Электронная библиотека » Ганс Христиан Андерсен » » онлайн чтение - страница 21

Текст книги "Қор одам"


  • Текст добавлен: 29 апреля 2024, 16:20


Автор книги: Ганс Христиан Андерсен


Жанр: Книги для детей: прочее, Детские книги


сообщить о неприемлемом содержимом

Текущая страница: 21 (всего у книги 25 страниц)

Шрифт:
- 100% +

QUYRUQLI YULDUZ

Bir vaqt osmonda quyruqli yulduz paydo bo‘libdi, u nur sochibdi, dumi xivichday xavf solibdi. Unga badavlat qal’adagi odamlar ham, faqir xonadonlardagilar ham qarashibdi, xullas, jami odamlar, kimsasiz sahroda ketayotgan yolg‘iz yo‘lovchi ham yulduzga tikilibdi, ular o‘zlaricha fikr yuritishibdi.

– Samo bayrog‘ini tomosha qilinglar! Qanday ko‘rkam-a! – debdi ular orasidan kimdir. Odamlar quyruqli yulduzni tomosha qilgani uylardan ko‘chaga chopib chiqishibdi.

Lekin bir xonada ikki kishi: yosh o‘g‘il bola onasi bilan yulduzni tomosha qilgani chiqmabdi. Xonadagi stol ustida sham yonib turar ekan, ayol mundoq qarasa, shamning piligi so‘xta bo‘lib, ayol tomonga qarab qolibdi, xalq orasidagi diniy aqidaga ko‘ra, so‘xta qaysi tomonga yuz o‘girsa, o‘shaning umri tugar emish, kuyindi ayol tomonga egilibdi.

Ona ana shu aqidaga ishonar ekan. Biroq bolaning peshonasiga ko‘p yillar yashash, quyruqli yulduzni yana oltmish yildan keyin ikkinchi marotaba ko‘rish nasib qilgan ekan.

Bola shamdagi so‘xtani payqamabdi, o‘zi hayotligida paydo bo‘lgan yulduz haqida o‘ylamabdi ham. Uning oldidagi stol ustida sovunli suv to‘la idish turar, bola idishga kichkinagina sopol nayni botirib, uning boshqa uchidan puflarkan, undan har xil kattalikdagi pufakchalar uchib chiqar ekan. Pufakchalar havoda o‘ynab, bir necha – qizil, binafsha rangdagi pufakchalardan moviy pufak hosil bo‘lar, keyin esa u quyosh nurida cho‘milgan to‘q yashil yaproq rangiga kirar ekan.

– Ilohim, qancha pufak uchirgan bo‘lsang, shuncha yil yasha! – debdi onasi.

– Eh-he, pufaklar juda ko‘p-a! – deb xitob qilibdi bola. – Bu sovunli suv bir necha asr pufaklar yasashga yetadi.

U yana pufak yasab, havoga uchiraveribdi.

– Ana, bir yildan beri uchyapti! Ana, yana bittasi uchib ketdi! Uning uchishini qara! – debdi bola. Ikkita pufak uchib kelib, uning ko‘ziga tushibdi, bolaning ko‘zi achishib, yosh chiqib ketibdi! Bola har bir pufakda kelajakning yorqin, ko‘z o‘ynatadigan ajoyib manzarasini ko‘ribdi.

– U endi ravshan ko‘rinyapti! – deb qichqirishibdi qo‘shnilar. – Yulduzni tomosha qilgani chiqinglar! Nega uyda o‘tiribsizlar!

Ona bolasining qo‘lidan ushlab tashqariga yetaklabdi, bola nayini qo‘yib, o‘yinni to‘xtatishga majbur bo‘libdi, axir yulduzni tomosha qilish kerak ekan-da.

Bola ham porlab turgan yulduzga va uning yarqiroq dumiga tikilibdi. Ba’zilar uning dumini uch arshin deyishsa, boshqalari uch milliard keladi, deyisharmish… Har kim o‘z o‘lchovi bilan o‘lchaydi-da.

– Bu yana ko‘ringuncha bolalarimiz ham, nabiralarimiz ham allaqachon olamdan o‘tgan bo‘ladi! – deyishibdi odamlar.

Darhaqiqat, yulduz yana osmonda ko‘ringanda o‘sha odamlarning aksariyati olamdan o‘tgan ekan. Lekin onasining fikricha, shamning so‘xtasi qiyshayib, o‘limi yaqinlashgan bola, garchi sochi qorday oqarib ketgan bo‘lsa-da, hozir hayot ekan. «Oq soch – qarilik guli!» – deyiladi maqollarda. Uning boshi ana shu gullarga ko‘milgan ekan. U keksa o‘qituvchi bo‘libdi.

