Электронная библиотека » Anvar Obidjon » » онлайн чтение - страница 2

Текст книги "Oltin yurakli Avtobola"


  • Текст добавлен: 19 мая 2023, 23:31


Автор книги: Anvar Obidjon


Жанр: Современная зарубежная литература, Современная проза


сообщить о неприемлемом содержимом

Текущая страница: 2 (всего у книги 6 страниц)

Шрифт:
- 100% +

YIGIRMA YILDAN SO‘NG

Bahor havosiga ishonib bo‘lmaydi: ertalab quyosh charaqlab turgan edi, tushdan keyin to‘zon ko‘tarilib, shimol tarafdan qora bulutlar karvoni yopirilib kela boshladi, kechga yaqin yomg‘ir savalab berdi. Shiddatkor tomchilar o‘tgan yilgi juldur yaproqlarni shoxlardan uzib olib, chirpiratganicha yerga chaplar, zahil daraxtlarning batamom yalang‘ochlangan novdalari yangi libos kiyish oldidan yaxshilab cho‘milayotganga o‘xshardi.

Qosh qorayib qolgan paytda Bekxo‘ja zargarning xilvat chorbog‘i yaqiniga taksi avtomashinasi kelib to‘xtadi. Uning orqa eshigidan bolishnusxa xalta ko‘tarib olgan qomatdor kimsa tushdi-da, junjikkanicha yomg‘irpo‘shga burkandi. Bu o‘sha Ko‘rshapalak laqabli talonchi edi. Bundan besh-olti oy ilgari o‘n yillik qamoq jazosini o‘tab kelib, yana eski hamtovoqlarini topib olgandi.

Taksi qaytib ketgach, Ko‘rshapalak anhor ustidagi ko‘prik taxtalarini mayishtiradigan darajada vazmin qadam tashlab, ko‘hna qayrag‘ochlar og‘ushidagi g‘ishtin uy tomonga yurdi. Anhorning zaxi urib, ikki yondagi tosh devorchasini po‘panak bosa boshlagan zinapoyadan ko‘tarilib, ayvonchaning panasiga suqildi. Qo‘lini endigina qo‘ng‘iroq tugmasiga cho‘zgan chog‘da zarang eshik tovushsiz ochilib, olti yoshlar chamasidagi chaqmoqko‘z bola iltifotsizlik bilan uni ichkariga imladi:



– Kiraver, egriburun. Kelayotganingni derazadan ko‘rib turuvdim.

Ko‘rshapalak dahlizga kirib, shlapasi bilan yomg‘irpo‘shini qoziqqa ildi. Keyin bolaning yelkasiga do‘stona qoqib, bo‘rinamo tirjaydi.

– Ishtahalari joyidami, janob tayyorxo‘r?

– O‘zing tayyorxo‘r? – mushtini tugib, jirrakilik bilan o‘shqirdi bola. – Nima opkelding menga?

– Biz va’dasida turadigan mardlardanmiz, Xoldorvoy, – Ko‘rshapalak kostumining ichki cho‘ntagidan o‘yinchoq to‘pponcha chiqarib, bolaga uzatdi. – Manavi duranduletni to‘pponcha deydilar.

Quv bolakay sevinganini sezdirmaslikka tirishib, qovoq uyganicha to‘pponchani qo‘liga oldi. Keyin uni Ko‘rshapalakning qiyshiq burniga to‘g‘rilab turib, tepkini bosdi. Kuchala toshli to‘pponcha og‘zidan uchqun sachratib, tirillay ketdi.

– Yaxshisini topibsan, egriburun, – sovg‘a uchun o‘ziga xos tarzda minnatdorchilik bildirdi Xoldor. – To‘pponchasiz kelganingda, kallangni uzvolardim.

Shu payt ichkaridan biyobonsifat kallasiga sholchado‘ppi qo‘ndirgan Supersur chiqib keldi.

– Xo‘jayin seni kutib o‘tiribdi, – Ko‘rshapalakka tosrayganicha qo‘l uzatarkan, salom-aliksiz maqsadga o‘tdi u. – Kir tezroq.

Ko‘rshapalak skafandr kiygan g‘avvosdek lapanglaganicha ichkariga qarab odimladi. Sholcha-poyandozni tepalab borib, cho‘ziq xona oxiridagi qora charm qoplangan eshikni qo‘pollik bilan o‘ziga tortdi.

Bekxo‘ja zargar velosiped g‘ildiraklari orasiga o‘rnatilgan biqqi kreslosida xona to‘rrog‘idagi elektr o‘choqqa yuzlangan ko‘yi isinib o‘tirardi. Hatto eshik yopilgandan keyin ham miq etmadi.

– Salom berdik, xo‘jayin, – poygakda to‘xtalib, atayin baland ovozda gapirdi Ko‘rshapalak.

