Электронная библиотека » Ганс Христиан Андерсен » » онлайн чтение - страница 12

Текст книги "Қор одам"


  • Текст добавлен: 29 апреля 2024, 16:20


Автор книги: Ганс Христиан Андерсен


Жанр: Книги для детей: прочее, Детские книги


сообщить о неприемлемом содержимом

Текущая страница: 12 (всего у книги 25 страниц)

Шрифт:
- 100% +

YANGI ASRNING ILHOM PARISI

Nevara-chevaralarimiz, ehtimol, ulardan ham keyinroq o‘tadigan avlodlar ko‘rish nasib qiladigan yangi asrning Ilhom parisi qachon paydo bo‘larkin? U qanaqa bo‘larkin? Nimalarni kuylar ekan? Qanaqa dil torlarini chertar ekan? O‘z asrini qanchalik yuksaklarga ko‘tarar ekan?

Hamma she’riyat xalaqit berib turganini, zamonaviy shoirlarning «o‘lmas» asarlari kelajakda qamoq devorlariga ko‘mir bilan yozib qo‘yilgan narsaga o‘xshashini va ular ayrim qiziqsingan odamlarninggina diqqatini o‘ziga tortishini bilib turgan hozirgi tinib-tinchimas, alg‘ovdalg‘ov zamonda shuncha savol yog‘dirish o‘rinli bo‘larmikan?

Modomiki shunday vaziyat yuz beribdi, she’riyat chornochor siyosatda ishtirok etishi, kishilar qon yoki siyoh to‘kayotib bir paytdagi partiyalar kurashida hech bo‘lmasa mahram rolini o‘ynashi kerak.

Ko‘plar buni bir yoqlama qarash deyishi mumkin; she’riyat bizning kunlarimizda ham unutilgani yo‘q.

Hecham-da. Hali shunday odamlar ham borki, «yalqovsimon dushanba» kunlarida ta’blari she’r tilab qoladi, ular o‘z jasadlarining tegishli olijanob qismlarida ma’naviy ko‘tarinkilikdan ko‘ra ochlikni his etib, mulozimlarini magazinlarga she’riy kitob olib kelish uchun yuborishadi. Ular to‘rt skilling turadigan kitoblarni olishadi. Ba’zilar esa baqqollar xarid qilingan narsalarni o‘rab bergan qog‘ozdagi she’rlar bilan yoki xarid qilingan narsa qaytimi o‘rnida berilgan kitobchalardagi she’rlar bilan kifoyalanishadi. Ana shunday qilganda she’r ancha arzonga tushadi, hozirgi shoshqaloq zamonamizda arzonchilikka e’tibor bermasdan bo‘lmaydi. Shunday qilib, amaldagi ehtiyojlar qondirilyapti, yana nima kerak? Kelajak she’riyati kelajak musiqasi singari donkixotlik, xayolparastlikning o‘zi, bu haqda yuritilgan gap ilmiy maqsadlarda qilinadigan Uranga sayohatga o‘xshagan gapdir.

Vaqtni xayolparastlikka sarflay desak, u biz uchun ancha qadrli, umuman do‘ppini yerga qo‘yib o‘ylaylik-chi, she’riyatning o‘zi nima? Bu tuyg‘u va fikrlarni to‘kib solish sadosi – o‘yin va asabni tebratishning o‘zi. Shodonlik va yaxshi kayfiyat, azob, hatto moddiy intilish – bularning hammasi olimlarning fikricha, asabning tebranishi, xolos. Ochig‘ini aytganda, har birimiz arfa yoki boshqa torli musiqa asbobiga o‘xshaymiz.

Lekin ana shu torlarni kim chertadi? Ularni tebranish va titrashga kim majbur qiladi? Bunga ko‘zga ko‘rinmas ilohiy ruh majbur etadi; uning ovozi tebratadi; tebranganda sado chiqaradi, uning musiqasi yo asosiy tovush bilan bitta garmonik akkordga qo‘shiladi yoki qudratli uyg‘unsizlik hosil qiladi. Erkin bilish yo‘lida insoniyat buyuk taraqqiyotida shunday bo‘lgan, hammavaqt ham shunday bo‘ladi.

Har bir asr, to‘g‘rirog‘i, har bir ming yillik she’riyatda o‘zining yuksak ifodasini topadi. Bir davr oxirida paydo bo‘lgan she’riyat keyingi davrda kuchga kirib, hukmronlik kiladi.

Yangi asrning ilhom parisi bizning shoshqaloq zamonamizda mashinalarning taraqa-turug‘i, shovqini ostida tug‘ildi. Unga ta’zim va salomlar bo‘lsin! U buni eshitar yoki hozirgina nomi zikr qilingan, ko‘mir bilan yozilgan yozuvlar orasidan o‘qib qolar.

Uning beshigi bir tomoni inson qidiruv ishlar olib borib oyog‘i tegib turgan eng chekka nuqtaga qadalgan, ikkinchi tomoni esa inson ko‘ra oladigan qop-qora shimol ufqi chetidagi bo‘shliqda tebranib turibdi. Biz uning beshigining g‘ijirlashlarini eshitolmadik, mashinalar shovqini, parovozlarning chinqirishi, materializm qoyalarining portlashi va uloqtirilgan ma’naviy kishanlarning guldurashi bunga imkon bermadi.

