Электронная библиотека » Ганс Христиан Андерсен » » онлайн чтение - страница 13

Текст книги "Қор одам"


  • Текст добавлен: 29 апреля 2024, 16:20


Автор книги: Ганс Христиан Андерсен


Жанр: Книги для детей: прочее, Детские книги


сообщить о неприемлемом содержимом

Текущая страница: 13 (всего у книги 25 страниц)

Шрифт:
- 100% +

U bir necha kun qovog‘ini solib, o‘z xayollariga berilib o‘tiraveribdi, atrofda nima gap – bu bilan ishi bo‘lmabdi, uning ko‘nglida qanday holat kechayotganini ham hech kim bilmabdi.

Kunlar ketidan kunlar, haftalar ketidan haftalar o‘taveribdi; ayniqsa tunlar juda cho‘zilib ketibdi. Kunlarning birida porloq yulduz shunday manzaraning guvohi bo‘libdi: ranglari dokaday oqarib, bezgak tutganday titrab-qaqshagan holda o‘rnidan sapchib turibdi, marmar haykal tomon yugurib boribdi. Haykal ustidan choyshabni yulqib tortibdi-da, o‘zi yaratgan haykalga alamli nigoh tashlabdi, so‘ng haykalni arang ko‘tarib boqqa olib chiqibdi. Bog‘da qurib qolgan chuqur quduq bor ekan, u o‘z Psixeyasini quduq ichiga tushirib, ustidan tuproq tortibdi, yangi qabr ustini xashak va qichitqi o‘tlar bilan yopibdi.

«Yo‘qol bu yerdan! Yo‘qol!» – Qabr ustida aytilgan nutq ham ana shunday qisqa bo‘libdi.

Yulduz bu hodisalarni shafaqrang osmonda turib ko‘ribdi, uning nurlari yosh haykaltaroshning ko‘zidan dumalab tushgan ikki tomchida jilolanibdi. Yigit kasal bo‘lib yotib qolganda, bezgakdan o‘lar holatga yetibdi, degan gaplar tarqalibdi.

Monax og‘a Ignatiy uning do‘sti va tabibi ekan. U bemorning huzuriga kelib, ilohiy yupanch so‘zlarini aytibdi, dunyo, cherkov hadya etadigan baxt, insonlar gunohi, parvardigor marhamati, ana shu marhamat tufayli gunohlar yuvilib ketishi haqida gapiribdi.

Uning so‘zlari yangigina haydalgan nam tuproqqa tushgan quyosh nurlari bo‘libdi, yer ustidan bug‘ ko‘tarilib, bulutlarga qachonlardir chin haqiqat bo‘lgan xayoliy obrazlarga aylanibdi. Yigit bepoyon bo‘shliqdagi samoviy sirg‘anchiq ana shu bulut orollari ustidan pastga – odamlarning hayotiga nazar tashlabdi; bu hayot unga nuqul qalbaki, umidsizlik makoni bo‘lib ko‘rinibdi! Eng o‘tkir san’at bizning yerdagi puch shuhratparastlik gunohi sari undovchi jodugarga o‘xshab ketibdi! Biz o‘zimizga ham, do‘stlarimizga ham, hatto xudoga ham yolg‘on gapiramiz. Qalbimizga mahkam o‘rnashib olgan ilon hadeb: «Shuhrat nash’asini sur, sen ham xudoga o‘xshab qolasan!» – deb ta’kidlaydi.

Endilikda u o‘z holatini tushunganday bo‘libdi, dunyoda haqiqat sari borish yo‘lini bilib olibdi. Cherkovda yorqin ilohiy nur va porloq dunyo, monaxlar hujrasida esa osoyishtalik bor; faqat o‘sha yerdagina inson umri daraxti boqiylik uchun o‘sadi.

Og‘a Ignatiy uning ko‘nglidagi ana shu fikrlarni mustahkamlab qo‘yibdi. Yorug‘ dunyo bolasi cherkov xizmatkori bo‘libdi, yosh haykaltarosh yorug‘ dunyoni rad etib, monastirga ketibdi.

Qavmlar uni zo‘r xursandlik bilan kutib olishibdi. Unga unvon berish ham zo‘r tantanaga sababchi bo‘libdi. Xudoyi taoloning o‘zi ham shu yerda bo‘lib, uni quyosh nurlari bilan yoritganday, payg‘ambarlar va butlar shu’lasi bilan qurshab olganday bo‘libdi. Nihoyat, u kechqurun kun botayotganda o‘z hujrasidagi derazaning ro‘parasida tik turib, qadimiy Rimga, buzilib ketgan ibodatxonalarga, ulug‘vor, lekin o‘lik Kolizeyga nazar tashlabdi, bularning hammasini chaman-chaman ochilgan akatsiya gullari, baxmalsimon ko‘m-ko‘k maysazorlar, atirgullar, oltinrang apelsinlar, hashamatli yelpig‘ichsimon xurmolar ichida ko‘ribdi, qalbi ilgari hech his etmagan zo‘r huzur-halovat, rohatga to‘lib-toshib ketganini bilibdi! Kaftda turganday ko‘ringan osoyishta Kampani vodiysi xuddi osmonga surati tushirilganday yarqiroq, usti qorlar bilan qoplangan tog‘lar tomon cho‘zilib ketibdi. Hamma go‘zallik bilan nafas olayotgandaymish, hamma narsa shirin xayol bo‘lib, ko‘z oldidan o‘ta boshlabdi, butun, olam xayolga aylanibdi!

