Текст книги "Қор одам"
Автор книги: Ганс Христиан Андерсен
Жанр: Книги для детей: прочее, Детские книги
сообщить о неприемлемом содержимом
Текущая страница: 5 (всего у книги 25 страниц) [доступный отрывок для чтения: 8 страниц]
NONNI BOSGAN QIZ
Siz kavushim iflos bo‘lib qolmasin, deb nonni bosgani uchun yomon ahvolga tushib qolgan qizcha haqidagi hikoyani eshitgansiz. Bu haqda yozilgan ham, bosilgan ham. U kambag‘al, biroq mag‘rur, kekkaygan bir qiz ekan. Uning bema’ni qiliqlari ko‘p ekan. Jajjigina qizchalik paytlarida pashshalarni tutib olib, qanotlarini yulib tashlashni yaxshi ko‘rarkan; uchadigan pashshalar o‘rmalaydigan bo‘lib qolganda juda quvonar ekan-da. U tillaqo‘ngiz va go‘ng qo‘ng‘izlarni tutib, to‘g‘nag‘ich sanchib qo‘yar yoki oyoqlarining ostiga yashil yaproq yo bo‘lmasa bir parcha qog‘oz yopishtirib qo‘yar ekan. Bechora tirmashib, to‘g‘nag‘ichdan ozod bo‘lish uchun aylanib, bukilaverarkan, Inge bo‘lsa qotib-qotib kulaverarkan:
– Tillaqo‘ng‘iz o‘qiyapti! Sahifalarni varaqlashini qarang! – deyarkan u.
U katta bo‘lgan sari yomon qiliqlari ko‘payaveribdi. Baxtga qarshi, u juda chiroyli ekan. Uni ko‘p urishishar ekan-u, lekin yaxshilab tanbeh berib qo‘yishmas ekan.
– Yaxshilab bir adabingni berib qo‘yish kerak! – der ekan onasi. – Bolaligingda peshbandimni rosa toptagan eding, katta bo‘lganingda qalbimni toptamasang go‘rga edi, deb qo‘rqaman.
Xuddi shunday bo‘libdi.
Inge uyidan zodagonlar xonadonida xizmat qilgani jo‘nab ketibdi. Zodagonlar unga o‘z qizlariday munosabatda bo‘lishibdi. Inge yangi kiyimlarda yanada ochilib ketibdi. Shu bilan birga, uning dimog‘dorligi oshgandan oshibdi. U xo‘jayinining uyida bir yil yashabdi, kunlarning birida ular qizga:
– Inge, ota-onalaringni bir ko‘rib kelsang yaxshi bo‘lardi! – deyishibdi.
Shunday qilib, u yo‘lga chiqibdi, biroq ota-onasini ko‘rib kelish uchun emas, balki egnidagi liboslarini ko‘zko‘z qilish maqsadida uyiga yo‘l olibdi. U hademay qadrdon qishlog‘i chekkasiga yetib kelibdi. Bundoq qarasa, anhor yoqasida qiz va yigitlar chaqchaqlashib turishganmish. Sal nariroqda esa tosh ustida o‘rmondan yiqqan bir bog‘lam o‘tinini quchoqlaganicha qari onasi dam olib o‘tirganmish. Inge shartta orqaga qaytibdi: shunday yasangan-tusangan oyimqizning mana shunaqa juldurvoqi onasi bo‘lishi, buning ustiga o‘tinni o‘rmondan o‘zi terib kelishidan u or qilibdi. Inge ota-onasi bilan diydor ko‘rishmaganiga zarracha afsuslanmabdi, qaytaga zardasi qaynabdi, xolos.
Oradan yana yarim yil o‘tibdi.
– Inge, ota-onalaringni ko‘rib kelishing kerak! – deyishibdi yana xo‘jayinlar, – Mana senga oq non, buni olib borib qariyalarni bir xursand qilib kelgin, haqingga duo qilishadi!