Maktab o‘quvchilari uni o‘ta bilimdon, aqlli, tarix bilan geografiyani, shu bilan birga samoviy jismlarni ham yaxshi biladi, deyishar ekan.

– Hamma narsa takrorlanadi, – der ekan u. – Kishilarning yuziga sinchiklab nazar tashlasangiz, voqeahodisalarning uzluksiz takrorlanayotganining, orqaga qaytayotganining guvohi bo‘lasiz, lekin bu odamlar boshqa kiyimda, boshqa mamlakatlarda bo‘ladi.

Maktab o‘qituvchisi misol tariqasida o‘g‘lining boshiga qo‘yilgan olmaga o‘q uzgan Vilgelm Tell voqeasini aytib beribdi. U yovuz Geslerga otilishi kerak bo‘lgan o‘qni qo‘ynida yashirib yurar ekan. Bu voqea Shveytsariyada bo‘lib o‘tibdi, lekin xuddi shunga o‘xshash voqea bundan ko‘p yillar muqaddam Daniyada ham yuz bergan ekan. Palnatok1414
  Palnapok – Daniyaning afsonaviy qahramoni. U haqidagi afsona Elenshlegerning mashhur tragediyasiga syujet bo‘lgan.


[Закрыть]
ham o‘g‘li boshidagi olmaga o‘q uzgan, u ham o‘ch olishi uchun boshqa bir o‘qni qo‘ynida yashirib yurgan ekan. Qadimiy solnomalarda yozilishicha, o‘sha voqeadan ming yil ilgari shunday hodisa Misrda ham bo‘lgan ekan. Ha, voqealar kishilarning aft-angorida takrorlanaveribdi, yulduz singari orqaga qaytaveribdi.

O‘qituvchi bolaligida ko‘rgan, yana paydo bo‘lishi muqarrar bo‘lgan yulduz haqida hikoya qila boshlabdi. U samoviy jismlar haqida ko‘p narsa bilar, ular xususida ko‘p o‘ylar ekan, shu bilan birga tarixni ham, geografiyani ham unutmabdi.

U o‘z bog‘ini Daniya xaritasiga o‘xshatib barpo qilibdi. Mamlakatning har bir qismi, har bir viloyati o‘sha joylarga monand gullar va daraxtlar bilan tasvirlanibdi.

– Qani, menga no‘xat topib beringlarchi, – der ekan u, shunda o‘quvchilar Lollanni anglatuvchi egatlar oldiga borishar ekan. – Qora bug‘doyni topinglar! – deganda esa Langelanni bildiruvchi egat yoniga borar ekan. Ajoyib moviy gullarni shimolda – Skagenda, chiroyli Iso na’matagini Silkeborg yaqinidan topish mumkin ekan. Shaharlar haykallar bilan belgilangan ekan. Ajdahoni o‘ldirayotgan Avliyo Knud Odensa shahrini, yepiskoplik hassasini ushlab turgan Absalon Soryo shahrini, kichkinagina eshkakli kema Orxus shahrini bildirar ekan. Ha, o‘qituvchi bog‘idan Daniya xaritasini o‘rganib olish mumkin ekan, lekin avvalo uning o‘zidan ta’lim olib, so‘ng xaritani o‘rganish maroqli bo‘lar ekan!

Shunday qilib, odamlar yana yulduz paydo bo‘lishini kutishayotgan ekan, o‘qituvchi esa yulduz haqida, u dastlabki paydo bo‘lgan vaqtda odamlarning fikr-mulohazalari xususida gapiribdi, o‘shandagi voqea o‘qituvchi xotirasiga naqshlanib qolgan ekan-da.

– Yulduz paydo bo‘ladigan yili vinolarning quvvati baland bo‘ladi! – debdi u. – Vinofurushlar unga suv qo‘shishi ham mumkin, buni hech kim payqamaydi. Binobarin, ular shunday yillarda norozi bo‘lib yuradilar.

Mana ikki haftadan beri osmon betini bulut qoplab, paydo bo‘lgan yulduz ko‘rinmas ekan.

