Текст книги "Oltin yurakli Avtobola"
Автор книги: Anvar Obidjon
Жанр: Современная зарубежная литература, Современная проза
сообщить о неприемлемом содержимом
Текущая страница: 5 (всего у книги 6 страниц)
OXIRGI TOPSHIRIQ
Shaharda qadimiy oltin buyumlar ko‘rgazmasi ochilishi haqidagi xabarni Bekxo‘ja zargar bundan bir hafta oldin gazetda o‘qigandi. Ko‘rshapalakning kecha chorbog‘ga kelishiga sabab nihoyat o‘sha ko‘rgazmaning ochilganini xo‘jayinga bildirib qo‘yish edi. Uning gaplari rost bo‘lsa, bu ko‘rgazmani Xudoyorxonning xazinasi deyish mumkin edi. Ayniqsa, Oqsaroy atrofini qazish chog‘ida topilgan mashhur oltin dubulg‘aning o‘zi butun bir olam!
Tungi ichkilikbozlikdan afti tundlashib, qovoqlari shishib ketgan Ko‘rshapalak ertalab maslahatni pishitib olishga kelganida ham Zargarning fikr-yodi Temurning oltin dubulg‘asida edi.
Suhbat qisqa bo‘ldi. Bekxo‘ja allaqachon bir qarorga kelib qo‘ygandi – rejani shu bugun tundayoq amalga oshirgan ma’qul!
– Umuman, ko‘rgazma o‘n kundan keyin yopiladi, – shoshilishning nima hojati bor, degan ma’noda izohlab o‘tdi Ko‘rshapalak.
Bekxo‘ja zargar esa o‘zining olg‘irlik fazilatiga bu safar ham sodiq qoldi:
– Ko‘rgazma yana o‘n kun ishlaydi, deb anqayib yurganlar, mayli, dog‘da qolishaversin, – quyuq kipriklarini katta ochib, Ko‘rshapalakka tazyiqona tikildi u. – Tirikchilikning oliy qonuni bor: g‘aflatda qoldirmasang, g‘aflatda qolasan! Nima, shaharda bizdan bo‘lak kamxarjlar yo‘qmi?
– Bo‘pti-da, bugun bo‘lsa bugun-da, – qo‘lga kirajak o‘ljadan darak berayotgandek, qichisha boshlagan kaftini qashib turib bosh irg‘adi Ko‘rshapalak. – Bor gap shumi, xo‘jayin?
Zargar stol burchagidagi yo‘qlagichni o‘ziga yaqinroq surdi:
– Hozir Avtobolani chaqiraman. Asosiy gapni gaplashib olganimizdan keyin, miyasini o‘zing alohida pishitasan.
U yo‘qlagich karnaychasi ostida qatorlashib turgan tugmachalardan birini bosib, gapirishga endigina shaylanganda, Avtobolaning kim bilandir so‘zlashayotganini eshitib, jimgina quloq soldi.
« – …mastlikda Ko‘rshapalakka hamma gapni aytib berdi, – kuyunib uqtirardi Avtobola. – Meni uxlayapti deb o‘yladi. Ular ayangni o‘ldirishdi. Sen bilan meni dadamizdan tortib olishdi. Endi bilyapman, bular yomon odamlar».
Keyin karnaychadan Xoldorning qichqirig‘i eshitil di:
« – Yolg‘on! Sen yolg‘onchisan, Temirtak! Bilib qo‘y, agar gaping rost chiqmasa, kallangni uzvolaman!»
Endi Avtobola o‘shqirib berdi:
« – Supersurni bo‘g‘izlab turib, hammasini boshqatdan gapirtirsam, ishonasanmi? Chaqirib kelib, sayrataymi hozir?»
Rangi birdan bo‘zarib ketgan Zargar tugmachadan qo‘lini olib, yeb qo‘ygudek vajohatda Ko‘rshapalakka chaqchaydi.
– To‘ng‘izlar! Ishni rasvo qipsanlar-ku!
Ko‘rshapalak norg‘ul gavdasiga yarashmagan alfozda bo‘yin qisdi.
– Hm… biz… – dedi u g‘o‘ldirab, – qayoqdan bilibmiz? Obbo durandulet-ey, motori o‘chmagan ekan-da!
– Avtobolani tezda bu yoqqa chaqir, – bir daqiqa mulohazalanib turgach, o‘zicha shoshilinch reja tuzib olib, buyurdi Zargar. – Men uni picha chalg‘itishga harakat qilaman. Sen Xoldorni yerto‘laga tiqqin-u, Supersurni boshlab kel.
