Электронная библиотека » Ганс Христиан Андерсен » » онлайн чтение - страница 25

Текст книги "Қор одам"


  • Текст добавлен: 29 апреля 2024, 16:20


Автор книги: Ганс Христиан Андерсен


Жанр: Книги для детей: прочее, Детские книги


сообщить о неприемлемом содержимом

Текущая страница: 25 (всего у книги 25 страниц)

Шрифт:
- 100% +

Qish kunlari fayzsiz, g‘amgin o‘tibdi. Antonning kichik, xira derazalarida uzun tun ma’yus zimiston bilan almashaveribdi. Keksa Anton ikki kungacha o‘rnidan turolmabdi – madorsizlanib qolibdi. Qish havosi a’zoyi badanini zirqiratib og‘ritibdi. Har tomonlama unutilgan, yolg‘iz, ojiz keksa bo‘ydoq karavotda yotaveribdi, hatto bosh tomoniga qo‘yilgan krujkani ham zo‘rg‘a qo‘l uzatib olibdi. Biroq krujkada bir tomchi ham suv qolmagan ekan. Antonni bezgak ham, kasallik ham emas, qarilik yiqitib qo‘yibdi. Anton uchun uzundan-uzun tun yetib kelibdi. Antonning xira ko‘zlari ko‘ra olmagan kichkinagina bir o‘rgimchak chol abadiy uyquga ketgunga qadar yangicha motam libosi to‘qishga shoshilayotganday uning ustida o‘z to‘rini xushnud, astoydil to‘qiy boshlabdi.

Antonni og‘ir uyqu bosibdi. Ko‘zidan yosh ham oqmabdi, og‘riqni ham sezmabdi. Mollini ham xotirlamabdi. Olam o‘zining shovqin-suroni va hayoti bilan ovoradek, u bilan hech kimning ishi yo‘q emish. To‘satdan uning qorni ochib, chanqaganday bo‘libdi. Ha, u chindan ham ochlikni, tashnalikni his etibdi. Biroq hech kim unga suv bergani kelmabdi. U o‘z yurti va bolaligining homiysi, kambag‘allarning kulbasiga o‘zi tashrif buyurgan va hammaga umid, yengillik baxsh etgan Tyuringenning olijanob gertsog xotini avliyo Yelizavetani o‘ylabdi. Antonning xayolida uning savob ishlari aniq jonlanibdi; u avliyoning uqubat chekuvchilar yoniga kelib yupatishlarini, yaralarini yuvishlarini, garchi qahri qattiq eri g‘azab qilsa-da, ochlarga non berishlarini xotirlabdi. Bir kuni odati bo‘yicha avliyo Yelizaveta savatni ovqatlarga to‘ldirib borayotgan ekan, to‘satdan ro‘parasidan uning har bir qadamini ta’qib qilib yurgan eri chiqib qolibdi, yo‘lini to‘sib, savatingdagi nima, deb so‘rabdi. Bechora avliyo qo‘rqib ketganidan: «Bog‘dan gul uzdim» debdi. Eri savat betidagi dasturxonni yulqib tortibdi. Shu payt muruvvatli ayolning baxtiga mo‘jiza yuz beribdi: savatdagi vino va nonlar gulga aylanib qolibdi!

Avliyo Yelizaveta Antonning xayolidan hech nari ketmabdi, u Antonning karavoti oldida, ko‘rimsiz hujrasida, begona yurtda xuddi tirikday turaveribdi! U boshidan qalpog‘ini olib, uning ma’sum ko‘zlariga boqibdi – atrof munavvar bo‘lib, hujra ichi gulga to‘libdi… Gullar shunaqayam muattar hid taratayotganmishki! Uning hidiga olma guli hidi aralashib ketibdi… Anton o‘zini soya tashlab turgan olma tagida ko‘ribdi. Bu olma daraxti bir vaqtlar Anton bilan Molli ekkan urug‘dan ko‘karib, shunchalik bo‘lganmish.

Olma daraxti xushbo‘y yaproqlarini Antonning lovillab turgan peshanasiga, quruqshagan lablariga to‘kibdi, bundan u ancha dadillanibdi, u o‘zini non yeb, vino ichayotganday his qilibdi, uning yuragi ham, o‘zi ham yengillashibdi, shirin uyquga ketgisi kelibdi.

