282 000 книг, 71 000 авторов


Электронная библиотека » А. Митта » » онлайн чтение - страница 22


  • Текст добавлен: 30 апреля 2024, 03:20


Текущая страница: 22 (всего у книги 33 страниц)

Шрифт:
- 100% +
SAHNA OLDIDAN REPETITSIYA

Sahna oldidan bо‘ladigan repetitsiya texnikaviy va ijodiy vazifalarni birlashtiradi. U bevosita tasvirga olish oldidan bо‘ladi. Eng yaxshisi bir kun oldin. Agar iloji bо‘lmasa, unda sahna ustida ishlash undan boshlanadi.

Tasvirga olish kuni:

1. Aktyorlar bilan о‘tirgan holda matnni о‘qiysiz. Sahnaning ahamiyatini qisqacha tushuntirasiz. Personajlar harakatining motivini: nima uchun va nima sababdan u bunday qilishini, qayerdan kelgani va sahnadan keyin qay tomon harakat qilishini tushuntirasiz. Kо‘pchilik ssenariyni esdan chiqarganini e’tiborga oling. Uni faqat siz butun detallari bilan bilasiz. Bahs yuriting va barcha takliflarni yozib boring.

2. Agar sahnada konfliktni emotsional rivojlantirish nazarda tutilgan bо‘lsa, uni sо‘zlarini tovushlarga aylantirgan holda о‘ynab kо‘rishga harakat qiling. Agar aktyorlarning emotsiyalarini uyg‘otish lozimligini sezsangiz, sahnani qо‘pol agressiv shtamplar bilan о‘ynang. Umuman, uning butun emotsional potensialini tashqariga chiqarishga harakat qiling. Aktyorlar qizishib olishadi.

3. Endi sahna ustida aktyorlar hayot haqiqatiga kо‘ra harakat qiladigan normal ish boshlanadi. Ba’zan jarayon davomida sahnani aktyorlarning rollarini almashtirib о‘ynash foydali bо‘ladi. Bu narsa aktyorlarga о‘z matnlarini tashqaridan tinglash imkonini beradi. Ammo bunda kо‘p tо‘xtab qolmang.

4. Aktyorlarga sahnani dekoratsiyalar bо‘ylab yoki tasvirga olish joyida erkin harakat qilgan holda о‘ynashlariga imkon bering. Ularga matn bо‘yicha yoki matn haqida improvizatsiya qilishlariga yordam bering. Sahna bо‘rtib kо‘payib ketishi mumkin. Bu qо‘rqinchli emas, siz uni eng yaxshilarini olish bilan siqasiz.

Aktyorlarning ularga о‘tirib о‘ynashlari qulayroq, degan gaplariga ishonmang. Aktyorlarning о‘ta jiddiy rejissori Martin Skorsez: «Aktyorlarni yugurtirish kerak», – degan. Aktyorlarning va kameraning harakati – sahna energiyasining muhim elementlaridir.

Repetitsiya paytida aktyorlarni tuzating, ish davomida repetitsiyani bir necha sekundga tо‘xtatib, tanbehlar bering. Oxirigacha shunday qiling.

5. Endi о‘z mezansahnangizning dastlabki manzarasini amalga oshiring. U, shubhasiz, repetitsiyalarda tug‘ilgan narsalar bilan tuzatiladi. Sahna aniq kо‘rinish oladi.

6. Butun sahnaning mezansahnasi о‘rnatilganida u qanday tasvirga olinishiga qarab sahnani qismlarga ajrating. Operator bilan, ammo kamerasiz, kadrlar bо‘yicha aniq harakatlarni repetitsiya qildiring. Operatorning qо‘lida vezir bо‘lishi yetarli. Bu yerda harakatlarning butun ritmi aniqlanadi. Operator qanday texnikani qо‘llashni tushunadi.

7. Siz va operatordan boshqa hammaga kichik dam olish. Aktyorlar grim va kostyum uchun borishadi. Siz sahnaning kadrlarini aniqlashtirasiz yoki yangidan chizasiz. Esingizdan chiqmasin, barcha statik momentlar tezkor montajni talab qiladi. Har bir statik momentga eng kami uchta nuqta zarur bо‘ladi: sahnaning о‘rta yoki umumiy plani va ikkita bir-birga qarama-qarshi yо‘nalgan yirik plan. Sahnani montaj qilayotganda ularga albatta joy topiladi.