Inge eng yaxshi liboslarini, oyog‘iga esa yangi kavushini kiyibdi, etagini sal ko‘tarib, kavushim iflos bo‘lib qolmasin deb, ehtiyotkorlik bilan yo‘lga tushibdi, buning uchun uni koyimasa ham bo‘ladi. Biroq, yo‘lka botqoq tomonga burilibdi; loy bosib yurishga to‘g‘ri kelib qolibdi: Inge o‘ylab-netib o‘tirmay qo‘lidagi nonni loyga tashlabdi, uni bosib, ko‘lmak suvdan oyog‘ini ho‘l qilmay o‘tib olmoqchi bo‘libdi. U nonga oyog‘ini qo‘yishi bilanoq non qiz bilan birga pastga cho‘ka boshlabdi, ko‘lmak suv ustida qopqora puffakchalar paydo bo‘libdi, qiz bilan nondan nomnishon qolmabdi!
Ana shunaqa xunuk hodisa yuz beribdi.
Inge qayoqqa botib ketdi? U botqoqlik alvastisining pivo pishiradigan joyiga cho‘kib ketibdi. Botqoqlik alvastisi alvastilar hamda o‘rmon devlarining xolasi ekan, bu hammaga ma’lum narsa, bular haqida kitoblarda ham yozilgan, qo‘shiqlar to‘qilgan, bir necha bor ularning suratlari chizilgan, botqoqlik alvastisi haqida esa hali ko‘p narsa ma’lum emas; yoz oylarida o‘tloqlar ustidan tuman ko‘tarilsa odamlar: «Botqoqlik alvastisi pivo pishiryapti! – deyishadi. Shunday qilib, qiz ana shu pivoxonaga tushib ketibdi, u yerda uzoq turishga hech kim bardosh berolmas ekan! Axlat o‘ra botqoqlikdagi pivoxonaga qaraganda ming bor pokiza ekan! Pivo pishiradigan har bir idishdan kishi ko‘nglini behuzur qilib yuboradigan badbo‘y hid kelib turganmish, idishlar bir-biriga zich joylashganmish; oralari sal ochiq joylarga yiltiroq, semiz baqalar o‘rnashib olganmish. Inge ana shunday joyga tushib qolibdi! Qiz o‘zini ana shunaqa sovuq, yopishqoq, jirkanch tirik qorishma ichida ko‘rib dahshatdan titrab ketibdi; badani qota boshlabdi. Non uning oyog‘iga yopishib olib, qahrabo soqqa xasni tortqilaganday hadeb pastga tortarmish.
Botqoq alvastisi uyida ekan; o‘sha kuni pivoxonaga mehmonlar kelishgan ekan, bu mehmonlar shayton bilan uning eng katta momosi – zaharli kampir ekan. Kampir hech qachon bekor o‘tirmas ekan, hatto mehmonga ham birorta ermak olib borarkan: teridan kavushlar tikarkan, bu kavushni kiygan odamlar oromini butunlay yo‘qotib qo‘yisharkan. Kampir yana tuhmatlarni yoki odamlarning og‘zidan chiqqan bejo, shaloq so‘zlarni to‘qirkan, xullas, uning turgan-bitgani inson zoti uchun koni ziyon ekan! Ha, shaytonning momosi tikishga ham, to‘qishga ham juda chechan ekan!
U Ingeni ko‘rib qolibdi, ko‘zoynagini to‘g‘rilab qizga qarabdi-da, so‘ng:
– Ie, bundan ish chiqadiganga o‘xshaydi-ku! Uni bugungi tashrifimdan xotira qilib menga berilishini iltimos qilaman! Undan chevaramning dahlizi uchun ajoyib but chiqadi, – debdi.
Botqoq alvastisi Ingeni kampirga beribdi, u esa do‘zaxga tushibdi, qo‘lidan yomon ish keladigan odamlar do‘zaxga to‘g‘ri yo‘l bilan emas, balki aylanma yo‘l bilan tusharkan!
Dahliz oxiri yo‘q joyda ekan, qiz oldinga qarasa ham, orqaga qarasa ham boshi aylanaveribdi. Hammayoq holdan toygan, shafqat eshigining ochilishini zoriqib kutayotgan gunohkorlar bilan to‘lib ketgan ekan. Ular ancha vaqtdan beri kutib o‘tirishganmish. Judayam bahaybat, semiz, arang lapanglab yurgan o‘rgimchaklar ularning oyoqlarini ming yillik iplar bilan o‘rab tashlabdi. Bu arqonlar ularni iskanjaday mahkam tutib turganmish, mis zanjirlardan ham mustahkam kishanlanganmish. Bundan tashqari, gunohkorlarning jonlari abadiy azob beruvchi tashvishda qiynalayotganmish. Masalan, xasislar kalitini pul soladigan yashigi qulfida qoldirgani uchun qiynalayotganmish. Boshqa ba’zilar… hamma gunohkorlarning tortayotgan azob-uqubatlarini sanayveradigan bo‘lsak, ado bo‘lmaydi!
