Электронная библиотека » Ганс Христиан Андерсен » » онлайн чтение - страница 16

Текст книги "Қор одам"


  • Текст добавлен: 29 апреля 2024, 16:20


Автор книги: Ганс Христиан Андерсен


Жанр: Книги для детей: прочее, Детские книги


сообщить о неприемлемом содержимом

Текущая страница: 16 (всего у книги 25 страниц)

Шрифт:
- 100% +

BAQA

Quduq chuqur bo‘lganidan arqon ham uzun edi. Suv to‘la paqirni tortib olishayotganda chig‘ir arang aylanardi. Quyosh shu’lasi hech qachon quduqning tiniq, musaffo suviga tushmasdi, quyosh nuri tushgan joylarda esa yo‘sin o‘sardi. Xuddi ana shu yerda kattagina baqalar oilasi istiqomat qilardi. Quduq ichida ularni ko‘chmanchilar deb atashardi. Rostini aytganda, bu yerga eng avvalo oyog‘i osmondan kelib, eng keksa baqa – baqalarning momosi kelib qolgandi, u hozir ham bor. Azaldan quduq ichida yashayotgan ko‘m-ko‘k baqalar suvda o‘zlarini yaxshi sezishar, keksa baqani o‘zlarining qarindoshi deb bilar, unga qarashli baqalarni «cho‘milgani kelgan chorbog‘chilar» deb atashardi. Chorbog‘chilarga esa bu yer yoqib qolibdi, ular «quruqlikda» mustahkam o‘rnashib olishibdi va quduqning nam devorlarini «quruqlik» deb nomlashibdi. Baqalarning momosi bir kuni sayohatga chiqibdi – paqirni tortib olishayotganda uning ichiga tushib ketibdi. Tepaga ko‘tarilsa, hammayoq yop-yorug‘mish, hatto ko‘zlari qamashib ketibdi. Baxtiga, paqirdan o‘z vaqtida sakrabdi. U suvga shaloplab tushibdi, uch kungacha qimirlay olmabdi, yelkalari zirqirab og‘ribdi. U tepadagi olamdan uncha xabardor emas ekan, lekin o‘zi ham, boshqalar ham quduq ichi butun olam emasligini yaxshi bilisharkan. Albatta, momo baqa yuqoridagi hodisa va voqealarni aytib bera olar ekan-u, lekin u hech qachon savollarga javob bermagan ekan, shu vajdan unga hech kim savol ham bermas ekan.

– Eh, anavi semiz kampir muncha xunuk-a! – deyisharkan yosh baqalar g‘azablanib. – Judayam badbashara-ya! Uning bolalari ham, nevaralari ham o‘ziga o‘xshagan xunuk bo‘ladi.

– Bo‘lishi mumkin, – debdi momo baqa. – Lekin ulardan birortasining yoki o‘zimning boshimda qimmatbaho tosh yashiringan.

Ko‘m-ko‘k baqalar uning gaplarini ko‘zlarini lo‘q qilib eshitishibdi, lekin bunaqa gaplar ularga yoqmabdi, shu vajdan aftlarini bujmaytirishib, suv ostiga sho‘ng‘ishibdi. Yosh baqachalar esa g‘urur bilan orqa oyoqlarini ko‘tarib qo‘yishibdi. Ular go‘yo qimmatbaho tosh har birining boshida turganday qimirlashmabdi, oxir-oqibat ular momolaridan nima uchun kerilishlari lozimligini va qimmatbaho toshning nimaligini so‘rashibdi.

– U judayam chiroyli, qimmat narsa! – debdi momo. – Uni ta’rif-tavsiflashga ham ojizman. Kishilar o‘zini xursand qilish va boshqalarning havasini keltirish uchun taqib yurishadi. Boshqa savol bermanglar, javob bermayman.

