Читать книгу "Кинода режиссура ва драматургия"
KIM? NIMA QILADI? NIMA MAQSADDA QILADI?
Dramaning har bir soniyasida personajlar harakatda bо‘ladilar. Ular nimanidir istashadi va unga erishishadi. Agar ularning harakatlari konfliktni vujudga keltirmasa, drama sо‘lg‘inlashadi va oddiy bayonga aylanadi.
Bal raqslarining yosh raqqosi о‘z raqsiga yangi joziba kiritadi. U juda jozibali, ammo keksa hakamlar yangi narsani istashmaydi. Ular raqqosni jazolashadi. Natijada qutqular, ehtiroslar, azoblanishlar, kо‘z yoshlari silsilasi portlaydi… Barcha xarakterlar ochilgan. Bu «Raqs zalida hamma narsa qat’iy» («Строго в тансевалном зале») filmidir. Ammo biz har bir kishining xatti-harakatlarini tushunamiz:
1 kim + 2 nima qilayapti + 3 nima maqsadda qilayapti = xarakter.
Bu uch savol xarakter haqidagi dastlabki tasavvurni beradi. Bu uch savolni biz har bir sahnadagi har bir personajga beramiz.
KIM
Dastlab biz faqat xarakterga о‘z maqsadlari uchun ishonchli harakat qilish imkoniyatini beruvchi narsalarni bilishimiz kerak. Biz uning motivatsiyasini tushunishimiz kerak. U narsa muallif yoki muallifning qо‘g‘irchog‘i emasligiga e’tibor qiling. Tomoshabin qahramonga ishonmog‘i lozim. Ular xarakterning о‘zi uchun bu narsa juda zarur ekanligiga amin bо‘lishlari kerak.
Kim + nima qiladi + nima uchun = bu narsa ayni dramatik, voqeaning xarakteridir.
1. Doktor ortidan kasalni ergashtirib kelayapti.
2. Bо‘sh xona axtarayapti.
3. Kasalni pora berishga da’vat qilish uchun.
1. Ot ustida yurish ishqibozi.
2. Otdan yiqilishga va oyog‘ini sindirishga harakat qilayapti.
3. Sо‘g‘urta puli olish uchun.
1. Militsioner mast ingliz tili professorini qamoqqa oladi.
2. Tunda uni kameraga tashlaydi.
3. Ingliz tilini о‘rganish uchun.
1. Keksa kishi diskotekada
2. Barcha yosh-yosh qizchalar bilan raqsga tushib chiqadi.
3. Ashulachi nevarasiga kо‘mak guruhi tuzish uchun.
1. Diniy tarbiya olgan kichkina qizcha ota-onasini sevadi va ular doimo sо‘kinishlari va shu tufayli jahannamga tushishlari mumkinligidan azob chekadi.
2. Tunda u miltiqni oladi va ularni о‘ldiradi,
3. Chunki u ota-onasining ruhlari jannatga tushishini istaydi.
QANDAY QILIB XARAKTER KONFLIKTGA KIRISHADI
Xarakterda uch ustundan bittasini kо‘rish va ajratish mumkin:
– iroda, – emotsiyalar, – aql.
Ulardan biri xarakter qanday qilib konfliktga kirishishini aniqlaydi. Biz xarakterni shu hukmron yо‘nalishda charxlaymiz. Gо‘yo uning tig‘ini konflikt tomon burib, u bilan konfliktni ochamiz.
Uch kishi sovuq suvga tushishlari kerak. Biri suvga oyog‘ini tiqib kо‘radi. Dahshat bilan sakrab ketadi va yig‘lagan holda о‘zini suvga otadi – nima bо‘lsa bо‘lar.
Ikkinchisi tishini tishiga qо‘ygan holda muzday suvga asta-sekin tushib keladi – bu irodali kishi.
Uchinchisi о‘ziga suv sepadi, artinadi, tanasini sovuqqa kо‘niktiradi, keyin suvga tushadi – u aqlli kishi. U harakatlarini birinchilaridan keyin boshlaydi, ammo natijaga tezroq va xavfsizroq erishadi.
Uch kishi olovga kirishlari kerak – ular yonayotgan uydan qandaydir muhim narsalarni olib chiqishlari kerak.
Ulardan biri yig‘lagan holda uy oldida yugurib yuribdi. Keyin, aqldan ozib, olovga tashlanadi va yonib ketadi – emotsional kishi.
Ikkinchisi butun irodasini о‘ziga tо‘playdi, boshiga qop kiyadi va olovga kiradi. U kuyadi, ammo vazifani bajaradi – irodali kishi.
