Электронная библиотека » Ганс Христиан Андерсен » » онлайн чтение - страница 4

Текст книги "Қор одам"


  • Текст добавлен: 29 апреля 2024, 16:20


Автор книги: Ганс Христиан Андерсен


Жанр: Книги для детей: прочее, Детские книги


сообщить о неприемлемом содержимом

Текущая страница: 4 (всего у книги 25 страниц) [доступный отрывок для чтения: 8 страниц]

Шрифт:
- 100% +

SHAMOL VALDEMAR DO VA UNING QIZLARI HAQIDA HIKOYA QILADI

Shamol maysalar ustidan yelib o‘tadi; o‘shanda suv beti jimirlaganday maysa yengilgina titrab ketadi; bordiyu, ekinzorlar ustidan o‘tsa, ular dengiz singari chayqaladi, bu – shamolning raqsi. Endi uning hikoyalariga quloq soling! U hikoya qilmaydi, balki kuylaydi, ovozi turli xil ohangda jaranglaydi: o‘rmonda bir xil, deraza, teshik va yoriqlardan uy ichiga kirganda boshqa xil. Shamolning bulutni haydashiga ham bir qarab qo‘ying; bulutlar qo‘y podalari singari yugurishadi! Darvozada uvillashini eshityapsizmi? Xuddi qorovul burg‘u chalganday! U mo‘ri ichida va kaminda yana bir boshqacha ajoyib ovoz chiqaradi! Tarashalar charsillab yonadi, atrofga uchqun sachratadi; alanganing yorug‘ nuri xonaning eng xilvat burchaklarigacha yoritadi. Bunday xona shunaqayam issiq, shinamki, kamin oldida o‘tirish shunaqayam rohatki! Yaxshisi buni shamolning o‘zi hikoya qila qolsin! Uning yakka o‘zi hammamizdan ham ko‘proq ertaklarni biladi. Quloq soling, u ertak boshlayapti:

«G‘uv-g‘u-u! O‘taver!» – bu uning naqorati.

– Katta Bel sohilidagi qo‘rg‘onda qizil g‘ishtdan qurilgan bir boyning uyi bo‘lgan, – deb hikoyasini boshlabdi shamol. O‘sha yerdagi har bitta g‘isht menga tanish: Mark Stig qasrini qurishayotgandayoq bu g‘ishtlarni ko‘rganman; keyin qasr yiqildi, g‘ishtlarini yana ishlatishdi. Ulardan Borrebyu qo‘rg‘onida yangi devor, yangi uy qurishdi, u hozir ham bor.

Qo‘rg‘onning barcha oliy nasab egalarini ham bilaman; ko‘z oldimda juda ko‘p avlodlar almashdi! Endi men Valdemar Do va uning qizlari haqida hikoya qilaman.

Valdemar Do doim gerdayib yurardi, chunki uning tomirlarida qirol qoni ko‘pirib oqardi! Uning qo‘lidan bug‘u quvlash, qadah bo‘shatishlardan tashqari boshqa ishlar ham kelardi. Nimani uddalardi deysizmi? «Vaqti kelib ma’lum bo‘ladi!» derdi u.

Kimxob ko‘ylaklarga burkangan xotini esa gul sochilgan pol ustida viqor bilan qadam tashlardi, uy ichi juda ham serhasham edi: devor guldor gilamlarga, xonalar o‘yib ishlangan mebellarga liq to‘la edi. U sep tariqasida juda ko‘p kumush va oltin idishlar ham olib kelgandi. Yerto‘lalarda nemis musallaslari va boshqa narsalar saqlanardi. Otxonalarda esa ajoyib qora otlar kishnab turardi. Ha, Borrebyu hokimi juda badavlat edi, chunki davlat hali undan yuz o‘girmagan edi-da.

Uning uchta bolasi – uchta nafis gul lolasi: Ida, Yohanna va Anna Dorteya ismli qizlari bor edi, ularning ismi hali ham esimda.

Boshqa qadimiy qo‘rg‘onlarda ko‘rganimdek, bu yerda ham oliy nasab xonimlarning qizlari bilan birga tantanalar o‘tkaziladigan mehmonxonada charx yigirib o‘tirishlarini ko‘rishga muyassar bo‘lganman. Biroq, bu xonim musiqa chalar, faqat qadimiy daniya qo‘shiqlarinigina emas, balki boshqa tilda horijiy ashulalarni ham aytardi. Qo‘rg‘onda hayot gashtli o‘tardi, uzoq va yaqinlardan har kuni aslzoda mehmonlar kelishardi, musiqalar yangrardi, qadahlar jaranglardi, shunchalik shovqin ko‘tarilardiki, ba’zan hatto men ham uni bosishga ojizlik qilib qolardim! Ha, bu yerda juda ko‘p shovqin-suron bo‘lgan, bu yerda oliy zotlarning kibr-havosi hukmron edi, bu yerda janoblar serob edi-yu, xudo yo‘q edi!

