Читать книгу "Кинода режиссура ва драматургия"
QAHRAMONNI SEVISHGA SHOSHIL
1. U – voqeaning markazi.
2. Uning motivlari syujetni harakatga keltiradi.
3. Tomoshabinga о‘zini qahramon bilan taqqoslashga yordam beradigan emotsiyalarni kо‘rsatishga shoshiling.
4. Qahramon xush kо‘rilishi kerak. Buning uchun u dramatik holatda bо‘lishi kerak, qancha oldin bо‘lsa, shuncha yaxshi.
5. Qahramon tushib qolgan xavf-xatar uning xavf-xatarlarga qarshi turish imkoniyatlaridan tezroq о‘sib borishi kerak.
6. Qanday qahramon sevgi uyg‘otadi?
a) Yaxshi va mehribon.
b) Kulgili va adolatli.
v) О‘z ishining ustasi.
7. Tenglashtirish muammosini zudlik bilan hal qilish kerak. Avval yoqtirib qolish, keyin boshqalari. Iloji boricha tezroq tomoshabinni qahramon bilan tanishtiring.
8. Qahramonga kuch bering. Qanday kuch?
a) Odamlar ustidan hukmronlik kuchi – Keyn. Maykl Korleone.
b) Ikkilanmasdan harakat qilish – Shvartsenegger, Belmondo, Rembo.
d) О‘z hissiyotlarini ifodalashda jur’atlilik – «Bitiruvchi»dagi Dastin Xofman.
e) Kechinmalar kuchi va reallik ta’siriga javob berish chuqurligi – «Qо‘zichoqlar sukuti»dagi Jodi Forster, «Kakku»dagi Jek Nikolson.
9. Kuchsizliklar va kamchiliklar (ichadi, sevuvchan, dangasa) bilinadigan va tushunarli bо‘lishi kerak.
10. Reallikni qahramon bilan birga, uning kо‘zlari bilan oching. Reallikka uning savollari – sizning savollaringizning о‘zi. U siz bilan birga javob axtaradi. Bu yaqinlashtiradi.
SIZ О‘Z QAHRAMONLARINGIZ UCHUN AYTGANINGIZ AYTGAN DEGANINGIZ DEGAN.
BIR-BIRIGA MOS KELMAYDIGAN NARSALARNI BIRLASHTIRING
Filmdagi xarakterlar xuddi tirik kishilar kabi kо‘rinishadi. Biz ularning grimlangan aktyorlar ekanligini bilsakda, ular bizdan hech nimasi bilan farq qilmaydi. Ular teatrdagi dramatik artistlardan, baletdagi raqqoslardan yoki operadagi ashulachilardan kо‘ra haqiqiyroqdir.
Ammo xarakterlarga professional nuqtayi nazar, xarakterlar tirik kishilar emas, – deydi. Kim unda ular?
Ular san’at asarlari, ular siz tomoningizdan qilingan. Ular tirik mavjudodlar emas, tirik mavjudodlarning istiorasi. Ular Matess tasvirlari yoki Pikasso portretlaridan kо‘ra tirikroq emas. Ammo film ularga ajratgan bir yarim soat mobaynida tomoshabin xarakterlarni 20 yillik muloqot davomida о‘z qо‘shnilarini bilganidan kо‘ra chuqurroq bilib olishlari mumkin.
Biz xarakterlarni chizamiz, ularni aniq va qisqa shtrixlar bilan yaratamiz. Tasvir chiziqlardan paydo bо‘lgani singari xarakterlar ham konfliktlardagi harakatlardan va faqat shular ichida vujudga keladi. Agar siz sizga tanish bо‘lgan personajlarni hayotdan olib, ularni ekranga о‘tkazaman, deb о‘ylaydigan bо‘lsangiz, sizni va tomoshabinni umidsizlik kutayapti – siz faqat xira nusxaga ega bо‘lasiz. Agar siz «O, bu narsa operator tomonidan ajoyib bir tarzda tasvirga olinadi va nozik kayfiyatli musiqa ostida kо‘rsatiladi» – deb orzu qiladigan bо‘lsangiz, bu xuddi rassom, о‘zining mukammallikdan yiroq asariga qarab turib: «Qimmatbaho ramkada va о‘ziga xos yoritish ostida kartina tomoshabinlarni lol qoldiradi», – deyishi bilan barobardir.