Tasvirga olish tartibi mantiqiy ketma-ketlik bilan tо‘g‘ri kelmasligi mumkin. Sahnani yorug‘likning yо‘nalishi bо‘yicha tasvirga olishadi. Albatta, eng yaxshisi ketma-ketlikni saqlashdir.

Operator kamerani qо‘yadi, yorug‘likni о‘rnatadi. Tasvirga olish boshlanadi. Barcha bu ishlar 1-2 soat, ba’zi-ba’zida 3 soat davom etadi. Bevosita tasvirga olishdan oldin – yakuniy texnikaviy repetitsiya bо‘lib, unda operator va assistent harakatlarni santimetrigacha aniqlikda belgilab oladilar.

Kadrni kamera va mikrofon bilan bir-ikki marta о‘tishadi. Endi tasvirga olish mumkin.

REPETITSIYA VA REJA

Tashqaridan qaraganda, tasvirga olish paytida hamisha tartib hukm suradi. Hech kim hech kim bilan bahslashmaydi. Hamma bо‘ysunadi va noqulayliklarga chidaydi. Ammo bu aysbergning yuqori qismidir. Siz aktyorlardan kamroq yoki aql bovar qilmas darajada kо‘p narsalar olishingiz mumkin. Bu narsa esa sizning ijodiy ambitsiyangizga bog‘liq: о‘zingiz haqingizdagi fikringizga emas, chuqur о‘ylangan harakat rejasiga bog‘liq bо‘ladi.

Aktyorlar siz ularni shturmga olib borishingizni kutadilar. Shahar olinadi, badkirdorlar yо‘qotiladi, chiroyli qizlar g‘oliblarning quchog‘iga tushadilar. Tо‘satdan siz bu narsalar о‘rniga aktyorlarga shunday deysiz:

– Kelinglar, bolalar, qilichlarimiz bilan u yon-bu yonga chopaylikchi, balkim, nimanidir egallarmiz.

Aktyorlar hayron. Ular sizga kо‘ngilchan hamdardlik bilan qarashadi:

– Bechora bola, nima xohlayotganini о‘zi ham bilmaydi. Unga yordam berish kerak. Yordamlashish – bu bо‘ynigga chiqib olish deganidir.

Sizni hech qanday qо‘rqinchli narsa kutayotgani yо‘q. Tamoyilga kо‘ra aktyor ikki narsani xohlaydi: rolida yaxshi kо‘rinish va rejissorga yoqish. Agar bulardan birortasi oqsaydigan bо‘lsa, ba’zilar tashabbusni о‘z qо‘llariga oladilar. Mana shunda ular kо‘p narsa qilishlari mumkin. Ularning quroli kuch emas, balki talantning chegarasiz yoqimtoyligidir.

Amerikalik yulduz Greys Kelli, keyinchalik Monakko knyazligining malikasi, Shahzoda Reneni u qanday yoqtirgani haqida shunday tan olgan edi:

– Men unga birortayam imkoniyat qoldirmadim.

U maqtangani yо‘q. Uni kо‘p marta tasvirga tushirgan Xichkok shunday degan:

– Greys erkaklar bilan nimani istasa shuni qila oladi. U erkaklar orasida gimnast trapetsiyada qilganidek parvoz qiladi.

Shahzodada bо‘lgani kabi mening ham xotinlar borasida omadim kelmagan. Ammo erkaklar bilan holat bо‘lgan. Men «Sarguzashtlar ertagi» filmidagi bosh rolga aktyor tanladim. Da’vogarlardan biri Leonid Filatov edi. Men uni aslida «Ekipaj»da ochgan edim va har qanday rejissor kabi, u bilan yana va yana ishlashni orzu qilardim. Bu yerda bо‘lsa shunday bir rol – ertak qahramoni; u bu rolni о‘ynamadi, ammo uni falsafiy afsona darajasiga kо‘tarishi mumkin edi.