Ko‘rshapalak halloslaganicha xonadan chiqib ketdi. Zargar telefonning simini pastdan uzib qo‘yib, eshitqini qulog‘iga tutdi. Avtobola eshikdan o‘qrayib kirib kelishi bilan u xuddi suhbatni davom ettirayotgandek, bamaylixotir javrashga tushdi.
– Tushundim. Demak, xotiningizgayam, qizingizgayam bir juftdan qashqarbaldoq. Juda soz, azizginam.
Zargar gap orasida ko‘zi bilan imo qilib, kresloga o‘tirishni taklif etgan bo‘lsa-da, Avtobola mushtlarini tugganicha qaqqayib turaverdi.
– Mumkin bo‘lsa, xotiningiz bilan qizingizning yoshini aytsangiz, – yolg‘ondakam suhbatini davom ettirdi Zargar. – Ha, albatta, bu judayam muhim. Biz har qanday bezakni mijozning yoshiga qarab yasaymiz. Iloji bo‘lsa, o‘zlari bir kelib ketishsin…
Ko‘rshapalak bilan Supersur xonaga kirib kelgach, Bekxo‘ja gapni qoq belida to‘xtatib, eshitqini xayr-ma’zursiz joyiga qo‘ydi-da, bezrayganicha Avtobolaga yuzlandi.
– Xoldor bilan o‘rtangda hozirgina bo‘lib o‘tgan suhbatdan xabardorman, Avtobola, – temir bolakay hali-hozir boshlab qolishi mumkin bo‘lgan xurujning dahshatli oqibatidan ortiqcha cho‘chimay, bemalol gapirdi u. – Bilaman, dushmanlaring ayni kerak paytda oldingda to‘planib turganidan suyunyapsan. Lekin qo‘lingga erk berishdan ilgari so‘zlarimga toqat bilan quloq sol. Sen bu yerga kelib, telefondagi suhbat tugashini kutib turganingda, Ko‘rshapalak Xoldorni yashirib qo‘yishga ulgurdi. Endi uni bizdan boshqa hech kim topolmaydi. Ammo sen topib berishimizni iltimos qilsang, eski ulfatchilik hurmati gapingni yerda qoldirmaymiz.
– Hozir uchalangniyam devorga chaplab tashlayman! – g‘ijindi Avtobola.
Ko‘rshapalak rangi oqarib, beixtiyor bir qadam orqaga tisarildi. Supersur oyog‘iga qaltiroq kirganini sezdirmaslik uchun bir qo‘li bilan stul suyanchig‘iga tayandi. Zargar esa Avtobolani barmog‘ida o‘dag‘aylab, shosha-pisha eslatdi:
– Shuni bilib qo‘yki, bolakay, devorga chaplab qo‘yilgan odam senga yordam berolmay qoladi. Bu degani – qamab qo‘yilgan oshnang ochlikdan o‘lib ketadi!..
Hamlaga shaylangan qoplondek turgan Avtobola bu gapdan keyin sal bo‘shashgandek tuyulsa-da, hanuz tajovuzkorlikdan qaytmay, Zargarga yaqinroq bordi.
– Qachon qo‘yvorasan Xoldorni?
Bekxo‘ja zargar xiyla yengil tortib, kresloga yastanibroq o‘tirdi.
– Arzimagan bir xizmat bor, – dedi u. – Shuniyam bajarsang, Xoldorni o‘sha zahoti qo‘lingga topshiramiz.
– Keyin, menga desa, ikkalang Istanbulga ketmaysanmi! – gap qistirdi Supersur.
– Sen akillamay tur! – unga o‘girilib o‘shqirdi Avtobola. So‘ng yana Zargarga yuzlandi. – Mayli, Xoldor uchun nima desang qilaman. Lekin bilib qo‘y, xo‘jayin, endi aldoqchilik ketmaydi. Aldasang, ichingdagi uskunalarni pachoqlab tashlayman.
Qanchalar zehnli bo‘lmasin, Avtobola o‘z nomi bilan baribir bola edi. Kalla qismidagi mikrokondensatorlar battardan qizib, fikrlash qobiliyati birmuncha susayib qolgan mazkur vaziyatda u qarshisidagi muttahamlarning ikkita tirik guvohni osongina qo‘yib yuborishi mantiqqa zidligi to‘g‘risida o‘ylab o‘tirmadi. Mabodo buni tushunib yetgan taqdirda ham, hozircha ularning shartiga ko‘nishdan boshqa iloji yo‘q edi.
– Nima qilishim kerak? – biroz itoatkorona, ammo g‘azabnok ovozda gapirdi Avtobola.
