Электронная библиотека » Ганс Христиан Андерсен » » онлайн чтение - страница 6

Текст книги "Қор одам"


  • Текст добавлен: 29 апреля 2024, 16:20


Автор книги: Ганс Христиан Андерсен


Жанр: Книги для детей: прочее, Детские книги


сообщить о неприемлемом содержимом

Текущая страница: 6 (всего у книги 25 страниц) [доступный отрывок для чтения: 8 страниц]

Шрифт:
- 100% +
Birinchi tashrif

Olega oxirgi marta olib kelgan kitoblarim orasida xarsangtoshlar to‘g‘risidagi bir kitob bor edi, shunisi unga juda ma’qul tushibdi.

– Xarsangtoshlar yubileyini o‘tkazish kerak ekan! – dedi menga Ole. – Ularning yonidan o‘tib ketaverishadiyu payqashmaydi. Yuzlarcha xarsangtoshlar yumalab yotgan dala va sohillar bo‘ylab sayr qilib yurganimda o‘zim ham shunday qilardim. Tosh yo‘lga terilganlarini esa oyoq bilan bemalol toptashaveradi! Men ham shunday qilganman! Mana endi tosh yo‘lning har bir toshiga chuqur ehtirom bilan qarayman! Manavi kitob uchun katta rahmat! Bu kitob meni o‘ziga maftun qildi, odatdagi hamma fikrlarimni bir chetga surib qo‘ydi, endi bo‘lsa ana shunaqa kitoblardan ko‘proq o‘qisam deb betoqatlanyapman. Zamin romani boshqa romanlardan ko‘ra maroqliroq! Afsuski, uning dastlabki boblarini o‘qish mumkin emas: bular biz o‘rganmagan tilda yozilgan: ularni yerdagi turli tosh davrlariga bo‘lib o‘qishga to‘g‘ri keladi, asosiy qahramonlar Odam Ato bilan Momo Havo faqat oltinchi bobda ko‘rinishadi. Ayrim kitobxonlar uchun bu kechikib ko‘rinayotganday tuyuladi: ularga qolsa romanning boshidayoq tirik qahramonlar qatnasha qolsa, menga esa baribir. Ha aytganday, bu roman judayam maroq bilan o‘qiladi, bu romanda hammamiz tilga olinganmiz! Biz suvda shapir-shupir qilib cho‘milamiz, g‘imirlashamiz, o‘rmalaymiz, biroq hech joyimizdan qimirlamaymiz, yer kurrasi bo‘lsa okeanni ustimizga ag‘darib yubormay aylanaveradi, aylanaveradi. Biz yuradigan yer qatlami qattiq, shu sababli botib ketmaymiz. Roman million-million yillarni qamrab oladi, oxiri esa ko‘rinmaydi. Toshlar haqidagi kitob uchun rahmat. Barakalla ularga! Gapirishni bilishganda ko‘p narsalarni aytib berishardi! Rostini aytsam, manovi yerda, minoraning ustida o‘tirib olib, hammamiz o‘zimizning yarqiroq etik moylarimiz, ordenlarimiz, oldinga intilishimiz – hammasi yer yuzida bir zumlik, chumolicha hayot singari ahamiyatsiz bir narsa ekanligini xotirlash juda qiziq narsada! Ha, million yoshli xarsangtoshlar oldida o‘zingni bir go‘dakday his etasan, o‘ng‘aysizlanib ketasan kishi. Men bu kitobni Yangi yil arafasida o‘qib chiqdim. Kitobga shunchalik berilib ketibmanki, odatdagiday «Amagerga yovvoyi to‘daning yelib borishi»ni huzur qilib kuzatishni ham unutibman. Aytganday, bundan siz bexabarsiz!

Alvastilarning jinlar bazmiga uchib borishini hamma biladi; ular Ivan tunida Broken tepaligiga uchib kelishadi. Biroq, biz tomonlarda Yangi yil kechasi Amagerda o‘zimizning mahalliy, zamonaviy jinlar bazmi bo‘ladi. Barcha no‘noq shoir va shoiralar, sozandalar, jurnalistlar va boshqa hech vaqoga arzimaydigan ustabuzarmonlar Yangi yil kechasi Amagerga uchib kelishadi. Ular mo‘yqalam yoki g‘oz patlariga minishib uchishadi, po‘latdan yasalganida uchisha olmaydi, chunki ular juda qattiq bo‘ladi, egilmaydi. Men hali aytganimday, bu yovvoyi jin to‘dalarini har yili tomosha qilaman, ana shu sayohatchilarning ba’zilarini nomma-nom aytib berishim ham mumkin, biroq yaxshisi, ularga ishingiz tushmasin! Har yili kechasi pat minib Amagerga uchib kelishlarini boshqalardan nihoyatda sir tutishadi. Lekin mening baliq bilan savdo qiladigan, uchta e’tiborli gazetani haqoratli so‘zlar bilan ta’minlab turadigan bir qarindoshim bor. Ana shu ayol bir gal jinlar bazmida mehmon bo‘lgan ekan. Patda ucholmagani uchun o‘sha yoqqa uni jinlar ko‘tarib olib borishibdi. Bu haqda u menga batafsil gapirib berdi. U aytgan narsalarning yarmi g‘irt yolg‘on, qolgan yarmi ham yolg‘ondan holi emas. Bayram qo‘shiqlar bilan boshlanibdi;

