Текст книги "Қор одам"
Автор книги: Ганс Христиан Андерсен
Жанр: Книги для детей: прочее, Детские книги
сообщить о неприемлемом содержимом
Текущая страница: 18 (всего у книги 25 страниц)
«Yo‘lga chiqilsin! Yo‘lga chiqilsin!» – deb yuragi duk-duk uribdi.
Driada qadrdon o‘tloq, shabadada selkillab turgan maysalar, soddadil moychechaklar bilan xayrlashishni ham unutibdi. Vaholanki, ular hamisha pastdan yuqoriga boqib, Ollo Taoloning eng suygan guli, tabiat qo‘ynida raqsga tushgan, yosh va go‘zal malika o‘rnida ko‘rib, uni e’zozlashar ekan.
Kashtan aravada turib: «Yaxshi qolinglar! Ehtimol endi yo‘lga chiqarmiz», deganday, novdalarini silkitibdi. Driada buni eshitmabdi. Uning butun fikr-zikri o‘zi oshiqib borayotgan ajoyib, notanish, shu bilan birga, o‘ziga ma’lum kelajakda ekan. Go‘dakning beg‘araz xursandchiligi ham, o‘y-xayollarga qattiq berilib ketgan ashaddiy xayolparast ham driadamizning Parij tomon ketayotgan paytdagi totli iztiroblari va hayajonlariga sherik bo‘lolmabdi.
Uning quloqlarida «Yaxshi qolinglar!» – degan ovoz jaranglabdi, lekin lablari:
– Yo‘lga chiqilsin! Yo‘lga chiqilsin! – deb shivirlabdi.
Arava jadallab boribdi, uzoqda qorasi ko‘ringan narsalar yaqinlashib, ortda qolib boraveribdi. Dalalar bulutlarday almashinaveribdi. Ufqda uzumzorlar, o‘rmonlar, kichik shaharlar, chorva va bog‘lar namoyon bo‘libdi, yaqinlashib yana orqada qolaveribdi. Kashtan yiroq-yiroqlarga ketaveribdi, u bilan birga driada ham birga boraveribdi. Ular oldidan guldurab ketma-ket poyezd o‘taveribdi. Parovozlar ortlarida tutun qoldirib ketishibdi, bulutlar rasmga aylanib, bir vaqt driada oshiqayotgan Parij namoyon bo‘libdi.
Uning qayoqqa ketayotganini atrofdagilar bilib turishganday emish, bilmaslikning iloji ham yo‘q ekanda. Nazarida qarshisida uchragan har bir daraxt shoxlari egilib: «Meni ham o‘zing bilan birga ola ket!» – deb yalinayotganday emish. Axir bu daraxtlarda ham jahongashtalik qilish orzusida yashayotgan driadalar bor edi-da.
To‘satdan hamma narsa o‘zgarib ketibdi: go‘yo yer ostidan uylar qad ko‘tarib chiqqanday bo‘libdi, ular tobora ko‘payaveribdi. Bu uylar bir-birlariga zichroq yopisha boshlashibdi. Gultuvaklarga o‘xshagan pechka mo‘rilari tomlar ustida tizila boshlabdi. Uylarda katta-katta yozuvlar, bahaybat harflar ko‘rina boshlabdi, suratlar uylarning devorlari-yu bo‘g‘otlarigacha tutib ketibdi.
– Parij shumikin? Ehtimol, yetib kelgandirman? – deb o‘z-o‘zidan so‘rabdi driada.
Odamlar ko‘paygandan ko‘payib, shoshibelishayotganmish. Birin-ketin aravalar ham o‘ta boshlabdi, piyodalar tez ildamlab, otliqlar ot choptirib o‘tayotgan emish. Bir vaqt do‘konlar ko‘zga tashlanibdi, qo‘shiq, ola-g‘ovur, musiqa, baqiriq-chaqiriqlarning nihoyasi yo‘q emish.
Driada kashtani bilan Parijning qoq o‘rtasiga borib qolibdi.
Og‘ir arava tevarak-atrofini daraxtlar, balkonli baland-baland uylar o‘ragan kichik maydon oldida to‘xtabdi. Odamlar balkonlarga chiqishib uzoq yo‘ldan keltirilgan yosh kashtanni qurib qolgan daraxt o‘rniga o‘tqazilishini tomosha qilishayotgan emish. O‘tkinchilar to‘xtab, bahorda ko‘m-ko‘k barg yozgan kashtanga jilmayib boqishibdi. Endigina kurtagi bo‘rtayotgan boshqa daraxtlar esa: «Xush kelibsan! Xush kelibsan!» deb shoxnovdalarini shildiratishibdi. Favvora suvlarini kuch bilan balandga otibdi, suv keng idishga tushib, shaloplab ovoz chiqaribdi, shabada tomchilarini mehmonga uchirib borishini, unga bardamlik bag‘ishlovchi qadah o‘rnida so‘nishini xohlabdi.
