282 000 книг, 71 000 авторов


Электронная библиотека » А. Митта » » онлайн чтение - страница 30


  • Текст добавлен: 30 апреля 2024, 03:20


Текущая страница: 30 (всего у книги 33 страниц)

Шрифт:
- 100% +

Mana, nima ekan MakGaffin.

Bu narsa, tomoshabin ishonishni va filmdan zavq olishni istashini tushungan holda, juda ajoyib tarzda, mahorat bilan qilingan. Bu esa haqiqatan ham ish beradi. Bu narsa Ilzani Rikka borishga va undan sо‘rashga, yalinishga, qо‘rqitishga va sevgi izhor qilishga majbur qiladi. Rikni esa tavakkal qilishga, sevgilisini qutqarishga, konfliktlar о‘ylab topishga, dushmanlarini о‘ldirishga va о‘z xotiniga xiyonat qilishga majbur qiladi.

Har qanday narsa MakGaffin bо‘lishi mumkin. Ammo bu rolni hammadan kо‘ra detallar yaxshi о‘ynaydi. Va hammadan kо‘ra kо‘proq MakGaffin – bu detal.

Bu narsani fahmlashga erishgan birinchi kishi Xichkok emas edi, albatta. Undan ancha oldin bu g‘oyani ajoyib detallar ustasi – Anderson ifodalagan edi.

Baxtsiz daydi qiz yomg‘irli tunda qirol saroyi eshiklarini qoqadi. U tunash uchun joy sо‘raydi, о‘zining malika ekanligiga ishontirmoqchi bо‘ladi. Buni qanday tekshirib kо‘rish mumkin? Qirolicha malikadan ajdodlari haqida sо‘ramaydi, etiketni bilishini ham sinab kо‘rmaydi. U partо‘shak ostiga mayda nо‘xat donalarini solib qо‘yadi. Bu detal esa charchagan qizchani uxlatishga qо‘ymaydi. Ertalab esa nо‘xat donalari bechora daydi qizning taqdirini о‘zgartirib yuboradi. U qirolicha bо‘ladi – nо‘xat donalari uning haqiqiy, qirollar urug‘iga mansub bо‘lgan oqsuyaklarga xos sezgir va nozik malika ekanligini isbotlaydi.

Nо‘xat donasi – MakGaffin.

Baldan qochayotganda Zolushka yо‘qotib qо‘ygan tuflichani eslang. Busiz Zolushka butun maftunkorligi bilan Shaxzodaning yodidan kо‘tarilib ketardi. Detal esa voqeaning sezgir tarovatini saqlab qoladi. Voqea detal orqali «shu yerda va ayni shu paytda» xuddi atir kabi hid taratadi. Tuflicha – bu ajoyib MakGaffin. Buning ustiga g‘irt bо‘lmaydigan gap. Sehrgar ayol Zolushkaga sovg‘a qilgan hamma narsa soat 12 da yо‘qoladi. Izvosh yana qovoqqa aylanadi, otlar – sichqonga, aravakash – kalamushga. Tuflicha esa, nima uchundir, qoladi. Bu narsa bizni aslo xijolatga solmaydi. Nega? Chunki biz Zolushkaning baxtli bо‘lishini istaymiz. Bu narsa bizga qandaydir mantiqiy ikir-chikirlardan kо‘ra muhimroq.

Ammo drama tarixida MakGaffinning bundanda keskin misoli bor. Tabiiyki, biz uni daho – Shekspirdan topamiz, chunki u drama poeziyasini va uning imkoniyatlarini boshqalardan kо‘ra yaxshiroq tushunardi.

Julyetta boshi berk kо‘chaga tiqib qо‘yilgan. Uning qutilishga imkoniyati yо‘q. Uning yashirincha eri akasini о‘ldirganligi uchun shahardan quvib chiqarilgan. Otasi bо‘lsa unga graf Parisga – allaqachon unga va’da qilingan kuyovga – turmushga chiqishini e’lon qildi. U о‘z muhabbatiga xiyonat qila olmaydi, о‘limga mahkum qilinadigan qо‘sh erlikka yо‘l qо‘ya olmaydi! Bechora qizga yordam beradigan odam yо‘q. Yо‘q, shunday kishi bor – bu monax Lorenso. U bir safar qizni Romeo bilan nikohlab qo‘yib, uning muhabbatini saqlab qolgan edi. U aqlli, mehribon, hamma narsani biladi. Biz unga ishonamiz. Endi u boshi berk kо‘chadan yana bir chiqish yо‘lini taklif qilmoqda. Julyetta qandaydir uyqudori ichishi kerak. Bir kecha-kunduz u Julyettani sovuq murdaga aylantirib qо‘yadi. Uning nafas olishi tо‘xtaydi, u butunlay jonsiz holatda bо‘ladi. Bu vaqtda uni kо‘mishadi. Bir sutkadan keyin xuddi hech nima bо‘lmaganday qayta jonlanadi va baxtli bо‘ladi.

Siz bundan battarroq bema’nilikni eshitgansizmi? Bu qanaqa dori bо‘ldi? Odam murdaga о‘xshab soviy olmaydi va bir sutka nafas olmasdan tura olmaydi. Butunlay bema’ni gap. Albatta bema’ni gap, chunki u MakGaffin. Biz Julyettaning Romeo bilan baxtli bо‘lishini shu qadar istaymizki, nimaga bо‘lsa ham ishonishga tayyormiz.

