282 000 книг, 71 000 авторов


Электронная библиотека » А. Митта » » онлайн чтение - страница 31


  • Текст добавлен: 30 апреля 2024, 03:20


Текущая страница: 31 (всего у книги 33 страниц)

Шрифт:
- 100% +

«Kutilmaganda». Baxtsizlik tomon burilish.

6. Bu baxt abadiy bо‘lishi mumkin edi. Ammo «kutilmaganda», qahramon shinelini yо‘qotadi – dramatik peripetiya uni pastga, baxtsizlik tomon sudraydi.

«Baxtsizlik sari» peripetiyasi. Rol yog‘dusi.

7. Shinelidan ayrilib, u baxtsizlikning tubsiz qa’riga dumalab ketishni davom ettiradi. Endi shinel yо‘q, ammo «rol yog‘dusi» detalni qaytarishga harakat qilib, qahramonni tо‘siqlarni yengib о‘tishga majbur qiladi.

«Baxtiyorlik sari» peripetiyasi va rol afsonasi

8. Akakiy Akakiyevich vafotidan sо‘ng «rol afsonasi» sifatida qayta tug‘iladi. U shinel orqali jonlantirilgan va dushmanlardan о‘ch oladi, ammo endi afsonaning ideal personaji sifatida о‘ch oladi.

О‘ylab kо‘ring. Bu tuzilma nafaqat detal uchun, tirik personajning roli uchun ham eng tо‘liq va samaralidir. Unda qahramon roli uchun muhim bо‘lgan barcha tuzilmaviy elementlar faoliyat kо‘rsatadi. Bu universal tuzilma. Ishonchim komilki, Gogol intuitiv tarzda harakat qilgan. Ammo dahoning intuitsiyasi esa biz diqqat bilan о‘rganishimiz kerak bо‘lgan narsa. Qaysidir bir darajada dahoning miyasini bir onda minglab variantlarni kо‘rib chiqadigan va eng mahsuldor yechimni topadigan superkompyuterga о‘xshatish mumkin. Gogol aynan shunday tuzilmani tanlaganini tushunish qiyin emas. U bizning emotsional jalb etilishimizga maksimal imkon beradi. Gogol bu «detal-xarakter»ni nafaqat dramaturg sifatida yozdi, balki daho rejissor sifatida auditoriya bilan tо‘liq emotsional bog‘lanishini ham ishlab chiqdi. U shinelni jonlantirdi va uning rolini о‘ynadi. Shinelning о‘zi passiv bо‘lganligi tufayli, uning roli boshqa personajlarni faollashtirish, konfliktlar manbaiga aylanish edi. Bunday rol «о‘zak» rol deyiladi. Bu rol gо‘yoki konfliktlar shodasi tirkab qо‘yiladigan о‘zakni aniqlab beradi.

Detal-personaj odatda konfliktni rivojlantirishda «о‘zak rol» vazifasini bajaradi. Aniqrog‘i, detal-personaj roli uchun eng yaxshi imkoniyat – bu о‘zak rol bо‘lishdir. Luis Berlangining filmidagi qо‘g‘irchoq roli aynan shunday kо‘rinadi. U kо‘rinib turgan befarqlik bilan barcha quvonch va tashvishlarni qabul qiladi, uning atrofida ehtiroslar junbushga keladi, u bо‘lsa «xuddi qо‘g‘irchoqqa о‘xshaydi».

Agar biz endi detal-personaj rolini bir butunligicha kо‘rib chiqadigan bо‘lsak, uning rivojida aniq oliy maqsad – qanday bо‘lmasin Bashmachkinni baxtli qilish vazifasi borligi ravshan bо‘ladi va bu oliy maqsad tomon boshidan oxirigacha boruvchi aniq oliy maqsad – shinelning Bashmachkinga bо‘lgan muhabbati olib boradi. Detalning hayotini faqat tirik personajlarning о‘yinlari orqali sezish mumkin. Detal unga boshqalarning baho berishlari orqali jonlanadi.

Balki siz, detal personaj – g‘ayritabiiy fantaziyaning mahsuli, deyishingiz mumkin. Real hayotda «Qо‘g‘irchoq» yoki «Shinel»ga о‘xshash voqealarni tez-tez uchratmaysiz. Unda hayotdan olingan voqeani tinglang. Uni menga qarindoshim, shifokor aytib bergan edi. Bu voqeaning markazida detal-personaj yotadi.

Bundan ancha ilgari, elliginchi yillar oxirida bu doktor, hali juda yosh shifokor, «Dinamo» stanoksozlik zavodining tibbiyot punktida kechki navbatchilik qilib, qо‘shimcha pul topar edi. Ish tinch, odatda, uxlab olish mumkin bо‘ladi. О‘sha tundayam u shunday qilayotgan edi. Botinkasini yechib, xalat bilan о‘ranib, kushetkada uxlar edi. Kutilmaganda uni hayajondan qip-qizarib ketgan yoshgina navbatchi hamshira uyg‘otib qoladi:

– German Yefimovich, tez yuring. Shunaqa bо‘ldiki…

– Nima gap?

– Voy, men buni aytolmayman. О‘zingiz kо‘rishingiz kerak… U tez-tez yurib, doktorni tungi sexning koridori bо‘ylab olib borardi. Qorovulning xonasigacha olib bordi va barmog‘i bilan ishora qilib dedi: – u yog‘iga о‘zingiz boring. Uychadan ikki kishining dodlagan ovozi eshitilardi. Dodlaganlarning biri ayol, ikkinchisi – erkak kishi edi.

