Электронная библиотека » Ганс Христиан Андерсен » » онлайн чтение - страница 10

Текст книги "Қор одам"


  • Текст добавлен: 29 апреля 2024, 16:20


Автор книги: Ганс Христиан Андерсен


Жанр: Книги для детей: прочее, Детские книги


сообщить о неприемлемом содержимом

Текущая страница: 10 (всего у книги 25 страниц)

Шрифт:
- 100% +
 
Charaqlaydi tillakori kema devori,
Bitilgandir unga Ollo-Tangri so‘zlari.
Shahzodaning quchog‘ida go‘zal qallig‘i,
Xushnudlikdan ikki yoshning yonar ko‘zlari.
 

Yurgen bu qo‘shiqni zo‘r hafsala va mehr bilan aytibdi, shu vaqtda ko‘zlari charaqlab ketibdi; uning ko‘zlari qopqora, chaqnab turar ekan.

Shunday qilib, ular kitob o‘qishar hamda qo‘shiq aytishar ekan, uy ichi osoyishta, sokin, fayzli bo‘lib, hatto uy hayvonlari ham o‘zlarini o‘z uylaridagiday his qilishar ekan. Tokchalarda yarqiratib tozalangan qalay idishlar, qish ne’matlari – kolbasalar va son go‘shtlari osib qo‘yilgan ekan. Zamonamizda bunday taomlar Yutlandiyaning g‘arbiy sohilidagi badavlat dehqonlar uyida bo‘lib, ular xonadonida saranjon-sarishtalik, xursandchilik va oqilona fikrlar hukmron ekan, umuman, ularning turishturmushi joyida ekan. Bu yerda arab chodirlaridagi singari mehmondorchiliklar bo‘lib turar ekan.

Agar Yurgenning bolaligidagi xudoyi va mehmondorchilikdagi baxtiyor to‘rt kunni inobatga olmaganda, uning yegani oldida, yemagani ketida – ajoyib hayot kechiribdi. Bu yerda Klara bo‘lmasa-da, kunlar shodhandon o‘tibdi. Garchi u uyda bo‘lmasa-da, odamlarning o‘y-fikrlarida, gap-so‘zlarida hamisha yashar ekan.

Savdogar aprel oyida Norvegiyaga o‘z kemasini yubormoqchi bo‘libdi; kemada Yurgen ham jo‘nabdi. Uning sevinchi olamga sig‘may ketibdi. Onaxon Brenne aytganday, u to‘lishib, chiroyli bo‘lib ketibdi. Ko‘rgan odamning havasi kelar emish.

– Sening ham yuzingdan nur tomyapti! – debdi eri. – Yurgen qish oqshomlarimizga fayz, sening rangingga esa qon kiritdi, kampirjon! Hatto yosharib ham ketding! Buni qara-ya, to‘lishib, juda chiroyli bo‘lib ketibsan, qaragan sari qaraging keladi-ya. Ha, bir vaqtlar Viborgda sening oldingga tushadigan qiz yo‘q edi. Senday go‘zal qizni hech ko‘rmaganman.

Yurgen lom-mim demabdi, chunki uning fikr-u zikri skagenlik qiz xayoli bilan band ekan. Hozir u o‘sha qiz yoniga ketyapti. Shamol kemaning yurishini tezlatib, yarim tun o‘tmay, ular Kristiansann shahriga yetib kelishibdi.

Savdogar Brenne ertalab barvaqt dengizdan ancha narida, Skagen buruni yonida viqor bilan turgan mayoq tomon yo‘l olibdi. U minora ustiga chiqqanda olovlar allaqachon o‘chirilgan, quyosh ancha ko‘tarilib qolgan ekan. U qarasa, dengiz sohilidagi sayoz qumloqlik bir necha milyaga cho‘zilib ketibdi. O‘sha kuni ufqda anchagina kemalar qorasi ko‘rinibdi, savdogar durbinda ular orasidan o‘z kemasi «Karen Brenne»ni izlab topmoqchi bo‘libdi. Durbinda kemasining yaqinlashayotganini ko‘ribdi. Kemada Yurgen bilan Klara bor emish. Qiz bilan yigitning ko‘zi moviy dengiz uzra uzoqdan qarqara va oqqushga o‘xshab turgan Skagen mayog‘i va cherkov qo‘ng‘iroqxonasiga tushibdi. Klara bort yonida o‘tirib olib, ufqda birin-ketin ko‘zga tashlanayotgan qadrdon qumtepalarga tikilibdi. Mabodo kemani oldinga yurgizadigan shamol essa, ular oradan bir soat o‘tar-o‘tmay uylarida bo‘lishar ekan. Uchrashuv onlari xursandchiligi yaqinlashib qolgan sari o‘limning dahshatli lahzalari ham yaqinlashibdi.

