Электронная библиотека » Ганс Христиан Андерсен » » онлайн чтение - страница 20

Текст книги "Қор одам"


  • Текст добавлен: 29 апреля 2024, 16:20


Автор книги: Ганс Христиан Андерсен


Жанр: Книги для детей: прочее, Детские книги


сообщить о неприемлемом содержимом

Текущая страница: 20 (всего у книги 25 страниц)

Шрифт:
- 100% +

– Qag‘-qag‘! Chir-r-royli! Chir-r-royli! – deb qiyqirishibdi ular.

Ko‘hna qo‘rg‘onni buzishganda esa o‘sha quzg‘unlarning avlodi ham:

– Qag‘-qag‘! Chir-r-royli! Chir-r-royli! – deb qichqirishibdi.

– Garchi qichqirishga o‘rin qolmasa-da, ular hamon burungiday qichqirishyapti, – dedi ruhoniy bu qissani hikoya qilar ekan. – Dvoryan Grubbening zoti tugadi, qal’ani buzib tashlashdi, uning o‘rniga tilla suvi yugurtirilgan flyugeri bor hashamatli qushxona qurildi. Unda hozir keksa parrandachi Greta o‘tiribdi. U bu binodan behad xursand! Agar u bu yerga tushib qolmaganida, birorta ibodatxonada umri o‘tib ketgan bo‘lardi.

Uning atrofida kaptarlar charx urib, kurkalar kurkullab, o‘rdaklar g‘a-g‘alab yuribdi.

– Greta haqida hech kim hech narsa bilmaydi! – deyishibdi parrandalar. – U zurriyotsiz ayol edi. Unga rahmlari kelganidan bu yerda yashashga ijozat berishgan. Uning na o‘rdak otasi, na o‘rdak onasi va na jigargo‘sha jo‘jalari bo‘lgan.

Harholda Gretaning nasl-nasabi bor bo‘lib, o‘zi esa bundan bexabar edi, stoli ustida talay yozuvlar bo‘lsa-da, ruhoniy hech narsa bilmasdi. Lekin qari qarg‘alardan biri Gretaning ajdodlarini bilar edi, shu vajdan u bu haqda hikoya qilib beribdi. Qarg‘a o‘z oyisi va momosidan Gretaning onasi va momosi haqida hikoya eshitgan ekan. Biz ham bu hikoyani bilamiz, momosi yoshligida ot choptirib, butun olamga va barcha qush uyalariga xo‘jayinday atrofga viqor bilan nazar tashlab, gerdayib yurgani xotiramizda. Biz uni archagullar o‘sgan yalanglikda, qumtepalar ortida yotganini, keyinroq Burrexyus kechuvida ishlaganini ko‘rganmiz. Uning eng so‘nggi ajdodi – nabirasi bir vaqtlar ko‘hna qo‘rg‘on bo‘lgan, qora yovvoyi quzg‘unlar yotgan joyga, o‘z uyiga qaytib keldi. Lekin u qo‘lga o‘rgatilgan uy parrandalari orasida o‘tiribdi, u qushlarni, qushlar esa uni yaxshi bilishar edi. Parrandachi Gretaning zarracha armoni yo‘q, u olamdan o‘tsa ham xursand, chunki oshini oshab, yoshini yashab bo‘ldi.

– Tobut! Tobut! – deb qag‘illashibdi qarg‘alar. Shunday qilib parrandachi Gretani tobutga solishib, dafn qilishibdi, lekin uning qayerga ko‘milganini hech kim bilmaydi, agarda qari qarg‘a tirik bo‘lgan-da, o‘sha bilardi, xolos.

Biz endi ko‘hna qo‘rg‘on tarixi, qadimiy dvoryan zoti va parrandachi Gretaning avlod-ajdodlarini bilib oldik.

NIMA O‘YLAB TOPISH MUMKIN

Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, bir yigit bo‘lgan ekan; u shoir bo‘lish uchun astoydil tirishibdi, pasxa bayramigacha shoir bo‘lib olib, keyin uylanmoqchi, ijod qilib boy-badavlat yashamoqchi bo‘libdi. Shoir bo‘lish uncha qiyin emas; bir nimalarni o‘ylab topsa bo‘ldi-da, lekin nimani o‘ylab topish mumkin? Hamma gap ana shunda! Esiz, kechikib tug‘ilgan ekan-da! U olamga kelgunga qadar hamma voqealar tamom bo‘lib, hammasi she’riyatda kuylanib bo‘libdi.

