Текст книги "Қор одам"
Автор книги: Ганс Христиан Андерсен
Жанр: Книги для детей: прочее, Детские книги
сообщить о неприемлемом содержимом
Текущая страница: 9 (всего у книги 25 страниц)
«Baribir, aytganim bo‘ladi!» – derkan u ba’zida o‘zigao‘zi.
Unga ispan sohilini, ota-onasining vatanini, hatto ular baxtiyor va mamnun yashagan o‘sha shaharni ham ko‘rish nasib bo‘libdi, ammo u o‘z vatani, o‘zi tug‘ilgan oila haqida mutlaqo hech narsa bilmas ekan.
Yigitchaga sohilga chiqish uchun ruxsat berishmas ekan, faqat kema ertaga jo‘naydigan kuni birinchi marotaba unga sohilga chiqishga ijozat berishibdi: bozordan ul-bul xarid qilish kerak ekan, uni yordamchi sifatida birga olib ketishibdi.
Nihoyat, Yurgen egnida ariq suvida yuvilgan va trubada quritilgandek ko‘rimsiz ko‘ylakda shaharga kelibdi. U barxanlar orasida dunyoga kelganidan beri shaharni endi ko‘rishi ekan. Qarasa, hammayoqda baland-baland imoratlar, tor ko‘chalar, odamlar esa hech qayoqqa sig‘masmish. Olomon u yoqdan-bu yoqqa yurayotgan-mish, go‘yoki ko‘chalardan daryo oqayotgandaymish; shaharliklar, dehqonlar, monaxlar, askarlar… Baqiriqchaqiriq, shovqin-suronmish, xachir va eshaklar bo‘ynidagi qo‘ng‘iroqlar jiringlayotganmish, cherkov qo‘ng‘iroqxonalari jarangi, qo‘shiq sadolari va raqqoslarning qayroq shiqillatishlari hukmronmish; hunarmandlar uylarining ostonalarida, yo‘l chetlarida taraqa-turuq qilib ishlashayotganmish. Quyosh olov purkab, havo odamlar nafasini qaytarib yuboradiganday isib ketibdi; Yurgen o‘zini go‘ngqo‘ng‘izlar, tillaqo‘ng‘izlar, asalari va pashshalar zo‘r berib g‘o‘ng‘illab shovqin solayotgan pechka ichiga kirib qolganday his qilibdi, boshi aylanib ketibdi. To‘satdan u qarshisida viqor bilan turgan cherkovga nazar tashlabdi; nimqorong‘ida cherkov gumbazlari-yu, ostida shamlar yonayotganmish, isiriqlar burqsayotganmish. Hatto eng juldurvoqi gado ham cherkovga kirishga haqlimish. Yurgen bilan birga bozorga yuborilgan matros o‘sha tomonga yo‘l olibdi: Yurgen unga ergashibdi. Devorlardagi oltin butlar nur sochib turganmish. Gullar va yonib turgan shamlar orasidagi mehrobda Bibi Maryam Hazrati Isoni bag‘riga bosib turganmish. Hashamatli sarpolar kiyib olgan ruhoniylar duolar o‘qishayotganmish, chiroyli-chiroyli bolakaylar esa isiriq tutatishayotganmish. Bu yerdagi barcha hashamat va go‘zallik Yurgenda chuqur taassurot qoldiribdi, ota-onalarining e’tiqod va dini uning qalbidagi eng yashirin torlarni chertib o‘tibdi; ko‘zlarida yosh yiltillabdi.
Ular cherkovdan chiqib, bozorga borishibdi, ul-bul xarid qilishibdi. Yurgen xarid qilingan mahsulotlardan ko‘tarib olibdi. Yo‘llari ancha yiroq bo‘lganidan u charchab qolibdi, biroz dam olish niyatida ustunlari marmardan ishlangan, har qayer-har qayerga haykallar qo‘yilgan, zinalari keng, hashamatli uy ro‘parasida to‘xtashibdi. Yurgen yukni devorga suyab qo‘yibdi, biroq shu payt egniga uqali kiyim kiygan, oltin bezaklar taqqan darvozabon kelib, unga kumush sopli hassani o‘qtalibdi, uni, ya’ni xo‘jayininiig nabirasini haydabdi! Lekin uning nabira ekanligini hech kim bilmas ekan-da. Yurgenning o‘zi ham nabira ekanligini bilmas ekan-da.
Kema yo‘lga chiqibdi. Yana o‘sha bemaza hayot, turtish, haqoratlash, to‘yib uxlamaslik, toliqtiradigan mehnat boshlanibdi. Xo‘sh, nima bo‘pti, hammasiga chidash kerak! Buni yoshlikning qattol maktabidan o‘tish deydilar. Bordiyu, seni baxtli qariyalik kutayotgan bo‘lsa-ku, yaxshi-ya!
Safar tugabdi, kema yana Ring Kepings ko‘rfaziga langar tashlabdi, Yurgen uyiga, qadrdon baliqchilar qishlog‘iga qaytibdi, biroq u jahonni kezib yurganda tutingan onasi olamdan o‘tibdi.
