Электронная библиотека » Ганс Христиан Андерсен » » онлайн чтение - страница 1

Текст книги "Қор одам"


  • Текст добавлен: 29 апреля 2024, 16:20


Автор книги: Ганс Христиан Андерсен


Жанр: Книги для детей: прочее, Детские книги


сообщить о неприемлемом содержимом

Текущая страница: 1 (всего у книги 25 страниц) [доступный отрывок для чтения: 8 страниц]

Шрифт:
- 100% +

Hans Kristian Andersen
Qor odam

BOTQOQLIK SHOHINING QIZI

Laylaklar o‘z bolalariga botqoqlik va baliqchilar haqida ko‘p ertak aytib berishar ekan. Albatta, bu ertaklar ularning yoshiga, tushunchasiga mos qilib aytilarkan. Bordiyu, eng kichkina laylakchalarga ular yeydigan botqoq jonivorlari nomi zikr etilgan ertaklarni aytsangiz, juda qiziqib tinglasharkan, biroq yoshi kattaroq laylakchalar esa ertaklarda ko‘proq u-bu narsalar bo‘lishini, hech bo‘lmaganda o‘z xususiy oilalari haqida gap borishini talab qilishar ekan. Laylaklar orasida ma’lum va mashhur bo‘lgan eng qadimiy va uzun ertaklardan birini biz ham bilamiz. Unda onasi savatga solib, Nil daryosiga tashlagan Moiseyni fir’avinning qizi topib olib, tarbiyalagani haqida hikoya qilinadi. Keyinchalik u ulug‘ odam bo‘lib yetishgan, biroq qayerga dafn qilingani noma’lum. O‘zi ko‘pincha shunaqa bo‘ladi.

Boshqa bir ertakni bizning yurtimizda to‘qilgani uchun hali hech kim bilmaydi. Mana, ming yillardan beri bu ertak og‘izdan-og‘izga o‘tayapti, ona laylaklar boshqalarga aytib beryapti, har bir ona laylak uni tobora yaxshiroq qilib aytyapti, endi biz ulardan ham durustroq qilib aytamiz.

Mana shu ertakni to‘qigan va ertakdagi voqealarda o‘zlari ham ishtirok etgan dastlabki bir juft laylak yozni Daniyadagi bog‘larda, aniqrog‘i, Yutlandiyaning shimolidagi Iyoring viloyatiga qarashli Venyussel shahrining yovuz botqoqligiga yaqin joylarida o‘tkazishar ekan. Laylakning uyasi viking uyining yog‘och tomida ekan. O‘sha joyda hozir ham juda katta botqoqlik bor, buni muzofot haqidagi ma’lumotlardan ham bilib olish mumkin. O‘sha ma’lumotda aytilishicha, bu joylar bir vaqtlar dengiz tubi bo‘lgan ekan, keyinchalik ko‘tarilib, endilikda bu yerlarda bir necha kvadrat mil botqoqlik maysazori, balchiqzor, buta va yakkam-dukkam daraxtlar o‘sgan torf botqoqligi paydo bo‘lgan ekan. Ana shu joyni hamisha qalin tuman qoplab turar ekan. Ming yil muqaddam bu yerlar qanday bo‘lganini tasavvur qiling! O‘sha zamonlarda ham ko‘p narsalar hozirgi ko‘rinishga ega bo‘lgan. Masalan, to‘q binafsharang gulli qamishlarning bo‘yi hozirgiday baland, tanasi ko‘m-ko‘k bo‘lgan; oq qayinlarning tanasi ko‘zni qamashtiradigan darajada oqarib turgan, mayda yaproqlari shabadada raqsga tushgan, bu yerda yashaydiganlarga kelsak, pashshalar o‘sha zamonda ham hozirgiday tiniq ko‘ylaklar kiyib yurishgan, laylaklar hozirgiday ola-bula rangni juda yoqtirishgan, qizil paypoqlarni afzal ko‘rishgan, o‘sha zamonda faqat odamlargina boshqacha kiyinishgan. Har qanday odam, kimligidan qat’i nazar, ming yil ilgari ham hozirgiday balchiqqa ag‘anab ketishi mumkin bo‘lgan, axir, omonatroq qadam bosilsa bas, darhol kishi o‘zini botqoqlik saltanatida ko‘radi! Uni balchiq podshosi deb atasa ham bo‘laveradi-yu, lekin botqoqlik shohi deyilgani ma’qul. Buning ustiga laylaklar ham uni ana shunday ulug‘lashadi. Botqoqlik shohining idora qilish usuli ko‘plarga ma’lum emas, ma’lum bo‘lmagani ham yaxshi.

Botqoqlikka yaqin joyda, Lim-fiordning naq yuqorisida vikingning uch qavatli, minora va tosh yerto‘lali yog‘och qasri qad ko‘targan ekan. Qasr tomiga laylaklar uya qurishgan ekan. Urg‘ochi laylak katta umidlar bilan tuxum bosib yotar ekan!

Kunlarning birida laylakning eri qayerdadir hayallab qolibdi. Uyasiga hurpaygan, qattiq hayajonlangan holda qaytibdi.

–Hozir senga bir gap aytaman! Turgan-bitgani dahshat! – debdi u xotiniga.

–Oh, iltimos, bas qil bu gaplarni! – debdi xotini. – Tuxum bosib o‘tirganimni, qo‘rqib ketishim mumkinligini, bu esa bolalarimga yomon ta’sir qilishini unutma.