Kresloning bo‘ychan suyanchig‘i ortidan arvohlarnikiga o‘xshash o‘sha tiniq tovush eshitildi:

– Qulog‘im senda, Ko‘rshapalak. Professorning qalb sandig‘idan biron narsa o‘mardingmi?

Ko‘rshapalak stolga yaqin borib, qo‘lidagi xaltani ichimlik to‘latilgan grafinning yoniga qo‘ydi.

– Keragidan ko‘proq eplashtirganga o‘xshaymiz, xo‘jayin.

Zargar g‘ildiraklarni qo‘li bilan harakatga keltirib, stol tarafga o‘girildi, Ko‘rshapalakka muloyim nigoh tashlab, qarshisidagi o‘rindiqqa o‘tirishga ishora qildi.

– Rostini aytsam, azizginam, bu sandiqqa sendagi kalitlar tushmasmikin deb qo‘rqqandim, – dedi u mamnun qiyofada.

Ko‘rshapalak xaltani ochib, radio muxbirining reportyorini eslatuvchi g‘ilofli magnitofonni oldi.

– Mahmadanaroq bir yigitim bor, – magnitofonni sozlayotib, izoh berdi Ko‘rshapalak. – Radiodan yuborilgan muxbirman deb, professorni rosa vaysatibdi.

Bekxo‘janing istarasiga raxna solib turuvchi qonsiz yuzida kuldirgich o‘ynadi.

– Ofarin, Ko‘rshapalak! Kamol Kamtariyning bebaho ma’ruzasini nihoyat tekinga tinglaydigan bo‘libmiz.

Ko‘rshapalak labiga sigaret qistirib tutatdi-da, magnitofon murvatini buradi. Dastavval soxta muxbirning sayroqi ovozi eshitildi.

MUXBIR: Muhtaram ustoz, keyingi maqolalaringizdan birida qandaydir avtoodam yasayotganingizga shama qilib o‘tgandingiz. Qisqa vaqt ichida radio shinavandalaridan yuzlab xat oldik – avtoodamga bo‘lgan qiziqish ortib bormoqda. Agar sir bo‘lmasa, shu ixtiro haqida batafsilroq so‘zlab bersangiz.

PROFESSOR: Avvalo shuni aytib o‘tishim kerakki, bu temirtan fikran barkamol avtoodam emas, balki jamiyat oldidagi burchini hali chuqur his qila olmaydigan kibernetik Avtobola xolos. Uning mustaqil fikrlay olish qobiliyati birmuncha chegaralangan, unga muntazam ravishda yo‘l-yo‘riqlar berib turishga to‘g‘ri keladi.

MUXBIR: Radiotinglovchilarimizni temirtanning asosiy xususiyatlari ko‘proq qiziqtiryapti.

PROFESSOR: Barcha toifadagi kishilarga birdek tushunarli bo‘lishi uchun bu haqda soddaroq qilib gapira qolay. Avtobolani yasar ekanman, inson organizmidan iloji boricha aniq nusxa ko‘chirishga harakat qildim. Uning kalla qismiga joylashtirilgan mikrosxema tuzilish jihatidan odamzodning miya to‘qimasiga judayam o‘xshab ketadi. Bu to‘qima sharofati bilan u ko‘radi, eshitadi, gapiradi, idrok etadi, aniq maqsadga bo‘ysungan holda harakat qiladi… Charchaydi ham. Shu tufayli, maxsus tugmachani bosib, uni kamida olti-yetti soat uyquga yotqizish lozim bo‘ladi. Aks holda, uning miya to‘qimasi uzog‘i bilan o‘ttiz besh soatdan keyin butunlay ishdan chiqishi mumkin.

MUXBIR: Uyqusizlikka kelganda, Avtobola o‘t o‘chiruvchilardan chidamliroq ko‘rinadi.

PROFESSOR: Juda o‘rinli hazil… Gapda davom etadigan bo‘lsak, xuddi biz bilan sizdagi kabi Avtobolada ham yurak-qon tomir tizimi bor. Faqat uning tomirlaridan qon o‘rniga elektr zaryadi oqadi. Pozitron miyadan tinimsiz ravishda kelib turadigan signallar buyrug‘iga itoat etuvchi bu tizim o‘ta mustahkam, ayni paytda, nihoyatda elastik gavda va bag‘oyat sezgir paylarga ega bo‘lgan Avtobolaning eng nozik ishni ham bejirim uddalay olishini ta’minlaydi. Masalan, u piyolaga limmolim to‘ldirilgan suvning biron tomchisini to‘kmay egasiga olib borishi, bozordan narsalar xarid qilib kelishi mumkin. Faqat uni o‘n besh puddan ortiq yuk ko‘tarishga majbur qilmasangiz bas.

MUXBIR: Tasanno deyish kerak! Bolasi tushmagur durustgina pahlavon ekan.