Bu MakGaffin ustida Shekspirning zamondoshlari qanchalik hayajonlanganliklarini va kо‘zyoshi tо‘kishganlarini tasavvur qilayapman. Ammo yuz yillar о‘tadi. Ekranga «Romeo va Julyetta» filmi, keyin yana bittasi chiqadi. Ularning har biriga sajda qilishadi, ular millionlab zavq-shavq olgan tomoshabinlarni tо‘playdi, tan olinadi va mukofotlarga loyiq bо‘ladi.

Bernard Shou Shekspir haqida juda yaxshi aytgan edi: «Sizga nimadir mantiqsiz tuyilsa, mantiqni esdan chiqaring, musiqa tinglang».

MakGaffin hisob-kitob emas. Bu kо‘r kо‘zning ochilishi, poeziya va dramaning musiqasi.

Aytgancha, safsata gap haqida.

Bizlarning detallar tuzilmasi va konstruksiyasi haqidagi gaplarimiz о‘ta ma’qul bо‘lib kо‘rinishi mumkin. Ammo bu haqida eng ratsional rejissor Alfred Xichkok Tryuffo bilan suhbatida mana, nima degan edi.

TRYUFFO. Aniqki, safsata gaplar fantaziyasi – sizning film yaratish formulangizdagi asosiy tashkil etuvchi narsa.

XICHKOK. Gap shundaki, safsata – mening aqidam!! Men Keri Grantning bir zavod ishchisi bilan ular konveyer yonidan ketayotgan paytda bо‘ladigan dialogi qatnashadigan uzun trevellingni tasvirga olishni orzu qilardim. Ular, aytaylik, ustalar haqida suhbatlashishlari mumkin. Ularning yonida detalma-detal avtomobillar yig‘ilmoqda. Nihoyat, qahramonlarimiz va tomoshabinlarimiz kо‘z о‘ngida tug‘ilgan «Ford» liniyadan tushishga tayyor. Ular mashinaga qarab, zavqqa tо‘la ajablanishlarini yashira olmaydilar, uning eshigini ochadilar va u yerdan murda yiqilib tushadi!

TRYUFFO. Ajoyib g‘oya!

XICHKOK. Murda qayerdan paydo bо‘ldi? Albatta, mashina ichidan emas, chunki ular va biz uning bortdan qanday qilib yig‘ilganini kо‘rdik! Murda g‘oyibdan tushadi! Tushunayapsizmi?! Bu hatto ular hozirgina u haqida gaplashib kelayotgan ustaning murdasi ham bо‘lishi mumkin.

TRYUFFO. Absolyut hech narsa bо‘lgan narsaning maftunkor namunasi! Nega bu rejangizdan foydalanmadingiz? Bu epizod kartinani chо‘zib yuborishi mumkin bо‘lganligi uchun emasmi?

XICHKOK. Gap filmning davomliligida emas edi. Hamma balo shundaki, u syujetga tushmadi. Sahna о‘zicha juda ham g‘ayritabiiy bо‘lishi mumkin, ammo u kontekstga tushishi kerak!»

Fikringizga kelgan har qanday bо‘lmag‘ur gap, har qanday fantaziyani savodli rivojlantirish, uni tomoshabin yeydigan holga keltirishingizda ekan. Hammasi emotsiyalarni rivojlantiradigan ishtahani ochuvchi ovqat bо‘lishi kerak. Voqealarni hikoya qiluvchining hunari aynan shunga xizmat qiladi.

DETAL-PERSONAJ

Shunday detallar borki, ular aktyorlarning о‘zlari kabi muhimdir. Bular filmda bosh rol о‘ynaydigan detallar. Bu detallar uchun ssenariylar yozishadi. Ular arxetiplarga aylanishadi.

Masalan, ispaniyalik rejissor Luis Berlangning mashhur «Qо‘g‘irchoq» filmi bor. Bu filmda tish doktori о‘z mijoz ayollarining chirigan og‘izlarini shu darajada kо‘p kо‘rganki, tirik ayollar uning faqat kо‘nglini aynitadi. U pochta orqali odam bо‘yi keladigan qо‘g‘irchoq sotib oladi. Juda jozibador, butunlay yumshoq plastikdan qilingan, og‘zi rezinadan, jag‘ini siqib, uni ochish mumkin. Og‘zida esa, tasavvur qilayapsizmi, bittayam tishi yо‘q. Vrach bu qо‘g‘irchoqqa nikoh kо‘ylagi sotib oladi va unga uylanadi. Tо‘y marosimi vrachning uyida о‘tkaziladi. Ammo hammasi tо‘liq dastur bо‘yicha boradi: fatali fler d'oranj kelinning boshida, nikoh uzugi uning barmoqlarida, Mendelson patefonda. Doktorning о‘zi, garchi shimini kiymagan bо‘lsada, smoking va kapalaknusxa galstukda. Ammo bu yagona kamchilik. Keyin nikoh oqshomi bо‘ladi. Tafsilotlari suvab tashlangan, ammo umumiy taassurot – doktor yosh kelindan mamnun. U bilan raqsga tushadi, suhbatlashadi, shahar bо‘ylab avtomobilida olib yuradi, о‘tkinchilardan rashk qiladi. Ammo qо‘shni ishchilar derazadan g‘alati juftlikni kо‘rishadi va doktorning yо‘qligida qо‘g‘irchoqni о‘g‘irlab qо‘yishadi. U esa, tabiiyki, sо‘zsiz ishchilarga bо‘ysunadi. Ular qо‘g‘irchoqda ayollarda bо‘lishi lozim bо‘lgan hamma narsalar mavjud ekanligini kо‘rishgach, quvonchlarining chegarasi bо‘lmadi. Ular ichib olishadi va qо‘g‘irchoqni navbatma-navbat zо‘rlashadi. Keyin uni hovliga otib yuborishadi. Doktor uni sharmandali holda axlatxonadan topadi. U qо‘g‘irchoqning xiyonatini kechira olmaydi. U bilan mashinaga о‘tiradi va Senaga chо‘kishadi. Mashina va uning ichidagi doktor suv ostida qoladi, qо‘g‘irchoq bо‘lsa bir necha fursatdan keyin suv yuziga suzib chiqadi va daryo bо‘ylab oqib ketadi.

