Читать книгу "Кинода режиссура ва драматургия"
VOQEA VA AXBOROT
Biz tomoshabinga yetkazishni istaydigan barcha axborot, qо‘pol qilib aytganda, ikki kategoriyaga bо‘linadi. Voqeani olg‘a tomon itaradigan axborotlar – о‘q axborot. Emotsional muhit, psixologik teranlik, real voqeaning asoslanganligi va psixologik ishonchlilikni vujudga keltiradiganlari esa – taklif etiladigan vaziyatlar axborotlaridir.
О‘q axborotlarni biz eng kam miqdorga keltirishga harakat qilamiz. Tomoshabin qancha kam narsani bilsa, uning yangi narsani bilish istagi shuncha kuchli bо‘ladi. Demakki, voqealar rivojini shunchalik katta diqqat-e’tibor bilan kuzatadi. Bayon qiluvchining vazifasi, birinchidan, о‘q axborotni elakdan о‘tkazish va uni tomchimatomchi siqib chiqarish. Ikkinchidan, yodda tutishi kerakki, dramada axborot – bu hissiyotlar uchun faqat sababdir. Biz asosiy kuchg‘ayratimizni hikoyadagi hissiyotlarni rivojlantirish uchun qо‘llaymiz.
Kerakli axborotni voqealarsiz, kimningdir monologida bildirishdan osoni yо‘q. Filmda biz asosiy kuch sarflaydigan narsalar: murakkab texnika vositasida, katta xarajatlar evaziga va personajlarning turlituman xatti-harakatlari evaziga olinadigan о‘nlab kadrlar orqali aytmoqchi bо‘lgan narsamizni sо‘z orqali aytish uchun ikki og‘iz ibora kifoya.
Shuni bilish kerakki, tomoshabin qiyinchiliksiz oladigan axborot uning hissiyotini qо‘zg‘ash uchun hech qanday qimmatga ega bо‘lmaydi. Bunaqa axborot tomoshabinlarni film olamiga jalb qilmaydi: tomoshabin sо‘zlarni eshitadi, ammo bu sо‘z unda javob reaksiyasi qо‘zg‘atmaydi. Strukturalistlar uni «lippillab о‘tuvchi axborot» deb atashadi: personajlar tomonidan aytilgan sо‘zning faqat 2%i tomoshabinning yodida qoladi. Bu isbotlangan fakt.
Tomoshabin xotirasiga о‘tirib qoladigan va tо‘planib boradigan «davom etuvchi axborot» konfliktga jalb etilgan personajlar harakati bilan bog‘liqdir. Axborot ekranni tomoshabinlarga aylantirishda sizga yordam berishi uchun u konflikt rivoji bilan bog‘langan bо‘lishi kerak. Qahramonlar kurashishadi, siz esa qadam-baqadam ular bilan birga axborot olasiz. Shunda siz ular bilan birga yashaysiz.
BIT
Voqeadagi harakatning eng oddiy birligi bit – maqsadga erishish uchun zarur bо‘lgan elementar birlikdir. Voqeadagi harakat bitdan-bitga konflikt rivoji orqali boradi. Bitlardan voqea tuziladi.
Agar bit qandaydir natijaga olib kelmasa, personaj о‘z dunyosini tartibga keltiradi va keyingi bitni qо‘llaydi.
Ayni shu paytda har bir bit – mittigina voqeadir. Men maqsad sari bir qadam qо‘ydim, kichkinagina bir tо‘siqni oshib о‘tdim va nimanidir bildim. Endi men maqsad sari keyingi qadamni qо‘yaman. Bunga javoban raqib ham maqsadi sari о‘z qadamini bosadi. Bunga men о‘z maqsadim sari qо‘yilgan qadamim bilan javob beraman…
Har bir mana shunday qadam bizga personajlar haqida nimanidir bayon qiladi va biz konfliktdagi harakat orqali xarakterni tushunamiz. Qadam-baqadam ular maqsad sari eltadilar, biz esa bit orqasidan bit tarzida bu haqda axborot olamiz. Savol – javob – savol – javob – shu tarzda biz axborot olamiz. Agar bundan keyin nima bо‘lishi bizga qiziq bо‘lmasa, savolga javobning ham hojati yо‘q. Bizning voqeaga qiziqishimizni tortmagan personajlarning harakatlari bizga hissiy ta’sir о‘tkazmaydi.
Eng yaxshi axborot – kо‘rish orqali olinadiganidir. Bizning kо‘rganlarimiz eshitganlarimizdan ancha ishonchliroq: biz harakatni kо‘ramiz, bu esa xarakterni sо‘zdan kо‘ra yaxshi ochib beradi.
Bit – sahna ichidagi tuzilmaning eng kichik birligidir. U xattiharakatning elementar zarrachasi bо‘lib, personajning bosh maqsad yо‘lida nimaga erishishni xohlagan bо‘lsa, shunga erishishga yordam beradi. Bit maqsadga erishish uchun xizmat qilar ekan, biz undan foydalanamiz. Agar biz voqeani bitdan-bitga tomon tizib chiqadigan bо‘lsak, bizda tomoshabinni hikoyaning hissiy dunyosiga jalb qilish imkoniyati bо‘ladi.