Inge but bo‘lib turish qanchalik qiyinligini tushunibdi, oyoqlari xuddi nonga parchinlab qo‘yilgandaymish.
«Mana, oliftagarchilikning oqibati! Kavushim iflos bo‘lmasin deb shu ahvolga tushib o‘tiribman-a! – debdi u o‘ziga-o‘zi. – Anavilarning menga o‘qrayishini qarang!»
Chindan ham gunohkorlarning butun hirslari ko‘zlarida chaqnab, baralla sezilib turardi; ularga bir qarashning o‘zi dahshat edi!
«Xo‘sh, menga qaraganning bahri dili ochiladi-ku! – deb o‘ylabdi Inge. – Go‘zalman, kiyimlarim ham chakki emas!» – Qiz kiyim-boshiga ko‘z qirini tashlabdi. Chunki uning bo‘yni qotib qolgan ekan. Oh, u botqoq alvastisining pivoxonasida balchiqqa bulanib ketibdi-ku! Bu haqda o‘ylamagandi ham! Kiyimlari boshdan-oyoq shilimshiq bo‘lib ketibdi, sochlariga ilon chirmashib olib, dumi bilan bo‘yniga shapillatib urayotganmish, ko‘ylagining har bir qatidan semirib ketgan laychaday hurayotgan baqalar mo‘ralab turganmish. Naqadar ko‘ngilsiz! «Boshqalarning ahvoli menikidan yaxshi emas-ku!» deb o‘z-o‘ziga tasalli beribdi Inge.
Biroq, hammasidan ham ochlik azobi yomon bo‘libdi. Nahotki egilib, o‘zi bosib turgan nondan bir burda sindirib ololmasa? Yo‘q, qaddi egilmabdi, qo‘l-oyoqlari qimirlamabdi, hammayog‘i toshday qotib qolganmish. Faqat ko‘zlari u yoqbu yoqqa qaray olarmish, xolos. Ko‘z soqqasini aylantirib orqa tomonga ham qarab bo‘larmish. Tfu, naqadar qabihlik! Bu ham yetmaganday pashshalar paydo bo‘lib, uning ko‘zidan u yoq-bu yoqqa yura boshlabdi; u kiprik qoqibdi, lekin pashshalar uchib ketmabdi, ularning qanotlari yulib olingan ekan, faqat o‘rmalay olishar ekan, xolos. Bundan ortiq azob bormi? Buning ustiga ochlik azobi! Bora-bora Ingega ichi o‘zini-o‘zi yeb bitirganday, qorni judayam bo‘mbo‘shday tuyulibdi!
– Agar bu ahvol uzoq davom etsa, ortiq chidolmayman! – debdi Inge, lekin chidashga majbur bo‘libdi; hech nima o‘zgarmabdi.
Birdan boshiga issiq bir tomchi tomibdi, yuzidan dumalab ko‘ksiga, so‘ng nonga tushibdi; shundan keyin issiq tomchilar duv-duv to‘kilaveribdi. Inge uchun kim ham achchiq-achchiq yig‘lashi mumkin?
Axir, yer ustida onasi qolmaganmi? Onaning bolasi uchun to‘kkan achchiq ko‘zyoshlari hammavaqt farzandiga yetib boradi. Biroq, uni azobdan xalos qilolmaydi, balki uning azobiga azob qo‘shib kuydiradi. Eng yomoni dahshatli, bardosh berib bo‘lmaydigan ochlik edi! Nonni bosib turish, undan bir burda sindirib ololmaslik qanday dahshat! Nazarida ichi o‘zini yeb bitirganday tuyulibdi, o‘zi esa har bir ovozni ichiga tortib oladigan ingichka g‘ovak qamishday bo‘lib qolibdi. U yuqorida, yer betida o‘zi haqida aytilgan gaplarni ro‘yi rost eshitibdi, lekin hammasi yomon gaplarmish. Hatto unga chin yurakdan kuyib-yonib yig‘layotgan onasi ham: «Dimog‘dorlik yaxshilikka olib bormaydi! Dimog‘dorlik seni xarob qildi, Inge! Meni judayam kuydirding-ku, qizim!» – deb zorlanayotganmish.
