Текст книги "Қор одам"
Автор книги: Ганс Христиан Андерсен
Жанр: Книги для детей: прочее, Детские книги
сообщить о неприемлемом содержимом
Текущая страница: 11 (всего у книги 25 страниц)
O‘N IKKI YO‘LOVCHI
Sovuq kuchaygandan kuchayibdi. Osmon yulduzlarga to‘lgan, havo qotib qolganday emish. Bum! – eshikka ko‘za urilibdi. Paq! – o‘q otib Yangi yilni qutlashibdi. Bu hodisa Yangi yilga o‘tar kechasi, soat roppa-rosa o‘n ikkiga zang urganda yuz beribdi.
Taraq-turuq, taraq-turuq. Pochta kelibdi. Shahar darvozasi oldiga o‘n ikki yo‘lovchi ortgan pochta soyabon aravasi kelib to‘xtabdi. Aravaga bundan ortiq yo‘lovchi sig‘mas, hamma o‘rinlar band ekan.
Odamlar Yangi yilni kutib olish uchun to‘plangan uylardan «Ura!» Ura!» degan sadolar yangrabdi. Ular qo‘llarida may to‘la qadah, o‘rinlaridan turishibdi: «Yangi yil, yangi baxt bilan tabriklayman!» – «Sohibjamol qayliq ato qilsin sizga!» – «Hamyoningiz to‘la pul bo‘lsin!» – «Eski gina-kuduratlar yo‘qolsin!» – deb qadah ko‘tarishibdi.
Odamlar ana shunday yaxshi tilaklar tilashib, qadahlar urishtirishibdi, o‘n ikkita mehmonni olib kelgan soyabon arava esa xuddi shu paytda shahar darvozasi oldida to‘xtabdi.
Hoynahoy, bular qanday janoblar ekan, dersiz! Ularning yonida pasporti, qo‘llarida yuki, hatto siz bilan menga, butun shahar ahliga atagan sovg‘a-salomlari bor ekan. Kim ekan bu mehmonlar? Bu yerda ularga nima kerak, ular nima olib kelishibdi?
– Ertangiz xayrli bo‘lsin! – deyishibdi ular dervoza oldida turgan soqchiga.
– Sizlarniki ham! – debdi soqchi ularga, vaholanki soat endigina o‘n ikkiga zang urgan ekan.
– Sizning ismingiz nima? Unvoningizchi? – deb so‘rabdi soqchi aravadan birinchi tushgan mehmondan.
– Pasportimga qara! – debdi u. – Men, menman! U ayiq terisidan po‘stin kiygan, mo‘yna etikli basavlat yigit ekan.
– Men shuncha odam umid bog‘lab o‘tirgan odamman. Ertalab huzurimga kel, choychaqangni olasan! Men hammayoqqa pul sochaman, sovg‘a-salomlar ulashaman, ziyofat beraman! O‘ttiz bitta ziyofat! Boshqa tunlardan foydalanmayman. To‘g‘ri, kemalarim muzlab qolgan, biroq idoram issiq. Savdogarman, ismim Yanvar. Hisob-kitob qog‘ozlarim yonimda.
So‘ng aravadan «Odamlar vaqtini chog‘ qilishga usta», teatr direktori, maskarad va boshqa ko‘ngil ochish tadbirlarining tashkilotchisi tushibdi. Uning qo‘lidagi yukda juda katta bochka bor emish.
– Buning ichidan bayramga mushukdan88
Daniyada uzoq vaqtlardan beri davom etib kelayotgan odat: bayram kuni bochka ichiga mushuk solib, tubi teshilguncha hamda mushuk o‘larcha qo‘rqib tashqariga otilguncha bochkani taraqlatishadi.
[Закрыть] ko‘ra durustroq narsa chiqaramiz! – debdi u. – Men boshqalarni ham, o‘zimni ham xursand qilishni yaxshi ko‘raman! Chunki men uchun eng qisqa muddat berilgan. Bor-yo‘g‘i yigirma sakkiz kun, xolos. Ba’zida biror kun qo‘shib qo‘yishadi! Bunisiga ham shukur! Ura!
– Bunaqa baqirish mumkin emas! – debdi soqchi.
– Menga-ya? Men shahzoda Karnavalman, Fevral nomi bilan sayohat qilaman!
Uchinchisi ham chiqibdi. U go‘shtsiz, oriq bo‘lsa-da, burnini osmonga ko‘taribdi: u qirqjafokashga qarindosh bo‘lib, ob-havo payg‘ambari toifasiga kirar ekan. Xo‘sh, bu lavozim ham to‘qlarniki emas, shu vajdan u qanoatni maqtar ekan. Uning tugmasida judayam mayda binafsha guldastasi bor ekan.
– Mart, jo‘na! – deya qichqiribdi to‘rtinchi oy va uchinchi oyni itarib yuboribdi. – Mart, jo‘na! Jo‘na qorovulxonaga, u yoqda punsh ichishyapti! Buni sezib turibman.
Biroq, bu adolatsizlik edi: Aprel odamlarni aldasa bas – ishni ham shundan boshladi. U ko‘rinishdan botir, lekin ish qilmay, nuqul umri bekorchilikda o‘tgan yigitga o‘xshar ekan. Kayfiyatiga qarab goh yuqori, goh past lavozimga intilar ekan. Yomg‘ir va Quyosh, uydan-uyga ko‘chish uning odati ekan.