Film personajlari qiyinchilik bilan, kurasha borib, tо‘siqlar osha oladigan axborot hammasidan yaxshi ta’sir kо‘rsatadi. Tomoshabin ular orqasidan diqqat bilan kuzatib boradi va bunday axborotning har bir tomchisini qadrlaydi, chunki u hayajon, kutish, hamdardlik qilish hissiyotlari bilan qizitilgandir.
Har qanday holda ham harakat va sо‘zning nisbati tо‘rtdan bir qismdan oshmasligi kerak: 75% – kо‘rgan paytning о‘zidayoq, sharhsiz tushunarli bо‘ladigan harakatlar, 25% – xatti-harakatlar motivini tushuntiradigan sо‘zlar. Bunday nisbat bizning voqealar dunyosiga jalb etilishimizni kafolatlaydi. Bu degani – harakatlarni о‘ylab toping, sо‘z о‘zi keladi deganidir.
Voqea – filmning hissiy axboroti tomoshabin ongida о‘rnashib qoladigan eng yaxshi yо‘ldir.
Agar voqeadagi xarakterning harakatiga hamdard bо‘lsak, film dunyosi shaxsiy tajribamizning bir qismi bо‘lib qoladi. Voqea – harakatlarga о‘ralgan axborotdir.
AXBOROT VA TAKLIF ETILADIGAN HOLAT
О‘q axborotning ixchamlashuviga (minimizatsiyasiga) misolni har qanday muvaffaqiyatli filmda kо‘rish mumkin. Bu ommaviy madaniyatning postulatidir.
Mana, masalan, «Yetti» deb nomlangan qora triller. Badkirdorqotil gunohlarining miqdoricha bо‘lgan yettita qotillikni amalga oshiradi. Birinchi murdani politsiyachi kvartiradan topadi. Hamma narsa xuddi xomsemiz kallasi bilan shо‘rva tо‘la tarelkaga, balki yurak xuruji tufayli, yiqilib о‘lganga о‘xshaydi. Sekingina biz о‘ldirilgan kishining yog‘li tanasiga va xonaning kir-chir jihozlariga kо‘z yugurtiramiz. Ikki daqiqalardan keyin murdaning oyog‘i bog‘langanligi ma’lum bо‘ladi. Keyin, tirik tanadan bir necha bо‘lak gо‘shti kesib olinganligi aniqlanadi. Besh daqiqa oldin biz deyarli hech narsa bilmasdik, ammo filmning zim-ziyo, sirpanchiq, iflos-rutubatli, noma’lum xavf-xatarni yashiruvchi muhitiga kirib bordik. О‘n daqiqalardan keyin politsiyachilarni navbatdagi murdaga chaqirishadi. Polda murdaning oldida qurbon bо‘lgan kishining qoni bilan yirik qilib «Ochkо‘zlik» deb yozib qо‘yilgan. Faqat shundan keyin politsiyachilar birinchi kvartiraga qaytib kelishdi va hojatxonada bachokda «Yeb tо‘ymaslik» degan yozuvni topishdi. Endi bizga, xuddi ularga ma’lum bо‘lganidek, bu ikkala qotillik bir savdoyi-vosvos tomonidan amalga oshirilganligi aniq bо‘ldi. Politsiyachilar, havas qiladigan darajada befarosatlik kо‘rsatib, bu ikki qurbonni sekin-asta oldindan faraz qilingan yetti qotillik qatoriga umumlashtirishadi. Uchinchi qotillik ularning farazini tasdiqlaydi. Voqealar boshlanganiga yarim soat bо‘ladi va bizning diqqatimiz oxirigacha taranglashadi. Biz bu badkirdor kim ekanligini bilishni istaymiz. Bundan keyin u nima qilar ekan?
Biz yana nimalarni bilib oldik? Shaharning iflos kо‘chalarini va g‘ira-shira yoritilgan xonadonlarini, charchagan politsiyachilarni, ezib yog‘ayotgan yomg‘irni. Agar bizning diqqatimiz gipnozlanganday bu sirli va tushunarsiz qotilliklar zanjiriga tortilganligini e’tiborga oladigan bо‘lsak, bular unchayam kam narsalar emas. Gipnoz muhit bilan vujudga keltiriladi. Axborot haqida ishonch bilan u eng kam miqdorga keltirilganligini aytish mumkin. Bu kam miqdor esa juda mayda bо‘laklarga ajratilgan. Har bir bо‘lak axborotni politsiyachilar katta qiyinchilik bilan topishadilar. Biz ham buning uchun ulardan minnatdor bо‘lamiz. Boshqacha bо‘lishi mumkin ham emas, axir biz nimalardir bilib oldik-ku.
Mana, yanada mashhurroq bо‘lgan boshqa film – «Terminator». Shaharga osmondanmi yoki boshqa qayerdandir yalong‘och odam tushib keladi. Orqasidan – yana bittasi. Biri kambag‘al kishidan jinsisini tortib oladi, ikkinchisi –egasini о‘ldirib jinsisini oladi. Biri telefon daftarchasida Sarra Konnor deb yozilgan barcha ayollarni birin-ketin о‘ldira boshlaydi. Ikkinchisi qotilni ortidan quvib boradi. Hammasi shu. Bu ikkalasidan biri odam-robot ekanligini bilib olishimiz uchun yarim soat о‘tadi. Robotning amalda yо‘q qilib bо‘linmasligini bilish uchun yana о‘n daqiqacha о‘tadi. Mana shu о‘n qatorlik axborot filmga butun dunyoda muvaffaqiyat keltirgan hayratomuz tryuklar, aql bovar qilmaydigan quvdi-qochdilar, odatdan tashqari tarang sahnalar uchun imkon beradi.
