Текст книги "Қор одам"
Автор книги: Ганс Христиан Андерсен
Жанр: Книги для детей: прочее, Детские книги
сообщить о неприемлемом содержимом
Текущая страница: 8 (всего у книги 25 страниц) [доступный отрывок для чтения: 8 страниц]
BARXANLARDA
Endigi hikoyamiz Yutland barxanlari haqida, lekin hikoyadagi voqea u yerda emas, balki uzoq Ispaniyada boshlanadi. Axir dengiz mamlakatlarni bir-biriga tutashtiradi-ku, siz ham xayolan o‘zingizni Ispaniyada deb biling! U joylar naqadar iliq, ko‘rkam! Quyuq bargli dafna daraxtlarining orasidan baxmalday qip-qizil anor gullari mo‘ralab turadi; tog‘dan esgan salqin shabada apelsin bog‘lari ichida va hashamatli Mavritaniya galereyalarida, tilla suv yugurtirilgan gumbazlar va naqshinkor devorlar atrofida g‘ir-g‘ir esadi. Ko‘chalardan qo‘llariga sham va hilpiragan bayroqlar ushlagan bolalar tantanali yurish qilib o‘tadi, shahar ko‘chalarining tepasida charaqlagan yulduzlarga to‘la tiniq, moviy osmon! Qo‘shiqlar yangraydi, raqqosalar qo‘lida qayroqlar shaqillaydi, yigit va qizlar gulga burkangan akatsiya daraxtlari ostida raqsga tushishadi; gadoy marmar zinaga o‘tirib olib, tarvuz yeb chanqog‘ini bosadi, keyin mudrab, shirin uyquga ketadi! Ha, bu yerdagi hamma narsa allaqanday ajib tushga o‘xshaydi! Shirin xayollar og‘ushiga imlab chaqiradi! Xuddi ana shunday shirin xayollarga dunyoning barcha ne’matlaridan bahramand bo‘lgan, endigina qovushishgan yosh kelin-kuyovlar ham berilishibdi; ularning omadi yurishgan ekan: ular sog‘bardam, baxtli, badavlat bo‘lib, jamiyatda ham e’tiborli ekanlar.
– Dunyoda bizdan baxtiyor odam bo‘lmasa kerak! – deyishibdi ular chin yurakdan. Harholda bular ham omad narvonidan yana bir pog‘ona yuqoriga ko‘tarilishlari kerak ekan. Parvardigor ularga orziqib kutib yurishgan o‘g‘il farzandni ham ato qilsa bunga erishar ekanlar.
Baxtiyor bola! Agar u tug‘ilsa zo‘r shodlikka ko‘milib ketar, uning atrofida kecha-yu kunduz parvona bo‘lishar, boylik hamda aslzoda qarindosh insonga nima bersa, shunga ega bo‘lar ekan-da.
O‘shanda er-xotinning umri abadiy bayramga aylanarkan.
– Umr – mehr-muhabbatning marhamati, bitmastuganmas tuhfasi, – debdi xotini. Bu rohat-farog‘at u dunyoda bundan ham ziyoda bo‘lishini tasavvur etish qanchalik yaxshi! Rostini aytsam, bu fikrni hech kallamga sig‘dira olmayapman.
– Ha, bu haddan tashqari balandparvozlik! – debdi eri. – Xo‘sh, bizni u dunyoda xudolarniki singari abadiy hayot kutayotganini tasavvur qilish balandparvozlik emasmi? Xudolarga o‘xshab qolish fikrini bizga yolg‘onning bobosi singdirmaganmi?
– Biroq kelgusi hayotimizning farog‘atli bo‘lishiga shubhang yo‘q-ku? – debdi ayol, ularning qittak bulut bo‘lmagan fikr ufqida birinchi marotaba qora bulut suzib o‘tganday bo‘libdi.
– Bizga uni din va’da qildi, ruhoniylar esa bu va’dani tasdiqlaydi! – debdi er. – Bu dunyoda rohat-farog‘at og‘ushida yashab, u dunyoda yana farog‘atli umr talab qilish manmanlik va kalondimog‘lik emasmikin?! Nahotki, shu dunyoning o‘zida biz uchun ato qilingan ne’matlar benihoya ko‘p bo‘lmasa, ulardan qanoatlanmasak?
– To‘g‘ri, hech narsadan kamchiligimiz yo‘q, – deb e’tiroz bildiribdi xotini, – biroq ming-minglab odamlar uchun bu dunyoda yashash azob-uqubatning o‘zi; qanchadanqancha odamlar dunyoga kelgan kunidanoq qashshoqlik, xor-zorlik, xastalik va badbaxtlikka mahkum etilgan! Yo‘q, yerda yashab o‘tganlaridan keyin u dunyoda kishilarni boshqa farog‘atli umr kutmaganda, yerdagi ne’matlar babbaravar taqsimlanardi, parvardigor ham odil bo‘lolmasdi.
– Darbadar kezib yuradigan gadoyning ham hashamatli saroy egasi bo‘lmish qirollarning xursandchiligidan qolishmaydigan quvonchi bo‘ladi! – deb javob qilibdi eri. – Seningcha, kaltaklashayotgan, och qoldirish hamda ishlatish bilan holdan toydirishayotgan ish hayvoni bu dunyoda boshiga tushgan og‘ir qismatni bilmaydimi? Demak, jonivorlar ham bu dunyoda boshqa jonzotlardan past turishini adolatsizlik deb bilib, u dunyoda abadiy farog‘atda umr talab qilishi mumkin ekan-da?