Boshqa davogar – Andrey Mironov. U bilan mutlaqo boshqa – yorqin, bayramona, shirali film bо‘lgan bо‘lardi. Men u bilan kо‘p yillar davomida tanish edim, ammo hech qachon uning uchun rol bо‘lmagandi. Bu yerda esa imkoniyat, balki butun umr davomida bir marta… Endi, Mironovning bevaqt vafotidan keyin aniq bо‘ldiki, u kelajakning aktyori edi. U hali о‘sha yillariyoq san’at deb tan olinmaydigan joyda – kо‘ngilxushlik maydonchasida – san’at yaratgan edi. Endilikda uning energiyasi hayotimizning о‘lmas qismiga aylandi. Ammo u paytlarda bu narsa faraz qilinardi, xolos.

Men «jiddiy» san’at hududida ishladim va «Ekipaj» bilan men uchun begona bо‘lgan kо‘ngilxushlik hududiga kirib bordim. Mironov bо‘lsa odatdagi bо‘yoqlarni о‘zgartirmoqchi edi. Germanning «Dо‘stim Lapshin»ida tasvirga tusha boshladi, xuddi umumiy ish qandaydir ma’noga ega bо‘lganday u men tomonga qarab qо‘yardi. Filatov bо‘lsa allaqachon aqlli, zaharxanda, kinoyali, quturgan ichki temperamenti bilan о‘nyillik qahramoni sifatida о‘zidan darak bergandi. Har bir kadrni hayotidagi asosiy, oxirgi va uning taqirini hal etadigan kadrday о‘ynab, о‘zini tasvirga olish maydonlarida hisob-kitoblarsiz yoqib yuborgan aktyor. Ayni shu paytda unga о‘tkinchi, xuddi hech narsaga arzimaydiganday kо‘rinish berardi. Falsafiy ertak-afsona uchun kam uchraydigan sovg‘a. Umuman olganda, fantastik tanlov, ammo oddiy emas.

Filatov alohida e’tibor bergan holda masofani saqlardi:

– Bir qarorga kel va menga xabar ber. Men senga ta’sir о‘tkazishni istamayman.

Bu narsa uning hamma narsadagi pozitsiyasi edi. U «Ekipaj»da ham о‘zini shunday tutgan. U paytda men u va Oleg Daldan birini tanlar edim. Filatov esa rolni sinab kо‘rishdan bosh tortgandi. Dal allaqachon yulduz edi, Filatovni esa hali amalda hech kim tasvirga olmagandi. Assistentlar:

– Kо‘rayapsizku, u rolga jiddiy munosabatda bо‘lmayapti, – deb qichqirib qolishdi.

U esa oddiygina rad javobi olib, jarohatlanishni istamasdi… Men Dalni tasvirga ola boshladim, ammo u deyarli о‘sha paytdayoq kasal bо‘lib qoldi. Oshiqcha yukka uning asablari chidamagan edi. Vrachlar ikki oylik tinchlikni talab qildilar. Film kutib turolmasdi.

Men Filatovga qо‘ng‘iroq qildim:

– Rol bо‘sh turibdi. U seniki.

Leonid Dal bilan uchrashdi, hech qanaqa intriga yо‘qligini aniqlab, filmga keldi. «Ekipaj» chiqqanining ertasi kuni Filatovning ommaviyligi yapon feyervergi kabi portladi. Birorta kotiba yо‘q ediki, yozuv mashinkasi ustiga uning portretini osib qо‘ymagan bо‘lsin. Ammo, albatta, jiddiy aktyorlik yutuqlari unga keyingi filmlarda keldi. Men esa uning maksimum temperamenti va aqli darajasida u bilan rol qilishni istardim.

Umuman olganda, men dovdirab qolgan edim.

Balki Mironov: «Bechora yigit, nimani tanlashni о‘zi ham bilmayapti, unga yordam berish kerak…» – deb о‘ylagan bо‘lsa ajabmas.

U meni uyiga chaqirdi va fantastik kecha tashkil qildi: ssenariyni о‘qidi, improvizatsiya qildi, kuyladi, raqsga tushdi, о‘zgardi. Bir sо‘z bilan aytganda, menga birorta imkon qodirmadi.