Uchinchisi xavf-xatarni chamalab kо‘radi, avval harakat rejasini tuzadi. Keyin boshiga qop kiyadi, о‘z ustiga suv sepadi, olovga kiradi va ichki reja bо‘yicha tо‘ppa-tо‘g‘ri maqsad sari harakat qiladi. О‘tib bо‘lmaydigan tо‘siqlarga duch kelganida orqaga chekinadi, aylanib о‘tadi. Uning miyasi hamisha xavf-xatarni chamalab, alternativ harakatlar bilan taqqoslaydi – bu aqlli kishi.
Biz, qahramonning tarjimai holidan kelib chiqqan holda, tomoshabinga xarakter hal qiluvchi konfliktga qanday qilib kirishishi va undan qanday chiqishi haqida tushuncha berishimiz kerak.
Hissiyotli kishi – g‘ayri ixtiyoriy harakatlar qiladi, hech bir kelishuvlarga e’tibor bermaydi. Irodali kishi – qо‘yilgan maqsadga erishish uchun butun kuchlarini bir joyga tо‘playdi. Aqlli kishi о‘zi uchun g‘alabani ta’minlovchi holatni topadi yoki alternativ holatni hisobga olib, tо‘g‘ridan-tо‘g‘ri harakatlardan voz kechadi va aylanma yо‘llar axtaradi.
Konfliktdagi xatti-harakat ustunlari – xarakterning sifati bо‘lib, bu masala о‘z javobini kutib qoladi. Buning uchun tarjimai holni bilish foydalidir.
XARAKTERLAR SKULPTURA SIFATIDA
Uch xil nuqtayi nazar bizga keragicha tо‘laqonli ravishda xarakterni ifodalab beradi, konfliktda u qanday harakat qilishini tushunishga yordam beradi.
1. Jismoniy kо‘rinish.
2. Psixologik portret.
3. Ijtimoiy muhitdagi hayot.
Uch tomondan yoritilgan xarakter hajmga ega bо‘ladi.
Xarakter dastlabki kо‘rinishiga ega bо‘lishi uchun bor-yо‘g‘i 10 savolga javob berish kerak.
1. Intellekt – u qanday qilib qaror qabul qiladi.
2. Fiziologiya – salomatlik, yoshi, normadan chetga chiqishlari, kasalliklar, sportga munosabati.
3. Ijtimoiy asos – kelib chiqishi, sinfi, dini, partiyaviyligi.
4. Iqtisodiy asos – qanchalik badavlat yoki qarzga botgan, yoki faqir, yoki о‘g‘ri.
5. Iqtidor – boshqalardan uni nima ajratib turadi: musiqachi, о‘g‘ri, sportchi.
6. Boshqa qiziqishlari – ishdan boshqa nimalardir, qiziqish darajasi.
7. Jinsiy hayot – oilada, chetda, qandaydir muammolari bormi.
8. Oila – xotini, ota-onasi, bolalari; ular bilan qay darajada bog‘langan; qanday qilib uylangan; munosabatlari qanday.
9. Ma’lumoti – qayerda, qanday о‘quv yurtida, qanday yutuqlar bilan о‘qigan, mustaqil ta’lim.
10. Yoqtirmaydigan narsalari – qurbaqani, semiz tukli mallasoch qizlarni, baliq hidini, kechqurunlari ishlashni kо‘rarga kо‘zi yо‘q.
Biz bu ma’lumotlarning hammasini tomoshabinlarga biratо‘la ag‘darib tashlashimiz kerak emas. Biz ulardan ham kо‘ra, artistlardan ham kо‘ra kо‘proq narsani bilishimiz kerak. Siz, agar bular haqida savol berishsa, javob berishingiz kerak. Boshqa savollarga esa:
– Buning ahamiyati yо‘q, – deb javob qaytaring.
Konfliktni tо‘g‘ri rivojlantirishga yordam beradigan narsalarnigina bilish ma’noga egadir. Har qanday holatda ham biz nimadandir boshlagan bо‘lsak – bu narsa hali tо‘la ma’nodagi xarakter emas. Personaj chizgilarga ega bо‘ldi, ammo hali u yuzaki. Xarakterning mohiyati birdaniga, bir paytning о‘zida aniqlanishi mumkin emas. Tomoshabin bu tashqi qobiqning ichiga kirishni istaydi, buni biz ham istaymiz.
Chuqur xarakter faqat kuchli dramatik holat bosimi ostida, konflikt uning yuzidan niqobini yulib olgan paytda yuzaga chiqadi.
XARAKTERLASH VA TERAN XARAKTERLAR
Personajlarga bо‘ladigan dastlabki nazar hamisha yuzaki bо‘ladi. Birinchi qarashda biz personajning haqiqatda qanday ekanligini emas, balki u qanday kо‘rinmoqchi ekanligini ifodalaymiz.
Agar voqealar, uning istaklariga qarshi borib bо‘lsada, xarakter tubida yashirinib yotgan mohiyatni tashqariga olib chiqmas ekan, siz xarakter haqida hech narsa ayta olmaysiz.