– Bundan ming yil muqaddam tug‘ilganlarning baxti bor ekan! – debdi u. – O‘z nomini abadiylashtirish ularga oson bo‘lgan. Hozirgi zamonamizdan yuz yil ilgari tug‘ilganlar ham baxtiyor bo‘lishgan, ular uchun yozishga arziguday narsalar bo‘lgan. Lekin hozir olamda hamma narsa kuylanib, hatto qayta kuylanib bo‘lgan.

U shunaqayam bosh qotiribdiki, oxiri kasal bo‘lib qolibdi. Hech qanaqa doktor uning dardiga darmon bo‘lolmabdi, tabibga ko‘rsatishdan boshqa iloji qolmabdi. Tabib ayol chekkaroqdagi kichkina uyda yashar, vazifasi aravalar va yo‘lovchilarga darvoza ochishdan iborat ekan. Lekin uning bundan ham muhimroq boshqa ishi bor ekan, o‘z xususiy faytonida yuradigan va amali yuzasidan davlatga soliq to‘laydigan har qanday doktorni donoligi bilan bir cho‘qishda qochirar ekan.

– O‘shaning oldiga borish kerak! – debdi yigitcha. Tabib xotin mo‘jazgina, ozoda, lekin ko‘rimsizgina uyda yashar ekan, uy atrofida na gul, na daraxt bor ekan! Uyning oldida asalari yashigi, kartoshka ekilgan poliz va tikanli o‘t-o‘lanlar bosib ketgan ariq bor ekan, xolos. Na’matak allaqachon gulini to‘kib, marjon-marjon meva tugibdi, uning mevasini sovuq urgunga qadar yeb bo‘lmas, aks holda tishni qamashtirib qo‘yishi mumkin ekan.

«Zamonamizning bu ko‘rinishida hech qanday she’riyat yo‘q!» – deb o‘ylabdi yigit. Shunday qilib, u tabib ayol ostonasida she’riyatning gavhar donasini topibdi, uning miyasida yangi fikr paydo bo‘libdi.

– Buni yozib qo‘y! – debdi kampir. – Uvoq ham non-da! Nega bu yerga kelganingni bilaman. Sen hech narsa o‘ylab topa olmayapsan, lekin pasxa bayramigacha shoir bo‘lmoqchisan!

– Hamma voqealar tanlab bo‘lingan! – debdi yigit. – Zamonamiz o‘tmishdagi saxovatli zamon emas!

– Yo‘q! – deb e’tiroz bildiribdi kampir. – U zamonlarda tabib ayollarni yondirishgan, shoirlar bo‘lsa xor-zor bo‘lib yurishgan. Zamonamiz eng yaxshi zamon! Lekin sen narsalarga sinchiklab nazar tashlamaysan, qulog‘ingni o‘tkirlaganing yo‘q, oqshomlari «Otche nash»ni kam o‘qiysan. Zamonamizda kuylash va hikoya qilishga arzirli narsalar ko‘p, ishni nimadan boshlashni bilish kerak! Istagan yerdan, ko‘katlardan, boshoqlardan, hatto oqin hamda ko‘lmak suvlardan – hamma-hammasidan tegishlisini olib, fikringni boyit! Lekin buning uchun fahmfarosat bo‘lishi, quyosh jilosini ham tutib olish qobiliyatiga ega bo‘lish kerak! Qani, ko‘zoynagimni taqib, qulog‘imga nayimni tutib eshit, Ollo Taoloni yordamga chaqirib, o‘zing haqingda o‘ylashni bas qil!

Yigitga oxirgi shartni bajarish qiyin bo‘libdi; dono xotinning bunaqa talab qo‘yishi insofdan emas-da, axir.

Yosh yigit ko‘ziga ko‘zoynak taqibdi, qulog‘iga nay tutibdi, tabib ayol uni kartoshkapoyaning o‘rtasiga olib borib, qo‘liga kattagina bir dona kartoshkani ushlatib qo‘yibdi. Uning qo‘lidagi kartoshkadan ovoz chiqibdi. Yigit ovozga quloq solibdi, kartoshkalar hayotidan o‘n qismdan iborat «oddiy voqea»ni eshitibdi. Voqealar qo‘shiq tarzida aytilibdi. Bu voqeani hikoya qilish uchun o‘n satr ham kifoya qilar ekan.