– Quloq solsang-chi! Misrlik xo‘jamizning qizi bir iloji qilib yetib kelibdi! Shunchalik xatarli safardan qo‘rqmabdi! Endi uning ismini bir eslab ko‘r-chi!

– Nima? Misr malikasimi? Axir u hurlar zotidan-ku! Qani, tezroq, tezroq gapira qol! Tuxum bosib o‘tirganimda betoqatlanishim zararli ekanligini yaxshi bilasan-ku!

– Ko‘rdingmi, demak u shifokorlarning, botqoqlikda o‘sadigan gul otang dardiga shifo bo‘ladi, degan gaplariga laqqa tushibdi. Esingdami, buni o‘zing aytib bergan eding? Shunday qilib, u ikkita malika bilan birga patli kiyimda bu yoqqa uchib kelibdi. Bular esa har yili yasharish uchun shimolga cho‘milgani kelishadi. Uchib kelishga kelibdiyu, him-m…

– Voy, muncha ezmalanding! – debdi ona laylak. – Axir tuxumlar sovib qolishi mumkin! Hayajonlanishim oqibati yomon bo‘ladi.

– Hammasini o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim! – deb davom etibdi laylak. – Bugun kechki payt balchiq qattiqroq joylardagi qamishlar orasida yursam uchta oqqush uchib ketyapti. Ularning oqqushligi uchishidan bilinib turardi. O‘sha zahoti o‘zimga-o‘zim, bular haqiqiy oqqush emas, ular patdan kiyim kiyib olishgan bo‘lsa kerak, dedim! Onasi, sen ham juda ziyraksan! Nima gapligini darhol payqaysan!

– Bu to‘g‘ri! – debdi laylakning xotini. – Menga malika haqida gapir, pat kiyimlar haqidagi gaplaring jonimga tegdi!

– Botqoqlikning o‘rtasida, o‘zingga ma’lum, uncha katta bo‘lmagan ko‘lga o‘xshash joy bor. Sal bo‘ylansang, shu yerdan ham uning qirg‘og‘i ko‘rinadi! O‘sha joyda o‘sgan qamishzorda zirk daraxtining to‘nkasi bor. Oqqushlar o‘sha to‘nkaga qo‘nishdi, qanotlarini qoqishdi, atrofga nazar tashlashdi; keyin ulardan biri egnidagi oqqush kiyimni yechdi, men Misr malikasini darrov tanidim. Uning egnida hech qanaqa kiyimi yo‘q ekan, uzun sochlari butun tanasini yopib turibdi. Suv tagida ko‘ringan gulni olib chiqqunga qadar pat kiyimlarini qo‘riqlab turishni dugonalaridan iltimos qilganini ham eshitdim. Ular va’da berishdi, keyin uning pat kiyimlarini olishdida, osmonga ko‘tarilishdi. «Eh-he, bular qayoqqa yo‘l olishdi ekan?» deb o‘yladim. Ehtimol, malika buni o‘zi iltimos qilgandir? Lekin buning sababi tezda ravshan bo‘ldi. Ular osmonga ko‘tarilgach, malikaga: «Sho‘ng‘iyver, sho‘ng‘iyver! Endi oqqush bo‘lib uchib bo‘psan! Yurtingni ham ko‘rib bo‘psan! Botqoqlikda o‘tiraver!» deb qichqirishdi, pat kiyimlarni to‘zitib tashlashdi! Patlar osmonda qor uchqunlariday uchib yurdi, yaramas malikalar esa ko‘zdan g‘oyib bo‘lishdi!

– Qanday dahshat! – debdi xotini. – Eshitishga ham madorim qolmadi! Xo‘sh, keyin nima bo‘ldi?

– Malika yig‘lab, faryod cheka boshladi! Ko‘zyoshlari to‘nka ustiga ariq-ariq bo‘lib oqdi, to‘satdan to‘nka qimirlab ketdi! Bu to‘nka emas, balki balchiqda yashayotgan o‘sha botqoqlik shohi ekan. Uning qanday o‘girilganini ko‘rdim, qarasam, to‘nka emas! U loy va balchiqqa bulangan qo‘llarini malikaga cho‘zdi. Bechora shunaqayam qo‘rqdiki, sakrab tushib, balchiq ustidan qocha boshladi. Qayoqqa qocha olardi! Men o‘zim balchiq ustidan ikki qadam yura olmayman! Malika pastga cho‘kib ketdi, uning orqasidan botqoqlik shohi ham sho‘ng‘idi. Axir uni cho‘ktirgan ham o‘sha-da! Suv betida pufakchalar paydo bo‘ldi, vassalom! Bechora malika botqoqlikka tiriklayin ko‘mildi. Endi gul olib, o‘z vataniga qayta olmaydi. Oh, bu manzarani o‘zing ko‘rganingda toqat qilolmasding, xotinjon!

– Bunaqa hodisalarni menga aytmaganing ma’qul edi! Bu tuxumga ta’sir qilishi mumkin! Malika falokatdan qutuladi! Uni xalos qilishadi! Bordiyu, mening yoki sening, yo bo‘lmasa o‘zimiznikilardan birortasining boshiga shunday kun tushsa, adoyi tamom bo‘lardik.

– Harholda hushyor bo‘lib turaman! – debdi laylak, shunday qilibdi ham.

Oradan ko‘p vaqtlar o‘tibdi.