– Endi uxlayman! – deb shivirlabdi u. – Uyqu odamga kuch-quvvat bag‘ishlaydi. Ertaga yana sog‘ayib, o‘rnimdan turib ketaman! Oh, qanday yaxshi, qanday yaxshi! Muhabbat urug‘idan o‘sib chiqqan olmaning gulga burkanganini ko‘ryapman.

Shunday qilib, u uyquga ketibdi.

Ertasi kuni, bu uchinchi kun ekan, Antonning do‘koni ochilmabdi – bo‘ron tinibdi, qo‘shnilar cholning holidan xabar olishibdi. Uni o‘rnida o‘lib yotgan holda ko‘rishibdi; u tungi qalpog‘ini qo‘liga mahkam ushlab olgan ekan. Lekin qalpoqni Anton bilan birga tobutga solishmabdi, chunki undan tozarog‘i, kiyilmagani bor ekan-da.

Antonning ko‘zyoshlari qayoqqa ketdiykin? O‘sha durdonalar qayoqqa yo‘qoldiykin? Durdonalar uning tungi qalpog‘ida qolibdi, chunki ularni hech qanday sovun bilan yuvib bo‘lmaydi-da, ko‘zyoshlar qalpoqda yashiringan va unutilgan holda qolaveribdi. Uning barcha orzulari, o‘y-fikrlari ham keksa bo‘ydoqning qalpog‘ida qolibdi. O‘sha qalpoqni kiyib ko‘rishni xayolingizga ham keltirmang! Chunki peshanangiz misday qiziydi, qon tomirlaringiz tez-tez ura boshlaydi, o‘ngingizda ko‘rganingiz singari tushlar ko‘rasiz. Buni birinchi bo‘lib qalpoqni kiygan kishi o‘z boshidan kechirgan, bu hodisa oradan roppa-rosa ellik yil o‘tgandan keyin yuz beribdi! Qalpoqni rohat-farog‘atda yashayotgan xotin, o‘n bir bolaning otasi bo‘lgan shahar sudyasi kiyibdi, o‘sha zahoti tushiga baxtsiz sevgi, xonavayron bo‘lish, bir burda non uchun azob-uqubatlar chekish kiribdi.

– Vuy, bu qalpoqning qizitishini qarang-a! – debdi u qalpoqni boshidan yulqib olarkan, shu payt qalpoqdan bir necha durdona dumalab tushibdi; ular shunaqayam jaranglab, porlabdiki! Bu – bod! – xayol qilibdi bosh. – Qulog‘im ham shang‘illayapti, ko‘zlarimdan ham o‘t chaqnab ketyapti!

Bular durdona emas, balki bundan ellik yil muqaddam eyzenaxlik Anton cholning to‘kkan ko‘zyoshlari ekan.

Qalnoqni kim boshiga kiysa, yuqoridagidek qayg‘uli tushlarni ko‘raveribdi; tush ko‘rgan odam Antonning iztiroblarini o‘zi tortganday bo‘larmish. Bu haqda bir emas, ikki emas, ko‘pgina ertak to‘qilibdi.

O‘sha ertaklarni boshqalar aytaversin, biz ulardan bittasini aytdik. Ertakni: «Hech kim keksa bo‘ydoqning qalpog‘iga ega bo‘lmasin!» degan so‘zlar bilan tugataylik.

G‘ARQ BO‘LGAN MONASTIR

Neyenkirxdan unchalik uzoq bo‘lmagan qalin o‘rmonzor orasida bitta ko‘l bilan yalanglik yashiringan ekan; bu tomonlarga odamlar juda kam kelishar ekan, chunki bu yerning borligini kamdan-kam kishi bilar ekan-da. Ko‘l va unga oqib keladigan irmoqlar chetidagi qora archalarda kishi qalbini notinch qiladigan allaqanday bir mung, qayg‘u-xasrat alomatlari bo‘lib, ular bu joylarni sirli parda bilan qoplab olganday ko‘rinar ekan, bu yerlarda qushlar sayramas, quyosh nurlari ham tushmas, ko‘l esa tubsiz, shu vajdan odamlar uni chetlab o‘tib ketishar ekan.

Qadim zamonlarda bu yerda minoralari baland-baland, qizil g‘ishtdan qurilgan devorlari orasida tosh haykallar qator ketgan qizlar monastiri bo‘lar ekan.

