Читать книгу "Кинода режиссура ва драматургия"
UMUMIYLIK ICHIDAGI TURLI-TUMANLIKLAR
Umumiylik ichidagi turli-tumanliklar dramaga emotsional tо‘laqonlilik beradi. Bu barcha momentlarda ishlaydigan prinsipial holatdir. Tuzilma turli-tuman xatti-harakatlarni, emotsiyalaridagi kontrastlarni, personajlarning tafovutlari kabi barcha qarama-qarshi chegaralarni birlashtirish uchun ham zarurdir. Bu bizning emotsional energiyamizdagi eng nozik qismni faollashtiradi. Bizning barcha asab tolalarimiz titraydi. Biz qahramonning ichki konfliktlari sirlarini topib olamiz.
«Baliqchilar qiroli» filmida bosh qahramonning qiz dо‘sti aktrisa Mersedes Ruel (о‘z vaqtida bu roli uchun «Oskar» olgan) film oxirida qahramonning dil izhorini eshitadi. Qizning birinchi javobi – ishonchsizlik. Undan keyin baxt, keyin u Jef Brinjesning yuziga bor kuchi bilan jaranglab ketuvchi shapaloq uradi. Bu shunchalik uzoq vaqt boshidan kechirgan xavotir va umidlarining otilib chiqishi edi. Birdaniga emotsiyalar guldastasi. Agar siz ulardan tо‘g‘ri foydalana olsangiz, krizis emotsiyasi bekor ketmaydi.
KULMINATSIYA VA XOTIMALAR
Kulminatsiya bilan muhim bir muammo bog‘langan – bu filmning xotimasidir. Agar sizda asosiy syujetdan tashqari kulminatsiya tomon bir necha ost syujetlar harakat qilayotgan bо‘lsa, ularning barchasini yechish kerak. Kulminatsiyada sof, yon syujetlardan tozalangan, bosh, asosiy harakat hammadan yaxshi harakat qiladi. Aynan shunday harakat bizga emotsional holatda va oxirigacha ochiq bо‘lishga imkon beradi. Ost syujetlarni kulminatsiyagacha yechish foydali. Eng yaxshi ketmaketlik – ahamiyati kamrog‘idan ahamiyati kattarog‘iga tomon navbati bilan qutilib borishdir.
Eng ajoyib kulminatsiyalarda va xotimalarda bir vaqtning о‘zida 5-6 yon syujetlar о‘z yechimini topadi. Ammo bu endi ustakorona qilingan ish. Uni «Kasablanka»da, «8 1/2»da kо‘rish mumkin.
Zо‘r ish, odatda kо‘zga kо‘rinmaydi, barcha chokli joylari yashiringan bо‘ladi. Siz ajoyib tanani yopib turgan chiroyli kiyimni kо‘rasiz.
«Kasablanka»da xotima sahna biratо‘la besh syujetning yechimini beradi.
1. Sevuvchilar uchburchagi – Laslo Ilza bilan ketadi.
2. Nemislar bilan bо‘lgan syujet – Rik polkovnikni о‘ldiradi.
3. Rikning syujeti – u о‘z hayotini о‘zgartiradi, Muxolifat jangchisiga aylanadi.
4. Kapitan Renoning syujeti – u Rikka qо‘shiladi.
5. Vizalar syujeti – ular Ilza va Laslolar hayotini saqlab qoladi. Bu mutlaqo tabiiy, tushunarli va о‘ta lо‘nda, ustakorona bir tarzda amalga oshirilgan.
«Qochish»da syujetlar oxirgi 5-6 daqiqada navbati bilan hal etiladi.
1. Dastlab xirurg xotinining bir qо‘lli qotili tutiladi.
2. Qahramon vrachlar konferensiyasida soxta tajribalarga asoslangan firibgarlikni fosh qiladi.
3. Keyin bosh antagonist bilan kurashda hamkasblarning xoinligi syujeti yechilgan.
4. Va nihoyat, quvish syujeti hal qilingan. Bosh ta’qib qiluvchi kishi xirurgni bizlar hurmat qilganday hurmat qiladi. Mashinadagi ikki yulduzning (Xarrison Ford va Tommi Li Jons) mashinadagi sahnasi – filmning yorqin emotsional yakunidir.
«Epidemiya»da syujetlar birin-ketin yechilib boradi.