Men uni tasdiqladim. Aytish kerakki, hech qachon bundan pushaymon bо‘lmadim. U bilan ishlash xuddi ertaklardagiday qiziq edi. Ammo filmdan keyin kо‘p marta manyaklarga xos qutilib bо‘lmas tarzda: agar Filatov о‘ynaganida film qanday bо‘lardi? – deb о‘ylardim va bu olinmagan film menga kо‘p jihatdan jiddiy bо‘lib tuyulardi.

Ammo biz bittayam filmni, bittayam sahnani ikki har xil yechimiga ega bо‘la olmaymiz. Rejissor uchun qaror qabul qilish xuddi generalning jang oldidan: bular markazda bо‘ladilar, bular qanotlarda, bular atakaga boradilar, bular esa qо‘llab-quvvatlaydilar… deb lashkarni joylashtirishiday bо‘ladi. Qabul qilingan rejani jang paytida almashtirish mumkin emas. Reja bо‘yicha oxirigacha boradigan bо‘lsang yutishing yoki yutqazishing mumkin. Ammo jangda qо‘rqqaningdan rejani о‘zgartiradigan bо‘lsang, yutqazishing muqarrar. Agar siz qо‘lingizdagi ssenariy bilan kelib, sizni g‘oyalar bilan tо‘lirishadi, deb о‘ylasangiz va: «Kelinglar, о‘tirib bir о‘ylaylik, bu bilan biz mohiyatan nima demoqchi bо‘lamiz», – deydigan bо‘lsangiz, sizga bо‘lgan hurmat nolga tushadi.

Rejissor albatta xodimlarning g‘oyalarini hisobga oladi. Bu ishning muhim tashkil etuvchi qismidir. Ammo barcha g‘oyalar siz о‘zingiz shaxsan о‘ylab topgan narsaning yadrosi atrofida aylantiriladi. Ssenariya – hali asosiy fikr emas. U asosiy fikr о‘sib chiqadigan qog‘oz.

Rejissorlik konsepsiyasining uch tashkil etuvchi qismi bor:

1. Dramaturgik reja. Tuzilma qanday yechimini topadi.

2. Aktyorlar ansambilining fikri. Rollar qanday qilib о‘ynaladi.

3. Kо‘rinadigan reja. Film kartinkalarda qay tariqa hikoya qilinadi.

MAVZU KONTAKT STRATEGIYASI

Qanday filmlar eng kuchli samara beradi, deb uzoq о‘ylab turmaslik kerak. Buni siz о‘z shaxsiy tajribangizdan bilasiz. Agar film bir butun bо‘lib kо‘rinsa, agar u sizni о‘z changaliga olgan bо‘lsa va boshidan eng oxirigacha о‘ziga kerakli tomon sudraydigan bо‘lsa… Agar siz filmni hamma narsani unutgan holda kо‘radigan bо‘lsangiz va muhim hayotiy tajriba olsangiz – bu film berishi mumkin bо‘lgan maksimum narsadir. Biz aynan shu narsaga erishishga harakat qilamiz. Film mayda bо‘lakarga bо‘lingan, bir-biriga yaxshi ulanmagan fragmentlardan yig‘ilgan bо‘lsa, hech qachon bir butun shaklga ega bо‘lgan filmday kuchli taassurot qoldirmaydi. Har holda siz katarsisga yarim soatlik uzluksiz marafonda yugurishni boshlabgina yetib borasiz. Hikoya faqatgina tomoshabinlarni ilintirib olib, ularni ma’lum bir yо‘nalish bо‘yicha harakat qildirgandagina tomoshabinlarning emotsional javobiga ega bо‘ladi. Shuning uchun bizni filmning barcha emotsiyalarini bir shaklga tо‘plashga yordam beradigan hamma narsa qiziqtiradi.

Birdaniga, bir onning о‘zida chuqur xarakter kо‘rsatish imkonini beradigan retsept yо‘q – prinsip jihatdan bunday imkoniyat mavjud emas. Faqat bir necha bosqichda xarakterni о‘zagigacha ochib berishga imkon beruvchi jarayon mavjud. Bu tuzilmada intuitsiya professional asosga suyanadigan ish yо‘lidir.