Izg‘irinli qish kunlarining birida monastirga bir bemor tilanchi chol kelibdi; tinka-madori qurigan chol eshikni taqillatib, tunashga ijozat so‘rabdi. Biroq darvozabon hamshira dangasa va bag‘ritosh ayol bo‘lganidan, sovuq kunda pastga tushib, qulflarni ochib, tambalarni tushirib, eshikni ochgisi kelmabdi. Shuning uchun u cholni yo‘lingdan qolma, boshqa joyda tunashga joy axtar, deb jerkib beribdi. Lekin musofir chol shu qadar charchagan va sovqotganidan o‘rnidan turib yurishga madori yo‘q ekan; u yana yolvorib iltimos qilibdi, ko‘ziga yosh olibdi, biroq iltijolari zoye ketibdi. Hamshira ham, boshqa monax qizlar ham uning oh-vohiga parvo qilishmabdi, faqat hali monaxlikni bo‘yniga olmagan hamshiralardan biri cholning ko‘zyoshlariga rahmi kelib, uning yonini olibdi, lekin monax qizlar uni jerkib, soddaligidan kulishibdi, bechora chol bo‘lsa tashqarida qolib ketibdi.

Shu payt havo battar sovubdi, chol hassasini ushlab turib devorga suyangan ekan, o‘sha zahoti hech kim kirolmaydigan monastir yer qa’riga kirib ketibdi. Monastir cho‘kib ketgan o‘pqonlikdan olov va tutun ko‘tarilibdi, so‘ng o‘pqonlik bir zumda suvga to‘libdi. Ertalab bo‘ron tinganda quyosh nurlari baland qo‘ng‘iroqxona qo‘ng‘iroqlarida jilolangan kechagi joyda katta ko‘l hosil bo‘libdi.

Cholga achingan ko‘ngilchan va rahmdil hamshira o‘sha o‘lkadagi eng badavlat bir ritsarni dil-dilidan yaxshi ko‘rar ekan, shuning uchun ham monastir qizga zindonday tuyular ekan. Ritsar bir necha marta o‘rmon orqali yashirin holda monastirga kelibdi. Hamma uyquga ketganda monastir hujrasi derazasining panjarasi oldida qiz bilan bir necha marta gaplashishib, tong oqarayotgandagina arang ajralishar ekan.

Bo‘ron quturgan o‘sha kuni ham ritsar monastirga kelibdi, biroq monastir o‘rnida, quyuq tutun orasida bilqillab o‘kirayotgan suv tovushlarini eshitib, yurakbag‘ri ezilib ketibdi. Ritsar o‘zini urib, o‘kirib yig‘labdi, sevgilisini bor ovozi bilan chaqiribdi, uning tovushi atrofda yangrabdi.

– Hech bo‘lmasa bir marta seni bag‘rimda ko‘rsam armonim yo‘q edi! – deb xo‘rsinibdi u.

Shu payt o‘pqonlik o‘rnida ko‘pirayotgan notinch ko‘l ustida:

– Ertaga kechasi soat o‘n birlarda xuddi shu yerga kel! To‘lqinlar ustida qip-qizil ipak ipni ko‘rasan, uni ushlab, tort! – degan ovoz yangrabdi.

Ovoz tinibdi. Ritsar yurak-bag‘ri ezilib uyiga qaytibdi, taqdir uni nimalarga duchor qilishini xayoliga ham keltirmabdi. U ertasiga belgilangan muddatda o‘sha joyga kelib, avvalgi kuni nima eshitgan bo‘lsa, hammasini bajo keltiribdi.

U hayajondan titrab-qaqshab qondek qip-qizil ipni ushlab tortibdi – qarshisida sevgilisi paydo bo‘libdi.

– Taqdir tavba qilmas menday begunoh qizni boshqa gunohkorlar qatori yer qa’riga tortib ketdi, – debdi qiz, – lekin menga tunda, soat o‘n birdan o‘n ikkigacha sen bilan ko‘rishib turishga ruxsat berilgan; oldingda shu muddatdan ortiq turolmayman; agar shartni bir marta buzsam, meni umrbod ko‘rolmaysan. Bundan tashqari meni sendan boshqa hech kim ko‘rmasligi kerak, aks holda ko‘zga ko‘rinmas qo‘l mening umr ipimni uzib qo‘yadi.