Barcha bu quvdi-qochdilar, olishishlar, tryuklar voqealar zanjiriga yig‘ilgan. Har bir voqeadan bizning hayajonlangan miyamizga kichik bir tomchi axborot zо‘rlab kiritiladi. Biz ancha kо‘p narsalarni bilgimiz keladi va ekranga mixlanamiz.
Ommaviy san’atning bu ustalari tomoshabin diqqatini shunchalik ustakorlik bilan boshqarishni qayerdan о‘rgandilar ekan? – degan savol tug‘iladi.
Javobimiz shu: Shekspirdan. U bunday narsani ulardan yomon qilmasdi, ammo ulardan uch yuz yil avval buni qila olardi.
«Gamlet»ning hal qiluvchi sahnasi – «Qopqon». О‘q axborot minimal darajada. Qirol Gamletning shubhalarini tasdiqlashi lozim. Ammo bu – uzoq muddatli tekshirishlar natijasi va Gamletning harakatlaridagi burilish payti. Bundan keyin Gamlet qо‘liga qasos qilichini oladi. Bu muhim voqea. Gamlet oladigan axborot о‘ta hayajonli bо‘lishi lozim.
Qarang, Shekspir voqeaga qanday katta chigal kalavani kiritgan. Saroyga sayyor aktyorlar kelishadi. Gamlet ular bilan bо‘lajak spektaklni mashq qiladi. Dramaning barcha qatnashchilari yig‘ilishadi. Markazda – Qirol va Gamlet. Maxsus yozilgan musiqa yangraydi. Aktyorlar tomoshani о‘ynashadi. Bularning barchasi tashvishli kutishning qaysidir bir soniyasida Qirol qо‘rqqanidan sakrab о‘rnidan turishi va qochib qolishi, Gamlet esa jinoyatni tergov qilishdagi g‘alabasini tantana qilishi uchun edi.
Yо‘l-yо‘lakay biz Shekspir qanday aktyorlik о‘yinini yaxshi, qaysilarini yomon deb hisoblashi haqida kо‘pgina qiziqarli narsalarni bilib olamiz. Biz quvnoq sayyor aktyorlarning yorqin figuralarini kо‘rishimiz mumkin va Gamletning niyatlariga saroy ahli qanday munosabat bildirganligiga e’tiborimizni qaratamiz. Bularning hammasi voqea markazini hayotiy tarovat bilan о‘raydi.
Voqea qanday unsurlardan tashkil topadi? Qirolning xattiharakatlari va uning harakatlaridagi о‘tkir dramatik peripetiyadan. Shuningdek, bulardan tashqari – aktyorlarning harakatlaridan, aktyorlar tomonidan о‘ynaladigan spektaklning bezatilishidan. Saroy a’yonlarining xatti-harakatlaridan. Ularning spektaklga va Qirolning harakatlariga javoblaridan. Saroyning bezaklari, barcha qatnashchilarning kiyimlari, rekvizit predmetlari, musiqa va yorug‘likdan. Kо‘ramizki, dramaning badiiy teranligida voqeaning lо‘nda о‘q axborotini о‘rab oluvchi taklif etiladigan holat katta rol о‘ynar ekan.
Bularning hammasi har xil rejissorda g‘oyat turli-tuman kо‘rinishga ega bо‘ladi. Bunday tafsilotlarda nafaqat rejissorning madaniyati va tasavvuri, balki takrorlanmas shaxsiyati ham namoyon bо‘ladi. Bularning hammasi voqeaning ruhiyati vujudga keladigan materialdir.
Bu hissiyotlarni biz taklif etiladigan holatlar axboroti orqali rivojlantiramiz. О‘q axborotdan farqli holda, bunday axborotlarga iloji boricha kо‘proq ega bо‘lish yaxshi. Aytish mumkinki, hikoyangizga bunday axborotlarni qancha kо‘p joylashtirsangiz, hikoya yoki filmingizning badiiy saviyasi shuncha yuqori bо‘ladi.
Voqea sizga hikoyada taklif etilgan holatlar haqidagi eng kо‘p axborotni yig‘ish imkoniyatini beradi. Voqeada ular sochilib ketmaydi, balki gо‘zal bir qurilmani paydo etadi.
Taklif etiladigan holatlar – siz hikoyangizga olib kiradigan hayot haqidagi takrorlanmas shaxsiy taassurotlaringizning yig‘indisidir. Siz tomoningizdan hikoyaga kiritilgan, taklif etilgan holatlar qanchalik original va hayotiy bо‘lsa, siz shunchalik ijodkorsiz. Hikoyani tayyorlashda sizning aqlingiz va kasbingizga naqadar usta ekanligingiz namoyon bо‘ladi. Ammo hech qanday tajriba hayotni shaxsan tafsilotlari bilan bilish boyligining о‘rnini bosa olmaydi. Hikoyaning tafsilotlarini bilmasdan ifodalangan xira va taxminiy dunyosi muqarrar ravishda siyqalikka olib keladi.
