Текст книги "Oltin yurakli Avtobola"
Автор книги: Anvar Obidjon
Жанр: Современная зарубежная литература, Современная проза
сообщить о неприемлемом содержимом
Текущая страница: 3 (всего у книги 6 страниц)
BIRINCHI AMALIY MASHG‘ULOT
Devordagi osma soat tungi uchga zang urgan chog‘da uyqu elita boshlagan qorovul chol sergaklanib ko‘zini ochdi. Uning qovoqlari qo‘rg‘oshin osilganday og‘irlashib ketgan, boshidagi sarxushlik tarqamay, stulda tebranib o‘tirardi. Chol uyqusini qochirish uchun termosdan piyolaga qaynoq choy quyayotgan vaqtda o‘zi o‘tirgan xonaning yonginasidagi tashqi eshikning qarsillab ochilgani, ichkaridan solingan qulfning sharaqlab yerga tushgani eshitildi. Qorovul hushini yig‘ishtirib ulgurmay, boshdan oyoq temir niqob kiygan ajinasifat bir maxluq alanglab xonaga kirdi. Maxluqning yelkasida qiyrixon qilib osilgan ko‘k baxmal xalta bo‘lib, xaltaning o‘rtasiga qip-qizil xo‘rozning surati solingandi.
– Damingni chiqarma! – devorda osig‘liq turgan miltiqqa qo‘l cho‘zganicha qotib qolgan qorovulga yaqinlashib, barmog‘ini labiga bosdi Avtobola. – Tshsh-sh!!!
– La ilaha illolloh, – yelkasini qunishtirib kalima keltira boshladi chol. – Og‘zingga oshpichoq, ko‘zingga qalampir… Kuf-suf! Daf bo‘l!
– Oshpichog‘ingdanam qo‘rqmayman, qalampiringdanam, – dedi Avtobola. So‘ng, baquvvat panjalari bilan cholning bo‘g‘zidan ushlab, sudragudek holatda uni koridorga olib chiqdi. Ko‘rshapalak qog‘ozga chizib ko‘rsatgan yo‘llanma bo‘yicha aniq harakat qilib, koridorning o‘ng tarafidagi beshinchi eshik qarshisiga yetganda taqqa to‘xtadi.
– Yaxshilikcha ochib ber, – «kasaba uyushmasi» degan taxtacha qoqilgan eshikni ko‘rsatib, cholga buyurdi u.
– Bu xonaning kaliti egasida, – qo‘rquvdan dir-dir titrab javob qildi chol. – Aldayotgan bo‘lsam, ustimda Xudo turibdi.
Avtobola qora tugmaga o‘xshash ko‘zini g‘ildiratganicha tepaga qaradi, shipda hech narsa ko‘rinmagach, «he yolg‘onchi», deya barmog‘ini saraklatib, cholni tergagan bo‘ldi. Keyin, tutqichdan ushlab turib, eshikni shunchaki siltagan edi, qulf turgan joy o‘pirilib, atrofga payraxa sachradi. U qorovulni ichkariga yetaklab kirdida, xonaning to‘risiga olib borib, yuzini devorga o‘girib qo‘ydi. «Damingni chiqarma», deya ogohlantirdi qaytadan.
Avtobola xona burchagida turgan temir javonning yoniga bordi. Bu – devorlari orasiga qum to‘latilmagan oddiy seyflardan edi. U eshikchaga o‘rnatilgan qo‘shquloqli buramani ikkala qo‘lida ushlab turib, shaxt bilan orqaga aylantirdi. Seyfning ichida allaqanday temirlar sochilib ketgandek bo‘ldi. So‘ng bamaylixotir eshikchani ochib, xo‘roz gulli xaltadan fonar chiqardi, seyfning ichini yoritdi. Yuqoridagi taxmonda sochilib yotgan, pastkisida esa beli bog‘langan holda taxlab qo‘yilgan pullar turardi.
«Mana, o‘sha noyob qog‘ozlar! – sevinib o‘yladi Avtobola. – Ko‘rshapalakning tili bilan aytganda, «Ko‘rdingki pul, darrovda yul!»
U xaltachaga dastavval seyfning ustki taxmonidagi pullarni soldi. Pastdagi taxmonda esa pul juda ko‘p edi, xaltaga yarmidan ozrog‘i sig‘di xolos.
Avtobola bir daqiqa o‘ylanib qoldi. Keyin xaltadagi pullarni yana joyiga ag‘darib, eshikchani berkitdi-da, seyfni biroz yonboshlatdi, o‘zi egilganicha uning tagiga kirdi.
Polni sindirgudek og‘ir qadam tovushi tobora uzoqlashib borayotganini sezib turgan qorovul qo‘rqapisa boshini ortga o‘girgan paytda temir ajina ham, paxta tozalash zavodi kasaba uyushmasi ixtiyoridagi seyf ham xonadan g‘oyib bo‘lgandi.
«Yopiray! – anqayib qoldi chol. – Sulaymon payg‘ambarning devi tog‘dan tushganga o‘xshaydi. Oxirzamon yaqin shekilli…»
* * *
…Deraza yonida tamaki burqsitib bedor o‘tirgan Ko‘rshapalak kattakon seyfni orqalab olganicha chorbog‘ga yaqinlashayotgan Avtobolani ko‘rib, kapalagi uchib ketdi. Sapchib o‘rnidan turib, tashqariga chiqqan vaqtda Avtobola allaqachon pillapoyadan ko‘tarila boshlagan edi.