Nimanidar nazorat ostida ushlab turish – bu ayni ixtisoslikning о‘zidir. Agar biz drama rivojini uning tuzilmaviy asosida ishonchli rejalashtira olsak bо‘lgani, qolganiga Allohning О‘zi bizga uni iqtidor qilishda yordam bersin.

Hikoyachilik, dramaturglik va rejissorlik hunari voqea asosida yotuvchi qо‘pol narsalarni nazorat qilishdadir. Professional yechimini topa olmaydigan, savodli tarzda rivojlantira olmaydigan konfliktli g‘oyaning о‘zi yо‘q.

Voqeani rivojlanish strategiyasi oddiy va tushunarli qoidalarga bо‘ysunadi. Stanislavskiy bir safar Volgadagi lotsmandan sо‘radi:

– Siz paroxodni sayozliklar va girdoblar orasida joylashgan bunday chalkash о‘zandan olib о‘tishni qanday eplaysiz?

– Men kurs bо‘yicha boraman. Kemani bakenlar bо‘ylab boshqaraman.

Mana shuning о‘zi hunar. Sen qayerda chuqur va qayerda sayoz bо‘lishini bilasan. Ammo bu bilim farvaterdagi rejada yotuvchi yanada murakkab ijodiy muammoni yechish uchun sizning intuitsiyangizni aql bovar qilmas darajada erkin qо‘yib yuboradi.

MAVZUNI TAVSIFLASH

Mavzu tuzilmaning film bosh g‘oyalarini maksimal rivojlanishini chuqurlashtirishga yordamlashuvchi alohida qismidir. Filmning qadriyatlari haqidagi barcha gap-sо‘zlarda mavzu faxrli joyni egallaydi.

Mavzu – bu biz filmda hikoya qiladigan barcha eng muhim narsalarning javhari. Mavzu bu umuminsoniy jihatdan filmning tarixidir. U gо‘yoki syujetdan yuqoriga kо‘tarilib turadi. Xuddi biz filmni Xudoga yaqin bо‘lgan bulutlarga akslantirganmizu, u yerdan eng asosiy narsaning qisqacha tarjimasini umuminsoniy tilda eshitganga о‘xshaymiz.

Mana shunday reprezentativ imkoniyati bо‘lganligi uchun ham mavzu – barcha mahmadonalarning eng sevgan mashg‘ulotidir. Men mavzu haqidagi kо‘plab suhbatlarni eshitdimu, ammo amalda о‘sha mavzu bilan qanday ishlashim lozimligini о‘zim uchun aniqlay olmadim. Balki, biz bu narsani tanqidchilar leksikoniga qoldirarmiz? Yо‘q! Mavzu – bu bizning ish asbobimiz, skalpelimiz, shturvalimizdir.

Filmning mavzusi – filmdan keyin tomoshabin ongida qoladigan narsadir. Nafaqat ongida, balki buning ahamiyatiyam undan kam emas, ong ostida saqlanib qoladigan narsa. Tomoshabin, balki mavzu nima haqidaligini tushuntirib bera olmas, ammo buni u emotsional tajriba sifatida oladi. Bu real qadriyatdir. Demak, mavzuning vazifasi – sizning g‘oyalaringiz bilan auditoriyaning emotsional olami orasida kontakt о‘rnatishdir. Mavzu – bu siz ularning qalbida emotsiyalar о‘stirib, tomoshabinga yetkazishni xohlaydigan muhim intellektual qadriyatdir.

Mavzu va tomoshabin о‘rtasida qanday qilib aloqa о‘rnatish kerak – har qanday mavzuning bosh muammosi mana nimada. Bunday kontakt uchun nima yordam bersa, shu narsa filmning foydasiga bо‘lishi tushunarli. Yana shu narsa tushunarliki, mavzu xuddi shkatulka ichidagi shayton singari film oxirida kishilar e’tibori uchun sakrab chiqmaydi. Siz, xuddi ona bolasini о‘z tanasi ichida о‘stirgani singari, mavzuni filmning tanasida undirasiz.