1. Dastlab bomba xavfi syujeti. Portlash shaharga yetib kelmaydi.
2. Keyin antagonist syujeti. General qamoqqa olinadi.
3. Oxirida vaksina va muhabbat syujeti hal etiladi: qahramon sevgan ayol yangi vaksina hayotini saqlab qolgan birinchi kishi bо‘ladi.
«Aqli raso qahramon» da:
1. Dastlab ikki daydi yarashib olishadi.
2. Keyin Geyl va Barnilar syujeti yechilgan. Jurnalist ayol о‘zining haqiqiy qutqaruvchisi kim ekanligini biladi va undan minnatdor bо‘ladi.
3. Oxirida Barni va о‘g‘lining syujeti yechimini topgan. Barni bolaning zavq-shavqiga sazavor bо‘ladi.
Nima uchun barcha syujetlarni aniq va oddiy yechish kerak bо‘ladi? Chunki tomoshabin oxirigacha aniq hikoya qilinadigan voqeani kо‘rishni istaydi.
Bunday voqea biz inson tajribasining chegarasigacha bordik, deydi. Xotimada tomoshabinda qandaydir yangi hayotiy tajriba hosil bо‘ladi. Bu boylik, u sarf qilingan vaqtni hurmat qilish imkonini beradi.
Voqeaning tamomlanish payti kelganda ost syujetlarning oxirini shunday kо‘rsatish kerakki, ular hali hikoya qilinayotgan voqea bilan qо‘shilib ketsin. Emotsional jihatdan faqat bitta nuqta bо‘lsin. Agar u nuqta filmning oxirgi kadrlarida qо‘yiladigan bо‘lsa, hammadan yaxshi bо‘ladi.
Misolni yana ulug‘ Shekspirdan keltirmaslikning iloji yо‘q. Personaj о‘z vazifasini bajarib bо‘lgach, uning syujeti hal bо‘ladi. «Gamlet»da avval Poloniyning syujeti yechiladi. Gamlet uni о‘ldiradi. Keyin navbat sotqin-dо‘stlarga keladi: Gamlet ularni о‘limga duchor qiladi. Ulardan keyin Ofeliyaning syujeti keladi – u aqldan ozgan holda halok bо‘ladi. Va barcha xotimalar drama rivojlanishini oziqlantiradi. Oxirida taxta ustida, xuddi yaxshi shaxmat partiyasidagi kabi, Qirol, Qirolicha, Laert va Gamlet qolishadi. Bitta sahna barcha tо‘rttala syujetni yechib beradi va dramaga oxirgi nuqtani qо‘yadi.
Besh bosqichli tuzilmaning asosiy afzalligi shundaki, unda harakatdagi taranglik rivojini qiziqishning alangalanishidan to zaruriy sahnagacha nazorat qilish imkoni borligidir. Agar bu yо‘l bо‘ylab raxnalar va tо‘siqlarni oshirib borish rejalashtirilgan bо‘lsa, hikoyaning energiyasi oshadi.
Siz hali tasvirga olish ishlari boshlanishidan ancha oldin asosiy zarbalarni tо‘g‘ri joylarga berish uchun kuch va mablag‘ingizni taqsimlashingiz mumkin. Tasvirga olish boshlanganda makkorona zarba qaysi tomondan berilishini hech qachon bilolmaysan. Dabdurustdan aktyor qо‘yilgan yukni kо‘tara olmay qoladi; yoki kо‘plab har xil sabablarga kо‘ra sahna yaxshi tasvirga olinmagan bо‘ladi. Ammo tez-tez arzimagan sahnalar kichkina kashfiyotlar bilan chaqnab qolishadi. Ularni umumiy tuzilmaga jalb qilish kerak. Film rivojini nazorat qilib bormasangiz buni qilolmaysiz. Agar bunday yetaklovchi yо‘nalish bо‘lmasa, sifatga zо‘r berishgina qoladi. Tasvirga olingan material tez-tez yaratuvchilarning qalbida yolg‘on illyuziyalar uyg‘otadi: «Paseno shunday olingan, biz ham yakunlovchi montajda kerakli taranglikka erishamiz!» Aslo! Kulminatsiyaga tomon harakat tasodifiy muvaffaqiyatlar shodasiga о‘xshab faktlardan tizilmaydi. Bu harakatlarning rejalashtiriladigan zanjiridir.
Filmning barcha infratuzilmalari xuddi shveytsariyacha soatlarining g‘ildirakchalariga о‘xshab baravariga ishlashlari kerak. Sizning ichki tuyg‘ularingiz va iqtidoringiz tuzilmani kо‘rinmas qiladi, uni hayotnig egiluvchan va tarang tolasiga aylantiradi.