Driada kashtanni aravadan tushirib, yangi joyga olib borishganini payqabdi. Ildizlarini tuproq bilan ko‘mishibdi, ustidan yangi chim bosishibdi. Atrofiga gul ko‘chatlari o‘tqazishibdi, yashikda to‘la gul qo‘yishibdi, shunday qilib, maydon o‘rtasida kichkinagina bog‘ paydo bo‘libdi. Gaz taomlar, boshqa ziyon-zahmat keltiruvchi bug‘larning hididan bo‘g‘ilib, olamdan ko‘z yumgan, tagtomiri bilan ko‘chirib tashlangan eski daraxtni aravaga yuklab, olib ketishibdi. Yosh kashtan atrofida odamlar to‘planishibdi: bolalar va qariyalar hozirgina o‘tqazilgan daraxt ostidagi o‘rindiqqa o‘tirishibdi, uning yaproqlari orasidan osmonga qarashibdi. Bu qissani hikoya qilayotgan kishilar, ya’ni biz, balkonda turib pastga, bahorning yosh xushxabarchisiga tikilardik, erkin dala qo‘ynidan ko‘chirilib, bu yerga keltirilgan kashtanga keksa ruhoniy albatta aytishi lozim bo‘lgan gapni takrorlar edik.
– Sho‘rlik driada! – derdik.
«Men qanday baxtiyorman! – deb o‘ylabdi shu payt driada. – Bu yerga kelib qolganimga hanuz ishongim kelmaydi. Naqadar baxtli ekanligimni ta’riflashga til ham ojiz. Sal boshqacha bo‘lsa-da, hamma narsa o‘zim o‘ylagancha bo‘ldi!
Uylar shu qadar baland ekanki, ular driadani chor atrofdan qurshab olibdi. Quyosh faqat bitta devorni yoritarkan, unga afisha va e’lonlar yopishtirilgan bo‘lib, uning oldida odamlar uymalashisharkan. Devor yonidan faytonlar, odamlar, liq to‘la aravalar g‘izillab o‘tar, ular xuddi g‘ildirakli uylarga o‘xsharkan. Ot choptirib o‘tayotgan otliqlardan arava va izvoshlar ortda qolmabdi.
«Ajabo, – o‘ylabdi driada, – tezda qad ko‘targan anavi baland binolar o‘rnidan qachon jilarkin? Ular osmondagi bulutlar singari o‘z qiyofasini o‘zgartirib, biror tomonga harakat qilarmikin?»
Ana o‘shanda u Parijni, uning hamma yerlarini tomosha qilolgan bo‘lardi. Axir u Notrdamni, Vandomning mo‘jizakor kolonkalarini ko‘rish uchun dunyoning turli tomonlaridan kelgan mehmonlarni ko‘rolmaydi.
Biroq, uylar joylaridan jilmabdi.
Qorong‘i tushmasdan chiroqlar yoqilibdi, magazin derazalaridan tushgan va gaz shu’lalari kashtan shoxshabbalarini yozgi quyoshday yoritibdi. Osmonni driada o‘z jonajon yurtida tomosha qilib yurgan yulduzlar qoplabdi. Nazarida dalaning musaffo havosi, xushbo‘y hidi hammayoqni tutib ketganday bo‘libdi. Driadaning ruhi ko‘tarilib, ko‘ngli sevinchga to‘libdi, ildizlar va yaproqlardan bahra olgandek tetiklashib ketibdi. Nihoyat u odamlar davrasida o‘ziga nisbatan qaratilgan muloyim nigohlarni his etibdi, atrofda hayot qaynarmish, odamlar qayoqqadir shoshar emish, chiroqlar nur sochib, bo‘yoqlar turli rangda tovlanarmish.
Tor ko‘chadan duxovoy orkestr tovushi va sharmankachining qo‘shig‘i eshitilibdi. Kuy bilan qo‘shiqning sehri shunchalik zo‘rmishki, u odamlarni raqsga tushishga, xursandchilik qilishga, hayot lazzatlaridan bahra olishga da’vat etarmish.
Ha, mana buni musiqa desa bo‘ladi! Faqat odamlar emas, balki otlar ham, uylar ham, arava-yu daraxtlar ham raqsga tushib ketishga tayyormish-u, lekin ular raqsga tushishni bilishmas ekan-da. Driadaning qalbi sevinch-u quvonchga to‘lib-toshibdi:
– Naqadar soz! Naqadar ulug‘ baxt – deb sevinibdi. – Men endi Parijdaman!
Oradan bir necha kecha-kunduz o‘tsa-da, atrofda hech narsa o‘zgarmabdi; o‘sha o‘ylar, o‘sha osmon, o‘sha qayoqqadir shoshgan odamlar, hayot hamon o‘sha-o‘sha maydondagi emish. Hayot uzluksiz o‘zgarib tursa-da, biroq hech narsa o‘zgarmas emish.
– Men bu maydondagi har bir daraxt, har bir gulni yaxshi bilib oldim! Men hamma uylar, balkonlarni, bu tang-u tor burchakdagi jamiki magazinlarni ham bilaman. Ular mendan azim va dabdabali shaharni yashirib turishibdi. Zafar darvozasi, xiyobonlar qani, jahonning yangi mo‘jizasi qani? Nahotki ularni ko‘rmasam? Bu yerda qafasda o‘tirganday baland uylar o‘rtasida o‘tiribman. Viveska, afisha va yozuvlarni bilib oldim, lekin bora-bora hammasi jonga tegdi. Men intihosiz eshitgan narsalar qani, negayam bu tomonga oshiqdim, bu yerga kelib nima orttirdim? Ilgarigiday juda zerikyapman. Atrofda hayot qaynayapti, men esa uning kichik bir zarrasi bo‘lgim kelyapti! Odamlar orasida bo‘lishni, hayot to‘lqiniga boshim bilan sho‘ng‘ishni, qush singari parvoz qilishni istayman, hamma narsani ko‘rib, sinab, insonlarga o‘xshamoqchiman. Chivinning yarim umriga zerikarli, mashaqqatli bir necha yillik umrimni almashtirishga tayyorman. Bu yerda sovqotib so‘nib qolaman, oxiri yo‘qolib, o‘tloqlar ustidagi tumanday tarqalib ketaman. Men bulutlarday tovlanishni, hayotbaxsh quyosh shu’lalarida jilvalanishni istayman, bulutlarday hammayoqni ko‘rgim, ularday sayr qilgim, so‘ng allaqayerlarda yo‘q bo‘lib ketgim keladi.