PROFESSOR: Buning ustiga, yuguroq ham. Qaysi joyda qanday tezlikda yurgan ma’qulligini, sharoitga qarab, Avtobolaning o‘zi tanlaydi. Eng tiqilinch joylarda ham u hech kimga xalaqit bermay yura oladi. Lekin qulay imkoniyat tug‘ildi deguncha, agar shoshilish juda zarur bo‘lsa, hatto sirtlonni dog‘da qoldiradi. Uning maksimal tezligi soatiga bir yuz yetmish kilometr.

MUXBIR: O, naqadar g‘aroyib tilsimot! Ishonchimiz komilki, payti kelib, hamshaharlarimiz bu noyob bolakayni bozor yoki xiyobonda uchratish sharafiga muyassar bo‘lishadi. Hurmatli professor, balki o‘sha kun yaqindir?

PROFESSOR: Unchalar uzoq emas. Avtobola deyarli tayyor. «Yettinchi sayyora» firmasiga berilgan buyurtmamning bajarilishini kutib turibman. Bu firma uzoq yillarga chidamli bo‘lgan oltin g‘ilofli akkumulator, ya’ni oltin yurakni yasab bersayoq, Avtobolamiz oyoqqa turadi. Keyin, pedagogchasiga aytganda, unga kundalik muomalada kerak bo‘ladigan so‘zlarni yodlatish, ongiga insoniy xulq-atvorni singdirish qoladi xolos…

Ko‘rshapalak magnitofonni o‘chirib, sigaret tutunini erkatoylarcha shipga pufladi.

– Tadbirkorlikda tenging yo‘q, azizginam! – sigaret tutunidan ko‘ngli behuzur bo‘layotganligini sezdirmaslikka tirishib, burnini siypalaganicha maqtov yog‘dirdi Zargar. – Demak, oltin yurakcha bitsayoq…

– Akkumulator bir haftada tayyor bo‘ladi, – xo‘jayinning gapini bo‘ldi Ko‘rshapalak. – Muxbirim «Yettinchi sayyora» firmasigayam borib, qalbaki reportaj yozdi. Muxbirlik guvohnomasini o‘zim yasab berdim.

Bekxo‘ja xizmatchisiga qoniqish bilan ko‘z qadadi. Qo‘l ostidagi yugurdaklari o‘sha takabbur professorni ham, firmadagi «kallador zot»larni ham boplab laqillatishgani va nihoyat badbo‘y sigaretning kuldonga ezg‘ilanayotgani uning diliga bab-baravar huzur bag‘ishladi.

– Amir Temurning qarorgohida o‘tiribman-u, gap Damashqni ship-shiydam etish ustida ketyapti deb faraz qil. Demoqchimanki, bu ishga jiddiy qarab, pishiq reja tuzvolishimiz kerak.

Ko‘rshapalak shunday gap bo‘lishini oldindan bilgan shekilli, ortiqcha mulohaza qilib o‘tirmay, darhol fikr bildirishga kirishdi:

– Muxbirimni «Yettinchi sayyora»ga bejiz yuborganim yo‘q, – dedi u. – Avtobola bilan akkumulatorni bir vaqtda, lekin alohida-alohida o‘g‘irlagan ma’qul. Shunaqa qilmasak, professor bolaning tarbiyasini buzib qo‘yishiyam mumkin. To‘g‘rimi?

Bekxo‘ja asta bosh irg‘adi:

– Muso alayhissalomdek bexato karomat qilyapsan, Ko‘rshapalak. Gapiraver.

Fikri xo‘jayinga ma’qul tushayotganidan taltaygan Ko‘rshapalak o‘zini yanada erkin tutib, qo‘ynidan yarqiroq pichog‘ini sug‘urdi-da, shisha likopdagi olmalardan birini olib, archa boshladi.

– Akkumulatorning qayerdaligi aniq, – endi ancha bosiqlik bilan gapirdi u. – O‘sha narsa qachon tayyor bo‘lishiniyam bilamiz. Bu ishni yigitlarim mensiz ham boplashadi. Avtobolani o‘zimga qo‘yib berasiz.

Ko‘rshapalak so‘qir chap ko‘zini qisganicha ishtiyoq bilan olma archishda davom etarkan, lablarini chapillatib, Bekxo‘jaga suzilib boqdi. Chamasi, uning gapi tugagan edi.

– Menga qolsa, kuchni aksincha taqsimlardim, – yoqut ko‘zli uzuk chaqnab turgan barmog‘ini Ko‘rshapalakka niqtadi Bekxo‘ja. – Bu dunyoparast odamlar ikki pudli temir boladan ko‘ra ikki gramm oltinni hushyorroq qo‘riqlashadi.

Ko‘rshapalak olmaning bo‘lagini pichoq uchiga ilib, ishtaha bilan lunjiga tiqarkan, grafinga suqlanib qarab qo‘ydi.

