Текст книги "Қор одам"
Автор книги: Ганс Христиан Андерсен
Жанр: Книги для детей: прочее, Детские книги
сообщить о неприемлемом содержимом
Текущая страница: 23 (всего у книги 25 страниц)
Katta va tor ko‘chalarda quyun aylanib qolsa bormi, poxol tomlarni uchirib ketadi! Ariqlarning bo‘yida sigirlar, cho‘chqalar rizq-ro‘zini terib, yeb yurishadi.
«Uchiraman, yakson qilaman! – deb qichqiradi shamol. Aksel uyiga hujum qilaman, gapim to‘g‘ri chiqdi, uning uyini «o‘g‘rilar oroli»dagi qamoq deb atashmoqda!»
Tutingan otam darhol o‘zi chizgan o‘sha joyning suratini ko‘rsatdi. Hamma devorlarda zich qoqilgan qoziqlar dikkayib turar, ularning uchiga qo‘lga tushgan qaroqchilarning kallasi qoqilgan, kallalar ishshayib turardi.
– U shunday bo‘lgan edi, – dedi tutingan otam, – buni bilish, ma’nosiga tushunish foydadan xoli emas.
Yepiskop Absalon mehmonxonasida o‘tirar edi. Qaroqchilar kemasi paydo bo‘lganini payqashi bilanoq tashqariga otiladi, u o‘z kemasi tomon yuguradi, burg‘u komandasini chaqiradi, qaroqchilar yelkasiga o‘q-yoy sanchila boshlaydi, ular jon borida qochib qolishga harakat qilishadi, o‘qlar ularning qo‘llariga ham sanchila boshlaydi, uni olishga sabrlari chidamay, jon-jahdlari bilan eshkak eshishadi. Yepiskop tirik qolganlarning hammasini asir oladi, ularning kallalari kesilib, qal’a devorlaridagi qoziqlarga qoqiladi. Shamol lunjini shishirib puflaydi – dengizchilar aytganday, bo‘ronni yanada avj oldiradi.
«Mana shu yerga yotib, biroz orom olaman, bunda nimalar bo‘layotganini ko‘raman».
Bo‘ron biror soat tinadi. Yana ko‘tarilib, kun bo‘yi quturadi. Oradan yillar o‘tdi.
Kuzatuvchi minora ustiga chiqdi, avval g‘arbga, sharqqa, so‘ng esa shimolga, janubga nazar tashladi.
– Manavi manzarani qara! – dedi tutingan otam va o‘sha manzarani menga ko‘rsatdi. – Kuzatuvchini ko‘ryapsanmi? U nimani ko‘rgan bo‘lsa, hammasini senga aytib beraman.
Qamoq-qal’a devoridan to Kyog ko‘rfazigacha yastanib dengiz yotadi. Zeland sohillarigacha keng dengiz yo‘li cho‘zilib ketgan Serriyslev va Solberg dalalari ro‘parasidagi katta qishloqda yog‘och to‘sinli, tomlari qubba shaklida toshdan qurilgan uylar borgan sari kengayardi. Shaharda kavushdo‘zlar, ko‘nchilar, shirinlik va yog‘ savdo qiluvchi savdogarlar ko‘chalari, savdo maydoni va gildiya savdogarlari uyi bor edi. Sohilda, ilgari orol bo‘lgan joyda avliyo Nikolayning hashamatli cherkovi qad ko‘tarib turibdi. Uning minoralarida haddan tashqari uzun nayzalari bo‘lib, uning butun go‘zalligi-yu hashamati tiniq suvda aks etib turadi. Undan sal nariroqda Bibi Maryam cherkovi bo‘lib, unda qavmlar mum shamlar yoqib, isiriq tutatib, xonish qilishadi. Savdogarlar Gavani – Kopengagen shahri yepiskoplar shahri bo‘lib qoldi. Shaharni yepiskop Roskillskiy idora qiladi.
Aksel uyiga yepiskop Erlandsen joylashdi. Uning oshxonasida go‘sht qaynaydi va qovuriladi, pivo va boshqa ichimliklar daryo bo‘lib oqadi, nog‘ora gumburlaydi, g‘ijjak nola qiladi. Shamlar va yog‘ chiroqlar yonadi. Shu vaqtlarda qal’a shunday yorishib ketadiki, chiroqlari butun mamlakat va qirollikni yoritib yuborgandek bo‘ladi. Shimol shamoli devor va minoralarga uriladi, lekin ular qimirlay demasdi, so‘ng u shaharning g‘arb tomonidagi istehkomlarni qo‘zg‘atmoqchi bo‘ladi, u yerlarda yog‘och devorlar bo‘lib, ular ham miq etmaydi. Devorning nariyog‘ida esa Daniya qiroli Xristofor I bo‘lib, u Skvelsker yonidagi jangda isyonchilardan yengilib, yepiskopdan boshpana izlab kelgan edi.
Shamol yepiskop nomidan: «Kiritmayman, kiritmayman! Darvozani ochmayman!» – deb uvillaydi.
– Alg‘ov-dalg‘ov, og‘ir zamonlar keldi, hamma o‘zi bilan o‘zi ovora. Golshtin bayrog‘i qal’a minorasida hilpirab turardi.
Hammayoqda yig‘i-sig‘i, dahshat va dilsiyohlik, butun mamlakatda nizo, ajal hukmron, tunlar huzur-halovatsiz o‘tar, shu paytda Valdemar Atterdag paydo bo‘libdi.