Bir vaqt kemaning yon tomoni teshilib, suv kema ostiga kira boshlabdi. Odamlar suvni kemadan olib tashlab, teshikka latta-puttalar tiqishibdi, yelkanlarni ko‘tarishibdi, kema halokat yoqasida ekanligini bildiruvchi bayroqni hilpiratishibdi. Sohilgacha bor-yo‘g‘i bir milyagina masofa qolgan ekan, uzoqdan yordamga oshiqayotgan baliqchilar qayiqlari ham ko‘rinibdi, shamol kemani qirg‘oqqa haydabdi, bunda oqim ham yordam beribdi, biroq kema suvga cho‘ka boshlabdi. Yurgen o‘ng qo‘li bilan Klaraning belidan quchoqlab olibdi.

Yigit xudoga sig‘inibdi, qizni mahkam quchoqlab olib, o‘zini dengizga tashlamoqchi bo‘lib turganda Klara yigitga qattiq tikilibdi. Qiz jon-poni chiqib, baqirib yuboribdi, lekin u qo‘rqmasa ham bo‘lar ekan, chunki yigit uni bag‘ridan qo‘yib yubormabdi. Qadimiy qo‘shiqdagi:

«Shahzodaning quchog‘ida go‘zal qallig‘i!» – misralarini bir eslang.

Yurgen ham eng dahshatli daqiqada ana shunday qilishga ahd etibdi. Suzishni yaxshi bilishi unga ancha qo‘l kelibdi; u goh ikkala oyog‘i bilan, goh bo‘sh qo‘li bilan suzibdi, bir qo‘lida qizni mahkam quchoqlab olgan ekan, ba’zan oyoqlarini sal qimirlatib, o‘zini oqim ixtiyoriga tashlabdi, xullas, suzishda qanday usullarni bilsa, hammasini qo‘llabdi; sohilga chiqib olguncha bor kuchquvvatini ishga solibdi. To‘satdan u Klaraning chuqur nafas olib, tipirchilayotganini payqab qolibdi… U qizni bag‘riga mahkamroq bosibdi. To‘lqin ular boshi ustidan oshib o‘tibdi; dengiz suvi tiniq, musaffo emish. Yigit nazarida dengiz tubida skumbriyalar galasi suzib yurganday tuyulibdi, balki ular yigit bilan qizni yutishga shaylangan dengiz maxluqlaridir? Osmonda suzib yurgan bulutlar suv betiga yengil ko‘lanka tashlabdi, so‘ng unda quyosh shu’lalari o‘ynabdi; suzib yurgan yovvoyi o‘rdaklar u yaqinlashishi bilan qo‘rqqanidan uchib ketishibdi. Yurgen darmoni quriy boshlaganini sezibdi. Sohilga yetishiga hali ancha bor ekan, lekin yordam qo‘lini cho‘zgan qayiq ham yaqinlashib qolibdi. To‘satdan u suv tubida o‘ziga tikilib turgan birovni ko‘rib qolibdi… To‘lqin Yurgenni surib ketibdi, kimsa unga yaqinlashibdi… U zarb yeganini ro‘yi rost sezibdi, ko‘z oldi qorong‘ilashib darmondan ketibdi!

Suv ostidagi qoyatosh yonidagi langarga tiralib qolgan ayol suratini tasvirlovchi gallion va kema sinig‘i cho‘kibdi. Uning suvdan chiqib turgan o‘tkir uchiga oqim surib kelgan Yurgen o‘zini urib olibdi. U o‘z sevgilisi bilan hushsiz holda dengiz tubiga cho‘kib ketibdi, lekin zum o‘tmay, to‘lqin ularni yuqoriga otib yuboribdi.