Qahraton qish kelibdi. Dengizda ham, quruqlikda ham qor bo‘roni avjiga minibdi; cho‘lda yurish juda qiyin bo‘lib qolibdi. Mamlakatlarning bir-biridan farqini qarang! Bu yerda izgirin, sovuq. Ispaniyada esa havo ochiq, sovuq kunlarda ham dengiz tomondan Shimoliy Vosborgga uchib ketayotgan oqqushlar galasini ko‘rib, hech bo‘lmaganda yoz latofatlaridan huzur qilib, bahra olasan, degan fikrga kelibdi. Yurgen fikran gullarga ko‘milgan, hil-hil bo‘lib pishgan mevalari yerda yoyilib yotgan, cho‘l arg‘uvonlari chaman-chaman ochilgan Shimoliy Vosborgni ko‘z oldiga keltiribdi. Oh, o‘sha yoqlarda yana bir marta bo‘lsa edi!
Bahor kelib, baliq tutish boshlanibdi. Yurgen otasiga yordam bera boshlabdi. U keyingi yili juda o‘sib ketibdi; u o‘tirib ham, turib ham suzishni o‘rganibdi, hatto suvda o‘mbaloq osharkan. Unga ko‘p marta skumbriya baliqlaridan ehtiyot bo‘lishni tayinlashibdi, chunki ular gala-gala bo‘lib yurishar, eng mohir suzuvchilarni ham suvning tubiga tortib ketib, yeb qo‘yishar ekan. Biroq Yurgenga xudo boshqa qismatni ravo ko‘rgan ekan.
Qo‘shnilarning Morten ismli o‘g‘li bor ekan. Yurgen u bilan do‘stlashibdi, ular ikkovlari Norvegiyaga, keyin Gollandiyaga boradigan kemaga yollanishibdi. Ular o‘rtasida janjalga sabab bo‘ladigan hech bir voqea bo‘lmabdi, lekin yo‘q narsadan ham janjal chiqib ketishi mumkin ekan-da! Qiziqqon odamlarning ko‘pincha qo‘li qichishib turadi; bir kuni arzimagan narsa xususida Morten bilan g‘ijillashib qolganda Yurgen ana shunday holatga tushibdi. Ular kapitan hujrasi orqasidagi burchakka o‘tirib olib, bitta kosadan ovqatlanishayotgan ekan; Yurgenning qo‘lida pichoq bor ekan, u pichoq bilan o‘rtog‘iga hamla qilibdi rangi quv oqarib, ko‘zlari Chaqnab ketibdi. Morten bo‘lsa:
– Sen bo‘lar-bo‘lmasga pichoq o‘qtaladigan odamlar toifasidansan! – deb qo‘ya qolibdi.
Shunda Yurgenning qo‘li shalpayib pastga tushibdi, churq etmay ovqatini oxirigacha yebdi-da, so‘ng o‘z ishi bilan ovora bo‘libdi. Ish tamom bo‘lgach, u Mortenning yoniga borib: «Betimga tarsaki tort, g‘ing demayman! To‘g‘ri, qonim xurmachadagi qaynayotgan suvdan hamisha ko‘pirib turadi!» – debdi.
– Bas buni unutaylik! – debdi Morten, shundan keyin ular o‘rtasidagi do‘stlik aloqalari yanada mustahkamlanibdi. Ular qumtepalari ko‘p bo‘lgan Yutlandiyaga, uylariga kelishgach, dengizda ko‘rgan-kechirganlarini, o‘rtalarida bo‘lib o‘tgan voqeani aytib berishibdi. Ha, Yurgenning qoni hamisha ko‘pirib, qaynab turardi. Shunga qaramay u mashhur, ishonchlik xurmacha ekan.
– Lekin u yutland xurmachasi emas55
Yutland xurmachasi deb atalmish idish qoramtir loydan yasalib, o‘tga chidamli, pishiq bo‘ladi.
[Закрыть], uni yutland deb ham bo‘lmaydi, – deb Morten uning jig‘iga tegarkan.
Ikkovlari ham yosh, navqiron, basavlat, baquvvat yigitlar ekan, lekin Yurgen Mortendan ancha chapdastroq ekan.
Shimolda, Norvegiyada dehqonlar podalarini alohida kapalari joylashgan tog‘larda boqishar, Yutlandiyaning g‘arbiy sohilidagi qumtepalarda esa baliqchilarning kulbalari bor ekan: ular kema siniqlaridan yasalgan bo‘lib, tomi torf va archalar bilan yopilgan ekan; kulbadagi devorlar yoniga uxlash uchun so‘rilar qurilgan ekan. Har bir baliqchining qizlardan yordamchilari bo‘lar ekan; qizlarning vazifasi qarmoqlarga xo‘rak qo‘yish, baliq ovidan qaytgan sohibini iliq kutib olish, pivo tutish, unga ovqat tayyorlash, qayiqdan tutilgan baliqlarni olib, tozalash ekan.
Yurgen, uning otasi va yana bir necha baliqchilar o‘z yordamchilari bilan bir kulbaga joylashibdi. Morten esa yonidagi kulbani egallabdi.
Qizlar orasida Else ismli qiz bo‘lib, uni Yurgen bolaligidan bilar ekan. Ikkovlari juda inoq ekan; ularning fe’l-atvorlari bir-birlarinikiga o‘xshab ketar, lekin tashqi qiyofalari bilan keskin farq qilishar ekan. Yurgen bug‘doyrang, qorasoch, qiz esa qorday oppoq ekan; qizning sochlari zig‘ir tolasiday oltinrang, ko‘zlari esa quyosh nur sochib turgan dengizday ravshan va moviy ekan.
Bir kuni ular birga ketishibdi. Yurgen uning qo‘lidan ushlab, kaftlari orasida qisibdi. Shunda Else unga:
– Yurgen, yuragim allanechuk bo‘lyapti! Sen akamday bo‘lib qolgansan, kel, sening qo‘lingdan ushlay qolay, men yollanib ishlayotgan Morten esa qallig‘im. Lekin bu haqda boshqalarga og‘zingdan gullab qo‘yma! – debdi.