Ingening onasi ham, tepadagilarning hammasi ham uning qilgan gunohidan, nonni bosib, yer tubiga cho‘kib ketganidan xabardor ekanlar. Bularning hammasini bir podachi tepalik ustidan ko‘rib turgan ekan, o‘sha podachi bu haqda boshqalarga ham aytib bergan ekan.
– Onangni rosa kuydirding-ku, Inge! – deb takrorlabdi onasi. – Boshqa narsani sendan umid qilmagandim ham!
«Dunyoga kelmaganim ming marta yaxshi edi! – debdi Inge o‘ziga-o‘zi. – Endilikda onamning men haqimda kuyib-yonishining nima foydasi bor?»
Inge bir vaqtlar uni o‘z qiziday ko‘rib munosabatda bo‘lgan hurmatli zotlar – xo‘jayinlarning ham: «U og‘ir gunoh egasi. U parvardigorning nasibasini behurmat qildi, oyog‘i bilan ezg‘iladi, unga marhamat eshigi haliberi ochilmaydi!» degan gaplarini eshitibdi. «Menga qattiq turib, yaxshi tarbiya berishganda edi! – o‘ylabdi Inge, – yomon qiliqlarim qolib ketardi!»
Inge odamlarning o‘zi haqida to‘qigan «kavushim iflos bo‘lmasin deb nonni bosgan dimog‘dor qiz haqida»gi qo‘shiqni ham tinglabdi. Qo‘shiqni mamlakatning hamma yerida kuylashayotganmish.
«Bu quloq o‘lgur nimalarni eshitmayapti-ya! Aybim uchun qanchalar azob chekyapman-a! – deb o‘ylabdi Inge. – Boshqalar ham qilmishiga yarasha jazolansalar edi! Anchagina odam qiynalardi! Voy, jonim qiynalib ketdi!»
Ingening joni yanada dag‘allashib, yanada shafqatsizlanib ketibdi.
– Manovilar orasida yaxshi bo‘lib bo‘psan! Yaxshi bo‘lishni xohlamayman ham! Bularning o‘qrayib qarashini ko‘ring! – debdi u, nihoyat o‘sha yerdagilarni yomon ko‘rib, zardasi qaynabdi. – Tomosha topildi bularga, sevinishlarini qara. Voy, jonim qiynalib ketyapti!
Qiz o‘zi haqida to‘qilgan qissani bolalarga aytib berishganini ham, go‘daklar uni xudosiz deb aytishganini ham eshitibdi.
– U shunaqayam jirkanch, ablahki, asti qo‘yavering! Endi jazosini tortsin! – deyishibdi bolalar.
Inge bolalarning og‘zidan ham faqat la’natlar eshitibdi.
Yana boshqa gal u ochlik va g‘azabdan azob chekib turganida o‘z nonini va o‘zi haqidagi qissani takror eshitibdi. Qissani norasida bir qizchaga aytib berishayotgan ekan, qizcha, dimog‘dor, hovliqma, Ingega rahmi kelib, zor-zor yig‘labdi.
– Nahotki, u hech qachon yuqoriga qaytib chiqmasa? – deb so‘rabdi.
– Hech qachon qaytmaydi! – deb javob qaytarishibdi unga.
– Bordi yu kechirishlarini so‘rasa-chi, endi hech qachon bunday qilmaslikka va’da bersa-chi?
– U umuman uzr so‘ramoqchi emas!
– Uning uzr so‘rashini juda-judayam xohlardim! – debdi qizcha, shunday keyin anchagacha tinchlanmabdi. – Agar uni yerga qaytarishsa qo‘g‘irchoq uyimni berardim! Bechora, sho‘rlik Inge!