Keksa o‘qituvchi sinfxonasi yonidagi hujrasida o‘tirar ekan. Burchakda ota-onasidan meros qolgan qadimiy Bornxolm soati turar ekan. Soatning og‘ir qo‘rg‘oshin toshlari ko‘tarilmas, tushirilmasakan, chunki tebratgich ishlamas, ilgari teshikdan boshini chiqarib kukulaydigan kakku bir necha yillardan beri qimirlamas, ichkarida yotar, xullas, soatning hamma mexanizmlari ishlamas ekan. Lekin o‘qituvchining ota-onasidan qolgan klavishli ko‘hna musiqa asbobi hozir ham ishlar ekan. Uning torlari jaranglab, qariyalarday hirqiroq ovoz chiqarar ekan. O‘qituvchi undan umrida eshitmagan musiqalarni tinglar ekan. Bu musiqalar keksa o‘qituvchi ruhida sevinchli va g‘amgin xotiralarni uyg‘otar ekan. O‘qituvchi yulduz dastlab paydo bo‘lgan vaqtdagi bolaligidan boshlab to uning ikkinchi marotaba ko‘rinishiga qadar o‘tgan ko‘p voqealar marjonday xayolidan o‘tibdi, shu yillarda ko‘p sarguzashtni boshidan kechiribdi. U shamdagi so‘xtani ko‘rib, onasi nimalar deganini, o‘zi uchirgan sovun pufakchalari yodiga tushibdi. Uchirilgan har bir pufak uning umrining bir yiliga teng ekan, pufaklar yarqiroq, chiroyli ekan! Ular bolaga g‘aroyibot va shodlik, bola o‘yini, yoshlik farog‘ati baxsh etar ekan! Butun olam quyosh nurlarida cho‘milib, uning ko‘z o‘ngida namoyon bo‘libdi! Bu kelajakning sovun pufaklari ekan! Endi u qarib qolgan, musiqa asbobida o‘tmish musiqalarini jaranglatyapti – bular xotira ranglariga bo‘yalgan pufaklar ekan. Bir vaqt momosining paypoq to‘qib o‘tirib aytadigan qo‘shig‘i yangrabdi:

 
Dastlabki paypoqni
Suvora tikmaganmi?
 

Manovinisi esa uning go‘daklik vaqtida keksa oqsoch ayol aytib bergan qo‘shiq ekan:

 
Kim yosh bo‘lsa yo ahmoq,
Kulfat tushar boshiga,
Qodir egam bilar buni
Rahm qilar yoshiga!
 

Keyin dastlabki bazm, menuet, Molinaska1515
  Molinaska – qadimiy raqs.


[Закрыть]
kuylari, undan keyin esa hazil va mayin tovushlar taralibdi, chol yig‘lab yuboribdi, so‘ng harbiy marsh, duo musiqasi, keyin esa yana o‘ynoqi sadolar yangrabdi. Bola uchirayotgan sovun pufagiday musiqalar ham almashinib turibdi.

Chol derazaga nigoh tashlabdi; osmonni qoplab yotgan bulutlar birdan tarqalibdi, u porlab turgan yulduzni, uning yarqiroq dumini ko‘ribdi.

U o‘zini yulduzni kechagina ko‘rganday his etibdi; aslida esa yana yulduz ko‘ringunga qadar oradan xotiralarga to‘la bir inson umri o‘tib ketibdi. O‘sha oqshom u yosh bola edi, sovun pufaklarida kelajakni ko‘rgan edi, endi bo‘lsa ular o‘tmish xotiralari bo‘lib qolibdi. Uning qalbi bolalarnikiga xos ishonch tuyg‘usi bilan to‘libdi, ko‘zlari chaqnabdi, qo‘li esa klavishlar ustiga tushibdi… Tor uzilganga o‘xshash ovoz eshitilibdi.

– Yulduzni tomosha qilgani chiqing! – deb qichqirishibdi unga qo‘shnilari. – Osmon biram tiniqki! Chiqing, yulduz juda ravshan ko‘rinyapti!

Biroq keksa o‘qituvchi javob bermabdi: u yulduzni yaxshiroq tomosha qilish uchun bulutlardan ham yuksakka yo‘l olibdi. Uning ruhi yulduz uchadigan bo‘shliqdan ham kattaroq va kengroq fazoga uchishga hozirlanibdi. Yulduzga esa hashamatli qal’a va faqir xonadondagi odamlar, to‘p-to‘p olomon, kimsasiz sahroda ketayotgan yolg‘iz yo‘lovchi qarabdi. O‘qituvchining ruhiga esa parvardigorning o‘zi nigoh tashlabdi, uning ruhi tirikligida yerda orziqib kutgan, yuragiga yaqin, qadrdon samoga ko‘tarilibdi!

KATTA BOBOM

Katta bobom dono va muruvvatli odam edi, hammamiz uni sevar va hurmatlar edik. Elas-elas esimda: ilgarilari uni bobo deyishardi, to‘ng‘ich akam Frederik degan o‘g‘il ko‘rgandan keyin uni katta bobo deb ataydigan bo‘ldik. U bundan ham yuqori martabaga erisha olmasdi. Hammamizni jonidan yaxshi ko‘rardi-yu, biroq zamonamiz uning qadriga yetmadi.