Xo‘sh, kartoshka nimalarni kuylabdi?

U o‘zi va o‘z oilasi, dastlabki kartoshkaning Yevropaga qanday kelib qolgani, qadr-qimmat topgunga qadar talay qiyinchiliklarni boshidan kechirgani haqida kuylabdi.

– Bizni qirol amriga binoan hamma shahar mahkamalariga tarqatishdi; buyuk ahamiyatimiz hammaga e’lon qilindi, biroq bunga hech kim ishonmadi, hatto odamlar biz bilan qanday muomala qilishni ham bilishmadi. Ba’zilar kartoshkalarni bir chuqurga tashlab qo‘yishdi, boshqalar esa u yer-bu yerga ekib, undan daraxt unib chiqishini, kartoshkasini esa qoqib olishni kutib o‘tiraverdi! Nihoyat ko‘karib chiqdik, gulladik, keyin esa palaklarimiz so‘lidi, butun huzur-halovat, boylik yerning tagida ekanligi hech kimning xayoliga ham kelmadi. Ha, ko‘p og‘ir kunlarni boshimizdan kechirdik, to‘g‘rirog‘i, otabobomiz talay ko‘rgiliklarni ko‘rdi!

– Voqeani qarang! – debdi yigit.

– Bo‘ldi, endi yetar! – debdi kampir. – Anavi na’matakka qara!

– Kartoshkaning vatanida ham yaqin qarindoshlarimiz bor, – deb gap boshlabdi na’matak, – lekin ular kartoshka bitadigan joylardan sal shimolroqda. O‘sha yoqlarda normanlar paydo bo‘lishdi; ular tuman va bo‘ronlarga qarshi suzib, muz va qor ostida o‘t-o‘lanlarga o‘xshash mevasi bor butalarga duch kelishdi, ana shu mevalardan vino qilish mumkin. Bu na’matak edi: uning mevalari menikiga o‘xshab sovuqda pishadi. Bu yer Grilandiya bo‘lib, «vino mamlakati», «yashil mamlakat» nomini oldi.

– Bu ham butun bir poemaning o‘zi-ku! – debdi yigit.

– Ha, shunaqa, endi mana bu yoqqa yur! – debdi tabib ayol va uni asalari uyasi oldiga olib boribdi.

Yigit yashik ichiga qarabdi. Ana hayot-u mana harakat! Hamma yo‘laklarga asalarilar o‘tirib olib, bu ulkan fabrikani shamollatish niyatida hadeb qanotlarini qoqishayotgan emish, shunday qilish ularning burchi ekan-da. Yuk ko‘tarib kelayotgan asalarilar ko‘paygandan ko‘payibdi, ular oyoqlaridagi cho‘tkalarda gul changlarini keltirib qoqishibdi, navlarga ajratishibdi, ularning bir qismi asalga, qolgani esa mumga ketibdi. Asalarilar kelibketishaveribdi, podsholari ham uchib ketgisi kelibdi-yu u uchsa boshqalar ham uning orqasidan uchishi kerak ekan, uchish vaqti bo‘lmaganidan oliy hazratlarining qanotlarini qirqib qo‘yishibdi; shu vajdan u joyidan qimirlamay o‘tiraveribdi.

– Endi ariq bo‘yidagi tepalik ustiga chiq! – debdi tabib ayol. – Yo‘lga, yaxshi odamlarga nazar tashla!

– Ie, u yer zimiston-ku! – deb xitob qilibdi yigit. – Shovqin-suron! Voqealar bijib yotibdi! Oh, ko‘z oldim qorong‘ilashib ketyapti! Yiqilib tushmasam go‘rga edi!

– Qo‘rqma, oldinga dadil qadam tashla! – debdi kampir. – Hayot qaynagan, odamlar eng gavjum bo‘lgan joyga dadil boraver, lekin ko‘zing, qulog‘ing, qalbing hamma narsani chuqur sezsin! O‘shanda darhol biron narsani o‘ylab topasan! Avvalo menga ko‘zoynagimni, quloqqa tutib eshitadigan nayimni bergin-da, yo‘lingdan qolma!