– «Samoviy padarim dargohida istiqomat qiluvchilar juda ko‘p», degan Iso payg‘ambar! – deb e’tiroz bildiribdi xotin. – U dunyoning bag‘ri xudoning mehriday keng! Hayvonlarni ham u yaratgan, menimcha, birorta ham tirik jonzot yo‘qolib ketmaydi, ular ham o‘zlariga yarasha rohat-farog‘atdan bahramand bo‘lishadi!
– Men esa shu dunyodagi umrimga ham ming qatla shukur qilaman! – debdi er va o‘n gulidan bir guli ochilmagan go‘zal xotinini bag‘riga bosibdi. Sigareta tutuni burqsab ochiq derazadan apelsin gullari hidi bilan muattar bo‘lgan havoga qo‘shilib ketibdi: ko‘chadan qo‘shiq sadolari va raqsga tushayotganlar qayrog‘ining shaqillashi eshitilibdi; ularning boshi uzra yulduzlar charaqlabdi, ayolning muloyim, ma’sum, mehr to‘la ko‘zlari erining ko‘zlariga boqibdi.
– Ha, mana shunaqa totli damlarning har lahzasi kishining tug‘ilishi, yashashi, olamdan o‘tishiga arziydi! – debdi eri jilmayib.
Yosh xotin noz-karashma bilan barmog‘ini bigiz qilib eriga po‘pisa qilibdi, uning yuzidagi qora bulut ko‘lankasidan asar ham qolmabdi, – ular bu lahzada o‘ta baxtiyor ekanlar!
Vaziyat ularning hayoti bundan keyin ham nash’ali bo‘lishidan dalolat beribdi. Ha, ular o‘zlari yashayotgan joylarini o‘zgartirishadigan bo‘lishibdi, baxtiyor turmushlariga zarracha bo‘lsin xalal yetmabdi. Qirol yosh yigitni Rossiya imperiyasi saroyiga elchi qilib tayinlabdi – uning nasl-nasabi va ma’lumoti shunchalik faxrli lavozimga loyiq ekan.
Bu yigit juda boy ekan, xotini ham dabdabali sep bilan kelgan ekan: u judayam badavlat, e’tiborli bir savdogarning qizi ekan. Ana shu savdogarning eng katta va eng yaxshi kemalaridan biri o‘sha yili Stokgolmga jo‘naydigan bo‘lib qolibdi. U ana shu kemada ko‘zining oq-u qorasi bo‘lgan farzandlari – qizi va kuyovini Peterburgga jo‘natmoqchi bo‘libdi. Kema qirollarnikiga xos hashamat bilan bezatilibdi. Kemaning hammayog‘iga yumshoq gilamlar, shoyi va barqutlar yoyib yuborilibdi.
Biz daniyaliklarga azaldan ma’lum va mashhur bo‘lib kelgan ingliz shahzodasi haqidagi qo‘shiqda hikoya qilinishicha, uning hafsala bilan bezatilgan kemasining langarlari nuqul oltindan, jihozlari esa shoyi-ipaklardan ekan. Manovi ispan kemasiga qarab turib o‘sha kema yodga tushdi; bu kema ham xuddi o‘sha kema singari hashamatli qilib bezatilibdi, kema jo‘nashi oldidan: «Ey xudo, oy borib, omon qaytishni nasib etgin!» – degan fikr hammaning dilida bo‘libdi.
Kuchli hamroh shamol esibdi, xayrlashuv onlari uzoqqa cho‘zilmabdi. Yana bir necha haftadan keyin kema mo‘ljaldagi joyga yetib borishi kerak ekan. Biroq quruqlikka yetishmasdan ancha berida shamol tinibdi, ko‘zni qamashtirib turgan dengiz sathi ham mavjlanishdan to‘xtaganday bo‘libdi; suv nur taratib, yulduzlar charaqlab turaveribdi, hashamatli kayuta bayramdagiday emish.
Biroq vaqt o‘tgan sari odamlar hamroh shamol esishini tusab qolishibdi, biroq bunday shamol esmabdi, ba’zida shamol ham bo‘libdi-yu, ammo orqadan emas, balki qarshidan esibdi. Haftalar ketidan haftalar o‘tibdi, janubi-g‘arbdan orziqib kutilgan shamol esgunga qadar ikki oy o‘tib ketibdi. Bu vaqt kema Shotlandiya bilan Yutlandiya o‘rtasida ekan; shamol yelkanlarni shishiribdi, kemani ingliz shahzodasi haqidagi qadimiy qo‘shiqda aytilganday, surib ketibdi. Qo‘shiqda shunday deyilgan ekan:
Dovul turdi, qoraydi osmon;
Oltin langar tashlandi darhol.
Yovuz shamol surdi kemani
Daniyaga shiddat-la, jadal.