Baliqchilar ularni qayiqqa chiqarib olishibdi; Yurgenning yuzi qonga bo‘yalib, hushsiz yotgan emish, shunday bo‘lsa-da, qizni mahkam quchoqlab olgan emish. Klarani uning bag‘ridan arang ajratib olishibdi. Tanasida hayotdan asar qolmagan, rangi qordek oqarib ketgan qizni qayiqqa yotqizishib, Skagen tomon oshiqishibdi.

Kemadagilar qo‘llaridan kelgan barcha tadbir-u choralarni ko‘rishibdi, biroq Klaraning hayotini saqlab qolishning hech imkoni bo‘lmabdi. Yurgen allaqachon o‘lib qolgan qizni bag‘riga bosib uzoq suzgan, uni qutqaraman deb holdan toygan ekan.

Yurgenning hali joni chiqmagan ekan, uni qumtepalar orqasidagi uyga olib borishibdi. Ilgarilari temirchi hamda mayda savdogar bo‘lgan bir feldsher uning yaralarini bog‘labdi, tabibni aytib kelish uchun Gerringga yuborilgan odam uni ertasiga olib kelibdi.

Bemorning miyasi qalqigan ekan: u alahsirab, dahshatli qichqirar, uchinchi kunga kelib tamoman hushdan ketibdi. Tabibning aytishicha, uning joni qil ustida turgan emish, shu qil uzilib ketsa, ayni muddao bo‘lur emish.

– Xudo, uning jonini ol! U endi odam bo‘lmaydi!

Lekin u o‘lmabdi, qil ham uzilmabdi: ammo uning shirin xotiralari ipi uzilgan, aqliy qobiliyatining ildizi qirqilgan ekan, bu dahshat edi. Faqat uning o‘z xolicha tuzalishga tashlab qo‘yilgan quruq tanasi qolibdi, xolos.

Savdogar Brenne Yurgenni o‘g‘il qilib olibdi.

– Jigargo‘shamizni qutqaraman deb ko‘p aziyat chekdi! – debdi chol. – Endi u bizning farzandimiz.

Odamlar Yurgenni bir qaynovi kam deb chaqira boshlashibdi. Biroq u bunchalik emas ekan; Yurgenning hozirgi ahvoli chokidan ajralgan, torlari tovush chiqarmay qo‘ygan asbobga o‘xshar ekan. Bu asbob faqat bir lahzagagina ilgarigi qiyofasiga kirib, qadimiy musiqalar jaranglatar ekan. O‘tmish manzaralari lip etib bir zumga ko‘rinib, yana yo‘qolar ekan, Yurgen esa ma’yus tikilib o‘tiraverar ekan. U qattiq dard tortayotgan odamga o‘xshamas ekan. Uning qora ko‘zlarining nuri so‘nib, charaqlamay qo‘ygan ekan.

«Aqli ojiz, sho‘rlik Yurgen!» deyishar ekan odamlar uning haqida.

Onasi uning hayotini qalbida ardoqlab yurgan, baxtsaodatga ko‘milgan bu insonning farzandi shu ahvolga tushib qolibdi. Qashshoqlik, g‘am-alam uning qismati bo‘libdi. Ollo Taolo jon ato etgan bu banda boshqa qismatga arzimas edimi? Bundan chiqdi, hayotdagi hamma narsa tasodif o‘yini ekan-da. Yo‘q! Marhamati keng parvardigor uning bu tortgan azob-u uqubatlari evaziga u dunyoda yorlaqashi shak-shubhasiz. «Olloning marhamati uning ishlaridan yuqori turadi». Duogo‘y Davidning bu so‘zlarini savdogarning xudojo‘y xotini e’tiqod bilan takrorlabdi, u ibodat vaqtida xudodan Yurgenning jonini tezroq olishni va uning joyini jannatda bo‘lishini so‘rabdi.

Klaraning jasadini tez-tez qum bosib turadigan qabristonga qo‘yishibdi. Biroq, Yurgen buni sezmaganday bo‘libdi, chunki u bu ahvolning unchalik ma’nosiga tushunmas ekan, u o‘tmish xotiralaridan ayrimlarini arang ilg‘ab qolar, oila a’zolarini cherkovga olib borib, atrofga ma’nosiz boqib o‘tiraverar ekan. Kunlarning birida u cherkovda duo so‘zlarini eshitib o‘tirib, xo‘rsinib qo‘yibdi, ko‘zlari charaqlab ketibdi, nigohi bundan bir yil muqaddam marhum sevgilisi bilan yonma-yon o‘tirgan mehrobga tushibdi. U sevgilisining nomini tilga olibdi, rangi o‘chib, yig‘lab yuboribdi.