Shunday qilib, driada xudoga iltijo qila boshlabdi:
– E Xudo, umrimni qaytarib ol! Menga chivinning yarim umrini bersang kifoya! Meni bandilikdan ozod qilib, bir lahzagina bo‘lsa-da, inson umrini ato qil, bir kechagina yashasam bas, shakkokligim, inson hayotiga tashnaligim uchun har qancha jazolasang roziman. Meni o‘ldir, qobig‘im bo‘lmish manovi yosh, yashab turgan kashtan so‘lib, kul bo‘lsin, shamol kulini to‘zitsin!
Shu payt kashtanning barglari shildirabdi, daraxt titrab-qaqshabdi, xuddi olov tili yalaganday hatto barglarigacha jon yuguribdi, qattiq shamol turib, daraxt tanasini silkitibdi, novdalar orasida ayol gavdasi qaddini ko‘taribdi, bu driada ekan. U o‘sha zahoti o‘zini pastda, gaz nuri yoritib turgan daraxt ostida ko‘ribdi. Odamlar: «Bechora, shahar seni xarob qiladi!» deyishayotgan emish.
Driada daraxt ostida xuddi eshigini bir umrga berkitib, kalitini irg‘itib yuborgan uyda o‘tirganday bemalol o‘tiraveribdi. U biram sohibjamol ekanki, asti qo‘yaverasiz! Osmondagi yulduzlar unga jilmayib qarashar, gaz fonarlari qizga ko‘z qisib nur sochar ekan. Driada latif, kuch-g‘ayratga to‘lgan go‘dak, shu bilan birga balog‘atga yetgan qiz ekan. Uning egnida daraxt yaprog‘iday yashil, yupqa shoyi ko‘ylak bo‘lib, timqora sochlari o‘zi uchun qadrdon bo‘lgan daraxtning endigina ochilgan gullariga o‘ralashib turar ekan. U yosh Bahor ma’budasiga o‘xshar ekan.
U bir lahza qimirlamay o‘tiribdi, so‘ng ohuday sakrab o‘rnidan turibdi, maydonni kesib o‘tib, burchakka yetganda burilibdi. Driada goh u yer, goh bu yerda paydo bo‘lib, quyosh nuriday lipillab, tutqich bermasmish. Uni kuzatishning hech iloji yo‘q emish, bordiyu buning iloji bo‘lsa, ajoyib bir narsani ko‘rish mumkin bo‘lar ekan. U biron joyda sal to‘xtab qolsa, uning qiyofasi ham, kiyim-boshi ham o‘zgarib ketar ekan. U qayerga borsa, o‘sha joyning qiyofasiga kirar, o‘sha yerdagi muhitga, uylar darazalaridan tushib turgan chiroq nurlariga moslashar ekan.
Mana, u xiyobonda. Magazin va qahvaxonalardagi gaz fonarlari charog‘on qilib turganidan yer nur dengizga o‘xshar ekan. Yosh va qari daraxtlar qator tizilgan, ular ham nur qo‘ynida bo‘lib, har birida o‘z driadasi yashiringan. Uzun ketgan hiyobon go‘yo bazm o‘tkaziladigan katta zalga o‘xshar ekan: hammayoqqa chanqoq bosdi ichimliklar qo‘yilgan stollar, u yer-bu yerga shampan vinolari, shartrezlar, hatto qahva va pivolar ham qo‘yilganmish. Qayoqqa qaramang, ko‘zingiz gullar, suratlar, haykallar, kitoblar va rango-rang gazlamalarga tushar ekan.
Baland uylar oldidagi odamlarga aralashib ketgan driada daraxtlar ostida harakat qilayotgan olomon oqimiga dahshat bilan nazar tashlabdi. Arava va kabrioletlar, otliqlar go‘yo sershovqin girdobga tushib qolganday, bir-birlarini quvib o‘tishar, bir tomonda soldatlar mashq qilishar ekan. Qanday qilib sog‘-omon narigi sohilga, ya’ni ko‘chaning narigi betiga o‘tib olish mumkin. Bir vaqt allaqanday ko‘k chiroqlar lipillab yonib, hammayoq gaz nurlariga to‘libdi, osmonga mushak otilibdi. Mushak qayerdan, nima uchun otildiykin?
Chindan ham bu yerdan azim shaharning qon tomiri o‘tgan ekan.