Bunday rolga aktrisa havas qilishi mumkin. U sovuq, ammo uning atrofida ehtiroslar jо‘shadi. Hammasi syujet bilan va boshqa personajlar ishtirokida yaxshi о‘ynalgan.

«Qо‘g‘irchoq» – g‘ayrioddiy mustasno emas. Dunyo adabiyotida eng ta’sirchan sevgi voqealari markazida yotuvchi detal-personajlarga misol mavjud. Biz unga tо‘xtalib о‘tgandik – bu Gogolning «Shinel»i. Biz uchun u shunisi bilan qiziqki, shinel roli, xuddi detal-personaj singari, juda katta tafsilotlari bilan ishlab chiqilgan. Biz bu rolning dramatik peripetiyalarini kо‘rib chiqqandik. Endi rolning konstruksiyasi bо‘yicha qaraymiz. Bu birinchi klass, universal konstruksiyadir. Xuddi uni jonkuyar rejissor qurganga о‘xshaydi. Yо‘q, bor-yо‘g‘i uni daho yaratgan, xalos.

Qissa boshida bosh qahramon Akakiy Akakiyevichning hayotida mutlaqo boshi berk dramatik holat vujudga keladi. Eski shineli butunlay tо‘zib bо‘ladi. Akakiy Akakiyevichning mikroiqlimi dahshatli – u kamsitilgan, qaltiraydi va muzlaydi. Antagonist – «shimoliy sovuq» ayovsiz hujum qiladi.

«Butun qutulish shu ediki, yupqagina shinelchada iloji boricha tezroq besh-olti kо‘chani yugurib о‘tish va undan keyin shu tariqa muzlab qolgan barcha lavozimni о‘tash uchun zarur qobiliyatlar va iste’dodlari eriguncha shveytsarcha oyoqlari bilan yer tepinish kerak edi».

Dastlabki voqea aytildi. Bosh qahramonning dramatik holati rivojlanadi.

«BAXTSIZLIKKA TOMON» PERIPETIYA

Akakiy Akakiyevich qonuniy makonni iloji boricha tezroq bosib о‘tishga harakat qilsa ham, anchadan beri orqasi va yelkalari kuchli kuydira boshlaganini seza boshladi. U, nihoyat, uning shinelida biror gunoh yо‘qmikan, deb о‘yladi. Uyga kelganda uni yaxshilab kо‘rib chiqqach, shu narsani aniqladiki, ikki-uch joyida, aynan orqa va yelkada, u serpyankaga aylangan edi: movut shunchalik yeyilib ketgan ediki, uning narigi tomoni kо‘rinib turar va astari sitilib ketgan edi».

Shuni ham aytaylikki, eski oshnasi qahramonimizning sha’nini yerga urardi. Bu qо‘shimcha altirnativ omildir.

«Bilish lozimki, Akakiy Akakiyevichning shineli xizmatchilarning kuladigan narsasi sifatida xizmat qilardi; undan shinel degan olijanob nomini ham olib qо‘yib, kapot deb atashardi».

Akakiy Akakiyevich eski shinelini saqlab qolishga harakat qiladi. Kо‘ramizki, bu mutlaqo ilojsiz narsa. «Tamakini hidlab olib, Petrovich kapotni qо‘llarida keng yoydi, uni yorug‘likka solib qaradi va yana kallasini chayqadi. Keyin uni astarini yuqoriga qilib ag‘dardi va yana kallasini chayqadi, yana qog‘oz bilan yelimlab qо‘yilgan generalli qopqoqni ochdi va burniga tamakini keltirib, uni yopdi va, nihoyat, shunday dedi:

«Yо‘q, tuzatib bо‘lmaydi: tо‘zibdi!» Bu sо‘zlardan Akakiy Akakiyevichning yuragi orqaga tortib ketdi. «Nimaga bо‘lmaydi, Petrovich? – dedi u deyarli yalinayotgan bolaning ovozida. – Faqat yelkalari qirilgan, xolos, senda qandaydir bо‘laklari borku…»

«Bо‘laklarni-ku topish mumkin, bо‘laklar topiladi, – dedi Petrovich, – uni tikib bо‘lmaydida: chirib bitgan, igna bilan tegsang – titilib ketadi».

Esankirab qolgan Akakiy Akakiyevich kо‘chalarda tentiraydi, о‘zi bilan о‘zi gaplashadi, butunlay boshi berk kо‘chaga kirib qolib, yangi umidsizlikka tushadi va yarim yil och qolish va yangi shinelga tiyinlab pul yig‘ishga qaror qiladi.