Yurgenning oyoqlari ostidagi qum g‘irchillabdi, lekin u lom-mim demabdi, mayli deganday bosh irg‘ab qo‘ya qolibdi, xolos. Undan shundan boshqa narsa talab qilinmayotgan ekan. U bu gapdan keyin Mortenni juda yomon ko‘rib qolibdi. Ilgari u Elseni kam o‘ylarkan, hozirgi suhbatdan keyin Morten uning yakka-yu yagona sevgilisi Elseni tortib olganini his eta boshlabdi. Ish chappasiga olaman desa shunaqa bo‘lar ekan-da.
Baliqchilarning havo ochiq kunlari qoyatoshlar orasidan dengiz sohiliga suzib o‘tishlarini tomosha qilish juda maroqli ekan. Baliqchilardan biri qayiqning old tomonida turadi, eshkakchilar undan ko‘z uzishmaydi, eshkak eshishni to‘xtatish, qayiqni hayqirib kelayotgan to‘lqinlar ixtiyoriga qo‘yib berishga qilinadigan imosini kutib turishadi, binobarin, shu to‘lqinlar qayiqni qoya-toshlar orasidan osongina olib o‘tadi. To‘lqin qayiqni shunchalik yuqoriga otganidan sohildan qayiq ostidagi to‘sin bemalol ko‘rinadi, zum o‘tmay u to‘lqinlar girdobida qoladi; so‘ng qayiqni ham, odamlarni ham, machtani ham dengiz yutib yuborganday, ko‘rinmay ketadi. Biroq, bir lahzadan keyin qoyatoshlarning boshqa tomonidan xuddi dengiz tubidan chiqqan maxluqday tepada qayiq ko‘rinib qoladi; eshkaklar tez-tez eshiladi, dengiz maxluqining oyog‘i-oyog‘iga tegmaydi. Ikkinchi va uchinchi qoyatoshlar orasida ham shu hodisa takrorlanadi; keyin baliqchilar suvga sakrab tushib, qayiqlarni sohilga sudrashadi; to‘lqin orqadan itarib, ularga yordam beradi.
Qayiq tumshug‘ida turgan baliqchi vaqtida imo qilmasa yoki bir lahza xato qilsa, qayiq qoyatoshlarga urilib, chilparchin bo‘ladi.
«Shunday bo‘lsa men ham, Morten ham halok bo‘lamiz!» degan fikrni ko‘nglidan o‘tkazibdi Yurgen dengizda suzib ketayotganida. Uning otasining to‘satdan mazasi qochib, qaltiray boshlabdi. Bu orada qayiq so‘nggi qoyatoshga yaqinlashib qolibdi; Yurgen irg‘ib o‘rnidan turib: «Ota, yaxshisi, qayig‘imni qo‘yib yuboring!» – deb baqiribdi-da, Mortendan nigohini olib, to‘lqinlarga tikilibdi. Bir vaqt dahshatli to‘lqin yaqinlasha boshlabdi. Yurgen otasining qonsiz yuziga boqib, yovuz niyatini amalga oshira olmabdi. Qayiq qoyatoshlar yonidan eson-omon o‘tib, sohilga yetib kelibdi, lekin yovuz fikr Yurgenning miyasiga mahkam o‘rnashib olibdi; qoni qaynab ketibdi, Morten bilan do‘stlashgan paytlarda qalbida o‘rnashib qolgan ilk taassurotlar unga tinchlik bermabdi, shu vajdan u yovuz niyatini amalga oshirolmabdi. Ha, Morten uning umrini xazon qilibdi, buni o‘zi bilib turar ekan. Uni ko‘rgani ko‘zi, otgani o‘qi yo‘q ekan. Baliqchilardan ba’zilari bu ahvolni payqashibdi, biroq Morten hech narsani payqamabdi, avvalgiday qadrdon do‘st, dilkash yigitligicha qolaveribdi.
Yurgenning otasi yotib qolibdi; kasali og‘ir bo‘lganidan, bir haftadan keyin olamdan o‘tibdi. Yurgenga otasidan qumtepalardagi bitta uy meros bo‘lib qolibdi, uy esa kichkina, ammo shinamgina ekan, Mortenda esa shu uy ham yo‘q ekan.
– Mana endi matroslikka yollanmaysan! Hamisha biz bilan birga bo‘lasan! – deyishibdi Yurgenga keksa baliqchilar.
Biroq, Yurgenning o‘y-niyatlari boshqa yoqda bo‘lib, u jahongashtalik qilishni orzu qilar ekan. Ilonbaliq bilan savdo qiluvchi savdogarning Ko‘hna Skagenda tog‘asi bo‘lar ekan. U baliqchilik bilan shug‘ullanar ekan. U badavlat savdogar bo‘lib, hatto xususiy kemasi ham bor ekan. U muloyim chol ekan; bundaylarning qo‘lida ishlagan odam kam bo‘lmaydi. Ko‘hna Skagen Yutlandiyaning eng chekka shimolida, baliqchilar qishlog‘i va qumtepalardan yiroqda bo‘lgani uchun bu yer Yurgenga yoqibdi. U Else bilan Mortenning to‘yida kayf-safo qilishni istamabdi, to‘y esa ikki haftadan keyin bo‘lar ekan.
Keksa baliqchi Yurgenning niyatini ma’qullamabdi, axir, endi o‘z uying bor, Else ham senga moyil bo‘lib qolsa hech gap emas, debdi.