har bir mehmon o‘zi yozgan ashulasini kuylabdi. Shunday bo‘lgach, har kimniki o‘ziga yaxshi ko‘rinaveradi-da! Baribir emasmi? Hamma bir maqomda ashula aytibdi! Keyin «til zahmatkashlari» kichik-kichik to‘da bo‘lib yurish boshlabdi. Bu to‘dalarda uylarga qo‘ng‘iroq qiladigan qo‘ng‘iroqchilar bor ekan. Keyin esa istaganlar oddiy bo‘yoqni yaltiroq moy o‘rnida o‘tkazish uchun imzosiz maqolalar yozadigan yozuvchilar bilan tanishisharkan. Ular orasida jallod bilan uning yordamchisi bor ekan; yordamchining tili o‘ta zahar ekan, aks holda unga hech kim e’tibor bermagan bo‘lardi. Bu yerda yashikdan har gal axlat ilib olayotganda: «Yaxshi, juda yaxshi, ajoyib!» – deb turadigan bir axlat yig‘uvchi ham bor ekan! «Xursandchilik» rosa avjiga minganda axlat o‘radan ingichka poya, daraxt, judayam xunuk gul, haddan tashqari katta qo‘ziqorin, butun bir tom o‘sib chiqibdi; bu hurmatli anjumanning «archa»si ekan; archaga eski yil davomida nima yaratgan bo‘lsalar, hammasini osishgan ekan. Archadan beqaror olovlar sachrarmish; bular o‘zlashtirib olingan fikrlar va shu anjuman qatnashchilari foydalanayotgan ijaraga olingan g‘oyalar ekan. Endi ular ozod bo‘lib, mushak singari osmonga o‘rlayotganmish. Shundan keyin «darra o‘yin» boshlanibdi, yosh ijrochilar «qalb yondi» o‘yini qilishibdi, so‘zamollar bir-biriga o‘tkir so‘zlarni qota boshlabdi. O‘tkir so‘zlar eshikka bo‘sh ko‘za yoki kul to‘la ko‘za urilib singanday gumburlay boshlabdi. Qarindoshimning gapiga qaraganda, ko‘z ko‘rmagan, quloq eshitmagan ajoyib xursandchilik bo‘libdi! Rostini aytsam, u yana bir talay mudhish, lekin oqilona fikrlarni ham aytdi, men ularni takrorlab o‘tirmayman; tanqidchi bo‘lgandan ko‘ra, ko‘ngilchan odam bo‘lgan ma’qul. Endi ana shunaqa bayramdan xabardor bo‘lganim holda har yili Yangi yil kechasi jinlarning yovvoyi galasi ko‘chishini ko‘rishdan mahrum bo‘lib qolishdan qo‘rqishimni fahmlagan bo‘lsangiz kerak. Ba’zi yillar oldingi sayohatchilar yoniga yangilari qo‘shilib qolganini ham ko‘raman. Bu yil esa tomoshadan quruq qoldim. Men xarsangtoshlar bilan birga million yil oldingi o‘tmishga sayohat qildim, ularning Shimol qoyalaridan uzilib tushishlari, pastga qulashlari, muz ustida Nuh payg‘ambar kemasi qurilguncha suzib yurganini, suvga dumalab tushganini, teranlikka cho‘kib ketganini, keyin yana «Bu yer Yangi Zelandiya!» – deb baqirgan qumli sohil bilan yuqoriga ko‘tarilganini ko‘rdim. Ana shu toshlarning zoti bizga ma’lum bo‘lmagan qushlar uchun boshpana bo‘lganini, biz nomini bilmagan yovvoyi drujinalar boshlig‘i uchun taxt vazifasini o‘taganini ham ko‘rdim; nihoyat, ba’zi xarsang toshlarni bolta bilan taroshlab, ularga turli belgilar o‘yishganini ko‘rdim. Shunday qilib, ana shu toshlarga vaqt o‘lchovida alohida o‘rin ajratilgan. O‘zim esa vaqt haqidagi har qanday tasavvurni mutlaqo yo‘qotdim, ahamiyatsiz bir narsa bo‘lib qoldim… Shu payt osmonda uch-to‘rtta chiroyli yulduzlar uchdi, fikrlarim ham o‘zgarib ketdi. Uchar yulduzlar nimaligini bilasizmi? Olimlar buni bilishmaydi! Men ularga boshqacha ko‘z bilan qarayman.

Ko‘pincha odamlar ajoyib, xayrli ishlar qilgan kishilarga pinhona, unsiz rahmat yo‘llaydilar; rahmat so‘zi aytarli jarangdor bo‘lmasa-da, hech behuda ketmaydi. Menimcha, ana shu unsiz, pinhona rahmat quyosh nuriga singib, so‘ng rahmat olgan odam boshidan sochilsa kerak. Bordiyu, butun bir xalq allaqachonlar o‘lib ketgan yaxshi odamga minnatdorchilik yo‘llasa, uning qabriga osmondan yarqiroq guldasta, ya’ni yulduzlar uchib tushadi. Ana shunaqa minnatdorchilik guldastasi olishga sazovor bo‘lgan yaxshilarni Yangi yil kechasi payqab olishdan olam-olam huzur qilaman. Eng oxirgi marta yulduz janubi-g‘arbiy sohilga uchib tushdi; bu juda ko‘p odamlarga yo‘llanma, son-sanoqsiz rahmatlar edi! Kimlarga deysizmi? Menimcha, yulduz Flemsborg ko‘rfazining qiya sohillariga, Shlepnegrel, Lesse hamda ularning o‘rtoqlari44
  Bu yerda gap birinchi Daniya-Prussiya urushida (1848–1850) qahramonlarcha halok bo‘lgan Daniya ofitserlari haqida boradi.


[Закрыть]
yotgan qabrlar ustiga, Dannebrog bayrog‘i hilpirab turgan joyga tushgan bo‘lsa kerak. Boshqa bir safar yulduz mamlakatning qoq o‘rtasiga – Soryoga, Xolberg qabriga tushganini ko‘rdim. Bu uning antiqa komediyalari uchun kitobxonlar yo‘llagan rahmatdir.