Bir tomonda muloyim italyancha kuylar yangrar, boshqa tomonda esa qayroqlarni shiqillatib ispancha qo‘shiq aytishar, lekin bularni chapanicha chalinayotgan sharmankaning tovushi bosib ketarkan. Bunaqa musiqani Orfey eshitmagan. Sohibjamol Yelena ham bilmagan, lekin bunaqa musiqaga bir gildirakli zambilg‘altak ham o‘yinga tushib yuborar ekan! Driada ham o‘yinga tushibdi, har bir uy oldida kapalakday charx urib aylanibdi, har bir chiroq yoniga borganda uning egnidagi kiyim rangi o‘zgaribdi. Uzib olingan nilufar suv yuzida oqqanday u ham kishilar oqimida ketaveribdi. Har qadam, har muyulishda uning qiyofasi o‘zgarib boribdi. Driadani hech kim ko‘rmabdi, uning ortidan kuzatishmabdi, hatto unga qarashmabdi ham. Uning ko‘z o‘ngida hamma narsa bulutday suzib borar, shaklshamoyilini o‘zgartirarkan. Ularning hammasi driadaga qandaydir notanish, begonaday ko‘rinar ekan. To‘satdan u kimningdir o‘tli ko‘zlarini xotirlabdi, xayolida ust-boshi bir holatda, qora sochlariga gul taqqan holda Mari namoyon bo‘libdi. Axir u ham mana shu azim shahardaku, ehtimol bir vaqtlar ruhoniyning, driadaning va keksa eman daraxti yonidan yasan-tusan holda xushchaqchaq o‘tgan paytidagiday yurgandir.
Albatta, u shu yerda, quloqni kar qiladigan mana shu shovqin-suron va to‘s-to‘polon ichida. Hozirgina kelgan hashamdor faytondan tushgan xonim o‘sha emasmikin? Bu yerda juda ko‘p izvoshlar bo‘lib, izvoshchilar zarrin jiyakli kiyimlar, mulozimlar esa oyoqlariga shoyi paypoqlar kiyishgan ekan. Izvoshlardan badavlat, yasangan-tusangan xonimlar tushibdi. Ular ochiq turgan panjarali darvozadan ichkariga kirib, baland zinapoyadan yuqoriga ko‘tarilishibdi. Zinalardam ustunlari qorday oppoq binoga chiqishibdi. Jahon mo‘jizasi shu emasmikin? Mari ham shu yerdamikin?
Eshik orqasidan «Sancta Maria» kuyi eshitilib turar, oltin suvi yuritilgan gumbaz ostida buxo‘r tutuni aylanar, tepa tomoni esa nimqorong‘i ekan.
Bu avliyo Magdalini cherkovi ekan.
Qora kiyimlar kiygan zodagon xonimlar silliq polda tamanno bilan qadam bosisharkan. Ularning egnidagi qimmatbaho kiyimlari eng so‘nggi modada tikilgan bo‘lib, barqut muqovali duo kitoblarining kumush bandlarida gerblar yarqirab turar, gerblar atir sepilgan nafis ro‘molchalarga ham qadalgan ekan. Ba’zi xonimlar unsiz duo o‘qib, mehrob oldiga tiz cho‘kishibdi, ba’zilar esa tavbaxonalarga yashirinishibdi.
Driada qandaydir taqiqlangan joyga tushib qolganday tashvish va besaranjomlikda qolibdi. Uni bu sokinlik maskani cho‘chitibdi. Bu yerda qandaydir sir hukmron bo‘lib, hamma shivirlashib gaplashar, ovoz chiqarmay o‘z niyat-orzusini izhor qilisharkan.
Driada turish-turmushiga nazar tashlabdi: egnida ipak kiyimlar-u yuziga to‘r tutilgan bo‘lib, boshqa zodagon xonimlardan hech farqi yo‘q emish. Ehtimol, bular ham o‘zi singari jo‘shqin hayotga o‘ta tashna odamlardir?
Cherkovga g‘am va alamli chuqur xo‘rsinish tarqalibdi. U qayerdan chiqdiykin?
Bu ovoz burchakda tavba qilayotganlar orasidanmi yoki driadaning ko‘ksidan chiqdimi?
U to‘r bilan yuzini berkitibdi. Cherkovning xushbo‘y hidlari orasida unga sof havo yetishmaganday bo‘libdi. Yo‘q, bu yer uning joyi emas.
U dam olish nimaligini bilmay, vaqt g‘animatida yo‘l bosibdi. Chivinlar dam olarmidi? Ular uchishganiuchishgan.
Driada bir vaqt yana gaz chiroqlari munavvar qilib turgan, favvoralar otilayotgan ko‘chaga chiqib qolibdi.
– Bu yerda to‘kilgan begunoh qonlarni manovi suvlar bilan yuvib bo‘lmaydi! – degan tovushni eshitib qolibdi driada.
Hammayoqda chet elliklar, ular baland ovozda gaplashishar ekan, hozirgina driada tark etgan sir maskanida bunaqa gaplashishmas ekan.
Mana, tosh ko‘chadagi kattakon tosh plitani chetga olib qo‘yishibdi. Driada buning sababini bilolmabdi. Bir vaqt u yer tagiga ketadigan tuynukni ko‘rib qolibdi, odamlar yulduzlar chaqnab turgan osmon, ko‘zni qamashtiradigan gaz chiroqlari, jo‘shqin hayot bahridan o‘tib, pastga tushib ketishayotgan emish.
– Men qo‘rqyapman! – xitob qilibdi bir ayol. – Pastga tushgani yuragim dov bermayapti. Pastdagi ajoyibotlarni ko‘rgani ko‘zim yo‘q. Pastga tushmay, shu yerda qolaveraylik.