– May oqshomlaridan biri edi, – davom etibdi shamol, – men endigina g‘arbdan qaytib kelgandim; o‘sha yoqlarda Yutland sohillariga urilib pachag‘i chiqqan kemalarni ko‘rdim, ko‘m-ko‘k o‘rmonlar bilan qoplangan sohillar hamda cho‘llar ustidan o‘tayotib shovqin soldim. Fyun oroli va Katta Belt suvlari ustida hushtagimni chaldim, faqat Zelandiya sohillariga kelib tinchlandim. Bu yerda Borrebyu yaqinidagi ajoyib eman o‘rmonzorida hordiq chiqardim – o‘sha paytlar bu o‘rmon hali bor edi.

O‘rmonda atrofdan kelgan yigit-qizlar sayr qilib yurishar, quruq shox-shabbalarni yig‘ishtirishar edi. Ular bir bog‘-bir bog‘dan o‘tin qilishib, qishloqlariga qaytishar, o‘tinlarni bir joyga to‘plab, gulxan yoqishar va uning atrofida qo‘shiq aytib, o‘yinga tushishar edi. Qizlar ham yigitlardan qolishmasdi.

– Men jimgina yotgandim, hikoyasini davom ettiribdi shamol, – faqat gulxanga eng chiroyli yigit qo‘ygan shoxni astagina puflardim. U lovillab yonib ketdi, yigitni may qiroli qilib tanlab olishdi, u esa qizlar orasidan qirolicha tanladi. O‘shanda rosayam xursandchilik bo‘ldi! Bu xursandchilik oldida oliy nasablar uyidagi xursandchilik ip esholmay qoldi!

Beshta ot qo‘shilgan zarrin izvosh boy qo‘rg‘oni tomon yo‘l oldi. Unda xonimning o‘zi va uning qizlari – uchta nafis, yosh, chiroyli gullar, atirgul, nilufar va qorday oppoq sunbul o‘tirardi. Qizlarning onasi xuddi barq o‘rib turgan lolaga o‘xshardi, u torday tarang tortib, gerdayib o‘tirardi. Hech kimning salomiga alik olmasdi, hatto dehqonlarning qo‘shiq va raqs bilan qilishgan ta’zimlari ham javobsiz qolardi, bordiyu, ta’zimga ta’zim bilan javob bersa, chiroyli qomati sinib qoladiganday qo‘rqardi! «Xo‘sh, sizlarchi, atirgul, nilufar va sunbulxonlar, vaqti kelganda kimlarning malikalari bo‘lasiz? – deb o‘yladim. Ular kechagiday ko‘z o‘ngimda! – Sizlarning tanlaganingiz olijanob ritsarlar, ehtimol, shahzodalar bo‘lar!»

– G‘uv-g‘u-u! O‘taver, o‘taver!

Izvosh jo‘nab ketdi, dehqonlar yana raqs boshlashdi.

Borrebyu, T’erebyu hamda boshqa atrof qishloqlarda yozni ana shunday kutib olishdi.

– Kechasi uyg‘onib qarasam, – debdi shamol, – aslzoda xonim o‘rniga yotganicha qaytib turmabdi. Boshqa odamlar nima bo‘lsa, u ham shunday bo‘ldi, bu yangilik emas. Valdemar Do bir lahza jim turdi. Biroq, ko‘nglidan «mag‘rur daraxt egiladi-yu, sinmaydi» degan gap o‘tdi. Qizlar yig‘i-sig‘i qilishdi, hovlidagilarning ham ko‘zlarida yosh ko‘rinardi. Lekin Do xonim olamdan o‘tdi, men ham o‘taverdim. G‘uv-g‘u-u! – deb g‘uvillabdi shamol.