U bizning yerimiz hisoblangan ulug‘ fabrikada, qonunlar hukmron bo‘lgan davrda, «qonsiz» usta va uning yordamchilari tinimsiz ishlab turgan davrda tug‘ildi.

Uning qalbi ayollarning qalbi singari saxovatli va mehroqibatga to‘la: uning qalbida vestalkaning muqaddas olovi va ehtiros o‘ti yonib turadi. U ming yillar zulmatini yorib o‘tadigan topqir, chaqmoqday yorqin aql-zakovatga ega; unda go‘yo prizmada ko‘ringanday bir vaqtlar hukmronlik qilgan, moda singari tez-tez almashib turgan inson tafakkuri aks etadi. Yangi ilhom parisining kuch-qudrati va xazinasi ilm tomonidan to‘kilgan hamda tabiatning ibtidoiy kuchlari bilan jonlangan xayoliy oqqushlarga xos pat tashlashidir.

U ota tomonidan xalq farzandi; uning fikrlari sog‘lom, ruhi tetik, qarashlari jiddiy, labidan tabassum arimaydi. Ona tomondan u bilimdon, ma’lumotli, miyasida arxitektura va bezash uslubi oltin davrining xotiralarini saqlagan muhojirlarga borib taqaladi. Yangi asrning ilhom parisi ham ikkovining dili va vujudi mevasi o‘laroq tug‘iladi.

Uning beshigiga ko‘rmana qilib zo‘r iste’dodni solib qo‘yishdi. Beshik ichida yana tabiat jumboqlarini javoblari bilan shirinlik singari sepib qo‘yishdi; unga g‘avvoslik qo‘ng‘irog‘idan turli bezaklar va dengiz osti g‘aroyibotlaridan sochishdi. Beshik pashshaxonasiga sonsanoqsiz orollari bor okeanni eslatuvchi osmon, dunyo xaritasi tushirilgan. Quyosh uning uchun suratlar chizib berdi; fotografiyalar esa unga o‘yinchoqlar berib turishi lozim.

Enaga uning boshida shimol baxshisi Eyvind hamda sharq kuychisi Firdavsiyning qo‘shiqlarini, minezingerlar qo‘shig‘ini hamda sho‘xtabiat Geynening chinakam shoirona qalbi to‘ridan otilib chiqqan qo‘shiqlarni alla qilib aytdi. Enaga unga juda ko‘p hikoyalarni aytib berdi. Ilhom parisi Eddi momosi haqida to‘qilgan, kishi qalbini dahshatga soladigan, eshitganda la’nat-qarg‘ishlar qanotining shovqini qomatga keltiradigan asfonalarni ham biladi. U chorak soat davomida sharq fantaziyasi – «Ming bir kecha»ni ham tinglagan.

Yangi zamonning Ilhom parisi hali go‘dak, lekin u beshikdan sakrab tushdi; uning oldinga intilishga ishtiyoqi zo‘r, lekin nimaga intilishni hali o‘zi ham bilmaydi.

U hozircha san’at xazinasi va zeb-u ziynatlarga to‘la kenggina xonasida o‘ynayapti. Bu yerda yunon tragediyasi va rim komediyasining marmardan yasalgan ajoyib haykallari bor; devorlarga go‘yoki quruq o‘to‘lanlarday turli mamlakatlarning xalq qo‘shiqlari ilib qo‘yilgan, ulardan bo‘sa olsangiz bas – gurkirab o‘sadi, gulga ko‘milib, muattar hid taratadi. Uning atrofida Betxoven, Glyuk, Motsart va boshqa ulug‘ san’atkorlarning o‘lmas asarlari jaranglaydi. Kitob javonlarida zamonasining o‘lmas namoyandalari deb atalgan mualliflarning kitoblari tikilib turibdi. Lekin bu yerda ismi o‘lmaslikning telegraf simi orqali berilgan, lekin o‘sha zahoti nomi o‘chgan kishilar asarlariga ham joy bor.

Ilhom parisi nihoyatda ko‘p o‘qidi; axir u bizning zamonamizda tug‘ilganda, u ko‘p narsani unutishi kerak edi, shunday bo‘ladi.

Hali u Moiseyning ilhombaxsh asarlari va Bidpayning tulkining ayyorliklari haqidagi bebaho masallari singari yangi asrda yashaydigan o‘z qo‘shig‘i to‘g‘risida o‘ylamaydi. U hali o‘z maqsadi va kelajagi haqida o‘ylamaydi, u havoni larzaga keltirayotgan millatlar kurashi shovqini ostida yashayapti.

U Garibaldi shapkasini kiyib, Shekspir asarlarini o‘qimoqda, unda: «katta bo‘lganimda uni sahnaga qo‘yaman», degan fikr tug‘iladi. Kalderon o‘z asarlaridagi tosh tobutda yotibdi, yodgorlik taxtasiga uning shuhrati haqidagi yozuvlar bitilgan. Ilhom parisi Xelberg asarlarini ham o‘qimoqda, u kosmopolit ayol Xelbergning asarlarini Moler, Plavt va Aristofan tomlari bilan aralashtirib yuborgan, lekin u Moler asarlarini jon deb o‘qiydi.

Tog‘ echkisini ta’qib qiladigan notinchlik uning uchun notanish, lekin uning qalbi tog‘ echkisiday hayotga tashna. Uning ko‘ngliga sokin, yulduzlar charaqlab turgan tunda ko‘m-ko‘k maysazor tekisliklarda ko‘chib yurgan yahudiylarning qadimiy afsonalari nafas olgan osoyishtalik cho‘kkan. Ilhom parisi ular haqida kuylaganda yuragi Fessaliya tog‘larining ilhomlangan qadimiy jangchisining qalbidan ham qattiqroq tepadi.