Shuni hisobga olish lozimki, har qanday hikoyaning dunyosi kichik, ammo sig‘imli bо‘lishi kerak. Agar siz bu dunyoni butun tafsilotlari bilan bilsangiz, tabiiyki, siz voqealarni aniq tanlay olasiz. Jonli va yangi detallar bilan tо‘liq bu olamning tomoshabinlar bilan hissiy bog‘lanishiga umid qilish mumkin. U boy va teranlik kasb etadi.
«Taklif etiladigan holatlar» atamasini rejissorlik amaliyotiga Stanislavskiy kiritgan. U Pushkinning mashhur «Taklif etiladigan holatlarda ehtiroslar haqiqati, sezuvchanlikning haqiqatga yaqinligi – bizning aqlimiz dramatik yozuvchidan mana, nimani talab qiladi», – degan iborasini biroz о‘zgartirdi.
Ammo bizning ishimizda holat nafaqat taxmin qilinadi, balki hikoya yozilganidan keyin va film postanovkasida amalga oshirilayotganida ham taklif qilinadi.
Stanislavskiy rejissorni, ijrochilarni va tomoshabinlarni nimalar birlashtirib turishi lozimligining juda keng doirasini chizib beradi.
«Taklif etiladigan holatlar – bu aktyorlarga ular о‘z ijodlari davomida e’tiborga olishlari taklif etiladigan narsalar – pyesaning fabulasi, uning faktlari, voqealari, davri, vaqti va voqealar о‘tadigan joy, hayotiy sharoitlar, bizning pyesani aktyorlik va rejissorlik jihatidan tushunishimiz, unga о‘zimizdan qо‘shadigan narsalar, mezansahnalar, postanovka, rassomning bezaklari va kostyumlari, buteforiyalar, yoritish, shovqinlar, tovushlar va boshqalardir».
Agar tomoshabin voqeaga ishonib: «Ha, haqiqatan ham shunday bо‘lgan edi», desa – taklif etiladigan holatlar ish bergan bо‘ladi.
G‘ayrioddiy taklif etilgan holatlarda yangi va zamonaviy g‘oya bо‘lishi mumkin. Bir safar Anatoliy Vasilyevich Efros shunday degan edi:
«Gamlet» uzluksiz karnaval paytida qо‘yilganida edi.
– Qanday qilib? – tushunmadim men. Nazarimda g‘amginlik tragizm va falsafadan ajralmaydiganday edi. – U yerda qanaqa о‘yinkulgi bо‘lishi mumkin?
– Zо‘r! Qirol g‘alaba qildi, akasini о‘ldirdi va mamlakatni chо‘ntagiga soldi. Hammani kо‘nglini olishi, xursand qilishi kerak. Ammo asosiysi – uning о‘zi tinchlana olmaydi.
– Qirolicha unga erkak sifatida о‘lgiday shaydo, u ham qirolichani bag‘riga bosadi. Xursandchilik qiladi – ichadi va raqs tushadi. U sog‘lom, beor, hayotiy quvvatga tо‘liq. Gamlet о‘z surishtirishlarini olib boradi, muammolardan qiynaladi. Atrofda esa tunu-kun telbalarcha о‘rta asr diskotekasi davom etadi.
Mana sizga g‘ayrioddiy taklif etiladigan holatlar orqali keladigan original rejaning urug‘i. О‘rta asr saroyining tungi klubidagi tomoshalarda motom va о‘ylamasdan qilinadigan kо‘ngilxushliklar, bir joyga tо‘plangan fikr va bema’ni o‘yin-kulgilardan dramatik peripetiyalar о‘sib chiqib, undan barcha emotsional qarama-qarshiliklar kuchayishi mumkin.
RAXNA JARLIKDAN CHIQIB OL
Har qanday kishi hayotda doimo kichik raxnalardan sakrab о‘tib turishi yoki katta raxnalardan qiyinchilik bilan tirmashib chiqishi lozim bо‘ladi:
oylikkacha pul yetmaydi…
pо‘stin olishga pul yetmayapti…
«jip» olishga pul yetmayapti…
neft magnati bо‘lish uchun Billon yetishmayapti…
kо‘proq pul ishlamoqchi edim, ammo borini ham yо‘qotdim…
о‘qimoqchi edim, ammo men va institut orasida raxna – mengacha bir о‘ringa topshirgan 53 nomzod qazigan raxna bor. Mening о‘rnimga topshirgan! Ularning hammasi mening о‘rnimga u joyni egallamoqchi. Karera qilishim uchun men bu raxnadan о‘tib olishim kerak.
Gullab-yashnayotgan idoradagi VIP ga intilayotgan g‘ayratli boshliqda ajoyib referentlik о‘rni mavjud. Ammo men va u ish о‘rtasida raxna – menga yoqmaydigan qiliq – bor! Raxna axloqiy tanlovni amalga oshirishni talab qiladi, u xarakterlarni ochadi.
Oddiygina, ammo istiqbolli ish bor. U yerda mening bilimlarim kerak. Men u joyni egallayman, chunki mening orqamda besh yil davomida men yengib о‘tgan raxna: 50 imtihon va yuzlab referatlar qoldi. Bularni filmda biz faqat bir daqiqa ichida kо‘rsatamiz.
