Электронная библиотека » Ганс Христиан Андерсен » » онлайн чтение - страница 24

Текст книги "Қор одам"


  • Текст добавлен: 29 апреля 2024, 16:20


Автор книги: Ганс Христиан Андерсен


Жанр: Книги для детей: прочее, Детские книги


сообщить о неприемлемом содержимом

Текущая страница: 24 (всего у книги 25 страниц)

Шрифт:
- 100% +

– Onasi uni Daniya shahzodasi deb erkalardi. Vaqti kelib, u quyosh, qush sayrashi, xursandchilik, Daniya tili va shavq-zavqini olib keldi. Frederik V qirol bo‘ldi. Saroy maydonidagi zanjirlar olib tashlandi, Daniya teatri yana ochildi, hammayoqni xursandchilik va qahqaha egalladi, odamlar shod-u xandon. Dehqonlar yozda shaharga kelishadi! Xafalik o‘rnini xursandchilik egalladi. Go‘zallik barq urdi, uning mevalari musiqada, tasviriy san’atda, haykaltaroshlikda aks etdi. Gretri musiqasini eshityapsanmi? Ko‘ryapsanmi, sahnada Londemani o‘ynayapti. Qirolicha daniyacha hamma narsalarni sevadi. Saxovatli va go‘zal Luiza Angliyskaya, seni Xudo yarlaqasin! Quyosh nurlari Daniya mamlakati qirolichalari Filippa, Yelizaveta, Luizalarga shonsharaflar bo‘lsin deb kuylamoqda.

– Chirigan tana allaqachon dafn etilgan bo‘lsa-da, lekin ularning ruhi va nomi hamon tirik. Yoshgina qirol qallig‘i Matilda bir o‘zi Angliyadan qaytib keldi. Ey, malika, seni shoirlar uzoq vaqt kuylashadi, yosh qalbing og‘ir iztirob chekkanini hammaga ma’lum qilishadi. Qo‘shiq chegara bilmaydi, uning qudrati zo‘r. Kristian qal’asining yonishiga qara! Eng qimmatbaho narsalarni qutqarib qolish kerak. Odamlarning u yerdan savatda kumush va qimmatbaho toshlarni olib chiqayotganini ko‘ryapsanmi? Bular katta boylik. Odamlar to‘satdan ochiq eshikdan yong‘inda qolgan qirol Kristian IV ning byustini ko‘rib qolishadi. Ular qo‘llaridagi oltin, kumushlarni tashlab, byust tomon yugurishadi. Qirolning byusti ular uchun juda qadrli, u qancha og‘ir bo‘lmasin, baribir uni qutqarib qolish kerak-da. Axir, ular bu qirolning nomini Xartmanning Evalda qo‘shig‘idan yaxshi bilishardi.

So‘z va qo‘shiqning qudrati benihoyadir. Qo‘shiqlarda qashshoq qirolicha Matildaning nomi ham mag‘rur jaranglaydi.

– Keyingi sahifani ochaylik!

Ulfeld maydonida la’nat toshi turar edi: kishilarni sharmandai sharmisor qiladigan tosh boshqa qayerda bor? G‘arbiy darvozadagi kolonnalar tiklanibdi; bunaqa kolonnalar jahonda ko‘pmikin?

Hozir ozodlik yodgorligi o‘rnatilgan toshdan quyosh nurlari bo‘sa olibdi. Qo‘ng‘iroqlar jaranglabdi, bayroqlar hilpirabdi, xalq shodiyonasi avjga minibdi va taxt egasi shahzoda Frederikni sharaflabdi. Katta-yu kichik – hammaning dilida Bernstorf, Revontlov, Kolbernson nomlari saqlanibdi. Yodgorlikka bitilgan quyidagi so‘zlarni o‘qib, odamlarning ko‘zi sevinchdan chaqnab, qalblari minnatdorchilik his-tuyg‘ulari bilan to‘lib toshibdi.

«Qirol amr qildi; krepostnoylik huquqi barham topdi, bugundan boshlab boshqa qonun kuchga kiradi, ozod bo‘lgan, jasur va ma’rifatli, tirishqoq va saxovatli, halol dehqon oddiy fuqaro va baxtiyor kishi bo‘lsin!»

Olam naqadar charog‘on! Shahar bamisoli yashnagan yoz!

Olam ruhi kuylab yuboribdi: «Yaxshilik o‘syapti! Go‘zallik o‘syapti! Hademay Ulfeld maydonidagi tog‘ ag‘dariladi, lekin xudo, qirol va xalq e’zozlagan «ozodlik yodgorligi» quyoshda yashnab turadi!»

 
Bizda ko‘hna bir yo‘l bor nuqul
Dunyo chetiga yetkazar butkul.
 

Ochiq dengiz, u do‘stga ham, dushmanga ham ochiq, bir kuni yov kelibdi. Dushman kemalari – qudratli ingliz floti suzib kelibdi, ulug‘ davlat kichik mamlakatga hujum boshlabdi. Tengsiz kurash bo‘lib, bu kurashda xalq jasorat ko‘rsatibdi.

 
Har botir jang qildi mardona
Ajaldan qo‘rqmay, to‘lib paymona.
 

Botirlar tengsiz jang qilib, dushmanni lol etib, buni ko‘rgan Daniya kuychilari ilhomlanib ketibdi. Jang bo‘lgan kunni hozirgacha bayroqlar ko‘tarib nishonlashadi – Daniya xalqi ikkinchi aprel payshanba kuni bo‘lib o‘tgan shonli jangni hamon xotirlaydi.