Personajning haqiqiy mohiyati konfliktda yuzaga chiqadi. Konfliktdagi voqealar personaj maqsadiga erishishi uchun kurashishi kerak bо‘lgan qadriyatlarni kо‘rsatadi.
Bosim qancha kuchli bо‘lsa, vaziyat bosimi ostida u qanday tanlovga kelishiga kо‘ra, biz xarakter mohiyatini shuncha chuqur tushunamiz.
Xarakter – bu dramatik voqea bosimi ostida qilinadigan axloqiy tanlovdir. Bu narsa xarakterni nima: qо‘rqoqlikmi yoki botirlik, xudbinlikmi yoki hamdardlik yuzaga chiqarishini kо‘rsatadi.
Tavakkal qilish va xavf-xatar dramada xarakterni aniqlaydi. Shofer mashhur qо‘shiqchini konsertga olib ketayapti. Shofer kо‘rinishdan oddiy yigit. Aslida esa uning hujjatlari soxtalashtirilgan. U qamoqdan qochgan va endi hech narsaga aralashmasdan tinchgina yashashga harakat qilayotir. Yо‘lovchi esa – mashhur teleyulduz, yoshlarning ma’budi, matbuotning erkatoyi. Yosh onalar о‘g‘illarini uning ismi bilan ataydilar. Bularning hammasi, garchi teletomoshabinlar uni xuddi о‘z qarindoshlariday bilishadiganga о‘xshasada, hali faqat xarakterlashdir. Birdan ularning oldida bolalar bilan liq tо‘la avtobus ag‘darilib tushadi.
Balki ularning har ikkalasining ichida jasorat va olijanoblik yashirindir. Qо‘shiqchi odamlar unga nisbatan hurmatlarida adashmagan ekanligini isbotlaydi. Garchi hayotini xatarga qо‘yib bо‘lsada, u bolalarni qutqarishga tashlanadi. Ammo mushkul holatlarda qarorlar kо‘pincha aql bilan qabul qilinmaydi. Shofer uchun vaziyat murakkabroq. U о‘zini tanitib qо‘ymasligi kerak. U turmaga ham mast bir ablahdan bolani qutqazaman, deb tushib qolgandi. Ammo avtobus har daqiqada portlashi mumkin. Tavakkal va jasorat kо‘rsatib harakat qilish kerak. Xavf-xatar bо‘lsa har soniya ortib bormoqda.
Faqat harakatlargina har bir kishining axloqiy tanlovini tasdiqlaydi va xarakterning mohiyatini ochadi. Shu tufayli ham biz hayajonli qiziqish bilan ushbu xarakterlar ochiladigan voqealar ortidan ergashamiz.
Yaxshi film voqealar zanjiridan iboratdir, uni rejissor shunday zanjirga aylantiradi.
Personajlar harakati konfliktni taranglashtiradi – voqea konfliktni portlatadi, voqea yana olg‘a tomon boradi. Personajlarning harakati yangi bosqichda. Yana konfliktni taranglashtiradi…
Biz uchun personajlar xatti-harakatidagi: men nega buni qilayapman? – degan asoslash muhimdir.
MAQSAD SARI YО‘L – HALOKATLAR ZANJIRI
Tashqi kо‘rinishidan о‘xshash harakatlar nima masadda qilinganligiga kо‘ra mutlaqo bir-birlaridan farqli bо‘lishadi.
Yorqin maqsad va qahramonni bunday maqsad sari yо‘naltiruvchi faol harakatlar zanjiri kelajakda qanday ma’no kasb etadi? Maqsadga ega bо‘lgan holda biz qahramonning butun yо‘lini xuddi halokatlar zanjiri, kuchli mag‘lubiyatlar va g‘alabalar zanjiri singari rivojlantirishimiz mumkin. Biz uni yо‘qotib qо‘yishdan qо‘rqmagan holda maqsaddan uzoqlashishimiz mumkin. Qahramon kelajakda Shimoliy Qutbni zabt etishi, shu tufayli syujet uni Afrikaga yoki Yaponiyaga itqitishi mumkin. Biz uning u yerdan qutilib chiqishini va maqsadiga yetishini bilamiz. Agar maqsad g‘ira-shira ifodalangan bо‘lsa: qahramon sovuq qorni shimishni yaxshi kо‘radigan bо‘lsa, yaxshisi biz qorli maydonda turib turganimiz ma’qul, bо‘lmasa biz uning kuchsiz istagini esdan chiqarib qо‘yishimiz mumkin. Qahramonni butun film bо‘ylab yetaklovchi olis maqsad – bu oliy vazifadir. Uni faol harakatlar hammadan yaxshi amalga oshiradi.