– Eski zamon yaxshi edi! – derdi bobom. – U zamonlar binoyidek edi. Hozir hamma oyog‘ini qo‘ltiqlab yugurgani yugurgan, hammayoq alg‘ov-dalg‘ov! Yoshlar mahmadonalik qilishadi. Qirollarni tengqurlarday bilib, ko‘chadan kelgan har qanday janob lattasini iflos suvga botirib, muhtaram arbobning boshida suvini siqishi mumkin!

Bobom shu gaplarni aytar ekan, qizarib ketar, birozdan keyin o‘ziga kelib, odatdagiday kulardi-da, gap boshlardi:

– Xo‘sh, ehtimol, gaplarim uncha to‘g‘rimasdir! Lekin men eski zamon kishisiman, yangilikni uncha yoqtirmayman. Zamonani Olloning o‘ziga havola qilib qo‘ya qolganimiz ma’qul!

Katta bobomning eski zamonlar haqidagi hikoyalarini eshitarkanman, o‘zimni go‘yo o‘sha zamonlarda yashaganday his etardim, xayolan gayduklar bilan oltin karetalarda yurardim, sex viveskasini musiqa chalib, bayroqlar ko‘tarib ko‘chirish tantanalarini tomosha qilardim, diniy bayram va o‘yinlarda ishtirok etardim. To‘g‘ri, u zamonlarda talay dahshat va noma’qulchiliklar yuz berardi: iskanjaga olish, charxpalakka tortib o‘ldirish, qon to‘kish hollari uchrardi, lekin ana shu dahshatli voqealar ham qandaydir jozibali narsani yashirib turar edi! Katta bobomning hikoyalaridan yaxshi-yomon hodisalarni: masalan, dehqonlarni ozod qilgan daniya dvoryanlari, qul sotishga chek qo‘ygan shahzoda haqida ham ko‘p narsalarni bilib oldim.

Ha, katta bobomning yoshlik paytlarida ko‘rgankechirganlarini eshitish maza edi, lekin bobom zamonidan oldingi davrlar undan ham yaxshi va qudratli ekan!

– Yovuz, vahshiy zamona ekan! – derdi akam Frederik.

– Xudoga shukur, u zamonlar o‘tib ketdi!

Akam xuddi shu gapini to‘g‘ridan-to‘g‘ri katta bobomga ham aytdi! Uning bunday qilishi odobdan emasdi, harholda men Frederikni hurmat qilar edim. U mening to‘ng‘ich akam, «otam o‘rnida ota edi», u qiziq tabiatli odam edi! U studentlik imtihonlarini qoyillatib topshirdi, otamning idorasida yaxshigina ishladi, birozdan keyin uni firma ishlariga aralashishga ham qo‘yishdi. U katta bobomning erkatoyi edi, lekin ular hamisha bir-birlari bilan bahslashgani-bahslashgan edi. «Bular hech qachon bir-birlarining gapiga tushunishmaydi, biron to‘xtamga ham kelisholmaydi», – deyishardi oila a’zolari, men esa ular bir-birlarini ko‘rmasa turolmasligini bilardim!

Frederik katta bobomning huzurida zamonamiz shuhratini oshirayotgan yangi ilmiy kashfiyotlar va ixtirolar haqida gapirsa yo o‘qisa, cholning ko‘zlari o‘ynab ketardi.

– Odamlarning aqli ortib boryapti, ammo bu bilan o‘z boshlariga balo orttirishyapti! – der edi u, keyin gapida davom etardi. – Ular bir-birlariga qiron keltiradigan qurollarni kashf etishyapti.

– Lekin urush tezroq tamom bo‘ladi-ku! – deb e’tiroz bildirardi Frederik. – Endilikda yetti yil sulh kutib o‘tirmaymiz! Olam ko‘pqonlikdan azob chekyapti, ora-sira qon to‘kib turish zarur!

Bir kuni Frederik bobomga bir shaharda bo‘lib o‘tgan hodisani aytib berdi. Shahar mahkamasi minorasiga o‘rnatilgan burgomistrning katta soati shahar vaqtini belgilab turar ekan. Soat unchalik to‘g‘ri yurmasa-da, shahar ahli o‘shanga qarab ishga turar ekan. Bir vaqt temir yo‘l qurishibdi, u boshqa mamlakat temir yo‘llari bilan tutashgan ekan, shu vajdan soat aniq yurishi zarur ekan, aks holda poyezdlar bir-biri bilan to‘qnashib ketishi mumkin ekan! Vokzalga quyosh soati o‘rnatilibdi; bu soat burgomistr soatiga qaraganda vaqtni to‘g‘ri ko‘rsatibdi, natijada shahar ahli o‘z soatlarini temir yo‘l soatiga qarab to‘g‘rilay boshlashibdi.