Yurgen cholning gaplariga hardamxayollik bilan javob beribdi, chol uning fikriga tushunibdi. U Elseni Yurgen huzuriga olib kelibdi. Qiz ko‘p gapirmabdi, shunday bo‘lsa-da, ba’zi narsalarni aytibdi…
– O‘z uying bor… Nega endi xayolga cho‘masan!
Yurgen chuqur o‘yga tolib qolgan ekan.
Dengizda mavj urgan shiddatli to‘lqinlardek insonlar qalbida ham undan kuchliroq to‘lqinlar tug‘yon uradi. U haddan tashqari hayajonlanibdi. Yurgenning miyasiga ko‘p fikrlar kelibdi, nihoyat u Elsega savol beribdi:
– Bordiyu Mortenda ham menikidaqa uy bo‘lganida, qaysi birimizni xohlarding?
– Axir, Mortenning uyi yo‘q, bo‘lmaydi ham!
– Xo‘sh, aytaylik, uyi bo‘ladi deb faraz qilsakchi?
– Unda Mortenni tanlardim, uni yaxshi ko‘raman! Axir sevgi qorin to‘yg‘azmaydi-ku!
Yurgen bu gaplarning mag‘zini tuni bilan chaqib chiqibdi. Nega u shu ahvolga tushib qolganini o‘zi ham bilmas ekan. Bu fikri Elsega bo‘lgan muhabbatidan ham kuchliroq bo‘lib chiqibdi, u shu fikr bilan ertalab Mortenning oldiga boribdi. Morten bilan uchrashib, unga tuni bilan o‘ylab chiqqan gaplarini aytibdi. U o‘rtog‘iga uning uchun foydali shart bilan uyini berib, o‘zi esa kemaga yollanib, jo‘nab ketajagini aytibdi. Else bundan xabardor bo‘lib, sevinganidan Yurgenni o‘pib olibdi, axir u Mortenni jonidan ortiq yaxshi ko‘rar ekan-da.
Yurgen ertasiga ertalab safarga otlanmoqchi bo‘libdi. Biroq, kechqurun ancha kech bo‘lishiga qaramay, u yana bir marta Mortenning oldiga bormoqchi bo‘libdi. U yo‘lga tushibdi, qumtepada uning jo‘nayotganini ma’qullamagan baliqchi cholni uchratibdi. «Nima balo, Mortenning ko‘zida mehrigiyosi bormi, qizlar uning ketidan yurgani-yurgan», – debdi baliqchi chol. Lekin Yurgen suhbatni bo‘libdi, u bilan xayrlashib, Mortenning oldiga jo‘nabdi. Uning uyiga yaqinlashganda qulog‘iga begona odamlarning tovushi chalinibdi; Yurgen Mortenning uyida birov bor deb to‘xtab qolibdi; U Else bilan uchrashishni xohlamabdi. Morten yaxshigina o‘ylab, biror fikrga kelib, menga minnatdorchilik bildiradi deb uyga kirmay, orqasiga qaytibdi.
U ertasiga quyosh chiqmasdan tugunini tugibdi. Tepadan sohilga tushibdi, botqoq qumdan ko‘ra, sohil bo‘ylab yurish oson va yaqinroq ekan-da; va’daga muvofiq u avvalo F’eltiringga tushib, ilonbaliq bilan savdo qiluvchi savdogar bilan uchrashmoqchi bo‘libdi.
Moviy dengiz o‘ziga xos chiroy bilan mavj urib turgan emish, sohil chig‘anoqlarga to‘la emish, bolaligida o‘yinchoq qilib bosib yurgan bu chig‘anoqlar oyoqlari ostida qisir-qisir qilibdi. To‘satdan Yurgenning burnidan qon kelibdi – bu arzimagan narsa bo‘lsa-da, biroq oqibati xunuk bo‘lishi mumkin ekan. Ikki-uch yirik qon tomchilari ko‘ylagining yengiga tomibdi, qonni artibdi, qon to‘xtabdi, shundan keyin ko‘zi ochilib, ancha yengil tortibdi. Qumda dengiz karami o‘sib yotgan ekan, undan bir shox sindirib olib, shlyapasiga qadab qo‘yibdi: «Oldinga dadil qadam tashla! Ilonbaliqlar aytganday, yorug‘ dunyoni ko‘rish uchun uydan turib mo‘ralash kerak, odamlardan ehtiyot bo‘ling! Ular yovuz, sizlarni o‘ldirishadi, nimta-nimta qilib, tovada qovurishadi!» deb o‘z-o‘ziga takrorlabdi va kulib yuboribdi. «Men o‘z jonimni qutqara olaman. Botirlik qal’alar oladi deb bejiz aytilmagan».
U G‘arbiy dengizni Nissum ko‘rfazi bilan tutashtirib turadigan torgina bo‘g‘ozga yaqinlashganda quyosh tikkaga kelibdi. U orqasiga qarabdi, uzoqda ikkita otliq va ularning ketidan kelayotgan bir necha piyodalarning shoshilayotganini ko‘ribdi. Shoshsa shoshilaverishsin, unga nima?
Qayiq narigi sohilda ekan. Yurgen qayiqchini chaqiribdi; ular bo‘g‘ozning o‘rtasiga yetib bormasdan haliga otliqlar ko‘rfazga yetib kelishibdi, baqirib-chaqirib, Yurgenga qonunni pesh qilib, orqaga qayt, deyishibdi. Yurgen ular nega shunday qilishayotganini anglamabdi, orqaga qaytish ma’qul bo‘lsa kerak deb o‘ylab, eshkakni eshib, qayiqni sohil tomon haydabdi. Qayiq sohilga yaqinlashishi bilanoq u yerda turgan kishilar darhol Yurgenning qo‘lini orqasiga bog‘lashibdi, u nima bo‘layotganini ham bilmay qolibdi.
