282 000 книг, 71 000 авторов


Электронная библиотека » А. Митта » » онлайн чтение - страница 32


  • Текст добавлен: 30 апреля 2024, 03:20


Текущая страница: 32 (всего у книги 33 страниц)

Шрифт:
- 100% +

– Nimani chizayapsiz? – sо‘radi Klochov.

– Psixeyani. Yaxshi syujet, ammo hech chiqmayapti; hammasini har xil naturachi ayollar orqali chizish kerak. Kecha bitta kо‘k oyoqlisini chizdim. Nega oyoqlaring kо‘k rangda? deb sо‘radim. U esa uzun paypog‘im tо‘zg‘igan, deydi. Siz haliyam yodlayapsizmi! Baxtli odam, toqatingiz yetadi.

– Meditsina shunday narsaki, uni yodlashsiz tasavvur qilib bо‘lmaydi».

Stepan ikkinchi kо‘rinishda о‘z ishidan xursand: suyaklar boshqa muammo tug‘dirmayapti. Uning hamxona ayoli bilan rassom qiziqib qoldi. Mana shu xonim u nima desa, hammasini bajaradi. U xursand, о‘z ishidan xursandlik chо‘qqisida, demak – boshqa bir peripetiyaga tayyor. Hozir rassom uni mag‘zavaga botiradi.

Biz Fetisov uchun dastlabki voqea topishimiz kerakmi? Albatta.

Kecha tasviriy san’at professori u boshlagan tasvirga qaradi va: «Aytingchi, Fetisov, nega sizning Psixeyangizning oyoqlari kо‘kargan? Bu holda sizning asaringiz uquvsizlik bilan ishlangan. Siz Akademiyada tasvirlar emas, balki bozor lavhasini chizsangiz yarashadi», – dedi.

Bu о‘ziga bо‘lgan hurmatga kuchli zarba edi. Fetisovning jahli chiqdi va xafa bо‘ldi. U о‘zini «nozikta’b» deb hisoblardi.

Bu sahnadan yarim soat oldingi vaqtni Fetisov qanday о‘tkazganligini aniqlash ham yomon bо‘lmasdi. U ertalab nima ichgan? Teshikkulcha bilan bir piyola choy ichganmi yoki tuzlangan bodring bilan bir ryumka aroqmi? Uning xatti-harakatlarining emotsional bо‘yog‘i va tanasining haqiqati bunga bog‘liq bо‘ladi.

Shu tariqa voqealar boshlanishigacha ancha personajlar – Stepan, Anyuta va Fetisov – dramatik holatga –ular chiqib ketishi kerak bо‘lgan boshi berk kо‘chaga qо‘yilgan.

«– Him… Kechirasiz, Klochov, siz о‘lguday chо‘chqasifat yashar ekansiz! Bilmadim, qanaqa yashaysiz!

– Qanaqasiga? Boshqacha yashab bо‘lmaydi… Otamdan men oyiga о‘n ikki sо‘m olaman, shu pulga yaxshiroq yashab bо‘ladimi?

– Shundaylikka shunday… – dedi rassom va irganib peshonasini tirishtirdi, – ammo bari bir yaxshiroq yashash mumkin… Rivojlangan kishi albatta nozikta’b bо‘lishi kerak. Tо‘g‘ri emasmi? Sizni bо‘lsa, nima ekanligingizni hech kim bilmaydi! Tо‘shaklar yig‘ilmagan, mag‘zava, supurindi… kechagi bо‘tqa haliyam taqsimchada… tfu!

– Bu tо‘g‘ri, – dedi medik va xijolat tortdi, – ammo bugun Anyutaning yig‘ishtirishga vaqti bо‘lmadi. Doimo band bо‘ldi».

Fetisov о‘z muvaffaqiyatsizligidan xо‘rlangan holda keldi, anglanmagan nozikta’b nuqtayi nazaridan yig‘ishtirilmagan xonani sо‘kdi, yengillashganday bо‘ldi. Dramatik peripetiya – kamsitilishdan о‘zini kо‘rsatishga tomon о‘zgarish – yaqqol ifodalandi.

Bosh faoliyat kо‘rsatuvchi shaxs – kamgap Anyuta – Fetisovning tashrifi paytida nimani о‘ynashi kerak? Bundan salgina oldin Anyuta baxtiyor edi. U sevgilisiga yordam berayotgandi. Endi esa Stepan Anyutani о‘ziga yoqmaydigan, uning yotog‘ini haqorat qilgan kishi tomon undayapti. U о‘zi nafratlanadigan naturachi ayolning ishini qilishi – rassomning sovuq ustaxonasida yalong‘och holda qо‘llarini chо‘zganicha bir oyog‘ida turishi kerak. Br-r-r! Baxtiyor edi – baxtsiz holga tushdi. U Fetisovga naturachi ayol bо‘lib borishni istamaydi.

Ammo sevgilisi buyurdi. Anyuta uchun bu ishni qilish xuddi sevgi uchun qahramonlik kо‘rsatish bilan barobar edi. Tо‘polon qilmoqchi edi, ammo bо‘ysunaqoldi. Bularning hammasi, albatta, deyarli tashqariga chiqmasdan, xuddi ichki konflikt sifatida rivojlanadi. Ammo yashirinlik – Anyuta xarakterining mohiyati, undagi hamma narsa uning ichida. Muhimi shuki, voqealar peripetiyasi ustida tо‘polon qilishdan bо‘ysunishgacha bо‘lgan emotsional hayot yoyi egilib turadi. Aktrisa о‘ynaydigan narsa bor. Uning oldida har safar oshib о‘tishi lozim bо‘lgan tо‘siqlar paydo bо‘ladi.