Har bir xarakterda 2 darajani topish mumkin (bu narsa konfliktni rivojlantirishga yordam beradi):
1. Idrokning emotsional darajasi. Til topishib ketuvchi, odamovi, muvaffaqiyatli, tashvishli, shubhalanuvchi, ishonuvchi.
2. Jismoniy holat. Kasal yoki sog‘lom, charchagan. Ozoda yoki pala-partish. О‘z tanasidan uyaladi yoki u bilan faxrlanadi. Oqsaydi, bukchayadi, duduqlanadi…
Bu ikki daraja xarakter jussasining haqiqatini aniqlashga yordam beradi. Bunday haqiqat sо‘zdan kо‘ra yaxshiroq ishontiradi. Uni aniqlash uchun xarakter sahnaga chiqishdan 15 daqiqa avval nima qilganligini, shuningdek, 6 soat oldin nima qilganini: uxlaganmi, ichganmi, mushtlashganmi, qamoqdan qochganmi ekanligini aniq bilish foydalidir. Bunday ancha chuqur bilim haqqoniy va bir qolipda bо‘lmagan tarzda harakat qilishga yordam beradi. Biz sahnadan oldin konkret nima voqea bо‘lganligini bilamiz. Tomoshabin bu narsalar haqida bilmasligi ham mumkin, ammo bu narsa bizlarga xattiharakatlarni detallar bilan boyitish imkonini beradi.
XARAKTER О‘YLAYDI VA QAROR QABUL QILADI
Kо‘plab romanlar yozgan qandaydir nomdor adabiyotchi yosh dramaturgga о‘rgatayapdi. Agar sizga chuqur xarakter kerak bо‘lsa, biz u haqida butun chuqurligigacha bilishimiz kerak, degan maslahat boshqa kasbdagilarning maslahatidir. Biz xarakterning bosh chizgilarini bilishimiz kerak. Faqat shuni! Shu bilan – jangga! Bosh chizgilar – bu xarakterning mag‘zi. Agar siz uni bilsangiz, hammasi shundan о‘sib chiqadi.
Qahramonda, xuddi Isodagiday, о‘ta qimmatli g‘oya bо‘lishi kerak. Iso odamlarni U – Maseh ekanligiga, ular о‘z hayotlarini о‘zgartirishlari kerakligiga ishontirishni istadi. U dramaning ideal qahramonidir. Bu chizgi Unga syujetda ishonarli harakat qilishi uchun imkon berdi. Xarakterning qolgan barcha rivoji tomoshabinlarning xarakter bilan bog‘lanishiga bо‘ysundirilgan. Ular qahramonni sevishlari (yoki nafratlanishlari) lozim. Xarakter bilan emotsional bog‘lanishga «empatiya» deyiladi. Bu sizning fikrlaringiz va personajning fikrlari bir butun bо‘lganida sodir bо‘ladi.
Qahramon qay tariqa о‘ylaydi – bu uni tushunish va sevish uchun muhimdir. Qahramonning miyasi eng sodda sxema bо‘yicha qay tariqa qaror qabul qilishini kо‘rib chiqaylik.
Biz olimlar emasmiz. Bizga bir-biri bilan bog‘langan va xarakterga jonli bо‘lib kо‘rinish imkonini beruvchi oddiy elementlarni tushunish lozim.
Dramada о‘ylash – qaror qabul qilish va harakat qilish demakdir. Xarakter qay tariqa qaror qabul qilishini kо‘rsatish uchun biz nimalarni hisobga olsak foydali bо‘ladi?
1. Biz harakatlar mantiqiy yо‘nalishini tuzamiz, xatti-harakatning har bir biti sababga ega. Har bir qadam qо‘yilgan, chunki bu narsaga tomoshabin uchun tushunarli bо‘lgan aniq sabablar olib kelgan.
2. Ammo xarakterlar kо‘p narsalarni bilmaydi va intuitsiyaga suyanishlari kerak. Ular axborotning kichik bо‘laklarini tо‘qnashtiradilar, xulosalar chiqaradilar va ularni harakatga aylantiradilar, agar bu narsa tavakkal va xavf-xatar bilan bо‘lsa, maqsadga muvofiq bо‘lardi.
3. Ba’zan qahramonlar о‘zlari uchun qulay va foydali bо‘lgan narsalarga qarshi boradilar. Ularni hissiyot boshqaradi. Bu harakatlar mantiqqa qanchalik tо‘g‘ri kelsa, shunchalik tabiiy bо‘ladi. Ayniqsa, dramatik holatlarda shunday bо‘ladi. Bularning hammasi bir kallaga joylashadi va bunga qо‘shimcha, о‘ziga xos holat kutilmagan sovg‘alar tashlab turadi.