Ko‘l sohilidagi uchrashuvlar bir necha marta takrorlanibdi, har safar ritsar qondek qip-qizil ipni tortganda moviy suv ostidan sevgilisi chiqar ekan. Ana shu yashirin uchrashuvlardan ular xursand ekan, hammaga dahshat soladigan, kimsasiz, avloq bu joyda birov bexosdan ko‘rib qolishini ular xayollariga ham keltirishmas ekan. Biroq hasad va yovuzlik ritsarni ta’qib etibdi, kunlarning birida sevishganlar ko‘l sohilida qo‘l ushlashib sayr qilib yurishganini begona bir odam ko‘rib qolibdi. Ritsar ertasiga jonajon ko‘l sohiliga kelsa, ko‘ldagi suv oy nurida qonday qip-qizil ko‘rinibdi. U titrab-qaqshab qo‘lini ipga cho‘zgan ekan, u oqarib ketibdi, qarasa, ip uzilgan emish.

Ritsar o‘zini har tomonga urib, yig‘lab-siqtabdi, sevgilisini chaqirib ko‘l bo‘yida zir yuguribdi. Lekin hammayoq sokin emish. Bunga chidolmagan yigit o‘zini ko‘lga otibdi, to‘lqinlar uni bag‘riga olibdi.

TUMOR

Bir shahzoda bilan malika yoshlik gashtini surib yashashar ekan. Ular baxtiyorliklaridan mamnun ekanlar. Baxtiyorligimiz umr bo‘yi davom etarmikin, degan fikr ularga tinchlik bermas ekan. Ular o‘zlarini har qanday baloqazodan asraydigan tumor orzu qilishibdi. Er-xotin bir odam haqidagi ovozani eshitib qolishibdi; bu odam o‘rmonda yashar, donishmandligi uchun uni juda hurmat qilishar ekan. U har qanday kulfat yuz berib, boshga mushkul ish tushganda oqilona maslahat bera olar ekan. Shahzoda bilan malika ana shu donishmand huzuriga borishibdi va ko‘ngillaridagi gapni unga aytishibdi. Donishmand ularning gapini eshitib bo‘lib, shunday debdi:

– Dunyo kezinglar, eng baxtiyor, hayotdan mamnun er-xotinni uchratsangiz, ularning ko‘ylagidan bir parcha so‘rab olib, uni bo‘yningizga tumor qilib taqib yuringlar. Bu hayotda sinalgan usul.

Shahzoda bilan malika otga minib, yo‘lga ravona bo‘lishibdi, bir vaqt ular odamlardan boshqalardan ko‘ra o‘ta baxtiyor hayot kechirayotgan bir podsho haqida eshitib qolishibdi. Ular podsho qasriga borishibdi.

Podsho bilan malikadan rostdan ham ana shu ovozalar to‘g‘rimi, deb so‘rashibdi.

– To‘g‘ri! – deyishibdi ular, – faqat bitta g‘amimiz bor: farzandimiz yo‘q.

Demak, bu yerda tumor axtarishdan naf yo‘q, deb shahzoda bilan malika baxtiyor va mamnun er-xotinlarni axtarib, yana yo‘lga tushishibdi.

Ular odamlarning mish-mishiga ishonib, xotini bilan ahil-inoq yashayotgan halol bir shaharlik odam istiqomat qilayotgan shaharga kelishibdi. Ular ana shu odam huzuriga borib, chindan ham baxtli hayot kechiryapsizlarmi, deb so‘rashibdi.

– Ha, baxtiyormiz! – debdi eri. – Er-xotin juda inoqmiz, ammo bolalarimiz ko‘p, ularning tashvish-g‘ami bizni ado qilyapti!

Demak, bu yerda ham tumor axtarishning hojati yo‘q, shahzoda bilan malika yana yo‘lga ravona bo‘lishibdi, yurgan yo‘llarida baxtiyor er-xotinlarni surishtirishibdi. Ammo bunaqa er-xotin hech yerdan topilmabdi.

Bir kuni ular dala va o‘tloqlardan o‘tib borishayotgan ekan, bir vaqt nay chalib o‘tirgan bir podachini uchratib qolishibdi. Bundoq qarashsa, podachi oldiga emizikli bolasini ko‘tarib, boshqa bir bolasini esa yetaklab bir ayol kelayotgan emish. Podachi ayolni ko‘rishi bilanoq uning qarshisiga peshvoz chiqibdi, salomlashibdi, bolakayni uning qo‘lidan olib, o‘pib, erkalay boshlabdi. Podachining iti esa xursandligidan vovillab, likanglab bolaning yoniga chopib kelibdi, uning qo‘lchalarini yalay boshlabdi. Bu orada ayol o‘rtaga o‘zi olib kelgan ko‘zachani qo‘yibdi.

– Dadasi, ovqatlanib oling, – debdi u.