Agar sizda konfliktdagi qarama-qarshi harakatlar bilan bir odamda ikki-uch qarama-qarshi xarkterlarni birlashtirish g‘oyasi paydo bо‘lsa, personajingiz hayoti qanchalik yaraqlab ketishini kо‘rasiz.
Fransuz komediyasi «Yaguar». Qahramon – maftunkor, qat’iyatsiz takasaltang, karta о‘yinchisi. U yarim million yutqazgan, unga о‘lim xavf solmoqda. Ammo u, muallifning xohishiga kо‘ra, afsonaviy bir tarzda braziliyalik sehrgar bilan bog‘langan va noiloj vaziyatlarda odamyaguarga, odatdan tashqari kuchli va g‘azabnok supermenga aylanadi. Bir kishidagi ikki qarama-qarshi xarakter original obraz yaratadi. Mualliflar Stanislavskiy sistemasi bо‘yicha aktyorlar uchun etyudlarni diqqat bilan о‘rganishgan kо‘rinadi: «Xarakterning mag‘zini aniqlash uchun qandaydir hayvonni: odam-itni, odam-filni, odam-burgutni axtaring». Foydali maslahat.
Voqeada xarakter uchun kо‘p narsa kerak emas. Siz uni syujet ichida ishonchli harakat qilish qobiliyati bilan ta’minlashingiz kerak. Boshqalari shundan kelib chiqadi. Buning uchun siz xarakter nimani ongli ravishda va nimani ong osti holatida xohlashini bilishingiz kerak. Siz uning qanday harakatlar orqali maqsadiga yetishini bilishingiz kerak. Siz «u qaradi… u о‘yladi» va h.k va h.k. deb yozsangiz, bu harakat emas, bu baholash. Agar xarakter faqat shulargagina ega bо‘lsa, siz professional emassiz. Bizning ishimiz – oddiy va tushunarli harakatlarni о‘ylab topish va ular bilan xarakterni tavsiflashdir.
Biz hammamiz chuqur xarakterlar haqida orzu qilamiz. Tuzilmada uni oddiy va tushunarli narsa – qarama-qarshiliklar yaratadi.
«Yaguar» bu komediya-hazil. «Qо‘zichoqlar sukuti» filmi qahramoni hazillashmaydi. U rahmsiz manyak, odamxо‘r, ketma-ket о‘ldiruvchi qotil. Biz hayotda bunday kishilarning befahm, aqli past, agressivligi va emotsiyalarining tо‘ppa-tо‘g‘ri soddaligi jihatidan hayvonlarga yaqin bо‘lishini bilamiz. Ammo Lestr – mashhur olim, nozikta’b rassom, u jiddiy musiqani sevadi, u о‘tkir tahliliy aql egasi. U supermen va ayni shu paytda odamxо‘r. Uning bunday nomutanosibligi hech kimni hayron qilmaydi, chunki Lestr – odam emas, san’at asaridir. U savodli mualliflar tomonidan о‘ylab topilgan va faqat bir toifa – syujetda uning ishonchli harakat qila olishiga imkon beruvchi – sifatlar tо‘plami bilan ta’minlagan. Agar biz Gamletga nazar soladigan bо‘lsak, ishonchimiz komil bо‘ladiki, Lestr uning oldida bir gо‘dakdir. Gamlet – faylasuf, qotil, beadab, nozik romantik… Unda о‘nbeshtacha bir-biriga mos kelmaydigan (sig‘ishmaydigan) xarakterlar mavjud. Va u dramadagi eng buyuk personaj.