Doktor kiradi va shu narsani kо‘radi: bir burchakda hо‘rpaygan ayol qо‘rqqanidan yig‘lardi. Boshqa burchakda sо‘rida ishtonsiz erkak dodlar edi.

Doktor qaradi: uning kо‘rgan narsasini ifodalab berish mushkul. Umumiy holda aytsak, erkak tanasining maxsus erkaklarga xos a’zosi xuddi kichikroq qovoqday bо‘lib shishib ketgan. Hech qanday anatomiya darslarida u bunaqasini kо‘rmagan edi.

– Unga nima bо‘ldi? – sо‘raydi doktor. Ayol hо‘ngrab yig‘laydi:

– Unda… gayka.

– Nima?

– Gayka.

– Qani?

– U yerda, – ayol qizil qovoq tomonga ishora qiladi. Kechqurungi farrosh ayol va qorovul gо‘yoki bir-birlari bilan jazmanlik munosabatida edi. Qorovulning qodir bо‘lgani jazmaniga kamlik qilibdi. Ayol uni qо‘shimcha qо‘zg‘atmoqchi bо‘libdi. Ichib olsa, uni yangi istak og‘ushiga oladi va ayolga yana ozgina quvonch baxsh etadi, deb о‘ylab, stol ustiga bir shisha aroq qо‘yibdi. Ammo qorovul ichib olib, uxlab qolibdi. Shunda farrosh ayol uning istagini mexanikaviy tarzda qо‘zg‘atmoqchi bо‘libdi. Qо‘shimcha qon quyilishi a’zoni turg‘izadi, deb о‘ylab, uning sо‘lib, osilib qolgan a’zosiga pо‘lat gayka kirgizibdi. Shunday bо‘libdi ham.

Doktor bu hikoyani eshitib bо‘lgunicha erkakning dod-voyi va inqillashi kuchaydi. Doktor shishib ketgan terini qiyinchilik bilan qimirlatdi va uning tubida gaykaning metall gardishini kо‘rdi. Uni olib tashlashning mutlaqo iloji yо‘q edi. Erkak uchun tez orada og‘riqli shok tufayli о‘lim xavf solardi.

E’tibor bering, bu hayotiy voqeada syujetning asosiy detali о‘zini xuddi personajdek tutadi. U qahramon ayolda tо‘liq baxtiyorlikni his etish uchun unga ehtiyoj sezganda paydo bо‘ladi. Gо‘yoki ayol uning yordamida о‘zi istagan narsasini oladi. Ya’ni detal о‘zini xuddi ayolning dо‘stidek tutadi. Ammo kutilmaganda va dramaning qoidalariga mos holda, baxtga bо‘lgan umid baxtsizlikka aylanadi. Yordam berish о‘rniga gayka sevgilisini qiynay boshlaydi va sevgilisiga о‘lim xavfini soladi. Xuddi yaxshi tuzilgan sahnaga о‘xshaydi. Ammo bu hayot.

Doktor tungi dispetcherga qо‘ng‘iroq qiladi:

– Sexga direktorni chaqiring.

– Bu mumkin emas, – deydi dispetcher.

Hozirda siz eski davrda katta harbiy zavodning direktori kim bо‘lganligini tasavvur qila olmaysiz. Xudo. Odatdagi xudo. U 5-6 ming kishining hayot-mamotini hal qilar edi. Ularga kvartira berardi, armiyadan olib qolardi, xohlagan kishisini ishga olar yoki ishdan haydar, shon-shuhratga kо‘mar yoki qamatar edi.

– Buning mutlaqo iloji yо‘q, – deydi dispetcher.

– О‘n besh daqiqadan keyin sexda odam о‘ladi va siz buning uchun aybdor bо‘lasiz. Uning tovushini eshiting. – shunday deya doktor trubkani voy-voylayotgan erkakka olib keladi.

Dod-voy ta’sir qiladi. Doktor direktorning telefonini oladi va unga telefon qiladi, trubkadan uyqu aralash bо‘kirish eshitadi:

– A-a? – telefon shundaygina yostig‘ining yonida bо‘lsa kerak.

– О‘rtoq direktor. Zavodingizda bir ishchi о‘layapti. Nima qilaylik?

– E seni … ni! – bо‘kiradi direktor trubkaga va trubkani qо‘yib qо‘yadi. Ovozining toniga kо‘ra doktor tushunadiki, direktor bir pas oldin yaxshigina ichgan. Ammo qorovul inqillayapti, ayol dodlayapti, doktor yana bir marta telefonni teradi. Direktor trubkani olishi bilan u tez-tez gapiradi:

– О‘rtoq direktor, ishchingizning bulbuliga gayka kiygizilgan! Quloq soling. – Va voy-voylayotgan qorovulga trubkani tutadi. – Eshitdingizmi?

– Borayapman! – dedi qisqagina qilib direktor va oradan boryо‘g‘i besh-olti daqiqa о‘tgach katta qora zil sex oldida tо‘xtaydi.

Doktor axborot beradi, direktor uzoq jim qoladi, keyin deydi:

– Bu yerda doktor emas, Ivan Ivanich kerak. Mening mashinamni Ivan Ivanichga yuboring.