– Qo‘ysangchi! – ajablanibdi eri, – insonning aqlzakovati bilan barpo qilingan, zamonaning chinakam mo‘jizasi bo‘lmish eng qiziq bu narsani ko‘rmay, Parijni tashlab, uyga qaytamizmi?
– Yo‘q, pastga tushmayman! – deb oyog‘ini tirab olibdi ayol.
«Zamonamizning mo‘jizasi», – dedi-ya haligi kishi. Driada uning gaplarini eshitibdi. U murod-u maqsadiga yetganini, pastga tushish lozimligini, Parijni esa tepada qoldirish zarurligini tushunibdi. U zamona yaratgan mo‘jizani bunchalik tasavvur qilmagan ekan. Odamlar shunday deb, pastga tushayotgan ekan, u ham pastga tushsa, nima bo‘pti?
Cho‘yandan yasalgan vintli zina keng va qulay emish. Kiraverishda ham, pastroqda ham chiroqlar yonib turganmish.
Bir-birini kesib o‘tgan gumbazsimon zallar labirintida odamlar son-sanoqsizmish. Bu yerda go‘yo xira oynada aks etganday tepadagi Parijning hamma ko‘cha va tor ko‘chalari aks etayotgan emish. Jadvallarda ko‘chalarning nomlari, uylarning nomerlari ham yozib qo‘yilganmish. Uylarning poydevorlari iflos suv ko‘pirib oqayotgan kanal sohilidagi shag‘al to‘kilgan yo‘lkalarga, kimsasiz joylarga tobora kirib ketganmish. Yuqorida, gumbaz ostida quvurlardan toza suv oqayotganmish, undan ham yuqorida bir-biriga kashak qilib biriktirilgan gaz quvurlari va telegraf simlari o‘tganmish. Yiroqdan shahar ustini qoplab yotgan qudratli olov shu’lasiday chiroqlar nur sochib turganmish. Ba’zi-ba’zida yuqoridan bo‘g‘iq gulduros tovush eshitilib qolarmish, bu yuqoridan yer ostiga kirib kelayotgan og‘ir aravalarning ovozi ekan.
Driada qayerga tushib qoldi?
Katakomba nimaligini bilasizmi? Ular yangi yer osti dunyosi bo‘lib, asrimizning karomat va mo‘jizasi bo‘lmish Parijning yer osti quvuriga biroz o‘xshab ketar emish. Driada Jahon ko‘rgazmasida emas, balki xuddi ana shu yerda edi.
U tevarak-atrofdan hayratlanish, shod-u xandon, minnatdorchilik ovozlarini eshitayotgan emish.
– Tepadagi ming-minglab odamlarning sihatsalomatligi shunga bog‘liq ekan-da! – debdi atrofdagi odamlar. – Zamonamiz chinakam taraqqiyot zamoni, undan rozi bo‘lsang arziydi.
Odamlar ana shunday fikr yuritib, ana shunday deb o‘ylasharkan. Biroq shu yerda tug‘ilib, shu yerda istiqomat qilayotgan kalamushlar butunlay boshqacha fikrda ekanlar. Ularning chiyillash ovozlari driadaning qulog‘iga ham chalinibdi. U kalamushlarning gaplarini yaxshi tushunar ekan.
Kalamushlar oilasining eng e’tiborli otaxonlaridan biri, dumi tishlangan keksa kalamush jon-poni chiqib valdirabdi, o‘zining gaplari haq ekanligini isbotlabdi, oila a’zolari esa uning har bir so‘zini ma’qullashibdi, – Anavi nodon, johil odamlarning mushuk singari miyovlashlari jonimga tegdi! Bu yer gaz va kerosin chiroqlari nurida naqadar chiroyli bo‘lmasin, baribir bularning menga keragi yo‘q. Axir men unisini ham, bunisini ham yemayman-ku! Hozir bu yer shunaqayam yorug‘, top-tozaki, o‘z-o‘zingdan uyalib ketasan, nega shunday ekan-a? Sham yoqiladigan bir zamonlarda shunday hayot kechirishganmidi? Aytishlariga qaraganda, u zamonlar romantizm davri bo‘lgan ekan.
– Nimalar deyapsan? – so‘rabdi driada. – Sendaqalarni hech uchratmagan edim. Nima haqida gapiryapsan?
– Qaytib kelmas o‘tgan kunlar haqida gapiryapman, – deb javob beribdi kalamush. – Bobokalonlarimiz, momolarimiz huzur-halovatda yashagan zamonlar haqida gapiryapman! O‘shanda bu yoqqa tushish juda katta jasorat hisoblanar edi. Bu yerda Parijdan ham katta kalamushlar podsholigi joylashgan edi. Podsholikda vabo hukmron bo‘lib, u odamlarga qiron keltirar, lekin kalamushlarga aslo tegmas edi. Bunda qaroqchilar, kontrabandistlar, panoh istab kelgan odamlar yashirinishar edi. Hozir ularni ko‘rib bo‘psan! Ularni faqat sahna va melodramalarda ko‘rish mumkin. Ha, biz kalamushlarning romantizmga to‘la davrimiz ham o‘tib ketdi. Bu yerda sof havo bilan kerosindan boshqa nimani ham ko‘rarding?