– Shoshmay tur! Yovuzliging uchun boshing bilan javob berasan hali! – deyishibdi ular. – Yaxshi qo‘lga tushding!
Uni qotillikda ayblashibdi; Mortenni esa kekirdagi kesilgan holda topishibdi. Baliqchilardan biri kecha kechqurun Yurgenni Mortenning uyiga boradigan yo‘lda uchratgan emish, Yurgen unga oldin ham bir necha bor pichoq bilan daf qilgan emish, demak, u Mortenning qotili emish! Shuning uchun uni qattiq nazorat ostiga olish kerak ekan; eng ishonchli joy Ringk’yoping bo‘lib, u ancha yiroqda ekan. Shu payt g‘arbiy shamol esib qolibdi; yarim soat, hatto undan ham oz vaqt ichida bo‘g‘ozdan kechib o‘tib, Skerum daryosiga chiqish, daryodan Shimoliy Vosborgga chorak milya yo‘l yurib yetib olish mumkin ekan, o‘sha joyda ko‘tarmali mustahkam qal’a bor ekan. Qayiqda boshqalar bilan birga oqsoqolning akasi ham bor ekan, u Novcha Margarita qatl qilinguncha yotgan yerto‘laga Yurgenni qamashga ruxsat berishadi degan fikrda ekan.
Yurgenning o‘zini oqlab aytgan gaplariga quloq solishmabdi; yengidagi qon dog‘lari uning yolg‘on gapirayotganini fosh qilib turar ekan. O‘zi aybdor emasligini bilarkan-u, boshqalar, bunga ishonmas ekan, u taqdir hukmiga bo‘ysunishga majbur ekan.
Qayiq bir vaqtlar ritsar Buggening qal’asi qad ko‘targan, Yurgen ota-onasi bilan xudoyi oshi yegani kelgan ko‘tarma oldida to‘xtabdi. Eh, baxtga to‘la bolaligining unutilmas to‘rt kuni! Endi bo‘lsa uni o‘sha yo‘l, o‘sha o‘tloqlar bilan Shimoliy Vosborgga, hozir ham marjon daraxtlari gulga ko‘milgan, arg‘uvon gullari muattar hid taratayotgan joyga olib ketishyapti. U bu joylardan xuddi kechagina o‘tganday ekan.
Qal’aning chap tomonidagi imoratlardan birining zinapoyasi ostidan pastdagi gumbaz shaklli yerto‘laga yo‘l bor ekan. O‘sha yerdan Novcha Margaritani qatl qilishga olib chiqishgan ekan. U beshta go‘dakning yuragini yeb bo‘lib, yana ikkitasining yuragini yeyishni, shundan keyin osmonda uchib, ko‘rinmas odam bo‘lib qolishni niyat qilgan ekan. Devordan kichkina tuynuk ochilibdi, biroq arg‘uvon daraxtining muattar hidi yerto‘laga qirmas ekan. Yurgen yerto‘lada to‘shak o‘rniga namlik, po‘panak, yalang‘och taxtalarga duch kelibdi. Biroq, sof vijdonini yumshoq yostiqdan afzal deb bilib, shiringina uyquga ketibdi.
Og‘ir va qalin eshikka zalvorli temir zulfin qoqilgan ekan, lekin xurofot arvohlari qulf teshigidan ham, boylarning qo‘shiqlari va baliqchilarning kulbalariga ham o‘taveradi. Yurgen o‘tirib olib, Novcha Margarita haqida, uning yovuz qilmishlari haqida o‘y suribdi. Go‘yoki havoda ayolning so‘nggi daqiqada xayolidan kechirgan o‘y-fikrlari charx uribdi. Yurgenning xayoliga zamindor Svagvedel hayotlik paytlarida yuz bergan mo‘jizalar haqidagi hikoyalar ham kelibdi. O‘shanda odamlar ko‘prikni qo‘riqlayotgan itni ertalab ko‘prikka o‘z zanjiri bilan osib ketishganini ko‘rishgan ekan. Ana shu noxush o‘ylar Yurgenning yuragiga vahima solib, uni qo‘rqitibdi. Faqat gulga ko‘milgan marjon daraxti va arg‘uvonlar haqidagi xotiralarigina quyosh nurlariday yerto‘lani munavvar qilib turibdi.
U bu yerda uzoq turmabdi; uni Ringk’yopingdan mana shunaqa zax yerto‘laga ko‘chirishibdi.
U zamonlarda hozirgidaqa emas ekan, kambag‘alning ahvoli doimo voy ekan. Ko‘plab dehqon xonadonlari va butun boshli qishloqlar boylarning mulkiga aylanib qolgani ko‘plarning xotiridan hali ko‘tarilgani yo‘q, duch kelgan odam yoki malay sudya bo‘lib olib, kambag‘al dehqonni arzimagan aybi uchun chek yeridan mahrum qilishga yoki qamchilashga hukm qilavergan. Shunga o‘xshash xattiharakatlar Yutlandiyada ham davom etayotgan ekan. Qirol rezidentsiyasidan hamda ma’rifat o‘rgatuvchi odamlardan yiroq joylarda qonundan o‘z bilganlaricha foydalanishar ekan. Yurgenning qamoqxonada chekayotgan bu azobi uning oldida holva ekan.