Xarakter energiyasi bir burilishdan ikkinchisi tomon aylanib boradi. Har bir burilish, agar burilishlar xarakterlarni dramatik holatlar jarligiga itqitsa, sizga, tomoshabinlarga yaxshigina doza adrenalin purkaydi.
Romeo dushmanining qizchasini sevib qoldi va yashirin unga uylandi – barcha xarakterlar ikki dushman tо‘daga birlashgan voqea uchun ajoyib vaziyat. Bundan keyin darhol о‘z dushmanlari oilasi bilan yashirin qarindosh bо‘lgan nozikta’b jazman о‘z xotinining akasini о‘ldiradi – dohiyona burilish.
Qanchalik ziddiyat – nozikta’b sevgi sohibi va Tibald bilan bо‘lgan dueldagi tо‘xtatib bо‘lmaydigan jangchi – qotil.
Xarakter harakatlaridagi yaxshi о‘ylab chiqilgan burilish voqeanig darajasini ham, ssenariynavis va rejissorning darajasini ham aniqlaydi.
Ikki kо‘rinish davomida Lopaxin Ranevskayani olchazor bog‘ini sotib, ochlikdan qutilib qolishga undaydi. Da’fatan о‘zi sotib olib, bog‘ni kesib tashlaydi.
Maykl Korleone oilasining jinoiy ishlaridan uzoq. Da’fatan otasining qotilini va uning malayi bо‘lgan politsiyachini о‘ldiradi.
Kо‘p narsani о‘ylab topish mumkin – sizning muammongiz shundaki, harakatlar asoslangan va ishonarli bо‘lishi lozim. Buning uchun siz qahramon hayotining asosiy jihatlarini bilishingiz kerak bо‘ladi.
Unchayam kо‘p emas. Birinchi navbatda, uning qalbida yashiringan ikki narsani: qahramonning jannati qay yо‘sinda va jahannami qanday kо‘rinishda ekanligini bilish kerak.
Sodda qilib aytganda:
1. U baxtni qanday tushunadi? Uning uchun nima asosiy: sevgimi? pulmi? karerami? dо‘stlikmi? or-nomusmi?..
Faqat hammasini bir tо‘pga tо‘kib tashlamang – bu tо‘pdan eng ustun bittasini tortib oling. Aynan mana shu narsa xarakterning «jannat» deb yozib qо‘yilgan yо‘nalishi bо‘ladi.
Qahramonning jahannami qanday topiladi? U jannatdan ham muhimroq. Buning uchun quyidagini tushunish kerak:
2. Uning uchun qanday vaziyat eng dahshatli bо‘ladi? U hamma narsadan kо‘ra kо‘proq nimadan uyaladi yoki qо‘rqadi? Nimaga u hech qachon yо‘l qо‘ymaydi?
Jannat va jahannam – qо‘pol narsalar. Ammo drama – haddidan oshgan holatlar san’ati, hatto bu haddidan oshishlar kundalik reallikning nozik pardasi ostida yashiringan bо‘lsa ham. Chexovni esga oling: «Mening qahramonlarim choy ichishadi – va halok bо‘lishadi» Xarakterning qо‘pol asosini qabul qilgan holda biz uning qalbidagi eng nozik harakatlarni aniq tuzib chiqishimiz mumkin. Bu jannat va jahannam borasida abstrakt tarzda xayol surmasdan, ularni konkret obrazlar sifatida tasavvur qilish juda foydalidir. Qahramonning farishtasi – uning baxt tomon ideal rivojlanishi qanday kо‘rinadi? Qahramonning iblisi, qalbining ideal qorong‘uligi qanday kо‘rinishda bо‘ladi? Agar sizning tasavvuringiz shu narsalarga qodir bо‘lsa, sizda hamma narsa о‘z о‘rnida. Sizda aniq, konkret mо‘ljallar paydo bо‘ladiki, bular о‘rtasida xarakter betakror obrazning aniq chizgilari bilan tо‘ldiriladi.