Bir kalamush chiyillab, zamonamizni yomonlabdi, vabo avj olgan o‘tmish zamonni maqtabdi.
Odamlarni tashish uchun kichkina otlar qo‘shilgan aravaga o‘xshash fayton berilibdi. Hamma aravaga o‘tirib, Sevastopol xiyoboni bo‘ylab yo‘lga tushibdi, xiyobon yer ostida bo‘lib yer betidagi Parij xiyoboni singari uzoqqa cho‘zilgan ekan.
Fayton nimqorong‘ilikda ko‘zdan g‘oyib bo‘libdi, u bilan birga driada ham g‘oyib bo‘libdi. Driada tepaga, gaz chiroqlari hammayoqni munavvar qilib turgan sof havo tomon ko‘tarilibdi. U kishi nafasini qaytaradigan, shipi gumbazli yer osti yo‘lagidan emas, balki tepada jahon mo‘jizasi va karomatini axtaribdi; bu mo‘jiza gaz chiroqlaridan ham, to‘linoydan ham ravshanroq nur sochishi kerak ekan. Axir, u ana shu mo‘jizani deb butun umrini qisqa muddatli tunga almashtirgandi-da!
Mana u. Oldinda nur jilva qilyapti, u osmondagi Zuhro yulduziday charaqlab, lipillab turibdi.
Driada nur munavvar qilib turgan boqqa kiraverishdagi joyda to‘xtabdi. Ichkaridan quvnoq raqs, musiqa sadolari yangrab turganmish. Gaz chiroqlari jonli to‘siqday tinch oqayotgan ariq suvlarida jilolanayotgan emish, suv betiga gullarning aksi tushgan emish, ular gaz chiroqlari nurida tovlanib, suvni yuqoriga itqitayotganmish. Chiroyli majnuntollar bahordagiday yashil libos kiyib, muloyim novdalarini suv betiga tekkizganmish, suv go‘zal qiz-u, novda va uning mayin barglari qiz yuziga tutilgan nafis to‘rga o‘xsharmish. Butalar orasida gulxanlar yonayotganmish, ularning shu’lasi kishilar suhbatlashib o‘tiradigan sokin, yarim qorong‘i joylarni yoritayotganmish. Tepada esa musiqa sadolari kishilar qalbini rom etib, yangrayotganmish. Musiqa ta’sirida tomirlardagi qon qizib, olov bo‘lib oqayotganmish.
Driada go‘zal, yasangan-tusangan, labidan tabassum arimagan, shodlik va yoshlik nash’u namosidan mast bo‘lgan talay yoshgina qizlarni ko‘ribdi. Ular Mariga o‘xsharmish: sochlariga taqqan gul ham o‘shanikiga o‘xshar emish, faqat arava bilan yasangan mulozim yigitcha yo‘q emish, xolos. Qizlar borliqni unutib raqsga tushishgan emish! Qizlar tinmay kulishar, o‘zlarini hech qayoqqa sig‘dirolmay, entikishar, olamni bag‘rilariga bosmoqchi bo‘lisharkan.
Raqs driadani o‘ziga rom qilibdi. Mundoq qarasa, jajji va chiroyli oyoqchalaridan kashtan rangiga o‘xshagan shoyi tuflichalar paydo bo‘lib qolibdi. Yalang‘och yelkasiga tushib turgan lentasi ham xuddi shu rangda emish. Yamyashil yaproq rangli burma ko‘ylagi chiroyli boldirini yopib qo‘ymabdi. Driada jazmani bilan doira yasab, raqsga tushib ketibdi.
U qayerga kelib qoldi? Bu Armidaning sehrli bog‘imi? Bu yerning nomi nima ekan?
Bog‘ning «Mabille» degan nomi lipillab yonib turganmish.
Tovushlar qo‘ng‘iroqday jaranglabdi, qarsaklar avjga chiqibdi, mushaklar otilibdi, ariqlarda suvlar shildirab oqibdi, shampanskiy tiqinlari poqillab otilibdi, raqsga berilib ketganlar tobora tezroq aylana boshlashibdi. Samoda suzib yurgan oy bu xursandchiliklarga hasad bilan boqibdi. Osmon musaffo, bir parcha ham bulut yo‘q emish.
Driada xuddi nasha chekib olganday mast, yashash nash’asi uning butun vujudini egallab olibdi. Uning ko‘zlari bir narsalarnidir imo qilayotganday bo‘lib, lablari pichirlabdi, biroq surnay va gijjak sadolari uning so‘zlarini eshittirmabdi. Uning jazmani musiqa sadosiga mos tebranib driadaning qulog‘iga bir nima deb shivirlabdi. Lekin qiz buning ma’nosiga tushunmabdi, siz bilan biz ham uni tushunmaymiz. Yigit qizni bag‘riga bosish niyatida qo‘lini cho‘zibdi, lekin u gaz chiroqlari nuri bilan munavvar bo‘lgan tip-tiniq havonigina quchibdi, xolos.
Shamol driadani gul yaprog‘ini uchirganday uchirib ketibdi. Driada qarshisida yonib turgan mash’alani ko‘ribdi, yorqin olov minora tepasida yonayotgan emish. Bu driadaning orziqib kutgan maqsadi ekan, uni Marsovo maydonida yonib turgan qizil mayoq nur sochib kutib olibdi. Bahor shamoli driadani mana shu yerga olib kelib tashlabdi. U minora atrofini aylanib uchibdi, so‘ng pastlabdi. Bu yerdagi ishchilar bu ilk bor paydo bo‘lgan bahor kapalagi bo‘lsa kerak deb o‘ylashibdi. U juda erta paydo bo‘libdi, shuning uchun tez o‘lib ketadi-da, deb achinishibdi.
