Текст книги "Oltin yurakli Avtobola"
Автор книги: Anvar Obidjon
Жанр: Современная зарубежная литература, Современная проза
сообщить о неприемлемом содержимом
Текущая страница: 6 (всего у книги 6 страниц)
TIRILIB QAYTGAN O‘G‘IL
Oradan bir hafta o‘tgach, mayor Ahmedov professor bilan yana suhbatlashib qoldi. Bu safar ular tasodifan uchrashdilar.
O‘sha kuni yomg‘ir shivalab turgandi. Shaxsiy avtomashinasida ishdan qaytayotgan mayor Fanlar akademiyasi yonidan o‘tib borayotib, bekatda turgan Kamol Kamtariyga ko‘zi tushdi. Mashinani to‘xtatib, qiya ochiq oynadan unga tovush qildi:
– O‘rtoq professor! Kamol aka! Kelavering, o‘zim tashlab o‘taman.
Professor mashinaga o‘tirgach, mayor bilan qirq yillik qadrdonlardek iliq ko‘rishdi.
– Xizmatchi mashinam bugun texnik ko‘rikdan o‘tayotuvdi, – yayov qolganligidan xijolat tortayotgani yuzidan sezilmagan bo‘lsa-da, har holda izoh berib qo‘ydi professor. – O‘chakishgandek, akademiyadan majlisga chaqirib qolishdi.
Ular ancha joygacha u-bu narsalar haqida so‘zlashib bordilar. Lekin baribir, gap shu damda ikkala taraf ham negadir eslashni unchalar xushlamayotgan eski mavzuga borib taqaldi.
– Ishqilib, Xoldorbek bilan ahilmisizlar endi? – deb so‘radi mayor.
– Unchalar emas, – deya hazilomuz ohangda javob qildi professor. – Avtobolani tezroq tuzatib berishimni talab qilib, mendan arazlab yuribdi. Agar tuzatib bermasam, kallamni uzib olarmish.
Mayor qah-qah otib kulib yubordi.
– Obbo shumtaka-yey! Uni odam qilguncha hali ancha terlaydiganga o‘xshaysiz. Mabodo mendan… bizdan yordam kerak bo‘p qolsa, tortinmaysiz-da.
Professor bir muddat jimib qoldi.
– Bilasizmi, birodar, – baxtiyorlik uchqunlari chaqnayotgan ko‘zlarini mayorga qadab, ohista gap boshladi u. – Shu keyingi hafta ichida o‘zim ham yosh bolaga o‘xshab qoldim. Xuddi yangitdan tug‘ilib, hayot lazzatini endigina totib ko‘rayotgandayman.
– Tushunib turibman, – bosh irg‘ab qo‘ydi mayor. – O‘ldiga chiqarilgan farzandingiz qariyb olti yildan keyin tirik qaytib kelsa-yu… Bunaqada odamning yuragi yorilib ketishiyam hech gapmas.
– Ha! – shu topda bahridili ochilib ketganini yashirib o‘tirmay, ko‘ksini to‘latib shavq bilan havo simirdi professor. – Bu shunaqa bir baxtki, dunyodagi hamma xazinalarni garovga qo‘yib ham ataylab sotib ololmaysiz.
Mayor ma’nodor yo‘talib, qovoq-lunjini osiltirishga harakat qildi. So‘ng Kamol Kamtariyga ko‘z qirida quvlik bilan boqib dedi:
– Haddingizdan oshmang, hurmatli professor. Menimcha, pul baribir kuchli.
Professor yarq etib unga o‘girilgan paytda o‘zini bazo‘r jiddiy tutib turgan mayor salgina piqirlab kuldiyu, ikkalasi biri qo‘yib, biri «xa-xo»lay ketishdi. Ular chinakam insoniy mehr-oqibatning, vijdon va insofning, g‘urur va iffatning, e’tiqod va tafakkurning ustidan hech qachon hukmron bo‘la olmaydigan sho‘rlik pulni, ana shu shaldiroq qog‘ozga sig‘inishgacha borib yetgan xokisor bandalarni yayrab-yayrab ermak qilishayotgandi.
Mayor mischaqmoqni chiqirlatib, hozirgina labiga qistirgan sigaretni yoqqach, tutunni darcha tarafga puflayotib so‘radi:
– Harqalay… Avtobolani tiklash mumkinmi?
– Mumkin, – ishonch bilan bosh silkidi Kamol Kamtariy. – Unchalik qiyin joyi yo‘q.
Mayorning yuzi birdan quvnoq tus oldi.
– Unday bo‘lsa, Xoldorning oldida boshingizni garovga qo‘yib yurasizmi? Tuzatib beraqoling temir oshnasini.
Professor suhbatdoshining ko‘ngli uchun salgina tabassum qilgan bo‘ldi-yu, keyin qiyofasi yana tundlashdi.
– Bundan nima foyda? – u afsusnamo qo‘l siltab qo‘ydi. – Uning miya qismidagi to‘qimalar erib, xotira lari tamoman kuyib bitgan. Ta’mir qilingan robot butunlay boshqa Avtobola bo‘ladi. Eski tanaga yangi bosh ulangandek gap. Xoldorga bo‘lsa, avvalgi o‘sha qadrdon Avtobola kerak.
Mayor yumshoqqina tormoz berib, mashinani yo‘l chetida to‘xtatdi. Ular professor yashaydigan hovli yoniga yetib kelishgandi.
– Endi peshayvonda o‘tirib bitta choy ichsak, – deya uni ichkariga taklif qildi professor.
– Bir yo‘la ziyofatga kelarman, – jilmayib qo‘l uzatdi mayor. – O‘g‘lingizning tug‘ilgan kunini nishonlaydigan bo‘lsangiz, bizgayam bir yo‘talib qo‘yarsiz.
Ular qattiq qo‘l qisishib, do‘stona xayrlashishdi.
* * *
…Kitobxon do‘stim, chamasi, bizning ham xayrlashadigan vaqtimiz kelganga o‘xshaydi. Faqat, ikkalamiz ikki tarafga qarab yo‘l olishdan oldin, bir narsa xususida kelishib olsak degandim. Zero, dunyoda orqadan aytiladigan ta’nadan yomoni yo‘q.
Balki fizikdirsiz, Avtobolaning ichki va tashqi tuzilishi bilan bog‘liq gaplarimdan talaygina xato toparsiz. Avvalo, shuni ta’kidlab o‘tishim lozimki, qo‘limga qalam olayotib, ilmiy maqola yozishni aslo maqsad qilmaganman. Qolaversa, muqaddimada aytganimdek, bu voqeani mashhur kibernetik olimdan emas, oddiy bir sartaroshdan eshitganman. Keksa sartarosh bilan o‘rtamiyona yozuvchidan bundan ortiq nimaniyam kutish mumkin?
Xullas, gap shu: mabodo, bu qissa ko‘nglingizga manzur bo‘lmasa, hamma aybni Toshmat sartaroshga ag‘darishimizga to‘g‘ri keladi; bordi-yu, sal-pal yoqib qolsa, mayli, barcha maqtovni o‘z gardanimga olganim bo‘lsin.
1981–1985-yillar,Oltiariq – Toshkent
Правообладателям!
Это произведение, предположительно, находится в статусе 'public domain'. Если это не так и размещение материала нарушает чьи-либо права, то сообщите нам об этом.