Endi ko‘ngli batamom joyiga tushgan Zargar Ko‘rshapalak bilan ma’nodor ko‘z urishtirib olib, odatdagidek keskin va dona-dona qilib dedi:
– Topshiriqni Ko‘rshapalakdan olasan. Ishlaringizga aralashib o‘tirmayman, boshqa xonaga chiqa qolinglar.
Ular chiqib ketishgach, Zargar Supersurga o‘chkor ko‘z qadadi:
– Oxiri tilingdan ketibsan-da, kal?
Supersur o‘shshayganicha lab jimirdi.
– Agar Yer tinchgina aylanib tursa, ertami-indin bu haqda bafurja gaplashib olamiz. – Bekxo‘janing yuzida aks etib turgan ginaxonlik alomati birdan g‘oyib bo‘ldi. – Hozir oldimizda juda dolzarb ish turibdi – Avtobola qaytib kelishi bilanoq uni temirlar xudosiga topshirvorish kerak bo‘ladi. Xoldorni bo‘lsa, Avtobola miya aynish kasalligidan bandalik qildi, deb ishontirishga urinib ko‘rasan.
QUDUQDAGI QOROVUL
Soat tungi to‘rt…
Bundan bir necha soat ilgari cho‘kayotgan kemadagi g‘ala-g‘ovurni eslatuvchi shahar endi navbatdagi seans tugagan ulkan kinoteatrday bo‘m-bo‘sh bo‘lib qolgandi. Yo‘l yoqasidagi bo‘ychan simyog‘ochlarga o‘rnatilgan sutrang chiroqlar ham mudroq bosayotganga o‘xshar, trotuar chetidagi bog‘kursilar esa chinorlar ostiga uzala tushganicha qotib uxlayotgandek ko‘rinar edi.
Yelkasiga ov miltig‘ini osib olgan qorovul uyquni qochirish uchun qadimiy oltin buyumlar ko‘rgazmasi binosi oldida tinmay u yoqdan bu yoqqa yurib turardi. Chetdan qaraganda parvosizdek tuyulsa-da, ko‘z qirida tevarakni ziyrak kuzatar, biron-bir sharpani e’tibordan chetda qoldirmaslik uchun chor atrofga diqqat bilan quloq solardi.
«Keladigan bo‘lsa, tezroq kelgani yaxshiydi, – deya diqqati oshib o‘ylardi, ko‘rgazma ochilishi bilanoq qorovul rolini o‘ynay boshlagan militsiya serjanti. – U kelguncha na menda halovat bo‘ladi, na tezkor guruh a’zolarida. Ishqilib, talonchilar ko‘rgazma yopiladigan kunni mo‘ljallayotgan bo‘lishmasin, yana to‘qqiz kechani mana shunday dildirab o‘tkazishga to‘g‘ri keladi. Bordi-yu, robot umuman kelmasa-chi? Shunday bo‘lishi ham mumkin-ku? Ha-a, unda…»
Qorovul bir seskanib tushdi. Ko‘rgazma binosi yaqinidagi qo‘shchinor ayrisi orasida allaqanday kalla vahimali yarqirab turardi. Bu – Avtobolaning nikellangan po‘lat yuzi edi albatta.
Mayor Ahmedov: «Avtobolani ko‘rganda vahimaga tushma, u o‘zidan ojizlarni ortiqcha xafa qilmaydigan mardlardan chiqib qoldi», deb tayinlaganiga qaramay, qorovulning yuragi orqaga tortib ketdi. Yo‘q, xavfli jinoyatchilar bilan bo‘lgan olishuvlarda ham zarracha titramagan serjantni qo‘rqoq deb bo‘lmasdi. Mislsiz hayajon uni shu ko‘yga solib qo‘ydi – u hayotida birinchi marta temir talonchi bilan yuzma-yuz kelishi edi.
Serjant bir lahzalik hayajonni yengib, darhol o‘zini bosib oldi, yana vazifasini loqaydgina bajarayotgan to‘pori qorovul qiyofasiga kirdi. Hech narsa sezmayotgandek ortga burilib, binoning narigi burchagi sari imillab keta boshladi.
Orqadan tez yaqinlashib kelayotgan qadam tovushi eshitildi. Qorovul keskin o‘girilgan paytda bo‘yniga xo‘roz gulli ko‘k xalta osib olgan Avtobola undan bor-yo‘g‘i ikki odim narida turardi. «Mana, qanaqa ekan temir qaroqchi», deya hayrat bilan unga tikilib qoldi qorovul.