Yepiskop shahri endilikda qirollikka o‘tibdi. Shaharda tomi qubba shaklida qurilgan uylar, to‘sinli tosh uylar, tor ko‘chalar, qorovul va shahar mahkamasi bor edi. Shaharning g‘arbiy darvozasi oldida dor bo‘lib, dorga osilish sharafiga har kim ham muyassar bo‘lavermasdi. Osiladigan odam shu yerlik bo‘lishi kerak. Dor tepasidan savdogarlarning katta-kichik kemalari yaqqol ko‘rinib turadi.
«Dor xo‘b yaxshi narsa-da! – deydi shamol. – Go‘zallikka go‘zallik qo‘shilyapti!» – u hushtak chalib, guvillaydi.
U Germaniyadan ofat keltirdi.
– Rostok, Lyubek, Bremendan ganzeychilar, boy savdogar, do‘kondorlar kelishdi, – dedi tutingan otam, – ular Valdemar minorasidagi oltin o‘rdakdan ham qimmatroq mol-dunyoga ega bo‘lishga intilishdi. Ular Daniya qirolidan ham qudratliroq bo‘lib olib, uning poytaxtida hukmronlik qila boshlashdi, ular jangovar kemalarda kelishgan edi, ularni kutib olishga shay turgan kuch yo‘q edi. Qirol Erikning esa nemis qarindoshlari bilan jang qilgisi kelmadi, ular bilan juda ko‘p odamlar birga kelgan, kuchlari ham juda katta edi. Qirol Erik o‘z arkoni davlati bilan shosha-pisha g‘arbiy darvozadan chiqib, zudlik bilan ko‘l bo‘yidagi yam-yashil Soryo shahri o‘rmoniga yashirindi; bunda ular kechayu kunduz ichkilikbozlik qilib, sevgi haqidagi qo‘shiqlarni aytishadi.
Faqat bitta odam qirol ruhi va qalbi bo‘lib Kopengagen shahrida qolibdi. Mana, suratda sen yosh, xushbichim, latif, ko‘zlari dengizday moviy, sochlari oltinday tovlangan ayolni ko‘rib turibsan. Bu Daniya qirolichasi, ingliz malikasi Filippa bo‘ladi. U odamlar ko‘cha va tor ko‘chalarda, aylanma, tik zinapoyalarda, saroylar va tor do‘konlarda uymalashib, nima qilishini bilmay, qo‘rquvdan talvasaga tushgan shaharda qoldi. Qirolicha jasur, mard ayol edi, u shaharliklar va dehqonlarga murojaat qilib, ularni ruhlantirdi, dushman bilan kurashishga da’vat etdi. Mana, kemalar yelkanlarini ko‘taradi, jangchilar mudofaa istehkomlarini egallashadi, zambaraklar gumburlaydi, hammayoq o‘t va tutun ichida qoladi, qalblarda jasorat jo‘sh uradi – Ollo Taolo Daniyani o‘z marhamatidan bebahra qilmaydi. Quyosh hammaning ko‘nglini munavvar qiladi, odamlarning qo‘zi g‘alabadan chaqnab ketadi. Omon bo‘l, Filippa! U badavlat xonadonlardagi, qashshoq kulbalardagi yaradorga malham bo‘ladi.
– Men gulchambar suratini qirqib olib, uni mana shu rasm atrofiga yopishtirdim, – dedi tutingan otam. – «Umring uzoq bo‘lsin, qirolicha Filippa!»
– Endi bir necha yil keyingi voqealarga o‘tamiz! – dedi tutingan otam. – Kopengagen ham bir necha yil orqaga hatlab o‘tdi. Qirol Kristian I Rimga borib, papadan oq fotiha oladi, uyiga qaytayotganda yo‘lda odamlar uni izzathurmat bilan kutib olishadi, uning shuhrati ortib ketadi. U yurtida pishiq g‘ishtdan katta bino qurdiradi, unda olimlar yashab, odamlarga lotin tilini o‘rgatadigan bo‘ladi. Bu yerga qo‘lida bolta, omoch orqasidan yurgan kambag‘allarni ham qo‘yishdi. Agar ular iltimos qilishsa, egnilariga uzun, qora shoyidan tikilgan mantiya kiygizib qo‘yishardi, ular shaharliklar darvozasi oldida va’zlar aytishardi.
Faqat lotin tilidan boshqa tilni e’tirof etmaydigan bilim saroyi yonida kichkinagina uy bo‘lib, bu uyda daniyaliklar tili, urf-odatlari o‘rgatilardi. Bu yerda ertalabki nonushtaga non bilan pivo berilardi, o‘n yarimlarga borib esa tushlik ovqat yeyilardi. Panjarali derazalardan mo‘ralayotgan quyosh nuri ovqat va kitob turgan shkaflarga tushardi. Kitob shkafida esa nodir qo‘lyozmalar turardi: u yerda «Rosenkrants»ni va Mikkelsning «Ilohiy komediya»sini, Xenrik Xarpenstrangning tabib kitobi, soryolik Nils og‘aning «Daniya qofiyali xronikasi»ni uchratish mumkin edi; uy egasining aytishicha, bu kitoblarni har bir daniyalik bilishi kerak emish. Bu odam Daniyada birinchi kitob bosuvchi golland Gottrfred van Gemen edi. U kitob nashr etish san’atini yaratdi.