Kampir yigitdan buyumlarini olibdi.

– Endi hech narsani ko‘rmayapman-ku, – debdi yigit. – Qulog‘im ham hech narsani eshitmayapti!

– Bo‘lmasa, sendan pasxa bayramigacha shoir chiqmas ekan! – debdi tabib ayol.

– Qachon shoir bo‘laman? – so‘rabdi u.

– Hech qachon! Sen hech narsani o‘ylab topolmaysan!

– Modomiki ijod orqasida yashamoqchi ekanman, nima ish qilay?

– Qish oxiridagi bayramda biror narsalik bo‘larsan. O‘shanda shoirlarni bochka ichiga solib, bochkani taqillatasan! Shoirlarning ijodini yaxshilab savalasang ishing yurishib ketadi. Faqat ruhing tushmasin, shunday qilsang, anchagina pul ham ishlab olasan! Bu pullar oilangga bemalol yetadi!

– Ana shunaqa narsani o‘ylab topish kerak ekan-da! – debdi yigit va shoirlarni birin-ketin savalay boshlabdi. O‘zi shoir bo‘lolmagandan keyin shunaqa qiladi-da.

Bularning hammasini tabib xotindan bilib oldik, nima o‘ylab topishni u yaxshi biladi!

BURGA BILAN PROFESSOR

Bor ekan, yo‘q ekan, bir uchuvchi odam bo‘lgan ekan. Uning omadi yurishmabdi: shari portlab, o‘zi yerga yiqilib, burda-burda bo‘lib ketibdi. U yiqilishidan bir necha daqiqa oldin o‘g‘lini parashyutda yerga tushirib yuborgan ekan. U yerga eson-omon tushibdi. Unda otasi singari havoda uchuvchi bo‘lish uchun yetarli zehn-qobiliyat bor ekan-u, biroq uning shari ham, shar olish uchun puli ham yo‘q ekan. Ammo tirikchilik o‘tkazish uchun biron ish qilish kerak ekan, ko‘zboylag‘ich va og‘zini ochmay gapirish yo‘llarini o‘rgana boshlabdi. U yosh, kelishgan yigit ekan, sal katta bo‘lgach, egniga yaxshi ust-bosh kiyibdi, mo‘ylov qo‘yibdi, ko‘rganlar uni graf bo‘lsa kerak, deb o‘ylabdi. Xonimlar ko‘ziga boshqacha ko‘rinadigan bo‘libdi, hatto bir qiz uning husn va chaqqonligiga tasanno o‘qib, sevib qolibdi. Bu qiz yigit bilan turmush qurib, yot ellarda sarson-sargardonlikda bo‘lsa-da hayot kechirishga rozi bo‘libdi. O‘zga yurtlarda yurib, yigit professor bo‘libdi, bundan past unvonga u ko‘nmas ham ekan-da.

Uning birdan-bir orzusi havo shari sotib olish, yoshgina xotini bilan osmon-u falakka ko‘tarilish ekan, lekin shar olishga puli yo‘qligi uni qiynabdi.

– Bir kunmas bir kun pulimiz ham bo‘ladi, – debdi u.

– Aytganingiz kelsin, – javob qaytaribdi xotini.

– Hali yoshman, professorman! Uvoq ham non! Xotini eriga har tomonlama ko‘maklashibdi, u eshik oldida turib, tomoshaga kelgan odamlarga bilet sotibdi. Qishda bilet sotishga qiynalibdi, hatto bir fokusni bajarishda ham eriga yordam beribdi. Eri uni stol yashigiga yashirib qo‘yar, stol katta bo‘lganidan, ayol orqa yashikka emaklab o‘tib, oldingi yashikda yo‘q bo‘lib qolar ekan. Shunday qilib, ular tomoshabinlar ko‘zini boylashar ekan.