– Buning ustiga to‘yda ham, azada ham boshliqman, yig‘lashga ham, kulishga ham tayyorman! Chamadonimda yozlik ko‘ylaklarim bor, lekin ularni kiyish g‘irt ahmoqlik bo‘ladi! Mana men! Parad hurmati ipak paypoq hamda muftada oliftagarchilik qilib yuraman!
So‘ng sayabon aravadan bir xonim tushibdi.
– Sohibjamol qiz May bo‘laman! – deb tanishtiribdi u o‘zini. Uning egnida yam-yashil ipak ko‘ylak, oyoqlarida kalish; sochlarida anemonlar bor emish, undan shunaqayam xushbo‘y hid taralibdiki, soqchi beixtiyor aksirib yuboribdi.
– Salomat bo‘ling! – debdi qiz salom o‘rniga. Qizi tushmagur biram chiroylimishki, asti qo‘yaverasiz. Ashulaga mohirligini aytmaysizmi? U teatrning emas, balki o‘rmonning erkin artistkasi emish. Ha, bu kishilar ko‘nglini xushnud etuvchi davralarda kuylovchilardan emas ekan, u yashnagan o‘rmonda sayr qilib yurib, o‘z ko‘nglini xushnud etish uchun kuylar ekan. Uning sumkachasida xristian Vinterning «Daraxtdagi gravyura»si bor emish, u chiroylilikda qora qayin o‘rmonzorlaridan qolishmas emish. Sumkasidagi Rixard «She’rlar»i ham yovvoyi yasminday muattar bo‘y taratayotgan emish.
– Endi yoshgina xonim tushadi! – deyishibdi soyabon aravadagilar. Chindan ham aravadan bir xonim tushibdi. U yosh, nazokatli, mag‘rur va go‘zal emish, u xilma-xil taomlarni yeb bitirishga mehmonlarning vaqti yetsin uchun yilning eng uzun kunida ziyofat beribdi. Xonim o‘zining xususiy aravasida yurishga puli bemalol yetsada, baribir u boshqalar qatori soyabon aravada kelibdi, bu bilan u o‘zining o‘ta dimog‘dor emasligini ko‘rsatmoqchi bo‘libdi. Lekin u yolg‘iz emas ekan, uni kenja ukasi – Iyul kuzatib kelibdi.
Iyul kuchga to‘lgan yigit ekan, yozlik kiyim kiyibdi, boshida ayvoni keng shlyapa emish. Yo‘lda kiyadigan kiyimlari ko‘p emasmish, to‘g‘ri-da, shunday issiqda ortiqcha kiyimning kimga keragi bor. U shim bilan shapka olib kelibdi, xolos.
Undan keyin aravadan onaxon Avgust tushibdi, u meva-chevalarni ulgurji sotar ekan. U juda ko‘p baliq tutadigan kemalar, katta yer egasi ekan, hatto dalada ishlayotganlarga o‘zi pivo olib borib berar ekan. «Ter to‘kib, o‘z noningni top, der ekan u. – Injilda ham xuddi shunday deyilgan. Kuzda marhamat qilavering! Ochiq havoda to‘planib, ziyofat qilamiz!» – Bu ana shunday saxiy, tanti ayol ekan.
Onaxondan keyin aravadan kasbi suratkash bir erkak tushibdi. U o‘rmondagi barglar o‘z qiyofasini o‘zgartira olishini ko‘rsatmoqchi bo‘libdi. Agar u xohish bildirsa, barglar ajib, rang-barang tusga kirar emish! U ishga tushishi bilanoq barglar qizil, sariq, qoramtir rangga kirar ekan. Suratkash qorashaqshaqday hushtak chalibdi. Uning pivo ichadigan idishini xmel novdasi bezab turgan emish, u bezak sirlarini ham yaxshi bilar ekan. Uning yuki bo‘yoq taxta bilan bo‘yoqlardan iborat ekan, xolos.
Aravadan o‘ninchi yo‘lovchi zamindor tushibdi. Uning fikr-zikri shudgor, ekish, o‘rim, ov qilish bilan band emish. Uning qo‘lida miltig‘i, yonida iti bor emish, qopida yong‘oqlar sharaqlayotgan emish. Sharaq! Sharaq! Uning xaltasi tubsiz o‘pqonning xuddi o‘zi emish, hatto unga ingliz omochi ham sig‘ib ketaverar emish. U qishloq xo‘jaligi haqida bir nimalarni g‘uldirabdi, lekin keyingi chiqib kelayotgan yo‘lovchi – Noyabrning yo‘talib aksa urishi va pishillashi uning ovozini bosib ketibdi.
U qattiq tumov ekan! U ro‘molcha o‘rniga choyshab ishlatayotgan emish. Uning gapiga qaraganda, u joylarga kiradigan cho‘ri qizlarni ham kuzatib qo‘yibdi! O‘tin yorish boshlanganda tumov o‘tib ketadi. U albatta o‘tin yoradi, axir u o‘tinchilar sexining oqsoqoli-da. Oqshomlari u konkilar yasabdi, ular hademay ish berishiga aqli yetibdi.
