Электронная библиотека » Anvar Obidjon » » онлайн чтение - страница 4

Текст книги "Oltin yurakli Avtobola"


  • Текст добавлен: 19 мая 2023, 23:31


Автор книги: Anvar Obidjon


Жанр: Современная зарубежная литература, Современная проза


сообщить о неприемлемом содержимом

Текущая страница: 4 (всего у книги 6 страниц)

Шрифт:
- 100% +

– Hech bo‘lmasa, shisha-pishang yo‘qme? Ichmaydimu dadang battol? Man xasis emasman, lokigin…

«Shig‘-g‘-g‘» etgan g‘ayritabiiy tovushni eshitib, Pufak momoning so‘zi bo‘g‘zida qoldi, bag‘baqasini yelkasiga tiraganicha o‘ng yonboshiga o‘girildi. Adirni changitib marradan qaytib kelayotgan Avtobola tarafga qo‘lini peshanasiga soyabon qilib astoydil zehn soldi.

– Bu yoqqa nima to‘palon, o‘y, bacho? – mazangcha shevada hayrat izhor qildi u. – Manga mo‘ljal tortib kelaturgoning poygachi matasepkilme, eshagimdan hid olgan mo‘chaxarme?

– Qo‘rqmang, – garchi kampir shu chog‘da o‘zini vazmin tutishga tirishayotgan bo‘lsa-da, halizamon vahimaga tushishi mumkinligini his qilib, oldindan unga dalda berdi Xoldor. – O‘zimni o‘rtog‘im u.

Ularga daqiqa sayin yaqinlashib kelayotgan Avtobolaning hayratomuz turqi-tarovati aniq ko‘zga chalina boshlagach, Pufak momoning birdan ensasi qotdi. Allaqanday yarqiroq narsa qarshisiga kelib, to‘s-to‘polon bilan to‘xtagan mahalda vasvasaga tushgan eshak shataloq otib irg‘ishlay ketdi. Og‘ushidagi qizchani mahkam quchganicha shag‘al ustiga gupullab yiqilgan Pufak momo joni bejo eshakning yuganini hanuz qo‘yib yubormay, o‘z tilida allanimalar deb qarg‘anar, kapalagi uchgan qizcha potirlab yig‘lar, qari ko‘ppak esa tishlarini girak qilib, tinmay irillardi.

– Ol, Qorayaloq! Us-s… – ko‘ppakka qarab qichqirdi Pufak momo. – Ol-a kish-kish!

Qanchadan qancha kaltak va siylovlarni boshdan kechirgan, gohida qattiqqo‘l, gohida saxiy bekasining barcha amr-u farmonlarini so‘zsiz bajarib o‘rgangan tamagir it bu safar ham o‘ylanib o‘tirmay o‘zini raqibga otdi, lekin Avtobola uning zarbasidan hatto chayqalib ham qo‘ymadi. Bundan jahli chiqqan Qorayaloq raqibining to‘pig‘idan tizzasigacha astoydil g‘ajib ko‘rdi.

Qoqilgan qoziqdek hamon qimir etmay turgan Avtobola ko‘ppakning xurujini hayron bo‘lib kuzatar, «bu nima qilyapti o‘zi», degandek, Xoldorga savol nazari bilan qarab-qarab qo‘yardi.

Qattiq terili notanish mavjudotning quyi qismi bilan bo‘lgan jangda ishi o‘ngidan kelmagan Qorayaloq nihoyat hujum uslubini o‘zgartirishga qaror qildi: o‘zini chekinayotgandek ko‘rsatib biroz orqaga tisarildida, kutilmaganda bor basti bilan raqibining bo‘g‘ziga sapchidi. Ko‘ppakni havodayoq ilib olgan Avtobola qo‘g‘irchoqni tomosha qilayotgandek, uning u yoq bu yog‘ini ag‘darib ko‘rdi, bir qo‘li bilan og‘zini kerib, tish, til va tanglaylarini qiziqib ko‘zdan kechirdi, oxiri dumidan ushlab turib, avaylabgina chetga uloqtirdi. Itning g‘ingshiganicha uchib borib, yerga muvaffaqiyatsiz qo‘nganidan sarosimaga tushgan eshak bir siltanishda jilovini egasining qo‘lidan yulqib oldi-yu, sira ikkilanmay, o‘zini soyga tashladi.