Unga cherkovdan chiqib olishiga ko‘maklashishibdi, u ahvolim ancha durust debdi. U hozir qanday voqea bo‘lib o‘tganini hech eslolmas emish. Ha, parvardigor uni og‘ir sinovdan o‘tkazibdi! Biroq, Yaratganning donoligi va marhamati kengligiga kim ham shak keltira oladi deysiz? Qalbimiz ham, shuurimiz ham Olloning shafqati va marhamati kengligi haqida so‘zlaydi.

Mayin shabada apelsin va dafna daraxtlarini erkalab, tilla suvi yugurtirilgan Mavritaniya gumbazlari ostida g‘irg‘ir esayotgan, qo‘shiq tovushlari eshitilib, raqqoslar qo‘lidagi qayroqlar shiqillayotgan, ko‘chalardan bolalar qo‘llariga sham va bayroqchalarni hilpiratib tantanavor o‘tib ketayotgan joydagi hashamatli binoda befarzand, badavlat savdogar chol o‘tiribdi. U o‘z bolalari, qizi yoki uning farzandini tiriltirish uchun butun boyligini berishga tayyor. Ehtimol, uning bolalariga yorug‘ dunyo ham, u dunyoning jannati ham nasib etmas? «Eh, sho‘rlik bola!»

Ha, bechora bola! Garchi uning yoshi o‘ttizga borib qolgan bo‘lsa ham, u hali bola; skagenlik Yurgen shu yoshga kirgan edi.

Qum uyumlari qabristonni butunlay bosibdi, hatto qum cherkov devorlarigacha chiqibdi, ammo o‘layotganlar ilgari olamdan o‘tgan qarindoshlari yoniga dafn etilishini yolvorishibdi. Savdogar Brenne va uning xotini ham olamdan o‘tib qizlari yonidan, oq qum ostidan joy olishibdi.

Bo‘ronlar quturadigan bahor kelibdi; qumtepalar to‘zg‘ibdi, dengiz to‘lqinlari osmonga sapchibdi, qushlar qumtepalar ustidan baqirib-chaqirib uchib o‘tishibdi. Qoyatoshlarga kema ketidan kema kelib urilibdi.

Yurgen kunlarning birida kechqurun xonada yolg‘iz o‘tirgan ekan, to‘satdan bolaligidagi singari yiroqyiroqlarga ketish ishtiyoqi paydo bo‘libdi.

– Uyga! Uyga! – debdi u qat’iyat bilan. Uning gapini hech kim eshitmabdi; u uydan chiqib, qumtepalar tomon yo‘l olibdi, qum va chang yuziga urilibdi, atrofida quyunlar o‘ynabdi. U cherkovga kelibdi. Qum cherkov devorlarini, hatto derazalarni ham yarmigacha ko‘mib tashlagan ekan, lekin ichkariga kiriladigan yo‘l tozalab qo‘yilgan emish. Cherkov eshiklari osongina ochilibdi; Yurgen ichkariga kiribdi.

Shamol shahar ustida uvillabdi, xalqning yetti uxlab tushiga ham kirmagan dahshatli bo‘ron boshlanibdi, biroq Yurgen Xudoning uyiga kirib olgan ekan. Borliqni zulmat qoplabdi, ammo Yurgenning ko‘ngli chiroq yoqqanday yorug‘ emish, uning qalbida abadiy o‘chmaydigan ruhiy alanga lovillabdi. Uning tomog‘ini bo‘g‘ib turgan vazmin yuk birdan uzilib, pastga tushganday bo‘libdi. Uning qulog‘iga organ tovushlari kiribdi, lekin bu organ bo‘lmay bo‘ronning guvillashi, dengizning o‘kirishi ekan. Yurgen o‘z joyiga o‘tiribdi: cherkov ichi chiroqlardan munavvar bo‘lib ketibdi; bir necha shamlar yonibdi, bunaqa ravshan nurni u umrida bir martagina Ispaniyadagi jomeda ko‘rgan ekan. Devorlardagi burgomistr va sudyalarning qadimiy suratlari tirilib pastga tushibdi. Cherkov darvozalari va eshiklari lang ochilibdi, marhumlar tirikliklaridagi bayram liboslarida cherkovga kirib kelishibdi. Ular yoqimli musiqa sadolari ostida asta-asta yurib, o‘z o‘rinlariga o‘tirishibdi. Xor duo o‘qibdi; hammayoqni qudratli musiqa sadolari tutib ketibdi. Yurgenning tutingan ota-onasi – savdogar Brenne, uning xotini ham shu yerda emish, yonlarida esa ularning jondan aziz, yoqimtoy qizlari Klara turgan emish. Qiz Yurgenga qo‘lini cho‘zibdi, ular birga mehrob oldiga borishibdi, ruhoniy ularning qo‘llarini birbiriga qovushtirib, mehr-u muhabbatli bo‘lib yashashlarini tilab, nikoh o‘qibdi! Karnaylar, musiqa sadolari yangrabdi, u borgan sari shodiyona ruhda jaranglabdi. U muloyim, dilni maftun qiladigan darajada eshitilibdi, sag‘analar larzaga kelibdi.