Bir kuni kechqurun u yashikni sursa, xotin chindan ham u yerda yo‘q emish! U oldingi yashikda ham, keyingi yashikda ham, uyda ham yo‘q emish, u nom-nishonsiz yo‘q bo‘libdi. Bu – xotinning ko‘z boylog‘ichi ekan! Ayol bundan keyin erining oldiga qaytib kelmabdi, chunki bunday hayot kechirish uning joniga tekkan ekan. Eri esa xotinini sog‘inib, hijron azobida kuyibdi. G‘amqayg‘uga botib, tomoshabinlarga o‘z hunarini ko‘rsatolmay, ularni kuldirolmay qolibdi. Odamlar uning tomoshalariga kirmay qo‘yishibdi. Maoshi kamayib, kiyim-boshlari bir holatda bo‘lib qolibdi. Nihoyat uning bor bisotida atigi bitta katta burgagina qolibdi – bu xotinidan yodgorlik ekan! U burgani turli o‘yinlarga o‘rgatibdi: burga kichkina zambarakdan o‘q otishni ham o‘rganibdi.

Professor o‘z burgasi bilan faxrlanar, burga esa buni ko‘rib g‘ururlanar ekan: axir u ba’zi narsalarni o‘rganib olibdi-da, uning tomirlarida inson qoni oqmoqda ekan, buning ustiga u turli shaharlarda bo‘libdi, shahzoda va malikalar oldida tomoshalar ko‘rsatibdi, ularning olqishiga sazovor bo‘libdi. Uning tomoshalari gazeta va afishalarda e’lon qilinibdi. Burga o‘zini mashhurman, deb hisoblab, faqat professornigina emas, balki butun bir oilani boqishga qurbi yetishini bilar ekan.

Burga mag‘rur, ma’lum va mashhur ekan, ajabo! U poyezdda professori bilan sayohat qilganda, hamisha to‘rtinchi klass vagondan o‘rin olar ekan. Ammo to‘rtinchi klass vagonda ketish birinchi klass vagondagidek tinch emas ekan! Professor bilan burga bir-birlari bilan unsiz mustahkam do‘st tutinishibdi, hech qachon birbirlaridan ajralmaslik, uylanmaslikka va’da berishibdi. Burga bo‘ydoqligicha, professor esa tulligicha qolmoqchi bo‘libdi.

– Katta muvaffaqiyatga erishilgan joyga qayta bosh suqmaslik kerak! – der ekan professor; u odamlarni bilarkan-da, bu gapda bir hikmat bor.

Nihoyat, u yovvoyilar mamlakatidan tashqari hamma mamlakatlarda bo‘libdi, bir vaqt yovvoyilar yoniga borishga ahd qilibdi. To‘g‘ri, u yovvoyilar xristianlarni yeyishini bilar ekan, lekin u haqiqiy xristian emas ekan, burga esa chinakam inson emas ekan, burganing o‘zi ham buni yaxshi bilar ekan. Ular yovvoyilar mamlakatiga borib mo‘maygina pul ishlab olishga jazm etishibdi.

Ular yo‘lning bir qismini paroxodda, qolgan qismini esa yelkanli kemada bosishibdi; burga o‘z hunarini ko‘rsatibdi, shunday qilib, ular yovvoyilar mamlakatiga yetib kelishibdi.

Mamlakatni mitti bir malika idora qilar ekan, malika ota-onasidan hokimiyatni tortib olgan ekan. U o‘zboshimcha bo‘lib, buning ustiga husndor va o‘jar ayol ekan.

Burga harbiycha salom berib, zambarakdan o‘q uzib, o‘z hunarini namoyish qilganini ko‘rgan malika uni sevib qolibdi.

– Men faqat shunga erga tegaman! – xitob qilibdi malika.

Malika yovvoyitabiat odam bo‘lib, burganing ishqida battar yovvoyilashib ketibdi.

– Jon bolam, o‘rgilay bolam! O‘zing aqlli qizsan-ku! – deb gap boshlabdi otasi. – Burga avvalo inson zotiga aylanganda boshqa gap bo‘lardi!

– Nima ishing bor, miyasi achigan chol! – deb jerkib beribdi malika.

Axir otasi bilan kim shunaqa muomala qiladi. Ha, qiz ana shunday yovvoyitabiat ekan.

Malika burgani kaftiga o‘tqizib, unga shunday debdi:

– Endi sen insonsan, men bilan birga podsholik qilasan! Lekin sen gapimdan chiqmasliging kerak, yo‘qsa, seni o‘ldirib, professorni yeb qo‘yaman!