Ammo tuzilmasiz filmingiz xuddi skeletsiz tanaga – xuddi teri va tuklar bilan qoplangan teriga о‘xshaydi.
KULMINATSIYA VA MUHIM VIZUAL OBRAZLAR
Muhim vizual obrazlar shunday narsalarki, ular kulminatsiyaning emotsional ta’siriga yordam beradi. Ularni topish foydadan xoli emas.
Kulminatsiya – bu shunday joyki, unda mavzu, xuddi filmning tub (asosiy) g‘oyasidagi istiora singari, muhim vizual obrazlarda juda aniq ifodalanishi mumkin.
Bu obrazlar juda sodda bо‘lishlari mumkin. Ammo ular filmdan о‘sib chiqadilar. Biz ularni hech qachon unutmaymiz. Biz filmni esga olishimiz hamon ular darhol kallamizda vujudga keladi.
Hindu poldan og‘ir marmar plitani sug‘urib oladi va panjarali derazani sindiradi.
Kaberiya tabassum qiladi.
Telma va Luiza osmonlarga uchib ketadi va u yerda qotib qolishadi.
Aqldan ozgan yozuvchi (Jek Nikolson) labirintda muzlab qoladi («Yog‘du»). Kutilmaganda biz uni mehmonxona devoridagi 50 yil oldin olingan fotografiyalar о‘rtasida kо‘rib qolamiz. Bu qachon bо‘lgandi о‘zi? Qaysi hayotda?
Muhim obraz kо‘pincha oddiy elementlardan yig‘iladi. Har bir kadrda bittadan bit ishga tushirilgan. Birgalikda ular yagona obrazni hosil qiladi.
«8 1/2» dagi bir bit – rejissor barcha qatnashchilarni doira bо‘ylab harakat qiluvchi davraga yig‘adi.
Boshqa bir bit – sirk arenasi markaziga uch masxaraboz va bir bola chiqadi. Bizning ongimizda bu ikki kartina hech bir kadrda bir butun kо‘rsatilmagan obraz sifatida birlashadi. Filmda bunday manzara yо‘q, u bizning xayolimizda paydo bо‘ladi.
Yorqin va emotsional muhim obraz kо‘zga kо‘rinadigan leytmotivga birlashgan kadrlardan yig‘iladi. Ba’zan u ikki leytmotiv bо‘ladi. «8 1/2» da ular ikkita – masxarabozlar va personajlar davrasi.
Dastlab uch masxaraboz va fleytali bola kо‘rsatiladi. Keyin ular harakat qila boshlaydilar – ularning musiqasi ostida filmning barcha personajlari tо‘planishadi.
Keyin personajlarni fokuschi-seremoniymester yig‘adi. Dastlab ular oq soyalar kabi kо‘rinishadi. Bu personajlar leytmotivlari namoyishidir.
Masxarabozlarning leytmotivi rivojlanadi. Marchello bolaga roli qanday ekanligini tushuntiradi. U masxarabozlarni arena markaziga olib chiqadi.
Zinadan arenaga personajlar tо‘dasi tushib keladi. Biz filmda kо‘rganlarning barchasi shu yerda.
Marchello, ikki diniy ierarx va xotinini ham qо‘shgan holda, barchani katta hurmat bilan doiraga taklif qiladi. Uning о‘zi masxarabozlar marshi ostida arena atrofida harakat qiladigan bu personajlar davrasiga kiradi.
Qorong‘u tushadi. Masxarabozlar bо‘shab qolgan arenani tark etishadi.
Bolaning bir о‘zi qoladi. U sahnadan hammadan keyin ketadi.
Biz murakkab obraz qay tariqa sodda bitlarga bо‘linganligini kо‘ramiz. Va har bir ondagi harakati davomida istiora emotsional rivojlanishga ega bо‘ladi.
Vizual dramatik obraz statik (turg‘in, harakatsiz) tasvir singari ta’sir qilmaydi. U ekran ramkasidagi tasvir emas – u hamisha dramatik harakat, drama umumiy rivojlanishining bir qismidir.
Muhim obraz filmda о‘zining qisqa syujetli hikoyasiga ega bо‘lishi mumkin. Shunda u kuchliroq emotsional ta’sir etadi.