* * *

– Men orqaga qaytdim – Fyun orollari va Belt suvlari ustidan uvillab o‘tib, tez-tez orqaga qaytadigan odatim bor edi – eman o‘rmonzori yaqinidagi dengiz sohiliga – Borrebyuga yastandim. O‘rmondagi daraxtlarga baliqchi dengiz lochinlari, yovvoyi kaptarlar, qora qarg‘alar, hatto qora laylaklar uya qurgandi. Erta bahor edi; ba’zi uyalarda tuxum, boshqalarida tuxumdan endigina chiqqan qushchalar chirqillardi. Qush to‘dalari esa shovqin solib, sho‘xlik qilib o‘rmon ustida uchib yurishardi. Ahyonahyonda bolta ovozlari ham eshitilib qolardi; baland-baland emanlar kesiladigan bo‘ldi: Valdemar Do qimmatbaho uch palubali harbiy kema qurmoqchi ekan, uni qirol sotib olsa kerak! Shu vajdan dengizchilarga mo‘ljal, qushlarga boshpana bo‘lib kelgan o‘rmon kesila boshladi. Qarqunoqlar qo‘rqqanlaridan u yoqdan-bu yoqqa uchishardi: ularning inlari buzilib ketdi; o‘z boshpanalaridan mahrum bo‘lgan dengiz lochinlari va boshqa o‘rmon qushlari ham qo‘rquv va alamdan qichqirib, osmonda charx urishdi. Men ularni yaxshi tushunardim! Qarg‘a va zag‘chalar zaharxandalik bilan Qag‘-qag‘! Xonavayron bo‘ldik! Qag‘-qag‘! – deb qichqirishdi.

O‘rmonda, ishchilar yonida Valdemar Do uchala qizi bilan turardi. Eng kenja qizi Anna Dorteyadan boshqa hamma qushlarning jon talvasasiga tushib faryod urishlaridan huzur qilishardi. Qizning bechora qushlarga rahmi keldi; tepasiga qora laylak uya qurgan yarmi qurib qolgan eman daraxtini kesish navbati kelganda, ko‘zida yosh bilan otasidan shu daraxtni kesmaslikni, uyadan boshlarini chiqarib turgan qushchalarni nobud qilmaslikni o‘tinib iltimos qildi. Qora laylak tufayli eman daraxti kesilmay qoldi, bunday daraxt haqida hikoya qilsa arziydi!

Daraxt kesish va arralash qizg‘in tus oldi, uch palubali kema qurilmoqda edi. Kemasoz oliy tabaqa kishilardan bo‘lmasa ham, har qalay zodagonlardan edi. Uning peshanasi va ko‘zidan aqlliligi sezilib turardi. Valdemar Do bu yosh yigitning hikoyalariga jon deb quloq solardi. Bu hikoyalarni Borrebyu hokimining o‘n besh yoshli to‘ng‘ich qizi Ida ham eshitardi. Kemasoz Valdemar Do uchun kema qurayotib, o‘zi va Ida uchun samoviy qasr ham qurdi: ular ana shu qasrda er-xotinday yonma-yon o‘tirishardi! Bordiyu, bu chinakam qasr bo‘lganda, uning toshdevorlari, ko‘tarmalari, xandaqlari, o‘rmon va bog‘lari bo‘lganda chindan ham yaxshi bo‘lardi. Biroq, turnaning raqsiga chumchuqning suqilishi yaxshi emas. Yosh kemasoz qanchalik aqlli bo‘lmasin, baribir kambag‘al edi. G‘uv-g‘u-u! Men charx urdim, u ham charx urib uchdi, bu yerda ortiq qololmadi. Ida esa taqdirga tan berdi, qo‘lidan nima ham kelardi?

* * *

– Otxonalarda qora otlar kishnab turardi, – deb hikoyasini davom ettirdi shamol, – ularga qarasangiz ko‘zingiz quvonardi! Hammaning ko‘zi o‘shalarda edi. Yangi harbiy kemani sotib olish uchun qirol tomonidan yuborilgan admiral o‘ynoqi otlarni ko‘rib zavqlanganidan qiyqirib yubordi. Buni ro‘yi rost eshitdim, chunki men janoblarning izidan ochiq turgan eshiklar orqali kirib, oyoqlari ostiga tillarang somon sochayotgan edim-da. Valdemar Do jaraq-jaraq oltinni, admiral esa qora tulporlarni olish ilinjida edi, shu vajdan u otlarni maqtardi. Biroq, uning dilidagini tushunishmadi, kema savdosi ham bo‘lmadi. Kema xuddi Nuh payg‘ambarnikiday taxtalar bilan qoplanganicha sohilda qolaverdi, moviy dengizda suzish unga nasib qilmagan ekan! G‘uv-g‘u-u! O‘taver! O‘taver! – deb uvillabdi shamol. – U ayanchli ahvolda edi!