Professorni kattagina bir xonaga olib borishibdi. Uning devorlari shakarqamishdan qurilgan ekan, uni huzur qilib yalash mumkin ekan-u, ammo bu shakarqamish shirin emas ekan. Professorga ko‘rpa-yostiq o‘rniga osma belanchak berishibdi, u o‘zi orzu qilib yurgani havo sharida o‘tirganday belanchakda uchaveribdi.

Burga malikaning yonida qolibdi, u malikaning qo‘lchalari va bo‘ynida o‘tiraveribdi: burga malikaning sochidan bir tola uzib, uning bir o‘chini o‘zining oyog‘iga, boshqa uchini esa malikaning qulog‘idagi isirg‘aga bog‘lab qo‘yishni professorga buyuribdi. Malika bundan rohatlanib ketibdi. Uning nazarida burga ham shunday rohat qilayotganday bo‘libdi. Lekin hammadan ham professor norozi emish: u sayohatni jondan sevib, bir mamlakatdan ikkinchi mamlakatga safar qilib, burgani insonlar bajaradigan ishlarga o‘rgatishdagi sabr-qanoati va epchilligi sha’niga aytilgan gaplar yozilgan maqolalarni gazetalardan o‘qishni istar ekan.

U kunbo‘yi hech ish qilmay, belanchagida tebranib yotaveribdi, yeyish-ichishdan boshqa ishi bo‘lmabdi. Uni juda yaxshi boqishibdi: unga yangi parranda tuxumlari, fil ko‘zi va jirafaning son go‘shtini qovurib berishibdi. Odamxo‘rlar faqat odam go‘shti yeyish bilan kifoyalanishmaydi, odam go‘shti ularning eng suygan ovqati.

– Ayniqsa, bolalarning yelka go‘shtini achchiqqina qayla bilan tushirsang rosa maza-da! – debdi malikaning onasi.

Professor o‘lgudek zerikibdi, yovvoyilar yurtidan qochib ketishga harakat qilibdi; lekin burgasini bu yerda qoldirishni xohlamabdi. Axir, burga uning uchun shonshuhrat bo‘lib, uni yeb-ichiradi-da. Burgani qanday qilib ko‘ndirish mumkin? Bu qiyin ish ekan.

U butun fikrlash qobiliyatini ishga solibdi va nihoyat «Topdim!» – deb xitob qilibdi.

– Malikaning otasi! Biror ish bilan shug‘ullanishimga ijozat ber! Men mamlakatning xalqlarini miltiq bilan harbiycha salom berishga o‘rgatsam. Dunyoning eng buyuk mamlakatlarida bunday salom berish yuksak madaniyatlilik belgisi hisoblanadi!

– Meni nimaga o‘rgatasan? – deb so‘rabdi malikaning otasi.

– O‘zimning eng zo‘r hunarimni o‘rgataman! – debdi professor. – Senga zambarak otishni o‘rgataman. Har zambarak otganimizda yer-u ko‘k larzaga keladi, osmondan qovrilib pishgan qushlar yomg‘irdek yog‘iladi! Bildingmi!

– Zambarakni keltir bu yoqqa! – debdi malikaning otasi.

Biroq mamlakatda burga olib kelgan zambarakdan boshqa birorta ham zambarak bo‘lmay, u kichkina ekan.

– Men katta zambarak quyaman! – debdi professor. – Faqat menga mato bering! Menga yupqa shoyi, gazlama, ip, igna, arqon, havo shari uchun me’da tomchilari kerak, ular sharni puflab shishiradi, osmonga olib chiqadi, ular zambarak qornida ham portlatishni yuzaga keltiradi.

U nimani talab qilgan bo‘lsa, hammasi muhayyo qilinibdi.

Mamlakatning barcha aholisi katta zambarakni tomosha qilgani kelibdi. Lekin professor shar tayyor bo‘lib havoga ko‘tarilishiga shay bo‘lgunga qadar hech kimni chaqirmabdi.

Burga malikaning qo‘lida o‘tirib, professorning ishini tomosha qilibdi. Sharning ichi gazga to‘ldirilibdi, u shishibdi, uni arqonlar bilan arang tutib turishibdi, shar junbushga kelibdi.

– To zambarak sovuguncha osmonga ko‘tarilishim kerak! – debdi professor va shar ostiga o‘rnatilgan savatchaga o‘tiribdi. – Biroq bir o‘zimning qo‘limdan hech ish kelmaydi! Menga ish biladigan yordamchi kerak! Burgadan boshqa hech kim menga ko‘maklasha olmaydi.