Siz bu farishtani о‘zingizcha tasavvur qildingiz. Keyin esa dramatik holatga kuchliroq bosim о‘tkazdingiz va qarayapsiz: bu farishta bosim ostida о‘zini qanday tutar ekan-a? Real xatti-harakatlar ideal holatdagisidan kuchli farq qiladi. Sizga xarakter va tashqi olam orasidagi konfliktlarning rivojlanish yо‘nalishi aniqroq bо‘lib qoladi. Bunday foydali mashqlar sizning (filmdagi) xarakteringizni real tafsilotlar bilan tо‘ldiradi.
Mohiyatan, siz takrorlanib turuvchi bitta savolga javob topishingiz kerak: xarakter konfliktlari hayot bilan birga qay tariqa о‘sib boradi? Bizni faqat konfliktdagi harakatlar qiziqtiradi-ku.
Bolalikdagi birinchi hayotiy halokat.
Hayotning asosiy halokatlari.
Eng kо‘p nimaga ehtiyoj sezadi.
Nimadan qо‘rqadi. Vahimalari. Vasvasalari. Xavotirlari.
Lev Tolstoy shunday degan edi: «Mening shaxsiyatim hayotimning dastlabki 5 yilida tо‘liq shakllangan edi. Bu davrda mening shaxsimning 95% i vujudga kelgan. Hayotimning qolgani faqat 5% qо‘shgan».
Bolalikdagi kichkina voqealar shaxsning tarkib topishida halokatli oqibatlarga olib kelishi mumkin.
Talaba etyud о‘ylab topdi. Bolalikda bola shо‘ng‘ishni va ariq tubidagi har xil predmetlarni olib chiqishni yaxshi kо‘rardi. Bir kuni shо‘ng‘iy turib, u panjasini qandaydir yumaloq teshikka tiqadi va uni hech tortib ola olmaydi. U entika boshlaydi va deyarli chо‘kib ketadi. Tabiiyki, о‘lguday qо‘rqadi. Halqali qopqon oldidagi barmoqlar bilan bog‘liq qо‘rquv uning ongi ostida saqlanib qoladi. Bola ulg‘ayadi, u uylanayotir. Cherkovda u barmoqlariga nikoh uzugi taqishi kerak. U esa buni qila olmaydi – terga tushadi, titrab-qaqshaydi va qо‘rqqanidan qochib ketadi.
Yoki filmlardan misollar. Ota о‘gay qizini zо‘rlaydi. Qiz ulg‘ayganida bu qо‘rqinchli sir uning butun jinsiy hayotini belgilab beradi. Uning uchun jinsiy hayotni zо‘rlashdan ajratib bо‘lmaydi.
Aka va singil bolaliklarida otasi onasining jazmanini va keyin о‘zini о‘ldirganini kо‘rishgan. Bu jarohat ularning dunyo haqidagi tasavvurlarini buzib yuboradi. Aka-singil bir-birlarini yaxshi kо‘radilar – qolgan butun olamdan ular nafratlanadilar.
Bizni xarakter konfliktlari boshqa kishilar bilan va hayot davomida qanday rivojlanishi qiziqtiradi. Rо‘yxat bu konfliktlarni rivojlantirishga xizmat qiladi.
Ushbu savollarga javob bersangiz, sizga bu ma’lumotlarni birlashtiruvchi savollarga javob berish qiyin bо‘lmaydi.
1. Qaysi vaziyat eng yomoni bо‘lishi mumkin? (Kambag‘allik, obrо‘-e’tiborni yо‘qotish, yolg‘izlik…)
2. Baxtni u qanday tasavvur qiladi? (Boylik, tabiat qо‘ynidagi hayot, hokimiyat, sevgi, bolalar…)
3. U qanday qilib konfliktga kiradi va undan qanday chiqadi? (Ehtiyotkorlik bilan, agrissiv tarzda, dо‘stlarcha, vahimali tarzda…)
BО‘LISHI MUMKIN EMAS! AMMO SHUNDAY
Bundan keyin endi sizga eng asosiy savolga javob berish qiyin emas: nima xarakterning xatti-harakatlarini bashorat qilib bо‘lmaydigan qiladi, u nimasi bilan betakror?