«Kakku»dagi taqsimlovchi plita avval boshda oldida kasallar karta о‘ynash uchun tо‘planadigan predmet sifatida kо‘rsatilgan. U og‘ir, marmar bilan qoplangan kub. Plita kundalik hayotning bir qismi sifatida kо‘rsatilgan. Hech qanday kо‘pma’nolilik, hech qanday istiora yо‘q.
Keyin Mak Merfi bu kubni poldan uzib olish uchun behuda urinadi. Istiora harakat davomida va konfliktda paydo bо‘ladi va u shuning uchun ham ishonchlidir. Finalda hindu plitani uzib oladi va u bilan panjarali derazani buzadi.
Istioraning rivoji bizning bо‘lishi mumkin bо‘lmagan narsa haqidagi tasavvurimizni tubdan о‘zgartiradi.
Agar muhim obraz detallar bilan tо‘liq bо‘lsa, u rebus sifatida qabul qilinadi. Biz kadrlarni musiqadagi tasvirlar sifatida qaray olmaymiz – buning uchun bizda vaqt ham, ichki mushohada erkinligi ham yо‘q. Bizning ongimiz voqea rivojiga bо‘ysundirilgan. Obraz sodda va yorqin о‘qiladigan elementlardan yig‘iladi. Shuning uchun muhim obrazning ongimizga kirib borishi va emotsional javob hosil qilishida yordam beradigan eng yaxshi uslub – Eyzenshteynning dialektik montajidir. Oddiy vizual bitlar montajdagi jumlada tо‘qnashadilar va voqeaning bir vaqtda sodir bо‘ladigan murakkab obrazini hosil qiladilar.
Tarkovskiyning «Andrey Rublyov»ida xotimalovchi novellaning oxiri muhim obraz bilan tugaydi – kuldan qayta tiklanayotgan Rossiya kengliklari uzra qо‘ng‘iroq yangraydi. Qо‘ng‘iroqxona ostonalarida, sekin-asta yonayotgan kо‘mirlar о‘rtasida Andrey Rublyov yosh ustaga tasalli beradi. G‘alabadan keyin yosh ustaning asablari chidamagan – butun kuch qо‘ng‘iroqqa berilgan. Bu men bilgan eng yaxshi ijodiy istioralardan biridir.
Kann festivalida «Sinema Paradiz»ning tanlov filmini kо‘rsatishdi. Film kulminatsiyasida qahramon amerika filmlari kulminatsiyasidan cherkov senzurasi qirqib tashlagan о‘pichlarni kо‘rib о‘tiribdi. Buyuk о‘pichlarning uzliksiz va davomli qatori: Klark Geybl о‘payapti, Viven Li о‘payapti, Xemfri Bogart о‘payapti, Ava Gardner о‘payapti, Greys Kelli о‘payapti… Zalda guldiros qarsaklar yangradi, keyin esa hamma birvarakayiga jazavaga tushib ketishdi. Tomoshabinlar о‘rinlaridan sapchib turishdi. Ular qichqirishardi, yig‘lashardi, qarsak chalishardi, oyoqlari bilan yer tepishardi.
Men hech qachon bunday yuksalishni kо‘rmaganman. Albatta, film «Palma novdasi»ni oldi. Bunday ajoyib bir tarzda о‘ylab topilgan muhim obraz filmni finalda yangi yuksaklik sari kо‘tardi.
TО‘RTINCHI QISM. SSENARIYDAN FILM SARI
XARAKTER ENERGIYASI
Xarakter energiyasini rivojlantirish – bu bizning uzluksiz amal qiladigan vazifamizdir. Xarakter energiya olgan paytda u hamma uchun qiziqarli bо‘ladi.
Ammo buning uchun xarakter oldida u erishishga harakat qiladigan maqsad bо‘lishi kerak. Agar maqsad о‘ziga chorlasa, о‘ziga tortsa, agar u muhim bо‘lsa, xarakter unga qalbida va qalbidan tashqarida bо‘lgan barcha narsa bilan erishishga intiladi. Bu yо‘lda u о‘zining avra-astarini ag‘darib tashlaydi. Biz uchun: «Men bu narsani qilaman», – deydigan kishilar qiziq.
Shuning uchun biz: dramatik hikoya – bu «kimdir nimadir qilishni istashi, tavakkal va jasorat bilan maqsadga erishishdir», – deymiz.
Jinoyatchilar bankni о‘marishadi.
Sevishganlar bir-birlariga erishadilar.