– Xudo urdi maniy! – qo‘llarini ikkala soniga to‘xtovsiz shapillatib, ayyuhannos soldi Pufak momo. – Eshagim oqde! Xonumonim xurjunda ketdu-u!

Qizcha ham kampirga qo‘shilib, battardan chinqirishga tushdi.

– Muncha dodlaysiz? – kampirga do‘q urdi Avtobola. – Tutib kelaymi eshakni? Shallaqilikni to‘xtating!

– Yo xoliq! – yoqa ushlab, Xoldorga yuzlandi Pufak momo. – Buningniy qo‘l-oyoqlik pechka desam, mani odamday haqorat qildi, – So‘ng Avtobolaning poyiga yiqilgudek bo‘lib, yalina ketdi. – O‘rgulib ketoyin sandan, Cho‘yan palvon, qo‘lingdan kelsa, xurjunimni tutib kel. Mandek donoga vafo qilmagan ahmoq hangivachchaniy boshshimga uramanme?

– Bo‘pti. Ammo-lekin, endi baqirilmasin.

Avtobola dangal borib, soyga kalla tashladi. Temir o‘rtog‘ining shu sho‘ng‘iganicha bedarak ketganidan yuragi bezovta tepa boshlagan Xoldor kampirga g‘azabnok yuzlanib, qichqirdi:

– Eshagingdan o‘rgildim! Temirtakni cho‘ktirdingku, yalmog‘iz! Kallangni uzvolaman hozir!

Agar Xoldor kattaroq yoshda bo‘lganida, ilgarilari unga temir ovunchoq bo‘lib tuyulgan Avtobola asta-sekin jonajon do‘stiga aylanib qolganini, endi uning musaffo quvonchi-yu, bezarar injiqliklarisiz yashash deyarli mumkin emasligini ushbu damda butun ong va vujudi bilan anglab yetgan bo‘lardi. Ko‘zlaridan daf’atan tirqirab chiqqan yosh uning ko‘nglidagi ana shu kechinmalarni hech bir izohsiz bayon qilayotgan edi.

– O‘y, bacho, manda ayb yo‘q, – keng yenglarini bayroqdek hilpiratib, qo‘llarini yoydi Pufak momo. – O‘rtog‘ing jinni bo‘lganme? O‘zi cho‘yan bo‘lsa, ha endi, cho‘milishni kim qo‘yibde… mana shundoq soyda. – U qo‘lini shop qilib, guvlab oqayotgan soyni ko‘rsatdi-yu, birdan quvonch bilan qiyqirib yubordi. – Qara! Hu ana, Cho‘yan palvonne boshi ko‘rindu. Cho‘kmabde yer yutgur.

Xoldor shosha-pisha ko‘zyoshini artib, kampir ko‘rsatgan yoqqa qaragan pallada, tinmay tipirchilayotgan Avtobola asov to‘lqinlar beshigida lipanglaganicha oqib borayotgandi.

– Qirg‘oqqa qarab suz, Temirtak! Nima qilasan o‘sha eshakni?

Sohil bo‘ylab beixtiyor yugura boshlagan Xoldor hali gapini tamom qilmay turib, o‘rtog‘i oqib borayotgan joyda suv to‘zoni paydo bo‘ldi. Xoldorning yuragi hapriqib, angrayganicha to‘xtalib qolgan chog‘da qo‘l-oyoqlarini jon-jahdi bilan ishga solgan Avtobola to‘zon ichidan torpedadek otilib chiqdi-yu, to‘lqinlarni birin-ketin yorib o‘tib, aql bovar qilmaydigan shiddat bilan olg‘a suzib ketdi.