Mana, kitoblar qirol qasriga ham, shaharliklar uyiga ham kirib boryapti. Maqol va matallar abadiylashtiriladi. Bu haqda kishi xursand bo‘lganda yoki boshiga qayg‘u tushgan vaqtda gapirolmaydi, bu haqda xalq qo‘shiqlarining erkin kuychisi qushchagina kuylaydi, xolos. U sirli, shunday bo‘lsa-da hammaga tushunarli tilda kuylaydi, uning tovushi erkin qanot qoqadi, shaharliklar xonadonlariga, ritsarlar qal’asiga kiradi, olijanob xonimning qo‘liga qo‘nib, kuylay boshlaydi, hatto krepostnoy dehqonning kulbasiga kichkinagina sichqonday bir amallab kirib olib, sayraydi.
«Endi ob-havoning ham tovushi chiqib qoldi-ya!» deydi shiddatli shimol shamoli.
«Bahor kelyapti, – deydi quyosh nurlari, – ko‘rmayapsanmi, bir necha o‘t-o‘lanlar yerdan bosh ko‘tarib qoldi!»
– Albomdan yana bir varaq ochaylik! – dedi tutingan otam. – Kopengagenda tantana! Musobaqalar, o‘yinlar, dabdabali marosimlar, sovut kiygan behisob olijanob ritsarlar, shoyi-atlas, oltin bezaklarga ko‘milgan taniqli xonimlar! Qirol Gans qizi Yelizavetani Brandenburg kurfyursiga erga beryapti. Qiz juda yosh, biram baxtiyorki, u barqut poyondozlar ustidan yurib boryapti, xayollari kelajak, baxtiyor oilada. Kelinning yonida qiziqqon, qarashlari g‘amgin akasi shahzoda Kristern2020
Shahzoda Kristern – keyinroq Daniya qiroli bo‘lgan. Kristian II (1513–1523).
[Закрыть] boryapti. Shaharliklar uni yaxshi ko‘rishadi, chunki u kambag‘allarning boshiga tushgan kulfatni biladi, niyati – ularga yordam berish edi!
Ammo taqdir Xudoning qo‘lida!
– Kitobdan yana bir varaq ochamiz! – dedi tutingan otam. – Shamol kuchi boricha guvillayapti, u po‘lat qilich, behalovat, jang-u jadallarga to‘la yillar haqida kuylamoqda.
Hammayoqni muz qoplagan aprel kunlaridan biri. Nega xaloyiq qadimgi bojxona oldidagi bayroqlar bilan bezatilgan kema ro‘parasida turgan qal’aga qochib kirdi? Derazalarda, tomlarda – hammayoqda xaloyiq uymalashadi. Butun shaharda sarosimalik, g‘am-koyish va dahshat hukmron. Hamma ilgari o‘yin-kulgi bo‘lib turadigan, zallarida tilla suvi yugurtirilgan chiroqlar shu’lasida raqsga tushishgan, hozir esa huvillab, kimsasiz bo‘lib qolgan qal’aga tikiladi. Hammaning nigohi qirol Kristian II tez-tez mo‘ralab turgan derazaga qadalgan. Qirol qasr ko‘prigining nariyog‘ida, qasrning tor ko‘chasiga joylashgan, Bergendan o‘zi olib kelgan go‘zal sevgilisining uyiga tikilmoqda edi. Deraza eshiklari berk. Olomon qasrga tikiladi, bir vaqt darvoza ochilib, ko‘tarma ko‘prik tushiriladi. Qirol sadoqatli umr yo‘ldoshi bilan birga tashqariga chiqadi.
Qirolning tomirlarida ham, fikrlarida ham qon jo‘sh urar, o‘tmish bilan aloqani uzib, zulmga barham bermoqchi, ezilgan dehqon va shaharliklarga yaxshilik qilmoqchi, ko‘payib ketgani uchun ochko‘z kalxatlarning qanotini qirqmoqchi bo‘ldi, bu ishda yolg‘iz o‘zining qo‘lidan biron narsa kelishi qiyin edi. U mamlakatni tark etyapti, o‘sha o‘zga yurtlarda do‘stlar va qarindoshlarning ko‘magiga suyanish niyatida Daniyadan chiqib ketyapti. Uning yonida xotini, sadoqatli xizmatkorlari bor, vidolashish onlarida hammaning ko‘zidan qaynoq tomchilar dumaladi.
Asrlar qo‘shig‘ida turli ohanglar yangradi, birovlar qirolni yoqlasa, boshqalari esa unga qarshi edilar, uch ovozda xor aytilardi. Dvoryanlar gapida quyidagi so‘zlar ochiq-oydin aytilgan.
«Sho‘ring qursin, Yovuz Kristern! Stokgolm maydonida to‘kilgan qonlar senga qarshi dod-faryod ko‘taryapti, sho‘ring quridi, la’nat senga!»
Monaxlarning gapi ham ularnikidan qolishmaydi:
«Xudo ham sendan biz singari yuz o‘giradi! Sen mamlakatni Lyuter ta’limotini o‘rganishga da’vat etding, unga va’z aytish uchun cherkov bilan minbar berding, shayton gaplarining tarqalishiga yo‘l qo‘yding, sho‘ring qursin, Yovuz Kristern!»
Lekin dehqonlar bilan shaharliklar achchiq-achchiq yig‘lashdi:
«Kristern, sen xalqning pushti-panohisan! Dehqonni hayvon singari sotish, ovchi itga almashtirish mumkin emas! Ana shu qonuning uchun seni qoralashyapti!» Ammo kambag‘allarning ovozi shamolda to‘ponday uchib ketdi.
Kema qasr oldidan o‘tdi, shaharliklar oxirgi marta qirol kemasini ko‘rish niyatida qasr devori tomon yugurdi.