– Axir, menda qimmatbaho tosh yo‘q-ku, – debdi eng kenja va eng xunuk baqacha, undan ham xunugi yo‘q ekan-da. – Menga bunaqa chiroyning nima keragi bor? Boshqalar havas qilsa, buning qanaqa xush yoqadigan joyi bor? Yo‘q, men butunlay boshqa narsani orzu qilaman, bir marta bo‘lsa ham quduq qirg‘og‘iga ko‘tarilib, tashqariga nazar tashlasam, mayli. Yuqorida ta’rifga sig‘maydigan go‘zalliklar bor bo‘lsa kerak!

– Joyingda o‘tiraver! – deb gapga aralashibdi momo baqa. – Bu yerda sen hammani, hamma esa seni taniydi. Paqirdan ehtiyot bo‘l, yana ezib-netib qo‘ymasin! Paqirga tushib qoldingmi, darrov pastga sakrash payida bo‘l. Lekin hech kim quduqqa mendek epchillik bilan tusholmaydi, mana, terim ham, suyagim ham bus-butun.

– Vaq! – debdi kichkina baqa, bu bizning «oh!» deganimizning o‘zginasi ekan.

Uning qirg‘oqqa chiqqisi, tashqarini tomosha qilgisi, ko‘m-ko‘k o‘t-o‘lanlarni judayam ko‘rgisi kelibdi! Ertasi kuni suv to‘la paqir bir zumga kichkina baqa o‘tirgan tosh oldida to‘xtab qolgan ekan, uning yuragi gup-gup uribdi, paqirga sakrab tushibdi va uning tubiga yashirinib olibdi. Paqirni yuqoriga tortib olishibdi-da, darhol suvini to‘kib tashlashibdi.

– Rosa omadim keldi-ku! – debdi baqaga ko‘zi tushgan bir kishi kinoya bilan. – Buning xunukligini qarang-a! Bunaqa badbasharasini hech uchratmaganman! – Shunday debdi-da, yog‘och kavushi bilan baqani tepib yuboribdi, sal bo‘lmasa mayib qilayozibdi. Yaxshiyamki, baqa darhol o‘zini qichitqi o‘t ichiga olibdi. U har bir poyani ko‘zdan kechiribdi, osmonga qarabdi: quyosh nurlari yaproqlar orasidan mo‘ralabdi, yaproqlar judayam tiniqlashib ketibdi. Baqa qichitqi o‘t poyalari orasida odamlar o‘zini o‘rmonda yurganda qanday his etsa, u ham o‘zini shunday his etibdi.

– Bu yer quduqqa qaraganda ancha go‘zal ekan! Bu yerlarda umrbod qolish mumkin, – debdi jajji baqacha. U qichitqi o‘t ustida bir soat o‘tiribdi, ikki soat o‘tiribdi. – Qiziq, buyog‘i qanaqa bo‘larkin? Shu yerga yetib kelgandan keyin atrofni ham tomosha qilish kerak-da! U shosha-pisha oldinga intilibdi, hademay o‘zini yo‘l yoqasida ko‘ribdi. Qarasa, quyosh charaqlab turganmish, hammayog‘i tuproq bo‘lib ketganmish, shunday bo‘lsa ham yo‘lni kesib o‘tibdi.

– Mana bu yerni quruqlik desa bo‘ladi. Atrofning ko‘rkamligini qara-ya! Qanday yaxshi! Hatto ichlarim jimirlab ketyapti!

Ko‘p o‘tmay ariq bo‘yiga yetib boribdi. Bu yerda bo‘tako‘z va tabulg‘alar gullab yotganmish. Ariq bo‘yida jonli devorday do‘lana va marjon daraxtlarining bo‘talari qalin o‘sganmish. Oq pechakgul chirmoviqday yuqoriga intilibdi. Umuman, bu yerda gullarning hisobi yo‘qmish! Ularning ustida kapalaklar uchib yurganmish. Baqa uni ham gul bo‘lsa kerak, olamni kezish uchun yuqoriga ko‘tarilgan bo‘lsa kerak, deb o‘ylabdi.