Xo‘sh, u qanaqa dinda? U hamma falsafa jadvallarini o‘rgangan, «ibtidoiy kuchlarning kelib chiqishi»da sut tishlaridan birini sindirgan, lekin uning o‘rniga yangisini oldi, beshikdaligidayoq bilim mevasidan bahramand bo‘lib, donolik, abadiylik uning uchun insoniyatning muhim tafakkuri bo‘lib qoladi.

Yangi asrning she’riyati qachon kelar ekan? Uning Ilhom parisi qachon chiqarkan? Uning ovozini qachon eshitar ekanmiz?

Kunlarning birida u parovozda keladi, tunnellardan shovqin solib o‘tadi, tubsizlik ustiga qurilgan ko‘prikdan yoki pishqirayotgan dengizdagi delfinga minib o‘tadi, yo bo‘lmasa Rok Mongolferning qushida havoda parvoz qilib, so‘ng yerga qo‘nadi, qo‘ngan joyidan insoniyatga yo‘llagan salomi birinchi daf’a eshitiladi. Uning salomi qayerdan eshitilar ekan? Mahalliy xalq yirtqichlar tomonidan quvg‘in qilingan, afrikaliklar esa yukchi hayvonga aylanib qolgan. «Gayavati haqidagi qo‘shiq» jaranglagan erkin odamlar mamlakati bo‘lmish Kolumb yeridan eshitilarmikan? Yoki antipodlarimiz yeridan, janub dengizlaridagi oltin orollardan, bizda tun, ularda esa kunduz bo‘ladigan, mimoza gullari ochilib turgan o‘rmonlarda oqqushlar sayrayotgan joylardan eshitilarmikin? Biz garchi sahro sfinksining qo‘shig‘ini tushunmasak-da, Memnon haykallari jaranglayotgan va kuylayotgan mamlakatdan eshitilarmikin? Yo Yelizaveta zamonidan beri toshko‘mir qazilayotgan, Shekspir hukmronlik qilayotgan oroldan eshitilarmikin? Yoki qadr-qimmat topmagan Tixo Brage mamlakatida yo o‘z rahnamosi o‘rmonlar podshosi – vellington daraxtini osmonga bo‘y cho‘zdirgan, sarguzashtli ertaklar yurti hisoblangan Kaliforniyadan eshitilarmikin?

Ilhom parisi peshanasidagi yulduz qachon charaqlar ekan? Har qaysi gul bargida asrning go‘zalligi, bo‘yoq, muattarlik va go‘zallik ramzi bo‘lgan gullar qachon ochilar ekan?

«Yangi Ilhom parisining rejalari qanaqa bo‘larkin? – deb so‘rashadi zamonamizning bilimdon vakillari. – U nimani xohlaydi?»

Yaxshisi, nimani xohlamasligini so‘rab ko‘ring.

U o‘tgan zamonning soyasi bo‘lib qolishni xohlamaydi! Arxivga topshirilgan sahnabop taassurotlardan yangi dramalar yaratishni yoki dramatik arxitektura ilohiyligini ko‘zni qamashtiruvchi lirik parda bilan yashirishni istamaydi! Ilhom parisi ko‘z oldimizda bu sohada Fesxis aravasidan marmar amfiteatr qancha yiroq qadam tashlagan bo‘lsa, u ham shuncha yiroq qadam tashlaydi. U tabiiy insoniy nutqni bo‘lak-bo‘laklarga ajratishni, so‘ng undan trubadurlar zamonidagi makkorona jaranglaydigan qo‘ng‘iroqlar yasashni xohlamaydi. U she’riyatni dvoryan xonim, nasrni esa meshchanka deb bilmaydi – she’rni ham, nasrni ham birdek ko‘rib, ularning to‘laqonliligi va qudratini saqlab qoladi. U island afsonalaridagi qoyatoshlarday qudratli xudolarni qayta tilga olmaydi. Bu xudolar allaqachanlar olamdan o‘tib ketgan, yangi asrda ularga hech kim achinmaydi, chunki ular yangi asrga begona! Ilhom parisi o‘z zamondoshlarini fransuz romanlaridagi fohishaxonalarda hordiq chiqarishga taklif qilmaydi. Ular boshiga «oddiy qissalar»ni yog‘dirib yuborishni ham istamaydi. U o‘z zamondoshlariga umr malhamini hadya qilishni xohlaydi! Uning ham nazmdagi, ham nasrdagi qo‘shiqlari lo‘nda, siqiq, mazmundor bo‘ladi! Har bir millatning yurak tepishi uning uchun taraqqiyotning alifbesidagi bitta harf bo‘ladi va u har bir harfni bir xil mehr-muhabbat bilan tanlab oladi, ulardan so‘z yasaydi, bu so‘zlar u o‘z asrini ulug‘lab kuylayotgan qasidadagi so‘zlarga hamohang bo‘lib ketadi! Bu davr yerda yashayotganlarga sekin, oldinga uchib ketganlarga esa tezroq keladi. Hademay xitoy devori qulaydi; Yevropa temir yo‘llari Osiyoning tushunib bo‘lmaydigan madaniyat arxivlariga yetib boradi, natijada ikki madaniyat oqimi bir-biri bilan qo‘shilib ketadi. Bu oqimlar ehtimol, dahshatli tarzda shovillasa kerak, zamonaning qarib qolgan bizday vakillari qadimiy xudolarning halokati, qiyomat yaqinlashib qolganidan cho‘chirmiz, talvasaga tusharmiz. Lekin biz davrlar va inson avlodlari bir-biri bilan almashishini hamda yo‘qolishini, ulardan so‘z doirasida ifodalanadigan kichik bir in’ikos qolishini, ular nilufar gullardek abadiylik oqimida oqishini, bizga bu avlodlar ham o‘zimizga o‘xshagan odamlar ekanini, faqat kiyinishlari boshqacha ekanligini hikoya qilib berishini unutmasligimiz kerak. Qadimiy yahudiylarning umr manzarasi Injil sahifalarida, greklarning «Iliada» va «Odisseya»larida gavdalanadi, bizning davrimizda-chi? Buni yangi asr Ilhom parisidan qiyomat paytida yangi, butunlay boshqacha Gimle99
  Gimle – Skandinaviya mifologiyasida eng go‘zal va eng yorqin samoviy maskanlardan biri; qiyomat paytida u halokatdan saqlanib qoladi; bu maskan o‘ta sofdil, halol odamlarning ruhi yashaydigan joy.