Qo‘shiqdagi voqea qadim zamonlarda bo‘lib o‘tgan. O‘sha zamonlarda Daniyaning taxtida yosh qirol Kristian VII o‘tirardi. O‘shandan beri ko‘p voqealar yuz berdi, ko‘p narsalar o‘zgardi. Ko‘l va botqoqliklar ko‘m-ko‘k, yashnab turgan o‘tloqlarga, cho‘llar ekinzorlarga aylandi. Yutlandiyaning ajoyib sohillarida dehqon kulbalarining himoyasida esa olma daraxtlari va atirgullar o‘sdi. Biroq, ularni ko‘z bilan axtarib arang topasiz, chunki ular kuchli g‘arb shamolidan o‘zlarini ustalik bilan panaga olishgan. Harholda mana bu sohilda turib, fikran Kristian VII ning davrlarigagina emas, undan ham qadim zamonlarga sayohat qilish mumkin: Yutlandiyada hozir ham o‘tmishdagidek qumli yo‘lkalar kesib o‘tgan, har yer-har yerda qabrlar do‘mpayib turgan saroblar vatani bo‘lmish ko‘z ilg‘amas qoramtir cho‘l yastanib yotadi. Katta-katta daryolar qo‘ltiqlarga borib quyiladigan g‘arbiy sohilni dengiz tomondan baland barxanlar himoyasida avvalgiday o‘tloqlar va botqoqliklar qoplab yotibdi. O‘rkach-o‘rkach barxanlar tog‘ tizmalariday sohil bo‘ylab cho‘zilib ketgan, ba’zi joylarda barxanlar oralig‘ida tuproqli qiyaliklar ham uchrab qoladi; ana shu yerlardan dengiz har yili oz-ozdan yamlab, natijada qiyalik va tepaliklar zilzila vaqtdagiday gumburlaganicha dengizga qulab tushadi. Hashamatli kemada baxtiyor er-xotinlar bu yerlardan o‘tib ketishayotgan paytda Yutlandiyaning qiyofasi ana shunaqa ekan.
Sentabr oxirlab qolgan, lekin havo ochiq edi; yakshanba kuni edi; qo‘ng‘iroq sadolari bir-birini quvalab Nissum ko‘rfazi sohillari bo‘ylab taralardi. Bu yerdagi cherkovlar yo‘nib, tarashlab qo‘yilgan qoyatoshlarni eslatarkan, har bir cherkov qoyani o‘yib, tarashlab qo‘yilgan qoyatoshlarni eslatarkan, har bir cherkov qoyani o‘yib, tarashlab qurilgan ekan. Dengiz to‘lqinlari ular ustidan oshib o‘taverarkan. Ularning aksariyatida qo‘ng‘iroqxonalar yo‘q, qo‘ng‘iroqlar ikkita xodaga osilib, ochiq joyda turaverarkan.
Cherkov xizmati tugabdi, xaloyiq na daraxti, na butasi, na guli, hatto qabrlari ustida gulchambari ham bo‘lmagan qabriston tomon to‘zib chiqishibdi. Faqat unda-bunda marhumlar yotgan joylar do‘mpayib turarkan; hamma qabrlar ustini hidi o‘tkir, dag‘al ko‘kat qoplagan. Ba’zi qabrlarga yodgorliklar ham qo‘yilgan – bu yodgorliklar tobutsimon qilib o‘yilgan chirik xoda parchalaridangina iborat ekan. Bu xoda siniqlarini «sohildagi o‘rmon», ya’ni ochiq dengiz keltirib tashlarkan. Dengizda esa sohilda istiqomat qiluvchilar uchun tayyor to‘sinlar, taxtalar, yog‘ochlar «o‘sadi»; bularni dengiz to‘lqinlari sohilga yetkazib beradi. Biroq, shamol va dengiz tumani ularni ko‘p o‘tmay chiritib yuboradi.
Cherkovdan chiqib, bir ayol kelib to‘xtagan qabrcha ustiga ham ana shunaqa xoda sinig‘i qo‘yilgan ekan. Ayol qabr ustidagi yarim chirik yog‘och parchasiga tikilganicha indamay turarkan. Birozdan keyin uning yoniga eri yaqinlashibdi. Ular bir-birlariga lom-mim deyishmabdi, eri xotinining qo‘lidan ushlab, yo‘l boshlabdi, ular qoramtir cho‘l va botqoqlik osha barxanlarga yo‘l olishibdi. Ular ancha vaqtgacha indamay borishibdi. Nihoyat eri gap qotibdi:
– Bugungi ibodat juda yaxshi o‘tdi! Parvardigori olam bo‘lmaganida hamma narsadan mahrum bo‘lardik!
– Ha, – deb javob qaytaribdi xotini, – bizga shodxurramlikni ham, g‘am-hasratni ham o‘sha yuboradi! U hamisha haq. O‘g‘limiz tirik bo‘lganda, bugun besh yoshga to‘lardi.
– Rostini aytsam, behudaga g‘am chekyapsan! – debdi eri. – U osongina jon taslim qildi, hozir u sen bilan biz ham boradigan xudoyi taoloning dargohida.
Ular bir-birlariga boshqa so‘z qotmay, uylariga yo‘l olishibdi. To‘satdan hech qanday giyoh o‘smagan barxanlarning biridan osmonga tutun ko‘tarilibdi: kuchli quyun mayda qumni chirpirak qilib o‘yib, yuqoriga o‘rlabdi, quritish uchun arqonga tizib qo‘yilgan baliqlarni devorlarga urib nog‘ora qilib chalibdi; keyin shamol tinib, quyosh olov purkay boshlabdi.
Er-xotin o‘z kulbalariga kirishibdi, apil-tapil bayram sarpolarini yechib, yana qum to‘lqinlari yo‘lida ko‘ndalang turib olgan maxluq singari sohilda savlat to‘kib turgan barxan tomon shoshilishibdi.
Oppoq qumning har yer-har yeridan o‘sib chiqqan moviyyashil rangli, uchi o‘tkir qum sulisi va yumronqoziqlar bu yerlarga ajib bo‘yoq berib turganmish. Sohilga qo‘shnilardan anchasi to‘planishibdi, erkaklar bir bo‘lib qum ustiga qiyiqlarni tortib chiqarishibdi. Shamol kuchayib, sovuq izg‘irin esa boshlabdi, er-xotin uyga qaytishayotganlarida shamol qum va qirrali tomchilarni ularning yuziga ura boshlabdi. Shiddatli shamol qum to‘lqinlarini yorib, tarab, atrofga mayda chang qilib to‘zg‘ita boshlabdi.