Mening oldimda men kurashayotgan qо‘rqinchli maxluq turibdi. Orqamda men о‘tib olgan raxna bor: 100 kishi bungacha meni о‘ldirishmoqchi edi, ularning hammasi qayerga ketdi?! Raxnani yengib о‘tish qahramonning g‘alaba qilishiga ishonchini mustahkamlaydi.
Odatda hech bir narsa biz istaganday yoki rejalashtirganimizday amalga oshmaydi. Maqsad sari yо‘l raxnalar orqali о‘tadi. Drama faqat har bir kishining hayotida bilinadigan bu onlarni sharhlaydi, xolos. Drama energiyasining rivojlanishida raxnalar muhim rol о‘ynaydi.
RAXNA VA HAYOTDAN OLINGAN HIKOYA
«Ekipaj» filmi Rossiyada barchaga ma’lum. Televideniyedagi son-sanoqsiz namoyishlar, turli kо‘rsatuvlardagi parodiyalar, ommabop dasturlardagi iqtiboslar va zastavkalar… Ammo bu film ekranga chiqqan paytda yopirilib kelgan muvaffaqiyat oldida hech narsa emas. Rossiyaning kichik qishloqlarida uni qishloq aholisidan kо‘ra kо‘proq kishilar tomosha qilgan, chunki bolalar filmga 3-4 martalab yugurishganlar. Katta shaharlarda navbat kinoteatrlar atrofida bir necha qatorlarni tashkil qilgan.
Qizig‘i shundaki, bu film tasvirga olishning birinchi kunlariyoq halok bо‘lishi lozim edi. Raxna bizning oldimizda turgan tubsiz jarlikni ochib berdi va amalda bizni о‘z о‘pqoniga oldi.
70-yillar oxirida men birinchi sovet halokat filmi – «Ekipaj»ni olmoqchi bо‘ldim. Pul oz edi, ammo Aeroflot bizga yordam berdi. Uchish vaqtini о‘tab bо‘lgan va Domodedovo aeroportining oxiridagi samolyotlar qabristonidan joy olgan katta TU-114 samolyotini tekinga berdi. U harakatlana olmasdi. Men shunday qarorga keldim: aerodromda, samolyot atrofida aerovokzal dekoratsiyasini quraman hamda samolyot va aerovokzalni birgalikda portlatib yuboraman. Bunday katta о‘lchamli tryuklarni u paytlar hali hatto amerikaliklar ham qilmas edilar. Asr kadri bо‘ladi. Ushbu ulkan yong‘in fonida esa kо‘plab qiziqarli tryukli sahnalarni tasvirga tushiraman.
Uchuvchilar menga shundaygina samolyotlar qabristoni yonida, uchish polosasining xuddi о‘zida dekoratsiya qurishga ruxsat berishdi. Bizning baxtimizga u ta’mirlash uchun tо‘xtatilgan va 4 oydan buyon ishlamayotgan edi.
Kо‘tarinki ruh bilan ishga shо‘ng‘idik. Ammo bizga xavf raxna solayotgandi: bu yozda Moskvada Olimpiada о‘yinlari rejalashtirilayotgan edi. Qurilishlarda yaxshi haq tо‘lanar, shu tufayli hamma о‘sha yerda ishlayotgandi. Bizning dekoratsiya esa naridan-beri qurildi. Uning qurilishiga 15 sutkaga qamalgan aroqxо‘rlar haydab keltirilgan edi. Soat ertalabki 11 largacha ular nimadir qilishardi, dо‘konlarda aroq sotadigan bо‘limlar ochilishi bilan ichib olishib, maysa ustiga ag‘nashar edi.
4 oy о‘tdi va xatar о‘z changalini ochdi. Aerodrom xо‘jayinlari kelib:
– Uch kundan keyin uchish polosasida bо‘lishingiz jinoyat hisoblanadi, sizga jarima yoki 6 oylik turma xavfi bо‘lishi haqida imzo chekinglar. Uchish polosasi tayyor bо‘ldi, – deb qolishdi.
– Dekoratsiyalar nima bо‘ladi?
– Biz ularni buzamiz.
– Axir biz ularni hali qurib ham bо‘lganimiz yо‘qku. Keyin, biz unda uch hafta davomida tasvirga olishimiz kerak bо‘ladi.
– Uch kun, bir kun ham ziyod emas. Dekoratsiyalarni tekislaymiz va о‘rniga asfalt yotqizamiz.
Biz esa bu dekoratsiyaga filmning barcha mablag‘ini sarflagan edik. Asr kadrini tasvirga olishni orzu qilgan edik. Bizga butunlay yutqazish xavf solayotgan edi. Ammo ushbu muddat xavfi boshqarish yoki moslashish deb ataluvchi narsani yuzaga keltiradi. Biz istaklarimizni reallikka moslashtiramiz, о‘z xatti-harakatlarimizni о‘zgartiramiz.
Biz yong‘in butun dekoratsiyani qamrab olganda siyenani (siyena – tabiiy sariq bо‘yoq) tasvirga ola boshlaymiz, deb qaror qildik. U qurib bitkazilgan yoki bitkazilmaganligini kim ham bilib о‘tiribdi? Yong‘in fonida samolyotni portlatamiz. Bu dahshatli kelishuv edi, boshqa chora ham yо‘q edi. Har holda, lovullab yonayotgan aeroport va haqiqiy samolyotning portlashini aks ettiruvchi noyob kadr qoladi.