[Закрыть]
hosil bo‘lganda so‘rash kerak.

Parning butun kuchi, zamonaning bosimi Ilhom parisiga tayanch bo‘lib xizmat qiladi. Zamonamizning qudratli janoblari hisoblangan «qonsiz» usta va uning yordamchilari ulug‘ bayram kuni dasturxon tuzaydigan, xazina tashiydigan, saroy zallarida husn bo‘lib turadigan mulozimlar, qora qullar bo‘lib qolishadi, bu bayramda Ilhom parisi go‘dakday ma’sum, o‘n besh yashar qizday xushchaqchak, matronaday vazmin, bosiq, tajribali bo‘lib, she’riyatning ajoyib chirog‘ini baland ko‘taradi, tubsiz idishga o‘xshash inson yuragida esa ilohiy olov lovillab yonadi.

Salom senga yangi asrning Ilhom parisi! Salomimiz osmon-u falakka ko‘tariladi va omoch shartta qirqib o‘tgan chuvalchangning unsiz qasidasi singari eshitiladi. Yana bahor kelganda omoch tag‘in yer bag‘rini tilib boradi, yangi bo‘liq o‘rimga tuproqni o‘g‘itlash uchun, kelgusi avlodlarga zarur bo‘lsin deb bizni, ya’ni chuvalchanglarni qirqib boradi.

Salom senga yangi asrning Ilhom parisi!

PSIXEYA

Erta tongda ufq qizarayotganda yirik, porloq yulduz yarqirab yonib turadi. Uning nuri devorda titraydi, devorga aylanuvchi dunyoda ko‘rgan-kechirganlari haqidagi hikoyalarining suratini chizishga intilganday bo‘ladi. Ana shu hikoyalardan birini eshitaylik.

– Yaqinda («bu yaqinda» yulduzlar uchun insonlar, hisobida bir necha yuz yil muqaddam bo‘lib o‘tgan voqeadir) mening shu’lam yoshgina bir rassom yigitni kuzatib qoldi; u papa poytaxti, jahonga mashhur Rim shahrida yasharkan. Garchi inson go‘daklikdan qari kishiga aylanib qolishi sekin yuz berganday, davr sekin o‘zgarsa-da, o‘shandan buyon ko‘p o‘zgarishlar sodir bo‘libdi. Imperator qasri o‘shanda vayronaga aylangan edi; vayronalikka yuz tutgan marmar ustunlar va devorlari tilla suvi yugurtirib gul solingan yarim xaroba ko‘shklar ustida anjir va dafna daraxtlari bo‘y cho‘zgandi. Kolizey ham xarobaga aylangandi. Biroq, cherkov qo‘ng‘iroqlari jaranglab turardi; buxo‘r tutardi, ko‘chalardan qo‘llariga sham va soyabon ushlagan marosim qatnashchilari o‘tishardi. Rim cherkov hashamatiga to‘la shahar edi, lekin bu yerda san’at gullab-yashnar va e’zozlanar edi. Rimda jahonning mashhur rassomlari Rafael va dovrug‘i olamni tutgan haykaltarosh Mikelanjelo yashardi. Papa ularni hurmatlar, huzurlariga tez-tez tashrif buyurib turardi. U paytda ham san’atni e’tirof etishar, e’zozlashar va taqdirlashardi. Albatta, barcha maqtovga loyiq san’at asarlari ham payqalavermas va taqdirlanmas edi.

Kichkinagina tor ko‘chada eskigina bir uy bor, u ilgari ibodatxona bo‘lgan ekan. Ana shu uyda kambag‘al, uncha mashhur bo‘lmagan yoshgina bir haykaltarosh yigit yasharkan. Lekin uning do‘stlari bor ekan, ular ham qalbi yosh, nuqul umid va olijanob fikrlar bilan yashaydigan yosh rassomlar ekan. Do‘stlari unga sen zo‘r iste’dod egasisan, lekin tentaksan, deyisharkan. Ammo o‘zi buni aslo tan olmas ekan. Chindan ham u bitish arafasida turgan haykalini mayda-mayda qilib parchalab tashlar, hech qachon o‘z ishidan mamnun bo‘lmas, uni oxiriga yetkazmas ekan, vaholanki oxiriga yetkazish juda zarur ekan, bo‘lmasa bu asarni kim payqab, tan olib, uning uchun pul to‘laydi.

