282 000 книг, 71 000 авторов


Электронная библиотека » А. Митта » » онлайн чтение - страница 16


  • Текст добавлен: 30 апреля 2024, 03:20


Текущая страница: 16 (всего у книги 33 страниц)

Шрифт:
- 100% +
MURAKKABLIKLAR PROGRESSIYASI

Murakkabliklar progressiyasini, shuningdek, murakkabliklarning rivojlanish bosqichi deb ham atash mumkin.

Biz voqeani ortib borish tartibida qurishimiz ham nazarda tutiladi. Sahnama-sahna, xuddi zinapoyadagiga о‘xshab, voqea eng taranglashgan payt – kulminatsiyaga kо‘tariladi.

Har bir keyingi tо‘siq – oldingisidan baland. Har bir keyingi raxna oldingisidan kо‘ra qо‘rqinchliroqdir. Qahramonning konfliktdagi har bir keyingi qadami kо‘proq iroda talab qiladi.

Sahnadan-sahnaga tavakkal qilish ortib boradi.

Xavf-xatar ortib boradi. Qaror qabul qilish ham qiyinlashadi. Bunday holda voqea energiyasi ortadi. Xuddi bug‘ma ilon quyonni о‘z domiga tortganiday, voqea asta-sekinlik bilan bizni yutib boradi.

Bunday murakkablashuv oddiy voqeada qanday kо‘rinadi?

Petya va Katya baxtli yashashayotgan edi. Har oqshom Petyani mazali kechki ovqat va tayyorlangan tо‘shak kutardi. Bir kuni kechki ovqat tayyorlanmadi. Krovatga tо‘shak solinmadi. Uyda Katya yо‘q edi. Petyaning о‘zi uxladi.

Katya ertalabga yaqin keldi. Petya uni quchoqlamoqchi bо‘ldi. U allaqachon uxlayotgan yoki shunday kо‘rinmoqchi edi. Keyingi oqshom ham kechki ovqat bо‘lmadi. Petyaga Katya tо‘shakni oshxonadagi divanga tо‘shab berdi.

Petya ichib olgan edi va keyingi oqshom kech keldi. Ilgakda u katta boshmoqni kо‘rdi. Yotoqdan Katyaning kulgusi va notanish kishining bas ovozli xoxolashi eshitildi. Petya yotoqqa kirmoqchi bо‘ldi, ammo eshik qulflab olingan edi.

Keyingi oqshom uyga kelib, Petya tashqarida о‘z narsalari solingan chemodanni kо‘rdi. Eshikka yangi qulf osilgan edi.

Kо‘rganingizdek, Petya va Katya orasidagi raxna о‘sib borayapti. Bu voqea bizni о‘ziga tortib boradi. Petyaga nima bо‘lar ekan?

Murakkabliklar progressiyasi «Kun о‘rtasida» vesternida xuddi shu tariqa ortib boradi.

Banditlar sherifni о‘ldirmoqchi bо‘ladilar. Sherif ularga qarshi urush ochmoqchi bо‘ladi. Sherif sudyaga boradi. Sudya shahardan qochib ketadi. U banditlardan qо‘rqadi. Qonun sherifni himoya qilmaydi.

Sherif nomdor shaharliklarga boradi. Ularning hammasi ayni cherkovga tо‘planishgan edi. Ammo nomdor shaharliklar о‘z mulklaridan xavfsirashar edi. Ular sherifga yordamlashishni istashmasdi.

Sherif oddiy kishilar unga yordamlashishlariga ishonadi. U oddiy odamlarga boradi. Ularning hammasi pivaxonada tо‘planishgan edi. Ammo oddiy odamlar sherifning banditlar bilan janjaliga aralashishni istashmaydi. Bu uning ishi edi. Ularga banditlar hech qanday xavf solmas edilar.

Sherif tasalli topmaydi, u yosh va sevimli xotini bilan ikkovlon qolib ketishadi. Ammo xotini sherif uni olib ketmaganidan norozi. U shahardan о‘zi chiqib ketadi. Endi u yakka-yu yolg‘iz.

Sherifning atrofida raxnalar doira qazib olgandi. U noiloj vaziyatda qolgan va qaytib bо‘lmas nuqtadan о‘tishi kerak edi. Va u bu nuqtadan о‘tadi… Vasiyatnoma yozadi va tо‘pponchasini jang uchun о‘qlaydi. Biz bо‘lsak nafasimizni ichimizga yutib, bundan u qanday chiqib ketishini kutamiz. Voqea bizni tо‘lig‘icha о‘ziga tortadi. Uning energiyasi maksimal darajada. Ortib boruvchi murakkabliklar xarakterni yangidanyangi sinovlarga duchor qiladi. Shu tariqa biz uni tomoshabin oldida avra-astarini ochib kо‘rsatamiz.