Oradan ko‘p yillar o‘tibdi. Zundda flot paydo bo‘libdi. U kimga qarshi jang qilmoqchi – Rossiyaga qarshimi yo Daniyagami? Buni hech kim, hatto ingliz matroslari ham bilishmas emish.

Xalq o‘rtasida shunday gap yurar ekan: o‘sha tongda bo‘g‘ozga kirilganda konvert ochib o‘qilibdi, unda Daniya floti egallab olinsin, deyilgan ekan. Bir vaqt boshliq oldida niyati sof, xatti-harakatlari samimiy, halol, Britaniya farzandi yosh kapitan hozir bo‘lib, shunday debdi: «Men so‘nggi nafasimgacha ingliz bayrog‘i ostida ro‘yi rost, halol jang qilishga qasamyod qilaman, ammo o‘zimdan ojizlar bilan aslo jang qilmayman.

U ana shu so‘zlarni aytib, o‘zini dengizga tashlabdi.

 
Kopengagen sari kelar la’nati flot
Xilpiraydi bayroqlar, dengiz ko‘pirib.
Suv tubida uxlaydi kapitan, hayhot
O‘z qa’riga olmish uni qora to‘lqinlar.
Shvedlar yigitni topdi nogahon,
E’zozlab sohilga qo‘yishdi asta.
Kun tig‘ida jilolandi yarqiroq pog‘on.
Shildiradi hoshiyalari yelga payvasta.
 

Dushman Kopengagenga yaqinlashib, shaharga o‘t qo‘yibdi. Biz o‘z flotimizdan ayrildik, lekin jasoratni, xudoga e’tiqodni yo‘qotmadik, uni parvardigorning o‘zi jazolaydi, shu bilan birga qutqaradi ham, u tubsiz o‘pqonga tashlaydi-da, undan o‘zi chiqarib oladi. Yaralar botirlarnikiga o‘xshab tezda bitib ketadi. Kopengagen tarixida ko‘plab tasalli beruvchi damlarni uchratish mumkin.

 
Ollo shafqati-yu marhamatiga
Elning e’tiqodi edi ko‘p cheksiz.
Qayg‘uli damlarning g‘am-kulfatiga
Chidolsak yorug‘ kun kelar shubhasiz.
 

Ko‘p o‘tmay aql va iste’dod sarflab qurilgan shahar, serhosil ekinzorlar ustida yana quyosh charaqlabdi, ajoyib va fayzli yoz mavsumi boshlanibdi, poeziya Elenshleger qo‘li bilan ko‘z qamashtiruvchi samoviy qasrini bunyod qilibdi.

Fan sohasida o‘tmishning oltin burg‘u singari topilmalaridan ham ulug‘roq, zo‘rroq kashfiyotlar qilinibdi: oltin ko‘prik «tafakkur ko‘prigi» topilibdi.

 
Ko‘prikdan g‘irillab o‘tar fikrlar,
Zamon va ellarni qarshilab mudom.
 

O‘sha yerga Gans Xristian Ersted o‘z nomini yozib qo‘yibdi. Qora cherkov yaqinidagi qasr oldiga bino qurilyapti, unga eng kambag‘al odam ham qo‘lida borini berishga tayyor.

Kitobning dastlabki varaqlaridagi suratlarni xotirla, unda norveg tog‘laridan qulab tushgan qadimiy qoyatoshlar bor edi; muzlar ularni bu yoqqa olib kelgan, ular dengiz tubidan yuqoriga ko‘tarilgan hamda Torvaldsening buyrug‘i bilan ajoyib marmar toshlarga aylangan, ular juda chiroyli!

Dengizning ko‘tarilgani, gavanni himoya qilgani; unda Aksel uyi, yepiskop qal’asi, qirol saroyi qad ko‘targanini aytganim esingdami? Endi bu yerda go‘zallik qasri savlat to‘kib turibdi. La’nat so‘zlarini shamol har yoqqa to‘zg‘itib yubordi, quyosh bolalarining kelajak haqida kuylab, qilgan orzulari ro‘yobga chiqdi.

Qanchadan-qancha bo‘ronlar bo‘ldi, yana bo‘ron ko‘tarilib, hujum qilishi mumkin, ammo ular ham o‘tib ketadi. Lekin haqiqat, yaxshilik, go‘zallik o‘z o‘rnida qolaveradi.

Shu bilan kitob ham tugadi, biroq Kopengagen tarixi hali tugagani yo‘q. Kim bilsin, ehtimol o‘zing ham hali ko‘p narsalarni ko‘rarsan!

Osmonni bir necha bor qora bulutlar qoplabdi, bo‘ronlar bo‘kiribdi, lekin ular quyoshni haydab yubora olisholmabdi, u o‘z o‘rnida turaveribdi. Eng qudratli quyoshdan ham qudratli parvardigorning o‘zi! U o‘z qo‘lida faqat Kopengagenni ushlab turgani yo‘q.

Tutingan otam shu gaplarni aytib, qo‘limga albomkitobni tutqazdi. U o‘zining haqligiga qattiq ishonganidan hatto ko‘zlari ham odatdagidan ko‘ra boshqacharoq charaqlab ketdi. O‘zim ham behad xursand bo‘lib, go‘dak singilchamni avaylab ko‘tarib olganday, kitobni faxrlanib qo‘limga oldim.