Bir qarashda no‘noqqina ko‘rinuvchi Avtobolaning o‘ta universal qilib yaratilganini, jumladan tanasi sof po‘latdanligiga qaramay, ichki qismi g‘ovakligi bois qo‘l-oyoqlarning yengil harakati bilan ham suv sathida o‘zini bemalol ushlab tura olishi mumkinligini Xoldor hali bilmasdi. Sirasini aytganda, bu shovvoz robot hatto uning imkoniyatlari bilan yaqindan tanish bo‘lgan kishilarning yetti uxlab tushiga kirmagan mo‘jizalar ko‘rsatishga ham qodir edi.

Temir o‘rtog‘i suzib ketgan tomonga bo‘ylanganicha angrayib turgan Xoldorning yoniga qizchani yetaklab yetib kelgan Pufak momo hozir va’z aytaman deb ogohlantirayotgandek, ma’nodor tomoq qirdi.

– Yerda matasepkilday chopdu, suvda qilichbaliqday ketdu battol, – yana javrashga tushdi u. So‘ng qaddini egib, Xoldorga shivirladi. – Mani aytdi dersan, bu o‘rtog‘ingne shayton bilan aloqasi bor.

Xoldor asta yonga burilib, hamon piqillab yig‘layotgan qizchaning paxmoq sochini qo‘polgina siladi.

– Yig‘lama, o‘rtog‘im eshagingni ushlab keladi, – deya ovuntirgan bo‘ldi uni. – Oting nima?

– Childilag‘, – hiqillab javob qildi qizcha.

– G‘ildirak?

– Shildiroq! – o‘pkalangan qiyofada gapga aralashdi Pufak momo. – Odamzodne g‘ildirak deydilarmu hech jahonda? Bibi Shildiroq bu.

– Vix-xax-xa! Vix-xax-xa! – yana shumligi tutib, kula ketdi Xoldor. – Kim bunaqa ot qo‘ydi unga? Bibi Shildiroqmish. Vix-xax-xa!

– O‘y, bacho, mazaxlama mani nabiramne, – odatiga ko‘ra qo‘lini shop qildi kampir. – Bu otniy sanga o‘xshagan bezorilar qo‘ygan. Man bolalar to‘plansun deb chirmanda urib ashula aytaman, nabiram shildiroqni chalib turadu. O‘ziniy oti Tojixon. Ana, quloqchasini naryog‘ida qizil narsase bor.

Xoldor qizchaning boshini burib, qulog‘ining orqasida qip-qizil dog‘ turganini ko‘rdi.

– Adash ekanmiz-ku, – negadir sevinib ketdi Xoldor va ko‘ylagining tugmasini yechib, yelkasini ko‘rsatdi.

– Mana, mendayam xol bor. Shunga otimni Xoldor qo‘yishgan.

– Unday bo‘lsa, nabiramne qulog‘ini tishla, – ko‘zlarini baqraytirib iljaydi Pufak momo. – Shu qiz katta bo‘lsun, keyin uni sanga beroyin.

Bu gapni eshitib, Xoldorning qizchadan asta chekinganini ko‘rgan Pufak momo chapak chalib kula ketdi.

– Kuyov qochde! Kuyov qochde! Qo‘rqoq chiqdi kuyov pochchamez!

Xoldorni shu vaqtgacha hech kim bunchalik beayov masxara qilishga botinmagandi. Uning qovoq-lunji osilib, Pufak momoni ikkinchi marta sensiraganicha jerkib berdi.

– Hey, Pufak kampir! Senga ermak bo‘pmanmi? Kallangni uzvolmayin tag‘in.

Uzoqdan eshakning hangragan tovushi eshitilib, endigina boshlanayotgan yangi nifoqning avj olishiga chek qo‘ydi. Yelkasiga xurjun tashlab olgan Avtobola nihoyat taqdirga tan bergandek, endi itoatgo‘ylik bilan odimlayotgan eshakni yetaklaganicha ular tomon odimlab kelayotgandi. Uchalasi beixtiyor uning istiqboliga yurishdi.