Bu so‘zlar Ingening qalbigacha yetib boribdi: ko‘ngli ancha taskin topganday bo‘libdi: «bechora Inge!» degan tirik jon endi topildi-ya! Uning gunohi haqida bir og‘iz ham lom-mim demadi-ya! Jajjigina begunoh qiz yig‘lab uning gunohi kechirilishini tilabdi! Ingening qalbini allaqanday tuyg‘u egallabdi; yig‘lab yuborgisi kelibdi, lekin yig‘lolmabdi, chunki yana yangi azob boshlanarkanda!
Yer ustida yillar shamolday tez o‘ta boshlabdi, yer ostida esa ahvol avvalgiday qolaveribdi. Inge o‘z nomini kamdan-kam eshita boshlabdi! Yer ustida uning nomini tobora kamroq tilga oladigan bo‘lishibdi. Biroq, kunlardan bir kun qulog‘iga, «Inge! Inge! Meni rosa kuydirding-ku! Shunday bo‘lishini bilardim-a!» – degan nido kelibdi. O‘shanda onasi jon berayotgan ekan.
Ba’zan Inge o‘z nomini qari xo‘jayinlari og‘zidan ham eshitib qolarkan. Xo‘jayinning xotini hammavaqt hokisorlik bilan: «Inge, ehtimol sen bilan yana diydor ko‘risharmiz! Kim qayoqqa tushishini hech kim bilmaydi», – der ekan.
Biroq, Inge xo‘jayinining xotini o‘zi tushgan joyga tushmasligini yaxshi bilarkan.
Vaqt juda sekin o‘ta boshlabdi. Nihoyat, Inge yana o‘z nomini eshitibdi, tepasida ikkita yorqin yulduz chaqnab ketibdi: yer ustida bir juft ma’sum ko‘z abadiy yumilibdi. Jajjigina qizcha «bechora Inge!» deb betinim yig‘lagandan buyon ko‘p vaqtlar o‘tibdi; o‘sha qizcha balog‘atga yetib, qarib, Xudoning dargohiga borishga ham ulguribdi. Butun umrining xotiralari jonlanadigan oxirgi lahzada o‘layotgan ayol Inge uchun to‘kkan ko‘zyoshlarini eslabdi va beixtiyor: «E, Xudo, ehtimol, men ham Inge singari sen hadya etgan rizq-ro‘zingni bilmay oyoq osti qilgandirman. Ehtimol, ruhim ham dimog‘dorlik bilan zaharlangandir. Faqat sening marhamatinggina qo‘llab-quvvatlab, tubanlikka tushishimga yo‘l qo‘ymadi! Umrimning oxirgi damlarida menga marhamatingni darig‘ tutmagin!» – deb yuboribdi.
O‘layotgan ayolning ko‘zlari yumilibdi, biroq jonining ko‘zlari Inge tomon boqibdi, chunki oxirgi lahzada uning fikri-xayoli Inge bilan band bo‘lgan ekan-da, natijada u o‘zining ruhiy nigohi bilan yerdagilarga mavhum bo‘lgan manzarani, ya’ni Ingening qanchalik tuban tushganini ko‘ribdi. Bu manzarani ko‘rgan taqvodor ruh yig‘labsiqtabdi, Xudoning dargohiga borib, gunohkor ruhning gunohidan o‘tishni go‘dakligidagiday yig‘lab, yalinibyolvorib iltimos qila boshlabdi. Bu yig‘i va yolvorishlar azobdan qiynalayotgan jonni o‘rab olgan qobiqda akssado bo‘lib yangrabdi, unga bo‘lgan tasodifiy mehr-u muhabbatdan Ingening ruhi qayta tug‘ilganday bo‘libdi. Xudoning farishtasi ham uning holiga yig‘labdi. U bunday marhamatga qanday musharraf bo‘ldi? Azoblangan jon butun o‘tgan umriga nazar tashlabdi, o‘z qilmishlarini ko‘z oldiga keltirib, to‘lib-to‘lib yig‘labdi. Inge ilgari bunaqa yig‘i nimaligini hech bilmagan ekan. U o‘ziga bo‘lgan shafqat hissi bilan to‘lib ketibdi; nazarida uning uchun shafqat eshigi mutlaqo ochilmaydiganday tuyulibdi! U xuddi ana shu narsani chuqur anglashi bilanoq yer qa’riga bolalar hovlida