Tomoshabin emotsional shok olishi uchun xarakterning xattiharakatlarini kulminatsiyada bashorat qilib bо‘lmaslik kerak. Ammo boshqa tomondan, xatti-harakatlar xarakterning butun hayotiy tajribalaridan kelib chiqishi kerak – biz personajlarning harakatlariga ishonishimiz kerak.
Otello Dezdimonani bо‘g‘ishini va о‘zini о‘ldirishini kim ham kutibdi? Bu dramadagi buyuk xarakterning mantiqiy natijasi-ku.
Maykl Korleone qonuniy tarzda jinoyatchiga va mafiya boshlig‘iga aylanadi. Ammo uning filmda haqiqiy iblisga aylanishi – xarakter rivojidagi kishini shok qiluvchi burilishdir. Ammo bularning hammasi asoslangandir.
Qonuniy va bashorat qilib bо‘lmaydigan harakat – xarakter rivojidagi asosiy burilish nuqtasidir. U bizga xarakterning tub-tubiga kirib borishga, hayajonlangan tomoshabinlar oldida uning astar-avrasini ag‘darib tashlashga imkon beradi.
О‘ylaymanki, kimlargadir barcha bu masalalar katta mijg‘ovlik bо‘lib tuyuladi. Oxir-oqibat hamma narsani san’atkorning intuitsiyasi hal qiladi. Intuitsiya orqali esa siz xarakterni bor tо‘laligida sezasiz.
Personajlarni savollar bilan sinab kо‘rishga harakat qiling, shunda siz havaskorning taxminiy bilimlarida nechog‘lik ochiq teshiklar borligini kо‘rasiz. Muallifning xarakter bilan professional muloqot qilish formulasi oddiy: siz xuddi Yaratgan Xudo singari har bir personajning dunyosi, uning hayoti, qalbining jannati va jahannamini bilishingiz kerak.
Siz hammasini bila olmaganligingiz tufayli, tuzilma sizga yordam beradi. U xarakter hayotining tomoshabinlar bilan uni yaqinlashtiruvchi eng muhim soniyalariga e’tiborni jalb qiladi.
REPETITSIYA
Avvallari kinoda kо‘proq repetitsiya qiladigan rejissorlar hurmat qilinardi. Ustalar – ulardan birlari aktyorlarning jonini sug‘urib olardi, ikkinchilari ularga jonlarini berardi. Inson qalbining muhandislari. Mana endi temir parda liqillab qoldi. Birinchi teshikka fransuzlar kirdilar. Fransuz kinosi haftaligiga mashhur kino dahosi Rene Kler tashrif buyurdi. Rossiyadagi repetitsiyalarning eng hurmatli rejissori Yuliy Rayzman undan sо‘raydi:
– Aytingchi, siz artistlar bilan qanday repetitsiya qilasiz? Qaysi sistema bо‘yicha?
– Repetitsiya qilish? Artistlar bilan? Nima keragi bor? Men ulardan birdaniga qila olmaydigan hech narsani talab qilmayman.
– Hamma dovdirab qoldi. Keyin bir-birariga tushuntirisha boshlashdi:
– Axir u texnarku. «Film tugadi, faqat uni tasvirga olish qoldi» – deb u aytgan-da. U hamma narsani oldindan, daqiqalarigacha yozib chiqadi. Ha-ha-ha.
Tabiatda olinadigan tasvir (naturnoe) qayerda qoldi? Qalb qani? Xarakter mag‘zidan obrazning tug‘ilishi qani?
Rossiyada kommunizm davrida filmlar cheksiz uzoq vaqt tasvirga olinardi. Yarim yillik tasvirga olish me’yordagiday edi. Bir yilmi – hech qisi yо‘q. Studiyalar xuddi davlat korxonalariday ishlashardi. Hammasi oylikka ishlardi. Muhimi rejani uddalash, yiliga 40 dona topshirish kerak… Sifati-chi? Agar boshliqlar qovoq uyishmasa, zararli fikrlar bо‘lmasa, demak, sifati yaxshi. О‘lchovsiz repetitsiyalar sifatning kafolati edi. Rejissor san’at izlardi – Katta va mafkuraviy tо‘g‘ri «S».