Ha, olam xayolga aylangan edi, xayol kishini bir soat, ko‘p bo‘lsa ikki soat asir qilib turishi mumkin, keyin bir necha muddatga orqaga qaytishi mumkin, monastirdagi hayot uzoq-uzoq yillarga cho‘zilishi mumkin!

U inson ichidan uni harom qiladigan ko‘p narsa chiqishini tushunibdi! Shuncha vaqtdan beri uning qalbini yoqib kelgan nima? Uning qarshiligiga qaramay, ichidan otilib chiqqan qanaqa yomonlik manbai ekan? U tanasini qancha savalamasin, yomonlik manbai tugamadi. Aqli uning vijdonini ilonday o‘rab olishiga va u bilan birga tangri muhabbati xilqati orasiga o‘rmalab kirishiga nima majbur qildiykin? Qulog‘iga kimningdir ovozi: «Avliyolar biz uchun ibodat qilishadi!» deb shivirladi. U go‘daklik yoki yengiltaklik quvvatiga uchib, yuksak shafqat himoyasi ostiga o‘tdimi, o‘zini boshqa odamlardan yuqori deb bildimi? Axir, u tarkidunyochilik yo‘liga qadam qo‘yib, cherkov farzandi bo‘lib qoldi-ku!

Oradan bir necha yil o‘tgach, bir kuni u Anjelo bilan uchrashib qolibdi, u buni darhol tanibdi.

– Ana xolos! – debdi Anjelo. – Bu senmisan? Qalay, endi baxtlimisan? Sen xudo oldida gunohkorsan, u ato qilgan iste’dodni uloqtirib, o‘z qobiliyatingni xarob qilding! Ishonib berilgan iste’dod haqidagi hikoyalarni o‘qi! Uni hikoya qilib bergan ustoz dunyoga haqiqat keltirdi! Xo‘sh, sen nimaga erishding? O‘zingga bekorchi xayolparast hayotini yaratmadingmikan? Barcha monaxlar singari o‘zingga o‘zing xususiy din yaratmadingmikan? Bularning hammasi nuqul xayol, ro‘yo, go‘zal safsatalar bo‘lsa-chi?

– Nari tur mendan, shayton! – debdi monax va Anjelodan uzoqlashibdi. – U shaytonning o‘zginasi. Bugun uni o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim! – deb shivirlabdi monax. – Bir kuni unga barmog‘imni uzatsam, qo‘limni bor bo‘yicha ushlab oldi! Yo‘q! – deb xo‘rsinibdi u. – Yuragida kiri bor! Anavi odam ham yomon, lekin u yomonligi yukidan yiqilmayapti, boshini baland ko‘tarib yuribdi, baxtiyor! Men bo‘lsa o‘zimni o‘zim din bilan ovutib, baxt izlayapman!.. Bordiyu, bu behuda yupanch bo‘lsa-chi? Bu ham oldin voz kechganlarim singari chiroyli safsata, oqshomgi qizg‘ish bulutlar go‘zalligiday yolg‘onning o‘zi bo‘lsa-chi, unda nima bo‘ladi? Axir, yaqindan hamma narsa boshqacha bo‘lib ko‘rinadi-da. O, boqiylik! Sen ulug‘, cheksiz, osoyishta okeanday ishlaysan, huzuringga chaqirasan, qalbimizni oldindan sezish hissiga to‘ldirasan, yaqiningga borganda esa, ehtimol, okean qa’riga cho‘kib ketasan, yo‘qolasan, o‘lasan… Yashashdan to‘xtaysan! Yolg‘on! Yo‘qol! Yo‘qol!

U o‘zining hujrasida bir tomchi ko‘zyoshsiz, xayollarga berilib tiz cho‘kyapti! Devorga o‘yilgan, toshdan yasalgan Iso suratigami? Yo‘q, faqat odati uni tiz cho‘kishga majbur etibdi.

U qalbiga qanchalik chuqur nazar tashlasa, shunchalik qorong‘i bo‘lib ko‘rinibdi; ichkari ham, tashqari ham bo‘mbo‘sh emish! «Umrimni behudagi xarob qildim!» Uylari quyilib kelaveribdi, go‘yoki qor bo‘lagiday o‘sib, uni ezg‘ilab, yer yuzidan surib tashlabdi. «Qalbimni kemirayotgan bu qurtni hech kimga ochib ko‘rsata olmayman! Mening sirim – mening asirim; uni oshkor qilsam, men uning asiri bo‘lib qolaman!»

Uning vujudida kichkinagina ilohiy ruh azoblanishda, kurashishda davom etibdi.