Kunlarning birida laylak qarasa, botqoqlikning tubidan uzun, ko‘m-ko‘k poya bo‘y cho‘zib chiqibdi, keyin suv betida yaproq paydo bo‘libdi; u o‘sib, tobora kattalasha boribdi. So‘ng suvdan g‘uncha ko‘rinibdi, laylak botqoq ustidan uchib o‘tayotganda quyosh nurlarida g‘unchaning ochilganini, gulning kosasida go‘yo hozirgina cho‘milib chiqqandek jajji qizchaning o‘tirganiga nazari tushibdi. Qizcha Misr malikasiga juda-juda o‘xsharmish, laylak avvaliga bu yana kichkina bo‘lib qolgan malika deb o‘ylabdi, lekin durustroq bosh qotirib, u Misr malikasi bilan botqoqlik shohining qizi bo‘lsa kerak, degan fikrga kelibdi. Shuning uchun ham u gulkosada o‘tiribdi-da.

«Uning bu yerda qolishi mumkin emas! – deb o‘ylabdi laylak. – Bizning uyamiz ham tang-u tor! To‘xta, to‘xta, topdim! Vikingning bolasi yo‘q, bola kerakligi haqida ko‘p gapirgan… Baribir meni birovlarning uyiga bola tashlab ketadi, deyishadi, shu vajdan chindan ham qizchani vikingning xotiniga eltib bersam, rosa xursand bo‘lardi!»

Laylak qizchani olib, vikingning uyiga uchib boribdi, derazani tumshug‘i bilan ochib, bolani vikingning xotini oldiga qo‘yibdi, keyin uyasiga qaytib, bo‘lgan voqeani xotiniga aytib beribdi. Bu gaplarni bolalari ham eshitibdi, ular ancha katta bo‘lib qolishgan ekan-da.

– Mana, ko‘rdingmi, malika o‘lmabdi – qizchasini bu yoqqa yuboribdi, uni joylashtirib qo‘ydim! – deb laylak hikoyasini tugatibdi.

– Avvalgi safar senga nimalarni tayinlagan edim? – debdi laylakning xotini. – Endi o‘z bolalaring haqida ham qayg‘urgin! Uchish vaqtimiz yaqinlashib qoldi! Hozir qanotlarim osti qichishib qoldi. Kakku bilan bulbullar allaqachonlar uchib ketishdi, bedanalar uchish maslahatini qilishyapti, hademay hamroh shamol ham esadi. Bolalarimiz uchish paytida o‘zlarini ko‘rsatishadi, ularni yaxshi bilaman!

Vikingning xotini erta tongda qo‘ynida chiroyli jajji qizcha yotganini ko‘rib juda sevinibdi! U qizchani o‘pib, erkalata boshlabdi, lekin bola baqirib, qo‘l-oyoqlarini tipirchilatib qarshilik ko‘rsatibdi, erkalatish unga ma’qul kelmabdi shekilli. Qizcha kuchi boricha yig‘labdi, baqiribdi va nihoyat uxlab qolibdi, uxlaganda ham uning husniga tikilib, kishi to‘ymasmish! Vikingning xotini sevinganidan o‘zini qo‘yarga joy topolmabdi, quvonchdan terisiga sig‘may ketibdi, hademay erim ham o‘z drujinasi bilan manavi boladay qo‘qqisdan kelib qolsa-ya, deb o‘ylabdi. Qadrdon mehmonlarni munosib kutib olish uchun butun uyni oyoqqa turg‘azibdi. Devorlarga o‘zi va cho‘rilari to‘qigan gilamlarni ostiribdi, gilamlarga xudolardan Odin, Tor va Freylarning surati tushirilgan ekan. Qullar eski qalqonlarni tozalashibdi, ularni osishib, devorlarni bezashibdi; o‘rindiqlarga yumshoq yostiqlar qo‘yishibdi, eng katta yotoqxona o‘rtasidagi o‘choqqa gugurt chaqishi bilanoq lovillab yonib ketadigan quruq palyonlarni qalashibdi. Kechga yaqin vikingning xotini kunduzgi ishlardan horib-charchab dong qotib uxlab qolibdi.

Kun yoyilmasdan oldin, sahar paytida uyg‘onib nihoyatda qo‘rqib ketibdi: qizcha yo‘qmish! O‘rnidan sakrab turib chiroqni yoqib qarasa, o‘rinning chetida qizcha emas judayam katta, jirkanch bir baqa yotganmish. Viking xotini jirkanib qo‘liga eshikning vazmin temir boltini olib baqani o‘ldirmoqchi bo‘libdi, lekin baqa unga judayam g‘alati, qayg‘uli nazar tashlagan ekan, ayol urgani jur’at etolmabdi. Xotin yana atrofga nazar tashlabdi, baqa ingrab yuboribdi: shunda ayol o‘rindan nari ketib, deraza vazifasini o‘taydigan darcha eshigini ochib yuboribdi. Bu payt quyosh chiqib kelayotgan ekan; uning nurlari ko‘rpaga va baqaga tushibdi… O‘sha zahotiyoq dahshatli, ulkan baqaning og‘izlari yumilib kichrayibdi, chiroyli og‘izchaga aylanibdi, tanasi tortishib, boshqa qiyofaga kiribdi – viking xotini qarshisida go‘zal qizchasi namoyon bo‘libdi, baqadan asar ham qolmabdi.

– Bu nima o‘zi? – debdi vikingning xotini. – Yomon tush ko‘rdimmikin-a? Bu yerda bolajonim yotibdi-ku! – U qizchani bag‘riga bosibdi, yuz-ko‘zlaridan o‘pibdi, lekin qizaloq xuddi yovvoyi mushukday tipirchilab tishlab olaveribdi.