Qishda, dalalarga qor oq gilamini yoyganda, Belt daryosida muzlar oqa boshladi, men bo‘lsam to‘lqinlarni qirg‘oqqa haydadim, kemaga bir-biridan qora bir talay qarg‘alar kelib qo‘nishdi; qushlar bo‘m-bo‘sh, huvillab yotgan tashlandiq kemaga qo‘nib olishib, kesilib ketgan o‘rmon, buzib tashlangan qadrdon uyalari, o‘zlarining boshpanasiz qolganliklari haqida alam bilan qag‘illay boshladilar.

Nima uchun shunday bo‘ldi! Umrbod suv yuzini ko‘rmay yog‘och uyumi bo‘lib yotadigan mana shu mag‘rur kema deb shunday bo‘ldi-da!

Qorlarni to‘zitgandim, uchqunlari kema atrofiga to‘lqinsimon shaklda qo‘ndi. Kemaga qo‘shiq va muzikamni eshitish imkonini berdim, mayli, eshitsin, ko‘niksin, chunki u kema! G‘uv-g‘u-u! O‘taver!

Qish ham o‘tib ketdi; qish bilan yoz men kabi tez uchib o‘tadi, daraxt shoxlaridan qor, bahorda gul, xazon-rezgilik paytida barg to‘kilganday o‘tib ketaveradi. O‘tavering! O‘tavering! Odamlar ham o‘taversin!

Biroq, qizlarning hali o‘n gullaridan bir gullari ham ochilmagan edi. Ida kemasoz yigit ko‘ngil qo‘ygan paytlardagidek hamon bir husniga o‘n husn qo‘shilib borardi. Men uning uzun oltinrang kokillarini o‘ynardim; u esa olmaning tagida o‘ychan turaverardi, parishon sochlariga olma gullarini yog‘dirayotganimni payqamasdi. U quyuq daraxtlar orasidan charaqlab turgan quyoshga, osmondagi to‘lin oyga tikilardi.

Uning singlisi Yohanna boshini viqor bilan orqaga tashlagan adl, chiroyli nilufar gulning o‘zi edi, bellari onasinikiday ingichka, sambitdek edi. U ajdodlarining suratlari osilgan xonaga kirishni yaxshi ko‘rardi. U yerda baxmal va shoyi kiyimlar kiygan, mayda kokillarini yopib turuvchi, gavharlar qadalgan shapkali aslzoda xonimlar tasvirlangan suratlar turardi. Ular juda ham chiroyli edilar. Erkaklar esa sovut yoki tik va baland yoqali kamzullarda tasvirlangan. Qilichlari beliga emas, balki yonlariga osilgan edi. Vaqti kelib bu yerga Yohannaning portreti ham qo‘yiladi. Lekin olijanob umr yo‘ldoshining qiyofasi qanaqa bo‘larkin? Qiz faqat shu haqda o‘ylar, lablari faqat shuni pichirlardi. Men yo‘lakdan u yoq-bu yoqqa yurib, katta xonaga kirib, bularning hammasini eshitdim.

O‘n to‘rt yoshli oq sunbul gul Anna Dorteya esa yuvosh va o‘ychan qiz edi. Uning katta-katta moviy ko‘zlari jiddiy va g‘amgin boqardi, lekin lablaridan tabassum arimasdi. Men unga hatto puflashga ham jur’at etolmasdim, buni xohlamasdim ham.

Men Anna Dorteyani ko‘pincha bog‘da, yo‘lda va dalada uchratardim; qiz otasiga kerak bo‘ladigan gullarni, o‘to‘lanlarni yig‘ib kelardi: otasi esa ulardan ichimlik hamda turli tomchilar tayyorlardi. Valdemar Do mag‘rur, dadil, shu bilan birga bilimdon ham edi! U ko‘p narsani bilardi! Hamma uni bilar va u haqda shivir-shivir qilardi. Uning xonasida olov hatto yozda ham o‘chmasdi, eshigi doim qulflog‘liq bo‘lardi, kecha-yu kunduz o‘sha yerdan chiqmas, o‘z ishi xususida boshqalar bilan suhbatlashishni yoqtirmasdi; hademay u dunyoda eng yaxshi, eng qimmatbaho bo‘lgan qizil oltinni topadi!

Mo‘risidan tutun to‘xtovsiz burqsab chiqib turishining sababi ham shunda edi. «Kaminda o‘tin charsillab yonardi! Uni puflashga o‘zim yordam berardim! – deb hikoya qilibdi shamol. – Valdemar Doga mo‘ri orqali: Bo‘ladi! Bo‘ladi! Hammasi tutun, qurum, is, kul bo‘ladi! Ishingning pachavasi chiqadi. G‘uv-g‘u-u! O‘taver! O‘taver! Bo‘ladi! Bo‘ladi! – deb uvullardim. Ammo Do o‘jarlik qilaverdi».