Ilgari ishchilar sinfi shundaygina zavodning atrofida, zavodning uylarida turishardi. Hamma narsa: uy, bog‘cha, piva dо‘konchasi, maktab, texnikum, magazin shundaygina yonginangda bо‘lardi. Kо‘pchilik butun umr Moskvada xuddi kichkinagina qishloqda yashaganday yashashgan. Besh daqiqalardan keyin Ivan Ivanichni keltirishadi. Kichkinagina, oriq, mо‘ylovli va yumaloq gardishli kо‘zoynakda edi.

Direktor:

– Ivan Ivanich, bu yerda inson hayotinigina emas, balki undanda kо‘proq narsani saqlab qolish kerak. Butun umid sendan, – deydi.

Qorovul bо‘lsa deyarli bexush edi. Kо‘zini tepaga qilgan holda inqillardi. Ivan Ivanich:

– Gaykani kо‘rsating, – deydi.

– Doktor ehtiyotlik bilan shishgan joyning chetlarini ochadi. Gayka sal-pal kо‘rinadi. Yaltillab turibdi.

Ivan Ivanovich qaraydi va kallasini irg‘aydi: qо‘yvorish mumkin.

– Tushunarli, xromnikelli pо‘lat. Uni hech narsa bilan kesib bо‘lmaydi… Faqat pressning ostida maydalash mumkin, xolos.

– Harakat qilib kо‘r, azizim, – deydi direktor. – Harakat qil. Ivan Ivanich о‘ylaydi va bо‘r bilan ishchining ulkan, ikki-uch qavat keladigan yigirma tonnalik pressning katta pо‘lat staninasidagi holatini chizadi.

– Sizlar shishning atrofini tortib turinglar, men esa gaykaga uraman. Agar bir zarb bilan hal bо‘lsa – qutqaramiz. Agar bir martada bо‘lmasa – unda butunlay kesib tashlang, shayton urgurni. Boshqa iloji yо‘q.

Doktor:

– Yо‘q, agar siz hech narsa qilolmasangiz – о‘ldi deb hisoblayvering. Kasalxonagacha yetkazib borolmaymiz.

Shunday qilib voy-voylayotgan qorovulni unda о‘lchamlari tankning qopqog‘ichalik detallar presslanadigan katta pо‘lat staninaga yotqizishadi. Uning ustida pressning ulkan pо‘lat massasi osilib turibdi. Ivan Ivanich regulatorni qо‘liga oladi, pressni ishlatadi. Press esa kichik-kichik turtkilar bilan tanaga yaqinlashib kelmoqda: tuq-tuq, tuq-tuq, tuq-tuq. Tepaga-pastga, tepaga-pastga, tepaga-pastga.

Mana, pо‘lat zalvar deyarli ustida osilib turibdi. Doktor tutqichlar bilan a’zoning shishgan qismini tortib turibdi. Press gaykaga eng cheti, qirrasi bilan urishi mumkin. Ivan Ivanovich uzoq muddat, deyarli millimetrlab, press harakatini tо‘g‘riladi. Kutilmaganda press tez yuqoriga kо‘tariladi va gaykaga uradi.

– Jingg! – degan qattiq va jaranglagan tovush chiqadi.

– Yorildi, – chuqur nafas oladi Ivan Ivanich va pressni kо‘taradi.

Endi yorilgan gaykaning oxirini qisqichlar bilan tutib, olib tashlashadi. Doktor bog‘lab qо‘yadi. Bechora endi yashaydi.

E’tibor qiling-a, kulminatsiyada qо‘rquv bilan kutish qanchalik taranglashadi. Tomoshaning finalidagi epizodlarga xos bо‘lgan qanchalar ta’sirchan elementlar paydo bо‘ladi. Bularni hammasining markazida esa kichkinagina detal – gayka bо‘lib, u voqeaning о‘zak personajiga aylanadi. О‘z ahamiyatiga kо‘ra ikkinchi personaj.

Eslatib о‘taman. Bosh personaj – bu biz u haqidagi voqeani aytayotganimiz kishi. Odatda u hayot va о‘lim, baxt va baxtsizlik о‘rtasida turadi. О‘zak personaj – uning barcha konfliktlarini kuchaytiruvchi va uni sarguzashtlar sari itaruvchi kishidir.

Siz, bu juda qо‘pol misol, deyishingiz mumkin. Xuruj qiluvchi detal – past janrlarning qurolidir. Uning joyi – xoror, triller, seks, zо‘ravonlik va harakat filmlari.

Haqiqatan ham xoror detal-personajlardan foydalanishni yaxshi kо‘radi. Jon Karpenterning tez-tez oshiq bо‘laveradigan, ammo patalogik rashkchi qotil-avtomobil haqidagi «Kristina» filmini esga olish kifoya. Yoki ajoyib fantaziya, ob-havo detali – tuman – sirli qotilga aylanadigan «Tuman» filmini eslang.

Ammo men sizga eng poetik ertakdagi eng xurujkor detal haqida eslatsam nima deysiz? Uning oldida gayka ip yecholmaydi. Bu detal kichkina bolaning kо‘zini teshib о‘tadi va uning yuragiga sanchiladi. Bola muzga aylanadi, ammo tirik qoladi. Esladingizmi? «Qor malikasi», detal esa – trollar kо‘zgusi bо‘lib, u minglab parchalarga bо‘linib ketadi va butun dunyoga tarqaladi. Bu bо‘laklar uchadi, kishilarning kо‘zlari va yuraklariga sanchiladi, majruhlar va jinoyatchilarni kо‘paytiradi.