Xarakterning olamga intellektual javobi attityud (attitude) – mavzuga nisbatan xarakter falsafasi – yordamida tushuntiriladi. Bu narsa shuki, xarakter hayotga qanday yondashsa, shu nuqtayi nazardan film mavzusini baholaydi. О‘g‘irlik – bittasi boshqalar hisobidan boyib ketish uchun о‘g‘irlaydi. Bu uning biznesi. Stalin yoshligida ijtimoy adolatsizlikni о‘zgartirish uchun banklarni о‘margan. Kimdir qimmat operatsiyani tо‘lash uchun bankka о‘g‘irlikka tushishi mumkin. Attityud – film qо‘ygan savolga yashagan hayoti asosida personajning kallasida pishgan ma’lum bir javobidir.
Filmda hamisha qahramon bir attityudga, antagonist bо‘lsa unga qarama-qarshi boshqa attityudga ega bо‘ladi. Va bularning konflikti – bizning ishimizning eng qiziq qismi bо‘ladi.
Tomoshabin nima bо‘layotganini tushunishi uchun biz bosh maqsad amalga oshirilganda qahramonning xatti-harakatlarini tushuntirishimizga tо‘g‘ri keladi. Shuning uchun ham biz xarakterning attityudini – ya’ni bu narsani u о‘zi qanday tushunishini va bundan kelib chiqqan holda о‘z xatti-harakatlarini qanday tushuntirishini va oqlashini – tushunishimiz kerak.
Bu narsa xuddiki rolning boshdan oxirigcha bajaradigan vazifasi, shu bilan birga xarakterning film dunyosiga qarashi hamdir. Vaziyatga harakatlar orqali kirib kelish kerak, ammo о‘z munosabatlarini sо‘z bilan tushuntirish kerak emas.
Attityud – bu xarakterning konfliktdagi harkatlanish falsafasidir.
Olamga beriladigan intellektual va psixologik javob birlashib ketadi.
Aktyorga iloji boricha soddaroq tushuntirish uchun attityudni birikki gap bilan ifodalash kerak.
«Olamni pul boshqaradi – men esa hamma narsaning narxini bilaman».
«Agar mening boshqalardan farqim bо‘lmaydigan bо‘lsa, menda muammo bо‘ladi». «Zelek», Vud Alen filmi.
«Konun – yaxshi. Ammo unga musht va tо‘pponcha qо‘shiladigan bо‘lsa, yomon bо‘lmaydi». «Isqirt Garri».
«Hayotda ikki asosiy narsa – erkinlik va dо‘stlik bor». Mak Merfi «Kakku ini ustidan nimadir uchib о‘tdi» filmida.
Agar tomoshabin qahramonning attityudini tushunadigan bо‘lsa, uning barcha xatti-harakatlariga faol javob qaytaradi. Bunda xarakter falsafasi ustida о‘ylab о‘tirish ham kerakmas. U sodda, hayotiy va har bir kishiga о‘z turmush tajribasiga kо‘ra tushunarli bо‘lishi kerak.
TASHQI MUHITGA PSIXOLOGIK JAVOB QAYTARISH. ATTITYUD VA NUQTAYI NAZAR
Mening ssenariy konfliktiga qarashim mening о‘z tuyg‘ularimdan kelib chiqadi – bu mening attityudim. Men gо‘zalman, mening kо‘kragimdan birortayam erkak kо‘z uza olmaydi. Men orqam bilan aylanganimda, ular zavqu-shavqdan о‘lib qoladilar. Men hamisha kо‘zga yaqinman, va, agar istasam, har qanday kishi bilan nima kerak bо‘lsa, shuni qila olaman.
Bu qahramon ayolning olamga qarashi, uning attityudi – uning konfliktda qaror qabul qilishiga imkon beruvchi falsafasi. Bu oddiy falsafadan kelib chiqib, qahramon ayol yorqin, yopishib turadigan kо‘ylak kiyadi, kо‘plab taqinchoqlar taqadi, modaga kirgan sartaroshlarda sochini turmaklatadi, markazdan, hammaga kо‘rinadigan yerdan joy oladi. Baland ovozda va ishonch bilan gapiradi, oppoq tishlarini kо‘rsatish uchun zavq bilan kuladi.
Boshqalar uni qanday baholasharkan? K о‘zga yaqin, о‘ziga ishongan ahmoq ayol. Agar uni maqtasang va yoqimtoy sо‘zlar aytsang, u bilan istagan narsangni qilishing mumkin.
Ammo uchinchi nuqtayi nazar ham bor – muallif u haqida nima derkan? U ayol hissiyotlarga boy, rasamadsiz, yutqazishdan xuddi fojia kabi kuyinadi, ammo unda hayotiy quvvat bor. U, xuddi Vankavstankaga о‘xshab, yiqilaveradi ham, turaveradi ham. Unda о‘zgarish va о‘sish uchun katta potensial, imkoniyat mavjud. Biz undan qahramon ayol qilamiz, tomoshabinlar bunday personajni ishtiyoq bilan yaxshi kо‘radilar.