– O‘rgulib ketoyin sandan, Cho‘yan palvonim, – uzoqdan quloch yoyib, tinmay javrab borardi Pufak momo. – Sani suvda uchirgon parraklaringdin aylonayin.



Avtobolaning yoniga yetib borgach, uning bo‘ynidan quchib, yaltiroq betidan qayta-qayta o‘pa ketdi.

– Ana shu eshakne kallasiday tillo berishsin-chi, man baribir uyda o‘tirmayman, – goh Avtobolaga, goh Xoldorga qarab, tushuntirishga tushdi u. – Man erkinman, qayoqni o‘ylasam, shuyoqqa jo‘nayman. Endi aytgin, eshakdin ayrilsam agar, boshshimga qaro kun tushmaydimu? Eshagim bo‘lsin-u, xurjunim bo‘lmasin, och qolmaymanmu man battol?

Birozdan keyin ustiga ho‘l xurjun, zilday kampir va uning to‘lpoq nabirasini ortib olgan qora eshak «xr-r, xr-r!» deb qo‘yib, hozircha faqat xo‘jayiniga ma’lum bo‘lgan manzil sari qo‘zg‘aldi.

– Beh, itvachcha, beh! – zada yeganidan buyon odamlarga yaqinlasholmay, narida ivirsib yurgan ko‘ppakka tovush qildi Pufak momo. Yo‘l-yo‘lakay ortga o‘girilib, ikki o‘rtoqqa quvnoq ko‘z qisdi. – Qorayaloqne yuzi shuvit. Endi mani ko‘zimga qarolmaydu.

Xoldor erksevar kampirning ortidan ancha vaqt parishon termilib turdi. Azbaroyi uyga qaytishga oyog‘i tortmayotganidan Avtobolaning, «Ke, orqamga chiq, tezroq bormasak, Superdan baloga qolamiz», degan gapini ham eshitmaganga oldi.

– Muncha tumtayasan? – uning bu holatini navbatdagi muttahamlikka yo‘yib, po‘ng‘illadi Avtobola. – To‘pponchani berging kelmayaptimi deyman? Bilamanda sen g‘irromchini.

Yo‘q, shu topda Xoldorga to‘pponcha ham, undan noyobroq buyumlar ham, hatto zeb-ziynatga liq to‘la o‘sha hashamdor uy ham kerak emasdi. U anavi paxmoqsoch qizaloqdek, Pufak momoning quchog‘iga o‘tirib olib, qay tomon bo‘lishidan qat’i nazar, uzoq-uzoqlarga ketishni orzu qilayotgandi.

SUPERSURNING SIRI

Avtobola xayolidagi notanish kishining suratini chizib bo‘lib, unga uzoq tikilib turdi, lekin bu odamni qachon, qayerda ko‘rganligini aniq eslay olmadi. «Xo‘sh, ahvollar qalay, Avtobola?» degan muloyim tovush uning quloqlari ostida takror va takror yangradi.

– Nimalarni chizding, Temirtak? – Xoldor kela solib rasm daftarni Avtobolaning qo‘lidan yulqib oldi. Yulqib oldi-yu, birdan jiddiylashib, negadir u ham samimiy jilmayib turgan oqsoch kishining suratidan nigoh uzolmay qoldi.

– Bu odamni ko‘rganga o‘xshayapman. Kim o‘zi? – so‘radi u beixtiyor yuvosh tortib.

– Bilmadim, – dedi Avtobola. – Menam uni ko‘rgandayman-u…

– Dadamdan baldoq-maldoq olgani kelganlardan bittasidir-da.

Avtobola temir kallasini asta saraklatib dedi:

– Yo‘q, men u bilan boshqa joyda ko‘rishgandayman. Devorda sersoqol odamning suratiyam bor edi. Bu oqsoch kishi menga hatto gapirgan. Hammasi aniq esimda turibdi.

Xoldor o‘siq kipriklarini pirpiratib suratga qaytadan razm solarkan, dilida ana shu oqsoch kimsaga nisbatan mehr uyg‘ongandek bo‘ldi.