Andersen birinchi bо‘lib detalning emotsional kuchini poetik tarzda ifodaladi va detal orqali qandaydir muhim narsani ayta oldi. Unda bunaqa narsalar kо‘p – matonatli qalayi askarcha, quvnoq askar qо‘lidagi olov, ma’yus hayotiy tarixga ega bо‘lgan archa. Uning ertaklarini varaqlab kо‘ring, ularda ekranni kutib yotgan voqealar xazinasi mavjud. Ammo Andersen dramaturg emas edi, u shoir edi.

Dunyo kinematografiyasining eng poetik dramatik asari deb hisoblasa bо‘ladigan, Kann kinofestivalida barcha tо‘lametrajli filmlar ustidan g‘alaba qilib, bosh sovrinni qо‘lga kiritgan yarim soatlik shoh asarni kо‘rib chiqamiz. Jan Lamorissning «Qizil shar»i – eskirmaydigan fantaziya durdonasidir.

Yolg‘iz bola baxtsiz. U juda ham dо‘stga muhtoj va dо‘st paydo bо‘ladi ham. Bu havo bilan tо‘ldirilgan oddiy qizil shar. Ammo bunday dо‘st haqida faqat orzu qilish mumkin: u sodiq, quvnoq, mehribon. U bolani tinchlantiradi va kо‘nglini xushlaydi. Bola baxtli bо‘lib qoladi. Ayni shu damda g‘azabnok bolalar dо‘stini otib tashlaydilar. Qizil shar tirishib, jon beradi. Bola yana yolg‘iz, u ilgarigidan ham baxtsiz bо‘lib qoladi. Shunda Parijning barcha havo sharlari bolaga uchib kelishadi va uni qayergadir – osmonlarga, baxt sari olib ketishadi.

Dо‘stlarim, biz nimani kо‘ramiz? Bu poetik fantaziya dramatik peripetiyalarning qat’iy konstruksiyasi shaklida bо‘ladi! Baxtsizlikdan baxt sari – va birdaniga – baxtsizlik tomon yiqilish – kutilmaganda afsonalardagi baxt sari parvoz qilish.

Detal-personaj ishtirok etgan voqea hech qachon, har qanday sharoitda ham, qat’iy dramatik tuzilmasiz bayon etilishi mumkin emas. Chunki aynan tuzilma detalga hayot baxsh etadi.

Detallar haqida gapirilar ekan, avstraliyalik kinorejissor Jeyn Kempionning «Pianino» filmining bosh qahramonini esga olmaslik g‘alati bо‘lardi. O‘ylaymanki, hech kim bu ayolga о‘ta ratsionalistlik tamg‘asini bosa olmaydi. Film gо‘yo kayfiyatlardan va kо‘rinadigan fahmlashlardan tо‘qilganga о‘xshaydi. Agar siz pianinoning roli qanday tuzilganligini tahlil qilmoqchi bо‘lsangiz, hech bir qiyinchiliksiz rol ichidagi aniq va qat’iy konstruksiyani topasiz. Aniq rol о‘zagi – qahramonning dо‘sti.

О‘ylaymanki, asosiy detal kreativ energiyaga ega bо‘ladi: detal shaxsiyatingizning tubidagi mehribonlik va muhabbatni sug‘irib chiqadi. U majruh gо‘dak bо‘ladimi yoki kuchukchami, baribir. Xohlaysanmi, yо‘qmi, uni boqish, sayr qildirish, u bilan о‘ynash kerak. Ishonchim komilki, dialoglarning tafsilotlari va tag ma’nolarini charxlagandan kо‘ra kо‘rinadigan detallar haqida jon kuydirgan yaxshi. Bundan filmga foyda kо‘proq bо‘ladi.

Tuzilmaga ega bо‘lgan hikoyasiz latta-shinel yoki havo bilan shishirilgan rezina nima ham bо‘lardi? Hech narsa. Tuzilmada esa u mо‘jizalar yaratadi.

Shinel – Bashmachkinni ayozdan saqlaydi, baxt chо‘qqisiga olib chiqadi. Undan ketgach esa u bezgakdan о‘ladi.

Biz esa, mana ikkinchi yuz yil davomida dunyo adabiyotidagi eng ta’sirchan muhabbat tarixida voqea qahramoni – Akakey Akakeyvichga hamdard bо‘lamiz. U tirik, shinel bо‘lsa latta ekanligi uchun emas, balki uning emotsiyalari va xatti-harakatlari о‘zak personaj – shinel orqali о‘tkirlashtirilganligi uchun. Shinel qanaqa savollar beradi?

– Men senga kerakmanmi? Menga erish.

– Erishdingmi? Endi men sen uchun nima qila olishimni bahola.

– Mensiz sen nima qila olasan? Izlaysanmi, о‘lguningcha kurashasanmi?

– Sen о‘ldingmi? Men senga men uchun qasos olishning uchun sehrli kuch beraman. Harakat qil! «Qо‘g‘irchoq»dagi vrachning, «Gayka»dagi ahmoq sevishganlarning va «Qizil shar»dagi bolaning emotsiyalari va xatti-harakatlari ham xuddi mana shunday о‘tkirlashgan. Detal-personaj bilan ishlashning ma’nosi ham xuddi mana shu drama emotsiyalarining mana shunday о‘tkirlashuvidadir.