Viking o‘sha kuni ham, ertasiga ham qaytmabdi, u yo‘lda kelayotgan ekan. Laylaklarning uchishiga yordam berayotgan hamroh shamol uning yo‘liga g‘ov bo‘libdi, laylaklar janubga uchayotgan ekan-da. Ha, ba’zilarga shamol hamroh bo‘lsa, boshqalarga g‘ov bo‘ladi!

Oradan bir necha kun o‘tibdi, ayol qizchani yovuz jodu ezayotganini payqab qolibdi. Kunduzi qizcha elf singari chiroyli, bejirim bo‘larmish. Lekin fe’li yomon, beboshroqmish, kechasi esa jirkanch baqaga aylanarmish, ammo uning boqishlari ma’sum, qayg‘uli emish. Qizchada ikkita fe’l-atvor mujassamlangandaymish: kunduz kuni laylak viking xotiniga tashlab ketgan bolaga, shundoqqina Misr malikasi bo‘lmish onasiga o‘xsharmish, fe’li bo‘lsa otasinikaga o‘xsharmish; kechasi aksincha, tashqi qiyofasi otasiga o‘xshab, ko‘zlarida onasining ruhi va qalbi charaqlab turarmish. Ana shu yovuz jodudan qizni kim xalos qila oladi? Vikingning xotini g‘am-hasratda, vahimada qolibdi, harholda bu sho‘rlikka tobora mehri ortaveribdi. Bolani sehr o‘rab olgani haqida eriga hech nima demaslikka jazm etibdi: eri o‘sha zamoning rasm-rusmiga ko‘ra bechora bolani kim xohlasa olib ketaveradigan serqatnov yo‘lga chiqarib tashlashga amr qilishi mumkin ekan-da. Vikingning xotini bolaga achinibdi, u shunday yo‘l tutibdiki, qizchani eriga faqat kunduz kuni ko‘rsatibdi.

Kunlarning birida, tong chog‘ida viking qasri ustida qushlarning qanot qoqishi eshitilibdi – kunduzgi safardan horigan yuz juft laylak kechasi tomda hordiq chiqarishgan ekan, endi ular uzoq safarga jo‘nash uchun osmonga ko‘tarilishibdi.

– Erkaklar shay! – deb qichqirishibdi ular. – Ayollar bilan bolalar ham tayyor!

– Naqadar yengilmiz! – deyishibdi yosh laylaklar. – Xuddi tirik baqalar to‘ldirilganday ich-ichimizning qitig‘i kelyapti! Chet mamlakatlarga uchyapmiz! Qanday baxt!

– Galadan qolmanglar! – debdi ularga ota va onalari. – Ko‘p vaysaqilik qilavermanglar, ko‘krakka ziyoni bor!

Shunday qilib hamma laylaklar uchib ketibdi.

Xuddi shu lahzada cho‘l ustida burg‘u ovozi yangrabdi: viking navkarlari bilan qirg‘oqqa yaqinlashibdi. Ular Britaniyadagi xalq dahshatga tushib: «Ey xudo, bizni yovvoyi normalardan o‘zing asra!» deb ibodat qiladigan Galli sohillaridan juda katta o‘lja bilan qaytishibdi.

Vikingning qasrida xursandchilik boshlanibdi. Katta yotoqxonaga asal to‘la bochkani dumalatib keltirishibdi; gulxan lovillabdi, otlar so‘yishibdi, dovrug‘i olamga taraladigan ziyofatga hozirlik boshlanibdi. Bosh kohin issiq ot qonlarini qullarga sochibdi. Quruq o‘tin charsillab yonibdi, tutun shiftga o‘rlabdi, uy to‘sinlaridan ziyofatda o‘tirganlarning ustiga mayda qurumlar yog‘ilibdi, lekin bunga ular ko‘nikib qolishgan ekan. Mehmonlarga katta tuhfalar berilibdi; janjallar, xiyonatkorliklarning hammasi unutilibdi; asallar daryo bo‘lib oqibdi; ichib mast bo‘lib qolganlar kayfichog‘lik alomati sifatida bir-birlariga go‘shti yeb olingan suyaklarni ota boshlashibdi. Bizning xonanda va sozandamizga o‘xshagan, shuning bilan birga urushlarda qatnashgan jangchi bo‘lmish skald nima haqda kuylayotganini bilgani holda erishilgan ajoyib zafarlar to‘g‘risida qo‘shiqlar aytibdi. Har bir she’r: «Molmulk, qarindosh-urug‘, do‘stlar, kishining o‘zi – hammasi o‘tkinchi, hammasi o‘ladi; faqat yaxshi nom o‘lmaydi!» degan naqorat bilan aytilibdi. So‘ng hammalari qalqonlarni mushtlashibdi, pichoq yoki go‘shtsiz suyak bilan stolni urib taqillata boshlashibdi, osmon shovqin-suronga to‘libdi. Vikingning xotini to‘rda egniga ipakli ko‘ylak kiyib, yasanib-tusanib o‘tiribdi; qo‘llarida oltin bilaguzuk, bo‘yniga yirik-yirik donali qahrabo marjon taqibdi. Skald uning ham shuhratini ko‘klarga ko‘tarib kuylashni esidan chiqarmabdi. Eriga farzand hadya etganini ham kuylabdi. Eri chiroyli qizchani ko‘rib judayam quvonibdi, chunki u qizchani kunduzi butun latofati bilan ko‘ribdi. Hatto uning yovvoyiligi ham juda yoqibdi. U, bu qizchadan o‘zini dadil turib himoya qiladigan jasur harbiy chiqadi, bordiyu, tajribali qo‘l o‘tkir qilich bilan hazillashib qalin qoshlarini qirganda ham miq etmaydi, ko‘zini yummaydi, debdi.