Mana bunisi esa yuvvosh, kamsuqum, doim nimadandir qо‘rqib turadigan qiz. U olam dushmanlar bilan tо‘liq ekanligini biladi. Og‘zingni ochib о‘tirsang – bir pastda yeb tashlashadi. U burchakdan joy oladi, unga murojaat qilishganda chо‘chib tushadi. Omadi kelishi mumkinligiga ishonmaydi. Yaxshisi inidan kamroq chiqishi va о‘z ishini iloji boricha yaxshiroq va tinchgina qilishi kerak. U xuddi sichqonchaga о‘xshaydi. Bu uning attityudi.
Boshqalar nima deb о‘ylar ekan? Osmonlarda uchmaydi, ammo diqqatli, tirishqoq, agar hurkakligi bо‘lmaganida yanada yaxshiroq mavqega ega bо‘lishi mumkin edi. Agar uni yaxshiroq kiyintirsang va sochlarini chiroyli tarasang, har qanday nozaninni yо‘lda qoldirib ketishi mumkin. Ammo jur’atsizlik uni halok etayotir. Bu «sichqoncha»ga xizmatdoshlari tomonidan qarashdir.
Muallif nima deydi? Uni shunday holatga qо‘yamanki, hamma narsa uning qaroriga bog‘liq bо‘lib qoladi. Ishonchim komilki, unda kuch zaxirasi bor.
Agar film bosh qahramon nuqtayi nazaridan kо‘rsatiladigan bо‘lsa, sizda original voqea bо‘lish imkoniyati bor. Xizmat xonasi, kulrang sichqoncha nuqtayi nazarida, xavf-xatar va qо‘rquvga tо‘la. Dabdurustdan, sichqoncha hamma narsani о‘zgartirib yuboruvchi qaror qabul qilishi lozim.
Hikoyada sizga nimadir yetishmayotgan bо‘lsa, tekshirib kо‘ring, balki sizga bosh qahramonning nuqtayi nazari yetishmayotgandir?
1. Unga nima xavf solayapti?
2. Nega u bu narsani qilayapti?
3. Maqsadga erishish yо‘lida u nimani qurbon qilayapti?
Syujet – qahramonni tо‘siqlar orqali harakatga keltirish uslubidir. Xarakter faqat konfliktlarda yuzaga chiqadi. Shundagina tomoshabin qahramonning terisiga kirishi, g‘alabagacha kurashishi mumkin bо‘ladi.
Uni о‘z xarakteridagi barcha zaxiralarni ochib yuboradigan va ishga tushirishi kerak bо‘ladigan dramatik vaziyatga qо‘yamiz. Ularning ba’zilari haqida qahramonning о‘zi ham bilmaydi. Kichkina sichqoncha qutirgan yо‘lbarsga aylanganda, mana bu qiziqarli rivojlanish bо‘ladi. Bu rivojlanishda uch savol hamisha birgalikda harakat qiladi:
1. Kim?
2. Nima qiladi?
3. Nima maqsadda qiladi?
Qahramonning attityudi о‘sishi mumkin, о‘zgarishi mumkin, ammo bu narsa kuchli motivatsiya asosida va konfliktdagi ishonarli xatti-harakatlar natijasidagina bо‘lishi mumkin.
XARAKTERGA UCH XIL QARASH
Kо‘rayapsizki, har bir xarakter о‘z rivojlanishi davomida uch xil qarama-qarshi nuqtayi nazarga duch kelishi mumkin.
1. О‘zi haqida xarakterning о‘zi qanday о‘ylaydi?
2. U haqida boshqalar nima deyishadi?
3. Bu haqda muallif qanday fikrda?
Haqiqatni faqat muallif biladi va personajlarni konfliktlar va xattiharakatlardagi burilishlar orqali unga boshlab boradi, ammo shunday olib boradiki, xarakterlarning о‘zlari ham bundan xabarlari bо‘lmaydi. Chunki muallif hammadan kо‘ra kо‘proq narsani biladi va xarakterning rivojlanish strategiyasini qо‘lida tutib turadi.
QAHRAMON KIM?