Drama dunyosi cheksiz va tuganmas. Men boshqalar bu haqida yozmagan yoki tushunarli yozmagan narsalar haqidagi masalalarga yondashishga harakat qildim. Kasb haqida tafakkur qilishdan olgan mamnunligim menga nuqta qо‘yish kerakligini aytib turibdi. Ishonamanki, keyingi uchrashuvimizgacha.

Aleksandr Mitta, kinorejissor. «Qо‘ng‘iroq chalishayapti, eshikni oching» («Звонят, откройте дверь»), 1966, «Porla, porla mening yulduzim» («Горе, горе, моя звезда»), 1970, «Podshoh Pyotr habashni qanday uylantirganligi haqida ertak» («Сказ про то, как царь Петр араба женил»), 1976, «Ekipaj», 1980, «Sayohatlar ertagi» («Сказка странствуй»), 1983, «Sibirda yо‘qolgan»«( Затерянный в Сибире») va boshqa filmlar muallifi. Venetsiya festivali laureati. Gamburg universiteti professori.

1-ILOVA. VOQEA REJISSORLIK OBZORIGA MISOL

Har bir voqeaning ichida dramatik peripetiyaning siniq chizig‘i mavjud bо‘ladi. Bu tuzilma. Bularning sirtida detallar va mikrokuzatishlar bilan tо‘la personajlar hayoti xuddi kamon singari egilib turadi – bu sizning ijodingiz. Har bir voqea ichidagi hayot oldindan aytib bо‘lmaydigan konfliktlar bilan portlaydi. Aytish mumkinki, biz voqealar orqali xuddi gо‘dak sirli о‘rmonda yurganidagiday о‘tib boramiz. Uzoqlarda oxirgi maqsadning yulduzlari miltillaydi. Gо‘dak u tomonga tosh otadi va voqea orqali sirli qorong‘ulikdagi bu tosh tomon boradi. Keyin u yana va yana… otaveradi.

U boshdan-oxirigacha о‘tadigan yо‘l bо‘ylab harakat qiladi. Barcha voqealar filmning boshdan-oxir qiladigan ta’sirini birlashtiradi, unga boshdan oxirigacha kontrta’sir qarshi turadi. Ular har bir voqeada konfliktlar orqali tо‘qnashadilar. Bu konfliktlar zanjiri voqealar zanjirining о‘zginasidir.

Dramadagi barcha qadriyatlar voqealarning konfliktlari orqali о‘sib chiqadi.

Stanislavskiy «uslubi» aytadiki, dramatik hikoya voqealarni kо‘rsatish orqali paydo bо‘ladi. Voqea har bir sahnaning ichida bо‘ladi. Ammo u hamisha ham bir qarashda aniq kо‘rinavermaydi. Ba’zan uni aniqlash va tizib chiqish yoki uni sahna tubidan tashqariga tortib chiqish kerak bо‘ladi. Bu muhim, chunki aynan voqea dramatik ijroning butun tafsilotlari uning atrofida tarkib topadigan yadrodir.

Biz Chexovning «Anyuta» deb ataladigan kichkinagina hikoyasini insenirovka qilamiz. U oddiy, unda uch aktyor bо‘ladi va shuning uchun ham unda «voqea» bilan qanday ishlash kerakligini tushunsa bо‘ladi.

«Lissabon»ning mebellangan eng arzon xonachasida 3-kurs meditsina-talabasi Stepan Klochov bir burchakdan ikkinchisi tomon yurar va zо‘r berib о‘zining meditsinasini yodlar edi. Tinim bilmay zо‘r berib yodlaganidan uning og‘izlari qurishib, peshonasida ter paydo bо‘lgan edi.

Atrofi muz naqshlar bilan qoplangan deraza oldida taburetkada ijarada turuvchi, kichkinagina, oriqqina, 25 yoshlardagi qorasoch, juda rangpar, yuvvosh kо‘zlari kо‘kimtir qiz Anyuta о‘tirar edi. Yelkasini eggan holda u qizil ip bilan erkak kishi kо‘ylagining yoqasini tikardi. Ish shoshilinch edi… Dahlizdagi soatlar bo‘g‘iq tovushda ikki marta tush bо‘lgani haqida zang chaldi, xona hali yig‘ishtirilmagan edi. G‘ijimlangan kо‘rpa, har tomonga otilgan yostiqlar, kitoblar, ayollar kо‘ylaklari, ustida chekib tashlangan papiros suzib yurgan sovunli yuvindi tо‘la katta kir tog‘ora, poldagi supurindi – hammasi xuddi bir tо‘pga uyilgan, ataylab aralashtirib, g‘ijimlab tashlanganday edi…

– О‘ng о‘pka uch qismdan iborat… – yodlaydi Klochov. – Chegaralari! Kо‘krakning oldingi devordagi yuqorigi qismi 4-5– qobirg‘alargacha yetadi, yon tomondagi sirti 4-qobirg‘agacha… orqa tomondan spina scapulae… (kurak suyagigacha (lotin.)).

Klochov, hozirgina о‘qiganlarini tasavvur qilish uchun kо‘zini shipga kо‘tardi. Yaqqol tasavvur hosil qilmagach, nimchasi orasidan о‘zining yuqori qobirg‘alarini ushlab kо‘ra boshladi.