Eng oxirgi yo‘lovchi – qo‘liga grelka ushlagan Dekabr momo ham aravadan tushibdi. U sovuqdan dag‘-dag‘ titrar emish, lekin ko‘zlari yulduzday charaqlarmish. Uning qo‘lidagi gultuvakda kichkinagina archa bor emish. «Men buni bayram arafasida parvarish qilib o‘stiraman. U yerdan shiftgacha bo‘y cho‘zadi, unda yonib turgan shamlar, oltinrang olmalar, rang-barang setkalar ichida sovg‘a-salomlar paydo bo‘ladi. Grelka pechkadan ham yaxshi isitadi, cho‘ntagimdan ertak kitob olib, ovoz chiqarib o‘qiyman. Xonadagi hamma bolalar jim bo‘lib qoladi, archaga osib qo‘yilgan qo‘g‘irchoqlar tirilib ketadi, archaning eng yuqorisidagi shamdan yasalgan farishta oltin qanotlarini qoqadi, uchib pastga tushadi, xona ichidagi katta-yu kichikni, hatto eshik orqasida turgan va Iso payg‘ambarni ulug‘layotgan qashshoq bolalarni ham – hamma-hammaning oldidan bir-bir o‘tib chiqadi, – debdi momo.
– Endi soyabon arava ketishi mumkin! – debdi soqchi. – O‘n ikkita odamning bari shu yerda! Endi boshqa kareta kelsin!
– Oldin o‘n ikkovlari aravaga chiqishsin! – debdi navbatchi kapitan. – Bittadan chiqinglar! Pasportlar menda qoladi. Har bir kishiga pasport bir oy muddatga berilgan; shu muhlat tugashi bilan har kimning xulqi haqida belgi qo‘yaman. Qani, janobi Yanvar, aravaga chiqmaysizmi?
U aravaga chiqibdi.
Yil tamom bo‘lishi bilanoq ana shu o‘n ikki yo‘lovchi senga, menga va boshqalarga nimalar olib kelgani haqida gapirib beraman. Hozircha buni bilmayman, ularning o‘zi ham bilmasa kerak, ajoyib zamonlarga qoldik-da!
QOR ODAM
Hammayog‘im qisir-qisir qilyapti! Juda ajoyib sovuq bo‘ldi-da, – debdi qordan yasalgan odam. – Shamolni qarang-a, chimchilab olyapti! Jonning huzuri! Anavi qurbaqako‘z nega mo‘ralab turibdi? – Qor odam endigina ko‘tarilgan quyosh haqida shunday debdi. – Hechqisi yo‘q. Aslo ko‘zimni qismayman. Bardosh beraman.
Qor odamni yasaganlar uning ko‘zi o‘rniga cherepitsaning sinig‘ini, og‘iz o‘rniga esa siniq xaskashni qo‘yishibdi, tishi ham bo‘lsin deyishgandir-da. Qor odam bolalarning xushchaqchaq «ura»lari, shiqildoqlarining shiqiri, qo‘shqaroqlarning g‘ijiri, faytonchilar qamchisining tasirlashi sadolari ostida bunyodga kelibdi.
Quyosh botibdi, moviy osmonda o‘n to‘rt kunlik oy paydo bo‘libdi.
– Buni qara-ya, endi boshqa tomondan suzyapti! – debdi qor odam yana quyosh chiqdi deb o‘ylab. – Nima qilib bo‘lsa-da, uning menga ko‘z olaytirishini yo‘qotdim! Osmonda osilib, asta nurini sochaversin, o‘zini ko‘rib tursam bo‘lgani! Eh, joyimdan sal nariroqqa jilishning iloji bo‘lganda edi! Yaqinda bolalar sirg‘anganday men ham yaxmalak otardim! Afsus, joyimdan qimirlolmayman-da!
– Yo‘qol! Yo‘qol! – debdi zanjirdagi it; uning ovozi xirillab qolibdi. – Bir vaqtlar u uy ichida boqiladigan it edi, issiqqina pechka yonida yotardi. – Qimirlashni senga quyosh o‘rgatadi! O‘tgan yili ham senga o‘xshagan odam bor edi, oldingi yillarda ham. Yo‘qol! Hammasi yo‘qolib ketdi!
– Nimalar deb valaqlayapsan, do‘stim! – debdi qor odam. – Anavi qurbaqako‘z meni yurishga o‘rgatadimi? – Qor odam oyga ishora qilibdi. – Hali uning o‘zi mendan qochib ketdi: men unga astoydil tikildim? Endi bo‘lsa u boshqa tomondan chiqdi!
– Xo‘p farosaging zo‘r ekan-da! – debdi zanjirdagi it. – To‘g‘ri-da, seni endigina yasashdi! Hozir senga mo‘ralab turgan oy bo‘ladi, quyosh botib ketgan: ertaga u yana chiqadi. Seni eritib ariqqa oqizib yuboradi! Havo o‘zgaradi! Buni sezib turibman – chap oyog‘im sal zirqirayapti. Havo albatta o‘zgaradi!
– Negadir gaplaringga tushunolmayapman! – debdi qor odam. – Demak, sen menga yomonlikni ravo ko‘ryapsan, shundaymi? Quyosh deb atalmish anavi qurbaqako‘z ham menga do‘st emas, buni ham bilib turibman.
– Yo‘qol! Yo‘qol! – deb vovillabdi zanjirdagi it, so‘ng uch marta aylanib, uxlash uchun katagiga kirib ketibdi.
Chindan ham havo o‘zgaribdi. Ertalab atrof qalin tuman bilan qoplanibdi; keyin izg‘irin shamol esibdi, sovuq avjiga minibdi. Quyosh chiqqanda esa hammayoq shunaqayam go‘zallashib ketibdiki, asti qo‘yaverasiz!