– Sen xayolparastsan! – deyisharkan unga do‘stlari. – Sening baxtsizliging boisi ham shunda. Sen chinakamiga hayot kechirmaganing, hayotning achchiq-chuchugini totmaganing, hayot suvini yutoqib, to‘yib ichmaganing tufayli shunday bo‘lyapti. Yoshligingda hayot bilan omixta bo‘lib ketishing kerak! Mana senga bir misol – jahonning mashhur rassomi Rafael; uni papaning o‘zi hurmat qiladi, uning san’atiga butun jahon hayrat bilan boqyapti, u el qatori yeb-ichib yuribdi, hech narsani rad etmayapti!

– Hatto bulkafurush go‘zal Fornarinadan ham yuz o‘girmayapti! – debdi yoshlar kompaniyasining peshqadam hazilkashlaridan Anjelo.

Unga yana bir talay gaplarni aytishibdi. Ularni yoshlik o‘zlarini nimalarga da’vat etayotganini aytishibdi, yosh rassomning aql va xohishini xushchaqchaqlik, sho‘xlik girdobiga, hattoki tentaklikka tortishga intilisharkan. Ba’zan u xursandlik qilishga qarshi emas ekan. Uning qoni qaynoq, o‘zi jo‘shqin ekan, dasturxon atrofidagi suhbatlarga qo‘shila olar, boshqalarga ko‘ra yurakdan xandon tashlab kular ekan! Harholda Rafaelning xushchaqchaq hayoti deb atalgan narsa uning uchun ulug‘ rassomning oldida qandaydir tutun va tumanga o‘xshab ketarkan. U Vatikanda qadim zamonlarning san’atkorlari yaratgan marmar haykallarning o‘chmas chiroyiga hang-mang bo‘lib tikilganda ko‘ngli junbishga kelarkan. Uning ko‘ngli tog‘day ko‘tarilar, vujudiga kuchqudrat to‘lar, qalbini muqaddas bir olov yondirarkan! Ko‘nglida marmardan ana shunday obrazlar yaratish niyati tug‘ilarkan. U qalbining eng to‘risidan samoga, abadiylikka ko‘tariladigan tuyg‘ularni marmarda mujassamlantirishni istarkan. Biroq uni qanday, qanaqa shaklda yaratish mumkin? Yumshoq loy uning barmoqlari orasida ajoyib shakllarga kirar, biroq ertasi kuni ilgarigi odati bo‘yicha, kecha yaratgan haykalini chilparchin qilib tashlarkan.

Kunlarning birida u son-sanoqsiz hashamatli Rim palatssolari yonidan o‘tib, lang ochiq katta darvoza oldida to‘xtabdi, hovli ichida naqshinkor arklar ortida xushbo‘y gullar ochilib yotgan boqqa ko‘zi tushibdi. Tip-tiniq suv to‘ldirilgan marmar hovuzda ilonsimon o‘t-o‘lanlarning ko‘m-ko‘k, yashnab turgan yaproqlari cho‘milmoqda ekan. Hovuz oldida shu uy egasining yoshgina qizi paydo bo‘libdi. Qiz o‘zining nihoyatda latifligi, nozik va go‘zalligi bilan bir qoshiq suv bilan yutib yuborgudek ekan! U umri bino bo‘lib bunaqa bejirim qiz zotini ko‘rmagan ekan! E, yo‘q, Rim palatssolaridan birida Rafaelning suratida Psixeya obrazida ko‘rgan, O‘sha yerdagi suratda ayol bo‘yoq bilan chizilgan ekan, bu yerda esa tirigini ko‘ribdi.

Qiz uning qalbi va fikrida naqshlanib qolibdi; ko‘rimsiz ustaxonasiga qaytib kelib, loydan zodagon yosh rimlik qiz – Psixeyaning haykalini yasay boshlabdi, birinchi marotaba o‘z ishidan qanoat hosil qilibdi. Haykalda hayot nafasi barq ura boshlabdi; chunki bu o‘sha ekan!

Do‘stlari haykalni ko‘rib, sevinchdan terilariga sig‘may ketishibdi: bu asarda uning iste’dodi yaqqol namoyon bo‘lgan ekan; hanuzgacha uning iste’dodini faqat ular tan olisharkan, endi esa butun jahon tan olarkan!

Loydan ham tirik, qaynoq tananing hissiyoti chiroyli chiqadi, lekin marmar singari tiniqlikka va pishiqlikka ega emas, Psixeya marmarda tirilishi kerak ekan, hatto rassomda ana shu qimmatbaho buyum bor ekan, hovlida ota-onasidan qolgan kattagina marmar bo‘lagi yotarkan. U turli axlatlar, shisha siniqlari, sabzavot qoldiqlari bilan ko‘milgan ekan: bularning hammasi marmarning tashqi tomonini ifloslantirib yuborgan, lekin ichi qorday oppoq ekan, undan Psixeya yaratilishi kerak!