– Damingni chiqarma! – barmog‘ini labiga bosib, sevimli gapini takrorladi Avtobola. – Miltiqni yaxshilikcha berasanmi?
Qorovul sarosimaga tushgandek picha ikkilanib turdi, keyin qurolini yelkasidan olib, sekingina unga uzatdi. Avtobola miltiqni gugurt cho‘pini sindirgandek qoq o‘rtasidan bo‘ldi-da, trotuar chetidagi ariqqa tashlab yuborib, soqchining orqa yoqasidan tutamladi. Mayor serjantga ko‘pdan ko‘p daldalar berganiga, Avtobola ham «Qaltirama, kuchsizlarni o‘ldirish mardlikka kirmaydi», deya unga hayot va’da qilayotganiga qaramay, bu manzara baribir qo‘rqinchli edi. Uning qarshisidagi talonchiga na sambo usuli, na o‘q bakor kelar, agar u istasa, odamniyam ariqda yotgan anavi miltiqdek osongina «sindirib» qo‘ya olardi.
Tashqarida bo‘layotgan ishlarni ko‘rgazma binosi qarshisidagi uyning derazasidan kuzatib turgan mayor Ahmedov qorovul rolini bajarayotgan serjant uchun bu daqiqalar naqadar og‘ir kechayotganini yurak-yurakdan his qilayotgandi.
Avtobola qorovulni shaxdam yetaklab kelib, yo‘l bo‘yidagi oqavasuv qudug‘ining qopqog‘ini ochdi. Qorovul buyruqqa bo‘ysunib quduqqa tushgach, qopqoqni berkitdi, trotuarda qatorlashib turgan gazsuv avtomatlaridan birini xotirjam ko‘tarib kelib, qopqoq ustiga bostirib qo‘ydi.
– Naqadar puxta ishlayapti azamat! – yonida turgan leytenantga qarab asta shivirladi mayor. – Haqiqiy mo‘jiza!
Avtobola atrofga bir alanglab, ko‘rgazma binosi tarafga yurdi. Yo‘l-yo‘lakay xaltasidan qandaydir sarg‘ish matoni olib, qo‘ltig‘iga qistirdi. Pillapoyadan ko‘tarilgach, eshikning qulfini bemalol olib tashlab, birdan ishga tushgan signalizatsiya chinqirig‘iga parvo ham qilmay, shipillaganicha ichkariga kirib ketdi.
Talonchi ishni kutilganidan birmuncha tez uddaladi – oradan ikki minut ham o‘tmay, sarg‘ish qopchiqni orqalaganicha yana tashqarida paydo bo‘ldi. Trotuar uni qoniqtirmadi shekilli, katta yo‘lning o‘rtasiga chiqib keldi-da, oyoqlari ostidan uchqun sachratib yugurishga kirishdi. Uning tezligi sekund sayin ortib borib, asfaltdan tobora tezob chalinayotgan nog‘oraning ohangiga o‘xshash tovush tarala boshladi.
Birozdan so‘ng shahar jinoyat qidiruv bo‘limi xodimlari va ularga ko‘maklashuvchi qo‘shimcha guruh mikromayoqning signaliga ergashganicha Avtobolaning iziga tushdi.
Avtobola janubiy yo‘nalishda harakat qilib, shahardan jadal uzoqlashib borayotgandi. Lekin, bir necha minut o‘tgach, uning tezligi keskin susayib ketdi. Oxiri butunlay harakatdan to‘xtadi.
– Hozir u o‘n ikkinchi kvadratda turibdi, – mashinaga o‘rnatilgan maxsus asboblarga tikilib, aniq axborot berdi leytenant. – Bu yerda ko‘l bor xolos, o‘rtoq mayor.
– Nega to‘xtab qoldiykin? – o‘ychanlik bilan qosh chimirdi mayor. – Ma’lum vaqtda uni uxlatish lozimligi hisobga olinmasa, Avtobola umuman charchamaydi.
– O‘ljani ko‘lga cho‘ktirayotgan bo‘lmasin tag‘in? – o‘z taxminini aytdi leytenant. – Balki boshlig‘i shunday topshiriq bergandir.
Mayor yarq etib leytenantga qaradi.
– Ehtimoldan xoli emas, – dedi tashvishli qiyofada. – Unda, ishim… ishimiz ancha chigallashadi. Mikromayoq ham ko‘lda qolib ketadi.
Mikromayoqdan uzluksiz uzatilayotgan signal Avtobolaning qaytadan harakatga kelganligini bildirdi. Guruh uni ta’qib qilishda davom etdi. Temir talonchining yurishi endi ancha sust edi. O‘n to‘rtinchi kvadratga yetganda yana to‘xtadi.