Klochov uchun esa Fetisovning tashrifi – beldan pastiga zarba berish edi. Hamma narsa yaxshi bо‘layotganida, kallasida suyaklar о‘z о‘rinlariga tushganida, birdaniga uning hayoti nozikta’b kishining hayotiga mos kelmasligi ayon bо‘ladi. U bunchalik tubanlikda yashayotganligiga e’tibor ham bermagan edi. Baxtiyor edi – qaradi – baxtsiz bо‘lib qoldi.

E’tibor bering, Chexov hikoyani bir onga bо‘lsa ham dramatik harakatning tuzilmaviy rivojisiz qoldirmaydi. Fetisov va Anyutaning ketishlaridan keyin darhol Stepan yolg‘izlikda kelajakda boy, keng-mо‘l kvartirasi, gо‘zal, ma’lumotli xotini bо‘lishini orzu qiladi.

Orzulari chо‘qqisiga yetganida, Stepan kelajakdan haqiqiy hayotga tashlanadi.

Shunday burnining ostida mag‘zava tо‘la chekilgan papiroslar tashlangan tog‘ora turibdi. Stepan bunday ifloslikni xuddi birinchi marta kо‘rayotganday baho berdi unga. Orzu – baxt sari harakat, haqiqat – baxtsizlikka qulash edi. Sahnadagi voqea – orzulardan haqiqatga qulashdir. Voqea oxirida nima tug‘ildi? Stepan buning yо‘lini topdi va qaror qabul qildi: u Anyutani haydaydi va hammasini о‘zi о‘rniga tushiradi. Stepandagi peripetiya: mag‘rurlik, о‘ziga oshiqcha ishonchdan umidsizlikka о‘tish. Umidsizlikdan umidvorlikka о‘tish.

Burilish nuqtasi – Klochovning Anyutani haydashga qaror qilishi – dramani uchinchi kо‘rinishga olib о‘tadi.

Anyuta Fetisovnikidan Stepan uni maqtaydi, balki uni erkalatadi, degan niyatda keladi. U ich-ichidan xuddi berilgan har qanday e’tibordan xursand bо‘ladigan kuchukchaga о‘xshaydi. Kutilmaganda unga zarba yopirilib keladi.

«Qiz rassomnikidan kelib, pо‘stinini yechayotganida, u о‘rnidan turdi va jiddiy ravishda shunday dedi:

– Mana nima, azizam… О‘tir va eshitib ol. Biz ajrashishimiz kerak! Bir sо‘z bilan aytganda, men sen bilan yashashni boshqa istamayman.

Anyuta rassomnikidan juda charchagan, tinka-madori qurigan holda kelgandi. Uning yuzlari uzoq vaqt naturada turganligidan sо‘rrayib qolgan, oriqlagan va iyaklari о‘tkirlashib qolgandi. Medikning aytganlariga javoban u hech narsa demadi, faqat uning lablari titradi.

– Tо‘g‘rimi, ertami-kechmi, baribir ajralishimiz kerak edi, – dedi medik. – Sen yaxshisan, mehribonsan, esi past emassanku, meni tushunasan…

Anyuta pо‘stinini qaytib kiydi, indamasdan tikishlarini qog‘ozga о‘radi, iplari, ignalarini yig‘ishtirdi; oyna oldida о‘ralgan tо‘rt bо‘lak qandni topdi va stolga, kitoblar oldiga qо‘ydi.

– Bu sizning… qandingiz… – dedi sekingina u va kо‘z yoshlarini yashirish uchun, orqasiga о‘grilib oldi».

Balkim Anyuta dod solib yig‘lagandir, ammo bu ich-ichidan bо‘lgan. Tashqaridan esa oddiy jismoniy harakatlar: sekingina narsalarini yig‘ishtirardi. Balki Stepan fikridan qaytib qolar? Yо‘q, bu safar u butunlay ketadi va yо‘qoladi… Mana, u tugunchasi bilan eshikka yaqinlashdi… Stepanni quchoqlash kerakmidi, ammo hо‘ngrab yig‘lab yuborishdan qо‘rqadi. Qolgan-qutgan obrо‘sini saqlashga urinadi. Uydan ketish – bu voqea.

Stepan bо‘lsa uchinchi kо‘rinishni qо‘pol va jarroh kabi qat’iy boshladi. Balki о‘zini tutish namunalarini esladi va undan nusxa oldi. Ammo aslini olganda, u bо‘shang, rahmdil yigit edi. U ayollarning kо‘z yoshlarini kо‘tara olmas va tezda esankirab qolardi.

«– Qani, nega yig‘laysan? – sо‘radi Klochov. U xijolat tortganicha xonada u yoqdan bu yoqqa yurdi va:

– G‘alatisan-a, tо‘g‘risi… О‘zing bilasanku, biz ajralishimiz kerak. Abadiy birga bо‘la olmaymizku.

Qiz barcha tugunlarini yig‘ishtirdi va xayrlashish uchun u tomon qaraganida, yigitning unga rahmi keldi.

«Yana bir hafta yashay qolsa nima qiladi? – о‘yladi u. – Mayli, yana bir hafta yashay qolsin, bir haftadan keyin unga ketishini buyuraman».