Buning uchun bizga 6 tonna yonilg‘i kerak bо‘ladi: 2 tonnasini dekoratsiyaga joylaymiz, 2 tonasini aerodrom va samolyot о‘rtasidagi maydonga quyamiz, 2 tonnasini samolyotga quyamizki, u portlasin.
3 sisternya yonilg‘i kelishi kerak edi. Ertalabdan kutayapmiz, ammo birgina sisternya keladi.
– Qolganlari qani? – deb sо‘rayman.
– Boshqa bо‘lmaydi. Aytishlaricha kо‘p sо‘rayotgan ekanmiz. Bundan kami ham bо‘lmaydi. Unda yong‘in chiqmaydi. Vaqt tiqqillab о‘tib bormoqda. Konflikt taranglashmoqda. Yangi raxna paydo bо‘ldi. Bu raxnadan о‘tish uchun yana yangidan moslashtirish, о‘z maqsadlarimizni voqelikka muvofiqlashtirish, xatti-harakatlarimizni о‘zgartirishimiz lozim.
Birgina sisternyani samolyotga sepdik, kerosin shamolda uchib ketmasligi uchun eshiklarni mahkam bekitdik. Men esa studiya fondidan yana 4 tonna berishlariga boshliqlarni kо‘ndirish uchun studiyaga yugurdim. Iqtisod qilish rejaga kо‘ra amalga oshirilgandi, hammasi oldindan taqsimlab chiqilgan edi. Bozordan yonilg‘i sotib olish – jinoyat edi. Keyinroq operator menga:
– Men sening orqangdan boshliqlar kabinetlariga kirib chiqdim, ular xoxolab kulishib: «Bu yerda hozirgina «sening» rejissoring raqsga tushdi, tomosha kо‘rsatdi. Hammani kuldirdi» deyishdi – dedi.
Men ularni juda qiziq narsa tasvirga olinishiga, asr kadri chiqishiga ishontirmoqchi bо‘lgan edim. Oxiri kо‘ndirdim. Ertaga zaxiradan yana 2 sisternya berishni va’da qilishdi.
Bu raxnadan ham sakrab о‘tdik. Baxtli yakunni kutayapmiz. Tunda olovsiz sahnalarni tasvirga oldik. Kunduzi men uxlay olmas edim. Biz bugun asr kadrini tasvirga olishimizni sezib turibman.
Hayajonlangan holda aerodromga borayapman, ortimdan benzovozlar og‘ir nafas olib kelayotir. Aerodromga kirishda meni qorovul boshlig‘i qarshi oldi. Men unga:
– Tasvirga olishga keling. Samolyotni portlatamiz. Bunaqasini kо‘rmagansiz! – dedim.
– Yana bittasinimi, – sо‘raydi qarovul boshlig‘i. – Albatta kelaman. Xotinim ham keladi.
– Yana bittasini? – men tushunmay sо‘rayman. – Bizda bor-yо‘g‘i bitta samolyot bor.
– Unda haligina anusini kim portlatdi? Juda zо‘r bо‘ldi. Bizning derazalarimiz tо‘kilib tushay dedi.
– Bо‘lishi mumkin emas. Biz kechqurun tasvirga olamiz…
– Hazilkash-ey, – barmoqlari bilan menga pо‘pisa qildi boshliq. – Ana, sizning tasvirga olish ishlaringiz avjida.
Haqiqatan ham kо‘ramanki, uchish polosasining eng oxirida nimadir alangalanayapti va xuddi feyerverk kabi yorqin yulduzchalar chiqarib portlayapti. Haydovchiga «tezroq» demoqchi bо‘laman, ayta olmayman, faqat qо‘lim bilan ishora qilaman, xolos. Shu payt qarshimdan yugurib kelayotgan adminstratorni kо‘raman. Yugurib kelayapti – afti un sepilganday oppoq.
– Hayajonlanmang! Qichqirmang, – deydi u, og‘ir nafas olib. Mening qichqirish tugul ma’rashga ham majolim yо‘q edi. Tomog‘imga tosh tiqilgan. Qо‘lim bilan havoda savol alomatni chizaman: «Nima bо‘ldi?»
– Samolyot portladi.
Xoh ishoning, xoh ishonmang, bunday yangilikdan keyin ichimda bir narsa uzilib ketdi, shu ondayoq uxlab qoldim. Anig‘i, bir necha sekundgina uxladim, ammo yaxshi esimda, xuddi birov silkitganday uyg‘onib ketdim – mashina tо‘xtab qoldi. Men xuddi butun tun uxlaganday yengil va shodon edim. Mening bevosita rо‘paramda samolyot kо‘zni qamashtiradigan darajada yorqin yonayotgandi. Samolyotning shassisida magniyli qotishmalar qо‘llaniladi. Ularni alangalatish qiyin, ammo yonganidan keyin ular turli-tuman rangdagi uchqunlar chiqaruvchi feyerverklar sochadi.
Ammo hali kunduz edi. Tasvirga tushiriladigan tungacha hammasi yonib bо‘ladi.
– Nima bо‘ldi?