Tutingan otam shunday dedi:

– Bu kitobni istagan odamingga ko‘rsatishing, gaplarimni, albomga suratlar yopishtirib bezaganimni ham aytishing mumkin. Eng muhimi, o‘sha odamlar buni qanday o‘ylab topganimni bilishsin. Sen bilganlaringni hikoya qilib ber! Bu fikrlarni oxirgi marta yoqilgan ko‘hna yog‘chiroqlar aytib bergan, dastlabki chiroqdan tortib to so‘nggi marta yoqilganigacha, Kopengagen ham yog‘chiroq, ham gaz chiroqlar bilan yoritilgan kungacha yashab o‘tgan ota-bobolarning ko‘rgan-kechirganlarini samoviy rasmlar orqali ko‘rsatib berishdi.

Kitobni istagan odamingga ko‘rsatishing mumkin, lekin ular sof niyatli, halol, fikri ravshan odamlar bo‘lsin, bordiyu qachon bo‘lmasin o‘lik ot kelib qolguday bo‘lsa, o‘shanda darhol «tutingan otang albomi»ni yopib qo‘y.

KEKSA BO‘YDOQNING TUNGI QALPOG‘I

Kopengagen shahrida nomi g‘aroyib – Xyusxenstrede ko‘chasi bo‘larkan. Ko‘chani nega shunday deb atashadi, buning ma’nosi nima? Nomi nemischaga o‘xshab ketarkan, biroq bu shu qadar buzib aytilgan ekanki, asti qo‘yaverasiz. Aslida Hauschen deyish kerag-u, ammo Xyusxen deyisharkan; Hauschenstrayede degani kichik uychalar ko‘chasi, degani ekan. Chindan ham qadim zamonda bu ko‘chada yarmarka tomoshaxonalariga o‘xshash, ulardan sal kattaroq derazali uylar joylashgan ekan. Lekin derazalarning oynasi bo‘lmagan ekan, ularning o‘rniga chipta yoki ho‘kiz terisini tutisharkan, o‘shanda oyna qimmat bo‘lganidan derazaga oyna qo‘ydirishga hammaning ham qurbi yetavermas ekan. Bunga ko‘p zamonlar bo‘libdi, hatto bobolarimizning bobolari ham o‘shanda «eng qadimiy zamon» deb gapirisharkan. O‘shandan beri bir necha yuz yil o‘tibdi.

O‘sha vaqtlarda Kopengagenda Bremen va Lyubek shaharlarining boy savdogarlari o‘z gumashtalari orqali savdo ishlari olib borarkan. Xuddi o‘shalar kichik uychalar ko‘chasidagi mayda yog‘och kulbalarga joylashgan ekan; har bir uychaning pastki qismida do‘konlar joylashgan bo‘lib, ularda pivo va ziravorlar sotilarkan. O‘sha davrlarda nemis pivolari dong taratgan ekan, ularning xil va navlari juda ko‘p ekan. Bremen, prus, em, braunshveyg navlari bo‘lar ekan. Ziravorlardan za’faron, arpabodiyon, zanjabil, hammasidan ham qalampirning bozori chaqqon ekan; qalampir savdoning asosiy dastmoyasi ekan, shu vajdan nemis gumashtalarini Daniyada «qalampir shovvozlari» deb atasharkan. Xo‘jayinlari ulardan begona yurtdan uylanmaslik haqida so‘z olishgan ekan, ular to qarigunlariga qadar bo‘ydoqligicha qolisharkan. Ularning kiyimini hech kim tikmas, kir-chirini yuvmas ekan; ro‘zg‘or ishlarini o‘zlari qilishar, o‘chog‘i borlar o‘t yoqib, o‘zlari ovqat pishirisharkan. Ularning ko‘plari hali aytilganday, qariguncha yashabdi; ularda qari bo‘ydoqlarga xos o‘z didi, odatlari yuzaga kelibdi, shu alfozda umr o‘tkazishibdi. O‘sha davrlardan boshlab qariguncha uylanmagan kishilarni «qalampir shovvozlar» deyish odat tusiga kirib qolibdi.

Ertagimizni tushunish uchun shularni bilish kerak.

Keksa bo‘ydoqlardan hamma kularkan, chunki ular tungi qalpoqlarini bostirib kiyganicha yonboshlab yotishdan boshqa narsani bilishmas ekan-da. Hatto bo‘ydoqlar haqida qo‘shiq ham to‘qishibdi:

 
Arrala o‘tin,
Hoy, keksa bo‘ydoq!
Soching oq, butun
Hamrohing tungi qalpoq..
 

Ha, ular haqida ana shunaqa qo‘shiq to‘qishibdi! Bo‘ydoqdan ham, uning boshidagi qalpoqdan ham kulishsa-da, ular haqida kim nima biladi? Evoh, hech kim ana shu «tungi qalpoq»ning egasi bo‘lmasin! Nega deysizmi? Mana, eshiting!