Shipda ilinib turgan kema pastga tushibdi, birdaniga u kattalashib, ipak yelkanli, langari oltindan, arqonlari ipakdan bo‘lgan, qadimiy qo‘shiqda kuylangan hashamatli kemaga aylanib qolibdi. Kelin-kuyov kemaga chiqishibdi, hamma ularga ergashibdi. Cherkovning devor va gumbazlari marjon daraxti va xushbo‘y arg‘uvon singari gullab-yashnab ketibdi, bu daraxtlar kemadagilarga gulga ko‘milgan shoxlarini uzatibdi, yaproqlari to‘kilib, ular ustiga soyabon bo‘libdi. Kema yerdan ko‘tarilib, havoda suzib ketibdi. Cherkovdagi hamma shamlar yulduzlarga aylanibdi, shamol duo o‘qibdi, samo ham: «Muhabbat! Huzur-halovat. Hech qanday tirik jon o‘lmaydi, u qutqariladi», deb duo o‘qibdi. Bu so‘zlar Yurgenning so‘nggi so‘zlari ekan: o‘lmas jonni ushlab turgan ip uzilibdi. Qorong‘i cherkovda jonsiz tana qolaveribdi, uning atrofida avvalgiday bo‘ron xuruj qilaveribdi, qum quyuni osmonga o‘rlayveribdi.

* * *

Ertasi yakshanba ekan; ertalab qavmlar bilan ruhoniy cherkovga yo‘l olishibdi. Yo‘lni qum bosib yotganidan cherkovga borish ancha qiyin bo‘libdi. Nihoyat yo‘l ochilibdi, bunday qarashsa, cherkov eshiklarini ham qum bosib qolgan emish, odamlar oldida katta qumtepa hosil bo‘libdi. Ruhoniy qisqagina duo o‘qibdi, u odamlarga parvardigor uyning eshigini berkitib qo‘yganini, cherkovni boshqa yoqqa qurish lozimligini aytibdi.

Odamlar duo o‘qib, uy-uylariga tarqalishibdi.

Yurgenni shaharda ham, qumtepalarda ham topisha olmabdi, uni to‘lqinlar olib ketgan bo‘lsa kerak, deb o‘ylashibdi. Uning jasadi ulkan tosh tobutda ibodatxonaga dafn etilibdi. Parvardigor bo‘ronga qabr ustini qumga ko‘mishni amr etibdi, shu vajdan u hozircha baland qumtepaligicha qolib ketibdi.

Qumlar ibodatxonaning hashamatli gumbazlarini ko‘mib tashlabdi, keyinchalik uning ustidan na’matak va yovvoyi atirgullar o‘sib chiqibdi. Qum ostidan faqat bitta qo‘ng‘iroqxona – bir necha milya naridan bemalol ko‘rinib turadigan Yurgen qabrining ulkan yodgorligi mo‘ralab turibdi. Hech qanday qirol bunaqa ulug‘vor yodgorlikka ega bo‘lolmas emish! Hech kim marhumning oromini buzolmabdi! Yurgenning qayerga dafn qilinganini hech kim bilmabdi. Menga esa bu haqda qumtepalar ustida charx urib esuvchi shamol hikoya qilib bergan edi.