Qabringga ana shunday yulduz kelib tushganini payqash naqadar zo‘r, quvonchli narsa! Mening qabrimga birorta ham yulduz tushmaydi, ozgina quyosh shu’lasi ham rahmat keltirmaydi – bunga arziydigan ish qilganim yo‘q! Men yarqiroq etik moyini ham qo‘lga kirita olmadim: oddiy etik yog‘iga qanoat qilish qismatim.

Ikkinchi tashrif

Yangi yilning birinchi kuni qo‘ng‘iroqxonaga chiqdim. O‘sha kuni Ole eski yilni kuzatib Yangi yil kutilganda sipqariladigan qadahlar haqida gap boshladi. Shunda undan qadahlar haqidagi hikoyani eshitdim, bu fikrlari ham chakki emas.

– Yangi yil arafasida soatlar o‘n ikkiga zang urishi bilanoq, odamlar qo‘lda qadahlar bilan joylaridan turishadi hamda Yangi yilning yaxshi kelishi uchun qadah ko‘tarishadi. Yilni qo‘lda qadah bilan boshlashadi – ichkilikbozlar uchun bu yaxshi qadam! Yangi yilni uyquga yotish bilan boshlashadi – yalqovlar uchun bu ham yaxshi! Chindan ham uyqu bilan qadah yil bo‘yi muhim rol o‘ynaydi! Qadahning ichida nimalar borligini bilasizmi? – so‘rab qoldi Ole mendan. – Uning ichida sog‘liq, baxt va xursandchilik bor! Lekin ularda musibat va baxtsizlik ham yo‘q emas! Qadahlarni hisoblash, bu mastlik darajasini hisoblashdir.

Dastlabki qadah – salomatlik! Unda salomatlik guli o‘sadi; uni uyingga o‘tkazsang, yil oxirida salomatlik kursisida o‘tirasan!

Ikkinchi qadahga kelsak, undan bir qushcha uchib chiqadi; u xursand, beg‘araz sayraydi, kishi unga quloq solib o‘tirib beixtiyor: «Hayot naqadar go‘zal! G‘amga berilish kerak emas! Dadil olg‘a intilmoq lozim!» – deb yuboradi.

Uchinchi qadahdan kichkinagina qanotli bir maxluq uchib chiqadi, uni farishta deb bo‘lmaydi – u uy jinlari zotidan, ammo sizni masxara qilmaydi, balki hazillashadi. U kishining qulog‘iga yopishib olib, qiziq-qiziq uydirma to‘la hikoyalarni shivirlab ayta boshlaydi, kishining qalbiga kirib oladi, uni shunaqayam isitadiki, kishi hazillashgisi, sho‘xlik qilgisi keladi, o‘ziga o‘xshash askiyabozlarning fikricha, chindan ham askiyaboz bo‘lib qoladi.

To‘rtinchi qadahda na gul, na qush, na qanotli hazilkash bor; uning ichida kishi aqlini loyqatadigan shayton o‘tiradi, shu vajdan to‘rtinchi qadahga o‘tmagan ma’qul.

Bordiyu beshinchi qadah sipqariladigan bo‘lsa, kishi o‘z ahvoliga yig‘laydi, ko‘ngli vayron bo‘ladi yoki shovqin solib, dunyoni boshiga ko‘taradi; qadah ichishdan sho‘x, tilini jilovlay olmaydigan karnaval shahzodasi sapchib chiqadi! U seni ergashtirib ketadi, e’tiborli odam bo‘lsang qadr-qimmatingni ham yo‘qotasan! Qo‘lingdan kelgandan ham ko‘proq narsani unutib qo‘yasan. Qo‘shiq, raqs, qadahlar jarangi!.. Niqoblar seni girdikapalak bo‘lib aylanishga da’vat qiladi. Ko‘z oldingda shaytonning qizlari harir, shoyi ko‘ylaklarda sochlarini yozib g‘amza qiladi, qomatlari kelishgan, chiroyli… Ulardan ko‘z uzib bo‘psan!

Oltinchi qadah! Uning ichida bashang kiyingan, so‘zamol, istarasi issiq, o‘ta xushfe’l qiyofadagi shaytonning o‘zi o‘tiradi! U seni yarim so‘zingdayoq tushunadi, hamma fikrda sening haqligingni ta’kidlaydi, u sening ikkinchi bir timsolingga aylanadi, qo‘lida bir fonus tutib seni uyiga boshlab ketaveradi. Aytganday, qadimiy afsonalardan birida bir avliyoga, yettita gunohdan birini tanlab ol, deyishibdi. U eng yengil gunoh deb ichkilikbozlikni tanlabdi, biroq ichkilikning kasofati bilan qolgan gunohlarga ham botib ketibdi. Oltinchi qadahda shayton qoni bilan inson qoni aralashgan bo‘ladi. Uni ichishing bilanoq qalbingda yashirinib yotgan yomonlik urug‘lari darhol unib barg yozadi, injildagi xantal urug‘iday bir zumda shoxlab katta daraxtga aylanadi, o‘z soyasi bilan butun olamni qoplaydi. Ko‘p odamlar shundan keyin qaytadan o‘ziga keltirish uchun jo‘natiladi!

– Qadahlar tarixi ana shunaqa! – deb gapini tamomladi Ole. – Uni yarqiroq etik moyidek qiyomiga yetgan gaplar bilan ham, oddiy etik moyidek oddiy so‘zlar bilan ham hikoya qilib berish mumkin. Men unaqasigayam, bunaqasigayam so‘zlayveraman.

Bu Olening huzuriga ikkinchi tashrifim edi; yana hikoya tinglamoqchi bo‘lsangiz, uchinchi marta ham tashrif buyurishim mumkin.