Ammo nima uchun murakkabliklar progressiyasi sahnadansahnaga tomon ishlab borishining oddiygina sababi bor. Tomoshabin yangi hissiyotlarni xohlaydi. Biror sahnadagi hissiyot uning uchinchi kо‘rinishida о‘z chо‘qqisiga erishsa, unga bо‘lgan qiziqish, umuman olganda, tugaydi va yangisiga о‘tish kerak bо‘ladi. Uning emotsional kuchi avvalgisidan kattaroq, hissiy rivoji esa keskinroq bо‘lishi maqsadga muvofiqdir. Filmning energiyasi mana shu tarzda ortadi.

Har bir murakkablashuv bilan bizning umumiy manzarani tushunishimiz uchun yangi bit axborot kelib tushadigan bо‘lsa, murakkabliklar progressiyasi film energiyasini ajoyib bir tarzda rivojlantiradi.

«Vaqtga qarshi» filmi. Jonni Dep qо‘liga tо‘pponcha oldi. Yо‘l kо‘rsatuvchilar uni qurbon sari, u о‘ldirishi kerak bо‘lgan kishi tomon olib borayotir. Kutilmaganda u ayol kishini – navbatdagi sayloviga nomzodini qо‘ygan shahar gubernatorini о‘ldirishi kerakligini bilib qoladi. Bu biz uchun katta kashfiyot edi. Biz yanada kuchliroq taranglashamiz.

Jonni qochishga harakat qiladi, ammo hamma joyda dushman. U qorovul xizmati undan tо‘pponchani olib qо‘yishlarini keltirib chiqarmoqchi bо‘ladi. Ammo qorovullar qotillar bilan til biriktirishgan ekan. Murakkabliklar doirasi kengayadi. Jonni suiqasdning о‘rtasida qoladi. Bu biz о‘ylaganimizdan ham keskin edi. Energiya ortib bormoqda.

Jonni о‘z sirini gubernator yordamchisiga, chiroyli qora qizga ochadi. U Jonnini shtabga olib boradi, ammo u yerda qizni о‘ldirishadi. Murakkabliklar doirasi yanada kengayadi. Dushmanlar qoq markazda, saylov kompaniyasining shtabida edi.

Jonni yordam uchun gubernatorning eriga, uning saylov kompaniyasi boshlig‘iga yuguradi. Ammo er ham suiqasdning yuragida edi. Jonnining qiziga esa о‘lim xavf solardi. Nima bо‘lar ekan? Amalda biz faqat kulminatsiyada butun kuchlar nisbatini, ya’ni ekspozitsiyani bilib olamiz. Ammo har bir bit oz-ozdan voqeani tushunishimizni oshiradi va idrok energiyasi tinmay о‘sib boradi.

MURAKKABLIKLAR RIVOJINING UCH YО‘LI

Murakkabliklarni oshirishning uch imkoniyati mavjud.

1. Qahramon tushadigan holat dramatizmini chuqurlashtirish. Tо‘siqlar yanada balandlashadi. Xarakter yanada kuchliroq bosim ostida qoladi.

Petya avval ishsiz qoladi.

Keyin u Katyasiz qoladi.

Keyin uning uyini yoqishadi.

Agar u «bu narsa»ni qilmasa, uni о‘ldirishadi. Ammo Petya uchun «bu narsa»ni qilish о‘limdan yomon. Va u kurashishga jazm qiladi.

Bu qanday sodir bо‘ladi? Biz Petya kichik raxnalarni yengganini, balandroq tо‘siqlardan о‘tganini kо‘rdik. Uning oldida eng baland tо‘siq paydo bо‘lganida ham biz Petyaga ishonamiz va u g‘alaba qilishini istaymiz.

Maykl Korleone oilaning jinoiy biznesi bilan shug‘ullanishni istamaydi. Otasi ham buni istamaydi. Maykl farishtaday pok qolishi kerak.

Ammo dushmanlar sal bо‘lmasa otasini о‘ldirar edilar. Hozir ham, bо‘m-bо‘sh kasalxonada, Maykl bir о‘zi, qurolsiz otasini himoya qilmasa, uni о‘ldirishadi. Maykl shunday qiladi, u tavakkal qilib, hayotini xatarga qо‘yib, birinchi tо‘siqni oshib о‘tadi.

Chо‘qintirgan ota qutqariladi, ammo urush avjiga chiqadi. Otani va oilani himoya qilishning yagona yо‘li – qotilni о‘ldirishdir. Bu ancha baland tо‘siq. Ammo Maykl Korleone dushmanlarni о‘ldiradi, katta tavakkal va katta xavf-xatar orqali katta tо‘siqni yengib о‘tadi.

Maykl endi farishta emas, unda qotilning «yо‘qotilgan qalbi» urib turibdi. Ammo yangi raxna avvalgilaridan ham kо‘proq uning oilasiga xavf solmoqda. U yangi, ilgarigilarining hammasidan baland tо‘siqni oshib о‘tishi kerak. О‘z oilasi о‘ldirilishi faraz qilingan yoki о‘ldirilishi mumkin bо‘lgan kun oldidan Maykl barcha dushmanlarini qonli va ayovsiz ravishda birato‘la о‘ldirishni tashkil etadi.

Dushmanlar yо‘qotiladi, Maykl yangi Chо‘qintirgan otaga va yangi iblisga aylanadi.