MAVZU VA KONTRMAVZU

Auditoriyaning ushbu filmni kо‘rishni xohlashi uchun sabab bо‘lishi lozim. Bu sabab film hikoya qiladigan voqeaning о‘zida bо‘lishi kerak. Mana shu sabab – film mavzusining aynan о‘zidir. Biz muallif sо‘zlari yoki personajlar sо‘zi bilan filmning mavzusi qanaqa ekanligini aytmaymiz. Tomoshabin mavzuni film hikoya qiladigan hamma narsalarni tasavvurida yiqqan holda о‘zlashtiradi. Tabiiyki, tomoshabinlardan hech kim bu narsa bilan maxsus shug‘ullanmaydi. Tomoshabin oddiygina: «Bu qahramonni men yaxshi kо‘raman, barcha uchun hamma narsani rasvo qiladigan mana bu yaramasni esa, kо‘rgani kо‘zim yо‘q», – deydi. Bu tomoshabin о‘zlashtiradigan mavzuning xuddi о‘zi. Mavzu haqida u balki kо‘p sо‘zlar bilan ayta olmas, ammo, agar bizning vazifamiz – filmning barcha g‘oyalarini tomoshabin uchun tushunarli emotsiyalarga aylantirish ishi bajariladigan bо‘lsa, mavzu uning qalbiga kirib boradi.

Film barcha voqealari orqali boshdan oxirigacha, har bir daqiqada mavzuni ocha boradi. Mavzudan tashqaridagi hamma narsa foydasiz bо‘ladi yoki zarar keltiradi. Ammo biz dramaning asosiy aksiomasini bilamiz: «Dramadagi barcha qimmatli narsalar konfliktlar orqali olinadi». Bu mavzuga ham tegishli. Shuning uchun ham mavzu konfliktlar orqali rivojlanadi.

Aslida dramadagi «mavzu» – bir-biri bilan bog‘liq ikki narsadir. Biri – mavzu, ikkinchisi – kontrmavzu. Ular filmning boshidan oxirigacha doimo konfliktda bо‘lib, kurashadilar.

Bolaligimda yangi yil archalarida ikki nanay bolasining kurash nomeri bо‘lardi. Mо‘ynali pо‘stin kiygan ikki bola bir-birini oyoqlari bilan chalib kurash tushardilar. Goh biri, goh ikkinchisi g‘alaba qilardi. Oxirida katta qiyinchilik bilan bolalardan biri ikkinchisini havoda baland kо‘tarardi… Hozir u raqibini polga uradi… Ammo shu payt pо‘stin yechilib ketardi va ikki bola – bir kishi ekanligi bilinib qolardi. Mavzu va kontrmavzu filmda xuddi ikki nanay bolasi kabi bir-birlari bilan kurashadilar. Ular eng oxirigacha bir-birlariga tirmashib ketgan va birbirlari ustidan g‘alaba qila olishmaydi. Faqat eng oxirida kim g‘alaba qilganligi bilinadi. G‘alaba qozongani – mavzu, yutqazgani – kontrmavzu.

Har qanday dramatik asarda mavzu va kontrmavzuning kurashi topilishi lozimligini birinchi bо‘lib Stanislavskiy payqagan edi.

Dastlab bu narsa juda murakkab tuyuladi, ammo Stanislavskiy aytganiday: «asta-sekinlik bilan murakkab narsa tushunarli, tushunarli narsa esa chiroyli bо‘lib boradi».

Rejissor dramani shunday tuzishi kerakki, unda mavzu va kontrmavzu uzluksiz kurashsin. Eng oxirigacha ham tomoshabin uchun kim g‘olib bо‘lishi tushunarsiz qolsin. Bunday rivojlanishni oddiy misolda kо‘rib chiqaylik. Konfliktda о‘zaro kurasha borib, mavzu va kontrmavzu qanday qilib tomoshabin qiziqishini faollashtirishga yordam beradi? Aytaylik, jinoyatchilar ajoyib tarzda о‘ylab kо‘rilgan jinoyatni sodir etishdi – bankni о‘marishdi. Ularni hisoblab topish va ushlashning iloji yо‘q. Auditoriya: «jin ursin, qanday ajoyib jinoyat», – deb о‘ylaydi. – Shunga о‘xshash nimadir qilsa bо‘lardi. Bu kontrmavzu – ayni shu paytda u g‘alaba qozondi.

