin. Unda uch sahnali konflikt tamoyili va «umiddan umidsizlikkacha» peripetiya tamoyili amal qiladi. U sizning konfliktdagi dushmaningizdir.
Baxt keltiruvchi «detal-sistema»ga misol bormi? «Yon, yon mening yulduzim» filmida bu rassomning, qishloqlik tasvirchi va suvoqchi Fedyaning uyi bо‘lib, unda qahramon maksimal baxtiyor bо‘ladi. Olmazor bog‘da hidli dub yaproqlari qо‘yilgan issiqqina hammom bor. Kulbadagi stolda bug‘i chiqib turgan qisqichbaqalar va bir shisha samagon turibdi. Butun devorlarga jannat bog‘lari chizib tashlangan va rassomning kartinalari tig‘iz osib tashlangan. Ularning barchasida kamalak nur sochib turibdi. Kamalak – sevishganlarning qayig‘i, kamalak – xо‘rozning dumi, kamalak – tо‘y chanalarining yoyi, kamalak – bug‘doy dastasi, polda esa, xuddi о‘tloqdagiday, barra maysalar о‘sib yotibdi.
«Muhit detal-sistema sifatida» mavzusi bо‘yicha talabalarning bir necha mashqi.