Voqea maksimal energiya bilan hikoya qilingan. Murakkabliklar progressiyasi yо‘li bizga farishtaning iblisga aylanishining ishonarli traektoriyasini chizib beradi.

Barcha «kichik budjet» prodyusserlarining sevimli qahramoni – hamma narsaga tayyor bо‘lgan telba antagonistdir. Uning ajoyib murakkabliklar progressiyasi bor. Avval u uyingizdan bir xonani ijaraga oladi. Keyin u uchun tо‘lamaydi. Keyin xonada suvaraklarni kо‘paytiradi. Keyin sizni tok urib о‘ldirishi uchun barcha simlarni yalong‘ochlaydi. Keyinchalik ma’lum bо‘ladiki, u sizni о‘z uyingizdan siqib chiqarmoqchi ekan. Yana bilasizki, sizdan oldin u boshqa uylarda muvaffaqiyat bilan shunday qilgan ekan. Siz yaramsni kuch bilan chiqarib tashlamoqchi bо‘lasiz. Ammo ma’lum bо‘ladiki, oyog‘ingiz ostidagi polning barcha taxtalari kesib qо‘yilgan. Siz podvalga yiqilib tushasiz va u yerda tiriklayin yonib ketishingiz kerak… Shunga о‘xshash narsalarni men bir necha marta turli variantlarda kо‘rganman.

Bunaqa voqealarda hissiyotlarning og‘ir g‘ildiragi bir murakkablikdan ikkinchi murakkablik tomon aylanadi. Ammo ancha jiddiy bо‘lgan filmlar ham xuddi shunday g‘ildirakni aylantirishadi.

Qahramonlar hamisha kichikroq harakatlardan boshlashadi. Ular oldin bug‘ma ilonga faqat yaqinlashadilar. Keyin bо‘g‘ma ilonga boshlarini tiqishadi. Keyin butunlay uning ichiga kirishadi. Keyin ma’lum bо‘ladiki, qahramon bug‘ma ilon ichidagi quyon emas, balki kit yoki ajdar qornidagi Iona ekan. Va qahramon tashqariga yо‘l ochib chiqadi hamda yengilgan ajdar ustidan tantana qiladi. Ortib boruvchi murakkabliklar yо‘li ortib boruvchi mavzu bilan ortib boruvchi kontrmavzu о‘rtasidagi uzluksiz kurash hamda dramatik peripetiyaning rivojlanishi yо‘li ekan.

2. Murakkabliklar ortib borishining ikkinchi yо‘li – bu konfliktni kengaytirish yо‘li. Bosh personajlar harakati atrofida ijtimoiy sharoitlar doiralari kо‘payadi, ular konfliktga qо‘shilishadi. Bu holda biz telba antagonistsiz ish kо‘rishimiz mumkin. Ammo bizni qiziqtirgan muammo qandaydir umuminsoniy ahamiyatga ega bо‘lishi kerak.

Buning misoli – «Kramer Kramerga qarshi» filmidir.

Dastlab u yerda faqat Meril Strip, Dastin Xoffman va kichkintoy, ular bо‘lisha olmayotgan ularning о‘g‘illari harakat qiladi.

Keyin bu mojaroga maktab aralashadi.

Keyin bola bilan bog‘liq muammolar Kramerning ishxonasini band qiladi.

Keyin ishga advokat kirishadi.

Va oxirida konfliktga bir necha о‘nlab kishi tortilgan bо‘ladi. Konfliktning о‘zi bо‘lsa ikki ota-onaning xususiy ishidan «Ota ham xuddi ona singari bolani yaxshi tarbiya qila oladimi», degan arxitipik muammo о‘sib chiqadi.

«Kramer Kramerga qarshi» – ajoyib hikoya. Ammo «Romeo va Julyetta» har holda undan yaxshiroq. Unda drama uchun zarur bо‘lgan hamma narsa, tabiiyki, murakkabliklar progressiyasi ham, mavjud ekanligini siz allaqachon bilasiz.

Dastlab konfliktga Romeo va Julyetta tortiladi.

Keyin sevishganlar tomoniga Enaga va Lorensio ota, dushman tomonga – Tibald va Merkutsio qо‘shilishadi.

Keyin bunga Romeoni surgun qiluvchi shahar boshlig‘i, Julyettaning ota-onasi va ular bilan birga graf Paris qо‘shiladilar.

Har bir yangi figura bilan voqeaga murakkabliklar qо‘shiladi. Raxnalar ortadi, tо‘siqlar о‘sadi. Hozircha ularni oshib о‘tishning hech imkoni yо‘q. Shunda Julyetta uxlab qayta uyg‘onmaslik xavfi bо‘lgan qutqaruvchi uyqudorini ichmoqchi bо‘ladi.

Xususiy hol sifatida boshlangan voqea muhabbat va jamiyat о‘rtasidagi konflikt haqidagi arxitipik universal afsonaga aylanadi.