Qadim zamonlarda kichik uychalar ko‘chasida tosh yo‘l yo‘q ekan, odamlar go‘yo kavlab tashlangan qatnov yo‘ldan yurganday yurisharkan. Buning ustiga ko‘chaning torligini aytmaysizmi? Uylar bir-biriga qapishib ketganidan ikkita bir-biriga qarab turgan uylar oralig‘ida judayam tor yo‘l qolarkan, natijada har ikkala uy oralig‘iga yozda yelkan yopib qo‘yisharkan, butun ko‘cha bo‘ylab tim hosil bo‘larkan, tim tagida qalampir, za’faron va zanjabil hidi gupillab ketarkan. Peshtaxta orqasida yosh gumashtalar oz bo‘lib, aksariyati chollar bo‘larkan. Biroq ularning hammasi yasama soch yoki tungi qalpoq, tizzasiga arang yetadigan charm shim, hamma tugmalari qadalgan kurtka yoki kaftan kiyib yurarkan, deb o‘ylamang. Yo‘q, ularning bobokalonlari ana shunday kiyinishgan, suratlari ham ana shunday kiyimda chizilgan. Qalampir shovvozlar o‘z suratlarini chizdiray desa, hamyonlari ko‘tarmas ekan, biroq ulardan eng qariyasining peshtaxta orqasida turgan yoki bayram kuni cherkovga ibodatga borayotgan paytini suratga tushirsa arzir ekan! Ularning kiyimi soyaboni keng, cho‘qqayma shlyapadan (gumashtalarning yoshroqlari ko‘pincha shlyapalarini pat bilan bezasharkan), qaytarma bo‘z yoqali jun ko‘ylakdan, tugmalari qadalgan kurtkalardan, plash va shimdan, tumshug‘i yalpoq kavushlardan iborat ekan, ular paypoq kiyishmas ekan. Bellariga pichoqqoshiq va pichoq taqib yurisharkan, o‘sha zamonlarda katta pichoq taqishga ehtiyoj zo‘r ekan. Bayram kunlari Kichik uychalar ko‘chasida azaldan istiqomat qiluvchi keksa Anton ham ana shunday kiyinarkan, u shlyapa o‘rniga quloqchin, uning tagidan chinakam tungi qalpoq kiyib yurarkan. Chol qalpoqqa shunchalik o‘rganib ketgan ekanki, kechasi ham, kunduzi ham qalpoqsiz yurmas, kunduziga ham maxsus qalpoqlari bor ekan. Qalampir shovvozlar suratini xuddi mana shu Antonga qarab chizish kerak: uning eti suyagiga yopishgan, og‘iz va ko‘z atroflarida sanoqsiz mayda ajinlar, qoqsuyak barmoqlari uzun, ko‘zi ustida qalin oppoq qosh, chap qoshining yonida Antonga husn bag‘ishlamasa-da, harholda, uni taniqlik qilib turadigan bir tutam uzun soch. Odamlar Antonni bremenlik deyisharkan, aslida esa uning xo‘jayini Bremenda yasharkan. U esa Tyuringiyaning Eyzenax shahridan bo‘lib, Vortburg yaqinidan ekan. Biroq Anton o‘z yurti haqida to‘lib-toshib gapirishni yoqtirmas ekan, lekin u haqda ko‘proq o‘ylarkan.

Keksa gumashtalar bir-birlari bilan kamdan-kam ko‘rishar, ko‘pincha har biri o‘z burchagida o‘tirar ekan. Do‘konlar ancha erta yopilar va uychalarga darhol qorong‘ilik cho‘karkan; faqat chordoqdagi hujrachaning tuynukday derazasidan, tom tagidan miltillagan yorug‘lik tushib turarkan; shu hujrada yashovchi qariya bunday paytlarda yotadigan o‘rniga o‘tirib, qo‘liga nemischa duo kitobini olarkan-da, kechki duoni o‘qirkan yoki tun oqqunga qadar orom bilmay o‘z yumushlari bilan mashg‘ul bo‘larkan. Hayoti uncha gashtli emas ekan: hammaga begona bo‘lib, musofirlikda yashash qanday taskin bersin! Hech kimning u bilan ishi yo‘q, uning ham hech kim bilan ishi yo‘q.