– Bir bo‘lsa, mengayam gapirgan, – dedi u o‘ychanlik bilan. – Tag‘in, odamning tushida gaplashadigan sehrgar bo‘lmasin?

– Tush? Nima u?

Shu payt xonaga lo‘killaganicha Supersur kirib keldi.

– Uxlash kerak, qashqirvachchalar, – g‘ingshidi u. So‘ng Xoldorga qarab dedi: – Paqirboshni uyquga yotqizib, o‘zing ham xonangga pistirma qo‘y.

Tashqi eshikning qo‘ng‘irog‘i jiringlab qoldi-yu, u yana iziga qaytdi. Birozdan keyin Ko‘rshapalak ikkalasi o‘zaro g‘udurlashganicha Zargarning ishxonasi tomonga o‘tib ketishdi.

– O‘ziyam uyqum kep qoluvdi, – rasm daftarni yopib esnadi Xoldor. – Qani, karavotingga cho‘zil-chi, Temirtak, oldin seni uxlatayin bo‘lmasa.

Avtobola imillab odimlaganicha borib, deraza yonidagi maxsus mustahkamlangan po‘lat karavotiga yotdi. Xoldor uning ustiga kelib, chap ko‘krak cho‘ntakka o‘xshatib yasalgan qopqoqni bamaylixotir ocha boshladi. Qopqoqni ochib, qizil tugmachani bosmoqchi bo‘lib turganda Avtobola uning qo‘lini beozorgina nari itardi.

– Sen kirib uxlayver, tugmani o‘zim ham bosib qo‘yaveraman, – deya asta do‘rilladi u. – Ozgina yotaychi, yaxshiroq o‘ylasam, haligi oqsoch kishini qayerda ko‘rganim balki esimga tushar.

– Tugmachani-ku bosasan, ammo-lekin qopqoqni qaytib yopolmay qolasan-da, – Avtobolaning peshanasiga dangillatib chertdi Xoldor. – Ehtiyot bo‘l, tag‘in ichingga sichqonlar to‘lvolmasin.

Xoldor o‘z xonasiga kirib ketgach (dadasi uning Avtobola bilan bir xonada uxlashiga negadir ruxsat bermasdi), Avtobola yuzini deraza tarafga o‘girib yonbosh yotib oldi-da, yana oqsoch kishi haqida o‘ylay boshladi. Uning ko‘z o‘ngida o‘sha manzara qayta gavdalandi: mo‘jazgina xona… istarasi issiq oqsoch kishi mehribon jilmayganicha unga tikilib turibdi… Keyin u: «Xo‘sh, ahvollar qalay, Avtobola?» deya uning boshini siladi, yelkasiga bir urib qo‘ydi… devorda esa sersoqol odamning surati… Ha, kattakon surat… Rangli surat…

Bularning bari, chamasi, juda qisqa vaqt ichida ro‘y berdi, shunday bo‘lganiga uning ishonchi komil. Faqat, davomini eslolmayapti…

U qaytadan ko‘z ochganda, o‘zini Zargarning chorbog‘idagi tamoman boshqacha muhitda ko‘rib, picha hayratlangani ham yodida. O‘sha oqsoch kishi kim edi? Hozir qayerda bo‘lishi mumkin?

G‘iyqillab eshik ochildi-yu, Avtobolaning xayoli bo‘lindi. Nima haqdadir bahslashganlaricha xonaga Supersur bilan Ko‘rshapalak kirib keldi, Avtobola qizil tugmachani bosishga ham ulgurmay qoldi. «Obbo, uyg‘oqligimni bilsa, yana og‘zidan bodi kirib, shodi chiqadi», deya o‘yladi u va Supersurning, «Apparating haliyam ishlayaptimi, paqirvachcha», degan gapini eshitib turgan bo‘lsa-da, uxlayotgandek jim yotaverdi.

– Tinchibdi durandulet, – deb qo‘ydi Ko‘rshapalak.