– Tushundim, xo‘jayin, – dedi u vishillab kavshanib. – Bundan chiqdiki, akkumulatorni o‘zim eplashtirishim kerak. Yigitlarim Avtobolani «telpak» qilishadi-yu, bir yo‘la professorniyam…

U aytilmagan gapni harakat orqali ifodalab, qo‘lidagi pichoqni xona burchagidagi yog‘och haykalga otdi. Pichoq o‘rta asr kamonchisi qiyofasidagi haykalning qoq peshanasiga borib sanchildi. Bekxo‘ja tahqirlangan «kamonchi»ga zimdan ko‘z tashlab qo‘yib, yana Ko‘rshapalakka yuzlandi.

– Olimlarni o‘ldirib bo‘lmaydi, Ko‘rshapalak, – dedi u buyruq ohangida. – Ular jamiyatga katta foyda keltirishadi. O‘zimiz ham o‘sha jamiyatning bir bo‘lagimiz. Masalan, Kamol Kamtariy bo‘lmaganda, sen bilan menga kim Avtobola yasab berardi? Kallakesar Supersurmi?

Olma bekorga archilmaganini fahmlagan Zargar grafin qopqog‘ini ochib, stol ustidagi qadahlardan biriga ichimlik quydi. Ko‘rshapalak gapga og‘iz juftlarkan, qadahdagi suyuqlik salmog‘ini sog‘ ko‘zida chamalab olishga ulgurdi.

– Professor parrak bo‘lmasa, ishning loyqasi chiqadi, – deya u qing‘ir burnini jiyirdi. – Muxbir bo‘lib borgan yigitim unga tanilib qoldi. Izquvarlar uchun kalavaning uchi bu.

– Manavi gapingda jon bor, – deb ma’qulladi Zargar. – Uni gumdon qilishing kerak.

Ko‘rshapalak boshliqqa so‘zini o‘tkaza olganidan quvonib, tirjayganicha qadahga panja urdi-yu, «ha, muxbirni gumdon qilishing kerak bo‘ladi», degan «izoh»ni eshitib, yana gezardi.

– Jang qurbonsiz bo‘lmaydi, – qat'iy ta’kidladi Bekxo‘ja. – O‘sha mahmadona yigitingga behad achinib turibman. Ammo ming afsuski, professor Kamol Kamtariy bilan o‘zimning alohida hisob-kitoblarim bor. Men uni ruhan o‘ldiraman. Ru-u-han! – So‘ng qo‘shib qo‘ydi. – Qani, professorning sog‘lig‘iga qo‘lingdagini ko‘tarvor-chi.

TOG‘DAGI FOJIA

Shahar jinoyat qidiruv bo‘limi boshlig‘i mayor Ahmedov tezkor guruh a’zolari bilan professor Kamol Kamtariyning hovlisiga qadam qo‘yiboq, allaqanday g‘ayritabiiy sukunatni his etdi-yu, birdan yuragi uvishdi. Ular qulflanmagan eshikdan oynavand ayvonga kirishib, professorning uy xizmatchisi qo‘l-oyog‘i arqon bilan chandilgan, ko‘ziga latta bog‘lanib, og‘ziga sochiq tiqilgan holda yotganini ko‘rdilar. Professorni ham xonasidan xuddi shunday ahvolda topishdi. Qotillik ro‘y bermagani mayorni biroz taajjublantirdi, ayni paytda, ko‘ngli yengil tortdi.

– Yaramaslar! – uni bo‘shatishgach, arqon izidan momataloq bo‘lib, uvishib qolgan bilaklarini uqalarkan, g‘udrandi professor. – Avtobola kimga kerak bo‘p qoldiykin? Buning ustiga, akkumulatoriyam yo‘q.

– Hamma gap shunda-da, hurmatli professor, – xonani sinchiklab ko‘zdan kechirayotgan ekspertlarning nozik va diqqinafas ishini zimdan kuzatib turib gapirdi mayor. – «Yettinchi sayyora» firmasidagi akkumulator bugun tunda o‘g‘irlab ketilgan. Buni ertalab bilishibdi. Agar shuni xabar qilishmaganda, men… biz uyingizga kelmagan, siz hali-veri arqondan bo‘shatilmagan bo‘lardingiz.

Tuni bilan polda yotib, suyak-suyaklari zirqirayotgan Kamol Kamtariy divanga yastanarkan, rohatdan ko‘zlari yumilib ketdi. Mayor Ahmedov stullardan birini olib, professorga yaqinroq joyga qo‘ydi.

– Avtobola haqida, mabodo, biron kishiga batafsilroq gapirib bermaganmidingiz? – stulga o‘tirayotib so‘radi u.

– Gapirib berganman, – negadir aftini burishtirdi professor. – Radio muxbiriga.

Mayorning qiyofasida xiyol jonlanish aks etgandek bo‘ldi.