– Yillar asta-sekin o‘tdi. Shunda u g‘am-g‘ussa olib keladi, boshga kulfat tushganda qarindosh-urug‘lar suyanchiq bo‘lmaydi, do‘stlar ham himoya qilisholmaydi.
Kilda qirolining tog‘asi o‘zi qora qirol bo‘lishni orzu qilibdi.
Kopengagen ostonasida qirol Frederik qo‘shinlari turibdi. «Kopengagen sadoqatli shahar» suratini ko‘ryapsanmi? Atrofni qora bulutlar qoplab olgan zulmat ichidan surat ko‘rinyapti, har biriga sinchiklab qara! Bu ovoz chiqaradigan rasm, uning haqidagi xotiralar hozirgacha qo‘shiq va afsonalarda yashab kelmoqda; zamon og‘ir, g‘am-kulfatga to‘la yillarni olib keldi.
Erkin qush qirol Kristernga nima bo‘ldi? Bu haqda qushlar kuyladi – ular uzoq-uzoqlarga, dengiz ortidagi yot mamlakatlarga uchib borishadi. Laylak erta bahorda janubdan, german yurtidan uchib keladi, u bundan keyin aytiladigan voqealarning shohidi bo‘libdi.
«Men yot o‘lkalarda archagul o‘sgan cho‘llarda qochoq qirol Kristernning o‘tganini ko‘rdim, uning ro‘parasidan bitta ot qo‘shilgan ko‘rimsizgina arava chiqib qoldi, aravada qirol Kristernning opasi Brandenburg markgrafi o‘tirardi. Lyuter ta’limotiga sadoqati zo‘r bo‘lgani uchun uni eri uydan haydab yuborgan edi. Qorong‘iliq qoplagan cho‘lda surgundagi odamlar – qirol bolalari uchrashib qolishibdi. Arang o‘tayotgan yillar g‘am-g‘ussa keltirardi, boshga kulfat tushgan vaqtda qarindosh-urug‘lar suyanchiq bo‘lmaydi, do‘stlikni himoya qilishmaydi».
Syonderborg qal’asidan uchib kelgan qaldirg‘och ham mungli sayradi:
– Qirol Kristernni tutib berishdi. U quduqday chuqur va qorong‘i minorada o‘tiribdi, uning og‘ir qadam tashlashlaridan tosh ustida yo‘l paydo bo‘ldi, qattiq marmarda esa qo‘l izlari qoldi.
Tosh aytgan hikoya dahshat, shubhasiz,
Uni bayon etmoqqa tillar ham ojiz.
Moviy dengizdan dengiz lochini uchib keldi, dengiz erkin, unda g‘ov-to‘siqlar yo‘q, dengizda kema shitob bilan suzmoqda, kemada Fyun orolining mard-u maydoni Syoren Nordbyu bor. Unga omad yor bo‘lyapti, lekin bu omad shamol singari beqaror.
Yutlandiya hamda Fyunda qarg‘alar va zag‘chalar osmonni boshlariga ko‘tarib: «Yo‘lga chiqish vaqti bo‘ldi! Noz-ne’matlar mo‘l-ko‘l! Inson va ot murdalari tog‘-tog‘ bo‘lib uyulib ketgan! Zamon notinch, graf urush qilyapti. Dehqonlar qo‘liga tayoq, shaharliklar pichoq olib: «Bo‘rilarni o‘ldiramiz! Bo‘ri zotini yo‘qotamiz!» – deb qichqirishmoqda. Yondirilgan shaharning burqsagan tutuni osmonni qoplab olgan edi.
Qirol Kristern Syondenborg qal’asida tutqunlikda, u erkinlikka chiqolmaydi, kulfat yog‘ilgan Kopengagenni ko‘rolmaydi. Shimoldagi yaylovda Kristian III bir vaqtlari otasi turgan joyda turibdi. Poytaxt dahshat ichida, Kopengagenda o‘lat avjiga mingan.
Cherkov devoriga kiyimlari juldur, ozib-to‘zigan bir ayol suyanib o‘tiribdi. U jonsiz, tizzasida esa ikki tirik go‘dak o‘sha o‘lik onani emmoqda.
O, vafoli Kopengagen, ortiq orzu-umid ham, jasorat ham qolmadi.
– Karnaylar chalindi. Chorlov sadolari, nog‘ora ovozini eshityapsanmi?
Shoyi va barqut kiyimlarga o‘ralgan, boshlariga jig‘a taqqan otliq dvoryanlar o‘tishadi, otlarining egarjabduqlari oltindan, ular eski bozor tomon ketishyapti. U yerda musobaqami yoki odatdagi ot o‘yini bo‘lyaptimi? O‘sha yoqqa eng yaxshi kiyimlarini kiyib olgan dehqonlar, shaharliklar ham ketishyapti. U yerda nimani tomosha qilishadi? Papa kitoblarini gulxan qilinadimi yoki Slagxuk2121
Slagxuk Didrix – vrach, Kristian II ning yaqinlaridan; u 1522-yilda qatl etilgan.
[Закрыть] o‘zi yondirgan gulxanda tik turganday o‘sha yoqda jallod turibdimi? Mamlakat hukmdori, lyuterchi qirol haqidagi ovoza hammayoqqa tarqalsin.