– Bu qobirg‘alar royalning klavishlariga о‘xshaydi, – dedi u. – Hisobdan adashmaslik uchun unga albatta kо‘nikish lozim. Skeletda va tirik odamda sinchiklab о‘rganishga tо‘g‘ri keladi… Qani, Anyuta, kel qani, men bir yо‘nalish olay!

Anyuta tikishni tashlab, kamzulchasini yechdi va gavdasini tik tutib turdi. Klochov uning qarshisiga о‘tirdi, qovog‘ini uydi va uning qobirg‘alarini sanay boshladi.

– Him… Birinchi qobirg‘ani ushlab bо‘lmayapti… U о‘mrovning orqasida… Mana bunisi ikkinchi qobirg‘a bо‘ladi… Tak-s… spina scapulae ana bunisi uchinchisi… Mana bunisi tо‘rtinchi… Him… Tak-s… Nega siqinib olding?

– Qо‘llaringiz sovuq ekan!

– Qani, qani… о‘lmaysan, qimirlayverma… Mana bunisi uchinchi qobirg‘a bо‘lsa kerak, bunisi esa tо‘rtinchi… Kо‘rinishdan anchagina oriqqinasan, ammo qobirg‘alaringni bazo‘r ushlab bо‘ladi. Bunisi ikkinchisi… bu uchinchisi… Yо‘q, bu turishda adashtirib qо‘yasan va aniq tasavvur qila olmaysan… Chizishga tо‘g‘ri keladi. Mening kо‘mircham qani?

Klochov kо‘mirchani oldi va u bilan Anyutaning kо‘kragida qobirg‘alarga mos keluvchi bir necha parallel chiziqlar chizdi.

– Ajoyib. Hammasi xuddi kaft ustida turganday… Xо‘sh, ana endi urib kо‘rsa ham bо‘ladi. Qani, turchi!

Anyuta turdi va iyagini kо‘tardi. Klochov urib kо‘rish bilan band edi va bu ishga shunchalik shо‘ng‘ib ketdiki, Anyutaning lablari, burni va barmoqlari sovuqdan kо‘karib ketganini sezmadi ham. Anyuta qaltirar edi va medik uning qaltirayotganini kо‘rib, kо‘mir bilan chizishni va urib kо‘rishni tо‘xtatishi va undan keyin esa imtihonni yomon topshirishidan qо‘rqar edi.

– Endi hammasi oydin, – dedi Klochov urib kо‘rishni tо‘xtatib. – Sen shunday о‘tir va kо‘mirni о‘chirma, men esa yana biroz yodlayman.

Shu tariqa medik yana yura va yodlay boshadi. Anyuta, xuddi tatuirovka qilinganday, kо‘kragidagi qora chiziqlari bilan sovuqdan junjikkancha о‘tirar va о‘ylardi. U umuman kam gapirar edi, hamisha jim turar va tinmay о‘y surargani surgan edi…»

Ajoyib matn, ifodali xarakterlar, yorqin detallar. Ammo hali hikoya matni dramatik harakatga aylantirilmagan, aktyorlar faqat muallifning matnini ifodali о‘qib va muallif ifodalagan imo-ishoralar va harakatlar bilan kо‘rsatib berishlari mumkin. Bulardan xarakterlar unib chiqmaydi. Bizning hamdardligimiz ham yuzaga kelmaydi. Biz allaqachon hamdardlik personajlar dramatik peripetiya bо‘ylab baxtdan baxtsizlik tomon harakat qilganlarida vujudga kelishini bilamiz. Bu emotsional kontakt rivoji uchun ishonchli yо‘l.

Dramada hikoya voqealar ketma-ketligi tarzida vujudga keladi.

Har bir sahnada bir konflikt haqida hikoya qiluvchi bitta voqeani topish kerak. Bir voqeadan keyin ikkinchisi keladi, biz hamma voqealarni ochmagunimizcha aktyorlarga о‘ynaydigan narsaning о‘zi yо‘q.

Dramalashtirish ishini har bir sahnada voqeaga asos bо‘luvchi dramatik peripetiyani topishdan boshlaymiz.

DASTLABKI VOQEA

Voqeani dramatik harakat sifatida ochish uchun biz hikoyadagi dastlabki voqeani aniqlashimiz kerak.

Dastlabki voqea oldinroq sodir bо‘ladi. Dastlabki voqea personaj zudlik bilan ayni joyda va ayni shu paytda hal qilishi kerak bо‘lgan muammoni kо‘rsatadi. U aktyorni aniq harakat energiyasi bilan zaryadlaydi .

Stanislavskiy voqeani rejissor va aktyorning butun ishlarining dastlabki nuqtasi deb hisoblagan.

«Gamlet»da dastlabki voqea – ukasi tomonidan sotqinlarcha о‘ldirilgan qirolning о‘limidir. «Romeo va Julyetta»dagi dastlabki voqea – Montekki va Kapulettilar о‘rtasidagi dushmanlik. «Olchali bog‘»dagi dastlabki voqea – olchali bog‘i bо‘lgan mulkni kim oshdi savdosida sotish xavfi – Ranevskayani Parijdan uyga qaytishga majbur qiladi. Bu narsa tashvishlangan barcha oila a’zolarini bir joyga tо‘playdi.

Dastlabki voqeani axtara turib, biz: qaysi voqeasiz film yoki pyesaning bо‘lishi mumkin emas? Qaysi voqea undan keyingi barcha voqealarni aniqlab beradi? – degan savolga javob berishimiz kerak.