Eri o‘tirib ovqatlana boshlabdi, birinchi bo‘lakni emizikli bolasiga, ikkinchi bo‘lakni esa o‘g‘li bilan itiga bo‘lib beribdi. Bu hodisalarni shahzoda bilan malika ko‘rib turishgan ekan. Ular er-xotin oldiga kelib, savol berishibdi:

– Sizlar dunyodagi eng baxtiyor, mamnun odamlar bo‘lsangiz kerak, to‘g‘rimi?

– Haq gapni aytdingiz! – debdi eri. – Xudoga shukur, baxtiyormiz. Dunyoda bizdan baxtli bironta shahzoda va malika yo‘q.

– Bizga yordam beringlar, – debdi shahzoda, – yaxshiligingiz sizlarga ham qaytadi! Egningizdagi ko‘ylagingizdan bir parcha yirtib bersalaringiz!

Bu gaplarni eshitib podachi xotini bilan g‘alati ko‘z urishtirib olibdi. Keyin shunday debdi:

– Xudo shohid, agar egnimizda ko‘ylagimiz bo‘lganida bir parcha emas, uni sizlarga yechib berardik. Xonadonimizda bir parcha latta ham yo‘q.

Shahzoda bilan malika quruqdan-quruq yo‘lga ravona bo‘lishibdi. Nihoyat uzoq va befoyda jahongashtalik jonlariga tegib, ular uylariga qaytishibdi. Shahzoda bilan malika donishmand kulbasi yonidan o‘tishayotganda, durustroq maslahat bermagani uchun undan gina qilishibdi, so‘ng sayohatlari qanday o‘tganini aytib berishibdi.

Donishmand jilmayib shunday debdi:

– Nahotki behudaga aylanib kelgan bo‘lsalaring? Uylaringga ko‘pni ko‘rib, tajriba orttirib qaytmadilaringmi?

– Men o‘z baxting hamda taqdiringdan mamnun bo‘lish katta baxt ekanligini angladim. Bu kishiga kamdan-kam nasib etadigan in’om ekan! – debdi shahzoda.

– Men esa baxtli bo‘lish uchun kishi o‘z taqdiridan mamnun bo‘lishi kerakligini uqdim! – debdi malika.

Shahzoda malikaga qo‘lini uzatibdi, ular bir-birlariga mehr bilan boqishibdi. Donishmand ular haqiga duo qilib, shunday debdi:

– Sizlar o‘z qalbingizdan chinakam tumorni izlab topdingiz! Uni avaylab saqlang, o‘shanda hech narsadan qanoat qilmaslikdek yovuz ruh sizlarga yaqinlasholmaydi.

KARTOSHKA

Yaxshi narsa qachon bo‘lmasin qadr topadi, – deydi momom. – Kartoshkani olaylik, gapirishni do‘ndirsa, u bu xususda talay gaplarni aytardi!

Chindan ham kartoshka uzoq yillar qadr topmadi. Hatto raqiblar ham va’z aytayotganlarida kartoshka bizga naf keltirish va shodlik baxsh etish uchun ato etilganini aytishdi: biroq bu gaplar behudaga ketdi: xalq bu gaplarga ishonmadi. Hatto qirollar odamlar eksin deb kartoshka tarqatdi. Lekin uni kim ekdi?

Mana, Prussiyani olaylik, u yerda Keksa Frits nomli ulug‘ qirol bor edi; u juda ajoyib odam bo‘lib, u ham kartoshka eka boshladi. U bir shahardan qirollikka bir arava kartoshka keltirdi, nog‘oralar chaldirib, shahar aholisini katta maydonga to‘pladi. Shahar kattalari xaloyiqqa kartoshka donalarini ko‘rsatishdi, uni qanday ekish, parvarish qilish, undan qanday qilib ovqat tayyorlash yo‘llarini baqirib-chaqirib uqtirishdi. Lekin bu gaplar u quloqdan kirib bu quloqdan chiqib ketdi. Odamlar nimalar gapirilganini uqishmay, xom kartoshkani tatib ko‘rishibdi.

– Tuf, o‘lgudek qo‘lansaligini qarang! – deyishibdi va kartoshkani oqova oqadigan ariqqa uloqtirishibdi, ulardan hatto itlar ham hazar qilganini ko‘rishibdi. Kartoshka ekadiganlar ham topilibdi: ular kartoshkalarni bir-biridan ancha yiroqqa ekib, undan daraxt unib chiqib, meva tugishini kutishibdi. Birovlar esa kartoshkalarni chuqurga tashlashibdi, natijada, ular bir-biriga yopishib, palak chiqaribdi. Kelgusi yil qirol ishni yana boshqatdan boshlashga majbur bo‘libdi, odamlar kartoshka ekishni bilib olgunga qadar oradan ko‘p yillar o‘tibdi.