– Qayoqqa o‘rmalayapsan, befarosat? – nima qilarini bilmay potirlab qolgan Ko‘rshapalak Avtobolani bo‘ralashga tushdi. – Nega ko‘tarib kelding bu duranduletni? Mol ekansan-ku!
– Nima qil deysan, egriburun? – seyf ostidan o‘qrayib boqdi Avtobola.
– E-e… manavi tomonga yur, – Ko‘rshapalak nihoyat o‘zini o‘nglab olib, uni chorbog‘ ortidagi xilvat eshik tarafga yetakladi.
Ular seyfni eshik yonidagi omborga qo‘yishgach, boshliqni bu ishdan tezroq xabardor qilishga oshiqqan Ko‘rshapalak lapanglab chiqib ketdi. Birozdan so‘ng ilondek vishillab yana qaytib keldi. Uning ketidan Bekxo‘ja zargar o‘tirgan g‘ildirakli kresloni itarganicha Supersur kirdi.
– Pullar xaltaga sig‘madi, xo‘jayin, – seyfni bu yerga orqalab kelishga majbur bo‘lganligining sababini tushuntirdi Avtobola.
Bir necha ming kishilik zavod ishchilaridan tushadigan badallar ancha yirik bo‘lishini Zargar ilgaritdan chamalab qo‘ygandi-yu, lekin bu pullarning xaltachaga sig‘may qoladigan darajada mo‘may ekanini tasavvur ham qilmagandi.
Bekxo‘janing birdan kayfiyati ochilgani uning yiltirayotgan ko‘zlaridan yaqqol sezilib turardi. Bu mamnunlik oyoqlari ostida salmoqdor o‘lja yotganidan emas, balki Avtobola topshiriqni kutilganidan afzalroq qilib o‘rinlatgani tufayli edi.
– Kasbdoshingga bunaqa angrayib qarama, Ko‘rshapalak, – rohiblardek tavoze bilan so‘zladi Zargar. – Qani, daromadni bir hisoblab ko‘r-chi.
Ko‘rshapalak seyfni inqillagancha zo‘rg‘a engashtirib, ichidagi narsalarni ag‘dardi. Yerda bir uyum pul va bir necha bog‘lam lotereya pattalari qalashib yotardi. Zargar Supersurning yordamida bir bog‘lam lotereya pattasini qo‘lga olib, Avtobolaga yuzlandi:
– Manavi narsa, azizginam, oddiy nayrangda ishtirok etuvchilarga tarqatiladigan qadrsiz qog‘oz. Adashmasam, men senga haqiqiy pullardan namunalar ko‘rsatgan edim. Darsni yaxshi o‘zlashtirolmabsan-ku.
– Egriburun bergan chiroq judayam xira yonarkanda, – bezrayganicha aybni Ko‘rshapalakka ag‘dardi Avtobola. – Qorong‘ida bular ham pulga o‘xshab ko‘rindi, xo‘jayin.
Buni eshitib, Ko‘rshapalakning fig‘oni falakka chiq di.
– Duranduletning topgan bahonasini qarang, – sog‘ ko‘zini olaytirib o‘shqirdi u. – Fonar xira yonganmish. Yaxshisi, o‘zing bironta ustaxonaga borib, ko‘zingni tuzattirib kel.
Supersur ham kechagina qarta o‘yinida unga ta laygina pul yutqazgan jabrdiyda Ko‘rshapalakning yonini olishga tirishib, Avtobolaga bo‘yin cho‘zdi:
– Bu kallami yo mantiqozonmi?
Zargar «bas» degan ma’noda sheriklariga xo‘mrayib qo‘ygach, Avtobolaga yuzlanib so‘radi:
– O‘ylaymanki, qorovulni gumdon qilgandirsan?
– Kuchsizlarni o‘ldirish mardlikka kirmaydi, xo‘jayin, – dars chog‘ida eshitgan gapini «muallim»ning o‘ziga takrorladi Avtobola. – Yo noto‘g‘rimi?
Bundan bir necha hafta ilgari bu gapni Avtobolaga shaxsan o‘zi aytganini Bekxo‘ja ham esladi. O‘z falsafasiga o‘zi qarshi chiqqudek bo‘lsa, talabasining ishonchini birmuncha so‘ndirishi mumkinligini payqab, picha kalovlanib qoldi.
– Umuman, sen haqsan, – oz-moz yon bosgan bo‘ldi u. – Lekin, shuni unutmaginki, bugun sen ojizligi uchun sichqonni ayasang, ertaga u xo‘roz gulli xaltangni ilma-teshik qilvoradi. Ojizlar ikki xil bo‘ladi, azizginam. Tirikchilik jangida beayov bo‘l, g‘aflatda qoldirmasang, g‘aflatda qolasan.
Zargar so‘zini tugatib, xavotirli qiyofada seyfga tikildi. Davlat hisobida turuvchi bu inventarni chorbog‘dagi omborda qoldirib bo‘lmasdi. Lotereyalarning ham bahridan o‘tgan ma’qul edi. U pattalarni qaytadan seyfga solishni, seyfni esa ikki chaqirim naridagi ko‘lga cho‘ktirib yuborishni buyurdi. Sho‘rlik Avtobola o‘zi ko‘tarib kelgan dahmazani yana orqalashga majbur bo‘ldi.
– Cho‘talning barakasi qochdi-ku, – Avtobola ketgach, yerda yotgan bir to‘p pulga nokaslik bilan ko‘z qadadi Supersur. – Aslida, kassani ursayam bo‘larkan.