Asosiy personajlarni konfliktga tushirishning turli usullari mavjud. Biri – personaj sezilmaydigan tarzda kundalik ishlar orasida о‘z xarakterini kо‘rsatadi. Ikkinchisi, bunga qarama-qarshi, – personaj barcha muammolarni hal etish, umidsiz ishlarni amalga oshirish, mо‘jizaviy qutqarishni keltirish uchun paydo bо‘ladi. Supermen, Betmen, Janna d’Ark mana shunday paydo bо‘ladi. Fikrimga qо‘shiling, bunday paydo bо‘lish samaraliroq bо‘ladi. Aytish mumkinki, u har qanday personajning paydo bо‘lishi uchun samarali imkoniyatdir. U bizning diqqatimizni personajga jalb qiladi va mо‘jizalar kutishga majbur qiladi.

ROL BIOGRAFIYASI

Tomoshabin va personajni emotsional yaqinlashtirishning eng ishonchli yо‘li – qahramon biografiyasi haqida tasavvur berish, obraz tomoshabin ongida xuddi ularning eski tanishi singari paydo bо‘lishi uchun uning hayotiy yо‘lini qisqacha belgilab berishdir.

Gogol bizga qahramonni bilish uchun maksimal imkoniyat beradi. Hali shinel harakatga tushmasidanoq biz uni ona о‘z bolasini bilganiday yaxshi bilamiz.

«Yana qandaydir ikki-uch oylik och qolish – va Akakiy Akakiyevichda aniq sakson sо‘mga yaqin tо‘plandi. Uning, umuman olganda, tinch bо‘lgan yuragi dukkillab ura boshladi. Birinchi kuniyoq u Petrovich bilan birga dо‘konga bordi. Movutning eng yaxshisini sotib olganlari – tabiiy, chunki bu haqida yarim yil oldin о‘ylashgan edi va deyarli har oyda movutning narxini bilish uchun dо‘konga kirib turdilar; Petrovichning о‘zi bundan yaxshi movut bо‘lmasligini aytdi. Astarlikka kolenkorni, ammo anchayin sifatli va qalinini, Petrovichning gaplariga qaraganda, shoyidan ham yaxshisini hamda kо‘rinishdan mayin va sillig‘ini tanlashdi. Suvsar mо‘ynasini sotib olishmadi, chunki u aniq qimmat edi, uning о‘rniga mushuk terisini, dо‘kondagilar ichidagi eng yaxshi mushuk terisini, uzoqdan xuddi suvsar terisiga о‘xshab ketadiganini sotib olishdi».

«MAROSIM»

Haqiqiy shinelning dastlabki paydo bо‘lishi «marosim» sifatida kо‘rsatilgan. Bunday tuzilmaviy element personajni hamisha muhim qilib kо‘rsatadi. «Qirolni a’yonlari qirol qiladi» deb bekorga aytilmaydi. Bunday sahnalarni esga olinglar. Ular kо‘pgina filmlarda mavjud. «Marosim» personajga alohida ahamiyat kasb ettiradi.

Kurosavaning «RAN» filmida jang oldidan harbiy boshliq paydo bо‘lishining ajoyib sahnasi bor.

Dastlab – bо‘sh kadr. Keyin a’yonlardan dastlabki otliqlar paydo bо‘ladi. Ulardan biri bayroq qadalgan nayzani yerga sanchadi. Keyin otliqlar kо‘payadi. Mana, ular butun tepalikni qoplab oldilar. Ammo harbiy boshliq hali kо‘rinmaydi. Xizmatkorlar yugurib kelib, shtandart (imperator bayrog‘i) ostiga yig‘ma kо‘chma kresloni qо‘yishadi. Kreslo atrofida a’yonlar guruhlarga bо‘linishib turishadi. Tepalikni yana yangi va yangi otliqlar tо‘ldirishadi. Kadr endi hammani sig‘dira olmaydi. Ana shundan keyingina harbiy boshliq kirib keladi. Otdan tushadi va kresloga о‘tiradi. Biz endi minglab askarlarning taqdirini hal qiladigan kishining muhimligini his etdik.

Shinelning paydo bо‘lishi bunga taqqoslab bо‘lmas darajada sodda. Petrovich tayyor shinelni keltiradi. Aynan u harakatga tushuvchi a’yonlar rolini о‘ynaydi. U marosimni qahramonning bayram taqdimoti kabi tashkil qiladi.

«U shinelni о‘rab kelingan rо‘molchadan sug‘urib oldi; rо‘molcha endigina yuvilgan edi; u shundan keyingina uni taxladi va foydalanish uchun chо‘ntagiga solib qо‘ydi. Shinelni sug‘urib olgach, u juda mag‘rur qaradi va ikki qо‘lida ushlab, о‘ta chaqqonlik bilan Akakiy Akakiyevichning yelkasiga tashladi; keyin tortdi va orqasini qо‘li bilan yuqoridan pastga tekislab qо‘ydi; keyin u bilan tugmasi bir qadar taqilmagan holda Akakiy Akakiyevichni о‘radi. Akakiy Akakiyevich, keksa kishi sifatida, uni yengidan kiyib kо‘rmoqchi bо‘ldi; Petrovich uni kiyishga yordamlashdi – juda yaxshi keldi. Xullas, shinel mukammal va о‘ziga loppa-loyiq edi».