Bochkadagi asal tugabdi, yangisini olib kelishibdi, o‘sha zamonlarda asal ichishning havosini rosa olishgan ekan-da! To‘g‘ri: «Hayvon o‘tloqni qachon tark etib uyiga qaytishini biladi, bema’ni odam bo‘lsa o‘z me’yorini bilmaydi!» degan matalni o‘sha vaqtlarda ham bilishgan ekan. Buni har bir odam bilarkan-u, biroq bilish boshqa, bilganni qilish boshqa-da. Hammalari: «Bordiyu, me’yoridan ortiq o‘tirib qolsa, aziz mehmon ham me’daga tegadi», degan boshqa matalni ham bilisharkan: lekin o‘tirishaveribdi, axir go‘sht bilan asal ajoyib narsa-da! Xursandchilik nihoyasidan oshibdi. Kechasi qullar iliqqina qo‘rga cho‘zilishib, yog‘li qorakuyani titkilashib, barmoqlarini yalashibdi. Xo‘p yaxshi damlar ekan!

Xuddi o‘sha yili kuzgi bo‘ronlar quturayotganiga qaramay, viking yana safarga otlanibdi. U o‘z navkarlari bilan Britaniya sohillariga hujum qilmoqchi bo‘libdi, chunki u yer juda yaqin ekan-da. «Qo‘l uzatsak yetadi», debdi viking. Xotini jajji qizchasi bilan uyida qolaveribdi. Ko‘p o‘tmay ayolga ma’sum ko‘zli, oh-voh chekadigan badburush baqa erkalashga tishlash va tirnash bilan javob beradigan yovvoyi go‘zaldan ko‘ra ko‘proq yoqib qolibdi.

Xazonrezgilikni boshlagan, «kemshik bobo» nomini olgan oppoq kuz tumani o‘rmon va cho‘llarni qoplabdi. Patsiz qushchalar, ya’ni qor uchqunlari havoda o‘ynoqlab qolibdi, qish eshik qoqib kela boshlabdi. Chumchuqlar laylaklarning uyasiga kirib olishibdi va uya egalari haqida gurung boshlashibdi. Bu uyalarning egalari qayerda ekan-a, bizning laylak xotini va bola-chaqalari bilan qayerda ekan?

* * *

Laylaklar bizda yoz mavsumida quyosh qanday charaqlab nur sochsa, xuddi o‘shanday serquyosh Misrda bo‘lishibdi. U yerda tamarind va akatsiya daraxtlari gulga ko‘milgan ekan; ibodatxonalarning gumbazlarida yarim oylar charaqlab turganmish; adl minoralarga uzoq safardan horib-charchab kelgan laylaklar qo‘nib olishibdi. Ularning uyalari hashamatli ustunlar va tashlandiq ibodatxonalarning yarim vayrona gumbazlariga qator qurilibdi. Xurmo daraxtlari soyabonsimon uchlarini osmon-u falakka ko‘tarib turganmish. Ildam oyoq tuyaqushlar chopqillab yurgan sahro osmonining har yerhar yerida ehromlarning kulrang soyalari ko‘rinib qolarkan, sher bo‘lsa qumga yarmigacha ko‘milgan yarim odam, yarim hayvon qiyofasidagi marmar haykalga katta, ma’no to‘la ko‘zlarini tikkan ekan. Nil daryosining suvi ko‘payib, sohilga toshibdi, suv ichida g‘ij-bij baqalar; laylaklar uchun bundan ham chiroyli manzara bo‘lmasa kerak. Yosh laylaklar hatto o‘z ko‘zlariga ham ishonishmabdi – qayoqqa qarashsa ko‘zlari yashnarmishda!

– Ha, bu yer mana shunaqa yaxshi, hamisha shunday bo‘ladi! – debdi urg‘ochi laylak. Yosh laylaklarning esa nafslari hakalak otib ketibdi.

– Bu yerda boshqa narsani ko‘rmaymizmi? – deb so‘rashibdi ular. – Nahotki, mamlakatning ichkarisiga bormasak?

– U yoqda hech vaqo yo‘q! – debdi onalari. – Manavi xudo yarlaqagan sohillarning naryog‘ida chirmashib ketgan daraxtlar va o‘simliklar o‘sgan qalin o‘rmon. U yerlardan faqat yo‘g‘on oyoqli fillargina o‘ziga yo‘l ocha oladi. O‘rmonning ilonlari ulkan, kaltakesaklari chaqqon. Bordiyu, sahroga bormoqchi bo‘lsak, ko‘zing qumga to‘ladi, bu holva, qum quyuniga uchrab qolsang rosa adabingni yeysan! Yo‘q, har qalay shu yer yaxshi! Bu yerda baqa bilan chigirtka ancha serob! Men ham, sizlar ham shu yerda qolamiz!