Keyin politsiyachilar jinoyatchilarni aniqlab, ularni ushlashadi. Auditoriya: «yо‘q, jinoyat о‘zini oqlay olmaydi», – deydi. Bu mavzu – konfliktda u g‘alaba qildi.

Bir mahal turmaga qamalgan jinoyatchi qochib ketadi. U avvaldan yashirib qо‘ygan bir dunyo pul bilan erkinlikda. Auditoriya: «har holda jinoyat qilganiga arzir ekan», – deb о‘ylaydi. Bu kontrmavzu, u yana g‘alaba qozondi.

Ammo kо‘plab qiyinchiliklarni yengib о‘tgan detektiv yana jinoyatchini topadi va tomoshabin: «yо‘q, jinoyat buni qilishga arzimaydi» – deb о‘ylaydi. Bu mavzu – endi u g‘alaba qildi.

Gangsterlar komandasi bosh jinoyatchini qaytarib olishadi. Jinoyatchi yana baxtli va badavlat, tomoshabin yana: «jinoyatni qilishga arzirkan!» – deb о‘ylaydi.

Ammo politsiyachi yana jinoyatchini topadi… Shu tariqa sahnamasahna ikki g‘oya almashinadi va kurashadi:

1. Jinoyat qilishga arziydi.

2. Jinoyat qilishga arzimaydi.

Bir sahna mavzuni ifodalaydi, ikkinchisi – kontrmavzuni. Ular birgalikda filmning mavzusidir. Bu gо‘yoki voqeani rivojlantiruvchi va tomoshabinning diqqatini ta’minlovchi ikki g‘oyaning bahsiga о‘xshaydi. Ushbu holda personajlar xatti-harakatini jinoyat о‘zini oqlay olmaydi, degan g‘oyani kо‘rsatish boshqaradi. Ammo bu g‘oya hech joyda sо‘zlar bilan aytilmaydi – tabiiyki, personajlardan hech kim ekrandan: «Jinoiy harakat qilmang – bu unga arzimaydi», – demaydi. Personajlar kurashadi va g‘oya ularning kurashi jarayonida aniqlanadi, mana shunda tomoshabin uni emotsional va ongi ostida о‘zlashtiradi. Konfliktda personajlar xatti-harakatini boshqaradigan g‘oyalar boshqaruvchi g‘oya deyiladi.

Boshqaruvchi g‘oya – mavzuning finalda g‘alaba qozonadigan qismidir, kontrmavzu esa – boshqaruvchi g‘oyaning tor-mor qilinadigan ikkinchi qismidir. Ammo bu eng oxirida bо‘ladi. Bundan oldin esa uni yengib bо‘lmaydigandek tuyuladi. Qachonki, kontrmavzu eng oxiriga qadar mavzuga nisbatan kuchli bо‘lib kо‘rinsa, tomoshabinlar voqea ortidan juda katta qiziqish bilan kuzatadilar, chunki ular mavzuning g‘alaba qilishini istaydilar. Agar biz jinoyatchilarning aqlli, ayyor, kuchli, uddaburon ekanligini kо‘rsak, politsiya inspektori ularga hech qachon yetib borolmasligini tushunamiz. Ammo oxir-oqibat u yetib bordi! Bu finalda, kontrmavzu tomonidan deyarli oyoqosti qilib tashlangan mavzu g‘alaba qozonganda va tantana qilganda rо‘y beradi. Demak, biz qahramonga bekorga xayrixohlik qilmagan ekanmiz. Mana shunda mavzuning va kontrmavzuning qarama-qarshiligi shunchalik kuchli bо‘ladi, har kim mavzuni xuddi о‘z emotsional kechinmalariday hazm qiladi.