Adolatsiz ayblanganlar adolatni tiklashadi.
Har bir harakat takrorlanmas xarakterning qirralarini ochishi mumkin.
«Bitiruvchi» filmida Dastin Xofman о‘zi sevgan qizga qanday erishishini eslang. Hamma unga qarshi. U va qizining onasi о‘rtasida oshiq-moshiqlik bо‘lib о‘tgan va onasi «U hech qachon mening qizimni ololmaydi!» degan. Bu haqda qizning otasi ham biladi va nikoh bо‘lmasligi uchun qо‘lidan kelgan hamma narsani qiladi. Qizning ajoyib – sog‘lom, chiroyli, kuchli qaylig‘i bor. Ruhoniy cherkovda allaqachon unashtirish uzugini qо‘liga olgan… Ammo qahramonimiz Dastin Xofmanda maqsad bor, bu yо‘lda u barcha tо‘siqlarni yanchib о‘tadi va sevgilisini nikoh bо‘layotgan joydan olib ketadi. О‘ziga tortuvchi maqsad – kuchli energiya zaryadidir.
«Somondan qilingan itlar» filmidagi Dastin Xofmanni eslang. U uquvsiz, uyalchang matematik, ammo uning oldida yana maqsad – hayotni himoya qilish istagi bor. U zо‘ravonlarni о‘ldirish uchun qо‘liga qurol oladi.
Yaqinlarini himoya qilishni talab etadigan maqsad xarakterdagi kо‘rinmas kuchlarni ochadi. Dushman bilan kurashishning narxi oshib boradi, u bilan birga qahramonning unga javob qiladigan xarakter kuchi ham ortib boradi. Agar maqsad tushunarsiz bо‘lsa, u aniq bо‘lmasa – xarakter chizgilari ham aniq bо‘lmaydi. Qahramonning xarakteri aniq, tomoshabin uchun tushunarli maqsadi bо‘lmagan birontayam durustroq kartinani topa olmaysiz. Busiz qanday qilib biz uni seva olamiz? Tomoshabinni qahramonni sevishga majbur qilish – tomoshabinni о‘z dunyosiga jalb qilishga qaratilgan har bir film mana shu masalani hal qilishdan boshlanadi.
«Iblis qiliqlari» («Dyavolskie shtuchki») filmi qahramoni, chiroyli, olijanob, ziyoli о‘qituvchi, uning о‘quvchisi, injiq va boyvuchcha qiz, yaqinlashtirmoqchi bо‘lgan oraliqni qiyinchilik bilan saqlaydi. Qiz uning jinsisiga yopishadi. U qizning tajavuzlarini rad etganida esa uni zо‘rlashda ayblaydi. Ablah injiq qizning alamidan yolg‘on aytayotgani har bir tomoshabinga ayon. Ammo qahramonning hayoti sudga yetib bormasdanoq barbod bо‘lgan. Biz uning g‘alaba qilishini va о‘zining pok nomini qaytarishini juda istaymiz va u g‘alaba qiladi – biz baxtiyormiz, yosh tuhmatchini esa qamoq kutadi.
Ammo birdaniga qahramonning butunlay ablah ekanligi, u allaqachonlardan buyon о‘quvchi qiz bilan aloqa qilib yurganligi aniqlanadi. Bu narsa ular qizning badavlat ota-onasidan sakkiz millionni sug‘urib olish uchun birgalikda о‘ylab topgan fitnalari ekan.
Biz g‘azabga minamiz va kо‘nglimiz qoladi – film mualliflari aynan shu narsani: qanday bо‘lmasin, bizni personajlar harakatiga emotsional jalb etishni xohlashgan edi.
Avval sevib qolamiz, keyin nafratlanamiz. Buning uchun dastlab stolga qahramonni sevishga yordam beruvchi kartalar yoyiladi, ular avval maqsad sari olib borib, keyin yolg‘on bо‘lib chiqadi. Buning orqasidan haqiqiy maqsad aniqlanadi. Bu narsa, tabiiyki, bizning qahramonga nisbatan munosabatimizni о‘zgartiradi. Ammo qahramon bir soniya ham maqsad uchun harakat qilmasdan qolmaydi. Ustigaustak, haqiqiy maqsad uzoq muddat xarakterning ichida yashiringan bо‘lishi mumkin, uning qandaydir qismi albatta kо‘rinadigan, tushunarli va ongli darajada ta’sir о‘tkazadigan bо‘ladi. Bu juda muhim – biz qahramon ayni soniyada, shu yerda va hozirning о‘zida nimaga intilayotganini tushunishimiz lozim.