O‘rmon nuqul oq marjondan libos kiyganday daraxtlar va bog‘dagi novdalarni oppoq qirov qoplabdi. Hamma novdalar oq gullarga ko‘milganday emish! Yoz faslida yaproqlar ostida ko‘rinmay qolgan novdalarning eng shoxlagan joylari ham ko‘zni qamashtiradigan darajada oppoq gul shakliga burkanibdi: har bir novdadan jilo taralayotganday emish. Shamol tebratayotgan qayin daraxti tirilganday emish, uning uzun, qalin shokila taqqanday novdalari xuddi yozdagi singari silkinib, qimirlayotgan emish! Boqqan sari ko‘z quvonar emish. Quyosh chiqibdi. Borliq ko‘z qamashtiradigan darajada yarqirab ketibdi. Go‘yo olmos changlarini sepib yuborganday, qor ustida esa yirik-yirik gavhar donalari turganday emish.
– Naqadar chiroyli! – debdi yoshgina yigit bilan boqqa chiqqan qiz. Ular naq qor odam oldida to‘xtab, quyosh nurida tovlanayotgan daraxtlarga qarashibdi.
– Yozda bunaqa hashamat, go‘zallikni ko‘rolmaysan! – debdi huzur qilganidan gul-gul yonib turgan qiz.
– Manovindaqa shovvozni ham ko‘rolmaysan! – debdi yigit qor odamni ko‘rsatib. – Tengi yo‘q!
Qiz sharaqlab kulibdi, qor odamga bosh irg‘abdi, so‘ng yigit bilan qor ustidan sakrab-sakrab chopqillab ketibdi; ular go‘yo kraxmal ustidan yurganday oyoqlari ostidagi qor g‘ijirlabdi.
– Anavilar kim? – deb so‘rabdi qor odam zanjirdagi itdan. – Sen bu yerda mendan ko‘ra ko‘proq yashagansan: ularni taniysanmi?
– Taniyman! – debdi it. – Qiz boshlarimni silagan, yigit esa oldimga suyak tashlagan, bunaqa odamlarni tishlamayman.
– Ikkovlari nimani anglatadi? – deb so‘rabdi qor odam.
– Juftlikni! – debdi zanjirdagi it. – Ikkovlari hozir uyiga kirib olib suyak g‘ajishadi. Yo‘qol! Yo‘qol!
– Demak, ular ham sen bilan menga o‘xshagan – bir ekan-da!
– Axir ular zodagonlar! – debdi it. – Kim Ollo Taoloning dargohida endigina paydo bo‘lgan bo‘lsa, hech baloni tushunmaydi! Bu o‘zingdan sezilib turibdi! Men badavlatman, yoshim ham katta, bilimim ham ortiq! Bu yerdagilarning hammasini bilaman! Ha, yaxshi zamonlarni ham ko‘rganman! Bir vaqtlar hozirgiga o‘xshab zanjirga bog‘lanib, sovqotmaganman! Yo‘qol! Yo‘qol!
– Rosa sovuq bo‘lyapti-da, – debdi qor odam. – Xo‘sh, xo‘sh, gapiraver, gapiraver! Faqat zanjiringni shaldiratmasang bo‘lgani, zanjiring juda g‘ashimga tegyapti!
– Yo‘qol! Yo‘qol! – vovillabdi zanjirdagi it. – Men ko‘z ochmagan kichkina kuchuk bola edim, baxmal kreslolarda yotardim, uy ichida zodagonlarning tizzasida o‘tirardim. Ular tumshuqlarimdan o‘pishardi, oq panjalarimni shoyi ro‘molcha bilan artishardi! Meni yoqimtoyim, mittivoyim deb erkalatishardi! Keyin bo‘yim cho‘zilib, ular uchun kattalik qilib qoldim, meni kalitdor ayolga berib yuborishdi, yerto‘laga tushib qoldim. Sen o‘sha yoqqa qarashing mumkin, yerto‘la sen turgan joydan yaxshi ko‘rinadi. Shunday qilib, o‘sha joyda boyvachchalarday umr kechirdim! U yer ancha pastak bo‘lsa-da, yuqoridagidan ko‘ra tinchroq edi; meni bolalar har yoqqa sudrab, ezg‘ilashmas edi. Yemishim ham yomon emasdi! Yostig‘im ham bor edi, yana… u yerda pechka bor edi, pechka shunaqa sovuq kunlarda jonning huzurida. Men pechka tagiga kirib ketardim! O, hozir ham o‘sha pechka bo‘lsa qani! Yo‘qol! Yo‘qol!
– Nahotki pechka shunchalik yaxshi bo‘lsa? – deb so‘rabdi qor odam. – U menga o‘xshaydimi?
– Hecham o‘xshamaydi! Gapingni qara-yu! Pechka ko‘mirdan qop-qora; uning uzun bo‘yni va misday qorni bor! Yeyishi nuqul o‘tin, og‘zidan o‘t-olov purkaydi! Uning yonida yo tagida o‘tirsang maza qilasan! Qara, ana u, derazadan ko‘rinib turibdi.
Qor odam qarab, mis qorinli ajoyib qora narsani ko‘ribdi. Uning vujudini to‘satdan qandaydir istak qamrab olibdi, hatto qalbida bir narsa qimirlaganday bo‘libdi. Nimaligini bilmabdi, tushunmabdi ham, bordiyu qor odam bo‘lmaganida boshqalar buni yaxshi payqardi.
– Nega u yerdan ketding? – deb so‘rabdi qor odam itdan. U pechka ayol zotidan bo‘lsa kerak, degan fikrga kelibdi. – Qanday qilib ketding u yerdan?