Sahar payti pirotexniklar samolyot eshigini ochishadi, salon benzin bug‘i bilan tо‘yingan va havo bilan tо‘qnashish natijasida о‘z-о‘zidan yong‘in chiqqandi. Bunaqa narsalar ba’zi-ba’zida bо‘lib turadi.
Bizga qolgan narsalarning bori – qurib bо‘linmagan dekoratsiyalar, tasvirga olish kerak bо‘lgan uch tun. Yana kо‘pgina bekorga tayyorlangan tryuklar. Bularning barchasi orzuyimizga qilingan parodiyaga о‘xshardi. Biz raxnaga qulagan edik. Yana yangidan hammasini sozlab, yangi raxnani yengib о‘tish lozim edi. Odamlar kelishadi. Ish boshlanishi kerak. Demak, chorasizlikni yashirish, yuzga tabassumni kiyib olish va holatning ishonchli xо‘jayini bо‘lib kо‘rinish lozim.
– Dekoratsiyalarni tasvirga olishga tayyorlang, – deyman pirotexniklarga. – Aeroportning olovli devori oldida nimani olishning imkoni bо‘lsa, tasvirga olamiz. Uni uch bо‘lib yondiramiz.
Qoidaga kо‘ra personaj holatni yana bir marta tartibga keltirdi yoki unga moslashdi. Endi u yangi harakatni amalga oshirishga urinadi. U atrof-olam bu safar biz bilan birga ishlashiga umid qiladi. Shu tariqa raxnadan о‘tib olinadi.
Hamma tushkun kayfiyatda edi. Birdan-bir chin dildan xursand bо‘lgan kishi bosh о‘t о‘chiruvchi edi. Bо‘lmasamchi! Uning о‘t о‘chiruvchilari birorta ham uchqun dekoratsiyalarga uchib о‘tmasligi uchun samolyotni suv halqasi bilan о‘rab olgandi. Butun bir oy davomida tasvirga olishda uchta о‘t о‘chirish mashinasi navbatchilik qilgan, ularga esa hech bir ish bо‘lmagan edi. Birdaniga ajoyib holat yuz berdi – dekoratsiyalarni saqlab qoldilar. U birdaniga о‘zini eng asosiy odam deb his qila boshladi, mendan nari ketmasdi – u tо‘lagina, qipqizil, sevinchdan yuzidan nur porlab turardi. Yuziga g‘amgin tus bermoqchi bо‘lar, qovoqlarini uyar – har holda odamlar g‘am ichida qolgandida – ammo olovni yenggan kishi tabassumidan hech о‘zini tiya olmasdi. Uni maqtab qо‘yish, bugun о‘t о‘chiruvchilardan kо‘p narsa bog‘liq ekanligini aytib qо‘yish kerak edi.
– Rahmat sizlarga, о‘t о‘chiruvchi dо‘stlar. Bugun biz sizlarning yordamingizga umid qilamiz. Butun tun tasvirga olish jarayonida olov hech о‘chmasdan alangalanib turadi. Bizga har qachongidan kо‘ra kо‘proq yordamingiz kerak bо‘lishi mumkin.
– Ha, ha, – boshini qimirlatadi baxtiyor о‘t о‘chiruvchi.
– Biz dekoratsiyani uch qismga ajratamiz. Ularning har birini navbat bilan tasvirga olamiz. Bu degani – dekoratsiya uch tun davomida yonadi. – Men unga uch barmog‘imni kо‘rsatdim, u boshini qimirlatdi.
– Ha, ha, – dedi va о‘zi ham uch barmog‘ini kо‘rsatdi.
– Olov fonida biz artistlar va kaskadyorlar ishtirokidagi sahnalarni tasvirga olamiz. Sizlar esa, о‘t о‘chiruvchi dо‘stlar, dekoratsiyaning orqa tomonidan uning qolgan qismiga suv sepasizlarki, u aslo yonib ketmasin. Biz dastlabki uchdan bir qisimi oldida tasvirga olayotgan paytda qolgan ikki qism yonib ketmasligiga e’tibor beringlar. Keyin biz dekoratsiyalarning ikkinchi qismini tasvirga olamiz. U yonadi, bu paytda oxirgi – uchinchi qismini olovdan saqlang.
– Ha, ha, – kallasini qimirlatadi qip-qizargan о‘t о‘chiruvchi.
Tunga yaqin birinchi qism dekoratsiyaning olovli devori alangalandi. Tasvirga olish boshlandi.
Birinchi kadr: deraza romini teshib о‘tib, odamlar bilan tо‘la avtomobil maydonga chiqib keldi.
Ikkinchi kadr: olov bilan о‘ralgan kaskadyor xuddi jonli mashaladek yugurib chiqadi, – uchuvchilardan biri uning ustiga plashini tashlab, о‘tni о‘chiradi.
Uchinchi kadr: Bolani olovdan tо‘sganicha uchuvchi uni binodan olib chiqadi.
Men kinoapparat tirqishiga qarayman, repetitsiyani kuzataman. Ammo kadr bо‘lishi keragiga о‘xshamayotganini sezaman. Gо‘yoki dekoratsiya ichkari tomondan yoritilganga о‘xshab turibdi.
– Hammasi yonayaptimi? – sо‘rayman о‘t о‘chiruvchidan.
– Ha, ha, – deb xursand holda kallasini qimirlatadi u.