Ular o‘sha yerda qolishibdi. Ota-onalari adl minora ustidagi uyalarida o‘tirishib dam olishibdi, o‘zlariga oro berishibdi, patlarini silliqlashibdi, tumshuqlarini qizil paypoqlariga ishqalashibdi. Pardozlarini tugallashib, bo‘yinlarini cho‘zishibdi, viqor bilan ta’zim qilishib, keng peshanali, ingichka, yarqiroq patlar qoplangan kibr bilan balandga ko‘tarishibdi, mamnunlikdan ma’nodor qo‘yko‘zlari chaqnabdi. Yoshgina oyimqiz-laylakchalar endigina bo‘y cho‘zayotgan qamishzor ichida sipogarchilik bilan sayr qilishibdi, yosh-yosh nar laylakchalarga mo‘ralashibdi, ular bilan darrov tanishib olishibdi, har qadamda bittadan baqani yutishaveribdi, ba’zida tumshuqlarida ilonchani qisib olib silkitib yurishibdi, bu qilig‘imiz o‘zimizga juda yarashadi, deb o‘ylashibdi, buning ustiga ilon ham juda mazali-da! Nar laylakchalar moda laylakchalarni talashib janjallashibdi, qanotlari bilan bir-birlarini urishibdi, tumshuqlari bilan cho‘qib, bir-birlarini qizil qonga bo‘yashibdi! Bir vaqt qarasangiz, bir unisi, bir bunisi kuyov bo‘lib boribdi, moda laylakchalar esa birin-ketin kelin bo‘lishibdi; ularning hammasi faqat shuning uchungina yashayotgan ekanda. Yosh kuyov-kelinlar o‘zlariga uya qurishga kirishibdilar, uya qurishda ham janjallar bo‘libdi, issiq mamlakatlarda hamma qiziqqon bo‘lib qolarkan-da, umuman aytganda, hayot totli, gashtli o‘ta boshlabdi, qariyalar yoshlarga qarab quvonganicha umr o‘tkazishaveribdi, chunki yoshlarga hamma narsa yarashadi-da! Quyosh kun sayin mo‘l-ko‘l nur sochibdi, laylaklarning yegani oldida, yemagani ketida bo‘libdi.

Laylaklar aytganidek, Misr xo‘jasining hashamatli saroyida xursandchilikdan nom-nishon ham yo‘q ekan.

Devorlariga lolaning barglariga o‘xshash gul va naqshlar solingan katta xonada qudratli podsho betob yotar ekan; uning qo‘l-oyoqlari ishlamas, eti suyagiga yopishib, qurib qolgan ekan. Uni qarindosh-urug‘lari va xizmatkorlari qurshab olishibdi. Uni o‘lik deb ham, tirik deb ham bo‘lmas ekan. Botqoqlik gulidan shifo topish umidi ham chippakka chiqibdi. Uni jonidan ham ortiq ko‘radigan qizi ana shu gulni olib kelish uchun uzoq shimolga uchib ketgan ekan. Yosh, sohibjamol qizning diydorini ko‘rolmaydi endi! «U halok bo‘ldi!» deyishibdi vataniga qaytib kelgan malika-oqqushlar. Hatto ular dugonalarining qanday halok bo‘lgani haqida butun bir hikoya ham to‘qishibdi.

– Uchovimiz osmonda uchib ketayotgandik, to‘satdan bizni ovchi ko‘rib qoldi, yoydan o‘q uzdi. O‘q dugonamizga kelib tegdi, bechora vidolashuv qo‘shig‘ini aytib, astagina o‘rmon ko‘lining suviga tushdi. Biz uni o‘sha ko‘lning qirg‘og‘ida oq qayin tagiga dafn qildik. Biroq uning o‘limi uchun qasos oldik: ovchining kulbasida yashovchi qaldirg‘ochlarning dumiga yonib turgan poxol bog‘ladik, uy ham, ovchining o‘zi ham yonib ketdi. Alanga nuri ko‘lning qarama-qarshi tomonidagi oq qayin o‘sib turgan, dugonamiz qora tuproqda yotgan sohilni yoritdi. Ha, endi dugonamiz o‘z yurtini hech qachon ko‘ra olmaydi!

Ularning ikkovlari ham yig‘lashibdi. Bu gaplarni eshitgan laylak tumshuqlarini g‘azab bilan taqillatibdi.

– Yolg‘on, bo‘hton! – deb qichqiribdi u. – Eh, ularning ko‘ksiga tumshug‘imni suqib olsam!

– Tumshug‘ingdan ayrilarding! – debdi xotini. – Xo‘p yaxshi bo‘lardi-da! Undan ko‘ra o‘zing, oilang haqida qayg‘ur, qolganini qo‘yaver!

– Harholda ertaga bemorning kasali xususida kengashish uchun olimlar va donishmandlar to‘planadigan xonaning ochiq peshtoqiga qo‘nib turmoqchiman. Ehtimol, ular haqiqatni ro‘yobga chiqarishar!

Olimlar va donishmandlar to‘planishib, uzoq kengashibdilar, lekin laylak ularning gapidan hech narsa tushunmabdi: podshoning qizi u yoqda tursin, o‘ziga ham naf keltiradigan bir qarorga kelishmabdi. Biroq, olimlarning gapini eshitsak zarar qilmaydi, ko‘p narsani eshitishga to‘g‘ri keladi-ku, axir!

To‘g‘rirog‘i, o‘tmishdan biron-bir narsa eshitsak yo bilsak, tarix bilan yanada yaqinroq tanishamiz; harholda laylaklardan ko‘ra ko‘proq narsa bilib olamiz-da.