Otxonasidagi ajoyib tulporlar qayoqqa yo‘qoldi? Shkaflardagi kumush va oltin idishlar-chi, dalalaridagi sigir-buzoqlar-chi, butun mol-mulk-chi? Ha, bularning hammasini eritish, qizdirish… oltin eritadigan idishda eritish mumkin, ammo bulardan oltin olib bo‘lmaydiku!

Omborlar, yerto‘lalar, chordoqlar bo‘shab qoldi. Odamlar kamayib sichqonlar ko‘paydi. Deraza oynasining biri darz ketsa, boshqasi sinadi, endi mening faqat eshik orqali xonaga kirishim shart emas. «Qayerda mo‘ridan tutun chiqsa, o‘sha yerda taom tayyorlanadi», bu yerda esa qizil oltin olish uchun jamiki taomlarni kemiradigan mo‘ridan tutun burqsiyapti!

Men qo‘rg‘on darvozasi oldida qorovul singari burg‘u chaldim, lekin endi bu yerda qorovul turmasdi! Men minora ustidagi flyugerni aylantirdim, u bo‘lsa mezanada qorovul xurrak otganday g‘ijirladi, lekin u yerda ham qorovul yo‘q edi! Faqat kalamush va sichqonlargina sanqib yurishardi. Uning uyiga qashshoqlik dasturxon yozdi, shkaf va bufetlarga joylashib oldi; eshiklar oshiqmoshig‘idan chiqib ketdi, hammayoqda yoriq va teshiklar paydo bo‘ldi – bu esa menga yaxshi: ichkariga kirish osonlashdi! Shuning uchun ham u yerda nima bo‘layotganini yaxshi bilaman.

Tutun va kuldan, zo‘r tashvish va uyqusizlikdan Borrebyu hokimining soch va soqollari oqarib ketdi, yuzi za’faron bo‘lib ajin bosdi, lekin ichiga botib ketgan ko‘zlari hamon orziqib kutayotgan oltin jilosini ko‘rish ishtiyoqida boqardi.

Men uning yuzi va soqollariga kul bilan tutun puflayverdim. Lekin hadeganda oltindan darak bo‘lavermadi, ammo uning qarzlari kun sayin oshib bordi. Men singan derazalar, yoriq va teshiklarda qo‘shig‘imni aytaverdim, hatto qizlarniig kiyilaverib to‘zigan, yirtilgan kiyimlari solingan sandiq ichigacha kirdim, kiyimlar hadeb kiyilaverganidan shu holga kelgan-da! Ha, qizlar beshiklari ustida aytilgan alladagi shirin orzular ro‘yobga chiqmadi! Boy odamning turmushi g‘am-kulfatga to‘lib ketdi. Faqat mengina u yerda baland ovoz bilan kuylayverdim. Uylarni qorga ko‘mib tashladim, aytishlaricha, qor isitarmish; ularning o‘tini ham yo‘q edi; o‘rmon esa allaqachonlar kesilib ketgan. Sovuq kuchaygandan kuchaydi. Men uy ichida u yoq-bu yoqqa borib kelaverdim, yoriq va tuynuklardan kirib, tom hamda devorlar ustida charx urdim, axir, sal sergak turish ham kerak-da! Aslzoda qizlar bo‘lsa sovuqdan ko‘rpalariga burkanib olishdi, otalari esa jun adyolning ostiga kirib ketdi. Na ovqat, na o‘tin bor – boy odamning turmushi ana shunaqa bo‘lib qolgandi! G‘uv-g‘u-u! O‘taver! Bo‘ladi! Bo‘ladi! Biroq, Do janoblariga hamma narsa kam edi.

«Qishdan keyin bahor keladi, – derdi u, – Qashshoqlik o‘rnini sho‘xlik egallaydi! Biroq, u o‘zini ancha kuttiradi. Endi yer-suv garovga qo‘yilgan, ortiq kutish mumkin emas, hademay, pasxa bayramiga oltin albatta bo‘ladi!»

Men uning o‘rgimchakka: «Hafsalali jajji to‘quvchisan, meni sabr-toqatga o‘rgatyapsan. To‘ringni yirtib yuborishsa, yangisini to‘qiy boshlaysan, uni ilgarigi holiga keltirasan! Yana yirtib yuborishsa, yana, yana boshqatdan to‘qiyverasan! Xuddi ana shunday qilish kerak! Mukofoti oldinda bo‘ladi!» – deb shivirlayotganini eshitdim.