– Hamma yerda shunday bo‘lgan! Ollo Taolo biz bandalarga ato qilgan mevalarning eng zo‘ri bo‘lmish kartoshkani hech kim u vaqtlarda qadrlamadi, – dedi momo. – Hozir uning bahosi yo‘q! Hozir uni qadrlashyapti. Yaxshi narsa qachondir o‘z qadrini topadi!

Odamlarning ahvoli tang bo‘lib qolganda, xotiramga kartoshka va momomning gaplari keladi.

SHOHLAR, MOTKALAR VA SALLOTLAR

Qog‘ozdan kesib, yelimlab ajoyib o‘yinchoqlar yasash mumkin! Kunlarning birida qog‘ozni kesib, yelimlab, judayam katta o‘yinchoq qal’a yasashibdi, u stol ustini butkul egallabdi, uni boplab bo‘yashgan ekan, xuddi qizil g‘ishtdan qurilgan qal’aga o‘xshab qolibdi. Qal’aning chiroyli mis tomi, minoralari, ko‘tarma ko‘priklari bo‘lib, xandaqlaridagi suv oynaday tiniq ekan, chunki xandaq o‘rniga ko‘zgu qo‘yishibdi-da. Qorovullar turadigan eng baland minorada yog‘ochdan yasalgan maxsus karnayi ham bo‘lib, u chalinmas ekan.

Ana shu o‘yinchoq qal’aning egasi Vilyam degan bola ekan, uning o‘zi ko‘prikni ko‘tarar va tushirar, qalay askarlarni ko‘prik ustidan saf tortib o‘tishga majbur qilar, keyin qal’a eshiklarini ochib, kattakon ritsar zaliga mo‘ralar ekan, zal haqiqiy ritsar zallariga o‘xshagan bo‘lib, devorlariga ramkalarga solingan suratlar osilgan ekan. Bular surat – kartalar bo‘lib, ular karta dastasidan sug‘urib olingan ekan. Ular ichida qo‘llariga saltanat hassasi ushlagan, boshlariga toj kiygan tappon, g‘ishtin, chillik, qora mashoq shohlar, qo‘llariga gul yoki yelpig‘ich ushlagan, ro‘mollari yelkasidan pastga tushib turgan, boshiga jig‘a taqilgan qalpoq kiygan, qo‘liga bolta ushlagan sallotlar ham bor ekan.

Kunlarning birida u stolga yonboshlab, lang ochiq qal’a eshiklaridan ritsarlar zaliga mo‘ralabdi, nazarida shohlar saltanat hassasini tik qilib salom berayotganga, qora mashoq motka qo‘lidagi lola qimirlab ketganga, tappon motka esa yelpig‘ichini ko‘targanga o‘xshab ketibdi. To‘rttala malika Vilyamga sizni payqab turibmiz, deganday ishora qilishibdi. Bola ularni durustroq ko‘rish uchun yanada yaqinlashibdi, lekin boshi qasrga tegib, qasr tebranib ketibdi. Shunda chillik, qora mashoq, g‘ishtin, tappon – to‘rttala sallot boltalarini birlashtirib, zal eshigini to‘sishibdi, uning ichkariga kirishiga yo‘l qo‘yishmabdi.

Bola ularning niyatini fahmlabdi va do‘stona bosh irg‘ab, xavotirlanmang, debdi. Javob kutmasdan yana bosh irg‘abdi, so‘ng:

– Biron og‘iz gapiringlar! – deb iltimos qilibdi u.

Lekin kartalar lom-mim deyishmabdi; shunda bola tappon sallotga bosh irg‘abdi, u o‘z kartasidan irg‘ib chiqibdi, zal o‘rtasiga kelibdi.

– Isming nima? – deb so‘rabdi u boladan, – ko‘zlaring ravshan, tishlaring durday, faqat qo‘l yuvishni hush ko‘rmaydiganga o‘xshaysan.

Bolaga bu tanbehlar uncha yoqmabdi:

– Ismim Vilyam! – debdi bola, – bu mening qasrim, sen esa chillik sallotim bo‘lasan!