О‘zining qat’iyatsizligidan ranjiganicha, qizga jahl bilan qichqirdi:

– Qani, nega turibsan? Ketadigan bо‘lsang ket, ketishni istamasang pо‘stiningni yechginda, qol! Qola qol!» Anyutaga baxtsizlikdan baxtiyorlik tomon yangi dramatik peripetiya yopirilib keldi. Biz u haqida faqat taxmin qilishimiz mumkin. Baxt qalbning teran joylarda chaqnashi mumkin. Ammo u Anyutaning butun vujudini qoplab oldi. Ha, bu ojiz, dо‘stona itlarcha baxt edi! Ammo Anyutada boshqachasi bо‘lishi mumkin ham emasdi.

Ushbu rolda yosh Julyetta Mazinani tasavvur etib kо‘ring. Agar siz hissiyotsiz kishi bо‘lmasangiz, tomog‘ingizga bir narsa tiqilganday bо‘ladi, kо‘zlaringiz esa Anyutaga hamdardlikdan yoshlanadi.

«Anyuta pо‘stinini sekinlik bilan jimgina yechdi, keyin yana sekingina burnini tortdi, xо‘rsindi va tovush chiqarmasdan о‘zining doimiy joyi – deraza oldidagi kursiga tomon bordi.

Talaba darslikni о‘ziga tortib, yana u burchakdan bu burchak tomon yura boshladi.

– O‘ng о‘pka uch qismdan iborat bо‘ladi… – yodlaydi u. – Kо‘krakning old tomonidagi yuqori qismi 4-5 qobirg‘alargacha yetadi… Dahlizda bо‘lsa kimdir bor ovoz bilan qichqiradi:

– Grrigoriy, samovar!»

Qarang, aktyorlar rollaridagi voqealarning emotsional yoyi uch kо‘rinishda qay tariqa egiladi.



Ular hayotining har bir soniyasi emotsional faoliyat bilan tо‘liq.

E’tibor bering. Hikoyaning barcha voqealari xuddi dramatik peripetiya singari tizilgan. Hamma joyda birgina oddiy sxema: baxt sari – baholash– baxtsizlik sari. Baxtsizlik sari – baholash – baxt sari.

Har safar u bilan konflikt yuzaga keltiradigan qо‘zg‘atuvchi paydo bо‘lishi bilan voqeada peripetiya aniqlanadi. Masalan, Anyutada:

Stepan yodlayapti. Anyuta tikayapti. Qiz yigitga kerak emas – baxtsizlik.

Yigit qizni chaqirdi. Qiz kerak bо‘ldi – baxtiyor.

Kо‘ylagini kо‘tarishga majbur qildi. U sovqotdi – baxtsiz.

Uning yordamida nimanidir tushundi – baxtiyor.

Kо‘mirni oldi, tanasida chiziqlar chiza boshladi. Og‘riqli va yoqimsiz. Baxtsiz.

Yigit xursand bо‘ldi. Endi qizning yordamida unga hamma narsa tushunarli – baxtli.

Peripetiyalar hamisha kichik konfliktlardagi tо‘qnashuvlarda aks etadi. Ushbu hikoya savol-javob orqali yozilgan. Ushbu hikoya juda mayda voqealar orqali yozilgan.

Yodda saqlaymiz: biz matnni dramatiklashtirar ekanmiz, birinchi qiladigan ishimiz – sahnada qanday voqea bо‘lganligini aniqlashdir.

Buning uchun biz dastlab personaj tushib qolgan dramatik holatni aniqlaymiz.

Keyin uni sxematik tarzda dramatik peripetiyada rivojlantiramiz.

Uning ustida konkret voqeani quramiz va voqeaning emotsional yoyini – personajning jonli, sxematizmdan xoli, batafsil hayotini topamiz.

Bu narsalar qilingan bо‘lsa, yо‘nalish aniqlangan bо‘ladi. Biz aktyorlarga nimani taklif qilishimizni va ular rol mavzusida fantaziyalarini rivojlantirayotganlarida ulardan nimalarni olishimiz mumkinligini bilamiz.

Biz konfliktning konstruktiv elementlari orasidagi aloqalarni:

– dramatik holatni;

– peripetiya va undan qay tariqa voqea о‘sib chiqishini о‘zlashtirib oldik.

Oddiy tuzilmalarda ular tushunarli bog‘langan. Ammo hayotimiz hamisha ham oddiy, uning dramadagi aksi hamisha ham sodda bо‘lavermaydi.

Personajlar bir-birining orqasidan poylab yurganda, о‘ldirganlarida va qochib qolganlarida – bu aloqalar yuzada joylashgan bо‘ladi.

Ammo biz hayotni iloji boricha murakkab va nozik qilib ifodalamoqchi bо‘lamiz. Bunda, tabiiyki, tuzilmaviy asos suv ostiga chuqur kirib borishi mumkin. Muhimi, uni yо‘qotib qо‘ymaslik kerak, chunki aktyorlarning emotsional о‘ynashlari va tomoshabin bilan aloqalari shunga bog‘liq bо‘ladi.

Drama bо‘yicha ishlagan katta yozuvchilar «metod» paydo bо‘lgunicha ham dramada voqea hal qiluvchi о‘rin tutishini tushungan edilar. XIX asrning yirik yozuvchilaridan biri bо‘lmish Saltikov-Schedrin mana, nima deb yozgan: «Haqiqiy drama ma’lum voqea shaklida ifodalansada, ammo u drama uchun faqat hali voqea rо‘y bergunigacha unga asos bо‘lgan va hayotning о‘zida yashirin, uzoqdan va sezdirmasdan voqeaning о‘zini tayyorlab kelgan qaramaqarshiliklarni birvarakayiga tugatish imkonini beruvchi sabab vazifasini bajaradi. Voqea nuqtasidan qaraladigan drama oxirgi sо‘z, yoki hech bо‘lmaganda, butun insoniyat borlig‘ining qat’iy burilish nuqtasidir».