Maykl Korleonening maqsadi bor – u, oilasining biznesiga qarshi borib, ma’lumot olish va halol biznes bilan shug‘ullanmoqchi. U otasini qutqarishi kerak – bu uning ilgarigi barcha rejalarini о‘zgartirib yuboradi. Keyin u otasining qotillaridan о‘ch olishi lozim, faqat shu narsa oilasini yо‘qolib ketishdan saqlab qoladi. Keyin oilasining barcha dushmanlarini yо‘qotishi kerak… Shu tariqa qadam-baqadam Maykl iblis saroyining yuksakliklari uzra maqsad sari kо‘tarilib boradi. Alohida maqsadlar farishtani iblisga aylantiruvchi, boshdan oxir davom etuvchi harakat sifatida yо‘g‘riladi.
Qahramonning butun film uchun yagona – boshdan oxir davom etadigan maqsadi bо‘lishi kerak. U konfliktlar zanjiri sifatida paydo bо‘lishi kerak. Har bir konfliktda qahramon о‘z maqsadiga yetishga harakat qiladi. Ular asta-sekin yig‘iladi va о‘sib boradi.
Fellinining «8 1/2» filmi qahramonining maqsadi – film qо‘yish. Unga konfliktlar guldastasi xalaqit qiladi. Ular xuddi supurgiday birbiriga bog‘langan. Taqdir qahramonning burniga ushbu supurgi bilan ishqaydi, uni о‘lim jahannami tomon haydaydi. Ammo qahramon bundan chiqishga yо‘l topa oladi va о‘z maqsadiga yetadi.
Maqsadlar albatta qat’iy ketma-ketlikni hosil qilavermaydi. «Kasablanka» filmi qahramonlarining har qaysisining о‘z maqsadlari bor. Ba’zilari fashistlar jahannamidan chiqib olishlari kerak, boshqalari bunga xalaqit qilishni istashadi. Bosh qahramon Rikning kо‘zga kо‘rinadigan maqsadi – hech narsaga aralashmaslik. Ammo uning haqiqiy maqsadi – sevgan ayolini qutqarish. Bu maqsad kulminatsiyaga tomon asta-sekinlik bilan namoyon bо‘la boradi. Qahramonlarning barcha maqsadlari kulminatsiyada aniq bо‘lib qoladi – bunday g‘oyasiz hech kim film olishni boshlamaydi. Muammo shundaki, filmning dastlabki soniyalaridan oxirigacha qahramonlarni tomoshabin uchun tushunarli bо‘lgan maqsadlar yetaklasin. Xarakterning maqsadlari faqat bir holdagina – ularning hammasi yagona boshdan oxirigacha davom etadigan maqsadning, yagona boshdan oxir davom etadigan eng oliy vazifaning qismlari bо‘lganidagina bir-biriga qarshi kelishi mumkin.
«Bas, yetar» («С меня хватит») filmining qahramoni (Maykl Duglas) ish davomida beshtacha kishini о‘ldiradi, shaharning bir qismini vayron qiladi. Ammo energiyani yagona uzluksiz о‘ziga jalb qiluvchi maqsad ajratib chiqaradi – u qizining tug‘ilgan kuniga borayotir. Bu u uchun juda muhim, chunki bu о‘z-о‘zini hurmat qilishning sо‘nggi chegarasidir.
«Qochish» filmining qahramoni (Garrison Ford) adolatsiz ravishda о‘limga hukm qilingan. Taqdir taqozosi bilan u turmadan qochadi. Ammo uning maqsadi – о‘z hayotini saqlab qolish emas, balki toptalgan adolatni qayta tiklashdir. Bu maqsadga esa millionlab odamlar hayotining xavfsizligi ham, yaralangan bola hayotining saqlab qolinishi ham, qahramon hayotining uzluksiz ravishda xavf-xatarga uchrashi ham tikilgan.
Biz maqsadni – boshdan oxirigacha davom etadigan yagona maqsadni qо‘yamiz. Maqsad – bu oliy vazifa, boshdan oxirigacha davom etadigan harakatning yо‘nalishidir.
Odam kechqurun og‘ir chemodanni kо‘tarib kelayapti – bu harakat. Uning maqsadi qanaqa?