– Kassada signalizatsiya bor, – dedi Zargar. – Qolaversa, ishchilar kecha maoshlarini olib bo‘lishgan. Mening maqsadim otamdan qolgan paxta zavodidan ulushimni tortvolish emas, Avtobola bilan shunchaki amaliy mashg‘ulot o‘tkazish edi.
Bekxo‘ja zargar o‘zining tadbirkorligidan faxrlanib, mag‘rur ko‘krak kerib qo‘ydi.
«Eh, Kamol Kamtariy, Kamol Kamtariy! – nimadandir o‘chkor kimsalarga xos qiyofada yupqa, xushbichim labini zaharxanda burib, xayolga cho‘mdi u. – Bir paytlar pullarimning qudratiga shak keltirib, bir umrga tatiydigan xatoga yo‘l qo‘yding. Men seni o‘zing uchun aziz bo‘lgan ko‘pgina narsalardan bebahra qildim, har qadamda ruhan azob berdim, hayot dasturxoningdan lazzatni birma-bir tortib oldim. Sen tanholik iztiroblaridan qutulish uchun o‘zingga temir ovunchoq yasading. Lekin Avtobolang hali ko‘z ochishga ulgurmay, seni yana judolik botqog‘iga cho‘ktirdim. Bundan bir necha yil avval «iste’dodsiz va maishatparast», deb o‘z assistentingni vazifasidan chetlatding, ilmiy ishini chippakka chiqarding. Xuddi o‘sha iste’dodsiz shogirding Avtobolangni oyoqqa turg‘izib berdi, bizga uning nozik sirlarini o‘rgatdi. Bularning hammasini men emas, mening pullarim qildi. Mening kuchim – mening pulimda. O‘sha pul yordamida, agar xohlasam, seni hatto unvonlaringdan ham benasib qilishim mumkin edi. Ammo buni istamadim. Chunki, raqib qanchalar nomdor bo‘lsa, u bilan olishish shuncha gashtli. Men qarshimda ojiz kimsa emas, balki bir vaqtlar ilm-u fanning qudratiga astoydil sajda qilgan, endilikda o‘sha qudratni turli unvonlar vositasida o‘zida mujassamlashtirgan mashhur Kamol Kamtariy ruhan murdaga aylanishidan zavqlanaman. Sen hozircha o‘zingni tetik tutayotgan bo‘lsang-da, ingrayotganingni eshitib turibman. Ingra yotgan ekansan, demak, pulning bilaklari kuchlilik qilyapti. Ha, pul kuchli!»
OLTIN TUZOQ VA MIKROMAYOQ
Mayor Ahmedov professor bilan ko‘rishib, hol-ahvol so‘rab bo‘lgach, divanga o‘tiriboq asosiy gapga o‘tdi.
– Nega kelganligimni aytmasam ham bilib turgandirsiz, – deya suhbatdoshiga yuzlandi u. – Shahardagi shov-shuvlardan hurmatli professor bexabar qolmagandirlar?
– Xabarim bor, – asta bosh qimirlatdi Kamol Kamtariy. – Hammaning og‘zida – Avtoo‘g‘ri.
– Tasodifan tirik qolgan qorovul chol temir talonchining ishlarini aytib berayotganida Avtobolaning imkoniyatlari haqidagi so‘zlaringiz beixtiyor yodimga tushdi, – professorning ko‘nglini avaylab gapirdi mayor.
Kamol Kamtariy bu talonchilikka go‘yo shaxsan o‘zi rahbarlik qilgandek, gunohkorona bosh egdi.
– Ha, u mening Avtobolam, – dedi chuqur homuza tortib. – Boshqa biron-bir robot bunday puxtamon ish qilishi mumkin ham emas.
Mayor professordan ruxsat so‘rab, sigaret tutatdi. Al-Xorazmiyning devordagi suratiga tikilganicha sigaretni bosib-bosib tortdi-da, suhbatdoshiga qarab dedi:
– O‘sha bezori sizning Avtobolangiz ekanligini bo‘yningizga qo‘yish uchun kelganim yo‘q bu yerga. Sizdan yordam so‘ramoqchiman.
Professor mayorning ko‘zlaridan uning fikrini uqib olishga tirishib, sinchkovlik bilan razm soldi.
– Aytmoqchisizki… avtobezoriga qarshi avtoizquvar yasab…
– Yo‘q, menimcha bu haddan tashqari ko‘p vaqtni oladi, – uning gapini bo‘ldi mayor. – Menga… bizga mikromayoq kerak.
– Nima?
– Oddiy mikromayoq. U iloji boricha ko‘zga tashlanmaydigan, keyin magnitli bo‘lsa devdim. Ana undan so‘ng «Oltin tuzoq» operatsiyasini boshlasak ham bo‘laveradi.
Mayor o‘ylab topgan bu tuzoq juda jo‘n va ishonchli edi – shaharda qadimiy noyob oltin bezaklar ko‘rgazmasini tashkil etish kerak, degan qarorga kelgandi u. Bu ulgurji o‘lja Avtobolani o‘z chig‘irig‘ida o‘ynatayotgan to‘daning e’tiboridan chetda qolishi mumkin emasdi. Mayorning rejasiga ko‘ra, mikromayoq yirikroq bezaklardan biriga yopishtirib qo‘yilar, so‘ngra, bu chinqarcha uskunadan tinimsiz kelib turadigan signal yordamida talonchining iziga tushish imkoni tug‘ilardi.