Aytaylik, tashviqotchi xandaqdan sakrab chiqadi va qichqiradi:
– Vatan uchun! Stalin uchun!
Yuzlari nurli askarlar xandaqlardan chiqishadi va bor kо‘tarinkilik bilan qichqirishadi:
– Ura-a-a!
Osmonda perotexnik bulutchalar portlaydi. Bir xil bulutchalarning о‘zi 1812-yilgi urushgayam, fuqarolar urushigayam va Ulug‘ Vatan urushigayam «xizmat qilganlar». Ammo hissiyotlarni repetitsiyalarda yangilash mumkin edi.
Politruk okopda, dushman о‘qidan egilgan holda, askarlarni tо‘pladi va sekin, о‘ychan holda dedi:
– Bolalar, ataka oldidan sizlarga nima deyishimni bilasizmi?
– Nima, о‘rtoq leytenant?
– Siz bu sо‘zlarni о‘ylab kо‘ring. Ular oddiy sо‘zlar, ammo ma’nosi chuqur…
– Qanday, о‘rtoq leytenant?
Shunda leytenant ko‘zlarida, tabiiyki, arang kо‘rinadigan yosh bilan pichirlaydi:
– Vatan uchun… va… va… yana…
– Stalin uchunmi? – sо‘raydi yosh askar. Qariya bо‘lsa, uning yelkalariga kо‘ngilchanlik bilan qoqib turib deydi:
– Albatta, bular bir narsalarku!
– Urami? – pichirlaydi leytenant.
– Ura! – deb yarim ovozda javob berishadi askarlar.
– Ura-a-a!!! – okop ustida dahshatli hayqiriq tarqaladi. Yuzlari nurga tо‘lgan askarlar dushman ustiga tashlanishadi.
– Rejissor bо‘lsa pidjagiga navbatdagi lauriyatlik medalini qadaydi. Bu repetitsiyaning texnologik usuli «teskari yо‘l» deb ataladi: qichqirish kerak bо‘lganda pichirla, turish kerak bо‘lganda о‘tir. Yaxshisi, yotib ol, yerga mukka tushib ol va о‘zgargan bashara bilan sakrab tur. Bu usul bugun ham yaxshi ishlaydi. Avval bu narsa shtamplarga qarshi kurashlarda yordam berardi, vaqt о‘tishi bilan uning о‘zi shtamp bо‘lib qoldi.
Ammo Brext repetitsiyalarda qanday qilib harakatlarda bashorat qilib bо‘lmaydigan jonli narsani topishning universal uslubini taklif qildi. U: «Faqat B emas» deb ataladi. Aktyor «A» ni qiladi. Hamma, tabiiyki, uning «B»ni qilishini kutadi. U hamma narsani qilishi mumkin, faqat «B»ni emas. Kerakli harakatga noodatiy, kutilmagan bir tarzda keling. Agar qilishga vaqt va yangi g‘oya bо‘lsa, repetitsiya yaxshi uslub.
Hozir hammasi boshqacha. Tasvirga tez olish kerak. Yaxshi tayyorgarlik kо‘rilgan bо‘lsa 6-10 hafta yetadi. Muammolarning markazi tayyorlanish davriga kо‘chadi. U yerda film loyihasi ishlab chiqiladi. Film sahnalarga, sahnalar kadrlarga bо‘linadi. Va har biriga baho – vaqt belgilanadi. Bunday tartibda repetitsiya chetga chiqib qoladi, о‘zining avvalgi nufuzini yо‘qotadi. Suv bilan chо‘miltirilayotgan bolaniyam otib yuborishmasa yaxshi edi.