2-ILOVA.
FAOL XATTI-HARAKATLAR HAQIDA SО‘Z

Ushbu bob mualliflarga rejissor va aktyorlar ularning matnlari ustida qay tariqa ishlashlarini tushunishga yordam beradi. Bu umumiy manfaatlar uchun tasavvurni rag‘batlantiradi.

Sahnada aktyor konkret vazifaga, xatti-harakatga ega bо‘lmagan biror soniya bо‘lmasligi kerak. Shunday vazifalar orqali xarakter rivojlanadi. Rejissor hamisha bu harakatni qisqacha ochib beradigan fe’l sо‘zni topa oladi. Uzundan uzoq tushuntirishlarning nafi kam. Faol harakatning konkret fe’l sо‘zlari maqsadga olib boradi. Ularni «oltin kalit» deb atashadi. Ular aktyorlarga о‘z rollarini sahnada emotsional rivojlantirishlari uchun yaxshi yordam beradi.

Ulardan foydalanishning bir necha misollari va variantlarini keltiraman. Faqat asosiy о‘gitni yodda tuting: harakatlarda va matnda konflikt axtaring. Bu xarakterni boyitadi.

Personaj xatti-harakati matn bilan uzviy bog‘liq bо‘lishi kerak emas. Sо‘zlar aldaydi, xatti-harakatlar esa haqiqiy istak va motivatsiyani ifodalaydi. Xatti-harakatlar faollik kasb etishi uchun aktyorlar bilan ishlashda faol xatti-harakatga olib keluvchi fe’l sо‘zlaridan:


О‘z tomoningga tort.

О‘zingga jalb qil.

Ustunligingni isbotla.

Ulug‘vor bо‘l, о‘zingni qandaydir bir muhim qilib tasavvur qil. Partnyoringga о‘z yо‘lini о‘zgartirishga imkon berma.

Holatni о‘rganib, baho ber.

Tan ol.

Qо‘rqit.

Yо‘l-yо‘riq kо‘rsat.

Jig‘iga teg.





3-ILOVA. KITOBDA UCHRAYDIGAN KASBIY ATAMALAR VA QIYIN SО‘ZLARNING IZOHLI LUG‘ATI11
  Ushbu bo'lim tarjimonlar tomonidan ilova qilindi.


[Закрыть]

Aktyor – teatr spektakllarida va kinofilmlarda rollarni ijro etuvchilar, о‘z vujudlari va ruhiyati orqali spektakl va filmlarda turlituman о‘zga qiyofalarni yaratuvchi ijodkor shaxs.

Alternativ omil dramatik holatda qahramonni faoliyat kо‘rsatishga majbur qiladigan xavf-xatar. Alternativ omil raqibning, antagonistning quroli, shu yerning о‘zida va ayni shu paytdagi aniq xavf-xatar dahshatidir.

Antogonist – murosasiz, kelishtirib bо‘lmaydigan dushman; bosh qahramonga doimo xavf-xatar tug‘diruvchi raqib.

Arxetip – ilk obraz, original; folklor va adabiy asarlardagi tez-tez takrorlanib turuvchi obrazlar, syujetlar, motivlar.

Attityud – mavzuga nisbatan xarakter falsafasi, film qо‘ygan savolga yashagan hayoti asosida personajning kallasida pishgan ma’lum bir javobi.

Attraksion (fr. attraction – о‘ziga tortuvchi) – 1. kо‘ngil ochishlar uchun tashkil etilgan qurilma yoki moslama; 2. teatrda tomoshabinni emotsional larzaga keltirishga mо‘ljallangan barcha agressiv momentlar.

Attraksionlar – filmdagi agressiya detallarining bir butun ansambli.

Attraksionlar montaji – ixtiyoriy tanlab olingan, ammo ma’lum bir yakuniy tematik effektga yо‘naltirilgan mustaqil taassurotlarning erkin montaji.

Avtoritar – boshliqqa, rahbarga bо‘ysunishga asoslangan tuzilma.

Baken – suv yо‘llarida xavfli joylarni va kemalar yо‘lini kо‘rsatuvchi suzg‘ich.

«Boy berilgan qalblar» – siz bilan bizga о‘xshagan, ammo axloqiy mо‘ljallarini yо‘qotgan, qonun va axloq mezonlarini buzgan kishilardir. Ular hammaga о‘xshab boshlagan, ammo notо‘g‘ri yо‘l tanlagan, tamoyildagiday yashashlari mumkin bо‘lgan, ammo ma’lum sabablar tufayli jinoyatchi, qotil, iblis malaylari bо‘lib qolgan kishilar. Bular – yо‘qotilgan shaxslardir. Dramatik holatlarda bu toifadagi kishilarni shu narsa yaqqol ajratib turadiki, «tanishlarimiz» uchun о‘tib bо‘lmas tо‘siq «boy berilgan qalblar» uchun ochiq eshikday gap. Qotillik yoki jinoyat ular uchun muammoni yechish usulidir.

Bolvanka – yarim tayyor xomaki tuzilma, qoralama, tanavor.