Bu ko‘cha kimsasiz, qop-qorong‘i, yog‘ingarchilik avjiga mingan tunlarda yanada huvillab, fayzsiz bo‘lib ko‘rinarkan; butun boshli ko‘chada bittagina chiroq, u ham bo‘lsa ko‘chaning eng oxirida, devorning Bibi Maryam surati tushirilgan joyiga qo‘yilgan ekan. Ko‘chaning boshqa bir uchi kanalga taqalganidan, sohilning yog‘och qoplamasiga suv chapillab urilgani eshitilib turarkan. Bunaqa oqshomlar biror narsa bilan mashg‘ul bo‘lmasangiz juda uzoq tuyularkan. Keksa bo‘ydoq nima bilan mashg‘ul bo‘lardi? Mollarni yoyar va yana o‘rab qo‘yarkan, qalampir solish uchun qog‘ozlarni karnaycha qilib qo‘yarkan, tarozilarni har kuni tozalamasa ham bo‘laverar ekan; boshqa biror ish bilan mashg‘ul bo‘lish kerak-da. Keksa Anton o‘zibop ish topib olibdi – kiyim va etigini o‘zi yamarkan. Nihoyat, o‘ringa yotgach, odati bo‘yicha qadrdon qalpog‘ini ko‘zigacha tushirib kiyarkanda, sham yaxshi o‘chirilganini ko‘rish uchun yana sal ko‘tararkan, stol ustidagi shamni paypaslab topib, pilikni ikki barmog‘i bilan ezg‘ilarkan, keyin o‘ringa cho‘zilib, bir yoni bilan yonboshlab, qalpog‘ini qoshigacha bostirib qo‘yarkan. Xuddi ana shu daqiqalarda uning miyasida do‘konda qolgan manqaldagi ko‘mir yonib bitganmidi, yo‘qmi, degan fikr kelarkan. Bitta uchqun sachrasa kifoya – falokat yuz berdi deyavering! U yana o‘rnidan asta turarkan, narvon deyish qiyin, ammo ko‘rinishdan narvonga o‘xshagan bir narsadan sekin pastga tusharkan, manqalning oldiga borgach, unda yiltiragan birorta ham cho‘g‘ qolmaganiga ishonchi komil bo‘larkan. Endi hujrasiga bemalol qaytsa ham bo‘laverar ekan-u, lekin ko‘pincha yarim yo‘lda yuragiga g‘ulg‘ula tushar ekan: eshik va darchalarning ilgagi solinganmikin deb, qiltiriq oyoqlarini arang sudrab pastga tusharkan. To o‘ringa borib yotguncha sovuqdan tishi taqillab, a’zoyi badanini titroq bosarkan; titroqning ham esi bor-da, kishi issiq o‘rindan qo‘zg‘alganini ko‘rsa darhol hujumga o‘tadi. Anton bir kuni joyiga kelib yotgach, par ko‘rpani ustiga yopib, qalpog‘ini ko‘zigacha tushiribdi, o‘ylari kunduzgi g‘am-tashvishlardan xoli bo‘libdi, lekin u taskin beruvchi o‘ylar emas ekan! Tashvish va g‘am o‘rnini o‘tmish xotiralari egallabdi, uning ko‘z oldidagi devorga o‘zining rango-rang gilamini ilib qo‘yibdi. Lekin bu gilamda ignalar ko‘p bo‘lib, nayzasini shunday sanchar ekan-ki, og‘riqdan beixtiyor dodlab yuborish hech gap emas ekan. Agar uni nozik joyingizga chuqurroq botirilsa, hatto ko‘zdan yosh chiqarishi ham mumkin! Anton buning azobini ko‘p marta tortgan ekan. Uning ko‘zidan par ko‘rpaga yoki polga tushgan gavharday tiniq, musaffo tomchilar xasta yurak torlari uzilganday jaranglab ketar ekan. Ko‘zyoshlari ko‘p o‘tmay porlarkan, porlash oldidan xotiradan o‘chmas, chuqur iz qoldirgan o‘tmish manzaralaridan birini yoritishga ulgurarkan, Anton ana shu ko‘zyoshlarini tungi qalpog‘i bilan artar, ko‘zyoshi va manzara artilarkan-u, biroq uning manbai qolarkan, ana shu manba qariyaning qalbi ekan. Manzaralar uning ko‘z oldida jonli namoyon bo‘lmay, balki eng qayg‘uli, eng g‘amginlari gavdalanarkan, ba’zan yorqin, quvnoq manzaralar ham ko‘rinib qolarkan, xuddi ana shular uni chuqur qayg‘uga solar, bir g‘amiga o‘n g‘am qo‘shar ekan.

«Daniyaning qora qayin o‘rmonlari xo‘pam go‘zal-da!» deyishadi bizdagilar, biroq Anton uchun Vortburg atrofidagi qora qayin o‘rmonlari bundan ham go‘zal ko‘rinarkan. Gurkirab yotgan o‘simliklar qoplangan toshloq qiyalikdagi ulug‘vor ritsar qal’asi atrofida o‘sadigan qadrdon nemis emanlari uning nazarida Daniya dublaridan qudratliroq va izzatliroq ekan; bu yernikiga qaraganda qadrdon, gulga ko‘milgan olmalar xushbo‘yroq hid taratarkan! U hozir ham ularning hidini hidlayotganday, ko‘zlaridan yosh dumalab tushibdi, lop etib yonib, birga o‘ynayotgan ikki bolani – o‘g‘il va qiz bolani ro‘yi rost ko‘rsatibdi. Bola yuzlari shirmonday, sochlari qo‘ng‘ir va ma’sum ko‘zlari moviymish; u boy savdogarning o‘g‘li bo‘lib, ismi Anton emish… Ha, bu uning o‘zi emish! Qizchaning ko‘zlari, sochlari ham timqoramish, qarashlari ma’noli va dadilmish; bu shahar hokimining qizi Molli ekan. Ular olma o‘ynab o‘tirishganmish, olmani silkitib, ichidagi urug‘ining shiqillashiga quloq solishayotganmish. Keyin ular olmani o‘rtasidan kesishibdi, ikkovlariga yarimtadan olma tegibdi. Ular olmaning urug‘ini ham taqsimlab yeyishibdi, faqat bitta urug‘ qolibdi, qizcha uni ekishni taklif qilibdi.

– Undan nima chiqishini keyin ko‘rasan! Butun boshli katta olma chiqadi, faqat birdaniga emas!

Shunday qilib, bolalar ishga tushib ketishibdi: tuproq solingan gultuvak topishibdi. Bola tuproqqa barmog‘ini tiqib, chuqurcha hosil qilibdi, qizcha unga urug‘ni tashlabdi, ikkovlari urug‘ ustini hafsala bilan berkitishibdi.

– Tag‘in ertaga urug‘ undimikin deb bu yoqqa olib yurmagin! – debdi Molli Antonga. – Bunday qilib bo‘lmaydi! Bir marta o‘syaptimi, yo‘qmi, ko‘rmoqchi bo‘lganman, bunday qilmaslik kerakligini tushunmabman, keyin gullari so‘lib qolgan!

Gultuvak Antonda qolaveribdi, bola har kuni olma ko‘karmadimikin deb xabar olib turibdi. Lekin tuvakda qop-qora tuproqdan boshqa hech narsani ko‘rmabdi. Nihoyat bahor kelibdi, quyosh durustroq isita boshlabdi, tuproqdan ikkita nozik, mittigina yashil yaproq bo‘y cho‘zib chiqibdi.

– Bu men bilan Molli! – debdi Anton. – Xo‘p ajoyib ish bo‘ldi-da!