– Noilojlikdan ketdim, – debdi zanjirdagi it. – Ular meni tashqariga quvib, zanjirga bog‘lab qo‘yishdi. Eng kenja boyvachcha terimni shilib, suyagimni olib qo‘ymoqchi bo‘lgan edi, uning oyog‘ini tishlab oldim! «Suyak uchun suyak!» – deb o‘yladim o‘zimcha. Ular darg‘azab bo‘lishdi, mana, zanjirda turibman! Ovozim ham yo‘qoldi… Xirillayapmanmi? Yo‘qol! Yo‘qol! Shu bilan gap tamom!
Qor odam ortiq uning gaplarini eshitmabdi, chunki bu payt uning ikkala ko‘zi yerto‘laga, kalitdor ayol hujrasida turgan to‘rt oyoqli, bo‘yi ham o‘zining bo‘yiga teng qora temir pechkaga qadalgan ekan-da.
– Ichimda nimadir qimirlayapti! – debdi u. – Nahotki hech qachon pechka yonida bo‘lolmasam? Bu hech kimga malol kelmaydigan orzu, nahotki u ro‘yobga chiqmasa? Bu mening birdan-bir orzum! Bordiyu u ro‘yobga chiqmasa, unda adolat qayoqda. O‘sha yoqqa, uning yoniga borsam… Qanday qilib bo‘lsa ham uni bag‘rimga bossam, derazani sindirib bo‘lsa ham ichkariga kirsam qani endi!
– U yoqqa kirolmaysan! – debdi zanjirdagi it. – Bordiyu, pechka yoniga borguday bo‘lsang, adoyi tamom bo‘lasan. Yo‘qol! Yo‘qol!
– O‘zim ham tamom bo‘layotganga o‘xshayman, hademay yiqilaman!
Qor odam kuni bo‘yi tik turganicha derazaga tikilibdi; hujraning nimqorong‘iligida pechka yanada yoqimli, mayin nur sochibdi, uning nuridan quyosh bilan oyning nuri o‘taversin! Pechkaning qorni to‘q bo‘lsa, ana shunaqa chiroyli nur taratadi. Pechkaning eshigini ochishganda nur qor odamning yuzlarida o‘ynabdi. Qor odamning qalbi ham olov bo‘lib yonibdi.
– Chidolmayman! – debdi u. – U tilini shunaqayam muloyim qilib chiqaryaptiki! Tili o‘ziga biram yarashyaptiki!
Tun nihoyatda cho‘zilib ketibdi, lekin qor odamga bu sezilmabdi; u o‘zining shirin xayollari og‘ushida bo‘libdi, bu xayollar sovuqdan chars-chars chatnab turibdi.
Ertalab yerto‘la joylashgan qavatning deraza oynalariga sovuq gullar solib qo‘yibdi. Qor odamdan bundan ortiq narsani kutish mumkin emas ekan, oynalaridagi gullar pechkani to‘sib qo‘yibdi! Sovuq avjiga minib, qorlar g‘ijirlabdi, qor odam xursand bo‘lay desa iloj yo‘q! U pechka hajrida azob chekibdi! Dardmandday bo‘lib qolibdi.
– Bu qor odam uchun xavfli kasallik! – debdi it.
– Bu kasalga men ham mubtalo bo‘lganman, lekin tuzalib ketganman. Yo‘qol! Yo‘qol! Havo o‘zgaradi.
Havo o‘zgarib, hammayoq ilibdi.
Chakillab tomchilar tomibdi, qor odam kichrayibdi, lekin u hech narsa demabdi, oh-voh qilmabdi, lekin bu yomon alomat ekan.
Ajoyib kunlarning birida ertalab u qulabdi. U turgan joyda egilgan tayoqqa o‘xshash bir narsa qolibdi: bolalar o‘sha tayoqni qor odam ichiga qo‘yib mustahkamlashgan ekan.
– Xo‘sh, endi bu dardning nimaligini bilaman! – debdi zanjirdagi it. – Uning ichida kosov bor ekan! Uning yuragida xuddi shu narsa qimirlagan! Endi hammasi o‘tib ketdi. Yo‘qol! Yo‘qol!
Hademay qish ham tugabdi.
– Yo‘qol! Yo‘qol! – deb huribdi it, ko‘chadan o‘tib ketayotgan qizchalar ashula aytishibdi:
Tezroq ochil o‘rmon guli!
Yumshoq to‘ning kiygin bali!
Uchib kelsin kakku, chug‘urchiq,
To‘lib-to‘lib aytishsin qo‘shiq!
Bahor, seni biz ham kuylaymiz,
Zavqqa to‘lib, kulib-yayraymiz!
Qor odamni esa hech kim eslamabdi!
O‘RDAK HOVLISIDA
Portugaliyadan, kimningdir aytishicha, Ispaniyadan o‘rdak keltirishibdi, uni Portugalka deb atashibdi; u ancha tuxum qilibdi, keyin uni sindirib qovurishib, dasturxonga tortishibdi – hamma bo‘lgan voqea shu. O‘rdak tuxumidan chiqqan jo‘jalarni ham Portugalka deb atashibdi, bunda katta hikmat bor ekan. Nihoyat dastlabki Portugalka naslidan o‘rdaklar hovlisida atigi bitta o‘rdak qolibdi. Ana shu o‘rdaklar hovlisiga dimog‘dor, tumshug‘ini osmonga ko‘targan xo‘roz va tovuqlarni qo‘yib yuborishibdi.