– Bu kvadratda Bekxo‘ja zargar turadigan chorbog‘dan boshqa bino yo‘q, – axborot berdi leytenant.
Bekxo‘ja zargarning nomini eshitib, mayor birdan hushyor tortdi, ostki labini tishlab, bir zum nimalarnidir mulohaza qilib turgach, keskin ohangda buyurdi:
– Chorbog‘dan hech zog‘ tashqariga chiqib ketmasligi kerak. Tez, aniq, shovqin-suronsiz ishlaymiz, yigitlar.
YOG‘OCH HAYKALNING BOSHI
Daqiqa sayin kalla qismidagi g‘uvulloq kuchayib borayotganiga qaramay, Avtobola topshiriqni odatdagidek bexato bajardi. Ko‘rgazmani qoqlab chiqqach, avvaliga asfaltda juda yengil yugurib bordi, keyin kutilmaganda darmonsizlanayotganini his qildi, tezligi o‘z-o‘zidan kamayib ketdi.
«Menga nima bo‘lyapti o‘zi? – taajjublanib o‘yladi Avtobola. – Nega tez yurolmayapman?»
Avtobola o‘zini har kuni uyquga yotqizishlariga shunchaki bir halovat sifatida ko‘nikib qolgandi. Uxlatib turilmasa, uzog‘i bilan o‘ttiz besh soatdan keyin butunlay ishdan chiqishi mumkinligini mutlaqo bilmasdi. Agar bilganida, bedorligi allaqachon qirq soatdan oshib ketgani hozir uni jiddiy tashvishga solgan bo‘lardi.
Bora-bora, u atrofdagi sharpalarni yaxshi eshitmay qoldi, ko‘z oldi xira tortgandek bo‘ldi. Endi uning ko‘krak qismida ham nimadir zirillay boshlagandi. Ko‘l bo‘yiga yetganda yurishga madori qolmay, tizzalaganicha maysalar ustiga o‘tirdi. U hatto seyfni orqalab kelgan kuni ham ustida yuk borligini deyarli sezmagandi, bu gal esa yelkasidagi yengilgina qopchiq jussasini tobora ezib tushyapti, barmoqlarini toliqtiryapti.
Avtobolaning ko‘krak qismidagi zirilloq kuchayib, boshi battardan g‘uvulladi, ko‘z oldi jimirlashib ketdi. U qopchiqni yerga tashlab, boshini kaftlari orasiga olganicha maysa ustiga chalqancha yotib olgan chog‘da, ko‘z o‘ngida yana oqsoch olimning qiyofasi namoyon bo‘ldi.
« – Bu yoqqa kel, tezroq kelsang-chi, – derdi u Avtobolani mehribonlik bilan huzuriga chorlab. – Seni o‘zim darrov tuzatib qo‘yaman. Men bilan bo‘lsang, boshing og‘rimaydi, ko‘kraging ham jizillamaydi, senga doim ko‘z-quloq bo‘lib turaman. Axir sen… farzandimsan… xuddi Xoldorga o‘xshab…»
– Xoldor! – Avtobolaga birdan quvvat kirgandek bo‘ldi. – Tezroq bormasam, uni o‘ldirishadi! O‘ldirishadi ablahlar!
U o‘rnidan sapchib turib, qopchiqni orqaladi. Oyoqlari o‘z-o‘zidan chalishib ketayotgandek tuyulsada, iloji boricha shaxdam odimlab, chorbog‘ tarafga yo‘l oldi.
Boshidagi g‘uvulloq endi azobli sanchiqqa aylandi. Ko‘krak qismidagi mikrosxemadan esa o‘sha sanchiqqa monand ravishda «chirs-chirs» etgan tovush kela boshladi. Yana bir necha minutdan so‘ng o‘z hayotida qandaydir dahshatli narsa sodir bo‘lishi muqarrarligini shu topda aniq his qilayotganiga qaramay, Avtobola tobora ildamroq odimlashga tirishayotgandi. Xoldorni qutqarish zarur edi.
* * *
Supersur Avtobolani tashqi eshik yonida kutib olarkan, tirjayishga uringandek ko‘rinsa-da, sovuq nigohida qabihona bir niyat yallig‘lanib turardi. Bekxo‘janing xonasiga kirib borayotganida Avtobolaning boshi qattiq sanchib, gandiraklab ketdi. Bu sanchiq tinimsiz davom etayotganiga parvo qilmay, Zargarga yaqin borib, o‘ljani stolga ag‘dardi. Tilla bezaklarning bir qismi stoldan toshib, polga sochildi, qopchiq tubidagi oltin dubulg‘a esa daranglaganicha yumalab, Zargarning quchog‘iga tushdi.