1. Qahramonni xotini haydab yubordi va u boshqa ayolnikiga borayapti… Yoki og‘ir chemodanni bо‘yniga bog‘lab chо‘kish uchun borayapti.
2. U о‘g‘ri, u о‘g‘irlangan chemodandan о‘z sevimli komandasiga tegishli kubokni topib oldi va endi chemodanni sevimli komandasiga qaytarishni istaydi.
3. Santexnik bosh maydonda shahar fontaniga kanalizatsiyani ulash va bayramni rasvo qilish uchun detallar solingan chemodanni kо‘tarib bormoqda.
Va shunga о‘xshashlar. Xarakterning mohiyati uning maqsadlarida ochiladi.
XARAKTERNING MAQSADI
Aslida xarakter nimani xohlashini, uning haqiqiy maqsadi nima ekanligini tushunish uchun 4 savolga javob berish kerak.
1. Mening о‘zim umuman va xususan olganda nimani istayman?
«Umuman olganda» – bu xarakterning butun film uchun boshdan oxirigacha davom etadigan vazifasi, «xususan olganda» – bu epizoddan epizodga о‘tgan sari ketma-ket keladigan xohishlar silsilasidir.
«Psixo» filmi qahramoni «umuman olganda» о‘z sevimli onasining istagini amalga oshirishni xohlaydi. Xususan u epizoddan epizodga о‘tgan sari о‘z otelida tо‘liq tartib bо‘lishini istaydi. Bu maqsadda u onasini kimdan rashk qilsa, ularni о‘ldiradi va jinoyatni yashiradi.
Men ringda raqibim ustidan g‘alaba qilishni istayman – bu boshidan oxirigacha davom etadigan maqsad. Bir epizodning xususiy maqsadi kuchga tо‘lish uchun qoni chiqib turgan befshteksni topish va uni tanavvul qilishdir.
2. Men nega bu narsani istayman?
Bu savol sizni konfliktdagi boshqa qahramonlar bilan aniq bir tarzda bog‘laydi. Chunki men Julyettani sevaman… Dezdemonani rashk qilaman… Gildenstern va Rozenkransdan nafratlanaman…
Har bir harakatdagi mening motivatsiyam qolganlarini о‘zida yutib yuboruvchi va sahna konfliktida mening xatti-harakatlarimni yо‘naltiruvchi birgina javobda tо‘plangan bо‘lishi kerak. Har bir sahnada bosh motiv bitta bо‘lishi kerak. Eng asosiy nega – bittadir. Mana shunda men nima qilishim kerakligini bilaman. «Nega» degan savolga javob bera turib, bu bilan siz kim uchun degan savolga ham javob berasiz.
3. Kimga qarshi men bu narsani istayman?
Odatda antagonistga qarshi, chunki u mening yо‘limda turadi. Ammo tо‘siq rolida har kim – dо‘stim, sevimli qizim, tasodifiy kishilar – mening maqsadim yо‘lida raxna hosil qiluvchi va uni oshib о‘tish ehtiyojini tug‘diruvchi barcha kishilar bо‘lishlari mumkin.
4. Men qanday bosimga duch kelaman?
Bu maqsadlariga erishishlarida men xalaqit qiladigan har qanday kishi tomonidan sodir etiladigan raxna, tо‘siq, ichki muammolar va qarshi ta’sirlardir.
Oddiy harakatlardan boshdan oxir davom etadigan harakatlarga birlashuvchi murakkab zanjir hosil bо‘ladi.
Xarakter harakatining bosh maqsadi iloji boricha ertaroq qо‘yilishi kerak, chunki bu narsa tomoshabinga qahramonga achinishi va unga hamdardlik qilishi uchun yordam beradi.
«Dallol» («Posrednik») filmi qahramoni (Samyuel Jekson) – xufya politsiyachi. U о‘ta bosiq, har qanday vaziyatda о‘zini tuta biladi. Ammo uning sherigi politsiya uchastkasidagi katta о‘g‘irlikni ochadi. Sherigi о‘ldiriladi. Qahramon qotillikda ayblanadi. Uni о‘lim kutmoqda. Mana shunday dramatik holat bosimi ostida u g‘alati harakat qiladi: politsiya boshqarmasini garovga oladi. Shu tariqa u haqiqatga erishmoqchi bо‘ladi. U har qadamida о‘lim xavfi bilan haqiqat sari boradi. Dushmanlari birgina narsani – uni о‘ldirishni istashadi, bо‘lmasa ularning о‘zlari halok bо‘lishadi. Har bir daqiqada dushmanga kuch va imkoniyatlar qо‘shilmoqda, qahramon bо‘lsa «pulni kim о‘g‘irlayapti», degan muammo yechimiga tobora yaqinlashib bormoqda. Qahramon qanchalik kо‘p tavakkal qilsa va jasorat kо‘rsatsa, bizning hamdardligimiz shuncha kuchayadi.