Ko‘p o‘tmay uchinchi yaproq ham ko‘rinibdi. Bunisi kim bo‘ldi ekan? Keyin yana va yana! Kunlar ketidan haftalar, haftalar ketidan oylar o‘tibdi, urug‘dan bir butun daraxt hosil bo‘libdi. Bularning hammasini bir tomchi ko‘zyoshi yoritibdi. Mana, uni artishgandan keyin hammasi ko‘zdan g‘oyib bo‘libdi. Biroq ko‘zyoshlari manbai tuganmas ekan, bu manba esa keksa Antonning qalbi ekan.

Eyzenax yaqinidan balandgina tosh tizmalari o‘tarkan; ana shu tizmalardan biri aylana yaydoq cho‘qqi bo‘lib, unda na daraxt, na buta, na o‘t-o‘lan – hech narsa o‘smas ekan, uni Zuhra tog‘i deb atasharkan: rivoyatlarga ko‘ra, bu yerda qadimiy ma’jusiylar ma’budasi Zuhra yashagan ekan; biroq nemislar unga o‘zlaricha Golle xonim deb nom qo‘yib olishgan ekan. Bu joyni Eyzenaxdagi yetti yashardan yetmish yashargacha hamma bilarkan. Bu joy hatto vartburglik minneznger olijanob ritsar Tangeyzerni ham maftun qilgan ekan.

Molli bilan Anton toqqa ko‘p kelishar ekan, bir kuni qizcha:

– Qani, eshikni taqillatib: «Golle xonim, Golle xonim! Tangeyzerga eshikni och!» – deb qichqirgin-chi, – debdi.

Anton bunga jur’at etolmabdi, lekin Molli dadil va aniq qilib faqat: «Golle xonim, Golle xonim» debdi-yu, ammo qolganini g‘o‘ldirab qo‘ya qolibdi. Antonning fikricha, u hech narsa demaganmish. Molli judayam jasur qiz ekan! Jasurligi shu darajada ekanki, o‘z tengdoshlarining ichida faqat u Antonni o‘pib olishga jur’at qilgan ekan, boshqa qizlar ham shunday qilishga qilishar ekanlar-u, ammo Anton ham qo‘li, ham oyog‘ini ishga solib, o‘zini o‘ptirgani qo‘ymas ekan.

– Men esa o‘pa olaman! – debdi Molli g‘urur bilan, so‘ng Antonning bo‘ynidan quchoqlab olibdi.

Bu qizning tantanasi bo‘libdi, Anton nima qilayotganini o‘ylab o‘tirmay, unga bo‘ysunibdi. Eh, u naqadar shaddod, jasur qiz edi-ya!

Aytishlaricha, tog‘da istiqomat qiluvchi Golli xonim ham go‘zal ekan-u, ammo uning go‘zalligi yovuzlikning vasvasaga soluvchi, ozdiruvchi husni ekan. Avliyo Yelizaveta dunyodagi eng barkamol husnu jamolga ega ayol deb hisoblanarkan. Mamlakat hukmroni, pokdomon, tyurenglik bu malika gertsogning ezgu ishlari shu yerlarda g‘oyat ommaviy va mashhur bo‘lib ketgan afsona hamda rivoyatlarda yashar ekan. Kichik butxonaga uning surati, surat ro‘parasiga kumush ischiroq qo‘yilgan ekan. Biroq avliyo Yelizaveta Molliga hech o‘xshamas ekan.

Bolalar o‘tqazgan olma o‘saveribdi, oxiri boqqa o‘tqazishga to‘g‘ri kelibdi, olma ko‘chati ochiq havoda shudring emibdi, quyosh nurida isinibdi, ancha baquvvatlashib, qishga ham bardoshli bo‘libdi. Bahor faslida esa, qahraton qishdan omon-eson chiqib olganidan sevinganday gullabdi, kuzda ikkita nishona qilibdi: biri Molliga, ikkinchisi Antonga ekan – bundan oz olma qilishi mumkin emas ekan-da.

Olma daraxti shoshib o‘saveribdi. Molli ham undan ortda qolmabdi: u o‘zining latofati bilan xuddi olma guliga o‘xsharmish. Biroq Anton bu guldan oxirigacha bahra ololmabdi. Hamma narsa o‘tib ketadi, hamma narsa o‘zgaradi-da! Mollining otasi jonajon yurtini tark etib, Molli bilan uzoq-uzoqlarga jo‘nab ketibdi. Bizning zamonamizda qiz bilan yigitning qovushishi uchun bir necha soat kifoya qiladi, lekin ular jo‘nab ketgan shaharga yetib borish uchun bir sutkadan ortiq vaqt kerak bo‘lar ekan. U joy Eyzenaxning sharq tomonida, mamlakatning boshqa burchagida bo‘lib, shaharni Veymar deb atasharkan.

Ayriliqdan Molli ham, Anton ham yig‘labdi: ularning ko‘zyoshlari qo‘shilib, kishi ko‘ngliga ziyobaxsh etadigan rangda tovlanibdi. Molli Antonga uni Veymardagi barcha hayot lazzatlaridan ham ortiq bo‘ladigan kelajagini aytgan ekan!

Oradan bir, ikki, uch yil o‘tibdi. Shu muddat ichida Mollidan ikkita xat kelibdi: bittasini bir dallol, ikkinchisini qandaydir yo‘lovchi keltirib beribdi. Veymar yo‘li yiroq, uqubatli bo‘lib, turli shahar va joylardan ilang-bilang bo‘lib o‘tarkan.