Kо‘pincha dastlabki voqea rejissordan fantaziya talab qiladi. Uni о‘ylab topish kerak. Faraz qilaylik, Stepan bu paytgacha bir marta imtihonga kirib chiqqan va undan yiqilgan. Professor norozi bо‘lgan:

– Klochov, siz ishyoqmas talabasiz. Sizdan yaxshi doktor chiqmaydi. Men sizga yomon baho qо‘yaman.

– Men hammasini bilaman, – dovdiraganicha о‘zini oqladi Stepan. – Faqat bu suyaklargina mening miyamga о‘rnashmadi. Xudo haqqi, men о‘qiganman…

– Yaxshi, miyangizga joylang va ertadan keyin yana bir marta keling. Ammo bu sizning oxirgi urinishingiz bо‘ladi, – dedi professor.

Mana endi Stepanning о‘z-о‘zini hurmatlashiga kuchli zarba olgani tushunarli. Unga kasbiy о‘pirilish xavf solayapti. Orqaga yо‘l yо‘q. Bu la’nati imtihonni topshirish kerak. Halokatgacha bо‘lgan vaqtning hisobi boshlandi.

Klochov uyga qutirgan bir holda keldi:

– La’nati suyaklar! Ularni qanday qilib yodlaysan? Yaramas professor! Nega u menga yopishib oldi?

Ammo professor bilan mushtlashmaysanku. Stepan stress holatda. U darhol bu holatdan chiqishi kerak. Ammo qanday qilib? Hammasini u biratо‘la yodlay olmaydi… Aytgancha, bu holatdan chiqishning tezkor yо‘li bor. Ichib olib, hech bо‘lmaganda ertalabgacha muammoni esdan chiqarish mumkin. Stepan chо‘ntaklarini titkilaydi, ularni ag‘darib kо‘radi – bir tiyin ham yо‘q. Ota-onasi yuborishlari kerak, ammo kechikishayapti, yaramaslar. Anyutaning rо‘molini oldi va dо‘konga olib bordi, uni bir shisha aroqqa almashtirdi. «Pulni olgach, qaytib sotib olaman», – deb о‘yladi. Qaytib keldi, yarim shishani ichdi, xuddi yengillashganday bо‘ldi. Uxlab qoldi.

Ertalab, hikoyaning dastlabki sahnasi boshlanishiga yarim soat qolgan (bu muddatni eslab qoling, bu muhim), Stepan uyg‘onadi. Boshiga birov bolg‘a bilan urayotganday. Og‘zi esa mag‘zavaday. Sochlari terlaganidan yopishib ketgan. Qiyinchilik bilan о‘ziga keladi va birdan yodiga tushadi:

– Ertaga imtihon! Voy, iblis! Uni qanday topshiraman? Men kecha qanchalik tentaklik qildim-a! Darhol yodlashga о‘tirishim kerak edi!

Stepan darslikka yopishadi, yodlashga harakat qiladi, ammo darslikdagi suyaklar kallasida xuddi «Triller»dagi Maykl Jeksonga о‘xshab sakrashib, titrashar edi.

– Imtihondan yiqilaman! Bu suyaklarni qanday qilib yodimda saqlayman? – U boshi berk kо‘chadan chiqishni о‘ylardi: – Balki Anyutadan jonli eksponat sifatida foydalansammi? Qani, beri kelchi, Anyuta. Kо‘ylagingni kо‘tar. Mana bu yerda men kо‘mir bilan bitta qobirg‘ani chizaman… Bu yerda boshqasini…

Chizadi. Birdaniga hammasi yorqinlasha boshladi. Jonli skeletda hammasi anchagina oson edi. Suyaklar qanday qilib biri ikkinchisi bilan tutashgani, organlar fazoda qanday joylashgani tushunarli edi.

– Qanday qilib men bu haqida shu paytgacha о‘ylamadim? Bu la’nati imtihonni topshiraman!

Stepan baxtli edi. Yodlash ijodiy jarayonga aylandi.

Bu sahnadagi voqea – Anyutadan foydalangan holda Stepanning noiloj ahvoldan chiqib ketish yо‘lini topishi.

E’tibor bering, biz biror sо‘zni ham almashtirganimiz yо‘q, biz sahnaga biror bir ishora ham qо‘shmadik. Ammo endi aktyorning о‘ynaydigan narsasi bor.

Ammo hikoyada Stepandan tashqari, yana bosh qahramon bо‘lmish Anyuta ham ishtirok etadi. Biz uning xatti-harakatlarini ochib beruvchi voqealarni ochishimiz kerak. Voqea gо‘yoki ikki hammuallif improvizatsiya qiladigan ssenariyga о‘xshaydi. Ularning biri ikkinchisi nima qilayotganligini hech qachon bilmaydi.

Birinchi sahnada Anyutaning birgina luqmasi mavjud. Butun hikoya davomida uning uchta qisqagina luqmasi bor. Bundan tashqari, Chexovning uning hamisha о‘ylashi haqidagi lо‘nda kо‘rsatmasi bor. Ammo nima haqida о‘ylashi aniqlanmagan. Bu asosga rolni qurish mumkinmi, Shubhasiz! – deydi «uslub».