tikkaytirib qo‘ygan qorboboni ham bir zumda eritib yuborishga qodir bo‘lgan kuchli quyosh nuridan ham o‘tkir bir nur tushibdi. Bu nur Ingening jonini o‘rab turgan qattiq qobiqni eritib yuboribdi. Jajjigina qushcha tubanlikdan erkinlikka o‘qday uchib chiqibdi. Biroq, u o‘zini yorug‘ dunyoda ko‘rib uyat va dahshatdan qunishib ketibdi. Shosha-pisha yarim buzilgan qandaydir devorning qorong‘i kovagiga kirib yashirinibdi. U o‘sha yerda kunini qunishib, butun vujudi titrab, hech bir ovoz chiqarmay o‘tkazibdi, aytganday, ovozi ham yo‘q ekan-da. U atrofni tomosha qilishga jur’at etolmay, o‘sha yerda uzoq o‘tirib qolibdi. Ha, atrofdan baxra olishga arzigulik manzaralar ko‘p ekan! Havo musaffo, yoqimli ekan, oy mo‘l-ko‘l kumush nur taratar, daraxt va butalardan muattar hidlar anqib turarkan. Qushcha yashirinib olgan joy biram shinam, o‘zining pat va parlari shunaqayam toza, chiroyli ekanki! Parvardigorning olami mehr-muhabbatga, go‘zalliklarga to‘lib-toshib yotganmish! Qushchaning qalbida uyg‘ongan barcha o‘y-fikrlar tashqariga qo‘shiq bo‘lib chiqqisi kelibdi. Biroq, u qancha chiranmasin sayray olmabdi; u kakku singari kukulolmabdi ham, bulbul kabi to‘lib-toshib sayray olmabdi ham! Biroq, parvardigor qurtlarning ham unsiz hamd-u sanosi, shukronasini eshitadi. U qushchaning ham shukronasini eshitibdi. Bu shukrona Dovudning qalbida jaranglagan duoday so‘zsiz, ohangsiz yetib boribdi.
Qushchaning unsiz shukur qilishi kun sayin ko‘paya boribdi, xayrli ishlarga qo‘shilish uchun fursat poylabdi.
Rojdestvo bayrami arafasi ham kelibdi. Bir dehqon devorga yog‘och qo‘yib, uning uchiga boshog‘i yanchilmagan bir bog‘ suli ilib qo‘yibdi – qushlar ham rojdestvo bayramini huzur qilib o‘tkazishsin, debdi.
Rojdestvo bayrami tongida quyosh chiqib, bir tutam sulini yoritibdi; unga sayroqi qushlar yopirilishibdi. Devor kovagidan ham chirq-chirq degan tovush eshitilibdi. Qushchaning fikrlari tovushga qo‘shilib ketibdi, uning ojiz chiyildoq ovozi chinakam shodlik gimniday jaranglabdi; uning fikrlari xayrli ishlarda ko‘zga tashlanish uchun hozirlanibdi, qushcha o‘z qarorgohidan uchib chiqibdi. Osmondagilar uning qanaqa qushcha ekanligini yaxshi bilishar ekan.
Qish qattiq kelibdi, suv beti qalin muz bilan qoplanibdi, qushlar va o‘rmon hayvonlari uchun og‘ir kunlar boshlanibdi. Kichkinagina qushcha chanalar yurib o‘tgan qorli yo‘l ustida uchib yurib don axtarib topar, otxonalarda non uvoqlarini topib olsa, o‘zi bir dona uvoqni yeb, qolganlariga och qolgan boshqa chumchuqlarni chaqirarkan. U shaharlarga ham uchib boribdi. Atrofni kuzatib borarkan, derazalarda saxiy qo‘llar maydalab qo‘ygan non uvoqlarini ko‘ribdi, yana ulardan faqat bir donagina yeb, qolganlarini boshqalarga beribdi.
Qish davomida qushcha juda ko‘p non uvoqlarini topib, boshqa qushlarga ulashibdi, agar ularning hammasini jamlansa, Inge kavushini avaylab bosgan non og‘irligiga teng kelarkan. Eng oxirgi uvoq topilib, boshqa bir qushchaga berilgach, uning kulrang qanotlari oqarib, keng quloch yoyibdi.