Anton bilan Molli har gal Pristan bilan Izolda haqidagi afsonani eshitishganda, garchi Pristan nomi «g‘urbat uchun tug‘ilgan» degan ma’noni bildirsa-da, uning nazarida afsona o‘zi bilan Molli haqida aytilganga o‘xshab ketaverarkan, vaholanki, Antonning nomi Pristannikiga mutlaqo mos tushmas ekan. Axir u Pristan singari «u meni unutdi!» deb oh-voh chekmaydi-da. Aytmoqchi, Izolda sevgilisini unutmagan, ikkovlari qazo qilgach, har ikkovlarining jasadlarini cherkovning ikki tomoniga dafn qilishganda, ularning qabridan bittadan arg‘uvon daraxti o‘sib chiqqan, cherkov tomi ustida shoxlari bir-biriga chirmashib ketgan ekan. Bu afsona Anton uchun shunchalik nafis va qayg‘uli tuyulgan ekanki, asti qo‘yavering… Biroq uning Molli bilan bo‘lgan munosabatlarida qayg‘udan asar ham yo‘q ekan. U doimo minnezinger Valter fon der Fogelveydining qo‘shiqlarini ming‘illab aytib yurarkan:

Oh, arg‘uvonning tagida, jazirama sahroda!.. Ayniqsa, quyidagi misralar juda boshqacha jaranglarkan:

 
Muattar o‘rmondan yangrar baralla,
Bulbulning xonishi, jarangdor yalla!
 

Bu qo‘shiq uning tilidan hech tushmas ekan; u Mollini ko‘rib kelish uchun otliq Veymarga jo‘nab ketayotgan oydinli tunda ham shu qo‘shiqni aytibdi. U kutilmagan mehmon bo‘lib bormoqchi bo‘libdi, shunday bo‘lib chiqibdi ham.

Uni xushnudlik bilan kutib olishibdi, qadahlarda vinolar ko‘piribdi; u bu yerda quvnoq zodagonlar bilan uchrashib, shinam xonada, bilqillagan yumshoq ko‘rpalarda yotibdi, harholda u bularni kutmagan, bularni orzu qilmagan ekan! U o‘zini ham, boshqalarni ham tushunmabdi, lekin gap nimadaligini biz tushunamiz! Kishi uyda, oilada xursandchilik bilan qabul qilinishi mumkin, harholda u o‘zini begonaday his qiladi; pochta aravasidagiday suhbatlashasan, tanishasan, tortinasan, o‘zing chiqib ketging keladi yoki yaxshi qo‘shningni bir iloj qilib kuzatib qo‘yasan! Anton ham xuddi shunday ahvolga tushib qolibdi.

– Men halol qizman! – debdi unga Molli. – Bor gapni senga o‘zim aytmoqchiman. Bolaligimizdan buyon ko‘p narsa o‘zgarib ketdi. Bu ichki hamda tashqi o‘zgarishlar. Ko‘nikish va xohish xalq oldida ojiz! Sen uzoqlarga ketyapsan, sen bilan yot odam sifatida ajralishga hech ko‘nglim yo‘q! Menga ishon, seni yaxshi ko‘raman, lekin seni hozir bilganimday sevgandan ko‘ra, boshqa odamga ko‘ngil qo‘ygan ma’qul. Men seni hech qachon sevmaganman! Bunga tan ber. Ko‘nik… Xayr, Anton!

Anton ham «Xayr!» debdi. Uning ko‘zlarida yosh yiltiramabdi, lekin ortiq Mollining sevgilisi bo‘lolmasligini anglabdi. Laqqa cho‘g‘ bo‘lgan yoki qirov bog‘lagan temirni o‘psangiz, labingizning bir qavat etini shilib oladi, Anton esa qizning labidan ham mehr, ham qahrla qattiq bo‘sa olibdi!

Oradan bir kecha-kunduz o‘tar-o‘tmas u uyiga yetib kelibdi. Otini ham ayovsiz choptiribdi.

– Mayli! – debdi u. – O‘zim haydalganman, men ham hamma narsani haydashni xohlayman, Golle xonim, la’nati ma’jusiy Zuhra xonimni eslatuvchi hamma narsalarni yer bilan yakson qilgim keladi! Olmani ham tag-tomiri bilan ko‘chirib tashlayman. Mayli, u gullamasin, meva ham qilmay qo‘ya qolsin.

Biroq daraxt emas, balki Antonning o‘zi sinibdi: beomon bezgak uni yotqizib qo‘yibdi. Uni qanday qilib oyoqqa turg‘izish mumkin! Majruh tana va aziyat chekayotgan jonni larzaga soluvchi barcha achchiq dorilardan ham achchiq – taqdir zarbasi kelib ulguribdi. Antonning otasi qashshoqlashibdi. Judayam og‘ir, musibatli kunlar eshik qoqibdi, baxtsizlik eshikni pachaqlab ichkariga kiribdi, qachonlardir badavlat bo‘lgan xonadonga o‘rnashib olibdi. Antonning otasi kambag‘allashibdi. Qayg‘u va tashvishlar uning salomatligini izdan chiqarib, holdan toydiribdi, Antonning ham sevgi dardi va Molliga bo‘lgan kekidan boshqa tashvishlari paydo bo‘libdi. Endi u uyda ham xo‘jayin, ham beka bo‘lib qolibdi, ro‘zg‘ordagi hamma ishlar bilan shug‘ullanibdi, hammayoqni tartibga keltiribdi, keyin o‘z yurtini tark etib, bir burda non topish ilinjida begona yurtlarga jo‘nabdi. U Bremenga boribdi, u yerda yo‘qchilik va g‘am-g‘ussa alamini tortibdi, bu azoblar jonni yo chiniqtirar yoki butunlay bo‘shashtirib yuborar ekan – ba’zida bu hol haddan tashqari zo‘rayib ketarkan. Bolaligida olam va odamlar haqidagi tasavvuri bir-biriga mos tushmaganday bo‘lib ketibdi. «Minnezgerlarning qo‘shig‘i-chi, ular nima? – deb o‘z-o‘zicha o‘ylabdi u. – Ma’nosiz tovush!» Lekin ba’zida uning qalbida yana jozibali kuy jaranglab kelarkan, o‘shanda uning ko‘ngli yumshab ketarkan.