Agar qahramonning maqsadiga erishishiga shubha tug‘ilmaydigan bо‘lsa, film zerikarli bо‘ladi. Raqiblarning barcha harakatlari: raxnalar, tо‘siqlar, antagonistning kuchayishi, kutilmagan mag‘lubliklar va boshi berk kо‘chalar qahramonning istaklariga qarshilik qilishlari kerak. Bu kurashda maqsad aniqroq bо‘lib boradi.
Maqsad katta tortish kuchiga ega bо‘lishi kerak. Maqsad – bu qahramonlarni tortuvchi va xarakter chizgilarini yuzaga chiqaruvchi magnitdir. Bosh maqsad uzluksiz harakat qiladi, yordamchi maqsadlar esa zaruratga kо‘ra epizoddan epizodga tomon tizilib boradi.
Ammo qahramonni о‘ziga tortuvchi bosh maqsad birdaniga paydo bо‘lib, vaqtinchalik maqsadlardan tozalana borib, shoshilmasdan aniqlashishi mumkin. Hali faoliyatda ekan, vaqtinchalik maqsadlar kuchli magnitlar tarzida kо‘rinadi – hatto biz ularni hali asosiy maqsad kichik aldamlarga о‘ralgan barcha tо‘siqlar va niqoblardan tozalanib, tashqarga chiqmagunicha, bosh maqsad sifatida qabul qilishimiz ham mumkin. Masalan, qahramon sevib qoladi, sevgilisini qutqaradi, kurasha borib, ta’qib qiluvchilardan qutiladi va shunda aniq bо‘ladiki, uning maqsadi katta evaz olish maqsadida qizni о‘g‘irlash ekan, «sevishganlik» va «qutqarish» – о‘yindagi yо‘llar ekan, xolos. Asosiy oliy vazifa – о‘g‘irlash, sevishganlik о‘yini esa yordamchi maqsadlarni yuzaga keltirdi.
Xarakterning boshdan oxirigacha davom etuvchi harakati butun film davomida turli harakat va qarshi harakatlar halqalaridan tashkil topgan zanjirni tortib boradi. Harakat qanchalik faol bо‘lsa, xarakter shuncha yorqin kо‘rinadi.
Qahramonni xatti-harakatlarini nima motivatsiyalashini tushunishimiz kerak. Qahramonni motivatsiyalash – filmning eng muhim elementidir. Barcha personajlar nimanidir xohlashadi, ammo qahramonning istagi – bu asosiy maqsaddir. Qahramon nimani istasa – bu voqeaning nima haqidaligidir. Faqat qahramonning aniq motivatsiyalangan harakatlarigina tomoshabinlar uni sevib qolishlariga imkon beradi.
Motivatsiyalashning ikki darajasi bor. Tashqi – qahramon kо‘rinadigan va seziladigan tarzda olishni istagan narsalar. Ichki – u nima uchun bu narsalarga erishayapti. Ichki motivatsiya xarakter ichida yashirin bо‘ladi. Biz u haqida faqatgina faraz qilishimiz mumkin.
Motivatsiyalar va harakatlar uzviy bog‘langan bо‘lishi lozim. Eng oddiy va tushunarli motivlar qahramonlarni maqsadga erishish uchun tо‘siqlarni yengib о‘tishlariga majbur qiladilar. Tomoshabin hayotiy muhim istaklarga javob qaytaradi.
Istak yо‘lida kо‘ndalang turgan narsa – bu konfliktdir. Konflikt tо‘sig‘ini yengib о‘tish – xarakterni ochib beruvchi yagona imkoniyatdir. Bir «kо‘ndalang» turgan narsani oshib о‘tdik, keyin yana bittasini. Shu tariqa xarakter bir tо‘siqdan keyin boshqasini oshib, maqsad sari intiladi. Har bir keyingi tо‘siq oldingisidan balandroq, har bir harakatda xarakter tobora faolroq bо‘lib boradi, uning energiyasi ortib boradi. U biz uchun tobora tushunarli bо‘lib va chuqurlashib boradi.