Oqshom tushibdi; hali ham osmonda juda katta la’natlangan jinlar uvillab, hushtak chalib ingrashayotganday tovushlar eshitilib turibdi. Biroq, er-xotin hatto dengizning shovullashini ham eshitmabdi, vaholanki, ularning kulbasi dengizning naq qirg‘og‘iga joylashgan ekan. Qum to‘zonlari derazaga kelib urilaveribdi, kuchli shamol kulbani ag‘darib yuborguday g‘uvillab, avjiga minibdi. Qorong‘i tushibdi, lekin oy yarim kechaga borib chiqishi kerak ekan.
Osmon bulutdan tozalanibdi, lekin shamol dengizda hamon shiddat bilan esaveribdi. Er-xotin allaqachonlar o‘rinlariga yotishgan bo‘lsa-da, bunday to‘polonli kunda uyqu haqida o‘ylashmabdi; birdan ularning derazasini kimdir taqillatibdi, eshik qiya ochilib, bir odam:
– Yiroqdagi qoya yonida katta kema turibdi! – debdi.
Er-xotin irg‘ib o‘rinlaridan turishibdi va kiyinishibdi.
Oy nuridan hammayoq yorishib ketibdi, biroq qum quyuni ko‘z ochirgani qo‘ymabdi. Odamni uchirib yuborishga ham qodir bo‘lgan qattiq shamol turibdi; bu barxanlar orasida shamol shiddati sal susaygandagina emaklab, go‘r azobida zo‘rg‘a yurib bo‘lar ekan. Dengiz sohilga oqqush parini purkaganday sho‘rtak suvni purkay boshlabdi; dengizdagi kemani ko‘rish uchun ko‘z o‘tkir bo‘lishi kerak ekan. Bu ikki machtali ajoyib kema ekan, shamol uni qoyatoshlar orasidan sohilga sura boshlagan ekan, biroq oxirgi suv osti qoyasi yonida cho‘kib qolibdi.
Kemaga yoki uning ichidagilarga ko‘mak berishni xayolga ham keltirib bo‘lmas ekan, chunki dengiz qahr bilan avjiga minib, to‘lqinlar kemaga zarb bilan urilib, undan oshib tushayotganmish. Baliqchilarning qulog‘iga dod-voy, nola tovushlari eshitilganday bo‘libdi, ular kemadagilarni jon achchig‘ida u yoqdan-bu yoqqa yugurayotganlarini ko‘rishibdi. Mana, to‘lqin terak bo‘yi ko‘tarilib, kemani ko‘mib yuboribdi. Kemaning quyruq tomoni baland ko‘tarilibdi, shu payt bir-birini mahkam quchoqlagan ikkita odam o‘zini suvga tashlab, to‘lqinlar qa’rida yo‘q bo‘lib ketibdi… Yana bir lahzadan keyin qudratli to‘lqin yosh bir juvonning tanasini barxanga uloqtiribdi, ayol jonsizga o‘xsharmish. Bir necha baliqchi ayollar uni qurshab olishibdi, bundoq qarashsa, u tirik ekan. Uni o‘sha zahotiyoq yaqinroqdagi kulbalardan biriga olib kirishibdi. Haligi juvon biram chiroyli emishki! Zodagon xonimlardan bo‘lsa kerak!
Uni choyshabi ham yo‘q ko‘rimsizgina karavotga yotqizishibdi, ustiga jun adyol yopishibdi, axir, notanish ayolni isitish uchun adyolga o‘rash kerak ekan-da!
Ayolni tirik saqlab qolishga muvaffaq bo‘lishibdi, biroq uning isitmasi oshib, hech narsani tushunmabdi: boshiga qanday kun tushganini ham, qayoqqa kelib qolganini ham bilmabdi. Ha, xudoga shukurki, uning uchun qadrdon, aziz bo‘lgan inson endi dengiz tubida yotibdi. Hammasi ingliz shahzodasi haqida aytilgan qo‘shiqdagiday yuz beribdi:
Hijron kuylarini tinglagandirsan,
Ko‘rgandirsan olam mo‘jizalarin.
Dengiz kema qoldiqlarini qirg‘oqqa uloqtiribdi, odamlardan faqat mana shu yosh ayol tirik qolibdi. Shamol hamon uvillashda davom etibdi, biroq kulba ichida anchagacha sukunat hukmronlik qilibdi: yosh juvon hushidan ketibdi: keyin uning vujudi og‘riq azobida qiynalibdi, azobga chidolmay dodlabdi, chiroyli ko‘zlarini ochib, bir narsa debdi, ammo bu yerdagilar uni mutlaqo tushunishmabdi.
Biroq, bu azob-uqubatlar behuda ketmabdi, qo‘chqorday o‘g‘il tug‘ibdi. Bu bolani shoyi to‘shakli chiroyli beshik, hashamatli xona, shod-u xurramlik, barcha ne’matlarga mo‘l-ko‘l farovon hayot kutayotgan ekan-u, ammo parvardigor unga boshqacha taqdirni ravo ko‘ribdi: u qashshoq kulbada dunyoga kelibdi, hatto onasi ham uning peshonasidan suyib bo‘sa ololmabdi.