– Xo‘roz dahshatli qichqirib meni haqoratlaydi! – debdi Portugalka. – Lekin u chiroyli, garchi husnda erkak o‘rdakka tenglasha olmasa-da, husniga tan berish kerak. U bosiqroq bo‘lganda durust bo‘lardi, bosiqlik ham oliy ma’lumot talab qiladigan katta san’at. Ana shu xislati bilan qo‘shni bog‘dagi arg‘uvon daraxtiga in qurgan sayroqi qushlar ajralib turadi! Ular juda yoqimli sayrashadi! Ularning kuyida men nima deb atashni bilmaydigan, qalbni qitiqlaydigan, portugalcha bir narsa bor. Bordiyu, mening ham sayroqi qushim bo‘lganda unga onalik qilardim, unga g‘amxo‘r, mehribon bo‘lardim! Bu xislat mening qonimga, portugalligimga singib ketgan.
Kunlarning birida tomdan uning oldiga bir sayroqi qush mushukdan qochib to‘p etib tushib, qanotini sindirib olibdi.
– Yer yutgur, xuddi qonxo‘r mushukka o‘xshaydi-ya! – debdi Portugalka tomdagi mushukka ko‘zi tushib. – Uni o‘rdakchalar bor paytdan beri bilaman! Buni qaranglar-a, shundoq maxluqqa tomma-tom yurib yashashga yo‘l qo‘yishadi-ya! Yo‘q. Portugaliyada bunaqa bemazagarchilikni ko‘rmaysiz!
Shunday qilib, bechora sayroqi qushga achinib, unga g‘amxo‘rlik qila boshlabdi. Portugaliyalik bo‘lmagan boshqa o‘rdaklar ham shunday qilishibdi.
– Bechora mitti qush! – deyishibdi ular birin-ketin unga yaqinlashib. O‘zimiz sayroqi emasmiz, lekin biz qalban buni sezib turamiz. Sayramasak ham, sayrash ma’nosini butun qalbimiz bilan his etib turamiz!
– Gapim gap! – debdi Portugalka. – Unga unutilmas yaxshilik qilaman! Bu har kimning burchi! – Shunday debdi-yu suv to‘la tog‘ora yoniga kelib qanotlarini ho‘llabdi, qanotidan yoqqan suv yomg‘iri ostida qushcha cho‘kib ketishiga sal qolibdi, lekin bu chin qalbdan qilinayotgan yaxshilik ekan. – Mana bu soz ish bo‘libdi! – debdi Portugalka. – Hamma ko‘rsin, ibrat olsin.
– Chirq! – chiyillabdi qushcha, singan qanoti silkinishga imkon bermabdi; lekin u o‘zini chin yuraqdan cho‘miltirishganini payqabdi. – Siz juda mehribon ekansiz, xonim! – debdi qushcha, yana cho‘miltirishni iltimos qilibdi.
– Mehribonligim haqida hech qachon o‘ylamaganman! – deb javob qaytaribdi Portugalka. – Lekin mushukdan boshqa hamma yaqinlarimni bilaman! Mushukni sev deb meni hech kim zo‘rlamaydi. U mening ikkita bolamni yeb qo‘ygan! Endi o‘z uyingizdagiday his qiling! Bu yaxshi bo‘ladi. O‘zim ham bu yerlik emasman, buni patlarim va qomatimni qanday tutishimdan ko‘rib turgandirsiz! Lekin erim shu yerlik, qonimiz boshqa-boshqa, lekin men dimog‘dor emasman! Bordiyu, bu yerda sizni biron bir kishi yaxshi tushunadigan bo‘lsa, u ham men bo‘laman, degan fikrdaman.
– Uning jig‘ildonida Portulakiya bor! – deb kichkina oddiy o‘rdak hazil qilibdi; boshqa oddiy o‘rdaklar bu hazilni o‘rinsiz deyishibdi. Portulak Portugaliyaga o‘xshab eshitiladi! Ular bir-birlarini turtishib:
– G‘oq-g‘oq! Voy hazilkash ahmoq-ey! – deyishibdi, so‘ng sayroqi qush bilan hamsuhbat bo‘lishibdi..
– Portugalka gapga chechan! – deyishibdi ular. – Tumshug‘imizda unikichalik tumtaroqli so‘zlarimiz bo‘lmasa-da, sizga juda g‘amxo‘rmiz! Bordiyu sizga oz bo‘lsa-da, naf keltirolmasak, bu haqda g‘ag‘illab o‘tirmaymiz! Bizningcha, bu olijanoblik bo‘ladi.
– Ajoyib ovozingiz bor ekan! – debdi qari o‘rdaklardan biri. – O‘zingizga o‘xshagan qushlar ko‘nglini rosa ko‘tarsangiz kerak. Lekin men sayrash nimaligini yaxshi tushunmayman. Shu vajdan tilimni tumshug‘imdan chiqarmayman. Bema’ni gapni gapirgandan ko‘ra, shunday qilgan ham ma’qul.
– Ko‘p gapirib uni bezdirib qo‘ymang! – deb gapga aralashibdi Portugalka. – U dam olish, parvarishga muhtoj. Mitti sayroqim, sizni yana bir marta cho‘miltirsam maylimi?
– Yo‘q, yo‘q! Quruqqina turishimga ijozat bersangiz! – deb iltimos qilibdi u.