Bu kimning tarixi? Hikoyaning markazida kim turibdi? Buni avval aniqlash kerak. Bu narsa oddiy, о‘z-о‘zidan tushuniladigan narsadek tuyuladi. Ammo amalda voqeaning markaziga qо‘yish degani siz uning muammolariga boshqalarning rivojlanishi hisobiga kо‘proq joy ajratasiz, deganidir. Ammo tasavvur qandaydir о‘z-о‘zidan о‘zini ularga о‘xshatish osonroq bо‘lgan xarakterlarni birinchi planga chiqarib qо‘yadi. Yosh ssenariychi qizlarning eng tarqalgan qahramoni – hayot aybsiz xafa qilgan yosh va jozibali qizdir. Yigit Zolushka haqida hikoya yozganida esa hikoyaning qahamoni Shahzoda bо‘ladi. Ular sevishadilar, Shahzoda azob chekadi, u qizni axtarib topadi va usiz oshxonada sо‘lib qolishi mumkin bо‘lgan bechora qizni baxtli qiladi.
Xuddi latifadagiga о‘xshaydi: ikki ovchi Pushkin haykali yonidan о‘tib ketayotganlarida biri ikkinchisidan sо‘radi:
– Nega Pushkinga qо‘yilgan? Dantesning о‘qi tekkandi-ku.
Yosh rejissor qiz doimiy yо‘lovchisi bо‘lgan qizni sevib qoladigan va avtobusni terrorchilar bosib olganida uni qutqaradigan avtobus haydovchisi haqida hikoya yozayapti. Haydovchi kо‘plab yorqin harakatlar va emotsiya sodir qiladi. Hikoya uchun xarakter markaziga haydovchini qо‘yib, konfliktni rivojlantirish foydaliga о‘xshaydi – u qutqazadi, hayotini xavf-xatarga qо‘yadi. Ammo rejissor qiz hikoyaning qiymatni yosh yо‘lovchi qizning kechinmalarida kо‘radi, qiz unga yaqinroq.
Drama tomoshabinlarning emotsional javobi sifatida vujudga kelishini esga olish foydali bо‘lardi. Nimaiki bu emotsional bog‘lanishni rivojlantira olsa, biz uchun foydali. Shuning uchun qoida amaldagi harakati va emotsiyasiga kо‘ra bu hikoya kimga tegishli ekanligini aniqlab, hikoya energiyasini maksimal aylantirish mumkin bо‘ladi.
Drama – tomoshabinlarning qahramonga emotsional javobidir.
Biz markazga boshqalardan kо‘ra kо‘proq nimanidir xohlaydigan xarakterni qо‘yamiz. Qahramonning maqsadi aniq va unga judayam о‘tib bо‘lmaydigan tо‘siqlar orqali о‘tadigan yо‘l olib boradi. Shuning uchun ular о‘z dramatik holatlariga hamdardlik qilishlari uchun eng kо‘p imkoniyatga ega bо‘ladilar.
Savol: har xil ikki qahramon haqida film qilsa bо‘ladimi? Ularning har birining о‘z tarixi bor. Ular umumiy syujetda birlashadilar. Bunday film qilsa bо‘ladi. Ammo u ikki barobar yomonroq bо‘ladi. Nega? Chunki tomoshabin qahramonga butun qalbini berishi kerak. Ikki har xil qahramonning ikki boshqa-boshqa rivojiga maksimal hamdardlik bildirish uchun bir yarim soat judayam kam muddat. Ikki har xil qahramonga tomoshabinlar о‘z qalblarining yarim-yarimini berishi mumkin.
Agar ikki qahramon boshidanoq bir voqeaning ikki pallasi bо‘lsachi: ularning dushmanlari umumiy va ular gо‘yo birlashgan yagona qahramondek harakat qiladilar, qalblarimiz ularga tо‘lig‘icha berilgan. «Romeo va Julyetta»ning qahramonlari kim? Romeo va Julyetta. Shekspir qanchalik о‘tkir zehin bilan birdaniga ikki qahramonni bir butun qilib birlashtirgan. Romeo va Julyetta sevgisining rivoji yо‘q. Romeo Julyettani qо‘lga olmaydi, uni rashk qilmaydi, raqibidan tortib olmaydi. Ular sevgisining umumiy tо‘siqlari va raxnalari – oilalari dushmanligi, umumiy dо‘stlari – enaga va monax Lorenso. Bir qahramonning dushmani ayni shu paytda ikkinchisiga azob-uqubat olib keladi. Barcha rivojlanishlar mavzuga bо‘ysundirilgan.
Ammo siz syujetni asosan Romeoning hikoyasi sifatida va Julyettaning hikoyasi sifatida rivojlantirishingiz mumkin. Zamonaviy filmlarda kо‘pincha shunday qilinadi: bir xarakter tarixini asosiy syujet qilib olinadi. Boshqa xarakterlar asosiy hikoyani oldinga kо‘taradigan personajlarda rivojlantiriladi.
Mak Merfi – «Kakku»ning bosh qahramoni. Uning hikoyasi asosiydir. Billning sevib qolishi tarixi gо‘yoki ost syujet sifatida rivojlanadi.