Tasavvur qiling, siz orqavoratdan unga havasingiz kelib yurgan notanish ayol yoningizga keladi va vaqtni bekor о‘tkazmasdan sizga:

– Men seni mana bunday yaxshi kо‘raman.

– Men seni shunday kiyintiramanki, odamlarning senga havasi keladi.

– Men senga martabali bо‘lishingda mana bunday yordamlashaman. Sen uning chо‘qqisida mana bunday bо‘lasan.

– Sen kasal bо‘lsang, men mana bunday qilib senga g‘amxо‘rlik qilaman, – desa. Bu narsalarni u yengil va quvnoq bir holda qilsa. Ishonchim komil, besh daqiqadan sо‘ng siz sevgi va sevinchdan xushingizni yо‘qotardingiz.

Shinelning о‘zi bularnig hech birini qila olmaydi, ammo Petrovichning qо‘lida u hovliqib qolgan Bashmachkinga juda keng repertuardagi birgalikdagi baxtlarining variantlarini namoyish qilardi.

«BAXTIYORLIK TOMON» HARAKAT

Bulardan keyin Akakiy Akakiyevichning hayotida qanday о‘zgarishlar sodir bо‘ladi? Albatta, u boshqa sovuq qotmaydi. Shugina xolosmi? Hazillashmang. Issiqlik – qahramon hayotiga olib kelgan baxtning eng kichik bо‘lakchasi.

«Departamentda birdaniga hamma Akakiy Akakiyevichning yangi shinel olganligidan, eski kopotning endi yо‘qligidan qanday qilib xabar topdi, hech kim bilmaydi. Hamma shu daqiqaning о‘zida Akakiy Akakiyevichning yangi shinelini kо‘rish uchun shveytsarlar xonasiga tо‘planishdi. Uni tabriklay, qutlay boshlashdi, avvaliga u faqat kulib turdi, keyin esa uyala boshladi».

Yangi dо‘st hammaning havasini keltirdi. Bu havas xuddi selday ortib borardi. Shu darajaga borib yetdiki, Bashmachkinni о‘zi ilgari orzu ham qila olmaydigan davraga taklif qilishdi. Kо‘rdingizmi, sevimli yor (shinel) bir martaning о‘zida dо‘sti uchun nimalar qila olishi mumkin.

«Nihoyat chinovniklardan biri, hatto bо‘lim boshlig‘ining qandaydir yordamchisi, ehtimol, u hech qanday mag‘rur emasligini va о‘zidan past kishilar bilan bordi-keldi qilishini kо‘rsatish uchun bо‘lsa kerak, shunday dedi: «Shunday bо‘laqolsin, men Akakiy Akakiyevichning о‘rniga kechki ziyofat beraman va menikiga choyga kelishingizni sо‘rayman: mening esa, xuddi atay qilganday, bugun tug‘ilgan kunim».

Umidsizlikning tubsiz chuqurligidan qahramon baxtning chо‘qqisiga shiddat bilan kо‘tariladi, bularning hammasini esa uning yangi dugonasi – shinel qilgan edi. Buning uchun u dugonasini qanchalar sevishi lozim!

Gogol bu sevgini ommaviy zavq-shavqdan keyingi lirik sahnada kо‘rsatadi. Bashmachkin marhum dugonasi va yangisini qiyoslaydi. Baho berish uni tо‘liq baxtdan esi og‘ishiga majbur qiladi. Bu baxt esa aniq, kо‘rinib turardi, sezilardi.

«Butun bu kun Akakiy Akakiyevich uchun aniq eng katta tantanali bayram bо‘ldi. U uyga eng baxtiyor kayfiyatda qaytib keldi, shinelini yechdi, uning movuti va astariga yana mehr bilan qarab, uni avaylab devorga osdi, keyin esa atayin, solishtirish uchun, о‘zining avvalgi, butunlay tо‘zg‘igan, kapotini olib chiqdi. Unga qaradi va hatto о‘zi ham kulib yubordi: shunchalik olis farq bor edi! Keyin uzoq vaqt, tushlik ustida ham yana kulimsirab, ishshayib qо‘yardi…»

Baxt esa ortgandan ortib borar edi. Endi u baxtiyor olomon, boy chaqqon ekipajlar, yoritilgan vitrinalar bilan tо‘la yorqin kechki kо‘chaga moslashardi.

«Akakiy Akakiyevich bularning hammasiga xuddi yangilikka qaraganday qarardi. U bir necha yildan beri oqshomlari kо‘chaga chiqmagan edi. Qiziqsinish bilan magazinning yoritilgan derazasi oldida boshmog‘ini yechayotgan va shu tariqa butun oyoqlarini yalang‘ochlayotgan, juda binoyi bir gо‘zal ayol, uning orqasida esa, boshqa xonaning eshigidan bakenbardli va lablari ostida chiroyli espanolkasi bо‘lgan erkak tasvirlangan kartinaga qarash uchun tо‘xtadi. Akakiy Akakiyevich kallasini liqillatdi va tirjayib qо‘ydi…»

Bashmachkinda gо‘yoki butunlay muzlab qolgan erkaklik tuyg‘ulari uyg‘ondi. Bular uchun sadoqatli dugonasi – shinelini erkalamay, silab-siypalamay bо‘ladimi?