– Men sening emas, balki tappon shoh bilan tappon motkaning sallotiman, – debdi sallot. – Men karta dastasidan ham, romka ichidan ham chiqa olaman, zodagon janoblar haqida gapirmay qo‘ya qolay. Biz jahongashtalik qilishimiz ham mumkin-u, lekin bu tezda janga tegadi; karta dastasida o‘tirganimiz ma’qul.

– Demak, ilgari odam bo‘lganlaring rostmi? – deb so‘rabdi bola.

– Biz ham odam bo‘lganmiz, – deb javob qaytaribdi tappon sallot, – lekin niyati qora odam bo‘lganmiz. Yaxshisi sen qizil shamlarni yoq, chunki bu o‘zimning, xo‘jalarimning rangi, ana shundan keyingina qasr egasiga tariximizni hikoya qilib beraman. Faqat gapimni bo‘lma: modomiki gapirar ekanman, gaplarim xuddi kitobda yozilganday silliq bo‘lsin.

Hov anavi tappon shohni ko‘ryapsanmi? U mening shohim bo‘ladi: u dunyoga eng oldin kelgani uchun to‘rttala shoh ichida eng keksasi hisoblanadi, u boshida oltin toj, qo‘lida esa saltanat hassasi bilan tug‘ilib, shu daqiqadan boshlab hukmdorlik qilavergan. Uning xotini esa onadan oltin yelpig‘ich bilan tug‘ilgan; yelpig‘ichni hozir ham ko‘rishing mumkin. Ular yoshliklaridan ma’murchilikda yashashgan, maktabga borishmagan, kunbo‘yi o‘yinchoq qasrlar qurib, uni buzishgan, qalay askarlarni sindirishgan, qo‘g‘irchoq o‘ynashgan; ikki tomoniga yog‘ surtilib, ustiga shakar sepilgan buterbrodlarni o‘ynashayotgan joylariga keltirib berishgan. Oltin asr nomini olgan ko‘p ajoyib zamonlar bo‘lgan, ammo shunaqa zamon ham ularning me’dasiga tekkan. Mening ham me’damga tegdi. Ana o‘shanda uning o‘rniga g‘ishtin shoh keldi.

Sallot boshqa hech narsa demabdi; bola hikoyaning davomini eshitgisi kelibdi, lekin sallot churq etmabdi; shunda bola savol beribdi:

– Keyin nima bo‘ldi?

Tappon sallot indamabdi, u g‘o‘dayganicha qizil shamga tikilib qolibdi. Bola unga hadeb bosh irg‘ayveribdi, lekin javob ololmabdi; shunda u g‘ishtin sallotga yuzlanibdi, unga uch marta bosh irg‘agandan keyin, u o‘z kartasidan chiqibdi, g‘o‘dayganicha turaveribdi, faqat:

– Sham! – debdi xolos.

Bola o‘sha zahoti qizil shamni yoqib, uning ro‘parasiga qo‘yibdi: g‘ishtin sallot boltasini tik qilib salom beribdi va hikoya boshlabdi:

– Shunday qilib, ko‘ksida romb shaklidagi shisha derazali g‘ishtin shoh paydo bo‘ldi, malikaning ko‘ksida ham ana shunaqa romb bor. Ana shu derazadan mundoq qarasang, er-xotin boshqa odamlarday bir xil xamirdan qorilganiga ishonch hosil qilasan. Ularga haykal o‘rnatilgani hammaga ma’qul bo‘ldi, u yetti yil turdi, u asrlarga tatiydigan qilib tiklangan edi-da.

G‘ishtin sallot yana bir salom beribdi-da, qizil shamga tikilganicha jim qolibdi.

Kichkina Vilyamning taklifini kutmasdan botqoqda odimlagan laylakday qadam tashlab, o‘rtaga chillik sallot chiqibdi. Kartadan qush singari qora sebarga uchib tushibdi. U chillik sallot boshi ustidan uchib o‘tib, kartaning burchagidagi o‘z joyiga borib qo‘nibdi. Chillik sallot oldingilariga o‘xshab sham yoqishni iltimos qilmasdanoq gap boshlabdi:

– Ikkala tomoniga yog‘ surtilgan non hammaga ham nasib qilavermaydi. Bunaqa buterbrodni shohim ham, malikam ham ko‘rmadi; ular maktabga qatnab, o‘tmishda shohlar va malikalar o‘rganmagan bilimlarni o‘rganishdi. Ularning ko‘ksida shisha deraza bor edi, lekin hech kim unga qaramagan. Qarashgan bo‘lsa ham soat mexanizmi buzilmadimikin, bordiyu buzilgan bo‘lsa, uni haqorat qilaylik deb qarashgan. Uni men bilmasam kim biladi, chunki ko‘p yillar ular xizmatida bo‘ldim, egalarim ixtiyoridan tashqari ish qilmadim. Xo‘jalarim kechki payt ortiqcha gapirishimni istashmasa, indamay qo‘ya qolaman, g‘oz turaveraman.