Ochiq derazalar oldida baland yoqali paltolar, gavhar qadalgan shapkalar kiyib olgan taniqli xonimlar, olijanob oyimqizlar dabdabani havas bilan tomosha qilishyapti. Baxmal soyabon ostidagi qirol o‘tirgan taxt yoniga to‘shalgan gilamda eski kiyimlar kiyib olgan kengash a’zolari o‘tirishardi. Xalqqa qirol va kengashning amri e’lon qilinadi. Shaharliklar olijanob dvoryanlikka qarshi ko‘tarilgan isyonni qoralovchi xunuk so‘zlarni e’tibor bilan tinglaydi. Shaharliklar kamsitiladi, dehqonlar esa yana qulga aylantiriladi. Mana, Daniya yepiskoplari sha’niga xunuk gaplar aytilyapti. Cherkov va monastirlarning hamma mol-mulki qirol va dvoryanlar qo‘liga o‘tadi.
Qahr va halovatlik, shuhratparastlik va ablahlik yanada zo‘raydi.
Faqir qushcha yuvosh va qo‘rqoq
Oyog‘ini sudraydi arang.
Boyqush esa mag‘rur, xiraroq,
Hovliqishdan boshi ham garang.
Alg‘ov-dalg‘ovlarda u o‘tgan zamon betini qora bulut qopladi, lekin ba’zan yarq etib quyosh nuri ham ko‘rinib qoldi; olimlar va studentlar uyi tepasida quyosh charaqladi, bu uylarda hanuzgacha unutilmagan odamlarning nomlari yana tilga olinadi. Gans Tausen Fyun orolidagi kambag‘al temirchining o‘g‘li:
Birken shahri bilan Gansni bolaligidan,
Endi bo‘lsa Tausen nomi taratmoqda shan:
Daniya Lyuter nomin oldi azamat,
Olov so‘zla yuraklarni eta oldi zabt.
Petrus Palladius nomi dong taratyapti – uning nomi lotinchada ana shunday yangraydi. Yepiskop Roskillskiy Peder Plade bo‘lib jaranglaydi. U yutlandiyalik kambag‘al temirchining o‘g‘li edi. Dvoryanlar orasida davlat kantsleri Gans Frisning nomi mashhur. U studentlarni yediribichirdi, ularga g‘amxo‘rlik qildi, bu g‘amxo‘rlikdan gimnaziya talabalari ham bebahra qolmadilar. Hammadan burun boshqa odamga shon-sharaf va maqtovlar bo‘lsin:
Poytaxtda maktabdor, barmog‘i chaqqon
G‘ayrat-la varaqlar ekan kitobni,
Kristian nomin shon-u shuhrati
Nur sochdi xijolat etib oftobni.
Mana, alg‘ov-dalg‘ovlarga to‘la zamonni qoplab yotgan bulutlarni yorib quyosh nuri yaraqlab chiqdi.
– Yana varaqlaymiz!
Samsyo sohillaridagi Katta Belt ustida yoqimli tovushlar, dilrabo qo‘shiqlar yangrayapti! Dengiz qa’ridan yam-yashil sochlarini yoyib suv parisi chiqadi va u bir dehqonga: «Bir shahzoda tug‘iladi, u ulug‘ va qudratli qirol bo‘ladi» – deb aytadi.
Shahzoda dalada, gulga ko‘milgan do‘lana daraxti tagida tug‘iladi, o‘shandan beri uning nomi qo‘shiq va afsonalarda aytilib, ritsar qal’alarida, qasrlarda tildan tushmaydi.
Cho‘qqaygan minorali birja, Rosenborg shahri qalin devor ortidan qad ko‘tardi. Studentlar uyli bo‘lishdi, uning yonida Yumaloq minora – Uraniya ustunlari yuksaklikka bo‘y cho‘zdi, u hali ham savlat to‘kib turibdi. Minora ilgari chiroyi bilan ko‘zlarni maftun etgan Uraniyeborg tomonga qaragan. Uning oltinrang gumbazlari oy nurida yarqiraydi. Suv parilari shu yerda yashagan, odamlar ta’zim bajo keltirish uchun kelgan qirollar va mashhur kishilar haqida, taniqli zotlar orasida eng donosi Tixo Brage haqida kuylashadi. Bu odam Daniyaning shuhratini shunchalik yuksaklikka ko‘tardiki, yulduzlar charaqlagan osmon haqida gap ketganda uning nomini barcha ma’rifatparvar mamlakat xalqlari hurmat bilan tilga oladigan bo‘ldi.
Ammo Daniya quvib yubordi. U o‘zini yupatish uchun shunday qo‘shiq aytdi:
Hammayoqda osmon bor ekan,
Ortiq menga nima ham kerak?
Bu qo‘shiq suv parilarining qirol Kristian IV haqida aytgan qo‘shiqlari singari xalq orasida yashab kelmoqda.
– Manovi sahifaga yaxshiroq nazar tashla. Bu suratdagi zulmat qasida baytlaridan ko‘proq. Qasida xushchaqchaq boshlansa-da, oxiri g‘amgin tugaydi. Ana, husnda tengi yo‘q, yoqimtoy malika qirol qasrida raqs tushyapti. U qirolning tizzasida o‘tiribdi, u Kristian IV ning sevikli qizi Eleonora bo‘ladi. Uni ayollarga xos yaxshi xulq-atvor va saxovatli bo‘lishga o‘rgatishyapti. Uning kuyovi eng aslzoda dvoryanlardan Korfits Ulfeld bo‘ladi. Qiz hali yosh. Ba’zan qattiqqo‘l enaga uni xipchin bilan savalab ham turadi, qiz bo‘lsa ba’zida nohaq jazolanganidan shikoyat qilib kuyovi huzuriga borib turadi. Qizcha o‘ta aqlli, dono, bilimdon bo‘lib, lotin va grek tillarini biladi, italyancha qo‘shiq aytadi, udni qotirib chaladi, papa hamda Lyuter haqida fikr-mulohaza yuritadi.