Albatta, murakkabliklar progressiyasida eng yaxshisi konfliktning bir vaqtning о‘zida ham kengayishi, ham chuqurlashishidir. Bunday rivojlanish «Epidemiya»da mavzu va kontrmavzu о‘rtasidagi kurashda juda yorqin kо‘rsatilgan.

Dastlab ayovsiz kasallikning dastlabki holatlari – yо‘q qilish kontrmavzusi paydo bо‘ladi. Olimlar u bilan kurashga tushadilar – bu qutqarish mavzusi.

Keyin kasallik holatlari kо‘paya boshlaydi. Aniqki, shaharni epidemiya qamrab olgan – kontrmavzu. Olimlar ojiz. Ammo armiya ularga sir saqlanuvchi preparat beradi, u ham yordam bermaydi – mavzu.

Muammo murakkablashadi. Virus mutatsiyalashgan, u havo orqali tarqalishi mumkin. Epidemiya butun Amerikaga va butun yer shariga xavf solmoqda – kontrmavzu.

Olimlar virus tarqatuvchini axtarmoqdalar – mavzu, harbiylar bо‘lsa, xuddi Afrikada qo‘llaganlaridek, virusni butun shahar bilan birga bitta bomba orqali yо‘qotishmoqchi – kontrmavzu.

Olimlar vaqt stresi va о‘lim xavfi ostida maymunchani, epidemiya tarqatuvchisini topadilar – mavzu.

Harbiylar tomonidan aldangan AQSH prezidenti shaharni yо‘qotish haqida buyruq beradi. Samolyot bomba bilan mо‘ljal tomon uchmoqda – kontrmavzu.

Polkovnik uchuvchilarni bombani tashlamaslikka ishontirmoqda – mavzu.

Olimlar vaksina topadilar. Epidemiya ustidan g‘alabaga erishiladi – qutqarish mavzusi yо‘qotish kontrmavzusi ustidan g‘alaba qildi.

Kо‘rayapsizki, mavzu va kontrmavzu о‘rtasidagi uzluksiz kurashda raxnalar tinmay ortib boradi, tо‘siqlar yanada balandlashib boradi, konfliktlar zonasi kengayib va chuqurlashib boradi. Bu haqida qisqa qilib: stavkalar oshib boradi, – deymiz. Dastlabki stavka – besh kasalning hayoti, keyin – yuzlab umidsiz kasallar, keyin – butun shahar epidemiya ichida, keyin – butun Amerika, orqasidan butun dunyo halokatga mahkum.

Dastlab stavka – vijdonsizlikka qarshi professional tavakkal, keyin – kо‘pchilikning hayotini qutqarish evaziga о‘z hayotini xavf-xatarga qо‘yish, keyin odamizodni qutqarish uchun umidsiz tavakkal, mardlik va jasorat.

ISHONCHSIZLIKNING KUCHI

Tomoshabin voqea ikki yо‘lning biridan ketishi kerakligini, qahramonning о‘zi qaysi yо‘ldan yurishni bilmayotganini, bu yо‘llardan birida uni о‘lim kutayotganligini bilganida, butun drama umid va umidsizlik о‘rtasida tebranib turganida, mana shunda hikoya ishonchsizlik energiyasi bilan tо‘ladi. Bu syujetni olg‘a itaruvchi katta kuchdir.

Qahramon qaror qabul qilishi lozim bо‘lgan paytda qandaydir alternativa uning qat’iyatini ikkilantiradi. Uning ikki yо‘li bо‘lib, u bularning har ikkalasidan ham borishi mumkin.

Siz, albatta, «Olchali bog‘»dagi bunday sahnani, Ranevskaya Lopaxin va Varyani bir joyda tо‘plagan paytni, eslaysiz. Ular yolg‘iz qolishadi. Ularning har biri bilan alohida tо‘y haqida gaplashilgan. Varya Lopaxinga turmushga chiqishni istaydi. U sadoqatli va g‘amxо‘r xotin bо‘lishi, yaxshi farzandlar tug‘ishi va tarbiyalashi aniq. Lopatingayam oilaviy tinchlik kerak. Varya ham unga yoqadi. U rozi bо‘lganday ham. Ilgari u bunday oilaga kirishni orzu ham qilolmasdi. Chuqurroq izlanaylikchi: u hamma narsadan mahrum qilgan, eng qimmatli narsasi – olchazorni kesib tashlagan oila bilan qanday qilib qarindosh bо‘ladi? Buning ustiga, uning hayotini tо‘ldirib turadigan pulning ketidan quvishdek odatini о‘zgartirish ham qanchalik qiyin. Boshqa tomondan esa, tо‘xtash, о‘zini tiyish ham kerak…

Ushbu sahna har qanday postanovkada ham tarangligi bilan ajralib turadi. Aktyorlar uni о‘ynashni yaxshi kо‘rishadi. Unda ishonchsizlik energiyasi, teng kuchli alternativada qaror qabul qilish energiyasi yashiringandir.

«Telma va Luiza» filmini eslaysizmi? Qahramon ayollar orqasidan politsiya mashinalari qator tizilgan. Ularning oldida esa tubsiz jarlik. Ular qaysini tanlaydilar: uzoq yillik turmanimi yoki о‘lim orqali bir onda ozod bо‘lishnimi?