Burilish nuqtalari – asar syujetidagi voqealar tizimining yaxshilikdan yomonlikka, baxtdan baxtsizlikka, yovuzlikdan ezgulikka tomon kutilmagan о‘zgarish holatlari.

Dard – 1. og‘riq, kasallik; 2. ruhiy azob, g‘am-g‘ussa, alam, hasrat; 3. kishining butun borlig‘ini, fikri-yodini band etadigan narsa, ish, tashvish, orzu, maqsad va shu kabilar.

Dahshat filmlar (kundalik muloqotda ujа́stik, xо́rror; angl. horror film, horror movie) – badiiy filmdagi janr . Dahshat filmlariga tomoshabinni qо‘rqitish, ularda vahima va mujmallik uyg‘otish, azob beruvchi qandaydir vahimali narsani kutish muhitini vujudga keltirishga mо‘ljallangan filmlar kiradi

Detal – butunning bir qismi.

Drama – 1. dialog shaklida yozilgan va aktyorlar tomonidan sahnada о‘ynash uchun adabiy asar turi; 2. sahnada о‘ynash uchun yozilgan jiddiy syujetli (komediyadan farqli holda) dialog shaklidagi adabiy asar; 3. hamdardlik, chidab bо‘lmas darajada ruhiy iztirob, azobuqubat, jabr-sitam tug‘diruvchi og‘ir voqea yoki hodisa.

Dramatik holat qahramonning shunday holatiki, unda atrofmuhitdan bо‘ladigan bosim qahramonning xarakteri imkoniyatlaridan kuchliroq bо‘ladi. Sodda qilib aytganda, bu insonning noiloj qolgan holatidir, shu yerdagi va ayni shu paytdagi noilojlik, qahramon yо‘lida harakatini davom ettirishi uchun yengib о‘tishi lozim bо‘lgan tо‘siq.

Dramaturgiya – 1. dramatik san’at; 2. dramatik asarlarning tuzilish prinsiplari va usullari haqidagi nazariya.

Emotsiya – hissiyot, tuyg‘u, ehtiros.

Espanolka – kalta qirqilgan chо‘qqi soqol.

Fа́bula – bayon etish, ya’ni voqealar, hodisalar, harakatlar, holatlarning sabab-oqibatlarga, xronologik ketma-ketlikdagi faktlarga bog‘liq tomoni. Fabulalar syujetda muallif tomonidan nazarda tutiladigan qonuniyatlar asosida joylashtiriladi va tartibga solinadi

Fantaziya – 1. insonning biror narsani о‘ylab topish, tasavvur qilish qobiliyati; ijodiy tasavvur; 2. amalga oshishi qiyin bо‘lgan yoki mumkin bо‘lmagan orzu.

Fantasmagoriya – alahlaganda kо‘zga kо‘rinadigan narsa.

Farvater – suvning kemalar yura oladigan chuqur joyi, kema yо‘li.

Fentezi – fantastik film.

Film-ekshn yoki boevik (ing.action movie – harakat filmi) – asosiy e’tibor zо‘ravonlikka qaratilgan kinematografik janr.

Hayrat – kutilmagan narsa, voqea, ajoyibot, g‘aroyibot va shu kabilarga uchraganda inson tomonidan kechiriladigan hissiyot. Masalan, filmda ikki kishi gaplashib turibdi, stol tagida esa soat mexanizmiga ulangan bomba chiqqillab turibdi. Tomoshabinni ajablantirish uchun rejissor bomba haqidagi axborotni yashiradi. Ikkavlon baxtli hayot rejalarini qurishyapti, birdaniga portlash ularning ikkalasini ham uchirib ketadi. Hech kim, shu jumladan tomoshabin ham, bunday bо‘lishini о‘ylamagan edi. U hayratda qoladi.

Hamdardlik – begona kishining ruhiy azobini, dardini, g‘amqayg‘usini birga kechirish, unga qayg‘udosh, dardkash bо‘lish.

Ishonchsizlik kuchi – tomoshabin voqea ikki yо‘lning biridan ketishi kerakligini, qahramonning о‘zi qaysi yо‘ldan yurishni bilmayotganini, bu yо‘llardan birida uni о‘lim kutayotganligini bilganida butun drama umid va umidsizlik о‘rtasida tebranib turadi, mana shunda hikoya ishonchsizlik energiyasi bilan tо‘ladi. Bu syujetni olg‘a itaruvchi katta kuchdir.

Identifikatsiya (tenglashtirish) – о‘xshashlikni aniqlash, taqqoslash.

«Insayting insident»– «mayl uyg‘otuvchi hodisa» qolgan vaqtning oxirigacha filmga bо‘lgan qiziqish rivojlanishining yо‘nalishini belgilaydi, tomoshabinda qiziqish, bu yog‘i nima bо‘lishi, qanday davom etishini muhokama qilish va bilish istagini uyg‘otadi, personajlarni esa kutilmagan muammolarni hal qilish maqsadiga jalb qiladi.

Intuitsiya – 1. biron narsani sezish, tushunish, mohiyatiga juda nozik tarzda kirib borish; 2. dastlabki mantiqiy mulohazasiz haqiqatni bevosita bilib olish; 3. tajribaga asoslangan g‘ayriixtiyoriy his, ziyraklik.

Insenirovka – hikoya, qissa, roman kabi badiiy asarlarni sahnalashtirish yoki ekranlashtirishga moslashtiradigan ssenariy.