– Umuman aytganda, ancha qiziq narsa o‘ylab topibsiz, – dedi professor. – Lekin mikromayoqning nima keragi bor? Avtobolani o‘sha ko‘rgazmaning o‘zida bemalol tutib olishingiz mumkin. Masalan, o‘ta mustahkam qafas yasab…
– Mana shu yerga kelganda izquvar emasligingizni sezdirib qo‘ydingiz, – sigaret kulini qoqayotib gapni ilib ketdi mayor. – Qulfbuzardan ko‘ra, unga buyruq berayotganlar meni… bizni ko‘proq qiziqtiradi. Agar Avtobolani qo‘lga olsak, o‘z boshliqlarining qayerdaligini osongina aytib beradi deb o‘ylaysizmi?
Avtobola bilan ochiqchasiga gaplashish uchun eng avvalo uning ishonchini qozonish lozim edi. Aks holda, uni hech qanday kuch bilan hech narsaga majbur qilib bo‘lmasligini professor yaxshi bilardi. Uning ko‘nglini topish, to‘g‘ri yo‘lga solishga esa talay vaqt kerak bo‘ladi. Lekin mayor uchun har bir daqiqa g‘animat, u asosiy jinoyatchilarni tezroq qo‘lga tushirish haqida o‘ylayapti. Nega tezroq? Agar shoshilmasa, butunlay kechikishi mumkin. Uning ishi shunaqa.
Kamol Kamtariy andak sukut saqlab turgach, o‘z o‘g‘lining odobsizligidan xijolatga tushgan otadek iymanib, mayordan so‘radi:
– Paxta zavodidan qancha pul o‘g‘irlanibdi o‘zi?
– Hozircha uncha ko‘p emas, – «hozircha» degan so‘zga alohida urg‘u berib gapirdi mayor. – Menimcha, Avtobolani shunchaki sinab ko‘rishgan bo‘lsa kerak.
– Sinab ko‘rishgan?
– Ha, bunga ishonchim komil. Agar zudlik bilan oldi olinmasa, Avtobolangiz… kechirasiz, o‘sha temir qaroqchi hali ajabtovur karomatlar ko‘rsatishi mumkin… Xullas, mikromayoq qancha tez bitsa, shuncha yaxshi.
Diqqati oshgan professor mayor ketgandan keyin xonada u yoqdan bu yoqqa tinimsiz aylanib yurdi.
Bu qanday gap? Professor Kamol Kamtariy nodir apparatini eng pokiza orzu-umidlar bilan yaratmaganmidi? Nahotki, uning temir bolasi bugun birovlarni muttahamlarcha talayotgan bo‘lsa?
Bugun talayapti! Ertaga qotillik qilsa-chi? Unda, keksa olim odamlarga qaysi yuz bilan qaraydi? Men buni istamagandim, uni boshqalar yo‘ldan urishdi, deyish bilan o‘zini oqlashi mumkinmi?
«Axir sen juda royishli eding-ku! – alam bilan lab tishladi professor. – O‘sha kuni ko‘zlaring shunaqayam samimiy chaqnagan ediki…»
O‘sha kun professorning sirayam yodidan chiqmaydi. «Yettinchi sayyora» firmasiga oltin akkumulator buyurishdan oldin Avtobolani har ehtimolga qarshi sinab ko‘rmoqchi bo‘ldi – uning «tomirlari»ga o‘n ikki voltli elektr tokini yubordi. Xona burchagiga suyab qo‘yilgan, kallasi quyi solinib, oyoq-qo‘li shalvirab turgan Avtobola asta-sekin qaddini rostladi, boshini o‘ng-u so‘lga burib, xonadagi buyumlarni, al-Xorazmiyning devordagi portretini diqqat bilan ko‘zdan kechirdi va nihoyat Kamol Kamtariyga tikilganicha turib qoldi. Professor unga jilmayib boqarkan: «Xo‘sh, ahvollar qalay, Avtobola?» deya uning spiralsimon metalldan mayin qilib yasalgan jingalak sochini siladi, «Bardam bo‘l, yana bir necha kun sabr qilishingga to‘g‘ri keladi», degan mazmunda yelkasiga qoqib qo‘ydi.
Avtobolaning barcha qismlari bekam-u ko‘st ishlayotganiga ishonch hosil qilgan professor kuchsizlantirilgan elektr tokini uzarkan, Avtobolaning qaytadan shalvirab qolganini ko‘rib, negadir ko‘ngli buzildi – hayotga ilk marta nazar tashlash baxtiga muyassar bo‘lgan begunoh go‘dakni shu soniyadayoq bo‘g‘ib o‘ldirgandek his etdi o‘zini…
Kamol Kamtariy hozir ana shular haqida o‘ylarkan, nigohida g‘urur va cheksiz beg‘uborlik aks etib turuvchi Avtobolaning qiyofasi ko‘z o‘ngida yana bir bor gavdalandi. Xonada u yoqdan bu yoqqa yurishdan to‘xtalib, hozirgina dardchillik yog‘ilib turgan nursiz ko‘zlarini qattiq yumganicha, joyida qotib qoldi. Shu turishda o‘zicha ma’yus shivirladi:
– Seni nima qilib qo‘yishdi, bolaginam!