– Ey Xudo! – deb iltijo qilibdi u umidsizlikda. – Menga rahming kelsin, imonimni salomat saqla! Men sen bergan iste’dodni – o‘z iste’dodimni tuproq ostiga ko‘mdim. Mening qurbim yetmadi, ana shu qurbni menga bermading. Boqiy Psixeya qalbimda… Yo‘qol! Yo‘qol! Uni ham hayotimning eng yaxshi shu’lasi kabi tuproqqa qo‘yishadi! U o‘z qabridan hech qachon bosh ko‘tarib chiqmaydi!

Qizg‘ish osmonda yulduz charaqlabdi. Bir vaqt kelib u ham so‘nadi, yo‘qoladi, lekin uning ruhi hamisha yashaydi va nur sochadi! Yulduzning titroq nuri oq devorga tushibdi, lekin devorga xudoning dinga ishonuvchi har bir qalbda ovozi yangrab turgan ulug‘vorligi marhamati va muhabbati haqida hech narsa chizmabdi.

– Yo‘q, Psixeya shu yerda, u dilimda, u hech qachon o‘lmaydi!.. Hamma narsani tushunib yashash kerakmi? Aqlga sig‘maydigan narsa ro‘yobga chiqarmikan? Ha, ha! Aqlga sig‘maydigan narsa – bu mening «men»ligim! Sen ham aqlga sig‘maysan, Xudoyim! Sen yaratgan olamga tushunib bo‘lmaydi! U karomating kuchi, savlating va muhabbating!

Uning ko‘zlari bir charaqlab, so‘ng abadiy so‘nibdi. Qo‘ng‘iroqlar sadosi uni qabrga uzatibdi. Uni Quddusi Sharifdan keltirilgan va xudojo‘y odamlar xoki aralashtirilgan yerdan qabr kavlab dafn qilishibdi.

Oradan bir necha yil o‘tgach, olamdan o‘tgan monaxlarning suyagini olganday, uning suyagini ham olishibdi. Uni qora jubbaga o‘rashibdi, qo‘llariga tasbeh taqishibdi, uni monaxlar qabristonidan topilgan odam suyaklaridan yasalgan tokchaga tikka qilib qo‘yishibdi. O‘sha yerga quyosh nur sochib, isiriqning xushbo‘y hidi, ibodat qilayotganlarning tovushi kelib turibdi.

Yana ko‘p yillar o‘tibdi.

Skelet suyaklari chirib, ezilib ketibdi. Bosh chanoqlarini yig‘ishtirishib, bir qatorga terishibdi, bosh chanoqlari cherkov atrofida o‘ziga xos devor hosil qilibdi. Olov purkayotgan quyosh nuri ostida boshqa bosh chanoqlar qatorida haykaltaroshniki ham yotibdi; bu bosh chanoqlarining son-sanog‘i yo‘q ekan, lekin ular kimlarning bosh chanoqlari ekanligi noma’lum ekan. Kunlarning birida quyosh nur sochib turgan paytda bosh chanog‘i ko‘z kosasida tirik bir narsa qimirlab qolibdi. Bu o‘zi nima? Bosh chanog‘i ichiga olachipor kaltakesak kirib olib, har ikki ko‘z kosasiga kirib-chiqib turgan ekan. Shunday qilib, bu boshda – bir vaqtlar ulug‘ fikrlar javlon urgan, yorqin fikrlar porlagan, san’atga, barcha go‘zallikka mehr-muhabbat ortgan, abadiylik umidi yashagan, qaynoq ko‘zyoshlari tomchilagan boshda yana hayot paydo bo‘libdi. Kaltakesak bir sakrabdi-yu, ko‘zdan g‘oyib bo‘libdi, bosh chanog‘i to‘kilib, tuproqqa qo‘shilib ketibdi.

Oradan bir necha yuz yil o‘tibdi. Porloq yulduz hamon porlaganicha nur sochaveribdi. Bundan ming yil avval qanday bo‘lsa, shunday emish. Osmon hamon atirgulday qizg‘ish, qonday qip-qizil nur taratib turganmish.

Bir vaqtlar tor ko‘cha o‘tgan, ibodatxona xarobalari bo‘lgan joyda hozir katta maydon bor, o‘sha yerda qizlar monastiri qad ko‘targan ekan. Yoshgina monax qiz o‘lib qolibdi, bog‘ ichidan unga qabr kavlashibdi, o‘sha kuni ertalab uni joyiga qo‘ymoqchi bo‘lishibdi. To‘satdan qarashsa, oq marmar ko‘rinibdi; marmarning insonniki singari yelkasi bormish, hademay qo‘li ham ko‘rinibdi. Ehtiyotlik bilan chuqurni kavlasha boshlashibdi, chuqurdan ayol boshi, keyin kapalak qanoti ko‘rinibdi. Yosh monax qizni qo‘yishmoqchi bo‘lgan qabrdan ertalabki tong shafag‘i nurida marmardan ishlangan go‘zal Psixeyaning haykalini tortib olishibdi. «Naqadar chiroyliya! Naqadar mukammallik! Eng yaxshi zamon yodgorliklaridan! – deyishibdi odamlar. – Buni kim yaratgan ekan-a?» Buni ming yillardan beri porlab turgan yulduzlardan boshqa hech kim bilmasdi. Faqat ana shu yulduzgina Psixeyani yaratgan odamning yerdagi hayotidan, saboqlaridan, ojizligidan, inson qadr-qimmatiga e’tiqodidan xabardor bo‘lgan. Haykaltaroshning chirik tanasi tuproqqa aylanib ketdi, lekin uning qalbidagi ilohiy uchqunni o‘zida jo qilgan intilishlari samarasi bo‘lmish Psixeya saqlanib qoldi. U hech qachon o‘lmaydi, u o‘zini yaratgan odam xotirasidan ham ko‘p yashaydi, u yerda ijodkorining o‘lmas qalbi bo‘lib xizmat qiladi. Mana, uni topib olishdi, qadrlashdi va e’zozlashdi.