– Har holda, muxbir bilan bir gaplashib ko‘rishim kerak. Malol kelmasa, uning familiyasini…

– Hojati yo‘q, – qo‘lini undov belgisidek ko‘tarib, gapni bo‘ldi professor. – O‘sha muxbir kecha men bilan telefonda bog‘lanib, bor-yo‘g‘i bir necha minutga qabul qilishimni so‘radi. Jurnalist xalqidan qochib qutulishning iloji yo‘qligini bilganim uchun, vaqt kech bo‘lib qolganiga qaramay, rozilik berdim.

Hayot tasodiflari qozonida qaynab, ne-ne chigalliklar bilan olisha-olisha soch oqartirgan tajribali mayor bu qabulning oqibati qanday tugaganini allaqachon anglab yetgan bo‘lsa-da, voqea qay tarzda yuz berganini aniq bilib olish maqsadida professorning og‘ziga tikilgan ko‘yi turaverdi.

– Muxbir desangiz, xonamga kiriboq, iljayganicha menga qurol o‘qtaldi, – gapida davom etdi professor. – Keyin yelkamdan turtib, «marhamat qilib devorga o‘girilib tursalar», dedi. Na iloj, aytganini qildim. Sheriklari kirib kelishib, avval ko‘zimni boylashdi…

Kamol Kamtariy qolganini o‘zingiz ko‘rdingiz, degandek do‘rdoq labini jimirib qo‘yib, yana asta ko‘z yumdi.

– Avtobola to‘g‘risida ancha-muncha narsalardan xabardorman, – professorning rohatini buzishga majbur bo‘layotganidan xijolat tortibroq gapirdi mayor. – Mumkin bo‘lsa, ayting-chi, uni yasashdan asosiy maqsadingiz nima edi?

– Yolg‘izlik balosidan qutulish, – ko‘zlarini ochmasdan, uyqusirayotgandek g‘o‘ldirab javob qildi professor…

Kamol Kamtariy uylangandan keyin uzoq vaqtgacha farzand ko‘rmadi. Nihoyat, qirq to‘rt yoshida xotini o‘g‘il tug‘ib berdi. Professorning nazdida ko‘p yillardan buyon jussasini to‘rt tarafdan qisib turgan uy devorlari birdan kengayib ketgandek, odatda rutubat anqib turadigan xonalar daf’atan charog‘onlashgandek tuyuldi. Xotini ham chinakam oilaviy baxtni endigina his qilayotganga o‘xshar, uning chiroyli ko‘zlaridagi o‘ng‘aysizlanishga o‘xshash soya butunlay yo‘qolib, endilikda onalik faxri porpirab turadigan bo‘ldi.

Afsuski, bu quvonch uzoqqa cho‘zilmadi. Oradan ko‘p fursat o‘tmay, professor bir vaqtning o‘zida o‘g‘lidan ham, xotinidan ham judo bo‘ldi.

O‘sha mudhish kunni eslay boshlasa, daqiqa sayin taranglashib borayotgan asab tomirlarining setor simlaridek birin-ketin tarsillab uzilayotganini his qiladi. Hozir ham ana shu azobdan uning bo‘yin tomirlari tortishib, divanga tobora chuqurroq cho‘kib borayotgandi.

Tog‘ oralig‘iga joylashgan so‘lim va bahavo Xo‘jamozor qishlog‘i shaharliklarning sevimli sayilgohi hisoblanardi. Kamol Kamtariy Navro‘z bayramida oila a’zolari bilan birga o‘sha yoqqa lola sayliga jo‘nadi. Bu uning o‘n to‘rt oylik o‘g‘li endigina tetapoya yura boshlagan, «dada», «aya» degan so‘zlarga tili kelishib qolgan paytlar edi. Ular Xo‘jamozorda ilgaritdan tanish bo‘lgan objuvozchi cholning uyiga qo‘nishdi. Objuvozchining xonadoni qishloqdan ancha chetda joylashgan bo‘lib, bu yer sokin va pokizaligi bilan ajralib turardi.

Professorning o‘sha mahalda ishi juda tig‘iz edi. Ikki kundan keyin mashinamni yuborarman, deb kechqurunoq shaharga qaytib ketdi.

Ertasi kuni tunda qattiq jala quydi. Tong pallasi shofyori hovliqqanicha kelib, «Xo‘jamozorni sel bosganmish», deb qoldi. Professor zudlik bilan mashinaga o‘tirib, tog‘ga jo‘nadi…

Oradan uch kun o‘tgach, xotinining jasadi Xo‘jamozor qishlog‘idan ancha olisdagi yoyilmadan topildi. Garchi o‘g‘lining murdasi biron-bir joydan chiqmagan bo‘lsa-da, uning tirik qolganiga umid qilish uchun asos yo‘q edi…

Kamol Kamtariy erinchoqlik bilan ko‘zini ochib, mayor Ahmedovga bir lahza xazin tikilib turdi. So‘ngra g‘amgin tovushda dedi:

– Men o‘zimga eng pahlavon, eng ishchan, eng itoatkor o‘g‘il yasab olmoqchi edim. Sel u yoqda tursin, uni hatto o‘q ham halok qila olmasdi. Afsuski, taqdir menga shuniyam ko‘p ko‘rdi.