O‘Q O‘TMAS TALONCHI
Mamat-millioner Kimyogarlar shaharchasidagi do‘konlardan pul solingan qopchiqlarni yig‘ishtirib bo‘lib, «Volga» mashinasining orqa o‘rindig‘iga yastanganicha shahar tomonga yo‘l oldi. To‘g‘risini aytganda, u hech qanaqa millioner emasdi, o‘rtamiyona maoshini u oydan bu oyga uchma-uch yetkazar, to‘qqiz nafar bolasini yasantirishdan orttirib, o‘zi durustroq kostum ham sotib ololmasdi. Salkam o‘ttiz yildan beri inkassator bo‘lib ishlayotgani, qo‘lidan kuniga o‘n ming so‘mlab pul o‘tib turishi tufayli ulfatlari unga ana shunday dabdabali laqab qo‘yishgandi.
Kimyogar shaharcha bilan shahar oralig‘idagi o‘n besh kilometrlik masofada jizg‘anak dashtlik yastanib yotar, hozirda yam-yashil daraxtlar va anvoyi gullarga burkangan shaharchaning o‘rni bundan bir necha yil ilgari xuddi mana shunday tap-taqir joy bo‘lganiga kishining ishongisi kelmasdi.
Mamat-millioner bu yovvoyi manzarani, kim biladi, nechanchi bor his-hayajonsiz tomosha qilib borarkan, bugun o‘rtancha qizining tug‘ilgan kuni ekanligi birdan yodiga tushdi. Qanday sovg‘a olgani ma’qulligi haqida o‘ylab, jag‘ini siladi. Lekin o‘yini oxiriga yetkazish unga nasib qilmadi – bir qo‘lini yuqori ko‘targanicha yo‘l yoqasida gerdayib turgan temir odamni ko‘rib, ko‘zlari olayib ketdi.
– To‘xtama! – shofyorning yelkasiga nuqib baqirdi u. – Bu o‘sha! Avtoo‘g‘ri!
Shofyor ko‘proq gaz berib, mashinasini g‘uvullatganicha yo‘lto‘sarning yonginasidan o‘tib ketdi.
– Tezroq hayda! – to‘pponchasini yalang‘ochlab, orqa oynakka o‘girilib olgan Mamat-millioner haydovchini battar qistashga tushdi. – Avtoo‘g‘ri bizni quvib kelyapti!
Mashina spidometri tobora yuqori tezlikni ko‘rsata boshladi: 100… 110… 120… 130…
– Yanayam tezroq! – chinqirdi Mamat-millioner.
Nayzacha soatiga 140 kilometr tezlikni ko‘rsatgan vaqtda shaldiroq mashinaning motori ingraganga o‘xshash tovush chiqarib, tunuka devorlar zirillab titray boshladi. Bu eng oxirgi tezlik edi.
Ularga qaldirg‘ochdek shitob ila yaqinlashib kelayotgan Avtobola oxiri mashinaga yetib olib, jahd bilan tunuka tomga mushtladi. Tomning lagandek joyi ichkariga botib ketdi. O‘takasi yorilayozgan Mamatmillioner issiq havoda oynasi tushirib qo‘yilgan orqa eshikning derazasidan temir qaroqchiga qarata ketma-ket o‘q uzdi. Avtobola deraza girdidan mahkam ushlab olganicha mashina bilan hanuz yonma-yon chopib borarkan, ko‘zlarini lo‘q qilib, ichkariga mo‘raladi.
– Hey, to‘nka! – dedi u o‘dag‘aylovchi qiyofada. – Men bilan yana «urush-urush» o‘ynaydigan bo‘lsang, mo‘ylovingni yulvolaman.
Temir qaroqchiga hatto o‘q ham ta’sir qilmaganini ko‘rgan Mamat-millioner vahimadan angrayganicha qarshi tomondagi burchakka qapishib qoldi. Avtobola mashinaning oldingi derazasiga o‘tib, bir qo‘li bilan rulni changalladi.
– To‘xta! – baqirib buyruq qildi u. – To‘xtamasang, mashinangni burib yuboraman. Ana unda, oyog‘ing osmondan bo‘lishini ko‘rasan.
Shofyor noiloj tormozni bosdi. Avtobola eshikni ochib, qo‘rquvdan dag‘-dag‘ titrayotgan shofyorni tashqariga sug‘urib olgach, uni yo‘lning narigi chetiga koptokdek uloqtirib yubordi-da, kela solib yana Mamatmillionerga xuruj qila boshladi.
– Daromadni yaxshilikcha buyoqqa cho‘zib qo‘y, – dedi u orqa eshikni ochib, temir panjasini tajovuzkorlik bilan ichkariga uzatarkan.
– Jinnimisan?! – qopchiqlarni ko‘ksiga bosib shang‘illadi Mamat-millioner. – Bular davlatni puli-ku, esi past!
– Kimnikiligi bilan nima ishim bor? – surlanib javob qildi Avtobola. – Pul davlatniki bo‘lsa, olmagin deyishmagan menga. Qani, cho‘z daromadni.
Mamat-millioner ham bo‘sh kelmadi.
– Buning javobgarligi katta, ho‘, bola, – barmog‘ini bigiz qilib, yuqorini ko‘rsatdi u. – O‘zbekiston jinoyat kodeksini o‘qiganmisan o‘zing? Bunaqa qalloblik uchun seni temir-tersakka topshirishadi, hov!
– Kallamni ko‘p qizdirma, – Avtobola ichkariga bosh suqib, qopchiqlardagi pullarni xashak yig‘ayotgandek g‘ijimlab-g‘ijimlab, xo‘roz gulli xaltachasiga tiqa boshladi.
– To‘xta deganda to‘xtamaganing uchun ikkalangniyam chalpak qilib tashlasam bo‘lardi-yu, kuchsizlarni o‘ldirish mardlikka kirmaydi-da.