– Xo‘jayin qo‘yib bersa, o‘lsam ham bu bilan bitta xonada uxlamasdim, – g‘udrandi Supersur. – Ba’zan alahsib uyg‘onib ketaman-u, arvohdek yarqirab yotganini ko‘rib, naq bo‘lmasa shaytonlab qolay deyman.

Ular stullarni g‘ijirlatib o‘tirishgach, «charsa-churs» qarta o‘ynashga kirishdilar. Gohida qartani shunaqayam zarb bilan urishardiki, stol ustidagi shishalar bir-biriga tegib, jaranglab ketardi. Xonani tamaki tutuni va araqning badbo‘y isi qamrab oldi. Tez-tez jirrakilik qilib turishiga qaraganda, Ko‘rshapalak ko‘proq yutqizayotgan edi. Oxiri u stolga qo‘lini shapillatib urib, ho‘kizdek xirilladi:

– Pulim tamom… O‘ynamayman!

Shishadan piyolaga quyilayotgan ichimlikning «qult-qult» tovushi eshitildi.

– Puling sob bo‘lsa bo‘lgandir, lekin akkangni arag‘i tugamaydi, – Supersurning kayfi nihoyatda oshganligi tilining chuchuklashib qolganidan yaqqol sezilib turardi. – Ma, ich!

– Boshim omon bo‘lsa, bunaqa pullardan hovuchlab topaman hali, – chamasi qoqlanib qolgani Ko‘rshapalakka alam qilayotgandi. – Lekin sen moxov shu arzimagan chaqalarni deb do‘stingni aldayapsan.

– Og‘zingga qarab gapir…

– Yengingga qarta yashirib o‘ynaysan, tulki. Sezmaydi deysan-da, a? Kallangni cho‘rt uzib olmayin tag‘in!

– Mishiqi Xoldorning gapini gapirma, – dag‘dag‘ali ohangda pisanda qildi Supersur. – Undan ko‘ra ichsang-chi zahringga.

Ichimlikning g‘o‘lqillab yutilayotgani, piyolaning stolga to‘q etkazib qo‘yilgani eshitildi. Ular negadir bir lahza jimib qolishdi. So‘ng Ko‘rshapalak: «Hali biz mishiqi Xoldorga teng bo‘ldikmi», deya po‘ng‘illadi.

– Rostini ayt, Supersur, shu bola qayerdan kep qoldi o‘zi? – qamoqda yotgan chog‘ida bu xonadonga kelib qo‘shilgan Xoldor bilan qiziqdi Ko‘rshapalak. – Uni bolalar uyidan olganmiz, degan gaping g‘irt «xamak». Ko‘rshapalak kalla deb tandirni ko‘tarib yurgani yo‘q, baribir hammasini bilib oladi.

– Bilib olganingda, mengayam shipshitib qo‘yarsan. O‘shanda bitta oshga qarzdor bo‘laman.

– Menga ishonmayapsan-a! – to‘ng‘izdek xirqirab o‘dag‘ayladi Ko‘rshapalak. – O‘rgildim sendaqa qadr dondan. Men ahmoq seni hurmat qilib, dasta-dasta pul yutqizib tursam-u, sen bo‘lsang… E-e-e…

– Obbo! Buni senga nima qizig‘i bor? – qartavozlikdagi doimiy omadsiz raqibidan ayrilib qolishni istamay, biroz yumshadi Supersur. – Xafa bo‘lmagin-u, buni aytolmayman.

Ko‘rshapalakning tishlari g‘ijirladi.

– Qo‘rqasan! – dedi u. – Ho‘, kimdan qo‘rqyapsan? Zargardanmi? Istasang, hoziroq kirib, o‘sha cho‘loqning sayroqi tilini sug‘urvolaman. Nima, usiz kunim o‘tmaydimi? Xohlasam, sengayam tupuraman. Tupuraymi shu joyning o‘zida?