Yoki Marten Skorsezning «Yaxshi yigitlar» filmini eslang. Qahramon oldida alternativa turibdi: hech kim bilmaydigan kambag‘allikmi yoki jinoyat olamidagi izzat-hurmatmi? Bu boshida edi. Oxirida esa uyidagi alternativa turadi: halok bо‘lish, umrbod qamoqqa tushish yoki sotqinlik.

Ishonchsizlik energiyasi ikki manbaga ega:

1. Personaj harakatlaridagi ishonchsizlik. Ikki imkoniyatdan birini tanlash lozim.

2. О‘zgaruvchan faoliyat qaysi yо‘l bilan ketganligini bilganidan keyin yuzaga keluvchi tomoshabindagi ishonchsizlik. Qahramon xavfxatarda ekanligida va uni qutilish yoki halokatdan biri kutayotganida, unisining ham, bunisining ham ehtimoli bir xil bо‘lganida bizni hayajon qoplaydi.

Filmda bu ikki yо‘l tutashganida xarakter qо‘shimcha chuqurlikka, harakatlar bо‘lsa qо‘shimcha energiyaga ega bо‘ladi.

Saspens shunga asoslangan.

Shu narsani aniq aytishimiz mumkin: xarakterga biz qanchalik kо‘p hamdard bо‘lsak, ishonchsizlik energiyasi shunchalik uning holatida о‘zgaruvchanlikni yuzaga keltiradi.

Kinoning dastlabki qadamlaridanoq ishonchsizlik kuchi о‘tkir syujetli sahnalarda energiyani paydo qildi. Griffitsning «Toqatsizlik» filmini eslang. Begunoh sudlangan kishini о‘lim kutayapti, gubernatordan esa uni kechirish haqida chopar yelib kelmoqda. Ulguradimi – ulgurmaydimi? Bu original g‘oyaning dastlabki tomoshabinlari hayajondan stullarda о‘tira olmay qolgan.

Qoya chetida yoki о‘qday uchib borayotgan poyezd tomida bо‘ladigan minglab mushtlashuvlarga nima deysiz?

Aqldan ozgan Jek Nikolson «Shayning»da xotini tomon bolta bilan yо‘l ochadi yoki labirintda о‘g‘lining orqasidan quvlaydi. Quvib yetadimi – yо‘qmi? Quvib yetadimi – yо‘qmi? Kuchlar teng emas, ammo muvozanat goh u tomonga, goh bu tomonga og‘adi.

Har bir yaxshi saspens bu ishonchsizlik energiyasini ajratib chiqaradi. Qorong‘ulikda kо‘zlari kо‘rmay qolgan, g‘ira-shirada Judi Fosterni kо‘rgan manyak uni о‘ldiradimi («Qо‘zichoqlar sukuti»)?

Polkovnik (Dastin Xoffman) ikki yosh uchuvchini о‘lim keltiruvchi bombani tinch shahar ustiga tashlamaslikka ishontira oladimi («Epidemiya»)?

Bola uni о‘ldirishga buyurilgan rahmsiz jinoyatchidan qochib keta oladimi («Mijoz»)?

Va, albatta, Xarrison Ford harakatlanayotgan transportda, yoki telbalarcha uchib borayotgan vagonchada, yoki buzilib tushayotgan kо‘prikda, qisqasi, barcha harakatlanayotgan, tebranayotgan, titrayotgan, aylanayotgan narsalar ustidagi kurashlarda о‘z dushmanlari ustidan g‘olib bо‘la oladimi? Bunday ajoyib damlar kishini о‘ziga tortadi, bolalik qaytib keladi.

Rejissor Baz Lurmann «Romeo va Julyetta»ning finalida tomoshabinda ishonchsizlik energiyasini rivojlantiradigan ajoyib yechimni taklif qilgan. Romeo Julyettaning jonsiz tanasi ustida yig‘lab turibdi, hademay ajal keltiruvchi zaharni yutadi. Ammo Romeo hali zaharni ichgani yо‘q, Julyetta bо‘lsa tirila boshlaydi. Qizning haligina Romeo vidolashuv uzugini taqqan panjalariga qо‘shni bо‘lgan panjasi titraydi. Romeo qayg‘uga g‘arq bо‘lgan va Julyettaning kipriklari titraganini, kо‘zlari asta ochilganini sezmaydi. U Romeoni elas-elas kо‘radi, hali bu tushimi yoki о‘ngi ekanini tushunmaydi. Yigit bо‘lsa zahar solingan ampulani og‘ziga olib borayapti… Biz har bir soniyada umid va umidsizlik о‘rtasida tebranamiz.