U yig‘ma zanjirni tortib xaltachaning og‘zini berkitgach, orqaga tisarilarkan, barmog‘ini labiga bosib xo‘mrayganicha dedi:
– Damingni chiqarma! Tsh-sh-sh!
Mamat-millioner es-hushini yig‘ib olib, qo‘rqa-pisa ortga o‘girilgan damda, ko‘k xaltali temir qaroqchi dashtni changitganicha «reaktiv tezlik»da ulardan uzoqlashib borayotgandi.
Bu voqeadan keyin Avtoo‘g‘ri haqidagi mish-mishlar shaharda yanayam avj oldi. Kishilar har joy-har joyda to‘planishib, o‘zaro gap talashishar, ular o‘rtasidagi bahs goho soatlab davom etardi:
– «Volga»ni quvib yetibdi-ya…
– Bir mas’ul o‘rtoqdan eshitdim – soatiga besh yuz bosarmish xumpar…
– Bankning moshinasini shilganidan keyin… Bo‘lganicha bo‘pqolgandir, a?
– Buni qarangki, varanglatib peshanasidan otishsa, pinaginiyam buzib qo‘ymabdi…
– Nima bo‘lgandayam, ushlash kerak o‘sha o‘g‘rivachchani…
– Buni endi o‘zing boplarsan, oshna. Yaqin orada «assalomu alaykum» deb derazangdan kirib qolsa, qo‘ldan chiqarmaysan-da. Vax-xax-xa, vax-xax-xa…
PUFAK MOMO
Xoldor o‘zining yoshiga nomunosib ravishda o‘ta qo‘rs va tajang edi. U chuqur botgan ko‘zlarini chaqchaytirganicha kishiga zimdan xo‘mrayib boqar, xiyol do‘rdoq lablarini arazgo‘ylik bilan cho‘chchaytirib gapirar, achchig‘i kelganda cho‘ziq qoshlari burni ustida tutashib, do‘ng peshanasi xamirturushdek tirishib ketardi. Undagi bu qadar jizzakilik sababini faqat arzandalik, haddan ziyod erka-tantiqlik, atrofidagi shaxslarning badfe’lligidan izlash noto‘g‘ri bo‘lardi. Tashqi muhit bilan deyarli aloqada bo‘lmaslik, harakat doirasining torligi, tengdoshlari bilan quvnab, dil g‘ashliklarini dala-dashtga sochib kelish imkonidan mahrumlik; ona mehriga, tabiat og‘ushiga, erk va poyonsizlikka bo‘lgan instinktiv tashnalik uning murg‘ak asabiga o‘z ta’sirini o‘tkazmay qolmagandi.
Supersur o‘zining shalog‘i chiqqan «Zaporojes»ida (Xoldor uni «qo‘ng‘iz moshina» derdi) ba’zan ota-bolani sayr qildirib kelishi hisobga olinmasa, u aytarli ko‘cha yuzini ko‘rmay katta bo‘ldi. Faqat, dadasi temir o‘rtoq olib bergandan keyingina (ha, Xoldor Avtobolaga dadasi tomonidan ataylab uning uchun sotib olingan ovunchoq sifatida qarardi), kunlari ancha quvnoq kecha boshladi. Bunaqangi ajoyib oshna bilan o‘ynab, kim ham zerikardi deysiz?
Chorbog‘ etagidagi omborxona yonida Avtobolani toychoqdek minib yurgan Xoldor ravotga tutash qurilgan shiypon ostida Supersur mashinasini kovlashtirayotganini ko‘rib, dili ravshan tortdi. «Toychoqdan» sakrab tushib, shiyponga kirdi.
– Hey, Super, yana shaharga oborasanmi bizni? – ikkala qo‘lini biqiniga tirab turib so‘radi u.
Motorga yonilg‘i yetib kelmayotganining sababini aniqlolmay xunobi oshib turgan Supersur Xoldorga o‘qrayganicha bir qarab qo‘ydi-yu, indamay ishini davom ettiraverdi. Yana picha uymalangach, qo‘lidagi omburni jahl bilan yerga uloqtirib, shiypon chetidagi supachaga borib o‘tirdi, moyga belangan qo‘llarini irkit lattaga shoshilmasdan arta boshladi.
Xoldor takabbur Supersurning ahvoli tangligini ko‘rib, «battar bo‘l», deya o‘yladi ich-ichidan quvonib. Keksa ovsar bilan o‘chakishishdan zavq olib o‘rgangan quv bolakay uning yarasiga tuz sepish uchun ataylab haqoratomuz ohangda gap qotdi:
– Yangi moshina olsang o‘lasanmi, kal?
Lekin Xoldor bu safar noumid qoldi. Supersur o‘z odatiga ko‘ra tutaqib bo‘ralash o‘rniga unga qiya boqib, mayna qilayotgandek yasama tirjayish bilan ming‘irladi:
– Shu aqlni dadalariga o‘rgatsalar qalay bo‘larkin?
– O‘zingdayam mana shuncha til bor, – deya qulochini yozib ko‘rsatdi Xoldor, – borib aytaver-da.
– Aytib ko‘rganmiz, – siyrak tishlari orasidan “chirk” etkazib tupurib qo‘ydi Supersur. – Xo‘sh, xo‘jayin nima deb javob qilganini biladilarmi?
Xoldorning indamay turganini ko‘rgan Avtobola, shosha-pisha gap qistirdi.
– Ezmalik qilyapsan, Supersur. Xo‘jayin senga nima deganini Xoldor qayoqdan biladi?