Baliqchining xotini chaqaloqni onasining ko‘ksiga qo‘yibdi, biroq ona yuragi urishdan to‘xtagan, u olamdan o‘tgan ekan. Hayotda faqat boylik, nuqul baxt egasi bo‘lishi lozim bo‘lgan bolani dengiz ochlik va qashshoqlik azobini tortishi uchun qumtepaga uloqtiribdi.
Ispan kemasi Nissum ko‘rfazidan biroz janubroqdagi qoyatoshga urilib, pachoq bo‘libdi. Sohilda yashovchilarning halokatga uchragan kema odamlarini shilib, talaydigan, jabr-zulmga to‘la zamonlar allaqachonlar o‘tib ketgan. Hozir esa baxtsizlik, falokatga uchraganlar bu yerda mehr-muhabbat bilan qurshab olinibdi, ularga samimiy munosabatda bo‘lib, yordamga shay turishibdi. Bizning zamonamiz chinakam olijanob fazilatlari bilan faxrlanishi mumkin! Jon berayotgan ayol va bebaxt go‘dak xohlagan kulbada boshpana, parvarish topishi mumkin ekan-u, ammo hozirgi kulbadagichalik mehr-oqibat, shirin muomalani boshqalarnikida uchrata olmas ekan: bu yer kechagina o‘z bolasi qabri ustida ma’yus turgan, agar tirik bo‘lganda besh yoshga to‘lishi mumkin bo‘lgan bechora baliqchi ayolning kulbasi ekan.
Olamdan o‘tgan juvonning kimligini, uning qayerdan kelganini hech kim bilmabdi, nima, bularni kema siniqlari aytib berarmidi?!
Ispaniyadagi badavlat savdogarning uyidagilar qizi va kuyovidan xat-xabar olisholmabdi. Ular kema ko‘zlangan joyga yetib borolmaganini, keyingi hafta ichida dengizda qattiq bo‘ron ko‘tarilganini bilishibdi, xolos. Bir necha oy sabrsizlik bilan kutishibdi. Nihoyat: «Kema halokatga uchradi, hamma cho‘kib ketdi», degan xabar kelibdi.
Qumtepadagi baliqchi kulbasida esa yangi odam paydo bo‘libdi.
Parvardigorning ikki bandasiga yuborgan rizqi uchinchisiga ham bemalol yetadi, dengiz sohilidagi baliqlar hammaga yetadi. Bolaga Yurgen deb ism qo‘yishibdi.
– Yahudiy bolasi bo‘lsa kerak! – deyishibdi odamlar.
– Buning qorachaligini qarang-a!
– Ehtimol, u isnan yoki italyandir! – debdi ruhoniy.
Lekin nomi tilga olingan har uchala halq ham baliqchining xotini nazarida bir xil odamlar ekan, ayol bolani cho‘qintirganidan behad xursand bo‘lib yuraveribdi. Bola katta bo‘laveribdi, uning zodagonlarnikiga xos toza qoni kambag‘alcha taomlardan oziqlanaveribdi; aslzodalarning bolasi qashshoq kulbada voyaga yeta boshlabdi. Daniya tili, to‘g‘rirog‘i, g‘arbiy yutland tili uning ona tili bo‘lib qolibdi. Ispan tuprog‘ining anor urug‘i Yutlandiyaning g‘arbiy sohilida yumronqoziq bo‘lib o‘sa boshlabdi. Odamlarning sharoitga moslashishini ko‘rdingizmi?! U yangi vatanda o‘zining barcha hayotiy ildizlari orqali bahra olib voyaga yetaveribdi. Unga qashshoqlik, ochlik va boshqa kulfatlar dardini tortish, shu bilan birga, kambag‘allarga ato qilingan xursandchiliklardangina bahra olish nasib qilgan ekan.
Har bir kishining bolaligida butun umrini munavvar qilib turadigan o‘ziga xos xursandchiligi bo‘ladi. Yurgenning o‘yinchoq va ermaklari kam emas ekan. Dengiz sohilida yayrab-yashnab o‘ynash mumkin: dengiz qirg‘oqlarida rangdor qimmatbaho toshlarga o‘xshaydigan xilma-xil o‘yinchoqlar to‘lib yotibdi. Bu yerda marjonday qip-qizil, qahraboday sap-sariq, qush tuxumiday oppoq, sip-silliq dengiz jilo bergan turli mayda toshlarni uchratish mumkin. Sohilda oqarib turgan, toshlarning beliga kamar bo‘lib bog‘lanib olgan, qurib qolgan suv o‘tlari va baliqlarning quruq skeletlari ham o‘yinchoqlar vazifasini o‘tar, ko‘zni quvontirar, aqlga oziq berardi. Yurgen qobiliyatli va iste’dodli bola edi. U turli qissa va qo‘shiqlarni osongina yodlab olardi! Uning qo‘li gul edi. Toshlar va chig‘anoqlardan kemalar va devorga ilib qo‘yiladigan tasvirlar yasardi. Tutingan onasining aytishicha, u o‘zining fikrlarini bir parcha yog‘ochga o‘yib ifoda qilishga ham qodir ekan. Uning ovozi ham biram yoqimli ekanki, gapirgan gaplari ham ashulaga o‘xsharkan. Ha, uning qalbida juda ko‘p torlar tortilgan, bordiyu, uning taqdiri boshqacha bo‘lganida – xilvat baliqchilar qishlog‘iga tushib qolmaganida edi, uning qalb torlari butun jahonni musiqiy tovushlarga to‘ldirgan bo‘lur edi.