Uni qamab qo‘yishgan xona juda sovuq ekan! Azobning oxiri bormi? U aybsiz, uni sharmandalik va kulfatga mubtalo qilishadi, qismati ana shunday ekan. U bu yerda xoli qolib, boshiga tushgan kulfat haqida obdan o‘ylash imkoniga ega bo‘libdi. Taqdir nechun uni bunday ko‘ylarga soldi? Hammasi siz bilan bizni kutayotgan kelgusi hayotimizda ravshan bo‘ladi! Yurgen ana shu ishonch bilan o‘sgan. Ispaniyaning serquyosh tabiati zulmat va sovuqda o‘tirgan o‘g‘longa baxt nuri sochyapti. Yurgen Yaratganning marhamatiga qattiq umid bog‘labdi, umid hech qachon dog‘da qoldirmaydi.
Bahorgi qattiq shamollar yana kuchayibdi. Dengiz shovqini bir necha milya masofadan, hatto mamlakat ichkarisidan ham eshitilibdi. Dengiz qattiq o‘kiribdi. O‘zining hayotiga biroz o‘xshab ketadigan ana shu shovqinlarga diqqat bilan quloq solibdi. Hech qanday qadimiy qo‘shiq uning qalbiga mana shu yugurik to‘lqinlarning musiqasi, toshqin dengizning ovoziday ta’sir qilmagan ekan. Eh, dengiz, yovvoyi, erkin dengiz – Sen bilan shamol odamlarni mamlakatdan mamlakatga eltasanlar, hamma joyda inson shilliqqurt singari o‘z uyini, vatanining bir qismini, jonajon tuprog‘ining bir qismini o‘zi bilan olib yuradi.
Yurgen to‘lqinlarning bo‘g‘iq shovqiniga quloq solgan sari uning qalbida o‘y va xotiralar tug‘yon uribdi. «Erkinlikka! Erkinlikka!» Kavushing poshnasiz bo‘lsa ham, egningda qirq yamoq kiyim bo‘lsa-da, erkinlikda bo‘lsang bas, shuning o‘zi jannat, huzur-halovat demakdir! Uning g‘azabdan qoni qaynab ketib, devorni mushtlabdi.
Shunday qilib kunlar, haftalar, oylar o‘taveribdi. Hashpash deguncha yil ham o‘tipti. To‘satdan Jallod laqabli o‘g‘ri Nilsni ushlab olishibdi, Yurgen uchun yorug‘ kunlar yetib kelibdi: ma’lum bo‘lishicha, unga nisbatan adolatsizlarcha yo‘l tutishgan ekan. Ringk’yoping bo‘g‘ozidan shimolroqda mayxona bo‘lar ekan. Yurgen ketadigan kuni shu yerda kechqurun Nils bilan Morten uchrashgan ekan. Ular bittadan qadah ko‘tarishibdi, so‘ng qadah ko‘tarishlar ulanib ketibdi. Morten uncha kayf qilmapti-yu, maqtangisi kelib, rosa valdirabdi: uy olganini, uylanajagini aytibdi. Nils undan shuncha pulni qayerdan olganini so‘raganida Morten maqtanib hamyonini urib qo‘yibdi:
– Shu yerdan boshqa qayerda bo‘lardi! – debdi.
Maqtanchoqlik uning boshiga yetibdi. U uyiga jo‘nabdi, Nils uning orqasidan o‘g‘rincha poylab borib, cho‘ntagida yo‘q pulni olish niyatida uning bo‘g‘ziga michoq tortib yuboribdi.
Bu hodisa jinoiy ishlar papkasida qayd qilinibdi. Biroq, biz Yurgenning ozod bo‘lganini bilsak, shuning o‘zi kifoya, u bir yil qamoqda tortgan azob-uqubatlar, och-nahor qolishlar, odamlardan tamoman ajralgani evaziga uni qanday taqdirlashdi? Unga Xudoga shukur, aybsiz ekansan, ketishing mumkin, deyishibdi, xolos. Burgomistr unga yo‘l xarajati uchun o‘n marka pul beribdi, shaharlik uning oldiga pivo va lazzatli taomlar qo‘yibdi. Ha, bu yerda ham saxiy odamlar topilibdi, ular «bo‘g‘izlab, terisini shilib, tozalab, so‘ng tovada qovuradigan odamlar» emas ekan! Hammasidan yaxshisi, u qamoqdan chiqqan vaqtda bu shaharga Yurgen bundan bir yil muqaddam yollanmoqchi bo‘lib yurgan o‘sha skagenlik savdogar Brenne kelib qolibdi.
Savdogar butun voqeadan xabar topib, tortgan azobuqubatlari uchun Yurgenni taqdirlamoqchi bo‘libdi; chol juda yumshoqko‘ngil ekan, kambag‘al chekkan uqubatlarni yaxshi tushunibdi, dunyoda yaxshi odamlar ham borligini bildirib qo‘ymoqchi bo‘libdi.
Yigit zulmatdan mehr-shafqat va hamdardlik kutayotgan yorug‘ dunyoga chiqibdi. Ha, uning huzurhalovat nash’asini surish payti ham yetib kelibdi. Umr kosasi nuqul limmo-lim bo‘lavermaydi. Bunday kosani hech bir yaxshi odam o‘z yaqiniga ravo ko‘rmaydi, lekin Xudoyi Taoloning esa marhamati keng.