SHUHRATNING MASHAQQATLI YO‘LI

Qadimiy ertaklardan birida: «Garchi ovchi Bryude nomdor va hurmatga sazovor odam bo‘lsa-da, bunga u ko‘p sarson-sargardonlik va kulfatlardan keyin erishgan», – deyiladi. Ko‘pchiligimiz bu ertakni bolaligimizda eshitganmiz, ehtimol uni katta bo‘lganimizda o‘qigandirmiz, hech kim sezmagan va payqamagan mashaqqatli turmush yo‘limiz, boshdan kechirgan sarson-sargardonligimiz haqida o‘ylamagandirmiz. Ertak bilan haqiqat bir-biriga o‘xshab ketadi, lekin ertakdagi baxtiyor damlar shu joyning o‘zida hal bo‘ladi, odamlar esa ko‘zi tiriklik vaqtida baxtiyor bo‘lib, huzur-halovat ko‘rishni ko‘pincha Ollo Taoloning dargohiga borgandagina erishishiga umid bog‘laydi.

Jahon tarixi – bizga hayotning qora rangi fonida shuhratning mashaqqatli yo‘lida bosib o‘tgan insoniyat saxovati, tafakkur jafokashlarining yorqin obrazlarini ko‘rsatuvchi bir sirli chiroq.

Ana shu fonda barcha zamonlar, barcha mamlakatlar shakl-shamoyili o‘z ifodasini topadi, biroq bu bir lahzagina, xolos, shu lahzaning o‘zi ham insonning kurash va g‘alabalarga to‘la yerdagi hayotini qamrab oladi. Dunyo turguncha shuhrati o‘chmaydigan jafokashlarning ko‘z ilg‘amas safidan joy olgan ulug‘ kishilardan ba’zilarining hayotiga nazar tashlaylik.

Mana, ko‘z oldimizda tomoshabinlarga liq to‘la amfiteatr Aristofanning «Bulutlar»i olomonni o‘tkir kinoya zahri bilan zaharlayapti. Sahnada xalqni o‘ttizta zolimdan qutqargan, jang to‘zoni ichidan Alkiviada va Ksenofontni xalos etgan Afinaning asl farzandlaridan kulishyapti, ruhan qadimiy xudolardan ham yuqori turgan Suqrotdan kulishyapti. Uning o‘zi tomoshabinlar orasida o‘tiribdi. Mana, u o‘rindan turdi, qaddini rostladi: kulgidan ichaklari uzilgan afinaliklar uni o‘z ko‘zlari bilan ko‘rishsin, u karikaturadagi rasmiga o‘xsharmikan. U viqor bilan hammadan yuqori turibdi.

Ko‘m-ko‘k bo‘lib yashnagan, zaharli sikuta o‘ti! Afinaning nishoni bo‘lib qalayi novda emas, balki sen xizmat qilasan.

Gomer o‘lgandan keyin yettita shahar bir-biri bilan uning vataniman deb o‘lgudek bahslashdilar. U tirikligidachi? Tirikligida u bir burda non uchun qo‘shiq aytib ana shu shaharlardan o‘tdi: ertaning g‘amini o‘ylayverib, uning sochlari oqarib ketdi! Kelajak haqida bashorat qiluvchi bu ulug‘ insonning ko‘zi ojiz, o‘zi yolg‘iz edi! Shoirlar shohining choponini tikanlar tilka-pora qilib tashladi.

Uning qo‘shiqlari hozir ham yashayapti, shu bilan birga, bu qo‘shiqlarda qadimiy xudolar va qahramonlar yashayapti.

Qora fonda surat ketidan surat namoyon bo‘ladi. Birida sharq aks etsa, boshqasida g‘arb, birida uzoq o‘tmish aks etsa, boshqasida yaqin o‘tmish aks etadi; biroq ularning vaqti va joyida katta farq bo‘lishiga qaramay, hammasi bir narsani – shuhratning mashaqqatli, sertikan yo‘lini ko‘rsatadi, shuhrat egasining qabrini yaratish kerak bo‘lgandagina tikanlar gulga aylanadi, chaman-chaman ochiladi.

Xurmo daraxtlari soyasidan nil bo‘yog‘i va turli xil qimmatbaho mollar ortilgan tuyalar karvoni o‘tib boryapti; bu narsalarni mamlakat hukmdori qo‘shiqlari xalq diliga xushnudlik bag‘ishlagan, shuhrat qozongan, hasad va tuhmat uni vatandan judo qilgan kishiga hadya qilib yuboryapti. Karvon shoir boshpana topgan kichkina shaharga yaqinlashadi, shahardan esa karvon kelayotgan tomonga qarab odamlar ko‘rimsizgina tobutni ko‘tarib borishyapti. Ular xuddi karvon axtarayotgan kishini – Firdavsiyni dafn qilishadi. U shuhratning mashaqqatli yo‘lini oxirigacha bosib o‘tdi!