Odatdagi filmlar asosiy syujet atrofida bemalol 4-5 ost syujetni sig‘dira oladi. Asosiy syujet oldida ularning bitta vazifasi bor – ular bosh syujetni oldinga, kulminatsiyaga tortishi kerak. Barcha xarakterlar о‘z konfliktlari bilan bosh konflikt rivojini harakatga keltirishi kerak. Ularning hammasi birgalikda tomoshabinga qahramonni kuchliroq sevish yoki undan nafratlanishga yordam berishi kerak. Asosiy personajlar ichidan bosh qahramonga yordam beruvchi bosh figurani aniqlab olish foydali. Bu voqeaning katalizatori yoki katalistdir.
U qahramonni harakat qilishga majbur qiladi. Odatda katalist – dushman yoki sevgi obyektidir. Dushman qahramonni tahdidlariga javob beruvchi harakatlar qilishga majburlaydi. Sevgi obyektiga erishish yoki uni dushmanlardan himoya qilish kerak. Katalist-personajni kо‘pincha о‘q personaj deb ataydilar. U syujetning о‘qida bо‘ladi, u harakatni oldinga itaradi, uni qutqarish yoki о‘ldirish kerak. Qahramon maqsad sari peripetiyalar qing‘ir-qiyshiqliklari bо‘ylab о‘q personaj tomonidan vujudga keltirilgan chuqurliklar va tо‘siqlarni yengib о‘ta borib, harakat qiladi.
«Shinel»da Akakiy Akakiyevich – qahramon, shinel – katalist, qahramonning sevgi obyekti.
«Chо‘qintirgan ota»da Maykl Korleone – qahramon, otasi – katalist, qahramonning sevgi obyekti; uni qutqara turib, Maykl harakat qiladi.
«Kakku»da bosh syujetda katalist – hamshira, u dushman. Bill bilan bog‘liq ost syujetda esa – katalist Bill, qahramonning dо‘sti.
«Kaberiya tunlari»da katalist, sevgi obyekti – buxgalter.
«Otello»da Otello qahramon, katalist esa – Yago. U qahramonning dushmani.
«Olchali bog‘»da qahramon Ranevskaya. Bog‘ – sevgi obyekti. U – hikoyadagi о‘q personaj va katalist. Butun drama uning qutqarilishi yoki о‘limi atrofida rivojlanadi.
Ammo har bir о‘q personajning о‘z tarixi bor. Varya – Ranevskiyning sevgi obyekti; uning syujeti – Lopaxin bilan amalga oshmagan muhabbat. Anya – onasining sevgi obyekti; uning syujeti – yangi hayotga yо‘l. Ranevskayaning ishtirok etmayotgan jazmani – uning bо‘yniga osilgan toshga о‘xshaydi. Bu tosh uni chо‘ktiradi, qiz buni tushunadi. Lopaxin – dushman, u olchali bog‘ning jallodi. Konfliktda u g‘olib chiqadi.
Barcha bu personajlar о‘z syujetlariga ega. Biz ularni ost syujetlar deb ataymiz. «Romeo va Julyetta»da Merkutsio – qahramonning dо‘sti; uning syujeti – Tibald bilan duel. Va u о‘z о‘limi bilan voqeani olg‘a itaradi.
Dramaning umumiy tuzilmasida bosh qahramonning rivojlanishi eng murakkab va batafsil bо‘lishi lozim, uning atrofida esa boshqa personajlar о‘z tarixlari bilan joylashadilar. Personaj bosh qahramondan qancha uzoqda bо‘lsa, uning tarixi, uning ost syujeti shuncha sodda va qisqa bо‘ladi. Yon tomondagi personajlarning о‘z syujetlari bо‘lmasligi kerak, ular asosiy personajlarga xizmat qiladilar.
Sizning tasavvuringizda tuzilma mukammallikka erishgan paytda drama energiyasini maksimal rivojlantirishning yana bir tuzilmaviy muammosiga nazar tashlash mumkin. Drama – har bir kishining boshqalarga qarshi urishidir. Birinchidan, bu narsa bosh personajga taalluqli. Gamlet dramadagi barcha personajlar bilan konfliktda. Julyetta hech kim bilan urushmaydi, ammo hamma unga azob-uqubat keltiradi – u bilan urishadi. Otasi va onasi – Parisga erga beradi va, albatta, Romeoga qarshilik qiladi; akasi Tibald – Romeo bilan ajralishining sababi; monax Lorenso – oxir-oqibat Romeo о‘limining sababchisi; graf Paris – о‘limga itaradi; shahar hokimi – Romeoni haydab yuboradi; Merkutsio – Tibaldni о‘ldirishga undaydi.
Bunday yoppasiga bо‘ladigan urushni tekshirib kо‘rishda sxema yordam beradi. Personajlarda konflikt uchun zaxira qolmadimikan?