– Nima «ha, ha»? Men dekoratsiyaga ichkari tomondan suv sepishni sо‘ragan edimku.
– Ha, ha, – tasdiqlaydi о‘t о‘chiruvchi.
– Suv, – deb baqiraman, dekoratsiyaga suv seping!
– Qanaqa suv?
– Sizning suvingizni! О‘t о‘chiruvchi mashinadagi suvni.
– Bizda suv yо‘q, – yelkasini qisadi о‘t о‘chiruvchi.
– Qanaqasiga yо‘q?
– Shunday. Biz ularni hali kundiziyoq, sizning samolyotingiz portlagan paytda sepib bо‘lganmiz.
– Nega yangisini olmadingiz?
– Hech kim aytmadi.
– Tun bо‘yi sizga dekoratsiyalarni himoya qilish kerakligi haqida takrorlandi. Siz menga quloq soldingiz, bosh irg‘adingiz…
Shunda о‘t о‘chiruvchi yanada yoyilibroq tabassum qildi va xijolat tortib:
– Siz juda ham tez gapirar ekansiz. Eshitish qiziq, ammo tushunib bо‘lmas ekan.
Qarasam, u quloqlarigacha spirtga bо‘kkan – dekoratsiyalarni qutqazgani sharafiga rosa olgan ekan.
– Siz kuyinmang, – tinchlantirmoqchi bо‘ldi meni о‘t о‘chiruvchi. – Biz hozir borib… suv tо‘ldirib qaytamiz va hammasini о‘chiramiz.
Haqiqatan ham uchta о‘t о‘chirish mashinasi dekoratsiyalar oldidan burilib, jо‘nab ketishdi. Yigirma daqiqalardan keyin ular suv bilan qaytib kelishdi.
Bu paytda dekoratsiyalar xuddi Napoleon paytidagi Moskvadek alanga ichida edi. Bir soatdan keyin undan faqat chala kuygan xodalargina qoldi.
Bu endi tо‘liq falokat edi. Keyin biz yig‘ilishdik, о‘ylashdik va hammasini boshqacha tasvirga oladigan bо‘ldik. Ammo bu boshqa hikoya.
Bu voqea birinchi uchragan har bir kishi siz kinodan ekanligingizni bilganda:
– Menda film uchun ajoyib material bor! Ol va tasvirga tushir, – deydigan narsaga о‘xshaydi.
Yо‘q. Aldanmang. Bu hayotda bо‘lib о‘tgan voqea. Xuddi biz filmlarda kо‘radigan narsalarga о‘xshaydi. Ammo u va film orasida raxna bor. Film uchun hikoya – bu oxir-oqibat hayotga о‘xshab ketadigan konstruksiya. Bu narsa barcha qoidalar ichkariga yashiringanda rо‘y beradi.
Nimanidir eshitgan, nimanidir bilmaydigan havaskorlik bilimlarining sizga yordami kam bо‘ladi. Muhimi – barcha qoidalar birgalikda ishlashidir.
Qahramonga kuch jihatidan undan ustun bо‘lgan antagonist qarshi turishi lozim. Hikoya voqeadan voqeaga rivojlanib borishi kerak. Har bir voqea burilish nuqtasi orqali о‘tib, uch kо‘rinishda rо‘y berishi lozim.
Mavzu kontrmavzu bilan uzluksiz konfliktda о‘sib borishi kerak. Qahramon, bularning barchasi ichida raxnalarni yengib о‘tib borib, о‘sadi.
Yuqorida sanab о‘tilgan narsalar kо‘nikmagan odamga qо‘rqinchli tuyiladi – aslida esa, agar bu narsalarga kо‘nikkan bо‘lsangiz, bundan osoni yо‘q. Oxirgi natija shunchalik yaqqol bо‘ladiki, kasbni о‘zlashtirib olganingizdan keyin siz savodsiz havaskorlikka qayta olmaysiz.
Yong‘in haqidagi yuqoridagi hikoyada antagonistning yovuz irodasi yetishmaydi. Uning о‘rnida bir tizimga tizilgan yagona maqsadga bо‘ysundirilmagan turlicha mayda tо‘siqlar mavjud. Shuning uchun ham qahramon raxnani yengib о‘tish uchun keraklicha tavakkalga bormaydi.
«Qaytish mumkin bо‘lmagan» nuqta yо‘q, kulminatsiya oldidan bо‘ladigan krizis yо‘q… Qisqasi, hikoya ichida konfliktni taranglashtiruvchi, mavzuni ochish uchun kerak bо‘ladigan va struktura ichida yashirilishi lozim bо‘lgan kо‘p narsalar yо‘q. Bularning barchasini voqeaga kiritish mumkin, albatta. Bu voqeaga ham, har qanday boshqalariga ham. Ammo buning uchun ularni butunlay yangidan yozib chiqish kerak. Ushbu faktlarni ham olish mumkin, boshqalarini ham о‘ylab topish mumkin. Hikoyadagi faktlar kо‘p narsani hal qilmaydi. Hammasi biz bu faktlar bilan qanday ishlashimizga bog‘liq. Bu hayotdan olinadigan bir hikoya, xolos. Hayotdan olingan bu hikoyaga bо‘lgan alternativani tushunish uchun Fellinining iste’dodli filmi «8 Ѕ» ni yodga oling.