Shinel birinchi paydo bо‘lganidanoq u biror on bо‘lsin boshqa personajlar tomonidan turlicha emotsional baholanmasdan qolmaydi. Bu muhim, chunki detalning о‘zi hech narsani о‘ynay olmaydi, uni qadambaqadam, konstruksiya qurib, rol bо‘ylab olib borish kerak: voqea – baho.

Shinel Bashmachkinni dramatik peripetiya bо‘ylab «baxtiyorlik sari» yuqoriga olib borishda davom etadi.

Ushbu baxtli kunda Akakiy Akakiyevich va uning dugonasi yana, butun umri davomida ikkinchi marta, zavqu-shavq markazida bо‘lishadi. Ammo bu sahna birinchisiga qaraganda yorqinroq va hayajonliroqdir. Xizmatchilar ichib olishgan, vaqtichog‘lik va о‘z doirasida bayram qilishmoqa. Voqea kulminatsiyaga yaqinlashmoqda.

«Akakiy Akakiyevich, о‘z shinelini о‘zi osib, xonaga kirdi, uning kо‘z oldidan bir vaqtning о‘zida shamlar, chinovniklar, trubkalar, karta о‘ynaydigan stollar о‘ta boshladi, uning quloqlariga tez-tez, har tomondan kо‘tarilayotgan sо‘zlashuvlar va u yoqdan bu yoqqa surilayotgan stullarning shovqini eshitildi. U xonaning о‘rtasida nima deb aytishni axtarganicha nimadir о‘ylab topishga harakat qilib, juda о‘ng‘aysiz holatda tо‘xtadi. Ammo uni sezib qolishdi, qichqiriqlar bilan qarshi olishdi, hammasi ayni shu paytda dahlizga chiqishdi va yana uning shinelini tomosha qila boshlashdi».

Bundan kattaroq baxt faqat Akakiy Akakiyevichning tushidagina sodir bо‘lishi mumkin edi. Gans Selega ishonadigan bо‘lsak, «boshqa kishilarning zavqini qо‘zg‘atishga erishish» – biz orzu qilishimiz mumkin bо‘lgan eng sо‘nggi chegaradir. Bu zavqu-shavq butun vaqt davomida shinelni baholash orqali kо‘rsatilgan.

Ta’sirchan juftlik sahnasi о‘rnini sershovqin bayram oladi. Bashmachkin, barcha sevib qolgan kishilar singari, sevgilisi bilan ikkovlari qolishiga harakat qiladi.

«Xо‘jayin qandaydir sabab bilan ushlab qolmasligi uchun u xonadan sekingina chiqdi, dahlizda shinelini izladi, polda yotganini kо‘rib afsuslandi, uni qoqdi, undagi har xil xas-xuslarni olib tashladi, yelkasiga tashladi, zinadan kо‘chaga tushdi. Kо‘chada haligacha yorug‘ edi».

Qanchalik hayajonli voqea! Bashmachkin ehtiyotkorlik bilan, deyarli yashirincha, shovqin-suronli mehmonxonadan о‘z sevgilisi oldiga chiqadi. Qani u? Qayerga yо‘qoldi? Bashmachkin qо‘rqib ketadi, bir zumda qо‘rquvdan terga tushadi. Kutilmaganda shinelini etiklar va botinkalar orasida kо‘rib qoladi. U kо‘ngilxushlik qildi, u – xursandchiligining sababi – esa esdan chiqarilgan va iflos polga tashlangan. U aybdor, ehtiyotlik bilan uni kо‘taradi va bag‘riga bosadi. U baxtiyor. Shundan keyin sevgilisi og‘ushida yana bir marta sayr qiladi. Yuziga nam va tikonday shamol uriladi. U faqat baxtning tо‘laqonli ekanligini ta’kidlaydi. Akakiy Akakiyevichning mikroiqlimi butunlay о‘zgarib ketdi. Shinel quchog‘ida u nafaqat issiqni, balki о‘zining achchiq hayoti mobaynida birinchi marta yashash zavqini, kim bilandir birga bо‘lish baxtini his etayotgan edi. U baxt chо‘qqisida edi.

«Akakiy Akakiyevich quvnoq kayfiyatda edi, uning yonidan chaqmoqdek о‘tib ketgan va butun tanasi g‘ayritabiiy tarzda qimirlab ketayotgan ayolning ortidan, nima uchundir, bir-ikki marta yugurib ham qо‘ydi. Lekin darrov tо‘xtadi va bunaqa yо‘rg‘alash qayerdan kelganligiga о‘zi ham hayron bо‘lgan holda, yana avvalgidek sekin keta boshladi».

Mana shu joyda Gogol dramatik peripetiyani keskin pastga – «baxtsizlik tomon» burib yuboradi.