– Tortgan azoblaringni butunlay unut, – debdi savdogar Yurgenga: – Tortgan azob-uqubatlaringni yodingdan chiqarib, kalendarni ham yondirib tashlaymiz, ikki kundan keyin yo‘lga chiqib, osoyishta, xudo kulib boqqan Skagenga boramiz! Uni chekka joy deyishadi-yu, ammo u yer obod, yorug‘ dunyoga barcha derazalari lang ochiq shahar!
Safar maroqli bo‘libdi. Yurgen ko‘ksini to‘ldirib nafas olibdi. U sovuq qamoqxona, bo‘g‘iq, iflos havodan qutulib, quyosh charaqlab turgan sof havoda yuribdi!
Archa gullab, cho‘l gulga ko‘milibdi, qo‘rg‘on ustida o‘tirgan podachi qo‘y suyagidan o‘zi yasagan surnayini chalibdi. Ajoyib samoviy sharpalar: osma bog‘lar, havoda suzib yuruvchi o‘rmonlar, havo to‘lqinlarining tebranishi o‘ziga xos joziba kasb etibdi, buni dehqonlar: «Lokeman o‘z podasini haydayapti!» deyishar ekan. Ana shu narsalarni Yurgen yana bir marta ko‘ribdi.
Ularning yo‘li Lim ko‘rfazi orqali Skagenga, «uzun soqolli odamlar» – longobardlar chiqqan tomonga tushibdi. Qirol Sino podsholik qilgan davrlarda bu yerda ocharchilik bo‘lib, barcha chollar va bolalarni qirib tashlamoqchi bo‘lishgan ekan, biroq shimoliy viloyatlarning sohibasi olijanob ayol Gambaruk yoshlarni mamlakatdan tashqariga surgun qilishni taklif qilibdi. Yurgen bu afsonani yaxshi bilar ekan, u Alp tog‘larining narigi tomonidagi longobardlar yurtini bilmasa-da, taxminan ular nimaga o‘xshashligini yaxshi bilar ekar. Axir, u bolaligida janubda, Ispaniyada bo‘lgan, mevalari mayishib yotgan daraxtlarni, qip-qizil anorlarni, asalari uyasiday g‘ujg‘on o‘ynayotgan azim shahardagi shovqinsuron, qo‘ng‘iroqlar tovushini ko‘rgan va eshitgan ekan. Lekin eng yaxshi mamlakat odamga xuddi o‘z vataniday bo‘lib qoladi, Yurgenning vatani esa Daniya ekan.
Nihoyat, ular qadimiy norveg va island solnomalarida Skagen deb nomlangan Vendil-Skaga shahriga yetib kelishibdi. O‘sha zamonlarda ham sohilning sayoz joylaridan to mayoqqacha ekinzorlar kesib o‘tgan ko‘z ilg‘amas qumtepalar orasida Ko‘hna Skagen, Vasterbyu, uylar va ko‘chma qumtepalar orasiga joylashgan shamol sayozlikdagi qumlarni uchirib ketgan, bu yerdagi baliqchi qushlar, dengiz qaldirg‘ochlari va yovvoyi oqqushlar quloqni qomatga keltirib qichqirishar ekan. Savdogar Brenne istiqomat qiladigan va Yurgen joylashmoqchi bo‘lgan Ko‘hna Skagen shahri Skagen burunining janubig‘arbidan bir milya uzoqda ekan. Savdogarlarning hovlisidan qatron hidi kelib turar ekan. Hovlidagi uylarning tomida qayiqlar to‘ntarib berkitilgan, cho‘chqaxonalar esa kema siniqlaridan qurilgan; hovli devori bo‘lmay, undagi uzun arqonlarga zich qilib baliqlar osilgan, qorni yorilgan baliqlar quritilayotgani sababli, bu yerga devorning hojati yo‘q ekan. Chunki hech kimdan hadiksirashmas ekan-da. Dengiz sohili chirigan seld balig‘iga to‘lib ketibdi: dengizga to‘r tashlamay turiboq sohil seldga to‘lib qolar ekan: ko‘pligidan eplab bo‘lmay, ularni yana dengizga tashlashar ekan, dengiz esa yana sohilga uloqtirar ekan, shu vajdan ular sohilda chirib yotar ekan.
Savdogarning oila a’zolari ularni zo‘r xursandchilik bilan kutib olishibdi. Savdogarning qizi go‘zal, ko‘zlari doimo o‘ynab turar ekan.
Uy ancha keng, shinam ekan. Stol ustiga baliqdan tayyorlangan lazzatli taomlar qo‘yilibdi. Vinolar «skagen uzumzoridan» – ulug‘ dengizdan tayyorlangan bo‘lib, uzum sharbati Skagenga bochka-bochka oqib kelar ekan.
Oyisi bilan qizi Yurgenning kimligidan, begunoh boshiga tushgan kulfatlardan ogoh bo‘lishganidan keyin unga mehribonchiliklari yanada ortib ketibdi. Ayniqsa savdogarning muloyim, shirinso‘z qizi Klara yigitga boshqacha munosabatda bo‘libdi. Yurgen Ko‘hna Skagenda rohat-farog‘atda yashaydigan ajoyib oila topib olibdi; endi xotirjam yashasa bo‘ladi, bu yosh yigit ozmuncha aziyatlar chekdimi, u qalbni iztirobga soladigan, lazzatli sevgi alamini ham totibdi. Yurgenning qalbi iztirob chekmabdi, u yanada yosharib ketibdi. Ha, aytganday, Klaraning Norvegiyaning Kristian Sann shahridagi xolasinikiga mehmonga jo‘naydigan vaqti ham yetib kelibdi. Qiz o‘sha yoqqa uch haftadan keyin kemada jo‘namoqchi va u yerda qish bo‘yi qolib ketmoqchi bo‘libdi.