Nima uchun qoida yomonlik abstrakt simvolda, tabiat voqeasida yoki umumlashgan yomonlikda emas, balki jonli antagonistda ifodalanishini talab qilishi endi sizga tushunarliroq bо‘lsa kerak. Ikki jonli personajlar kurashi hamisha yorqinroq, nima bо‘lishini oldindan aytib bо‘lmaydigan bо‘lib kо‘rinadi. Bunda mavzu kontrmavzu bilan kurashayapti.

Notо‘g‘ri aniqlangan mavzu barcha ishni buzishi, deformatsiyalashi yoki barbod qilishi mumkin. Biz aytib о‘tgan «Epidemiya» filmini olish tarixida aynan shu narsa rо‘y bergandi. Birinchi qarashda ssenariyda berahm, dahshatli, birsо‘zli virus-qotil antagonist bо‘lishi kerakligi tabiiydek tuyuladi. Shunda mavzu insonning virus-qotil bilan kurashi bо‘lishi kerakligi о‘z-о‘zidan tushunilar edi. Ammo virusning insonga qaraganda xatti-harakatlari repertuari kichik. Virus о‘ldiradi, tamom. Ammo inson-dushman ayyorlik qilishi, mug‘ombirlik qilishi, intrigalar tо‘qishi, boshqa qо‘rqinchli kuchlar bilan birlashishi mumkin. Shuning uchun filmning mavzusi yaxshi yigitning yomon yigit bilan kurashida paydo bо‘ladi.

Eski, hech qachon pand bermaydigan, rolini Donald Sazerlend о‘ynagan «yomon yigit», general antagonist bо‘ldi.

Yaxshi yigit, polkovnik Dastin Xofman virusni yо‘qotmoqchi bо‘ladi, yomon yigit – general Donald Sazerlend virusni bakteriologik urush quroli sifatida saqlab qolishni istaydi. Buning uchun u yaxshi yigitni о‘ldirishga va virus bilan zararlangan butun shaharni yо‘q qilishga ham tayyor. Qadam-baqadam virus-qotil bilan kurash aynan mana shu konfliktning rivoji tarzida qaraladi.

Polkovnik antivirus axtaradi – bu mavzu. General unga ega, ammo uni maxfiy qurol sifatida yashiradi – bu kontrmavzu.

Virus katta tezlikda tarqaladi va harbiylar epidemiyani yengishga yordam beradigan yashirin virusni ochishga majbur bо‘ladilar – bu mavzu. Ammo endi kech: virus о‘zgargan, u boshqarib bо‘lmaydigan va yо‘qotib bо‘lmaydigan holga kelgan, general bо‘lsa butun shaharni yangi virus bilan birga yо‘qotmoqchi bо‘ladi – bu kontrmavzu.

Polkovnik esa odamlarni qutqarib qolmoqchi, u axtaradi va yangi antivirus topadi – bu mavzu.

Shunda general, yashirin bakterialogik qurolni saqlab qolish uchun, polkovnikni yо‘qotishga urinadi – bu kontrmavzu.

Ammo polkovnik qutilib qoladi va tо‘liq falokatdan bir necha daqiqa oldin insoniyatni apokaliptik falokatdan qutqazib qoladi – bu mavzu.

Oxirgi daqiqalargacha generalni yengib bо‘lmaydiganga о‘xshaydi. U AQSH prezidentini shaharga superbombani tashlashga ishontiradi. Ulkan samolyot shaharga ajal olib borayotir – bu kontrmavzu.

Armiyaning butun qudratiga qarshi birgina polkovnik nima ham qila olardi? Hech narsa. Ammo u maksimum mardlik, iroda va aql-idrok kо‘rsatib, oxirgi daqiqalarda g‘alaba qiladi.

Mavzu – bu judayam kuchli bо‘lib tuyuladigan kontrmavzuni yengadigan narsadir. Bu ham «yaxshi hikoya qilingan voqea»ning qoidalaridan biridir. Mavzu – bu David, kontrmavzu – bu Goliaf. U yengilmasga о‘xshaydi. Ammo David palaxmonni uloqtiradi va tosh mо‘ljalga tomon uchadi.


Страницы книги >> Предыдущая | 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21 22 23 24 25 26 27 28 29 30 31 32 33 | Следующая
  • 5 Оценок: 1


Популярные книги за неделю


Рекомендации