– Menga nuqul suvda davolanish yoqadi! – deb gapida davom etibdi Portugalka. – Suvda hordiq chiqarish juda foydali! Hademay qo‘shni tovuqlar mehmonga kelishadi; ularning orasida ikkita xitoy tovug‘i ham bor; ular juda bilimdon tovuqlar. Ular ham bu yerlik emas, hurmatlari esa juda baland.
Tovuqlar kelishibdi; xo‘roz ham kelibdi. Bu Safar judayam xushmuomala bo‘lib, hech qo‘pollik qilmabdi.
– Siz haqiqiy sayroqi qushsiz! – debdi u qushchaga. – Mitti ovozingiz bilan qo‘lingizdan kelganicha xizmat qilasiz. Lekin sizning erkakligingizni sezdirib turadigan, kuchliroq chalinadigan hushtak bo‘lishi kerak!
Har ikkala xitoy tovug‘i qushchani ko‘rib judayam sevinib ketishibdi: qushcha cho‘milgandan keyin patlari hurpayib, xitoy jo‘jasiga juda o‘xshab ketibdi-da. Bunchayam chiroyli, yoqimtoy qush-a, deyishibdi ular va qushcha bilan suhbatlasha boshlashibdi. Ular shivirlashib gaplashishibdi, buning ustiga zodagon xitoy xonimlarga o‘xshab pichirlashibdi ham.
– Axir, biz sizning zotingizdanmiz!.. O‘rdaklar esa, hatto Portugalkaning o‘zi ham suv parrandalariga mansub, buni o‘zingiz ham payqab turgandirsiz. Siz hali bizning kimligimizni yaxshi bilmaysiz, lekin bu yerda ko‘plar bizni bilishmaydi yoki bilgilari kelmaydi. Ko‘pchilik bo‘lmasada, hatto tovuqlar ham bizning balandroq qo‘noqda o‘tirish uchun tug‘ilganimizni bilishmaydi. Mayli, bilishmasin! Garchi bizda boshqa maqsad bo‘lsa-da, boshqalar qatori o‘z yo‘limizdan tinchgina ketyapmiz: biz faqat bitta yaxshi narsaga qaraymiz, garchi hech narsa yo‘q joyda uni topish juda qiyin bo‘lsa-da, faqat yaxshi narsa haqida gapiramiz! Ikkovimiz! Ikkovimiz hamda xo‘rozdan tashqari tovuqxonada iste’dodli, shu bilan birga halol zotlar yo‘q. O‘rdaklar hovlisi haqida gapirmasa ham bo‘ladi. Aziz ashulachimiz, sizni ogohlantirib qo‘yaylik! Hov anavi kalta dum o‘rdakka ishonmang, o‘lgudek mug‘ombir. Anavi qanotlarida egri-bugri chipori bor ola o‘rdak uchiga chiqqan janjalkash, u hech kimga dilidagi gapini aytishga imkon bermaydi, shunga qaramay, o‘zi hammavaqt nohaq bo‘lib qolaveradi. Manovi semiz o‘rdak bo‘lsa hammani yomonlab yuradi, bu bizning tabiatimizga zid: Yaxshi gap aytish qo‘lingdan kelmasa, unda indamay qo‘ya qol! Portugalka bilimdonligi bilan biroz ajralib tursa-da, u bilan non-qatiq bo‘lishga to‘g‘ri kelsa-da, u ham g‘arazgo‘y, nuqul Portugalkasi haqida maqtanaveradi.
– Anavi xitoy makiyonlari nimalar deb shivirlashdi? – deb ajablanishibdi ikkita oddiy o‘rdak. – Ular bizni juda zeriktirib yuborishadi:ular bilan hech gaplashmaymiz.
Shu payt erkak o‘rdak ham kelibdi. U sayroqi qushni chumchuq deb o‘ylabdi.
– E, men qushlarni unchalik ajratolmayman! – debdi u. – Hammasi bir xilga o‘xshaydi. Bunisi nag‘machilar zotidan bo‘lsa kerak, ular omon bo‘lsa bo‘pti-da.
– U valdirasa valdirayversin, unga parvo qilmang! – deb shivirlabdi Portugalka. – Ammo u ancha ishchan erkak, eng muhimi shu! Xo‘sh, endi men biroz orom olay. Bu o‘zimga bo‘lgan munosabatimdagi bevosita burchim, bordiyu, semirmoqchi bo‘lsang hamda olma va qora gilos bilan mo‘miyolanmoqchi bo‘lsang, shunday qil.
U bir ko‘zini qisibdi-da, oftobli joyga o‘rnashib yotibdi, chunki o‘zi ham yaxshi ekan, uxlashi ham shirin bo‘libdi. Sayroqi qush singan qanotini qashibdi, so‘ng u ham himoyachisi yoniga yotibdi. Quyosh shunaqayam isitibdiki, asti qo‘yaverasiz, maza qilishibdi.
Qo‘shni tovuqlar yer tita boshlashibdi; ular bu yerga faqat ovqat axtarib kelishibdi. Keyin ular tarqala boshlashibdi; eng oldin xitoy makiyonlari, ulardan keyin boshqa tovuqlar ketibdi.Ziyrakkina o‘rdakcha, Portugalka haqida hademay u «o‘rdak bolaligi»ga tushib qoladi, debdi. Boshqa o‘rdaklar g‘oq-g‘oqlab: «Naqadar ziyrak! Judayam hazilkash-a», deyishibdi. So‘ng uning avvalgi hazili «Portulak» takrorlashibdi. Ular rosa kulishibdi.