Mana, pasxaning dastlabki kuni ham yetib keldi; qo‘ng‘iroqlar jarangladi. Osmonda quyosh charaqladi. Valdemar Do tuni bilan o‘lib-tirilib ishladi, bir narsalarni qaynatdi, sovutdi, aralashtirdi, siqdi. Men uning xo‘rsinganini, ibodat qilganini eshitdim, ish ustida nafas olishga ham qo‘rqib o‘tirganini ko‘rdim. Uning chirog‘i o‘chib qoldi, buni payqamadi. Men ko‘mirni pufladim, cho‘g‘lar uning bo‘rday oppoq yuzini va botiq ko‘zlarini yoritdi. To‘satdan uning ko‘zlari kattalashib ketdi, kosasidan chiqquday bo‘ldi!

Shisha idishga qara! Yarqirayapti! Nuri olovday lovillayapti… Qandaydir yarqiroq, vazmin! U shisha idishni titroq qo‘llari bilan ko‘tardi, hayajondan nafasi ichiga tushib: «Oltin! Oltin!» – deb baqirdi. U gandiraklardi, sal puflab uni yiqitishim mumkin edi. Lekin unday qilmadim, faqat ko‘mirni pufladim, uni esa qizlari sovuqdan muzlab o‘tirgan xonaga kuzatib qo‘ydim. Uning kiyimlari ham, soqoli va hurpaygan sochlarini ham kul bosgan edi. U qaddini rostladi. Nozik idishdagi xazinani boshi uzra baland ko‘tardi… «Topdim! Topdim! Oltin!» – deb qichqirdi va quyoshda jilo berib turgan idishni ularga uzatdi, biroq… uning qo‘li titrab ketdi. Idish yerga tushib chilparchin bo‘ldi! Oxirgi umidi ham sovun ko‘pigiday o‘chdi-qoldi! G‘uv-g‘u-u! O‘taver! Men esa alximikning uyidan chiqib ketdim.

Qisqa kunlar boshlandi, tuman nam pardasini yoyib, suvini yalang‘ochlanib qolgan daraxtlar, qizil mevalar ustidan tomiza boshlagan kech kuz payti edi. Men bardam va tetik holda qaytib keldim. Guvillab osmonni bulutlardan tozaladim, aytganday, chirib yotgan shoxlarni sindirib tashladim – bu ish xudo bilsin qanaqayu, ammo qilishga to‘g‘ri keldi. Borrebyudagi hokim uyi boshqacha did bilan yog‘ tushsa yalaguday qilib tozalab qo‘yilgan edi. Valdemar Doning dushmani basneslik Ove Ramel Borrebyuga garov xat bilan keldi: endilikda uy ham, butun mol-mulk ham uniki bo‘lgan edi! Men siniq derazalarga kuchimning boricha go‘villab puflay boshladim, ilgagidan chiqqan eshiklarni taraqlatdim, yoriq va teshiklardan hushtak chalib o‘tdim: «G‘uv-g‘u-u! Mayli, janob Ovega bu yer yoqmay qolsin, dedim! Ida bilan Anna Dorteya achchiq-achchiq ko‘zyoshi to‘kib yig‘lashdi; Yohanna bo‘lsa qaddini g‘oz tutib turgan bo‘lsa ham, yuzi murdaday oqarib ketgan edi, barmog‘ini shunday tishladiki, qoni tirqirab ketdi. Lekin bundan hech qanday foyda yo‘q edi! Ove Ramel Do janoblariga shu uyda umrining oxirigacha yashashga ijozat berdi, biroq bu marhamatga hech kim minnatdorchilik izhor qilmadi. Uysiz qolgan dvoryanning boshini mag‘rur ko‘targanini, qaddini rostlaganini ko‘rdim. Shu payt tom va keksa arg‘uvon daraxtiga jon-jahdim bilan shunaqayam zarba berdimki, chirimagan bo‘lishiga qaramay, yo‘g‘on bir shoxi sinib, darvoza oldiga qulab tushdi. U supurish lozim bo‘lganda supurgi bo‘ladiganday o‘sha yerda qolaverdi. O‘sha supurgi bu yerning sobiq egalarini supurib yubordim!

Og‘ir kun, mashaqqatli, aziyatli onlar yetib keldi, biroq ularning ruhi tetik, qaddilari bukilmagan edi.