Idiosinkraziya (– grek. о‘ziga xos, alohida, va siljish) – ba’zi kishilarda ba’zi bir spesifik bо‘lmagan qо‘zg‘atuvchilarga javoban og‘riqli javobning paydo bо‘lishi.

Improvizatsiya (fr. improvisation, ital. improvvisazione, lat. Improvisus – kutilmaganda, tо‘satdan) – ijro paytining bevosita о‘zida, oldindan tayyorlanmasdan, lozim bо‘lgan paytning о‘zida nimanidir ijod qilish yoki tayyorlash.

Jangarilik – kо‘plab quvdi-qochdi, ur-yiqit, otishma, olishuv va shu kabi epizodlarga ega bо‘lgan sarguzasht film.

Kapot – xotinlarning xalatsimon kiyimi.

Kasbiy о‘pirilish – qahramonni odatdagi xatti-harakatlardan chetga chiqarib, hayotdagi о‘rni uchun kurashishga majbur qiladigan zarbaning kodlashgan nomi. Siz muvaffaqiyatlarga erishayotgan edingiz. Butun hayotingiz davomida siz asta-sekinlik bilan yuksaklikka kо‘tarilib borgan edingiz – birdan depressiya oqimi sizni yо‘ldan toydirdi. Yoningizdagi kimdir о‘zini tutib qoldi, ammo siz emas. Siz pastga dumalab ketayapsiz va tushunasizki, yuqoriga yana kо‘tarilish uchun endi sira imkoniyatga ega bо‘lolmaysiz. Bu kasbiy о‘pirilishdir.

Katalist personajlar ichidagi bosh qahramonga yordam beruvchi bosh figura bо‘lib, u odatda dushman yoki sevgi obyekti bо‘ladi. Dushman qahramonni tahdidlariga javob beruvchi harakatlar qilishga majburlaydi. Sevgi obyektiga erishish yoki uni dushmanlardan himoya qilish kerak. Bu ham harakat qilishga undaydi. Katalist-personajni kо‘pincha о‘q personaj deb ataydilar. U syujetning о‘qida bо‘ladi, u harakatni oldinga itaradi, uni qutqarish yoki о‘ldirish kerak. Qahramon maqsad sari peripetiyalar qing‘ir-qiyshiqliklari bо‘ylab о‘q personaj tomonidan vujudga keltirilgan raxnalar va tо‘siqlarni yengib о‘ta borib, harakat qiladi.

Katarsis ( qadimgi grek. kάθαρσις – yuksalish, poklanish, sog‘ayish)– tomoshabinning begonalar dardlariga, qayg‘u-hasratiga hamdardlik qilish bilan ruhan yuksalish, poklanish hissi, asarning tomoshabinda azob-uqubatlarga, g‘am-anduhlarga hamdardlik qilish orqali poklanishni vujudga keltirish xususiyati.

Kolenkor – qalin surp.

Konflikt – qarama-qarshi tomonlar, fikrlar, kuchlar va shu kabilarning tо‘qnashuvi, jiddiy kelishmovchilik, keskin nizo, ixtilof, janjal, mojaro. Dramaning qudrati qarama-qarshi tomonlarning konfliktida yashiringandir. Konfliktda yorqin, aniq ifodalangan kuchlar: yaxshilik yomonlik bilan, adolat jaholat bilan kurashadi. Konfliktlarning eng yorqin uchqunlari kelishib bо‘lmaydigan kuchlarning tо‘qnashuvida, iblis farishta bilan jangga kirganda chaqnaydi. Muhabbat va qalb pokligi, ezgulikni, yaxshilikni ifodalovchi barcha narsalar – bu farishtaga xos, nafrat, loqaydlik, о‘lim, yomonlik olib keluvchi barcha narsalar – iblisga xosdir.

Kontrast – keskin farq, qarama-qarshilik.

Kreativlik (ingl. create – yaratish, ijod qilish) – individning an’anaviy yoki tafakkurning eskidan qabul qilingan qoliplaridan farq qiluvchi prinsipial yangi yechimlar qabul qila olishga tayyorligi, ijodiy layoqati. Maishiy darajada kreativlik -zukkolik – boshi berk holatlarda vaziyatdan, predmetlardan va holatlardan odatdagidan keskin farq qiluvchi uslublardan foydalangan holda maqsadga yetish, undan chiqish yо‘llarini topish qobiliyati sifatida zohir bо‘ladi. Keng ma’noda – muammolarning odatdan tashqari va zukkolik bilan hal etilishidir.

Krizis – bu statik momentdir. Bu dramadagi shunday joyki, unda xarakter eng katta sinovdan о‘tadi. Bu paytda xarakter о‘zi uchun eng murakkab bо‘lgan narsani qilishi kerak, ya’ni u qaror qabul qiladi, tanlaydi.

Kulminatsiya – 1. Voqea-hodisalar rivojidagi eng yuqori nuqta; avj; 2. badiiy asarda, dramada va kinoda konflikt eng yuqoriga chiqqan chо‘qqi.

Kushetka – divanning orqa suyanchig‘i bо‘lmagan bir turi.

Leytmotiv – asarning asosiy mavzusi.