Kunlarning birida – yulduz bu haqda hikoya qilmaydi, u bu hodisani ko‘rmagan, lekin nima bo‘lganini biz bilamiz – torgina qashshoq ko‘chaga zodagonlar tashrif buyurishibdi. Bu yerga keluvchilar karetalarini uydan beriroqda qoldirib rassomning uyigacha piyoda borishibdi. Ular tasodifan og‘izga tushib qolgan rassom yaratgan haykalni ko‘rgani kelishgan ekan. Ular o‘zi kim? Bechora yigit! Yoki yaxshisi: o‘ta baxtiyor bola! Yigitning ustaxonasida bog‘da ko‘ringan o‘sha yosh, go‘zal turgan ekan! Otasi: «Ie, anavi sening o‘zing-ku, xuddi tirikday-a!» deganda qiz shunaqayam shirin jilmayibdiki! Lekin bu jilmayishini, bu hayronlik ichida nigoh tashlashini ifodalashga til lol, qalam ojiz ekan!

– Psixeyani marmardan yasash kerak! – debdi zodagon kishi. Uning bu so‘zlari jonsiz loyga va og‘ir marmar toshga jon ato qilganday bo‘libdi. Hayajonga tushgan rassomningku ahvolini so‘ramang! – Haykal bitgandan keyin uni o‘zim sotib olaman! – deb qo‘shib qo‘yibdi rimlik zodagon.

Qashshoq ustaxonada yangi davr boshlanganday bo‘libdi; unda quvnoq hayot, ish qaynab ketibdi. Ishning oldinga qarab siljishini ko‘rib charaqlagan tong yulduzi ham mahliyo bo‘lib qolibdi. Qiz bu yerga kelib ketgandan buyon loyga ham jon kirganday bo‘libdi, rassomning barmoqlari orasida istagan shaklga kiraveribdi, tanish, xushbichim qomat hosil bo‘libdi. Hademay haykal yetuk go‘zallik namunasi bo‘lib charaqlab ketibdi.

– Yashash nimaligini endi bilaman! – deb quvonibdi rassom. – Bu – sevish, olijanoblik bilan mashg‘ul bo‘lish, go‘zallikdan zavqlanish demakdir! O‘rtoqlarim hayot deb atagani g‘irt yolg‘on, daydib yuruvchi olomon ichidan chiqqan pufak, u insonni chinakam hayotga aralashtiruvchi musaffo, samoviy ichimlik emas!

Marmartosh kursi ustiga qo‘yilibdi, rassom uni astasekin tarashlay boshlabdi. U marmarni o‘lchab, nuqtalar qo‘yibdi, bora-bora qo‘polday tuyulgan ish bitibdi, tosh tirik inson qiyofasiga kira boshlabdi, yosh qizning ilohiy go‘zal timsoli bunyodga kelibdi. Vazmin tosh havoda uchadigan, qanot qoqayotgan chiroyli Psixeyaga aylanibdi, uning tabassumi ham samoviy bo‘lib, yosh haykaltaroshning qalbida abadiy naqshlanib qolibdi.

Bo‘zarib turgan tong osmonida nur sochib turgan yulduz bularning hammasini ko‘ribdi, yosh yigitning qalbida qanday tuyg‘ular jo‘sh urayotganidan ham xabardor bo‘libdi, uning yuzi nima uchun naqsh olmaday qizarganini ham, marmarda xudo bandasini mujassamlashtirayotganda ko‘zlari qanchaliq chaqnab ketganini ham uqibdi.

– Qadimiy yunonlar zamonida yashagan haykaltaroshlarday ulug‘ san’atkorsan, – deyishibdi qoyil qolgan do‘stlari. – Hademay butun jahon Psixeyangga tahsin o‘qib, hayratdan barmoq tishlaydi.

– Mening Psixeyamga-ya! – deb takrorlabdi u. – Mening Psixeyam! Ha, u meniki bo‘lishi kerak! Men ham o‘zimdan oldin o‘tgan rassomlarday rassomman. Marhamatli parvardigor menga iste’dod ato qildi, o‘z arzandasiday obro‘yimni ko‘tardi! Mening aslzoda kiborlardan qayerim kam?

U tiz cho‘kib, ko‘zida yosh bilan Ollo Taologa shukrona keltiribdi, keyin esa qizni, uning marmar haykali deb, go‘yo qordan yasalgan va tong quyoshi shu’lasi qizartirib turgan Psixeyani deb bir zumga xudoni unutibdi.

Lekin u tirik, sohibjamol, latif qizni ko‘rish, uning musiqaday muloyim ovozlarini eshitish arafasida turarkan! U hashamatli palatssoga borib, marmar Psixeya tayyor bo‘lganini ma’lum qilishi kerak ekan. Yigit o‘sha yoqqa boribdi; u qasr bo‘ylab delfinlar og‘zidan suv quyilayotgan marmar hovuz yonidan o‘tibdi; hammayoqda ilonsimon o‘tlar va atirgullar o‘sib yotganmish; so‘ng u keng, baland oldingi xonaga kiribdi. Uning devor va shiplariga turli suratlar va gerblarning naqshi tushirilganmish. Yarim yalang‘och xizmatkorlar karnaval paytidagi otlarday mag‘rur, shildiroqlarini shildiratib, zinapoyalardan chiqib-tushib turishganmish, ba’zilari erinchoqlik bilan o‘ymakor o‘rindiqlarda yonboshlab yotganmish; go‘yoki bu uyda uy egalari emas, ular xo‘jayin! Yigit nima uchun kelganini aytibdi, uni gilam to‘shalgan sip-silliq marmar zinapoyadan boshlab ketishibdi; zinaning har ikki tomonida haykallar qaqqayib turganmish. So‘ng yigit turli hashamatli suratlar bilan bezatilgan, gulkor farshli bir necha uydan o‘tibdi. Bu hashamatlarni ko‘rib allaqanday bo‘lib ketibdi, nafasi qisibdi, lekin ko‘p o‘tmay u bu og‘ir holatdan qutulibdi, o‘zini erkin his qilibdi. Keksa boy uni juda iltifot bilan, qadrdon do‘stlarday kutib olibdi, biroz suhbatlashgach, xonimning yoniga kirishni taklif qilibdi, chunki qiz rassomni ko‘rishga mushtoq ekan-da. Xizmatkorlar uni yana hashamatli uylar va zallar orqali boshlab ketishibdi, mana, u xonimning xonasiga ham yetib bordi, xonaning birdan-bir bezagi qizning o‘zi emish.