Ularning kiyib yurgan kiyimlaridan ko‘p narsalarni va’da qilib, oxiri umidlarni chippakka chiqarib to‘kilib ketgan boyliklari solingan yangi sotib olingan shisha idishlaridan boshqa hech narsalari qolmagan edi. Valdemar Do xazinani qo‘yniga yashirdi, qo‘liga hassa oldi: bir vaqtlar mana shu mulkning boy-badavlat egasi bo‘lgan kishi yoniga uchala qizini olib Borrebyudan chiqib ketdi. Men muzdekkina shabadam bilan uning lovillab turgan yuzini sovutdim, soqollari va oppoq sochlarini siypadim, qo‘limdan kelganicha qo‘shig‘imni aytdim: «G‘uv-g‘u-u! O‘taver! O‘taver!»

Dvoryanlikka xos hashamat ana shunday barham topdi!

Ida bilan Anna Dorteya otalari yonida borishardi. Yohanna darvozadan chiqib, orqasiga o‘girildi. Nega deysizmi? Axir, baxt qaytib kelmaydi-ku. Qiz Mark Stig qasrining g‘ishtlaridan qurilgan qizil g‘ishtli devorlarga boqdi, uning qizlarini esladi.

 
Kattasi kenjasin qo‘lidan tutib
Jahonni kezmoq-chun otlandi yo‘lga.
 

Yohanna bu qo‘shiqni xotirladimikin? Hozir haydalganlar uch qiz, yonlarida otalari ham bor. Bir vaqtlar karetada yurgan yo‘llardan sudralib keta boshlashdi. Yiliga o‘n marka to‘lash sharti bilan ijaraga olingan Samizstrun dalasidagi hujralari tomon yo‘l olishdi. Boy odamning yangi manzili yalang‘och devorlar, bo‘mbo‘sh idishlar. Qarg‘a va zag‘chalar esa zaharxanda bilan «Qag‘! Qag‘! Xonavayronlik! Qag‘-qag‘!» – deb qichqirishdi, bir vaqtlar Borrebyu o‘rmonidagi daraxtlar kesilayotganda ham shunday qichqirishgan edi. Ularning quloqlariga bor kuchim bilan puflab tursam-da, Do janoblari va uning qizlari bu qichqiriqlarning ma’nosini yaxshi tushunishdi.

Ular hujralariga kirishdi, men esa botqoqliklar va dalalar, «yalang‘och butazorlar va daraxtlari qiyratilgan o‘rmonzorlar ustidan ochiq dengiz, boshqa mamlakatlar tomon guvillaganimcha yo‘l oldim. G‘uv-g‘u-u! O‘taver! O‘taver! Shu zaylda yillar o‘tib bordi.

* * *

Xo‘sh, Valdemar Do bilan uning qizlarining taqdiri nima bo‘ldi, dersiz? Buni hozir shamol hikoya qilib beradi.

– Oq sunbul gul Anna Dorteyani oxirgi marta uchratganimda bukchaygan kampir bo‘lib qolibdi, axir oradan ellik yil vaqt o‘tib ketgandi-da. Qolganlari o‘lib ketgan, u esa endi ko‘pni ko‘rgan bir kampir edi. Viborg shahri yaqinidagi cho‘lda bir ruhoniyning qizil g‘ishtdan qurilgan hashamatli uyi bor. Uning mo‘risidan quyuq tutun buralib chiqmoqda. Ruhoniyning mehribon xotini va go‘zal qizi deraza oldida, bog‘dagi tog‘olcha butalari orasidan cho‘lga qarab o‘tirishardi. Xo‘sh, u tomonda bularni nima qiziqtirib qoldi ekan? Ular yarim vayrona uycha tomidagi laylak uyasini kuzatishmoqda edi. U yerni yo‘sin va yovvoyi piyoz qoplab olgan edi. Aslida esa tomni laylak uyasi eplab turibdi! Uycha yamalib-yasqalib tursada, uni laylak epaqaga keltirib turardi.

– Uychaga faqat qarash mumkin edi, biroq zinhor unga tegib bo‘lmasdi! Bu yerdan nihoyatda ehtiyotkorlik bilan esib o‘tardim, – deb hikoya qilibdi shamol. – Faqat laylak uyasining borligidan uychani qoldirishgandi, bo‘lmasa uni allaqachonlar buzib yuborishardi. Ruhoniy oilasidagilar laylakni haydab yuborgilari kelmadi, shu vajdan uycha omon qoldi, ichida esa bir bechora kampir yashardi. Shu yerda boshpana topib turgani uchun kampir laylakdan minnatdor, ehtimol bir vaqtlar Borrebyu o‘rmonida yashagan qoramtir akasining uyasini buzishga yo‘l qo‘ymaganligi uchun laylak kampirdan xursanddir. O‘sha zamonlarda qashshoq kampir muloyimgina qiz, dvoryan oilasidan chiqqan oq sunbul gul edi. Anna Dorteya bularning hammasini yaxshi xotirlaydi.