Bu voqea menga qiziq tuyulganidan kulib yubordim.

Lekin bobom kulmadi, aksincha, u yanada jiddiylashdi.

– Gapingda jon bor! – dedi bobom Frederikka. – Bu hikoyani nega aytganingga ham tushunib turibman. Sening soating havas qilsa arziydigan soat. Buni ko‘rib esimga eski, ota-onamning og‘ir qo‘rg‘oshin toshli oddiy bronxolm soati tushdi. Ota-onam ana shu soatga qarab yashashgan, o‘shanda men yosh go‘dak edim. Ehtimol, o‘sha soat to‘g‘ri yurmagandir, harholda yurib turardi. Biz esa uning ichidagi g‘ildiragini xayolga ham keltirmay, miliga qarardik, xolos. O‘sha paytlarda davlat soatlari ham o‘shanaqa edi: odamlar mil ko‘rsatgan vaqtga ishonaverar edi. Endilikda davlat mexanizmi shishadan yasalgan soatga aylanib qoldi, uning tuzilishi aniq ko‘rinib turadi; g‘ildiragining vizillab aylanishini ko‘ryapsanmi, har bir tish, har bir g‘ildirakdan qo‘rqasan, soat to‘g‘ri zang uryaptimi yo‘qmi, deb shubhalanasan kishi. Zamonamizning ojizligi ham xuddi ana shunda!

Katta bobom gapini qizishib tugatdi. Ular Frederik bilan hech bir fikrga kelisholmas, lekin o‘tmishni hozirgi zamon bilan ajratib bo‘lmaganiday, ularni ham birbirlaridan ajratib bo‘lmas edi. Frederik firma ishi bilan uzoq safarga – Amerikaga jo‘naganida buni ikkovi ham, butun oila a’zolari ham yaxshi tushunadi. Axir, Frederik juda uzoqqa – dengiz ortiga, dunyoning boshqa qismiga jo‘nab ketgan edi-da!

– Har ikki haftada mendan xat olib turasan! – dedi Frederik. – Men yuboradigan xat telegraf simi orqali senga tez yetib keladi. Unda vaqt tejaladi. Dastlabki xat telegraf orqali Angliyadan keldi; bu xatni u Amerikaga jo‘naydigan kemaga chiqish vaqtida yuborgan ekan. Uning ketidan yana bir xat keldi, Frederik bu xatni bundan bir necha soat ilgari Amerikaga yetib keliboq jo‘natgan ekan.

– Zamonamizni chinakam ilohiy fikr munavvar qilib turibdi! – dedi o‘shanda bobom. – Telegraf jonning rohati!

– Bu narsa birinchi bizning mamlakatimizda kashf etilganini Frederik menga aytgan edi, – dedim bobomga.

– To‘g‘ri! – dedi katta bobom va peshanamdan o‘pdi. – Tabiatning bu yangi kuchi sirlarini ko‘rgan mehribon ko‘zlarga tikilganman! O‘sha ko‘zlarda senikiday bolalar ruhi nur sochib turar edi! U bilan ko‘rishish sharafiga ham muyassar bo‘lganman!

Shunday deb bobom meni yana o‘pdi.

Oradan bir oy o‘tgach Frederikdan yana xat oldik. U xatida hammamizga yoqadigan bir go‘zal xonimga uylanganini ma’lum qilibdi. Xatda kelinning surati ham bor ekan, suratni oddiy ko‘z bilan ham, katta qilib ko‘rsatadigan shishada ham ko‘rdik. Surat katta qilib ko‘rsatadigan shishada ravshanroq ko‘rinadi. Portretchi rassomlar, hatto eng qadimgi mohir ustalar ham bunga erisha olmadilar.

– Mana shu kashfiyotni o‘tmishda qilishganda, hozir o‘sha davrning mashhur odamlarini – insoniyat valine’matlarini ko‘rib turardik! – dedi katta bobom. – Manovi qiz juda chiroyli-a! – U yana katta qilib ko‘rsatadigan shisha ostidagi suratga qaradi. – Endi ostonamizga qadam qo‘yishi bilanoq uni darhol taniyman!

Ammo bu shodiyona bo‘lmasligi ham mumkin ekan! Boshlariga kulfat tushishiga sal qolibdi! Buni xavf-xatar o‘tib ketgandan keyin bildik!