Kunlarning birida sohilga yaqin joyda kema halokatga uchrabdi, to‘lqinlar qirg‘oqqa nodir gul piyozlarini uloqtiribdi. Ularning ba’zilarini baliqchilar iste’mol qilishibdi, qolganlari esa qum ustida chirib ketibdi. Bu gullar ochilmay so‘libdi – o‘zlarining go‘zalligini ko‘z-ko‘z qila olishmabdi. Yurgen ham baxtli bo‘larmikin? Gul piyozlar-ku, ko‘p o‘tmay yo‘qolib ketadi, lekin uning boshida og‘ir kunlar bor.
Yurgenga ham, uning atrofidagilarga ham bu yerdagi hayot zerikarli, bir maromda o‘tishi hech qachon xayollariga kelmabdi: ishlari boshdan oshib yotibdi-ku, qanday qilib xayollariga keltirishsin. Dengiz ulkan darslik bo‘lib, u har kuni yangi sahifani ochibdi, sohilda yashovchilarni goh o‘zining osoyishtaligi, goh yengil to‘lqinlanishi, goh shamol va dovuli bilan tanishtirib turibdi. Kema halokatini bu yerda muhim voqea deb bilisharkan, cherkovga ibodatga borish buyuk bayramga aylanarkan. Qarindoshlar va tanish-bilishlardan Bovberg yaqinidagi Fyaltringdan keladigan ilonbaliq sotuvchi tog‘aning mehmonga kelishi baliqchining oilasida katta xursandchilikka sababchi bo‘larkan. U har yili ikki marta qizil aravasini ilonbaliqqa to‘ldirib, bu yerga kelarkan, uning aravasi ustiga qopqoq yopilgan yashikka o‘xsharkan, har yog‘iga oq lolalar surati tushirilgan ekan; aravani ikkita oriq ho‘kiz sudrab kelarkan.
Bu baliqfurush hazilkash, xushchaqchaq odam bo‘lib, har kelishida bir bochka araq olib kelarkan. Stakanlab ichishga ulgurmay qolganlar esa loaqal kichik piyola yoki stakanchalarda ichib qolisharkan; yosh bo‘lishiga qaramay, hatto Yurgen ham bu ichimlikdan bebahra qolmas ekan. Savdogar qarindosh yog‘liq ilonbaliqni hazm qilish uchun araq ichish kerak, deb har safargi hikoyasini boshlar ekan. Bordiyu, tinglovchilar huzur qilib kulsa, hikoyani yana qayta aytib berarkan. Bu – gapdon odamlarning ojiz tomoni! Yurgen o‘smirligida ham, katta bo‘lganida ham bu hikoyani hech unutmabdi, biz ham bilib qo‘ysak yomon bo‘lmas. Eshiting:
Daryoda ilonbaliqlar suzib yurishar ekan, qizlari onalaridan daryoning yuqori oqimiga ko‘tarilib, erkinlikda suzib yurish uchun hadeb ruxsat so‘rashaveribdi, onalari bo‘lsa: «Uzoqqa ketib qolmanglar! Bo‘lmasa yovuz baliqchi kelib, hammalaringni chavaqlab tashlaydi!» – debdi. Lekin qizlar o‘zboshimchalik qilib ancha yiroqqa ketib qolishibdi, sakkizta qizdan faqat uchtasi uyiga qaytib kelibdi. Ular shikoyat qilishga tushishibdi: «Biz uydan sal nari borishimiz bilanoq yovuz baliqchi kelib, uch tishli panshaxasiga opalarimizni o‘lar holatga boradigan qilib sanchib oldi!»
– «Xo‘sh, ular yonimizga qaytib kelishadi!» – debdi onasi. – «Yo‘q! – deyishibdi qizlar. – Axir u opalarimizning terisini shilib, go‘shtipi to‘g‘rab, qovurib tashladi!» «Qaytishadi!» – debdi onasi. «Axir, ularni yeb qo‘ydi-ku!» – «Qaytishadi!» – deb takrorlabdi onasi. «U opalarimizni araq bilan tanovul qildi!» – deyishibdi qizlar. «Voy sho‘rim, endi ular hech qachon qaytishmas ekan! – deb nola qilibdi ona. – Araq ilonbaliqlarni o‘ldiradi!»
– Shuning uchun ham ilonbaliqdan tayyorlangan taomni yeganda albatta araq ichish kerak! – debdi savdogar.
Bu hikoya Yurgenning butun umri orqali qizil ip bo‘lib o‘tibdi, qiziq-qiziq hazil-mutoyibalar, matallar va o‘xshatishlar uchun boy ozuqa beribdi. Ba’zida Yurgen uyidan chiqib, yorug‘ dunyoni kemada sayohat qilish istagini bildirib qolganda, onasi: «Olamda yovuz odamlar – baliqchilar juda ko‘p!» – deb pisanda qilarkan. Lekin barxandan uncha uzoq bo‘lmagan yerlarda, cho‘lda yurish mumkin ekan, u o‘sha yerlarda sayr qilarkan. Uning bolaligidan to‘rt kun eng esda qoladigan yorqin kunlar bo‘libdi, shu to‘rt kunda Yutlandiyaning butun go‘zalligi, jonajon o‘lkaning butun shodligi va baxti o‘z ifodasini topibdi. Yurgenning ota-onalarini ziyofatga taklif qilishibdi, lekin bu dafn marosimi ekan.