– Ana, dengiz qaldirg‘ochi uchyapti! – deyishibdi oppoq qushni ko‘rgan bolalar. Qush goh to‘lqinlarga sho‘ng‘ib, goh quyosh nurlari tomon uchib, birdan ana shu nur ichida yo‘qolib ketibdi. Uning qayoqqa yo‘qolganini hech kim ko‘rmabdi.
– U quyoshga uchib ketdi! – deyishibdi bolalar.
QO‘NG‘IROQXONA QOROVULI OLE
U dunyoda hammaning martabasi yuqorilayveradi, pastlayveradi, yuqorilayveradi, pastlayveradi! Men bundan ortiq martabaga erisha olmasam kerak! – derdi qo‘ng‘iroqxona qorovuli Ole. – Martabang ulug‘lashadi, pastlashadi, ulug‘lashadi, pastlashadi, buni hamma sinab ko‘rgan! Borib-borib hammamiz qo‘ng‘iroqxona qorovullariga aylanib qolamiz – hayotga hamda boshqa narsalarga yuqoridan pastga qaraganday qaraymiz.
Xushchaqchaq, gapga chechan qo‘ng‘iroqxona qorovuli bo‘lmish oshnam ana shunday derdi. Sirtdan qaraganda, dili nima desa, tili ham shuni aytayotganday bo‘lardi-yu, ammo ko‘p narsalarni ko‘nglining to‘rida yashirib yurardi. Uning nasl-nasabi ham chakki emas ekan, odamlarning aytishiga qaraganda, u ulug‘ martabali bir amaldorning o‘g‘li ekan, o‘zi ham o‘shanaqa odam bo‘lishi mumkin ekan; ma’lumotli bo‘lgach, avvaliga o‘qituvchining qo‘lida ishlabdi, so‘ng ruhoniyga yordamchilik qilibdi, biroq bundan hech foyda chiqmabdi!
Ole ruhoniynikida bo‘lganida har ishga hozir-u nozir bo‘lib turarkan; u o‘sha vaqtlarda yosh yigitcha bo‘lganidan o‘ziga ortiqcha zeb berarkan; bir kuni u etigi uchun yaltiroq moy talab qilibdi, ruhoniy esa unga oddiy etik moyi beribdi, ana shu bahona bo‘lib oralari buzilib qolibdi. Biri xasissan desa, ikkinchisi bekorchisan, debdi. Etik moyi bahona, ular bir-birlari bilan yuz ko‘rmas bo‘lib ketishibdi. Baribir Olening talabi qondirilmay qolaveribdi: u keyingi hayoti davomida ham dunyodan yaltiroq etik moyi talab qilsa, oddiy etik moyi olaveribdi; u odamlardan yuz o‘giribdi, darvesh bo‘lib ketibdi. Biroq, darveshlik hujrasini, bir burda nonni faqat katta shaharlardagi qo‘ng‘iroqxonalardangina topish mumkin ekan. Ole katta shahar qo‘ng‘iroqxonasiga boribdi, minora tepasida trubkasini tutatganicha yakka-yolg‘iz yashayveribdi. U pastga ham qarabdi, yuqoriga ham, ko‘rgan-bilganini, kitoblardan o‘qigani-yu ko‘nglida to‘qigani haqida so‘zlab berarkan. Men uni tez-tez yaxshi kitoblar bilan ta’minlab turardim: Ole pand-nasihatdan iborat ingliz kitoblarini, g‘ir-g‘ir shabada va gul yaproqlarini tarannum qiluvchi fransuz romanlarini yoqtirmasdi. U mendan kishilar turmushi, tabiat mo‘jizalari haqida yozilgan kitoblardan keltirishimni ko‘proq iltimos qilardi. Men Ole huzuriga kam deganda bir yilda bir marta, odatda yangi yildan keyinroq tashrif buyurardim; bu paytgacha oshnam menga bir olam gap to‘plab qo‘yardi, uning bisotida albatta yil o‘zgarishiga oid biror gap bo‘lardi.
Bu o‘rinda uning huzurida ikki marta bo‘lganim haqida so‘zlab beraman. Olening so‘zlarini qanday bo‘lsa, xuddi o‘shanday bayon qilaman.
Правообладателям!
Данное произведение размещено по согласованию с ООО "ЛитРес" (20% исходного текста). Если размещение книги нарушает чьи-либо права, то сообщите об этом.Читателям!
Оплатили, но не знаете что делать дальше?