Shubhalar tez rivojlangan paytda ishonchsizlik eng kо‘p taranglikni yuzaga keltiradi. G‘alaba esa juda sekinik bilan oydinlashadi. Qahramon tez orada nimanidir olishi kerak bо‘lgan paytda tomoshabinni eng kuchli hayajon qamraydi. Ushbu narsa yо‘lidagi har bir tо‘siq tomoshabin tarangligini lovullatadi. U narsani ola-olishga bо‘lgan har bir shubha bizni taranglashtiradi. Tomoshabin ikkala holdan birining bо‘lishidagi aniqlikni istaydi. Chexov aytganiday – «oxirida, qahramon, yo uylan, yo о‘zingni ot».

Qahramonning g‘alabasi – dramaning eng baland nuqtasidir. Ammo u taranglikni yо‘qotadi, shuning uchun u voqeaning eng oxirida bо‘lishi kerak. Undan oldin eng katta ishonchsizlik zaruriy sahnada bizni taranglashtiradi.

ZARURIY SAHNA

Qahramon ularni yengib о‘ta olishiga bizni ishontirish uchun progressiv murakkablashishdagi raxnalar yanada kengayib boradi, tо‘siqlar yanada keskinlashadi. Agar progressiv murakkabliklar oxirida qahramon va antagonist hal qiluvchi jangda kurashmaydigan bо‘lsa, bularning hammasi bekor ketadi. Qahramon ham bizning hayajonlarimizga, ishonchlarimizga arzishini isbotlay olmaydi.

Bu sahna albatta shu yerda, ayni shu paytda, bizning kо‘z о‘ngimizda bо‘lib о‘tishi zarur. Shuning uchun ham u zaruriy sahna deb ataladi. Hamma narsa unga eltadi. Uni qayerdadir stolning ostida qilish va oyoqlar bilan о‘ynash mumkin emas. Allaqachon yuragimizni berib bо‘lgan qahramon tufayli tо‘laqonli hayajonni boshimizdan о‘tkazish uchun biz uni kо‘rishni istaymiz.

Zaruriy sahna qahramon va antagonist о‘rtasidagi hal qiluvchi kurash sifatida, filmning eng emotsional voqeasi sifatida murakkabliklar progressiyasining oxirida bо‘y chо‘zadi. U filmning asosiy g‘oyasini ifoda etadi. Unda mavzu va kontrmavzu о‘zining maksimal rivojlanish pallasida tо‘qnashadi. U krizisdan keyin darhol sodir bо‘ladi. Zaruriy sahnada g‘alaba jannati va yutqazish jahannami bir-biriga eng yaqin bо‘ladi. G‘alaba qilsang – sen jannatdasan, yutqazsang – jahannamda.

«Kakku»ning kulminatsiyasida ishga kelgan hamshira Mak Merfi tomonidan bordel kо‘rinishi berilgan jinnixonada tez va mohirona tartib о‘rnatadi. U Billni tо‘shakda suyuqoyoq xotin bilan birga topadi: fohishani haydab chiqarish, Billni tartibga olish kerak.

Ammo Bill sog‘ayadi! U boshqa duduqlanmaydi! U о‘z qо‘rquvlaridan qutilgan! U endi hamshiraga bо‘yin egmaydi. Hamshira bunga yо‘l qо‘ymaydi. U keskinlik va uddaburrolik bilan Billni qaytadan yana kasalligiga, vasvasa va shubhalariga qaytarib tiqadi. Umidsizlikka tushgan Bill bо‘yniga pichoq tortadi.

Ana shunda qutirgan Mak Merfi uni о‘ldirish uchun, dunyoni bunday iblisdan qutqarish uchun hamshiraga tashlanadi! Mana shu ayni zaruriy sahnadir. Butun film davomida bizda bu sahnani kо‘rish istagi о‘sib boradi. Hamshiraning Mak Merfi ustidan qozongan har bir g‘alabasi bilan bizda Mak Merfining hamshira bilan kurashishi va uning yutib chiqishi istagi tobora kuchliroq ortib borgan edi. Hamshira kuchli kо‘rinardi. Ammo film oxirida qahramon g‘alaba qilishi yoki halok bо‘lishi uchun о‘z ajdarhosi bilan yuzma-yuz uchrashishi lozim. Bu jangga u progressiv murakkablashuvlar oxirida «qaytib bо‘lmas nuqta»dan о‘tib bо‘lgandan keyin boradi.

Zaruriy sahnada umid va umidsizlikning qarama-qashiligi, filmning musbat va manfiy energiyalari о‘rtasidagi qarshilik maksimumga erishadi.

«Epidemiya»da haqiqiy antagonist darhol tasvirlanmaydi. Boshida biz hammamiz qahramonlar qotil – virus bilan kurashayapti, deb о‘ylaymiz. Asta-sekinlik bilan dushman – general (Donald Sazerlend) kо‘zga kо‘rinadi. U ajal tashuvchi bakterialogik qurolga ega bо‘lmoqchi bо‘ladi va buning uchun butun boshli shaharni yо‘q qilishga tayyor. U vaksina ustida olib borilayotgan ishlarni tо‘xtatish uchun polkovnikni (Dastin Xoffmanni) о‘ldirmoqchi bо‘ladi. Hal qiluvchi jang yaqinlashadi. Ikki og‘ir harbiy vertolyotlardagi general ixcham, tezkor vertolyotdagi polkovnikka qarshi. Qahramon eng kо‘p botirlik va iroda namoyon etadigan ayni shu sahna – zaruriy sahnadir. Bu sahnani ijro etish durdonasi deya olmaysiz. Ammo topqirlik borasida, asosiysi, savodsizlikda uni ayblay olmaysiz. Filmning energiya xazinasiga u о‘z ulushini qо‘shadi.