«BAXTSIZLIK TOMON» PERIPETIYA

«U maydonga beixtiyor bir qо‘rquv bilan kirdi, yuragi xuddi qandaydir behosiyatlikni oldindan sezganday edi. U orqasiga va ikki tarafiga qaradi: xuddi atrofi dengizga о‘xshardi. «Yо‘q, yaxshisi qaramaslik kerak», – deb о‘yladi va kо‘zini yumib keta boshladi, maydonning oxiriga yaqin qoldimi, yо‘qmi, bilish uchun kо‘zini ochganida kutilmaganda uning oldida naqd burnining oldida qandaydir mо‘ylovli kishilar turishardi, qanday kishilar ekanligini hatto farqlay ham olmadi. Uning kо‘z oldi xiralashdi va yuragi dukkilab ura boshladi. «Mening shinelimku!» – dedi ulardan biri xuddi momaqaldiroqday guldirab, yoqasiga yopishgancha. Akakiy Akakiyevich dod solmoqchi edi, ikkinchisi naqd og‘zi oldiga chinovnikning boshiday keladigan mushtini kо‘tarib turib, dedi: «Qani qichqirib kо‘rchi!» Akakiy Akakiyevich faqat undan shinelini yechib olganlarini, ketiga tizzalari bilan tepganlarini biladi, u qorga yuzi bilan yiqilib tushdi va boshqa hech narsani sezmay qoldi».

ROL YOG‘DUSI

«Baxtsizlik sari» peripetiya endigina boshlandi. E’tibor bering, shinel endi yо‘q. Ammo qolgan personajlar о‘zlarining barcha keyingi xatti-harakatlarini unga bо‘ysundiradi. U bilan bog‘liq holda emotsional taranglik ortib boradi. Uning roli boshqa personajlar harakatlarida davom etadi. Bunday tuzilmaviy element «rol yog‘dusi» deyiladi.

Bashmachkin yо‘qolgan dugonasini qutqarish uchun kurashadi. Ammo baxtsizliklar birin-ketin unga yopirilaveradi. U tubsiz chuqurlikka yiqiladi va uning deyarli oxirida «muhim kishi»dan shinelini topib berishini sо‘raydi.

«Akakiy Akakiyevich oldindan lozim bо‘lgan jur’atsizlikni his qildi, biroz xijolat ham bо‘ldi va qо‘lidan kelganicha, uning tili erk berganicha, hatto boshqa vaqtlardagidan kо‘ra kо‘proq «haligi» yuklamasini ishlatgan holda, shinelning yap-yangiligini, u endi vahshiylarcha о‘g‘irlanganligini, bu kishi о‘zining odamlariga qandaydir yо‘l bilan janob ober-politsmeyster bilanmi yoki boshqa bir kishi bilanmi bog‘lanib, shinelni topishga vositachilik qilishi uchun murojaat qilayotganligini tushuntirdi. Generalga, noma’lum sababga kо‘ra, bunday muomala betakalluflik bо‘lib tuyildi.

«Siz kimga gapirayotganligingizni bilayapsizmi? Siz oldingizda kim turganligini tushunasizmi? Siz buni tushunasizmi, tushunasizmi buni? Men sizdan sо‘rayapman». Shunday deya u yer tepinib, ovozini shunday kuchli notaga kо‘tardiki, Akakiy Akakiyevichdan boshqalar ham bundan qо‘rqib ketgan edi. Akakiy Akakiyevich butunlay qotib qoldi, gandiraklab ketdi, butun vujudi titray boshladi va о‘zini tutolmay qoldi: agar qorovul yugurib kelib uni tutib qolmasa, u polga yiqilib tushardi; uni deyarli harakatsiz holda kо‘tarib chiqdilar».

«Yog‘du» – rolning filmdagi izidir. Tabiiyki, u roldan olinadigan taassurotni kuchaytiradi. Bundan tashqari, rolning yog‘dusi boshqa personajlarning xatti-harakatlari uchun kuchli emotsional motivatsiya sifatida foydalidir.

«Zinadan tushganida, kо‘chaga chiqqanida Akakiy Akakiyevich bularning hech birini eslay olmasdi. U qо‘llarini ham, oyoqlarini ham sezmasdi. U о‘z hayotida generaldan, buning ustiga begona generaldan, hech qachon bunchalik koyish eshitmagandi. U kо‘chada uvillayotgan izg‘irinda og‘zini ochib, yо‘lakda turtinib-surtinib ketib borardi; shamol, Peterburg taomiliga kо‘ra, tо‘rt tomonidan, barcha tor kо‘chalardan unga ufurardi. Bir onda uning yoqasidan tomog‘iga urdi, uyiga biror og‘iz sо‘z ayta olmaydigan holda yetib keldi; hamma joyi shishib ketgan holda tо‘shakka yotdi. Ba’zan koyish mana shunday bо‘ladi! Keyingi kuni unda kuchli isitma kuzatildi. Peterburg ob-havosining muruvvatli yordami bilan kasallik kutilganidan kо‘ra tezroq rivojlandi va doktor kelganida u pulsni ushlab kо‘rdi, faqat kasal tibbiyotning muruvvatli yordamidan bebahra qolmasligi uchungina, uning peshonasiga nam latta qо‘yishdan boshqa chora topolmadi; biroq shu paytning о‘zida bir yarim sutkadan keyin uning muhaqqaq tamom bо‘lishini aytdi. Shundan keyin xonadon bekasiga burildi va : «Siz, onaginam, vaqtni bekorga о‘tkazmang, unga darhol qarag‘ay tobut buyurtiring, chunki dub tobut uning uchun qimmatlik qiladi».

«ROL AFSONASI». «BAXTIYORLIK SARI» PERIPETIYA

Bosh qahramon yо‘qoldi, qahramon о‘ldi. Xuddi rolning barcha imkoniyatlaridan batamom foydalanib bо‘linganday. Kimgadir shunday, ammo daho uchun emas. Qahramonning о‘limidan keyin shunday payt kelishi mumkinki, u afsonaga aylanadi. Uning ruhi tiriklarni hayajonga va tashvishga soladi. Inson о‘zidan keyin qoldirishi mumkin bо‘lgan eng asosiy narsa mana shu.