– Men ham ana shunaqa tez harakat qilolsaydim, – deb xo‘rsinibdi baqa. – Vaq! Vaq! Naqadar go‘zal!

Baqa ariq ichida sakkiz kecha-yu sakkiz kunduzni o‘tkazibdi. Yegani oldida, yemagani ketida bo‘libdi. To‘qqizinchi kuni: «Olg‘a! Olg‘a!» deb oldinga intilibdi.

Yaxshilikdan yaxshilik izlamaydilar, lekin u nimani axtarmoqchi bo‘libdi? Yo o‘ziga o‘xshagan bir-ikkita cho‘l baqa va ko‘k baqalarni topmoqchimikin? To‘qqizinchi kun kechasi shabada o‘ziga qadrdon ovozlarni olib kelibdi, qarindosh-urug‘lar shu yaqin o‘rtada bo‘lsa kerak-da.

– Hayot go‘zal! Quduqdan chiqib olish, qichitqi o‘t ustida o‘tirish, chang yo‘llarda sakrab-sakrab yurish, namgina ariq ichida huzur qilib dam olish naqadar yaxshi! Lekin olg‘a, olg‘a! Baqalarni izlab topish kerak! Do‘stlarsiz yashay olmaysan, yolg‘izga dunyo ham torlik qiladi!

Shunday deb baqa yo‘lga tushibdi.

U dalani kesib o‘tib, atrofi qamish bilan qurshalgan katta anhor labigacha sakrab boribdi, qamishzor ichiga qarabdi.

– Siz cho‘lbaqa ekansiz; bu yer sizga namlik qilmaydimi? – deyishibdi anhordagi baqalar. – Lekin kelganingizdan behad xursandmiz. Siz yigitmisiz yo xonim? Aytganday, o‘z uyingizday bemalol yuravering.

Kechqurun uni uy kontsertiga taklif qilishibdi. Bu yerdagi shovqin xuddi odamlarnikiga o‘xsharmish. Uni kechki ovqat bilan siylashmabdi, lekin ichimlik tekin ekan, bir anhor-a, ming ichgan bilan tugamaydi!

– Xo‘sh, endi men ketay, – debdi kichkina cho‘lbaqa. Uni bundan ham yaxshiroq narsalar kutayotgandaymish.

U osmonda charaqlab turgan katta-kichik yulduzlarni, yangi chiqqan oyni, quyosh chiqishini va osmon-u falakka ko‘tarilishini ko‘ribdi.

– Men hamon quduqdaman, lekin oldingidan kattaroq quduqdaman! Men yuksakka ko‘tarilishim kerak. Meni yuksaklik o‘zi tomon imlayapti, o‘zimni qo‘ygani joy topolmayapman!

O‘n to‘rt kunlik oy chiqqanda esa, bechora o‘ylabdi: «Ehtimol, bu ulkan paqir bo‘lsa kerak? Uni pastga tushirishsa unga tushib olaman, yanada balandga chiqaman! Ehtimol, quyosh paqirdir? U biram katta, yarqiroqki! Hamma baqalar unga bemalol sig‘amiz. Faqat kuzatish, fursatni qo‘ldan boy bermaslik kerak. Oh, olam, olam! Hatto qimmatbaho tosh ham bunchalik yarqiramasa kerak. Lekin u tosh boshimda yo‘q, bo‘lmasa ham mayli – uning menga keragi yo‘q. Yo‘q, men yuksaklikka, nur va baxt sari ko‘tarilmoqchiman! Men shunga jazm qildim, lekin sal hadiksirab turibman, bunga jazm etish hazilakam ishmi? Lekin kerak bo‘lgandan keyin kerak-da. Olg‘a, olg‘a, yo‘lga!»

U oldinga shunaqayam qattiq sakrabdiki, anchamuncha cho‘lbaqa bunaqa sakray olmaydi, u o‘zini qishloq yo‘lida ko‘ribdi. Atrofda odamlar yashayotganmish. Hammayoqda bog‘ va polizlar yastanganmish. Cho‘lbaqa damini rostlab olish uchun karam bargi ostida to‘xtabdi!

– Atrofda shuncha mavjudotlar bor-a, bu mening xayolimga ham kelmagan ekan. Oh, dunyo naqadar keng, unda yashash qanchalik zarur, hamma narsani yaxshilab ko‘rish lozim.

Shunday deb, u tomorqaga o‘tibdi.

– Voy, bunchayam o‘t-o‘lan ko‘p-a! Jonning huzuriya!

– Bo‘lmasamchi! – debdi karam yaprog‘ida o‘tirgan kapalak qurti. – Men o‘tirgan yaproq judayam katta! U yarim dunyoni o‘z soyasi ostiga oladi, lekin shunday bo‘lsa ham yaxshi yashayman!

– Qo-qo-qo! – degan tovushni eshitibdi cho‘lbaqa. Qarasa, tomorqa ichida tovuqlar yurganmish. Oldindagi tovuqning ko‘zi o‘tkir ekan. U darhol karam bargi ustida o‘tirgan kapalak qurtini ko‘ribdi va cho‘qishga chog‘lanibdi. Lekin kapalak qurti o‘zini yerga tashlabdi va jon-jahdi bilan o‘rmalay boshlabdi. Tovuq unga bir ko‘zi bilan qarabdi, keyin boshqasi bilan qarabdi: qurtning nima uchun bunchalik jilpanglashini tushunmabdi.

«U o‘z xohishi bilan shunday qilmayapti», – deb o‘ylabdi tovuq va uni cho‘qishga hozirlanibdi. Cho‘lbaqa shunaqangi dahshatga tushibdiki, tovuqqa qarab sakraganini o‘zi ham bilmay qolibdi.

– Ha, hali shunaqami? Uning ko‘maklashadigani ham bor ekan-da! – deb xitob qilibdi tovuq. – Buning xunukligini qarang! – U teskari o‘girilib olibdi. – Bu badbashara maxluqni yeb zarur kelibdimi, uni o‘ylaganim sayin ko‘nglim aynib ketyapti.

Boshqa tovuqlar ham uning fikriga qo‘shilishibdi va nari ketishibdi.

– Xo‘b buralib qochdim-da! – debdi kapalak qurti. – Yaxshiyamki hammavaqt dadil turaman. – Lekin eng mushkul ish oldinda – karam bargi ustiga chiqib olishda. U qayerda qoldiykin?

Jajji cho‘lbaqa hamdardlik bildirgani uning yoniga sakraganicha boribdi. O‘zining badbasharaligi bilan dushmanlarni qo‘rqitib yuborganidan quvonib ketibdi.

– Siz nimalar deyapsiz o‘zi? – debdi kapalak qurti. – Sizning ko‘magingizsiz o‘zim qochdim. Sizga tikilish biram malol kelyaptiki! Meni o‘z uyimda o‘z holimga qo‘yishingizning iloji yo‘qmikin! O, men karam hidini sezyapman! Yaprog‘im qayerdaligini endi bilaman. O‘z uyingdan ham aziz, ajoyib narsa yo‘q bo‘lsa kerak. Faqat yuqoriroqqa chiqib olish kerak.

«Ha, yuqoriroqqa, – debdi cho‘lbaqa o‘z-o‘ziga. – Menga o‘xshab kapalak qurti ham yuksaklikka intilmoqchi. Faqat uning avzoyi buzuq. Bo‘lmasam-chi, uni rosayam qo‘rqitishdi-da! Hammamiz ham yuqorilamoqchimiz», – shunday debdi-yu, u boshini baland ko‘taribdi, bunaqa qilish cho‘lbaqa uchun ancha qiyin.

Dehqon uyining ustiga laylaklar uya qurgan ekan. Nar va moda loylak tinimsiz shaqshaqlashaveribdi.

– Ular naqadar yuksakda yashashadi! – deb ajablanibdi cho‘lbaqa, – o‘sha yoqqa men ham chiqib olsam edi!

Ana shu uyda ikkita yoshgina talaba yashar ekan. Ularning biri shoir, boshqasi tabiatshunos ekan. Biri chin ko‘ngildan xudo yaratgan mavjudotlarni qisqa, musaffo, jarangdor she’rlarda kuylarkan. Boshqasi esa har bir hodisa mohiyati va tafsilotini o‘rganar, ular orasidagi aloqalar sirini ocharkan. Uning uchun dunyo qiyin va murakkab arifmetik masala ekan, u hisoblar, ko‘paytirar, har bir narsani bilib olish ishtiyoqida yonar, fikr yuritar, hamma narsa haqida oqilona va berilib gapirarkan. Xullas, studentlar xushchaqchaq, ajoyib yigitlar ekan.

– Qara, cho‘lbaqaning ajoyib nusxasi, – debdi tabiatshunos, – uni spirtlab qo‘yilsa soz bo‘lardi.

– Yana ikkita baqa bor-ku, – deb e’tiroz bildiribdi shoir, – uni o‘z holiga qo‘y, hayot nash’asini sursin.

– Bu naqadar xunuk, lekin ajoyib-a! – deb xitob qilibdi sherigi.

– Agar uning boshida qimmatbaho tosh borligiga ishonchim komil bo‘lganda edi, – debdi shoir, – uni yorishga ham rozi edim.

– Cho‘lbaqada qimmatbaho tosh bo‘larkanmi? – deb kulibdi sherigi. – Tabiatshunoslikdan hech xabaring yo‘q ekan.

– Eng badburush jonivor – baqaning boshi ichida qimmatbaho tosh yashiringani haqidagi xalq afsonasi ajoyib narsa emasmi? Buni odamlarga nisbat bersa ham bo‘ladi. Ezop, Suqrotlarni xotirla!

Cho‘lbaqa ortiq hech narsa eshitmabdi, eshitganlarining ham yarmini tushunmabdi. Do‘stlar uning yonginasidan o‘tib ketishibdi, u esa spirtli shishaga tushish xavfidan qutulib qolibdi.

– Ular ham qimmatbaho tosh haqida gapirishdi! – deb ajablanibdi cho‘lbaqa. – Uning menda yo‘qligi naqadar katta baxt, bo‘lmasa sho‘rimga sho‘rva to‘kilarkan.

Tomdagi laylaklar battar shaqshaqlashibdi. Mundoq qarasa, ota laylak oila a’zolariga ma’ruza o‘qiyotibdi-yu, oila a’zolari esa tomorqada yurgan ikkita yosh yigitga tikilib turishgan ekan.

– Inson – o‘ta shuhraparast maxluq! – deb uqtiribdi laylak.

– Ularning nimalar deyayotganiga quloq soling! Ularning valaqlashidan nima foyda? Ular nuqul o‘zlarining shirinsuxanligi, til boyliklari bilan kerilishadi. Ularning tili ham til bo‘ptimi? Ular bir joydan boshqa joyga borib qolsa, bir-birlarining tilini tushunishmaydi. Bizniki haqiqiy til! Tilimiz yer kurrasining hamma burchaklarida, Daniyada ham, Misrda ham hammamizga tushunarli. Eh, odamlar, odamlar! Hatto ular hozir tezroq harakat qiladigan bo‘lib qolishdi, allaqanday temir yo‘lni o‘ylab topishdi, lekin ko‘p odam bu yo‘llarda hayot bilan vidolashdi! Bularni o‘ylasang, dahshatdan hatto tumshuqlaring ham zirqirab ketadi! Yo‘q, odamlar bo‘lmaganida ma’qul edi. Baqalar, yomg‘ir chuvalchanglar serob bo‘lsa, ularsiz ham binoyidek yashayveramiz.

«Naqadar tantanavor nutq! – deb o‘ylabdi jajji cho‘lbaqa. – Eng yuqorida o‘tirganidan uning donishmand, mashhurligi sezilib turibdi! Hech kimni bunchalik yuksaklikda ko‘rmagandim!» Laylak qanotlarini yozib parvoz qilganda esa: «Uning suzishini qarang-a!» deb xitob qilibdi.

Moda laylak uyasida o‘tirib olib javrashda davom etibdi. U bolalariga Misr, Nil daryosi, ajoyib botqoqliklar haqida gapiribdi. Jajji cho‘lbaqa uchun bu gaplar yangi va hayajonlantiruvchi gaplar edi.

– Misrga jo‘nashga to‘g‘ri keladi, – debdi cho‘lbaqa. – Erkak laylak va uning bolalaridan birontasi meni birga olib ketganda edi. Keyin yaxshiliklarini unutmasdim, to‘ylarida xizmat qilardim. Oh, Misrga borsam kerak, omadim yurishib turibdi-ku! Mana shunday oshiqish, intilish og‘ushida yashash qanday yaxshi! Qimmatbaho toshni olib yurgandan shu ma’qul-da.

Qimmatbaho tosh esa xuddi uning boshida saqlanar ekan! Hamisha yiroq-yiroqlarga, oldinga intilishdan ham qimmatli narsa bormi? Ana shu intilish qalbiga harorat berib, hayotini munavvar qilib, bitmas-tuganmas xursandchilik, baxt keltirib turarkan.

Xuddi shu payt unga laylak yaqinlashibdi. U o‘t-o‘lan ichidagi cho‘lbaqani ko‘rib qolibdi, pastlab, sho‘ng‘ib osmonga ko‘tarilibdi, cho‘lbaqaning quloqlari shamol shovqinidan qomatga kelibdi. Bundan u juda quvonib ketibdi. Bo‘lmasam-chi, uni yuksaklikka ko‘tarishdi, uni Misrga olib ketishyapti! Cho‘lbaqaning ko‘zlari charaqlab, undan uchqunlar sochilibdi.

– Vaq! Vaq!

Shunday qilib, cho‘lbaqa yo‘q bo‘libdi. Xo‘sh, uning ko‘zlaridan taralayotgan uchqunlar qayoqda qoldi?

Uni quyosh nurlari o‘z bag‘riga olibdi, quyosh nurlari cho‘lbaqaning boshidagi qimmatbaho toshni olib ketishibdi. Lekin qayoqqa?

Buni tabiatshunosdan emas, yaxshisi, shoirdan so‘ra! U senga kapalak qurti, laylak bolalari haqida chinakam ertaklar aytib beradi! O‘zing o‘ylab ko‘r! Qurt chiroyli kapalakka aylanadi. Laylaklar dengiz va tog‘lar ortidagi yiroq Afrikaga otlanishadi, so‘ng qisqa yo‘llar bilan yana Daniyaga qaytishadi, o‘sha joy, o‘sha tomda bo‘lishadi. Lekin bular ertakka o‘xshaydi-yu, aslida u turgan-bitgani haqiqat. Buni tabiatshunosdan so‘ra, u ham shunday deydi. Buni o‘zing ham bilasan, bunaqa hodisalarni ko‘p ko‘rgansan.

Cho‘lbaqaning boshidagi qimmatbaho tosh qayoqda qoldi? Uni quyoshdan axtar, uning ichidan topib olishga intil.

To‘g‘ri, quyosh judayam yorqin porlaydi, nur sochadi. Ollo Taolo ato qilgan quyoshga boqish uchun ko‘zimiz bardosh berolmaydi. Lekin qachon bo‘lmasin qarashga o‘rganamiz. Bu esa eng ajoyib ertak bo‘ladi, axir, u bizning haqimizdagi ertak-da.

YOVUZ PODSHO
(Afsona)

Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, kalondimog‘ bir podsho o‘tgan ekan. U nuqul butun olamni o‘ziga bo‘ysundirish, o‘z nomi bilan hammaga dahshat solish xayoli bilan yasharkan. Kunlarning birida u o‘zga yurtga o‘t ochib, qilich yalang‘ochlab bostirib kiribdi; uning jangchilari ekinlarni payhon qilishibdi, dehqonlarning uylariga o‘t qo‘yishibdi; olovning qizil tillari daraxt yaproqlarini yalabdi, g‘ujanak bo‘lib qolgan novdalardagi mevalar qora qurumga aylanibdi. Tutuni osmonga ko‘tarilayotgan devorlar ortida onalar qipyalang‘och bolalarini bag‘riga bosib yashirishibdi, lekin jangchilar ularni axtarib topishibdi, kishini dahshatga soladigan hangomalar boshlashibdi!

Yovuzlikda devlar ham bular oldida ip esholmaydigan bo‘libdi. Lekin podshoning nazarida hamma ishlar silliq ketayotganday tuyulibdi. Kun sayin uning qudrati oshib boribdi, uning nomi hammani talvasaga solibdi, har bir yurishda omad unga yor bo‘libdi. U bosib olingan shaharlardan oltin va behisob xazinalarni talab kelib, poytaxtida bitmas-tuganmas boylik to‘plabdi; dunyoning biror yerida bunaqa boyliqni uchratish qiyin ekan. U hashamatli saroylar, ibodatxonalar va arklar qurishni buyuribdi, bu qurilishlarni ko‘rgan odamlar: «Naqadar buyuk podsho!» – deb xitob qilishibdi. Lekin ular podshoning o‘zga yurtlar boshiga solgan kulfatlarini o‘ylashmabdi, talangan va yondirilgan shaharlar aholisining oh-vohlari, shikoyatlarini eshitishmabdi.

Podshoning o‘zi ham oltinlariga, hashamatli binolariga tikilib, boshqalar singari: «Qanday ulug‘ podshoman-a! Lekin bular ham mening uchun oz! Bundan ham zo‘rroq bo‘lmoqchiman! Jahonda hech kimning hukmronligi menikidan o‘zish u yoqda tursin, hatto tenglashishi ham mumkin emas!» – deb o‘ylarkan.

Shunday qilib, u qo‘shni mamlakatlarga yurish qilibdi va ularni o‘ziga bo‘ysundiribdi.

U poytaxt ko‘chalarini aylanmoqchi bo‘lsa asir olingan qirollarni oltin zanjirlar bilan o‘z aravasiga bog‘lab qo‘yishga amr qilar ekan. U ovqatlanishga o‘tirgan paytda ular arkoni davlatning oyog‘i ostida yotishi, zodagonlar tashlagan burda-burda nonlarni ilib olishi kerak ekan.

Nihoyat podsho o‘ziga hamma maydonlarda va saroylarda haykallar o‘rnatmoqchi bo‘libdi; u o‘zining haykallaridan birini ibodatxonadagi mehrob ro‘parasiga ham qo‘ymoqchi ekan, lekin ruhoniy: «Podsho, sen ulug‘san, ammo Ollo Taolo sendan ham ulug‘, shu vajdan bunday qilolmaymiz», – debdi.

– Bo‘pti! – debdi yovuz podsho. – Men xudoni ham bo‘ysundiraman!

Bema’ni mag‘rurlikdan boshi aylangan podsho havoda uchadigan ajoyib kema qurishni buyuribdi. Kemaning hammayog‘iga bo‘yoq bilan gul solib tashlanibdi, u minglarcha tangalari bor tovus dumiga o‘xshab qolibdi, har bir tangadan miltiq og‘zini chiqarib qo‘yibdi. Podsho kemaga o‘tiribdi; bitta prujinani bosgan zahoti minglarcha o‘q otilarkan, miltiqlar yana o‘z-o‘zidan o‘qlanib qolarkan. Yuzta bahaybat lochin kemaga qo‘shilibdi, kema osmoni falakka ko‘tarilib, quyosh tomon yo‘l olibdi. Pastda yer arang ko‘rinibdi, tog‘ va o‘rmonlar avvalo shudgor qilingan qo‘riqqa, keyin esa sip-silliq xaritaga tushirilgan manzaraga o‘xshab ketibdi va, nihoyat, ular ham bulut tumani orasida ko‘zga ko‘rinmay qolibdi. Lochinlar tobora yuksakka ko‘tarilibdi; shunda parvardigor son-sanoqsiz farishtalaridan birini unga peshvoz chiqaribdi, lekin yovuz podsho uni o‘t ochish bilan qarshi olibdi. O‘qlar farishtaning yarqiroq qanotlariga borib tegibdi va pastga tutday to‘kilibdi, qorday oppoq qanotdan faqat bir tomchi qon podsho o‘tirgan kemaga tomibdi. Tomchi kema yog‘ochini o‘yib kirib, kema tubini ming pudlik qo‘rg‘oshinday pastga tortqilabdi. Kema ko‘z ko‘rmagan, quloq eshitmagan tezlik bilan pastga tusha boshlabdi; lochinlarning qudratli qanotlari sinib ketibdi; podshoning quloqlarida shamol guvillabdi; yongan shaharlardan to‘plangan bulutlar jipslashib bahaybat shaklga kira boshlabdi; qisqichini podsho tomonga uzatayotgan ulkan qisqichbaqalarga, tog‘lardan dumalayotgan qoyatoshlarga, olov purkayotgan ajdaholarga aylanibdi. Podsho kema tubida dahshatdan chalajon bo‘lib yotaveribdi. Nihoyat kema qalin daraxtzorda shoxlar orasiga tiqilib qolibdi.

– Baribir Xudoni yengaman! – debdi podsho. – Men uni yengaman deb ont ichganman, aytganimni qilaman! – Shunday qilib, u yangi havo kemalari yasashga buyruq beribdi; kema yasash yetti yil davom etibdi. Shuningdek, u chaqmoqdan mustahkam po‘lat quyishga ham amr qilibdi, samo qal’asini hujum qilib olmoqchi bo‘libdi; o‘z davlatining hamma burchaklaridan qo‘shin to‘plabdi; qo‘shinlar bir necha kvadrat milya joyni egallabdi. Askarlar kemalarga o‘tirishga tayyor ekan, podsho o‘z kemasiga yaqinlashibdi, shu payt parvardigor unga qarshi kichkinagina chivinlar galasini yuboribdi. Chivinlar podsho atrofida g‘ung‘illab, yuz-ko‘zlarini chaqa boshlabdi. U jon achchig‘ida qilichini yalang‘ochlab chivinlarga hamla qilibdi, lekin qilich chivinlarga tegmay, nuqul havoni kesibdi, xolos. Shunda u qimmatbaho gilamlarni keltirib, chivinlar chaqmasligi uchun o‘zini o‘rab tashlashlarini aytibdi. Buyruq bajarilibdi, lekin chivinlardan biri gilam ichiga kirib olibdi. Podshoning qulog‘iga kirib chaqibdi. Podshoning tomirlarida olov yugurganday bo‘libdi, chivin zahari uning miyasigacha yetib boribdi, u gilamlarni uloqtirib, kiyim-kechaklarini tilka-pora qilibdi, qipyalang‘och holda qahri qattiq askarlari oldida u yoqdanbu yoqqa yugurib irg‘ishlay boshlabdi. Olomon esa xudoni yengmoqchi bo‘lgan, lekin o‘zi mag‘lub bo‘lgan tentak podshoning ustidan rosa kulibdi.


Страницы книги >> Предыдущая | 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21 22 23 24 25 | Следующая
  • 0 Оценок: 0


Популярные книги за неделю


Рекомендации