Hamma millatlarning pavilonlari va binolari ustida to‘linoy nur sochib, gaz chiroqlar va mash’alalar yonib turganmish. Oy bilan chiroq nurlari chim o‘tloqlarni, mohir qo‘llar yaratgan qoya toshlarni yoritayotgan emish, qoyalardan «Qonsiz» ustaga bo‘ysunib shalola oqayotganmish. Driadaning ko‘z oldida dengiz g‘orlari, sokin daryolar, gala-gala baliqlar namoyon bo‘libdi. Go‘yo kishi o‘zini katta shisha idish ichida dengiz yoki teran anhor tubiga tushib qolganday his qilarmish. Har tomondan qalin shisha devorlarni suv qisayotganmish. Uzun va ilang-bilang qilib yurgan ilon baliqday kichkina dengiz hayvonlari goh ko‘tarilib, goh suv ostiga cho‘kib, jonli qaltiroq qo‘llarday shisha devorlariga yopisharmishda, yana suv tubiga cho‘kib ketar emish.
Boshqa tomonda ulkan qalqonbaliq bemalol yonboshlab yotganmish. Kattakon o‘rgimchakka o‘xshagan dengiz qisqichbaqasi baliq ustidan qoqinasuqina o‘tayotganmish, boshqa mayda-chuyda baliqchalar uning atrofida girdikapalak bo‘lib yurganmish.
Suvda qamishlar, oppoq ochilgan nilufarlar o‘sib yotganmish. Oltinbaliqlar o‘tloqda o‘tlab yurgan sigirlarday gala-gala bo‘lib turgan emish, ular bir tomonga burilib, oqimga qarshi og‘izlarini ochishayotgan emish. Semiz va yog‘liq qora baliq tumshug‘ini shishaga qadab, ko‘zlarini ma’nosiz olaytirayotgan emish. Bu baliqlar Parij ko‘rgazmasida ekanliklarini yaxshi bilishar, bu yerga kelguncha uzoq va toliqtiruvchi sayohat qilganlari xotiralarida ekan. Ularni bochkaga solib, temir yo‘ldan olib kelishibdi, odamlar dengiz safarida yurganda dengiz kasalligidan qanchalik azob tortishsa, ular ham quruqlikda shuncha azob chekishibdi. Baliqlar bu yerga ko‘rgazmani tomosha qilgani kelishgan ekan, hozir esa ular dengiz suvi to‘ldirilgan hovuzlarda emish-u ularni odamlar qiziqish bilan tomosha qilishayotganmish. Baliqlar erta tongdan to oqshomgacha yonlaridan o‘tayotgan odamlar oqimiga boqishibdi. Axir, barcha mamlakatlar ko‘rgazmaga o‘z vakillarini yuborgan ekanda. Baliqlar odamlar xususida fikr va mulohazalar yuritishibdi.
– Anavi xonim tangaliklar turkumidan bo‘lsa kerak, – debdi hammayog‘i balchiq jajjigina bir chavaq baliq, – ular tangalarini har kuni ikki-uch marta almashtirib turishadi. Bular og‘zidan ovoz chiqarishadi – buni ularda gaplashish deyiladi. Biz bo‘lsa tangalarimizni almashtirmaymiz, o‘zaro gaplashishimiz ham oson, og‘iz va ko‘zlarimizni qimirlatib qo‘ysak bas. Biz ulardan ancha yetukroqmiz.
– Ular endi suzishni o‘rganib olishgan, – debdi boshqa bir baliqcha. – Men katta ko‘lda yashayman. Yozning jazirama kunlarida odamlar bu yerga kelib, o‘zlarini suvga otishadi, tangachalarini sohilda qoldirib, yalang‘och suzib yurishadi. Ular suzishni baqalardan o‘rgangan bo‘lishsa kerak; orqa oyoqlarini siltab, oldingi oyoqlari bilan suzishadi, bo‘lmasa cho‘kib ketish mumkin. Bechora odamlar har qadamda o‘lib-tirilib bizga taqlid qilishadiyu, baribir niyatlariga yetisholmaydi!
Baliqlar atrofga olazarak bo‘lib qarashibdi: ular kunbo‘yi tinmagan odamlar oqimi hozir ham o‘tib turibdi, deb o‘ylashibdi. Ha, ularning shunday o‘ylashida jon bor, agar gapirish joiz bo‘lsa, ularning tasavvurini chalg‘itgan narsalarining, yuz va ko‘lankalarining farqiga borishardi.
Yo‘lbars singari ola-bula to‘nli, barchaning havasini keltirgan olabug‘a baliq hozirgina «inson ko‘pigi»ni ko‘rganini aytibdi.