«Hayotning asosi – muhabbat! Muqaddas sevgi muqaddas hayotni barpo qiladi! Faqat muhabbat sharofati bilan bemor hayotga qaytishi mumkin!» Donishmandlar podshoni darddan xalos qilish haqida gap ketganda ana shunday dono fikrlarni aytishibdi. Bu gaplar donishmandlarning aytishicha, o‘ta dono va yaxshi fikrlar ekan.

– Fikrlari chakki emas! – debdi o‘shanda laylak xotiniga.

– Men esa negadir mag‘zini chaqa olmayapman! – debdi xotini. – Bu mening nuqsonim emas. Ha, aytganday, bularning menga dahli yo‘q; busiz ham o‘z tashvishlarim boshimdan oshib yotibdi.

Keyin olimlar muhabbatning turli ko‘rinishlari haqida gapira ketishibdi: axir, muhabbatning muhabbatdan farqi bor-da, ota-onalarning o‘z bolalariga yoki o‘simlikning yorug‘likka muhabbati. Masalan, quyosh nuri botqoqdan bo‘sa oladi, natijada undan nihol unib chiqadi. Ularning nutqlari shunchalik chuqur ma’noli ekanki, laylak gapning kalavasini yo‘qotib qo‘yibdi. Hatto gap mazmunini xotiniga ham aytib berolmabdi. U chuqur o‘yga tolib, ko‘zlarini yumib, butun kun bir oyoqda tik turaveribdi. Bilimdonlikni eplay olmabdi.

Lekin laylak podshoning kasali butun mamlakat va xalq uchun katta baxtsizlik ekanini, aksincha, uni darddan xalos etish katta baxt ekanini yaxshi anglabdi. Barcha xalq – xoh kambag‘al, xoh boy bo‘lsin, shu haqda bosh qotirayotganmish. Biroq, shifobaxsh gul qayerda o‘sadi? – deb so‘rashibdi odamlar bir-biridan. Ular ilmiy kitoblarni varaqlashibdi, bu haqda yulduzlardan bir narsa o‘qishga urinishibdi, to‘rt tomondan esadigan shamollardan so‘rashibdi, xullas, turli yo‘llar bilan zarur ma’lumotlarni olishga intilishibdi-yu, hamma harakatlari behuda ketibdi. Shu payt olimlar va donishmandlar oldin «Hayotga asos qurgan – muhabbat; u podshoni ham hayot kechirish uchun ato qilgan!» deb aytgan gaplariga qaytishibdi. Garchi buning ma’nosini ularning o‘zi ham chuqur tushunib yetmasalar-da, bu gapda hikmat katta ekan. Shuning uchun ham bu gapni bir necha bor takrorlab, hatto dori qog‘oziga: «Hayotga asos qurgan – muhabbat!» deb yozishibdi, lekin bu dori qog‘ozi bilan dorini qanday tayyorlash mumkin? Xuddi shu xususda hamma mushkul ahvolda qolibdi. Nihoyat o‘tirganlar bir ovozdan hamma yordamni otasini qizg‘in, chin ko‘ngildan yaxshi ko‘radigan yosh malikadan kutishi kerak, degan qarorga kelishibdi. So‘ng malika nima qilishi lozimligi ustida ham bosh qotirishibdi. Bundan roppa-rosa bir yil muqaddam yangi oyning o‘rog‘i botgan tunda malika sahrodagi marmar haykal tomon yo‘l olgan ekan. Pastroqdagi eshik oldidagi qumlarni suribdi, katta ehromlarning biridagi uzun yo‘lak bo‘ylab yurib, qadimiy fir’avn jasadi qo‘yilgan joyga boribdi – malika marhumning ko‘ksiga boshini qo‘yib, mo‘jiza yuz berishini kutishi kerak edi.

U aytilganlarning hammasini bajo keltiribdi, tushida shimolga, Daniyaga uchib borishi, chuqur botqoqdan nilufar uzishi, u suv tubiga sho‘ng‘iganida gul uning ko‘ksiga tegib ketishi, bu gul otasiga qayta hayot ato qilishi, gul uziladigan joyning o‘zi namoyon bo‘libdi.

Malika oqqush patida Yovuz botqoqligiga ana shuning uchun uchib borgan ekan. Buni laylak bilan xotini azaldan bilisharkan, endi bo‘lsa biz ham uni yaxshiroq bilib olyapmiz. Shuningdek, botqoqlik shohi bechora malikani balchiq ostiga olib kirib ketganini, bu yerda esa uni halok bo‘ldi deb yurganlarini ham bilamiz. Lekin donishmandlarning donishmandi urg‘ochi laylakning: «Malika kulfatdan xalos bo‘ladi!» deb aytgan gapini aytibdi. Oxiri kutishga ahd qilishibdi, bundan boshqa chora qolmabdi-da.

– Anov muttahamlardan oqqush patini sidirib olaman, – debdi laylak. – O‘shanda ular botqoqlikka ortiq uchib borolmaydilar, shumlik ham qilolmaydilar. Patlarini esa har ehtimolga qarshi o‘sha yoqqa yashirib qo‘yaman.

– Qayoqqa? – deb so‘rabdi xotini.

– Botqoq yaqinidagi uyamizga-da! – debdi laylak. – Bolalarimiz patlarni o‘sha yoqqa olib borishga ko‘maklashadi; bordiyu juda og‘irlik qilsa, Daniyaga kelgusi uchishimizgacha biror joyga yashirib qo‘yamiz. Malikaga bitta pat kiyim ham yetadi-yu, ammo ikkita bo‘lsa yana yaxshi, shimolda ortiqcha kiyimga ega bo‘lish ziyon qilmaydi.