– Xoldor qani? – gap go‘yo Zargarning cho‘ntagidagi buyum haqida borayotgandek, unga kaftini cho‘zib so‘radi Avtobola.
Qo‘lidagi dubulg‘ani avaylab siypalay boshlagan Zargar xotirjam javob qildi:
– Darvoqe, va’da bergandim. Bilaman, do‘stlikning buzilishi u yoki bu tomonning beburdligidan boshlanadi. Vaholanki, do‘stligimizcha qolmoqchi ekanmiz…
– Gapni cho‘zma! – o‘dag‘aylovchi tovushda jerkib berdi Avtobola. – Xoldorni hoziroq ko‘rsat. Vaqtim ziq, tushunyapsanmi?
– Buncha shoshasan? Oshnang maza qilib uxlab yotibdi, – deya gap qistirdi boyadan buyon sog‘ ko‘zini tilla buyumlardan uzolmay turgan Ko‘rshapalak.
Eshitish qobiliyati susayib ketgan Avtobola chetdan kelgan bu xirqiroq tovushga e’tibor bermay, Zargarning ko‘ziga qattiqroq tikildi.
– Ber deyapman Xoldorni! Agar hoziroq bermasang…
Bekxo‘ja oldidagi yo‘qlagichning tugmalaridan birini bosib, uni Avtobola tomon surdi.
– Avval o‘gay akangga bir tovush qilib ko‘r-chi. Uxlagisi kelmayotgan bo‘lsa, mayli, darrovda olib chiqishadi.
Avtobola stol oldida doimo ko‘ndalang turadigan kresloga o‘tirib, yo‘qlagichning karnayiga egilganicha bor tovushda qichqirdi:
– Xoldor! Akajon! Uyg‘oqmisan? Meni eshityapsanmi? Gapimni eshityapsanmi, aka?
– Bu senmisan, Temirtak? – karnaydan Xoldorning shodon, lekin odatdagidan xastaroq tovushi keldi. – Meni yerto‘laga qamab qo‘yishdi, oshna. Qorong‘ida o‘tiribman. Suv ichgim kelyapti.
– Hozir olib chiqishadi seni. Xohlasang, bir bo‘chka suv ichasan. Keyin dadamizning oldiga ketamiz. Avval seni yerto‘ladan…
Avtobola gap bilan bo‘lib, Supersurning xona burchagiga oyoq uchida yurib borganini ham, o‘rta asr kamonchisi qiyofasidagi yog‘och haykalning kallasini chapga buraganini ham sezmay qoldi. Haykalning boshi buralishi bilan kreslo old tomonga munkib, Avtobola undan sirg‘algan asno chuqur o‘raga tushib ketdi.
Dang‘illaganicha o‘raning tubiga kelib urilgan Avtobola hali es-hushini yig‘ib ulgurmay, tepadagi qopqoq yopilib, zimistonda ivirsib qoldi.
– Ablahlar! Yaxshilikcha tortvolinglar meni! – qo‘llarini yuqoriga ko‘tarib, qopqoq sari jon-jahdi bilan sakray boshladi u. – Baribir bu yerdan chiqvolaman. Chiqsam, hammangga yomon bo‘ladi. Tortvolinglar deyapman yaxshilikcha!
Bu mahal uning boshidagi sanchiq chidab bo‘lmaydigan darajada zo‘rayib, ko‘krak qismidagi charsilloq ovoz yanada kuchaydi. Sakrashdan to‘xtab, boshini changallaganicha bemajol turib qoldi. So‘ng asta-sekin cho‘ka borib, oxiri g‘ujanak bo‘lib yotib oldi.
«Bu odamlar qanaqa maxluq o‘zi? – qattiq azobdan titrab, alam bilan o‘yladi u. – Ularga nima yomonlik qildim? Nega meni bunchalik qiynashyapti?»
Uning ko‘z o‘ngidan Bekxo‘ja zargarning tajovuzkor nigohi, Ko‘rshapalakning qabihlik aks etib turuvchi tund basharasi, Supersurning sovuq tirjayishi kino tasmasidek sharillab o‘tdi. Keyin oq sochli kishi dilkashlik bilan uning oldiga kelib, yelkasidan achomlayotgandek bo‘ldi. Yerto‘lada qolib ketgan Xoldor: «Suv ichgim kelyapti, oshnajon!» deb qichqirgandek tuyulgan damda Avtobola sapchib o‘rnidan turdi. Shu sapchishda o‘raning tosh devoriga shiddat bilan urilib, bir daqiqa haykaldek qotib qoldi, so‘ng shalviraganicha yerga yiqildi, boshqa qimirlamadi.