Mayorni shu topda boshqa bir narsa ko‘proq tashvishga solayotgandi. Avtobolani nima uchun o‘g‘irlashdi? Undan qanday maqsadda foydalanishmoqchi? Odamlar epaqaga kela boshlagan bir paytda, nahot endi temir qalloblar paydo bo‘lsa?

Ishlarini tugatgan ekspertlar tashqariga chiqib borishayotgan damda mayor ham o‘rnidan turib, ketishga chog‘landi. Kamol Kamtariy haddan ziyod charchagan bo‘lishiga qaramay, mehmonni kuzatib qo‘yish uchun odob yuzasidan joyidan qo‘zg‘aldi. Ular yonma-yon odimlagancha tashqi eshikka yaqinlashishgan chog‘da mayor to‘xtalib, professorga o‘girildi:

– Haligi soxta muxbirning tashqi qiyofasini surishtirmayotganim qiziq tuyulmayaptimi?

– Har kimning o‘z ish uslubi bor, – mayorning ko‘ngliga botmaydigan gap aytishga harakat qildi professor.

Mayor esa o‘z savoliga o‘zi javob berdi:

– Surishtirmayotganimning boisi shundaki, siz bilan ikki marta yuzma-yuz uchrashgan o‘sha tovlamachi boshlig‘i uchun vazifasini bajarib bo‘ldi. Ertami-kech, uning murdasi shahar atrofidagi bironta xandaqdan topilib qolsa, sira ajablanmayman.

Professor, «qaydam, balki chindanam haqdirsiz», degan ma’noda beparvo yelka uchirib qo‘ydi.

MUJMAL DARS

Yozga chiqib, Avtobola faqat gaplasha oladigan emas, balki ayrim masalalar ustida odamlar bilan bahslashadigan, shaxsiy mulohazalari asosida mustaqil fikrlaydigan bo‘lib qoldi. O‘z atrofidagilarga o‘xshab u ham takabbur, dag‘al va beshafqat edi.

Garchi uni «Temirtak» deb chaqirsa-da, Avtobola bu xonadonda faqat Xoldorni yoqtirardi. Xoldor serzarda va jirraki bo‘lishiga qaramay, po‘lat jussasi tangabaliqni eslatuvchi oshnasini nohaq o‘kintirmas, qo‘pol tabiatli Supersur o‘zicha xo‘jayinchilik qilib bo‘yin cho‘zgan vaqtda u doimo Avtobolaning yonini olardi.

Avtobola Bekxo‘ja zargarni ham uncha xushlamasdi: uning mujmal gaplarini tinglab o‘tirishdan benihoyat toliqib ketar, kalla qismidagi mikrokondensatorlar zirillab qiziy boshlardi. Zargarni u faqatgina Xoldorning dadasi bo‘lgani uchungina hurmat qilardi.

Bugun ham kunning birinchi yarmi Avtobola uchun odatdagidek xushchaqchaq o‘tdi. Baland devorlar bilan qurshalgan bog‘da Xoldor ikkalasi rosa «urush-urush» o‘ynashdi. Xoldor uni o‘n bir marta yolg‘ondakamdan o‘ldirgan bo‘lsa, Avtobola o‘z dushmanini yigirma martacha cho‘ziltirdi. Afsuski, shunday qiziq o‘yin xafagarchilik bilan tugadi. Bu ko‘ngilsizlikka Xoldor sababchi bo‘lsa-da, so‘kishni baribir sho‘rlik Avtobola eshitdi.

Voqea bunday bo‘ldi. O‘yin rosa avjiga chiqqan pallada Xoldor, badnafsligi qo‘zib, hali shira yig‘ib ulgurmagan kuzgi olmaga kesak ota boshladi. Kecha ham berkinish navbati Avtobolaga kelganda, u olma yeyishni bahona qilib, o‘yinni sovitgan edi. Xoldorning yana g‘irromlik qilayotganidan jahli chiqqan Avtobola tanasi etik qo‘njidek bo‘lib qolgan olma daraxtini quchoqlab turib, tag-tugi bilan ko‘chirib oldi-da, zardali qiyofada yerga ag‘darib otdi.

– Ol, burningdan chiqquncha yeyaver endi!

– Yasha, Temirtak! – xursand bo‘pketib, chapak chalib yubordi Xoldor. Keyin olmalarni ochko‘zlarcha g‘ajishga tushdi.

Shunda halloslaganicha Supersur kelib qoldi-yu, yana og‘ziga zo‘r berdi:

– Kuching daraxtga yetdimi, otashkurakdan tarqagan? Kallangdagi uskuna ishlaydimi o‘zi?

– Anavi shalpangquloqning ko‘zi to‘ysin dedim, – o‘zini oqlay boshladi Avtobola. – Berkinish navbati menga kelganda, bu g‘irromchi olmaning tagidan jilmay qoldi.