Yosh kuyov-kelin eson-omon Angliyaga yetib kelishibdi, u yerdan paroxodda Kopengagenga yo‘l olishibdi. Ular Daniya sohillarini va Yutlandiyaning g‘arbiy qumtepalarini ko‘rishibdi, bir payt bo‘ron ko‘tarilib, paroxod qoya toshga urilib to‘xtab qolibdi. To‘lqinlar terak bo‘yi ko‘tarilib, paroxodni pachaqlab tashlamoqchi bo‘libdi; suvga qutqaruvchi qayiqlarni tushirishning ham iloji bo‘lmabdi. Qorong‘i tushibdi, nihoyat osmonni sohildan halok bo‘layotgan kemaga otilgan raketaning yorug‘ nuri yoritibdi. Raketa kemaga arqon tashlab, u bilan sohil o‘rtasida aloqa o‘rnatilibdi. Ko‘p o‘tmay, mavj urayotgan qora to‘lqinlar ustidagi arqonda go‘zal xonim tushgan qutqaruvchi savat oldinga siljibdi. Ayol esonomon qirg‘oqqa chiqibdi. U yonida erini ko‘rib yanada sevinibdi. Hamma yo‘lovchilar va komanda tong otguncha shu usulda qutqarilibdi.

Biz bo‘lsak o‘sha halokat yuz bergan vaqtda xavfxatarni xayolimizga ham keltirmay, Kopengagendagi uyimizda shiringina uxlab yotardik, ertalab nonushtada qahva ichib o‘tirganimizda shahar telegrafining g‘arbiy sohilda ingliz kemasi halokatga yo‘liqqani haqidagi xabari bizga ham yetib keldi. Lekin shu daqiqada halokatdan qutulganlari va yaqin orada uyda bo‘lishlari haqida aziz odamlarimizdan xabar keldi.

Hammamiz sevinganimizdan yig‘lab yubordik; men ham, katta bobom ham yig‘ladik. Keyin bobom qo‘lini qovushtirdi – u yangi zamonga shukrona keltirdi, bunga ishonchim komil.

O‘sha kuni u Gans Xristian Ersted xotirasiga yuz rikszaler pul sarfladi.

Frederik yosh, go‘zal xotini bilan uyga kirib kelganda bobomning bu saxovatidan xabardor bo‘lib:

– Ish degan bunaqa bo‘pti, bobo! Endi sizga bundan bir necha yil muqaddam Erstedning eski va yangi zamon haqida nimalar yozganini o‘qib beraman! – dedi.

– U ham sening fikringda bo‘lsa kerak? – deb so‘radi katta bobom.

– Bo‘lmasam-chi! – dedi Frederik. – Siz ham hozir shu fikrdasiz-ku, yo‘qsa, unga o‘rnatilgan yodgorlikka ulushingizni qo‘shmagan bo‘lardingiz!

AQLGA SIG‘MAYDIGAN HUNAR

Kimki aqlga sig‘maydigan ish bajarsa, malikaga uylanadi, shu bilan birga sep o‘rniga yarim qirollikka ham ega bo‘ladi.

Shu gap e’lon qilinishi bilanoq yetti yashardan yetmish yashargacha bo‘lgan odamlar nima qilsak ekan, deb rosa o‘ylay boshlashibdi. Ikkita odam ko‘p ovqat yeb bo‘kib qolibdi, ikkitasi esa esini yo‘qotguncha ichibdi, ular nazarlarida aqlga sig‘maydigan ish qilyapmiz deb o‘ylashibdi-yu, lekin bo‘lmabdi! Ko‘cha bolalari yelkalariga tupuklarini tushirish uchun rosa urinishibdi, ular aqlga sig‘maydigan hech qanaqa hunar ko‘rsatisha olmabdi.

Nihoyat, har kimning qilgan aqlga sig‘maydigan hunarlarini muhokama qilinadigan kun kelibdi. Muhokama qiluvchi sudyalar orasida uch yashardan tortib to‘qson yashargacha odam bor ekan. Sudyalarga bir necha aqlga sig‘maydigan hunarlar ko‘rsatilibdi, lekin hammalari bir ovozdan eng aqlga sig‘maydigan narsa ham tashqi, ham ichki tuzilishi ajoyib bo‘lgan oshxona soati deb hisoblashibdi. U har zang urganda soat necha bo‘lganini bildiruvchi tirik manzaralar namoyon bo‘libdi. Bunaqa suratlar o‘n ikkita bo‘lib, har birining harakat qiluvchi shakllari, ashula va o‘z gaplari bor ekan.

– Bu eng aqlga sig‘maydigan! – debdi hamma.

Soat birga zang uribdi – tog‘ ustida Muso paydo bo‘libdi va shu zahoti dastlabki diniy buyruqlarni yozibdi.

Soat ikkiga zang urganda odamlar oldida jannat bog‘i namoyon bo‘libdi; Odam Ato bilan Momo Havoning garchi kiyim iladigan javoni bo‘lmasa ham, huzur-halovatga to‘la kulbalari ko‘rinibdi, biroq ular javonga muhtoj emas ekan!