– U kishi, – gap Xudo haqda ketayotgandek ikkala qo‘li bilan osmonga ishora qildi Supersur, – mol-dunyong qanchalik ko‘paysa, shuncha seryamoqroq ishton kiy, dedilar.
– Qanaqa… ishton? – serrayganicha so‘radi Xoldor.
Supersur indamay o‘rnidan qo‘zg‘alib, allaqanday qo‘shiqni xirgoyi qilganicha hovli tarafga keta boshladi.
– Tamom! – dedi Avtobola uning ortidan sinchkov boqib. – Super tamom bo‘pti. Miyasi buzilganga o‘xshaydi. Sen moshinadan gapirsang, u ishtondan kelyapti.
Keyin, Supersurning yo‘qligidan foydalanib, ikkalasi mashinani o‘ynashga tushdi. Xoldor rulga o‘tirdi, Avtobola uning yonidagi o‘rindiqqa cho‘kdi. Xoldor rulni u yoqdan bu yoqqa aylantirib, «dr-r, dr-r», deya og‘zidan tinimsiz tupuk sachratar, Avtobola esa ora-sira «bip-bibip», deb tovush chiqarib qo‘yardi.
– Moshina tuzalsa, seniyam o‘ynatgani oboraylikmi? – rulni alg‘ov-dalg‘ov burashda davom etib so‘radi Xoldor. – O‘zi kichkina bo‘lsayam, juda tez yuradi bu.
– Baribir, mendan o‘tolmaydi, – maqtandi Avtobola.
Temir o‘rtog‘ining beqiyos darajada chopqirligidan hanuz bexabar yurgan Xoldor unga ko‘zini olaytirib boqdi.
– Jinnimisan o‘zing? Buni qo‘ng‘iz moshina deb qo‘yibdi!
– Men bilan hazillashma, – qizishdi Avtobola. – Hakkalab yurganimdayam, bunaqa qo‘ng‘izlaringdan o‘tib ketaman, bildingmi!
– O‘tasan-a, o‘tasan!
– Ke, garov o‘ynaymiz, – battar achchiqlandi Avtobola.
– Bo‘pti. Nimadan o‘ynaymiz?
– To‘pponchangdan. Men yutqazsam, fonarimni beraman.
Ular mashinadan tushishgach, Avtobola darvozaning og‘ir temir tambasini osongina chetga olib, Xoldorni tashqariga yetakladi. Ikkalasi chorbog‘ning orqa tomonidagi chakalakzordan o‘tib, adir etagiga chiqib borishdi.
Ko‘pdan beri uning havasini keltirib yurgan to‘pponcha nihoyat butunlay o‘ziniki bo‘lishiga shu topda zarracha shubha qilmayotgan Avtobola «Qani, yelkamga min-chi», deya yerga cho‘nqaygan paytda, Xoldor qarshisida birdan namoyon bo‘lgan cheksizlikka suq bilan boqqan ko‘yi karaxtlanib qolgandi. U umrida birinchi marta bugun o‘z ixtiyori bilan chorbog‘dan tashqariga chiqqandi va oyoqlari ostidagi bo‘rsiq tuproqqa, ana shu tuproqqa jon-jahdi bilan yopishganicha tinimsiz titrayotgan qovjiroq giyohlarga, bu giyohlarning za’faronligidan motamsaro tus olgan qat-qat o‘rkachlarga, o‘rkachlar uzra omonatgina hilvirab turgan oppoq bulutlarga ham endilikda o‘z ixtiyori – erkin nigohi bilan tikilayotgan edi.
– Tezroq bo‘lsang-chi, hey! – Xoldorni qistashga tushdi Avtobola. – Min deyapman senga!
Xoldor hushini to‘plab, temir o‘rtog‘ining yelkasiga tirmashdi. Avtobola o‘rnidan turib, yaxshiroq o‘rnashdimi, yo‘qmi, bilib olmoqchidek, uni bir-ikki silkib ko‘rdi.
– To‘pponchangdan umidingni uzaver endi!
U shunday dedi-yu, adir o‘rkachlari orasiga yashil kamardek singib ketgan soy tomonga qarab chopdi.
– Qalay, akkumulatoring po‘killamayaptimi? – Avtobola yo‘l-yo‘lakay kallasini salgina yonga burib savol berdi.
– Shuyam yugurishmi? – uning qitiq patiga tegdi Xoldor. – Ja borsa, itchalik choparkansan-da.
Avtobola, «Unaqa bo‘lsa, bo‘ynimdan mahkamroq quchoqla», deb qichqirdi-yu, tezlikni tobora oshira boshladi. Avvaliga bundan Xoldorning zavqi oshib, «Chu, toychog‘im», deya soni bilan uning biqiniga niqtadi. Keyin soy yoqasidagi sarv va qirchinlarning ko‘z oldidan borgan sari shuvalashib o‘tayotganidan boshi aylanib, yuragiga vahima tushdi. Oxiri Avtobolaning bo‘yniga o‘rgimchakdek yopishib olib:«To‘xta endi! Bo‘ldi deyapman-ku!» deb baqirishga tutindi.
Avtobola sekinlay bordi, nihoyat sohildagi shag‘alni to‘zg‘itgudek bo‘lib taqqa to‘xtadi. Xoldor uning orqasidan sirg‘alib pastga tushgach, xuddi o‘zi yugurgandek hansirab, yerga o‘tirdi.
– Tuzuk choparkansan, Temirtak, – sir boy bermasdan, parvosiz boqib gapirdi Xoldor. – Ke, endi damingni ol.