Supersur esa Xoldorni tergash o‘rniga Avtobolani bo‘ralashda davom etdi.

– Bu bog‘ tunukabosh enangdan qolganmidiki, daraxtlarni bir chekkadan o‘piraversang. He, o‘sha seni o‘ylab topganni…

– Vag‘illama! – olmani kavshab turib Supersurga musht o‘qtaldi Xoldor. – Temirtakni xafa qilsang, kallangni uzvolaman.

Xoldor tushlik qilayotganda Avtobola uning rasm daftari va qalamini olib, o‘zicha allanimalarni chizib o‘tirdi. Xoldor hali o‘qish-yozishni bilmasa ham rasm solishga ishqiboz edi. Bir kuni u raqibiga pichoq o‘qtalib turgan kishining suratini chizgan edi, garchi odamlar haddan ziyod tasqara: jo‘xoripoyadek ingichka, olako‘z, maymoq tarzda tasvirlangan bo‘lsa-da, dadasi uni rosa maqtadi. «Mana bu haqiqiy erkakcha san’at, – degandi u o‘shanda. – Gul bilan bulbulning suratini, mayli, hezalaklar chizib yuraversin».

Ovqatlanib bo‘lgan Xoldor temir o‘rtog‘ining yoniga borib, chizgan suratiga razm soldi-yu, birdan ko‘zlari chaqnab ketdi.

– Vo‘y! Judayam o‘xshatibsan!

So‘ng daftarni Avtoboladan tortib olib, «Egriburunni ko‘rib qo‘y», deya uni hanuz choy ichib o‘tirgan Supersurga uzatdi. Supersur rasm daftarni mensimagan qiyofada qo‘lga olarkan, choy ho‘playotib ko‘z qirida sahifaga qaradi. Shu qaraganicha avvaliga ko‘zlari lo‘q bo‘lib turib qoldi. Keyin piyolani shosha-pisha stolga qo‘yib, suratga diqqat bilan tikildi. Ko‘rshapalak qoyil maqom qilib chizilgan edi. Hatto qiyshiq burnining yonidagi kichkina chandig‘i ham e’tibordan chetda qolmagandi.

– Yo tavba! – hayrat izhor qildi Supersur. – Kallangni paqir deb yursam, balo ekansan-ku!

Shu payt stol yaqinidagi javoncha ustida turgan yo‘qlagichdan Bekxo‘ja zargarning donador tovushi eshitildi: «Nasibangni yutib bo‘ldingmi, Supersur?»

Supersur sertuk tumshug‘ini yo‘qlagich karnayiga yaqinroq olib borib, g‘ingshigandek ovozda javob qildi:

– Shukur, bo‘kmagudekmiz…

– Juda soz, Supersur, – yana tovush keldi yo‘qlagichdan. – Avval xonamga kirib, dasturxonni yig‘ishtirib ol. Keyin Avtobola bilan mashg‘ulot o‘tkazamiz.

– Xo‘p dedik-ku, xo‘jayin.

Birozdan so‘ng Avtobola istar-istamay Zargarning huzuriga kirib bordi.

– Salom, xo‘jayin.

– Keldingmi? – unga do‘stona nazar tashladi Zargar. – Xo‘sh, ahvollar qalay, Avtobola?

Endigina kresloga o‘tirmoqchi bo‘lgan Avtobola Zargarning so‘nggi so‘zini eshitib, beixtiyor to‘xtalib qoldi. Uning ko‘z o‘ngida samimiy jilmayganicha tikilib turgan oqsoch kishining yoqimli chehrasi namoyon bo‘ldi. Lekin bu chehrani qachon, qayerda ko‘rganini eslay olmadi. Faqat, o‘shanda oqsoch kishi ham xuddi ana shu gapni aytgan: «Xo‘sh, ahvollar qalay, Avtobola?» deya uning boshini silab, yelkasiga dangillatib urib qo‘ygandi.

– Bugun xomush ko‘rinasan, azizginam? – Zargar ko‘zi bilan imo qilib, uni o‘tirishga undadi. – O‘g‘lim xafa qilmayaptimi seni?

– Xoldor bilan urishmaymiz, – o‘rindiqqa yasta nib javob qildi Avtobola. – Anavi Super meni sal narsagayam so‘kaveradi-da. Bundaylarni akkumulatorsiz qoldirib, o‘ldirish kerak.

Bekxo‘ja zargar qah-qah urib kulib yubordi.

– Bu keksa shallaqi oxiri avtomatlarning ham joniga tega boshlabdi-ku, – dedi u kulgidan zo‘rg‘a tiyilib. Keyin, hozir aytadigan gapi kelgusida unga qimmatga tushishini xayoliga ham keltirmagan holda, qo‘shib qo‘ydi. – Afsuski, o‘zidan kuchsizlarni o‘ldirish mardlikka kirmaydi, azizginam.