Erta tongda qizg‘ish osmonda porlagan yulduz o‘zining titroq nuri bilan Psixeyani cho‘miltirmoqda, marmardan yasalgan haykalga qaragan tomoshabinlarning unsiz kulib turgan lablari va charaqlagan ko‘zlariga shu’la sochmoqda.

Yerdagi hamma narsa tuproqqa aylanadi, unutiladi. Uni faqat yulduz xotirlaydi, chunki u intihosiz zamonlarning guvohi, harholda samo yulduzi o‘zi porlaydi, xotiralarda yashaydi. Lekin bu xotira ham bir kun borib so‘nishi mumkin, lekin Psixeya esa abadiy yashaydi.

OLTIN BOLA

Nog‘orachining xotini cherkovda bo‘lib, turli surat va o‘ymakor naqshlar bilan bezatilgan yangi mehrobga tikilibdi. Naqshlar judayam chiroylimish! Matoga surati tushirilgan bosh tegrasidagi zarrin naqshlar ham, yog‘ochdan o‘yib yasalgan, so‘ng ustidan oltin suvi yuritilgan o‘yma naqshlar ham o‘ta chiroylimish. Suratdagi tillarang soch quyosh nurida oltinday tovlanarmish; chiroyi ta’rifga sig‘masmish! lekin quyosh nurlari undan ham chiroylimish! Botayotgan quyoshning qoramtir daraxtlar orasidan taralayotgan nurlariga havasi kelarmish! Hammasidan ham parvardigorning jamoliga tikilish huzurmish! Nog‘orachining xotini qizg‘ish quyoshga boqarkan, xayoliga yaqinda ko‘radigan farzandi kelibdi. Ayol chaqaloq tug‘ilishini zo‘r xursandchilik bilan orziqib kutarkan. Quyoshga tikilib turib, uning porloq nuri tug‘iladigan bolasiga o‘tib qolishini orzu qilibdi; hech bo‘lmasa bolasi mehrobda porlab turgan naqshlardan biriga o‘xshab qolishini xohlabdi!

Buni qarangki, ayolning oy-kuni yetib, ko‘zi yoribdi. Chaqalog‘ini bag‘riga bosgancha otasiga ko‘rsatish uchun baland ko‘taribdi, chindan ham bolaning sochlari tillarangmish, xuddi botayotgan quyosh shafag‘iday qipqizilmish.

– Oltin bolam, boyligim, quyoshim! – deb suyibdi ona bolasini va jingalak sochlaridan o‘pibdi.

Nog‘orachining uyida musiqa yangraganday bo‘lib ketibdi, ashula, shod-u xurramlik, shovqin-suron avjga minibdi! Nog‘orachi nogorani chunon taraqlatib chalibdiki, asti qo‘yavering! Nog‘ora ham katta yong‘in bo‘lganda chalinadigan nog‘ora ekan-da. Uning gumburlashidan: «Oltin soch! Bolaning sochi qip-qizil! Onasining emas, nog‘oraning taka-tumiga quloq sol! Tak-taka, tum-tum!» degan ma’noni uqish mumkin ekan.

Butun shahar ahli ham shu gapni takrorlabdi.

Bolani cherkovga olib borib cho‘qintirishibdi. Peter deb ism qo‘yishibdi. Butun shahar ham, nog‘ora ham uni nog‘orachining oltin soch Peteri deb atabdi, lekin onasi uning tillarang sochlaridan o‘pib, oltin bola deb atabdi.

Yo‘l bo‘yidagi qiyalikka ko‘pgina ismlar chizib yozilgan ekan.

– Buning ham biror ma’nosi bo‘lsa kerak! – debdi nog‘orachi va o‘zi bilan o‘g‘lining ismini o‘sha yerga yozib qo‘yibdi.

Qaldirg‘ochlar uchib kelibdi, ular o‘z sayohatlarida qoyatoshlarga va Hindistondagi ibodatxonalar devorlariga o‘yib yozilgan yozuvlarni ko‘rishgan ekan. Bu yozuvlar qudratli, mashhur podsholar haqida xabar berar ekan, lekin ular juda qadim zamonlarda o‘tgani uchun bu barhayot ismlarni o‘qib ham, aytib ham bo‘lmas ekan.

Mashhur nom! Bu shon-sharaf!

Qaldirg‘ochlar ana shu qiyalik tuprog‘ini o‘yib, o‘zlariga uya qurishibdi. Qiyalikka yozilgan ismlarning o‘chib ketishiga yomg‘ir va shamol ham ozmi-ko‘pmi sabab bo‘libdi. Ko‘p o‘tmay nog‘orachining ham, Peterning ham nomi o‘chib ketibdi.