Qirol Kristian Roskill shahridagi qirol maqbarasida abadiy uyquda yotibdi, Eleonoraning akasi yangi qirol bo‘ldi. Kopengagen qasrida hashamat va dabdaba hukmron, bu yerdagi dono va go‘zal xonimlarning hisobi yo‘q, lekin ular orasida eng go‘zali malika Sofiya Amaliya Lyunburgskaya hisoblanadi. Chavandozlikda, shirinsuxanlikda Daniya malikasi oldiga kim tusha olardi?
– Eleonora Kristian Ulfeld! – dedi Fransiya elchisi. – Aql va husnda hammani yo‘lda qoldirib ketdi.
Mana, qirol qasrining oynadan tiniq parket poli ustida to‘ng‘iztayoq o‘simligiga o‘xshash qora hasad bo‘y cho‘zib qariqizday chirmashib, xafalik hamda zaharxanda urug‘ini socha boshladi. Eleonoraning karetasi saroy ko‘prigiga yetmasdan to‘xtasin, deb amr qilindi, chunki malika karetasida ketayotgan vaqtda uning atrofida oddiy ayollar piyoda yurishlari kerak edi. Shundan ig‘vo, mish-mish, yolg‘onlar to‘qib-bichildi.
Qorong‘i tunda Ulfeld xotinini dast ko‘tardi. Shahar darvozasining kaliti uning qo‘lida edi, u darvozani ochdi, ular mingan otlar chopib ketdi. Er-xotin dengiz sohiliga yetib kelishib, kemaga tushishdi-da, Shvetsiyaga jo‘nashdi.
Kelgusi sahifani ochamiz – baxt ulardan ana shunday yuz o‘girdi.
Kuz keldi, kunlar qisqarib, tunlar uzaydi, havoning avzoyi buzilib, yomg‘ir yog‘di, izg‘irin shamol kuchaydi. Shahar ihota ko‘tarmasidagi daraxtlar shoxi shamolda guvillaydi, yaproqlar Peder Oksen qo‘rg‘oni tomon uchadi, qo‘rg‘on bo‘m-bo‘sh, uning egalari jo‘nab ketishgan. Shamol Kristiansxavn tomon esadi, Kaya Lyukke uyi atrofida uvillaydi. Endilikda bu yer qamoqxona. Uyning egasi quvg‘inda tamg‘asi pachoqlanib, tasviri eng baland dorga osilgan, hazrati oliyalari Daniya malikasiga hazil qilgani, o‘ylamay gapirib qo‘ygani uchun ana shunday jazoga hukm qilingan edi. Ilgari qirol gofmesterining qo‘rg‘oni bo‘lib, hozir esa vayronaga aylangan bu joyda shamol hushtak chalib chiyillaydi. Qo‘rg‘on o‘rnida faqat bitta tosh qolgan, xolos. «Toshni suzuvchi muz ustida o‘zim bu yerga olib kelganman, – deb guvillaydi shamol, – tosh suv ostiga cho‘kdi, keyin «o‘g‘rilar oroli» bo‘lib o‘sib chiqdi, men uni duoyibad qildim, keyin tosh taroshlanib, graf Ulfeld saroyiga aylandi, saroyda grafinya qo‘shiq aytdi, qoyillatib ud chaldi, grek va lotin tillarida yozilgan kitoblarni o‘qidi, husnidan mag‘rurlandi. Endilikda shunday yozuvlar bitilgan faqat bitta toshgina savlat to‘kib turar edi.
ABADIY SHARMANDAI SHARMISORLIK VA HAQORATGA MAHKUM XOIN KORFITS ULFELDga:
– Olinasab beka qayoqda qoldi? Uuu-uuu, – quloqni kar qilguday hushtak chaldi shamol. – U moviy minora qal’asining dengiz suvlari devoriga urilib turgan pastqam bir uyda bir necha yildan beri o‘tiribdi. Uy ichida issiqdan ko‘ra tutun ko‘proq, derazalari kichkina, tor shipga tegay deydi. Qirol Kristian IV ning erkatoy, aslzoda qizlar va xonimlar orasida eng latofatli qizi ana shunday qashshoq kulbada yashayapti!
Xotiralar is bosgan qamoq devorlariga darparda va gulqog‘oz bo‘lib ilinadi. Ayol baxtli bolalik yillarini, doimo otasining yuzidan arimaydigan yoqimli tabassumni, o‘zining ajoyib to‘yini, shon-shuhrat, dabdabaga to‘la kunlarini, Gollandiya, Angliya va Bornxolmdagi azobuqubatga to‘la kunlarini xotirlaydi.
Erga agar sadoqat zo‘r bo‘lsa beshak,
Og‘ir kunda ayolga sevgidir tirgak.
Yo‘q, yo‘q, o‘shanda u eri bilan birga edi, hozir yolg‘iz, umrbod yolg‘iz! Uning qabri qayerdaligini o‘zi ham, boshqalar ham bilmaydi!
Yakka-yu yagona nuqsoni faqat
Eriga vafoli qoldi umrbod.
Qo‘shiqlarda kuylanganidek:
Qashshoqlik, g‘urbatli yillarda tamom
Sadoqat hamisha yor bo‘ldi mudom.