Bunday tuzilmaviy element roldan va umuman filmdan olinadigan taassurotlarni anchagina oshirishi mumkin. U «rol afsonasi» deyiladi.

«Peterburg bо‘ylab, daf’atan, Kalinkin kо‘prigi va undan ancha uzoq joylarda kechalari qandaydir о‘g‘irlangan shinelni axtarayotgan amaldor kо‘rinishidagi murda kо‘rinar ekan va о‘g‘irlangan shinel sifatida amali va unvoniga qaramasdan hammaning yelkasidan barcha: mushuk mо‘ynali, qunduz mо‘ynali, paxtali shinellarni, yanot, tulki, ayiq terisidan – bir sо‘z bilan aytganda, inson о‘z terisini yashirish uchun о‘ylab topgan barcha turdagi mо‘ynalar va terilardan tikilgan pо‘stinlarni yechib olar ekan, degan ovoza tarqaldi».

Rol afsonasi yakunlovchi peripetiyani kulminatsiya va katarsisga itqitadi. Unda Bashmachkinning ruhi tо‘liq baxtsizlikdan о‘ch olish baxtiga kо‘tariladi. Jur’atsiz chinovnik edi – qо‘rqinchli qaroqchi bо‘ladi. Yuvvosh alamdiyda edi – barcha о‘g‘irlanganlar himoyachisiga aylanadi. Murda edi – afsonadagi abadiy qasoskorga aylanadi. Achchiq baxt – ammo tirilgan murda uchun yana qanaqasi bо‘lishi mumkin edi? Afsonada qissaning barcha dramatik chizgilari о‘z yakuniga yetadi.

Qor bо‘roniga e’tibor bermasdan chiroyli shinelga о‘rangan «nufuzli shaxs» ajoyib kayfiyatda о‘z sevgilisi bilan uchrashuvga bormoqda. Ammo…

«Bexosdan nufuzli shaxs kimdir uning yoqalariga qattiq yopishganini sezdi. Qayrilib qarab, u eski, tо‘zigan vitsmundir kiygan bо‘yi uncha baland bо‘lmagan kishini kо‘rdi va hech bir dahshatsiz uning Akakiy Akakiyevich ekanligini bildi. Chinovnikning yuzi qorday oppoq va xuddi murdaga о‘xshardi. Ammo murdaning og‘zi qiyshayganini va unga qо‘rqinchli qabr hidini purkagan holda: «A! Mana nihoyat sen! Nihoyat men mana shunday sening yoqangdan tutdim! Aynan sening shineling menga! Menikining tashvishini qilmading, ustiga-ustak, koyib berding, endi ber о‘zingnikini! – degan gaplarni aytganda, nufuzli shaxsning dahshati chegaradan oshdi».

«Rol afsonasi» – dramaning kuchli omilidir. Odamlarga hech narsa qahramonlar hayotidan keyin yashaydigan afsonalarday emotsional ta’sir etmaydi. Isoni eslang. Uning tirilishi – eng ajoyib dramatik afsonalardan biri va uning yerdagi yashashini dramatik tuzilma qonunlariga asosan tugatadi. Bir tо‘p izdoshlari bо‘lgan kambag‘al targ‘ibotchi qiyinchiliklar ichida о‘g‘rilar bilan birga halok bо‘ladi. Ammo uning ruhi osmonga kо‘tariladi va milliardlarning qalbida abadiy yashaydi. Injilni daholar yozgan va ular odamlar bilan emotsional bog‘lanish haqida g‘amxо‘rlik qilganlar.

«Shinel»dagi «detal-personaj» rolining tuzilmasini xulosalaymiz. Bu hisob-kitoblar uchun kechirasiz, ammo bu foydali narsa.

Dramatik holat

1. Detal paydo bо‘lishidan oldin bosh qahramonning dramatik holatida tо‘liq umidsizlik rо‘y beradi.

2. Shinel yetib bо‘lmas orzu sifatida paydo bо‘ladi. Ammo bu orzu qahramonni tubdan о‘zgartirib yuboradi. U orzularini amalga oshirish uchun kurasha borib, kurashish impulsini oladi va tо‘siqlarni yengib о‘tadi.

Rol biografiyasi.

3. Shinel paydo bо‘lishidan avval biz uning biografiyasini bilamiz. Bizning detal bilan tanishuvimiz yetarlicha tо‘liqdir.

Paydo bо‘lish marosimi

4. Shinelning ta’siri uning paydo bо‘lish marosimi bilan kuchaygan.

«Baxtga tomon» dramatik peripetiyadagi hayot

5. Paydo bо‘lganidanoq, shinel antagonist bilan konfliktga tushadi va qahramonning hayotini tubdan о‘zgartirib yuboradi. Shinel yordamida qahramon tо‘liq baxtga kо‘tariladi. U о‘zi kutganidan ancha kо‘proq narsalar oladi. Baxtiyorlik peripetiyasi yuqoriga harakat qilayapti.


Страницы книги >> Предыдущая | 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21 22 23 24 25 26 27 28 29 30 31 32 33 | Следующая
  • 5 Оценок: 1


Популярные книги за неделю


Рекомендации