Xoldorga qo‘shilib ancha o‘yinqaroq bo‘lib qolgan Avtobola, «gapni cho‘zmay, darsingni tezroq o‘tib qo‘y qol-da», degandek toqatsizlanib turardi. Buni fahmlagan zargar qiyofasini birdan jiddiylashtirib, barmog‘ida stolni chertgan asno bir zum shipga tikilib turdi.

– Yanglishmasam, o‘tgan darsda biz buyum va uning qadri haqida suhbatlashib, oxiri oqilona bir xulosaga kelgan edik, – deya gapga kirishdi u Avtobolaga yuzlanib. – Xo‘sh, yodingdami o‘sha xulosa?

– Esimda turibdi, – bosh irg‘adi o‘ta noyob xotirali Avtobola. – Siz, «Buyumning qadri – uning narxida», degan edingiz.

– Ofarin, Avtobola! Demak, yo‘lda yotgan temir qoshiqni hatto sayoq it ham hidlamaydi. Ammo o‘sha qoshiqdek tillani deb kap-katta odamlar bir-birlarini bo‘g‘izlashsa, biz bundan zarracha hayratlanmasligimiz kerak ekan. Shundaymi?

– To‘g‘ri, xo‘jayin, – Avtobola Zargarning gapini ma’qullab, yana bosh irg‘adi. – Chunki, tillaning narxi baland.

Zargar bo‘zrang yuziga tantanavor tus berib, navbatdagi mujmal falsafalari bilan talabasining pozitron miyasini g‘ovlatishga kirishdi.

– Bugun biz pul va odamzodning unga munosabati haqida gaplashamiz, – dedi u. – Odam yer yuzidagi barcha mavjudot singari, asosan, nafsini qondirish bilan ovora bo‘lsa-da, sinchiklab kuzatilganda, unda ba’zi bir afzalliklar mavjudligi ko‘zga tashlanadi. Ya’ni pulni oddiy qog‘ozdan ajrata oladi, pulga mehr qo‘yadi, jamg‘aradi, zarurat tug‘ilganda, qisman xarjlaydi ham. Odamzod aynan shu qobiliyati bilan eshak va cho‘chqadan keskin farq qiladi.

Bekxo‘ja navbatdagi jumlalarni fikrida marjondek tizib olish uchun biroz to‘xtalib turdi.

– Nozik tabiatli odamzodning hurmat-e’tiboriga haqli ravishda sazovor bo‘lgan o‘sha pul ikki xil yo‘nalishda harakat qiladi, – deya «dars»ni davom ettirdi Zargar. – Birinchi yo‘nalish, bu – daromad, ikkinchisi – xarajat. Yanayam soddaroq qilib aytadigan bo‘lsak, cho‘ntakka tushgani – daromad, cho‘ntakdan ketgani – xarajat deyiladi. Ba’zi donolar daromadni kirim deb ham aytadi, xarajat esa chiqimdir. Daromad qancha mo‘may bo‘lsa, sarf-xarajat uchun shuncha qulay imkoniyat tug‘iladi. Ammo har qanday holatdayam, xarajatning daromad bilan tenglashib qolishiga zinhor-bazinhor yo‘l qo‘ymaslik kerak. Cho‘ntakdagi xonavayronlik mana shu oddiy qoidani tushunib yetmaslik yoki unga ko‘r-ko‘rona itoat qilmaslikdan boshlanadi. Hamyoni bo‘m-bo‘sh bandada esa na burd qoladi, na obro‘…

Avtobolaga o‘z portretini chizdirishni niyat qilib o‘tirgan Supersur uning darsdan toliqib chiqqanini ko‘rib, bu ishni keyinroqqa surishni ma’qul topdi.

– Kallam qizib ketdi, – keliboq o‘zini karavotga tashladi Avtobola. – Meni uxlatib qo‘y, Supersur. Ozgina bo‘lsayam uxlavolay.

– Senga maza, paqirbosh, – dedi Supersur, gerday ganicha kelib, uning ko‘kragidagi qopqoq murvatini burarkan, – qizil tugmani bossa – o‘lasan, yashilni bossa – tirilasan. Agar men bir o‘lsam, akasi, to‘qson joyimni bosganingdayam hatto qulog‘im qimirlab qo‘ymaydi.

U ichida yashil va qizil tugmachasi bo‘lgan quticha qopqog‘ini ochib, qizilini bosdi, Avtobola shu zahotiyoq uyquga ketdi. Supersur po‘lat qopqoqchani yopib, «erkatoyim alla-yo, paqirboshim alla-yo», deb ming‘irlaganicha tashqariga qarab yo‘naldi.


Страницы книги >> Предыдущая | 1 2 3 4 5 6 | Следующая
  • 0 Оценок: 0

Правообладателям!

Это произведение, предположительно, находится в статусе 'public domain'. Если это не так и размещение материала нарушает чьи-либо права, то сообщите нам об этом.


Популярные книги за неделю


Рекомендации