– Bu suratni ko‘ryapsanmi? – deb so‘raydi tutingan otam. – Bunda qish fasli tasvirlangan. Sovuq Lolanddan to Fyungacha ataylab muzdan ko‘prik qurdirgan shved qiroli Karl Gustav shiddat bilan oldinga intilmoqda. Butun mamlakatlarda talonchilik, yong‘in, dahshat va kulfat zo‘raygan.
Shvedlar Kopengagen devorlariga yaqinlashishdi. Qahraton sovuq, bo‘ron qorlarni to‘zg‘ityapti, shunday bo‘lsa-da, yurtini jondan sevgan, sadoqatli erkak va ayollar jangga shay turishibdi. Shahar devori ustiga hunarmandlar va do‘kondorlar, studentlar va magistrlar – hamma chiqqan. Hech kim ajal olovi purkovchi zambaraklarning og‘zidan cho‘chimadi. Qirol Frederik kindik qoni to‘kilgan yerda o‘limiga rozi bo‘lib, qasamyod qildi. Ana, qirol malika bilan o‘rnidan qo‘zg‘aldi. Qalbi jasorat, vatanga muhabbat tuyg‘ulariga to‘lib-toshgan odamlar jangga shay. Qani, kafanga o‘ralgan shvedlar qor ustida o‘rmalab, shahar ostonasiga yaqinlashib ko‘rsinchi! Ular sal oldinga siljishi bilanoq devor ustidan xoda va toshlar yog‘iladi, xotinlar qozon olib kelib, hujumga o‘tgan dushman ustiga qaynoq qoramoy quyib yuborishdi.
O‘sha tunda qirol bilan xalq yagona qudratli kuch bo‘lib birlashdi, Ular shvedlar asoratidan qutuldi, g‘alaba qozonishdi! Qo‘ng‘iroqlar jarangladi, xalq toat-ibodat qildi. Kopengagen xalqi, sen hozir ritsarlik shporiga ega bo‘lding!
– Undan keyin nima bo‘ldi? Endi manovi suratga qara!
Yepiskopning xotini Svane yopiq karetada ketyapti. Bunday huquqqa taniqli zodagonlar, qudrati zo‘r dvoryanlargina ega. Mana, mag‘rur dvoryanlar aravaning pachog‘ini chiqarishdi. Endi yepiskopning xotini uyiga piyoda qaytishga majbur.
Bu bilan tamom deb o‘ylaysanmi? Yaqinda yana ham katta narsalar parchalanib, xurofot saltanati yiqitiladi.
Burgomistr Gans Nansen yepiskop Svane bilan hamkorlikda xayrli ishni boshlab yuboradilar. Cherkovda ham, burgomistr uyida ham ta’sirchan va chin qalbdan nutqlar so‘zlana boshlandi. Darvozalar berkitilib, bong urildi, eng og‘ir damlarda yurtini tashlab ketmagan qirol butun mamlakatda hukmron bo‘lib qoladi.
Bu yakka hukmronlik davri edi.
– Endi sahifani varaqlab, boshqa zamonlarni ko‘ramiz.
«Ol, bos!» Omoch-bo‘yinturuqlar uloqtirildi, dalalarni supurgigullar bosib ketdi. Bu yerlar ovbop yerlarga aylanibdi! «Ol, bos!» Atrofda ovchilar burg‘usi ovozini, ovchilar hayqirig‘i, ovchi itlarning vovillashini eshityapsanmi? Ovchilarni ham ko‘ryapsanmi? Bu qirol Kristian V bo‘ladi, u yosh, xushchaqchaq odam! Qal’ada ham, shaharda ham xursandchilik. Qal’ada shamlar, saroyda mash’alalar yonmoqda, shahar ko‘chalarida fonarlar yoqildi. Hammayoq yaraqlaydi, hamma narsa yap-yangi. Germaniyadan chaqirilgan yangi dvoryanlar, graf va baronlar unvon, martaba olib qirol marhamatidan bahramand bo‘lishibdi. Nemis tilining hurmati ortibdi. Qadimiy daniya tilida ovoz yangrab qolibdi: u to‘quvchining o‘g‘li edi, endilikda yepiskop bo‘libdi. Bu yepiskop Kingoning tovushi bo‘lib, u duo o‘qiyotgan ekan.
Yana uncha mashhur bo‘lmagan vinochining o‘g‘li bor ekan, uning aqli huquqshunoslik sohasida qirol nomining oltin oynasi bo‘lib, qonunlari uzoq umr ko‘ribdi. Oddiy odam farzandi, Daniyaning qudratli kishisi dvoryanlik gerbini olish sharafiga muyassar bo‘lib, o‘ziga dushmanlar ham orttirib olibdi. Griffenfeldning boshida jallod qilichi o‘ynabdi. Shu payt uning gunohi kechirilib, o‘lim jazosi umrbod qamoqqa almashtirilibdi. Uni qoyatoshlari serob Tronxeym ro‘parasidagi Munkxolm oroliga jo‘natishibdi. Munkxolm – Daniyaning Muqaddas Yelena oroli ekan.
Saroy zallarida aslzodalar ilgarigiday raqsga tushishyapti, hashamat va dabdaba, o‘yin-kulgi avjida, xonimlar bilan ularning xushtorlari o‘yinga tushishyapti.
– Mana, Frederik IV zamoni ham yetib keldi.