Mavzu – bu mualliflar tomoshabinlarning qalbida emotsiyalar о‘stirib, ularga yetkazishni xohlaydigan muhim intellektual qadriyatdir. Filmning mavzusi qanaqa ekanligi muallif sо‘zlari yoki personajlar sо‘zi bilan aytilmaydi. Tomoshabin mavzuni film hikoya qiladigan hamma narsalarni tasavvurida yiqqan holda о‘zlashtiradi. Aslida dramadagi «mavzu» – bir-biri bilan bog‘liq ikki narsadir. Biri – mavzu, ikkinchisi – kontrmavzu. Ular filmning boshidan oxirigacha doimo konfliktda bо‘lib, kurashadilar. Ular eng oxirigacha bir-birlariga tirmashib ketgan va birbirlari ustidan g‘alaba qila olishmaydi. Faqat eng oxirida kim g‘alaba qilganligi bilinadi. G‘alaba qozongani – mavzu, yutqazgani – kontrmavzu. Mavzu – bu judayam kuchli bо‘lib tuyuladigan kontrmavzuni yengadigan narsadir. Mavzu va kontrmavzu voqeada hamisha dramatik peripetiyalar zanjirini hosil qiladi, aynan ular g‘oyani emotsiyalarga aylantiradi.

Melodrama – 1. dramada kuchaytirilgan tragik holatning sentimental, hissiy holat bilan qо‘shilib ketishi; 2. dastlab: musiqa va ashula bilan qо‘yilgan

Mizansahna (fr. mise en scиne – sahnadagi joylashuv) – spektakl davomida, film epizodini tasvirga tushirish jarayonida aktyorlarning spektaklning, film epizodining ayrim paytlariga mos joylashuvi, sahnadagi (epizoddagi) ifodali kо‘rinishlari.

Montajchi – montaj bо‘yicha mutaxassis.

Motiv (lat. moveo – «harakatlantirayapman», fr. motif – «motiv») – Shaxs tomonidan biror faoliyatni amalga oshirishda aniq xatti-harakat variantini tanlashni asoslovchi omillar; shaxsni biror bir xatti-harakatga undaydigan, uni keltirib chiqaradigan asos, vaj, bahona, sabablar.

Motivatsiya (lat. movere) – harakat uchun mayl uyg‘otilishi; insonning xatti-harakatini boshqaruvchi, uning yо‘nalishini, tashkilotchiligini, faolligini va turg‘unligini aniqlovchi psixofiziologik jarayon; insonning о‘z ehtiyojlarini faoliyat kо‘rsata turib qondirish usuli; qahramonning biror bir xatti-harakatni sodir etishiga undovchi sabablar, asos, vaj, dalil, bahonalar yig‘indisi.

Murakkabliklar progressiyasi – energiyaning rivojlanishi va drama voqealariga qiziqishning kuchayishi jarayoni.

Niqob – har bir xarakterning ma’naviy va ijtimoiy libosi. Asarda xarakterlar murakkab niqoblar orqasiga yashiringan bо‘ladi. Dramatik holat uni harakat qilishga, sotqinlik yoki fidoiylik, odatiy yolg‘on yoki achchiq haqiqat, qutqarib qoluvchi qо‘rqoqlik yoki xatarli botirlikdan birini tanlashga majbur qilmagunicha, odamning о‘zi ham uning niqobi va xarakteri orasidagi chegara qayerdan о‘tishini bilmasligi mumkin. Dramatik holat odamlar yuzidagi niqobini yirtadi va ularning haqiqiy basharasini kо‘rsatadi. Kinodan boshqa hech qayerda biz uni bunchalik tо‘laqonli va yorqin kо‘ra olmaymiz. Alternativ omil oshib borganda personajlar faoliyat kо‘rsatishga majbur bо‘ladilar. Ular antagonist bilan kurashishga tushadimi, yoki axlat ichida g‘arq bо‘ladimi, yoki о‘zini va bir-birlarini g‘arq qila turib yoki qutqarib, yuqoriga kо‘tariladimi – bularning har biri ularning yuzidan niqobini olib tashlaydi.

Partnyor – 1. sherik, raqib; 2. teatr yoki kinoda aktyorlar asarda birgalikda о‘ynaydigan sherik aktyorlar.

Peripetiya (grek. περιπέτεια – hayotdagi keskin о‘zgarish, kutilmagan murakkablashuv, о‘tish qiyin bо‘lgan holat) – hodisalarning kutilmaganda sodir bо‘ladigan murakkablashuvi, baxtdan baxtsizlik tomon, umidsizlikdan umid sari bо‘ladigan harakat, dramada voqea rivojidagi kutilmagan shiddatli burilish.

Personaj – asarda ishtirok etuvchi shaxs.

Pyesaning fabulasi – asarning, unda ifodalangan voqeaning mazmuni. Fabula tushunchasi syujet tushunchasi bilan bevosita bog‘langandir. Odatda «syujet» atamasi bilan asardagi voqealar rivoji tushunilsa, «fabula» atamasi bilan ushbu voqealar rivoji tufayli rivojlanadigan asosiy badiiy konflikt tushuniladi.

Populatsiya – (lot. populatio – aholi) —uzoq muddat bir hududda yashab kelgan bir turdagi organizmlar tо‘plami.

Prodyusser ( angl. producer – ishlab chiqaruvchi, tovar ishlab chiqaruvchi, tayyorlovchi) – loyihani bevosita amalga oshirishda ishtirok etuvchi, faoliyatning moliyaviy, ma’muriy, texnologik, ijodiy yoki yuridik jihatlarini boshqaruvchi (yoki boshqarishga yordam beruvchi), biror loyihani bajarish siyosatini boshqaruvchi mutaxassis.