Oradan bir soat o‘tibdi, birdan hovliga yuvindi hamda ovqat sarqitlarini tashlashibdi. Buning ovoziga uxlayotganlar uyg‘onib qanotlarini qoqishibdi. Portugalka ham uyg‘onibdi, u bu yonboshiga ag‘darilib, sayroqi qushni ezib qo‘yibdi.
– Chirq! – deb chiyillabdi qushcha. – Xonim, siz meni bosib oldingiz!
– Oyoq tagida o‘ralashmang! – debdi Portugalka. – Bunchalik nozik-nihol ham bo‘lmang! Bizda ham asab bor, biroq sizga o‘xshab chiyillamaymiz.
– Jahlingiz chiqmasin! – debdi qushcha. – Bexosdan chiyillab yuboribman.
Ammo Portugalka uning gaplariga quloq solmabdi, o‘zini taomga tashlab, qornini rosa to‘ydiribdi. Ovqatdan keyin yana yonboshlabdi. Qushcha unga yaqinlashib, qo‘shiq aytib, uning jahlini tarqatmoqchi bo‘libdi:
Chirq, chirq, chirq!
To‘lib sayrayman,
Sizni kuylayman!
Chirq, chirq, chirq!
– Tushlikdan keyin dam olishim kerak! – debdi o‘rdak. – Bu yerdagi tartibga ko‘niksangiz yaxshi bo‘lardi! Men uxlamoqchiman, bildingizmi?
Bechora qushcha o‘zini butunlay yo‘qotib qo‘yibdi: axir, u o‘rdakning ko‘nglini ko‘tarmoqchi ekan-da. Portugalka xonim uyg‘onganda qushcha hamon uning yonida topib olgan bir dona bug‘doyni ushlab turgan ekan. Biroq o‘rdakning uyqusi chala bo‘lganidan kayfiyati ham yomon ekan.
– Buni jo‘jaga bering! – deb qichqiribdi u. Hadeb menga xiralik qilavermang!
– Mendan achchiqlanyapsiz shekilli? – deb so‘rabdi qushcha. – Gunohim nima?
– Gunohingiz bor! – debdi Portugalka. – Aytishga ijozat bergaysiz, judayam shumshayib turibsiz!
– Kecha quyosh charaqlab turgandi, – debdi qushcha, – bugun havoning qovog‘i soliq! Ichimga chiroq yoqsa yorimaydi!
– Vaqtni bilmaysiz! – debdi Portugalka. – Hali kunduziku. Nega tentakka o‘xshab baqrayib turibsiz.
– Hozir ko‘zlaringiz meni quvlagan mushukning ko‘zlariga juda-juda o‘xshab ketdi!
– Eh, uyatsiz! – debdi Portugalka. – Meni o‘sha yirtqich mushukka tenglashtiryapsizmi? Mening qonimda zarracha bo‘lsa-da, yovuzlik qoni yo‘q! Sizga rahm-shafqat qilgandim, endi odobga ham o‘rgatib qo‘yaman!
Shunday debdi-yu, qushchaning boshini bir cho‘qigan ekan, u til tortmay o‘lib qolibdi.
– Bu qanaqasi bo‘ldi? – debdi Portugalka. – Sal cho‘qiganimni ham ko‘tara olmadi-ya? Ha, mayli, uning qazosi yetgan ekan! Men unga ona o‘rnida edim, buni yaxshi bilaman!
Qo‘shnining xo‘rozi hovliga boshini suqib, xuddi parovoz singari yo‘g‘on ovoz bilan qichqiribdi.
– Ovozingiz jonimga tegdi! – debdi o‘rdak.
– Hammasiga siz aybdorsiz! Anavi bechora o‘zini yo‘qotdi, demak, men ham shu ahvolga tushaman.
– Endi u ko‘p joyni egallamaydi! – debdi xo‘roz.
– U haqda hurmat bilan gapiring! – debdi Portugalka. – U ovozi shirali, qo‘shiq aytish qo‘lidan keladigan, bilimdon qush edi! U o‘ta nazokatli, mehribon edi, bu sifatlar odamlar hayvon deb atagan jonivorlarga ham yarashadi!
O‘lik qushcha atrofiga hamma o‘rdaklar to‘planibdi; o‘rdaklar o‘ta ta’sirchan bo‘ladi, ular hasad qiladilar, achinadilar. Bu yerda hasadga o‘rin bo‘lmaganidan, hamma achinibdi. Xitoy makiyonlari ham kelishibdi.
– Shunchalik o‘tkir ashulachi qushcha endi oramizda yo‘q. U, xitoy makiyonining xuddi o‘zginasi edi-ya, – deb piqillab yig‘lashibdi ular, boshqa tovuqlar ham yig‘lashibdi, o‘rdaklarning esa yig‘idan ko‘zlari qizarib ketibdi.
– Bizda ham ko‘ngil bor! – deyishibdi ular. – Buni hech kim bizdan tortib ololmaydi!
– Ko‘ngil! – debdi Portugalka. – Bu saxovat Portugaliyada qancha bo‘lsa, bu yerda – bizda ham shuncha!
– Yaxshisi jig‘ildonni nima bilan to‘ldirishni o‘ylaylik! – debdi erkak o‘rdak. – Bu eng muhim narsa. Bitta nag‘machi o‘lgan bo‘lsa nima qipti? Tiriklari dunyoda ko‘p!