Teatrda rejissor har qachon har qanday detalni almashtirishi mumkin. Kinoda bо‘lsa hamma narsa qadam-baqadam, birdaniga va bir umrga qilinadi. Tasvirga olingan kadrda hech narsani о‘zgartirib bо‘lmaydi.
Shuning uchun tasvirga olish oldidan repetitsiya – rejissor uchun qarorini tekshirib kо‘rish, xatolardan qutilish, xarakterni rivojlantirish, qahramonlarga bir qultum, balki hal qiluvchi jon ato qilish uchun oxirgi imkondir.
Filmdagi repetitsiya – balki loyihaning eng arzon qismidir. Ammo uning samarasi juda katta bо‘lishi mumkin. San’atda asosiy daromadni talantlar keltiradi, repetitsiya bо‘lsa talantlar gul ochadigan joydir. Kо‘plar uchun bu narsa hech ham kо‘rinib turgan narsa emas.
KINO VA TEATRDAGI REPETITSIYA
Kinoda aktyorlar rejissordan ular qadam-baqadam, qanday qilib absolyut aniq harakat qilishlari uchun kо‘rsatmalar olishlari va ularni о‘zlashtirishlari uchun repetitsiya kerak, chunki rejissordan boshqa hech kim kadrda nima bо‘layotganligini bilmaydi.
Kadr spektakl emas, u bir daqiqadan kam davom etadi. Harakatlarni о‘zlashtirib olish uncha kо‘p vaqt olmaydi. Shuning uchun har bir kadrni olish oldidan qilinadigan repetitsiyalar qisqa bо‘ladi. Ba’zan bir soat, ba’zan 5 daqiqa. Kо‘pincha 15-20 daqiqa.
Kino va teatrdagi repetitsiyalarning farqi aql bovar qilmas darajada.
Teatrda – bu hamma narsa. U bosh ijodiy element. U spektaklga homilador bо‘linadigan, uni kо‘tarib yuriladigan va u tug‘iladigan joy. Kinoda – kо‘pincha, u texnikaviy amaliyot. Kо‘rsatma beriladi: bu yerda о‘tir, bu yerda tur… tezroq yurasan… sekinroq… bu tomonga qara… buril va о‘q uz. Bu yerda biroz tо‘xtab tur – yuzingga yorug‘lik yaxshi tushsin… Bu yerdan tezroq yurib о‘t va yiqil, seni о‘ldirishdi… Qimirlama, darhol о‘l.
Teatrda bugun kо‘psoatli repetitsiyada biror narsani tajriba qilib kо‘rish va ertasiga hammasini bekor qilish va boshqacha qilish yaxshi odat hisoblanadi. Kinoda ertasiga nimanidir boshqachasiga takrorlash amalga oshmaydgan ish, barcha me’yorlarning buzulishi bо‘lar edi. Ikkinchi marta bunday narsaga hech bir prodyuser ruxsat bermaydi.
Teatrda repetitsiyada xarakterning rivoji, munosabatlardagi mayda-chuydalar, stil, shakl… kabilar axtariladi. Kinoda nafaqat hamma narsa tasvirga olinguncha topilgan, balki har bir daqiqasigacha yozib qо‘yilgan, har bir kadr chizilgan, moliyaviy hujjatlarda belgilab qо‘yilgan va pullar tayyorgarlik uchun sarf qilingandir.
Teatrda rejissor xuddi juda katta polotnoda umumiy kartinaning chegaralarini belgilab chiqib, keyin uning detallarini chizadigan rassomga о‘xshab, doimo bir butun kartinani kо‘z oldida saqlagan holda repetitsiya qildiradi.
Kinodagi rejissor esa deyarli kо‘zi yumuq holda, gо‘yoki mozaika yaratuvchisi kabi ishlaydi. Har kuni u yangi betonga bir necha mozaikachani joylashtiradi. Bir soatdan keyin ular toshday qotib qoladi.