ANNE LISBET

Anne Lisbet yosh, quvnoq, husnda tengi yo‘q, naqsh olmaday bir qiz edi. Tishlari ko‘zni qamashtiradigan darajada oppoq, ko‘zlari yonib turardi, qushday yengil raqsga tushardi, hayot kechirishi esa undan ham yengilroq edi! Xo‘sh, undan qanday farzand tug‘ildi? Jirkanch bir o‘g‘il dunyoga keldi! Shunaqayam hunukki, asti qo‘yavering! Uni tarbiyalash uchun yer qazuvchining xotiniga berishibdi. Anne Lisbetning o‘zi esa graf qasrida, hashamatli xonada istiqomat qila boshlabdi; uni shoyibaxmallarga o‘rab tashlashibdi, hatto unga shamolni ham ravo ko‘rishmabdi, hech kimning unga qattiq gapirishga haddi sig‘mas ekan: agar shunday qilishadigan bo‘lsa, uning ko‘ngli vayron bo‘lishi, kasal bo‘lib qolishi ham hech gap emas ekan. Axir u emizikli, yosh grafzodani boqarkanda! Grafzoda shunaqayam muloyim, nozik ekanki, bu shahzodani ko‘rsang xuddi farishtaning o‘zi deysan. Anne Lisbet unga shunaqayam mehribon ekanki, asti qo‘yaverasiz! Uning o‘z o‘g‘li esa bo‘tqa o‘rniga sassiq ig‘vo gaplar qaynab turgan yer qazuvchining uyida yashabdi, u xonada yolg‘iz qolib, kuni bo‘yi yig‘lab baqiraverar ekan. Hech kimning unga rahmi kelmas ekan! U holdan toyib uxlab qolguncha yig‘lar ekan, uyquda esa kishi ochlikni ham, sovuqni ham sezmaydi, umuman olganda uyqu ajoyib kashfiyot! Yillar ketidan yillar o‘tibdi. Anne Lisbetning o‘g‘li ham o‘sib katta bola bo‘libdi. U yer qazuvchining xonadonida qolib ketibdi. Anne Lisbet buning uchun ularga uzil-kesil haq to‘labdi. O‘zi shaharlik xonim bo‘lib qolibdi. U juda yaxshi yashay boshlabdi, hatto boshiga shlyapa kiyib yuribdi, biroq yer qazuvchi xotinning uyiga bir marta ham bormabdi. Borib nima ham qilardi. Bola endi ularniki bo‘lsa. Bolaga non yeyishni bilgandan keyin uni topishni ham bil, deyishibdi. Qo‘lidan ish keladigan bo‘lib qolgan ekan, unga Made Yensenning malla sigirini boqishni topshirishibdi.

Bo‘yoqchining hovlisidagi zanjirband it havo ochiq kunlari uyasining tomiga chiqib olib, o‘tgan-ketganlarga hurar, yomg‘irli kunlar esa iniga kirib ketar ekan: u yer quruq va issiq ekan-da. Anne Lisbetning o‘g‘li havo ochiq kunlari ariq bo‘yida yog‘och yo‘nib xayol surib o‘tirarkan: bahorda ariq labidagi uch dona maymunjon gulini ko‘zlab qo‘ygan ekan, «ehtimol, ular meva tugsa kerak», deb o‘ylabdi. Ana shu o‘y unga dunyo-dunyo quvonch bag‘ishlar, biroq mevaning pishishidan hech darak bo‘lmabdi. U yomg‘irda ham, shamolda ham ariq bo‘yida o‘tirarkan, kiyimlari ivib ketarkan, qattiq shamol uni yana quritib qo‘yarkan. Bordiyu boyning uyiga borib qolsa, uni shapaloq va tepkilar bilan siylasharkan, qiz va yigitlar uni isqirt, xunuk, jirkanch deb atasharkan. U bo‘lsa mehrmuhabbatsiz, shirin so‘zsiz hayot kechirishga o‘rganib qolibdi!

Xo‘sh, Anne Lisbetning o‘g‘li bu yorug‘ dunyoda nima ko‘rdi? Uning boshiga qanday kunlar tushdi? Har qanday mehribonchilik va erkalatishlardan bebahra yashabdi!

Nihoyat uni yer yuzidan ham surishibdi – shaloq bir kemada dengiz safariga jo‘natishibdi. U rul boshqaribdi, kapitan esa hadeb ichaveribdi. Bola isqirt va badnafsligi bilan nom chiqaribdi. U umrida to‘yib ovqat yemagan bo‘lsa kerak, deb o‘ylasharkan odamlar. Ha, u ana shunaqa ekan.

Kech kuz, hammayoq nam, qorong‘i, sovuq ekan; dengiz shamoli qalin kiyimlardan ham o‘tib, suyaksuyaklargacha zirqiratarkan. Suvda esa ichida ikkita, ikkita emas, bir yarimta odami bor bir yelkanli shaloq kema suzib borarkan. Bu bir yarimta odam kapitan bilan bola ekan-da. Kunbo‘yi nimqorong‘i bo‘lib, quyosh yuzini ko‘rsatmabdi, kechqurunga borib, hammayoq zimiston bo‘lib ketibdi, sovuq kuchaygandan kuchayibdi. Kapitan sovqotmay deb ichaveribdi; stol ustidan shisha bilan ryumka tushmabdi; ryumkaning oyog‘i sinib ketganidan o‘rniga moviy rangga bo‘yalgan yog‘och poya qo‘yilgan ekan. «Bir qultumi yaxshi, ikki qultumi undan ham yaxshi», – o‘ylabdi kapitan. Bola esa qoramoyga bo‘yalgan dag‘al qo‘llari bilan rulni mahkam ushlaganicha o‘tiraveribdi. U nihoyatda xunuk ekan: sochlari dag‘al, yuzlari so‘niq, turqi sovuq… Ha, yer qazuvchining bolasi, cherkov kitoblari bo‘yicha esa Anne Lisbetning o‘g‘li boshiga ana shunday kunlar tushibdi.