– Har qalay, Peterning ismi bir yarim yilcha turdi! – debdi otasi.

«Ahmoq!» – deb ko‘nglidan o‘tkazibdi yong‘inda chalinadigan nog‘ora. – Taka-taka, tum-tum-tum!»

Nog‘orachining oltin soch o‘g‘li «Peter ancha tetik, quvnoq bola ekan. Hammadan ham ovozi zo‘r ekan. U ashula aytishni qoyillatarkan, kuylashi o‘rmon qushlarining sayrashiga o‘xshab ketarkan. U hech qanaqa ohangni bilmasa-da, ashula aytganda kuy chiqaraverarkan.

– O‘g‘lim ashulachi bo‘ladi! – debdi onasi. – U cherkovda kuylaydi, o‘zi juda o‘xshab ketgan zarrin naqshlar oldida turadi!

– Malla mushuk! – deyisharkan shaharning hazilkashlari. Nog‘ora bu gapni qo‘ni-qo‘shnilar og‘zidan ham eshitarkan.

– Peter, uyga borma! – deb qichqirisharkan ko‘cha bolalari. – Chordoqda yotib qolsang uyning yuqori qavati yonib ketadi. Yong‘inda chalinadigan nog‘oralaringga ish ortadi!

– Nog‘ora cho‘pidan ehtiyot bo‘ling! – derkan Peter, yosh bo‘lsa ham bolalarning oldiga dadil borib, birinchi o‘girilganining qorniga musht tushirganda oyog‘i osmondan bo‘lib yiqilarkan, buni ko‘rgan boshqalari esa juftakni rostlab qolishar ekan.

Bir vaqtlar saroy oshpazi bo‘lgan kishining o‘g‘li, shaharning musiqachisi, dimog‘dor va mashhur odam Peterga alohida mehr qo‘yibdi. Uni tez-tez o‘z huzuriga chaqirarkan-da, qo‘liga g‘ijjak tutqizib, chalishni o‘rgatar ekan. Bolaning qo‘llari gul ekan, undan oddiy nog‘orachidan ko‘ra durustroq shahar mashshog‘i chiqishi aniq sezilib qolibdi.

Peterning o‘zi esa:

– Men askar bo‘laman! – debdi.

U hali yosh bola bo‘lgani uchun ham mundir kiyib, qilich taqib, bir-ikki, bir-ikki deb qadam tashlab yurish dunyoda eng ma’qul ish, deb bilarkan-da!

– Nog‘ora sadosiga qarab qadam tashlashni o‘rganasan! Tram-tam-ta-tam! – debdi nog‘ora.

– Ishqilib, o‘g‘lim generallikkacha ko‘tarilsin-da, – debdi otasi. – Unda urush bo‘lishi kerak!

– Xudo saqlasin! – debdi onasi.

– Biz hech narsa yutqazmaymiz! – debdi otasi.

– Bolamiz-chi? – deb e’tiroz bildiribdi xotini.

– O‘zing o‘yla, o‘g‘limiz urushdan general bo‘lib qaytsachi?

– Qo‘lsiz, oyoqsiz bo‘lib-a! Yo‘q, yaxshisi, mening oltin bolam soppa-sog‘ qolsin.

«Tram-tam-ta-tam!» – deb gumburlabdi yong‘inda chalinadigan nog‘ora, boshqa nog‘oralar ham chalinibdi; urush boshlanibdi. Askarlar urushga jo‘nabdi, ular bilan birga nog‘orachining o‘g‘li, malla kokilli, oltin bola Peter ham ketibdi. Onasi yig‘i-sig‘i qilibdi, otasi esa o‘g‘lining timsolida mashhur odamni ko‘ribdi; shahar musiqachisi, Peter urushga bormasdan, san’at uyida xizmat qilishi kerak edi, degan fikrni aytibdi.

Bordiyu, askarlar «Malla kokil» deyishsa, Peter kulib qo‘ya qolarkan, bordiyu, biror kimsa «tulki terisi» deb qolsa bormi, u lablarini tishlab, azbaroyi g‘azabi qaynaganidan bunday gaplarni eshitsa ham eshitmaganga olarkan.

– Bola sho‘x, to‘g‘riso‘z, xushchaqchaq ekan, o‘zidan katta odamlar «quvnoq tabiatlik – eng yaxshi safar suvdoni» deyisharkan.

Ko‘pincha u tunlarni ham tashqarida o‘tkazishga majbur ekan, shunday paytlarda yomg‘irda ho‘l bo‘lsa ham, lekin xursandchilikni tark etmas, hamisha uning nog‘ora cho‘plari «Tram-tam, ta-tam! Safarga!» deb turarkan. Chindan ham u nog‘orachilikka tug‘ilgan ekan.