TEXNIKAVIY REPETITSIYA
Men Yaponiyada kino olganimda menga ertalabdan bir kunlik rejani berishardi, unda har о‘n besh daqiqada prodyuser nazorati ostida nimadir sodir bо‘lardi, har bir kadrga 10 va 15 daqiqalik ikki repetitsiya bо‘lishi nazarda tutilgan edi. Birinchisida aktyorlar rejissorning kо‘rsatmalarini qanday tushunganlarini kо‘rsatib berishardi. Rejissor uni kо‘rar va kichik-kichik aniqlashtiruvchi tuzatishlar qilardi. Kadrlar, ularning soni 28-35 ta, yaqindagina rejissor tomonidan chizilgan va xodimlar tomonidan yozib chiqilgan. Hech narsani о‘zgartirish mumkin emas. Ikkinchi repetitsiya tо‘liq sukunatda va ommaviy sahnalarsiz bо‘ladi. Aktyorlar sahnani о‘ynab, ular rejissorning oxirgi mulohazalarini qanday tushunganliklarini kо‘rsatib berishadi. Ovoz rejissori bо‘lsa dialoglar matnini yozib oladi. Bu repetitsiyaning tovushlari asosiy tovush sifatida filmga kiradi. Shundan keyin darhol tasvirga olish e’lon qilinadi. Tasvirga olish paytida rejissor aktyorlarga mikrafon orqali eshitiladigan qilib tanbehlar berishi mumkin, assistent mikrofon orqali ommaviy sahnadagi harakatni tuzatishi mumkin. Kerak bо‘lsa, operator о‘z kо‘rsatmalarini berishi mumkin. Uncha kuchli bо‘lmagan shovqin hech kimni xavotirga solmaydi: tovush allaqachon yozib olingan. Faqat bitta dubl olinadi. Kо‘pi bilan – ikkita. Ikki hafta – va film tasvirga olinadi. Yana bir hafta – u tayyorlanadi, kо‘rsatiladi va unutiladi.
Men rossiyacha odatga kо‘ra repetitsiyalarda sahnaning mag‘zini axtarib va turli variantlarni sinab kо‘rib, yaponlarda dahshat uyg‘otdim. Tartibga rioya qilishim kerak, ammo men:
– Men tasvirga olish paytidagi improvizatsiyasiz ishlay olmayman! – dedim.
Yaponlar:
– Hisobga olamiz, – deyishdi.
Keyingi kuni men har 15 daqiqasi yozib chiqilgan ilgarigidan ham tig‘iz rejani oldim. Uning eng oxirida: «Janob Mittaning improvizatsiyalariga 15 daqiqa», – deb yozib qо‘yilgan edi.
О‘n besh yildan sо‘ng men aql bovar qilmaydigan darajada muvaffaqiyatli golland serialining tasvirga olinishiga tushib qoldim. Undan keyin ikki nemis diniy filmida ishtirok etdim.
U yerda men xuddi shunday sxemani kо‘rdim. Faqat yaponlarga о‘xshab har kuni 10 daqiqa emas, balki 22 daqiqa – tо‘liq seriya tasvirga olinardi. Har bir kadrdan oldin qisqagina texnikaviy repetitsiya nazarda tutiladi. Va hammasi tо‘xtovsiz davom etadi. Haftada bir marta serial rejissori bir yarim kunni tо‘lig‘icha repetitsiyalarga bag‘ishlaydi. Bir kunda u 50, ikkinchi yarim kunda – 30 sahnani repetitsiya qildiradi. Bu repetitsiyalarni ham texnikaviy repetitsiyalar deb atash mumkin. Ularda aktyorlar matn bilan tanishadilar va eng oddiy mezansahnalarni о‘zlashtirishadi. Assistentlar bо‘lsa sahnaning xronometrajini tekshiradilar. Va bu seriallar bir necha yillar davomida allaqachon ilohiylik huquqini saqlab keladi. Buning ustiga, ularning muvaffaqiyati ortib bormoqda. Ijodiy repetitsiyaga yillar davomida bir kun ham vaqt topilmaydi. Ular nima uchun kerak, deb sо‘rashadi.