Soat uchda sharqdan Isoga ta’zim qilib kelgan uchta podsho paydo bo‘libdi; ularning biri qozonday qop-qora emish, lekin u qilgan aybiga qaramay, uni quyosh qoraytirib yuborgan ekan, ularning uchovi ham qo‘lida qimmatbaho sovg‘alar va xushbo‘y tutatqichlar ushlab turgan emish.

Soat to‘rtda yilning to‘rt fasli: bahor endigina yaproq yozgan shoxida kakku o‘tirgan qoraqayini bilan; chigirtka mahkam tarmashib olgan, doni pishgan javdar boshog‘i bilan; kuz hamma qushlar uchib ketganini bildiruvchi bo‘m-bo‘sh laylak uyasi bilan; qish pechkaning bir burchagida o‘tirib, qadimiy afsonalarni aytib beradigan qari ertakchi qarg‘asi bilan namoyon bo‘libdi.

Soat beshga zang uribdi – beshta sezgi chiqibdi; optika qiyofasida ko‘rish, misgar qiyofasida eshitish, binafsha va yovvoyi yasminlarni sotuvchi ayol qiyofasida hid bilish, oshpaz qiyofasida maza bilish, badan sezgisi yoki sezuvchanlik bo‘lib, egniga uzun qora kiyim kiygan, dafn marosimini boshqaruvchi chiqibdi.

Soat oltiga zang uribdi – osmonga soqqa irg‘ituvchi o‘yinchi sakrab chiqibdi, pastga tushib, eng yuqori ochko – oltini ko‘rsatibdi.

Shundan keyin haftaning yetti kuni yoki yettita gunohkor banda ko‘rinibdi; bu xususda turli fikrlar bo‘libdi, chunki ularni bir-biridan ajratish qiyin ekan.

Shundan keyin monaxlar xori – sakkiz kishi chiqib, ertalabki ibodatni o‘qishibdi.

Soat to‘qqizga zang urganda to‘qqiz nafar ilhom parisi paydo bo‘libdi; ularning biri astronomiya bilan shug‘ullanibdi, ikkinchisi esa tarix arxivida ishlar ekan, boshqalari o‘z umrlarini teatrga bag‘ishlashgan ekan.

Soat o‘nga zang uribdi – o‘nta diniy buyruqlar bitilgan ikkita lavhani ushlab yana Muso chiqibdi.

Soat o‘n birga zang urganda o‘n bitta o‘g‘il va qiz bola chiqib, «Soat o‘n birga zang urdi» musiqasiga o‘yinga tusha boshlabdi!

Nihoyat soat o‘n ikkiga zang uribdi – boshida dubulg‘a, qo‘lida «tong yulduzi»ni ushlagan tungi qorovul ko‘rinibdi va qorovullarning qadimiy qo‘shig‘ini kuylabdi:

 
Tun yarimdan og‘di,
Haloskor tug‘ildi!
 

U qo‘shiqni aytayotganda atrofda gullar ochilibdi, har bir gul osmonda qanot qoqayotgan farishtalarga aylanibdi.

Ko‘rishga ham, eshitishga ham arziydigan ajoyib tomosha bo‘libdi! Umuman, soat «aqlga sig‘maydigan, ajoyib mo‘jizaning o‘zi» bo‘libdi, hamma shu fikrni aytibdi.

Soatni yaratgan rassom hali yosh, ko‘ngilchan, go‘daklarday beg‘araz, ma’sum, do‘st bo‘lishga arziydigan, kambag‘al ota-onasiga juda mehribon bir yigit ekan. U malikaning eri va yarim qirollikka ega bo‘lishga munosib ekan.

Mukofotni taqdim etish kuni ham yetib kelibdi; shaharni bayramlardagiday bezatishibdi, malikaning o‘zi esa taxtda o‘tiribdi; uning yostig‘iga yangi yunglarni tiqishibdi, lekin bu bilan taxt o‘tirishga qulay bo‘lmabdi. Sudyalar mukofot olishi kerak bo‘lgan yigitga qarashibdi. Yigit bo‘lsa xursand, bardam, o‘z baxtiga qattiq ishongan holda turgan emish, axir, u aqlga sig‘maydigan hunar ko‘rsatdi-da.

– Men hozir bir ish qilaman! – deb qichqiribdi novcha, muskullari bo‘rtib chiqqan bir yigit, – hozir eng aqlga sig‘maydigan hunar ko‘rsataman!

Shunday deb u mo‘jizali soatni chopaman deb og‘ir bolta ko‘taribdi.

Taraq! – soat mayda-mayda bo‘lib ketibdi. Soatning g‘ildirak va prujinalari yerda har yoqqa yumalab ketibdi, soat yakson bo‘libdi!