Jang bo‘ladigan kun ham yetib kelibdi. Quyosh yuz ko‘rsatmagan bo‘lsa-da, tong otgan ekan. Havo salqin, lekin jang qizg‘in ekan. Hammayoqqa qalin tuman tushibdi, lekin o‘q dori tutunlari undan ham qalinlashib ketibdi. O‘qlar va granatalar odamlar boshi ustidan guvillab o‘tibdi, ba’zilari boshlarga, tanaga, qo‘l-oyoqlarga tegibdi, ammo askarlar olg‘a intilishaveribdi. Goh u, goh bu askar o‘q yeb, bo‘rday oqarib yerga qulayveribdi. Lekin yosh nog‘orachining rangi oqarmabdi, unga o‘q tegmabdi. Go‘yo u tevarak-atrofda o‘yin bo‘layotganday, zambarak o‘qlari shu o‘rinda dumalayotgan to‘plarday oldingi marrada bemalol sakrab yurgan polk itiga tikilib o‘tiraveribdi.

«Marsh! Olg‘a!» Bu buyruqni berish nog‘oraga yuklanibdi, bunaqa buyruqni bajarmaslikning iloji yo‘q, ammo shu payt bajarmaslikka to‘g‘ri kelib qolibdi – aql amr berib qolibdi! Mana, jangni to‘xtatish haqida buyruq bo‘libdi, ammo yosh nog‘orachi buni tushunmay, hadeb «Marsh! Olg‘a!» ma’nosida nog‘orani gumburlataveribdi. Askarlar nog‘ora sadosiga bo‘ysunishibdi. Ha, nog‘oraga ko‘p kuch sarflabdi, lekin chekinayotganlarga yana kuchqudrat bag‘ishlabdi.

Jangda ko‘plar halok bo‘libdi; granatalar odamlarning tanasini ilma-teshik qilib yuboribdi, bir necha soatga, balki bir umrga tark etilgan yarador jangchilar yotgan poxollarga o‘t qo‘yib yuborishibdi! Bunaqangi dahshatni o‘ylashdan nima foyda? Harholda ular haqida jang maydonidan ancha narida osoyishta shaharlarda ham bosh qotiriladi. Nog‘orachi xotini bilan jang haqida bir daqiqa bo‘lsin o‘ylashni bas qilmabdi; axir ularning Peteri urushda-da!

– Hadeb zorlanishlar ham jonga tegdi! – debdi yong‘in paytida chalinadigan nog‘ora.

Jangning yettinchi kuni ekan. Quyosh yuz ko‘rsatmagan bo‘lsa-da, tong otgan ekan. Nog‘orachi xotini bilan uxlab yotarkan, ular bir kun ilgari o‘g‘illari xususida gaplashib o‘tirishib, ancha vaqtgacha uxlashmagan ekan, axir u jang maydonida, «Xudoning panohida». Nog‘orachi tush ko‘ribdi, tushida urush tamom bo‘lganmish, askarlar uylariga qaytishibdi. Peter ko‘ksida kumush xoch bilan qaytibdi. Onasi ham tush ko‘ribdi, tushida cherkovda turganmish, o‘yib ishlangan surati matoga tushirilgan jingalak sochi oltinrang bolalarni, ular orasida o‘zining oltin bolasini ko‘ribdi. U oq kiyimdamish, farishtalardan ham o‘ta muloyim ovozda kuylayotganmish! Keyin u farishtalar bilan osmon-u falakka, quyosh tomonga ko‘tarilibdi. Ko‘tarilarkan, onasiga mehribonlik bilan bosh irgabdi…

– Oltin bolaginam! – qichqiribdi onasi va uyg‘onib ketibdi. – Demak, Ollo Taolo uni o‘z dargohiga chaqiribdi! – shunday deb, ayol boshini chodirga tirab, qo‘llarini qovushtirib, yig‘lab yuboribdi. – O‘g‘lim qayerlarda yotibdiykin? Hamma uchun qazilgan umumiy qabrdamikin? Ehtimol, chuqur botqoqlikdadir! Uning qabrini hech kim bilmaydi! hech kim uning qabri ustida duo o‘qimadi. Ayolning og‘zidan unsiz «Xudoyim» degan so‘z chiqib ketibdi. Keyin boshi yostiqqa shilq etib tushibdi-da, charchoqlikdan mudrab ketibdi.

Kunlar shu zaylda o‘taveribdi; hayot esa o‘z yo‘lida davom etaveribdi.

Kech kira boshlabdi, uning bir uchi o‘rmonda, boshqa uchi botqoqda emish. Xalq naqliga ko‘ra, kamalakning uchi qayerga tegsa, o‘sha yerda xazina, oltin ko‘milgan bo‘ladi. Bu yerda chindan ham oltin – oltin bola yotar ekan. Yosh nog‘orachi hech kimning xayoliga kelmas ekan, faqatgina onasining xayolidan o‘tgani uchun tushiga kirgan ekan.

Kunlar o‘taveribdi; hayot o‘z yo‘lida davom etaveribdi.

Ammo bolaning boshidagi tillarang kokilidan bir tola ham to‘kilmabdi!

Bordiyu, o‘g‘lining qaytishini kutsa yoki uning qaytayotganini tushida ko‘rsa, «Tram-ta-ta-tam, mana, o‘zi ham!» – deb nog‘ora aytsa, onasi kuylashi mumkin ekan.