Protagonist antagonistga qarshi ma’noni ifodalab, bosh qahramon, asosiy faoliyat kо‘rsatuvchi shaxs.

Ratsionalist – biror ishni maqsadga muvofiq tarzda tashkil etish tarafdori

Raxna (rus. bresh – о‘yilgan, о‘pirilgan joy, teshik-yoriq) – dramada raqiblari qahramon uchun qazigan chuqur – choh. U antagonistdagi barcha kuchlarning uzluksiz rivojlanib borishiga yordam beradi.

Regulator – mexanizmlarning bir tekis ishlashini ta’minlab turadigan yoki temperatura, bosim, tezlik va shu kabilarni bir maromda saqlab turadigan asbob, moslama.

Rejissor – sahna va kino asarini sahnalashtiruvchi badiiy rahbar, asarni tayyorlash, sahnaga qо‘yish, tashkil qilish, tasvirga olish bilan bog‘liq bо‘lgan ijodiy ishlarning tashkilotchisi, boshlig‘i.

Rejissura –film, spektakl va shu kabilarning biror rejissor tomonidan tayyorlangan postanovkasi.

Remarka – 1. belgi, izohlar; 2. muallifning pyesa matniga holatlar, aktyorlarning xatti-harakatlari va h.k.larga taalluqli izohlari.

Repetitsiya (lat. repetitio – takrorlash) – biror asarni sahnaga qо‘yish yoki ijro etish, filmni tasvirga tushirish oldidan qilinadigan tayyorgarlik, mashq. Repetitsiyaning texnikaviy va ijodiy turlari mavjud.

Reprezentativ – qayta taqdim qilinadigan.

«Sanamlar» – kinoda oddiy odamlar qiyofasida chiqishadi, lekin ularning haqiqiy mohiyati – har narsaga qodirligidir. «Sanam» – bizning hal qilib bо‘lmaydigan muammolarimizni osonlik bilan hal etuvchi personajdir. «Sanamlar»ning motivatsiyasi boshqa oddiy odamlarning motivatsiyasidan farq qiladi. Odatdagi kishi hozir va kelajak g‘amida bо‘ladi. Qotillik, masalan, «Tanishlarimiz» uchun о‘tib bо‘lmaydigan tо‘siqdir. U personajni «boy berilgan qalblar» kategoriyasiga о‘tkazadi. Endi u iblis og‘ushiga, jahannam tubiga tushib boradi. «Boy berilgan qalblar» о‘ldirishadi, jinoyatchiga aylanadi, «sanamlar» bо‘lsa о‘ldirishaveradi, о‘ldirishaveradi – ammo ularning boshlari ustidagi avliyolik nurchambari hech sо‘nmaydi.

Saspens – sof inglizcha sо‘z. Til bilimdonlarining aytishlaricha, «zо‘riqish» («taranglik») – sо‘zning aniq va tо‘liq bо‘lmagan tarjimasidir. Aniqroq qilib aytganda, u «chidab bо‘lmas darajada zо‘riqib kutish», «chidab bо‘lmas darajada tarang holat» deganidir. Saspens – bu auditoriyaning ayni joyda va ayni shu paytda sodir bо‘layotgan narsalarga javobidir. U auditoriya va personajda axloqiy umumiylik mavjud bо‘lganida, tomoshabin va xarakterda bir xil emotsional kuch mavjud bо‘lganda (u qо‘rqayapti, men ham u uchun qо‘rqayapman; u qotilni topishni istayapti, men ham qotilni topilishini istayman) vujudga keladi. Saspens – bu hissiy javob – iztirob chekish, hayajonlanish, xavotirlanish, umidsizlikka tushish, qо‘rquv… Shu bilan birga qiziquvchanlik, ya’ni intellektual kategoriya bо‘lib, u tomoshabinni keyingi soniyada qahramonga nima bо‘lishini bilishga undaydi. U voqeaga butun vujudi, hissiyotlari bilan tо‘liq bir tarzda kirib ketadi.

Seks filmlar – shahvoniy filmlar.

Seremoniymester – marosimlar boshqaruvchisi.

Serpyanka – siyrak tо‘qilgan gazlama.

Stanina – stanok va mashinalarning harakatsiz asosi.

Stress – qо‘rquv, quvonch, qayg‘u… kabi barcha kuchli junbushga keltiruvchi qо‘zg‘atuvchi vositalarga yagona universal javob. Olimlar uni «organizmning о‘ziga xos bо‘lmagan reaksiyasi» deb atashadi. Odamning diqqat maydonida qandaydir bezovtalantiruvchi, xavfli, tahdid soluvchi nimadir paydo bо‘lsa, unig diqqati avtomatik tarzda bu narsaga safarbar etiladi. Vujud qonga katta miqdorda adrenalin chiqaradi va uning kuchi qisqa bir on davomida о‘nlab barobar kо‘payib ketadi. Odam irodasi qahr-g‘azabga tо‘lgan yoki qо‘rquv paytida bir joyga tо‘planib, kuchliroq bо‘lib qoladi, tezroq yuguradi, kо‘zlari yaqqolroq kо‘radi va mо‘ljalga aniqroq uradi. U dushmanga xuddi bahodirlar kabi tashlanadi yoki xavf-xatardan kutilmagan tezlik bilan qochib qola oladi. Bunday holatga «stress holati» deyiladi.


Страницы книги >> Предыдущая | 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21 22 23 24 25 26 27 28 29 30 31 32 33 | Следующая
  • 5 Оценок: 1


Популярные книги за неделю


Рекомендации