Vilyam unga oppoq nur taratadigan sham yoqib beribdi.

«Ajabo!» Vilyam sham yoqishga ulgurmasdan ritsarlar zali o‘rtasida qora mashoq sallot turgan emish, garchi u oyog‘i oqsasa ham, bir zumda hozir bo‘libdi; u salom bermay, parchalanib ketayotgan bo‘lakday g‘ijirlabdi, chamasi boshidan ko‘p savdolar o‘tgan bo‘lsa kerak-da. U ham gapga tushibdi:

– Har birimizga bittadan sham tegyapti, – debdi u, – menga ham tegsa kerak, buni bilaman. Lekin biz sallotlarga bittadan sham yoqilar ekan, xo‘jayinlarimizga esa uch baravar ortiq yoqish kerak, qora mashoq shohim bilan uning xotiniga kamida to‘rttadan sham yoqish yarashadi! Ularning azob va qiynoqlarga to‘la qissalari qayg‘uli! Ular behudaga qora kiyim kiyib yurishmaydi, ularning ham, mening ham gerbimda qabr kavlaydigan belkurak bor! Shu vajdan meni masxaralab Qora Pari ham deyishadi. Undan ham xunuk nomim bor, uni aytishga tilim bormaydi! – u yana shivirladi: – Meni axlat tozalovchi deyishadi. Bir vaqtlar saroyda qora mashoq shohning e’tiborli askarlaridan edim, endi bo‘lsa kartalar dastasining eng oxiridaman. Xo‘jayinlarim tarixini aytib o‘tirmayman. Qo‘lingdan kelsa o‘zing bilib ol. G‘alati, yomon zamonlar keldi, bu zamondan yaxshilik umid qilib bo‘lmaydi, vaqti kelib, hammamiz qizil otlarda bulutlardan ham yuksaklikka ko‘tarilamiz.

Kichkina Vilyam har bir shoh va har bir motka uchun uchtadan sham yoqibdi, qora mashoq shoh bilan motkaga to‘rttadan sham qolibdi. Katta ritsarlar zali eng qudratli imperatorning saroyiday yop-yorug‘ bo‘lib ketibdi, zodagon janoblar bolaga podsholarga xos, viqor bilan salom berishibdi! Tappon motka oltin yelpig‘ichi bilan o‘zini yelpibdi. Qora mashoq motka qo‘lida oltin lola jilva qilibdi, u o‘zidan olov chiqarayotganga o‘xshab ketibdi. Shoh va malikalar o‘z kartalaridan irg‘ib chiqishib, zalda raqsga tushib ketishibdi, sallotlar ham ulardan qolishmabdi. Ular ham sham yorug‘ida raqsga tushishibdi. Butun zal yonayotganday bo‘libdi; olov chirsillab, derazalardan tilini chiqaribdi, olov tili devorlarni yalabdi, qasr o‘t ichida qolibdi.

Vilyam qo‘rqqanidan o‘zini orqaga tashlabdi va baqirib yuboribdi:

–Dada! Oyi! Qasr yonyapti!

Hammayoqqa uchqunlar sachrabdi, qasr yonaveribdi, yonaveribdi, to‘satdan olov ichidan kuy taralibdi:

–Endi qizil otlarga minib, ritsarzodalar va ularning xotinlariday bulutlardan ham yuksaklikka ko‘tarilamiz. Sallotlar ham biz bilan birga bo‘ladi.

Vilyamning o‘yinchoq qasri va ular ichidagi karta qasri, karta dastasidan sug‘urib olingan shoh, motka va sallotlar ana shunday yo‘q bo‘lib ketibdi. Vilyam hozir ham bor, u tez-tez qo‘lini ham yuvib turibdi.

Qasrning kuyib ketganiga u aybdor emas.


Страницы книги >> Предыдущая | 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21 22 23 24 25
  • 0 Оценок: 0


Популярные книги за неделю


Рекомендации