– Karnayingni sekinroq chal-e! – Supersur Ko‘rshapalakni jerkib tashlagandek tuyulsa-da, yalinchoqlikka moyil tovushidan pastroq kela boshlagani yaqqol sezilib turardi. – Och mushukka o‘xshab bitta sichqonni deb do‘stlikni o‘rtaga qo‘yaverma-da. Agar bilishing juda zarur bo‘lsa…

– Zarur! – gapni cho‘rt kesdi Ko‘rshapalak. – Men dasturxon atrofida o‘tirgan odamlar do‘stlarimmi, dushmanlarimmi – aniq bilvolishim kerak. Agar birov sendan sir yashirsa, bilginki, o‘sha xumpar ovqatingga margimush solishni mo‘ljallayapti.

– Obbo, ko‘rvachcha-yey! – uni ermakladi Supersur. – Zaharlashga arziydigan odammiding sen. – Keyin jiddiy tarzda davom etdi. – Agar, Xoldorga ja qiziqayotgan bo‘lsang…

Bu voqea Ko‘rshapalak qamoqda yotgan chog‘larda yuz bergandi. Eski g‘animi bo‘lmish Kamol Kamtariyning har bir qadamini kuzatib, har bir «muyulish»da unga choh qazishga tirishib kelayotgan Bekxo‘ja professorni tuzukroq jarohatlay olmay, ko‘p dog‘da yurdi.

Ha, Bekxo‘ja Kamolni kechirolmadi. Agar uning taklifini rad etgan kishi yetti yot begona bo‘lsaydi, Zargar bundan unchalik o‘pkalanib o‘tirmasdi, «vaholanki tug‘ma go‘sxo‘r ekansan, tekin luqmani silliqqina yutadigan donolar topilib qolar», deb qo‘yaverardi. Kamol esa, begona emas, sobiq sinfdoshi. Zargar uning yordam berishiga qattiq ishongan edi. Afsuski, ishongan oshnasi uning sazasini o‘ldirdi, hamiyatiga tegadigan gap aytdi, ermakladi.

Bir kuni Zargar Kamol Kamtariyning nihoyat farzand ko‘rganini eshitib qoldi-yu, dilida qoniqishga o‘xshash g‘alati bir his paydo bo‘ldi. Go‘yoki, nomard do‘stdan olinajak qasos bilan ana shu go‘dak o‘rtasida qandaydir bog‘liqlik bordek edi.

Taajjub! Qanday bog‘liqlik bo‘lishi mumkin?

Bekxo‘ja miyasida nogahon chaqnab o‘tgan bu ajabtovur o‘ylardan o‘sha kuni parvosizgina jilmayib qo‘ygandi. Ammo oradan bir hafta o‘tgach, beixtiyor yana shu mavzuga qaytdi, bunga televizorda hindlarning «Daydi» degan kinosi ko‘rsatilishi sabab bo‘ldi. Kino qahramonlaridan biri – o‘ta mashhur talonchi uni qamoqqa tiqqan sudyaning o‘g‘lini bolaligidayoq o‘ziga og‘dirib oladi. Teskari tarbiya ko‘rgan bola halol va vijdonli otaning aksi bo‘lib ulg‘ayadi.

«Manavini o‘ch olishning oliy namunasi deydilar! – go‘yo gap machitdagi obdastani o‘marish ustida ketayotgandek, pinak buzmasdan g‘udrandi Zargar. – O‘zimizdan ishbilgichroq zotlardan tinimsiz tajriba o‘rganib borishimiz kerakka o‘xshaydi».

Bekxo‘ja ertasi kuniyoq Supersurni o‘z xonasiga chaqirdi.

– Bu cho‘tal dastlabki xarajatlarga, – dedi u xizmatchisiga bir dasta pul tutqazarkan. – Professorning arzandasini tiriklayin olib kelsang, pulni ko‘rpa qilib o‘ranadigan bo‘lasan.

Ancha vaqtgacha bu yumushni uddalashning imkoni bo‘lmadi. Faqat navro‘zda Xo‘jamozorga sayilga chiqilgan kundagina ish o‘ngidan keldi. Qattiq jala quyib, Supersurga tabiatning o‘zi ko‘mak berdi-yu, jinoyat sodir bo‘lganini hech kim payqamay qoldi.