Shamol suvni o‘z bilganicha, kema ham o‘z bilganicha to‘lqinlantirib boraveribdi. Yelkan shishibdi, shamol kemani surib ketibdi, kema o‘qday uchibdi. Hammayoq nam, qop-qorong‘imish. Biroq, bu hammasi emas! To‘xta, to‘xta! Nima bo‘ldi o‘zi? Bu qanaqa silkinish bo‘ldi? Kema nega ko‘tarilib tushdi? Qanday voqea yuz berdiykin? Mana, u aylanib, chirpirak bo‘lib ketdi… Nima balo, jala quyib, kemani to‘lqinlar qa’riga olyaptimi? Rul boshqarib borayotgan bola «e xudo!» deb baqirib yuboribdi. Kema suv osti qoyasiga borib urilibdi, u ariqqa tushib ketgan eski kavushday cho‘ka boshlabdi. Odamlar aytganday, «barcha odamlari-yu sichqonlari» bilan g‘arq bo‘lib ketibdi. Kemada sichqon yo‘q ekan-u, ammo bir yarimta odam: kema egasi bilan yer qazuvchining o‘g‘li bor ekan. Baqiroq chag‘aloq va baliqlardan boshqa hech kim bu halokatni ko‘rmabdi, hatto ular ham durustroq ko‘risha olmabdi, chunki suv cho‘kayotgan kemaga shovqin va qahr bilan yopirilganda ular qo‘rqqanlaridan har qayoqqa tiraqaylab qochib ketishgan ekan. Kema suv ostiga bor-yo‘g‘i bir sarjin chuqurlikka cho‘kibdi! Kapitan bilan bola suv ostida qolib unutilib ketishibdi. Suv betiga moviy rangga bo‘yalgan yog‘och poyali ryumka suzib chiqibdi, ana shu yog‘och taglik ryumkani yuqoriga suzib chiqishga majbur qilibdi-da. To‘lqinlar uni surib ketibdi, sindiribdi va sohilga chiqarib tashlabdi. Qachon, qayerda? Baribir emasmi? Axir u yoshini yashab, oshini oshab olgan-ku. Anne Lisbetning o‘g‘lidan ko‘ra arzandaroq bo‘lgan-ku! Biroq, samoviy qasr ichiga qadam ranjida qilgan har bir jon bir umr na mehr-oqibat, na mehribonchilikdan bahra olmaganligini butunlay unutib yuboradi!

Anne Lisbet shaharda yashay boshlaganiga ancha yil bo‘libdi. Endi unga hamma «xonim» deb murojaat qilarkan. Bordiyu gap u graf uyida yashagan, karetalarda yurgan, grafinya va baronessalar bilan suhbat qurgan zamonlar xususida ketsa, burni juda ko‘tarilib ketar ekan! Eh, grafning o‘g‘ilchasi judayam chiroyli, farishtalarga o‘xshagan bola edi, uning jon-u dili edi! Ular bir-birlarini nihoyatda yaxshi ko‘rishardi! Bir-birlarini o‘pishardi, silab-siypalashardi; bolakay uning quvonchi, umridagi ishongan tog‘i edi.

Endilikda kap-katta bola bo‘lib qolgan, yoshi ham o‘n to‘rtda. U turli fanlarni egallashga kirishibdi. Biroq Anne Lisbet uni qo‘lida ko‘tarib yurgan zamonlardan beri ko‘rmagan ekan. O‘shandan beri grafning qasrida ham bo‘lmagan ekan, chunki u ancha uzoqda yashar ekan-da.

– Qachon bo‘lmasin o‘sha yoqqa bir borib kelaman! – debdi Anne Lisbet. – Davlatim, grafginamning diydoriga bir to‘yishim kerak! U hozir meni rosa sog‘ingandir, meni o‘ylayotgandir, meni avvalgiday chuqur, mehr-muhabbat bilan sevsa kerak! Axir, momiq qo‘lchalari bilan bo‘ynimdan quchoqlab, endi chiqayotgan shirin tilida «An Lis!» – degan paytlari ham bo‘lgan. Ovozi yoqimli musiqaning o‘zginasi edi! Ha, borib ko‘rish, uning diydoriga to‘yish kerak!

Shunday qilib, u yo‘lga tushibdi; u tor va keng yo‘llardan yura-yura oxiri graf qasriga yetib boribdi. Qarasa, qasr ilgarigiday ulug‘vor, hashamatli emish, qasrga kiraverishdagi bog‘ ilgarigiday yashnab turganmish, ammo xizmatkorlar yangi emish. Ular Anne Lisbetning kimligini, ilgari bu xonadonda kim bo‘lganini bilishmas ekan. Hechqisi yo‘q, grafinyaning o‘zi ham, grafning o‘g‘li ham bu haqda ularga uqtirishadi. Grafning o‘g‘ilchasini shunaqayam sog‘inganki!

Mana, nihoyat Anne Lisbet ichkariga kiribdi, u ancha kutib qolibdi, kishi kutganda vaqt juda sekin o‘tadi! Janoblar dasturxonga o‘tirishlaridan oldin uni grafinya huzuriga chaqirishibdi, grafinya uni juda iliq, yaxshi kutib olibdi. Anne Lisbet aziz grafvachchasini tushlikdan keyingina ko‘ribdi. Zodagonlar ovqatlanib bo‘lishgach, uni huzurlariga yana chaqirishibdi.