«Oh! – Ha, odamlar, ham shamol qamishzor yoki qiyoqzorda oh urganday oh uradi! – Oh, Valdemar Do, qabring ustida qo‘ng‘iroqxona qo‘ng‘iroqlari jaranglamadi! Uysiz-joysiz qolgan Borrebyu hokimini tuproqqa qo‘yishayotganda bechorahol maktab o‘quvchilari kuylashmadi ham! Ha, hamma narsaning, hatto baxtsizlikning ham oxiri bo‘ladi! To‘ng‘ich opasi Ida bir dehqonga turmushga chiqdi. Ana shu hol otaga qaqshatgich zarba bo‘lib tegdi. Axir, kuyovi har qanday janob biyaga o‘tqizib qo‘yishi mumkin bo‘lgan jirkanch bir qul-da! Hozir, ehtimol u ham, opasi Ida ham tuproq ostida yotishgandir! Ha, shunaqa! Faqat men bechoraga xudo qazo yetkazmayapti! Ey, parvardigor, mendan ham omonatingni olsang-chi!»

Anna Dorteya laylak sharofati bilan omon qolgan hujrasida o‘tirib ana shunday iltijo qilibdi.

– Opa-singillarning eng sog‘lom hamda eng dadiliga o‘zim g‘amxo‘rlik qildim! – deb davom etibdi shamol. – U o‘ziga ma’qul bo‘lgan kiyimlarini kiydi: yigitchasiga kiyinib, kemaga matros bo‘lib yollandi. Qiz kamgap, qat’iyatli edi, ammo o‘z ishini do‘ndirib bajarardi, bitta aybi shu ediki, yuqoriga tarmashib chiqolmasdi! Boshqalar uning ayol kishi ekanligini bilib qolishmasdan suvga puflab yubora qoldim, xo‘p ish qildim!

Valdemar Do oltin topdim deb o‘ylagan kunidagidek pasxaning dastlabki kunida laylak uya qurgan tom ustidan Anna Dorteyaning oxirgi toat-ibodat ovozini eshitib qoldim.

Hujraning derazasi ham yo‘q edi, uning o‘rnida dumaloq tuynukcha bor edi; oltin barkashday bo‘lib chiqqan quyosh nurlari shu tuynuk orqali hujraga tushdi. Uy ichi munavvar bo‘lib ketdi! Anna Dorteyaning nigohi bu nurga bardosh berolmadi. U ko‘zini asta yumdi; yuragi esa urishdan to‘xtadi! Bu o‘rinda quyoshning hech qanday aybi yo‘q edi, bordiyu u o‘sha tongda yuz ko‘rsatmaganida ham shunday bo‘lardi.

Laylak Anna Dorteya vafot etgunga qadar unga boshpana berdi. Men esa uning qabri ustida ham, otasi qabri ustida ham ashulamni aytaverdim, boshqalar bilmasa ham, men ularning qabri qayerdaligini yaxshi bilaman.

Yangi zamonlar, boshqa zamonlar! Eski qatnov yo‘l endilikda atrofi o‘rab olingan poliz yonidan o‘tadi, qabrlar ustidan esa yangi yo‘l o‘tadi. Hademay qator vagonlarini sudrab, unutilgan qabrlar ustidan pishqirib parovoz o‘tadi. G‘uv-g‘u-u! O‘taver!

– Valdemar Do hamda uning qizlari qissasi ana shunaqa. Qo‘lingizdan kelsa uni durustroq hikoya qilib bering! – deb gapini tugatibdi shamol va boshqa yoqqa qarab yo‘l olibdi.

Shu bilan uning qorasi ham ko‘rinmay qolibdi.


Страницы книги >> Предыдущая | 1 2 3 4 5 6 7 8 | Следующая
  • 0 Оценок: 0

Правообладателям!

Данное произведение размещено по согласованию с ООО "ЛитРес" (20% исходного текста). Если размещение книги нарушает чьи-либо права, то сообщите об этом.

Читателям!

Оплатили, но не знаете что делать дальше?


Популярные книги за неделю


Рекомендации