Odatda biz personaj uchun hayot tarixini о‘ylab topamiz, ammo Chexov bizga Anyutaning qisqacha hayot tarixini beradiki, undan Anyuta xarakterining mag‘zini tushunishimiz mumkin. U muhabbat tufayli yashaydigan oddiygina ayol. Uning muhabbati itlarning muhabbatiday javobsiz, sadoqatli. Ammo odatda itni xо‘jayini boqadi. Anyuta shunday itki, u о‘zi xо‘jayinini boqadi, bu rus ayollariga xos xislat.

«Olti-yetti yillik mebellangan mehmonxonalarda tentirab yurishi davomida u Klochovga о‘xshagan besh kishini biladi. Ularning barchasi endi kurslarini tugatishdi, odam bо‘lishdi va, albatta, nomusli kishilar sifatida, uni eslaridan chiqarishdi. Klochov – oltinchisi… Yaqinda bunisiyam kursini tugatadi, odam bо‘ladi. Shubhasiz uning kelajagi porloq, balki Klochovdan katta odam chiqar, ammo hoziri juda yomon: Klochovning tamakisi yо‘q, choyi yо‘q, qandi ham tо‘rt bо‘lakkina qolgan. Iloji boricha tikishini tezroq tugatishi, buyurtmachi ayolga olib borishi va keyin olingan yigirma besh sо‘mga ham choy, ham tamaki sotib olishi kerak».

Haligi sxema bо‘yicha ishlaymiz. Dastlabki voqeani topamiz. Anyuta uyga kech qaytdi. Bir ishni topshirdi, ikkinchisini uyga olib keldi. Balki qandaydir arzimas pul ishlagandir, balki imtihonini bayram qilish uchun Stepanga qandaydir sovg‘a ham olgandir. U Stepanni sevadi.

Kutilmaganda u hamma narsalari sochilib yotganini, rо‘moli yо‘qligini, Stepanning mast uxlab yotganini kо‘radi. Darhol hammasini tushunadi, birinchi marta bunday bо‘layotgani yо‘q edi. Balki yig‘lagandir, balki lablarini qattiq tishlaganicha, narsalarini yig‘ishtirgandir. Qayerga borsin? Boradigan joyi yо‘q. Buning ustiga, bolakayga rahmi keldi. Ana u, yotibdi, kap-katta, himoyasiz, tushida inqillayapti. Yoniga chо‘zildi, hiqqilladi va silay boshladi. Shu tariqa uxlab qoldi.

Peripetiya sxemasi: baxtiyor edi – baxtsiz bо‘lib qoldi. Ertalab uning qalbida ranjish alami olovlanardi: yarashish voqeasi bо‘lganicha yо‘q. Stepan о‘z tashvishlari bilan ovvora, uni sezayotganiyam yо‘q. Kutilmaganda u Anyutani chaqirib qoladi va: «Nimchangni yech», – deb qoladi. Nega bunday qilayapti? Ha-a! Unda suyaklarni о‘rganadi. Baribir u kerak bо‘ldi. Anyuta Stepanning oldida turibdi, sovuqdan muzlayapti, titrayapti, terisiga tekkan kо‘mirdan seskanayapti. Anyuta kо‘radiki, Stepanning qovog‘i ochildi. Unga yaxshi – demak, Anyutaga ham yaxshi. U muzlagan holda turibdi va kо‘z yoshlari orasidan tabassum qiladi.

Qarang, biz Anyuta uchun bittayam sо‘z qо‘shganimiz yо‘q. Ammo biz voqea orqali uning ichki dramasini ochdik. Bu esa unga dramatik holatda tо‘laqonli hayot baxsh etdi. Voqeaning ichida dramatik peripetiya aniqlandi. Sxema bо‘yicha Anyuta baxtsiz edi – baxtiyor bо‘lib qoldi. Ammo peripetiya sxemasi ustida arazlashdan Stepan bilan yarashishgacha bо‘lgan aniq voqeaning emotsional yoyi egildi. Uning kamgap hayotining har bir soniyasi jonli emotsiya va ichki harakat bilan tо‘ldi. Alam orasidan kechirim chiqib keladi. Ikkinchi sahna boshlanadi – muammo murakkablashadi.

«– Mumkinmi? – degan tovush eshitildi eshik orqasidan. Anyuta tezgina yelkalariga jun rо‘molini tashlab oldi. Rassom Fetisov kirib keldi.

– Men sizlarga iltimos bilan keldim, – deb boshladi u Klochovga qarab murojaat qila turib va kо‘zlari ustiga tushib turgan sochlari orasidan yirtqichsifat qarash qilib. – Marhamatngizni ayamasangiz, gо‘zal qizingizni menga ikki soatcha qarzga berib tursangiz! Kо‘rmaysizmi, tasvir chizayotgandim, naturachi qizsiz hech iloji bо‘lmayapti!

– Eh, marhamat! – rozi bо‘ldi Klochov. – Bor, Anyuta.

– Nima bor menga u yerda! – dedi sekingina Anyuta.

– Ee, bо‘ldi! Bu odam qandaydir bо‘lmagan ish uchun emas, san’at uchun sо‘rayapti. Qо‘lingdan kelsa, nega yordam bermaslik kerak? Anyuta kiyina boshladi.


Страницы книги >> Предыдущая | 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21 22 23 24 25 26 27 28 29 30 31 32 33 | Следующая
  • 5 Оценок: 1


Популярные книги за неделю


Рекомендации