Qiz u bilan suhbatlashibdi, hech qanaqa «Miserere», hech qanday cherkov gimni qalbini bunchalik hayajonga solib, ostin-ustin qilib tashlolmas ekan! U qizning qo‘llaridan ushlab o‘pibdi, qo‘llari shunaqayam muloyim, yumshoq emishki, uning oldida atirgulning gulbarglari ham ip esholmas ekan, biroq bu gulbarglardan xushbo‘y hid emas, balki olov taralayotganmish! Bu o‘t yosh yigitni omonsiz kuydiribdi, uni osmoni falakka ko‘tarib yuborganday bo‘libdi. Nima deyayotganini o‘zi ham bilmay, qizga ko‘ngil izhor qila boshlabdi. Vulqon og‘zi erigan lavani uloqtirayotganini qayoqdan bilsin! Yigit qizga kuyib-yonib muhabbat izhor qilaveribdi. Qiz bo‘lsa g‘azabdan o‘zini yo‘qotib, mag‘rur holda yigitga jirkanib tikilibdi, kishi to‘satdan ho‘l baqaga tegib ketsa, qanday jirkansa, qiz rassomdan ana shunday jirkanibdi. Qizning yuzlari lovillab, lablari oqarib ketibdi, tundan ham qora ko‘zlari g‘azabdai chaqnabdi.

– Tentak! – debdi qiz. – Yo‘qol bu yerdan! Yo‘qol! – shunday deb u teskari o‘girilib olibdi. Uning xushro‘y jamoli soch o‘rniga ilon chiqqan mashhur tosh bosh qiyofasiga kiribdi.

Yigit ruhi tushgan, ko‘zlari kirtaygan, nochor holda ko‘chalarda daydib yuribdi. U uyiga yetib borgandagina o‘ziga kelibdi, g‘azabini hech tiya olmay, qo‘liga bolg‘ani olibdi va chiroyli marmar haykalni pachaqlab tashlamoqchi bo‘libdi. U orqasida do‘sti Anjelo turganini payqamabdi. Anjelo uning qo‘lidan ushlab qolibdi.

– Jinni bo‘psan! Senga nima bo‘ldi?

Olishuv boshlanibdi. Anjelo baquvvatroq ekan, shu vajdan yosh rassom yengilib, og‘ir hansirab, o‘zini stulga tashlabdi.

– Nima bo‘ldi? – deb so‘rashda davom etibdi Anjelo. – Hushingni yig‘! Gapir!

U nima ham deya olardi? Nimani gapiradi? Uning palapartish, uzuq-yuluq gaplaridan Anjelo hech narsa tushunmabdi, qo‘l siltab qo‘yaveribdi.

– Hadeb o‘y-sanoga berilaverganingdan qoning quyulib qolibdi! Sen ham bizga o‘xshab odam bo‘lsang-chi, nuqul shirin orzular bilan yashama, bardosh berolmaysan. Birikki qultum vino ich, rosa huzur qilib uxlaysan! Doktorlikka chiroylikkina bir qizni ol. Kampani qizlari juda xushro‘y, marmar palatsso malikalaridan qolishmaydi; ular ham, bular ham Momo Havoning qizlari, jannatda ularni bir-biridan farqlay olmaysan. Yur men bilan. Seni har balodan saqlovchi farishtang bo‘laman! Vaqti kelib qariysan, munkillab qolasan, kunlarning birida charaqlagan quyoshli kunda hamma xursandchilik qilib yayraydi, sen bo‘lsa ortiq o‘sa olmaydigan, qurib qolgan cho‘pday yerda yotasan! Paterlarning o‘lganimizdan keyin go‘yo bizni boshqa hayot kutishi haqidagi gaplariga ishonmayman; bu shirin bir xayol, bolalarga yupatish uchun aytiladigan bir ertak, xolos. Lekin men xayollarga berilmayman, men muhit bilan yashayman. Yur, men bilan! Sen ham odam bo‘l!

Shunday qilib, u rassomni ergashtirib ketibdi; o‘sha lahzada bu ish uning qo‘lidan kelibdi: yosh haykaltaroshning qalbida o‘t yonibdi, ostin-ustun bo‘lib, eski odatlaridan butunlay voz kechish istagi tobora kuchayibdi, dastlabki «men»ligidan ham yuz o‘girmoqchi bo‘libdi. Shuning uchun ham u Anjeloning etagidan tutibdi.