Klara jo‘nashidan oldingi yakshanbada oila a’zolari bilan cherkovga ibodatga boribdi, cherkov katta, hashamdor bo‘lib, bundan bir necha yuz yil ilgari shotlandlar va gollandlar tomonidan qurilgan ekan; cherkov yaqinida shahar qad ko‘targan ekan. Cherkov ancha eskirib qolgan, unga boradigan yo‘l og‘ir bo‘lib, tepalik va o‘ydim-chuqur yerlardan o‘tar, qum kechishga to‘g‘ri kelar ekan, shunga qaramay, shahar aholisi ibodatxonaga toat-ibodat qilish uchun kelar ekan. Ba’zida ko‘chma qumlar qabriston devorini ham bosib ketar ekan, lekin qabrlarni doimo tozalab turishar ekan.
Bu Lim ko‘rfazining shimoliga joylashgan eng katta cherkov bo‘lib, mehrobida Bibi Maryam qo‘lida bolasi bilan go‘yo tirikday tik turar ekan, bolaxonalarga havoriylarning yog‘ochga o‘yilgan suratlari o‘rnatilgan ekan, yuqori devorlarga esa qadimiy skagen burgomistr va sudyalari suratlari ilingan ekan; har bir suratning ostida o‘sha shaxsga taalluqli shartli yozuvlar bor ekan. Minbar ham o‘yma naqsh bilan ishlangan ekan. Quyosh nurlari mis qandillarda, shipga ilingan jajji kemada jilolanar ekan.
Yurgenni bolaligida, Ispaniyadagi hashamatdor cherkovga kirganida qanday tuyg‘ular qurshab olgan bo‘lsa, hozir ham shunday bo‘libdi, biroq bu yerdagi ibodat qiluvchilar qavmiga qo‘shilgani haqidagi o‘y bu tuyg‘ularga qo‘shimcha bo‘libdi.
Ibodatdan keyin siylov boshlanibdi. Yurgen ham non va vinodan tatibdi, so‘ng u Klara bilan yonma-yon turib tiz cho‘kibdi. Biroq uning o‘y-xayollari Ollo Taolo bilan band bo‘lib, butun vujudi bilan ibodatga berilibdi, yonidagi qizni o‘rnidan turgandan keyingina payqabdi. Qarasa, qizning yuz-ko‘zidan shashqator yosh oqayotgan emish.
Oradan ikki kun o‘tgach, qiz Norvegiyaga jo‘nab ketibdi, Yurgen uyda qolib, uy-ro‘zg‘or ishlarini bajara boshlabdi, baliq tutibdi, o‘sha vaqtlarda tutishga arziydigan baliqlar ko‘p ekan. Skumbriyalar galasi kechalari suvda nurli chiziq qoldirib suzib yurishibdi, to‘rga tushib qolgan kertslar xirillashibdi, krablar nolaga o‘xshash ovoz chiqarishibdi; baliqlar odamlar aytganday, unchalik soqov emas ekan. Lekin Yurgen ulardan ham indamas bo‘lganidan, yurak sirini qattiq saqlabdi, qachonlardir bu sir albatta oshkor bo‘lishi kerak ekan.
U yakshanba kunlari cherkovda o‘tirib olib, nigohini mehrobda ko‘z qamashtirib turgan Bibi Maryam tasviriga tikibdi, ba’zan o‘zi Klara bilan tiz cho‘kib o‘tirgan joyga ham qarab qo‘yibdi. Qiz uning xayolidan hech nari ketmabdi. U Yurgenga qanchalar mehribon ekan-a…
Kuz kelibdi, namgarchilik, zulmat, loygarchilik boshlanibdi. Suvlar shahar ko‘chalarida halqob bo‘lib to‘planib qolibdi, qumlarga shimilib ketmabdi, shaharliklar suv kechib yurishga majbur bo‘lishibdi. Bo‘ron qoyatoshlarga kemalarni urib, chilparchin qila boshlabdi. Qor va qum bo‘ronlari boshlanibdi, uylarni qum bosib qolibdi, uy egalari mo‘rilardan tashqariga chiqishga majbur bo‘lishibdi, bu tez-tez uchrab turadigan hodisa ekan. Ammo savdogarning uylari hammomday issiq, shinamligicha qolaveribdi; bu uylarning o‘choqlarida doimo torf va kema siniqlari lovillab yonib turibdi, savdogar esa qadimiy solnomalardan Angliyadan qaytib kelgan va Bovberg jangida halok bo‘lgan Daniya shahzodasi Amlet haqidagi qissani o‘qib o‘tirgan emish. Uning qabri Ramme yaqinida, ilonbaliq bilan savdo qiluvchi keksa savdogar uyidan ikki milya narida joylashgan ekan; ko‘z ilg‘amas bepoyon cho‘lda yuzlarcha qabrlar do‘ppayib turar ekan; cho‘l katta qabristonning xuddi o‘zi ekan. Savdogar Brenne Amlet qabrini bir necha bor ziyorat qilgan ekan. Kitobxonlik me’dasiga tekkan vaqtlarda u o‘tmish haqida qo‘shnilari, inglizlar va shotlandlar haqida suhbat boshlab yuborar ekan, Yurgen esa ingliz shahzodasi, kemani qanday bezashganligi haqidagi qadimiy qo‘shiqni boshlab yuboribdi: