Текст книги "Қор одам"
Автор книги: Ганс Христиан Андерсен
Жанр: Книги для детей: прочее, Детские книги
сообщить о неприемлемом содержимом
Текущая страница: 7 (всего у книги 25 страниц) [доступный отрывок для чтения: 8 страниц]
Anne Lisbetning xayolida xuddi shu biz aytgan narsalar keza boshlabdi; ana shu o‘ylar yuki uni bosib yerga o‘tqazib qo‘yibdi, bir necha qadam emaklabdi ham. Qulog‘iga: «Meni dafn et! Meni dafn et!» degan tovush kiribdi. «Bularni eshitgandan ko‘ra o‘zim o‘lib qo‘ya qolsam bo‘lmaydimi?! – o‘ylabdi u, – o‘shanda bu gaplar abadiy unutilib ketardi!» Anne Lisbetning vijdoni uyg‘onadigan jiddiy, dahshatli onlar yetib kelibdi. U ruhiy dahshatdan azoblanar va o‘rtanarkan. Ilgarilari hech bir ahamiyat bermagan narsalar xayoliga kelibdi. Ilgari eshitib yurgan narsalari oydinli tundagi bulut soyalariday ko‘z oldidan ovozsiz o‘ta boshlabdi. Uning yonginasidan to‘rtta ot pishqirganicha chopib o‘tibdi; ularning ko‘z va burun kataklaridan olov chiqib turganmish; otlar lovillab yonib, cho‘qqa aylanib ketgan karetani tortib borayotganmish, karetada bundan yuz yil muqaddam shu atroflarda hammaga zulm o‘tkazib, ozor berib yurgan bir pomeshchik o‘tirganmish. Aytishlariga qaraganda, u har kuni yarim kechada o‘z qasriga borib, o‘sha zahoti orqasiga qaytarkan. U murda singari qonsiz emas, balki ko‘mirday qorayib ketganmish. U Anne Lisbetga bosh irg‘ab, qo‘lini silkibdi: «Tarmashaver, tarmashaver! O‘shanda yana garf karetasida yurasan, o‘z tuqqan farzandingni unutasan!» debdi.
Anne Lisbet jon-jahdi bilan oldinga yuguribdi, hademay bir qabristonga yetibdi. Ko‘ziga qora butlar va qora qarg‘alar ko‘rinibdi. Qarg‘alar o‘zi kunduzi ko‘rgan qarg‘a singari qag‘illayotganmish, lekin hozir ularning qag‘illashini tushunib bo‘larmish. Ularning har biri: «Men qarg‘aning onasiman! Men qarg‘aning onasiman!» – deb qag‘illarmish. Anne Lisbet bir vaqtlar o‘zi ham shu nomga sazovor bo‘lishi mumkinligini o‘ylabdi. Agar hoziroq qabr qazishga kirishmasa, u ham mana shularday qora qarg‘aga aylanib qolishi va ularga o‘xshab hadeb qag‘illayverishi mumkin ekan.
U o‘zini yerga otibdi, qattiq yerni qo‘llari bilan tatalab, qabr qaziy boshlabdi; tirnoqlari qonga bo‘yalibdi.
Tinimsiz: «Meni dafn et! Meni dafn et!» – degan tovush eshitilib turibdi. Anne Lisbet: ishqilib, qabr kavlab bo‘lgunimcha xo‘roz qichqirib, tong otib qolmasin-da, deb o‘ylabdi. Unda hammasi tamom. Mana, xo‘roz ham qichqiribdi, ufq qizarib, tong otibdi. Qabrning esa yarmi qazilibdi, xolos! Muzday sovuq qo‘l, bosh va yuzidan sirg‘anib yuragiga tushibdi. «Faqat yarimta qabr!» deb xo‘rsinibdi arvoh va dengiz tubiga tushib ketibdi. Ha, bu sohil arvohi ekan! Anne Lisbet qalbi majruh holda yerga hushsiz yiqilibdi.
U tushga yaqin o‘ziga kelibdi; ikki yigit uni yerdan ko‘taribdi. Anne Lisbet bundoq qarasa, qabristonda emas, balki dengiz sohilida o‘zi qazigan chuqur tepasida turganmish. Siniq ryumka qo‘lini kesib yuboribdi, uning o‘tkir sinig‘i moviy rangga bo‘yalgan yog‘och dastaga o‘rnatilganmish. Anne Lisbet tamoman holdan toygan ekan. Vijdoni fol ochib, endilikda Anne Lisbetning joni yarimta, qolgan yarmini o‘g‘li dengiz tubiga olib tushib ketgan, deb xulosa chiqarib qo‘ygan ekan. Endi u jonining dengiz tubidagi yarmini qaytarib olmagunicha parvardigor uni o‘z dargohiga qabul qilmaydi! Anne Lisbet uyga tamomila boshqa odam bo‘lib qaytibdi. Fikrlari kalava singari yumaloq bo‘lib o‘ralib qolganmish, faqat bittagina uchi uning qo‘lida qolibdi. Bu – sohil arvohini qabristonga olib borib dafn etish fikri ekan, ana o‘shanda uning joni yana butun bo‘lib qolarmish.
Uni bir necha bor to‘xtatib qolishibdi, ko‘pincha sohilda arvohni kutayotgan holda uchratishibdi. Shu alfozda bir yil o‘tib ketibdi. Bir kuni kechasi u yana yo‘qolib qolibdi, biroq uni axtarib topisholmabdi: ertasiga kuni bo‘yi qidirish ham bekor ketibdi.
Kechki payt kichik ruhoniy xudojo‘ylarni kechki ibodatga chorlash uchun qo‘ng‘iroq chalayotib, mehrob oldida cho‘zilib yotgan Anne Lisbetni ko‘ribdi. U sahardan beri shu yerda yotgan ekan; u butunlay holdan toygan bo‘lsa-da, ko‘zlari o‘tday chaqnab turganmish, yuziga qipqizil shafaq rang o‘tib qolgan emish; quyoshning ana shu qizg‘ish nurlari mehrobda hamda Iso payg‘ambar kitobining «Libosingizni emas, qalbingizni pora qiling, so‘ng parvardigorga elaning!» degan so‘zlar yozilgan sahifasiga qo‘yilgan injilning yaltiroq xatcho‘pida jilolanib turarkan.
– Tasodifni qarang-a! – deyishibdi odamlar odatdagiday.
Quyosh nuri yoritib turgan Anne Lisbetning yuzida tinchlik va osoyishtalik balqib turarkan, u huzur-halovat og‘ushida ekan! Endi u o‘zini yelkasidan tog‘ ag‘darilganday yengil his qilibdi: kechasi o‘g‘lining sohildagi arvohini ko‘ribdi, u: «Sen men uchun yarimta qabr kavlading, biroq mana bir yildirki, meni qalbingga jo qilib olib yuribsan, onaning qalbi esa bola uchun eng ishonchli boshpanadir!» – debdi. U onasining yarim jonini qaytarib beribdi va cherkovga olib boribdi.
– Endi men xudoning uyidaman, – debdi ayol, – najot ham xuddi shu yerda. Quyosh botgandan keyin ayolning, ruhi Anne Lisbet singari kurashib, azob chekishdan mutlaq qo‘rqmaydigan joy – osmon-u falakka qarab yo‘l olibdi.
PAT QALAM VA SIYOHDON
Kunlarning birida kimdir shoirning yozuv stoli ustida turgan siyohdonga qarab: «Qiziq, bu siyohdondan qanday gaplar chiqmaydi deysiz! Bu safar nima chiqarkin? Ha, bu judayam qiziq!» – debdi.
– Xuddi shunday! Bu aqlga sig‘maydi! Buni hamisha o‘zim ham ta’kidlayman! – debdi siyohdon stol ustidagi pat qalamga va boshqa eshita oladiganlarga qarab. – Ajoyib! Mendan ajoyib narsalar chiqadi! Bunga aql bovar qilmaydi! Inson siyohimga qalamini tekkizib olayotganda mendan nimalar chiqayotganini o‘zim ham bilmayman! Bir tomchim yarim sahifani to‘ldiradi, bu sahifalarga nimalar joylashmaydi deysiz! Ha, men mo‘jizaning o‘ziman! Mendan har xil she’riy ijodiyot namunalari chiqadi! Bularning hammasi kitobxonlar biladigan tirik odamlar, bular haqiqiy tuyg‘u, yumor, tabiatning beqiyos ta’rif-tavsifi! Bularning barchasi menda mujassamlashganiga hech aqlim yetmaydi, chunki tabiatning nimaligini yaxshi bilmayman-da! Lekin haqiqatan ham bu shunaqa! Mendan xayoliy, qomatdor qizlar obrazi, pishqirib, o‘ynoqlab turgan ot mingan jasur ritsarlar chiqqan va chiqadi. Sizni ishontirib aytamanki, bularning hammasi mutlaqo tasodifan ro‘y beryapti!
– Juda to‘g‘ri! – debdi pat qalam. – Bordiyu ozgina o‘ylab ko‘rganingizda edi, siz suyuqlik to‘ldirilgan bir idishdan boshqa narsa emasligingizni tushungan bo‘lardingiz. Siz o‘zimda borlarini aytishim, qog‘oz ustida bayon etishim uchun meni ho‘llab turasiz, xolos! Bularni pat qalam yozadi! Odamlar poeziyani siyohdondan ko‘ra ko‘proq bilishsa kerak.
– Sizning mutlaqo tajribangiz yo‘q! – debdi siyohdon. – Qancha vaqtdan beri xizmat qilyapsiz? Ishlay boshlaganingizga bir hafta bo‘lgani yo‘q, allaqachon ishdan chiqibsiz. Hali men ijod qilyapman deb yuribsizmi? Siz xizmatkorsiz, xolos, sizdaqa pat qalamlarning, ingliz po‘lat perolarining ko‘pini ko‘rganmiz! Hali inson mendan olganlarini yozishda davom etarkan, sizdaqalardan qanchadan-qanchasi xizmatimda bo‘ladi!
– Siz siyoh bochkasidan boshqa narsa emassiz, – debdi pat qalam. Kechqurun shoir bir mohir skripkachining kontsertida bo‘lib, uning zo‘r san’atidan ta’sirlangan holda uyga qaytibdi. Uning nazarida skripkadagi yoqimli tovush manbalari bitmas-tuganmasday bo‘lib tuyulibdi. Uning sasida goh suv tomchilari durdonalari jaranglab dumalarmish, goh qushlar to‘lib-to‘lib sayrarmish, goh qarag‘ayzorda bo‘ron o‘kirganday bo‘larmish. Shoirga ayol kishining jozibali tovushiga o‘xshash kuyga o‘z qalbining yig‘isi qo‘shilib ketganday tuyulibdi. Faqat skripkaning torlarigina emas, balki butun vujudi jaranglayotganday bo‘libdi. Naqadar ajoyib skripkachining vazifasi juda mushkul ekan, lekin uning san’ati skripka chalishda ro‘yi rost sezilib turibdi. Kamon torlar ustida xuddi o‘zi o‘ynoqlayotgandaymish; chalish hammaning qo‘lidan ham kelaveradigandaymish. Skripka o‘zi kuylayotganday, kamon o‘zi o‘ynayotgandaymish, hamma narsa shularga bog‘liqdaymish, odamlar butun vujudini, qalb qo‘rini sarflab, kamon bilan torlarni boshqarayotgan san’atkorning borligini unutib qo‘yishibdi. Hamma unutibdi, lekin faqat shoirgina uni unutmabdi va quyidagilarni yozibdi:
«Kamon bilan skripka o‘z san’atlari bilan kerilsa, bu o‘ta bema’nilik bo‘lur edi. Ko‘pincha biz, shoir, rassom, olim, kashfiyotchi, sarkarda odamlar shunday qilamiz! Biz qilgan ishimizdan rosa kerilamiz, vaholanki, hammamiz yaratuvchining qo‘lidagi bir asbobmiz, xolos. Parvardigorga shukronalar bo‘lsin! Bizning keriladigan joyimiz yo‘q!»
Shoir o‘zi yozgan bu masalga «Ustoz va asbob» degan sarlavha qo‘yibdi.
– Xo‘sh, qoniqdilarmi, xonim? – debdi pat qalam siyohdon bilan yolg‘iz qolganda, – men yozganni ovoz chiqarib o‘qiganini eshitdingizmi?
– Ya’ni mendan olgan gaplaringizni! – debdi siyohdon. – Dimog‘dorligingiz uchun yaxshigina dakki oldingiz! Ustingizdan kulishayotganidan hech xabaringiz yo‘q! Men o‘z vujudimdan sizga dakki berdim. O‘zimning xususiy satiramni bilib olishga ijozat bergaysiz!
– Ha, ichi qora! – debdi pat qalam.
– Ha, ilonning yog‘ini yalagan! – deb javob qaytaribdi siyohdon.
Shunday qilib, har ikkovlari ham yaxshi javob berdik, deb o‘ylashibdi, buni e’tirof etish esa yoqimli; bunaqa ong bilan miriqib uxlash mumkin, ular chindan ham uyquga ketishibdi. Biroq, shoir uxlamabdi; uning o‘ylari skripka tovushlariday to‘lqinlanaveribdi, durdona bo‘lib dumalabdi, o‘rmondagi bo‘ron singari g‘uvillabdi, shoir u yoqda o‘z qalbining ovozini his etibdi, ulug‘ san’atkorning nafasini sezib turibdi…
Unga sharaf va maqtovlar bo‘lsin!
«NAQADAR CHIROYLI»
Haykaltarosh Alfredni bilasizmi? Uni hammamiz bilamiz: u oltin medal bilan taqdirlangan. Italiyaga borib kelgan; o‘shanda u yosh edi, garchi o‘n yoshga ulg‘aygan bo‘lsa-da, hozir ham yosh. U vataniga qaytgach, Zelandiya shaharlaridan biriga mehmonga boribdi. Uning kelganidan butun shahar ahli xabardor bo‘libdi, kimligini bilibdi. Shaharning eng badavlat xonadonlaridan biri uning sharafiga ziyofat uyushtiribdi. Obro‘li va savlatli odamlarning hammasini bu ziyofatga taklif qilishibdi. Ziyofat shaharda katta bir voqeaga aylanibdi; hammayoqda duv-duv gap. O‘quvchi bolalar va shahardagi mayda hunarmandlarning bolalari, ba’zilari esa hatto ota-onalari bilan kelishib, yorug‘ tushib turgan deraza tagida darpardalarga tikilishganicha turishaveribdi. Bu ko‘chaga tumonat odam to‘planibdi. Tungi qorovul ham o‘z ko‘chasida bayram bo‘layotganidan xabardor bo‘libdi. Ko‘chada turishning o‘zi ham bir qiziq narsa. Ichkarida esa xursandchilik avjiga minibdi. U yerda axir, haykaltarosh Alfred janoblarining o‘zlari o‘tirar ekanlar-da!
U ko‘rgan-bilganlaridan hikoya qilibdi, boshqalar esa butun vujudlarini quloqqa aylantirib tinglashibdi, ayniqsa, bir tul amaldor xonim uning gaplarini huzur qilib tinglabdi. Bu xonim Alfred janoblarining har bir so‘zini bosma qog‘oz shimganday shimib olaveribdi, undan gapirishni qayta-qayta iltimos qilaveribdi. U odatdan tashqari ta’sirlanadigan, lekin nihoyatda nodon ayol bo‘lib, yubka kiygan Kasper Gauzerning xuddi o‘zginasi ekan.
– Shu Rimni bir ko‘rsam edi! – debdi u. – Judayam ajoyib shahar bo‘lsa kerak! U yerga qanchadan-qancha xorijiylar boradi! Rimni bizga ta’riflab bersangiz! Darvozasidan kiraverishda ko‘zingiz nimalarga tushadi?
– Xo‘sh, buni ta’riflash ancha qiyin! – javob qaytaribdi yosh haykaltarosh. – Bilasizmi, u yerda katta maydon, maydon o‘rtasida esa yodgorlik bor; yodgorlik to‘rt ming yoshda.
– Uni qarang-a! – debdi xonim. U umri bino bo‘lib «yodgorlik» so‘zini eshitmagan ekan. Boshqalarning ham, haykaltaroshning ham kulgisi qistab ketibdi, biroq xonimning orqasida turgan qizning bir juft moviy shahlo ko‘zlariga ko‘zi tushibdi-yu, o‘zini kulgidan tiyibdi. Shunday qizning onasi tentak bo‘lishi mumkin emas.
Onasi savolning koni ekan, qizi esa suv parisiday jim turarkan. Naqadar chiroyli-a! Haykaltarosh unga osongina nigoh tashlar, lekin gapirisha olmas ekan. Qiz mutlaqo indamas yoki gapirsa bir-ikki og‘iz so‘z qotarkan, xolos.
– Dadangizning oilasi kattami? – so‘rabdi xonim.
Yosh yigit oqilona savol berilgan paytdagiday javob qaytaribdi:
– Yo‘q, u katta oiladan emas.
– Men buni so‘ramadim! – deb e’tiroz bildiribdi xonim. – Uning xotini, bola-chaqalari bormi deb so‘rayapman.
– Otamning xotin olishga huquqi yo‘q! – deb javob beribdi haykaltarosh.
– Xo‘sh, bu mening didimdagi emas, – debdi ayol. Albatta, savollar ham, javoblar ham ma’noli bo‘lishi mumkin edi. Agar ular bema’ni bo‘lmaganda oyisining orqasida turgan go‘zal qiz bunchalik ma’noli jilmayarmidi?
Shunday qilib, Alfred janoblari hikoya qilishda davom etibdi. U Italiyaning alvon bo‘yoqlari, ko‘m-ko‘k tog‘lari, moviy O‘rtayer dengizi, janub osmoni haqida hikoya qilibdi. Bunaqa moviylikni faqat shimolda, shimol qizlarining ko‘zlarida uchratish mumkin. Yigit hikoyasining har bir so‘zini chertib-chertib gapiribdi, biroq uning ilmoqli gaplaridan qiz zarracha bo‘lsa-da, o‘zgarmabdi, o‘zini tushunmaganga solibdi. Qizning bu qilig‘i ham o‘ziga juda yarashibdi, chiroyli chiqibdi. Ba’zilar:
– Italiya! – deb xo‘rsinishsa, boshqalar:
– Sayohat qilish kerak! Naqadar chiroyli, naqadar chiroyli! – deb xo‘rsinishibdi.
– Agar ellik ming yutib olsam, – debdi tul xonim, – qizim bilan sayohatga jo‘naymiz! Alfred janoblari, siz ham biz bilan borasiz! Uchovimiz boramiz, yonimizga yaqin do‘stlardan ba’zilarini olamiz! – U atrofga iltifot bilan nazar tashlabdi. Xonimning ko‘zi kimlarga tushgan bo‘lsa, ular xonim bilan sayohatga borish sharafiga muyassar bo‘lganday tuyulibdi. – Biz Italiyaga boramiz, lekin qaroqchilar bor joylarga emas. Rimga xavf-xatarsiz katta yo‘ldan boramiz.
Xonimning qizi yengilgina xo‘rsinib qo‘yibdi. Bu yengil xo‘rsinishning ma’nosi nima yoki unga qanday ma’no berish mumkin? Yosh yigit bu xo‘rsinishda katta ma’no bor deb bilibdi. O‘sha kuni oqshomda, qizning moviy ko‘zlari uning yashirinib yotgan va Rimning eng boy xazinalaridan ham boyroq bo‘lgan qalb hamda jon-u jahoni xazinasini yoritib yuboribdi. Yigit bu yerdan qanday chiqib ketganini bilolmay, u go‘zal qizning asiri bo‘lib qolibdi.
O‘shandan beri tul xonimning uyi haykaltarosh Alfred janoblari uchun juda aziz, sevimli joy bo‘lib qolibdi; biroq u bu yerga onasining hurmati uchun emas, balki qizi deb kelar ekan. Qizning ismi Karen Malena bo‘lib, qisqacha Kala deb chaqirishar ekan. U naqadar chiroyli! «Faqat birozgina bo‘shangroq», deyisharkan uning haqida. U erta tongda o‘rinda erinib yotishni juda yaxshi ko‘rarkan.
– U bolaligidan shunga odatlangan! – derkan onasi. – U sal erkaroq, bunaqalar tezda charchab qoladi. To‘g‘ri, u o‘rinda yotishni yaxshi ko‘radi, shu vajdan ko‘zlari osmonday tiniq!
Tiniq, dengiz kabi moviy, ma’sum va teran ko‘zlarda naqadar zo‘r qudrat bor! Haykaltaroshimiz bu ko‘zlar qa’riga cho‘kib ketganday edi. U hikoya qilaveribdi, qizning onasi esa avvaldagidek zo‘r qiziqish va havas bilan savol yog‘diraveribdi. Alfred janoblarining hikoyalarini eshitishning o‘zi bir huzur ekan-da. U Neapol va Vezuviy vulqonlarining otilishi haqida hikoya qilibdi. Vezuviy vulqoni surati tushirilgan bo‘yoqli suratlarni ko‘rsatibdi. Tul xotinning esa bunaqa narsalar haqida hech qanday tasavvuri yo‘q bo‘lganidan, miyasiga hech qanaqa fikr kelmabdi.
– E xudoyim-ey! – debdi. – Shunaqa yonar tog‘lar ham bo‘larkan-da! Ulardan kishiga ziyon-zahmat yetmaydimi?
– Yetganda qanday! Bir safar Gerkulanum hamda Pompey shaharlari vayron bo‘lgan!
– Oh, bechora odamlar! Bu halokatni o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rganmisiz?
– Yo‘q, manovi suratlarda tasvirlangan vulqon otilishini ko‘rmaganman, lekin men borganimda yuz bergan vulqon xurujining xomaki suratini chizganman, shuni ko‘rsatishim mumkin.
U qalamda chizilgan suratni olibdi, ayol bo‘yoqli suratga ko‘z tashlab, hayrat bilan:
– Siz o‘sha yerdaligingizda tog‘dan oq olov otilganmi?
– deb so‘rabdi.
Alfred janoblarining bu ayolga bo‘lgan hurmati uning shu savoli bilan yo‘qqa chiqay debdi-yu, biroq Kalaning shu yerdaligi bunga imkon bermabdi. U o‘zicha, onaxon suratlarni ko‘ra bilish qobiliyatiga ega emas, bo‘yoqni ham bilmaydi, vassalom, degan fikrga kelibdi. Lekin uning bebaho, go‘zal xazinasi bor ekan – bu Kala ekan.
Shunday qilib, Alfred bilan Kala nikohdan o‘tishibdi, shunday bo‘lishi ham kerak ekan-da. Nikoh marosimi haqida mahalliy gazetada bildirish bosilibdi. Onaxon o‘ttizta gazeta sonini qirqib olib, do‘stlari va tanishlariga yuboribdi. Kuyov bilan kelin ham, qaynana ham o‘zlarini baxtiyor his etishibdi, bechora ayol sevinganidan Torvaldesening o‘zi bilan qarindosh bo‘ldim, debdi.
– Axir siz uning vorisisiz! – debdi ayol. Alfred buni o‘ta oqilona gap o‘rnida qabul qilibdi. Kala hech narsa demabdi, ammo uning ko‘zlari sevinchdan charaqlab ketibdi, labidan kulgi arimabdi, uning har bir harakatidan xushqomatligi barq urib turibdi.
Alfred Kala va uning onasi haykalini yasabdi. Ular haykaltarosh qarshisida o‘tirib olib, uning yumshoq loyni ezg‘ilab shaklga keltirishini tomosha qilishibdi.
– Oh, bizni deb mana shunaqa iflos ishga qo‘l urdingiz-a! – debdi qaynonasi. – Loyni bolalar ezg‘ilaganda ma’qul bo‘larmidi.
– Yo‘q, buni o‘zim qilishim kerak! – debdi u.
– Siz hamisha iltifotlisiz! – debdi qaynona, qizi bo‘lsa erining loyga bulanib ketgan qo‘llarini astagina qisib qo‘yibdi.
Alfred ishi davomida ularga tabiat va butun koinot go‘zalliklari haqida, tiriklarning o‘liklar ustidan, hayvonlarning o‘simliklar, insonning hayvonlar ustidan ustunligi haqida gapiribdi, haykaltarosh esa go‘zallikning yuksak ko‘rinishlarini yerdagi shakllarga mujassamlashtirishni uqtiribdi. Erining gaplaridan huzur qilib tebranayotgan Kala lom-mim demabdi, qaynonasi esa:
– Bilasizmi, so‘zlaringizni tushunishga ulgurish ancha qiyin! Biroq, sekin tushunsam-da, fikrlarim miyamda ariday g‘ing‘illab turibdi, harholda ularni mahkam tutib turibman, – debdi.
Yigitni esa qizning go‘zalligi tutib turar ekan; bu go‘zallik uning fikr-u zikrini, butun vujudini o‘ziga maftun qilgan ekan. Kaladan go‘zallik taralib turarkan: uning og‘zi, ko‘z-qoshlari, hatto barmoqlarining har bir harakatida ham dunyo-dunyo go‘zallik bor ekan. Bularinng hammasi haykaltaroshlik sohasiga mansub bo‘lib, yigit ham nuqul shular haqida gapirar, fikr-u zikri ham xotini bilan band ekan. Ikkovlari birikib, hozir bir tan-bir jon bo‘lishibdi, shu vajdan qiz ham yigit haqida tinimsiz gapirarkan.
Shunday qilib, nikoh kuni ham o‘tibdi, so‘ng to‘y kuni yetib kelibdi. Kelinning dugonalari kelishibdi, tabrik so‘zlari aytilib, sovg‘alar topshirilibdi, xullas, hamma to‘y takallumi bajo keltirilibdi.
Qizning onasini eng hurmatli mehmon sifatida to‘rga o‘tqizishibdi, yoniga kampirning ko‘ngliga qarab Torvaldesening haykalchasini ham qo‘yishibdi. Mehmonlar kelin-kuyovga omonlik tilab qo‘shiqlar aytishibdi, qadahlar ko‘tarishibdi, to‘y juda chiroyli o‘tibdi, kelin-kuyov esa undan ham chiroylimish. Qo‘shiqlardan birida hatto: «Pigmalion o‘z Galateyasiga yetishdi», – deb ham kuylashibdi.
– Bu qandaydir bir afsonadan bo‘lsa kerak! – debdi onaxon.
Ertasiga yosh kelin-kuyov Kopengagenga jo‘nashibdi; onaxon ham ularga ergashibdi, u oilaviy hayotning eng vazmin tomoni bo‘lmish xo‘jalikni boshqarishni o‘z zimmasiga olibdi. Mayli, Kala qo‘g‘irchoq uyda yashaganday aysh suraversin! Hammasi yangi, soz, chiroyli! Nihoyat, uchovlari bitta uyga joylashibdi. Alfred maqolda aytilganday, g‘oz inida yepiskop bo‘lib o‘tiribdi.
Uni faqat husnigina maftun etibdi, xotini timsolida faqat chiroyli g‘ilofni ko‘ribdi xolos, uning ichki dunyosi husni kabi chiroyli emas ekan, gap nikoh haqida boradigan bo‘lsa, bu – buyuk xatolik! Vaqti kelib g‘ilof ishdan chiqadi, oltin suvlari cho‘kadi, ana unda keyingi pushaymon o‘zingga dushman bo‘ladi. Mehmonda o‘tirganingda shimni ko‘tarib turadigan bog‘ichning tugmasi uzilganini, to‘qasi ish bermasligini yoki uning mutlaqo yo‘qligini payqab qolish o‘ta ko‘ngilsiz hodisa; xotining bilan qaynonang bema’ni narsalarni valdirashi, hammavaqt ham ularning bema’ni gaplarini hazil-mutoyiba bilan xaspo‘shlab ketolmasligingni bilsang, bu o‘rinda ham yomon.
Ko‘pincha yosh kelin-kuyov qo‘l ushlashib o‘tirisharkan, kuyov tinimsiz gapirar, kelin esa onda-sonda bir gap qaytarib qo‘yar ekan, qizligidagi o‘sha indamasligi, kamsuxanligi… Kelinning dugonasi Sofiya bu yerga o‘zi bilan fayz olib kelarkan.
Sofiya uncha chiroyli emas ekan, lekin xulq-atvorida hech qanaqa kamchiligi yo‘q ekan. To‘g‘ri, Kalaning gapiga qaraganda, uning beli sal qiyshiqmish, ammo bu nuqsonni faqat dugonaning ko‘zi ko‘rishi mumkin. Sofiya aqlli qiz ekan, lekin u o‘ta xavfli odam bo‘lib qolishni xayoliga ham keltirmaganakan. U qo‘g‘irchoq uyga toza havo bo‘lib kiribdi, chunki bu yerdagi yetishmovchilik ham shu ekan. Hamma buni bilibdi, hammalari toza havodan bahramand bo‘lgilari kelib qolibdi, shunday qilishibdi ham; qaynona, yosh kelin-kuyov Italiyaga jo‘nashibdi.
* * *
– Xudoga shukur, yana uyimizga qaytib keldik! – deyishibdi ona-bola Alfred bilan o‘z yurtlariga qaytishgach.
– Sayohatning hech havas qiladigan joyi yo‘q ekan! – debdi onaxon. – Hatto zerikarli! Dilimni yorib, ochiqchasiga gapirayotganim uchun kechiring. Bolalarim yonimda bo‘lsalar ham, juda zerikdim. Hamma galereyalarni ko‘rish, hamma joyini aylanish lozim. Shunday qilmasa bo‘lmaydi: uyga qaytganingizda hammasini so‘rashadi! Nihoyat, eng yaxshi narsani ko‘ra olmaganingni payqaysan kishi! Anavi son-sanoqsiz abadiy madonnalar jonimga tegib ketdi. Ularni tomosha qilaverib, o‘zingning ham madonna bo‘lib qolishing hech gap emas!
– Ovqatlarichi? – deb gap tashlabdi Kala.
– Hatto quruq sho‘rvaning o‘zi ham anqoning urug‘i, – debdi onasi. – Ovqatlarining mazasi yo‘q!
Kalani sayohat judayam toliqtirib qo‘yibdi, eng yomoni shuki, hech o‘ziga kelolmabdi. Sofiya ularnikiga butunlay ko‘chib kelibdi, bularga ko‘p nafi tegibdi.
Onaxon Sofiyaning qadriga yetibdi, chunki u ro‘zg‘or ishlarini bajarishda va pazandalikda tengi yo‘q ekan, qo‘lida mablag‘i bo‘lmagandan bir ishning boshini tuta olmas ekan. Buning ustiga qiz odobli, tamizli, halol ekan, bu xislatlari Kala kasal yotgan kunlari yanada ko‘proq namoyon bo‘libdi.
Bordiyu, kishining turgan-bitgani g‘ilof bo‘lsa, bu yaltiroq g‘ilof mustahkamroq bo‘lishi kerak, aks holda boshga balo bo‘ladi; shunday bo‘libdi ham. Kala vafot etibdi.
– U naqadar chiroyli edi-ya, – debdi onasi. – Bu antiqa haykallardan emasdi, ularning hammasi yorilib, nurab ketgan, Kala esa but-butun edi! U go‘zallikning chinakam timsoli edi!
Alfred ham, qizning onasi ham rosa yig‘lashibdi, ikkovlari motam liboslarini kiyishibdi. Qora kiyim onaxonga juda yarashibdi, u ana shu libosda uzoq yuribdi, uning motami va g‘amiga yana g‘am qo‘shilibdi: Alfred husni uncha yoqimtoy bo‘lmagan Sofiyaga uylanibdi.
– U haddidan oshib ketdi! – debdi onaxon. – Go‘zallikdan badbasharalikka o‘tdi! U oldingi xotinini unutishi mumkin! Ana erkaklardagi beqarorlik! Yo‘q, mening erim bunaqa emasdi! U mendan keyin o‘lishni ham o‘ziga ep ko‘rmadi!
– «Pigmalion o‘z Galateyasiga ega bo‘ldi», deyiladi to‘y qo‘shigida, – debdi Alfred. – Ha, men chindan ham og‘ushimda tirilgan go‘zal haykalga ko‘ngil qo‘ygan ekanman. Tangrim ato qilgan tutash qalbga – samoda biz bilan bir tuyg‘u, bir maslak, bir fikr bilan yashovchi, nochor qolgan paytimizda qo‘llab-quvvatlovchi farishtalardan biriga endi ega bo‘ldim. Bu – sensan, Sofiya! Sen tashqi qiyofangning go‘zalligi bilan meni maftun etganing yo‘q, lekin keragidan ortiq olijanob va go‘zalsan! Tub ma’no ma’noligicha qoladi! Sen haykaltaroshga uning ijodi – faqat loy, chang, biz astoydil axtarishimiz kerak bo‘lgan ichki dunyoning qobig‘i ekanligini o‘rgatding. Bechora Kala! U bilan birgalikda o‘tkazgan umrimiz to‘y sayriday o‘tib ketdi. Bir-biriga tutash qalblar uchrashadigan u dunyoda ehtimol u bilan begona bo‘lib qolarmiz.
– Bunday gaplarni gapirish senga yarashmaydi! – deb e’tiroz bildiribdi Sofiya. – Xristianlarga xos bo‘lmagan qiliq! Odamlar erga tegmaydigan, uylanmaydigan u dunyoda sen aytganday tutash qalblar bir-biri bilan uchrashib qolsa, har qanday go‘zallik o‘zining bor bisotini namoyish etadi, ehtimol, uning qalbi ham butun chiroyi bilan namoyon bo‘lib, ko‘zingni qamashtirib yuborar, ana o‘shanda ilk marta muhabbat izhor qilgan paytlaringdagiday «Naqadar chiroyli! Naqadar chiroyli!» deb yuborarsan.
Правообладателям!
Данное произведение размещено по согласованию с ООО "ЛитРес" (20% исходного текста). Если размещение книги нарушает чьи-либо права, то сообщите об этом.Читателям!
Оплатили, но не знаете что делать дальше?