Ularning badavlat qarindoshlaridan biri olamdan o‘tgan ekan. U cho‘lda, baliqchilar qishlog‘ining shimolisharq tomonida yashar ekan. Ota-onalari o‘sha yoqqa ketayotib Yurgenni ham o‘zlari bilan olib ketishibdi. Ular qumtepalar, cho‘l va botqoqlikdan o‘tishib, ilonbaliqlarga serob Skerum daryosi kesib o‘tgan o‘tloqdan yo‘lda davom etishibdi. Yovuz baliqchi tutib olgan, qovurib yeb qo‘ygan ilonbaliqlarning onasi ham xuddi shu daryoda qizlari bilan yashar ekan. Lekin odamlar ham ba’zida o‘z nasllariga nisbatan yaxshi munosabatda bo‘lishmagan. Misol uchun qadimiy qo‘shiqlarda hikoya qilinishicha, ritsar Bugge yovuz odamlar tomonidan o‘ldirilgan ekan, lekin u har qancha yaxshi odam bo‘lmasin, o‘zi uchun devori qalin, minorali qasr qurib berayotgan quruvchini o‘ldirmoqchi bo‘lgan ekan. Bu qasr Skerum daryosi Nissum ko‘rfaziga quyiladigan, Yurgen hozirgina otaonalari bilan kelib to‘xtagan joyda ekan. Qasrning ko‘tarmasi, g‘isht devorning qoldiqlari hali ham bor ekan. Ritsar Bugge o‘z xizmatkoriga, ketib qolgan quruvchini quvib yetishni, hamda unga: «Hoy, usta, minora yiqilyapti!» – deyishni buyuribdi. – Agar u orqasiga qaytsa, boshini kesib, men bergan pullarni qaytarib ol, bordiyu, orqasiga o‘girilmasa, ketaversin», – debdi.
Xizmatkor quruvchining orqasidan quvib yetibdi, xo‘jayini buyurgan gaplarni aytibdi, lekin u orqasiga o‘girilmasdan: «Minora hali-beri yiqilmaydi, lekin qachonlardir g‘arb tomondan moviy choponli odam keladi, minorani qulashga majbur qiladi», – debdi. Uning aytgani yuz yildan keyin ro‘y beribdi: mamlakat dengiz suvi ostida qolibdi, minora qulabdi, lekin qasrning egasi Predbern Gyuldensterne baland joyga yangi qasr qurib olibdi; bu qasr hozir ham Shimoliy Vosborgda savlat to‘kib turibdi.
Ular ana shu qasr yonidan o‘tishibdi. Bu yerlar Yurgenga ilgari hadeb eshitib yurgan hikoyalari orqali allaqachon tanish bo‘lib qolgan ekan-da, uzun tunlarda eshitgan bu hikoyalari unga huzur bag‘ishlagan ekan, endi bo‘lsa atrofi ikki qator xandaq, daraxt va butalar, qariqizlar o‘sib yotgan ko‘tarmalar bilan qurshalgan saroyni o‘z ko‘zi bilan ko‘ryapti. Lekin bu yerda eng ko‘rkam narsalar tomlarning ustigacha shox yozgan, havoni muattar hid bilan to‘ldirgan arg‘uvon daraxtlari ekan. Bog‘ning shimoli-g‘arbiy burchagida qordek oppoq gullarga burkangan shox hammasidan go‘zalmish. Bu Yurgen birinchi marotaba ko‘rayotgan marjon daraxti ekan. Marjon daraxti ham, gulga ko‘milgan arg‘uvon ham umrining oxirigacha Yurgenning xotirasida chuqur iz qoldiribdi, bola qarigan chog‘larida ham Daniyaning go‘zalligi va muattarligini hamisha eslab yuribdi.
Yo‘lning qolgan qismini tez va oson yurib o‘tishibdi: marjon daraxti gullab turgan Shimoliy Vosborgning naq o‘zida ularning ketidan ziyofatga taklif qilingan va aravada kelishayotgan boshqa mehmonlar yetib olishibdi va birga ketishibdi. Har uchovlari aravaning orqa tomonidagi hammayog‘iga tunuka qoplangan sandiq ustiga joylashishibdi, harholda bu piyoda ketishdan yaxshi-da. Yo‘l do‘ngliklardan iborat cho‘ldan o‘tgani uchun aravani tortib ketayotgan hayvonlar archalar orasidagi maysalarni ko‘rib, to‘xtab-to‘xtab borisharkan. Quyosh chiqib, cho‘l usti jimirlay boshlabdi. Bu jimirlash havodan ham tiniq bo‘lishiga qaramay, quyun singari osmonga o‘rlayotgani ro‘yi rost ko‘rinayotganmish; go‘yoki quyosh nurlari cho‘l ustida raqsga tushib, girdikapalak bo‘layotgandaymish.
– Lokeman podasini haydab ketyapti! – deyishibdi Yurgenga, bola shu gapga ham qanoat hosil qilibdi, darhol o‘zini ertaklar olamida ko‘ribdi, hozirgina ko‘rib turgani atrofidagi manzarani ham ko‘zdan qochirmabdi. Cho‘ldagi sukunatni qarang-a!
Ajoyib gilam misol cho‘l hammayoqqa quloch yoygan, archalar gullagan; archalar orasidan ko‘m-ko‘k sarvday bo‘lib qora archa va endigini bo‘y cho‘zayotgan eman bachkilari guldastaday qad ko‘tarib turibdi. Agar bu yerda son-sanoqsiz ilonlar bo‘lmaganida, ana shu gilam ustida huzur qilib u yoqdan-bu yoqqa dumalasang maza qilasan-da. Bu yerdagi mana shu ilonlar va bo‘rilar xususida gap ketibdi; keyingi paytlarda bo‘rilar nihoyatda ko‘payib ketganidan bu yerni bo‘rilar viloyati deb atay boshlashibdi. Arava haydab borayotgan cholning hikoya qilishicha, otasi hayotlik paytlarda bechora otlar o‘zlarini bo‘rilardan jon-jahdi bilan himoya qilisharkan, kunlarning birida u bo‘rini toptab o‘ldirgan otni o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan ekan, biroq ot oyoqlarining ko‘p joyi g‘ajib tashlanganmish.