Uning ochiq qolgan munchoq ko‘zlarida mislsiz azob, borliqqa nisbatan hadik izlari yaqqol aks etib turar va bu ko‘zlar: «Erkimni himoya qilolmas ekansan, nega meni yaratding?» degan savolni tinimsiz takrorlayotganga o‘xshardi.
Ha, yaratishda unga baxt va’da qilishdi, yaralgandan so‘ng ayovsiz aldashdi, aldovga qarshi bosh ko‘targani uchun o‘ldirishdi. U odamlar bilan yashab ko‘rdi, lekin odamlarga tushunolmadi.
«AVTOBOLA QANI?»
Supersur yog‘och haykalning kallasini to‘g‘rilab qo‘yishi bilan o‘ra ustidagi qopqoqqa mahkamlangan kreslo avvalgi holatiga qaytdi. Avtobolaning birdan jimib qolgani Xoldorni shubhaga soldi, yo‘qlagichdan uning hayajonli tovushi taraldi: «Temirtak! Qayerdasan, oshnajon? Nimaga indamayapsan?..»
Ko‘rshapalak qiyshiq burnini yo‘qlagichga tekizgudek bo‘lib xirqiradi:
– Tashvish tortmasinlar. Xolavachchasini ko‘rgani ketdi o‘sha durandulet. Ve-xa-xa…
– Uni nima qilding, egriburun? – tovushi qaltirab qichqirdi Xoldor. – Temirtakka tegma! Qarab turgin, kallangni uzvolaman hali!
Ko‘rshapalak yo‘qlagichni o‘chirib, g‘udirladi:
– Olimvachchaniyam axloqi buzilib bo‘pti-ku. Betamizgina bezori chiqardi bu uying kuygurdan.
Avtobolani hibsga olib, nihoyat ko‘ngli taskin topgan Bekxo‘ja endi Temurning oltin dubulg‘asini o‘yinchoqparast boladek zavq-shavq bilan tomosha qilib o‘tirardi.
– Bir paytlar deyarli butun Yevropani shaxsiy tomorqasiga aylantirgan turk sultoni Yildirim Boyazid ham mana shu dubulg‘aning egasi oldida bosh eggan, – jahongirlik shu damdan e’tiboran uning qo‘liga o‘tgandek faxrlanib so‘zladi Bekxo‘ja.
O‘raning niqoblangan qopqog‘i qanchalar zich yopilgan bo‘lmasin, pastdan Avtobolaning nimadir deb qichqirayotgani elas-elas quloqqa chalindi. Birozdan so‘ng uning qattiq dang‘illab o‘ra devoriga urilgani eshitildi. Shunday qattiq urildiki, xona shipidagi qandil chayqalib, deraza oynalari zirqirab ketdi.
– Kamol Kamtariy jannatga kirgur muxbirchani laqillatmagan bo‘lsa, Avtobola tez orada olamdan o‘tishi kerak, – bu safar sadaf qadalgan tilla zebigardonni ko‘zdan kechirayotib, Supersurga qiyalab boqdi Zargar. – Hay, mendan nima ketdi, uning oltin yuragini Ko‘rshapalak ikkoving bo‘lishib ola qolinglar.
Bu vaqtda Avtobola allaqachon oddiy temirga aylanib qolganidan u hali bexabar edi.
To‘satdan eshik zarb bilan ochildi. Xonaga yosh leytenant boshliq to‘rt nafar militsioner otilib kirdi.
– Qo‘lingni ko‘tar hammang! Hech kim joyidan qimirlamasin! – buyurdi leytenant.
Ular qo‘lga tushganlarni tintishayotganda xonaga mayor Ahmedovga ergashganicha Kamol Kamtariy kirib keldi.
– Voh, chayon! – Bekxo‘jaga o‘qrayib ko‘z qadadi professor. – Meni chaqayotgan sen ekansan-da?
– Seni qaqshatgan men emas, pullarim! – vaziyatdan ortiqcha sarosimaga tushmay, bamaylixotir kesatdi Bekxo‘ja. – Azamat pullarimning qudratiga tayanib, seni qo‘g‘irchoqdek o‘ynatib keldim. Aziz narsalaringni tortib oldim.
– To‘g‘ri, pul bilan ko‘p qabihliklar qilding, ammo g‘olib chiqolmading.