Askarlar qo‘shiq aytishib, «ura» deb qichqirishib, maysalarga ko‘milishib uylariga qaytishibdi. Urush tugab, sulh tuzilibdi. Polk iti esa hammadan oldin chopib, katta-katta doiralar hosil qilib, shu bilan o‘z yo‘lini uch hissa ko‘paytirayotganday bo‘libdi.

Kunlar, haftalar o‘tibdi va nihoyat Peter ham otaonasining qoshiga kirib kelibdi. U rosa qoraygan bo‘lsada, lekin yuz-ko‘zlari charaqlab turganmish. Onasi uni bag‘riga bosib lablaridan, yuz-ko‘zlaridan, tillarang sochlaridan o‘pibdi. Nihoyat farzandi o‘z quchog‘ida! U otasining tushiga kirganidek kumush xoch taqib ham emas, onasining tushiga kirganiday ham emas, balki sog‘salomat qaytibdi. Rosa xursandchilik bo‘libdi! Hammalari ham kulishibdi, ham yig‘lashibdi. Peter hatto eski nog‘orasini ham quchoqlab olibdi.

– Haliyam shu yerdamisan, oqsoqol! – debdi u, otasi esa nog‘orani rosa gumburlatib chalib yuboribdi.

– Xuddi uyida yong‘in chiqqanday chaladi-ya! – debdi nog‘ora. – Kokili cho‘g‘day, yuragi ham o‘t-olov, oltin bola qaytib keldi! Tak-taka-tum!

Xo‘sh, keyinchi? Keyin nima bo‘ldi? Buni shahar musiqachisidan so‘ra.

– Peter nog‘oradan ham o‘zib ketdi! Peter meni ham ortda qoldiradi! – debdi u. – Musiqachi bekorga saroy bufetchisining o‘g‘li deysanmi. Bu bejiz emas!

U butun umrida o‘rganganini Peter yarim yilda o‘rganibdi.

Nog‘orachining o‘g‘lida allaqanday samimiylik, sofdillik bor ekan. Uning yuz-ko‘zlari charaqlab turar, buni hech kim inkor qilolmas ekan.

– U sochlarini bo‘yatganda durust bo‘larmidi! – debdi qo‘shnisi. – Politsmeysterning qizi sochini boplab bo‘yadiyu kelinchak bo‘ldi-qoldi!

– To‘g‘ri-ku, keyin uning sochlari xuddi balchiqqa o‘xshab ko‘karib ketdi-da, shuning uchun u sochini doim bo‘yab yurishi kerak!

– Xo‘sh, nima bo‘pti! Mablag‘i soch bo‘yashga bemalol yetadi! – debdi qo‘shni ayol. – Peterning mablag‘i ham o‘ziga yetarli! U eng zodagon oiladan chiqqanga, hatto burgomistrning o‘ziga o‘xshaydi. U Lotta xonimni fortepyano chalishga o‘rgatyapti!

Ha, u qoyillatib chalarkan! Butun ehtirosi bilan chalarkan, uning barmoqlari ostidan hech qanday nota qog‘ozida bo‘lmagan ajoyib kuylar taralarkan. U butun tun bo‘yi – xoh qorong‘i, xoh yorug‘ bo‘lsin, musiqa chalib chiqarkan. Qo‘shnilar va nog‘oraning aytishiga qaraganda, bunga bardosh qilib bo‘lmas ekan.

U kuy chalar, xayollari uni baland-balandlarga parvoz qildirar, boshida ajoyib rejalar charx urarkan. Shuhrat!

Burgomistrning qizi Lotta fortepyano yonida o‘tirarkan. Uning nozik, muloyim barmoqlari klavishlar ustida o‘ynar, Peterning qalb torlarini chertar ekan. Nazarida yuragi kattalashib, qalbiga sig‘mayotganday bo‘larkan. Bu holat bir necha bor takrorlanibdi, kunlarning birida Peter o‘sha nozik, muloyim barmoqlarni ushlab o‘pibdi, qizning shahlo qo‘yko‘zlariga tikilibdi. Bu payt qizga nima deganini xudo biladi! Bizning sal-pal fahmimiz yetadi, xolos. Lotta quloqlarigacha qizarib ketibdi, lekin hech nima demabdi, chunki shu payt xonaga begona odam – yurt maslahatchisining o‘g‘li kirib qolibdi; uning keng peshanasi gardaniga ulashib ketganday ekan. Peter ular bilan uzoq o‘tiribdi va Lotta unga hamon muloyim tabassum qilarmish.

U kechqurun uyga kelib, begona yurtlar, g‘ijjagida yashirinib yotgan o‘ziga tegishli xazina haqida gapiribdi.

Shuhrat!

«Tram-tam-tam-tam! – debdi nog‘ora. – U aqldan ozibdi. Uy ichida yong‘in boshlanganday-a!» Ertasi kuni onasi bozorga boribdi.

– Yangilikdan xabaring bormi, Peter? – debdi u bozordan qaytgach. – Ajoyib yangilik! Burgomistrning qizi Lotta kecha yurt maslahatchisining o‘g‘liga unashtirilibdi!