Kichik grafning bo‘yi ancha cho‘zilib, ozg‘inlashib qolibdi! Ammo ko‘z va og‘izlari hamon ilgarigidaymish! Kichik graf unga qarabdi-yu, hech nima demabdi. Tanimagan bo‘lsa kerak. U ketmoqchi bo‘lib endi burilgan ekan, Anne Lisbet uning qo‘llarini mahkam ushlab, lablariga bosibdi. «Xo‘p, yaxshi, yaxshi!» – debdi bola va xonadan chiqib ketibdi. Uning ishongan tog‘i, mehr-u muhabbati, g‘ururi u bilan shunchalik sovuq so‘rashibdi-ya!

Anne Lisbet qasrdan xomush bo‘lib chiqibdi. Kichik graf uni xuddi begonalarday qarshi olibdi, butunlay unutib yuboribdi. Bir vaqtlar kecha-yu kunduz qo‘lidan qo‘ymay ko‘tarib, endilikda esa uni yod etib yurgan enagasiga bir og‘iz bo‘lsa-da, iliq so‘z aytmabdi.

Birdan Anne Lisbetning oldidan kattakon qora qarg‘a uchib o‘tibdi va bir necha bor qag‘illabdi.

– Eh, shum niyatli qush! – debdi Anne Lisbet. Anne Lisbet yer qazuvchining kulbasi yonidan o‘tib ketayotgan ekan, qarasa, eshik oldida xotinlar gurunglashayotganmish.

– Voy-bo‘, munchayam lorsillab ketibsan! – debdi yer qazuvchining xotini. – Semiz, sog‘lom! Turmushing yaxshiga o‘xshaydi!

– Chakki emas! – debdi Anne Lisbet.

– Ular bo‘lsa kemalari bilan g‘arq bo‘lib ketishdi! – deb gapida davom etibdi ayol. – Ikkovi ham: kapitan Lars bilan bola cho‘kib ketishdi! Hammasi tamom! Men bo‘lsam bola ulg‘ayib, yonimizga kirib qolar, degan umidda edim! Anne Lisbet, sen uchun uning bir chaqaliq qadri yo‘q edi!

– Ular g‘arq bo‘lishdimi? – debdi Anne Lisbet, so‘ng bu haqda boshqa gap bo‘lmabdi. Axir u judayam xafa ekanda. Chunki kichik graf u bilan ganlashmadi! Uni judayam sevardi, uni deb, diydoriga bir boqay deb qancha yo‘l yurib kelgandi, qanchadan-qancha sarf-xarajatlar qilgandi! Hammasi behuda ketdi. Lekin u bu haqda lom-mim demabdi, yer qazuvchining xotini oldida xasrat qilishni istamabdi. Anne Lisbet graf oilasida hurmatini yo‘qotib qo‘yibdi deb o‘ylashlari mumkin ekan-da! Shu payt uning boshi ustida yana qarg‘a qag‘illabdi.

– Hu qo‘riqlamay o‘lgur! – debdi Anne Lisbet. – Nega bugun meni hadeb qo‘rqitaverasan?

U safarga chiqish oldidan yoniga qahva va unga qo‘shib qaynatilgan ba’zi bir ildizlar solib olgan ekan; yer qazuvchining xotinini siylash uchun bulardan bir chimdim berib qo‘yishining o‘zi boyaqish ayolga ko‘rsatilgan katta himmat bo‘larkan. O‘zi ham undan bir piyolagina ichmoqchi bo‘libdi. Yer qazuvchining xotini qahva qaynatgani chiqib ketibdi. Anne Lisbet esa stulga o‘tirganicha pinakka ketibdi. Buni qarangki, g‘aroyib bir tush ko‘ribdi: tushida biror marta xayoliga kelmagan odamni uchratibdi. Uning tushiga xuddi shu kulbada och qolib yig‘lagan, qarovsiz katta bo‘lgan, hozir esa dengiz tubida yotgan o‘z o‘g‘li kiribdi. Tushida hozir o‘tirgan joyida o‘tirganmish, yer qazuvchining xotini qahva qaynatish uchun tashqariga chiqqanmish, mana, qahvaning xushbo‘y hidi dimog‘iga urilibdi, ostonada grafning o‘g‘ilchasidan ham xushro‘y bir bola paydo bo‘libdi, unga yuzlanib:

«Qiyomat boshlandi! Endi etagimdan mahkam ushla, harholda onamsan-ku! Samoda seni himoya qiluvchi farishtang bor! Etagimni mahkam tut!» debdi.

U bolaning etagidan mahkam ushlabdi, o‘sha zahoti shunaqayam zo‘r shovqin va momaqaldiroq guldurabdiki, dunyo go‘yo chok-chokidan so‘kilib ketganday bo‘libdi. Farishta osmon-u falakka ko‘tarilibdi. Anne Lisbet uning etagidan mahkam ushlab olibdi, yerdan oyog‘i uzilganini ham payqabdi. To‘satdan uning oyog‘iga qandaydir og‘ir narsa osilibdi, yelkasiga ham og‘ir bir kimsa o‘tiribdi. Uning oyog‘iga yuzlarcha ayollar tarmashib olishibdi, hammasi: «Agar sen qutulib ketadigan bo‘lsang, biz ham qutulamiz! Unga tarmashinglar, tarmashinglar!» deb qichqirisharmish. Ular Anne Lisbetga mahkam yopishib olishibdi. Og‘irlik ortgandan ortibdi. Qo‘llari og‘irlikka bardosh berolmay, qulab tushibdi. Dahshatdan uyg‘onib ketibdi, sal bo‘lmasa o‘zi o‘tirgan stuldan yiqilib tushay degan ekan. Miyasidagi fikrlar aralash-quralash bo‘lib ketibdi. Hatto hozir nima tush ko‘rganini ham xotirlay olmadi, yomon tushmish!