Portugaliya poytaxti saroyidagi marmar zinapoyada yuzlari dag‘al, lablari qalin, qora sochlari patila-patila bir negr o‘tiribdi, u odamlardan sadaqa so‘rayabdi. Bu Kamoensning sadoqatli quli; agar odamlar qulga xayr qilishmasa, «Luziada»ning muallifi bo‘lmish xo‘jasi ochdan o‘lishi mumkin.

Hozir Kamoensning qabriga hashamatli yodgorlik qo‘yilgan.

Mana yana bir manzara.

Temir panjara orqasidan bir kishining qorasi ko‘rinib turibdi: uning yuzi dokaday oppoq, uzun soqollari paxmoq bo‘lib ketgan. «Men ulug‘ kashfiyot yaratdim! – deb qichqiradi u. – Meni esa yigirma yildan ortiq vaqtdan buyon qamoqda olib o‘tirishibdi!»

Kim u? «Jinni! – deb javob qiladi qorovul. – Odamning miyasiga nimalar kelmaydi! Uning aytishicha, bug‘ kuchi yordami bilan oldinga harakat qilish mumkin emish!» U bug‘ kuchini kashf etgan, ammo o‘z fikrini qudratli Rishelega uqtira olmagan Solomon de Ko umrining qolgan qismini jinnixonada o‘tkazdi.

Mana Kolumbni olaylik! Bir vaqtlar hatto ko‘cha bolalari ham undan kulishgan: u yangi dunyo ochdi, qaytib kelganida uni qo‘ng‘iroqxona qo‘ng‘irog‘ini chalib kutib olishdi, lekin hasad qo‘ng‘iroqlari yanada balandroq yangradi, yangi dunyo ochgan, oltin Amerika qit’asini dengiz tubidan yuqoriga ko‘tarib, o‘z qiroliga hadya qilgan kishini temir zanjirlar bilan taqdirlashdi. U o‘lganimdan keyin ana shu kishanlarni zamin va zamondoshlarimning behad minnatdorchiligi belgisi sifatida tobutimga solib qo‘yinglar, deb aytdi.

Bir manzara ikkinchi manzara bilan almashinadi. Shuhratning mashaqqatli yo‘li hech qachon bo‘sh qolmaydi.

Ana, oydagi tog‘larni o‘lchagan, o‘zining ziyrak ruhiy nigohi bilan olam bo‘shlig‘ini kezib chiqqan, beqiyos aqli bilan uning sirli tabiatini fahmlagan, yerning harakat qilishini bilgan Galiley nimqorong‘ilikda o‘tiribdi. Ko‘zi ojiz, qulog‘i kar chol o‘tirgan joyida tikanga parchinlab qo‘yilganday inkor etishdan shunchalik azob chekyapti.

Bir vaqtlar ruhiy azob chekkan damlarida haqiqatni ro‘yi rost payqagan paytlarida «Yer aylanadi!» deb qichqirib, Yerni tepgan oyoqlarini endilikda ko‘tarishga ham madori yo‘q!

Mana, qalbi ilohiy xushnudlik va e’tiqodga to‘lgan ayol tik turibdi, u jangovar qo‘shinlar oldida bayroq ko‘tarib boryapti, u o‘z vataniga g‘alaba keltirib, uni xalos etyapti. Shodon qiyqiriqlar yangraydi, gulxan tillari osmonga o‘rlaydi. Janna d’Ark sehrgar, uni kuydirishadi. Kelgusi avlod esa oq nilufarni loyga bulg‘aydi: ziyraklik toji Volter «Ia pucelle»66
  «Ia pucelle» – «iffatli qiz» (frans.).


[Закрыть]
ni kuylaydi.