Qaltis vazifaning haddan ziyod beqiltiriq uddalangani Zargarni nihoyatda xursand qildi.

– Bu go‘dakni quruq safsatalar qulligidan qutqarib oldik, – degandi u o‘shanda. – Endi hamma puldor odamlardek tili o‘tkir, qo‘li uzun bo‘lib ulg‘ayadi.

Oradan ko‘p o‘tmay, gazetda professor Kamol Kamtariyning xotini va o‘g‘li tabiiy ofat natijasida fojiali halok bo‘lganini bildiruvchi ta’ziyanoma bosildi. Bolani butunlay ko‘zdan yashirib yurish, hatto ismini o‘zgartirishga ham hojat qolmagandi…

– Bundan chiqdiki, professor anavi duranduletni xumorbostiga yasagan ekan-da? – hiringladi Ko‘rshapalak.

– Mana endi bunisiniyam o‘mardik, – yana piyolalarga ichimlik quyilayotgani eshitildi. – Bir vaqtlar professor bilim puldan kuchli deb bizni xijolat qiluvdi. Pul undan ko‘p narsalarni yulib oldi. Bilim ish bermayapti.

– Bundoq o‘ylab qaralsa, bu sho‘rliklardayam ayb yo‘q, – ziyolilarga hamdardlik bildirdi Ko‘rshapalak. – Ularni institutlar buzyapti. Muttaham falsafachilar baxt boylikda emas, halol mehnatda, deb g‘o‘r o‘spirinlarni laqillatishadi.

Yana ancha gaplashib o‘tirishgach, Ko‘rshapalak, «Soat ham beshdan oshibdi, ozgina ag‘anab olaylik», deya bog‘ tarafdagi hujrachaga chiqib ketdi. U chor bog‘da qolgan kunlari o‘sha joyda tunardi. Supersur ayiqdek gursullab o‘z karavotiga yotdi, sal vaqt o‘tib, xonaning shipini titratadigan darajada xurrak ota boshladi.

«Mana, kim ekan oqsoch odam, – tomirlarida elektr zaryadlari jo‘shib o‘yladi Avtobola. – Xoldorniyam, meniyam dadam o‘sha kishi ekan-da!»

Unda o‘rnidan irg‘ib turib, Supersurni shu yerdayoq bo‘g‘izlab tashlash, keyin bir yo‘la Ko‘rshapalak va Zargar bilan ham hisob-kitobni to‘g‘rilab, Xoldorni ularning panjasidan qutqarish, o‘z otasiga qaytarish istagi tug‘ildi. Keyin birdaniga fikridan qaytib, o‘zini bosdi.

«Xoldor balki zargarni juda yaxshi ko‘rar, – o‘yladi u. – Balki unga boshqa ota kerak emasdir. Yaxshisi, avval o‘rtog‘im bilan gaplashib ko‘ray…»

Avtobolaning o‘ta sermulohazaliligi payti kelib uning fojiasiga sabab bo‘lishi mumkinligini professor oldindan ko‘ra bilganida, pozitron miyani bunchalar murakkab qilib yaratmagan bo‘larmidi.

Xayolga berilgan Avtobola tong yorisha boshlaganini sezmay qoldi. Kalla qismida nimadir tinimsiz g‘uvullab turganini ham endi payqadi. U Supersurning o‘likdek qotib uxlayotganiga ishonch hosil qilgach, qo‘lini sekingina ko‘kragiga olib kelib, qizil tugmachani bosdi. Ammo miriqib uxlash nasib etmadi, tugmacha bosilgandan keyin oradan bir soat vaqt o‘tmayoq sho‘rlikni yana uyg‘otishdi. Uning miyasi hanuz g‘uvullab turardi.


Страницы книги >> Предыдущая | 1 2 3 4 5 6 | Следующая
  • 0 Оценок: 0

Правообладателям!

Это произведение, предположительно, находится в статусе 'public domain'. Если это не так и размещение материала нарушает чьи-либо права, то сообщите нам об этом.


Популярные книги за неделю


Рекомендации