Rimning eng chekka joylaridan birida rassomlar yoqtiradigan oshxona bor ekan. U qadimiy ko‘shkning sog‘ qolgan qismiga joylashgan ekan. Ko‘shkning eski pushtirang devorlari gurkirab o‘sgan limon daraxtlari ortida ko‘m-ko‘k yaproqlar orasidan oltinday limonlar mo‘ralab turarkan. Oshxona g‘orni eslatuvchi gumbaz ostiga joylashgan ekan. Ichkarida sanam oldida chiroq yonib turarkan, shu yerning o‘zida masalliqlarni qovurib, qaynatib pishirisharkan, bog‘da, limon va dafna daraxtlari ostidagi salqin joyga bir necha stollar qo‘yilgan ekan.

Do‘stlar yangi kelganlarni quchoq ochib kutib olishibdi, xursandchilik avjiga chiqibdi. Biroz tamaddi qilishibdi, bu kishini xushvaqt qilib, sho‘xligini oshirib yuborar ekanda. Shu vajdan gitara chalib, ashula ayta boshlashibdi. Saltarella ovozi yangrabdi, raqs boshlanib ketibdi. Rassomlarga aslidan surat oldiruvchi ikkita yoshgina rimlik qiz raqs tushib aylana boshlabdi. Ikkalasi ham quling o‘rgulsin qizlar ekan! To‘g‘ri, ular Psixeyaga o‘xshamas, ular muloyim, chiroyli atirgul ham, chaman-chaman ochilgan, yashnab turgan chinnigul ham emas ekan.

O‘sha kuni biram isib ketibdiki, hatto quyosh botayotganda ham harorat pasaymabdi. Tomirlardagi qonda ham, havoda ham, o‘tli nigohlarda ham olovmish. Havo oltin va gullar kuyayotgandaymish. Go‘yoki hammaning hayoti oltin va gulga to‘ladaymish!

– Biz bilan ham birga bo‘ladigan kuning bor ekan-a! Zamon senga boqmasa, sen zamonga boq.

– Men hech qachon o‘zimni bunchalik bardam, xursand sezmaganman! – debdi yosh rassom. – Sen haqsan, hammalaring haqsizlar: men xomxayol, ahmoq odam edim! Inson xomxayollar emas, balki chinakam hayot bandasi!

Yoshlar gitara jo‘rligida ashula aytishib oshxonadan chiqishibdi, shaharning tor ko‘chalari bo‘ylab jo‘nashibdi: oqshom yorug‘, osmon yulduzlarga to‘la ekan. Har ikkala chinnigul, Kampani qizlari ularni kuzatishibdi.

Eskizlar, varaqlar, go‘zallik va ilhomga to‘la sahnani aks ettiruvchi suratlar qalashtirib tashlanibdi. Anjeloning xonasida bo‘g‘iq, lekin quvnoq va shodlik ovozlari yangrabdi. Polga Kampani qizlari surati tushirilgan suratlar uloqtirilibdi; suratlardan hayot va go‘zallik nafasi ufurib turganmish, lekin qizlarning o‘zi suratdagilardan ham chiroyli emish. Olti shamli qandil lovillab yonar, uning yorug‘ida qizlar butun go‘zalliklari bilan namoyon bo‘larkan; ularning qiyofasidan Olloning qiyofasi ko‘rinibdi.

«Apollon! Yuniter! Sizlar tomonga, osmonga parvoz qilaman, qalbimda hayot guli ochilayotganday bo‘lyapti!»

Ha, gul ochilibdi… so‘lib, kishini mast qiluvchi hid taratib to‘zib ketibdi. Yuzi oqarib, fikrlari ayqash-uyqash bo‘lib ketibdi. Tantanalar mushagi o‘chib, qorong‘ilik cho‘kibdi.

U uyiga arang yetib olibdi, o‘zini o‘ringa tashlab, fikrlarini bir joyga yig‘ishga urinibdi. Uying og‘zidan va qalbining eng to‘ridan: «Tuf! Tentak! Yo‘qol bu yerdan! Yo‘qol», – degan so‘zlar otilib chiqibdi.

«Yo‘qol bu yerdan! Yo‘qol!» Tirik Psixeyaning bu so‘zlari uning qalbini ham, tilini ham tark etmabdi. U boshini yostiqqa tashlabdi, fikrlari chuvalashib ketibdi, ko‘zi yumilib, uxlab qolibdi.

U sahar paytida uyg‘onibdi, kechagi voqealarni xotirlay boshlabdi. Kecha o‘zi nima bo‘ldi? Bularning hammasini tushida ko‘rmadimikin? Qizning og‘ir gaplari, oshxonadagi ziyofat, gul yuzli Kampani qizlari bilan o‘tkazilgan kecha ham tushmikin? Yo‘q, bularning hammasi o‘ngida bo‘lgan, bu uning uchun yangi muhit edi.

Bo‘zarayotgan osmonda porillagan yulduzlar charaqlabdi; uning nurlari haykaltaroshga va marmar Psixeyaga tushibdi. Ana shu o‘lmas obrazga qarab turib, butun vujudi titrab ketibdi: nazarida o‘zining iflos nigohi unga tikilishiga ortiq bardosh berolmayotgandaymish. U apil-tapil haykal ustiga choyshab tashlabdi, keyin uni olib, Psixeyani ochmoqchi bo‘libdi, lekin o‘zi yaratgan haykalga qarashga ortiq qurbi yetmabdi!


Страницы книги >> Предыдущая | 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21 22 23 24 25 | Следующая
  • 0 Оценок: 0


Популярные книги за неделю


Рекомендации