Qara, kema ustida zafar bayroqlari mag‘rur hilpirayapti! Mavj urayotgan to‘lqinlarga boq! Ular Daniyaning ulug‘vorligi, uning shon-shuhrati haqida qayta hikoya qilishga qodir. Biz Seestedt va Gyuldenlev singari g‘oliblarning ko‘plab nomlarini xotirlaymiz. Biz Daniya flotini qutqarib qolish uchun o‘z kemasini portlatgan va Daniya bayrog‘i bilan birga osmonga uloqtirilgan Vidtfeldtni ham xotirlaymiz. Biz o‘sha zamonlardagi urushlarni, Norvegiya tog‘larida tug‘ilib, Daniyani himoya qilgan qahramon Tordensheldni ham xotirlaymiz! Bepoyon va pishqirgan dengizda uning nomi gulduraydi, uning aks-sadosi uzoq-uzoq sohillargacha yetib boradi:
G‘azab-la chaqmoq urib qahqaha,
Pardozim boshlardan to‘zitdi upa.
Go‘yo chevar-yashin dushman zulmatin
Yoritdi tashlab igna-savog‘in.
Shimolning ko‘pirgan suvida hamon
Yana vikinglarning ruhi hukmron.
Grenlandiya sohillaridan esgan shamol muqaddas o‘lkaning xush bo‘yini keltiradi: U Yevangeliya Gans Egede va uning xotini yorug‘lik olib kelayotganini xabar qilibdi.
Shuning uchun sahifaning bir tomoni zarhal, ikkinchi tomoni motam belgisi bo‘lganidan kulrang, qora dog‘lari bor, uchqun kuydirganga, xuddi o‘lat va kasalliklar asorati qolganga o‘xshaydi.
Kopengagenda vabo tarqalibdi. Ko‘chalarda odam ko‘rinmaydi, hamma eshiklar berk, hamma joyga bo‘r bilan but surati chizib tashlangan emish, demak, ana shu uylarga vabo tekkan, agar but surati qora rangda chizilgan bo‘lsa, o‘sha uydagilarning hammasi o‘lgan bo‘lardi.
Kechalari o‘liklarni yig‘ishtirishibdi, qo‘ng‘iroqlar jaranglamay qo‘yibdi, uylardan o‘layotgan odamlarni olib chiqishibdi, aravalarning ovozi eshitilibdi, unga o‘liklarni sarjin qilib qalashtirishibdi. Mayxonalardan bema’ni qo‘shiqlar, mastlarning hayosiz baqiriq-chaqiriqlari eshitilib turibdi. U yerdagi odamlar dahshatli kulfatni biroz bo‘lsa-da, unutish uchun qo‘shiq aytishyapti! Qachon bo‘lmasin hamma narsaning ham oxiri bo‘ladi-da. Kopengagen boshiga tushgan dahshatli vabo hamda sinov daqiqalari ham tugadi.
Qirol Frederik IV hali hayot, yillar uning sochini qorday oqartirib yuborgan. U o‘z qal’asi derazasidan tashqariga qarayapti; kech kuz payti bo‘lgani uchun havoning qovog‘i soliq emish.
G‘arbiy darvoza yonidagi kichkinagina uyda bir bola koptok o‘ynayapti, uning koptogi chordoqqa tushib qoladi. Bola sham olib, koptogini axtaribdi, bir vaqt shamdan o‘t chiqib, uy yonib ketibdi, yong‘in ko‘chaga o‘tibdi. Alanga osmon betini qoplab olganidan hatto bulutlar ham yorishib ketibdi. Alanganing osmonga o‘rlashini qara! Yong‘inga yem bo‘ladigan narsalar ko‘p, bu yerda somon ham, poxol ham bor emish. Hamma narsa yonibdi. Atrofda yig‘i-sig‘i, ohvoh, sarosima ko‘tarilibdi. Ana shu to‘s-to‘polonda qirol otliq kelibdi, odamlarni yupatib, yo‘l-yo‘riq ko‘rsatibdi. Porox portlab, uylar qulabdi. Shimoliy rayon yong‘in ichida qolibdi, avliyo Petr, Bibi Maryam cherkovlari yonibdi! Eshityapsanmi, organ oxirgi marta: «Ey, parvordigor, g‘azabingdan qayt!» – deb jaranglabdi.
Faqat Dumaloq minora bilan qal’agina omon qolibdi. Hammayoqda kul, tutun. Qirol Frederik IV xalqni sevadi, u ochlarni yupatib, qornini to‘yg‘azadi, uysizlarga yordam beradi. Hamisha omon bo‘l, Frederik IV!
– Endi manovi varaqqa qara!
Zarrin karetani ko‘ryapsanmi? Yonlarida mulozimlar, orqa va oldida qurolli chavandozlar borishyapti, kareta saroydan chiqib kelyapti, saroy qarshisidagi maydonga xaloyiq kirmasin uchun temir zanjir o‘ralgan. Oddiy odamlar maydondan o‘tayotganda bosh kiyimlarini olishi kerak, lekin odamlar ko‘p emas, ular maydonni aylanib o‘tishyapti. Ana, bir nuqtaga tikilganicha bir odam kelyapti. U shlyapasini qo‘liga ushlab olgan, o‘sha zamon haqida gapirarkanmiz, albatta bu odamni sharaflaymiz.
Qalam tili va qudrati bilan
Kelajakka bo‘ldi o‘tmishdosh.
Yot tillar jarangin quvdi umrbod
Sahnamizda porladi quyosh.
Bu eng ziyrak, eng quvnoq kim o‘zi? Lyudvig Xolberg! Uning qo‘li ostidagi Daniya teatri va saroy yovuzlik maskaniday yopib qo‘yildi. Xursandchilik barham topdi, raqs, ashula va musiqa taqiqlandi. Xristianlikning zulmatga to‘la zamonlari boshlandi.