– Qanaqaligimni ko‘rib qo‘ying! – debdi polvon. – Bir zarba bilan uning ijodini hamda hammangizni hayratga soldim. Men eng aqlga sig‘maydigan ish qildim!

– Shunday san’at mo‘jizasini pachoqlading! – deyishibdi sudyalar. – Ha, bu aqlga sig‘maydigan ish!

Butun shahar xalqi shu gapni takrorlabdi, malika bilan yarim qirollik polvonniki bo‘lishi kerak ekan, uning qilgan ishi qanchalik aqlga sig‘maydigan bo‘lsa-da, qonun qonunligini qilishi kerak ekan.

Shahar devori va minoralarida to‘y bo‘lishini ma’lum qilib jarchilar jar solishibdi. Ishning bunday chappasiga aylanib ketishidan malika rozi emas ekan. U nikoh kiyimida juda chiroyli bo‘lib ketibdiki, cherkov sham yorug‘idan munavvar bo‘libdi. Nikoh o‘qish oqshomga belgilangan ekan. Shaharning mo‘tabar zotlarining qizlari kelinni qo‘shiq aytib cherkovga olib kelishibdi; ritsarlar ham qo‘shiq aytib kuyovni qurshab olishibdi, kuyov boshini baland ko‘tarib mag‘rur turgan emish.

Qo‘shiq tugabdi, oraga og‘ir sukunat cho‘kibdi. Bir vaqt cherkov eshiklari sharaqlab ochilib, gumbur-gumbur ovozlar eshitilibdi. Eshikdan tantanali suratda mo‘jizali soat kirib kelibdi va kuyov bilan kelinning o‘rtasida to‘xtabdi. Marhumlar go‘rida tik turolmaydi, bu hammaga ma’lum, lekin san’at asari qayta tiklanishi mumkin, u qayta tiklanibdi: uning shakli, tashqi ko‘rinishigina chil-chil bo‘lgan edi, xolos, lekin asarni ruhlantirgan tirik edi.

San’at asari yakson qiluvchining qo‘li tegmaganday yana soppa-sog‘ turaveribdi. Soat zang ura boshlabdi, avvalo birga zang uribdi, keyin ikkiga, qolaversa, o‘n ikkigacha zang uribdi, manzara ketidan manzara ko‘rinaveribdi. Avvalo Muso ko‘rinibdi; uning peshanasidan o‘t chiqib turgan emish, u qo‘lidagi lavhalarni kuyovning oyog‘i tagiga tashlab yuboribdi, uni turgan yeriga mixlab qo‘yibdi.

– Oyog‘imni yerdan uzolmayman! – debdi Moisey.

– Sen qo‘limni chopding. Turgan joyingda turaver! Keyin Odam Ato bilan Momo Havo, sharq podsholari va yilning to‘rt fasli paydo bo‘libdi. Ular polvonga «uyat-ey!» degan ma’noda boqishibdi.

Lekin u uyalishni xayoliga ham keltirmabdi.

Qolgan bo‘lak va shakl navbat bilan soat ichidan chiqib kelishib, dahshatli ulkan qiyofaga kirishibdi. Birozdan keyin cherkovda haqiqiy odamlarga joy qolmabdi. Oxiri soat o‘n ikkiga zang urganda boshida dubulg‘a, qo‘liga «tong yulduzi»ni ushlagan tungi qorovul paydo bo‘libdi: u to‘ppa-to‘g‘ri kuyovning oldiga boribdi, qo‘lidagi hassasi bilan uning peshanasiga tushiribdi.

– Yotaver! – debdi u. – Qilmish – qidirmish deydilar! Biz ham, rassom ham sendan qasos oldik! Endi ketaylik!

San’at asari ko‘zdan g‘oyib bo‘libdi, cherkov shamlari nur sochayotgan katta-katta gullarga aylanibdi; shipga sochilgan oltin yulduzlar porlabdi; organ o‘z-o‘zidan chalinib ketibdi. Bular manovi «eng aqlga sig‘maydigan ish» bo‘ldi deyishibdi.

– Bu yerga tantananing haqiqiy aybdorini chaqirsak qanday bo‘larkin! – debdi malika. – Mo‘jiza yaratgan rassom mening erim bo‘ladi!

Shunday qilib, rassom xaloyiq qurshovida cherkovga kirib kelibdi. Hamma unga baxt kulib boqqanidan xursand bo‘libdi, orada birorta ham hasadgo‘y topilmabdi. Ha, mana shuning o‘zi «aqlga sig‘maydigan ish» bo‘libdi!


Страницы книги >> Предыдущая | 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21 22 23 24 25 | Следующая
  • 0 Оценок: 0


Популярные книги за неделю


Рекомендации