– Bo‘lishi mumkin emas! – debdi stuldan sakrab turarkan Peter. Lekin onasi bu gap rost, debdi. Bu xabarni u sartaroshning xotinidan eshitibdi: ayolning eri esa unashtirish bo‘lib o‘tganini burgomistrning o‘zidan eshitibdi.

Peterning rangi dokaday oqarib ketibdi, stulga behol o‘tirib qolibdi.

– E Xudoyim! Senga nima bo‘ldi? – deb xitob qilibdi onasi.

– Hech nima, hech nima! Faqat meni o‘z holimga qo‘y! – debdi u, ko‘zlaridan marjon-marjon yosh oqibdi.

– Erkatoyim! Oltin bolam! – debdi onasi va bolasiga qo‘shilib yig‘labdi, nog‘ora esa dimog‘ida o‘zicha: «Mana, qo‘shiq ham tugadi!» deb kuylabdi.

Ammo qo‘shiq tugamagandi: uning hali talay bandlari, ajoyib, oltinga teng baytlari bor edi.

– Anavining kerilishini qaranglar! – debdi qo‘shnisi. – Butun olam uning oltin bolasi maktublarini o‘qishi, o‘g‘li hamda uning g‘ijjagi haqida gazetalar nimalar yozganini eshitishi kerakmish. O‘g‘li unga tez-tez mo‘maygina pul ham yuborib turibdi, axir unga pul kerak-da, hozir u tul bo‘lib qolgan!

– U qirol va imperatorlar oldida musiqa chaladi! – debdi shahar musiqachisi. – Men ana shunday sharafga muyassar bo‘lolmadim, lekin u mening shogirdim, keksa ustozini unutmaydi.

– Bir vaqtlar otasining tushida Peter kumush xoch taqib uyga qaytgan ekan, lekin urushda uni olish amrimahol! Hozir unda komandor xochi bor! Otasi tirik bo‘lganda rosa quvonardi-da! – debdi onasi.

– U mashhur odam! – deb gumburlabdi nog‘ora. Jonajon shahri esa yog‘och kavushda chopqillab yurgan malla Peter, nog‘orachining o‘g‘li, sobiq nog‘orachi, turli kechalarda musiqa chalgan musiqachi – mashhur odam deb takrorlabdi.

– U qirol saroyidan ham oldin o‘zimiznikida musiqa chalgan, – debdi burgomistrning xotini. – O‘sha paytlarda u Lottamizga oshiq-u beqaror edi. U hamisha balandparvoz edi! Lekin o‘sha paytlarda uning bu qilig‘i qo‘pollik sanalardi! Erim bu qo‘polligini bilib rosa kulgandi. Endi esa bizning Lottamiz yurt maslahatchisi!

Chekinayotganlarni olg‘a da’vat etib, zafarga yor etgan sobiq yosh nog‘orachi bo‘lmish kambag‘al bolaning qalbi ham, o‘zi ham bebaho ekan.

Uning ko‘ksida ado bo‘lmas tovushlar manbai – oltin xazina bor ekan. Ana shu tovushlar go‘yo bir butun jism-u jondan quyilganday g‘ijjak torlaridan kuylar, ana shu torlarda yoz tunlari elflar raqsga tushganday bo‘larkan. Shuning uchun ham tinglovchilar unga maftun bo‘lishar, shuning uchun ham uning shuhrati o‘z mamlakati tashqarisida ham dovrug‘ taratgan ekan. U qalblarda o‘t-olov yondirar, zavq-shavq yong‘inini paydo qilarkan.

– Naqadar kelishgan yigit! – deyisharkan yosh-u qari xonimlar. Xonimlardan eng keksasi, hatto yosh g‘ijjakchining soch tolalarini solish uchun mashhur kokil albomi ham tutibdi.

Nihoyat g‘ijjakchi shahzodalarday kiyinib, qirollarday baxtiyor bo‘lib, nog‘orachining faqir kulbasiga qaytibdi! Uning yuz-ko‘zlari quyoshday charaqlab turganmish. Onasi uni o‘pib, xursandligidan yig‘lab yuboribdi, u o‘g‘lini bag‘riga bosgancha boshi bilan qadrdon anjomlarga: piyola va gul solingan stakan turgan sandiqqa, o‘zi bolaligida yotgan yog‘och o‘rindiqqa ishora qilibdi. Peter keksa nog‘orani uy o‘rtasiga olib chiqib qo‘yibdi-da, shunday debdi:

– Otam bo‘lganda hozir rosa gumburlatib chalardi! Otam uchun men chala qolay! – u nog‘orani shunaqayam gumburlatib chalibdiki, hammayoq larzaga kelibdi. Nog‘oraga yigitning bu qilig‘i juda ma’qul tushib, quvonganidan yorilib ketibdi.

– Mushtlari xo‘b baquvvat-da! – debdi nog‘ora. – Endi bir umrga undan esdalik bo‘lib qoldi bu!

Onasi ham oltin bolasiga qarab terisiga sig‘masmish.

Oltin bola haqidagi qissa ana shundan iborat ekan.


Страницы книги >> Предыдущая | 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21 22 23 24 25 | Следующая
  • 0 Оценок: 0


Популярные книги за неделю


Рекомендации