Hademay do‘nglik va qumlar bilan qoplangan cho‘lni bosib o‘tib, mehmonlar gavjum bir uyga yetib borishibdi, hammayoqqa aravalar tiqilib ketibdi, ot va ho‘kizlar siyrak o‘t-o‘lanlarni chimdib yeyishayotganmish. Xutorning orqasida Yurgen yashayotgan joydagi singari baland-baland barxanlar ko‘rinib turganmish. Ie, bu barxanlar qayoqdan kelib qoldiykin? Axir, bu yer sohildan uch milya ichkariroqda-ku! Barxanlarni bu yoqqa shamol surib kelgan, uning qilig‘i shunaqa.
Duolar o‘qilibdi, ikki-uchta qariyalar ko‘zyoshi qilishibdi, lekin Yurgenning fikricha, xursandchilik zo‘r bo‘libdi: ziyofat to‘kin-sochinmish, hammani seryog‘ ilonbaliqlar bilan siylashibdi, lekin baliqlarni araq bilan yeyish kerak. Keksa savdogar chol: «Araq ilonbaliqlarni dafn qiladi!» debdi, hamma uning gapini tasdiqlabdi.
Yurgen hammayoqni izgib chiqibdi, uch kundan keyin o‘zini o‘z uyidagiday his etibdi. Biroq shu yerda, ya’ni cho‘lda hamma narsa o‘z qishloqlari, barxandagidan butunlay boshqachamish: cho‘l chaman-chaman ochilgan gullarga, ko‘k mevali butalarga to‘lamish; yirik-yirik shirin mevalar oyoq ostlarida to‘lib-toshib yotganmish, archalardan qizil shiralar oqib turganmish.
U yer-bu yerlarda qo‘rg‘onlar ko‘zga tashlanarmish; sokin havoda tutun tarqalarmish. Yurgenga bir joy yonayotgan bo‘lsa kerak, deb uqtirishibdi. Oqshom tushgach, cho‘l ustida shafaq qizaribdi, rosa chiroyli tomosha bo‘libdi!
To‘rtinchi kuni xudoyi osh berish tamom bo‘libdi: sohil bo‘yidagi barxanlar yoniga – uyga qaytish vaqti yetibdi.
– Bizdagilar chinakam barxan, – debdi otasi, – manovilarda kuch-kudratdan nishon yo‘q.
Ana shu barxanlarning bu yoqqa qanday kelib qolgani haqida gap ketibdi. Juda osonlik bilan kelib qolgan ekan. Sohildan jonsiz jasadni topib olishibdi: dehqonlar uni qabristonga qo‘yishibdi, shundan keyin dahshatli bo‘ron ko‘tarilibdi, qumlarni mamlakat ichkarisiga haydabdi, dengiz qahr bilap pishqirib, sohilga intilibdi. Shunda dono odamlardan biri anavi qabrni kavlab ko‘raylik, marhum bosh barmog‘ini so‘rmayaptimikin, deb maslahat beribdi, bordiyu barmoq so‘rayotgan bo‘lsa, u suv alvastisi, uni dengiz talab qilayotgan bo‘ladi, debdi. Qabrni ochishibdi, qarashsa, marhum bosh barmog‘ini so‘rayotganmish. O‘sha zahotiyoq uni aravaga yuklashibdi, aravaga ikkita ho‘kizni qo‘shishibdi, ho‘kizlar qo‘rqqanlaridan cho‘l va botqoq orqali dengiz tomonga jon-jahdlari bilan yugurishibdi. Qum bo‘roni darhol tinibdi, biroq barxanlar mamlakat ichkarisida o‘shandayicha saqlanib qolaveribdi. Yurgen bolaligining eng baxtiyor kunlari, xudoyi oshi berish kuni haqidagi xotiralar qatorida bu hikoyani ham eslab, e’zozlab yuraveribdi.
U uyidan ajrab chiqib, yangi joy, yangi odamlarni ko‘rish ishtiyoqida yashabdi. Xuddi shunday bo‘libdi ham. U hali o‘n to‘rt yoshga to‘lmasdanoq kemaga shogird bo‘lib yollanibdi, jahongashtalik qila boshlabdi. U yog‘insochinni ham, dengizni ham, yovuz, qahri qattiq odamlarni ham yaxshi bilib olibdi. Axir, u bekorga shogird bo‘lmabdi-da! U och-nahorlikni ham, izg‘irinli tunlarni ham boshidan kechiribdi, qamchi va musht yeyishdan ham bebahra qolmabdi. Ba’zida badanidagi toza ispan qoni qaynab ham ketarkan. O‘shanda tilining uchiga zaharli gaplar kelarkan; bunday paytlarda tilini tishlab, eng oqilona ish qilar ekan, aks holda boshiga ilonbaliqlarning kuni tushishi hech gap emas ekan.
Внимание! Это не конец книги.
Если начало книги вам понравилось, то полную версию можно приобрести у нашего партнёра - распространителя легального контента. Поддержите автора!Правообладателям!
Данное произведение размещено по согласованию с ООО "ЛитРес" (20% исходного текста). Если размещение книги нарушает чьи-либо права, то сообщите об этом.Читателям!
Оплатили, но не знаете что делать дальше?