– Uni qo‘limdan chiqarib yuborgim kelmaydi! – debdi malika, lekin shunday bo‘lsa-da, burgani professorga beribdi. U burgani kaftiga o‘tqizibdi.

– Endi arqonlarni yechib yuboringlar! – deb baqiribdi u haloyiqqa. – O‘yinchoq osmonga ko‘tariladi.

Bu gap yovvoyi odamlar qulog‘iga «zambarak ko‘tariladi» deb eshitilibdi.

Nihoyat shar bulutlargacha ko‘tarilibdi va yovvoyilar yurtidan uchib ketibdi.

Malikadan tortib, uning ota-onasi-yu, butun haloyiq angrayib qolibdi, ular hozir ham o‘yinchoqning qaytishini kutishayotgan emish. Agar ishonmasang, yovvoyilar mamlakatiga bor, u yerda har bir bola senga professor bilan burga haqida gapirib beradi, ular zambarak sovugandan keyin qaytib kelishiga ishonishadi. Biroq qaytish fikri burga bilan professorning xayolida yo‘q; ular allaqachonlar o‘z uylarida, vatanlarida, ular hozir poyezdning to‘rtinchi klass vagonidagi o‘rinda emas, balki birinchi klass vagondagi o‘rinda qatnashyapti, endi ular katta pul topishadi, ularning kattagina o‘z havo sharlari bor. Bu sharni ular qayerdan, qanday qilib qo‘lga kiritganini hech kim bilmaydi, chunki ular hozir puldor, obro‘-e’tiborli bo‘lib ketishibdi-da.

PAYRAHADA HAM BAXT YASHIRINISHI MUMKIN

Endi men sizlarga baxt haqidagi hikoyani aytib beraman. Hamma baxt nimaligini biladi, lekin ba’zilarga u har yili, boshqalarga esa faqat ma’lum yillardagina kulib boqadi, shunday paytlar ham bo‘ladiki, baxt kishi umrida atigi bir marta keladi, shu bilan birga baxt kulmay qolgan vaqtlar ham bo‘ladi.

Ollo Taolo endigina tug‘ilgan go‘daklarni yer bag‘riga kiritganini, bu hodisa hashamatli qal’adagi shinam xonadonda ham, yashnagan dalada ham, sovuqda va shamolda ham yuz berishini aytib o‘tirmayman, buni hamma biladi. Lekin hamma bilmagan narsa shuki, parvardigor jon ato qilayotib, u bilan birga baxtini ham yaratadi, bu haqiqat. Lekin baxtni ko‘zga ko‘rsatib, uni bola yoniga solib qo‘ymaydi, baxtni topib olish sir hisoblanadi. U ertami-kechmi albatta topiladi, agar shunday bo‘lsa nur ustiga a’lo nur bo‘lardi-da. Aytaylik, Nyutonday ulug‘ olimning baxti olma ichida bo‘lishi mumkin. Olma tap etib uning oldiga tushadi-da, u o‘z baxtini topib oladi. Agar sen bu hikoyani eshitmagan bo‘lsang, bilgan odam uni senga hikoya qilib berishini iltimos qil, men esa boshqa, ya’ni nok haqidagi hikoyani aytib bermoqchiman.

Bor ekan, yo‘q ekan, bir kambag‘al odam bo‘lgan ekan; u yo‘qchilik va kambag‘alchilikda tug‘ilib, o‘sib ulg‘ayibdi. Xotinining sepi o‘rniga ham muhtojlikni olibdi. Uning kasbi chilangarlik bo‘lib, soyabonlarga sop va halqalar yasar ekan, topgani ro‘zg‘origa arang yetar ekan.

– Bebaxtman! – debdi u o‘z-o‘ziga.

Bu haqiqatda bo‘lgan voqea, men chilangarimiz yashagan mamlakat va joyni aniq aytib berishim mumkin, lekin voqea qayerda bo‘lib o‘tgan bo‘lsa ham sizga baribir emasmi?

Uning bog‘ida bir tup nordon ryabina daraxti o‘sar ekan, yana bog‘da nok daraxti ham bor ekan, ammo hali u hosilga kirmagan ekan. Chilangarning baxti ana shu nokning ko‘zga ko‘rinmas mevalarida yashiringan ekan!