– Bu ishing uchun rahmat aytishmaydi! – debdi xotini. – Harholda sen oila boshlig‘isan. Mening esa faqat tuxum bosib o‘tirganimdagina gapim o‘tadi!

* * *

Yovvoyi botqoqlik yaqinidagi, har yili bahorda laylaklar uchib keladigan viking qasrida boshpana topgan qizchaga Xelga deb ism qo‘yishibdi, lekin bu ism uning uchun biroz mayinlik qilar ekan. Chunki bu chiroyli gul badanda yovuz qalb joylashgan-da. Oylar ketidan oylar, yillar ketidan yillar o‘taveribdi, laylaklar esa har yili kuzda Nil sohillariga, bahorda Yovuz botqoqlik tomonga uchaveribdi, qizcha ham balog‘atga yeta boshlabdi, hashpash deguncha o‘n olti yoshga kirib, sohibjamol qiz bo‘lib qolibdi. Biroq uning tashi go‘zal bo‘lsa-da, ichi qo‘pol, xunuk ekan. O‘sha qahrli zulm avj olgan zamonlarda ham Xelga o‘zining yovvoyiligi va beboshligi bilan hammani hayratga solar ekan. U qurbonlik uchun yangi so‘yilgan otning hovuri chiqib turgan qaynoq qonida qo‘lini yuvgandagina ko‘ngli taskin topib yupanarkan, yovvoyilarcha betoqatligi avjiga minganda qurbonlikka atab qo‘yilgan qora xo‘rozning kekirdagini tishlab uzib qo‘yarkan. Kunlardan birida tutingan otasiga behazil shunday debdi:

– Kechasi dushmaning kelib, arqon bilan toming ustiga chiqib, yotoqxonang tomini ochib tashlaganini bilsam ham seni uyg‘otmayman! Bundan ancha yillar oldin qulog‘imda shovla qaynatganding, o‘shaning jarangi hanuzgacha turibdi! Urganingni unutganim yo‘q!

Biroq, qiz behazil gapirayotganiga viking ishonmabdi. Chunki u ham hamma qatori uning go‘zalligiga maftun bo‘lgan, qalbi bilan tashqi qiyofasi ikki xilligidan bexabar ekan. Xelga go‘yo yovvoyi otning belidan o‘sib chiqqanday, uni egarsiz minib jon-jahdi bilan choptirarkan, hatto ot yovvoyi otlar bilan urishib, tishlayotganda ham yerga tushmas ekan. U yechinmasdan baland qoya ustidan o‘zini dengiz ko‘rfaziga tashlab, sohilga yaqinlashayotgan viking qayig‘iga tomon suzib borarkan. U ko‘rkam, qalin sochlaridan eng uzun tutamni kesib olib yoy uchun chilvir to‘qibdi.

– Kishi hamma narsani o‘zi qilishi kerak! Shunisi ma’qul! – der ekan u.

Yillar va odatlanish viking xotinining ruhi va irodasini chiniqtiribdi, lekin baribir u qiziga nisbatan qo‘rqoq, ojiza ayolligicha qolaveribdi. Bularning hammasiga qo‘rqinchli qizni ezg‘ilayotgan yovuz jodu sababchi bo‘layotganini yaxshi bilarkan!

Xelga ko‘pincha onasini qiynab huzur qilar ekan: uning zina yoki hovliga chiqqanini ko‘rishi bilanoq quduqning chetiga o‘tirib, qo‘l-oyoqlarini o‘ynataverarkan, so‘ng tor, chuqur quduqqa sho‘ng‘irkan, suvda baqa singari sho‘ng‘ib, suzib o‘ynarkan, keyin mushukday chaqqon harakat qilib, yuqoriga sakrab chiqarkan, hammayog‘i shilta bo‘lib, katta yotoqxonaga kirib borarkan, soch va ko‘ylaklaridan shovillab suv quyilarkan, polga to‘shalgan ko‘m-ko‘k yaproqlarni yuvib, oqizib ketarkan.

Faqat qorong‘i tushishigina Xelgani biroz jilovlab turarkan. Kechki payt u go‘yo o‘yga tolganday tinchlanib qolarkan, onasining gapidan chiqmas ekan, bunga onasida bo‘lgan tuyg‘u sabab ekan. Quyosh botishi bilanoq Xelga yuvosh, ma’yus baqaga aylanib qolar va burchakda qunishib o‘tiraverar ekan. U oddiy baqaga qaraganda ancha katta bo‘lib, ko‘rinishi dahshatli bo‘lgan ekan. Uning ko‘rinishi baqa boshli, panjalarning orasida suzgich pardasi bo‘lgan badbashara trollga o‘xsharkan. Ko‘zlarida qayg‘u uchqunlari chaqnab, ko‘ksidan yosh go‘dakning o‘ksinib yig‘lashiga o‘xshash ayanchli tovushlar otilib chiqarkan. Xuddi ana shu paytlarda vikingning xotini uni tizzasiga olarkan, uning g‘amgin ko‘zlariga boqib, badbasharaligini ham unutib yuborarkan.


Страницы книги >> 1 2 3 4 5 6 7 8 | Следующая
  • 0 Оценок: 0

Правообладателям!

Данное произведение размещено по согласованию с ООО "ЛитРес" (20% исходного текста). Если размещение книги нарушает чьи-либо права, то сообщите об этом.

Читателям!

Оплатили, но не знаете что делать дальше?


Популярные книги за неделю


Рекомендации