Qahva ichishib, biroz chaqchaqlashib o‘tirishibdi. Anne Lisbet yaqinroqdagi shaharchalardan biriga jo‘nab ketibdi. U yerda uni shu bugun kechqurunoq uyiga kuzatib qo‘ymoqchi bo‘lgan dehqon kutib turgan ekan. Biroq, u dehqon ertaga oqshom paytidan oldinroq yo‘lga chiqa olmasligini aytibdi. Anne Lisbet qarasa, shaharda yana bir kun qolib ketadigan. Agar u qatnov yo‘l bilan emas, balki sohil bo‘ylab ketsa ikki milya oz yurishiga aqli yetibdi. Havo ochiq, oydin kecha, hammayoq yop-yorug‘ ekan, shu vajdan Anne Lisbet piyoda ketaverishga qaror qilibdi. Shunda ertasigayoq uyida bo‘lar ekan.

Quyosh allaqachon botib ketgan bo‘lsa ham, qo‘ng‘iroqxonalar hadeb qo‘ng‘irog‘ini chalaveribdi. Yo‘q, umuman bu qo‘ng‘iroqlar ovozi bo‘lmay, balki hovuzlardagi baqalarning vaqillashi ekan. Keyin ularning ham tovushi tinibdi, qushlarning sayrashi eshitilmay qolibdi; kichkina sayroqi qushlar uyquga ketishgan ekan, boyqushlar esa uylarida bo‘lmasa kerak.

O‘rmonda ham, sohilda ham sukunat hukmronmish. Anne Lisbet oyog‘i ostida qumlar g‘ijirlarmish, dengiz to‘lqinlari qirg‘oqqa kelib urilmasmish, dengiz tubi ham osoyishta emish; dengiz jonivorlarining o‘ligi ham, tirigi ham sado bermasmish.

Anne Lisbet hech narsani o‘ylamay yo‘lida ketaveribdi. O‘ziga qolsa hech narsani o‘ylagisi yo‘q ekan-u, ammo har xil fikrlar unga tinchlik bermabdi. Fikr hech qachon odamdan ajralmaydi, hatto o‘z ishini qilib, xotirjam bo‘lib, bir lahzaga mudrab oladigan, ruhimizda hali uyg‘onishga ulgurmagan fikrlar ham ortda qolmaydi. Biroq shunday payt keladiki, ular uyg‘onadi, miyamizda darbadar kezadi, bizni aqlli qiladi.

Bizga «yaxshi ish qilsang yetasan murodga!» deb o‘rgatishgan. «Gunohda ajal urug‘i yotadi», – bu ham azaldan ma’lum gap. Ko‘pgina hikmatli gaplar bor, lekin hamma ham bularni xotirlarmikan? Anne Lisbet xotirlovchilar toifasiga kirmaydi. Biroq, har kimsa uchun ertami-kechmi uyg‘onish, ko‘z ochish payti keladi.

Qalbimizda, hammaning qalbida, senikida ham, menikida ham barcha illatlar hamda yaxshiliklarning kurtagi yashiringan bo‘ladi. Ular ko‘zga ko‘rinmas, mayda urug‘lar holida yotadi; to‘satdan kishi qalbiga quyosh nuri tushadi yoki unga yovuz qo‘l tegadi. Shunda sen yo o‘ngga, yo chapga burilasan, xuddi ana shu burilish hamma narsani hal qiladi: ko‘zga ko‘rinmas urug‘ silkinadi, unadi, barg yozadi, uning shirasi qoning bilan aralashib ketadi, ana o‘shanda hammasi tamom. Bu – o‘ta dahshatli fikrlar! Biroq, kishi yarim uyquda yurganda buni payqamaydi, bu fikrlar miyada noaniq kezib yuradi. Anne Lisbet ham ana shunday yarim uyquda yurar edi. Fikrlar esa o‘z navbatida uning vujudida keza boshlabdi! U holatdan bu holatga o‘tgunga qadar kishi qalbi ko‘p narsalarni hisob daftariga yozib qo‘yarkan; uning har bir sahifasida kishi ruhining bir yillik hisobi jamuljam qilingan bo‘larkan. Bu sahifaga hamma narsa, hatto biz unutib yuborgan narsalar ham kirarmish, gunohdan iborat bo‘lgan barcha so‘z va o‘ylarimiz, hatto xudo va odamlar hamda o‘z vijdonimiz oldidagi gunohlarimiz o‘z aksini topgan bo‘lar ekan!

Anne Lisbet singari biz ham bular haqida o‘ylamaymiz. U davlat qonunlariga zid jinoyat qilgani yo‘q, muhtaram ayol sifatida nom chiqardi, hamma uni hurmat qilardi, yana nimani o‘ylasin?