Zaruriy sahna filmning asosiy dramatik savoliga javob beradi. Bu savol qiziqishning alangalanishi paytida aniq yuzaga keladi. Bizni о‘zi nima qiziqtiradi? Bularning barchasi qay tariqa yuz beradi? Nima bilan tugaydi? Qiziqishning alangalanishidan zaruriy sahnagacha bо‘lgan yо‘l – bu asosiy dramatik savol yо‘lidir. Hamma narsa uning atrofida tо‘planishi kerak.

Zaruriy sahnaning qiyinchiligi shundaki, uni oldindan bilib bо‘lmasin va ayni paytda u tomoshabin kutgan narsasiga mos kelsin. Ssenariy ishining yangi mohir ustalaridan bо‘lmish Uilyam Goldvin shunday degan:

«Tomoshabin nimani xohlasa, shuni olishi kerak, ammo u bunga kutgani kabi erishmasligi lozim».

Agar zaruriy sahnani oldindan aytib berish mumkin bо‘lsa va hammasi taxminan siz о‘ylaganingizday bо‘lib chiqsa, unda sizda sizni siz qachonlardir iste’mol qilib, hazm qilgan ovqat bilan boqishayotganga о‘xshash behalovat sezgi paydo bо‘ladi. Bunday ovqat nima deb atalishini yozish shartmi?

Bu narsa sodir bо‘lmasligi uchun professional ish jarayoni sizni ehtiyot qiladi. Boshidanoq, hamma narsadan avval siz zaruriy sahnani о‘ylab topishingiz kerak. Shundan keyin, uni xotirada saqlagan holda, murakkabliklar rivojini shunday tarzda qurish kerakki, bu narsalar nimalar bilan tugashini faqat siz bilishingiz lozim, boshqa hech kim xayoliga ham keltirmasin. Asosiy narsa о‘ylab topilgan bо‘lsa, bu narsa unchayam qiyin bо‘lmaydi.

Qiziqishlarning alangalanishi, murakkabliklarning rivojlanishi va zaruriy sahnaning о‘zaro ta’siri – bu shunday urug‘ki, undan voqea unib chiqadi.

Ammo shunday voqealar borki, ularda qahramonning xattiharakatlar repertuari qat’iy chegaralangan bо‘ladi. Masalan, Rokki haqidagi filmda. Bu yigit faqat ringda jang qilishnigina biladi. Zaruriy sahna payti kelganida, hammaga tushunarliki, raqiblar hech kim uchun kutilmaganda birgalashib kuylashmaydi yoki tangoga raqs tushishmaydi. Ular bir-birlarini dо‘pposlaydiar. Ammo qay tariqa dо‘pposlashadi?

Shunday bо‘lsinki, sizni butunlay о‘ziga zabt etsin, hayajondan oyoqlaringiz qо‘zg‘almay qolsin. Zaruriy sahna film energetik rivojining chо‘qqisiga tasodifan qо‘yilgan emas. Biz bu yerda qahramon bilan maksimal darajada yaqin bо‘lamiz. Bu joy tomoshabinlar sizning filmingiz dunyosiga eng kо‘p emotsional jalb etiladigan paytdir. Tomoshabinni shu yerda hayajonga solsangiz yomon bо‘lmaydi. Dramatik peripetiyaning kardiogrammasi tepaga-pastga, tepaga-pastga sakrasin:

– Hammasi tamom bо‘ldi – u yutqazdi!..

– Yо‘q! U yutdi! U olg‘a bormoqda!..

– O-O! U butunlay tamom bо‘ldi va chiqa olmaydi!..

– Yо‘q, har holda u g‘alaba qiladi!..

– Qanchalar makkor raqib! U qahramonimni tamom qilayapti!..

– Yо‘q! Yо‘q! Ur uni! Yana! Yaramasga shu kerak! Uni tep! Ezib tashla!

– Biz g‘alaba qildik! Ura!!!

Xatti-harakatdagi kutilmagan burilishlar va maksimal emotsional rivojlanish birgalikda zaruriy sahnaga yordam bersa, bu eng yaxshisi bо‘ladi.

Quyidagilar tufayli zaruriy sahnada emotsional taranglashish maksimumi paydo bо‘ladi:

1. maksimal saspens;

2. qahramon oldidagi eng baland tо‘siq;

3. eng chuqur raxna oldidan aniq ifodalangan «qaytib bо‘lmas nuqta»;

4. maksimal dramatik peripetiyalar.

О‘z zaruriy sahnangizni ushbu punktlar orqali tekshirib kо‘ring. Odatda, hamisha ularni ozgina qayta ishlash imkoniyati bо‘ladi.