Xoldorning unga chin yurakdan qoyil qolmaganini sezib, Avtobolaning g‘ashi keldi.
«Bu g‘irromchi bilan ish bitirish qiyin, – o‘yladi u. – Bilib turibman, qo‘ng‘iz moshina sendan tezroq yuradi, deb turib oladi hali. Fonarimni olib bo‘psan!»
– Charchaganim yo‘q, – zarda bilan javob qildi u. – Xohlasam, bundanam uzoqqa, bundanam tezroq yuguraman. Nima deb o‘ylayapsan meni!
– Maqtanma.
– G‘irromchi! Surbet! – jazavasi tutdi Avtobolaning. – «Bo‘ldi endi, to‘xtayqol», deb yalingan kim? Durustroq yugurishga qo‘ymading-ku o‘zing.
Xoldorning yana quvligi qo‘zidi.
– Shunaqami hali? Unda, ho‘ anavi oxirgi do‘nglikka to‘xtamasdan borib kel-chi, – qo‘li bilan eng yuksak o‘rkachni ko‘rsatdi u.
Avtobola bu gapdan aslo talvasaga tushmadi.
– Nima qipti? Zuv etib boraman, zuv etib kelaman. Keyin, to‘pponchangni berasanmi axir?
– Ha, mayli…
Achchig‘i chiqib turgan Avtobola g‘ildiragi ariqchaga tushgan mashinadek ortga shag‘al sachratib, shiddat bilan o‘rnidan qo‘zg‘aldi, uning oyoq harakati amaldagi tezlik bilan mutanosiblashib olgunga qadarlik bo‘lgan masofada omoch izini eslatuvchi chuqurcha hosil bo‘ldi. Temir bolakay ovchi o‘qiga chap bergan ohudek jadal uzoqlashib borar, o‘rkachlar to‘lqini orasida goh ko‘zdan yo‘qolib, goh yana yuqoriga balqib chiqar, zum o‘tmayoq uning eng yuksak do‘nglik ustida paydo bo‘lishiga shak keltirib o‘tirishning hojati qolmagandi.
«To‘pponchayam qulog‘ini ushlab ketdi, – Avtobola bilan bemavrid garov o‘ynaganidan afsuslanib, bosh qashladi Xoldor. – Kattaroq narsadan bahs boylasang, oymomagayam chiqib keladi shekilli bu Temirtak».
Xayoli band bo‘lib, soyning muyulish joyida toshlar shaldiray boshlaganini ham eshitmay turgan Xoldor: «Bu yerda nima qilyapsan, o‘y, bacho? Kimsan o‘zing?» degan tovush qulog‘iga chalingandan keyingina yonga o‘girildi. Xurjun tashlangan eshak ustida to‘lpoqqina qizchani oldiga mingashtirib olgan qoracha kampir yalpayib o‘tirar, uning bo‘rtib chiqqan ola ko‘zlari xuddi niqob teshigidan boqayotgandek alohida yiltillab turardi. Eshak ham, eshakning orqa oyoqlari yonidan Xoldorga tajovuzkor ko‘z tikkan tumshuqdor ko‘ppak ham qozonkuyadek qop-qora edi.
– Men bilan nima ishingiz bor? – kampirning bu yerdan tezroq jilishini istab, sovuqqina javob qildi Xoldor. Keyin uning hali-veri joyidan jilish niyati yo‘qligini payqab, qo‘shib qo‘ydi. – O‘zingiz kimsiz?
– Ana xalos-o-s! – tizzasiga shapillatib urdi kampir. – O‘y, bacho, san o‘zimizni mamlakatdanme, yo Farangistondin keldingmu? Shu deparadagi bandayi bejanoza borki, eshagimni hangrashiydin taniydu mani. Pufak mamo degan dono kampirni eshitgan bo‘lsang, anqayub armonda qolmaginki, shundoq nishoningda turibman. Yaxshilab salom ber manga.
– Salom… pufak kampir.
– O‘y, bacho, san o‘ylamagin bu mamone semizligi tupaylin «pufak» deydilar deb, – kuyundi kampir. So‘ng quchog‘idagi qizchaga ishora qilib, davom etdi. – Mana shundoq go‘dak edim man, bolalarga pufak sotishne boshlaganimda.
– Pufak deysizmi? – bir kuni navbatdagi sayrga chiqishganda Supersur unga shaharda rang-barang pufaklar olib berganini eslab, kampirga umidvor termildi Xoldor. – Mengayam berasizmi?
Pufak momo ko‘rsatkich barmog‘ini boshmaldog‘iga ishqab, pishillaganicha dedi:
– Avval haqqine cho‘z, o‘rgulay. Axir cho‘ntagingda bir-ikkita tanga turgandirki, mandan pufak so‘rab yo‘limga ko‘ndalang bo‘lding.
Xoldor dastavval ko‘ylagining ko‘krak cho‘ntagiga, so‘ng baxmal shimchasining kissalariga beixtiyor qo‘l tiqib ko‘rdi-yu, birdan bo‘shashib, kampirga yana mo‘ltillab qaradi. Pufak momo esa umrida hatto ignaniyam birovga nasiya bermagandi. Shu tufayli bolakayda sariq chaqa ham yo‘qligini allaqachon anglagan bo‘lsa-da, undan biron narsa undirishdan hamon umidini uzmay so‘radi:
Правообладателям!
Это произведение, предположительно, находится в статусе 'public domain'. Если это не так и размещение материала нарушает чьи-либо права, то сообщите нам об этом.