U sohil bo‘ylab tinchgina keta turib birdan to‘xtab qolibdi; yo‘lda yotgan nima o‘zi?! Sohilga chiqarib tashlangani-chi? Qarasa, erkak kishining bosh kiyimimish. Bu yerda nima qilib yotibdi ekan? Kemadan tushib qolgani aniq. Anne Lisbet yaqinroq kelib qarabdi. Oh, bu nima o‘zi? U qo‘rquvdan titrab ketibdi, biroq qo‘rqishga arzigulik hech narsa yo‘q emish: qarshisida suv o‘tlari bilan qoplangan uzunchoq tosh yotgan ekan, dastlabki qarashda u qumda cho‘zilib yotgan odamga o‘xsharmish. Endi bo‘lsa u toshni ham, suv o‘tini ham aniq ko‘ribdi, biroq hamon qo‘rqaveribdi. U yana yo‘lida davom etibdi, bolaligida eshitib yurgan dafn qilinmaganlar arvohi haqidagi rivoyatni xotirlabdi. G‘arq bo‘lgan kishining o‘zi hech qimga yomonlik qilmasa-da, uning arvohi yakka yo‘lovchini ta’qib qilarkan, uning etagiga tarmashib, xristianchasiga dafn qilishini so‘rarkan. «Tarmash! Tarmash!» – deb qichqirar ekan arvoh. Shunda u ko‘rgan tushini eslabdi, etagidan mahkam ushlab olgan onalarning «Tarmashinglar! Tarmashinglar!» degan qichqirig‘i aniq eshitilganday bo‘libdi. U tushini: qiyomat kuni dunyoning ostin-ustun bo‘lganini, yordamga kelgan o‘g‘lining qo‘lidan yengi uzilib tushib ketganini xotirlabdi. Umrida xayoliga ham keltirmagan, hech qachon sevmagan o‘z o‘g‘li hozir dengiz tubida yotibdi. U hozir g‘arq bo‘lganlar arvohi sifatida paydo bo‘lishi, «Tarmashaver! Tarmashaver! Meni xristianchasiga dafn qil!» deb baqirishi mumkin. Bu fikrlardan yuragi «shuv» etib ketibdi, qadamini tezlatibdi. Birov uni sovuq ho‘l qo‘li bilan ezganday dahshat uning qalbini ezg‘ilay boshlabdi. Esi og‘ishiga sal qolibdi.

Shu orada dengiz ustidagi tuman quyuqlashib boribdi; sohildagi butun daraxt va butalar ham tuman bilan o‘ralib g‘alati, dahshatli tusga kiribdi. Anne Lisbet oyga qarabdi. Uning ko‘rinishi naqadar sovuq va nursiz emish. Allaqanday dahshatli bir og‘irlik bosib, u qo‘zg‘alolmay qolibdi. Xayoliga yana, «Tarmashaver! Tarmashaver!» – degan fikr kelibdi. U yana oyga boqibdi, nazarida oyning kumush nuri unga yaqinlashganday, yuziga tik qaraganday bo‘libdi, tuman esa yelkalarida kafanday ilashib turganmish. U «Tarmashaver, tarmashaver! Meni dafn et!» – degan nido yana eshitilarmikan deb, quloq solibdi. Chindan ham allaqanday bo‘g‘iq, ayanchli nola quloqqa chalinibdi… Bu – ko‘lmakdagi baqaning vaqillashi ham, qarg‘aning qag‘illashi ham emas ekan, chunki tevarak-atrofda bunaqa joy ko‘rinmas ekan. Nihoyat, «Meni dafn et!» degan nido ro‘yi rost eshitilibdi. Ha, bu uning dengiz ostida yotgan o‘g‘lining arvohi! Uning jasadini qabristonga olib borib, yer bag‘riga qo‘yilmaguncha orom nimaligini bilmaydi! Uni mumkin qadar tezroq qabristonga olib borib, dafn etish kerak! Anne Lisbet cherkovga yo‘l olibdi, shunda u o‘zini ancha yengil his etibdi. U yana orqaga, qisqa yo‘l bilan uyiga qaytmoqchi ham bo‘libdi-yu, ammo sira iloji bo‘lmabdi. Unga yana og‘ir bir narsa osilib olibdi. «Tarmashaver! Tarmash!» Yana baqa vaqillaganday, allaqanday qush qichqirganday bo‘libdi. «Meni dafn et! Meni dafn et!» degan ovoz aniq eshitilibdi.

Sovuq, nam tuman hech siyraklashmabdi; Anne Lisbetning yuz va qo‘llari dahshat va qo‘rquvdan namiqib, muzlab ketibdi. Butun vujudi iskanja orasida qolganday bo‘libdi. Shunda birdan uning fikrlash doirasi kengayib ketibdi. Ilgari hecham bunaqa bo‘lmagan ekan.

Bahor faslida shimoldagi qoraqayin o‘rmonlari bir kechaning o‘zida barg yozadi; quyosh chiqishi bilanoq ular bahor libosini kiyib oladi. Xuddi shunga o‘xshash o‘tmish hayotimiz – o‘yimiz, fikr-u zikrimiz yoki ishimiz bilan qalbga tushgan gunoh urug‘i bir lahzada barg yozishi mumkin. Vijdonimizning bir lahzalik uyg‘onishi bilanoq bu gunohimiz ko‘zga tashlanadi qoladi. Mutlaqo kutilmaganda parvardigor vijdonimizni uyg‘otib yuboradi. Ana o‘shanda o‘zimizni oqlashga o‘rin qolmaydi: qilgan ishlarimiz o‘zimizga qarshi guvohlik berib turadi, o‘ylarimiz so‘zga aylanadi, so‘zlar esa butun olamga yoyiladi. O‘zimizda ardoqlab olib yurgan kalondimog‘lik va yomonlik urug‘lariga dahshat bilan qarab turamiz. Ha, qalb bisotimizda hamma xayrli ishlarimiz, shuningdek, yomonliklarimiz yashirinib yotadi. Unisi ham, bunisi ham yer unumsiz bo‘lsa-da, jonlanaveradi.


Страницы книги >> Предыдущая | 1 2 3 4 5 6 7 8 | Следующая
  • 0 Оценок: 0

Правообладателям!

Данное произведение размещено по согласованию с ООО "ЛитРес" (20% исходного текста). Если размещение книги нарушает чьи-либо права, то сообщите об этом.

Читателям!

Оплатили, но не знаете что делать дальше?


Популярные книги за неделю


Рекомендации