Bir kuni qattiq bo‘ron ko‘tarilibdi, gazetalarda yozishlaricha, bo‘ron hatto bir dilijonni uchirib ketib, payrahadek yerga ko‘tarib uribdi. Bo‘ronga nokning butoqlari ham bardosh berolmabdi.

Butoqni ustaxonaga olib kelishibdi, chilangar hazilhuzul bilan undan kattagina nok yasabdi, keyin undan kichikrog‘ini, oxiri judayam kichkina noklar yasabdi.

– Bu daraxt allaqachonlar hosilga kirishi kerak edi! – debdi u hazillashib, so‘ng yasagan noklarini quvonishsin deb bolalarga ulashibdi.

Namgarchilik va yog‘in-sochin mo‘l bo‘ladigan mamlakatlarga zarur bo‘ladigan buyumlardan biri soyabon bo‘lib, chilangarning butun oilasi soyabon yasashga kirishibdi. Kuchli shamol soyabonlarni yirtib tashlar, lekin chilangar uni yamab-yasqab, eski holatiga keltirar ekan. Shunisi achinarli ekanki, har safar buklama soyabonni yig‘ganda, halqani ushlab turadigan tugma uzilar yoki halqa sinib ketar ekan.

Bir safar tugma uzilib ketibdi, chidangar uni axtarib yurganida uning o‘rniga o‘zi yasagan, bolalarga o‘ynagani bergan kichkina nok topib olibdi.

– Tugmani endi topolmayman! – debdi chilangar. – Uning o‘rniga manovi nokni ishlatish mumkin! – U nokning o‘rtasidan teshik ochibdi, nok halqaga loyiq kelibdi. Ilgari halqa tugmaga hech bunchalik mos tushmagan ekan!

Kelasi yili chilangar poytaxtga soyabon soplarini jo‘natayotib tugma o‘rniga bir necha dona taroshlab ishlangan nokchalarni va ularga mos keladigan yarim halqalarni yuboribdi-da, do‘kon sohibidan yangi ilgaklarni sinab ko‘rishni iltimos qilibdi. Uning yuborgan mollari Amerikada paydo bo‘libdi; u yerdagilarning tugmaga qaraganda nokchalar halqani mahkamroq ushlab turishiga fahmlari yetibdi. Chilangardan bundan keyin ko‘plab ana shunaqa halqali soyabonlar yetkazib berishni talab qilishibdi.

Ish qizib ketibdi! Ming-minglab noklar darkor bo‘lib qolibdi! Chilangar yog‘ochni tarashlayveribdi, butun boshli nok daraxti mayda nokchalarga aylanibdi! Nokchalar chilangarga katta boylik – skilling va dalerlar keltiribdi.

– Baxtim nok daraxtiga yashirinib yotgan ekan! – debdi chilangar. Keyinroq u kattagina ustaxonaga va bir necha shogirdlarga ega bo‘libdi, yuzidan tabassum arimabdi, hamisha: «Payrahada ham baxt yashirinishi mumkin!» – deydigan bo‘libdi. Men ham xuddi shunday deyman. «Og‘zingga oq payrahani solsang, qo‘rinmas odam bo‘lib qolasan!» – deyishadi-ku, axir. Buning uchun chinakam payrahani – Xudo bergan baxtni hadya etadigan payrahani og‘izga olish kerak. Menga ham ana shunaqa payraha nasib etgan, men ham undan chilangar singari yarqiroq, jarangdor, dunyodagi eng asl oltinlarni olishim mumkin. Bu oltin bolalarning ko‘zida o‘t bo‘lib chaqnayapti, ularning ota-onalari labidan kulgi bo‘lib jaranglab to‘kilyapti. Ular mening ertaklarimni o‘qishyapti, men esa xona o‘rtasida ko‘rinmas odam bo‘lib o‘tiribman, chunki og‘zimda oq payraha bor! Agar ular ertagimdan qanoat hosil qilishganini ko‘rsam, men ham: «Ha, payrahada ham baxt yashirinishi mumkin!» – deyman.


Страницы книги >> Предыдущая | 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21 22 23 24 25 | Следующая
  • 0 Оценок: 0


Популярные книги за неделю


Рекомендации