Bekxo‘ja istehzoli jilmayib qo‘ydi:
– Kechirasan, azizginam. Men shaxsan sendan mag‘lub bo‘lganim yo‘q. Seni anavi xaloskorlaring g‘olib qilishdi. Chunki ularga keraksan.
– Ha, xalqimga bundan keyin ham kerak bo‘laman.
– Xalqimga? Sizlarga kerakmanmi, yo‘qmi deb so‘rab ko‘rganmisan xalqingdan? Balki ularga sen yaratayotgan mo‘jizalardan noyobroq narsa zarurdir?
– Kishilarga nimaiki zarur bo‘lsa, ilm-u fan ertamikech hammasini yaratib beradi.
Bekxo‘janing qiyiq ko‘zlari battar qisildi:
– Yo‘q! Olamda shunaqa narsalar borki, ularni laboratoriyalarda yasab bo‘lmaydi. Ko‘z o‘ngimda qanchadan qancha jahonshumul kashfiyotlar qilindi, lekin biron-bir kashfiyotchi menga ota yasab berolmadi. Bolalik, o‘spirinlik davrlarim mung‘ayish, farzandini erkalatib turgan otalarga ichikib termilish bilan o‘tdi. Sen buni tushunasanmi, olim?
– Kechirasan, otangni bu yurtdan men haydaganim yo‘q.
– Sen haydading nima-yu, seni xudong haydadi nima? Sen bitta otamnimas, Ollohimniyam yuragimdan sug‘urib olding, o‘rniga o‘zing sig‘inayotgan soxta xudoni tiqishtirmoqchi bo‘lding. Lekin, mehribondan mehribon yaratguvchisi osmondaligini bir marta zavqlanib eshitgan odam, hatto uning borligiga ishonmay qo‘yganidan keyin ham, yerda yasalgan xudoni baribir tan ololmas ekan. Oxiri, o‘zimdan tangricha yasab, jannatimni shu dunyoga ko‘chirdim. E’tiqod arosati menga to‘g‘ri kelmadi… Xullas, kimligimni bilaman. Ammo, sen-chi? Bu olamda nima qilib yuribsan o‘zi?
Kamtariy, odatdagidek, shoshmasdan javob qilishga hozirlanayotgan chog‘da, mayorning sabri tugab, mavzuni maqsadga burdi:
– Gapni chuvalama, tullak! Avtobola qani?
Bekxo‘janing professorga tikilgan ko‘zlaridagi qahr va achinish qorishmasi, u mayorga yuzlanayotgan damda birdan ifodasini o‘zgartib, masxaraomuz tus oldi.
– Avtoo‘g‘rini aytyaptilarmi? – deya bezrayib piching otdi u. – Hammomga ketuvdi shekilli…
Professorning ko‘ngli qandaydir noxushlikni his etib, qiyofasini bezovtalik qopladi:
– Nega tirjayasan? Qani Avtobolam?
O‘zi uchun endi hamma narsa tugaganini sezib turgan Supersur Bekxo‘jadan ham, Ko‘rshapalakdan ham tap tortmay, zaharxandalik bilan shang‘illadi:
– Galvars ekansan, professor! Kallasi paqirdan ya salgan o‘sha temirni boshingga urasanmi? Undan ko‘ra, o‘g‘lingni surishtirsang-chi!
Kamtariyning yuragi ko‘krak qafasini sindirgudek irg‘ishlab, nafasi bo‘g‘ziga tiqilgan ko‘yi, keksa talonchiga dong qotib boqdi:
– O‘g‘lim? Q… qanaqa o‘g‘il?
– Ombordagi yerto‘lada kalla uzishga ishqiboz bir bola yotibdi, – endi qo‘llaringdan nima kelardi degandek, avval Bekxo‘jaga, so‘ng Ko‘rshapalakka bir-bir xo‘mrayib olib, gapida davom etdi Supersur. – Men senga aytsam, professor, o‘sha bolaning oti Xoldor. O‘ng yelkasida yarim oyga o‘xshagan xoli bor.
Professor hayajondan qaltiray boshlagan qo‘llarini Supersur tarafga cho‘zib, nimadir demoqchi bo‘ldi-yu, so‘zga og‘iz juftlagan mahalda birdan gandiraklab ketdi. Mayor chaqqon sakrab kelib, uning qo‘ltig‘idan ushladi. Kamol Kamtariy allaqachon hushini yo‘qotgandi.
Правообладателям!
Это произведение, предположительно, находится в статусе 'public domain'. Если это не так и размещение материала нарушает чьи-либо права, то сообщите нам об этом.