Mana, Viborgda Daniya dvoryanlari qirol qonunlarini yondirishyapti. Qonunlar zamon va qonun yaratuvchiga yog‘du sochib lovillab yonyapti, hatto uning shu’lasi barmog‘ini tosh stol ustidan yurgizayotgan, sochlari oppoq, bukchayib qolgan, qorong‘i zindonda o‘tirgan qirolga ham tushyapti. Bu bir vaqtlar uchta shimol davlatining hukmdori bo‘lgan, dehqon va shaharliklarning suyuklisi Kristian Ikkinchi. Uning qahri qattiq edi, biroq o‘zi ham og‘ir zamonlarda yashardi. Dushmanlari uning tarixini yozdi. Lekin biz uning qonli qilmishlari bilan birga, yigirma yetti yil qamoqda yotganini ham xotirlaymiz.

Kema Daniya sohillaridan jo‘naydi. Adl va baland machtaga suyanib turgan kishi Ven orollariga xayrlashuv nigohini tashlaydi. Bu Tixo Brage edi. U Daniyaning shuhratini baland ko‘tardi, lekin buning evaziga o‘kinch va ranj oldi. Endi u: «Hamma yerda osmon bor, bundan boshqa narsa kerak emas menga» deb, boshqa yurtga jo‘nab ketyapti. Asl farzandimiz o‘z vatanini tark etyapti, boshqa yurtda esa uni izzathurmat, ozodlik kutyapti.

«Oh, ozodlik… loaqal tana chidab bo‘lmas azobdan ozod bo‘lsa edi!» – degan nido eshitiladi qulog‘imizga asrlar osha. Manovi qanaqa manzara bo‘ldi? Bu qoyatoshli Mungolm oroliga zanjirband qilib qo‘yilgan Daniya Prometeyi Griffenfeld77
  Griffenfeld Peder (1635–1699) – Daniya davlat arbobi, yigirma ikki yil qamoqda yotgan.


[Закрыть]
.

Biz Amerikadamiz, katta daryolarning biridan suzyapmiz. Daryo sohillariga xaloyiq sig‘maydi: hozir kema tabiat qarshiligini yengib, oqim va shamolga qarshi suzishi kerak. Robert Fulton buning ro‘y berishiga qattiq ishonadi. Kema qo‘zg‘aladi. Birdan to‘xtab qoladi! Xaloyiq qahqaha urib kuladi, hushtak chaladi, ular qatorida Fultonning otasi ham shunday qilyapti. «Hoy, mahmadona, tentak odam, endi jazongni tort! Bu telbani zindonga tashlanglar!» deyishadi. Bir zumgagina mashina harakatini to‘xtatgan kichkina mix sinadi, g‘ildiraklar aylanadi, parraklar to‘lqin qarshiligini yengadi, kema suzib ketadi! Bug‘ bilan yuradigan kema soatlarni daqiqalarga aylantirib, masofani bir zumda bosib o‘tadi.

Inson! Bunday totli damlar nash’asini sura olasanmi? Ruhing ravshanlashganini, bunda o‘z iste’doding borligini, shuhratning mashaqqatli yo‘lida chekkan azobuqubatlaring kishiga tetiklik, kuch-qudrat, ravshan aql baxsh etadi degan shifobaxsh malhamga, nomuvofiqlik muvofiqlikka aylangan damlarni his eta olasanmi? Bunda odamlar parvardigorning bir kishiga ato etgan yangiligini ko‘radilar va u barchaning mulki bo‘lib qoladi.

Shuhratning mashaqqatli yo‘li yer kurrasiga yaltiroq lenta bo‘lib bog‘lanib oladi; yer bilan osmonni bir-biriga ulash uchun ulug‘ me’mor tomonidan yaratilgan ko‘prikka hech xizmati bo‘lmasa-da, qo‘yilgan va shu ko‘prikdan o‘tayotganlar baxtiyor mumtozlardir.

Zamonlarning zulmati ichra tarixning ruhi qudratli qanotlarini qoqib, uchib o‘tadi va bizni ruhlantirish, yupatish, qalbimizda ma’sumlik hissini uyg‘otish uchun shuhratning mashaqqatli yo‘li fonidagi yarqiroq manzaralarni ko‘rsatadi. Bu yo‘l ertaklardagi singari tugab qolmaydi, yerda nurini sochib, xushvaqtlik baxsh etib, bizni rohat-farog‘atli boqiy dunyo sari yetaklaydi.


Страницы книги >> Предыдущая | 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21 22 23 24 25 | Следующая
  • 0 Оценок: 0


Популярные книги за неделю


Рекомендации