«Parvardigor hammasini yaxshi tomonga buryapti! – debdi u o‘z-o‘ziga. – Mollini butun vujudi bilan menga bog‘lab qo‘ymay, juda yaxshi ish qildi. Baxt mendan yuz o‘girgan hozirgi paytda bu nimalarga olib kelmasdi? Mening xonavayron bo‘lganimni bilishi yoki gumon qilishidan oldin meni undan uzoqlashtirdi. Xudo mendan marhamatini ayamadi! Hammasi yaxshilik alomati! Xudo oqilona yo‘l tutyapti! Qizning hech qanday aybi yo‘q! Men esa undan nafratlandim!»

Yillar o‘taveribdi. Antonning otasi olamdan o‘tibdi; ularning qadrdon uylariga begona odamlar joylashibdi. Harholda Anton uylarini yana bir karra ko‘rishga muyassar bo‘libdi. Xo‘jayini uni savdo ishlari bilan boshqa yoqqa jo‘natibdi, u yo‘l-yo‘lakay jonajon shahri Eyzenax orqali o‘tibdi. Qarasa, qadimiy Vartburg qasri qoya ustida boyagiday turganmish; uning atrofini hamon tosh «monaxlar» va «monax ayollar» hamda bahaybat dublar qurshab yotganmish, hammasi bolalik davrida ko‘rgandaymish. Zuhra tog‘ining kumush cho‘qqilari hamon quyosh nurida charaqlayotganmish. Qasr eshigini taqillatib: «Golle xonim, Golle xonim! Eshikni och, meni ona yer bag‘riga yashirgil!» deb aytgisi kelibdi.

Bu qabih o‘y bo‘lgani uchun u cho‘qinib olibdi, shu payt qush sayrabdi. Antonning esiga bolaligidagi qo‘shiq tushibdi.

 
Muattar o‘rmondan yangrar baralla,
Vulbulning xonishi, jarangdor yalla!
 

Bolaligi o‘tgan shaharni ko‘rishi bilan uning qalbida qanchadan-qancha xotiralar tug‘yon uribdi, ko‘zlaridan yosh shashqator bo‘lib oqibdi. Ota uyi hamon eski joyida turganmish, lekin bog‘ning bir qismiga qatnov yo‘l qurilibdi, u sug‘urib tashlamagan olma daraxti bog‘da emas, balki yo‘lning narigi tomonida qolibdi. Lekin quyosh uni hamon o‘z nurida cho‘miltirayotganmish, olma shabnam shimayotganmish, mo‘l-ko‘l meva tukkanidan shoxlari yerga egilib ketibdi.

– O‘z holicha o‘syapti! – debdi Anton. – Ahvoli qalay ekan?

Lekin uning bir shoxini qandaydir bema’ni qo‘l sindiribdi; axir u qatnov yo‘l chetida turibdi-da!

«Hatto rahmat ham aytmay uning gullagan novdasini qayirib ketishadi, mevalarini o‘g‘irlab, shoxlarini sindirishadi. Ha, daraxt haqida ham odamlar to‘g‘risida aytilganidek: «Uning beshigi ustida, qachonlardir xuddi mana shunday qaqqayib turadi, deb alla aytilmagan!» deyish mumkin. Uning umr tongi shunchalik porloq, go‘zal, lekin taqdir unga nima in’om qildiykin? Bog‘ daraxtiga ariq bo‘yida, ochiq dalada, qatnov yo‘l chetida o‘sish nasib etibdi! U bu yerda yakka-yolg‘iz, unutilgan, himoyasiz holda turibdi! Hamma uni yulqiydi! Shoxini sindiradi! Ammo u bu bilan so‘lib qolmaydi, biroq yillar o‘tishi bilan uning gullari kamayib boradi, meva tugmay qo‘yadi, keyin umri ham tugaydi».

Anton daraxt tagida o‘tirib ana shularni o‘ylabdi; hech qachon uylanmaslik haqida bremenlik boy savdogar undan va’da olgandan keyin o‘zi yuborgan begona yurt Kopengagenda, Kichik uychalar ko‘chasiga joylashgan, xilvatgina hujrasida uyqusiz uzun tunlarni o‘tkazganda xuddi shu fikrlar bir necha bor oromini buzgan. O‘shanda u: «Uylanish? He-he!» – deb g‘alati kulib qo‘ya qolgan ekan.

Shu yili qish erta kelibdi, sovuq avjga minibdi, tashqarida qattiq bo‘ron bo‘libdi, odamlar iloji boricha issiqqina xonasidan chiqmay o‘tirishaveribdi. Shuning uchun ham Antonning qo‘shnilari cholning do‘koni ikki kundan buyon ochilmayotganini payqashmabdi – uyda qolishning imkoni bo‘lganda, shunday sovuqda kim ham tashqariga chiqardi?


Страницы книги >> Предыдущая | 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21 22 23 24 25 | Следующая
  • 0 Оценок: 0


Популярные книги за неделю


Рекомендации