– Men ham ko‘rdim! Men ham ko‘rdim! – debdi sariq kasaliga uchraganday oltinrang baliq. – Odamlar «sohibjamol» deb ataydigan qaddi-qomati kelishgan qizni ko‘rdim. Uning og‘zi ham, ko‘zi ham biznikiga o‘xshaydi, egnidagi kiyimi shokilali, zeb-u ziynatga belangan, yopiq soyabonni tutib turardi. Agar u liboslarini yechib, asl qiyofasiga kirsa, odamlar biz baliqlarga o‘xshagan qobiliyatga ega bo‘lsa, unda qalqon baliqning xuddi o‘zi bo‘lardi-qolardi!
– Qarmoqqa ilingani qani?
– Haligi qo‘lida qog‘oz, siyoh, ruchka, tinmay yozib o‘tirgani kim bo‘ldi o‘zi? Uni reportyor deyishyapti.
– Ha, u hozirgacha shu yerda, – debdi tomog‘ida oilaviy janjallar izi ko‘p qolgan, mog‘or bosgan tovonbaliq, bir kuni qarmoq yutib yuboribdi, hozirgacha qorinda o‘sha qarmoq bilan suzib yurar ekan, faqat gapirganida biroz xirillar ekan. – Reportyor degani, – deb tushuntiribdi u, – biz baliqlar tilida malyuska, u ham o‘zidan siyoh sachratadi.
Shunday qilib, baliqlar o‘z tillarida gurunglashaverishibdi. Lekin bu yerda, suv to‘ldirilgan sun’iy g‘orda odamlar ovozi ham eshitilibdi. Bular bolg‘alarining taraqturuqiga hamohang kuylayotgan ishchilar bo‘lib, ular ertalabgacha ishni tugatish uchun shoshilayotgan ekan. Ularning qo‘shig‘i driadaning shirin o‘ylarini bo‘lib yuboribdi, u oldinga intilib, bu yerdan jo‘nashga shaylanibdi.
– Sizlar mana shunaqasizlar-da, oltin baliqlar! – debdi driada ularga va bosh irg‘abdi. – Harholda sizlarni ko‘rdim. Ha, ha, sizlarni bilaman, siz haqingizda allaqachonlar eshitganman. O‘z yurtida sizlar haqingizda qaldirg‘och hikoya qilib bergandi menga. Biram chiroyli, yarqiroq ekansizlarki, ko‘rgan kishining ko‘zi quvonadi-ya! Boshqa baliqlarni ham bilaman. Anavi semiz tovonbaliq, manovisi mazali zog‘ora baliq, balchiqqa bulanib turgan anavisi esa tovonbaliq bo‘lsa kerak! Sizlarni yaxshi bilaman, sizlar esa meni tanimaysizlar!
Baliqlar ko‘zlarini ola-kula qilib, nimqorong‘ilikka tikilishibdi, lekin u yerdan eshitilgan birorta so‘zni tushunisholmabdi.
Driada esa, g‘orni tark etib, musaffo havoga ko‘tarilibdi. Tepada muattar hid gupillab dimoqqa urilibdi: olamning yangi mo‘jizasi hidini – ulkan gul – jahonning hamma mamlakatlarining hidini taratibdi. Bu yerda javdar nonining ham, atirning ham, rus charmining ham, gul yog‘ining ham, qoq baliqning ham hidi anqib turgan emish.
Tongga yaqin ko‘zimizda uyqu, bazmdan uyimizga qaytayotganimizda kechasi tinglaganimiz musiqa sadolari hamon qulog‘imizda jaranglab turar edi. Bu kuylarni ming‘irlab kuylaymiz. O‘ldirilgan kishi o‘layotgan so‘nggi daqiqada ko‘rganini ko‘zida aks ettirib qolganday, tun sokinida kunduzgi hayotning shovqin-suroni, jilvagarligi hamon yashardi. Driada ana shu ovozlarni ilib olib, ana shu tovushlarda ertangi kun tug‘ilishini his etibdi.
Driada bir vaqt muattar hid taratayotgan atirgullar orasida to‘xtab qolibdi. Ko‘ziga ular tanishday tuyulibdi, chunki bu gullar o‘z yurtida, ko‘hna istirohat bog‘ida va ruhoniynipg bog‘ida ham o‘sar ekan-da. Mari timqora sochlariga taqqan anorning qip-qizil gullarini ham tanibdi.
Tabiat qo‘ynida o‘tgan bolalik yillari xotirotlari driadaning ko‘z o‘ngidan birma-bir o‘tibdi, u atrofdagi manzaraga suq bilan boqibdi, orom bermas betoqatlik uni hamon mo‘jizalarga to‘la zallar tomon yetaklabdi.
To‘satdan u holdan toyganini, darmoni quriganini sezibdi. U hammayoqqa yoyib tashlangan yumshoq Sharq gilamlari ustida yostiqqa yonboshlab dam olgisi, majnuntol shoxlari bilan birga tiniq suvga egilib, muzdek suvga sho‘ng‘igisi kelibdi.
Lekin chivinlar tinim nimaligini bilishmaydi, unga atalgan hayot esa bir necha daqiqadan keyin tugar ekan.
O‘y-fikrlari driadaga itoat etmay qo‘yibdi, oyoqlari hadeganda o‘rnidan jilmabdi. Uning madori qurib, shildirab oqayotgan suv bo‘yidagi maysa ustiga o‘tirib qolibdi.
– Sen yer ostidan yugurib chiqasan, sen hamisha yangilanib turasan! – debdi u. – Og‘zimga tomchilab, meni tetik qil.
– Men jonsiz suvman, – debdi oqim; – Meni mashina haydayapti.