«Qochish» filmida turmadan qochgan xirurg (Garrison Ford) xotinining qotilini topishi kerak. Murakkabliklar progressiyasi ikki tomondan о‘sib keladi. FBR quvish tо‘rini tо‘qimoqda, sahnadansahnaga u yaqinlashib kelmoqda. Mana, orqadan uning nafasi sezila boshladi. Ayni shu paytda qotillarning suiqasdi manzarasi ham о‘sib bormoqda. Qahramon bizning salomatligimizga xavf soluvchi zararli dori-darmonlar bо‘yicha milliardlik aldovga xalaqit qilganini aniqlaydi. Quvlovchilar qahramonga dunyo olimlari bu aldovni qonunlashtirishlari lozim bо‘lgan konferensiya binosida yetib kelishadi. Ammo qahramon, qutulishi uchun hech bir imkoniyat bо‘lmasada, fitnani fosh qiladi. Bu zaruriy sahna. Bizning nazorat uchun savollarimiz qanchalik ishlashini tekshirib kо‘raylik.

1. Saspens. Biz allaqachon qahramonni qо‘llab-quvvatlaymiz. U о‘z sharafi va bizning salomatligimizni saqlash uchun о‘zini qurbon qilishga tayyor. Biz bu olijanob insonni sevib qoldik va unga g‘alaba tilaymiz.

2. Tо‘siq. U xuddi о‘tib bо‘lmaydiganga о‘xshaydi. Qahramon insoniyatni qutqarish uchun о‘z jonini qurbon qilishi kerakka о‘xshaydi.

3. Qaytib bо‘lmas nuqta. U juda yorqin ifodalangan. Bu paytgacha qahramon haqiqatni yashirincha izlagan, jonini saqlagan va qochgan. Endi u tо‘ppa-tо‘g‘ri raxna tomon ochiq qadam qо‘ymoqda. Raxna – bu surbet korchalonlar hamda barcha olimlar va qotillar tomonidan aldangan politsiyachilar.

4. Qahramon nimani xohlagan bо‘lsa shuni qiladi. Omma oldida aldov haqida e’lon qiladi. Ammo sahnaning emotsional imkoniyati bu bilan tugamaydi. Yaxshi yigit yomon yigitni tо‘g‘ridan-tо‘g‘ri kurashda yengishi kerak. Tomoshabin uning emotsiyalarni maksimal darajada chiqarishlarini istaydi. Va sahna an’anaviy tarzdagi ikki dushmanxirurglarning siyqasi chiqqan mushtlashuvi bilan tugaydi. Siz tomoshabinning emotsional ichak-chavag‘ini ag‘darishni istagan har bir filmda shunga о‘xshash sahnalarni kо‘rasiz.

Yomon bola maksimum yomonliklarini, bag‘ritoshliklarini, hiylanayranglarini kо‘rsatadi va qahramonni maksimum darajada jasorat, tavakkalchilik, mardlik va epchillik kо‘rsatishga majbur qiladi. Bularning barchasi dramatik peripetiyalar tomonidan maksimumiga yetkaziladigan konfliktlar seriyasida zohir bо‘ladi. Men ular uchun hayajonga tushadigan qahramonlar ayyor va kuchli dushmanni dо‘pposlagan daqiqalar, mening nazarimda, ajoyibdir. Menda, nazarimda, allaqachon uxlab qolgan gо‘daklik bu daqiqalarda uyg‘onib: «Ur uni! Yana ur!!» – deb qichqiradi.

Agar biz Pushkinni eslaydigan bо‘lsak («Poeziya, О‘zing kechir, Xudoyim, ozgina ahmoqroq bо‘lishi kerak»), aqli yuksak Bernard Shouni yodga olsak («Sо‘z xijolatga qо‘yadimi? Musiqa tinglang»), shunda sizga nima uchun biz hissiyotlari rivojlanmagan semiz tanali itbaliqlarga xayrixoxona nafratlanish bilan qarashga haqqimiz bor ekanligini tushunasiz. Ular bizni ularning mijg‘ov hikoya qilishlari о‘zida qandaydir kо‘pma’noli sir saqlashiga ishontirmoqchi bо‘ladilar.

Aldashadi. Jonsiz g‘orlardagi bо‘shliqlarni shifrlaydilar. Qiziqarli jangari filmlar, trillerlar, sovun kо‘piklari seriyallari qiluvchilar – drama shoirlaridir. Bu narsalar axlatga о‘xshab kо‘rinar, ammo aynan shulardan kelajakda davrimizning ayni shu paytda sodir bо‘layotgan tasvirini yig‘adilar. Zerikish tarqatuvchi nevrotiklar esa hech qanday imkoniyatga ega emaslar. Bugun energiyadan mahrum bо‘lgan har qanday narsa abadiy bundan mahrum bо‘ladi.


Страницы книги >> Предыдущая | 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21 22 23 24 25 26 27 28 29 30 31 32 33 | Следующая
  • 5 Оценок: 1


Популярные книги за неделю


Рекомендации